Электронная библиотека » Oybek Muso Toshmuhammad o‘g‘li » » онлайн чтение - страница 7

Текст книги "Қутлуғ қон"


  • Текст добавлен: 11 сентября 2023, 17:20


Автор книги: Oybek Muso Toshmuhammad o‘g‘li


Жанр: Классическая проза, Классика


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 7 (всего у книги 24 страниц) [доступный отрывок для чтения: 8 страниц]

Шрифт:
- 100% +

Mana qarshi ko‘chadan to‘q qizil shohi paranjida Nuri shoshib-pishib chiqdi, atrofga qarab, hech kimni ko‘rmagandan so‘ng, chachvonni ochmasdan, Ylchiga yaqinlashdi.

– Yulchiboy aka, qayerda jim bo‘lib ketdingiz, dalada hali ham ish bormi?

– Ishdan qo‘l bo‘shaydimi. Ixtiyor menda emaski,istaganimcha kezsam…– dedi ohista Yo‘lchi.

– Kutilmagan vaqtda to‘yim bo‘lib qoldi… Haytovur to‘yimga yetib kelibsiz, eshitib juda sevindim…—Jaranglatib kuldi-da, yana atrofga qarab qo‘ydi Nuri.

– Chiqing aravaga! – dedi xomush bo‘lib Yo‘lchi.

– To‘xtang, boshlab boradigan xotin chiqsin.

Nuri izvoshga o‘tirda va shikoyatlandi:

– Aksiga, qor yoqqanini qarang. Shu vaqtda domlaga borish nimasi! Har balo oyimdan chiqadi. Irim-chirim bo‘lsa bas… Uyda issiqqina o‘tirgandim, xudoy ko‘tarsin domlani…

Yo‘lchi uch-to‘rt minut ilgarigi o‘ylari, xayollari, tashvishlanishlarni eslab, o‘zini tuta olmadi, birdan xaxolab kulib yubordi.

– Nimaga kulasiz? —Nuri shubhalanib so‘radi. Yo‘lchi bir zum nima javob berishni bilmay qolda, so‘ng dedi:

– Qo‘yavering. Dunyoda nima ko‘p—kulgi ko‘p. Bir qiziq narsa esimga tushdi, opa.

Nuri boshqacha tushundi.

– Ha, bilaman. Endi doim eslab-eslab kulaverasiz, mayli.

– Yo‘q. Unday o‘ylamang.

Churuk paranji yopingan bir xotin uzoqdan shang‘illab kelaverdi:

– Qor ham qursin, kavushim ham qursin. Nurioy, xurmachaning tagini xo‘p yalagan ekansiz-da.

– Yo‘q, Xayri xola, sira yalamasdim.

– Izvoshlaring shunaqa yumshoqmi-a? Naq baxmal to‘shakday, jonning huzuri-ya, – o‘tirgan zamon shang‘illadi xotin.

Yo‘lchi «Xadra»dan, «Oxun guzar»dan o‘tib, xotinning ko‘rsatishicha, torroq ko‘chaga kirdi, bir xaroba uyning shalaq eshigi oldida otni to‘xtatdi.

Tomlarda, daraxtlarda qor ancha qalinlashgan. Yana shiddat bilan yog‘ishda davom etadi. Ko‘chada bolalar ko‘p. Aksarining ust-boshi yupun, mahsilarining yirtiqlaridan kir paytavalari osilib turadi, kimlarda poxol tiqilgan eski kalish, kimlarda jag‘i yirtiq kavush, lekin ular shod. Birinchi qor atrof manzarasini o‘zgartib, ularga yangi o‘yinlar keltirgan. Qiy-chuv, so‘kish, baqirish, xoxolash ko‘kni tutadi. Ular ikkiga bo‘linib «qorbo‘ron» o‘ynaydilar. Qordan kichkina yumaloq yasab, dumalata-dumalata, o‘z bo‘ylaridan baland, katta kurra yasaganlar. U juda og‘irlashgan. Besh-oltita bo‘lishib arang qo‘zg‘atadilar. Barmoqlari achishadi, dam-badam og‘izlariga, qo‘ltiqlariga tiqadilar, puflaydilar…

Yo‘lchini bir nafas tinchsizlangan haligi xayollardan endi iz ham yo‘q. Unga endi hamma narsa ravshan, yaqin-dagina, seni yaxshi ko‘raman, deb uning bo‘yniga osilgan qiz, bu kun uning oldida taqdirga tan berganligi haqida bir og‘iz uzr aytish emas, yo butunlay sukut qilish emas, hayosiz bir suratda o‘z quvonchini bildirdi. Yo‘lchi uning har bir so‘zida, ovozida, kulgisida quvonch ham taqdirdan rozilik sezdi. Bu narsa kambag‘al yigitning izzat-nafsiga tekkan edi, albatta. Lekin qizning sevgisiga ilgaridan shubhalangandi, o‘z ko‘nglida ham u qizning muhabbati yonmagani, Mirzakarimboy xonadonida o‘z vaziyatini yaxshi bilgani uchun, aqlli Yo‘lchi bu hodisaning tabiiy ekaniga chuqurroq ishondi, ko‘nglida bir lahza uchgan behuda, aldamchi xayollardan qutuldi. U hozir bolalarning sho‘x, jonli, qaynoq o‘yinlarini tomosha qiladi. O‘zining kechmish bolaligi, qishlog‘i, o‘rtoqlari yodiga tushadi. U ham yaqinda kichkina, olovday bola edi. U, hamma qishloq bolalari kabi, yoshlikdan mehnatga kirishgan bo‘lsa-da, ammo o‘yinlarga ham vaqt topar edi. Xususan, qish chog‘larida… Faqat bunday tor, siqiq ko‘chada emas, keng maydonda, shovqin-suronli qish o‘yinlari – baland tepadan oynadek sirpanishlar, dumalashlar, chanalarda uchishlar…

Kaftda siqila-siqila qattiqlashgan, tuxumday qor «yovga» tegmay, adashib, Yo‘lchining boshini yalab, do‘ppisini qiyshaytirib o‘tadi. Bolalar kulishadi. Yo‘lchi ham samimiy kuladi. Uning ko‘ngli ochiq, sodda yigit ekanini bilib bolalar birin-sirin yaqinlasha boshlaydilar. Hammasining ko‘zi otda va izvoshchida, ularning ko‘zlarida yongan orzu: izvoshga o‘tirsalar, otni qattiq choptirib, «po‘sht-po‘sht!» bilan shaharni aylanib chiqsalar, hammani hayron qoldirsalar… Ba’zilari otga tegajaklik qiladilar, ba’zilari aravani ushlab, silab qo‘yadilar, – nimadan yasalgan?

– Necha pulga olgansiz? – so‘radi qora, sho‘x bola.

– Egasidan so‘ra, men qaydan bilay, – kulib javob beradi Yo‘lchi.

– Izvosh o‘ziniki bo‘lsa, shunaqa kiyim kiymasdi, – bolalarcha haqgo‘ylik bilan tushuntirdi ikkinchi bola.

– Shu yerdan, naq shu yerdan Shayxantovurgacha qanchada borasiz? – biri jiddiy so‘raydi.

– Ko‘z ochib-yumguncha.

– A, bizani boqqachi? – hovliqib so‘raydi boshqasi.

– Bog‘ingizning qatta ekanini bu kishi biladimi? – deb birdan xaxolashadi bolalar. Yo‘lchi ham butun azamat gavdasini silkib kuladi.

Churuk paranjili xotin, ovozini barala qo‘yib, qorni, kavushini qarg‘ab, Nuri bilan birga domlanikidan chiqdi. Nuri o‘tirmasdan ilgari, qo‘sha-qo‘sha oltin bilaguzuk taqqan bilaklarini chiqarib, paranjini tuzatdi. Xotin valdiradi:

– Nurioy, oyingizdap to‘rt gazgina chit olib berasiz, albatta. Lozim qilib kiyaman, unutmang. Xudoyo kuyov bola bilan qo‘shaqaring!

– Xo‘p dedim-ku, ming marta gapirasizmi? – dedi siltab Nuri.

– Shu ukamga ham xudo yaxshi qiz ato qilsin! – yana valdiradi xotin.

– To‘ylarida man ham xizmat qilay…– kulib dedi Nuri.

Yo‘lchi bu so‘zlarni eshitmaganday bo‘ldi. Ayollar o‘tirishgach, uzun qamchini havoga ko‘tardi: «chuh!»

Qor aralash shamol uning yuziga keskin urdi. Quloqlarida orqada qolgan bolalarning ovozlari yangradi:

Yomg‘ir yog‘aloq,

Echki tug‘aloq.

Boyning qizining

Qorni yumaloq…

Yo‘lchi qaytab, zax uyga – xizmatkorxonaga kirdi. Uyning devorlaridan nam, mog‘or hidi va sovuq esadi. U qish chog‘i boshpanasiz qolib, iliq joyni qidirgan sho‘rliklar singari bir burchakka tiqildi. Qor va shamol kuchaya borda. Tashqarida qishni va qorni sog‘ingan qarg‘alarning qag‘illashlari…

Nuriniso esa ichkari hovlidagi to‘rt uydan biriga – onasining uyiga kirdi. Chunki bu uy xoli edi. Boshqa uylarda qarindosh-urug‘lar va nikohni poylab yotgan to‘yparast, daydi, turli xotinlar bor edi. Qiz domlaning «o‘tkir nafasi» tekkan bir siqim choyni, ro‘molchaga tugilgan qandni, go‘shangada kiyilajak yurqa oq ko‘ylakni (bunga ham domlaning «nafasi» tekkan!) va bir parcha qog‘ozning yuziga qora, quyuq siyoh bilan o‘ng-teskari, qandaydir, xarflar yozilgan va ikki tomonning ko‘ngliga «o‘lmas muhabbat» soluvchi «ezibichki»ni birga qo‘shib, ro‘molchaga tugib, ertaga unutmaslik uchun, belgili joyga qo‘ydi. So‘ngra, nima bilan shug‘ullanishni bilmay, uy ichida aylandi. To‘y munosabati bilan o‘ziga atab yasalgan to‘qqiz duxoba va to‘qqiz har xil shohi ko‘rpani tomosha qildi. Ular yerdan shipga yetarli qilib taxlangan… Bir tomondan qor tepaday uyulgan oppoq par yostiqlar.... Kuyovnikidan kelgan sarpolar kecha xotinlar orasida ochilib, mo‘lligi, rang-barangligi, toza, asilligi bilan hamma xotinlarning ko‘zlarini qamashtirgandan so‘ng, uning ko‘zidan ham alohida kechirilgan edi. Buncha sarpo kelishini Nuri esga olganmidi? U sarpolarning ovozasi, kecha ko‘rib ketgan xotinlar orqali, endi butun Toshkentga bo‘lmasa ham, har holda shaharning yarmiga tarqalgan!.. U, mollarning hammasi sandiqlarga joylangani uchun ham, unday buyumlardan o‘zida ham o‘sha miqdordan ko‘proq bo‘lgani uchun qayta ko‘rishni istamadi. Faqat ingichka, uzun zanjirli, kichkina, lekin g‘oyat chiroyli, mo‘‘jaz qopqog‘ida brilliantlar yongan oltin soatni olib, tomosha qildi. Chunki quti har nav oltin-kumush bezaklarni ko‘rgan bo‘lsa-da, shu vaqtgacha soatsiz edi. Soat olish o‘zining ham, onasining ham esiga aslo kelmagandi.

Nuri oltin zanjirni bo‘yniga osdi, soat ko‘kragidai pastroqda yulduzdek yarqiradi. Qulog‘iga tutdi: «chiq, chiq». Lekin savodsizga kitob hech nima demaganday, soat unga hech nima ko‘rsatmadi. Kecha borganda o‘rganib olishga qasd qilgan bo‘lsa ham, keyin bu fikrdan kechgan edi: «Ko‘rkam bezatilgan uyda kuyov-kelin o‘ynashib-kulishib o‘tirganimizda, o‘zi o‘rgatib qo‘yadi!..»

Xayollarga, umidlarga ko‘kragi to‘lgan Nuri, oshiqqani, itilgani baxt bilan o‘zi orasini ayirgan bir kunni qanday kechirishni bilmasa-da, onasi, kelinoyilari va boshqa qarindosh xotinlar orasiga kirsa, qabul etilgan tashqi odob va nazokatga muvofiq darrov boshqacha bir tus olishga tirishar edi: go‘yo to‘yning umumiy nash’asiga qo‘shilmaganday ko‘rinadi, yuzida qayg‘ulanish, ota yurtidan ketayotgani uchun o‘ksinish hislarini beradi, ko‘zlarini xasta noziklik bilan suzadi. Ba’zan bu rolni juda qiyinlik bilan bajaradi, keyin yolg‘iz qolganda o‘zi qotib-qotib kulada. Lekin kelinoyilari va yaqindan taniydigan xotinlar bu holni hiyla va shaytonlik ekanini yaxshi anglasalar ham, hovliqma, laqma-engil Lutfiniso bunga chindan ishonar, astoydil xafalanar, kim ko‘rinsa shunga ko‘z yoshi qilar edi.

Eshikni ohista ochib, tanchaga solish uchun qo‘lida bir xokandoz to‘la laqqa cho‘g‘ bilan yosh qiz kirdi. Bu – Yormatning qizi Gulnor edi. Nafis, nozik, ma’sum bir qiz… Bo‘yi yoshiga qaraganda balandroq, lekin butun gavdaga mutanosib. Bolalarcha kulimsiragan va yuqoridan pastga tobo mayin ingichkalashgan oq, tiniq yuzi, qalam bilan chizilgandek ingicha, ma’nodor qoshlari, uzun, quyuq kipriklar orasida yongan yirik qora ko‘zlari bor edi. Bu ko‘zlarda tuyg‘unlik, olijanoblik, ko‘ngilning bahoriy tozaligi, iliqligi va qandaydir, parmshon xayolchanlik jilvalanar edi. Ammo, Gulnorning kiyimi cho‘ri qizlarniki kabi edi: boshida eski, to‘zigan qizil shol ro‘mol, egnida paxtasi yupqa solingan yoki, yuvila-yuvila yupqalashgan kaltagina qora lipis kamzul, etaklari g‘ijimlangan, rangi aynigan chit ko‘ylak. Mo‘‘jaz oyoqlarida mahsi ham yo‘q…

– Nura opa, zerikmadingizmi? – deda tanchaga o‘tni ag‘darib Gulnor.

– Yurak-bag‘rim qon bo‘lib ketdi, – qovog‘ini solib bobilladi Nuri, – ertadan beri yolg‘iz o‘tiribman. Sen o‘lgur bu uyga bir marta ham boshingni tiqmading. Choy ichmadim, ichimga tuz ham kirmadi.

– Allaqayoqqa borib, hozir keldingiz-ku. Nega yashirasiz? – dedi kulib Gulnor.

– Hamma narsaga razm solib, kavlab yurasan-a, pismiq! – jerkib tashladi Nuri.– Tez bo‘l, yuz-qo‘limni yuvishga issiq suv ber!

– Suv tayyor, hozir beraman, – qo‘rqmay, lekin itoat bilan gapirdi Gulnor.– Nima qilay, Nuri opa, tong qorong‘isidan beri menda tinim yo‘q. Ikki uy to‘la xotin, beto‘xtov choy ichishadi. Yana ovqat tashiyman, bolalarga qarayman. Tashqari hovlini yig‘ishtirdim, katta oyim buyurgandilar…

– Tashqarida dadam bormi?

– Yo‘q. Xizmatkorxonada Yo‘lchiboy aka bor ekan, – dedi tabassum bilan Gulnor. – Men bilmabman, bir vaqt ko‘zim tushib qolib, yugura qochdim, eshikka urilib boshimni yoray dedim.

– Jo‘rttaga ko‘ringansan, yosh bo‘lsang ham balosan…– teskari qarab, labini burishtirdi Nuri.

Gulnor aytganiga pushaymon qildi, xatosini to‘g‘rilash uchun so‘zlamoqqa majbur bo‘ldi:

– O‘la qolay, opajon, nahotki men jo‘rttaga ko‘rinsam… Shoshmang, boshidan-oyoq gapirmasam, ishonmaysiz…– Gulnor tanchaga suyalib cho‘qqaydi va so‘zini davom ettirdi:—Tashqari hovlida hamma uylarni yig‘ishtirdim, ko‘rpachalarni hovliga olib chiqib qoqdim. Bu yoqqa tashib ovora bo‘lmayin deb, idish-tovoqlarni tashqari hovlida yuvdim, artdim. Bir vaqt, munday qarasam, xizmatkorxona derazasidan Yo‘lchi akaga ko‘zim tushdi. Yugura turib, eshikka qarab qochdim. Mana shu. Jo‘rttaga! Nega jo‘rttaga?

– Ilgari ko‘rganmiding? – sinamoqchi bo‘lib so‘radi Nuri.

– Uzoqdan bir martami, ikki martami ko‘rib qolgandim.

– Senga yoqadimi?

– Qo‘ying shunday gaplarni! – Gulnor qizarib, tezgina uydan chiqdi.

Nuri yolg‘iz qolarkan, yozning issiq chog‘ida ishkomda kechirgan bir necha minut va kuzning oydin kechasidagi qo‘rquvli, lekin uning uchun eng totli damlar yodidan o‘tdi. U chog‘larning lazzatini shunda yana bir qayta tatigandek, lablari titradi, yuragi urdi. Ammo bir ozdan so‘ng butun vujudini birdan vahima bosdi: qanday qilib u o‘zini saqlab qoldi? U ishq o‘yiniga butunlay berilmoqchi ekan, otashin orzularning sehri bilan u ko‘r ekan, kimning nomusi, kimning aqli, kimning sabri, og‘irligi uni sharmandalikdan qutqarib qoldi? Agar yigit ham yengillik va sho‘xlikka berilsa edi, bu to‘y bo‘larmidi? Yo‘q! U yo o‘z-o‘zini o‘ldirardi, yo xizmatkor yigit bilan bir yurtga qochib, kambag‘allikda, non gadoyi bo‘lib yashardi. Butun umrga ota-onasidan, akalaridan voz kechardi… Nuri uzoq o‘ylagandan keyin, sevinib entikdi va o‘z ichida shunday dedi: «Man ko‘r ekanman, kambag‘al bo‘lsa ham ko‘zi ochiq, nomusli yigit ekan. Uning bitta qusuri – kambag‘alligi. Koshkiydi u boyvachcha bo‘lsa…»

* * *

Nikoh to‘yi favqulodda suronli va tantanali bo‘ldi. Namozasrga yaqin kuyov katta olomon bilan keldi. To‘rt karnay, olti surnayning shovqini ko‘kni tutdi. Dongga o‘ch boyvachcha kuyovlar nikohga, odatda, qo‘sh karnay, qo‘sh surnay bilan kelishardi. Qishning izg‘irinli kuniga qaramay, hamma tomlar boshlariga paranji yo choponni nari-beri yopgan xotinlar, qizlar bilan to‘ldi. Hatto erta-kech tanchaning bir tomonini band etishdan o‘zga ishga yaramagan zabun kampirlar ham past, qing‘ir-qiyshiq devorlarga tirmashib bo‘lsa-da, bu «xon taqlid to‘yni» tomosha qilishdan o‘zlarini tiya olmadilar…

Qadimning qoidasiga muvofiq, har ikki tomonning shumtaka bolalari ko‘chada bir-birlarini qorga dumalatib, bir nafas mushtlashib oldilar. Mahallalarining «izzat-nafsi» va «or-nomusi» uchun shunday paytlarda o‘zlarini sher hisoblaydigan, har noma’qulchilikka ko‘rlarcha otiladigan ba’zi yigitlar mushtlariga tupurib bir-birlariga ko‘z olaytirarkan, keksalar payqab qolishdi-da, otalarcha koyish bilan bosdi-bosdi qilib qo‘yishdi.

Kuyov, ahli rasta olifta boyvachchalar orasida odatga muvofiq o‘zini yashirib, dang‘illama darvoza tomon yurdi. Boyning katta hovlisida, mutlaq sukunat ichida, qari imom nikoh o‘qidi. Kuyov boshidan mo‘l-mo‘l sochiqlar sochildi. Keyin kuyov tomon ajoyib so‘zanalar, qimmatbaho buyumlar bilan bezatilgan xonalarga taklif etildi.

Ziyofat, odatdagicha, tez tugadi. Kuyov uzun va keng zarbof to‘n kiyib, katta sallasiga ko‘rkam oltin jig‘a qo‘ndirib havoni titratgan karnaylar, surnaylar sadosi bilan o‘zinikiga ketdi. Ichkarini yana ayollar to‘ldirdi. Lutfiniso iiqillab, harsillab qizini olib jo‘nashga kirishdn. Nuri alohida xonada o‘z o‘rtoqlari – obro‘li oilalarning qizlari bilan o‘ltirar edi. Uning egnida qadimona tikilgan keng, uzun oq shohi kuylak (qutli kunda «burma ko‘ylak» kiyishni onasi man etgan), boshida baytlar yozilgan katta «sanama» ro‘mol, oyoqlarida ipakday mayin guldor mahsi, quvonchi ko‘ksiga sig‘masa-da, nazokat va odob yuzasidan o‘zini xomush, hazin tutishga tirishar edi. Ba’zi qizlar nikoh vaqtida uning shoshganligidan kulishar ekan, u o‘zini soddadillikka solib der edi:

– Qaydan bilay, yana domla pochchamning jahllari chiqmasin, deb ikkinchi so‘roqdayoq javob berib qo‘ya qoldim-da. O‘zlariyam juda salmoqlanib so‘zlar ekanlar…

Lutfiniso dam o‘tmasdan kelib, yomon ko‘zdan saqlasin uchun, isiriq tutattirar, goh qizini quchib yig‘lar, goh kulib, qizlarni o‘yinga, sho‘xlikka undar edi.

Nuri pochapo‘stinni kiyib, vazmin, zarbof paranjini yopinib, hovliga chiqqanda, katta hovli xotinlar bilan qaynar edi. Mirzakarimboy hayajonli, titroq tovush bilan qiziga fotiha berib, soqolini siladi. Nurini ayollar o‘rtaga olib, boshlariga katta qimmatbaho palak tutdilar. Yallachilar chirmandalarni urdilar, yuzlarcha xotinlarning «yor-yor» qo‘shig‘i yangradi. Shu qiy-chuv ichida Mirzakarimboy bilan xotini o‘rtasida bir oz achchiq-tiziq gap o‘tdi: Lutfiniso qizi bilan qo‘sh kelinini izvoshda yuborishni so‘radi.– «Axir, kimsan, falonchining qizi-ya!»

– El qatori aravada keta bersin! – dedi uzil-kesil boy.

– Voy, Alixo‘ja boylardan nimamiz kam? Qizini qo‘sh arg‘umoqli izvoshda yubordi. Qo‘qon aravaning do‘qiri qursin! – vaysadi Lutfiniso.

– Bas! – qichqirdi Mirzakarimboy, – manmanlik – xudo urganlik. Eski taomildan qolma. Yana zamon nozik. Xalq meni gap-so‘z qiladi. Boylar quturib ketdi, deydi. Sen buni tushunasanmi, noqisulaql!

Xotinlar qiy-chuv bilan yetti aravaga joylashdi. Kambag‘al urug‘-aymoq, qo‘ni-qo‘shnilar, to‘yda, azada semiradigan yurimsak ayollar qorong‘ida turtinib piyoda jo‘nashdi. Qizi, kelinlari bilan Lutfiniso o‘ltirgan oldindagi soyabonli aravani Yo‘lchi mindi. Tosh ko‘chaga chiqqanda, hangamani sevadigan Yormat o‘zishga tirishib, otini qamchiladi. «Arava poyga»ning gumburi, aravakashlarning qiyqirig‘i, ayollarning «yor-yori» bilan to‘y karvoni borarkan, qandaydir bolalar, o‘spirinlar yugurib chiqib, yo‘lga arqon soldilar. Yo‘lchi pishqirgan otini to‘xtatib qichqirdi:

– Katta oyi, qani, yigitchalarni xursand qiling.

– Xolajon, kattaroq cho‘zmasangiz, sira yo‘l bermaymiz! – qichqirishdi yo‘l to‘suvchilar.

Lutfiniso bo‘g‘chadan ikki do‘ppi olib, besh so‘m pul bilan uzatdi. Yo‘l to‘suvchilar quvonib baqirishdi.

– To‘y ustiga to‘y ko‘ring, xola!

Nariroqda choyxonadan yigitlar yugurib chiqib, belbog‘laridan nari-beri arqon yasab, yo‘lni kesdilar. Shovqin-suron yana kuchaydi. Orqada Yormat g‘azab bilan baqirdi Yo‘lchiga:

– Bu qanday maynabozlik! Bosib-yanchib o‘tavermaysanmi!

– To‘yning qizig‘i shunda-da, – jahl bilan qichqirdi Yo‘lchi.

– Himmatni baland qiling, ona! – Shovqin ko‘tarishdi yigitlar. Lutfiniso iyib, ikki do‘ppi va o‘n so‘m pul uzatdi.

Kuyovning mahallasida ham bolalar ikki yerda yo‘l tutishga tirishdilar, lekin eplay olmadilar. Aravakashlar xotinlarni yerga tushirib, Nuriga atoqlik mollar va har nav jihozlarni tashishga jo‘nadilar.

Kuyovning hovlisi o‘rtasida katta gulxan yonardi. Qiz tomon gulxan oldida to‘xtadi. Qiy-chuv, chag‘ir-chug‘ur quloqni kar qiladi. Qizdirilgan chirmandalar havoni yangratadi. Toshkentning dong chiqargan yallachilari sho‘x, jonli qo‘shiq – «Olma-anoringga balli. Bog‘-bo‘stoningga balli»ni kuylab, gulxan tevaragida raqs etadilar. Nuri palak ostida, yosh ayollar bilan qurshalgan holda turar, qo‘shiqlarni zavq bilan tinglar, ba’zan yallachilarga yashirincha. mo‘ralab qo‘yar edi. Biroq, bu mahallaning shumtaka erkak bolalari «kelin chimchilash» degan eski odatga juda rioya qilishar ekan. Bir qarich tirranchalar xotinlar orasiga sekingina suquladilar-da, kelinni chimchilab qochadilar, Nuri g‘ayri ixtiyoriy «ix» yoki «himm» deb tishini tishiga bosadi. Uning baxtiga, bolalar ko‘pincha yanglishadilar. Kelin deb boshqa ayollarni chimchilaydilar. Ular chimchilovchilarni qarg‘aydilar. Ushlab olsalar, uradilar…

Hovlida hangama tugagach, yarim kechaga yaqin Nurini bir to‘da xotinlar palak ostida, kattagina xonaga kiritdilar. Qiz tomon, odatga muvofiq, xonaning poygagini band etdi. Kuyov tomon ayollari esa uyning to‘rida, chimildiq-chodir yonida g‘uj turishdi. Yalpi shovqin bilan «tortishmachoq» boshlandi: qiz tomonda gubchakdek yum-yumaloq xotin belini belbog‘ bilan mahkam bog‘lab, o‘rtaga tushdi. Kuyov tomonda oriq, daroz, chayir bir xotin bel bog‘ladi. O‘zgalar – yosh-qari hammasi shu ikki ayolning belbog‘iga, etaklariga yopishdi. «Tortishmachoq» polvonlari yeng shimarib, bir-birlariga panja solarkan, o‘zga ayollar umumiy, kuchli «ha-huv» bilan tortishga kirishdilar. Nogahon qo‘llar uzilganda, tortishuvchilar orqaga tashlanib, bir-birlarining ustlariga yumalanadilar. Suron zo‘rayadi, yana turib hansirab tortishuvni davom ettiradilar. Kuch sinovda har ikki tomon astoydil kurashdi. Nihoyat, qiz tomon bo‘sh kelmasa ham, umuman erkakning hurmati va uning ayoldan ustunligini tasdiqlash uchun picha yon berdi: kuyov tomon bir necha qadam surgandek bo‘ldi. Keyin qariyb butun xonani qoplovchi palakni ayollar boshlari uzra baland ko‘tardilar. Oppoq chimildiq ichidan uzun zarbof to‘nni yopinib, kuyov chiqdi. Iyagida uch-to‘rt tola soqol ko‘zga tashlangan, baland bo‘yli, baquvvat, erkaksimon dallol kampir uni yetaklab palak ostidan qizga keltirdi. Kuyov Nurining o‘ng qo‘lini ushladi, keyin quchoqlab yerdan uzdi va qoqila-suqula chimildiq tomon ko‘tarib ketdi-da, duxoba to‘shakka sekingina o‘tqazdi, o‘zi ham shunda chordona qurdi. Nuri katta oq ro‘molini yuziga tushirib, boshini quyi solgan holda, noz qilgandek, sal burilib o‘tirdi. Uning quloqlari shang‘illar, ko‘ksini hislar to‘lqinlatar, yuragi qattiq urardi. Kuyov kimdandir ishorat kutgan, yoki uyalgan kabi, bir necha vaqt jim qoldi. Nuri, go‘yo o‘zi-o‘ziga degandek, sekingina dedi: «Juda isib ketdim». Kuyov bir qo‘li bilan uning belidan quchib, ikkinchi qo‘li bilan ro‘molini ko‘tardi-da, shivirladi: – Jonim, menga qarang. Xursandmisiz? Nuri ko‘zlarini suzib, nozli tabassum bilan unga yuzini o‘girdi. Cho‘vak yuzli, siyrak, sarg‘ish mo‘ylovli, irjaygan quvgina yigitga bir oz tikildi-da, boshini asta quyi soldi va ichida xo‘rsindi.

Xona ichida shovqin pasaydi. Charchagan ayollar uyni to‘ldirib, zich o‘ltirishdi. Urf-odat va an’ana, go‘yo jadvalga yozilgandek ma’lum tartib bilan davom etdi. «Soch silash», «Oynaga boqish», «Tug‘di-tug‘di» va hokazo qariyb tongga qadar ermak bo‘ldi.

Qiy-chuv bilan o‘tgan nahorlikdan so‘ng hovlida yana bazm boshlandi. Yallachilar davrani keng olib, uzoq o‘ynadilar. Puldor xotinlar bir-birlaridan qolmaslikka tirishib, pul o‘girdilar. Yallachilarning kuyi tashqaridagi erkaklarni – kuyovning o‘rtoqlarini toqatsizlantirdi. Ular eshik tirqishlaridan mo‘ralaydilar va qiya ochib, boshlarini suqadilar. Ba’zi shilqim boyvachchalar qo‘llaridagi shaldiroq qog‘oz aqchalarni havoda silkadilar. Lablarini yalab, raqqosalarni imlaydilar. Kampirlar yaqin borib qarg‘ashadi, quvlashadi.

O‘yindan keyin kechagi soqolli kampir kelinni «salomga» olib chiqdi. Nuri quyoshda kumushday yaltirovchi banoras paranjida; yuzi qat-qat shoyi ro‘mollar bilan yopiq, xonaning ostonasi yonida sal egilib turadi. Hamma xonalar va ayvonlardan xotinlar hovli sahniga to‘kildi. Soqolli kampir bir qo‘lini Nurining boshiga yengil qo‘yib, baland qalin tovush bilan, xuddi kuylagandek, so‘zlarni ohangdor cho‘zib qichqirdi: «Assalom, assalom. Muhammad Mustafoga salom. Bibi Fotimamga salom, choryorlarga salom, aziz-avliyolarga salom. Qaynana-qaynatalarga salom. Og‘a-inilarga salom…». Chol kaynata xasta bo‘lganidan, kuyovning akasi tashqaridan kirdi. U yerga qarab, ildam yurdi. Erkakka yaqin qarindosh bo‘lmagan hamma xotinlar teskari qarab, ro‘mollari, qo‘llari bilan yuzlarini yashirdilar. Erkak yap-yangi, uzun qog‘oz aqchani kelinning boshiga qo‘ydi-da, tashqariga ildam chiqib ketdi. Soqolli kampir pulni hayajon bilan kissasiga urdi-da, Nurining yuzini ochdi. Kelinning yuzlik ro‘mollari xotinlar o‘rtasida talash bo‘ldi – «tabarruk». Nurining boshidan qaynanasi sochiqlar sochdi. Bolalar, kattalar chuvvos bilan ur-yiqit terishar ekan, horg‘in, beparvo qaragan Nurini kampir yana xona ichiga yetakladi.

Hovli sahniga, ayvonlarga «sep» yoyildi. «Sep»ning boyligi, turi, rang-barangligi hammani hang-mang etdi. Birin-ketin to‘xtovsiz ravishda keltirilgan taomlar, shirinliklardan keyin kechga yaqin Lutfiniso qizi bilan xayrlashdi. Nuri yurak sirini yashirishga qancha urinmasin, ona nimadir payqab, tinchsizlandi

– Nega bunday allanechuksan? – shivirlab so‘rada u.

– Oyijon, hech tashvish tortmang, charchadim, xolos, – javob berdi Nuri kulmoqqa tirishib.

Lutfiniso ba’zi nasihatlarni qizining qulog‘iga shivirladi-da, o‘zi bilan kelgan ko‘p ayollar bilan uyga jo‘nadi. Qudalari ko‘rsatgan e’zoz va e’tibordan mamnun bo‘lsa-da, uning xotiri parishon, ko‘ngli notinch edi.

V

Xarob uyning o‘rtasida qazilgan chuqurchaga o‘tin qalab, chuqurcha tevaragida O‘roz bilan Yo‘lchi og‘izlarini naq tutunga yetkazib to‘mpayib galma-gal puflashardi. Jiqqa ho‘l o‘tin yolg‘iz «pirs-pirs» qilib, achchiq zahar tutun buriqtiradi. Uydagi narsalarni bir-biridan g‘ira-shira ayirishga imkon beruvchi «jinchiroq» ham ko‘rinmaydi, uy ichi qalin tutun.

– Puf-puf…

– Puffa, puf. Uho‘, o‘hho‘! – yo‘talish va puflash. Uyning to‘rida yetim o‘g‘ilchasi Shoazimni o‘z bag‘riga olib, uxlatishga tirishgan Shoqosim xip bo‘g‘ilgan ovoz bilan xirilladi:

– Sovuq jonlaringni oladimi? Tutun bo‘g‘di-ku, eshikni ochinglar!

– Shoshmang, bu dardi harina oz-moz tutaqsin! Puf, puf, Uhu, ah. Tutun jigarimni ham titib yubordi!..

– Bas deyman, kofir qirg‘iz! – Shoqosim bo‘g‘ildi.– U o‘tin yonmaydi, saraton yuzini ko‘rganda ham yonmaydi. Men o‘zim quruq o‘tin topib kelaman.

– Bas, O‘roz, ko‘zimni ko‘r qildi tutun, – Yo‘lchi yum-yum yosh to‘kib, achishgan ko‘zlarini ishqalab, turtina-turtina eshikni topib ochdi.

Bu uy ilgari bedaxona bo‘lganidan, darchasi ham yo‘q, tokchasi ham yo‘q, toqisi ham yo‘q edi. Qop-qora is bosgan shipidan qamishlar osilib yotardi. Qamalgan tutun juda sekin taralmoqda edi. Yo‘lchi nafasini rostlash uchun, eshikka chiqdi. Osmon tiniq, qalin qor bilan qoplangan dalalar ustida yulduzlarning oltin g‘o‘zalari yorqin chaqnaydi. Har vaqtdagidan ko‘rkamroq, tiniqroq ko‘ringan to‘lin oy samoning bir nuqtasida qotgan kabi… Uning nurlarida qishning poyoyasiz oq ko‘rpasi mayda oltin uchqunlatib, hamma yoqni chuqur jimjitlik bilan o‘rab yotardi. Yalang‘och daraxtlar mayda yulduzchalar bilan yongan qora ajib chiroyli ko‘lkalar tashlaydi. Oydinli qish kechasi shunday go‘zal, shunday ulug‘vorki, hatto xizmatkorlarning xarob kulbasi ham, devorlariga kimningdir tomonidan yopilib, yig‘ishtirilmay qolgan tappilar ham, allaqanday bejirim manzara yasaydi.

Yo‘lchi qotgan qorni g‘arch-g‘urch bosib, toza, muz havoni qamrab keza boshladi. Hozir uning ko‘ksi goh og‘rituvchi, goh yupantiruvchi kechinmalar bilan, butun ruhiga singgan totli hasrat bilan to‘la edi. «Kimning qizi ekan?» deb fikran so‘roqlab yurgan u «begona qiz»ni endi taniydi. Lekin hali u go‘zal ham yaqin, ham uzoq!.. Yo‘lchi o‘zi uchun ovunchoq xayollariga berilib, sovuqnida sezmay tanho yurarkan, Shoqosim chikdi, ko‘kka boqib, bo‘g‘iq tovush bilan «yohu!» deb qichqirdi-da, o‘tin keltirish uchun qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Yo‘lchi go‘yo uning ketishini kutib turgan kabi, tezda uyga kirdi. Uyda tutun yo‘qolgan bo‘lsa-da, achchiq hid darrov uning burniga urildi.

– Eshikni ochsang, sovuq guvillayda, yopsang bo‘g‘ilasan, nima qilamiz, O‘roz? – do‘stining yoniga chordona qurib dedi Yo‘lchi.

– Bu yerda itni bog‘lasang turmaydi. Bu og‘il bosib qolmasa, deb qo‘rqaman. Lekin, xo‘jayinlarga baribir. Tom tagida qolib o‘lsak, san bilan maning xunimni ulardan kim da’vo qiladi! —qayg‘uli tovush bilan dedi O‘roz.

– O‘roz, shu kuningga ham shukur qila tur…– do‘stiga yana yaqinroq egilib dedi Yo‘lchi.

– Voy tentak, bundan yomoni bo‘ladimi?

– Shoshma, men sanga bir narsa gapiraman. Kallangga siqqanicha o‘yla, keyin maslahat ber, – Yo‘lchi ovozini pasaytirib so‘zlay boshladi, – bu yerga qaytishimda boy mani chaqirdi; dediki, Shoqosimga ayt, joyini topsin, man uni bo‘shatdim, iloji bo‘lsa, ertaga yuk ustiga mindirib, shaharga olib tushib qo‘y… Nima qilamiz, unga qanday bildiramiz?

O‘roz bir uh tortib, uzoq vaqt sukut etdi, so‘ng dedi:

– Xo‘jayin tog‘ang juda xudoy urgan odam. Uying kuygur, shuncha yil ishlatib, endi ko‘chaga tashlaydimi? Qahraton qish bo‘lsa!..

– Albatta, xo‘jayinniki nohak. Bolasi bilan o‘ralib qoldi, endi ishlay olmaydi, deb o‘ylasa kerak u…

Man shunday fahm qildim, – kuyunib so‘zladi Yo‘lchi.– Qish o‘tguncha sabr qiling, dalada bekor yotgani yo‘q, ish hali ko‘p dedim.

– Pul berar ekanmi? – dedi O‘roz.

– Oramiz ochiq, dedi xo‘jayin. Haqi bo‘lsa, Shoqosim borib da’vo qiladi-da, – dedi Yo‘lchi.

– Ovqat, kiyimni emas, suvni ham hisoblaydi u qiztaloq… Yo‘lchi, san Shoqosimga hech nima dema. Man o‘zim erta-indin yotig‘i bilan tushuntiraman.– Bir nafas o‘ylab, uh tortib davom etdi O‘roz.– Bu odam devdek ishlaydi. Yolg‘iz hozirgi paytda tevarakdan bironta boyga to‘g‘rilab qo‘yish juda qiyin-da.

– Qish o‘chog‘i tor, qo‘p – uyingga bor, deydi keksalar, – dedi Yo‘lchi, – lekin sovuqda ota-bola qayerga boradi? Hammadan bolaga og‘ir. San atrofdagi boy dehqonlardan biriga tirkab qo‘y. Keyin, Shoqosimga bildir, shunday qil, boshqa iloj yo‘q.

– To‘g‘ri, atrofda boylar ko‘p. Lekin ular hozir og‘ir shart qo‘yadi. Ko‘klamgacha yuvindi bilan boqadi, olti oy yoz tekinga ishlatadi. Odamning kuchi eshak kuchidan past bahoga tushadi ularga! – O‘roz isib ketganday, o‘ralgan choponini yelkadan tushirdi va miltiragan «jinchiroqqa» tikilib jim bo‘ldi. Uning ikki qosh o‘rtasi tugunchak – u o‘ylar edi.

Burchakda yotgan bola uyqusirabmi, yo sovuqdan uyg‘onibmi, achinarli tovush bilan «dada!» dedi. Yo‘lchi o‘rnidan irg‘ib turib, bolaning yoniga bordi.

– Uxla, uxla, aylanay polvon boladan! – erkalab bolaning boshini siladi Yo‘lchi.

– To‘ydan shu bolaga atab bir kap shirinlik ham keltirmabsan, – dedi O‘roz.

– To‘yi qursin. Ertaga shahardan holva sotib olib chiqaman bunga, – bolaning yelkasini ona kabi mehr bilan asta-asta qoqib dedi Yo‘lchi.

Sovuqdan qaltirab, bir quchoq o‘tin bilan Shoqosim keldi.

– Yasa gulxanni, qoq quruq o‘tin…

Uch kishi chorcho‘p atrofiga o‘tirib, o‘t qalashdi. Saraton ko‘rgan quruq o‘tin shatirlab yona boshladi, devor va ship ham yongan kabi, shafaqlandi. Gulxanchilarning dala shamoli bilan qovjiragan yuzlariga tiniq qizillik yugurib olovlandi. Hali sovuqdan qisilib-bujmaygan gavdalar endi o‘zini qo‘ydi, yayradi.

– Bir xotin «jon er, jon olov» degan ekan. To‘g‘ri aytgan.

– Qish kuni gulxan kambag‘al uchun ham chopon, ham to‘shak, ham palov.

– Kechqurun dalada olisdan o‘t ko‘rsam, ovulim esimga tushadi, – ma’yuslanib dedi O‘roz.

– Har kimning o‘z elati o‘ziga shirin, – o‘zi-o‘ziga gapirganday dedi Yo‘lchi.

– Qani, qirg‘izim, do‘mbirangni ol, – dedi Shoqosim, olovga qarab sevinib, – o‘laningni cho‘z. Ungacha choy qaynaydi.

O‘roz tepadagi qoziqdan do‘mbirani oldi, dastlab berilmasdan chertdi. Keyin, muzikaning va ko‘ngliga singan kuylarning sehriga berilib, ko‘zlarini chirt yumgan holda, zavq bilan chaldi, kuyladi. Bu kun u ayniqsa hazin, yurakni ezuvchi, ruhning qayg‘ularini, intizorliklarini ko‘zlardan qatra-qatra tomdiruvchi kuylarni kuyladi. Yo‘lchi ham Shoqosim boshlarini yengil tebratib, tingladilar.

Olov chetiga qo‘yilgan qora qumg‘on shaqillab qaynab toshdi. Yo‘lchi ehtiyot bilan qumg‘onni olib, bir chimdim choy soldi. Piyolalarni yuvib-artib quya boshladi.

– Bir hovuch mayiz bo‘lsa, rosa bazm bo‘lardi-da! – Yo‘lchidan piyolani olarkan, o‘z-o‘ziga g‘ung‘illab dedi Shoqosim.

O‘roz do‘mbirani chetga qo‘ydi. Gangir-gungur suhbat bilan choy ichildi. Bu kecha Shoqosim juda xursand edi. Tinmasdan qiziq narsalarni so‘zlaydi. Nasriddin Afandi latifalaridan g‘oyat qiziqlarini ketma-ket aytadi. Qotib-qotib kuladi, Yo‘lchi bilan O‘roz ko‘zlari bilan imlashib, uning ko‘ngli uchun suhbatni qizitishga tirishadilar. Shoqosim, Afandi latifalarini juda ustalik bilan aytgani uchun, yumalab-yumalab kulmaslikka iloj ham yo‘q edi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 | Следующая
  • 2 Оценок: 4

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации