Электронная библиотека » Марк Твен » » онлайн чтение - страница 4

Текст книги "Tom Soyerning boshidan kechirganlari"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:42


Автор книги: Марк Твен


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 4 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]

Шрифт:
- 100% +

– Sen buni qayerdan bilasan?

– U buni Jef Techerga aytgan. Jef Jonni Bekkerga aytgan. Jonni Jim Xolmsga aytgan. Jim Ben Rojersga aytgan. Ben bir negrga aytgan. Negr esa menga kelib aytdi. Shuning uchun men buni bilaman.

– Xo‘sh, nima bo‘pti? Ular hammasi yolg‘onni juda boplaydilar. Faqat sen aytgan negrni bilmayman. Biroq negrlarning ham yolg‘on so‘zlamaydiganlarini men shu vaqtgacha ko‘rgan emasman. Bularning hammasi quruq safsata! Gek, sen menga ayt-chi, Bob Tanner so‘gallarni qanday qilib yo‘qotdi?

– Ortiqcha bir ish qilgani yo‘q. Daraxtning chirik, kavak bo‘lib qolgan yerida to‘planib qolgan yomg‘ir suviga qo‘lini tiqib olgan, xolos.

– Kuppa-kunduz kuni-ya?

– Albatta.

– O‘sha daraxt to‘nkasiga qarab turib-a?

– Ha, shunday. Boshqacha iloji bo‘larmidi?

– Shunday qilayotganida, u biror narsa deb so‘zlaganmi?

– Hech narsa demagan bo‘lsa kerak… Bunisini men qaydan bilayin?

– Ha, ha. Sen hali bir ishni yaxshilab udda qila olmaysan-u, yana shu sasigan suv bilan so‘gallarni yo‘qotmoqchi bo‘lib yurasanmi? O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunday aqlsizlikdan hech qanday natija chiqmaydi. Buning uchun, kishi yolg‘iz o‘zi eng qalin o‘rmon orasiga borib, shunday sasigan suv bor daraxtni mo‘ljallab kelishi, so‘ngra xuddi yarim kechada o‘sha daraxt yoniga borib unga orqasini o‘girib turib, qo‘llarini o‘sha daraxt kavagidagi suvga tiqishi va qo‘llarini suvga tiqqan vaqtda:

 
Arpa – don, arpa – don,
To‘kilib un bo‘l,
Sassiq suv, sassiq suv,
So‘gallarni yuv!
 

deb aytishi kerak. Shundan keyin darhol ko‘zlarini yumib, o‘sha daraxt yonidan o‘n bir qadam nariga borishi, keyin uch marta to‘xtab, orqasiga burilib qarashi va yo‘lda hech kim bilan so‘zlashmasdan uyga qaytishi kerak. Agar shunda og‘zingdan biror kalima so‘z chiqarsang, qilgan hamma ishlaring bekor bo‘ladi.

– To‘g‘ri, bu aytganlaring chinga o‘xshaydi, faqat Bob Tanner buni boshqacha usul bilan qilar edi.

– Albatta, u o‘z bilganicha qilib yurgandir! Shaharimizdagi hamma bolalarning ichida uning so‘gali ko‘proq. Agar u, so‘galni sassiq suv bilan yo‘qotish yo‘lini bilganida, uning so‘galidan birorta ham qolmas edi. Shunday yo‘l bilan men o‘zim ham mingtachasini yo‘q qilib yubordim. So‘gallar menda juda ko‘p edi, chunki men ko‘p vaqt qurbaqalarni o‘ynar edim. Ba’zan men so‘gallarni no‘xat poyalari bilan yo‘qotardim.

– Ha, bu yaxshi dori. O‘zim ham uni qilib ko‘rganman.

– Qanday qilib?

– No‘xat poyasini olib, ikki bo‘lakka ajratasan. Keyin bir tomchi qon olish uchun so‘galingni pichoq bilan kesasan va shu qon bilan no‘xat poyasining yarmini qonlab, so‘ngra chuqur kovlab shuni yerga ko‘masan… Yarim kechada, ko‘kda oy bo‘lmagan vaqtda, yo‘lning ayrilish joyiga ko‘masan… Ikkinchi yarmini esa kuydirib tashlaysan. Shunday qilsang qonli birinchi poya o‘ziga poyaning ikkinchi yarmini tortadi. Shu orada qon so‘galni o‘ziga tortadi va so‘gal darrov yo‘qoladi.

– To‘g‘ri aytasan, Gek, to‘g‘ri, agar sen qonlangan poyani yerga ko‘mayotib, «poya yerga kirsin, so‘gal yo‘qolsin, bundan keyin meni qiynamasin» degan so‘zlarni aytsang, yana yaxshiroq bo‘lar edi. Shunday qilsang, tezroq yo‘qoladi. Jo Garper so‘gallarni shunday yo‘qotadi, u juda tajribali, ko‘pni ko‘rgan kishi… Xo‘sh, o‘lik mushuk bilan so‘galni sen qanday qilib yo‘qotasan?

– Mana bunday. Mushukni olib yarim kechaga yaqinlashganda qabristonga bor, unda bir badjahl kishi ko‘milgan yerni top, yarim kecha bo‘lganda o‘sha yerga shayton keladi, balki ulardan ikkita-uchtasi ham kelishi mumkin, biroq, ular sening ko‘zingga ko‘rinmaydilar, sen faqat shamol sharpasidek tovush eshitasan, balki ularning o‘zaro so‘zlashganlarini ham eshitarsan. Shunday qilib, ular o‘likni olib keta boshlaganlarida, sen qo‘lingdagi o‘lik mushukni ularning orqasidan otib: «Shayton o‘likning orqasidan, mushuk shaytonning orqasidan ketdilar, so‘gallar ham endi mushukning orqasidan ketsinlar, ular menga kerak emas!», – deysan. Shunday qilsang, so‘gallaring bitta qolmay to‘kilib ketadi.

– Bu so‘zlaring chinga o‘xshaydi, Gek, sen o‘zing buni qilib ko‘rganmisan?

– Yo‘q. Buni menga Gopkins degan qari xolam aytib bergan edi.

– Unday bo‘lsa bu to‘g‘ri gap. Gopkins xolani jodugar deb so‘zlaydilar-ku.

– So‘zlaganlari nimasi! Men o‘zim buni yaxshi bilaman. U mening otamni ham shunday qilib ishdan chiqardi. Otamning o‘zi menga aytib bergan. Bir kuni otam kelayotsa, o‘sha kampir otamga qarab «sehr qilayotgan» emish. Otam yerdan bir katta tosh olib unga otgan ekan, u o‘zini zo‘rg‘a chetga olib qolgan. Xuddi o‘sha kuni kechasi otam ayvonchaning tomi ustiga chiqib, mast holda uxlab yotgan yeridan yumalab ketib, qo‘lini sindirib olgan.

– Juda qiziq gaplar-a! Xo‘sh, uning «sehrlayotganini» otang qanday bilgan?

– Nega bilmasin! Otam: jodugarning sehrlashini bilish hech gap emas, dedi. Otam shunday deydi: agar kimki senga qattiq tikilib qarasa va o‘zicha nimalarnidir so‘zlab, ming‘illab tursa, albatta, o‘sha kishi sehr qilayotgan bo‘ladi. Chunki jodugarning ming‘illab so‘zlayotgani – duolarni teskari o‘qiyotgani bo‘ladi, tushundingmi?



– Menga qara, Gek, sen o‘z mushuging bilan qachon tajriba qilib ko‘rmoqchisan?

– Bugun kechasi. Fikrimcha, Vilyams cholning o‘ligiga shu kechasi albatta shaytonlar kelishsa kerak.

– Gek, uni shanba kuni ko‘mganlar-ku. Uni o‘sha shanba kuni kechasiyoq olib qochib ketgan bo‘lsalar kerak.

– Nimalar deb valdirayapsan, axir! Yarim kecha bo‘lmay turib, ular qanday qilib uni olib ketsinlar? Yarim kechadan keyin esa yakshanba kuni bo‘ladi. Shaytonlarning yakshanba kunlari yer yuzida erkin yurganliklarini men shu vaqtgacha eshitgan emasman.

– To‘g‘ri aytasan. Bu haqda men o‘ylamaganman. Meni o‘zing bilan olib borasanmi?

– Agar qo‘rqmasang, albatta, olib boraman.

– Qo‘rqar edimmi! Gapingni qara-ya! Sen derazaning ostiga kelib miyovlaysanmi?

– Ha, men miyovlayman… Agar chiqolsang sen ham menga javoban miyovlab qo‘y. O‘tgan safar shunday qilib, mening qancha vaqtimni olding. Men o‘sha kuni miyovlayverib charchadim, oxiri Geys degan chol chiqib, menga tosh otib: «Baloga yo‘liqsin-da shu mushuk!» – dedi. Men uning shu qilgan ishi uchun deraza oynasini g‘isht bilan urib sindirdim, faqat buni hech kimga aytma.

– Xo‘p bo‘ladi. O‘sha kechasi men hech miyovlay olmadim, chunki xolam hamma vaqt mening orqamdan poylab yurdi. Bugun esa albatta miyovlayman. Menga qara, Gek, u qo‘lingdagi nima?

– Yo‘q, hech narsa emas, anchayin kana.

– Qayerdan olding uni?

– O‘rmondan topib oldim.

– Qanchaga berasan?

– Bilmadim. Men uni sotmoqchi emasman.

– O‘zing bilasan. Kanang ham kichkinagina ekan.

– Bo‘lmasa-chi! Birovning narsasini hammavaqt yomonlab yerga urmoqchi bo‘ladilar-da! Menga esa shuning o‘zi yaxshi.

– O‘rmonda bunday kanalardan mingta desang ham topiladi. Agar men istasam, bulardan allaqanchasini topar edim.

– Xo‘sh, bo‘lmasa nega bormaysan? Ha, ha. Bu ish qo‘lingdan kelmasligiga aqling yetadi-da. Senga aytsam, qo‘limdagi kana bu yilgi kanalarning ichida eng erta yetilgani.

– Menga qara, Gek, sen menga shu kanangni bersang, men senga o‘zimning tishimni beraman.

– Qani, ko‘rayinchi.

Tom qo‘ynidan qog‘ozga o‘ralgan bir narsani olib, sekin-asta ochdi. Geklberri tishni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. U bunga juda ortiq darajada qiziqib qolgan edi. Nihoyat, u Tomga qarab:

– Bu chinakam tishmi? – deb so‘radi.

Tom, ustki labini ko‘tarib, tishi tushgan bo‘sh o‘rinni ko‘rsatdi.

– Bo‘ldi, bo‘ldi, – dedi Geklberri. – Qani, bor baraka.

Tom kanani olib, qo‘ng‘iz saqlagan piston qutichasiga solib qo‘ydi va ikkalasi ham qilgan ishlaridan xursand bo‘lishib, bir-birlaridan ajralishdi.

Tom, maktab joylashgan kichkinagina yog‘och uyga yaqinlashib borar ekan, darsga insof bilan oshiqib kelayotgan bolalardek, shoshilganicha binoning ichiga kirib, boshidagi qalpog‘ini mixga ilib qo‘ydi-da, ishi tiqilinch kishilardek kursiga o‘tirdi. Eskirib, kishi o‘tiradigan yerlari yorilib ketgan baland o‘rindiqda o‘tirgan muallim, bolalarning darsni takrorlab g‘o‘ng‘irlashgan tovushlari ichida tinchlanib, mudramoqda edi. Tomning kirishi uni uyg‘otib yubordi.

– Tomas Soyer! – dedi u.

Muallimi uning ismi va laqabini to‘la aytganida, bundan yaxshilik chiqmasligini yaxshi anglardi.

– Labbay, ser! – deb javob berdi Tom.

– Buyoqqa kel! Qani, ser, bugun yana nimauchun kechikib keldingiz?

Tom biror yolg‘on gap to‘qimoqchi edi, lekin xuddi shu vaqt ko‘ziga, o‘rilgan uzun sariq sochlar chalindi. U, bu sochlarni sevgi-muhabbat o‘tlari tufayli darhol tanib oldi. U sinfning qizlar o‘tirgan yarim bo‘lagida faqat o‘sha qizning yonidagi joyning bo‘sh ekanini ko‘rdi-da, birdan:

– Men yo‘lda Geklberri Finn bilan biroz so‘zlashib qoldim, – deb javob berdi.

Muallim bo‘g‘ilib ketdi: u, o‘zini yo‘qotib qo‘yib, Tomga g‘azab bilan tikilar edi. Bolalarning g‘ovur-g‘uvurlari tindi. Ular bir-birlaridan: «Bu bola jinni bo‘ldimi, nega shunday deb javob beradi?» – deb so‘radilar. Piravordida muallim so‘zga kirishib:

– Sen… Sen nima ish qildim, deding? – deb so‘radi.

– Men yo‘lda to‘xtab, Geklberri Finn bilan biroz gaplashdim.

– Tomas Soyer, sening bu tariqa javob berishing kishini hayron qoldiradi va men bunday javobni umrimda birinchi marta eshitishim. Bunday orsizlarcha jasorat qilganing uchun, seni jazvar taxta bilan urish kifoya qilmaydi. Qani, nimchangni yech!

Muallim qo‘llari charchaguncha urdi-da, keyin:

– Endi, ser, borib qizlar bilan birga o‘tir! Bu kaltak sen uchun saboq bo‘lsin, – dedi.

Sinf ichidagi bolalarning hiring-hiring qilib kulishlari uni ancha uyaltirdi. Haqiqatda esa bu his unda boshqa, katta sabablar tufayli tug‘ilgan edi. Tom qarag‘ay kursining bir chekkasiga borib o‘tirdi.

Qiz boshini bir silkib qo‘ydi-da, undan nariroqqa siljib o‘tirdi. Ro‘parasidagi bolalarning hammasi bir-birlariga ko‘z qisishib, shivirlashardilar. Ammo Tom esa, pastak uzun partaga suyanganicha, tinchgina, odob bilan kitobini o‘qiy boshladi. Sinfdagi bolalar ham uning qiliqlarini bora-bora eslaridan chiqarib o‘z o‘qishlari bilan ovora bo‘lib, avvalgidek gurunglasha boshladilar. Shundan keyin Tom, sekin-asta yashirincha yonida o‘tirgan qizga qaradi. Qiz ham uning qaraganini sezib, lablarini burishtirdi-da, orqasini o‘girib oldi. Birozdan keyin u qaytadan sekingina Tomga qayrilib qaragan edi, yonida turgan bir shaftoliga ko‘zi tushdi. Qiz uni itarib tashladi. Tom uni yana avvalgi joyiga qo‘ydi. Qiz yana itarib tashladi, lekin bu gal avvalgidek dushmanlik nazari bilan qaramadi. Tom shaftolini yana qaytadan uning oldiga surib qo‘ygan edi, qiz bu gal unga tegmadi. Tom oldida yotgan qora taxtachaga «Marhamat qilib shuni oling, menda yana bor», deb yozib ko‘rsatdi. Qiz taxtaga qarasa hamki, hech javob bermadi. Shu paytda bola, chap qo‘li bilan taxtani qizdan pana qilib, unga yana allanimalarning rasmlarini chiza boshladi. Qiz bunga dastlab e’tibor qilmagandek bo‘lib o‘tirsa ham, keyin-keyin qiziqish tug‘ila boshladi. Bola, buni sezmagandek taxtaga chizib o‘tirishda davom etar, qiz esa o‘zining qiziqqanini bolaga bildirmasdan, uning chizgan rasmini ko‘rishga intilar edi. Tom bo‘lsa hali ham, buni payqamagandek bo‘lib o‘tirardi. Nihoyat, qiz chidab turolmadi, sekin-asta shivirlab:

– Menga bering, bir ko‘ray! – dedi.

Tom o‘zi chizib o‘tirgan va anchagina karikatura qilib ishlangan rasmning bir chetini ochib ko‘rsatdi. Unda tomi ikki yoqqa nishab qilib olingan va tom ustida mo‘rilaridan buralib-buralib tutun chiqib turgan bir uyning rasmi tushirilgan edi.

– Qanday chiroyli-a! Endi bir kishining suratini soling, – dedi.

Rassom o‘sha uy yoniga hovli yuzida turgan bir kishining suratini soldi. U kishi go‘yo og‘ir yuklarni ko‘taradigan kranga o‘xshar va shunchalik novcha ediki, agar u istasa, o‘sha uy ustidan bemalol hatlab o‘ta olar edi. Biroq qiz janjallashib o‘tirishga qobil emasdi, shuning uchun ham u shunchalik xunuk bir suratdan mamnun bo‘lib:

– Juda ham yaxshi bo‘ldi! Endi shu kishining ro‘parasiga mening ham suratimni solib qo‘ying, – dedi.

Tom, go‘yo qum soatiga o‘xshatib chiziqlar tortib, tepasiga to‘linoy nusxasidek qilib uning yuzini ishladi, ingichka cho‘pdek qilib qo‘l va oyoqlari shaklini chizdi, barmoqlari yozilgan qo‘liga katta yelpig‘ich tutqizib qo‘ydi. Qiz buni ko‘rar ekan:

– Bu ham juda yaxshi bo‘ldi. Men ham rasm solishni o‘rganishni istar edim! – deb qo‘ydi.

– Bu ish uncha qiyin emas, – dedi Tom shivirlab, – o‘zim sizga o‘rgatib qo‘yaman.

– Chindanmi? Qachon o‘rgatasiz?

– Hali, katta tanaffus bo‘lganida o‘rgatib qo‘yaman. Siz ovqat qilgani uyga borasizmi?

– Istasangiz, bormasligim ham mumkin.

– Durust. Sizning otingiz nima?

– Bekki Techer. Sizniki-chi? Ha, bilaman-a. Tomas Soyer.

– Meni biror narsa uchun jazolaydigan bo‘lganlarida shunday deb ataydilar. Men o‘zimni yaxshi tutib yursam, meni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tom deb ataydilar. Siz ham meni Tom, deb ayting, xo‘pmi?

– Xo‘p bo‘ladi.

Tom yana taxtaga nimalarnidir yoza boshladi va yozgan narsasini qizdan yashirdi. Biroq, qiz endi o‘zini chetga tortmay, balki Tomdan yozayotgan narsasini ko‘rsatishni so‘radi. Tom unga turli bahonalar topib:

– Yo‘q, unda hech narsa yo‘q, – derdi.

– Bor, unda bir narsa bor!

– Yo‘q, hech narsa yo‘q; bor bo‘lgani bilan siz uni ko‘rgingiz ham kelmaydi-ku.

– Yo‘q, men uni juda ko‘rgim keladi, chin aytayapman. O‘shani menga ko‘rsating!

– Birovga aytib qo‘yasiz.

– Yo‘q, hech kimga aytmayman!

– Hech kimga, o‘la-o‘lguningizcha hech kimga aytmaysiz-a?

– Hech kimga aytmayman, ko‘rsata qoling endi!

– Ko‘rgingiz kelmaydi-ku, nega buncha qistaysiz…

– Tom, siz, har qancha o‘jarlik qilganingiz bilan ham, men ko‘raman dedim, ko‘raman.

Shu so‘zlardan keyin u kichkina qo‘llarini Tomning qo‘llari ustiga qo‘ydi. Orada yengilgina kurash boshlandi. Tom ko‘rinishda qarshilik qilayotgandek bo‘lsa ham, lekin o‘zi sekin-asta qo‘lini siljitib yozuv ustidan olib borar edi. Nihoyat, taxtadagi yozuv ochilib: «Men sizni yaxshi ko‘raman!» degan so‘z ko‘zga chalindi. Qiz birdan o‘zgarib:

– Voy, basharangiz qursin! – dedi-da, Tomning qo‘liga qattiqqina bir urdi. Shu bilan birga qiz qip-qizarib ketdi, go‘yo o‘z-o‘zidan mag‘rurdek ko‘rindi.

Xuddi shu paytda kimdir qulog‘idan mahkam ushlab cho‘zayotganini va partadan ko‘tara boshlaganini Tom sezib qoldi. Shu zaylda uni butun sinfdagi bolalarning qichqirib kulishlari ostida qulog‘idan sudrab olib borib, sinfning ikkinchi tomoniga – o‘z o‘rniga o‘tirg‘izib qo‘ydilar. Muallim bir necha minut davom etgan sukunat ichida indamay uning tepasida turdi-da, keyin churq etmay sekin-asta o‘z o‘rniga qarab ketdi.

Tomning qulog‘i og‘riq zarbidan lovullab yonayotgandek bo‘lsa hamki, yuragi quvonch bilan to‘lgan edi.

Maktab ichi tinchlanganidan keyin, Tom, insof bilan o‘zini yaxshi tutib, ya’ni zehn qo‘yib o‘qishga urindi, lekin uning kallasi turli o‘ylar bilan g‘uvullab ketgan edi. Kitob o‘qish darsida u yanglishib, bir so‘z o‘rniga boshqa bir so‘zni aytar, jug‘rofiyada esa ko‘llarni tog‘ qilib, tog‘larni daryo qilib, daryolarni quruq yerga aylantirib yuborar, xullaski, uning so‘zlaridan dunyo yaratilishidan avvalgi vaqtlarda hukm surgan tuturiqsiz bir narsa kelib chiqar edi. Husnixat darsida ham eng oddiy so‘zlarda son-sanoqsiz xatolar qilib, xullas, o‘quvchilar orasida hammadan past darajaga tushdi; bundan bir necha oy ilgari yaxshi o‘qiganligi uchun unga taqdim etilgan va u mag‘rurlik bilan ko‘kragiga taqib yurgan qalayi nishonini ham undan olishib, boshqa o‘quvchiga berdilar.

Yettinchi bob
KANANI QUVISH VA PORALANGAN YURAK

Tom diqqatini kitobga qaratmoqchi bo‘lib qancha harakat qilsa hamki, xayoli bir yerda turmay, tarqalib ketar edi. Nihoyat, u, zerikkanidan og‘ir bir esnab, kitobni yig‘ishtirib qo‘ydi. Uning nazarida katta tanaffus hech bo‘lmaydigandek ko‘rinar edi. Tevarak-atrof jimjit… Na tiq etgan bir ovoz, na nafas olgan tovush eshitilardi. Kishida yalqovlik tug‘dirib, uyquni keltiradigan kunlarning ichida eng uyqu keltiradigan kun mana shu kun edi. Yigirma beshta maktab bolasining asalariga o‘xshab g‘o‘ng‘irlashib, darslarini takrorlashayotgan vaqtdagi tovushlari uning joniga orom bergandek va go‘yo uni allalagandek bo‘lardi.

Uzoqda, quyoshning yorqin shu’lasida, olisdan xuddi qip-qizil bo‘lib ko‘ringan va ko‘z ilg‘amas sarob bilan qurshalgan Kardif tog‘larining nozik, yashil etaklari ko‘zga chalinar edi; osmonda, juda balandlikda, bir necha qush yalqovlanib uchib yurishardi. Bir-ikkita uxlab yotgan sigirlarni hisobga olmaganda, o‘sha qushlardan boshqa jon egasi ko‘rinmas edi.

Tomning jon-dili bilan istagan hozirgi orzusi – ozodlikka chiqib olish, yoki hech bo‘lmasa, bunday qayg‘uli ravishda cho‘zilgan vaqtni o‘tkazish uchun birorta qiziqroq mashg‘ulot topib olish edi. Qo‘lini cho‘ntagiga solishi bilanoq, uning chehrasida shodlik alomatlari paydo bo‘ldi. U sekin-asta cho‘ntagidan yashirin ravishda qutichani chiqarib, uning ichidagi kanani oldi-da, partaning uzun, tekis taxtasi ustiga qo‘ydi. Kana, aftidan, shu damda juda shod va mamnun bo‘lgan bo‘lsa ham, lekin uning bu shodligi vaqtinchalik bir narsa edi, chunki u, turgan yeridan qo‘zg‘alib ketishi bilanoq Tom uni qo‘lidagi to‘g‘nog‘ich bilan orqaga burib, boshqa yoqqa qarab yurishga majbur qildi.

Tomning yonida uning eski qadrdon do‘sti o‘tirar va u ham Tomdan kamroq zerikmagan edi. Tomning oldida yurgan bu kanani ko‘rishi bilan u ham juda shodlanib ketdi. Bu qadrdon do‘stining oti Jo Garper edi. Bu ikki bola u haftadan bu haftagacha bir-birovidan hech bir ajralmas, bayram kunlari bo‘lganida esa bir-biriga qarshi ikki qo‘shinning boshida turib urush ochar edi.

Jo ham nimchasining yoqasi ostidan bir to‘g‘nog‘ichni olib, kanani uyoqdan-buyoqqa haydash uchun o‘z o‘rtog‘iga yordam bera boshladi. Bora-bora ikkovlari ham bu ishga juda qiziqib ketdilar.

Nihoyat, Tom: «Har ikkalamiz ham bir-birimizga xalaqit berayotirmiz va bu mashg‘ulotimizdan ikkovimiz ham mamnun bo‘lolmas ekanmiz» – dedi. U partaning ustiga Jo Garperning qora toshtaxtasini qo‘yib, uning o‘rtasidan yuqoridan-pastgacha chizib tushdi.

– Mana, – dedi u, – shunday shart qilamiz: kana sening tomoningda yurgan vaqtda, sen uni istagan yeringga quvlab yubora olasan, men tegmayman, basharti, mening tomonimga o‘tib qolsa, yana qaytib sening tomoningga o‘tguncha, unga tegmaysan. Xo‘pmi?

– Xo‘p bo‘ladi. Qani, boshla bo‘lmasa!

Kana tezlikda Tomning oldidan qochib ketdi va «ekvator»ni kesib o‘tdi. Jo uning ketidan ko‘p ovora bo‘lib yurdi, keyin kana yana Tomning oldiga qaytib ketdi va bu borish-kelishlar juda ko‘p takrorlandi. Bolalardan biri kanani u yoqdan-bu yoqqa quvlab yurar ekan, ikkinchisi ham juda qiziqib uni kuzatib turar edi. Ikkovlari ham taxta ustiga engashib olganlari holda butun vujudlari bilan shunga berilganliklaridan, ularning ko‘zlariga boshqa hech narsa ko‘rinmas edi. Keyinroq borib, aftidan, butun omad uzil-kesil Jo qo‘liga o‘tdi. Bolalardan ham ko‘proq hayajon va tashvishga tushgan kana goho u yoqqa, goho bu yoqqa o‘rmalar, lekin har safar Tomning yutib chiqishi kutilib, uning qo‘li qichib turgan paytda, Jo darhol kanani to‘g‘nog‘ich bilan turtardi-da, o‘z tomoniga burib yuborar edi. Nihoyat, Tom bunday ahvolga chidayolmadi, qo‘lini cho‘zib to‘g‘nog‘ichi bilan kananing yo‘lini to‘sdi. Buni ko‘rgan Joning jahli chiqib:

– Tom, tegma unga! – deb baqirdi.

– Jo, men uni birozgina quvlamoqchiman!

– Bu noinsoflik bo‘ladi, ser, tinch qo‘ying endi uni!

– Ko‘p g‘ingshiyverma, birozgina o‘ynayman-da!

– Senga aytaman, kanani tinch qo‘y, deyman!

– Tinch qo‘ymayman!

– Sen unga tegolmaysan, u mening tomonimda.

– Xo‘sh, Jo Garper, kananing o‘zi kimniki?

– Kimniki bo‘lsa bo‘laversin… Hozir u mening tomonimda, demak, sen unga tega olmaysan!

– Nega tegolmayman! Kana meniki, shuninguchun nimani xohlasam, shuni qilaman!

Shu vaqt Tomning yelkasiga yo‘g‘on bir musht tegdi. Undan keyin Jo ham xuddi shunday bir musht yedi. Shu ravishda, muallim ikki minut davomida har ikkovining nimchalaridagi changlarni astoydil qoqib qo‘ydi va maktab binosi bolalarning qiy-chuvlari bilan to‘ldi. Bolalar o‘yinga qattiq berilib ketganliklaridan, maktabda birdan jimjitlik hukm surganini ham sezmay qolgan edilar, chunki muallim oyoq uchi bilan yurib ularning oldiga borgan va tepalariga kelib turgan edi. Muallim ularning o‘yinlarini anchagacha kuzatgandan keyingina savalashga kirishdi.

Nihoyat, soat o‘n ikkini urib, katta tanaffus bo‘lganida, Tom Bekki Techer yoniga chopqillab bordi-da, uning qulog‘iga shivirlab:

– Qalpog‘ingni kiyib, uyga ketayotgan kishi bo‘l, burchakka yetgandan keyin boshqalarga yo‘l ber-da, o‘zing tor ko‘chaga burilib bu yoqqa qaytib kel. Men ham boshqa ko‘cha bilan borib, tezdan shu yerga qaytib kelaman, – dedi.

Shunday qilib, Tom bir to‘da maktab bolalari bilan, Bekki ikkinchi bir to‘da bolalar bilan maktabdan chiqdilar. Birpasdan keyin ular bir ko‘kalamzor oldida uchrashib, ikkovlari birga maktabga qaytib kelganlarida, maktabda hech kim yo‘q edi. Ular qora taxtani oldilariga qo‘yib, yonma-yon o‘tirdilar. Tom, Bekkining qo‘liga bir tosh qalam tutqizdi-da, uning qo‘lini o‘z qo‘li bilan yurgizib, yana bitta g‘alati uy surati ishladi. Salda zerikib ular o‘zaro so‘zlasha boshladilar. Tom o‘zini cheksiz baxtiyor his qildi.

– Sen kalamushlarni yoqtirasanmi? – deb so‘radi u.

– Pufey-y… men ularni juda yomon ko‘raman!

– Ularning tiriklarini men ham yomon ko‘raman. Men o‘lgan kalamushlar to‘g‘risida so‘zlayotirman. Bo‘yinlaridan ip bog‘lab olib, ularni boshingdan oshirib aylantirib yursang bo‘ladi.

– Yo‘q, men kalamushlarni umuman yomon ko‘raman. Mening yaxshi ko‘rgan bir narsam bor, u ham bo‘lsa, rezinka chaynab yurish.

– Ha, chindan-a! Afsuski, menda hozir rezinka yo‘q.

– Chindanmi? Menda ozroq bor. Senga beray, biroz chaynab, keyin menga qaytib ber.

Bu ish ular uchun juda ko‘ngilli edi, ular ortiq darajada mamnuniyat bilan oyoqlarini o‘ynatib, navbat bilan uni chaynashib o‘tirdilar.

– Sen ot o‘yiniga borganmisan?

– Ha, borgan edim, agar men aqlli qiz bo‘lib yursam, otam yana olib bormoqchi bo‘ldi.

– Men ot o‘yinida uch-to‘rt marta bo‘ldim, ko‘p bo‘ldim! U yer cherkovdan ko‘ra ko‘ngilliroq: unda hammavaqt yangi narsalarni ko‘rsatib turadilar. Men katta bo‘lganimda, ot o‘yiniga kirib masxaraboz bo‘laman.

– Chindanmi? Juda yaxshi bo‘ladi-da! Ular hammasi juda yaxshi, rango-rang…

– Ha, ular o‘yinga juda ham usta, shuning uchun pulni ham juda ko‘p topadilar… Benning aytishicha, har kuni bir dollardan pul topar emishlar. Menga qara, Bekki, seni unashganlarmi?

– Bu nima deganing?

– Shuni ham bilmaysanmi, erga tegish uchun biror kishiga unashib qo‘yganlarmi demoqchiman.

– Yo‘q.

– Sen shuni xohlar edingmi?

– Bilmadim, qanday bo‘ladi bu o‘zi?

– Qanday bo‘lar edi! Sen bir bolani yaxshi ko‘rasan-da, men hech vaqt shu boladan boshqa kishiga tegmayman, deysan. Keyin uni o‘pasan. Vassalom. Buni har kim ham qila oladi-ku.

– O‘pasan deysanmi? O‘pishning nima keragi bor?

– Nima keragi bor, chunki… Chunki u yaxshi bo‘ladi… Hamma ham shunday qiladi.

– Hamma-a?

– Ha, bir-birlarini sevgan kishilarning hammasi ham shunday qiladilar. Mening taxtaga yozib senga ko‘rsatgan so‘zlarim esingdami?

– Ha, esimda…

– Xo‘sh, o‘sha nima edi?

– Aytmayman.

– Balki, men aytsam bo‘lar?

– Ha, sen aytsang bo‘ladi… Faqat hozir emas, boshqa vaqtda.

– Yo‘q, hozir aytaman.

– Yo‘q, hozir emas, yaxshisi ertaga.

– Yo‘q, yo‘q, Bekki, hozir. Sekingina qulog‘ingga aytaman.

Tom, Bekkining ikkilanib turganligini ko‘rib, uning indamay turishini rozilik alomatiga yo‘ydi, belidan quchoqladi va og‘zini uning qulog‘iga qo‘yib, o‘sha so‘zlarni takrorladi. Keyin qizga qarab:

– Endi sen ham menga shunday deb ayt, – dedi.

Qiz ancha vaqtgacha yo‘q, yo‘q, deb turdi-da, keyin Tomga qarab:

– Bo‘lmasa sen teskari qarab tur, Faqat sen buni hech kimga og‘zingdan chiqarmaysan-a, durustmi, Tom? Hech kim bilmasin. Hech kimga aytmaysanmi?

– Yo‘q, yo‘q, hech kimga aytmayman, xotirjam bo‘l. Qani, Bekki, aytasanmi endi?

Tom teskari qarab turdi, Bekki esa uyalib:

– Men… sizni… sevaman! – dedi.

Shundan keyin o‘rnidan irg‘ib turdi-da, Tomdan qochib, stol va kursilar atrofida yugura boshladi. Tom esa uning orqasidan quvlab yurdi. Oxiri, qiz burchakka borib qisilib, yuzini oq fartugi bilan bekitib oldi. Tom qizning yelkasidan ushlab, unga gap uqdira boshladi.

– Qani, Bekki, endi hamma ish tamom bo‘ldi, faqat o‘pishishgina qoldi. Buning hech xavfli yeri yo‘q, anchayin bir narsa. Qani, Bekki, bir o‘pay!

U qizning ko‘ylagidan va qo‘lidan ushlab, o‘ziga torta boshladi.

Qiz sekin-asta bo‘shashib, qo‘llarini pastga tushirdi. Tom borib uning xuddi lablaridan o‘pib oldi-da:

– Ana, Bekki, hamma ish tamom. Endi sen mendan boshqa hech kimni yaxshi ko‘rmasliging va mendan boshqa hech kimga hech vaqt erga tegmasliging kerak. Hech vaqt, durustmi, shunday, deb va’da berasanmi?

– Ha, Tom, men endi sendan boshqa hech kimni yaxshi ko‘rmayman va sendan boshqa hech kimga erga tegmayman. Sen ham shunday qil, mendan boshqaga uylanma!

– Albatta shunday, so‘z shu! Maktabga borishda va maktabdan qaytishda ham hamma vaqt mening yonimda yur, agar yon-verimizda kattalardan hech kim bo‘lmasa – o‘yinda ham meni tanlab ol, men ham, seni tanlab olaman. Bir-birlariga so‘z berishib, va’dalashgan kuyov bilan kelin hammavaqt shunday qiladilar.

– Juda soz! Men buni hech eshitgan emas edim.

– Bu juda ham yaxshi ish-da! Biz Emmi Lorens bilan ham…

Bekki Techerning yarqirab, katta ochilib qaragan ko‘zlari Tomga o‘z so‘zidan yanglishganini bildirib turar edi.

– Ey, Tom! Unday bo‘lsa, sening birinchi so‘z berishgan qizing faqat mengina emas ekan-da? – dedi qiz va shu onda yig‘lab yubordi.

– Yig‘lama, Bekki, men endi uni yaxshi ko‘rmayman.

– Yo‘q, sen o‘shani yaxshi ko‘rasan. Tom, sen uni juda yaxshi ko‘rasan, buni o‘zing ham yaxshi bilasan-ku.

Tom uni quchoqlab olmoqchi bo‘lgan edi, lekin qiz uni itarib tashladi-da, yuzini devorga o‘girib yig‘lab yubordi. Tom unga yaxshi so‘zlar aytib yupata boshladi va uni quchoqlash uchun yana bir harakat qilgan edi, qiz uni yana itarib tashladi. Shundan keyin Tom ham undan xafa bo‘lib, uni yolg‘iz qoldirib o‘zi chiqib ketdi. U, ko‘chaga chiqdi-da, tashvishlanib, gavdasining og‘irligini u oyog‘idan bu oyog‘iga tashlab, biroz turdi, u Bekki qilgan ishiga pushaymon bo‘lar, deb dam-badam eshikka qarab qo‘yar edi. Biroq, Bekki kelmadi, Tom juda toqatsizlana boshladi. Haqiqatda butun ayb yolg‘iz o‘zida emasdi, daf’atan yarashish uchun bo‘yin egib o‘zini o‘zi majbur etish uning uchun juda og‘ir edi, shunday bo‘lsa ham u, biroz hovridan tushib, qaytib kirdi.

Bekki, burchakda yuzini devorga o‘girib, hanuz yig‘lab turar edi. Tomning yuragi achishib ketdi. U, qizning oldiga yaqin borib, gapni nimadan boshlashni bilmay, biroz hayron bo‘lib turdi.

– Bekki, – dedi u sekingina, – men sendan boshqa hech kimni ham tanimayman.

Hech javob bo‘lmadi. Faqat piqillab yig‘lash eshitilardi.

– Bekki… (uzr so‘rash ohangida) Bekki! Biror so‘z desang-chi?!

Yana qaytadan piqillab yig‘ilash eshitildi.

Keyin Tom o‘zining eng qimmatli narsasi – qozon qopg‘og‘ining mis soqqasini olib qizga ko‘rsatar ekan:

– Bekki, jonim, yig‘lama… Agar istasang, men senga mana shu narsani berayin! – dedi.

Qiz unga qarab qo‘lini bir siltab yuborgan edi, bolaning qo‘lidagi soqqasi yerga tushib dumalab ketdi.

Shundan keyin Tom tashqariga chiqdi-da, shu kuni maktabga qaytib kelmaslik uchun, boshi oqqan tomonga qarab ketmoqchi bo‘ldi. Bekki birdan qandaydir yomon bir narsadan shubhalangandek bo‘lib qoldi. U eshikka tomon yugurib bordi, lekin Tom ko‘rinmadi. U Tomni o‘yin maydonchasi tevaragidan topib olarman, degan umidda hovlining atrofini ham aylanib chiqdi, biroq Tom u yerda ham yo‘q edi. Shundan so‘ng qiz uni yo‘qlab chaqira boshladi:

– Tom, Tom, qayt!

Tomdan darak yo‘q edi. Butun tevarak-atrof suv sepgandek jimjit va hech kim ko‘rinmas edi. U o‘tirib, yana qaytadan yig‘lay boshladi: hozir uni vijdon azobi qiynar edi. Shu orada maktab bolalari ham yig‘ilib kela boshladilar; endi kishini zeriktiradigan, bir necha soatlab davom etadigan tushdan keyingi darslar vaqtida alamingni yashirib, jim o‘tirishing lozim edi. Bu begona bolalar ichida uning ko‘nglini ko‘taradigan kishilari yo‘q edi, shuninguchun ham u, ko‘nglidagi g‘am-g‘ussalarini hech kim bilan o‘rtoqlasha olmadi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации