Текст книги "Геология ва геоморфология"
Автор книги: Ю. Иргашев
Жанр: География, Наука и Образование
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 2 (всего у книги 16 страниц) [доступный отрывок для чтения: 5 страниц]
Yer yuzasiga uzluksiz ravishda tushayotgan quyosh nuri oqimi atmosfera, gidrosfera va yer po‘stining yuqori qismlarida turli-tuman dinamik jarayonlarni yuzaga keltiradi. Tashqi energiya ta’sirida paydo bo‘ladigan hodisalar Yerning tashqi (ekzogen) dinamikasi deb ataladi. O‘z navbatida, Yerning ichki qismlarida radioaktiv elementlarining parchalanishi natijasida vujudga keladigan energiya va uning quvvatidan yuzaga keladigan jarayonlar Yerning ichki (endogen) dinamikasi deb ataladi. Ularga magmatizm, vulkanizm, tog‘ hosil bo‘lish jarayoni va seysmik hodisalar (zilzilalar) va boshqalar misol bo‘laoladi.
Magmatizm deganda Yer qa’ridan suyuq holatdagi yuqori temperaturali modda – magmaning yuqoriga ko‘tarilishi va tog‘ jinslari ichiga kirib qotishi tushuniladi.
Vulkanizm magmatik jarayonlarning bir turi bo‘lib, Yer po‘stidagi yoriqlar va kanallar bo‘ylab suyuq holatdagi magmaning yer yuzasiga otilib chiqishidan sodir bo‘ladi. Tarkibida gaz, suv bug‘lari va qattiq mahsulotlar bo‘lgan magma yer yuzasiga vulqonlar ko‘rinishida otilib chiqadi.
Tog‘ hosil bo‘lish jarayoni (orogenez) deganda Yer ichidagi energiyaning ta’sirida dastlab gorizontal holda yotgan qatlamlarning bukilishi, egilishi, yuqoriga ko‘tarilishi, yoriqlar bilan bo‘linishi (uzilishi) tushuniladi. Bu jarayonlar davomida yer po‘stining ma’lum qismi yuqoriga ko‘tariladi, gumbaz shaklidagi strukturalar, tepaliklar va tog‘ inshootlari, surilmalar, uzilmalar va boshqa relyef shakllari hosil bo‘ladi. Tog‘ hosil qiluvchi bunday harakatlar – tektonik harakatlar deb ataladi.
Seysmik hodisalar (zilzilalar) yer qa’ridagi potensial energiyani bir vaqtda bo‘shalishidan va o‘z navbatida Yer yuzasining tebranishidan yuzaga keladi. Qayd qilingan zilzilalarning aksariyati tektonik harakatlar natijasida sodir bo‘ladi. Tektonik kuchlar orqali hosil bo‘ladigan kuchlanishlar zilzila o‘chog‘ida bir necha o‘n va yuz yillarda to‘planadi. Energiyaning bo‘shalishi zilzila o‘chog‘idagi qattiq moddalarning (qatlamlarning) portlashi va siljishi bilan kechadi, natijada o‘choq tashqarisidagi tog‘ jinslari qayta tiklanadigan deformatsiyalarga uchraydi, bo‘ylama va ko‘ndalang yo‘nalishlarda harakatlanadigan to‘lqinlar hosil bo‘ladi.
Yer qa’rida va uning qatlamlarida moddalarning ichki gravitatsion (og‘irligi ta’sirida) taqsimlanishi jarayonlaridan, mantiyada sodir bo‘ladigan portlashlar va termodinamik jarayonlardan, yer ichida hosil bo‘lgan kuchli bosimning taqsimlanishidan va bo‘ylama to‘lqinlarning tarqalishidan burmalanishlar hamda katta uzilish(yoriq)lar vujudga keladi. Bunday jarayonlarning rivojlanishi magmatizm bilan bog‘liq.
Magmatizm hamma geologik jarayonlar majmuasi bo‘lib, magma va uning mahsulotlari uni harakatga keltiruvchi asosiy kuch hisoblanadi. Magmaning vulqon ko‘rinishida yer yuzasiga otilib chiqishi tabiatda bo‘ladigan dahshatli hodisalardandir. Vulqon otilishidan yer qa’rida kuchli o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Magmaning yer yuzasiga otilib chiqib qotishi effuziv, yer yuzasiga chiqolmay tog‘ jinslari orasida qotishi intruziv jarayonlar deb ataladi.
Yerning tashqi dinamikasi bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar quyoshdan kelayotgan nur va issiqlik ta’sirida vujudga keladi. Issiqlikning yer yuzasida notekis taqsimlanishidan shamol, namlikning bug‘lanishi va suvlarning oqimi yuzaga keladi. Quyosh energiyasi yerda hayotni yuzaga keltiruvchi vositadir. Shamol, suvlar, o‘simlik va organizmlar ta’sirida yer yuzasi yemiriladi. Suv va shamol yemirilgan, nuragan mahsulotlarni oqizib, ko‘chirib, yer yuzasining pastqam joylariga olib borib yotqiziladi.
Suv havzalarida kimyoviy va biogen yo‘l bilan hosil bo‘lgan cho‘kmalarning to‘planishidan hamda materiklardan shamol, muz va suvlar ta’sirida nuragan materiallarning bir yerdan ko‘chirib, ikkinchi bir yerga yotqizilishidan cho‘kindi jinslar hosil bo‘ladi. Demak, Yerning tashqi dinamik jarayonlari yer yuzasidagi notekisliklarni silliqlab, tekislik maydonlarini yuzaga keltiruvchi va o‘z navbatida yerning ichki dinamik jarayonlariga qarama-qarshi bo‘lgan kuchdir. Sayyoramiz relyefi doimo yerning ichki va tashqi kuchlarining o‘zaro ta’siri natijasida vujudga keladi va rivojlanib boradi.
Geodeziya va topografiya sohalari mutaxassislarining asosiy vazifasi yer po‘stida sodir bo‘ladigan geologik jarayonlar turlarini va ularning relyef hosil bo‘lishidagi ahamiyatini bilish va ularni topografik xaritalarda aniq ifodalashdan iboratdir.
II bob. MINERALLAR VA TOG‘ JINSLARI 2.1. Minerallarning paydo bo‘lishi, tuzilishi, tarkibi, turlari
Yer qobig‘i, ya’ni litosfera xilma-xil tog‘ jinslaridan, ular ham o‘z navbatida bir yoki bir necha minerallardan tarkib topgan.
Mineral deb Yer qa’rida sodir bo‘ladigan murakkab fizik va kimyoviy jarayonlar ta’sirida hosil bo‘lgan bir yoki bir necha kimyoviy elementdan iborat, tarkibi bir xil bo‘lgan tabiiy birikmaga aytiladi.
Tabiatda minerallar 3 xil holatda uchraydi: 1) qattiq holatda – kvars, korund, olmos, kalsit va b.; 2) suyuq holatda – simob, suv, neft va b.; 3) gaz holatida – karbonat angidrid, sulfat angidrid, propan, butan va b.
Hozirgi davrda 7000 tadan ortiq mineral ma’lum. Lekin minerallar tabiatda bir xilda tarqalmaganligi sababli, ular Yer po‘stida tarqalishiga ko‘ra ikki guruhga bo‘linadi: kam uchraydigan minerallar, tog‘ jinslarini hosil qiluvchi asosiy minerallar. Bunday minerallar 100 taga yaqin bo‘lib, ular jins hosil qiluvchi minerallar deb ataladi.
Minerallar tuzilishi bo‘yicha kristall va amorf ko‘rinishda bo‘ladi. Кristall minerallarni tashkil etuvchi atomlar ma’lum tartibda va masofada joylashib, fazaviy panjarani hosil qiladi. Shuning uchun ularning tashqi ko‘rinishi to‘g‘ri ko‘p burchakli geometrik shakllarga ega bo‘ladi. Masalan: kvars, olmos, pirit va b.
Amorf minerallar deb ma’lum geometrik shaklga ega bo‘lmagan va ichki tuzilishida molekula va atomlar tartibsiz joylashgan yoki kristall panjaraga ega bo‘lmagan mineralga aytiladi, ular izotrop xususiyatga egadir. Masalan: fosforit, opal, vulqon shishasi, kremen va b. Minerallar bir-biridan fizik xossalari bilan keskin farq qiladi. Ularning fizik xossalariga: rangi, chizig‘ining rangi, yaltiroqligi, tiniqligi, shaffofligi, mo‘rtligi, qattiqligi, zichligi, tovlanishi, ta’mi, nur sindirishi, kislota ta’sirida qaynashi va boshqalar kiradi.
Minerallarning rangi ularning kimyoviy tarkibiga, tuzilishiga va ayrim rang beruvchi organik moddalarning turiga bog‘liq bo‘lib, asosan rangli, rangsiz va qora guruhlardagi ranglarga mansub bo‘ladi. Yaltiroqligi metallsimon, shishasimon bo‘lishi mumkin.
Mineralning asosiy fizik xossalaridan biri ularning qattiqligidir. Mineralning qattiqligi deb, uning tashqi mexanik ta’sirga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatiga aytiladi. Masalan, o‘tkir narsa bilan tirnash va boshqa ta’sirlar yordamida belgilanadi. Mineralning haqiqiy qattiqligi maxsus asboblarda aniqlanadi, nisbiy qattiqligi odatda oldindan ma’lum bo‘lgan mineral bilan taqqoslash orqali belgilanadi. Agar bir mineralning o‘tkir qirrasi ikkinchisining tekis yuzasiga surkalganda qirilib, uning yuzasida chiziq paydo bo‘lsa, u yumshoq, qirgan mineral esa qattiq deb hisoblanadi. Mineralning qattiqligini aniqlash uchun 10 ta mineral tanlangan, ularning eng yumshog‘i 1, eng qattig‘i 10 deb olinadi. Qattiqlik shkalasini F. Moos birinchi bo‘lib tuzganligi uchun shkala uning nomi bilan ataladi (2.1.-jadval).
Moos qattiqlik shkalasi
2.1-jadval
Minerallarning zichligi ularning kimyoviy tarkibiga, ya’ni ion yoki atomlarning og‘irligiga bog‘liq bo‘lib, 0,6 dan 23 g/sm3 gacha bo‘lishi mumkin. Zichligi 2,9 g/sm3 dan kam bo‘lganlari yengil minerallar (oltingugurt, gips, talk, kvars, opal, kalsit va h.k.), bundan ortiq bo‘lganlari og‘ir minerallar (gematit, olmos, pirit, markazit topaz, granat va h.k.) hisoblanadi.
Minerallarning kimyoviy tarkibi xilma-xil bo‘lib, ular har xil kimyoviy elementlardan va organik moddalardan tashkil topgandir. Ular kimyoviy tarkibi va kristall strukturasiga qarab quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
1) sof elementlar guruhi – oltin-Au, platina-Pt, sof kumush-Ag, olmos-S, grafit-S, oltingugurt-S;
2) sulfidlar guruhi – galenit-PbS, pirit-FeS2, xalkopirit-CuFeS2, sfalerit–ZnS, molibdenit–MoS2 , kinovar-HgS va b.;
3) galoid birikmalar guruhi – galit-NaCl, silvin-KCl, flyuorit–SaF2;
4) oksidlar va gidrooksidlar guruhi – kvars–SiO2, opal–SiO2⋅nH2O, xromit–FeCr2O4, korund–Al2O3, magnetit–Fe3O4, gematit-Fe2O3;
5) karbonatlar guruhi – kalsit–CaCO3, dolomit–CaMg(CO3)2, sideritFeCO3, magnezit-MgCO3, limonit–Fe2O3⋅nH2O, pirolyuzit–MnO2;
6) fosfatlar guruhi – apatit Cn5(F,Cl)[PO4]3, fosfarit-Ca5⋅F(PO4);
7) sulfatlar guruhi – angidrit-CaSO4, barit-BaSO4, gipsCaSO4⋅2H2O, mirabilit-Na2SO4*10H2O;
8) volframatlar guruhi – volframit-(Fe,Mn)WO4, sheelit-CaWO4, serpentin-Mg6(OH)8*[Si4O16] , xlorit-(Fe,Mg)5Al(OH8)(AlSi3O10);
9) silikatlar guruhi – olivin-(Mg,Fe)2⋅[SiO4], avgit–Ca(Mg⋅Fe,Al) [(Si,Al)2⋅O5], muskovit – K⋅Al2(OH)⋅(AlSi3O10), biotit – K(Mg,Fe)3⋅(OHYu,Fe)2⋅[Al,Si3⋅O10], rogovaya obmanka – (Ca,Na)2(Mg,Fe2+)4⋅(OH)2⋅[(Al,Si4)O11]2, talk – Mg3(OH)8 [Si4⋅O10];.
2.2. Tog‘ jinslari haqida umumiy tushuncha va ularning genetik tasnifiYerning litosfera qobig‘i har xil tog‘ jinslaridan iborat. Tog‘ jinslari deb Yer po‘stida sodir bo‘ladigan geologik jarayonlar natijasida hosil bo‘lgan bir yoki bir necha minerallar to‘plamidan iborat tabiiy birikmalarga aytiladi.
Tog‘ jinslari bir mineraldan tarkib topgan bo‘lsa, monomineralli (gips, dolomit), bir necha mineraldan tarkib topgan bo‘lsa, polimineralli (masalan, granit-kvars, dala shpati, slyuda minerallaridan tashkil topgan) tog‘ jinslari deb ataladi. Tog‘ jinslari birlamchi va ikkilamchi minerallardan tashkil topgan bo‘lishi mumkin.
Tog‘ jinslarining tuzilishini ularning strukturasi va teksturasi belgilaydi. Struktura deb jinslarning tashkil etuvchi minerall zarrachalar va agregatlarning ichki tuzilishi, shakli va o‘lchami, miqdoriy nisbati va bu zarralarning bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqligiga aytiladi. Masalan, donador, chala kristallangan, shishasimon; zarralarning o‘lchamiga ko‘ra yirik, juda yirik va boshqa strukturalar. Tekstura deb tog‘ jinslarini tashkil etuvchi mineral zarracha va agregatlarning jinslarda fazoviy joylashishiga va jinslarning yaxlitlik darajasiga aytiladi: zich, massiv, qat-qat, yo‘l-yo‘l, g‘ovakli va h.k. teksturalar.
Tog‘ jinslari hosil bo‘lish sharoitiga va tarkibiga qarab uchta asosiy genetik guruhga bo‘linadi: magmatik, cho‘kindi va metamorfik jinslar.
2.3. Magmatik tog‘ jinslarining paydo bo‘lishi, turlari va relyef hosil bo‘lishdagi o‘rniMagmatik tog‘ jinslari erigan – suyuq magmani (ko‘pincha silikatli, shuningdek, sulfidli bo‘lishi ham mumkin) sovib, kristallanib qotishidan hosil bo‘ladi. Magma yer po‘stida yoki yuqori mantiyada paydo bo‘lib, katta bosim va temperaturaga ega bo‘ladi, gazsimon moddalar va suv bug‘lari ko‘p uchraydi. Magmaning tarkibi har xil bo‘lib, tadqiqotchilarning fikricha, o‘ta asosli, o‘rta (bazaltli) va nordon (granitli) turlari mavjud. Magmaning hosil bo‘lish sabablari hozirgacha munozarali. Magma suyuqligining hosil bo‘lishini, odatda yer qa’ridagi radiogen issiqlik bilan bog‘lashadi, ba’zi olimlar magma qiyin eruvchan va tez uchuvchan moddalardan tarkib topgan aralashmalardan iborat deb hisoblaydilar. Magma SiO2, Al, Fe, Mn, Ca, Na, K, O2, H, S, Cl, F, B va boshqa elementlardan tarkib topadi.
Yer po‘stining yoriq va darzlari orqali magma yuqorida joylashgan qatlam orasiga kirib qotishi yoki yer yuzasiga otilib chiqishi mumkin. Magma yer yuzasiga otilib chiqmasa, u asta-sekin sovib, Yerning chuqur qismlarida qotadi. Bundan hosil bo‘lgan magma mahsulotlari intruziv jinslar deb ataladi (2.1-a-rasm). Magma yer yuzasiga otilib chiqib qotganda effuziv jinslar hosil bo‘ladi (2.1-b-rasm).
2.1-rasm. Magmatik tog‘ jinslarining hosil bo‘lish sxemasi.
Magmatik jinslarning tarkibini asosan SiO2 tashkil etgani uchun, uning miqdoriga asoslanib, magmatik jinslar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
– o‘ta nordon jinslar: SiO2 miqdori 78 % dan ko‘p (pegmatit va h.k.);
– nordon jinslar: SiO2 miqdori 64-78 % (granit, granodiorit, liporit va h.k.).
– o‘rta jinslar: SiO2 miqdori 53-64 % (sienit, diorit, traxit va h.k.).
– asos tarkibli jinslar: SiO2 miqdori 44-53 % (gabbro, bazalt, diabaz va h.k.).
– o‘ta asos tarkibli jinslar: SiO2 miqdori 44 % kam (peridotit, piroksenit va h.k.).
Intruziv va effuziv jinslar har xil sharoitda hosil bo‘lgani uchun, ular tuzilishi, xususiyati va tabiatda joylashish sharoitiga qarab birbiridan keskin farq qiladi.
Intruziv jinslar. Magma yer qobig‘ining chuqur qismida, katta bosim va temperatura ostida asta-sekin sovib, kristallanib qotsa, uni tashkil etuvchi minerallar to‘liq kristallanadi va to‘liq kristallangan jinslar hosil bo‘ladi. Ular tabiatda batolit, shtok, lakkolit, lapolit kabi shakllarda yotadi (2.2-rasm). Ularga: granit, granodiorit, sienit, piroksenit, peridotit, diorit va boshqa tog‘ jinslari misol bo‘laoladi.
Bu jinslar kristalli massiv jinslar bo‘lib, o‘ta mustahkam va nurashga chidamlidir. Shuning uchun bunday tog‘ jinslari tarqalgan hududlarda asosan tog‘lar, tik yonbag‘rli daralar, kon’onlar, cho‘qqilar hosil bo‘ladi, ya’ni Yer relyefining baland musbat shakllari paydo bo‘ladi. Bunday relyeflar asosan tektonik-strukturaviy tipdagi relyeflardir.
2.2-rasm. Intruziv magmatik tog‘ jinslarining yotish shakllari: 1– lakkolit; 2– lopolit; 3– shtok; 4– batolit; 5-dayka; 6-tomir.
Effuziv jinslar magmaning yer yuzasiga otilib chiqib qotishidan hosil bo‘ladi. Bu holda magmaning bosimi tez pasayadi va temperaturasi tez soviydi, tarkibidagi uchuvchan komponentlar tez yo‘qoladi, natijada jinslar to‘la kristallanishga ulgurmaydi. Shuning uchun effuziv jinslarning ba’zi turlari kristalli va massivli (diabaz, bazalt va hokazo), ba’zilari esa shishasimon, g‘ovakli (pemza, obsidian, tuf, pemza va hokazo) bo‘ladi. Diabaz, bazaltlar mustahkam, nurashga chidamli bo‘lsa, pemza va tuflar mustahkamligi past va tez nuraydigan jinslardir. Effuziv jinslar tabiatda asosan gumbaz, qoplama va oqim shakllarida yotadi (2.3-rasm).
Magmatik jinslar asosan tog‘li hududlarda tarqalgan har xil tipdagi va shakldagi relyef turlarini hosil qiladi.
2.3-rasm. Effuziv magmatik tog‘ jinslarining yotish shakllari sxemasi: 1– qoplama; 2 – oqim; 3– gumbaz.
Erigan-qizigan magma vulqon krateri (kanali) va yoriqlari orqali yer yuzasiga otilib chiqib qotganda effuziv jinslar hosil bo‘ladi. Otilib chiqqan magma ma’lum sharoitda tarkibidagi gaz, suv bug‘lari va kislotalarni tez yo‘qotadi. Bunda u lava deb ataladi. Кo‘pincha ular oqim sifatida chiqib, yer relyefining shakliga qarab yoyiladi. Bazalt tarkibli lavaning juda ko‘p miqdorda otilib chiqib, keng maydonga tarqalishidan gumbazsimon hosilalar, granit tarkibli (yopishqoq) magmaning otilib chiqib qotishidan esa qoplamalar hosil bo‘ladi.
Effuziv tog‘ jinslari (diabaz, bazalt, va h.k.) tarqalgan hududlarda asosan baland, musbat shaklli relyeflar hosil bo‘lsa, g‘ovakli bo‘sh jinslar tarqalgan hududlarda past, manfiy relyeflar hosil bo‘ladi, ular denudatsion jarayonlar ta’sirida o‘ta murakkablashgan relyef shakllarini hosil qiladi.
Magmatik tog‘ jinslari tarqalgan hududlarda tektonik, strukturali va strukturaviy-denudatsion tipdagi relyeflar hosil bo‘lib, asosan musbat shaklli relyeflardan iborat bo‘ladi.
2.4. Cho‘kindi tog‘ jinslarining paydo bo‘lishi, turlari va relyef hosil bo‘lishdagi o‘rniMagmatik, metomorfik va qadimgi davrlarda hosil bo‘lgan cho‘kindi jinslar vaqt o‘tishi bilan asta-sekin yemiriladi va nuraydi. Bu jarayon atmosfera, gidrosfera va iqlim ta’sirida sodir bo‘ladi. Jinslar yemirilishi natijasida mayda zarrachalar va bo‘laklar yoki mineral moddalar hosil bo‘ladi. Zarracha va bo‘lakchalar, erigan mineral moddalar, hayvonot va o‘simliklar qoldiqlari quruqlikda, suv havzalarining tubida yig‘ilib, cho‘kindi hosil qiladi va vaqt o‘tishi bilan bu cho‘kindilar tog‘ jinslariga aylanadi va ular umumiy nom bilan cho‘kindi tog‘ jinslari deb ataladi. Cho‘kindi tog‘ jinslari M.S. Shevsov tomonidan quyidagicha bo‘lingan: chaqiq yoki klastik jinslar; gil jinslar; kimyoviy va biokimyoviy jinslar.
Cho‘kindi jinslar katta bir guruh bo‘lib, litosferaning 5% ni tashkil qiladi, shunga qaramay bu jinslar yer yuzasining 75% maydonini qoplab yotadi. Cho‘kindi jinslar boshqa jinslardan quyidagi asosiy belgilari bilan keskin farq qiladi: ularning qalinligi bir necha santimetrdan bir necha yuz metr, ba’zan bir necha kilometrgacha yetadi. Ular turli sharoitlarda har xil omillar ta’sirida hosil bo‘lganligi uchun tarkibi va fizik-mexanik xossalari bilan bir-biridan tubdan farq qiladi. Cho‘kindi jinslar qatlam-qatlam bo‘lib, asosan gorizontal holatda yotadi. Ularning tarkibida o‘simlik va hayvonlarning toshqotgan qoldiqlarini uchratish mumkin.
Cho‘kindi tog‘ jinslari hosil bo‘lishiga ko‘ra uchta asosiy guruhga bo‘linadi: mexanik yo‘l bilan hosil bo‘lgan jinslar; kimyoviy yo‘l bilan hosil bo‘lgan jinslar; organik yo‘l bilan hosil bo‘lgan jinslar.
1. Mexanik cho‘kindi tog‘ jinslari. Bu jinslar metamorfik, magmatik va cho‘kindi jinslarning fizik (mexanik) nurashi natijasida hosil bo‘ladi. Nuragan jinslarning o‘z joyida to‘planishi yoki suv, muzlik, shamol va boshqa omillar ta’sirida joydan-joylarga olib borib yotqizilishidan paydo bo‘ladi. Mexanik cho‘kindi jinslar tarkibidagi zarrachalarning o‘lchami va bu ularning tabiiy sementlanganligiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi: a) dag‘al zarrali (shag‘al, sheben, dresva, shuningdek, konglomerat, brekchiya) yoki psefit jinslar; b) psammit (qum va qumtoshlardan tuzilgan) jinslar; d) argillit va alevrolit jinslar; e) pelit (changsimon va gilli) jinslar.
Chaqiq jinslar asosan yirik (dag‘al) donali va mayda donali jinslarga bo‘linadi. Yirik donali jinslarga: xarsangtosh (o‘lchami > 200mm), shag‘al (silliqlangan), sheben (qirrali) 200– 20 mm, graviy (silliqlangan), dresva (qirrali) 20 – 2 mm, mayda donaligiga qum kiradi 2-0,05 mm.
Changli va gilli jinslar. Bu jinslar asosan chang (0,05-0,002 mm) va gil (<0,002 mm) zarrachalaridan iborat bo‘ladi. Bunday jinslarga supes, suglinok, lyoss va glinalar kiradi.
Chaqiq va gilli tog‘ jinslari tarqalgan hududlarda erozion – denudatsion, erozion, erozion-akkumulyativ va akkumulyativ tipdagi relyeflar paydo bo‘lib, ular asosan past shaklli relyef turlarini, adirlar, baland-past va yassi tekisliklar, daryo vodiylari va boshqalarni hosil qiladi.
Sementlangan cho‘kindi jinslar. Tabiatda chaqiq va yumshoq jinslar faqat qatlamlanib, zichlashib tarqalmasdan, balki tabiiy sementlar (ohak, magniy, kremniy va gil) ta’sirida sementlanib, jinslar hosil qiladi. Masalan, konglomerat – (shag‘altosh) silliqlangan shag‘alning, brekchiya – (qirrali sheben), gravelit – (silliqlangan) graviyning, qumtoshlar – qumlarning, alevrolitlar – supesning, argillitlar – suglinokning sementlanishidan paydo bo‘ladi.
Sementlangan cho‘kindi jinslar tez nuraydi, chunki ularning mustahkamligi sementlanish darajasiga, tabiiy sement turiga bog‘liq. Bunday tog‘ jinsi relyeflari – past tog‘larni, tepaliklarni va tog‘oldi hududlarni egallaydi.
Кimyoviy cho‘kindi jinslar. Bunday tog‘ jinslari eritmalardagi kimyoviy moddalarning cho‘kishidan hosil bo‘lib, dengiz va okean suvlarida, qurib borayotgan suv havzalarida, sho‘r suvli buloqlarda uchraydi. Кimyoviy tog‘ jinslariga toshtuz, gips, angidrid, ohaktosh va boshqalar kiradi. Bular suvda tez eriydi, nurashga chidamsiz bo‘lib, mustahkamligi pastdir.
Organik tog‘ jinslari. Dengiz, okean va ko‘llar tubida hayvon, o‘simlik hamda halok bo‘lgan organizmlar qoldiqlarining to‘planishidan organogen jinslar hosil bo‘ladi. Organogen jinslar serg‘ovak bo‘lib, suvda eriydi, tashqi kuch ta’sirida siqiladi. Bu guruhdagi jinslarga karbonatli jinslardan – ohaktosh, dolomit; kremniyli – diotomit, trepel, opoka va kaustobiolitlar – toshko‘mir, qo‘ng‘ir ko‘mir, antrosit, yonuvchi slaneslar, torf, neft, asfalt va boshqalar kiradi.
Sementlangan mexanik, kimyoviy va organik cho‘kindi jinslar tarqalgan hududlarda tektonik-strukturali, strukturaviy-denudatsion tipdagi relyeflar rivojlanib, tog‘oldi adirlarni, pasttekisliklarni, o‘rtacha balandlikdagi tog‘larning xilma-xil shakl va elementlarini hosil qiladi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?