Электронная библиотека » Oybek Muso Toshmuhammad o‘g‘li » » онлайн чтение - страница 6

Текст книги "Қутлуғ қон"


  • Текст добавлен: 11 сентября 2023, 17:20


Автор книги: Oybek Muso Toshmuhammad o‘g‘li


Жанр: Классическая проза, Классика


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 6 (всего у книги 24 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]

Шрифт:
- 100% +

– Enalaring ko‘chada tuqqanmi, bu nima hangama! – Bolalar qochisharkan, odatda nikoh kuni aytiladigan xunuk, beadab so‘zlarni baland qichqirishdi. Ko‘chaning bir chekkasida ish tikib o‘tirgan Soli yamoqchi bolalar orqasidan baqirdi:

– Azamatlar, bu gap nikoh kuni aytiladi. Bu kun to‘y! – kinoya bilan xaxoladi.

Hakimboyvachcha bu «pastkash»ning so‘zini eshitmagan bo‘lib, nozik do‘sti bilan o‘tib ketdi.

– Soli aka, sizga qachon ma’ni kiradi? – jahl bilan dedi Yormat.

– Ma’ni? – ko‘zini olaytirdi Soli.– Ma’nini senlarga berdim, ekib qo‘yinglar… To‘y bolalarniki, har qaysi to‘yda bolalar o‘ynaydi. Senlar nuqul quvasanlar, shu ham ma’nimi?

«To‘y keldi» hangamasi bitdi. Bir soatdan so‘ng «yiroq-yovuq»dan to‘yga da’vat qilinganlar kela boshladi. Eshik oldiga, ko‘chaning ikki yuziga qator qo‘yilgan skameykalarda Mirzakarimboy, mahallaning imomi, boylari, boyvachchalari ularni kugib oladilar. Keluvchilar «ahli rasta», ya’ni savdogarlardan, so‘ngra ulamo, mudarris va eshonlardan iborat. «Ahli rastalar»da boylarcha zohiriy mutavozelik va ichki mag‘rurlik, din namoyandalarida – soxta viqor va savlat… Ayniqsa, bular salmoqdor odim otib, sekin-sekin yurib kelishadi, epchil, ziyrak «to‘y boshilar»ning muloyim muomalalari bilan qarshi olinib, boyning tashqari hovlisiga «qadam ranjida» qiladilar Yana bir qancha minutdan keyin, ayni dabdaba bilan moyli soqollarini silab, kekirib chiqadilar. Lekin har birining qo‘ltig‘ida katta tugun – non va har xil meva-cheva. Ayniqsa, ulamo va eshonlarning tugunlari semizroq bo‘ladi.

Mahalla fuqarosiga hali navbat kelmagan. Eski choponlardan bitta-yarimtasi soddadillik bilan mabodo kelib qolsa, to‘y boshilarning ko‘zlari olayadi, qo‘l uchi bilan ishorat qiladilar, u bechorani ohista turtib bir chetga, devor tagiga qaqqaytiradilar: «Nega muncha sabrsizlik!» yoki uni boshqa bir uyga cho‘kkalatadilar. Xususan, bu narsaga Mirzakarimboy qattiq rioya qiladi. U to‘y boshilarga oldindan uqtirib qo‘ygan edi: «Tartib buzilmasin, har toifani o‘z vaqtida, o‘z yeriga o‘tqazish, o‘ziga yarasha kutish kerak».

Bu salobatli odamlar orasida xizmat qilgan Yo‘lchi g‘oyat siqildi. Yursa kalavlaganday, birovni turtganday tuyuladi. Yo‘lchiping jahlini chiqargan va sababini tushunmagan narsa shu edi:—Hamma yoq suv quygandek jim-jit. Hamma shivirlab gapiradi. To‘y boshilarning tili kesilgandek. Ular o‘zaro nuqul imlashadi, boshqalarga ham qo‘l va ko‘z harakati, imo bilan ish buyuradilar. Necha lagan osh, necha patnis va hokazo hammasi imlash, imo bilan bildiriladi. Yurganda qadamni mumkin qadar tez, lekin yumshoq bosish, qo‘l bo‘shaganda, darrov qovishtirish kerak. Hatto choynak-piyolalarni shiqirlatish ham mumkin emas… Yo‘lchi o‘z ichida o‘yladi: «Haligi bolalar qani, haligi sho‘x yigitlar qani? Nega ularni aralashtirmaydilar? To‘y emas, aza bu!»

Chindan ham har bir to‘yda to‘polon qilib, bearmon o‘ynab-kulishga o‘rgangandan bolalar bu «ulug‘ to‘ydan» norozi edilar. Ularning har bir o‘yiniga, har bir hangamasiga «ona bosh» bo‘luvchi To‘xtasin o‘rtoqlarini yig‘di, ularga shivir-shivir bilan bir nimani tushuntirdi. Sakkizta bola birdak: «Bo‘pti, juda soz!» deyishdi-da, devorga tirmashib, tomga g‘izillashdi. To‘xtasin oriq-iflos bir kuchukvachchani ko‘tarib, hammadan keyin chiqdi. Tomdan tomga sakrab, to‘y bo‘layotgan ko‘chaga yondoshgan baland tomga kelib, bo‘g‘ot labida jimgina, pisib o‘tirishdi. Muhiddin bilan Nurmat To‘xtasinni qistadi:

– Nega bo‘zarib qolding, qo‘rqasanmi? Bizga ber!

– Shoshma, qiziqroq bo‘lsin-da! – jidday javob berdi To‘xtasin.

– Anov boyvachchaning ustiga chiptiraymi? Juda qistanib turibman? —Sobir jiddiylik bilan maslahat so‘raydi o‘rtoqlaridan.

– Yo‘q… Ana o‘ziyam bilganday naryoqqa ketdi.

– Nisholdani maza qilib yeb o‘tirgan hov anu sallalikni kesak bilan boplaymi? – dedi Mahmud.

– Yo‘q! U kishi domlamiz-ku, – javob beradi biri. Mahmud quyoshdan ko‘zlarini pana qilib, tikiladi:

– A, domlamiz ekan! Umrlarida nisholda ko‘rmaganday, boshlarini ko‘tarmaydilar-a.

Hammalari kulishadi.

Pochapo‘stin kiygan, sersavlat, bir-biridan takabbur boylar eshikdan gerdayib chiqib, bir necha qadam bosishgan edi. To‘xtasin kuchukbachchani baland ko‘tarib tashladi. Hamma bolalar birdan va-xa-xolab qochishdi. Kuchukbachcha naq haligi «kazo-kazo»larning oyoqlari ostiga tushdi… Ular cho‘chib alanglanib orqaga chekinishdi. Kuchukbachcha quloqnn yirtadigan tovush chiqardi: «ang-ang-ang…» Ayanchli ko‘zlari bilan bir zum atrofga javdirab qarab, keyin oqsoqlanib, to‘ppa-to‘g‘ri Mirzakarimboy o‘tirgan stulning tagiga kirib ketdi, sekinroq, lekin dardchil ingrovchi tovush bilan yana angillay boshladi.

G‘azabdai Mirzakarimboyniig ko‘zlari pir-pir uchdi, rangi oqardi, Yormat tom tomonga ko‘zlarini olaytirib, qochgan bolalarning orqasidan boplab so‘kishni mo‘ljalladi-yu, lekin qayerda, kimlar o‘rtasida turganini darhol esiga olib, tovushini halqumda bo‘g‘di, lablari mudhish qiyshayib, qimirladi, barmoqlari bilan tomga do‘q qildi.

Yo‘lchi kulgidan o‘zini tuta olmay, bir chetga burildi: «Rosa tomosha bo‘ldi, bolalar o‘chlarini oldi!» dedi ichida.

Hassakashlar qatorida, skameykada yonma-yon o‘tirib, xushxo‘r, xushta’m qiyomdan va nisholdadan boshlarini ko‘tarmay, soqol-mo‘ylovlariga oqizib-tomizib, kavshayotgan imom – maktab domlasi va bir mudarris ham, bu munosabat bilan bolalarga husni axloqi ta’lim xususida bir oz dahanaki jang qilishdi.

III

Vaqt shom bilan xufton orasi edi. To‘yning yumushlaridan endigina qutulgan Yo‘lchi to‘qqiz yog‘ochli, pastgina, kun tushmas, zax uyda, shishasi yarmidan uchgan kichkina lampani tutatib, yolgaz o‘tirar edi. Bu uy —«xizmat-korxona», boyning tashchqari hovlisining quyi tomonida, baland, ko‘rkam uylaridan chetda, bir burchakka tiqilgan, shuning uchun ko‘zga chalinmas edi. Uyning to‘riga churuk qora namat tashlangan. Quyi tomoni yalang‘och yer, taxmonda bir eski yashik. Uning ustida ikkita uvada ko‘rpa, toshday qattiq, kir, «shalvrak» yostiq. Daladan biron yumush bilan qaytgan xizmatkorlar bunda qo‘nar edi. Bu kun Yo‘lchi bu uyga birinchi daf’a kirgan edi. U «mo‘l-ko‘l» to‘yda yumush bilan ovora bo‘lgani va o‘zining tortinchoqligi orqasida, qornini unchalik to‘yg‘iza olmagan. Sovuq devorga orqasini suyab o‘ylar edi: «Hamma o‘zini biladi, o‘zim bo‘lay deydi. Qornim to‘qmi-ochmi, qarindosh xo‘jayinlarning parvoyi palagiga ham kelmaydi».

Eshik ochildi, Salimboyvachcha go‘yo bu uyga kirgali hazar qilganday, boshini tiqdi.

– Yo‘lchiboy, shu yerdamisan?

– Assalom, – Yo‘lchi o‘rnidan turdi, – to‘yda ko‘rinmadingiz, Salim aka?

– Do‘konda edim. Yormat yo‘q, sen izvoshni qo‘sh, bir yerga borib kelamiz.

– Izvosh? – hayronlik bilan ko‘zini katta ochdi Yo‘lchi.

– Ko‘rmagansan-a… Bir oydan beri minamiz-ku, yangi ot, yangi faytun. Katta maydondagi saroyda. Ha, qo‘shishni, haydashni bilasanmi?

– Urinib ko‘ramiz.

– Tez bo‘l!

Izvosh yangi shahar ko‘chalaridan birida, derazalaridan elektr yorug‘i ko‘ringan bir qavatli, yangi bino qarshisida, bir necha izvoshlar qatoriga taqalib to‘xtadi. Salimboyvachcha aravadan tushib: «Meni shu yerda kutasan», dedi-da, zinadan tez-tez hatlab, binoning ichiga kirib yo‘qoldi.

Kecha juda qorong‘i va tumanli edi. Keng, tekis ko‘chaga uzoqdan chiroqlar tuman ichida xira sovuq nur sepadi.

– Qalaysan, uka! – birov kelib turtdi. Yo‘lchini. Yo‘lchi bu kishining yuzini ko‘rmasdanoq ovozidan tanidi.

– Ha, salomatmisiz, Jo‘ra aka! – qo‘lini uzatdi unga.

– Qachon olibdi, oti chog‘roq ko‘rinadi, – ko‘zini dam otga, dam aravaga tikib, dedi Jo‘ra.

– Yaqinda olishibdi. Birinchi haydashim, Yormat aka haydab turar ekan shekilli.

– Bu kecha otamlashar ekanmiz. Bu yomon hunar. Izg‘irin urgan bargday sovuqda bujmayasan, zerikasan.

– qayerga keldik? – so‘radi Yo‘lchi.

– Ishing bo‘lmasin. bu yer arshi-a’lo. Uncha-munchaga nasib bo‘lmaydigan joy… Pullarni shu yerda soviradi boylar. Qani, beri kel, xangamalashamiz.

* * *

– Xo‘sh, nima buyuramiz? —so‘radi labini yalab Salimboyvachcha.

– Qattiqrog‘i bo‘lsin, men konyak, – javob berdi paxtachi Jamolboy.

– Qo‘ying, men qizil ichaman, – dedi Salimboyvachcha. Salimboyvachcha katta gavdasi bilan stulni qisirlatib, yo‘g‘on, go‘shtdor qo‘llarini qorday oq surp to‘shalgan stolga qo‘ydi.

– Ta’bi shumo…? Abdishukur, ayting!

– Menmi? – Muallimning to‘satdan bergan savoli qarshisida dovdiragan bola kabi, taraddudlanib, javob berishga urindi Ashdishukur, – menmi? Menga nima rom kelishini o‘zim ham bilmayman. Lekin, doktorlar konyak buyuradilar, mayli, konyak bo‘lsin…

– Siz har vaqt Jamolboy akam bilan cho‘qishtirasiz, bizga jo‘r bo‘ling, qizil iching! – Salim hazillashdi Abdishukurga.

– Bu kishi mening valine’matim, pirim bo‘ladi, – jiddiy javob berdi Abdishukur.

– Qiziq. Ilmsiz, hatto qo‘l qo‘yishni bilmaydigan odam qanday qilib sizdek ilmli odamga pir bo‘ladi? – ko‘zlarini ayyorcha qisdi Salim.

– Tarixdan ma’lumki, ko‘p avliyolar tamom omi bo‘lganlar. Payg‘ambarimiz ham omi edilar, Salimjon! – javob berdi kulib Abdishukur.

– Abdishukurni xudo gapga bichgan, yengib bo‘lmaydi – dedi Jamolboy pixillab.

Ofitsiant bir shisha konyak, bir shisha qizil vino olib keldi, bir ozdan so‘ng turkistoncha va kavkazcha kaboblar taqdim etdi.

Stakanlar bo‘shalgan sari, yuzlar qizarib, gapning kalavasi chuvala boshladi.

– Iching, Salimjon, iching, Abdishukur! —xitob qildi Jamolboy, – besh kunlik dunyoni kayfchog‘lik bilan shiringina o‘tkazish kerak. Kecha bir oz karta o‘ynab, ketidan toza ichibmiz, Maskovdan kelgan bir favurkonchi o‘risning to‘rt ming so‘mini yutibman. Ichishda ham qochirdim uni, azbaroyi xudo! «Sart» ham shunaqa ichadimi, deb hayron bo‘ladi. Qani, sovib qolmasin, ichinglar!

Yolg‘iz boylarga ham katta amaldorlarga muyassar bo‘luvchi bunday hashamatli restoranda o‘tirgani uchun xursand bo‘lgan, kayfi ko‘tarilgan Abdishukur Umar Xayyomning mana shu ruboiysiii yoddan o‘qib ketdi:

Chandon bixuram sharob, kin bo‘yi sharob,

Oyad zi turob, chun ravam zeri turob,

To bar sari xoki man rasad maxmure

Az bo‘yi turobi man shavad mastu xarob.

So‘ng bundan hech nima tushunmay, ko‘zlarini baqraytirgan do‘stlariga bu ruboiyning ma’nisini tushuntirish uchun shoshildi.

– O‘zi juda lazzatli bayt ekan, – zavqlanib gapirdi Jamolboy, – shuni tojiki qilmasdan, o‘zimizcha to‘qisangiz bo‘lmasmidi?

– Kechirasiz, buni ruboiy deydilar. Shoir Hakim Umar Xayyomniki…– javob berdi Abdishukur.

– Xah, munday deng. Sizga bunaqa baytlarni to‘qish tosh ichidan suv siqqanday og‘ir gap-ku, albatta, lekin mulla Abdishukur, shunday lazzat beradigan qilib to‘qishga urining.– Jamolboy stakanni og‘ziga ag‘darib, yana so‘zida davom etdi:– O‘zi ham mendan battar araqxo‘rga o‘xshaydi, oti nima u tojikni, Umar Bahrommi?.. Ha, jinday yanglishibman, Xallam… Sizniki bo‘lsa, nuqul «ko‘z ochaylik», «ilm bog‘ida sayraylik», «jaholat pardasini kuydir», tag‘in qiziqlari bor, xo‘sh, «zambilg‘altak», «Qo‘qon arava»… Kimning ko‘zi yumuq? Menimi? Salimjonnimi? Hakimboyvachchanimi? Hakimboyvachchadek hushyor yigit qayda? Boyonlaramizning bari hushyor. Aqli bo‘lgani uchun boy bo‘lganda. Shunday emasmi, Salimjon?

– Durust, Jamolboy aka, – Salimbayvachcha so‘zga kirishdi, – ko‘zimiz ochiq. Lekin savodli, o‘qigan boy bilan o‘qimagan boy orasida farq bor. O‘qigan boy yo‘l-yo‘riqni tushunadi, ishda oz qoqiladi.

– Bu juda to‘g‘ri gap. O‘zimdan qiyos qilaman. Ishim yomon emas-ku, lekin yo‘l-yo‘riqni oz bilaman. Zakunga tushunmayman. O‘ris orasida yurib, besh-o‘nta so‘z o‘rganib olganman, shuni ishga solaveraman. Endi bolalarimni o‘qitmoqchimanu, ammo dini susayib ketmasmikan, deb qo‘rqaman. Tunov kun bir abrazavan o‘ris bilan uchrashganimda, endi bizning «sartni» bolalari ham shkolda oz-moz o‘qiyapti» desam, u xafa bo‘ldi… «Sart» chistiy xalq, shkolda «sart»ning dini buziladi, senlarning eski shkollaring yaxshi» dedi. Kofir bo‘lsa ham, insofli ekan, deb o‘yladim.

– Jamolboy aka, – ko‘zlarini mastcha suzib gapirdi Salimboyvachcha, – diniy islomni qo‘ldan bermasdan, shariatni dilimizga mahkam joylab, zamon ilmlarini o‘qilsa, zarar qilmaydi. Sayidalim akaning o‘g‘li gimnaziya degan katta maktabda o‘qiydi. Maktabga shapka kiyib bordi-ya. Tushundingizmi, shapka!

– Bekor gapdir, musulmon bolasi shapka kiysin? – Jamolboyning ko‘zlari o‘ynab ketdi.

– Lekin, o‘z uyida besh vaqt namozni kanda qilmaydi. Men yaxshi bilaman. Ichaylik.– Salimboyvachcha stakanni ko‘tardi.

– Apelsin, konyak!

– Bir shisha «marsala»!

– Jamolboy, bir daqiqa ruxsat yeting, kichkina izoh beraman…– asta turtib Jamolboyni o‘ziga qaratdi Abdishukur, – men sizga ko‘p dafta gapirsam ham, g‘olibo maqsadimni hali tushuntirishga muvaffaq bo‘lgan emasman. Kaminaning g‘oyaviy hayoti shunday, yana takrorlayman: milliy sarmoyani o‘z boylarimiz – musulmon boylarimiz to‘la egallasinlar, ya’ni butun Turkistonimizda tijorat shu boylarning qo‘lida bo‘lsin, bu bilan qanoatlanmay, zavod-fabrikalar qursinlar. Maskovga, Varshavaga va hokazo shaharlarga o‘zlari mol olib borsinlar, u yerlardan o‘zlari mol keltirsinlar, deyman. O‘rtadagi shu yahudiy, o‘ris savdogarlarining dumini qisib qo‘yish kerak, deyman. Milliy sarmoyani kuchaytirish uchun savdo-sanoat ilmini bilish, zamondan ogoh bo‘lish lozim, Jamolboy aka. To‘g‘ri, bizda hushyor savdogarlar, epchil boylar bor, ular ko‘paymoqda. Ammo bu kifoya qilmaydi. Komersant bo‘lish kerak, ya’ni ilmiy iqtisodni, ilmiy tijoratni bilgan savdogarlar yetishuvi kerak. Kaminaning dardi endi bir daraja anglashildimi? Milliy sarmoya uchun ichaylik!

– Komersant bo‘lish kerak. Milliy sarmoya uchun ichaman! —stakanni bo‘shatdi Salimboyvachcha.

– Oqpodshohning g‘aznasidan chiqqan hamma pul juhudda, – stakanga konyakni to‘ldirib, pixillab gapirdi Jamolboy, – shu bachchag‘arlarni sindirishga iloj bo‘lsaydi. Gapiring Abdishukur, juhudning pulini qanday qilib o‘zimizga ag‘daramiz?

– Buning uchun komersantlar kerak, bu bir, so‘ngra ittifoq kerak, ya’ni musulmon boylari bir-birlarini qo‘ltiqlasalar…– samimiyat bilan javob berdi Abdishukur.

– E… bizda boylar bir-birini ko‘ra olmaydi, birlashmaydi, shunisi chatoq-da, – shikoyatlandi Salimboyvachcha.

– Biz jadidlar ham bu ahvolga achinamiz…– boshini chayqab dedi Abdishukur

– Men kim? Jadidmi? —kulib so‘radi Jamolboy, – Men sizni ko‘pdan buyon jadidga aylantirganman.

O‘zingiz sezmaysiz-da! —Jamolboyning yelkasiga qoqib javob berdi Abdishukur.

Bir shisha konyak, bir shisha «marsala» va chiroyli vazaga qubba shaklida terilgan apelsin keldi. Jamolboy hali tetik edi. Abdmshukurniig ko‘zlari xiyla besaranjom. Ikkinchi shishaga avvalgiday ishtaha bilan yopishmadi. Salimboyvachcha «marsala»dan ikki stakan ichib xiyla mast bo‘ldi. Endi og‘ziga kelganini qisilmasdan gapishrishga, xotinlar bilan ko‘z urishtirishga, ularni imlashga boshladi.

Restoranda hayot borgan sari qaynaydi. Muzika har xil kuylarni chaladi. Odam qalin, aksari yaxshi kiyingan yevrupolik boylar va amaldorlar. Tatar savdogarlaridan ham ko‘rinadi. Turkistonliklardan esa, bu stoldagilardan tashqari, yana bir qancha kishi o‘tiradi. Bir tomonda qo‘ychi Sultonbekning ukasi Arslonbek, u yolg‘iz, mastlikdan mudraydi, stol to‘la pivo shishasi. O‘rtada zavodchi boyning o‘g‘li Mirkomilboyvachcha ikki yosh xotinni yoniga olib, do‘ppisini stolga qo‘yib o‘tiradi. Dam oyog‘ini chalishtirib, kichkina, bichimsiz yuzini mastlarcha burushtirib, papiros tutatadi, dam xotinlarning og‘ziga vino tutadi, ularga nimalarnidir shivirlab «hiring-hiring» kuladi. Bu yosh boyvachcha uchun restoranda go‘yo hech kim yo‘q, bu joy yolg‘iz uning ayshgohi… Pastroqda, burchakdagi stolda, toza buyumlardan, lekin qo‘polroq tikilgan kiyimlarda gavdali, miqti to‘rt kishi – aftidan, to‘qmoqlik yo olmatalik «sart» savdogar o‘tirishadi; stolni shishalar qoplagan, ular to‘kmada, yo gap-gashtaqda o‘tirganday, qichqirib gaplashadi, qattiq kulishadi. Bu «ulfati chor» ichida katta sallali, oppoq soqolli, lekin vajohati yigitday, bir keksa kishi o‘zining serzavq kulishi, ichishi, xullas, butun siymosi bilan ko‘p odamlarning diqqatini o‘ziga jalb etadi.

Salimboyvachcha o‘z yoniga bir xotinni o‘tqazdi. Xotinning yoshi o‘ttizdan oshgan bo‘lsa-da, upa-eligi, pardozi bilan yoshroq ko‘rinar edi, u yelkasi keng, ko‘krakdor, lo‘ppi yuzli edi.

– Shampanskiy! – buyurdi boyvachcha.

– Kerak emas, – yolg‘onni rostday qilib dedi xotin.

– Yana nima kerak? Shirinlikdan nima? – mastlikdan ruscha so‘zlarni yarim-yorti g‘uldirab, so‘radi Salimboyvachcha.

Jamolboy lablarini yalab, betoqatlanib gapirdi:

– Durust, do‘ndiqqina ekan. Abdishukur, imlang bitta oyimchani, u yoq-bu yog‘ini kishi bilmas ushlab o‘tiramiz-da, keyin olib jo‘naymiz.

– Shu xotinning o‘rtog‘i bor edi. Yaxshi jonon. Qayoqqa yo‘qoldi ekan. Hali shu bilan birga edi-ya.

– Sizga-chi? Siz ham ayshdan chetda qolmang!

– Ikkalangizning mahbubangizni tomosha qilsak, bas.

– Be… taomni hidlag‘an bilan qorin to‘yadimi! – Jamolboy xotinga tikilib g‘uldiradi.– Madam, ich, ich. Xursand bo‘lasan, ich. Apato‘m gulaytga boramiz.

– Qiziq, – ko‘zlarini qichiq suzib, xotin gapira boshladi, – sartlar yo sira ichmaydilar, yo bir ichsalar, ularni to‘xtatib bo‘lmaydi. Umuman aziyatlar ajoyib xalq…

U, avval Salimboyvachcha, keyin boshqalar bilan cho‘qishtirib shampanskiyni ichdi-da, yirik-ko‘kchil ko‘zlariga sho‘xlik va ishva berishga tirisha boshladi. Undan qo‘z uzmagan uch «sart»ning fikri va ehtirosiga hokim bo‘lish uchun saxiy tannozlikning ingichka tomonlarini birin-sirin o‘rtaga otaverdi. U o‘z rolini qo‘lga oldi, ichkilikni o‘zi quyadi, ichishga zo‘rlaydi, ovqat va ichimliklar varaqasiga ko‘z yugurtib, o‘z xohishicha tanlab, mo‘l-mo‘l buyuradi. Tinmasdan gapiradi. Soddaroq va beg‘amroq, shu bilan birga haybatli ko‘ringani uchunmi, Jamolboyga ko‘proq gap otadi, hazillashadi. Jamobloy uning ba’zi hazillariga yaxshi tushunmaydi. Qalin tilini chiqarib xotinga ko‘rsatadi, kallasini tebratadi va Abdishukurga murojaat qiladi.

– Abdishukur, masxara qilyaptimi do‘ndiqcha? Tilmochlik qiling.

– Yo‘q, es-hushi sizda, muhabbatingizning domiga tushdi, – javob beradi Abdishukur.

– Muhabbatni bilarmidi? Ilinji pul… Puling bo‘lsa, hammaga yoqaverasan, onasi o‘pmagan malika qizlar senga quchoq ochadi. Bu zamon – pul zamoni. So‘rang, do‘ndiqchaning oti nima ekan?

– Anna, Anna, – dedi Abdishukur.

Shu vaqtda baland bo‘yli, juda ko‘rkam kiyingan, ko‘zlari va oq nafis yuzlari kulimsiragan, butun andomi, siymosi durust oilada tarbiya ko‘rganligini tasdiqlovchi yosh xotin Annaga yaqinlashdi, unga egilib, uzoq shivirlab bir nimani so‘yladi, so‘ng ikkisi ham kulishdi, xotin ketmoqchi ekan, Jamolboy uning qo‘lidan dadil ushladi-da, bir qo‘li bilan bo‘sh stolni o‘z yoniga surdi:

– O‘tir, madam, o‘tir! – kafti bilan stulni tap-tap urdi.

Xotin bir minut taraddudlanib, so‘ng jimgina o‘tirdi.

Anna Salimboyvachcha bilan mashg‘ul bo‘lganidan, o‘rtog‘ining o‘tirganini sezmay qoldi. Keyin, ogoh bo‘lgach, qoshlarini chimirdi, xo‘rsindi, ko‘zlarida norozilik sezildi.

Yana yangi ovqatlar, ichimliklar, laganchalarda anor va olmalar keldi. Ishrat qizib ketdi…

* * *

Yo‘lchi soyaboni ko‘tarilgan izvosh ichida o‘tirar edi. Kuchli izg‘irin yuzning terisini shilganday, achitadi, quloqlarni kesadi, sovuqdan oyoqlarining barmoqlari uvushadi. Uning qorin och, ichaklarini bir nima yulganday, sovuq shamol ichiga kirib, butun ichini kemirganday… Qoq yarim kecha. Atrofda – mirshablar va baqirishgan bitta-yarimta mastlar, istisno qilinsa – boshqa o‘tkinchi, boshqa tovush yo‘q. Faqat shu yerdagina bir oz harakat bor. Izvoshchiklar kelib-ketib turadi. Xotinlar, erkaklar yot tilda chug‘urlashadi, kulishadi, yana bir zumda ko‘chaga jim-jitlik quyuladi.

Jamolboyniig xizmatkori Jo‘ra aysh-ishrat, fahsh to‘g‘risida ko‘rgan, bilgan va eshitganlarini ancha vaqt so‘zlab: «Uxlayver, bu kun tongotar qilishadi xo‘jayinlar» deb o‘z aravasiga yumalagan edi. Ammo, o‘rganmaganlikdan, qorin ochlikdan, Yo‘lchining uyqusi kelmadi

– Yo‘lchiboy, shu-shundamisan? – to‘rt-besh qadam naridan bo‘g‘iq, mast ovoz eshitildi.

– Salim akami? Nima, ketamizmi?

– Shosh-shoshma!

Yo‘lchi yerga sakradi. Salimboyvacha qorong‘ida daraxtni quchoqlab, uzoq o‘qchidi. So‘ng, chayqalib-chayqalib Yo‘lchining qo‘lini mahkam ushladi.

– Yur, yur xozir! A-arava turaveradi. Bo‘b-bo‘ri yemaydi. U men-meniki, yur! – Yo‘lchining qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, o‘jar mast mahkam yopishib, sudrab ketdi.

Yo‘lchi ko‘z qamashtirarlik yorug‘ va g‘ovur-g‘uvurli zalga kirishi bilan boshi aylanib, sarosima bo‘lib qoldi. Bu joy, undagi odamlar, asbob-uskunalar uning uchun tamom begona edi. Salimboyvachchaning orqasidan ketavermasdan, bir muddat eshik oldida to‘xtadi va uni ko‘zdan qochirdi. Atrofga alanglab, boyvachchani qidirar akan, uni boshi bilan imlab chaqirgan Abdishukurga ko‘zi tushdi. Uyalsa ham dadil yurib bordi, stulga o‘tirgach, ko‘zlarini qayoqqa yashirishni bilmay qoldi. Ikki xotinning o‘rtasida o‘tirgan Salimboyvachcha bir stakan to‘ldirib, uning oldiga qo‘ydi.

– Ich, ovqatni ur!

– Men ichmayman, rahmat.

– Ichkilik bo‘lsa Jo‘ra o‘zini tomdan tashlaydi. Ko‘chada sovuqlagansan, ich, yigit! – dedi Jamolboy gerdayib.

Yo‘lchi ichmadi, ovqatga ham ishtahasi bo‘g‘ilgan edi. Sovib qolgan kabobdan bir six oldi. Ikki xotin – Anna bilan Mariya – Yo‘lchidan ko‘z uzishmay, uning to‘g‘risida shivir-shivir so‘zlashmoqqa, gavdasiga, kuch to‘la go‘zalligiga suqlanib boqib, ma’sumligidan, soddaligidan kula boshladi. Mariya stakanga shirin vinodan to‘ldirib, o‘rnidan turdi-da, Yo‘lchining oldiga o‘tdi.

– Vino yaxshi, yaxshi, – stakanni o‘z qo‘li bilan Yo‘lchining og‘ziga tutdi.

Yo‘lchi vinoni hidlab, yuzini burishtirdi-da:

– Yo‘q! – boshini chayqadi u.

Xotin o‘jarlik bilan ichkizishga tirishaverdi. Abdishukur yordami bilan «ich» degan so‘zni o‘rganib, qistadi:

– Gerkules, ich, yaxshi vino…

Yo‘lchi bularga masxara bo‘lmaslik uchun stakanni qo‘liga oldi-da, ikki qultumda bo‘shatdi, labini artib yana sekin o‘tiraverdi. Xotinlar ko‘kraklarini silkitib, qattiq kulishdi. Anna ham Mariyadan orqada qolishni istamadi. Stakanga vino to‘ldirib bolani aldaganday, bachkana qiliqlar bilan Yo‘lchiga tutdi. Yo‘lchi qo‘lining keskin harakati bilan ichimlikni rad qildi-da, teskari burildi. Anna taklifni takrorlamaslikka majbur bo‘ldi.

Yo‘lchining orqasidan kimdir turtdi. Yigit yalt etib qaradi: baland bo‘yli, yo‘g‘on, sersoqol, tekis sochlari moy surkalganday yiltiragan keksa rus uning orqasida turardi. U «eshikka chiq!» degan ma’noni qo‘l bilan ishorat qildi. Yo‘lchining boshidan olov quygandek tuyuldi. U qizarib o‘rnidan turarkan, Salimboyvachcha o‘tirishni qat’iy ravishda buyurdi va cholga bir nimalarni tushuntirdi. Chol «ixtiyor menda emas» degan kabi yelkasini qisdi-da, so‘ng, birdan bo‘shashib iljaydi.

– O‘ltiravering, chol ham choy chaqa oladigan bo‘ldi, – dedi Abdishukur Yo‘lchiga.

– Ichaylik! – Salimboyvachcha bir qo‘li bilan Annani qo‘ltiqlab, ikkinchi qo‘li bilan stakanni simirdi. Jamolboy hali ham tetik. O‘zining yo‘g‘on, go‘shtdor barmoqlari bilan goh Mariyaning ingichka, nafis qo‘lini, goh uning tizzasini silab qo‘yadi.

Ichkilik ta’sirida xotinlarning qiliqlari juda yengillashadi, ko‘zlari, yuzlari yonadi. Tinimsiz gapirishadi, kulishadi. Abdishukurning kayfi baland bo‘lsa-da, hushi hali o‘zida, mumkin qadar o‘zini hushyor tutishga tirishadi. Oz ichib, ko‘proq ovqat yeydi. Hozir uning qulog‘i qo‘shni stulda, ikki rusning muhokamasida, ularning biri keksaroq odam, u yo chinovnik, yo katta savdogar, yoki ayni zamonda har ikkisi… Ikkinchisi o‘rta yoshlar, ko‘zoynakli va kiyimga g‘oyat zeb bergan odam. Buni Abdishukur injenerga o‘xshatdi.

– Ko‘rdingizmi, bu osiyoliklar vahshiy bo‘lsalar ham, ba’zi bir fazilatlarga ega ekanlar, mana bu «sart» o‘z xizmatkori, balki quli bilan birga ichishadi. Demokratiya! – dedi injenernamo.

– «Sart»lar irq jihatidan, albatta, past, – tarelkadagi go‘shtni pichoq bilan kesa turib gapirdi chinovnik, – ular madaniyatga mutlaqo qobiliyatli emas. Yaqinda bir professor ilmiy jamiyatda bu da’voni juda yaxshi isbot qildi. Bilasizmi, men bu issiq mamlakatda yigirma yildan beri yashayman. «Sart»larning psixologiyasini yaxshi o‘rgandim. Ular irqan past. Leqin bunga qaramay, ba’zi xususiyatlarni ko‘rsatadilarki, buni fan hali oydinlata olmaydi. Mening mushohadamga qaraganda, ularda, masalan, badiiy sezgi ancha o‘sgan. Ular gulni sevadilar. Kiyimlari chirkin bo‘lsa ham, quloqlariga gul qistirib yuradilar. Ashulani, o‘yinni juda yoqtiradilar… Lekin, ularning hammasi qo‘rqoq, hammasi ayyor. Ularning orasida oz-moz samimiy bironta odamni uchratganim yo‘q, ishonasizmi?

– Ba’zi vahshiy xalqlarning, masalan, negrlarning musiqiysini, kuylarini maqtaydilar. «Sart»larniki qalay? – so‘radi injenernamo.

– Qo‘llariga bir lagancha, yo patnis olib baqiradilar. Bundan siz va men o‘n chaqirim nariga qochamiz, – stakanni bo‘shatib, lablarini oppoq sochiq bilan soqol aralash artib, gapirdi chinovnik.– Lekin, ular boshlarini bukib, mutlaq sukut bilan tinglaydilar. Bir necha musiqiy asboblari ham bor. G‘oyat ibtidoiy. Yana ahmoqlarcha odatlari bor: yerda oyoqlarini bukib o‘tiradilar. Bizga bu narsa katta bir azob. Ularga rohat emish! Boy bo‘lsin, kambag‘al bo‘lsin, baribir, «sart»ning uyida bitta piyolasi bo‘ladi. Ikkita qilsa, odat buziladi ham katta gunoh hisoblanadi!..

– Vasiliy Ivanovich! – vinoni ichib, bifshteksdan kichkina bo‘lakni og‘ziga tashlab, so‘zlay boshladi injener, – bilasiz, men bu yerda yangiman, yaqin o‘rtada jo‘nashim mumkin. Lekin Toshkentning osiyo qismini ko‘rganim yo‘q hali. Yolg‘iz borishga, to‘g‘risini, aytsam, qo‘rqaman. Chunki, «sart»lar siz deganingiz kabi, gulni, ashulani qanchalik sevmasinlar, har holda vahshiy xalq. Vahshiy xalqlarda qonxo‘rlikka tamoyil zo‘r bo‘ladi. Bu—shubhasiz haqiqat! Kecha Peterburgdan xat oldim. Xatda xotinim naq shu masala to‘g‘risida gapiradi, mening to‘g‘rimda xavflanadi, ehtiyot bo‘l, deydi. Shuning uchun «sart»larning shahriga kim bilan borishimni bilmayman, sizning vaqtingiz musoida qiladimi, birga tushar edik?

– Juda yaxshi, men tayyor, – javob berdi chinovnik, – sizga o‘rta asrni, balki undan avvalgi davrlarni ko‘rsataman. Vahshiy, lekin go‘zal manzara!.. Ayniqsa, siz uchun, peterburglik uchun!.. Peterburgga qaytganingizda o‘z taassurotingizni poytaxt xonimlariga so‘zlab bersangiz, ajib bir poema kabi tinglajaklariga shubha qilmayman.

Abdishukur «sart»lar hayotini o‘rganishga maroqlangan bu peterburglik ziyoliga ba’zi ma’lumotlarni muloyimlik bilan tushuntirishni istasa ham, lekin buning uchun imkon topmadi. Endi uning diqqatini o‘z stolida paydo bo‘lgan yangi ovqatlar jalb etdi.

Salimboyvachchaning kayfi – mastligi haddiga yetgan. Ammo u endi oz ichsa ham, ovqat, ichimliklarni avvalgidan ko‘proq buyuradi. Stolda shishalar, har xil asboblar qalashib yotadi. Anna bilan Mariya ikki boyning pinjida, noz qiladilar, kuladilar, ichadilar va ichishga majbur qiladilar, ba’zan noz bilan koyiydilar, ba’zan erkalaydilar.

Katta zaldagi shovqin-suron, muzika, ichimliklarning, xotinlar pardozining hidi Yo‘lchining boshini aylantirdi. U atrofiga qarab, yuzlarcha odam orasida o‘zi kabi bironta kishini ko‘rmadi. Bu yerda xursandchilik qilgan odamlar har bir jihatdan unga begonadirlar. Hammaning ko‘zi unga qadalganday, hamma unga boqib: «Nima qilib o‘tiribsan, joyingni top!» deganday tuyuladi. Hali chol uning yelkasidan turtib eshikni ko‘rsatgandayoq, uning ko‘ngli chil-chil bo‘lgan, bu yerda bir minut qolgisi kelmagan edi. Hozir qanday qilib qochishni bilmas, u o‘z ichida bu yerga mastlik bilan sudragan Salimboyvachchani va unga bo‘ysungani uchun o‘zini so‘kar edi. Nihoyat irodasini to‘pladi-da, stoldagilarning ko‘zlarini shamg‘alat qilib, o‘zini sekingina eshikka oldi, g‘izillab ko‘chaga otildi. Yuziga urgan sovuq shamol bo‘sadek yoqimli sezildi. Qorong‘ida sokin turgan otning bo‘ynidan quchoqladi, barmoqlari bilan yolini taradi va boshini silab: «Sovuqmi, sovuqmi? Aynalay!» – dedi.

IV

Yo‘lchi ertalab uyg‘onarkan, yirik qor parchalari xizmatkorxonaning kichkina derazasiga urilar, uning siniq oynasidan uy ichiga ham uchab kirar; nam tasirida eski namat qo‘lansa is tarqatar edi. Yo‘lchi o‘rnidan turib yelkasita eski yupqa paxtalik choponni tashladi, deraza orqali ko‘ringan bir parcha ko‘kka qaradi, yuragida qandaydir bir bo‘shlik, hayot bilan robitasizlik sezdi. Qo‘nji ukpa, yuzi toshdan qattiq qandaydir qalin, qo‘pol charm bilan qoplangan, Yormatgami, yo boshqa bir sobiq qarolga uzoq ish berib, iyig‘i chiqqan, poshnasi qiyshiq etikni kiydi, belini bog‘ladi, otxonaga chiqib, go‘ngni to‘pladi, oxurlarni tozaladi. Jodida beda qirqar ekan, Yormat keldi. Ertaga nikoh bo‘lgani uchun arava kerakligini, xo‘jayin bir-ikki kun shaharda qolishga buyurganini bildirdi. Aravakash otni egarlab, eshikka olib chiqayotganda, qayrilib Yo‘lchini chaqirdi:

– Katta oyimning yumushlari bor ekan. Menga buyurgan edilar ishim zarurligidan, sizni ko‘rsatdim. Siz uchrashing. Unutmang!

Yo‘lchi Mirzakarimboyning ichkari hovlisi yo‘lagiga kirib, eshikning halqasini qoqdi. Ichkaridan yugurib chiqqan bolaga: «Katta oyingni chaqir!» dedi. Sirtiga qora duxoba qoplagan ko‘rkam po‘stinli, boshiga yung ro‘mol o‘ragan yumaloq kampir, sovuqdanmi, yo ko‘krak xastaligidanmi, harsillab keldi.

– Esonmisan, Yo‘lchiboy?

– To‘y mubarak, oyi! Menda yumushingiz bormi?

– Ha, san, izvoshni qo‘sh– ovozini pasaytirib, deyarli shivirlab gapirdi Lutfiniso, – bir yerda nafasi benihyat o‘tkir domla bormish. Nuri u kishiga borib dam soldirib keladi. Zinhor hech kimga og‘zingdan chiqarma, tog‘ang bozorga ketdi, hozir olib borganiig yaxshi.

– Xo‘p, xo‘p.

Yo‘lchi orqaga qayrilarkan Lutfiniso yana chaqirdi:

– Hoy shoshma, munda kel! Aravani orqa ko‘chaga olib chiq, Nuri o‘shanda tushsin. Mahalla odamlari qursin,o‘tirsa o‘poq deydi, tursang so‘poq, uqdingmi?

– Xo‘p oyi, hozir tayyor qilaman..

Yo‘lchi izvoshga otni ildam qo‘shib tegishli joyda Nurini kutib turarkan, shunday xayolga botdi: «Bu narsa Nurining hiylasi emasmikin? Domlaga dam soldarish, albatta, bahona… Qiz men bilan uchrashishni istagan. Meni sevishi to‘g‘ri. U juda dadil va ayyor qiz. Uning qo‘lidan har qanday ish keladi. Hozir meni bir yerga sudraydi. Nima qilaman, qanday nasihat qilishim kerak?.. Bordi-yu, u birdan shunday desa: «Men seniki, otam, onam zo‘rlab bir boyvachchaga uzatadi. Men sendan boshqani xohlamayman, bog‘da bir kechasi nima degan edi! Yo‘l ko‘rsat, nima qilamiz?» Shunday voqealar bo‘lgan-ku axir…

Yo‘li goh bunga shubhalanadi, goh ishinadi. Fikr va xayollari uchib, allaqanday sarguzashtlar manzarasini chizadi. Lekin yuragi ajib, qiziq, aldamchi, yorqin ko‘ringan bunday sarguzashtlarga berilshini istamaydi.– U qorni shiddatli elagan to‘niq ko‘kka qaraydi, xo‘rsinadi…


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 | Следующая
  • 2 Оценок: 4

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации