Электронная библиотека » Ю. Иргашев » » онлайн чтение - страница 3


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 08:20


Автор книги: Ю. Иргашев


Жанр: География, Наука и Образование


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 3 (всего у книги 5 страниц)

Шрифт:
- 100% +
2.5. Metamorfik tog‘ jinslarining paydo bo‘lishi, turlari va relyef hosil bo‘lishdagi o‘rni

Metamorfik tog‘ jinslari birlamchi cho‘kindi va magmatik jinslarning yuqori temperatura, katta bosim hamda magmaning jinslarga ta’siri natijasida qayta kristallanishidan paydo bo‘ladi. Metamorfik tog‘ jinslari ikkilamchi bo‘lib, birlamchi jinslarning metamorfizm natijasida mineralogik va kimyoviy tarkibi, tuzilishi o‘zgarib, butunlay boshqa jinsga aylanishi va zichligi oshishi bilan ifodalanadi.

Yer qa’rining markazi tomon temperatura va bosim oshib boradi. Har 1km chuqurlikda bosim 270 atmosferaga, 33 m chuqurlikda temperatura 1°C ga ortadi. Qayd etilgan omillarning tog‘ jinslariga ta’sir etish darajasiga ko‘ra metamorfizm uch xilga bo‘linadi: 1) kontakt metamorfizm; 2) dinamometamorfizm; 3) regional metamorfizm.

Кontakt metomorfizm magmaning yer qa’riga (qatlamlar ichiga) yoriqlar orqali kirib kelishi bilan bog‘liq bo‘lib, magma jinslarni kesib o‘tgan joyida, yuqori temperatura va bosim, undan ajralib chiqadigan har xil gazlar, suv bug‘lari ta’sirida o‘zgarib, yangi jinslar hosil qiladi. Masalan, ohaktosh – marmarga, kvarsli qum – kvarsitga aylanadi.

Dinamometamorfizm. Yer qa’ridagi tektonik harakatlar natijasida ro‘y beradi. Bunday harakatlar natijasida katta bosim sodir bo‘ladi va uning ta’sirida tog‘ jinsi qatlamlari bukiladi, burmalanadi, darz ketadi va zichlashadi. Dinamometamorfizmda jinslar qayta kristallanmaydi va kimyoviy reaksiyaga kirishmaydi, faqat strukturasi va teksturasi o‘zgaradi. Bu jarayon natijasida asosan gilli slanes tipidagi jinslar hosil bo‘ladi.

Regional metamorfizm katta-katta maydonlarda ro‘y beradi va xilma-xil tog‘ jinslarini qamrab oladi. Bunda hamma metamorfizm omillari, ya’ni yuqori temperatura, bosim hamda gazsimon va suyuq moddalar ishtirok etadi. Natijada tog‘ jinslarining tarkibi va tuzilishi o‘zgarib, butunlay boshqa jinslarga aylanadi. Masalan, slaneslar, marmartoshlar, amfibolitlar, gneyslar va boshqa jinslar vujudga keladi.

Metamorfizm jarayoniga uchragan jinslarning mineral va kimyoviy tarkibi, struktura va teksturasi butunlay o‘zgarib, ular to‘la kristallangan jinslarga aylanadi. Mineral tarkibiga ko‘ra ular magmatik jinslarga o‘xshaydi. Кristall strukturali, xilma-xil teksturali (slanessimon, yo‘lyo‘l, tolali, yaxlit-massiv) bo‘ladi.

Metamorfik jinslar nurashga chidamli, mustahkam jinslar hisoblanib, asosan tog‘li va tog‘oldi hududlarini ishg‘ol etadi. Yer yuzasida musbat shaklli tektonik – strukturalar, struktura va strukturaviy-denudatsion tipdagi relyef turlari va shakllarini hosil qiladi.

III bob. GEOLOGIК YILNOMA
3.1. Tog‘ jinslarining nisbiy va absolyut yoshi

Yerning va uning organik dunyosining rivojlanish bosqichlarini geologik vaqtga nisbatan bo‘linishi geologik yilnoma (geoxronologiya) da ifodalanadi. Geologik xronologiya geologik voqealarning vaqt davomida ketma-ket rivojlanishini, birinchi navbatda Yer po‘stidagi tog‘ jinslarining hosil bo‘lish ketma-ketligini, tektonik jarayonlarni, trangressiya va regressiyani hamda ularning sodir bo‘lish vaqtini aniqlaydi.

Yer qatlamlari, tog‘ jinslari, ayniqsa, foydali qazilma konlarining hosil bo‘lgan vaqtini aniqlash ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. Tog‘ jinslarining nisbiy va absolyut (mutlaq) yoshlari ajratiladi.

Nisbiy geologik yosh y er rivojlanish tarixida yuz bergan biror hodisaning ikkinchi bir geologik hodisaga nisbatan olingan vaqtidir. Bu vaqt tog‘ jinslarining o‘zaro munosabatiga va ular orasidan topilgan toshqotgan organik qoldiqlarga qarab aniqlanadi. Geologik vaqt eon, era, davr, bo‘lim va asr kabi birliklar bilan belgilanadi. Nisbiy geologik yosh era va davrlarning qancha vaqt davom etganini aniq belgilash imkonini beradi. Nisbiy yoshni aniqlashda stratigrafik va paleontologik usullardan foydalaniladi.

Stratigrafik usul cho‘kindi, vulqon-cho‘kindi, ba’zan effuziv, intruziv va metamorfik tog‘ jinslarining tabiiy ketma-ketligini, geografik tarqalishini, Yer va organik dunyoning rivojlanish bosqichlarini o‘rganishda qo‘llaniladi. Uning asosiy vazifasiga quyidagilar kiradi: 1) kesimlarni tabaqalash – har bir olingan kesimda uzluksiz ketma-ket keladigan stratigrafiya bo‘limlarini ajratish; 2) kesimlarni taqqoslash – bir xil yoshli yoki stratigrafiya vaziyatiga ko‘ra o‘xshash straton chegaralarini belgilash; 3) tog‘ jinslari yoshini aniqlash – mahalliy va regional stratigrafik bo‘linmalarni umumiy stratigrafik shkala bilan taqqoslash. Masalan, gorizontal holatda yotgan qatlamlarni stratigrafiyasi 3.1-rasmda ifodalangan, unda 3-qatlam eng yosh hisoblanadi (3.1-rasm, a), pastki 1-qatlam esa qadimiy hisoblanadi. Agar qatlamlar tektonik harakatlar natijasida burmalangan bo‘lsa (3.1-rasm, b), qatlamlarning yotish tartibini aniqlash ancha qiyin bo‘ladi.


3.1– rasm. Cho‘kindi qatlamlarning yotish shakllari: a-gorizontal holatda (shurf devoridan) ko‘rinishi; b-burmalangan holatda (ochilmadagi relyef yonbag‘ridan) ko‘rinishi.


Paleontologik usul tog‘ jinslarida saqlanib qolgan organik qoldiqlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Yerning rivojlanish tarixining har bir davrida ma’lum turdagi organizmlar yashagan, ularning qoldiqlari shu davr yotqiziqlaridagina saqlanib qolgan. Shunday ekan, toshqotgan organizmlarning yashagan davrini bilgan holda ularning qoldiqlari yordamida cho‘kindi jinslarning yoshini aniqlashimiz mumkin.

Absolyut (mutlaq) yosh – tog‘ jinslarining qachon paydo bo‘lganini belgilaydi va million yillarda ifodalanadi. Bu yoshni aniqlashda, tog‘ jinslari tarkibida uchraydigan radioaktiv elementlarning (uran, kaliy, rubidiy va b.) parchalanishi uchun ketgan vaqtni aniqlash usulidan foydalaniladi. Yoshni hisoblash hozirgi vaqtdan boshlab, kamayib boruvchi tartibda olib boriladi, tog‘ jinslari va ularni tashkil qiluvchi hamda keyin paydo bo‘lgan minerallarning yoshi farqlanadi. Masalan, metamorfizm jarayonlari yoki yer po‘stining ayrim bloklarining ko‘tarilishi ta’sirida paydo bo‘lgan yangi turg‘un minerallarning yoshi. Ba’zi elementlarning yoshi million yillarda aniqlansa, boshqalariniki nisbatan qisqaroq bo‘ladi. Agar 1 g urandan bir yilda qancha miqdorda qo‘rg‘oshin paydo bo‘lishini bilsak, ma’lum bir mineral tarkibidagi uran va qo‘rg‘oshinlarning umumiy miqdorini aniqlash orqali mineralning absolyut yoshini belgilash mumkin bo‘ladi. Shunga ko‘ra, tarkibida ushbu minerallar bo‘lgan jinslarning yoshi ham aniqlanadi. 14C uglerodning parchalanish davri 5568 yilga tengligi aniqlangan, bundan foydalanib kaynozoy erasida paydo bo‘lgan yosh jinslarning yoshini aniqlash mumkin. Tog‘ jinslarining absolyut yoshiga qarab, Yer rivojlanish davrining geologik vaqti aniqlanadi.

3.2. Geologik yilnoma haqida tushuncha va geologik yilnoma jadvali

Yerning tuzilish va rivojlanish tarixini o‘rganish natijasida butun yer tarixini ma’lum bir davrlarga ajratish hamda absolyut va nisbiy yosh ma’lumotlariga ko‘ra geologik vaqt jadvali-geoxronologik jadval (3.1-3.2-jadval) tuzish mumkin bo‘ldi. Bu jadvalda geologik vaqt beshta eraga bo‘lingan bo‘lib, o‘z navbatida yer qobig‘ining hamma qatlamlari ham besh guruhga ajratiladi. Har bir era davrlarga, davrlar – zamon (epoxa) ga, eratema, sistema va yaruslarga bo‘linadi (3.1-jadval). Har bir vaqt bo‘laklari va unga mos keluvchi jins qatlamlariga nom va belgi berilgan. Geologik xaritalarda esa o‘zining rangiga egadir. Masalan, hozirgi davr – to‘rtlamchi davr deb ataladi, belgisi-Q; geologik xaritada kulrang – yashil rangda ko‘rsatiladi. Eng qadimgi davr – kembriydir.


Stratigrafik shkala

3.1-jadval


Yerning geologik vaqt shkalasi

3.2– jadval



Davrlar – epoxaga (bo‘limga) bo‘linadi. Masalan, trias davri –T; pastki (T1), o‘rta (T2) va yuqori trias (T3) epoxalariga bo‘linadi. Har bir epoxa-asrlarga (yaruslarga) bo‘linadi. Hozirgi to‘rtlamchi davr quyi, o‘rta va yuqori to‘rtlamchi epoxalariga bo‘linadi, ular rim raqamlari bilan ko‘rsatiladi – QI, QII, QIII, QIV. To‘rtlamchi davr belgisining oldiga jinslarining paydo bo‘lish yo‘lini – genezisini ko‘rsatuvchi belgi qo‘yiladi. Masalan, aQIII– allyuvial genezisi, VQIII– eol genezisi, m QIdengiz genezisi va hokazo.

Tog‘ jinslarining yosh belgilari va genezisi geologik va geomorfologik xaritalarda, kesim va kesmalar tuzishda keng qo‘llaniladi.

IV bob. TEКTONIК HARAКATLARNING TURLARI VA TOG‘ JINSLARINING FIZIК XUSUSIYATLARI
4.1. Tektonik harakatlarning turlari va ularning relyef hosil bo‘lishidagi o‘rni

Tektonik harakatlar odatda Yer yuzasining relyefida aks etuvchi, yer qobig‘idagi va yuqori mantiyada (tektonosferada) bo‘ladigan hamda qatlamlarning dastlabki yotish holatini o‘zgartirib yuboradigan kuchlar hisoblanadi. Yer qa’ridagi tog‘ jinslarining joylashishini va unda sodir bo‘ladigan harakatlarni o‘rganish natijasida tektonik harakatlarning tebranma, to‘lqinsimon va burmali turlarini ajratish mumkin.

Tebranma harakatlar yer yuzasining juda katta hududlarida namoyon bo‘ladi, buning natijasida quruqliklarni suv bosishi (trangressiya) va quruqliklardan suv qaytishi (regressiya) kuzatiladi. Кichik tebranma harakatlar dengiz ostida hosil bo‘layotgan qatlamlarda qatlanishlarni yuzaga keltiradi.

To‘lqinsimon harakatlar yer yuzasida uzluksiz sodir bo‘ladi va ular ayrim uchastkalarning ko‘tarilishiga, boshqalarining esa cho‘kishiga olib keladi. Bunday harakatlar yer po‘stining geologik tuzilishida va relyefning o‘zgarishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning sodir bo‘lishi natijasida botiqlik joylarda juda katta qalinlikdagi cho‘kindi jinslar to‘planishi (masalan, Farg‘ona tog‘lararo botig‘ida 9,0 km qalinlikda), shuningdek, ko‘tarilmalar barpo bo‘lgan zonalarda qadimiy cho‘kindi, vulqon, metamorfik hosilalarning yuvilib, ketishi kuzatiladi. To‘lqinsimon harakatlarda hosil bo‘lgan ko‘tarilmalar va cho‘kishlar amplitudasi taxminan ulardan avval barpo bo‘lganlarinikiga mos keladi. To‘lqinsimon harakatlar natijasida geologik kesimning vertikal yo‘nalishidagi cho‘kindilarning litologik tarkibi keskin o‘zgaradi.

Burmachan harakatlar qatlamlarni plastik deformatsiyalanishiga olib keladi. Natijada qatlamlar yuqoriga ko‘tariladi, pastga cho‘kadi, ya’ni antiklinal va sinklinal burmalar hosil bo‘ladi, shuningdek, qatlamlarning butunligi buzilib ularda yoriqlar paydo bo‘ladi, qatlamlar yoriqlar bo‘ylab yuqoriga siljishi (vzbros), pastga siljishi (sbros), yon tomonga siljishi (nadvig) mumkin, shuningdek, darzliklar shakllanadi.

Qayd qilingan tektonik harakatlar har qanday hududda birgalikda va ketma-ketlikda rivojlanadi, shu sababli u yoki bu maydonning tektonik rejimi yer po‘sti harakatining bir turi bilan belgilanmaydi.

To‘lqinsimon harakatlar ta’sirida barpo bo‘lgan yirik struktura shakllaridan farqli o‘laroq, burmalar nisbatan tez so‘nadi yoki chuqurlik sari shaklini o‘zgartirib boradi.

Yer qobig‘ida vaqti-vaqti bilan sodir bo‘ladigan tektonik harakatlar natijasida yuzaga keladigan barcha o‘zgarishlar tektonik buzilishlarga olib keladi, ular yer po‘stidagi struktura shakllarini, tog‘ jinslarining joylashishini va yer yuzasi relyefini o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.

Yer qobig‘ining ayrim uchastkalarini geologik rivojlanish tarixini o‘rganish natijasi tektonik buzilishlar yer po‘stining ayrim qismlarini ko‘tarilishi va cho‘kishi, burmalar, darzliklar, yoriqlar hosil bo‘lishi va magmatik eritmalarni jinslar ichiga kirib kelishi orqali sodir bo‘lishini ko‘rsatdi. Relyefning asosiy shakllari – yirik ko‘tarilmalar va egilmalardan iborat bo‘lib, to‘lqinsimon harakatlar orqali, ularni murakkablashtiruvchi kichik burmalar va yoriqlar esa burmali harakatlar natijasida yuzaga keladi.

Hozirgi vaqtda tektonik harakatlarning yuqorida qayd qilingan turlarga bo‘linishi ko‘pgina olimlar tomonidan tanqid ostiga olingan bo‘lib, ularda kamchiliklar mavjudligi ko‘rsatilgan.

1960-yillarga kelib zamonaviy mobilistik geotektonika – litosfera plitalari tektonikasi nazariyasi paydo bo‘ldi (I.T.Uilson, К.Le Pishon, 1968), unga ko‘ra mantiya konveksiyasi (moddalarning zichlik va temperatura farqiga ko‘ra o‘rin almashinish harakati) ta’sirida litosfera plitalarining astenosfera bo‘yicha gorizontal yo‘nalishda siljishi va ularning o‘zaro ta’siridan Yer yuzasidagi moddalar va strukturalarning rivojlanishi o‘rganildi.

Litosfera plitalari tektonikasining asosiy mazmuni quyidagilardan iborat (L.P.Zonenshayn va b. 1976): 1) Yerning tashqi qayishqoq-mo‘rt qobig‘i, ya’ni Yer po‘sti va yuqori mantiyani o‘z ichiga oluvchi va litosfera deb nomlanuvchi qobig‘i qayishqoq-plastik holatdagi astenosfera qatlami ustida joylashgan; 2) litosfera seysmik, tektonik va hozirda harakatda bo‘lgan vulqonli faol zonalar ko‘rinishidagi kam sonli yirik bloklarga bo‘lingan va ular litosfera plitalari deb nomlanadi; 3) plitalar astenosfera yuzasida, sferik geometriya qonunlariga ko‘ra (Eyler teoremasi), uyg‘un birlikda siljiydi; 4) plitalar chegaralari-plitalar harakatiga ko‘ra – divergent, konvergent va transform ko‘rinishda bo‘ladi; 5) plitalar harakati muvozanatlanib turish xususiyatiga ega: okean tubi spredingi so‘rilish zonasidagi yutilish hisobiga muvozanatlanadi; Yer radiusi doimiy-o‘zgarmas deb qabul qilinadi; 6) plitalar harakati mantiya maddalarining yopiq makondagi konveksiyasidan sodir bo‘ladi.

Кeyingi yillarda A.A.Abidov (1990–2012) Markaziy Osiyo hududida geologik jarayonlarning matematik modellash, geologik moddalarning geofizik (seysmik zondlash, seysmostratigrafiya va b. tadqiqotlari), geokimyoviy va boshqa metodlar bilan o‘rganilgan ma’lumotlarini tahlil qilish asosida Yerning tadrijiy rivojlanishi dinamikasini ifodalash mumkinligini isbotladi. Yangi konsepsiyaning metodologik asosi – tarixiy-geologik modellash bo‘lib, uning yordamida hududning rivojlanishining geodinamik modeli tuzildi. Bu model geodinamik tahlil deb nomlanuvchi metod va usullar majmuasidan iborat.

Litosfera plitalari tektonikasi Yer po‘sti va uning relyefini sezilarli darajada o‘zgarishga olib keluvchi kuch sifatida qaralib, Yer shari uzluksiz rivojlanayotgan sistemaga qiyoslanadi. Yer qobig‘idagi yirik megabloklarning gorizontal yo‘nalishda siljishidan uning relyef tuzilishi doimo o‘zgarib turadi.

Yer yuzasining geologik tuzilishi va relyefi juda murakkab qiyofaga ega bo‘lib, uning rivojlanishida gorizontal tektonik siljishlar bilan tektonik dislokatsiyalarning birgalikdagi ta’siri muhim rol o‘ynaydi.

Strukturaviy geologiyada tektonik dislokatsiya (buzilish)larning ikki: burmali va uzilmali turlari ajratiladi. Burmali (plikativ) dislokatsiya qatlamlarni tektonik kuchlar ta’sirida egilib-bukilishiga, deformatsiyalanishiga sabab bo‘ladi. Unda qatlamning yaxlitligi saqlanib qoladi. Natijada antiklinal, sinklinal, monoklinal va boshqa burmalar paydo bo‘ladi. Bunda yer qobig‘ining burmalangan uchastkalari o‘zining birlamchi holatiga qaytmaydi va qachonlardir shakllangan burmalar butunlay yo‘q bo‘lib ketmaydi.

Uzulmali (diz’yunktiv) dislokatsiya (buzilish)lar qatlamlarda, ya’ni yer qa’rida darzliklar yoki yoriqlar paydo bo‘lishi bilan namoyonlanadi, keyinchalik yoriqlar bo‘ylab yer qobig‘ining ayrim uchastkalarini siljishi sodir bo‘ladi. Natijada burmalarning sbros, vzbros, nadvig, graben, gorst, sdvig (siljima) va b. turlari vujudga keladi.

Burmali va uzilmali dislokatsiyalar yer yuzasining katta qismlaridagi relyefni buzilishiga va ularning yangi turlarini paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shunga ko‘ra geomorfologik tadqiqotlar chog‘ida bunday relyef turlarini ajratish, ularda sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni aniqlash zarurdir.

4.2. Tog‘ jinslarining fizik xususiyatlari va ularning tektonik buzilishlar rivojlanishidagi o‘rni

Yer qobig‘i turli kimyoviy tarkibli tog‘ jinslaridan tashkil topgan bo‘lib, ularning fizik xususiyatlari ham har xildir. Bizga ma’lumki litosferadagi tog‘ jinslari hosil bo‘lish sharoitlariga ko‘ra qattiq, suyuq va amorf (oraliq) holatlarda bo‘ladi. Tog‘ jinslarining asosiy xususiyatlariga: zichligi, temperaturasi, elastikligi, qayishqoqligi, qattiqligi, mo‘rtligi, bo‘shoqligi va boshqalar mansub.

Zichlik tog‘ jinslari massasining hajmiga nisbati bilan aniqlanadi, uning qiymati jins temperaturasiga va xarakteriga qarab o‘zgaradi. Magmatik jinslarning zichligi katta, cho‘kindi jinslarniki kichik bo‘ladi. Chuqurlik oshgan sari bosim va temperaturaning oshishi hisobiga jinslar hajmining kamayishi va zichligining ortishi kuzatiladi. Tog‘ jinslarining zichlik qiymatini o‘zgarishi 4.1-jadvalda berilgan.


Tog‘ jinslarining zichligi

4.1-jadval


Tog‘ jinslarining elastikligi deganda, jismlar tashqi kuch bilan siqilganda o‘z shaklini o‘zgartirishi va kuch olinganda eski holiga qaytishi tushuniladi. Mutlaq egiluvchan jism tashqi kuchlar ta’siri tugagandan so‘ng darhol o‘zining dastlabki shaklini tiklaydi. Agarda tashqi kuch ta’siri tugagandan so‘ng jism yangi egallagan shaklini saqlab qolsa yoki asl shakliga asta-sekinlik bilan qaytsa, bunday jism mutlaq egiluvchan yoki plastik emas deb ataladi. Muayan geologik muhitda tektonik kuchlar ta’siridan ham egiluvchan, ham plastik deformatsiyalar sodir bo‘lishi mumkin.

Tashqi kuchlar kam va qisqa vaqt ta’sir etganda ko‘pgina tog‘ jinslari mutlaq egiluvchan jismlardek holatda bo‘ladi. Aksincha, katta kuchlar uzoq vaqt ta’sir etsa hamma tog‘ jinslari plastik bo‘lib qoladi.

Tog‘ jinslarining plastikligi deganda, ularning tashqi kuch ta’sirida har xil shaklga kira olishi va kuch ta’siri yo‘qolgach, bu shaklni saqlab qolish xususiyati tushuniladi. Jinslarning tashqi mexanik kuchlarni o‘ziga yutishi, shaklini o‘zgartirishi va butunlay buzilib, parchalanib ketmasdan, yangi shaklini saqlab qolishi ham uni plastikligini bildiradi.

Tog‘ jinslarining tashqi kuchlar ta’sirida maydalanib ketish xususiyati ularning mo‘rtligi deb ataladi. Plastiklik holati va mo‘rtligi jinslar strukturasining o‘ziga xosligi, zarralarning shakli va kattakichikligi, temperaturasi, granulometrik tarkibi hamda kuchlanishning ta’sir etish davomiyligiga bog‘liq.

Tog‘ jinslarining qattiqligi deganda tashqi kuch ta’sirda o‘z shaklini o‘zgarishiga ko‘rsatadigan qarshiligi tushuniladi.

Mineral va tog‘ jinslarining qattiqligi maxsus asbob yordamida aniqlanadi. Agar bir mineralning o‘tkir qirrasi bilan ikkinchisining tekis yuzasiga chizilsa u qirilib, yuzasida chiziq paydo bo‘lsa, u yumshoq, qirgan mineral esa qattiq deb hisoblanadi. Minerallarni qattiqligini aniqlash uchun 10 ta mineral tanlangan bo‘lib, ularning eng yumshog‘i 1, eng qattig‘i 10 deb olingan. Qattiqlik jadvalini birinchi bo‘lib F.Moos tuzganligi sababli jadval uning nomi bilan yuritiladi. Moss jadvaliga ko‘ra minerallar quyidagi qattiqlikka ega: talk – 1, gips – 2, kalsit – 3, flyuorit – 4, apatit – 5, dala shpati (ortoklaz) – 6, kvars – 7, topaz – 8, korund – 9, olmos – 10.(2.1-jadval).

Tog‘ jinslarining qattiqligi ularning mustahkamligini tavsiflaydi. Uni bilish uchun tashqi kuch ta’sirida siqilishi, cho‘zilishi va surilishini aniqlash lozim. Shu sababli 4.2-jadvalda ushbu parametrlarning o‘rtacha qiymati berilgan.

Tog‘ jinslarining mustahkamligi tashqi kuch ta’sirida turlicha deformatsiyalanishiga bog‘liq holda aniqlanadi. Jinslarning siqilishdagi mustahkamligi cho‘zilishdagi mustahkamligiga qaraganda 20 marta, surilishdagiga – 10 marta katta. Suyuq tog‘ jinslarining (suv, neft va b.) bunday fizik xususiyati qovushqoqlik deb ataladi va u suyuqlikning ichki ishqalanishini (suyuqlikni bir qatini boshqasiga nisbatan siljishini) bildiradi.


Tog‘ jinslarining qattiqligi

4.2-jadval


Siqiluvchanlik jinslarning hamma tomonlaridan ta’sir qiladigan tashqi kuch ta’sirida hajmi kamayishini ifodalaydi. Siqiluvchanlik jismning kichraygan hajmini dastlabki hajmiga nisbati orqali aniqlanadi. SI sistemasida 1/Pa da o‘lchanadi.

Gil jinslarning siqiluvchanligi mineral tarkibiga, disperslik darajasiga, g‘ovakligiga, shuningdek, jinsning holatiga va siqilish sharoitlariga bog‘liq. G‘ovaklilik qancha katta bo‘lsa, siqilishning mutlaq qiymati shuncha katta bo‘ladi. Siqiluvchanlik qiymati kern namunalarining va qatlamdagi suyuqliklarning laboratoriya tadqiqotlaridan aniqlanadi.

4.3. Tog‘ jinslarining deformatsiyalanishi va ularning relyef hosil bo‘lishdagi o‘rni

Tog‘ jinslarining deformatsiyalanish mexanizmi va ularni dala sharoitida (lokal uchastkalarda) o‘rganish metodikasi ko‘pgina olimlar (V.V.Belousov. A.A.Bagdanov, N.I.Nikolayev, N.S.Shatskiy, N.N.Maslov va b.) tomonidan o‘rganilgan.

Deformatsiya – geologiya fanida, tektonik kuchlar ta’sirida Yer po‘stining ayrim qismlarida avval hosil bo‘lgan tog‘ jinslarining buzilishini, hajmi va shaklining o‘zgarishini bildiradi. Deformatsiya tog‘ jinslariga gidrostatik bosimning muntazam ta’sir etishidan yuzaga keladi. Agar jinslarga bir tomonga yo‘nalgan kuch ta’sir etsa, jins shaklini o‘zgarishida deformatsiyani uch: elastik, plastik va uzilma turi paydo bo‘ladi.

Elastik deformatsiyada jinsning shakli o‘zgaradi, tashqi kuch ta’siri to‘xtashi bilanoq, jinsning avvalgi shakli tiklanadi. Plastik deformatsiyada jins shaklining o‘zgarishi uzluksiz sodir bo‘ladi, tashqi kuch ta’siri tugaganda u asl holiga qaytmaydi. Bunday deformatsiya yerning chuqur qismlarida ma’lum bir yo‘nalishdagi differensial harakatlar ta’siridan vujudga keladi. Uzulmali deformatsiya yoriqlar va darzliklar ta’sirida jins yaxlitligining buzilishidan sodir bo‘ladi.

Plastik va uzilmali deformatsiyalar yer yuzasi relyefining barpo bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Yer po‘stida sodir bo‘ladigan deformatsiyalar qatlamlarning dastlabki yotish holatini o‘zgarishiga, Yer po‘stida yuzaga keladigan cho‘kishlar, ko‘tarilishlar va uning ayrim qismlarini gorizontal siljishiga olib keladi va relyefda katta o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi.

Tog‘ jinslarining deformatsiyalanishiga turli omillar temperatura, eritmalar, vaqt ta’sir etadi. Temperaturaning ortishi jinslarning plastikligini kuchaytiradi; eritmalar minerallarning qayta kristallashishiga olib keladi. Tog‘ jinslarining fizik xususiyatlari qayd qilingan omillar ta’sirida sezilarli o‘zgarishlarga uchraydi va shu sababli, yer qa’ridagi tektonik harakatlarning faolligi ortadi.

Barcha tog‘ jinslarining xususiyatlari vaqt davomida kuchli o‘zgarishlarga duchor bo‘ladi. Nurash jarayoni tog‘ jinslarini yemiradi, parchalaydi, ularda darzliklar hosil qiladi, tabiiyki jinslarning xususiyatlari ham o‘zgaradi. Bu o‘z navbatida tektonik buzilishlar rivojlanishini jadallashtiradi, jinslarda esa plastik deformatsiyalar namoyon bo‘ladi.

Plastik deformatsiyalar tog‘ jinslarida quyidagicha kechadi. Dastlab, bosim ta’sirida tog‘ jinsini tashkil etuvchi zarralar oralig‘ida siljish kuzatiladi, jinsning zichlashishidan zarralar orasidagi g‘ovaklik kamayadi. Jinsning deformatsiyalanishi ma’lum bir chegaraga yetganda unda darzliklar paydo bo‘ladi, so‘ngra jinsning buzilishi-parchalanishi kuzatiladi. Bunday buzilishlar yer qa’rida uzluksiz sodir bo‘lib, elastik, plastik va uzilmali deformatsiyalarni rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bunday deformatsiyalar kimyoviy reaksiyalar ta’sirida jins minerallarining erishi, mineral tarkibini o‘zgarishi va yangi minerallarning paydo bo‘lishi bilan kechadi.

Tadqiqotlar mayda zarrali cho‘kindi jinslarning, ayniqsa, gillarning oson va kuchli deformatsiyalanishini ko‘rsatdi. Tarkibida gil fraksiyalari ko‘p bo‘lgan cho‘kindi jinslar plastik xususiyatga ega bo‘lib, boshqa tarkibli jinslardan yuqori darajada plastik xususiyatga egaligi va deformatsiyalanishi bilan ajralib turadi. Mayda zarrali jinslarda plastik deformatsiyalar bosim ostida yuzaga keladi, shu sababli zarralar ma’lum bir yo‘nalishda siljib, oqishi ham mumkin.

Toshqotgan va kristall jinslarning tashqi kuch ta’sirida deformatsiyalanishi murakkab kechadi, unda darzlik va g‘ovaklarning ta’siri sezilarli bo‘ladi. Bunday jinslarning hajmiy kuchlanish holatlari katta bosimlar ta’sirida yuzaga keladi. Masalan, zich ohaktoshlar 675 MPa bosim bilan ikki oy davomida siqilganda hech qanday deformatsiya kuzatilmagan. Bosim 900 MPa ga yetganda jins ichidagi g‘ovaklarning bekilishi sodir bo‘lgan.

Tektonik strukturalarning paydo bo‘lishi endogen (ichki) va gorizontal ta’sir etuvchi kuchlarga bog‘liq. Endogen kuchlar og‘irlik kuchi bilan birgalikda turli petrografik tarkibli tog‘ jinslaridan tuzilgan litosferaning ayrim uchastkalarini deformatsiyalanishiga, ularning kengayishi va siqilishiga sabab bo‘ladi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации