Текст книги "Геология ва геоморфология"
Автор книги: Ю. Иргашев
Жанр: География, Наука и Образование
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 6 (всего у книги 16 страниц)
VII bob. YER RELEFI HAQIDA UMUMIY MA’LUMOTLAR
7.1. Yer relyefi shakli va turlariYerning uzoq va murakkab davom etgan tarixiy rivojlanish jarayonida litosfera yuzasining hozirgi davrdagi relyefi paydo bo‘lgan. Litosfera qadim zamondan hozirgi davrgacha Yer po‘stida bo‘ladigan har xil harakatlar ta’sirida murakkab o‘zgarib, rivojlanib keladi va bu jarayon kelgusida ham davom etadi. Geomorfologiya relyef shakllari, tashqi belgilari, xususiyatlari, o‘lchamlarini hamda litosferaning atmosfera, gidrosfera va biosferalar bilan o‘zaro bog‘liqligini, shuningdek, ular ta’sirida ro‘y beradigan rivojlanish va o‘zgarishlarni ifodalaydi. Bunday rivojlanish va o‘zgarishlar Yerning ekdogen va ekzogen kuchlari ta’sirida sodir bo‘ladi.
Geomorfologiyaning asosiy vazifasi – Yer yuzasi relyefi shakllarining paydo bo‘lishini, tashqi belgilarini, taraqqiyotini, geografik joylashish qonuniyatlarini va ular o‘rtasidagi o‘zaro genetik bog‘liqliklarni o‘rganadi.
Geomorfologiyaning o‘rganadigan obyekti relyef hisoblanadi. Relyef deganda geologik tuzilishi va paydo bo‘lishi, rivojlanishi har xil bosqichda bo‘lgan, bir-biri bilan chambarchas bog‘langan va o‘zaro ta’sirda bo‘lgan litosfera yuzasi barcha shakllarining ( qavariq, egilgan, bukilgan, baland-past, tekislik) yig‘indisi tushuniladi.
Relyeflar shakli va ularning har xil elementlari bir-biridan farq qiladi. Relyeflar paydo bo‘lishiga ko‘ra tektonik, erozion va akkumlyativ shakl turlariga bo‘linadi. Tektonik shakllar yer qobig‘ining harakati natijasida hosil bo‘ladi. Bularga tog‘ tizmalari, tekisliklar, okean cho‘kmalari taalluqli bo‘lib, ular yer yuzasining asosiy relyefini tashkil qiladi.
Erozion shakllar atmosfera, daryo va yer osti suvlarining tog‘ jinslarini yemirishidan yuzaga keladi. Ularga tog‘ darasi, daryo vodiylari, jarliklar, soyliklar, chuqurliklar misol bo‘laoladi.
Akkumulyativ shakllar (daryo supalari, dyunalar, barxanlar va h.k.) yemirilgan tog‘ jinslarining daryo suvlari va shamol yordamida bir joydan ikkinchi joyga olib kelib yotqizilishidan hosil bo‘ladi.
Relyefning erozion va akkumulyativ shakllari o‘z ko‘rinishini vaqt o‘tishi bilan tez o‘zgartirib turadi.
Relyef turlari. Yer yuzasining katta-katta maydonlarida relyefning ma’lum bir turlari vujudga keladi hamda ularning geomorfologik tuzilishida o‘zaro o‘xshashlik va takrorlanish kuzatiladi. Relyefning 50 taga yaqin turi mavjud. Shulardan asosiylari uchta: tekislik, pastbalandlik va tog‘lik turlaridir.
Relyefning tekislik turi quruqlikning katta maydonlarini egallaydi. Uning yuzasi tekislikdan yoki kichik past-balandliklardan tashkil topadi.
Relyef shakli elementlariga quyidagilar kiradi: yonbag‘irlar yuzasi; yonbag‘rlarning o‘zaro kesishishidan hosil bo‘lgan chiziq; suv ayirish chiziqlari, qiyaliklar etagi, balandliklarning yuqori nuqtasi, soyliklar, vodiylar, jarliklarning oxiri va boshqalar.
7.2. Relyef tasniflari, uning asosiy shakl va turlariRelyef shakllari quyidagi belgi va ko‘rsatkichlarga asosan tasniflanadi: 1) tashqi belgisiga; 2) murakkabligiga; 3) o‘lchamiga; 4) paydo bo‘lishi – genezisiga.
Birinchi uchta belgi yordamchi ahamiyatga ega bo‘lsa, to‘rtinchisi bajariladigan geomorfologik tadqiqotlarning genetik tasnifiga asoslanadi.
Relyef tashqi belgilariga ko‘ra musbat va manfiy shaklli, ular ham o‘z navbatida yopiq va ochiq shaklli guruhlarga bo‘linadi.
Agar relyef «qavariq» bo‘lsa, u musbat shaklli, agar «botiq» bo‘lsa, manfiy shaklli deb ataladi. Relyef shakli hamma tomondan yonbag‘ir yoki chiziqlar (suv ayirgich, qiyaliklar etagi) bilan ajralgan bo‘lsa, «yopiq» shaklli bo‘ladi. Masalan, tog‘ – uni ajratib turuvchi yonbag‘irlari va yonbag‘ir etaklari bilan; karst – aylanma yuzalar bilan ajralib turadi.
Ochiq shaklli relyeflar – deyarli hamma tomonidan ochiq bo‘ladi. Masalan, jarlar, daryo vodiylari va h.k.
Relyef shakllari murakkabligi bo‘yicha oddiy va murakkab turlarga bo‘linadi.
Oddiy shaklli relyeflar o‘lchamining kichikligi va uning ichida boshqa relyef shakllarining yo‘qligi bilan ajralib turadi. Masalan, qo‘rg‘on, tepa, do‘nglik joylar.
Murakkab shaklli relyeflar turli genezisli va o‘lchamli, xilma-xil bo‘lgan oddiy relyef shakllar birikmasidan iborat bo‘ladi. Masalan, katta daryo vodiylari – u manfiy, ochiq va murakkab shaklli bo‘lib, o‘z ichiga xilma-xil oddiy shaklli relyeflar majmuasini hamda elementlarini oladi.
Quyida tabiatda eng ko‘p uchraydigan musbat va manfiy shaklli relyeflarning qisqacha tavsifi beriladi.
Relyefning musbat shakllari. Qo‘rg‘on – nisbiy balandligi 50 m gacha bo‘lgan, yonbag‘irlik etak chizig‘i bilan keskin ajralib turuvchi balandlikdir. Qo‘rg‘on – inson tomonidan qurilgan yopiq shaklli relyef hisoblanadi (1-ilova, 1).
Tepa (do‘ng yer) nisbiy balandligi 100 m gacha bo‘lgan, yonbag‘irlari etak chiziqlari bilan keskin ajralib turuvchi qubbasimon balandlik. Ba’zida tepa shaklli konussimon bo‘lishi mumkin. Tepa yonbag‘irlari nishabligi 250 gacha qiyalikka ega bo‘lib, tepasi yassi yoki sezilmas do‘ng bo‘lishi mumkin (1-ilova, 2).
Do‘ng yer balandligi 1,0-1,5 m dan ko‘p bo‘lmagan musbat shaklli relyef (1-ilova, 3).
Tepalik – etak chizig‘i aniq bo‘lmagan, alohida – alohida ajralib turuvchi qubbasimon, ba’zida konussimon, qiyaligi sezilarli bo‘lmagan, yonbag‘irli balandliklar. Tepalikning uchlari g‘adir-budur, dumaloq va yassi bo‘lishi mumkin. Tepaliklarning nisbiy balandligi 200 m gacha bo‘ladi (1-ilova, 4).
Jo‘yakli (pushtasimon) balandliklar yonbag‘irining qiyaligi 200 va undan katta, eni tor, uzoqqa cho‘zilgan balandlik. Jo‘yaklar yuzasi yassi yoki dumaloq tepaliklarga ega bo‘lib, yonbag‘ir etak chiziqlari bilan keskin ajralib turadi. Jo‘yaklar – yopiq shaklli relyef hisoblanadi, ba’zan oddiy va murakkab turlari ham bo‘lishi mumkin (1-ilova, 5).
Plato (yassi tog‘) – aniq yonbag‘irlar bilan ajralib turuvchi, ko‘tarilgan tekislik, ba’zida tik, murakkab, yopiq shaklli relyefdir. Platolar asosan gorizontal holatda yotgan qatlamlardan tuzilgan bo‘ladi. Platoning yuzasi tekis, to‘lqinsimon, tepalikli va ba’zida bu tepaliklar manfiy shaklli relyeflar bilan bo‘lingan bo‘ladi (1-ilova, 6).
Yassi past tog‘lar absolyut balandligi 500 m dan ko‘p bo‘lgan, o‘ta murakkab relyef shakli, nisbiy bo‘linish chuqurligi 200 m dan ko‘p bo‘lgan maydonlar kiradi. Ular maydoni bo‘yicha juda katta bo‘lib, tog‘li rayonlarni egallab yotadi, relyefi yassi balandliklardan tashkil topgan musbat shaklli yuzadir.
Tog‘ nisbiy balandligi 500 m dan katta bo‘lgan, keskin ajralib turuvchi musbat shaklli relyef, ko‘p qismi har xil shaklli va tik yonbag‘irli bo‘lib, etak chiziqlari bilan keskin ajralib turadi. Tog‘larning morfologik tiplari tabaqalanish chuqurligi, yonbag‘irlarning tikligi va qoyatoshligi, muzliklarning mavjudligi va mavjud emasligi bilan farqlanadi. Absolyut balandligiga ko‘ra tog‘lar quyidagi tiplarga bo‘linadi (I.S. Shukin bo‘yicha): past tog‘lar 500-1000 m, o‘rta tog‘lar 1000-2000 m, baland tog‘lar 2000-5000 m, juda baland tog‘lar 5000 m dan yuqori (1-ilova, 7).
Tog‘lar tepasining yuzasi yassi, gumbazsimon, piramidasimon, konussimon va hokazo shakllarga ega bo‘lishi mumkin. Tog‘lar «Tepasining uchini» va «cho‘qqisini» alohida ajratish kerak (1-ilova, 8), chunki ular tog‘ tizmalarining yoki tog‘li hududlarning eng baland nuqtasini ko‘rsatib turadi.
Tog‘ tizmalari nisbiy balandligi 500 m dan baland bo‘lgan va tik yonbag‘irli, katta uzunlikdagi (bir necha yuz km) balandliklardir. Tog‘ tizmalarining balandligi bo‘yicha keskin ajralib turuvchi qismi tog‘ cho‘qqisi deb ataladi. Tog‘ tizmalari murakkab shaklli relyef bo‘lib, asosan tik yonbag‘irlardan chiqib turuvchi qoyalar bilan murakkablashgan bo‘ladi (1-ilova, 9).
Relyefning manfiy shakllari. Soylik, suv oquvchi botiq yuza va boshqa joylarning umumiy nishabligiga qarab ochiq, cho‘zilib chuqurlashgan, uch tomoni biroz qiya, yonbag‘irlari o‘simliklar bilan qoplangan pastlikdir. Uning yonbag‘irlari noaniq bo‘ladi. Soylik – oddiy ochiq shaklli relyef bo‘lib, chuqurligi kichik (bir necha metr), uzunligi 200-500 m ga yetadi (1-ilova, 10).
Suv o‘yib ketgan kichik chuqurlik – jarlik joyning umumiy nishabligiga qarab ochiq, chuqurligi (0,1 dan 1– 2 m gacha) va kengligi (0,3 dan 4– 5 m gacha) katta bo‘lmagan, cho‘zilib o‘yilgan yuzadir. Uning uzunligi katta bo‘lmay (2– 4 dan 10– 20 m gacha), yuqori qismi ochiq; yonbag‘irlari tik, tog‘ jinslari o‘yilib ochilgan va keskin ajralib turuvchi yonbag‘irlardan, qiyaliklardan iborat bo‘lib, oddiy, ochiq shaklli relyef hisoblanadi (1-ilova, 11).
Jar asta-sekin o‘yilib kengayuvchi va joyning umumiy nishabligiga qarab qiyalanib ketgan, ochiq, uzun o‘yilgan chuqurlikdan iborat bo‘ladi. Jar yonbag‘irlari vertikal (900), ba’zida «osilib» turuvchi (>900) shaklga ega, unda o‘simliklar umuman o‘smaydi va devorlari aniq ajralib turadi. Jarning chuqurligi 50 m gacha, eni 3-5 m dan 40-60 m gacha, uzunligi bir necha kilometr bo‘lishi mumkin (1-ilova, 12,25).
Soy qiyaligi kichik bo‘lgan va o‘simliklar bilan qoplangan yonbag‘irli, maydonning umumiy nishabligi bo‘yicha cho‘zilgan, ochiq va uzunligi bo‘yicha o‘yilgan chuqurlik. Soy tubi bilinar-bilinmas nishabli, biroz egilgan, ko‘ndalang kesmali bo‘lib, o‘simliklar bilan qoplanib yotadi. Yonbag‘irlarining qirrasi aniq ajralib turadi. Soyning uzunligi bir necha kilometr, chuqurligi va kengligi bir necha metr bo‘lishi mumkin. Кatta soylar relyefning murakkab shakllari hisoblanadi (1-ilova, 13).
Vodiy uzun cho‘zilgan, nishabligi faqat bir tomonga bo‘lgan, ochiq, murakkab relyefli shaklga ega. Vodiyning nishab qismi (tubi) ko‘chki jinslari va kichik, yonbosh jarliklari hamda to‘lqinsimon balandpastliklar va boshqa relyef shakllari bilan murakkablashgan bo‘ladi. Vodiyning kengligi turlicha bo‘lib, uzunligi bir necha yuz va ming kilometrgacha cho‘zilgan bo‘ladi. Vodiylar bir-biri bilan qo‘shilganda, biri ikkinchisini kesib o‘tmaydi, ular o‘zaro umumiy katta vodiylarni hosil qiladi. Agar vodiydan daryo oqib o‘tsa, u daryo vodiysi, daryo bo‘lmasa quruq vodiy deb ataladi. (1-ilova, 14).
Botiq (havza) hamma tomoni yopiq va har xil nishablikdagi qiyaliklar va turli shaklga ega bo‘lgan yonbag‘irlar bilan o‘ralgan tovoqsimon pastlik. Botiqning shakli va o‘lchami har xil bo‘ladi; uning tubida va yonbag‘irlarida musbat va manfiy shaklli relyeflar hosil bo‘lishi mumkin (1-ilova, 15). Uncha chuqur va katta bo‘lmagan, nishabligi kichik, yonbag‘irlari yassi yoki biroz egilgan tubli botiq yuzalar tovoqsimon chuqur yer (botiq) deb ataladi (1-ilova, 16). Botiq (havza) va tovoqsimon chuqur yer yuzalarining o‘lchami juda katta bo‘lishi mumkin, masalan, Atlantika, Tinch va Hind okeanlari tubibotiqlari. Bunday yirik suv havzalari tubi bir necha kichik havzalardan va suv osti tog‘ tizmalari hamda orollar bilan murakkablashgan bo‘ladi.
Yuqorida ta’riflangan relyef shakllarining tasnifi morfografik tasnif deb ataladi. Bu tasnif, to‘liq o‘rganilgan va ta’riflangan relyef shakllarining tashqi belgilariga asoslanib beriladi. Ammo relyefni ta’riflashda, bir xil ko‘rinishdagi relyef shakllari paydo bo‘lishiga yoki o‘lchamiga ko‘ra bir – biridan keskin farq qilsalar ham, bir xilda nomlanadi. Masalan, botiq va havza, vodiy va baland – past tekisliklar. Shuning uchun, relyef shakllarini o‘rganishda o‘lchami aniq belgilanishi kerak. Relyef shakllarini o‘lchamiga ko‘ra o‘rganish – morfometriya deb ataladi. Relyef shakllari o‘lchamiga asosan tasniflanadi.
Relyef shakli o‘lchamiga asoslangan morfometrik tasnif
1. Planetar shaklli relyeflar. Yer yuzasining relyefi yuz ming, million kvadrat kilometr maydonni egallaydi, uning musbat relyef shakli materiklarni va manfiy relyef shakli okean cho‘kmalarini band etgan. Ular oralig‘ida o‘tish zonalari – shakllari: materik shelf va materik yonbag‘irliklar mavjud. Musbat va manfiy shakllar oralig‘idagi vertikal balandlik farqi o‘rtacha 2500-6500 m ni, maksimali-20000 m ni tashkil etadi. Bunday shaklli relyeflar hamma xarita va globuslarda ko‘rsatiladi, ayniqsa, chuqurliklarni ko‘rsatuvchi izobara chiziqlarida yaqqol ajralib turadi. Uning yirik bo‘laklari 1:50000000 masshtabdagi, ba’zida undan kichikroq masshtabdagi xaritalarda ifodalanishi mumkin.
2. Megashaklli (juda katta shaklli) relyeflar yuz, o‘nming kvadrat kilometrli maydonlarni egallaydi, musbat va manfiy shakllar orasidagi vertikal balandliklar farqi o‘rtacha 500-4000 m ga, maksimali – 11000 m ga teng bo‘ladi. Musbat shaklli relyeflarga baland tog‘lar, tog‘li o‘lkalar (Alp, Кavkaz, Tyan-shan), tekisliklar, suv osti tog‘ cho‘qqilari; manfiy shakliga katta cho‘kmalar (Braziliya, Argentina cho‘kmalari), okean tubidagi qozonsimon soyliklar kiradi. Bular oralig‘ida o‘tish zonalari – materik sayoz joylar mavjud. Bunday shaklli relyeflar masshtabi 1:10000000 gacha bo‘lgan xaritalarda ko‘rsatiladi, shuningdek, ularni (ba’zi qismlarini) bundan yirik masshtabli (1:1000000) xaritalarda ham ifodalash mumkin.
3. Makroshaklli (katta) relyeflar, megashaklli relyeflarning asosiy qismlari bo‘lib, yuz va ming kvadrat kilometrli maydonlarni egallaydi. Musbat va manfiy shakllarining vetrikal balandliklari farqi 200-2000 m ni tashkil etadi. Musbat shakllarga – tog‘ cho‘qqilari (Chotqol cho‘qqisi), tog‘ tizmalari (Pomir, Tyan-shan); manfiy shakllariga – alohida katta vodiylar, kichik cho‘kmalar (Baykal, Orol ko‘llari) kiradi. Bunday shaklli relyeflar 1:1000000 masshtabli xaritalarda aniq ko‘rsatiladi, ayrim qismlarini esa 1:100000 va 1:50000 masshtabli xaritalarda ifodalash mumkin.
4. Mezoshaklli (o‘rtacha) relyeflar. Yuz, ming kvadrat metr maydonlarni egallaydi, vertikal balandliklar farqi 200-300 m gacha bo‘ladi. Musbat shaklli relyeflarga – tepaliklar, katta daryo vodiylaridagi terrasalar va adirlar kiradi, manfiy shaklli relyeflarga esa jarlar, balkalar, kichik daryo vodiylari, karst voronkalari va boshqalar misol bo‘laoladi. Bunday shaklli relyeflar 1:50000 masshtabli xaritalarda aniq ko‘rsatiladi, uning bo‘lak va qismlarini esa yirik masshtabli xaritalarda ko‘rsatish mumkin.
5. Mikroshaklli (kichik) relyeflar. O‘rta va yirik shaklli relyeflarning kichik shakli va elementlari hisoblanadi. Ularning gorizontal o‘lchami bir necha kvadrat metrdan, yuzlab kvadrat metrgacha bo‘ladi. Nisbiy balandliklarining farqi bir necha metrdan o‘nlab metrgacha bo‘lishi mumkin. Musbat shaklli relyeflarga katta bo‘lmagan tepaliklar va do‘ng yerlar, qo‘rg‘onlar, yo‘l ko‘tarilmalari va boshqalarni kiritish mumkin. Manfiy shaklli relyeflarga esa kichik o‘yilgan chuqurlar, kichik jarliklar, kichik diametrli karst voronkalari va boshqalar mansub. Bunday shaklli relyeflar 1: 25000 masshtabli xaritalarda shartli belgilar bilan yoki qo‘shimcha gorizontal chiziqlar bilan ko‘rsatiladi. Ularning aniq ko‘rinishi uchun faqat 1:10000 va 1:5000 masshtabli xaritalardan foydalanish mumkin.
6. Nanoshaklli (mayda) relyeflar. Кatta shaklli relyeflarning elementlari bo‘lib, gorizontal o‘lchami detsimetr kvadratdan bir necha metr kvadratgacha bo‘lishi mumkin. Balandliklarning nisbiy farqi metrlar bilan o‘lchanadi. Yirik masshtabli xaritalarda shartli belgilar bilan ifodalanadi. Ba’zida ularning alohida shakllarini gorizontal chiziqlarning qo‘shimcha kesimlari (1-0,5-0,25 m) yordamida ko‘rsatish mumkin. Bunday shaklli relyeflarga do‘ng yerlar, juda kichik o‘yilgan chuqurliklar, daraxtlar ostidagi do‘nglik, o‘yilmalar va boshqalar kiradi.
7. Juda mayda (topografik g‘adir-budurliklar) shaklli relyeflar. Ularning gorizontal o‘lchami santimetr kvadrat va kvadrat detsimetrgacha bo‘ladi, ba’zida cho‘zilgan uzun shakllari kvadrat metrlargacha bo‘lishi mumkin. Nisbiy ko‘tarilishi santimetr va detsimetrlar bilan o‘lchanadi. Xaritalarda bu shaklli relyeflar ko‘rsatilmaydi, nuqtali geodezik ishlarda sezilarli darajada bo‘ladi. Bularga qumli hududlardagi kichik jo‘yaklar, dalalardagi egat va boshqalar kiradi.
Relyeflarni ta’riflashda ularning gipsometrik balandligi katta ahamiyatga egadir. Shuning uchun, quruqlik yuzasining okean sathiga nisbatan balandligiga ko‘ra, ikki asosiy turga bo‘linadi: pasttekisliklar relyefi -okean sathiga nisbatan balandligi 0 dan 200 m gacha; baland yoki ko‘tarilgan relyeflar – ularga baland va bo‘rtma tekisliklar kiradi, yassi tog‘lik maydonlar va tog‘lar kiradi.
Baland va bo‘rtma tekisliklarga – absolyut balandligi (okean sathiga nisbatan) 200 m dan 500 m gacha bo‘lgan Yer yuzalari kiradi. Hamma (past, baland, bo‘rtma) tekisliklar yuzasi gorizontal, qiya egilgan va qavariq bo‘lishi mumkin. Morfologiyasiga qarab tekisliklar yassi, to‘lqinsimon, tizmali va past-balandliklardan iborat bo‘lishi mumkin. Ekzogen jarayonlar turining ta’siriga ko‘ra tekisliklar dekudatsion, erozion va akkumulyativ bo‘ladi.
Yassitog‘lik maydonlar – gorizontal holatda yotgan jinslardan tashkil topgan yassi cho‘qqili keng tekislik va qirlar kiradi. Absolyut balandligi 500 m dan 1000 m gacha bo‘lishi mumkin. Yassitog‘lik tekisliklar bir-biridan aniq va keskin tik pog‘onali balandliklar bilan ajralib turadi, ular yassi cho‘qqilar, tepaliklar va tekisliklardan iborat.
Tog‘lar – burmalangan yoki palaxsa-burmalangan strukturali Yer po‘stining katta hududini egallab turuvchi, dengiz sathiga nisbatan katta balandlikka (8000 m gacha va undan ham ko‘p) ko‘tarilgan, har xil chuqurlikdagi denudatsion dara va soylar bilan bo‘lingan, bir necha o‘n, yuz va ming kilometrlarga cho‘zilgan tog‘ tizmalaridan iborat.
Yuqorida keltirilgan relyef shakllarining morfografik va morfometrik tasniflari geomorfologik tadqiqotlar uchun zarur bo‘lgan relyef shakllarining to‘liq ta’rifini bera olmaydi. Chunki relyef shaklining tashqi belgilari hamda o‘lchamlari Yer relyefining o‘ziga xos hamma xususiyatlarini ochaolmaydi. Xaritalarda, aerosurat va kosmik suratlarni deshifrovka qilish asosida tuzilgan xaritalarda, relyef shaklini juda aniq ifodalash kerak. Кeyinchalik ularning asosiy xususiyatlarini aniqlash, ta’riflash va amalda qo‘llash uchun bu shakllarning paydo bo‘lish sharoitlarini, ya’ni genezisini belgilash muhim.
Shunday qilib, relyefni to‘liq ta’riflash va xaritalarda shakllarini aniq ifodalash uchun, ularning rivojlanish tarixini bilish zarur. Relyef shakllarini tashqi ko‘rinishiga (morfografik) va o‘lchamlariga (morfometrik) hamda genetik turiga asoslanib tasniflash ilmiy, nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
7.3. Relyefning genetik tasnifiRelyef shakllari paydo bo‘lish sharoitiga ko‘ra ikki asosiy guruhga bo‘linadi:
1. Yerning ichki energiyasi – endogen kuchlar ta’sirida paydo bo‘lgan relyef shakllari. Bu guruh yer po‘stida yuz bergan tektonik harakatlar va vulqon jarayonlari natijasida relyef paydo bo‘lishiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
a) Yer po‘stida yuz beradigan tektonik harakatlar (tog‘lar paydo bo‘lishi, tebranma harakatlar) ta’sirida paydo bo‘lgan relyef shakllari;
b) magmatik (vulqon) jarayonlari ta’sirida paydo bo‘lgan relyef shakllari.
2. Yerning tashqi dinamikasi – ekzogen kuchlar ta’sirida paydo bo‘ladigan relyef shakllari. Bu guruh ham relyef paydo bo‘lishiga ta’sir etuvchi omillar turiga qarab quyidagilarga bo‘linadi: a) nurash jarayoni; b) oqar suvlar; d) yer osti suvlari; e) dengiz suvlari; f) qor va muzlar; g) shamol; h) doimiy muzloqlarning rivojlanishi; i) organizmlar; j) inson faoliyati ta’sirlarida.
Relyef shakllari paydo bo‘lishiga yuqoridagi omillarning ta’siri hisobga olinib, ular genetik tiplarga bo‘linadi.
Umumiy ko‘rinishi, tuzilishi, paydo bo‘lish sharoiti va vaqti bir xil bo‘lgan hamda ma’lum hududlarda tarqaladigan relyef shakllari birikmasi – relyefning genetik tiplari deb atalib, ular tektonik, denudatsion, akkumulyativ tiplarga bo‘linadi.
Tektonik tipdagi relyef shakllari. Yer po‘stida bo‘ladigan tektonik harakatlar natijasida paydo bo‘ladi. Bu tipdagi relyeflarga litosfera relyefining planetar va juda katta ko‘lamdagi shakllari: materiklar, okean cho‘kmalari, baland tog‘lik va tekislik o‘lkalari kiradi. Bunday harakatlar natijasida ba’zan baland va o‘rta tog‘lar shakllari ham paydo bo‘lishi mumkin, ularga tog‘ tizmalari, zanjirsimon ko‘tarilmalar (vallar), yirik va kichikroq botiqlar (tog‘oldi va tog‘lar oralig‘idagi botiqlar va havzalar), grabenlar, gorstlar, uzilma terrasalari va boshqalar mansub.
Yerning ichki energiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan magmatizm jarayoni ta’sirida paydo bo‘lgan relyef shakllari o‘ziga xos xususiyatga ega. Ular xilma-xil bo‘lib, baland va o‘rta (vulqon – tog‘larini, keng lavali tekisliklarni) shaklli relyeflarni hosil qiladi. Ular atrofida kichik relyef shakllari (lava oqimi ta’sirida paydo bo‘lgan har xil notekisliklar) ham hosil bo‘lishi mumkin.
Denudatsion tipdagi relyef shakllari. Litosfera yuzasini qoplab yotgan tog‘ jinslarining doimo yemirilishidan va ulardan hosil bo‘lgan mahsulotlarni boshqa joylarga ko‘chirib olib borib yotqazilishidan hamda tashqi geologik jarayonlarning birgalikdagi ta’siridan sodir bo‘ladigan jarayonlar majmui denudatsion jarayon deb ataladi. Bunday jarayonlar ta’sirida paydo bo‘lgan barcha relyef shakllari denudatsion tipdagi relyef deb ataladi. Bu tipdagi relyeflar oqar suvlar oqimi faoliyati ta’sirida paydo bo‘lsa, erozion relyef shakli; dengiz suvlari faoliyati ta’sirida paydo bo‘lgan bo‘lsa, abrazion relyef shakli deb ataladi.
Akkumulyativ tipdagi relyef shakllari tog‘ jinslarining yemirilishidan hosil bo‘lgan mahsulotlarning ko‘chirib quruqlikda yoki suv havzalari tubida yig‘ilishidan hamda vaqtincha oqar suvlar (prolyuvial), doimiy oqar suvlar (allyuvial), shamol (eol) va muzliklar ta’sirida hosil bo‘ladi. Relyef shakllarini genetik, morfografik va morfometrik tasniflari o‘zaro bog‘liq bo‘lib, bir-ikkinchisidan kelib chiqishi ham mumkin.
Tashqi dinamik kuchlar ta’sirida paydo bo‘lgan relyef shakllari xilma-xil bo‘lib, o‘lchami bo‘yicha yirikdan kichikkacha o‘zgarishi mumkin. Tashqi dinamik kuchlarning birgalikdagi ta’siridan paydo bo‘lgan, juda katta relyef shakllariga – keng tog‘li o‘lkalarning denudatsiya agentlari ta’sirida yemirilishidan va tekislanishidan paydo bo‘lgan, o‘lchami katta tekis o‘lkalar va akkumulyativ tekisliklar (masalan, allyuvial, dengiz, morena tekisliklari) kiradi. Har bir tashqi omil (boshqa omillarning ikkinchi darajali ta’sirida) faoliyati ta’sirida katta, o‘rta va eng kichik o‘lchamli relyef shakllari paydo bo‘ladi. Masalan, daryo va muzliklar faoliyati natijasida daryo vodiysi, muzlik tekisliklari va boshqalar. Odatda, har bir relyef shakli bir vaqtning o‘zida ham endogen ham ekzogen kuchlar ta’sirida paydo bo‘lishi va rivojlanishi mumkin. Masalan, har qanday tog‘ tizmalari ko‘pdan ko‘p daryo vodiylari bilan kesilib, murakkablashadi, daryo suvlari harakati ta’sirida tog‘ yonbag‘irlari yemiriladi va juda tik relyeflar paydo bo‘ladi. Yer yuzasining ko‘tarilishi, ayniqsa, daryo boshlanadigan tog‘larning ko‘tarilishi va bir vaqtning o‘zida daryo suvlari quyiladigan joylarning pasayishi daryo suvlarining erozion faoliyatini kuchaytiradi.
Relyef tiplarini, shakllarini, o‘lchamini, genezisini, yoshini va boshqa elementlarini aniqlash, xaritalash, tasniflash, yoshini hisobga olish geomorfologik tadqiqotlarning asosiy vazifasi hisoblanadi.