Электронная библиотека » Ю. Иргашев » » онлайн чтение - страница 9


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 08:20


Автор книги: Ю. Иргашев


Жанр: География, Наука и Образование


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 9 (всего у книги 16 страниц)

Шрифт:
- 100% +
9.3. Shamolning geologik ishi va relyef shakllarining hosil bo‘lishi

Yer sharining yuzasida biron bir joy yo‘qki, shamolning faoliyati kuzatilmasa. Shamol, hatto hech qachon quyosh nuri tushmagan joylarga ham kirib boradi (masalan, g‘orlar), oqar suvlar bo‘lmagan (dengiz yuzasi, Antarktidaning muz dashtlari) maydonlarda va vulqon krateridan yangi otilib chiqqan, qizigan lavalarning yuzasidan ham shamol esib turadi. Shamol qayerda bo‘lishidan qat’i nazar har qanday sharoitda ma’lum ishni bajaradi. U vulqon gazlarini va kullarini uchiradi yoki dengiz to‘lqinlarini haydaydi, daraxt shoxi va tanalarini silkitadi, barglarini uzadi, o‘simliklar urug‘ini tarqatadi; yoki juda katta tezlikda harakat qilib, ulkan asriy daraxtlarni qo‘poradi, imoratlarni vayron qiladi, dalalardan unumdor tuproq massalarini uchirib olib ketadi va h.k.

Shamolning geologik va relyef hosil qilish ishlari juda xilmaxildir. Shamol faoliyatini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ekzogen jarayonlar kabi, shamol mustaqil geologik va relyef hosil qiluvchi omil sifatida faoliyat ko‘rsatishi uchun, ma’lum tabiiy sharoitlar bo‘lmog‘i kerak. Bunday sharoitlarga quyidagilar kiradi: 1) tog‘ jinslar yuzasining quruq bo‘lishi; 2) o‘simliklar kam yoki umuman bo‘lmasligi; 3) shamol uchirishi mumkin bo‘lgan chaqiq, bo‘sh mineral va jinslarning zarrachalari (changlar, qumlar va boshqalar) yig‘ilgan bo‘lishi; 4) Yer yuzasida to‘plangan materiallarni uchirish va boshqa joylarga ko‘chirishi uchun shamolning yetarli kuchi va tezligi bo‘lishi.

Tog‘ jinslari yuzasining quruq bo‘lishi juda muhim. Chunki yig‘ilgan materiallar (chang, qum) quruq holda bo‘lsa, shamol yengil uchiradi, lekin kam bo‘lsa, ularni uchirish qiyin bo‘ladi yoki umuman uchirolmaydi.

O‘simliklar – hatto o‘ta past bo‘lgan o‘simliklar ham Yer yuzasidagi shamolning tezligini pasaytiradi va yig‘ilgan materiallarning eng kichik zarrachalarini ham uchirilishga qarshilik ko‘rsatadi.

Chaqiq va bo‘sh materiallar yig‘ilgan bo‘lishi zarur, chunki shamol o‘zi mustaqil ravishda qoya jinslarni yemiraolmaydi, faqat qoyalarga o‘zi bilan uchirib borgan qattiq mineral zarrachalarni urish natijasida jinslarni yemiradi.

Shamolning tezligi katta bo‘lsa yirik chaqiq materiallarni, kuchsiz havo oqimi esa changlarni katta masofalarga uchirib ketishi mumkin. Ammo Yer yuzasidan ularni baland ko‘tarish uchun shamolning tezligi katta bo‘lishi kerak. Agar shamolning tezligi 4,5-6,7 m/s bo‘lsa, diametri 0,25 mm dan kichik bo‘lgan zarrachalarni boshqa joylarga ko‘chiraoladi. Tezligi 7,5-10 m/s bo‘lganda diametri 1-1,5 mm gacha bo‘lgan zarrachalarni, 20 m/s dan oshsa 10-15 mm keladigan zarralarni uchiradi; kuchli bo‘ronlar esa sheben, shag‘allarni uchirib ketadi, odamlarga, hayvonlarga, inshootlarga va b. zarar keltirishi mumkin.

Demak, shamol energiyasi ta’sirida tog‘ jinslari yemiriladi, o‘yiladi, tirnaladi, silliqlanadi va parchalanadi. Shamolning ana shu bajargan geologik ishi korroziya deyiladi. Shamol korroziyaga uchragan materiallarni uchirib, boshqa joylarga olib borib, yotqiziqlar hosil qiladi hamda relyefning o‘ziga xos xilma-xil mikroshakllarini yuzaga keltiradi. Paydo bo‘lgan yotqiziqlar eol yotqiziqlari deb ataladi.

Shunday qilib, shamolning geologik ishini uch turga bo‘lish mumkin: deflatsiya, korroziya va akkumulatsiya.

Deflatsiya shamolning yemirish faoliyatlaridan biri bo‘lib, tog‘ jinslarining kichik va mayda zarrachalarini uchirib, yer yuzasini astasekin o‘yadi. Bunday jarayonlar asosan bo‘sh, mo‘rt qum-gilli jinslar tarqalgan sho‘rxok yer yuzalarida, cho‘l va sahrolarda maydon bo‘ylab rivojlanib, yer yuzasini yiliga 3 sm gacha pasaytirishi mumkin. Cho‘llarda o‘yilgan-qozonsimon havzalar (kotlovan), o‘yilmalar, botiqlar, pastliklar, o‘yilgan o‘rkachsimon, jo‘yaksimon mikrorelyef shakllari hosil bo‘ladi. Sahrolarda paydo bo‘lgan qumlar, qum tepaliklari, barxanlar deflatsiya natijasidir. Shamol qumlarni uchirib, yaqin joylarga yoki juda katta masofalarga olib borib, har qanday relyef ustiga yotqizishi mumkin (masalan, Qizilqumdagi tog‘lar yonbag‘irlariga). Qum bilan bir vaqtda uning tarkibidagi gil zarrachalar ham uchirib ketiladi. Shuningdek, shamol tuproqning unumdor qismlarini ham uchirib ketadi.

Tub joy jinslar tarqalgan maydonlarda nurash natijasida hosil bo‘lgan yupqa qalinlikdagi chaqiq, bo‘sh hosilalarning mayda zarrachalari kuchli shamol ta’sirida uchirib olib ketiladi, natijada tub jinslar ochilib, toshli maydonlar hosil bo‘ladi.

Qalin cho‘kindi jinslar yotqizilgan cho‘l, sahro va dashtlarda o‘rama deflatsiyaning sodir bo‘lishi va bu hodisa vaqti-vaqti bilan takrorlanib turishi natijasida jins zarrachalari uchirib olib ketiladi va bunday joylarda – o‘yilgan havzalar-kotlovinalar, ya’ni relyefning manfiy shakllari hosil bo‘ladi. O‘yilgan havzalar rivojlangan rayonlarning iqlim va geografik sharoitiga ko‘ra, relyefning shakllari ham har xil bo‘ladi.

Qumli cho‘l va sahrolarda deflatsiya natijasida uyasimon qum o‘yilmalari (diametri o‘n va yuz metr, chuqurligi 5-10 metr) va o‘yiq chuqurchali qumlar kabi shakllar hosil bo‘ladi (1– ilova, 87,88).


9.3-rasm. Shamolda uchgan qumlar ishlov bergan qo‘ziqorin shaklidagi qoya (V.V. Piotrovskiy olgan surat).


Tub jinslar ochilib qolgan maydonlarda shamolning yana bir yemirish faoliyatini kuzatish mumkin – bu korroziyadir. Shamol uchirib kelgan qumlar va jinslarning mayda zarralari qoyalarga urilib, ularning yuzasini o‘yadi, yemiradi, jinslar yuzasida jo‘yak, tarnov, o‘yilma, kovak, chuqurcha, kichik g‘orlar kabi mikrorelyef vujudga keladi. Shuningdek, jinslar yemirilib, mustahkamlari saqlanib «Qo‘ziqorin» shaklidagi (9.3-rasm), qoyali ustun ko‘rinishidagi hamda har xil geometrik shakldagi relyeflar hosil bo‘ladi.

Shamolning akkumulyativ faoliyati. Shamol ta’sirida eol yotqiziqlar hosil bo‘lib, ular qum qoplamlari va eol lyosslarini paydo qiladi. Qumlarning notekis yotqizilishidan har xil shaklli relyeflar: tepaliklar, do‘ngliklar, jo‘yakli-pushtalar, barxanlar yoki dyunalar vujudga keladi.

Qum yotqiziqlari ko‘chib yuradigan (dyunalar, barxanlar) va qo‘zg‘almas (marzasimon, do‘ngsimon) xillarga bo‘linadi. Кo‘chib yuradigan qumlar o‘simliklarni ko‘mgach, uning atrofida to‘planishni davom ettirib, qum to‘plamlarini barpo etadi. Dengiz, ko‘l va daryo sohillariga to‘lqin chiqarib tashlagan qumlarni shamol uchirib, quruqlik ichkarisiga olib ketib yotqizadi. Natijada balandligi 20-40m tepaliklar hosil bo‘ladi va bular dyunalar deb ataladi.

Barxanlar – bir yo‘nalishda esayotgan shamol ta’sirida sahrolarda paydo bo‘ladigan, gil zarrachalari bo‘lmagan, quruq qum massasidan tashkil topgan, yoysimon shaklga ega bo‘lgan qum uyumlari (1-ilova, 83). Cho‘l va sahrolarda barxan qatorlari oralig‘ida ko‘pincha tekis, taqir yuzalar hosil bo‘ladi. Qum uyushmalaridagi yoysimon egilishning ichki tomoni shamol yo‘nalishiga mos bo‘lib, shamol ta’sirida tez qaytadan tuzilishi mumkin.

Yakka barxanlarning balandligi 15-20 m dan yuqori bo‘lib, qirrasi bo‘yicha umumiy uzunligi 200-300 m gacha, shamol esadigan tomoni yotiq (5-80), shamolga teskari tomoni tik (30-320) bo‘ladi. Barxan qumlar ko‘chuvchanligi bois shamol ta’sirida bir yilda o‘rta hisobda 5-6 m dan 50-70 m gacha siljishi mumkin.

Agar yakka barxanlar bir-biriga yaqin joylashgan bo‘lsa, ular shamol yo‘nalishi o‘zgarishi bilan bir-biriga ulanib ketishi va barxan qatorlarini vujudga keltirishi mumkin. Barxan qatorlari kam harakatchan bo‘lgani uchun, ular boshqa, yangi yakka, katta-kichik barxanlarga qo‘shilib, murakkab barxan qatorlari relyefini hosil qiladi (1-ilova, 84). Ularning tepa qismi murakkab tuzilishli, egri-bugri bo‘lib, uzunligi bir necha kilometrga cho‘zilib, balandligi 100-150 m gacha yetadi. Barxan qatorlari kam harakatchan bo‘lib, bir yilda bir necha metrga siljishi mumkin.

Dyunalar qum do‘ngliklari. Nam iqlimli sharoitda qumlar yig‘ilsa, barxanlar hosil bo‘lmaydi, chunki nam qumlar kam harakatchan bo‘lib, ular o‘simlik va butalar bilan qoplanadi va yarim mahkamlangan qum uyumlarini hosil qiladi va bular dyunalar deb ataladi. Dyunalar – dengiz va ko‘l qirg‘oqlarida, daryo vodiylarida va boshqa shunga o‘xshash joylarda hosil bo‘ladi.

Dyunalar shakli xilma-xil bo‘lib, ular noto‘g‘ri shaklli do‘ngliklar, tepaliklar, qatorlar, halqasimon va boshqa ko‘rinishlarga ega. Ularning o‘lchami ham har xil, balandligi bir necha metrdan 40-50 m gacha, undan ham ko‘p; uzunligi bir necha o‘n metrdan bir necha kilometrgacha bo‘lishi mumkin. Ular egallagan maydonlar ham bir necha o‘n kvadrat metrdan, minglab kvadrat kilometrgacha yetadi. Masalan, Boltiq dengizining janubi-sharqiy qirg‘oqlarida dyuna qumlari bilan ishg‘ol bo‘lgan maydon 2000 m2 ni tashkil etadi.

Uzun, baland va parallel qator shaklli dyunalar dengiz va ko‘llarning qirg‘oqlarida quruqlik tomon esayotgan shamol ta’sirida paydo bo‘ladi. Shamol plyajlardan qumlarni quruqlik ichkarisiga uchiradi va qirg‘oqqa parallel qum uyumlari qatorini hosil qiladi. Bunday dyunalarning balandligi 20-30 m, ba’zida 60-100 m ga yetishi mumkin, shamol yo‘nalishiga qaragan tomoni 5-120; teskari tomoni 28-300 bo‘ladi.

Agar qumlar uchirilayotgan yo‘nalishda biron-bir to‘siqqa uchrab, to‘xtab qolsa, qatorlarda uzilish yuz beradi, boshqa joylari harakatni davom ettirsa, parabola shaklidagi dyunalar hosil bo‘ladi (1-ilova, 89).

Cho‘l, cho‘loldi rayonlarida, ba’zida hatto sahrolarda qum uyum qatorlari bir-biriga ulanib, shamol yo‘nalishiga qarab keng maydonlarga tarqaladi va bunday qum uyumlari qum jo‘yaklari deb ataladi (1– ilova, 85).

Qum jo‘yaklari – o‘simliklarga kam mahkamlangan yoki ba’zida umuman bir necha yakka dyuna uyumlarining, ba’zida past joylarda yakka barxanlarning birlashishi natijasida hosil bo‘lishi mumkin (9.4– rasm).

Qum jo‘yaklarida, qum uyumi qatorlarining uzunligi bir necha kilometr; balandligi 20-40 m; asosining kengligi 200-300 m gacha bo‘lishi mumkin, qatorlarining tepasi aylana shaklli bo‘lib, birinchi va ikkinchi tartibli notekisliklar bilan murakkablashadi.


9.4-rasm Barxanlarning birlashishidan qum jo‘yaklarining hosil bo‘lish sxemasi: I-yakka barxanlardan; II– barxanlar majmuasidan; a,b,d– birlamchi shakllarning ketma-ket rivojlanishi.


Qum tepalar, do‘ngliklar alohida-alohida joylashgan bo‘lsa, uyasimon qum uyumli maydonlar (1-ilova,87), deflatsiya ta’sirida o‘yilgan bo‘lsa, chuqurchalar, ya’ni o‘yiq qumlar dalasi hosil bo‘ladi (1-ilova, 88).

Yuqorida ta’riflangan eol relyef shakllaridan tashqari, boshqa xilma-xil shakllari ham bo‘lishi mumkin.

Eol shaklli relyeflar yirik masshtabli (1:10 000, 1:25000) topografik xaritalarda gorizontallar, balandliklar belgisi va shartli belgilar yordamida ifodalanadi. Gorizontallar xarita masshtabiga ko‘ra relyef shakli tuzilishiga mos holda aniq o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.

Gorizontallar uyumlar, uyalar, do‘ngliklar, barxan va dyunalar shakllarini ifodalashi, to‘g‘ri chiziqli gorizontallar esa, ularning relyef shakllari yo‘nalishini ko‘rsatishi lozim. Ba’zi relyef shakllarini ifodalashda shtrixlar yordamida ularning qiyaliklari va yonbag‘irlarining yotish tomonini, nishabligini ko‘rsatish mumkin. Relyefning ba’zi elementlarini berilgan masshtabda ifodalash mumkin bo‘lmasa, maxsus shartli belgilardan foydalaniladi. Eol relyefli joylar harakatchan bo‘ladi va bir yerdan ikkinchi joyga ko‘chib turadi, shu sabab eol relyef shakllari xaritasini tez-tez o‘zgartirib, qayta tuzib, aniqlik kiritib boriladi.

9.4 Flyuvial jarayonlar va ular ta’sirida paydo bo‘ladigan relyef turlari va shakllari

Oqar suvlar ta’sirida sodir bo‘ladigan hamma jarayonlar flyuvial jarayonlar deb ataladi. Oqar suvlar deb quruqlik yuzasida harakat qiluvchi suvlarga aytiladi. Ularga yomg‘ir, erigan qor suvlari, vaqtincha va doimo oqadigan soy, irmoq, katta va kichik daryo suvlari kiradi. Oqar suvlar ham, boshqa relyef hosil qiluvchi tashqi ekzogen omillar (nurashdan tashqari) kabi uch xil geologik ishni bajaradi: 1) yemirishyuvish, eroziya; 2) yemirilishdan hosil bo‘lgan materiallarni ko‘chirishoqizib ketish; 3) akkumulatsiya – cho‘kindilar hosil qilish. Bunday ishlarning ko‘lami ko‘p omillarga bog‘liq bo‘lsada, ulardan eng asosiysi, yer yuzasidagi oqar suvlarning turiga bog‘liq.

Yer yuzasidagi oqar suvlar ikki turga bo‘linadi: 1) o‘zansiz suv oqimi; 2) o‘zanli suv oqimi vaqtincha va doimiy oqim. Bunday turdagi oqar suvlarning bajaradigan geologik ishining ko‘lami, shakli, tezligi, hosil qiladigan relyef shakllari va turlari bir-biridan keskin farq qiladi.

9.4.1. Atmosfera suvlarining geologik ishi, delyuvial, prolyuvial yotqiziqlarning hosil bo‘lishi va relyef turlari, shakllari

Atmosfera suvlari – erigan qor va yomg‘ir suvlaridan iborat bo‘lib, ular ikki xil suv oqimini hosil qiladi: 1) o‘zansiz suv oqimi yuza oqim; 2) vaqtincha o‘zanli suv oqimi.

Tog‘ yonbag‘irlaridan oquvchi erigan qor va yomg‘ir suvlari yonbag‘ir yoki o‘zansiz suv oqimlari deb ataladi. Bunday suvlar yonbag‘irlar yuzasi bo‘ylab o‘ta mayda jilg‘achalar hosil qilib oqadi va yuza bo‘ylab jinslarni yemiradi, ularning zarralarini oqizib ketadi.

Yer yuzasining bunday yemirilishi yuza yuvilish, yemirilish yoki yuza eroziyasi deb ataladi. Yuza yuvilishining jaddalligiga asosan quyidagi omillar ta’sir qiladi: 1) yonbag‘irlarning geologik tuzilishi va nishabligi; 2) o‘simliklar bilan qoplanganligi va ularning xususiyati; 3) atmosfera suvlarining miqdori va xususiyati; 5) bug‘lanish darajasi; 6) yonbag‘irlarning quyosh nuriga nisbatan joylashishi.

Yonbag‘irning geologik tuzilishi uni tashkil etuvchi tog‘ jinslarining suv o‘tkazish qobilyatini va ularning yuvilishga nisbatan mustahkamligini belgilaydi. Bo‘sh, mo‘rt yoki nuragan tog‘ jinslaridan tashkil topgan yonbag‘irlar tez yemiriladi, mustahkam massiv jinslar esa kam yemiriladi.

Yonbag‘irning tiklik-nishablik darajasi yuza oqimning tezligini belgilab, uning kuchiga ta’sir qiladi, bug‘lanishga va shimilishga ketadigan sarfni belgilaydi. Nishablik darajasi kichik bo‘lgan yonbag‘irlarga nisbatan tik yonbag‘irlar tez yuvilib-yemiriladi. Agar yonbag‘irlar qalin o‘simliklar va o‘rmonlar bilan qoplangan bo‘lsa kam yemiriladi. O‘simlik qoplamasi bo‘lmagan, o‘rmonlari kesilgan yonbag‘irlar tez yemiriladi.

Atmosfera suvlarining miqdori, yomg‘irning xususiyatlari, qorning erish tezligi, bug‘lanishi, yonbag‘irning quyosh nuriga nisbatan joylashishi, uning uzunligi va nishabligi ma’lum bir vaqtda oqadigan suv miqdorini – sarfini belgilaydi. Qanchalik ko‘p suv oqsa, yuza yuvilishi shunchalik tezlashadi.

Yonbag‘irlardan tushayotgan suvlar, uning tekis etaklarida yoyilib oqadi, chuqur joylarda ko‘lmak hosil qilib, uning suvi shimiladi va bug‘lanadi, yonbag‘irlarda va uning etaklarida yuvilgan materiallar yig‘iladi. Bunday hollarda materiallar saralanadi: yonbag‘irning yuqori qismiga nisbatan yirik zarralar, o‘rta qismida o‘rtacha zarralar va etagida mayda zarrachalar cho‘kib, cho‘kindilar hosil qiladi. Ular delyuvial yotqiziqlar deb ataladi. Agar yonbag‘ir etaklarini va unga yaqin joylarni to‘liq qoplasa, delyuvial shleyf deb ataladi (9.5– rasm).


9.5-rasm. Angren tog‘lari etaklarida tarqalgan delyuvial shleyf.


O‘simliklar bilan qoplanmagan, o‘rmonlari kesilgan tog‘ yonbag‘irlaridan qisqa vaqt ichida jala holda yoqqan yomg‘irdan yoki qorlarning jadal erishidan hosil bo‘lgan ko‘p miqdordagi suvlar qiyaliklardan tez oqib, yonbag‘irlarda yig‘ilgan nurash mahsulotlarini (qum, sheben, dresva va h.) yuvib oqa boshlaydi va jilg‘alar qo‘shilib katta tezlikka va kuchga ega bo‘lgan loyqa-tosh aralash suv oqimi hosil bo‘ladi va bunday oqim sel (yoki sil -arabcha tog‘dan oquvchi suv oqimi) deb ataladi.

Sel oqimlari yo‘lida uchragan hamma to‘siqlarni yuvib, buzib, tog‘oldi tekisliklariga chiqib, konussimon ko‘rinishda yoyilib ketadi va keng maydonlarni loyqa va toshlardan iborat hosilalar bilan qoplaydi (1-ilova, 25), bu yotqiziqlar prolyuvial yotqiziqlar deb ataladi.

Prolyuvial yotqiziqlar yaxshi saralanmagan, har xil o‘lchamli materiallardan iborat bo‘ladi. Tog‘larga yaqin joylarda yirik chaqiqtoshlar yig‘ilsa, yonbag‘irlarning o‘rta qismida sheben, yonbag‘irlarning etaklarida hamda tekisliklarda materiallar o‘lchami maydalashib, o‘ta mayda zarrali loyqa yig‘iladi, natijada prolyuvial lyoss va lyossimon (supes, suglinok) jinslar hosil bo‘ladi. Bunday yotqiziqlarning qalinligi bir necha metrdan, bir necha yuz metrgacha yetadi. Ular O‘rta Osiyoda, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi hududida keng tarqalgan.

Selga qarshi kurash uchun soylarga mustahkam himoyalovchi damba va to‘g‘onlar quriladi, sel oqimini boshqa tomonga burib yuborish, yonbag‘irlarda o‘simlik va daraxtlar ekib, ularni mustahkamlash kabi ishlar olib boriladi. Кatta damba qurilishiga Кichik Almata daryosida qurilgan to‘g‘on (balandligi 100m) misol bo‘la oladi.

Geologik tuzilishi va qiyaligi bir xil bo‘lgan yonbag‘irlarda rivojlanayotgan yuza yuvilish, notekis va bir xilligi buzilgan yonbag‘irlarda chiziqli yuvilishga o‘tishi mumkin. Gipsometrik past joylashgan, kotlovina ko‘rinishida egilgan joylarda yuza oqimli suvlar yig‘ilib, vaqtincha o‘zanli suvlar oqimini hosil qiladi. Vaqtincha o‘zanli suv oqimlari qiya bo‘lgan yer yuzasini o‘yib yuva boshlaydi. Avval kichik, noto‘g‘ri shaklli chuqurchalar (chuqurligi 0,5-1 m gacha) paydo bo‘ladi, keyin ular cho‘zilib, chuqurlashib, o‘yilgan kichik jarlarni (1-ilova, 11) hosil qiladi. Ularning chuqurligi 0,2-0,3 m dan 1-2 m gacha, uzunligi 5 m dan 15 m gacha, ba’zan, kengligi 0,5-1-2 m gacha bo‘lishi mumkin.

Chiziqli o‘yilish davom etib, kichik jar cho‘ziladi, chuqurlashadi, yuqori qismi va yonlari tiklashadi, natijada katta jarliklar hosil bo‘ladi (1-ilova, 12). Ularning shakli U, V – simon bo‘ladi, ba’zan yonlari tik – vertikal bo‘lishi mumkin (9.6-rasm).

Yer yuzasining chiziqli o‘yilib yuvilishi (vaqtincha yoki doimiy o‘zanli suv oqimlari ta’sirida) eroziya, buning natijasida paydo bo‘lgan relyef shakli erozion tipli relyef deb ataladi (9.7-rasm).

Jarliklar quruq iqlimli, yumshoq va bo‘shoq tog‘ jinslaridan tashkil topgan notekis relyefli maydonlarda ko‘proq uchraydi va rivojlanadi. Ayniqsa, jarliklar o‘simliklar o‘smaydigan va bo‘shoq jinslardan tuzilgan tog‘ yonbag‘irlarida tez rivojlanadi. Lyoss va lyossimon jinslar suvda tez yuviladi, shuning uchun ham ular tarqalgan hududlarda jarliklar ko‘proq uchraydi. Bunday jarliklarning tubi kengayib, yon tomoni tik vertikal bo‘lib, U-simon shaklli bo‘ladi va yon tomonining balandligi 30-40 m gacha boradi (9.8-rasm).


9.6-rasm. Tog‘oldi tekisligidagi jarliklar.


9.7-rasm. Bobotog‘ tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy yonbag‘rida hosil bo‘lgan erozion tipdagi relyef ko‘rinishi (Lalmikor soyi).


9.8-rasm. Bobotog‘ tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy etaklarida qalin lyossimon jinslardan tashkil topgan adirlardagi jarlarning ko‘rinishi.


Jarlikning chuqurligi oshib, yer osti suvlarigacha yetib borsa, uning tubida doimiy oqar suv paydo bo‘ladi va jarlikning rivojlanishini tezlashtiradi.

Jarliklar suv ta’sirida asta-sekin kengayib, uzunlashib borib, yuqori qismi keng, quyi qismi tor bo‘ladi. Uning suv tushadigan bosh qismi – yuqori, etagi esa quyi, ularning orasidagi masofa o‘zan qismi deb ataladi. Jarliklar yuqori qismidan tog‘ yonbag‘irligi bo‘yicha kengayadi va yon atrofidagi yerlar qo‘shilib boradi. Yon atrofidan oqib tushayotgan suv ham tog‘ jinslarini yuvib, kichik jar shoxobchalarini hosil qiladi. Ularning kengayishi, chuqurlashishi va uzunlashishi asosiy jarlik singari yuqori qismidan boshlanib, katta-katta maydonlarni egallaydi.

Jarliklar o‘zanining chuqurlashishi daryo, ko‘l yoki dengiz suvi yuzasiga yetganda to‘xtaydi va bu sath eroziya bazisi, ya’ni yuvilishi bazisi deb ataladi.

Jarliklar tuzilishiga ko‘ra harakatdagi yoki o‘sayotgan jarliklar va harakatdan to‘xtagan yoki o‘smaydigan jarliklarga bo‘linadi.

Ba’zida eroziya bazisining pasayishi (daryo, ko‘l va dengiz suvlarining regressiyasi bo‘lsa) natijasida o‘smaydigan, qadimgi jarliklar qaytadan harakatlanuvchi jarga aylanishi mumkin. O‘sayotgan jarliklarning ikki yoni tik, chuqurligi katta bo‘lib, tagida oqayotgan suv ta’sirida yuvilib, o‘yilib, kengayib boradi. Tik yonlarining tagi yuvilib ketgach, jinslar o‘zining muvozanat holatini saqlay olmay jar ichiga qulab tushadi va shuning natijasida yildan-yilga jarlikning ichi kengayib, chuqurlashib boradi. Bunday jarlar ichida (yon tomonlarida va tubida) o‘simlik va daraxtlar o‘sa boshlaydi, suv oqimi to‘xtaydi, yon tomonlar qiyaligi tekislanib, quruq soylar hosil bo‘ladi va ular balkalar deb ataladi (9.7-rasm).

Jarliklarning chuqurligi 40-50 m gacha, kengligi 150-300 m gacha, uzunligi 3-5 km gacha bo‘ladi. Ular bir yilda 0,5-1,0 m dan 35-40 m gacha o‘sishi mumkin.

Balkalarning chuqurligi 40-50 m gacha, kengligi 500 m gacha va undan ham ko‘p, uzunligi 5-10 km gacha va undan ko‘p bo‘lishi mumkin.

Jarliklar xalq xo‘jaligiga katta ziyon keltiradi. Unumli yerlarni ishdan chiqarib, tashlandiq holga keltiradi, namini qochiradi, yo‘l va to‘g‘onlarni buzadi. Shuning uchun jarliklarning o‘sishi va rivojlanishiga qarshi kurashish kerak: tarmoqlarining yuqori qismini qipiq, poxol va shag‘al bostirib to‘sish zarur.

Bundan tashqari, jarliklarning yon tomonlari tekislanib, daraxtlar o‘tkaziladi, chim yotqizilib, o‘simliklar o‘stiriladi. Jar tagida tez oqayotgan suvning osoyishta oqishi va jar tagini ko‘p yuvmasligi uchun ularning tagiga ham chim yotqizish yoki beton plita o‘rnatish kerak bo‘ladi.

Кichik o‘yilmalar, kichik jarlar, jarliklar va balkalar yer yuzasida aniq, ravshan ko‘rinuvchi relyef shakllari bo‘lib, topografik xaritalarda yaxshi ko‘rinib turadi va aerosuratlarda yaxshi ifodalanadi. Topografik xaritalarda kichik jarlarni, jarliklarni va balkalarni aniq ifodalash shart va ularni tasvirlash uchun maxsus shartli belgilar qabul qilingan (1– ilova, 11,12,25). Jarlarning tipi, ularning elementlari (yoni, yonbag‘ri, tag qismi va hokazo) va atrofdagi relyef shakllari bilan nisbati shartli belgilar va gorizontallar yordamida ifodalanadi.

Yirik masshtabli xaritalarda jarliklar gorizontal chiziqlar bilan ifodalanadi: 1) gorizontallar jarlik yon devorini aniq ifodalashi uchun tik yonli yonbag‘irda gorizontallar keskin egilishi, qiya bo‘lganda gorizontallar silliq egilishi; 2) gorizontallar jarliklarning ko‘ndalang kesimini, ya’ni tubini aniq ifodalashi uchun qiyalik tomon biroz egilgan bo‘lishi, eni keng jarlarda tubidan o‘tishi; 3) tubi tekis jarlarda gorizontallar silliq egilib o‘tishi kerak va hokazo.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 | Следующая
  • 4.3 Оценок: 3


Популярные книги за неделю


Рекомендации