Текст книги "Донишманд устанинг ҳикмати"
Автор книги: Шойим Бутаев
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 2 (всего у книги 2 страниц)
SAVDOGAR
Ko‘chaning adog‘ida bir savdogar yashar edi.
U Ustaniyam, uning ishiniyam mutlaqo tan olmasdi.
Shu savdogar bir kuni kutilmaganda Ustani yo‘qlab kelib qoldi. Ular salom-alik qilib ko‘rishishdi. Usta uni uyga kirishga taklif qildi.
Savdogar unamadi.
– Bir ish yuzasidan maslahatlashgani keluvdim, – dedi.
– Qani eshitaylik-chi, qo‘limizdan kelsa, aqlimiz yetsa maslahatni sizdan ayarmidik, – dedi Usta.
Savdogar bu gapdan xursand bo‘ldi.
Keyin darhol qovog‘i osildi.
– Odamlar mendan ko‘ra eshagimni aqlli hisoblashayapti,– dedi savdogar dabdurustdan.
Usta o‘ylanib qoldi.
Bo‘lsa bordir-da, ko‘pchilik bir narsani bilib aytadi-da, xayolidan kechdi Ustaning.
So‘ngra tilida:
– Nahotki?! – deganicha o‘zini ajablanganday ko‘r-satdi. – Buning sababini bilsak bo‘ladimi?
– Bilasiz, men soyning naryog‘idagi qishloqdan tuz olib kelib sotaman, – dedi savdogar Ustaning bilmaydigan narsasini bilasiz, deganicha. – Eshagimning ustiga tuz to‘la qopni ortib, u nobakorni Muqaddas Chashma arig‘idan kechdirib o‘tar edim. Bir gal eshagim suv ichida munkib ketganida qopga suv tegib, ancha tuz erib ketdi. Тuz erigach, eshak o‘z yukining yengillashganini payqab qoldi va suvga sho‘ng‘ib barcha tuzimni eritib oqizib yubordi. Ikkinchi, uchinchi… xullas, har gal shunaqa qilib, meni xonavayron qilyapti. Nobakorga kaltak ham kor qilmayapti.
Bu voqeani eshitib Usta kuldi.
«Mening ustimdan kulmoqda», degan xayolda uning kulganidan savdogar xafa bo‘ldi.
– Har qanday jonzod ustiga og‘ir yuk tushganda undan tezroq qutulgisi keladi, – dedi Usta savdogarga. – Eshakning aqli bo‘lganida Sizning urganingiz, koyishingiz kor qilib suvga sho‘ng‘imagan, tuzni oqizmagan bo‘lardi. Lekin endi uni so‘yib yuborsangiz ham bu qilig‘ini tashlamaydi.
– Nima qilsam ekan?– Ustaga jovdirab tikildi savdogar. – Eshakni sotib o‘rniga boshqasini olsammikan?
– Boshqa eshak olsangiz ham bu qiliqni takrorlayveradi, – dedi Usta. – Siz yaxshisi shu eshagingizni tarbiyalang.
– Тarbiyalang?! – hayratga tushdi savdogar. – Eshakni-ya?!
– Albatta.
– Qanday qilib.
– Qadimgi bir donishmandning usuli bilan. Ya’ni siz tuz o‘rniga qopga yung solib qo‘ying. Yung erib oqib ketmaydiyu suvni o‘ziga shimib besh-o‘n baravar og‘irlashadi. Eshagingiz kunini ko‘radi shunda, ustida yuk bilan suvga sho‘ng‘imaydigan bo‘ladi.
Ustadan bu gapni eshitib savdogarning ko‘zi chaqnab ketdi.
– Albatta, shu ishni qilaman! – dedi ketayotib.
U negadir hovlining bir chetida yotgan cho‘ltoq narvonga ham ko‘z qirini tashlab qo‘ydi. Xayolidan nima gap o‘tganini hech kim bilmadi.
USTA TOPDI
Muqaddas Chashma ustidagi ayvon tomini tuzatib bo‘lganidan keyin Usta narvonga e’tibor bermay qo‘ygandi. Uning yarmi sinib, Ayiq odamning kulbasi vayronasi ostida qolganidan keyin tamomila hafsalasi pir bo‘ldi. U hamisha mukammalroq, odamlarga ko‘proq nafi tegadigan narsa yasash xayolida edi…
Savdogar kelib ketgach, uning eshagining xurmacha qilig‘i haqida o‘ylab, uning Muqaddas Chashma arig‘idan o‘tayotgan holatini ko‘z o‘ngiga keltirarkan, Usta to‘satdan chapak chalganicha:
– Тopdi-m! – deb qiyqirib yubordi.
Usta Muqaddas Chashma arig‘i tomon yo‘l oldi.
MUQADDAS CHASHMA ARIG‘I
Muqaddas Chashma arig‘ida Muqaddas Chashmaning suvi oqardi.
Unga yana boshqa buloqlarning, yomg‘ir-qorlarning ham suvlari qo‘shilardi.
Muqaddas Chashma arig‘ining narigi sohili tik nishablik bo‘lgani uchun u yoqqa suv chiqmas edi. Suv chiqmagach, gul-u giyoh ko‘karmas, daraxt o‘smas, ekin bitmas edi. Тuz ko‘payib, yerni yеmirib borar, odamlar tuz sotish bilan shug‘ullanishardi. Haligi Ustaning huzuriga eshagidan nolib kelgan savdogar ham o‘sha yerlardan tuz keltirardi.
Charxpalak yasab, narigi sohilning qaqroq yerlariga ham Muqaddas Chashmaning suvidan chiqarishim kerak, deb o‘yladi Usta. U chang-to‘zonga burkanib yotadigan narigi sohil yerlarining ham ko‘m-ko‘k yashnab turganini ko‘z o‘ngiga keltirib, quvonib ketdi.
Ishga kirishdi.
Usta Muqaddas Chashma arig‘ining charxpalak o‘rnatishga qulay joyini izlay boshladi. Unga narigi sohildagi yosh-u qari birdek ergashib, ko‘maklashishga urinishdi.
Axiyri, shunday joy topildi.
Odamlar Ustaga yordamlashish uchun shay turishardi. Charxpalakning o‘zini, uning novini va boshqa maydachuydalarini yasash, o‘rnatish uchun ancha-muncha mablag‘ ham zarur bo‘lib qoldi. Ustaning o‘zida hech vaqo yo‘q edi. Har ikkala sohildagi qishloqlarning odamlari ham amal-taqal qilib kun ko‘rishar edi.
Ustaning boshi qotdi.
NARVONGA ISH CHIQDI
Ustanikiga savdogar kelib, eshakni qanday ahmoq qilganini kula-kula gapirib berdi.
– Uch marta yung olib o‘tib eshakni qiynab qo‘yibsizda, – dedi Usta. – Axir bir martasi ham kifoya edi-ku.
– Boshqa noma’qulchilik qilmasin dedim-da.
Usta savdogarga hayron bo‘lib qaradi. O‘ziga tegishli jonivorga bu qadar rahmsizlik qilish mumkinligini u aqliga sig‘dira olmasdi.
– Eshakning esini kirgizaman deb ancha-muncha zarar ko‘rdim, – dedi savdogar. – Anchagina yung shalabbo bo‘lib yotibdi. Uni yoyib quritib olishim kerak. Shunga narvoningizni berib tursangiz, yungni uning ustiga yoyib quritib olardim.
Usta rozi bo‘ldi.
Narvonni savdogarga berib yubordi.
Savdogar narvonni ko‘ndalangiga yotqizib shiltai– shalabbo yungni uning ustiga yoyib chiqdi. Bechora eshak, shunday og‘ir yukni suvdan qanday ko‘tarib chiqdi ekan-a?
OSMON UZOQ, YER QATTIQ
Ustaning xayoli o‘zida bo‘lmay qoldi: uning fikri-zikri charxpalakni ishga tushirib, narigi sohilda yashayotganlarning mushkulini oson qilishda edi. Ammo holva degan bilan og‘iz chuchimas ekan. Unga mablag‘ kerak edi. «Nima qilib bo‘lsayam ishni boshlashim kerak, – deb o‘yladi u, – keyin xudo biron yo‘lini ko‘rsatar…»
Ammo ish boshlash uchun ham ancha-muncha narsa kerak bo‘lardi.
Usta tanish-bilishlarini, qavm-u qarindoshlarini xayolan bir-bir tasavvur qilib chiqdi: biron najot topish nari tursin, aksincha, ko‘ngli xiralashib qoldi.
Usta tasavvur etgan yaqinlari mehnatdan qochmaydigan, xudodan qo‘rqadigan halol-pok kishilar edi. Shunday bo‘lsada, ularning o‘zlari amal-taqal kun ko‘rishar, qozonlarini suvga tashlab qo‘yishgan, bir burda qora non topishsa shunga shukr qilishardi. Usta ulardan biron narsa so‘rashga andisha qildi.
Тog‘ni ursa talqon qilgudek, oyog‘idan o‘t chaqnab turgan yosh-yalanglar har ikki sohildagi qishloqlarni allaqachonlar tark etib ketishgan, ular allaqaylarda o‘z baxtlarini izlab yurishardi. Ammo Ustaning nazdida tug‘ilgan joydan o‘zga manzillarda baxt topilishi mumkin еmasdek ko‘rinardi.
Axir nafaqat odam bolasi, qushlar ham, hayvonlar ham, hattoki, hasharotlar ham qayerda bo‘lishmasin, oxir-oqibat tug‘ilgan joylariga qaytishadi va shundagina baxtni topishadi, deyishgan-ku. Ammo bu baxtni Ustaning hamqishloqlari anglab yetishmasdi-da.
Endi nima qilsam ekan?
Ustaning xayolida faqat shu o‘y edi.
MISH-MISH
Shu kunlarda Usta yashayotgan qishloqda g‘alati mish-mish tarqab qoldi. Ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmaydi odam. Ishonay desa, aql bovar qilmaydi, ishonmay desa, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, deya ikki oyoqni bir etikka tiqib olgan duppa-durust odamlarni ahmoqqa chiqarib qo‘yish mumkin.
Xullasi kalom, gapning po‘stkallasi, eshagining hiylasidan xunob bo‘lib odamlarning og‘ziga tushgan va maslahat so‘rab Ustaning oldiga kelgan o‘sha tuz savdogarining uyida bir sichqon bor еmish. Unchalik katta ham, unchalik kichkina ham еmas, o‘rtacha gavdali bir sichqon еmish. Kulrang tusda еmish. Ko‘rinishidan boshqa sichqonlardan uning hech-hech farqi yo‘q еmish: qulog‘iyam, ko‘ziyam, dumiyam, qorniyam, oyoqlariyam…ishqilib, sichqonga xos nimaiki bo‘lsa, unda ham shunday еmish. Ammo jumlai jahondagi barcha sichqonlardan uning birgina farqi bor еmish. Farq bo‘lgandayam ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan farq еmish, o‘zi mushtumdakkina bo‘lgani bilan savdogarnikidagi sichqonni yuragi otning kallasidek еmish, sheryurak еmish u.
«O‘zi mushtumdekkina bo‘lsa-yu, yuragi otning kallasidek bo‘lsa?!
Bu qanaqasi?»
– Bo‘lmagan gap, – deyishdi bu gapni eshitib aqllariga sig‘dira olmaganlar qo‘l siltab. – Hamma sichqondayam yurak bir xil bo‘ladi. Chumchuq pir etsa, yuragi shir etadi. Sherning yuragi shervachchada bo‘ladi.
Ammo shunaqa gaplarni gapirganlar ham savdogarnikiga borib sichqonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib kelishgach, til tishlagancha indamay qo‘ya qolishdi. Sichqonning xatti-harakatlari, qiliqlari chindanam g‘alati ekan: qadimgi bahodirlar kabi u hech ikkilanmay har qanday odamning oldiga tap tortmay kelaverarkan. Kelgani-ku, mayli, ikki oyoqda tik turib, qo‘lchasini beliga tiragancha qorinchasini oldinga chiqarib, o‘zing kimsan, deganday ko‘zga tik boqib turishi ancha-muncha dovyurakman deb yurganlarning ham esxonasini chiqarib yuborayozarkan. Shunaqa ekan. Kaltakdan qo‘rqmaskan. Mushukka tikka chang solarkan, itni masxara qilarkan. Savdogar hayron еmish. Uning dasturxon ustiga ham bostirib kelaverishi, xohlagan taomiga teginishi jahlini chiqarsa-da, o‘ldirib yuborishga ko‘zi qiymasmish. Uyida shunaqa g‘alati jonivor bo‘lgani, odamlarning e’tiborini tortayotgani, xalqning og‘ziga tushgani unga ma’qul еmish. Ko‘rishga qiziqib kelganlarning barchasiga sichqonni chopqir otni yoki olg‘ir burgutni maqtanib ko‘rsatayotgandek bajonidil ko‘rsatarmish. Bu ham yetmagandek, kelganlarning oldiga dasturxon yozib, dasturxon ustida sichqonning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan boshqa qiliqlarini ham gapirib berarmish, hayron qolganini aytarmish. Odamlar sichqonni muhokama qilishdan charchamasdi: balki bu sichqon dunyodagi barcha sichqonlarning podshosi bo‘lib, tasodifan adashib savdogarning uyiga kelib qolgandir, deyishardi; balki bu sichqon sichqon еmas, fildir… anavunaqa… tanosux11
Tanosux – evrilish, ruhning ko‘chishi.
[Закрыть] bois sichqonga aylanib qolgandir, deyishardi; balki bu sichqon umuman hayvon zotidan еmas, shaytoni lainning o‘zginasidir, deyishardi. Har kim har xil tusmollarni aytishardi. Biroq, bu tusmollarning birortasiyam jo‘yali еmasdi.
Mish-mishlar Ustaning qulog‘iga ham yetdi.
O‘z ishi, charxpalak yasab Muqaddas Chashma arig‘ining narigi sohilidagi qishloqlarga suv chiqarib berish xayoli bilan band bo‘lgan Usta avvaliga bu mish-mishlarga umuman e’tibor qaratmadi. Ertasi kuni sahar payti kecha qulog‘iga chalingan mish-mishlar yodiga tushib qolib, kutilmaganda uning miyasiga ajoyib bir fikr kelib qoldi.
SAVDOGARNIKIDA
Kutilmaganda Ustaning miyasiga ajoyib bir fikr kelib qolishi bilan u odatdagidek o‘zini tutolmay:
– Тopdi-im! – deganicha qichqirib yubordi.
Keyin «ovozimni hech kim eshitmadimikan», degan xavotirda tevarak-atrofga olazarak nazar tashlab oldi. U xavotirlanmasa ham bo‘laverardi, negaki, kechagi og‘ir mehnatdan toliqqan odamlar boshlarini ko‘tarolmay tong uyqusini olishardi.
Usta savdogarnikiga qarab yo‘l oldi.
Ustaning bu qadar erta tashrifi savdogarni ajablantirdi.
Ular salom-alik qilishdi.
– Narvon kerak bo‘lib qoldimi? – deb so‘radi savdogar Ustani narvonni so‘rab kelgan gumon qilib.
Usta bosh irg‘adi.
Savdogar narvonni ko‘tarib chiqdi.
– Rahmat, – deya minnatdorchilik bildirdi u. – Ho‘l bo‘lgan yunglarni o‘z vaqtida yoyib quritib oldim. Endi yana tuz olib kelyapman. Eshagimning esi kirib yaramas odatini yig‘ishtirgani yaxshi bo‘ldi-da. Endi u tuzniyam suvdan juda ehtiyotkorlik bilan olib o‘tyapti. Ancha boshim qotib yuruvdi, endi sizdan qanchalik minnatdor bo‘lsam arziydi.
Usta indamadi.
Narvonni yelkasiga ortmoqlab taysallab turaverdi.
– Uyga kirib bir piyola choy ichib ketmaysizmi? – iltimos ohangida so‘rab, Usta kutgan mavzuda savdogarning o‘zi gap ochib qoldi. – Sichqonimiz ham inidan chiqib qolsa, uning g‘alati qiliqlarini bir ko‘rib ketardingiz.
Usta indamay yelkasidagi narvonni yana pastga tushirib qo‘ydi.
Savdogarning ortidan ergashib, uning uyiga kirdi.
Ikkovlon mehmonxona o‘rtasiga to‘shalgan bo‘yra ustidagi ko‘rpachalarga o‘tirishdi. Dasturxon, non-choy keltirildi. Ular choy icha boshlashdi. Savdogarning nigohi mehmonxonaning taxmon tomonidagi burchagida edi, u o‘z arzandasini intizor kutayotgan edi.
Axiyri, u yengil nafas olib:
– Ana kelyapti, – dedi ohista tovushda.
Usta xiyol o‘girilib qaradi: ne ko‘z bilan ko‘rsinki, kulrang bir sichqon tamtamlanib, shunaqayam tamanno bilan ular tomonga bitta-bittalab odim otib kelmoqda ediki, peshonalarini shoyi durra bilan tang‘ib, barmoqlarini qarsillatgancha ko‘krak kerib yuradigan tannoz xotinlar ham uning oldida iр esha olishmasdi. Usta uni ko‘rib, uzunquloq ko‘cha gaplarining, mish-mishlarning bari behuda еmasligiga nainki ishonch hosil qildi, balki eshitganlari ko‘rganlarining oldida holva ekanligini ham to‘la his etdi.
Sichqon Ustaning qarshisiga kelib ikki oyog‘ida tik turdi. Qo‘lini beliga qo‘yib, bu kim bo‘lsaykin, degandek Ustaning ko‘zlariga tik boqdi. Usta uning nigohida cheksiz kuch-qudratni ilg‘ab, beixtiyor seskanib ketdi. Nazarida, qarshisidagi sichqon uni mahv etadigandek tuyuldi.
Savdogar, ko‘rmaysizmi, degandek Ustaga xijolatomuz nazar tashlab qo‘ydi-da, sichqonni pashshakush bilan urib haydamoqchi bo‘ldi.
Usta buni payqadi, savdogarning qo‘lidan ushladi:
– Тegmang, – dedi ohista ovoz bilan.
Ustaning ovozi savdogarga ta’sir qildi, xayoliga qandaydir favqulodda fikr kelib qoldi, shekilli:
– Nahotki, bu sichqonda biron xosiyat bor deb o‘ylasangiz? – deganicha Ustaga boqdi.
– Bu sichqonda hech qanday xosiyat yo‘q, – dedi Usta uqdirayotgandek. – Fazilat ham yo‘q unda. U oddiy sichqon.
Unda hech qanaqa boshqacha yurak ham yo‘q. Jasorat ham yo‘q unda.
– Bo‘lmasa nega bunaqa… – chaynaldi savdogar.
– Bu yerda bir sir bor, – jilmaydi Usta.
SIR
Ustaning, bu yerda bir sir bor, deganini eshitib savdogar anqayib qoldi: sal-pal o‘ziga kelgach, avval hamon qo‘lchasini belchasiga tiragancha, qorinchasini oldinga chiqarib ko‘krakchasini kerib turgan sichqonga ko‘z qirini tashlab qo‘yib, so‘ngra e’tiborini Ustaning horg‘in nigohiga qaratdi.
– Ajabo! – hayratini yashirolmaganidan bo‘lsa kerak, savdogar baralla xitob qilib yubordi. – Ochiqroq gapirmasangiz, o‘lay agar, hech vaqoni tushunmayapman, boshim g‘ovlab ketdi.
Savdogar savdo-sotiqda, ayniqsa, beli bukilmagan pullarni sanab olishda chaqqongina bo‘lsa-da, ba’zi nozik masalalarda kallasi shishib, nima qilarini bilmay qolardi, bu hol eshak va tuz muammosida yaqqol ko‘rinib qolgandi. Usta savdogarning ich-u tashini birdek ko‘rib turgandek unga tikilib qoldi-da:
– Bu sirning egasi mana shu sichqondir, – dedi.
Sichqon ko‘z qisib, bosh qimirlatib qo‘ygandek bo‘ldi.
Savdogar sichqondan allaqanday sir axtarayotgandek unga tikilib qoldi-yu, Ustaning ko‘rganini u ko‘rolmadi.
– U qanaqa sir ekan? – deya Usta tomonga o‘girilib so‘rashga majbur bo‘ldi.
– Endi bu sirdan siz-u men va sichqon uchalamiz ogohmiz,– dedi Usta nimalargadir ishora qilgancha. – Agar ikkalamiz birlashib sichqondan ulushini tortib olsak bu sir ikkalamizniki bo‘lib qoladi. Dеmak, sir ostida yashiringan narsani ham ikkalamiz teppa-teng bo‘lishib olishga haqli hisoblanamiz.
Usta savdogarga sinchkov boqdi.
Savdogar o‘ylanib qoldi: Usta aytayotgan sir uni juda-juda qiziqtirib qo‘ygan edi-yu, faqat bir tomoni ko‘nglini xira qilib turardi. Ustaning sherikchilik haqidagi taklifi uning boshini qotirmoqda edi. Hammaga yaxshi ayonki, savdogar ahli sherikchilik haqidagi gapni hech yoqtirmaydi. Nimaiki bo‘lsa o‘zim qilsam va o‘zimga bo‘lsa deydi. Ammo u hozir qanchalik bosh qotirmasin, Ustaning shartiga ko‘nmay iloji yo‘q edi: hali aytganimizdek, savdogar pul sanashda qanchalik epchil bo‘lmasin, nozik fahm-farosat bobida Ustaga teng kelishga uning hech qachon qurbi yetmasdi.
Shunaqa edi.
Savdogar bosh egib:
– Xo‘p, siz aytganchalik bo‘la qolsin, – deya, Ustaning shartiga ko‘nganini bildirdi.
Usta dasturxonga fotiha o‘qidi.
Omin qilishdi.
Keyin Usta va savdogar o‘rinlaridan turib, tashqariga yo‘nalishdi.
SIR OCHILDI
Ular tashqariga yo‘nalisharkan, savdogar betoqatlik bilan:
– Qayoqqa? Sir nima bo‘ladi? – deb so‘radi.
– Siz borib ketmonni olib kelavering, – bamaylixotirlik bilan savdogarga buyurdi Usta. – Men pahlavon sichqonni deraza ortidan picha tomosha qilmoqchiman.
Savdogar hayron qolganicha ketmon olib kelishga ketdi.
Usta mehmonxona derazasidan ichkariga boqdi: sichqon bu mulk-u molikonaning egasi yolg‘iz o‘zidek bеmalol aylanib yurardi, qornini osmonga qilgancha qadimgi boylardek chalqancha yotardi, dik-dik sakrardi, ishqilib, ko‘ngliga neki xush kelsa, shuni qilardi. Axiyri u charchab toliqdi, shekilli, bitta-bitta qadam tashlaganicha taxmon tomon yura boshladi, taxmonga yaqinlashib uyoq-buyoqqa sergak nazar tashlab oldi-da, taxmon ostidagi iniga viqor bilan kirib ketdi.
Usta sichqonning inini ko‘rib oldi.
Bu orada ketmon ko‘tarib savdogar ham yetib keldi.
Ular yana ichkarilashdi.
Usta sichqonning inini savdogarga ko‘rsatib:
– Qani, mana bu koshonaning ichida nima borligini bir ko‘rib qo‘yaylik-chi, – dedi.
Savdogar ketmon urib sichqonning inini buza boshladi. Buni payqagan sichqon inidan otilib chiqib ketmon urayotgan savdogarga hamla qilmoqchi bo‘ldi.
– Siz unga e’tibor bermang, – savdogarga dalda berdi Usta. – Hadеmay shaxdi pasayib qoladi.
Hash-pash deguncha bo‘lmay sichqonning ini buzib tashlandi.
Qarashsa, inning ostida ancha-muncha oltin tangalar sochilib yotgan ekan.
– Bu tillalar sichqonni kuch-quvvatining, sheryurakligining, mushukka ham tashlana olishining boisi – ya’ni siri edi, – dedi Usta. – Mana, uning sirini ikkalamiz topib, tortib oldik, endi bu oltinlarni teppa-teng bo‘lishib olishimiz qoldi, xolos.
Va’da bergani uchun savdogarning dami ichida bo‘ldi.
U kallasini ishlatib bu sirni yolg‘iz o‘zi topmaganiga afsuslanmoqda edi.
Lekin o‘zi shunaqa bo‘larkan: ba’zilar pul sanash bilan, ba’zilar kallani ishlatib kun ko‘rishar ekan – shunaqa bo‘lib kelgan ekan; unisini bunisiga, bunisini unisiga solishtirib bo‘lmas ekan; har kimning o‘z o‘rni bo‘lgani tuzuk ekan.
Ular oltinlarni bo‘lishayotib, sichqon eslariga tushib qoldi. Ikkalasiyam birdaniga ortlariga o‘girilib qarashdi, sichqon ko‘rinmadi, allaqachon juftakni rostlab, boshi oqqan noma’lum tomonlarga badar ketgan edi. Shunaqa bo‘lgandi.
XAYRLASHUV
Kelishilgandek, sichqonning inidan topilgan oltinlarni savdogar bilan Usta teng ikkiga bo‘lishdi. Har kim o‘z tegishini oldi. Usta bir qo‘liga oltin solingan xaltachani, ikkinchi yelkasiga narvonni olvolib savdogar bilan xayrlashdi.
– Xayr.
– Xayr.
– Endi mening charxpalak qurib Muqaddas Chashmaning narigi sohiliga suv chiqarib obod qilish orzuim ushaladigan bo‘ldi, – dedi Usta.
– Unaqa qila ko‘rmang, Usta, – dedi savdogar. – Agar siz shunday qilsangiz, u yerlardagi tuz konlari yo‘qolib ketib, mening ishlarim kasodga uchraydi.
– Hayotda imkon ko‘p, – dedi Usta. – Odamlarga yaxshi bo‘lishini tilaganga yana yaxshilik qaytadi.
Savdogar Ustaning so‘nggi gapini eshitib o‘ylanib qoldi.
Odatdagidek, u qanchalik bosh qotirmasin, Ustaning so‘zlari ma’nosini chaqolmadi. Keyin o‘zi uchun samarasiz bu yumushni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, sichqonning inidan chiqqan oltinlardan o‘ziga tekkan qismini sanashga kirishib ketdi.
Sanay-sanay hisob-kitob qilib ko‘rdiki, u bitta oltin tangani Ustaga qaraganda ko‘p olvolgan ekan. Ana shu bitta oltin tangani ko‘p olganiga savdogar o‘zida yo‘q suyunib, quvondi va kutilmaganda qo‘liga tekkan boylikni har qanday ziyrak sichqon ham topolmaydigan joyga yashirishga kirishdi.
CHARXPALAK
Usta o‘ziga tekkan tangalarni sanab ham o‘tirmasdan charxpalak uchun zarur narsalarga sarflay boshladi. Тez orada Muqaddas Chashma arig‘ida ajoyib charxpalak paydo bo‘ldi va tun-u kun birdek aylanib narigi sohilga ham suv chiqarib bera boshladi. Charxpalak xumlari navbatma-navbat tepaga chiqib, pastga tushib aylanaverdi, barchasi novga birdek suv quyib turdi. Usta narvon yog‘ochlarini, poyalarini ham charxpalakka ishlatib yuborgandi.
Katta poya – to‘ng‘ich Hasanning quduqqa tushish orzusi sal boshqacha tarzda amalga oshdi: u xumlardan biri bilan tez-tez Muqaddas Chashma arig‘iga tushib chiqayotganidan, suv chiqarishga o‘zining hissasi qo‘shilayotganidan behad shod edi.
Ustaning charxpalakdan ko‘ngli to‘ldi.
Narigi sohil qishloqlarini obodonlashtirish uchun yana ko‘plab charxpalaklar kerak bo‘lgani uchun Usta tun-u kun tinim bilmay ter to‘kib ishlardi.
VA NIHOYAT…
Savdogar ham tinim bilmasdi. Тuz konlari kamayib ketmay tashib olay degan o‘yda erta-yu kech tuz olib o‘tar edi. U yana to‘rtta eshak sotib oldi va ularning ham aqlini yung bilan kiritib qo‘ydi.
Endi u uyida maqtanchoq sichqon paydo bo‘lgudek bo‘lsa nima qilishini o‘zi yaxshi biladi.
Yana-tag‘in kim bilsin?
Aqli har qancha to‘lishmasin, uning Ustaga bir kunmasbir kun baribir ishi tushishi aniq. Axir bu dunyo sir-asrorlarga to‘la, belgilarga qarab mohiyatni ayta olish hikmati yolg‘iz donishmand Ustagagina nasib etganini savdogarning tan olmasdan o‘zga iloji yo‘q.