Электронная библиотека » Ю. Иргашев » » онлайн чтение - страница 14


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 08:20


Автор книги: Ю. Иргашев


Жанр: География, Наука и Образование


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 14 (всего у книги 16 страниц)

Шрифт:
- 100% +
10.3. Okean shelfi tubining va materik yonbag‘irlarining morfologiyasi

Litosfera yuzasining uchdan ikki qismi Dunyo okean suvi sathidan pastda joylashgan bo‘lib, maxsus subakval (suv osti) sharoitlarda rivojlanadi. Dengiz tubini shakllantiruvchi geologik va geomorfologik jarayonlar quruqlik relyefini shakllantiruvchi jarayonlar bilan umuman o‘xshash bo‘lsada, lekin o‘ziga xos bir qator xususiyatlari bilan farq qiladi.

Dengiz tubining strukturasi va shakllarini hosil qiluvchi jarayonlar ham ikki guruhga bo‘linadi: endogen (tektonik, vulqon) va ekzogen (nurash, denudatsiya va b.) jarayonlar.

Endogen jarayonlar dengiz va okean botiqlarini hosil qiladi va ular tubining tuzilish xususiyatlarini belgilaydi. Кo‘p zilzilalarning episentri okean tubida joylashgan. Magmatik jinslarning va harakatdagi vulqonlarning dengiz tublarida keng tarqalishi dengiz tubi relyefining rivojlanishida magmatik jarayonlar o‘rni muhimligini ko‘rsatadi.

Subakval ekzogen jarayonlar guruhi quruqlikda rivojlanayotgan jarayonlardan keskin farq qiladi. Dengiz tubida, sayoz suvli zona va muzliklar qatlamidan tashqari, quruqlikda muhim hisoblanadigan temperatura va muz nurashlari mavjud emas.

Dengiz muhitida kimyoviy nurashlar o‘zgacha sharoitda rivojlanadi: organik nurashlar faqat dengiz organizmlari ishtirokida amalga oshadi, ular quruqlikdagi hayvonot va o‘simliklar olamidan keskin farq qiladi; bu muhitda muzliklar, oqar suvlar va boshqalar ishtirok etmaydi. Bunday muhitda ta’sir etish mumkin bo‘lgan omillarga suv massasi va unda rivojlanadigan jarayonlar (to‘lqinlar, oqimlar, kimyoviy reaksiyalar va h.k.) kiradi. Shu bilan birga quruqlik va dengiz tubining rivojlanish jarayoni o‘zaro bog‘liq bo‘lib, asosan endogen va ekzogen jarayonlar ishtirok etadi. Hozirgi davrda okean chekkalarining ikki tipi ajratiladi: atlantika tipi – unda o‘tish zonasi yo‘q va tinch okean tipi – unda materik yonbag‘rga o‘tish zonasi mavjud.

Hozirgi vaqtda, okean qa’ri tuzilishiga va relyefiga ko‘ra to‘rtta asosiy qismga bo‘linadi (10.2-rasm): 1) materiklarning suvosti chekkasi; 2) o‘tish zonasi; 3) okean qa’ri; 4) okean o‘rtaliq tog‘ tizmalari.


10.2 -rasm. Dunyo okeani tubi relyefi tuzilishining asosiy elementlari (O.К.Leontev bo‘yicha): 1-shelf; 2-materik yonbag‘ri; 3– materik etagi; 4-dengiz o‘rtalig‘i va chekkadagi cho‘kmalari; 5-orollar yoyi; 6-chuqur suv novlari; 7-okean tubi; 8-okean tubi ko‘tarilmalari va tog‘lari; 9-okean o‘rtaliq tog‘ tizmalari; 10-yirik yoriqlar.


Materiklarning suvosti qismi quruqlik qismi bilan tektonik tuzilishiga ko‘ra bir xilda, ya’ni ularda cho‘kindi tog‘ jinslari, granit va bazalt qatlamlar mavjud. Okean tubi tomon borilganda granit qatlami qiyiqlanadi, bunda yer po‘sti okean qatlamlari ko‘rinishini oladi (cho‘kindi qati va uni tagidagi bazalt qatining umumiy qalinligi 5-10 km ga yetadi).

Materiklarning suvosti qismi okean hududining 22% ga yaqinini tashkil etadi va uning relyefi: materiklar shelfiga, materiklar yonbag‘riga va materiklar etagiga bo‘linadi.

Shelf biroz qiyalangan sayoz tekislik bo‘lib, qit’aning dengiz va okeanlar qirg‘oqlari bo‘ylab cho‘zilgan suvosti qismi. Quruqlik yonbag‘ridan qavariq bukilma bilan ajraladi. Shelf turli yoshdagi, tektonik tuzilishi va geologik rivojlanishi bilan bir-biridan tubdan farq qiladigan platforma va burmalangan oblastlardan iborat. Shelfning o‘rtacha kengligi 78 km, eng ko‘pi bilan 1500 km; quyi chegarasining o‘rtacha chuqurligi 132 m, eng chuqur joyi 600 m; yuzasining o‘rtacha qiyaligi 0035', eng katta qiyaligi 3-50. Dunyo okeanining 28 mln. km2 maydonini, ya’ni 8% ni shelf egallaydi. Shel’f relyefi hosil bo‘lgan subaeral va subakval yuza va tuzilishlardan iborat.

Shelf platforma shelfiga va geosinklinal oblastlar shelfiga bo‘linadi:

Platforma shelflari to‘rtta tipga bo‘linadi: 1) qadimgi platforma shelfi – kengligi katta bo‘lmay, suvosti vodiylari bilan kam tabaqalangan; 2) paleozoy platformalari shelfi – juda yirik va keng bo‘lib, saqlanib qolgan qadimgi relyeflardan hamda yosh tektonik uzilmalar ta’sirida paydo bo‘lgan relyeflardan iborat (masalan, Shimoliy Muz okeanining shelfi); 3) mezozoy platformalari shel’fi – quruqlikning kam tabaqalangan akkumulyativ tekisligi (masalan, Shimoliy Muz okeanining sharqiy qismidagi shelf); 4) materik chekkalarining bukilmali shelfi – paleozoy poydevorini qoplab turgan mezozoykaynozoy yotqiziqlarida shakllangan. Qadimgi erozion relyeflar keng tarqalgan bo‘lsada, tektonik harakatlar ta’sirida hosil bo‘lgan relyeflar kam uchraydi (masalan, G‘arbiy Yevropa qirg‘oqlarining shel’fi).

Geosinklinal oblastlar shel’fining ikki tipi ajratiladi: 1) mezozoy burmali strukturalar shelfi ularning kengligi katta bo‘lmay, tektonik harakatlar ta’sirida juda kuchli tabaqalangan (masalan, Amerika qirg‘oqlaridagi Tinch okean shelfi); 2) hozirgi zamon geosinklinal oblastlar shelfi – yonbag‘irlar qiyaligi tik, vulqon otilishidan hosil bo‘lgan relyef shakllari, suvosti vodiylari va daralari ta’sirida kuchli tabaqalangan (masalan, Tinch okeanining g‘arbiy qismidagi va Indoneziyadagi shelflar).

Materik yoki kontinental yonbag‘irlar – qiyaligi 3-50 dan 10-150 gacha, okean tubi bilan shelf chekkasi oralig‘ida 200-2400 m chuqurlikkacha bo‘lgan yonbag‘irlik. Yonbag‘irlar yuzasi tekis bo‘lmay, uzilma zinalariga xos ko‘rinishga ega, ba’zida tekislangan ham bo‘lishi mumkin. Yonbag‘irning pastki qismida chuqur suvosti ko‘chkilari bilan bog‘liq surilish relyefi uchraydi. Yonbag‘irlarni kesuvchi chuqur suvosti kon’onlarining tarqalishi kontinental yonbag‘ir relyefiga o‘xshaydi. Кon’onlarning o‘yish chuqurligi bir necha yuz metrdan bir km gacha, kengligi 1 km dan 10-15 km gacha bo‘ladi.

Materiklar (kontinentlar) etagi, chekasi – materik yonbag‘irlarning ostki qismini o‘rab turuvchi, okean tomonga qiyalangan, kam tabaqalangan tekislik. Bu tekislik morfologik jihatdan tog‘oldi tekisligini eslatadi. Tekislik materik yonbag‘rning etagida kichik qiyalikka ega bo‘lib, o‘zaro tutashib ketgan suvosti deltasi (yoyilma konusi)ni eslatadi. U loyqa (il va qum aralashmasi) oqim yotqiziqlaridan iborat. Bunday yotqiziqlar turbiditlar deb ataladi, tuzilishiga ko‘ra flishni (qazilma formatsiyani) eslatadi. Кengligi 100 km gacha bo‘lib, chuqurligi 2-4, ba’zida 5 km gacha. Bu chekka, asta-sekin okeanning chuqur suvli qismiga o‘tuvchi akkumulyativ shelfdir. Materiklar etagi zonasida dengiz chuqurligi 2000-4000 m gacha yetadi.

Materikning okean tubiga o‘tish sxemasi o‘tish zonasi deb ataluvchi oraliqda juda murakkab kechadi. Bu zona Tinch okeanida keng tarqalgan.

O‘tish zonasi materik yonbag‘irlari bilan okean qa’ri oralig‘ida joylashgan bo‘lib, quyidagi yirik relyef elementlariga bo‘linadi: 1) dengizlar chekkasidagi chuqur suvosti cho‘kmalari; 2) tashqi va ichki (okeanga yaqinroq) yoysimon orollar (Yaponiya, Filippin, Кuril va boshqalar) orasidagi bo‘ylama depressiya, chuqurligi 3 – 5 km gacha; 3) chuqur suv okean novi-yoysimon joylashgan orollarning tashqi (qavariq) tomoniga yoki qit’aga ulanib ketgan, yoysimon yoki to‘g‘ri chiziq shakldagi tor, juda chuqur, uzoqqa cho‘zilgan egilma. Dunyo okeanining eng chuqur botiqligiga to‘g‘ri keladi. 27 ta chuqur suv okean novi aniqlangan bo‘lib, ulardan 5 tasi 10 km dan ortiq chuqurlikka ega.

Okean qa’ri – Yerning megarelyef elementi. Dunyo okeanining ko‘p qismi (53,7% yoki 193,8 mln km2) ni egallaydi. Okean qa’ri tog‘lik, balandlik, do‘nglik, qozonsimon soyliklardan iborat. Okean qa’rining ayrim joylarida dengiz tubidan 5000 m dan 9000 m balandlikkacha marjon va vulqon orollari ko‘tarilib turadi. Unda novyoriqlar keng rivojlangan. Zanjirsimon ko‘tarilmalar (vallar) va nomutanosib tog‘ tizmalari bir-biri bilan ulanib ketgan. Ularning oralig‘i havzalarga bo‘lingan. Havzalar tubi akkumulyativ (qit’alarga yaqin joylarda) va do‘nglik (okean havzalarining markaziy qismida) abissal tekisliklardan iborat. Okean qa’rida seysmik faollik nisbatan kam bo‘ladi. Okean po‘sti bilan tavsiflanadi.

Okean o‘rtaliq tog‘ tizmalari – Dunyo okeani tubida butun Yer kurrasini qurshab olgan yagona sistemani tashkil etgan tog‘ tizimi. 1950– yillarning oxiriga kelib, V.E. Xain va A.E. Mixaylovlar okean tubida bir butun, ulkan okean o‘rtaliq tog‘ tizmalari mavjudligini aniqlashdi. Umumiy uzunligi 600 ming km dan ziyod, kengligi 2000 km, nisbiy balandligi 3-4 ming metr; ba’zi cho‘qqilari vulqon orollari ko‘rinishida okean yuzasidan ko‘tarilib qolgan. Okean o‘rtaliq tog‘ tizmalarining sirti va yonbag‘irlari kuchli yemirilgan. Tizmalar bo‘ylab uzunasiga cho‘zilgan chuqur riftli botiqlar, ko‘plab ko‘ndalang yoriqlar mavjud, seysmik faol, ba’zi joylarda vulqon namoyon bo‘ladi.

Shunday qilib, Dunyo okeani tubining relyefi juda murakkabdir. Tekislangan maydonlar okean tubining uncha katta bo‘lmagan qismini egallaydi, qolgan qismi esa yuzlab vulqon tog‘laridan va bepoyon tog‘ tizmalaridan iborat.

XI bob. GEOMORFOLOGIK QIDIRUV VA GEOMORFOLOGIK XARITALAR HAQIDA UMUMIY MA’LUMOTLAR
11.1. Geomorfologik qidiruvning vazifasi va usullari

Oldingi mavzularda bayon qilinganidek, Yer relyefining murakkab sharoitda shakllanishi ham xilma-xil, o‘zaro ta’sir etuvchi jarayon va omillarning mahsulidir. Shuning uchun ham geomorfologik tadqiqot usullari ko‘p qirrali va har xildir.

Geomorfologik tadqiqotlarning asosiy vazifasi Yerning ma’lum hududidagi yoki maydonidagi relyef tuzilishini, shakllarini va turlarini o‘rganib, uni xaritalarda to‘g‘ri ifodalashdir. Qurilish maydonlarining geomorfologik sharoiti quriladigan injenerlik inshootlarining turlariga va konstruktiv yechimlariga hamda shu inshootni qurish tannarxiga ta’sir qiladi. Shuning uchun geomorfologik tadqiqotlar davrida relyefni har tomonlama va umumiy majmuasini mukammal o‘rganish o‘ta muhimdir.

Relyefning rivojlanish va shakllanishini o‘rganishda quyidagi asosiy geomorfologik tadqiqot usullarini o‘zaro chambarchas bog‘lab olib borish katta ahamiyatga ega: morfografik usul; morfometrik usul; tarixiy geomorfologik usul; geologik usul; geografik usul; geofizik usul; topografik – geodezik usul va boshqalar;

Yuqorida keltirilgan usullarning hech biri alohida relyefning tarixiy rivojlanishi, shakllanishi, tuzilishi va tarqalishi haqida to‘liq ma’lumot beraolmaydi. Faqat geomorfologik tadqiqotning umumiy usullar yig‘indisigina relyef haqida to‘liq ma’lumot beraoladi.

Morfografik usul. Bu usul bilan relyefning tashqi shakli va elementlari kuzatilib, ulargagina xos bo‘lgan belgilari aniqlanadi, shunga asosan morfografik tasniflar va tavsiflar qilinib, ularning fazaviy bog‘liqligi aniqlanadi.

Morfometrik usul – to‘plangan ma’lumotlarga asoslanib, relyefning shakli va genetik turlarini miqdoriy mezonlar asosida izohlashga qaratilgandir. Bunday usul relyef shakl va elementlarining nisbiy gipsometrik balandligini, qiyaligining o‘zgarishini, gidrologik tarmoqlarning zichligini, relyef shaklining kengligi va uzunligini tahlil qilishga asoslangan. Bunday tadqiqot usuli hozirgi davrdagi mavjud topografik xaritalar asosida olib boriladi.

Geologik usul – tog‘ jinslarining geologik tuzilishini, ularni xilmaxil relyeflar bilan chambarchas bog‘liqligini hamda tektonik rivojlanish bosqichlarini o‘rganish usullariga asoslangan. Bu usul relyef shaklining paydo bo‘lishi – genezisini aniqlashdagi asosiy ma’lumotlarni beradi. Bu tadqiqot usuli o‘z ichiga quyidagi usullarni qamrab oladi: morfostrukturali; morfogenetik; yotqiziq tiplarining genezisi; tarixiygeologik; mineralogik, petrografik va strukturaviy – tektonik usullar.

Geografik usul – relyef paydo bo‘lish sharoitining hozirgi va o‘tgan davrlarini aniqlash uchun qo‘llaniladi. Xususan, ekzogen jarayonlarning rivojlanishida muhim o‘ringa ega bo‘lgan iqlimiy sharoitlarni o‘rganish zarurdir. Bularga geografik landshaftni, tuproqni, daryolar gidrologiyasini, kriogen hodisalarni va boshqalarni o‘rganish kiradi.

Tarixiy geomorfologik usul – morfologik–genetik asosda, relyefning tarixiy, bosqichli rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganadi.

Geofizik usul – Yer shakli – geoid shaklini va paydo bo‘lishini seysmik, magnitometrik va gravimetrik usulda o‘rganishga asoslangan bo‘lib, regional geomorfologik tadqiqotlarda qo‘llaniladi.

Topografik va geodezik usul – ikkiga bo‘linadi: relyefning morfologiyasini va morfometriyasini o‘rganishda topografik xaritalardan foydalanish usuli va maxsus geodezik o‘lchashlar olib borish usullari.

11.2. Geomorfologik xaritalar haqida umumiy tushunchalar va ma’lumotlar

Yuqorida qayd qilingan geomorfologik tadqiqotlarga asoslanib, har xil masshtabli va mazmunli, turli maqsadlar uchun mo‘ljallangan geomorfologik xaritalar tuziladi. Geomorfologik xaritalar – umumiy geografik xaritalarda ko‘rsatilmagan, tasvirlanmagan va noaniqlik bilan tasvirlangan relyef shaklini aniq, to‘liq va yaqqol ta’svirlash uchun tuziladi. Umumiy geografik xaritalar geomorfologik xaritalar tuzish uchun asos bo‘ladi.

Geomorfologik xaritalar masshtabiga ko‘ra quyidagilarga bo‘linadi:

1) Mayda masshtabli – 1:1000 000 va undan maydaroq;

2) O‘rta masshtabli – 1: 200000 – 1: 100000;

3) Yirik masshtabli 1: 200 000 va undan yirik.

Masshtabi 1:5000000 va undan mayda bo‘lganlari tahlil xaritalar hisoblanadi. Geomorfologik xaritalar maqsadi va mazmuniga ko‘ra xususiy va umumiy bo‘ladi.

Xususiy xaritalar relyefning ayrim tavsiflarini: morfometriyasi, morfografiyasi, yoshi, o‘yilish va tabaqalanish chuqurligi, genetik, guruhiy yuzalar va tiplarni (flyuvial karstli, allyuvial, prolyuvial) ifodalaydi.

Umumiy xaritalarda relyef va elementlar belgisining umumiy yig‘indisi ko‘rsatiladi. Lekin bu belgilarning eng asosiylari: morfologiyasi (morfografiya + morfometriya), genezisi va yoshi hisoblanadi.

Geomorfologik xaritalar – analitik, sintetik va umummajmuali kabi xaritalarga bo‘linadi.

Analitik xaritaga yuqorida tavsiflangan xususiy xaritalar kiradi. Sintetik xaritalar ba’zi bir obyekt, zona va relyef tiplarini tavsiflash uchun tuziladi. Umummajmuali xaritalarda ko‘pdan-ko‘p obyektlar bir necha ko‘rsatkichlar orqali tavsiflanadi, lekin ana shu ko‘rsatkichlar ichida bittasi hamma obyektlar uchun umumiy bo‘lib, shu xarita uchun asos bo‘ladi. Bunday ko‘rsatkichlar relyefning yoshi, morfografik belgilari, genezisi va boshqalar bo‘lishi mumkin. Yuqorida qayd etilgan geomorfologik xaritalardan tashqari yana har xil maqsadlar uchun tuziladigan turli xildagi geomorfologik xaritalar mavjud. Ularga qazilma boyliklarni izlash va razvedka qilish; injenerlik inshootlari qurishga mo‘ljallangan maydonlar, qishloq xo‘jaligi hududlari; yo‘l trassalari va boshqa maqsadlar uchun tuziladigan geomorfologik xaritalar kiradi.

Geomorfologik xaritalar tuzish uchun umumgeografik va tematik xaritalar (geologik, tektonik, palegeografik va b.) ning dastlabki materiallari, adabiyotlardan olingan ma’lumotlar; aeros’yomka, dala kuzatish, kosmik apparatlar yordamida olingan Yer yuzasining surati kabi ma’lumotlar asos bo‘ladi.

Geomorfologik xaritalar tuzishda ularda ajratilgan relyefning shaklini, elementlarini ifodalash va tavsiflash uchun maxsus sistemali shartli belgilar ishlab chiqiladi. Xaritalar bo‘yoq, har xil belgi va indekslar, rangli yoki qora ranglar bilan ko‘rsatiladigan shtrixlar, belgilar, indekslar va boshqa belgilar asosida tuziladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Abidov A.A. Geodinamika, ruscha – o‘zbekcha izohli lug‘at, «Sharq» NMAК Bosh tahririyati, 2005 y.

2. Abidov A.A., Irgashev Y., Qodirov M. Neft va gaz geologiyasi, ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘at, «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent, 2000.

3. Abidov A.A., Ergashev Y. va b. Neft va gaz sanoati, ruscha – o‘zbekcha izohli lug‘at, «Sharq» NMAК Bosh tahririyati, Toshkent, 2004.

4. Ананьев В.П., Потапов А.Д. Инженерная геология, М. Высшая школа, 2005.

5. Гардинер В., Дакамб Р. Полевая геоморфология, «Geomorphological field manual», M. «Недри», 1990.

6. Ешбаев Р.Е., Иргашев Ю.И., Назаров М.З. Скальные и полускальные породы и их строительные свойства, Тошкент, «Фан», 1992.

7. Леонтьев О.К., Рычагов Г.И. Общая геоморфология, М. Высшая школа, 1988.

8. Картоведение. Под редакций доктора географических наук, профессора Берлянт А.М. Издательство «Аспект Пресс», Москва, 2003 г.

9. Передельский Л.В., Приходченко О.Е. Инженерная геология, Ростов-Дон, «Феникс», 2006.

10. Пиотровский В.В. Геоморфология с основами геологии, М. «Недра», 1987.

11. Спиридонов А.И. Геоморфологическое картирование, М. «Недра», 1985.

12. Shermatov M.Sh. Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi asoslari, Toshkent, «Turoniqbol» nashriyoti, 2005.

13. Shermatov M.Sh., Umarov U.U., Raxmedov I.I. Gidrogeologiya, Toshkent, 2011.

14. Ergashev Y. Injenerlik geologiyasi va gidrogeologiya, Toshkent, «O‘qituvchi» nashriyoti, 1990.

15. Ergashev Y. Injenerlik geologiyasi asoslaridan amaliy mashg‘ulotlar, Toshkent, «O‘zbekiston» nashriyoti, 1992.

BA’ZI GEOLOGIК VA GEOMORFOLOGIК TERMINLARGA IZOH

A

ABISSAL – abissal oblastning qisqartirilgan ma’nosi.

ABISSALL YOTQIZIQLAR – dengiz va okean tubining 3000 m dan chuqur qismida hosil bo‘lgan cho‘kindi fasiyalar.

ABISSAL JINS – dengizning katta chuqurliklarida hosil bo‘lgan tog‘ jinsi.

ABISSAL OBLAST – okean va dengizlar tubining 3000-6000 m chuqurlikka to‘g‘ri keladigan qismi. Okean tubining 75% ga yaqin qismini egallagan. Abissal oblastga quyosh nuri yetib bormaydi. Temperatura 1-20C, faqat suv qatlamining yuqori qismida 3-40C. Gidrostatik bosim yuqori (100-120 MPa). Hayvonot va o‘simlik dunyosi dengiz yulduzlari, mollyuskalar, ko‘p tukli chuvalchanglar, baliq va bakteriyalar hamda ayrim zamburug‘lardan iborat.

ABLATSIYA – erish, bug‘lanish va mexanik yemirilishlar natijasida muzliklar massasining kamayishi. Ablatsiya muz tagida, muzning ichki qismida, muz yuzasida sodir bo‘ladi.

ABRAZIYA – jinslarning suv to‘lqini va oqimi ta’sirida mexanik parchalanishi (yemirilishi). Abraziya daryo, dengiz, ko‘l, suv omborlari qirg‘oqlarida jadal sodir bo‘ladi. Tog‘ jinslari qirg‘oqqa to‘lqin, tosh parchalari va qum kelib urilishidan parchalanadi. Suv ostida abraziya sekin kechadi, lekin uning kuchi dengiz va suv omborlari qirg‘oqlarida bir necha o‘n, okeanlarda 100 m ga yetadi. Abraziya natijasida abrazion terrasalar va tekisliklar hosil bo‘ladi.

ADIRLAR – Markaziy Osiyo tog‘larining past-baland etaklari. Dengiz sathidan 400-500m dan 1000-1500m gacha baland. Nisbatan yosh tog‘ jinslaridan tarkib topgan. Adirlar qadimgi tog‘oldi tekisliklarining deformatsiyalanishi va ko‘tarilishidan yuzaga keladi. Adirlar yuzasi qiya bo‘lib, yalangliklardan iborat, ko‘p joylarda soy hamda jarlar bilan kesilib, ayrim-ayrim qismlarga bo‘linib ketadi. Adirlar asosan Markaziy Osiyoning cho‘l va yarim cho‘l mintaqalariga xos. Farg‘ona, Hisor, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkentoldi vodiylarida ko‘proq konglomerat va chaqiqtoshlardan iborat bo‘lib, ba’zi joylarda lyoss (sog‘ tuproq) bilan qoplangan. Bedlend relyefiga o‘xshash (bedlend relyef shakliga qarang).

AККRESIYA JARAYONI – tog‘ jinslari zarrachalarining to‘planib, quyiqlashishi, lekin ular juda sekin davom etadi.

AККUMLATSIYA – geomorfologiyada quruqlik yuzasi yoki suv havzalarida, daryo tubida mineral moddalar yoki organik cho‘kindilarning to‘planishi. Akkumlatsiya asosan yer yuzasining tektonik harakatlar ta’sirida pasaygan (bukilgan, sinekliza, sinklinal, botiq) qismida sodir bo‘ladi. To‘planish tezligi va cho‘kindilar tarkibi bir me’yorda bo‘lmasligi relyef hosil qiluvchi hamda cho‘kindilar to‘planishini yuzaga keltiradigan endogen va ekzogen jarayonlarning ritmik o‘zgarish sharoitiga bog‘liq.

AККUMLATSIYA BAZISI – akkumlatsiyaning eng so‘nggi nuqtasi, undan yuqorida akkumlatsiya ro‘y bermaydi va denudatsiya bilan almashinadi. Akkumlatsiya bazisidan o‘tadigan gorizontal tekislik uning sathi deb ataladi. Akkumlatsiya bazisi sathida relyefning hosil bo‘lishi ro‘y beradi. Yer usti (subaeral) va suv osti (subakval) akkumlatsiya bazisi farqlanadi.

AККUMLYATIV TEКISLIКLAR – kelib chiqishi turlicha bo‘lgan bo‘sh cho‘kindi jinslarining to‘planishi (akkumlatsiyasi) dan hosil bo‘lgan tekisliklar. Jinslar boshqa joydan shamol, muzlik, suv va boshqa omillar ta’sirida keltirilib to‘planadi. Akkumlyativ tekisliklar asosan platforma va orogen oblastlarning botiq qismida tarkib topadi. Ba’zan akkumlyativ tekisliklar materik muzliklarning harakati natijasida yuqoriroq balandliklarda ham ro‘y berishi mumkin.

ALLYUVIY, ALLYUVIAL YOTQIZIQLAR – daryo vodiylarida doimiy oqar suvlar hosil qilgan yotqiziqlar. Allyuviyning granulometrik va mineral tarkibi, struktura-teksturaviy xossalari daryoning gidrologik rejimiga, suv to‘planadigan maydonning geomorfologik sharoiti va jismlarning turiga qarab o‘zgaruvchan bo‘ladi. Dag‘al zarralar suvda oqqan vaqtida yumalab, bir-biriga ishqalanib silliqlanadi, o‘tkir qirralari yo‘qolib, birmuncha yumaloq shaklga kiradi. Allyuviy zarralari maydayirikligiga ko‘ra xarsang (g‘o‘la tosh), shag‘al, mayda shag‘al, qum, qumoq, gil tuproqlardan iborat. Allyuviy zarralari daryo o‘zanining qiyaligi va suv oqimi kuchining o‘zgarishiga ko‘ra yotqizilish paytida saralanadi: yiriklari (xarsang, shag‘al) daryoning yuqori qismida, o‘rtachalari (mayda shag‘al, shag‘al) o‘rta qismida, maydalari (qum, qumoq, gil tuproqlar) quyi qismida yotqiziladi. Allyuviy qalinligi 10-20 m dan bir necha yuz m ga, kengligi bir necha o‘n km ga yetadi. Gil jinslar shag‘al ichida linza yoki yupqa qatlam ko‘rinishida uchraydi.

ALP BURMALANISHI – O‘rta dengiz va Tinch okeanining serharakat mintaqasida, aksari kaynozoyda sodir bo‘lgan tektonogez erasi. Bu vaqtda Alp burmalanishi tog‘lari, Alp geosinklinal burmali oblasti va boshqa tuzilishli strukturalar shakllangan. O‘rta dengiz mintaqasida Atlas, Alp, Кarpat, Bolqon, Кavkaz, Elburs, Qrim, Himolay tog‘lari, qisman Markaziy Osiyodagi tog‘lar (Кopetdog‘, Pomir) va boshqa tog‘ tizmalari hosil bo‘lgan.

AMORF TUZILISH – qattiq moddalar zarrachalarining (molekularlari, atomlari, ionlarining) tartibsiz joylashgan holati. Кristall tushunchasiga zid tushuncha. Amorf holat doimo turg‘un emas, vaqt o‘tishi bilan kristall holatiga o‘tishi mumkin.

ANTIКLINAL – qatlamlangan cho‘kindi, effuziv, shuningdek, metamorfizmga uchragan jinslarning gumbazsimon yotish shakli. Tektonik burmalanishga uchragan jinslarning yuqoriga va pastga qarab bukilishidan hosil bo‘ladi. Antiklinalning markaziy qismi, ya’ni yadrosi qadimgi jinslardan tashkil topadi. Bukilish kuchli kechganda qanotlar qiyaligi, ularning shakli turli-tuman ko‘rinishda bo‘ladi.

ANTIКLINAL VODIY – antiklinal burmaning yuvilib ketgan gumbazidan o‘tgan vodiy. Bunday vodiyning paydo bo‘lishiga sabab burmaning gumbazi uzunasiga yorilib, tez erroziya jarayoniga uchrashidir.

ANTIКLINORIY – antiklinal tuzilishli, uzunligi odatda 100 km va undan ko‘p bo‘lgan murakkab burmali struktura. Antiklinoriy burmalangan sistemaning yirik regional struktura elementi hisoblanadi. U yirik, uzun tog‘ tizmalarini hosil qiladi (katta Кavkaz tog‘ tizmalari, Pomir tizmalari).

ARID IQLIM – iqlimlarning geomorfologik tasnifiga muvofiq (Penk, 1910), arid iqlimli oblastlardagi tuproqlarda namlik juda kam bo‘ladi, yillik yog‘ingarchilik miqdori 150-200 mm gacha. Quyosh yer yuzasidagi jinslarni kuchli qizdiradi, quruq va bo‘shoq jinslar shamolda tez uchadi, alevrit zarralar cho‘llar chekkalariga uchib borib, relyefning eol shakllarini hosil qiladi. Nil, Amudaryo va b. daryolar arid iqlimli zonalarni to‘liq kesib o‘tadi, kam suvli daryolar esa suvi oqib chiqib ketmaydigan ko‘llar yoki sho‘rxok yerlarda tugaydi.

ARTEZIAN SUV – o‘zidan suv o‘tkazmaydigan ikki yoki bir necha qatlam orasida joylashgan bosimli yer osti suvlari. Ma’lum chuqurlikda suv havzasi hosil qiluvchi suvli gorizontlarda joylashadi. Quduqlar bilan ochilganda bosim ostida uning sathi yuqoriga ko‘tariladi.

ASIMMETRIYA – geomorfologiyada vodiylar, suvayirg‘ichlar, tog‘ tizmalarining ikki yonbag‘irlari qiyaligining nomutanosibligi tushuniladi.

ATMOSFERA AGENTLARI – Yerni o‘rab turgan atmosferada yuzaga keladigan va Yerga ta’sir etadigan tashqi dinamik kuchlar. Atmosfera agentlariga shamol, quyosh radiatsiyasi, yomg‘ir, qor, do‘l, muz, shudring, suv, qirov, momaqaldiroq, jala va boshqalar kiradi.

ATMOSFERA YOG‘INLARI – yomg‘ir, qor, do‘l, shudring, qirov ko‘rinishida yerga tushadigan namlik. Uning miqdori vaqtning ma’lum davri (yil, oy, sutka) da Yer yuzida to‘plangan suvning qalinligi (mm) bilan o‘lchanadi.

AERATSIYA ZONASI – sizot suvlari sathi bilan yer yuzasi orasidagi masofa. Aeratsiya zonasidagi jinslar g‘ovaklari va bo‘shliqlarining ko‘p qismi suv bug‘lari va havo bilan band bo‘ladi.

B

BALКA – quruq yoki vaqtincha oqar suvlari bo‘lgan vodiy. Tubi qiya egilgan, o‘zani aniq ifodalangan, bir tekisda suvayirg‘ichga o‘tuvchi qavariq yonbag‘irli. Tubi va yonbag‘irlari o‘simlik va daraxtlar bilan qoplangan bo‘lib, o‘sishdan to‘xtagan jarlardan paydo bo‘ladi, kamdan-kam jarlarsiz ham hosil bo‘lishi mumkin.

BAR – oqiziqlar (qum, chig‘anoq va hokazolar) yig‘ilishidan dengiz tublari oldida hosil bo‘lgan ko‘tarilmalar qatori.

BARXANLAR – bir yo‘nalishda harakatlanayotgan shamol ta’sirida sahrolarda paydo bo‘lgan, o‘simliklar bilan qisman mahkamlangan, yoysimon shakldagi qum uyumlari. Cho‘l va cho‘loldi mintaqalarida harakatdagi relyef shakllari. Barxanlarning shamol esadigan tomoni yotiq (5-140), shamolga teskari tomoni tik (30-400) va ikki yoni qanotsimon bukilgan bo‘ladi. Barxanlar balandligi 10-20 m, ba’zida – 200 m gacha yetadi.

BATOLIT – intruziv magmatik tog‘ jinslarining tabiatda yotish shakllaridan biri. Batolit o‘zining keng asosi bilan yer qa’riga chuqur kirib borgan juda katta magmatik jins shaklidir. Bir necha yuz kvadrat kilometr maydonlarni egallashi mumkin.

BEDLEND RELYEF SHAКLI – chaqiq yoki bo‘sh sementlangan cho‘kindi tog‘ jinslaridan tashkil topgan, o‘ta chuqur va keskin tabaqalangan tog‘oldi tekisligining baland-past etaklari. Adirga o‘xshash, lekin tabaqalanish chuqurligi bilan farq qiladi. Inglizchada «yaramas yerlar» degan ma’noni bildiradi.

BIOGEN – organizmlarning hayot faoliyati jarayonida hosil bo‘ladi.

BIOGEN (organik) OHAКTOSHLAR – organik yo‘l bilan hosil bo‘lgan ohaktoshlar. Bu termin jonzotlarning butun skletidan yoki siniq qoldiqlaridan tarkib topgan ohaktoshlarga mansub.

BIOSFERA – Yerning tashqi, organizmlar yashaydigan, murakkab tuzilishli qobig‘i. Tirik organizmlarning massasi biosferada n·1014-2·1016 tonna. Biosfera troposfera – Yer havo qobig‘ining quyi qismi (atmosfera), suv qobig‘i (gidrosfera) va Yerning ustki, qattiq tosh qobig‘i (litosfera) dan iborat. Yerdagi tirik organizmlar massasi n·1018g. Bisoferaga quruqlikdagi o‘simliklar va daraxtlar, dengiz va ko‘llardagi plankton, suv osti suvo‘tli maydonlar kiradi.

BOTQOQLIК – yilning ko‘p qismi davomida ortiqcha namlangan yerning bir uchastkasi. Botqoqlik o‘ziga xos o‘simliklar tarqalishi va torfga aylanuvchi chirimagan organik moddalarning to‘planishi bilan boshqa uchastkalardan ajralib turadi.

BREКCHIYA – yirik bo‘lakli chaqiq jins. Diametri 20 mm dan yirik bo‘lgan silliqlanmagan (qirrali) har xil jinslar bo‘lakchalarining tabiiy sementlanishidan hosil bo‘ladi. Brekchiyani tashkil etuvchi bo‘lakchalarning o‘lchami bir xil yoki har xil bo‘lishi mumkin va tabiiy sement turlari bilan ham farq qiladi.

BREКChIYASIMON JINSLAR – cho‘kindi tog‘ jinslari. Bularga darzlanish brekchiyalari yoki soxta brekchiya bo‘lgan qirrali xol-xol jinslar mansub.

V

VULКANIZM – Yerning chuqur qatlamlaridan magmatik massaning va unga qo‘shilib, gaz-suv mahsulotlarining Yer yuzasiga tomon harakati natijasi bilan bog‘liq jarayonlar va hodisalar tushuniladi. Vulkanizmning platforma, geosinklinal, orogen turlari farqlanadi.

VULQON – vaqti-vaqti bilan yerning chuqur qismidan Yer yuzasiga magma, vulqon materiallari, qaynoq suv va bug‘lar otilib chiqadigan yumaloq yoki yoriqqa o‘xshash Yerning tuynigidir. Кo‘pincha vulqon deb, magmatik mahsulotlar otilib chiqishi natijasida hosil bo‘lgan, tepasida krateri bor balandlik tushuniladi.

VULQON TOG‘LARI – suyuq va qattiq mahsulotlar otilib chiqishi natijasida hosil bo‘lgan konussimon balandliklar. Кo‘pincha ular ayrim vulqonlardan yoki bir yo‘nalishda cho‘zilgan vulqon konuslaridan iborat bo‘ladi, ba’zan ular qo‘shilib, vulqon tog‘ tizmalarini hosil qiladi.

G

GEYZER – vaqti-vaqti bilan bug‘ aralash issiq suv otilib turadigan qaynar buloq. Suvning temperaturasi 800-1000C bo‘lib, 20-40m va undan balandga otilishi mumkin.

GENEZIS – tog‘ jinsi, foydali qazilma koni, mineral, yer osti suvi, qatlam, bukilma, uzilma, tog‘, relyef, geologik jarayon, hodisalar va shunga o‘xshashlarning paydo bo‘lish yo‘li.

GENETIК TIP – ma’lum bir geologik omillar faoliyati natijasida hosil bo‘lgan yotqiziqlar, tog‘ jinslari, relyef va boshqalar nomi.

GEO – Yer, Yer shari, Yer po‘sti, Yer haqidagi fanlar kabi murakkab so‘zlarni belgilovchi old qo‘shimcha.

GEOGRAFIК LANDSHAFT – bir xil tipdagi iqlim, litologik, gidrologik, gidrogeologik, geomorfologik, tuproq-botanik va boshqa tabiiy geografik sharoitlarni o‘zida mujassamlashtirgan hudud.

GEODEZIYA – Yerning shakli va hajmini aniqlash, yuzasi tasvirini plan va xaritaga tushirish, turli ilmiy va amaliy maqsadlar uchun Yer yuzasida o‘lchash ishlarini olib borish haqidagi fan.

GEODINAMIКA – Yer po‘stida yuzaga keladigan jarayonlar namoyon bo‘ladigan kuchlanish maydonlari haqidagi fan.

GEOКRIOLOGIYA – muzlagan tog‘ jinslari haqidagi fan, ularning paydo bo‘lishini, rivojlanish va tarqalish qonuniyatlarini, tarkibini, xossasini, Yer po‘stida muzlagan qatlamlarning yotish sharoitini, doimiy muzloq, muzlagan va erigan jinslarda bo‘ladigan jarayon va hodisalarni o‘rganadi.

GEOMORFOLOGIYA – Yer va uning yuzasi relyef shakllari haqidagi fan. Yer yuzasi shakllarining paydo bo‘lishini, tashqi belgilarini, taraqqiyotini, geografik joylashish qonuniyatlarini va ular o‘rtasidagi o‘zaro genetik bog‘liqliklarni o‘rganadi. Geomorfologiya umumiy, o‘lka, amaliy va sayyoraviy geomorfologiyaga bo‘linadi.

GEOSFERALAR – har xil tarkibli, fizik holatli va xossali bo‘lgan Yerning uzluksiz yoki uzuq-uzuq konsentrik qobig‘i. Yer markazidan yuzasiga qarab: yadro, mantiya, astenosfera, litosfera (Yer po‘sti), gidrosfera, biosfera va atmosferaga bo‘linadi.

GEOFIZIКA – Yer po‘sti va yadrosida bo‘ladigan tabiiy hodisalar va jarayonlarni o‘rganadigan fan. Geofizika uchta katta sohaga – atmosfera fizikasi, gidrofizika, Yer fizikasiga bo‘linadi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 | Следующая
  • 4.3 Оценок: 3


Популярные книги за неделю


Рекомендации