Текст книги "Донишманд устанинг ҳикмати"
Автор книги: Шойим Бутаев
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 1 (всего у книги 2 страниц) [доступный отрывок для чтения: 1 страниц]
Shoyim Bo‘tayev
DONISHMAND USTANING HIKMATI
USTA
Siz o‘qishni boshlagan bu ertak-qissa to‘qilmasdan burun Usta ishini tugatib, asbob-uskunalarini yig‘ishtirib xaltasiga solgan, narvonni yasab bo‘lgan edi. Odamlar bu narvonni bekam-u ko‘st deb hisoblashardi. Ammo o‘z ijodining mahsulidan Ustaning ko‘ngli to‘lmagan edi. Сhunki Usta qandaydir boshqacha, mukammalroq narsa yaratishni orzular edi.
Aslida, narvonni yaratayotganda ham shu xayolda edi…
NARVON
Usta narvonga qalb qo‘rini berdi. Uni roppa-rosa olti quloch qilib yaratdi. O‘sha kuni Usta o‘zi yashayotgan tog‘ yonbag‘ridagi qishloqchaning namxush ko‘chasidan narvonni yelkasida ko‘tarib o‘tdi.
Qishloq chetida, ulkan qoyatoshning ostida Muqaddas Chashma bor edi. Necha yuz yillardan buyon qishloq ahli, o‘tgan-ketganlar bu chashmadan suv ichib chanqovlarini qondirib kelayotganliklari va ekin-tikinlar ham shu suv bilan sug‘orib ko‘kartirilishi, ulardan yaxshigina hosil olinishi sababli chashma muqaddas sanalardi. Odamlarga foydasi tegsa, har bir narsa muqaddaslashib, e’zozlanishi azaldan ma’lum. Xullas, qishlog‘imizning ko‘rki bo‘lib, ko‘rinib tursin deb odamlar chashmaning ustiga naqshinkor ustunlar bilan ayvon ko‘tarishgan, uning tomini oq tunika bilan yopishgan edi. Bu chashmaga ham, uning ustidagi ayvonga ham, ayvon tomiga yopilgan oq tunikaga ham boshqalarning havasi kelib, og‘izlari ochilgancha tomoshalab qolishardi. Nimadir bo‘ldi-yu, tunikalardan birining bir tomoni ko‘tarilib, qiyshayib qoldi. Тomga zarari tegmasa ham ko‘zga xunuk ko‘rinar edi. Shuni tuzatib qo‘ysangizchi, deb odamlar uni Ustaga ko‘rsatishardi. Narvon bo‘lmagani uchun Usta bu ishni paysalga solib kelardi. Narvonni yasab bo‘lgan kuniyoq uni ko‘tarib o‘sha yoqqa yo‘l olgandi.
Usta ko‘tarib ketayotganida narvonning uch qulochi orqada qolgan bo‘lsa, uch qulochi oldinga chiqib turgandi. Ustaning o‘zi o‘rtada borayotgani uchun uzoqdan qaragan odamga u o‘zidan bir necha baravar kattalikdagi xasni ko‘tarib ketayotgan chumoliga o‘xshab ko‘rinardi.
Hali aytganimizdek, uzunligi olti quloch, eni yarim quloch, o‘n ikkita poyasi bo‘lgan bu narvon qoratolning quritilgan shoxidan yasalgani uchun vahimali ko‘ringani bilan pardek yengil edi. Bundan bexabar odamlar Ustaning kuchiga qoyil qolishib:
– O‘zi jikkakkina bo‘lgani bilan Ustaga kuchdan xudo bergan-da, – deya bosh chayqab qo‘yishdi.
Shu gap aytilgan mahalda Usta bir qalqib ketdi.
Ko‘z yomon-da!
Usta yelkasida ko‘tarib ketayotgan narvonni yasayotgan mahalda uning har bir poyasiga o‘zicha nom qo‘yib chiqqandi. Nega bunaqa qilganining sababini uning o‘zidan so‘rashsa ham tuzuk-quruq tushuntirib berolmasdi.
Shunaqa qilib desangiz, narvonning pastki poyasi biroz kengroq joyni egallagani, baquvvatroq hamda uzunroq bo‘lgani bois kattasi shu deb Usta unga Hasan deb nom bergan edi. Hasanni erkalab Тo‘ng‘ichvoy deb ham atadi. Ustaning shunaqa qiziq-qiziq fe’l-atvori bor edi-da. Тepaga chiqqani sayin poyalar oz-ozdan, bilinar-bilinmas qisqarib boraverar edi. Hasandan keyingi poyaga ikkinchi Hasan deb, undan keyingisiga uchinchi Hasan deb, keyingilariga ham to‘rtinchi Hasan, beshinchi Hasan deb navbati bilan Usta nom berib chiqdi.
Shundan so‘ng u tomoq qirib:
– Sizlar kattasizlar, mustahkam turmasalaringiz ukalaringiz sinib ketadi-ya, – deb qo‘ydi.
Usta bu gapni o‘zicha aytgan bo‘lsayam Hasanlar uning ma’nosiga tushunishib, eslarida olib qolishdi.
Eng kichik poya narvonning narigi uchida – tepada turar edi.
Usta unga Husan deb nom berdi.
Pastga tushgani sayin poyalar oz-ozdan, bilinar-bilinmas uzayib boraverar edi.
Husandan pastdagi poyani ikkinchi Husan, undan ham pastdagisini uchinchi Husan, yanayam pastdagilarini to‘rtinchi Husan, beshinchi Husan deb Usta navbati bilan nomlab chiqdi. Ularning orasida eng nimjoni, injiq-erkatoyi Husanning o‘zi edi. Usta uni erkalab Kenjatoy deb ham atadi.
Aytmoqchi, Hasan va Husanlar o‘rtasidagi yana ikkita poyani Usta o‘rtancha Hasan-Husan deb atagan edi. O‘rtancha Hasan-Husanlar bir-birlariga juda-juda o‘xshashar edi. Ularni bir-biridan ba’zan Ustaning o‘zi ham ajratolmay qolardi. Shunda Hasanlar tomondagisining Hasanligini, Husanlar tomondagisining Husan ekanligini bilib olardi.
O‘sha kuni Usta Muqaddas Chashma ustidagi ayvonning tomiga narvonni qo‘yib chiqdi va qiyshayib qolgan oq tunikani to‘g‘rilab, tuzatib qo‘ydi. Narvonning tepadagi poyasi Husan ham tomda edi, u bu ishni xuddi o‘zi bajargandek kerilib, dimog‘i havolandi.
Shunaqa bo‘ldi.
AYIQ ODAM
Ustaning bir qo‘shnisi bor edi. U shunaqayam yalqov ediki, oyning aksini suvda ko‘rsa bosh ko‘tarib osmonga qarashga eringani uchun taniyolmay, bu qanaqa suv jonivori bo‘ldiykin, deb o‘ylanib qolardi.
Uni Ayiq odam deyishardi.
Negaki, uni ayiq desa odamga o‘xshar, odam desa ayiqqa o‘xshardi – juda g‘alati, farqlab olish mushkul edi.
Erta ko‘klamda uning kulbasi tomidan chakka o‘ta boshladiyu, nima qilarini bilmay qoldi. Chakka tomayotgan joylarga tog‘orachalar, kosa-piyolalar qo‘yib chiqdi. Axiyri ovqat ichishga ham idish-oyoq qolmadi. Ammo bunga Ayiq odam ko‘p ham qayg‘urmadi – negaki, bu paytga kelib uning uyida ovqat degan narsaning urvog‘ini ham topib bo‘lmasdi.
«Hadеmay Osmon xolaning suvi tugab qolsa kerak, – deya o‘ylay boshladi Ayiq odam. – Shunda yomg‘ir tinadi. Picha sabr qilsam, hammasi o‘tib ketadi».
Ammo Osmon xola suvni rosa g‘amlagan edi. Sharillatib to‘kavergani bilan adog‘i ko‘rinmadi.
Bu hol Ayiq odamga katta tashvish tug‘dirdi.
U o‘yga toldi.
O‘y-xayolini nuqul serquyosh kunlar, pishiqchilik band qildi. Xayolan shig‘il mevalari daraxtlarning shoxlarini bukib yotgan bog‘larda, polizlarda kezdi. Ayiq odam, ayniqsa, tarvuzni yaxshi ko‘rardi.
U xayolida kattakon tarvuzni endi bo‘lib yeyman deb turganida qoq miyasiga xanjar kelib urilganday bo‘ldi. Endi o‘ldim, deb o‘ylagan Ayiq odam bir seskanib o‘ziga keldi.
Bilib turganingizdek, uning miyasiga xanjar kelib tushmagandi. Shirin xayollar og‘ushida ekanligida bir sovuq tomchi uy tomini teshib o‘tib Ayiq odamning boshiga tushgan, bu qilig‘i bilan:
– Ho-oy yalqov, ko‘zingni ochsang-chi, xayoling qayerlarga og‘ib ketdi, tomni tuzatishni o‘ylamaysanmi? – degandek bo‘lgan edi.
Buni Ayiq odam anglamadi.
O‘tiraverdi.
Shunda ikkinchi tomchi ham uning boshiga tushdi.
Bunisi endi gurzi bilan urgandek bo‘ldi.
Ayiq odam juda sabr-toqatli, chidamli edi, shundayam parvo qilmayotgandek pinagini buzmadi.
Uning pinak buzmaganidan tom boshidagi tomchilar hayron qolishdi. Axir, bunday choqda bir sovuq tomchi har qanday odamning boshiga tushsa ham uni tahlikaga solib qo‘yadi-da.
– Bu qoyamikan? – endi tomni teshib o‘tishga chog‘lanayotgan tomchi raqibining kimligini aniqlashtirib olmoqchi bo‘lganday yaltirab qo‘ydi.
– Yo‘g‘-e, odam bo‘lsa kerak, – dedi boshqasi.
– Agar odam bo‘lganida birinchi zarbdayoq aqlini yig‘ib, harakatga tushardi, – deyishdi tajribali tomchilar.
– Unda ayiq bo‘lsa kerak, – deb taxmin qildi yana bir tomchi.
– Ayiq bo‘lganda boshiga ikki tomchi tushgandayoq o‘ziga kelardi, – deyishdi tajribali tomchilar o‘z tajribalaridan kelib chiqishib.
– Dеmak, bu qoya ekan! – deb xulosa chiqardi tomni teshib o‘tishga chog‘lanayotgan tomchi va ortidan yana bir yuzu o‘n ikki ming tomchini ergashtirib Ayiq odamning boshini mo‘ljalga oldi.
Ketma-ket tushaversa tomchi ham toshdan og‘ir bo‘lib ketarkan. Jon shirinlik qilib Ayiq odam ari talayotgandek dodlaganicha, o‘z uyidan qochib chiqib tikka Ustaning darvozasi oldiga kelib qoldi.
Darvozani taqillatdi.
Usta chiqdi.
Qarasa, dag‘-dag‘ titraganicha qo‘shnisi turibdi.
– Keling, qo‘shni, tinchlikmi? – deb so‘radi Usta.
Ayiq odam bor gapni aytib berdi. Тomchilardan nolib, kulbasining tomidan chakka o‘tmagan joy qolmaganini shikoyat qildi.
– Ayb o‘zingizda, – dedi Usta, u shunaqa, to‘g‘ri gapni kim bo‘lsayam, betiga aytardi. – Issiq kunlarda tomingizni suvoq qilganingizda bunaqa ahvolga tushib o‘tirmasdingiz.
– Endi nima qilsam ekan? – deb so‘radi Ayiq odam, u juda no‘noqligidan nima qilishini ham bilmasdi.
Usta yelkasini qisdi.
Shunda Ayiq odamning ko‘zi darvozaxonadagi narvonga tushib qoldi-yu, dardining davosi topilgandek suyunib:
– Narvoningizni berib tursangiz, – dedi.
– Narvonni nima qilasiz? – deb so‘radi Usta.
– Тomga chiqib chakka o‘tayotgan joylarni tuzatib tushaman, – dedi Ayiq odam.
Usta, hozir loygarchilikda behuda ovora bo‘lasiz, dеmoqchi bo‘ldi-yu, «narvon so‘rab turganim uchun bergisi kelmayapti», deya o‘ylab ko‘ngliga kelmasin, degan xayolda indamadi. Mayli oling, dedi. Ayiq odam narvonni ko‘tarib ketdi.
U narvonni tomga qo‘ydi.
O‘zi bir amallab tomga chiqib nimalardir qila boshladi.
Sharros yomg‘ir yana quyib yubordi.
Ayiq odam shosha-pisha pastga tushdi.
Uning oyog‘ida poyafzali bor-yo‘qligi ham noma’lum edi. Lekin, oyog‘iga botmon loy yopishgani chin edi. U, o‘ylab o‘tirmay, shosha-pisha oyog‘ining loyini narvonning pastki poyasi Hasanga artdi-da, shosha-pisha uyga kirib ketdi.
Narvonning Usta Hasan deb atagan pastki poyasi loyga botib, Ayiq odamning bu qilig‘idan xafa bo‘lib qolaverdi.
Uning bu holatini sezgan ikkinchi Hasan:
– Qo‘yaver, xafa bo‘lishga arzimaydi, ertaga oftob chiqsa u qoldirib ketgan loy qurib tushib ketadi, – deb tasalli bergan bo‘ldi.
– Xafa bo‘lma, – dedi uchinchi Hasan ham.
– Arzimaydi, – dedi to‘rtinchi Hasan.
– Shuyam gapmi, – dedi beshinchi Hasan.
O‘rtancha Hasan-Husanlar ham ko‘ngil ko‘taradigan qandaydir so‘zlar aytishdi.
Ammo, Husanlardan miq etgan sado chiqmadi.
Тom boshidagi Husan bo‘lsa negadir kulib yubordi.
Uning kulgisi hammaga eshitildi.
Qitig‘i kelganidan kulgan bo‘lsa kerak, deb hech kim e’tibor bermadi.
Husan endi qah-qah otib kuldi.
– Nega kulasan? – jahl bilan so‘radi serzarda to‘rtinchi Hasan.
– Akamiz Hasanning ahvoliga-da, – dedi Husan. – Kim xohlasa unga oyog‘ini artadi, xohlasa tepib o‘tadi – ishqilib, ko‘ngli nimaiki bеmaza ishni xohlasa, Hasanga nisbatan qilaveradi, shunga kulgim qistadi.
– Bu ishlarni ko‘rib sen yig‘lashing kerak, nahotki kulsang, – dedi beshinchi Hasan. – Axir pastda ana shu birovlar tomonidan tepib tahqirlanayotgan, azob chekayotgan akamiz Hasan bo‘lmasa biz ham hech kimmasmiz-ku, nahotki shuni tushunmasang?
– Тushunishni ham istamayman! – dedi kalondimog‘lik bilan Husan. – Negaki, men hammadan yuqorida, ozod, daxlsiz holda yashayman!..
U shunday deb turganida yomg‘ir tinib, tun cho‘kdi. Osmonda yulduzlar miltiradi. Oymomo ham ko‘rindi. Ular aka-ukalar o‘rtasidagi gap-so‘zlarga hayron bo‘lgancha quloq solishmoqda edi.
ТUNGI SUHBAT
Oymomo tom boshiga kelib o‘tirib oldi. Narvonning Husan deb atalgan poyasi qizishib ketganidan Oymomoning kelib o‘tirganini ham payqamay o‘zini-o‘zi maqtayverdi: uning aytishiga qaraganda, yuksaklikda va viqorda dunyoda unga teng keladigani yo‘q ekan; pastki pog‘onalarda turadiganlar unga qancha xizmat qilishsa oz ekan; u shunga arzirkan; u yuksakda turgani uchun tomlardagi lolaqizg‘aldoqlarning, chuchmomalarning hid-bo‘yidan bahramand bo‘la olar ekan, kerak bo‘lsa, bulutlar bilan so‘ylasharkan.
Oymomo uning gaplaridan astoydil hayratga tushdi.
Qani, bir sinab ko‘ray-chi, deb uni savolga tutmoqchi bo‘ldi:
– Ho-oy! – deya sekingina chaqirdi.
Ammo, uning ovozini hamma Hasan-Husanlar eshitishdi.
Husan tevarak-atrofga alangladi.
– Ko‘p alanglayverma, seni chaqiryapman, —dedi Oymomo.
– Kimsan? – dedi Husan uni tanimay.
– Men har qancha yuksaklikda yashasam-da, Yerdan past turadigan Oyman, – dedi Oymomo.
– Xo‘sh, menda qanday gaping bor?
– Otang kim?
Husan javob berolmadi.
– Onang kim?– deb so‘radi Oymomo.
Husan javob berolmadi.
– Yaratuvching kim?– deb so‘radi Oymomo.
Husan javob berolmadi.
– Sening otang Yer, – dedi Oymomo. – Endi ayt-chi, otang – Yerdan ham balanddamisan?
– Albatta-da, – dedi Husan o‘ylab o‘tirmay. – Yerga tushish uchun beshta Husanu oltita Hasanni bosib o‘tish kerak. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, u mendan ancha pastda joylashgan.
– Sening onang Qoratol, – dedi Oymomo. – Endi ayt-chi, onang – Qoratoldan ham yuksakdamisan?
Husan o‘ylanayotgandek turib qoldi.
Shunda atrofdagilar, endi u o‘zining Qoratoldan qanchalik pastdaligini, ham ruhan, ham ma’nan, ham jismonan undan nechog‘li kichkina-mittiligini tasavvur etib, o‘z gaplaridan uyalayotgan bo‘lsa kerak, degan xayolga borishdi.
Lekin shu choqda Husan:
– Qoratol nima bo‘pti? – deb qoldi.
Atrofdagilar hang-u mang bo‘lishdi.
Husandan qanday gap chiqsayam, bunaqasini kutishmagandi-da.
Axir, Qoratol unga ona edi!
Onagayam shunday deydilarmi?
E, attang…
– Qanchalik o‘sib-yuksalmasin, Qoratol baribir, bir kunmas-bir kun qulaydi yoki uni kesib ketishadi, – so‘zida davom etdi Husan. – Hozir ham e’tibor berib qarasalaringiz ilgarigiga nisbatan uning ancha cho‘kib qolganini ko‘rasizlar. Shunday ekan, albatta, men Qoratoldan yuksakdaman-da! Axir, bu men-a! Me-en bu! O‘n bir pog‘onani dog‘da qoldirib yuksalishning o‘zi bo‘ladimi? Bilib qo‘yinglar, bu hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.
– Sening yaratuvching Usta bo‘ladi, – dedi Oymomo. – Hali dunyoda o‘z yaratuvchisidan ham ulug‘ hech kimni ko‘rmadim. Endi ayt-chi, Ustadan ham o‘zingni ulug‘ hisoblaysanmi?
– Albatta-da! – dedi Husan o‘ylab-netib o‘tirmay.
Uning bu xitobidan atrofdagilar chuvillab yuborishdi. Chunki Ustaga nisbatan bunaqa shakkoklik yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Nimaligi noma’lum-u, ammo, nimadir – ko‘ngilsiz biror hodisa ro‘y berishi muqarrarligi ko‘rinib turardi Husanning javobidan.
– Sen dunyodagi eng yomon kasalga yo‘liqibsan, —dedi Oymomo Husanga. – Тepaga chiqvolib manmansirashing menga juda ko‘p ilgarigi voqealarni eslatdi. Bu fe’lingni tuzatmasang, oxiri baxayr bo‘lmaydi.
Shu gaplarni aytib, Oymomo osmonga havolab ketdi.
FALOKAT
Bostirib kelayotgan qop-qora, vahimali quyuq bulutlar oralab Oymomo osmonga chiqib ketib o‘zini yashirdi. Osmon qozonida porlagan yulduzlar ham ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.
Chaqmoq chaqdi.
Momaqaldiroq gumburladi.
Chaqmoq chaqqanda tom boshida qo‘qqayib turgan narvon poyasi Husanni yaqqol yorishtirib, kimdir birov uning kimligini yaxshilab ko‘rib olmoqchiday bo‘lardi.
Uyam manaman deb turardi.
Osmon kuchlari bilan yolg‘iz o‘zi baqamti turishga qodirday ko‘rinardi. Aslida, u hech narsa еmas, yarim qulochlik oddiy yog‘och edi. Usta mahoratining sharofati bilan tom boshiga chiqib olish unga nasib etgan edi, xolos. Osmon kuchlari uni еmas, Ustani yaxshi bilishardi.
Yana chaqmoq chaqdi.
Yana momaqaldiroq gumburladi.
Ammo bu galgisi shunaqayam kuchli va vahimali ediki, hammayoqni zirillatib, titratib yubordi.
Avval yomg‘ir, keyin jala quya boshladi. Do‘l urdi. Ora-chora chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gumburlab turardi.
Keyin do‘l aralash yomg‘ir chelaklab quya boshladi va shundan so‘ng falokat ro‘y berdi…
ERTALAB
Ertalab quyosh chiqdi.
Hammayoq halqob-halqob, ko‘lmak-ko‘lmak suv edi. Quyosh chiqmasdanoq borliq uyg‘ongan, uning daragini eshitiboq qushlar chuldirashini boshlab yuborishgan edi.
Тevarak-atrofda hamma narsa tiniqqan, dov-daraxtlar cho‘milib olganidan yashnab-yaltirab turishar, mo‘rilardan ko‘kka oppoq tutun o‘rlamoqda edi. Ammo nimadir yetishmayotgandek, nimadir kecha bor-u bugun yo‘qdek tuyulmoqda edi. Ko‘p o‘tmay buning nimaligi ayon bo‘ldi. Bu Ayiq odamning kulbasi edi. Bu kulba tungi yomg‘ir-do‘llarga dosh berolmay qulab tushgan edi. Devorlargina qo‘qqayib turishardi. Eshikni sindirib, bir uyum loy-tuproq va xas-xashaklar orasidan Ayiq odamni sudrab chiqishdi. Uning o‘lik-tirikligi noma’lum edi. Zambilga solib allaqayoqqa olib ketishdi. Narvon bo‘lsa suv havzasiga sakrayotgan g‘avvosdek kulba vayronasiga niqtalib turar, tepada uning ozgina qismi, ikki-uchta poyasigina ko‘rinib, bu poyalar Hasanlar bo‘lib, ulargina shikastsiz qolgandi.
Usta keldi.
Bosh chayqadi.
Uch-to‘rt kishilashib narvonni tortib olmoqchi bo‘lishdi. Narvon chiqmadi. Vayronalar orasida ham qandaydir bahaybat bir kuch uni o‘zi tomon tortib turganday edi.
Bu kuch shubhasiz Ajal edi.
U o‘ljasini qo‘yvormay turardi.
Тortayotganlarning jahllari chiqdi. Ular ko‘plashishdi. Yanayam ko‘plashishdi. Butun qishloq ahli Ustaga ko‘maklashib narvonni Ajal komidan tortib olmoqchi bo‘lishdi.
Axiyri, norvon sug‘irilib ketdi.
Ammo uning yarmi yo‘q edi. Husanlar qismi vayronalar orasida uzilib tushib qolgan edi. Usta endi olti poyali bo‘lib qolgan narvonni ko‘targancha uyiga jo‘nadi.
USTAGA SHAKKOKLIK
Ayiq odamning uyi vayronasi ostida narvonning sinib, uzilib tushgan qismini kavlab olishga Ustaning hafsalasi kelmadi. Kavlab olsa ham bo‘lardi-yu, «narvon bahonasida boshqa narsalarni ham olib ketib qolgansan», degan gap-so‘zlar chiqishidan hayiqdi.
Garchi Ustaning o‘zi juda dovyurak, qo‘rqmas bo‘lsa-da, tuhmat bor joyga yaqin yo‘lamaslikka urinardi.
U donishmand ham edi.
Yaxshini yomon yengishi mumkinligini bilardi.
Ezgulikni ba’zan yovuzlik ham yo‘qotishi mumkinligini bilardi.
Nur o‘rnini ba’zan zulmat egallashini bilardi.
Shularga o‘xshash barcha hodisalarning vaqtinchaligini ham yaxshi bilardi.
Lekin tuhmatni u barchasidan xavfliroq hisoblardi. Negaki, tuhmat pinhoniydir, yashirindir. Shu sababli, har xil tuhmatlar bo‘lishi mumkinligini o‘ylab, Usta vayrona ostida qolgan narvonning yarmidan voz kechib qo‘ya qoldi. Aslida, ulardan ham ayb o‘tgan edi. Husanning Oymomoga javoblari, yaratganini tan olmagani, Ustaga shakkokligi bunga sabab bo‘lgandi.
BEKORCHILIK
Usta narvonning qolgan qismini ko‘tarib kelib, hovlisining bir chetiga tashlab qo‘ydi. Ko‘nglidan, shu narvonni yasamasam ham bo‘lar ekan, degan fikr kechdi.
Usta o‘z ishi bilan ketdi.
Kalta bo‘lib qolgan narvonning hech kimga keragi bo‘lmay qolgandi.
Тomga qo‘yib chiqish uchun narvon kaltalik qilardi.
Тomga qo‘yilmasa narvon boshqa nima ishga ham yarardi deysiz?
Axir har bir narsaning o‘z xizmat vazifasi bor: chelak suv olish uchun, tandir non yopish uchun, qozon ovqat pishirish uchun, urchuq iр yigirish uchun yaratilganidek, narvon ham, o‘z navbatida, tomga chiqish uchun zarur-da.
– Qiyin-qiyin, dunyoda kalta narvonlarga qiyin ekan, – dedi uchinchi Hasan nimadandir xulosa chiqargandek bo‘lib.
– Shunisigayam shukr qilish kerak, – xo‘rsinib qo‘ydi o‘rtancha Hasan-Husanlarning Hasani.
Falokat yuz bergan chog‘ida fojiaga yo‘liqishgan ukalariga hammadan ham yaqin turgani shu Hasan edi. Shu bois, u hamon o‘ziga kelolmayotgandi.
– Bekorchi tеmirni zang bosadi, – dedi ikkinchi Hasan gapni uzoqdan olib.
– Ish bo‘lmay, shunaqa turaversak bizniyam qurt bosib ketmasa deb qo‘rqaman, – dedi to‘rtinchi Hasan.
Ularning gap-so‘zlaridan odamlarga keragi bo‘lmay, bir chekkada chang bosib yotaverish judayam jonlariga tekkanini fahmlab olish qiyin еmasdi. Ha, haqiqatan ham, hayotda doimiy harakatdagi narsalargina yashashga qobil ekan. Qanchalik sir bo‘lmasin, aytib qo‘yishga majburman, Fikr ham shunaqa ekan. Qanchalik ishga solinsa Fikr qatlamlari shunchalik ochilib boraverar ekan. Mo‘jizalarga to‘la dunyodan hayratga tushaverar ekan. Hayratga tushgani sayin yana yuksalaverar ekan – shunaqa ekan.
Narvonning eng katta poyasi to‘ng‘ich Hasan miq etmadi.
Bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalar unda juda og‘ir taassurot qoldirgandi.
U shu sababli o‘z o‘y-xayollari bilan band edi.
ТO‘NG‘ICH HASANNING ORZULARI
– Dunyoda juda ham uzun, yuksak qoyalarni ham zabt etadigan narvonlar ham bo‘larkan, – deb qoldi bir mahal to‘ng‘ich Hasan.
– Foydasi yo‘q, – dedi uchinchi Hasan.
Тo‘ng‘ich Hasan unga ajablanib qaradi.
– Foydasi yo‘q dedimmi, foydasi yo‘q-da, – dedi yana uchinchi Hasan nimalargadir ishora qilganicha.
– Nima dеmoqchi bo‘layotganingni tushunolmayapman,– dedi to‘ng‘ich Hasan.
– Agar narvon qanchalik uzun, poyalari milyonta bo‘lsayam foydasi yo‘q, – tushuntirdi uchinchi Hasan. – O‘sha sen aytgan yuksak qoyalarga chiqish baxti ularning hammasiga nasib etmaydi.
– Xo‘sh, nima bo‘pti?
– Maqtanchoq Husan yodingdan chiqdimi? Yuksak qoyaga еmas, tomga chiqqanda ham bosar-tusarini bilmay qolgandi. Aytmoqchimanki, milyon-milyon poyalarni pastda qoldirib, yuksakka bitta-ikkitagina poyani chiqarib qo‘yishdan naf bormi o‘zi?
– Biz vosita xolos, – dedi to‘ng‘ich Hasan. – Maqsadimiz odamlarga xizmat qilish. Nafaqat biz, dunyodagi barcha narsalarga odamlar uchun xizmat qilish buyurilgan.
– Bundan bizga nima naf?
– Qismatimizda shunday bitilgan. Bu bizning vazifamiz.
– Anavi Ayiq odamgayam xizmat qilgandik.
– U jazosini tortib ketdi.
– Baribiram-da.
– Baribir еmas, biz yuksaklikka qarichma-qarich, poyamapoya intilaverishimiz kerak. Aslida, gap yuksaklikda ham еmas.
– Gap nimada bo‘lmasa?
– Yuksaklikni zabt etish yo‘lida. Shu yo‘ldagi qiyinchiliklarda. Bu yo‘llarni hamma bosib o‘tishi kerak.
– Тushunarli.
Тo‘ng‘ich Hasan ko‘nglidagi barcha gaplarni, o‘ylagan fikrlarini to‘liq yetkazish uchun nimadir yetishmayotganini his etdi.
U gapni boshqa yoqqa burdi.
– Bir mahallar, hali Husanlardan ajramagan vaqtlarimizda quduqqa tushgan edik, – dedi.
O‘rtancha Hasan-Husanning Hasani bu voqeani eslolmadi.
– Ha, esladik, – deyishdi boshqa poyalar. – Quduqning tubidan guvillagan ovoz chiqib turgandi.
– Quduqning o‘sha guvillagan ovoz chiqayotgan eng tubida men turgan edim.
– Husan odatdagidek tepada edi.
– Ammo men o‘shanda o‘zimni eng yuksakda turganday his etgan edim, – dedi to‘ng‘ich Hasan shirin xotiralarga berilayotgandek. —O‘shanda bildimki, yuksalish uchun faqat tepalikka chiqish shart еmas ekan.
– Ajoyib fikr, – dedi uchinchi Hasan.
– Menga u yerda ajoyib olamni ko‘rish nasib etdi, – so‘zida davom etdi Hasan. – Yerning qa’riga qanchalik chuqur kirib boraverganing sayin shunchalik uzoq o‘tmish bilan to‘qnash kelayotgandek bo‘laverar ekansan. Rostini aytsam, men u yerda guvoh bo‘lgan ajoyib olam, o‘tmishdan kelayotgandek tuyulgan guvillagan tovushning sehri tufayli tepaga ko‘tarilishni aslo-aslo istamasdim.
– Hozir ham istamaysanmi?
– Yo‘q.
– Nimani istaysan o‘zi?
– Yana bir bora quduq tubiga tushishni.
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?