Электронная библиотека » Марк Твен » » онлайн чтение - страница 6

Текст книги "Tom Soyerning boshidan kechirganlari"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:42


Автор книги: Марк Твен


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 6 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]

Шрифт:
- 100% +

O‘ninchi bob
ITNING UVLASHI – YAXSHI ALOMAT EMAS

Bolalar to‘xtamasdan shaharga tomon yugurdilar. Ular qo‘rqqanlaridan tilsiz bo‘lib qolgan edilar. Ular, go‘yo quvg‘inga uchrashdan qo‘rqqanday, dam-badam tashvish bilan orqalariga qarab qo‘yar edilar. Yo‘ldagi qorayib ko‘ringan har bir to‘nka ularga qo‘rqinchli dushmandek ko‘rinib, vahima bilan nafaslari siqilar edi. Ular shaharga yaqinlashgach, uylar yonidan o‘tib borayotganlarida, uydagi itlar uyg‘onib bularga qarab hurar ekan, bolalarda go‘yo yana yangidan qanot paydo bo‘lgandek, yugura boshladilar.

– Kuchdan ketib yiqilmay turib, eski ko‘n zavodi yoniga yetib olsak yaxshi bo‘lar edi, – deb shivirladi Tom zo‘rg‘a nafas olib. – Men endi butunlay holdan ketganga o‘xshab qoldim.

Geklberri faqat hansirab, entikib qo‘yar edi, bolalar eng so‘nggi kuchlarini sarf qilib, nihoyat zavodga yetib bordilar-da, tavaqalari lang ochiq turgan bir eshikka borib, butunlay madorlari qurib yiqildilar. Tom sekin shivirlab:

– Geklberri, sen qanday o‘ylaysan, bu ishning oqibati nima bo‘lar ekan?

– Agar doktor Robinzon o‘lsa, meningcha, dorga osilishdan boshqa chorani kutish mumkin emas.

– Bu, bo‘lmagan gap!

– Men buni aniq bilaman.

Tom bir minutcha o‘ylanib turgandan keyin:

– Kim aytib beradi? Bizmi?

– Senga bir gap bo‘ldimi, nega dovdiraysan? Sen faqat shuni o‘ylab qaraki, agar biror narsa bo‘lib ish hindu Joning foydasiga yurib ketsa yoki u qochib ketsa, uni osmasalar, u bizni albatta o‘ldiradi. Agar shunday bo‘lsa, biz hech qanday yo‘l bilan o‘limdan qutulolmaymiz.

– Men o‘zim ham shunday o‘ylayman, Gek.

– Agar buni biror kishi aytadigan bo‘lsa yaxshisi, buni Potter aytsin; unda buning uchun yetib ortadigan ahmoqlik bor, chunki u har doim mast bo‘lib yuradi…

Tom hech narsa demay, o‘ylanib turar edi. Keyinroq u shivirlab:

– Gek, Meff Potter bilmaydi-ku… Qatl haqida u qanday qilib ayta oladi? – dedi.

– Nechuk, qanday qilib buni bilmaydi?

– Albatta bilmaydi-da, hindu Joning boshiga doktor taxta bilan urgan vaqtidayoq, u, doktorga pichoq sanchdi, u buni qayoqdan ko‘rar edi? U buni qayoqdan bilardi?

– Rost aytasan!

– Undan tashqari, kim biladi deysan, balki shunday qilib urgandan keyin, u gangib qolgandir.

– Yo‘q, Tom, bunday bo‘lmasa kerak. U o‘zi mast edi. Men buni sezganman. U hamma vaqt shunday mast bo‘lib yuradi. Mening otam mast bo‘lganda, boshiga butun bir tog‘ni ag‘darib yuborsang, hech parvo qilmaydi! U o‘zi ko‘pincha shunday deydi. Meff Potter ham xuddi shunday-da. Agar u hushyor bo‘lsa edi, shunday zarbadan albatta bir yoqlik bo‘lardi… Endi bilmadim, bir narsa deya olmayman.

Tom yana o‘ylana boshladi.

– Gek, sen bilmasdan aytib qo‘ymaysanmi, sen bunga ishonasanmi? – deb so‘radi Tom uzoq jimlikdan so‘ng.

– Endi, Tom, xohlasak ham, xohlamasak ham, ehtiyot bo‘lib jim turaylik. Axir, o‘zing tushunasan-ku! Bu la’nati metis uchun bizlarni bo‘g‘ib o‘ldirish – ikkita mushuk bolani o‘ldirish bilan baravar… Agar biz aytsag-u, uni o‘ldirmasalar, u vaqtda bizning o‘lganimiz… Menga qara, Tom, biz ikkalamiz ham churq etmay turishimiz zarur ekan, tilimizni tiyishimiz to‘g‘risida bir-birimizga qasamyod qilishimiz lozim.

– To‘g‘ri aytasan, Gek. Eng yaxshisi shu. Qani, bo‘lmasa qo‘lingni ko‘tar…

– Yo‘q, do‘stim! Bu ishimiz yaramaydi. Bunday yo‘l oddiy, arzimagan mayda ishlarda, ayniqsa qizlar bilan muomala qilganingda kelishadi, chunki ular baribir o‘z so‘zlarida turmaydilar va jahllari chiqqanda, bir-birlarining sirlarini aytib qo‘ya beradilar. Hozirgidek ishlarda esa, shartnoma va muqarrar qon bilan yozilgan shartnoma bo‘lishi kerak.

Tom bu fikrni butun jon-tani bilan ma’qulladi. Bu fikr sirli, qorong‘u va dahshatli fikr edi. U, oyning yorug‘ida toza bir qarag‘ay tarashasini topib olib keldi va oyning yorug‘i qo‘lidagi tarashaga tushadigan vaziyatda o‘tirib, cho‘ntagidan bir parcha bo‘yoq oldi-da, tarashaga engashib har bir so‘zda tanglayini taqillatib, yuz mashaqqat bilan quyidagi so‘zlarni chiza boshladi.

Gek Fin va Tom Soyer biz ikkimiz qasam ichamizki, shu ish to‘g‘risida churq etmaymiz, agar bir og‘iz so‘z ayta qolsak o‘ligimiz shu yerda qolsin.

Tomning bunday tez yozishga ustaligi va uslubining yuksakligidan Geklberri hayratda qoldi. U yoqasidan bir to‘g‘nog‘ich olib qo‘liga sanchmoqchi bo‘lgan edi Tom uni to‘xtatdi:

– To‘xta! Unday qilma. To‘g‘nog‘ich misdan ishlangan. Unda yar1212
  Mis asboblarning ustiga zangga o‘xshash qo‘nib qoladigan narsa; bu ancha kuchli zahar bo‘ladi.


[Закрыть]
bo‘lishi mumkin.

– Yar dedingmi? U nima?

– U bir xil zahar, o‘shandan ozgina yutib ko‘rsang, keyin bilasan.

Tom o‘zidagi ignalardan birining ustiga o‘ralgan ipini chiqarib oldi-da, keyin ikkovi ham navbat bilan o‘z barmoqlariga sanchishib, bir tomchidan qon chiqardilar.

Tom, shu tariqa bir necha marta qon chiqarib va qalam o‘rniga jimjiloqdan foydalanib, yozuvning ostiga o‘z ismining bosh harflarini chizdi. Geklberrini « va «F» harfini yozishga o‘rgatdi-da, shuning bilan shartnomaga qo‘l qo‘yilgan bo‘ldi. Ular tantanali ravishda har xil so‘zlar va duolar bilan tarashani xuddi devorning yoniga ko‘mib qo‘ydilar va shuning bilan o‘zlarining tillari abadiy qulflanib, kaliti juda uzoqlarga tashlanib yuborilgan hisobladilar.

Yarim xaroba binoning narigi boshidagi teshikdan esa, yashirinib turgan noma’lum bir kishining gavdasi ko‘zga chalindi, lekin bolalar uni sezmadilar.

– Tom, – dedi Geklberri shivirlab, – endi shundan keyin biz o‘z og‘zimizdan ilinib, gapirib qo‘ymasligimizga ishonasanmi?

– Albatta ishonaman, endi har nima bo‘lsa bo‘lsin, bizning og‘zimizdan biron so‘z ham chiqmaydi. O‘zing bilasan-ku, agar biz aljib, biror og‘iz so‘z aytib qo‘ysak, xuddi shu yerning o‘zida o‘lamiz-ku! Buni unutdingmi?

– Bu-ku shunday-ya…

Ular bir qancha vaqt o‘zaro shivirlashdilar. Birdan ularning yaqinginalarida, o‘n qadamcha yerda bir itning uzundan-uzoq, ko‘ngilsiz uvullagan tovushi eshitildi. Bolalar qo‘rqib, bir-birlariga yopishib oldilar.

– U kimga hurayotir? – dedi Geklberri, halloslaganidan bo‘g‘ilib. – Sengami yoki mengami?

– Bilmadim… yoriqdan qara-chi. Tezroq bo‘lsang-chi!

– Yo‘q, sen qara!

– Yo‘q, yo‘q, men qaray olmayman, Gek.

– Tom, qara endi, baraka topgur, yana tag‘in tovush kelayotir.

– Eh, xudo, men judayam xursandman! – deb shivirladi Tom. – Bo‘ldi, itning bu uvullashini men bildim: bu Bull Garbizon itining tovushi.

– Xudoga shukur! Bilasanmi, qo‘rqib jonim chiqib ketayozdi. Men, dalalarda yurgan daydi itlar hurayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim.

Shu vaqt it yana uvulladi. Bolalarning yuraklari yana orqalariga tortib ketdi.

– E, yo‘q bu, Bull Garbizonning iti emas-ku, – deb shivirladi Geklberri. – Yana bir qarasang-chi, Tom!

Tom qo‘rqqanidan qaltirab, itoat etgandek gapga quloq soldi-da, ko‘zini yoriqqa qo‘yib qaradi va tovushi eshitilar-eshitilmas darajada shivirlab:

– Hoy Gek, bu daydi it ekan, – dedi.

– Qara, qara, Tom, u kimga qarab hurayotir?

– Ikkalamizga qarab hurayotgan bo‘lsa kerak. Ikkalamiz ham bir yerda turibmiz-ku!..

– Oh, Tom, holimiz xarob bo‘ldi. Endi mening bir baloga yo‘liqishim aniq, men shunday gunohkor bir bolaman…

– Men-chi? Men bo‘lsam, o‘qish o‘rniga doim o‘ynab yuraman, meni nimadan qaytarsalar, men o‘sha ishni qilaman… Albatta, men xohlasam Sidga o‘xshab juda yaxshi va itoatli bola bo‘lar edim. Biroq bunday bo‘lishni xohlamadim. Shu gal omon-eson qutulib ketsam, yakshanba kungi maktabga borib juda zehn qo‘yib o‘qir edim.

Tomning o‘pkasi to‘lib, sekin-asta yig‘lay boshladi.

– Sen gunohkormisan? – deb so‘radi Geklberri va u ham piqillab yig‘lay boshladi. – Qanday gunohing bor? Menga qaraganda sen chinakam farishtasan-ku!

Tom ko‘z yoshini ichiga yutar ekan:

– Gek, uni qara! U bizga orqasini o‘girib turipti-ya! – dedi.

Gek shodlanib yoriqqa ko‘zini qo‘yib qaradi.

– Chindan ham orqasini o‘girgan-a!.. Avval ham shunday turgan edimi?

– Albatta. Men ahmoq bunga e’tibor qilmabman. Juda soz! Biroq u kimga qarab hurar ekan?

It uvlashdan to‘xtadi. Tom diqqat bilan tinglay boshladi.

– Ts! Bu nimasi? – deb shivirladi Tom.

– Xuddi cho‘chqaga o‘xshab xurillaydi-ya! Yo‘q, Tom, bu birovning xurrak tortgan tovushi…

– Xurrak tortayapti, deysanmi? Qayerda xurrak tortayotir, Gek?

– Saroyning narigi chekkasida bo‘lsa kerak. Xurrak tovushi xuddi o‘sha yerdan kelayotganga o‘xshaydi. Otam goho shu yerda cho‘chqalar bilan birga tunab qolar edi, biroq u xurrak tortganda kishini ag‘darib yuboradigandek bo‘lar edi. Meningcha, u endi bu shaharga yana qaytib kelmasa kerak.

Bolalarning qalbida botirlik jo‘sh ura boshladi.

– Gek, agar seni yur desam, borasanmi?

– Yo‘q, Tom. Birdaniga u yerdan hindu Jo chiqib qolsa nima bo‘ladi?

Tom ikkilanib qoldi. Lekin borish havasi juda kuchli bo‘lganidan, borib ko‘rmoqchi va borishlari bilan xurrak tortishi to‘xtasa, darhol orqalariga qaytmoqchi bo‘ldilar. Ular, bir-birlarining orqalaridan bitta-bitta qadam qo‘yib, uxlab yotgan kishi yoniga yura boshladilar. Unga uch-to‘rt qadam qolganda, Tom oyoq ostida yotgan bir kaltakni bosib olgan edi, kaltak qarsillab sindi. Uxlab yotgan kishi ingrab yonboshiga ag‘darildi. Shu vaqt uning yuziga oyning shu’lasi tushgan edi, uning Meff Potter ekani ma’lum bo‘ldi. Uxlayotgan kishi qo‘zg‘olganida, bolalarning tomirlaridagi qonlari qotgan va turgan yerlarida o‘zlari ham qotib qolgan edilar. Biroq endi ulardagi xavf-xatar tugagan edi. Ular sekin-asta oyoq uchlari bilan yurib, devorning teshik joyiga yetdilar (unga qoqilgan taxtalar sinib, oralari ochilib qolgan ekan); keyin bu joydan ham o‘tib ketdilar. Biroq shu vaqt yana o‘sha mash’um uzundan-uzun uvlagan tovush eshitildi.

Bolalarning ikkalasi ham birdan orqalariga burilib qararkanlar, xuddi Potter yotgan yerdan ikki qadamcha narida tumshug‘ini yuqori ko‘tarib turgan bir begona itga ko‘zlari tushdi.

– Bu it o‘shanga qarab hurayotgan ekan-da! – dedi bolalarning ikkalasi birdan.

– Bilasanmi, kishilarning aytishlaricha, Jonni Millerning uyi oldida xuddi yarim kechada bir daydi it uvlagan, bu ish bundan ikki hafta ilgari bo‘lgan, xuddi o‘sha kuni kechasi haligi uyning devorida boyqush ham sayragan emish, biroq o‘sha uyda hozirgacha hech kim o‘lmagan.

– Uni bilaman. Xo‘sh, undan nima natija chiqarmoqchisan? O‘sha voqeadan keyin, ya’ni shanba kuni Gresi Miller o‘choqqa yiqilib kuyib qolmadimi?

– Kuyishga kuygan-u, lekin o‘lmagan. Kuyib o‘lish u yoqda tursin, aksincha, hozir ancha tuzalib qolayapti.

– Ha, yaxshi, to‘xtab tur, nima bo‘lishini ko‘rasan. U tuzalib odam bo‘lmaydi, Meff Potter singari uning ham holi xarob. Buni negrlar aytadilar, ular esa bilmasdan so‘zlamaydilar.

Shundan keyin bolalar bir-birlaridan ajrashdilar.

Tom qaytib kelib, haligi derazadan uy ichiga tushayotganida, tong yorishib qolayozgan edi. U tovush chiqarmay sekin-asta yechindi-da, tungi sayohatidan hech kimning xabardor bo‘lmaganidan shodlanib, darhol uyquga ketdi. U uyga qaytib kelgan vaqtda Sid sekin-asta xurrak otayotgan bo‘lsa ham, aslida u uxlamay, bundan bir soat ilgari uyg‘ongan edi. Tomning esa bundan xabari yo‘q edi.

Tom ko‘zini ochganida Sid allaqachon o‘rnidan turgan va kiyinib chiqib ketgan edi. Kunning yorug‘ligidan vaqtning ancha kech bo‘lib qolganligi bilinib turardi. Tom hayron bo‘lib qoldi. Nima uchun bugun uni uyg‘otmaganlar, nima sababdan har safargidek joniga tegib «tur-tur» deb mashmasha qilmaganlar? Uni vahima bosdi. U qandaydir biryomon ish yuz berishini kutgandek edi. Garchi hali uyquga to‘ymagan, juda horiganligi sezilib turgan bo‘lsa ham, darrovda kiyinib pastga tushdi.

Uydagi butun oila gavjum bo‘lib, stol atrofida o‘tirar, lekin ertalabki taomni yeb bo‘lgan edilar. Tomga hech kim hech narsa demadi. Hech kim biror so‘z aytib undan o‘pkalamadi, lekin xolasining ko‘z qarashidan uning hamma narsadan xabardor ekani bilinib turardi. Hammalari jim-jit o‘tirishar va hammalarining yuzlarida shunday tantanali ko‘rinish aks etar ediki, o‘zini aybli sezgan Tom buni ko‘rib, yuragi orqasiga tortib ketdi. U stol yoniga borib o‘tirdi-da, hech narsadan xabari yo‘qdek, chehrasini ochiq qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ldi, lekin bu harakati behuda ketdi. Uning qiziqchiligidan biron kishi ham kulmadi. Shu bilan uning yuragi orqasiga tortib ketganday bo‘lib, jim qoldi.

Nonushtadan keyin xolasi uni bir chetga yetaklab olib ketdi. Buni ko‘rib Tom endi ish kaltak bilan cheklanadi-yu, shu bilan qutulib qolarman, degan xayol bilan sevinganicha borar edi, lekin ish unday bo‘lib chiqmadi. Xolasi undan zorlanib: qarigan chog‘imda yurak-bag‘rimni shunchalik ezishga qanday jur’at qilding, endi xohlagan ishingni qilaber. O‘zingni o‘zing xarob qilasan. Qarigan chog‘imda meni uyat va nomusga qoldirasan. Oxir oqibat meni qabrga tiqasan. Seni inson qatoriga kiritaman, deb urinishdan hechqanday natija chiqmas ekan. Endi bu yo‘lda o‘zimni sira koyitmaganim bo‘lsin, deb yig‘ladi.

Bu harqanday kaltakdan ham yomon bo‘ldi. Tom yig‘lab yubordi. Xolasidan uzr so‘ray boshladi va bundan keyin yaxshi bola bo‘lish uchun juda ko‘p va’da berdi-da, nihoyat, bo‘shadi. Lekin u o‘z gunohlarini xolasi hali batamom kechib yubormaganligini va endi o‘ziga bo‘lgan ishonchning yo‘qolganini sezgan edi. U uydan tashqariga chiqarkan, o‘zini shunchalik baxtsiz his qilar ediki, bu to‘g‘rida chaqimchilik qilgan Siddan o‘ch olish ham uning xayoliga kelmadi. Sidning qo‘rqib, shoshilganicha orqa eshikdan qochib ketishi ham behuda edi. U juda xafa va qovoqlari solingan holda maktabga kirib keldi-da, kecha maktabga kelmaganligi uchun Jo Garper bilan birga kaltak yedi. U o‘z o‘rniga qaytib o‘tirgandan keyin, qo‘llarini taxta ustiga va boshini qo‘llari ustiga qo‘yib, kaftini tishlagani holda devorga qattiq tikilib qoldi. Tirsagi esa qandaydir bir qattiq narsaga tiralib, juda yomon og‘ridi. Biroq u o‘tirgan joyidan qo‘zg‘almadi va bir entikib nafas olgandan keyin, haligi tirsagiga tegib turgan narsani olib qo‘ydi. U narsa bir qog‘ozga o‘ralgan edi. Tom uni ochdi. Shu vaqt u to‘satdan chuqur va og‘ir bir xo‘rsinib – yuragi dukillab ura boshladi.

Qog‘ozga o‘ralgan narsa – uning qizga xarid qilgan mis soqqasi edi…

O‘n birinchi bob
TOM VIJDON AZOBINI BOSHIDAN KECHIRADI

Kun tushga yaqinlashgan paytda, butun shaharga birdaniga dahshatli xabar tarqaldi. Buning uchun, o‘sha vaqtlarda hech kimning xayolida bo‘lmagan telegraf ham kerak emas edi. Bu xabar xuddi telegraf bilan baravar tezlikda og‘izdan og‘izga, qo‘shnidan qo‘shniga, hovlidan hovliga o‘tib yurar edi. Albatta, o‘z-o‘zidan ma’lumki, shu kuni muallim maktab bolalarining hammasini bo‘shatib yubordi, agar shunday qilishga muallimning farosati yetmaganida, albatta, bu ishga butun shahar hayron qolardi. O‘likning yonida qonga bo‘yalgan bir pichoq topilib, kishining so‘ziga ko‘ra, bu pichoq Meff Potterniki emish. Yana shunday so‘zlar bo‘lganki, bir kishi kechikib qolib, kechasi soat ikkilarda uyiga qaytib kelayotganida, anhor bo‘yida yuvinib o‘tirgan Potterni ko‘rib qolgan. Potter bu kishini ko‘rib qochib ketgan emish. Bu hol, ayniqsa, uning suv bo‘yida qo‘llarini yuvib o‘tirishi – ancha shubhali dalil edi. Potter uchun bu odatdagi bir ish emas edi. Politsiyalar qotilni axtarishib butun shaharni titib yuborishgan, lekin hech qayerdan topisha olmagan. Har tomonga otliq choparlar jo‘natilgan. Sherif1313
  Sherif – okrugda sudya va politsiya boshlig‘i vazifasini bajaruvchi amaldor.


[Закрыть]
bo‘lsa kun kech bo‘lmasdanoq gunohkorning qo‘lga tushishiga ishonib o‘tirar emish, degan so‘zlar ham yurar edi.

Shahardagi barcha xalq qabristonga qarab jo‘nadi. Tom ham o‘zining yuragi siqilganligini unutib, olomonga qo‘shilib bordi; uning bunday qilishi, shu ishni xohlashidan emas edi; u bunday ishlardan o‘zini ming milcha nariroqqa olib qochishni afzal ko‘rar, lekin shunday bo‘lsa-da, qandaydir noma’lum bir kuch uni o‘sha tomonga tortib turar edi. U, qabristonga yetib borar ekan, kishilar orasidan siqilib oldinga o‘tib, yana o‘sha dahshatli manzaraga ko‘zi tushdi. Uning nazarida o‘zining shu yerga kelib ketganiga go‘yo ancha zamonlar bo‘lganga o‘xshar edi. Kimdir uning qo‘lini chimchilib oldi. U orqasiga qayrilib qaragan edi, yonida turgan Geklberrini ko‘rdi. Ular bir-birlariga qarab oldilar va shu qarashlarida har qaysilari ham: «Bizning ko‘z qarashimizdan birov biror narsa sezmadimikin?» deb o‘z-o‘zlariga savol berar, lekin boshqalar o‘sha yerdagi dahshatli manzara bilan mashg‘ul edilar.

«Oh, bechora!» «Baxtsiz yosh yigit!» «Mana bu ish o‘lik o‘g‘irlovchilar uchun saboq bo‘ldi!» «Meff Potterni ushlab olsalar, uni albatta osadilar», – dedilar hammalari birdan. Domla esa o‘z fikrini shunday bayon qildi:

– Taqdiri xudoning qo‘lida. Qanday jazo berishni janoblarning o‘zlari bilishadi.

Tom shu yaqin o‘rtada turgan hindu Joning g‘amgin yuzini ko‘rarkan, boshidan oyog‘igacha titroq bosib ketdi. Shu vaqt butun xalq orqaga chekinib:

– Anavi o‘shaning o‘zi! O‘z oyog‘i bilan kelayotir! – degan tovushlar eshitila boshladi. Yigirma kishi birdaniga:

– Kim, kim? – deb so‘rashdi.

– Meff Potter!

– Qaranglar, to‘xtadi. Ehtiyot bo‘linglar, qochib ketishga urinayapti. Ushlanglar, bo‘lmasa qochib ketadi!

Tomning ro‘parasidagi daraxt shoxlariga chiqib o‘tirgan tomoshachilar: «U qochmoqchi emas, faqat hayron bo‘lib, nima qilishini bilmay turipti», – deb xabar berdilar.

– Qanday uyatsizlik! – dedi xalq o‘rtasidan birov. – O‘zining qilgan yomonliklarini tomosha qilgali kelgan va bu yerda kishilar bor, deb o‘ylamagan bo‘lsa kerak…

Xalq orqaga chekindi. Sherif dabdaba bilan Potterning qo‘lidan yetaklab, qabr yoniga olib keldi. Bechoraning rangi o‘chib ketgan, ko‘zlarida qo‘rquv alomatlari sezilib turar edi. O‘likni ko‘rar ekan, uning butun tanasini qaltiroq bosdi va yuzini qo‘llari bilan berkitib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.

– Do‘stlarim, buni men o‘ldirganim yo‘q, – der edi u ho‘ngrab yig‘lagani holda, – azbaroyi xudo men o‘ldirganim yo‘q.

Oradan birovning:

– Seni kim ayblayotir? – degan tovushi yangradi.

Otilgan kamon nayzasi mo‘ljalga borib tekkan edi. Potter boshini yuqoriga ko‘tarar ekan, kishiga ta’sir qilarlik darajada umidsizlik bilan tevaragiga bir qarab qo‘ydi va hindu Joni ko‘rar ekan:

– Hoy, hindu Jo! Sen menga va’da qilgan edingki, hech vaqt… – deb baqirdi.

Sherif uning so‘zini bo‘lib va qotil qurolini xuddi uning tumshug‘i oldiga keltirib:

– Bu pichoq siznikimi? – deb so‘radi.

Shu vaqt kishilar kelib, Potterni qo‘lidan ushlab, sekin yerga o‘tirg‘izmaganlarida, u albatta yiqilib tushar edi. Keyin u:

– Menga xuddi bir narsa: agar sen shu yoqqa bormasang va…ni topmasang, deb aytgandek bo‘lgan edi… – u seskanib ketdi va umidsizlik bilan qo‘lini siltab: – Jo, endi shularga aytib beraqol, endi yashirishning nima keragi bor… – dedi.

Geklberri bilan Tom hayajon ichida tillari so‘zga kelmay qolib, qotilga tikilib qarab turar edilar; bu vijdonsiz yolg‘onchi esa, hech bir uyalmay-netmay, o‘zi o‘ylab topgan o‘lim manzarasini hikoya qilar edi. Bolalar minut sayin: «Mana hozir ochiq-oydin kunda havo guldurab, yashin chaqnab, qotilning ustiga xudoning balosi yog‘ilar, deb kutar va xudoning g‘azabi bunchalik kechikishiga hayron bo‘lib turar edilar. U, hikoyasini tamom qilgandan keyin ham hech narsa bo‘lmay, salomat qolganini ko‘rganlaridan keyin, ularning o‘z ahdlarini buzib, gunohsiz ayblangan Potterni halokatdan qutqarib qolish orzulari ham yo‘qoldi. Aftidan, bu yaramas Jo o‘z jonini shaytonga sotgan bo‘lsa kerak, endi biror ishga shayton oraladimi, bo‘ldi, unga odamzodning qadam qo‘yishi mumkin emas, agar ozgina aralashsa ham, yaxshilik ko‘rmaydi.

Kimdir Potterdan:

– Sen nega qochib ketmading? Nega bu yerga kelding? – deb so‘radi.

– Boshqa iloj topa olmadim… Mumkin bo‘lmadi! – dedi Potter. – Qochmoqchi bo‘lgan edim, lekin mening o‘z oyoqlarim bu yerga olib kelib qo‘ydi-da! – Shu so‘zlarni aytarkan, yana yig‘lab yubordi.

Oradan bir necha minut o‘tgandan keyin, hindu Jo ham qasam bilan so‘roqda tinch va osoyishtalik holda o‘zining avvalgi aytganlarini takrorladi. Bolalar ham buning shunday yolg‘onchiligi uchun osmondan balo yog‘ilmaganligini ko‘rib, metisning o‘z jonini shaytonga sotganligiga qat’iy ishondilar. Bolalar undan juda qo‘rqar edilar, shu bilan birga u, bolalar uchun dunyodagi hamma narsadan ham xunuk ko‘rinar edi, shuning uchun bolalar undan ko‘zlarini olmay tikilib turar edilar. Bolalar qanday bo‘lsa ham bir iloj qilib, uning dahshatli xo‘jayinini ko‘rib olish tilagida uni kechalari kuzatib yurishga o‘zlaricha qaror berdilar.

Hindu Jo o‘ldirilgan kishining tanasini yerdan ko‘tarib olish va tezroq olib ketish uchun aravaga solishga yordamlashdi. To‘plangan xalq vahimaga tushdi. Ular shivirlashib, xuddi shu damda yaradan qon tomchilab oqqanini so‘zlar edilar.1414
  Qadimdan shunday bir ishonch bor ekan: go‘yo o‘likning yoniga uni o‘ldirgan kishi yaqin kelsa, o‘likning yaralangan joyidan qon oqar emish.


[Закрыть]
Bolalar: «Bu qulay voqea xalqqa chinakam qotilni ko‘rsatib berar», deb o‘ylagan edilar, biroq ularning bu umidlari puchga chiqdi, chunki kishilar shu yerning o‘zidayoq:

– Bu voqea yuz berganda, Meff Potter o‘likdan uch qadam narida turgan edi, – deb aytgan edilar.

Tomning dahshatli siri va undagi vijdon azobi, ko‘p bo‘lmasa ham, aqalli bir hafta uni kechalari uxlatmay qo‘ydi. Shuning uchun bir kuni ertalab nonushta mahalida Sid:

– Tom, sen kechalari ko‘p qimirlab va alahsirab hech uxlatmaysan… Men kechaning yarmisini uyqusiz o‘tkazdim, – dedi.

Tomning rangi o‘chib, yerga qaradi.

– Bu juda yaramas hol, – dedi Polli xola jiddiy ravishda. – Tom, boshingda qanday o‘ylar bor?

– Hech qanday o‘y yo‘q, mutlaqo yo‘q!

Ammo bolaning qo‘llari shunday qaltirar ediki, u qo‘lidagi choyni to‘kib yubordi.

– Aytadigan so‘zlaring ham allaqanday bemani narsalar, – deb so‘zida davom etdi Sid. – Bu kechasi ham: «Bu qon, bu qon, bildingmi?» – deding va har safar shu bir so‘zning o‘zini takrorlayverasan. Keyin: «Meni bunchalik qiynaybermanglar, o‘zim aytib beraman», – deysan. Aytib berasanmi? Nimani aytib berasan?

Tomning ko‘z oldilari qorong‘ulashib, hamma narsa go‘yo aylanib ketayotgandek bo‘ldi. Shu paytda buning oqibati nima bo‘lishini aytish qiyin edi, lekin uning baxtiga, Polli xolaning chehrasidagi tashvish alomatlari yo‘qolib, garchi o‘zi voqeadan xabardor bo‘lmasa ham, Tomga yordamlasha boshladi.

– Oh! Bularning hammasi o‘sha dahshatli odam o‘ldirishdan. Har kuni deyarli mening tushimga kiradi. Ba’zan tushimda go‘yo uni o‘zim o‘ldirgan bo‘lib chiqaman.

Meri ham shunday ahvolni boshidan kechirganligini so‘zlab o‘tdi. Sid bunday izohotlardan mamnun bo‘lgandek ko‘rinar edi.

Tom, daf’atan to‘g‘ri kelgan bir narsani bahona qilib, uydagilar oldidan chiqib ketishga shoshildi. Shundan keyin kechalari yana alaxsirab chiqmaslik uchun tish og‘rig‘ini bahona qilib, jag‘ini ro‘mol bilan bog‘lab yotadigan bo‘ldi. U, Sidning kechalari jo‘rttaga uxlamay yotishidan xabarsiz edi; Sid esa kechalari Tom jag‘ini bog‘lagan ro‘molni bo‘shatib, uning so‘zlariga quloq solar va keyin tag‘in mahkam bog‘lab qo‘yar edi.

Tom vijdon azobidan sekin-asta forig‘ bo‘la boshladi; u, tish og‘rig‘idan zorlanishdan ham zerikib, kechalari jag‘ini bog‘lamaydigan bo‘ldi. Agar Sid uning kechalari uyqusirab aytadigan so‘zlaridan uncha-muncha narsalarni anglagan bo‘lsa ham, u bularni hech kimga so‘zlamay, sir saqladi.

Shu orada Tomning o‘rtoqlari yangi bir ermak topib oldilar: ular o‘lik mushuklar ustidan tergov yurgizadigan bo‘ldilar: ularning bu ermaklari Tomga dam-badam o‘sha mudhish voqeani eslatar edi. Sid ko‘rdiki, garchi Tom, dastlab har bir o‘yinda birinchi rolning berilishini talab qiladigan bo‘lsa ham, bu o‘yinda u hech bir bosh tergovchi rolini olib chiqmadi. Tom hatto guvohlik rolidan ham bosh tortmoqda edi. Sid buni ham o‘sha vaqtdayoq sezgan va bu unga qiziq tuyular edi. Sid, yana shunday ahvolni sezdiki, Tomga bu o‘yinlar umuman yoqmas va picha imkoniyat tug‘ilishi bilanoq qochib qolishga urinar edi. Sid bu g‘alati sirlar ustida boshini qotirar, biroq hech bir so‘z aytmas edi. Ko‘p o‘tmay bu o‘yinlarning hammasi eskirib qoldi va shu bilan Tomning vijdoni ham azoblanmaydigan bo‘ldi.

Shunday og‘ir kunlarda Tom har kuni yoki kun oralab qulay payt topib, «qotil» qamalib yotgan qamoqxonaning temir panjaralik kichkina derazasi yoniga kelib, o‘zi topa olgan har xil shirin narsalardan yashirin ravishda berib ketar edi. Qamoqxona uncha katta bo‘lmay, shaharning bir chekkasidagi botqoqlikka qurilgan va g‘ishtdan ishlangan bir bino edi. Unda qorovul ham yo‘q, negaki qamaluvchilar ham juda kam bo‘lar edi. Bu hadyalar kichkina bo‘lsa ham Tomning ko‘nglini ancha tinchitar edi.

Shaharcha xalqining metis hindu Joni o‘lik o‘g‘irlagani uchun qora moyga bulg‘ab, keyin tovuq patiga ag‘anatib, shu holda shahardan haydab chiqarib yuborishga ishtiyoqlari zo‘r edi. Lekin u, kishilarni shu qadar qo‘rqitar ediki, bu ishni boshlash uchun jur’at qila oladigan kishi topilmadi. Ikkala so‘roqda ham metis so‘zini to‘ppa-to‘g‘ri mushtlash bo‘lgan yerdan boshlab, o‘likni o‘g‘irlash to‘g‘risida hech narsa demadi. Shuning uchun sudda bu masalani hozircha qo‘zg‘atmaslik lozim topildi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации