Электронная библиотека » Марк Твен » » онлайн чтение - страница 5

Текст книги "Tom Soyerning boshidan kechirganlari"


  • Текст добавлен: 16 мая 2023, 13:42


Автор книги: Марк Твен


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 5 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Sakkizinchi bob
KELAJAKDAGI BOTIR QAROQCHI

Tom egri-bugri yo‘llar bilan goh o‘nga va goh so‘lga burilib, uyga qaytadigan yo‘lni ancha orqada qoldirib ketdi. Shundan keyin u bir tekis, chaqqon qadamlar bilan yurib ketdi. U, yo‘l ustidagi suvni ikki-uch marta u yoqdan-bu yoqqa kechib o‘tdi, chunki unda, suvdan kechib o‘tganda o‘z izlarini yo‘qotib, ketlaridan quvib kelayotganlarni adashtirish ishonchi bor. Yarim soatdan keyin u Kardif tog‘ining tepasida turgan Duglas degan tul xotinning qo‘rg‘oni yoniga yetib bordi, u yerga chiqqanida, pastlikda qolgan vodiydagi maktab binosi zo‘rg‘a ko‘rinib turar edi. Tom qalin o‘rmonning juda ichkari tomonlariga kirib borib, yo‘lsiz yerlardan yura-yura, uning eng qalin yerlariga yetib bordi va shoxlari osilib tushgan bir katta balut daraxtining tagidagi yo‘sin o‘simligining ustiga o‘tirib dam olmoqchi bo‘ldi. Bu yerda shamoldan asar ham yo‘q edi. Tush vaqtidagi jazirama issiqda qushlar ham sayrashdan to‘xtagan edilar. Tabiat uyquga cho‘mgan, uning uyqusini faqat qizilishtonning har zamon-har zamonda daraxtlarni «to‘q-to‘q» qilib cho‘qigan tovushigina buzar edi. Bu ovoz atrofdagi sukunatni yana zo‘raytirar, bola ham o‘zining makonsizligini yana ko‘proq sezardi. Uning ko‘ngli g‘am bilan to‘lgan; uning barcha hissiyotlari, atrofini o‘rab olgan tabiat bilan tamoman mos kelar edi. U, tirsaklarini tizzasiga tirab, qo‘llari bilan jag‘iga suyangan holda anchagacha o‘ylanib o‘tirdi. Kishining hayoti unga qayg‘u va tashvishlardangina iborat bo‘lib tuyular va u, yaqinda dunyodan o‘tgan Jimmi Gojesdek o‘lib ketishni orzu qilar edi. U xayolida qabr ichida abadiy qo‘zg‘olmay, daraxt barglarining mayin shitirlashlarini, qabr ustidagi maysa o‘t va gullarning tebranishlarini sezib va hech vaqt hech bir narsadan achchig‘lanmay, xafa bo‘lmay yotishning qanday rohat ekani to‘g‘risida o‘ylar edi. Agarda yakshanba kungi maktabda yaxshi baho olgan bo‘lsa, balki o‘zi ham o‘lib ketishni xohlar edi… Misol uchun mana shu qizni olsak, qani, bu unga nima yomonlik qildi? Hech narsa qilgani yo‘q-ku! Qizga yaxshilik tilar, qiz esa uni go‘yo bir it – xuddi bir it qatorida quvlab yubordi. U qachon bo‘lsa ham o‘zining shu qilgan ishlari uchun o‘kinar, balki o‘kinishning keyin hech bir foydasi bo‘lmas. Oh, vaqtincha o‘lib, qayta tirilish mumkin bo‘lsa koshki edi!

Bolalikda kishining ko‘ngli muloyim bo‘ladi. Qancha xafa bo‘lsang ham tezda tarqalib ketadi. Tomni shu yerdagi fikrlar chulg‘ab oldi. Agarda u hozir boshi oqqan tomonga ketib, hamma uchun yashirin holda butunlay yo‘qolib ketsa nima bo‘ladi? Yo bo‘lmasa, shu vaqt dengizlardan nariga, uzoq-uzoq joylarga, kishi oyoq bosmagan yurtlarga ketib qolsa va u yerlardan o‘z vataniga hech qaytib kelmasa – nima bo‘ladi? Shunday qilganida, Bekkining holi nima kechardi?… U o‘zida bir zamonlar masxaraboz bo‘lish orzulari jo‘sh urganini xotirladi, lekin hozir u fikrdan qaytdi, chunki uning ko‘ngli ulkan romantik yuksakliklarga ko‘tarilib turgan bir zamonda, olabayroq cholvorlar kiyib masxarabozlik qilib yurishi uning o‘ziga ham jirkanch ko‘rindi. Yo‘q, u endi soldatlikka ketadi, ko‘p yillar o‘tgandan keyin yarador bo‘lib, ancha shuhrat qozonib qaytib keladi. Yoki, undan ham yaxshisi, hindular oldiga o‘tib ketib, ular bilan tog‘ yo‘llari orqali, kishi yurib bo‘lmas tikka jarlarga o‘rmalab chiqsa, tog‘ ho‘kizlarini ovlab, hech qanday oyoq izi tushmagan Uzoq G‘arbning tekis yerlarida tentirab yursa va shu tariqa ko‘p zamonlar yurib, oradan ko‘p vaqtlar o‘tgandan keyin, hamma yog‘i qonga bo‘yalgan, butun vujudi patlar bilan bezalgan holda dahshatli ulug‘ bir boshliq bo‘lib o‘z uyiga qaytib kelsa, jimjit bir yoz tongida harbiy unvon egasi bo‘lib, to‘ppa-to‘g‘ri yakshanba kungi maktab binosiga kirib kelsa, u vaqtda, uni ko‘rganlarning tomirlaridagi qonlarigacha qotib qolar, barcha o‘rtoqlari hayron qolishib, rashklari kelar edi.

Yo‘q, dunyoda bundan ham yaxshiroq kasb bor! U dengizda yurib, har kimlarni talovchi qaroqchi bo‘ladi. Endi u o‘z ko‘zi oldida tasavvur etib bo‘lmaydigan shuhrat bilan yoritilgan kelajaginiochiq ko‘rdi. Uning shuhrati butun dunyoda yangraydi. Uning nomini eshitganda, xalq larzaga keladigan bo‘ladi. U o‘ziga maxsus «Bo‘ron iblisi» degan bir kema yasab olib, uzun xoda uchiga qora bayroqlarni osib qo‘yadi.

Shu tariqa, u o‘z shuhratining eng yuksak cho‘qqisini egallab, birdan o‘zining tug‘ilib o‘sgan shahrida, cherkovda, qop-qora kiyimlarga o‘ralgan, quyosh ta’sirida qorayib ketgan, egnida barqut kamzul va shim, oyog‘ida uzun qo‘njli etik, yelkasidan qizil tasma o‘tkazilgan, belbog‘ining orqa tomonida to‘pponcha, yonida zang bosib ketgan pichoq, boshida patlar taqilgan qalpoq, qo‘liga bir qora bayroq tutib olgan va u qora bayroqda esa, kishi kallasining suyagi va yana ikki dona uzun suyakni bir-biriga ko‘ndalang o‘rnatib, rasmi solib qo‘yilgan holda paydo bo‘lsa, shunda atrofdagilar hammasi: «Bu kishi Tom Soyer, qaroqchi! Ispan dengizlarida yuruvchi Qora Qasoskor!» deb so‘zlashadilar.

Bo‘ldi, masala hal! Uning topgan yo‘li shu. U ertadan qolmay uydan qochib ketadi. Ertalabgacha tayyor bo‘lish uchun hozirdanoq harakat qilish kerak. Qani, ko‘raylik-chi, unda nimalar bor ekan.

Shu o‘rtada bir chirib qolgan daraxt to‘ngagi bor edi. Tom o‘sha to‘ngak yoniga borib uning chap yonidan qalamtarosh bilan chuqilay boshlagan edi, ko‘p o‘tmay pichoqning yerga tekkan tovushidan uning tagi bo‘shliq ekanini payqadi. U, kavakka qo‘lini tiqar ekan, tantanali ravishda:

– Bor narsa shunda qol, yo‘q narsa paydo bo‘l! – deb baqirdi.

Tom o‘sha chuqur ichidan tozagina qarag‘ay taxtadan qilingan quticha oldi. Uning ichida bir marmar toshdan qilingan soqqa bor edi. Tom cheksiz taajjubda qoldi. U hayron bo‘lib, boshining orqa tomonini qashib turar ekan:

– Bu o‘zi bir karomat-ku! – der edi.

So‘ngra u xafa bo‘lib, tosh soqqani nariga turtib yubordi-da xayol surib ketdi. Masala shundaki, u, o‘z o‘rtoqlari bilan bir narsani chin haqiqat deb o‘ylagan-u, lekin aldangan. Bularning avvalgi ishonchlari shunday bo‘lganki, agar siz ma’lum so‘zlarni aytib, bir soqqani bir yerga ko‘mib qo‘ysangiz va ikki hafta davomida unga tegmasangiz, shundan keyin Tom aytgandek so‘zlarni aytib o‘sha yerni ochsangiz, siz o‘zingizning bundan ilgari yo‘qotgan soqqalaringizning hammasini topasiz va ular dastlab bir-birlaridan qancha uzoqqa tushgan bo‘lsa ham siz ularni albatta xuddi shu yerdan topasiz, deb ishonar edilar. Biroq bu tajriba shubhasiz muvaffaqiyat qozonmadi va Tomning bunga bo‘lgan ishonchlari ham butunlay yo‘qolib ketdi. U bundan ilgari ham shunday ishlarni juda ko‘p eshitgan, lekin bu tariqa muvaffaqiyatsiz bo‘lib chiqishini hech vaqt ko‘rgan va eshitgan emas edi. Uning o‘zi ham shu ishni bir necha marta qilib ko‘rgan, lekin u qo‘ygan yerini mo‘ljallab topa olgan emas, u, endi bularni esidan chiqargan edi. Ko‘p o‘ylanib turgandan keyin, bu albatta biror ajinaning ishi bo‘lsa kerak, degan qarorga keldi. Biroq buni qat’iy ravishda bilib olish maqsadida, bir toza qumloq yerga borib, voronka shaklidagi bir chuqurcha yerni topib oldi-da, o‘sha chuqurchaga og‘zini qo‘yib:

 
Hasharot-hasharot,
Haqiqatni aytib ber.
Hasharot-hasharot,
Haqiqatni aytib ber,
 

deb baqirdi.

Shu vaqt chuqurcha qimirlab, qumning orasidan kichkina bir qora qurt ko‘rindi-da, qo‘rqib darhol ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

– U so‘zlashni xohlamadi! Demak, bu ishni ajina qilgan ekan. Men o‘zim ham shunday deb o‘ylagan edim.

Tom ajinalar bilan olishib yurishning qiyin ekanini bilar edi, shuning uchun u ancha ma’yus bo‘lib qoldi. Keyin unda: «Juda bo‘lmasa, o‘sha o‘zim yashirib qo‘ygan soqqani topib olsam bo‘lar edi», degan fikr tug‘ildi-da, yerdagi maysa o‘t ustida o‘rmalay boshladi, lekin hech narsa topa olmadi. U, o‘zining yashirin yeriga qaytib kelib, yashikni sekingina o‘z o‘rniga qo‘ydi, keyin o‘sha vaqtda soqqa tashlaganida qanday turgan bo‘lsa, shunday turdi-da, cho‘ntagidan ikkinchi soqqani olib tashlar ekan:

– Bor, akasi, ukangni topib kel! – dedi.

U soqqaning tushgan yerini mo‘ljallab olib, o‘sha yerni qidira boshladi, lekin ikkinchi soqqa yo biroz berida qolgan, yoki biroz nariga o‘tib ketgan bo‘lsa kerak, u yana hech narsa topa olmadi. U bu ishni yana bir marta, ikkinchi, uchinchi marta takrorlagandan keyin, nihoyat muvaffaqiyat qozondi: soqqalarning ikkovi ham bir-biridan bir fut chamasi yiroqlikda yotar edilar.

Shu vaqt ko‘m-ko‘k qalin daraxtlar orasidan kichkina o‘yinchoq tunuka karnayning tovushi eshitildi. Tom darhol ustidagi nimchasini va shimini yechib tashladi, yelkasiga tortib qo‘ygan tasmaning birini belbog‘ qilib oldi, chirigan to‘nkaning orqasidagi shoxlardan anchasini sochib tashlab, uning orasidan qo‘polgina ishlangan bir kamon va nayza, yog‘ochdan ishlangan qilich hamda bir karnay topib oldi, ko‘z ochib yumguncha yaroq-aslahalar bilan qurollanib olib, ko‘ylakchan va oyoqyalang holda yugurganicha dushman qarshisiga bordi. Bir katta daraxtning tagiga yetib borib, javob alomati yuzasidan bir karnay chaldi. Keyin, goho o‘ng tomonni va goho chap tomonni sinchiklab ko‘zdan kechirib emaklaganicha ketdi. O‘zi faraz qilgan otryadiga:

– To‘xta, bolalar! Men karnay chalguncha, pistirmada o‘tiringlar! – degan komandani berdi.

Shu vaqt Jo Garper paydo bo‘lib qoldi. U ham yengilgina kiyingan va turli-tuman yaroq-aslahalar taqib olgan edi. Tom uni:

– Hoy, to‘xta! Shervud o‘rmonlarida mendan ruxsatsiz yuruvchi kim ekan? – deb chaqirdi.

– Gay Gisbori hech kimning ruxsatiga muhtoj emas. Sen o‘zing kim bo‘lasan?..

– «…kim men bilan shu tariqa orsizlarcha muomala qiluvchi?» – dedi shoshilinch bilan Tom. Chunki ular bu so‘zlarni kitobdan o‘qiganlari uchun xotirlab aytar edilar.

– …sen kimsan, o‘zing, men bilan bunday orsizlarcha muomala qilasan?

– Menmi? Men Robin Gud99
  Robin Gud – inglizlarning qadimgi hikoya va qo‘shiqlarining mashhur qahramoni. Tom Soyer uning qaroqchilik tarixlarini ko‘p o‘qigan; bu voqealardan eng qizi-g‘i – Robin Gudning Gay Gisborn degan pahlavon yigit va Tek degan monax bilan duch kelishidir.


[Закрыть]
bo‘laman, tez kunda sening jirkanch jasading buni anglar.

– Ey-y, o‘sha mashhur qaroqchi sen ekansan-da! Unday bo‘lsa, bu go‘zal o‘rmonning xo‘jayini kim, degan mavzuda sen bilan bahslashishga tayyorman. Qani, maydonga chiq!

Ular boshqa aslahalarini bir chekkaga tashlab qo‘yib, yog‘och qilichlarini yalang‘ochlab qo‘llariga oldilar-da, oyoqlarini oyoqlariga to‘g‘rilab qo‘yib, jangovarlik holatida turdilar; shundan keyin yakkama-yakka urush boshlanadigan bo‘ldi. Nihoyat, Tom:

– Qani, urushadigan bo‘lsak, rostakam urushaylik! Qani, g‘ayrat qil! – dedi.

Ular shunchalik «g‘ayrat»ga kirishib ketdilarki, ikkovlari ham terlab, kuyib-pishib, hansirab qoldilar.

– Qani, yiqil endi! – deb baqirdi Tom. – Nega yiqilmaysan?

– Men yiqilmayman, yiqilsang o‘zing yiqilaver, sening ahvoling menikidan yomonroq-ku!

– Ahvolim yomon bo‘lsa nima? Bu hech gap emas. Men yiqila olmayman. Kitobda bunday deb aytilmagan-ku, unda: «Va u bir abjir zarba bilan bechora Gay Gisbornni yerga ag‘dardi», – deyilgan. Sen orqangga bir urishga menga yo‘l qo‘yishing kerak.

Bunday obro‘ga qarshi e’tiroz qilish mumkin emas edi. Jo orqasini o‘girib bir musht yedi-da, yerga yiqildi.

Birozdan keyin o‘rnidan turar ekan:

– Qani, – dedi, – endi tinch tur, men seni o‘ldirayin, insof yuzasidan ish qilganda shunday bo‘ladi.

– Bunday qilish mumkin emas, bu narsa kitobda yo‘q.

– Aha, vijdonsiz, sening bu qilgan ishing uyatsizlik-ku!

– Kel, endi yetar. Jo, agar istasang Tekdek monax yoxud tegirmonchining o‘g‘li Mech bo‘lib, boshimga cho‘qmor bilan bir ura olasan. Yoinki, agar xohlasang, men Notingem sherifi bo‘laman, sen esa bir zumda Robin Gud bo‘lasan-da, meni o‘ldirasan.

Bu ish Garperga ma’qul bo‘lib, o‘yin qaytadan davom etdi. Keyin Tom yana qaytadan Robin Gud bo‘lib, dindan qaytgan bir monax xotinning uning yarasiga yaxshi qaramaganligi natijasida ko‘p qon ketib yotdi; keyin o‘zini Robin Gud qayg‘usida yig‘lab yuborgan allaqancha o‘g‘rilar sifatida ko‘rsatib yuruvchi Jo xafalik bilan uni bir chekkaga sudrab olib bordi-da, kamonni qo‘liga ushlatib qo‘ydi, shunda Tom so‘zga kirib: «Mana shu o‘q qayerga borib tushsa, bechora Robin Gudni o‘sha yerga, katta daraxtlar ostidagi ko‘kalamzorga ko‘minglar» – dedi. Keyin u nayzani otib yubordi va orqaga tashlanib, o‘zini o‘likka solib yiqilmoqchi bo‘lgan edi, biroq yiqiladigan yerida bir to‘da qichima o‘t to‘g‘ri kelib qolganidan, u o‘liklar uchun kelishmagan bir qiyofada o‘rnidan sakrab turib ketdi.

Ikkovi ham kiyimlarini kiyishib, o‘z anjomlarini bir pana yerga yashirib qo‘ydilar-da, endi o‘g‘rilar yo‘qligidan xafa bo‘lishib, nariga qarab jo‘nadilar. Ikkovlari ham: «Butun umr bo‘yi Qo‘shma Shtatlarning prezidenti bo‘lib turgandan ko‘ra, bir yilgina bo‘lsa ham Shervud o‘rmonida o‘g‘ri bo‘lib yurish afzalroq» deb tasdiqlar edilar.

To‘qqizinchi bob
QABRISTONDAGI FOJIA

Shu kecha Tom bilan Sid ikkovlari, har safargidek, soat to‘qqiz yarimda uxlashga ketdilar. Sid darrov uxlab qoldi, Tom esa, uxlamasdan, chidamsizlik bilan signalni kutib yotdi. U bezovtalanib o‘ziga joy topa olmas, uning nazarida go‘yo hademay tong otib qolayotgandek tuyular edi. Biroq shu vaqt u, soat o‘nni urganligini eshitdi. Uning diqqat bo‘lishi ham o‘rinsiz emas edi. U shu damda dam-badam ag‘darilib, oyoq-qo‘llarini ham qo‘zg‘ata olmas, chunki Sidning uyg‘onib qolishidan qo‘rqar edi. Shuning uchun, u, qorong‘ulikda ko‘zi ochiq holda tinch yotar edi. Tevarak-atrofda jimjitlik hukm surar edi. Keyin sekin-asta ba’zi bir xil tovushlar eshitila boshlagandek bo‘ldi. Hammadan oldin soatning chiqillashi, keyin eski to‘sin yog‘ochlarning sirli ravishda qasirlagani, zinapoyadagi ohista g‘ijirlagan tovushlar eshitila boshladi. Aftidan, shu vaqt uyda jinlar yurgandek bo‘lardi. Polli xolaning xonasidan xurrak tovushi kelib turardi. Undan keyin eski binolarda bo‘ladigan va kishilar qo‘lidan keladigan har qanday ustalik bilan ham yo‘qotib bo‘lmaydigan chigirtkalarning tovushlari – yog‘ochlar orasidagi chigirtkalarning chirillashlari va karavotning bosh tomonidagi devor orasida soatsoz-qo‘ng‘izning chiqillagan mash’um tovushi eshitila boshladi. Tom bir seskanib ketdi. Shunday bo‘lganda, biror kishining muqarrar ravishda o‘lishi kutilar edi. Keyin qayoqdandir, uzoqdan bir itning uvlagan tovushi, undan nariroqda, unga javoban, yana bir itning tovushi eshitildi. Tom juda og‘ir va azobli daqiqalarni kechirib turar edi. Nihoyat, u vaqt butunlay tamom bo‘lib, endi abadiylik davri boshlangan, deb ishondi va ixtiyorsiz mudray boshladi. Soat o‘n birni urdi, lekin Tom buni eshitmadi. Birdan uyqusi ichida ayanchli suratda miyovlagan tovushni eshitdi. Qo‘shnilarining derazalari taraqlab ochilarkan, u uyg‘onib ketdi. «Yo‘qol nari, falokat!» degan ovoz eshitilib, saroy devoriga borib tekkan bo‘sh shisha jarangladi. Tom o‘rnidan sakrab turib, tezgina kiyindi-da, derazadan oshib tizzasi bilan o‘rmalab tomga chiqdi, haligi eshitilgan tovushga javoban, bir-ikki marta mushuk bo‘lib miyovlab ham qo‘ydi. Keyin saroyning tomiga sakrab o‘tdi-da, undan yerga irg‘ib tushdi. Geklberri Finn, o‘lgan mushukni ko‘targani holda, uni kutib turar edi. Bolalarning ikkalasi ham yo‘lga tushib, bir zumda qorong‘ulikda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Yarim soatdan keyin ular endi qabristondagi qalin o‘tlar orasidan yurib bormoqda edilar.

Qabriston juda eski, qadim zamondagi g‘arb uslubida bo‘lib, qishloqdan bir yarim mil chamasi yiroqlikdagi bir tepalik ustida edi. Atroflari taxtadan ishlangan va devorlari eskirganidan, taxtalarning ba’zi yerlari ichkariga va ba’zi yerlari tashqariga tomon egilib ketgan edi. Butun qabriston yovvoyi o‘tlar bilan qoplanib, qadim zamonlardagi qabrlar o‘sha o‘tlar orasida ko‘milib yotardi. Qabristonda bironta ham haykal ko‘rinmasdi; qabrlar ustida kamalak qilib egilib qo‘yilgan taxtalar eskirib, chirib qolgan, o‘zlariga tayanch axtarib yerga tomon engashgan, lekin tayanch topa olmay turardilar. Taxtalarning hammasida bir zamonlar o‘lgan kishilar sharafiga: «Falonchining abadiy xotirasi uchun» degan yozuvlar yozilgan, lekin hozir ularning harflari shunday o‘chib ketgan ediki, chirog‘ yoqib qaraganda ham, ulardan biror narsa anglab olish mumkin emas edi.

Sekingina esgan shamol daraxtlar orasidan chiyillab eshitilgandek bo‘lar, buni eshitgan Tomning yuraklari uvishib, o‘zini vahimaga tushgandek his qilar edi. Uning nazarida go‘yo shu yerda yotgan u o‘liklarning ruhlari kelib, nima uchun tirik kishilar kelib bizlarni tinch yotgan yerimizda bezovta qiladilar, deb shikoyat qilgandek bo‘lib ko‘rinar edi. Bolalar o‘zaro juda oz so‘zlashar, har zamonda bir-ikki og‘iz so‘zlashsalar ham, shivirlashibgina so‘zlashar edilar; bularning hozirgi turgan yerlari va o‘tkazayotgan vaqtlari, tevarak-atroflarini qurshagan sukunat va tantana – bularga tovushsiz ezayotganday qattiq ta’sir qilmoqda edi. Ular o‘zlari axtarib yurgan, ya’ni qazilib ko‘milgan yerni topishib, qabrdan ikki qadam naridagi uchta katta daraxt yoniga borib turishdi.

Shu ravishcha, ular o‘z nazarlarida ancha vaqt kutib turdilar. Uzoqdan boyo‘g‘lining tovushi eshitilar, tevarak-atrofdagi sukunatni buzgan birdan-bir tovush ham shu boyo‘g‘li edi. Tomning fikrlari uni shunchalik diqqat qilar ediki, u qanday bo‘lsa ham gapirishga zarurat sezardi.

– Shunday qilib, sen qanday deb o‘ylaysan, Gek, – u shivirlab so‘z boshladi, – bizning bu yerga kelishimizdan o‘liklar xafa bo‘lishmasmikan?

Geklberri ham shivirlab javob berdi:

– Kim biladi deysan, bilmadim! Ammo bu yerning o‘zi juda vahimali ekan. To‘g‘rimi?

– Bo‘lmasa-chi!

Ancha vaqtgacha so‘zlashmay, jim bo‘lib qolishdi, bolalarning ikkalasi ham faqat bir masala to‘g‘risida: «O‘liklar bizlarning kelishimizga qanday qarasharkin?» degan masala to‘g‘risida o‘ylar edilar. Keyin Tom shivirlab:

– Menga qara, Gek, sen qanday deb o‘ylaysan, bizning so‘zlashayotganimizni g‘ilay Vilyams eshitayotganmikan? – deb so‘radi.

– Albatta eshitadi. Har holda uning ruhi muqarrar eshitadi.

Yana orada jimjitlik hukm surdi.

– Men afsus qilamanki, – dedi Tom, – uni mister Vilyams demasdan, to‘ppa-to‘g‘ri Vilyams deganman. Biroq, men buni, uni ranjitish maqsadida aytganim yo‘q-ku. Uni hamma g‘ilay deb ataydi-da.

– Tom, o‘lganlar to‘g‘risida so‘zlaganingda, ehtiyot bo‘lib so‘zlashing kerak.

Gekning bu tanbehi, Tomning so‘zlash istagini so‘ndirdi. Shu orada u birdaniga o‘rtog‘ining yengini mahkam ushlab oldi:

– Tss!

– Nima gap, Tom?

Ikkovlari ham bir-birlariga mahkam yopishib olib, nima bo‘lishini kutib turdilar.

– Tss! Ana, tag‘in! Eshitdingmi?

– Men…

– Ha, ha! Endi sen ham eshitding-a?

– Tom, ular kelayotirlar! Ana ular! Endi nima qilamiz?

– Bilmadim. Ular bizlarni ko‘rib qoladilar, deb o‘ylaysanmi?

– Oh, Tom, ular xuddi mushukka o‘xshab qorong‘ulikda ham ko‘ra beradilar-da. Oh, nega men bu yerga keldim-a?

– Qo‘rqmasang-chi… Ular bizlarga tegmas deb o‘ylayman. Biz hech qanday yomonlik qilganimiz yo‘q-ku. Agar biz bekinib tursak, balki butunlay ko‘rmay o‘tib ketar.

– Ko‘ramiz-da. Biroq, juda ham dahshatli ahvol. Meni qaltiroq bosib ketdi!

– Tss… jim! Quloq solib turgin.

Bolalar, zo‘rg‘a nafas olishib, bir-birlariga mahkam yopishib turdilar. Qabristonning narigi chekkasidan allaqanday bo‘g‘iq tovushlar quloqlariga chalinardi.

– Uni qara! Qarasang-chi! – dedi Tom shivirlab. – Nima u?

– Bu – do‘zax o‘ti-ku! Oh Tom, biz xavf ichida qoldik!

Qorong‘ulik ichidan allaqanday qora sharpalar chiqib kela boshladi. Ularning oldilarida eski fonus chayqalib, shu’la sochar edi.

Geklberri seskanib ketib:

– Bular jinlar bo‘lsa kerak! Xuddi uchta-ya! Jahannamga ketdik endi. Kalima keltirishni bilasanmi?

– Urnab ko‘rarman. Axir, qo‘rqmasangchi – ular bizga tegmaydi. «Ey Parvardigor, yomon tushlardan saqla va gunohimni kechir».

– Tss!

– Nima gap, Gek?

– Bular kishilar-ku! Boshqalarini bilmayman, ulardan biri muqarrar odam! Bu qari Meff Potter ekan, men uni tovushidan tanidim.

– Rostdanmi? Yo‘g‘-e, bu mumkin emas!

– Sen jim tur, nafasingni chiqarma. U bizni ko‘ra olmaydi: chol har safargidek mast bo‘lsa kerak. Azbaroyi xudo tanidim.

– Durust. Men jim turaman. Ana, ular to‘xtadilar. Bir narsa axtarib yurganga o‘xshaydilar. Topolmayotirlar. Ana, tag‘in bu yoqqa yurib kelishyapti. Ularning chopishlarini qara. Yana sekinroq yura boshladilar. Ana tag‘in tez-tez qadam tashladilar. Endi albatta shu yoqqa kelayotgan bo‘lsalar kerak! Menga qara, Gek, men ikkinchisining ham tovushidan tanidim, bu – Jo degan hindu.



– Bo‘ldi, u – albatta o‘sha la’nati metislardan!1010
  Metislar – oq tanlilar bilan hindilarning yoki oq tanlilar bilan negrlarning qoni qo‘shilishidan dunyoga kelgan kishilar.


[Закрыть]
Bular o‘rnida jinlar bo‘lsa yaxshiroq bo‘lar edi. Ular bu yerda nima qilar ekanlar?

Bolalar endi shivirlashishdan ham to‘xtalib qoldilar, chunki o‘sha qorayib ko‘ringan uchta gavda qabr yoniga kelishib, ular berkinib yotgan yerga yaqin joyda to‘xtagan edilar.

– Shu yerda, – dedi ulardan uchinchisi va qo‘lidagi fonusni ko‘targan edi, chiroqning yorug‘i uning yuziga tushdi. Bolalar uni tanidilar, u Robinzon degan yosh doktor edi.

Potter bilan hindu Jo zambil ko‘tarib kelar edilar; zambilga arqon bog‘langan bo‘lib, ustida ikkita belkurak ham bor edi. Ular qo‘llaridagi narsalarni yerga qo‘yib, qabrni kavlay boshladilar.

Doktor qo‘lidagi fonusini qabrning bosh tomoniga qo‘ydi-da, o‘zi daraxtlarning biriga suyanib yerga o‘tirdi.

U shunchalik yaqin masofaga kelib qolgan ediki, bolalarga turtinib ketishi ham mumkin edi.

– Tezroq bo‘la qolinglar, – dedi u sekingina. – Hademay oy ham chiqib qolishi mumkin.

Ular bunga javoban bir narsa deb to‘ng‘illagan bo‘ldilar-da, kovlashda davom etaverdilar. Bir necha vaqt jadallik bilan tuproqni chetga chiqarib tashlayotgan belkuraklar tovushidan boshqa hech narsa eshitilmadi. Belkuraklarning tovushi o‘zining bir xilligi bilan kishini zeriktirar edi. Nihoyat, belkurakning yog‘ochga borib tekkan tovushi eshitildi: belkurak borib tobutga tekkan edi. Oradan bir necha minut o‘tgandan keyin, yer kovlovchilar tobutni tashqariga chiqarib oldilar. O‘sha belkuraklarning o‘zi bilan tobutning qopqog‘ini ochib, ichidan o‘likni oldilar-da, qo‘pol harakat bilan yerga irg‘itib tashladilar1111
  O‘sha zamonda meditsina xodimlariga kishi o‘ligi ustida anatomiya ilmini o‘rganish man qilingan edi. Shu sababli go‘r qazuvchilarni pulga yollashar, ular yangi ko‘milgan o‘liklarni go‘rdan kovlab olib berar edilar.


[Закрыть]
. Shu vaqt bulutlar orasidan oy chiqib, o‘likning bo‘zday oqarib ketgan yuzini yoritdi. Uni avvaldan tayyorlab qo‘yilgan zambilga solib, ustidan ko‘rpa yopib, arqon bilan bog‘ladilar. Potter yonidan katta pakkisini olib, tobutning ichida osilib turgan arqonni qirqar ekan:

– Mana, sizlarning falokat ishlaringiz ham tugadi. Endi yana besh oltin berasizlar: bo‘lmasa biz buni shu bo‘yicha tashlab ketamiz, – dedi.

– To‘g‘ri, to‘g‘ri! – deb qichqirdi hindu Jo.

– To‘xtang, bu qanday gap? – qarshilik ko‘rsatdi doktor. – Sizlar pulni oldin so‘radingiz, men ham pulning hammasini sizlarga berib qo‘ydim-ku.

– Pulni to‘ladingiz, lekin siz bilan yana boshqa hisob-kitobimiz bor, – dedi Jo, doktorga yaqin kelib. Doktor o‘rnidan turmoqchi bo‘lib qo‘zg‘alar ekan, Jo unga qarab:

– Bundan besh yil burun ovqat so‘rab otangizning oshxonasiga kirib borganimda, siz meni yomon maqsad bilan kelgan deb haydab chiqargansiz. Men buning uchun yuz yildan keyin bo‘lsa ham sizdan qasos olishga qasam ichganimda, otangiz meni ko‘chada tentirab yurgan gazanda qatorida turmaga qamab qo‘ydi. Bular mening esimdan chiqib ketgan, deb o‘ylaysizmi? Mening tanamdagi qonim hindu qoni ekanligi bejiz emas, siz endi mening qo‘limga tushdingiz, men siz bilan endi hisoblashaman, shuni bilib qo‘ying! – dedi.

U mushtini doktorning tumshug‘i ostiga olib borib, o‘dag‘aylar edi. Doktor esa to‘satdan qulochini yozib bir urishdayoq uni yerga ag‘darib tashladi. Potter taajjubda qolib, qo‘lidagi pichog‘ini tushirib yubordi-da:

– Hoy, menga qaranglar! Bu nima gap? Men o‘rtog‘imning kaltak yeyishiga yo‘l qo‘ymayman! – dedi.

Shu so‘zlar bilan, u doktor tomoniga qarab tashlandi, bir damda ular bir-birlariga yopishib ketib, yerdagi maysa o‘tlarni tepkilab va etik poshnalari bilan yerning changini chiqarib, bor kuchlari bilan olishib yotar edilar. Hindu Jo ham o‘rnidan irg‘ib turdi: uning ko‘zlarida g‘azab o‘ti yonar edi. U, Potterning qo‘lidan tushib ketgan pichoqni oldi-da, butun gavdasi bilan egilib-bukilib mushukdek o‘g‘rincha harakat bilan qulay paytni poylab, urishayotganlar oldida aylanib yurdi. Birdan doktor dushmanining quchog‘idan bo‘shalib chiqib, Vilyamsning qabri ustida yotgan bir og‘ir taxtani oldi-da, o‘sha taxta bilan Potterni bir urib yerga ag‘dardi. Shu vaqtning o‘zida metis, paytdan foydalanib, qo‘lidagi pichoqni dastasigacha yosh yigitning ko‘kragiga suqdi. U, turgan yerida tebrana-tebrana, Potterning ustiga yiqilib, uni o‘z qoniga bo‘yadi. Shu vaqt to‘satdan ko‘kda paydo bo‘lgan qora bulutlar ixtiyorsiz ravishda tomoshabinlardan bu dahshatli manzaraning ustini bekitib qo‘ydi va bularni ko‘rib qo‘rqib qolgan bolalar orqa-oldilariga qaramasdan qocha boshladilar.

Oy qaytadan bulutlar orasidan chiqib yorug‘lik sochganida, hindu Jo qo‘l-oyoqlari kerilib yotgan ikkita kishining gavdasi tepasida chuqur xayolga cho‘mib turar edi. Doktor, kishi anglayolmaslik darajada bir-ikki so‘z aytgan bo‘ldi-da, bir-ikki og‘ir nafas olgandan keyin jimjit bo‘lib, tovushi chiqmay qoldi.

– Ha, basharang qurg‘ur, endi sendan o‘chimni oldim-ku, – dedi sekinlik bilan metis.

Shu so‘zlar bilan u, o‘likning bor narsasini yig‘ishtirib oldi-da, pichoqni Potterning ochiq qolgan o‘ng qo‘liga ushlatib qo‘yib, o‘zi to‘ntarilib yotgan tobut ustiga borib o‘tirdi.

Oradan uch, to‘rt daqiqa chamasi vaqt o‘tdi… Potter harakatlanib, ingradi. U, qo‘lidagi pichoqni mahkam siqimlab ko‘zi oldiga olib bordi-da, cho‘chib ketib, pichoqni qo‘lidan tushirib yubordi. Keyin o‘rnidan turib o‘tirdi va doktorning gavdasini o‘zidan nariroqqa itarib tashladi-da, unga bir tikilib qarab qo‘ydi. Keyin ko‘zlari xiralangan holda atrofga qararkan, ko‘zi metisning ko‘ziga tushdi.

– Ey Parvardigor! Bu ish qanday yuz berdi, Jo?

– Ish pachava bo‘ldi, – dedi o‘rnidan qo‘zg‘almagani holda. – Nega sen uni bunday qilding?

– Menmi? Bunday qilishni o‘ylaganim ham yo‘q edi.

– Qo‘ysang-chi, qani, gapir! Nayranglaring bilan qutulolmaysan!

Potterning rangi o‘chib ketib, butun tanasini qaltiroq bosdi.

– Men mastligim tarqab ketgandir, deb o‘ylagan edim. Kechqurun ichmasam bo‘lar ekan. Boshimning og‘rig‘i buyoqqa kelayotganimizdagidan ham yomonroq, hozirgacha bosilmadi. Hammasi chalkash bo‘lib ketdi, hech narsani eslayolmayman. Menga qara, Jo, sen menga insof bilan to‘g‘risini aytib ber, chindan uni men o‘ldirdimmi? Uni o‘ldirish mening xayolimda ham yo‘q edi-ku. Jo, to‘g‘risini aytib ber, bu ish qanday bo‘ldi? Bu qanday yomon ish! U o‘zi yosh va qobiliyatli kishi edi…

– Qanday bo‘ldi deysanmi? Ikkovingiz urishib ketdingiz. U taxta bilan boshingga urgan edi, sen ag‘darilib tushding. Keyin o‘rningdan turding-da, tebranib, turtinib-surtinib borib pichoqni olding, u qaytadan senga yopishishi bilan uning ko‘kragiga pichoq bilan urib qolding. Shundan keyin sen yiqilganingcha to‘nkadek qo‘zg‘almay shu vaqtgacha yotaverding.

– Oh, men o‘sha vaqtda o‘zimning qilayotgan ishimni o‘zim ham bilmaganman. Agar yolg‘on so‘zlasam, hozir yer yutsin shu yerda! Buning hammasi aroqning kasofati, o‘sha vaqtda men mast edim, sening yoningni olib, unga yopishganman. Bo‘lmasa, men pichoqni ham durustgina ushlay bilmayman. Kishilar bilan urushib, mushtlashib yurganman, lekin hech vaqt pichoq ushlagan emas edim. Bu hammaga ma’lum. Jo, chirog‘im, sen endi buni hech kimga aytma, meni sharmanda qila ko‘rma! Jo, birovga aytmasligingga so‘z ber, men hamma vaqt seni sevib, seni yoqlab yurganman. Sen o‘zing yaxshi bilasan-ku, yoinki yolg‘on aytayotirmanmi? Hech kimga aytmaysanmi, Jo?

Shu so‘zlar bilan bechora Potter qonxo‘r qotil oldida tiz cho‘kib, qo‘llarini cho‘zib yolbordi. Qotilning qovog‘idan qor yog‘ilgani holda, Potterga xo‘mrayib qaradi.

– Durust, Meff Potter, sen men bilan hamma vaqt insof va diyonatli ravishda munosabat qilib yurgan kishisan, men ham senga shunday yaxshilik qilayin. Xotirjam bo‘l, mening so‘zim bitta. Bu to‘g‘rida ortiqcha so‘zga ham o‘rin yo‘q.

– Jo, azbaroyi xudo, sen farishtasan. Men seni so‘nggi nafasimgacha duo qilaman. – Shu so‘zlar bilan Potter yig‘lab yubordi.

– Bo‘ldi, endi tinchlan! Hozir g‘inshib o‘tirishning vaqti emas! Tez bo‘l, sen ana u yo‘l bilan ketaver, men esa mana bu yo‘l bilan ketaman. Ehtiyot bo‘l, orqangda iz qoldirmasdan ket!

Potter juda tez yurib ketdi, keyin bora-bora kuchining boricha chopib ketdi, metis uning orqasidan qarar va o‘zicha g‘o‘ng‘irlab:

– Agarda chindan ham kaltakdan va uning ustiga ichkilikdan uning miyasi shunchalik gangib qolgan bo‘lsa, pichoqni eslayolmaydi ham. Agar uzoqroqqa borib, esiga kelib qolganida ham bu yoqqa qaytib kelishga qo‘rqadi! – der edi.

Oradan bir necha minut o‘tgandan keyin, ko‘rpaga o‘ralgan o‘likka, qopqoqsiz tobutga va usti ochilgan qabrga faqat osmondagi oygina mo‘ralab qarab turar, tevarak-atrofda esa yana jimjitlik hukm surar edi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации