Электронная библиотека » Oybek Muso Toshmuhammad o‘g‘li » » онлайн чтение - страница 8

Текст книги "Қутлуғ қон"


  • Текст добавлен: 11 сентября 2023, 17:20


Автор книги: Oybek Muso Toshmuhammad o‘g‘li


Жанр: Классическая проза, Классика


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 8 (всего у книги 24 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Gulxan sovinib, yoqutday qizil cho‘g‘larning ustini asta-asta kul bosarkan, Shoqosim o‘g‘lining oldiga o‘tib yotdi! «Jinchiroq»ni puflab, Yo‘lchi bilan O‘roz gulxan tevaragida muk tushishdi. Uy ichini quyuq qorong‘ilik bosdi. Tashqarida shamol g‘uvilladi.

– Yana uy sovidi, – bir ozdan so‘ng qorong‘ilikdan Shoqosimning ovozi eshitildi.

Hatto gavdasini qanday qilib yaxshiroq o‘rashni bilmay uringan Yo‘lchi javob berdi:

– Uy emas, muzxona bu…

TO‘RTINCHI BOB

I

Mana uch oyga yaqindir, Nuriniso o‘zi ko‘rmagan, bilmagan, hatto ismini to‘y arafasida kelinoyisidan eshitgan eri bilan yashaydi. Barcha musulmon qizlari kabi, u ham tamom begona, noma’lum bir yigitga tegishdan bosh tortgan emas, hatto zimdan bo‘lsin surishtirib ko‘rgan emasdi. «Fotiha» o‘qilganini eshitgach, u, aksincha, sevingan edi. Zotan, «fotiha» o‘qilgandan so‘ng, taqdirga bo‘ysunishdan boshqa chora qoladimi – surishtirishning biron foydasi bo‘ladimi? «Fotiha»– go‘yo yarim nikoh. U, ikki tomonning kelajak hayotiga taqdir muhrini bosadi. «Fotiha»dan so‘ng har ikki tomon aynish, taraddud huquqidan ko‘pincha mahrum bo‘ladi. Qudalar o‘rtasida ro‘y beradigan anglashilmovchiliklar, janjallar aksar vaqt muzokara va murosa yo‘li bilan hal qilinadi. Otalar-onalar bo‘lajak qudalarining, kelinlarining, kuyovlarining har qanday nuqsonini op-ochiq ko‘rishlariga qaramay, endi «fotiha buzilmasligi» uchun, u nuqsonlardan ko‘z yumadilar!

Nuri fotihadan xabardor bo‘lgach, kelajak turmushini o‘z xayolida bezash bilan mashg‘ul bo‘lgan edi. U kelin bo‘lib borgusi oilaning boyligini o‘ylamagan, chunki, bu narsa u uchun ochiq-oydin edi; otasi va akalari, albatta, Toshkentning eng dongdor boylaridan biri bilan quda bo‘lishlariga u chuqur ishongan. Ular kambag‘allarnigina emas, o‘rta boylarni ham nazar-pisand qilmas edi. Ammo, kuyov yigit to‘g‘risida ham Nurining ko‘ngli to‘q edi. Ba’zan: «Qanday ekan u? Ko‘rgan-bilgan odamlarimdan qay biriga o‘xshatsam bo‘ladi?» degan savollar fikrini mashg‘ul etarkan, u, albatta, musbat javob topar, shubhasini ishonchi yengar edi…

Nuri yangi oilada yashaydi, qarilik orqasida ko‘zdan qolib, ikki-uch yildan buyon uy ichiga qamalgan qaynota – Najmiddinboyning davlati zo‘r. Yangi va eski shaharda katta attorlik do‘konlari bor. Cholning katta o‘g‘li Abdullaboy, kichik o‘g‘li (Nurining eri) Fazliddinboyvachchaning tashabbusi va harakati yolg‘iz shu boylikni o‘stirishga qaratilgan.

Ichkari-tashqari dang‘illama hovli. Ichkari hovlining sahni keng. Hovlining uch tomoni bir uy-bir ayvoya qilib qatorasiga solingan yangi binolar bilan o‘ralgan, bir tomoni giloszor bog‘cha. Hamma uylarda gilamlar, taxmonlarni to‘ldirgan ko‘rpa-yostiqlar, po‘lat sandiqlar, tokchalarda har nav asboblar, xitoy chinnilar qalashib yotadi.

Tabiiy, hammadan Nurining uyi hashamatli: qimmatli jihozlar bilan magazinday yasatilgan, ko‘rgan odamning ko‘zi qamashadi.

Bu oilada yeyish-ichish belgili tartib ham rejaga tobe esa-da, har kun shirin-shirin ovqatlar tayyorlanadi. Ammo mehmon siyrak bo‘ladi, mo‘l-jo‘l katta ziyofatlarni Nuri hali ko‘rgani yo‘q.

Nurining qaynanasi ikkita bo‘lib, biri «o‘ziniki», ikkinchisi o‘gay edi. Najmiddinboyning bosh xotinidan Abdullaboy, kichik xotinidan Nurining eri Fazliddin tug‘ilgan. Katta – o‘gay qaynana, yoshi oltmishlarga borgan semiz, zabardast, dimog‘dor kampir edi. Butun ro‘zg‘orga egalik qilishga, o‘z amridan hech kimni chiqarmaslikka tirishar edi. Kichigi, ya’ni Nurining o‘z qaynanasi qirq besh-ellik orasida, kichkina, oriq-jajmon xotin bo‘lib, ko‘rinishida muloyim ko‘rinar, oz gapirar, lekin uzib gapiruvchi, pismiq edi.

Nuri bu oilaga tushgach, uch kun o‘tar-o‘tmas ikki qaynana-kundosh orasidagi dushmanlikni sezdi. Ertalab, odat bo‘yicha, Nuri to‘r ro‘mol yopinib beshikdagi boladan to keksalarga qadar hammaga salom qilar ekan, «nega senga oldin salom qiladi?» deb kundoshlari bir-biri bilan achchiqlashib qolishgandi. Ular arzir-arzimas narsa ustida minut sayin talashib-tortishar edilar. Ro‘zg‘orga kim biylik qiladi? —Janjalga mana bu narsa ko‘proq sabab bo‘lar edi. So‘ngra cholni parvarish qilish to‘g‘risida ham tez-tez urish bo‘lib turar edi. Katta kundosh derdi: «Huzurini san ko‘rgansan, bir kecha bo‘lsin, undan ayrilmas eding, qariganda tashlaysanmi? Boq endi!» Kichigi ham sira qolishmasdi: «Cholning ko‘z ochib ko‘rgan xotini – sen. Sendan maslahatsiz ish qilmas edi. Bir tovoq oshni boshimga mushtlab-mushtlab berarding. Ro‘zg‘orni qo‘lingga olib, bordonday semirib o‘tirasanmi? O‘zing qara; moli shirinu, o‘zi harommi?!»

Nurining ovsinlari ham kundosh edi. Abdullaboy, otasi kabi, ikki xotinga ega edi. Kattasi Oysara o‘ttiz besh yoshlarda, hali o‘z husnini yo‘qotmagan, lekin hastalardek parishonhol, ingichka, nozik xotin; jisman zaifligiga qaramay, yumushni ko‘p qilar, har oqshom o‘z bolalari bilan tancha atrofini to‘ldirib, kitob —«Malikaiy Dilorom», «Bo‘z yigit», «Sanobar»ni o‘qir edi. Buning kundoshi Mariya ismli rus xotin bo‘lib, unga Maryamxon nom qo‘yishgan. Uning yoshi yigirma sakkizlarda, oq-sariq yuzli, baland bo‘yli, tiniq havo rang ko‘zli to‘lagina xotin edi.

Maryamxon o‘n to‘qqiz yoshida, bundan sakkiz-to‘qqiz yil ilgari bu uyga, musulmon «ichkarisiga» qamalgan. U Moskvada kambag‘al oilada tug‘ilib, otasi o‘lgandan keyin, onasi besh yashar Mariyani amakining oilasiga tashlab, erga chiqib ketadi. Qiz o‘n olti yoshgacha bu oilada, muzika muallimi bo‘lgan kambag‘al amakining tarbiyasida o‘sadi, ibtidoiy tahsil ko‘radi, muzikadan ham bir oz ma’lumot oladi. Mariyaning baxtiga qarshi, amaki sil kasaliga uchrab, ishdan qoladi. Uning mayda-chuyda bolalar bilan to‘la oilasi moddiy qiyinchiliklar ichida qiynalarkan, qiz o‘z kunini o‘z kuchi bilan ko‘rish tilagida amakidan ketishga majbur bo‘ladi. Rizqini qozonish uchun hayot girdobida ikki yil chirpinadi. Nihoyat, boy bir rus oilasiga bola boquvchi sifatida qabul qilinadi. Bu oila Toshkentga ko‘chib kelgach, Abdullaboy, yaqin tanish bo‘lgan bu oilaga kelib-ketib yurarkan, Mariyani ko‘rib sevadi va unga uylanadi.

Abdullaboyning rus xotin olishi u vaqtlarda ko‘pchilik o‘rtasida, to‘y, azalarda xotinlar og‘zida, gap-gashtak va choyxanalarda erkaklar orasida – ancha gap-so‘zga sabab bo‘ldi. Lekin Abdullaboy mahalla imomi huzurida «kalimaiy shahodat»ni ayttirib, nikoh o‘qittirib olgan edi. Otasi Najmiddinboy ham faqat shu shart bilangina bunday favqulodda ishga ruxsat bergan edi.

Mariyaga darrov boshdan-oyoq musulmoncha kiyim kiydiradilar, namozni, har xil duolarni va qur’ondan bir necha surani yod o‘qishga o‘rgatadilar. Yolg‘iz o‘zini hech yerga yubormaydilar – hatto yo‘lakka, ko‘cha eshikka ham chiqarmaydilar. Shunday qilib, bir necha yil ichida u butunlay «musulmon» xotin bo‘lib qoladi. Ko‘zlari, sochlari ajratib turmasa, boshqa jihatdan uning rus ekanini payqay olmaydi kishi. Tili, talaffuzi, o‘tirish-turishi, butun qiliqlari bilan atrofdagi xotinlardan, ichkarining sohibalaridan ayirib bo‘lmaydi. Besh vaqt namozni kanda qilmasdan o‘qiydi, ixlos bilan ro‘za tutadi. Biron ish qilarkan, yo ovqat ichmoqqa boshlarkan, «bismillo»ni sira unutmaydi. Endi u duxoba paranjiga o‘ralib, uzun chachvonni yuziga tutib, savat-savat kulchalar, barkashlarda oshlar, sovg‘a-salom bilan, butun qoidaga muvofiq to‘ylarga, azalarga, tug‘ruqlarga borib keladi. Maryamxon to‘rt devor orasida qamalgandan buyon bironta rus bilan bir og‘iz ham gaplashgan emas. Ko‘chada ketarkan, ba’zan ruslarni ko‘rib, jonli rus tilini eshitib qolar edi. Bu narsa uning o‘tmishini uzoq bir tush kabi xotirlatar; ular bilan o‘z tilida ikki og‘izgina so‘zlashuvga orzu qilsa-da, atrofdagi musulmonlardan qo‘rqqanidan, jur’at qila olmas edi. Chunki musulmonlar darrov o‘ylagan bo‘lar edilar: bu paranjili musulmon xotin nima uchun ko‘chada erkak bilan, yana o‘ris bilan gaplashadi? Bu dindan qaytgan xotin, islovotda yurib til o‘rgangan bo‘lsa kerak!..

Maryamxon yoshlikda maktabda o‘qir ekan, rus yozuvchi va shoirlarining birmuncha asarlari va maktab bolalari uchun chiqarilgan har xil ta’limiy, maroqli kitoblar bilan bir qatorda, bir qancha yengil, jinoiy-mojaroviy romanlarni yashirin o‘qib chiqqan edi. Pushkin ham Lermontovning ba’zi she’rlarini hali ham yoddan bilar edi. Lekin, ichkarida yasharkan biron marta kitob yuzini ko‘rmadi. Bir vaqtlar bu uyga opasi bilan mehmon bo‘lib kelgan bir tatar qizi ruscha bir axloqiy romanni unutib qoldirgan; bu kitobni o‘sha kechasi katta qiziqish bilan qo‘lga olarkan, eri Abdullaboy kelib qolib, kitobning ruscha ekanini payqab, qo‘lidan yirib oladi va g‘azablanib shu ondayoq parcha-parcha qilib tashlaydi.

– Dindan qaytaradi, dinni buzadi bu kitob! – baqiradi Abdullaboy.

– Yo‘q, juda qiziq, juda foydali kitob, – yolvorib tushuntirishga boshlaydi xotini.

Lekin u qancha so‘zlamasin, bu kitobning dinga ziyonsiz yakanini o‘jar musulmonga tushuntira olmaydi.

– Yolg‘iz, yolg‘iz bitta kitob bor, – do‘q bilan deydi Abdullaboy, – u Olloning kitobi – Qur’on! Boshqa kitobni kitob dema! Hammasi bir tiyin. Xohlasang, Qur’on o‘qishni, qiroat bilan o‘qishni men o‘zim o‘rgataman.

Ba’zi vaqtda eski ruscha kitoblardan yasalgan paketlarda bozordan narsa o‘rab keltirishadi. Maryamxon paketlarni buzib, parcha-parcha qog‘ozlarni, garchi bundan to‘la ma’no chiqmasa ham, o‘qiy boshlaydi. Lekin keyinchalik bundan-da voz kechadi.

Maryamxon dastlab o‘z kundoshi bilan chiqisha olgan emas. Hatto musulmonlarning bunday «ahmoqona zakunini» fikr-xayoliga aslo sig‘dira olmagan. U ochiqcha shovqin-suron ko‘tarmasdan, eriga yalingan, bu odatning yomonligini, erning ko‘ngli ikkiga bo‘linsa, turmush yomonlashajagini tushuntirishga tirishgan. Keyin arazlagan, yig‘lagan. Ammo kundoshini qo‘ydirib yuborishga muvaffaq bo‘lgan emas. Bir-ikki bola tug‘ib, ichkarining urf-odatiga, musulmonchilikning ruhiga chuqurroq kira boshlagach, kundoshga bo‘lgan rashki ba’zan olovlanib qo‘ysa-da, asta-asta taqdirga ko‘nikkan. Endi kundoshi bilan uch-to‘rt kun apoq-chapoq bo‘lib, og‘iz-burun o‘pishganday bo‘lar, lekin yana uch-to‘rt kun, sababli-sababsiz, sira gaplashmay, teskari burilar edi. Shunday vaqtlarda Nuri:

– Oralaringizdan qora mushuk o‘tdimi? – derdi kulib.

Maryamxon o‘zi to‘qiganmi, yo atrofdan eshitganmi, har vaqt shunday javob berar edi:

– Kundosh – boshingda tosh, ko‘zingda yosh…

Ba’zi vaqt Nurining achchig‘ini chiqarish uchun, jiddiy ravishda der edi:

– Shoshmang, sizga ham bir kundosh topib beramiz!

Nuri bu gapni hazil tariqida aytilganiga ishonsa-da, ba’zi vaqt yuragi cho‘chib ketar edi: «Bu uyda ikki xotin olish bir rasm bo‘lib qolgan ekan. Erim otasi, akasi izidan ketib, ustimga xotin olsa-ya… Sho‘rim qursin, nima qilaman!»

Fazliddin, Nuri qizlik chog‘ida o‘z xayolida chizgan, turli kiyim va qiyofatlarda tasavvur etgan yigitlarga sira o‘xshamas edi. Nikoh kuni kechasi go‘shangaga kirish bilan, «tortishmachoq» hangamasidan hali o‘ziga kelmagan xotinlarning qiy-chuvi davom etarkan, Nuri, yuziga tushirilgan uzun, oq ro‘moli orasidan, ko‘zlarini yashirincha kuyovga tikkan, bir onda chuqur o‘ksinib, butun quvvati so‘ngan kabi, boshidan oyog‘iga qadar ohista bir titroq bilan qoplangandi. Mana shu er bilan uch oydan buyon birga yashaydi. Erining fe’li, mijoz – tabiati kun sayin unga ravshanlashdi.

Fazliddin albatta, badbashara emas, ko‘rinishda tuppa-tuzuk yigit… Lekin muddatdan ilgari tug‘ilib o‘sgan odamlar kabi, uning gavdasida nimadir yetishmaydi, bir mutanosibsizlik seziladi. U o‘rta bo‘yli, kichik gavdali, siyrak sariq mo‘ylovli, tiyrak – o‘tkir ko‘zli yigirma uch yoshlarda, chaqqon, serharakat yigit. Ahli rastaga va yosh boyvachchalarga yarasha durustgina kiyinadi, lekin o‘ziga ortiqcha zeb bermaydi. Har kun ertalab bir vaqt-da – bir minut kechikish, yo oldin ketish yo‘q – nonushta qilmasdan do‘konga ketadi, oqshom albatta, uyga qaytib, oila bilan ovqatlanadi, so‘ngra otasini ziyorat qiladi. Xufton namozidan keyin o‘z uyiga kiradi, tanchaga, Nurining qarshisiga o‘tirib, chollar kabi, «yo hayotannabiy!» yoki ko‘pincha, «yo sarvarkoinot!» deb, boshini egarak, jim o‘tiradi. Aksar, kechalari uy eshigini berkitib, derazalarga parda tuttirib, alla-pallagacha pul sanaydi, bunday vaqtda ikki qoshi o‘rtasini burushtirib, o‘z-o‘zicha nimalarnidir shivirlab ko‘yadi. Katta ro‘molga pulni tugib, yostiqday qilib, Nuriga uzatadi:

– Sandiqqa tiq, ertaga Abdulla akam oladi.– Keyin oyog‘ini cho‘zib mahsini tortish uchun Nuriga ishorat qiladi.

Kechalardan birida Fazliddin boshini solib, mudrab jim o‘tirar ekan, Nuri chiday olmadi, birinchi marta achchiqlanib gapirdi:

– Siz ham u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirsangiz bo‘lmaydimi? Bu nima, to‘rva-xaltasini yo‘qotgan gadoydek, shumshayib o‘tirasiz, bag‘rim qon bo‘lib ketdi-ku!

Fazliddin tirjayib, egri-bugri tishlarining oqini ko‘rsatdi. Lekin vaziyatini buzmay, muloyim tovush bilan dedi:

– Xafa bo‘ldingmi? O‘rinsiz. Uylab qara, ertadan-kechgacha qancha odam bilan muomala qilaman?

– Do‘koningizda pirkashiklar bormish-ku. Ular ishlasin, siz xo‘jayin bo‘lib o‘tiring. Do‘konga kechroq borib, ertaroq qayting. Sizlar ham katta boy ekansizlar, izvosh qiling, besh kunlik dunyoda davri-davron suring, – deb Nuri achchig‘idan yuzini boshqa tomonga burdi.

– To‘g‘ri, biz katta boymiz, – qo‘liga do‘ppisini olib tozalab gapirdi Fazliddin, – haftamabil olsak ham davlatimiz ko‘taradi. Lekin davlat dadamniki. Men bunga ozgina qo‘shdim, dadam davlatiga yana bir-ikki hissa qo‘shay, keyin birvarakay dovriq solaman. Har bir ish o‘z vaqtida yarashadi. Lekin o‘shanda ham do‘konga erta borib, kech qaytaman. Savdogarchilikning taomili shu… Boshqalarga ishonib bo‘lmaydi. Qani, iloji bo‘lsa bitta odam tutmasdan, butun ishni o‘zim eplay bilsam… Iloji yo‘q, hozir uchta prikashik ham shoshib qoladi.

III

– Es-hushingiz savdoda. Uyquda ham ko‘pincha mol sotib, pul sanab baqirasiz, – kinoyali kulib dedi Nuri.

– Man tinch uxlayman-ku.

– Yo‘q!

– Balki to‘g‘ridir. Baliq suvda suzadi, suvda uxlaydi. Men ham savdoda suzib, savdoda uxlasam ajab emas. Xo‘p, o‘rinni sol… Yo rahmon, rahmatingni ayama!

Bunday erni Nuri hech vaqt xayolga keltirmagan edi. «Kimga tushdim? Boyvachcha yigit ham shunaqa bo‘ladimi? Dadamning shuncha davlati bor ekan, erning boy bo‘lishi lozimmidi manga?»—o‘ylar edi u. Faqat u endigi pushaymonlari unga foyda bermasligini yaxshi bilgani taqdirga isyon qilishga ojizligini sezgani uchun, qayg‘ularini yurakka ko‘mar edi, bu haqda hech kimga, hatto onasiga ham bir nima demagan edi.

Nuri ko‘rinishda kelinchaklikni qo‘ldan bermaslikka tirishdi. Deyarli har kun boshini yuvar, pardoz qilar, har kuni yangi ko‘ylak kiyardi. U bu uydagi xotinlarning hammasini yomon ko‘rdi. Lekin zerikkanidan, Maryamxonni o‘ziga yaqinroq tutdi. Chunki Maryamxon ochiq ko‘ngilli, samimiy xotin edi. Dastlab uning muomalalari Nuriga dag‘alroq ko‘rinsa-da, keyincha unda hech qanday adovat, g‘araz yo‘qligini, tabiati shunday keskinroq ekanini tushundi. Chol qaynata ham kelinlar orasida Maryamxonni ko‘proq sevar edi. Ammo uning g‘aribligi ham ayniqsa, «kofir qizini din islomga musharraf qildik, tongla savobi tegadi» degan andisha bilan sevar edi u.

Kecha yoqqan qordan bu kun peshinga qadar hovlida iz qolmagan edi. Qor erib, tunuka tarnovlardan suv varillab oqa boshladi. Tarnovlar ostiga qo‘yilgan tog‘ora, chelaklarga suv tusharkan, har xil sho‘x sadolar tarqaladi. Zangori osmon ham shunday tiniq, shunday beg‘uborki, ko‘zni oladi… Nuri uy derazalarini ochdi. Quyosh shu’lalari qon-qizil gilamlarda, tokchadagi chinni asboblarda, kumush idishlarda, grammofonning tekis, yorqin karnayida o‘ynaydi. Hovli xamirday balqigan, undan yengil bug‘ ko‘tariladi.

Hovlining narigi burchida ko‘ringan eski paranjili qizni ko‘rgan zamon, zerikkanidan, qadrli mehmonni qarshilagan kabi, darrov o‘rnidan sakrab turdi, dahlizga otildi…

– Nima balo, dov-daraksiz bo‘lib ketdilaring! – Gulnor bilan ko‘rishdi u.

– Qish, loygarchilik, Nuri opa, sog‘indingizmi? – Gulnor paranjini bir yoqqa otib, dasturxonga o‘ralgan barkashni uzatdi:

– Qiymali yupqa.

– Bu yerdagilar ham yupqani mazali pishirishar ekan. Har kelishingda bir nimani ko‘tarib kelasan. Bundan keyin hech nima keltirma!

– Katta oyim, quruq borma, deb qo‘limga tutqizdilar, – dedi Gulnor.

Uyga kirarkan, Nuri Gulnorning ust-boshiga razm soldi:

– Quda-andani o‘ylagan oyim senga butungina mahsi ham kiygizib yubormabdi. Mahsingni qara, oyoqqa ilib bo‘lmaydi.

– Hech kim ko‘rmas, shu yerdan keta qolarman. Ham kambag‘alning qizini kim masxara qiladi, – dedi kulib Gulnor.

– Jilla bo‘lmasa yamat mahsingni!

– Dadam, Yo‘lchiboy akang yamaydi, degan edi, bilmadim, qo‘li bo‘sh emas shekilli.

– U shahardami? Yamoqchilikni bilar ekanmi? – dedi Nuri va yuragi, nechundir, bir lahzada allanechuk urib ketdi.

– Anchadan buyon shaharda. Shokir ota degan mahsido‘zning do‘konxonasida o‘z etigini butunlab olibdi, dadam shunaqa dedi.

Gulnor bu yerga kelsa, Nuri har gal biron og‘ir yumush qildirar edi. Ammo bu safar qizga ish buyurmadi. Tanchaga o‘tqazib, dasturxon yozdi, gaplashib o‘tirdi. Gulnor Nurining o‘z oilasidagi voqealardan, bilgan-eshitganlaridan so‘zladi. Nurining onasi – Lutfiniso uni qanday sog‘inganligini, bugun tush ko‘rdim, Nuri keladi deb, eshikka har kun ko‘z tikkanini va kelar juma Hakimboyvachchaning gap berishini, shunga Fazliddin bilan u, albatta, borishlari kerakligini, yana Lutfinisoning bir ko‘p buyruqlarini topshirdi.

– Shu hafta ichi o‘zim borib kelmoqchiydim. Oyimni bir oydan beri ko‘rganim yo‘q. Bir kecha yonida yotishni orzu qilaman, – dedi yengillanib Nuri.

– Yana bir haftadan keyin Salim akam gap berarmishlar.

– Bahona topilib boraverar ekanman. Ishqilib Abdulla pochchamning ziyofatiga to‘g‘ri kelmasin…

So‘z aylanib yana Yo‘lchiga taqaldi. Nuri bu yigit to‘g‘risda ko‘proq narsa bilishni istash bilan baravar, bu qizning unga munosabatini ochish kabi, yashirin, bir niyat bilan gapni cho‘zardi. Gulnor dastlab soddalik bilan gapiraverdi. Yo‘lchining kir-chirini yuvib, chopon va ko‘ylaklarini yamab berganligini va ba’zi vaqt dadasi Yormat buni va onasini uyga kirgizib, ayvonda Yo‘lchi bilan uzoq hangamalashib o‘tirishini so‘zladi. Nuri o‘z ichida xo‘rsindi va:

– U yaxshi yigit-a. Sanga yoqadimi? – dedi, tikilib.

Gulnor qizarib ketdi, ko‘zlarini qayerga yashirishii bilmay javdiradi. Nurining bu savoli va boshqa so‘zlaridan shubhalandi-da, yurak sirlarini chuqur yashirishga tirishdi. Zotan, birovga ochishdan qo‘rqar va uyalar edi.

Nuri Gulnorni jo‘natgandan, so‘ng, ancha, vaqt xayol surib qoldi. Uning yuragini qarama-qarshi hislar, kechinmalar o‘radi. O‘tgan yoz xotiralari yana qalbiga hokim bo‘la boshladi. Uning xayollari sirli vahima va qo‘rqinch bilan bog‘langan yangi otashin lazzatlarga surgadi…

II

Yo‘lchi uch haftadan beri shaharda. Skladdan Mirzakarimboyning do‘koniga, do‘kondan yana boshqa joylarga har kun aravada gazlama tashiydi. Boyning do‘koni oldiga o‘nlarcha, yuzlarcha toy gazlamani tushirib uni yechar, yerdan shipga qadar taxlar, yana aravani minib jo‘nar edi.

Mirzakarimboyning eski shahardagi do‘koni chit rastasida edi. Bu rasta – ikki tomonda, besh-oltita katta do‘kon bo‘lib, tor, kamgak yo‘l bilan bazzozlikka, shohifurushlik rastasiga tutashar edi. Usti tim bilan qoplangan bu qorong‘u rastada, odatda boshqa rastalarda bo‘ladigan shovqi-suron, g‘ovur-g‘uvur, shoshqaloq olomon, tiqilinch yo‘q. Bu yerda bozor kunlari bilan bebozor, kunlarining farqi sezilmaydi, bu yerda har vaqt jimjitlik hukm suradi. Bundagi do‘konlarda jiddiy, sersoqol kekla yahudiylarni, ularning serharakat, chaqqon o‘g‘illarini va prilavka orqasida, naq machitda namozda qaqqaygan kabi sukut qilgan, ko‘rinishda mutavoze, lekin haqiqatda o‘lguday mo‘ltoni, kibrli, dimog‘dor, aksari xasis musulamon boylarni, ko‘rish mumkin. Bu rastada ming xil kiyimli olomon yo‘q, shoshilish yo‘q, qo‘lni siqib: «Bor baraka top!»lar ham yo‘q. Faqat, har bir do‘konda ko‘pincha bir xil tovush: shaq-shaq, shuq-shuq cho‘t qoqiladi. Rastaning ichida besh-o‘n kishi paydo bo‘ladi, ular sun’iy tavoze bilan shovqinsiz muomalaga kirishadi. Do‘kondor ularga qalin kitob shaklida bir nimani tutqizadi Ular buni varaqlab, kerakli gazlamalarning parcha-parcha nusxalarini ko‘rib, tanlaydilar. Keyin gazlamalarni aravalarga tog‘-tog‘ qalab olib ketadilar. Mol bu yerdan Toshkent atrofidagi qishloqlarga, ovullarga, Chimkent, Sayram, Avliyoota kabi shaharlarga, kentlarga jo‘natiladi.

Tishdan qaraganda eski, ko‘rimsiz, lekii katta, sermol do‘konda Mirzakarimboy bilan Salimboyvachcha turar edi. Ular xaridor bilan bitishgandan so‘ng, qolgan hamma ishni shirin so‘z, epchil kishi – prikashik Saidmurod bajarar edi. U bo‘sh qolgan vaqtda qo‘lini qovushtirib, bir chekkada jim turar, xususan, Mirzakarimboy oldida, eshonning huzuriga kirgan murid singari, halim vaziyat olar edi.

Hakimboyvachcha bir necha kishini ergashtirib, ba’zan bu yerda ko‘rinib qolar, dadasi bilan shivirlashib, yana bir zumda g‘oyib bo‘lar edi. U har vaqt shoshar, gapirganda, yurganda, ishlaganda – bir nimaga intilish, sabrsizlik sezilar edi unda.

Mirzakarimboy aksar vaqt kursida yoki ustiga gilamcha yoyilgan prilavkaning bir chetida taxlangan gazlamaga suyanib, tasbeh donalarini barmoqlari orasidan bitta-bitta o‘tkazib, chordona qurib o‘tirar edi. Kir do‘ppisi qoshiga qadar tushgan, doimo boshida tashigan savatning og‘irligi ostida bo‘yi qisqarganday, yapasqi novvoy har kun peshin vaqtida ikkita shirmoy nonni boyga tashlab ketar edi. «G‘archcha moy!»—uning jarangli ovozi rastaning timini teshgunday yangrardi. Yoshligiga qaramay, chapanicha yurishga taqlid etgan bir bola – choyxonachining shogirdi – naq mo‘ljalli vaqtda Mirzakarimboyga choy keltirar, qulog‘iga qistirilgan qalam bilan do‘konning ustuniga bir «alif» chizib ketar edi.

Yo‘lchi bozor aylanib, gazlama tashib, tog‘asining do‘koni oldida ba’zan soatlarcha o‘tirib, bozorning, savdoning, savdogarlarning ko‘p sirlariga oshna bo‘la boshladi. Turli rastalarda olomonning shovqini, oltin-kumushning jarangi, qog‘oz aqchalarning shildirashi, savdo daryosining to‘lqini, bo‘roni qo‘ynida odamlarning turmushi, ruhi, yuragi, baxt va falokati uning ko‘ziga yalang‘ochlandi. Kosiblar, dehqonlar, har nav kambag‘al-qashshoqlarning olov ko‘ylak kiygan kabi, bozor jahannamida kuyib-o‘rtanayotganlarini payqadi. Lekin hali u ko‘p sirlarga tushunmas edi. Bozorda «ahli rasta» ishlatadigan ko‘p so‘zlar, ko‘p muomalalar unga yo ma’nosiz, yo sirli tuyular edi. Ammo hayot har kun, har soat unga yangi mevalarini oshkora qilar, sirlar yalang‘ochlanar edi: Mirzakarimboy o‘z oldiga qo‘l qovushtirib kelgan, durust kiyingan ba’zi bir odamlarga qo‘pol muomala qilar, ularni koyir, ba’zan ranglarini bo‘z qilib qo‘yar edi. Mol olish uchun kelgan bir yigitga u bir kun shunday dedi: «Xo‘sh, mulla, nega va’dani buzasiz? Juhudda bor bigiz bizda yo‘qmi? Bizda o‘tkirrog‘i bor! Bilib qo‘ying, ko‘zingizni ochib qo‘yaman!»

Yo‘lchi buning ma’nosini bir qancha kundan so‘ng tushundi: bir ko‘p xaridorlar aravalarga, tuyalarga mol ortib, yonlaridan, qo‘ltiqlaridan, g‘ishtday, guvaladay taxlam qog‘oz aqchani Salimboyvachcha oldiga to‘kib sanaydi. Ammo aksar odamlarning pul bergan-bermaganini Yo‘lchi payqay olmas edi. Bir savdogar o‘n toy molni olib bir zumda qorasini o‘chirdi. Yo‘lchi taajjublanib, Salimboyvachchadan so‘radi:

– Hov, urra qochdi-ku, aqchasi qani! Salimboyvachcha boshini chayqab kuldi va yangi, shildirama oq qog‘ozni ko‘rsatdi-da, qutiga tashladi.

– Shu bas, – dedi boyvachcha, – buni veksel deydilar. Muddatida to‘laydi.

– Ha, tixirlik qilsa-chi? – Yo‘lchi ko‘zini katta ochib so‘radi.

– Ko‘zini moshdek ochib qo‘yamiz… Uyi kuyadi, xonavayron bo‘ladi! – salmoqlanib, lekin qat’iy qilib gapirdi Salimboyvachcha.

–I Tushundim, tushundim, – dedi Yo‘lchi, – u bigiz, tunov kun tog‘am bittasiga, bigiz tiqaman, degan edilar, bigiz…

Salimboyvachcha labini qiyshaytirib dedi:

– Be!.. Bigiz nima? Bu zaharli nayzaday, balki undan ham o‘tkir narsa… Bu olov, yondiradi, kuydiradi.

Yo‘lchi indamadi. Otga minib, aravani gumburlatib jo‘nadi. Usha kuni sovuq qattiq edi. Ba’zi yillari Toshkentda bir necha kun bo‘ladigan o‘tkir quruq sovuq!.. Soqollarda, mo‘ylovlarda, kipriklarda qirov… Sovuqqa chidamli Yo‘lchi ham, egni yupun bo‘lganidan, oyoqlarining jonsizlanganini, gavdasining bujmayganini sezdi. U, go‘yo qish kuni muzni yorib yalang‘och holda suvga tushgan kabi… Ishdan, sovuqdan yorilgan qo‘llari qamchini bazo‘r tutar edi. Lekin, Yo‘lchi bu jihatdan yolg‘iz emas, bozor kuni bo‘lganidan rastalarda odam qalin, aksar odamlarning egnida «nomi kiyim»: telpak o‘rniga churuk sallani quloq aralash o‘ragan, do‘ppi ustidan xotinlar kabi ro‘mol o‘ragan, mahsi-kalish o‘rniga oyoqlariga eski latta bog‘lab yurgan odamlar bilan ko‘chalar, yo‘llar to‘la edi. Yo‘lchi «do‘ppi bozor» dan aravani arang olib o‘tdi: bu yerda zo‘r tiqilinch, ko‘pchiligi xotinlar. Bularning «qishki kiyimini» paranji ham yashira olmas, yuzlaridagi qayg‘u iztirobini, mashaqqatini qalin chachvon ham yashira olmas edi. Do‘ppi tutgan qo‘llarning titrashi, ovozlarning hazinligi, paranjidagi gavdalarning vaziyati igna bilan tirikchilik qiluvchi ayollarning falokatli ahvollarini yorqin tasvirlar edi.

Yo‘lchi «Poyakilik» orqali un bozoriga, «Machit-jome» tomoniga chiqdi. Bu yerda xalta-xulta ko‘targan kosiblar, erkak-urg‘ochi har xil uvada qashshoq liq-liq.. Quv, epchil, dag‘dag‘ali alloplar qo‘llari, og‘izlari, ko‘zlari bilan ishlab, «tosh-tarozudan» urib, beva-bechorani ovlaydilar.

«Machit-jome» bo‘ylab har qadamda gadoy: qalandarlar, tilanchi bolalar, kampirlar…

Yo‘lchi «po‘sht-po‘sht»ni ming marta takrorlab, bozordan chiqdi. Uning muzlagan boshida bir fikr urinadi: «Kim puldor, kim mulkdor, kim savdogar – hammasining bigizi, nayzasi bor. Ular bir-birlariga tiqsalar mayli edi-ya; ammo o‘ylab qarasang, ularning hammasi nayzani, bigizni xalqqa tiqadi. Hammaning nayzasi borib-borib xalqqa, kosibga, dehqonga, mardikorga, xizmatkorga, beva-bechoralarga qadaladi… Ular do‘konlarda po‘stinlarga, movut chakmonlarga o‘ralib o‘tiradilar. Qorinlari to‘q. Bola-chaqalari rohatda, uylarida qazi-qarta qaynaydi. Ko‘zlari ham, yuzlari ham kuladi. Kambag‘al xalq o‘lib-tirilib mehnat qiladi-ku, qorni to‘ymaydi, egni butun bo‘lmaydi. To‘qlar kuladi, ochlar yig‘laydi. Mana har kun yuzlarcha toy gazlama tashiyman. Bitta chopon tiktirishga qudratim yetmaydi, badanim muz – kesiladi!» U o‘ylay-o‘ylay skladga yetganini sezmay qoldi.

Yuk ortib, otni qamchilab, zidlab qaytarkan, Xadraga kelganda u birdan otni to‘xtatdi: apteka devariga qisilgan Shoqosim past, ayanchli ovoz bilan bir nimalar so‘zlab, o‘tkinchilardan sadaqa so‘raydi! Uning devorga yopishib turishi, ko‘zlarini yerdan uzmasligi, qo‘lini cho‘zmasdan, tavoze bilan ko‘ksiga olib turishi – uning bu vaziyatdan qanday azob sezganini, odamgarchiligining yemirilganidan, uyatdan, nomusdan o‘limga rozi ekanini ko‘rsatar edi. U ko‘zini yerga tikkani uchun Yo‘lchini ko‘rmadi. Yo‘lchi esi og‘gan odamday, bir nafas baqrayib qoldi, so‘ng boshida shu fikr uchqunlandi: «Men chaqirsam, battar uyaladi, yerga kiradi, ham uning ko‘ziga qanday qarayman! Yonimda pulim bo‘lsaydi, yordamlashardim. Hech nimam yo‘q! Uh!..» Otni haydadi. Faqat ozgina yurib, yana to‘xtatishga majbur bo‘ldi: «Har nima bo‘lmasin, unga suyanchiq kerak». Otdan tushib bir necha qadam orqaga yurdi va chaqirdi: «Shoqosim aka!» Shoqosim boshini ko‘tarib, atrofga alangladi. Ikkinchi chaqirishda Yo‘lchini ko‘rib, egilgan holda, chorig‘ini sudrab keldi.

– Ahvol qalay? —uning tilanganini sezmagan bo‘lib so‘radi Yo‘lchi.

– Yashirmayman, ukam. Sen ham bilmaslikka solma. Ahvol mana shu– Shoqosim qo‘lida qisgani bir necha qora chaqani ko‘rsatdi. Ko‘zlariga jiq-jiq yosh to‘ldi, nafasini tuta olmay, entikib yana davom etdi:– Nima qilay? Qish, sovuq… Ammo ikki kundan beri… yolg‘iz ikki kun. Osmon uzoq, yer qattiq…

– O‘roz sizni bir qo‘ychi boyga yollatgandi-ku.– Sobiq hamqurning foje ahvoliga boqishga botina olmay, boshqa tomonga qarab dedi Yo‘lchi.

– Uning kuygurda ikki oy qadar ishladim. Keyin haydadi. Boshimga qancha tuhmatlar ortdi yana. Bunday odamlarni yer yutmaganiga hayronman…

– Undaylarni yutishdan yer hazar qiladi shekilli, xafa bo‘lmang, lekin tilanchilik, to‘g‘risini aytsam, yomon narsa, ishlang. Qanday bo‘lmasin, mayli… ha, o‘g‘il qayerda?

– Bir befarzandga bolalikka berdim. qayerda bo‘lsa eson bo‘lsin.

– Ishlang.

– Ish qani? Kun yilt etsa mardikarlikka tushaman. Gadoylikdan o‘lim yaxshi, ming marta yaxshi, – yig‘lab dedi Shoqosim.

– Bahorni kutmang. Qor kurang, samovarchilarga suv tashiig. Erta-indin o‘zim kelaman, qayerda bo‘lasiz?

– Anov choyxonadan topasan. Ket endi, yumushingdan qolma, sen ham birovga qaram odamsan.– Yo‘lchiga minnatdorlik bilan termilib, orqaga qayrildi Shoqosim.

Yo‘lchining ko‘z oldi qoraydi, ruhan chuqur ezildi, g‘ayri shuuriy ravishda otni haydab ketarkan, bir nima «qars» etib, ot bir tomonga keskin burilib to‘xtadi. Birov baqirdi: «Ko‘zing bormi, qanday aravakashsan!..» Yo‘lchi birdan seskandi, aravaning gupchagini boshqa arava gupchagiga qattiq urib olganini payqadi.

Uch kundan so‘ng Shoqosim tilanchilikdan qutildi. Yo‘lchi uni bir juvozkash mayda boyga xizmatkorlikka – uning juvozini haydovchi sifatida o‘rnashtirdi. Bu juvozkashdan Yo‘lchi o‘z xo‘jayinining sigir-buzoqlari uchun ba’zi vaqt kunjara olib, u bilan tanish bo‘lgan edi. U sodda, kamtarin odam ko‘rinar edi. U tekin xizmatkor qidirar edi. Shuning uchun Yo‘lchining iltimosiga darrov ko‘nib, shart bo‘yicha, Shoqosimga ovqat, yotish uchun juvozxona oldidan bir hujra berdi. Agar Shoqosim ish bilan o‘zini yoqtirsa xo‘jayin o‘z bilgicha «choy chaqa» ham berib turadi. Shoqosim bu narsani bir muruvvat kabi, sevina-sevina qabul qildi.

III

Oqshom edi. Yo‘lchi Mirzakarimboyning darvozasi oldida tanho o‘tirar edi. Tor ko‘chada hech kim yo‘q. Ko‘cha tutash balchiq bo‘lganidan bolalarning o‘yini tugul, yurishga ham imkon yo‘q edi. O‘tkinchilar devorga yopishib, ehtiyot bilan qadam tashlab yurishadi. Ko‘chaning ikki tomonida bo‘g‘ot tomli, qing‘ir-qiyshiq xarob uylar, yarmi qulagan devorlar oqshom qorong‘isida dardli manzara yasaydi, safolatdan, yo‘qchilikdan qo‘rqinch sukutga cho‘kadi, qorong‘ida asta-asta erib yo‘qoladi. Qaydadir, bo‘g‘otdan suv tomchilaydi: tik-tik.

Boyning darvozasidan yigirma odim naridagi eski, kichkina eshik kishining g‘ashini keltiruvchi tovush chiqarib ochildi. Sigirni yetaklagan qiz, Yo‘lchining yonidan o‘tib, boyning darvozasiga kirarkan, paranjisi uning tizzasiga tegib ketdi. Bu qiz – Gulnor edi. Sigirni u va onasi boqadi. Lekin boyning xotini Lutfinisoning nazorati ostida sog‘iladi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8
  • 2 Оценок: 4

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации