Электронная библиотека » Ю. Иргашев » » онлайн чтение - страница 5


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 08:20


Автор книги: Ю. Иргашев


Жанр: География, Наука и Образование


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 5 (всего у книги 16 страниц) [доступный отрывок для чтения: 5 страниц]

Шрифт:
- 100% +
5.5. To‘rtlamchi davr yotqiziqlari xaritasini tuzish

Qadimgi tubjoy jinslarni qoplab turuvchi, kaynozoy erasining eng oxirgi – to‘rtlamchi davrida paydo bo‘lgan yotqiziqlarini tasvirlovchi xaritalar to‘rtlamchi davr yotqiziqlarning geologik xaritalari deyiladi.

Bu xaritalarda ham, boshqa geologik xaritalar kabi, turli jinslar, ularning paydo bo‘lishi va yoshi har xil ranglar hamda shartli belgilar bilan ko‘rsatiladi. Lekin to‘rtlamchi davr yotqiziqlari xaritalari tubjoy jinslarning geologik xaritalaridan jinslar tarkibining xilma-xilligi va cho‘ziqlik chizig‘i bo‘yicha tez o‘zgarishi bilan ajralib turadi.

Mayda masshtabli (1:500 000 va undan mayda) xaritalarda jinslarning yoshi va genezisi ma’lum ranglarda va belgilarda ko‘rsatiladi. O‘rta va yirik masshtabli xaritalarda jinslarning yoshi va genezisidan tashqari ularning litologik turlari shtrixovkalarda beriladi. To‘rtlamchi davr yotqiziqlari Q harfi (belgi) bilan ifodalanadi. To‘rtlamchi davr o‘z navbatida 4 ga: quyi to‘rtlamchi (QI), o‘rta to‘rtlamchi (QII) yuqori to‘rtlamchi (QIII) va yangi davr (QIV) yotqiziqlariga bo‘linadi. Genetik turlarni ifodalovchi shartli belgilar harflar bilan yoziladi (masalan, allyuvial – a, delyuvial – d, prolyuvial – r, allyuvial – provial– ar va h.).

To‘rtlamchi davr yotqiziqlari xaritalarida relyefning turli geomorfologik elementlari, ayniqsa, akkumulyativ (allyuvial, prolyuvial va h.) va erozion turlari ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Bunday xaritalarni tuzish xalq xo‘jaligida katta ahamiyatga ega. Chunonchi, ular yer osti suvlarini aniqlash, imorat va inshootlar qurish, sug‘orish sistemalari va gidrotexnika inshootlari turini tanlash va qurish, tabiiy qurilish materiallari konlarini qidirib topish ishlarini rejalashtirishda keng qo‘llaniladi. To‘rtlamchi davr yotqiziqlari xaritalari bilan bir qatorda stratigrafik kolonka, geologik kesma va shartli belgilar tuziladi.

To‘rtlamchi davr yotqiziqlarining tarqalishi va yotish holatlari ma’lum bir qonuniyatga bo‘ysunmaydi, chunki ularning litologik tarkibi, qalinligi, qatlamlanishi vertikal hamda gorizontal yo‘nalishlarda tez o‘zgarib turadi va geologik kesmalar tuzishni murakkablashtiradi. Shuning uchun ularni tuzishda qurilishga mo‘ljallangan yerlar zaminida qazilgan burg‘ quduqlari va shurflar materiallaridan foydalanish lozim.

To‘rtlamchi davr yotqiziqlari xaritalari quyidagi tartibda tuziladi:

1. Relyefning ayrim elementlari bo‘yicha tarqalgan jinslarning genetik turlari va yotish holatlari tasvirlanadi. Bunda to‘rtlamchi davr yotqiziqlarining tubjoy jinslardan o‘zining quyidagi asosiy xususiyatlari bilan farq qilishiga e’tibor berish kerak:

a) to‘rtlamchi davr yotqiziqlari chaqiq yoki gil jinslardan (qum, shag‘al, lyoss, qumoq, qumloq tuproqlar va h.) tashkil topadi.

b) tarkibi va xossalari ularning paydo bo‘lishiga (allyuvial, delyuvial, eol va h.) bog‘liq holda qisqa masofada o‘zgaruvchan bo‘ladi.

d) yotish holati turli-tuman bo‘lib, asosan paydo bo‘lishiga bog‘liq holda o‘zgaruvchandir.

2. Berilgan yo‘nalishda geologik kesma tuziladi.

3. Geologik kesma tuzilgandan keyin maydon uchun quyidagi tartibda tushuntirish sharhi yoziladi:

a) maydonning geomorfologik ta’rifi;

b) tog‘ jinslarining yotish holatlari, qalinligi, litologik va genetik turlarining tavsifi;

d) relyefining rivojlanish tarixi va u bilan bog‘liq bo‘lgan turli genetik xildagi jinslarning hosil bo‘lishi.

To‘rtlamchi yoki antropogen davrda paydo bo‘lgan jinslar yer yuzasining 70 foizidan ortiq qismini egallaydi. Shuning uchun ularning litologik tarkibi, qalinligi va yotish holatini aniqlash muhim hisoblanadi. Eng qadimiy to‘rtlamchi davr yotqiziqlari 1,5 – 2 mln. yil avval paydo bo‘lgan deyiladi. Shu vaqtdan beri iqlimning keskin sovib ketishi natijasida quruqlikning katta qismi kamida uch marta muzliklar bilan qoplangan. Muzliklar bilan qoplangan maydon 40 mln. km2 dan ortiq bo‘lib, okeanlar sathi 130-150 metrga pasaygan, ko‘pgina orollar qit’alarga qo‘shilib ketgan. O‘rta Osiyo tog‘laridagi muzliklar maydoni ham ancha katta bo‘lgan.

To‘rtlamchi davr muzliklar davri (pleystosen) va muzlikdan keyingi (golosen) davrlarga ajratiladi. Golosen, ya’ni muzlikdan keyingi davr hozir ham davom etmoqda. To‘rtlamchi davr yotqiziqlari xaritasida qadimgi muzliklarning chegaralari va yotqiziqlari maxsus belgilar bilan ko‘rsatiladi.

4. Imorat va inshootlar sanoat korxonalari va turar joylar, to‘g‘on, aerodrom, ko‘priklar va h. qurish uchun yaroqli maydonlar tanlanib, ularning injenerlik-geologik sharoitlarning baholash maqsadida bajariladigan qidiruv ishlarining hajmi va bosqichlari belgilanadi.

VI bob. BURMALI VA UZILMALI DISLOКATSIYALAR VA ULARNING RELYEF HOSIL BO‘LISHDAGI O‘RNI
6.1. Burmalarni aniqlash

Yer po‘stida keng tarqalgan tektonik strukturalarning asosiy shakllariga burmalar misol bo‘la oladi. Burma deganda tektonik kuchlar ta’sirida qatlamlarning uzilmasdan bukilishi natijasida hosil bo‘lgan shakllar tushuniladi. Geometrik shakliga ko‘ra burma ikki xil: antiklinalegilgan qatlamning qabariq tomoni yuqoriga va sinklinal-egilgan qatlamning qabariq tomoni pastga qaragan bo‘ladi.

Burmalanish tangensial (yonlama) tektonik kuchlarning qatlamlarni siqishidan hamda vulqon magmalarini otilib chiqishi, tuz massalarini qatlamlar ichiga kirib kelishi yoki cho‘kindilarni zichlashishida jinslar hajmining o‘zgarishidan burmalar vujudga keladi.

Tektonik strukturalarni o‘rganishda tangensial dislokatsiyalarni kuzatish juda muhimdir. Tangensial dislokatsiya deganda yer po‘stining ma’lum uchastkalaridagi tog‘ jinsi massasini yonbosh (yer yuzasiga nisbatan burchak ostida ta’sir etuvchi) kuchlar bilan siljishi va jinslarning birlamchi yotish holatini o‘zgarishi tushuniladi. Ularga nadvig, shar’yaj, vzbros, monoklinal va boshqalar mansub.

Burmalar tog‘ inshootlarini hosil bo‘lishi, tog‘ jinslarining barcha ko‘rinishdagi deformatsiyalanishi bilan bir vaqtda paydo bo‘ladi.

6.2. Burma elementlari

Burmalarning quyidagi elementlari ajratiladi: qanot – burmaning ikki tomonga ko‘tarilgan yoki pasaygan yon tomonlari; qulf – ikki qanotning o‘zaro ulangan joyi; sharnir – burma qanotlari yuzasini burmalanish o‘qi kesib o‘tishidan hosil bo‘lgan chiziq; burma o‘q tekisligi – burma qanotlari o‘rtasidagi burchakni teng ikkiga bo‘luvchi yuza; burma o‘qi – burma o‘qi tekisligi bilan gorizontal yuza kesishgan chiziqlar; burma burchagi – qanotlar qiyaligi bilan gorizontal tekislik o‘rtasida hosil bo‘lgan burchak; uzunligi – burma oxiridagi qatlam chegaralari oralig‘idagi o‘q uzunligi; kengligi – burma qanotlaridagi qatlam chegaralari oralig‘idagi maksimal masofa bo‘lib, burma o‘qiga perpendikular; balandligi – bir qatlam bo‘yicha antiklinal qubbasining eng baland nuqtasi bilan sinklinalning egilgan qismining eng past nuqtasi orasidagi masofa; amplitudasi – belgili qatlam bo‘yicha o‘lchangan bir burmaning eng baland joyidan qo‘shni burmalarning baland qismlarini birlashtiruvchi chiziqqacha bo‘lgan masofa.

Burmalarni o‘lchami, shakli va hosil bo‘lishiga ko‘ra tasniflash amalda keng qo‘llaniladi.

6.3. Burma turlari

Hamma burmalar tashqi ko‘rinishiga va ularning ko‘ndalang kesimiga ko‘ra antiklinal va sinklinallarga bo‘linadi. Yassi ko‘rinishda cho‘zilgan va bir-biri bilan ulangan o‘qi 2:1 nisbatdan 5:1 gacha bo‘lgan burmalar braxiburmalar, o‘qlari nisbati 1:1 dan 2:1 gacha bo‘lganlari qubba deb nomlanadi. Braxiantiklinal burmalarning chekka, tugagan joylari periklinal etaklar yoki periklinallar, braxisinklinallarning tugagan joylari sentriklinallar deb ataladi.

Makonda burma qanotlarining yotish burchagiga va o‘q tekisligining holatiga ko‘ra barcha burmalar bir necha xillarga bo‘linadi. To‘g‘ri (tik bo‘lgan, simmetrik) burmalar – o‘q tekisligi vertikal ko‘rinishda, qanotlari bir xil burchak ostida yotadi (6.1-rasm, a). Qiyshiq (qiya, nosimmetrik) burmalar – o‘q tekisligi qiyshaygan, qanotlari turli burchak ostida yotadi (6.1-rasm, b). Ag‘darilgan (to‘nkarilgan) burmalar – o‘q tekisligi qiya holatda joylashadi, qanotlarining biri boshqasining ustida osilib turadi (6.1-rasm, d). Yotiq (antiklinal yoki sinklinal) burmalar – o‘q tekisligi va ikki qanoti gorizontal yoki deyarli gorizontal holatda bo‘ladi (6.1-rasm, e). Bunday burmalarning normal holati buzilganligi sababli, yuqoridan pastga qarab ularning yuqoridagi (gumbaz) qanoti, o‘rtadagi (burilgan) qanoti va pastdagi (mulda) qanoti farqlanadi.

To‘nkarilgan (sho‘ng‘igan) burmalar – o‘q tekisligi antiklinalda asosdan gumbaz tomon, sinklinalda qatlamning bukilish o‘qidan asosiga qarab qiyshaygan bo‘ladi; qanot antiklinalda asosdan o‘q tomon, sinklinalda esa o‘qdan qanot tomon qiyshayadi (6.1-rasm, f). Burmalar qanotlarining o‘q tekisligiga va sharnirga nisbatan joylashishiga ko‘ra quyidagi ko‘rinishdagi qanotlar farqlanadi: qiya, keng ochilgan va tik, kuchli siqilgan, burchakli, ba’zan to‘lqinsimon va yumaloq.


6.1-rasm. O‘q tekisligi holati bo‘yicha burma turlari.

a – to‘g‘ri; b – qiyshiq; d – ag‘darilgan; e – yotiq; f – to‘nkarilgan burmalar.


Stulsimon qiya antiklinal burmalar – bir qanoti tik, ikkinchi qanoti kuchsiz qiyalangan, yoxud gorizontal bo‘ladi. Ushbu kuchsiz qiyalangan qanot sinklinal (egilma)larda tik yoki ba’zan vertikal holatda bo‘lishi mumkin; vertikal kesimda burma suyanchiqli stul ko‘rinishini oladi.

Izoklinal (parallel) burma – o‘q tekisliklari va qanotlari o‘zaro parallel bo‘ladi. Bunday burmalar to‘g‘ri, qiyalama va yotiq ko‘rinishda bo‘lib (6.2-rasm), ularda antiklinal va sinklinallar almashinib keladi.



6.2– rasm. Izoklinal burmalarni planda va kesimda ifodalanishi.

a – to‘g‘ri; b – qiyshiq; d – yotiq burmalar.


Yelpig‘ichsimon burma – o‘q tekisligi burmaning pastida va yuqorisida tutashadi. (6.2-rasm, a). Bunday burmalar to‘g‘ri, qiyalama va yotiq bo‘lishi mumkin.

Sandiq (quti)simon burma – gumbazli yassi va keng, qanotlari tik ba’zan deyarli vertikal bo‘lgan burma (6.2-rasm, b).

Biri ikkinchisi ustiga to‘nkarilgan burmalar antivergent burmalar deb ataladi.

Burma sharnirining cho‘ziqlik bo‘yicha yuqoriga ko‘tarilishi yoki cho‘kishi, ya’ni to‘lqinsimon ko‘tarilish va cho‘kishlar burma undulatsiyasi (to‘lqini) deyiladi.

Burmalarning asosiy shakllarini o‘rganishda burma sharniri holatini makonda joylashishi hisobga olinadi. Agar burma to‘g‘ri chiziq ko‘rinishidagi gorizontal sharnirga ega bo‘lsa, geologik xaritada yoki gorizontal kesimda qanotlarning kesishish chizig‘i parallel ko‘rinishda, vertikal bo‘ylama kesimda esa qatlamlarning kesishish chizig‘i burma o‘qiga gorizontal ko‘rinishda ifodalanadi.

6.4. Burmadagi qatlamlarning o‘zaro nisbati

Burmalarni tuzuvchi qatlamlarning yotish ketma-ketligini o‘rganish natijasida ularning joylashishini ikki xili ajratiladi: 1) konsentrik (bitta umumiy markazga ega bo‘lgan – parallel) burmalar; 2) o‘xshash burmalar.

Parallel burmalar. Qatlamlarning egilishi va bukilishi antiklinal va sinklinallarda parallel ravishda sodir bo‘lganligi sababli, ularning qalinligi hamma joyda bir xil bo‘ladi (6.3-rasm). Ularning yotish burchagi yuqoriga ko‘tarilish va pastga cho‘kish yo‘nalishlarida qatlamlarning egilish radiusini ortishi hisobiga kamayib boradi.

O‘xshash burmalar. Burmalarning ushbu turidagi qatlamlar o‘xshash egri chiziqlar hosil qiladi, burmalar esa kertikal yo‘nalishda bir xilliligini saqlaydi. Qatlamlarning qalinligi qanotlarda sharnirlardagiga nisbatan kam bo‘ladi. Bunday burmalarda qatlamlarning dastlabki qalinligi sharnirlarda saqlanib qoladi, qanotlarda esa ularning turli darajada cho‘zilganligi sababli qatlamlar qalinligi kamayadi.

Ilonizi ko‘rinishdagi burmalarda parallel va o‘xshash burmalarning belgilari mavjud bo‘ladi. Bunda qatlanish tekisligi qanotlarda parallel holatda qoladi, burmaning shakli esa chuqurliklarda saqlanadi. Ilonizi burmalarning ikki xili ajratiladi: 1) parallel qiyalangan qatlamlarning parchalanishi natijasida paydo bo‘lgan burmalar; 2) o‘q tekisligiga nisbatan qatlamlarni aylanishi natijasida paydo bo‘lgan burmalar. Bu hodisa tizzasimon bukilish deb ataladi.


6.3-rasm. Parallel burmalar.

a – chuqurlik bo‘yicha burmalanish shiddati kamayishini ko‘rsatuvchi sxema; b – chuqur gorizontlarning deformatsiyalanishidan yuzaga keladigan parallel burmalanish; 1 – xloritli slaneslar; 2 – intruziv jinslar.


Generativ burmalar. Bunday shakldagi burmalar amplitudasi qatlamlarda muntazam ravishda ortib borib, ularning stratigrafik qalinligi o‘q qismi yo‘nalishida ko‘payadi. Burma hosil bo‘lishida qatlamlar guruhi plastik deformatsiyaga duchor bo‘ladi.

Diz’yunktiv (uzilmali) burmalar. Nisbatan mo‘rt qatlamlar plastik jinslar bilan qavatlanib kelganda bunday burmalanishlar sodir bo‘ladi. Bunda plastik jinslar deformatsiya natijasida oqishi, mo‘rt qatlamlar esa darzlansada, burma shaklini to‘liq saqlab qoladi. Bunday hodisalar juda katta va nisbatan kichik maydonlarda yuzaga kelishi mumkin.

Disgarmonik (uyg‘un bo‘lmagan) burmalar. Burmalanishning ushbu turida burmaning geometrik xususiyatlari bir qatlamdan ikkinchisiga o‘tishda keskin o‘zgarishga duchor bo‘ladi. Bunday burmalar odatda plastik qatlamlar nisbatan mustahkam qatlamlar bilan qavatlanganda rivojlanadi. Disgarmonik burmalar burma qulfidagi plastik yotqiziqlarning deformatsiyaga uchrab, ularni burma gumbazidan siqib chiqarilishi natijasida hosil bo‘ladi.

Zichlashgan burmalar. Bu turdagi burmalarning gumbaz qismidagi gorizontlar qalinligi qanotdagilariga qaraganda juda yupqa bo‘ladi va shu belgisiga ko‘ra disgarmonik burmalardan keskin farq qiladi. Antiklinallarning gumbaz qismidagi qatlamlar qalinligi jinslarning deformatsiyalanishidan kamayadi, masalan, biron-bir zich tuzilgan jinsning yoki plastik massaning (toshtuz, gips yoki intruziv magma) yer yuzasiga do‘ppayib chiqib turgan joyida buni kuzatish mumkin. Bunday burmalar ko‘pincha burma hosil bo‘lishi va cho‘kindilar yotqizilishi bir vaqtda sodir bo‘lganda rivojlanadi, sinklinallarda antiklinallarga nisbatan juda qalin formatsiyalar vujudga keladi.

Diapir burma. U yadrosi (o‘zagi) kuchli deformatsiyalangan, yuqori plastik xususiyatga ega bo‘lgan yotqiziqlar (tuz, gips, gil va sh.k.)dan iborat bo‘ladi. Burma o‘zagi nisbatan yosh qatlamlarni yorib o‘tib diapir burma qanotlarini hosil qiladi. Qanotlar tik joylashadi. Diapir burma yadrosi teshish yadrosi deb ataladi. Diapir yadrosi burmalangan zonalarning egilgan qismlarida gil jinslardan, geosinklinal oblastlarning tog‘ oldi va tog‘ oralig‘i botiqlarida hamda platformalarning chuqur botiqlarida tuzlar (tuz gumbazi)dan tarkib topadi.

Geosinklinal burma. Qatlangan yotqiziqlar yonbosh tomondan siqilganda bunday burmalar tog‘ jinslari tarkibidagi plastik moddalarning yuqoriga qarab oqib chiqishidan hosil bo‘ladi. Ular juda yirik bo‘lsada, egilish radiusi kichik bo‘ladi. Ular burmalanishning orogen fazasida nisbatan tez rivojlanadi. Yer po‘stidagi bunday burmalar shakli o‘zaro o‘xshash bo‘lib, ular gumbazining radiusi katta bo‘ladi. Bunday burmalar ham geosinklinal oblastlarda ham harakatchan zonalarda rivojlanadi.

Geosinklinal tipdagi burmalarning shakli xilma-xil bo‘lib, ularda ko‘pdan-ko‘p yoriqlar mavjud bo‘ladi. Burma balandligi (amplitudasi) katta bo‘lib, ba’zan diapirlar va balchiqli vulqonlar bilan murakkablashadi. Ularga braxiantiklinallar va turli ko‘rinishdagi qubbalar mansub.

Platforma tipidagi burmalar. Ular juda katta maydonlarni egallaydi, o‘lchami katta, uzoqqa cho‘zilgan, yoriqlari kamroq. Ularga braxiburma misol bo‘la oladi. Sharnirining eng baland va eng past joyidan ikki tomonga egilgan kichik burma hisoblanadi. Gorizontal tekislikda braxiburma yassi, cho‘ziq shaklda bo‘ladi. Uning braxiantiklinal va braxisinklinal turlari ajatiladi.

Braxiantiklinal tog‘ jinslari qatlarining qisqa antiklinal burma shakli bo‘lib planda tuxumsimon cho‘ziq (yassi) ko‘rinishda ifodalanadi. Qatlamlar uni gumbazining markaziy qismidan hamma tomoniga qarab qiyshaygan bo‘ladi. Geologik xaritada braxiantiklinal konsentrik yassi halqa shaklida chiziladi, ular markazida jinslar joylashadi, chekka tomonlari yo‘nalishida yosh jinslar yotadi.

Braxisinklinal tog‘ jinslari qatlarining qisqa sinklinal burma shakli bo‘lib planda tuxumsimon cho‘ziq (yassi) ko‘rinishda ifodalanadi. Burmani hosil qiluvchi tog‘ jinsi qatlamlari uning hamma tomonidan markaziga qarab qiyshaygan bo‘ladi. Geologik xaritada burma konsentrik yassi halqa shaklida chiziladi, uning markazida yosh jinslar joylashadi, chekka tomonlari yo‘nalishida qadimiy jinslar yotadi.

6.5. Burmalarni hosil bo‘lish sharoitlariga ko‘ra tasniflash

Burmalarni hosil bo‘lish sharoitiga ko‘ra tasniflash uchun burmachan buzilishlarnining mohiyatini to‘g‘ri anglash lozim. Burmachan buzilishlar genezisi deganda deformatsiyalanayotgan tog‘ jinsi qatlamlari majmuasining egilish kinematikasi tushuniladi. Qatlangan yotqiziqlar deformatsiyasi ularni yuzaga keltiruvchi kuchlarning yo‘nalishiga, kuchlarning ta’sir etish xarakteriga, jinslarning fizik xususiyatlariga, plastiklik darajasiga bog‘liq.

Burmalarni hosil bo‘lishida tektonik omillardan tashqari jinslarning fizik-litologik va petrografik tavsiflari ham muhim rol o‘ynaydi. Bunday tavsiflarga ko‘ra jinslarni ikki guruhga ajratish mumkin: 1) komponent jinslar va 2) nokomponent jinslar.

Birinchi guruhga tashqi kuchlar ta’sirida egilmaydigan, parchalanmaydigan, sinmaydigan, kesilmaydigan mustahkam tog‘ jinslari mansub (masalan, granit, diorit, kvarsit, mramor va b.). Ikkinchi guruhga tashqi kuchlar ta’sirida deformatsiyalanadigan, plastik va qayishqoqlik xususiyatiga ega bo‘lgan hamda darzliklar, yoriqlar hosil bo‘ladigan jinslar kiradi (masalan, glina, gilli, slanes, argillit va sh.k.).

Burmachan dislokatsiya o‘lchamiga va hosil bo‘lish sharoitlariga ko‘ra quyidagilarga bo‘linadi:

1. Birinchi tartibli strukturalar, ularga juda yirik, tektonik yo‘l bilan vujudga kelgan regional platformalar: katta yassi ko‘tarilmalar (anteklizalar) va cho‘kmalar (sineklizalar) hamda geosinklinal oblastlarni platformalardan ajratib turuvchi chekka egilmalar mansub.

2. Ikkinchi tartibli strukturalar, ularga regional tektonik platforma dislokatsiyalari – vallar (zanjirsimon tuzilgan ko‘tarilmalar) va egilmalar kiradi.

3. Uchinchi tartibli strukturalar, ularga antiklinal va sinklinal burmalar mansub bo‘lib, ikkinchi tartibli strukturalarning gumbaz va qanot qismlarida joylashgan bo‘ladi.

Ikkinchi tartibli strukturalar nisbatan yirik antiklinalsimon tektonik strukturalar vallar yoki plakantiklinallardan tarkib topadi. Geologik tuzilishiga ko‘ra ular nisbatan murakkab va turli-tuman ko‘rinishda bo‘ladi. Bunday yassi tektonik strukturalar uzun o‘qi bo‘yicha katta masofaga cho‘zilgan bo‘lib, asimmetrik (nosimmetrik) tuzilishga va planda noto‘g‘ri shaklga ega bo‘ladi. Qatlamlarning qanotdagi yotish burchagi turlicha bo‘lib: yassi qanotlarda ular – daqiqada, tik qanotda – gradusda, ba’zan bir necha o‘n graduslarda o‘lchanadi, chuqurlik sari yotish burchagi ortadi.

Vallarning gumbaz qismlari cho‘ziqlik bo‘yicha mayda, uchinchi tartibli tektonik strukturalar bilan murakkablashgan bo‘lib, ular bir yoki bir necha tektonik chiziqlar bo‘yicha joylashadi. Chiziqsimon joylashgan bunday burmalar guruhlari muldasimon, yassi tektonik egilmalar mavjud bo‘lganda depressiyalarni yoki pastqam joylarni hosil qiladi; hududning eng ko‘p ko‘tarilgan qismida ko‘tarilmalar vujudga keladi. Кo‘tarilma amplitudasi qisqa masofada o‘zgarib bir necha o‘n metrdan bir necha yuz metrgacha yetadi. Bunday vallarning uzunligi bir necha yuz kilometr, kengligi bir necha o‘n kilometr bo‘lishi mumkin.

Masalan, Shimoliy Ustyurt botig‘ida murakkab tuzilishli Quvonish-Кoskala vali mavjud bo‘lib, submeridional yo‘nalishda cho‘zilgan. Uning uzunligi 175 km, kengligi 35 km gacha, asimmetrik tuzilgan. Yura davri yotqiziqlarining ustki qismi bo‘yicha val amplitudasi 200-250 m. Bu valdan shimolroqda Кassarmin vali mavjud bo‘lib shimoliy-g‘arb – janubiy-sharq yo‘nalishida joylashgan, uzunligi 128 km, kengligi 25 km. Yura davri yotqiziqlarining ustki qismi bo‘yicha val amplitudasi 250 m.

Burmalarning tuzilishini o‘rganishda diapir qubbasini hamda tuz qubbasini o‘ziga xos o‘rni bor. Diapir qubbasining tuzilishida eng kamida uchta yotqiziqlar kompleksi ishtirok etadi, bunda yuqori plastiklikka ega bo‘lgan kompleks (tuz, gips, glina)ning ahamiyati yetakchi rol o‘ynaydi. Siqilish jarayoni ta’sirida bu kompleks turli shakldagi yadro hosil qilib turli morfologik diapirli qubbalarni barpo etadi. Yuqorida joylashgan jins kompleks qubba shaklini oladi va ko‘pdan-ko‘p uzulishli buzilishlar bilan murakkablashadi.

Tuzli yotqiziqlar dastlab boshqa cho‘kindilar kabi gorizontal holatda joylashadi, keyinchalik turli omillar ta’sirida o‘ziga xos oquvchan massaga aylanadi. Ular yadrosi tosh tuzidan tarkib topgan qubbani hosil qiladi, planda ellips, cho‘zilgan yoki har xil shakllarga ega bo‘lishi mumkin.

Tuzli qubba maydoni 100 km2 gacha, balandligi bir necha km gacha, qatlamlarning og‘ish burchagi 60-700 gacha bo‘lishi mumkin.

Tuzli qubbalarning quyidagi turlari mavjud: 1) teshilmagan, tuz ustidagi jins qatlari majmuasini tuzli yadro teshib o‘tmagan; 2) teshilgan, tuz ustidagi qatlamlarni tuzli yadro teshib o‘tgan; 3) qubbalar, o‘sish yoki umumiy regional ko‘tarilish natijasida tuz ustidagi jinslar eroziya ta’sirida yuvilib, tuzli yadro yer yuziga chiqib qolgan bo‘ladi. Shuningdek, tuzli qubbalarning boshqa turlari (chuqur, sayoz va h.q.) ham mavjud.

Yuqorida bayon qilingandan shunday xulosa chiqarish mumkinki, geologiya Yer tuzilishi va uning paydo bo‘lishi, taraqqiyoti, rivojlanish tarixi, Yer qa’rida va yuzasida sodir bo‘ladigan endogen va ekzogen jarayonlar, vulqon otilishi, intruziv va effuziv jinslarning hosil bo‘lishi, tektonik harakatlar, tog‘ hosil bo‘lish jarayoni, litosfera plitalari tektonikasi, plitalarning siljishi, qatlamlarning bukilishi, uzilishi, siljishi, yoriqlar bilan bo‘linishi, struktura va burmalar hosil bo‘lishi, ularning vaqt davomida o‘zgarib turishini hamda yer yuzasi relyefiga ko‘rsatadigan ta’sirini o‘rganadi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации