Текст книги "Геология ва геоморфология"
Автор книги: Ю. Иргашев
Жанр: География, Наука и Образование
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 4 (всего у книги 16 страниц) [доступный отрывок для чтения: 5 страниц]
V bob. QATLAMLARNING YOTISH HOLATLARI
5.1. Qatlamlarning gorizontal va monoklinal holatda yotishi, ularning relyef hosil bo‘lishidagi o‘rniCho‘kindi yotqiziqlari odatda gorizontal yoki biroz qiya holatda yotadi. Qatlamlarning bunday shaklda yotishi qayta-qayta buzilishlar, o‘zgarishlar va siljishlarga duchor bo‘lmagan hosilalarda keng tarqalgan.
Кo‘pgina cho‘kindi yotqiziqlari u yoki bu darajada tektonik jarayonlar ta’siriga duchor bo‘lganliklari sababli gorizontal holatdan qiya holatga o‘tgan bo‘lib, buzilishlar yoki dislokatsiyalar ularga ta’sir ko‘rsatgan bo‘ladi. Dislokatsiyalarga uchragan qatlamlarning eng ko‘p tarqalgan shakllariga monoklinal yotish misol bo‘laoladi.
Monoklinal burma qatlamlarning dastlabki yotish holatining eng oddiy o‘zgargan shakli bo‘lib, gorizontal sathga nisbatan qiyshayishi bir tarafga yo‘nalgan bo‘ladi. Bunda gorizontal holatdan qiya holatga o‘tgan har bir qatlamning qiyalik tekisligi belgilanadi. Uning ustki (ship) qismi va ostki (tag) qismi shartli ravishda belgilanadi, shunga ko‘ra makonda yotish elementlari: cho‘ziqlik chizig‘i, qiyalik azimuti va qiyalik burchagi ajratiladi (5.1-rasm).
5.1-rasm. Qatlamlarni yotish elementlari: AB – cho‘ziqlik chizig‘i, vg – qiyalik chizig‘i; ABV (α) – qiyalik burchagi.
Qatlamning cho‘ziqlik chizig‘i deb qatlamning yer yuziga chiqib qolgan va bir tarafga cho‘zilib ketgan qismi bo‘ylab, ularni gorizontal tekislikka tegib turishidan hosil bo‘lgan chiziqqa aytiladi.
Qatlamning gorizontal tekislikka nisbatan og‘ishi qiyalik burchagi yordamida aniqlanadi. Uning qiymati 0 dan 900 gacha o‘zgaradi. Qiyalik burchagi aniqlangach, uning azimuti topiladi. Uni topish uchun tog‘ kompasining burchak o‘lchagichidan foydalaniladi.
Qatlamning qiyalik azimuti meridian chizig‘i bilan qiya tomoni o‘rtasida hosil bo‘lgan gorizontal burchak orqali ifodalanadi. Qatlamlar holatini o‘lchash natijalariga ko‘ra, ularni quyidagicha ifodalash mumkin:
G‘ShG‘ 2800 < 300. Demak, qatlamning yo‘nalishi g‘arb, shimoliyg‘arb tomonga 2800, qatlamlanish tekisligi esa gorizontal tekislikka nisbatan 300 burchak ostida yotadi. Qiyalik burchagi o‘lchangach, qiyalik azimuti o‘lchanmasa ham bo‘ladi, chunki bu ikkala azimut birbiridan 900 ga farq qiladi.
Qatlamlarning yotish holatlarini bilishdan tashqari, ularning birbiriga nisbatan mos yoki nomos yotishini ham bilish lozim. Dengiz va okeanlarda cho‘kindi jins to‘planish jarayoni natijasida oldin hosil bo‘lgan qatlamlar ustiga birin-ketin yoshroq yotqiziqlarning parallel holda yotishi mos yotish deb ataladi (5.2-rasm, a).
5.2-rasm. Qatlamlarning mos (a) va nomos (b) yotishi.
Agar ma’lum geologik davrda hosil bo‘lgan qadimiy (qari) jins qatlamlari dislokatsiyaga uchrab yuqoriga ko‘tarilsa, unda cho‘kindi to‘planishi to‘xtaydi, keyinchalik shu maydon cho‘kib yana cho‘kindi yotqizilishi davom etsa, yotqiziqlarning ketma-ketligi hamda geoxronologik jadvalda ko‘rsatilgan davrlar ketma-ketligi buziladi. Qatlamlarning bu holda yotishi stratigrafik nomoslik hisoblanadi. To‘rtlamchi davr tog‘ jinslari burmalangan qatlamlar ustida gorizontal holda yotsa, bu tektonik nomoslikka misol bo‘laoladi (5.2-rasm, b).
Qatlamlarning monoklinal yotishi Respublikamiz hududida ko‘p uchraydi. (Masalan, Surxondaryo tog‘lararo botig‘ida Bobotog‘ tog‘ tizmalarida).
5.2. Qatlamlarni va yer yuzasi relyefini xaritada ifodalash usullariGorizontal yotgan jinslarni tasvirlash. Agar tog‘ jinslari gorizontal holda yotgan bo‘lsa, u vaqtda qatlamlar orasidagi chegara chizig‘i gorizontal chiziq (bir xil absolyut balandlikdagi nuqtalarni birlashtiruvchi chiziq)qa parallel yotishi yoki ular bilan ustma-ust tushishi lozim. Yer yuziga chiqib, gorizontal holda yotgan har qanday qatlamlarning chegara chizig‘i bir xil absolyut balandlikka ega bo‘ladi va relyef ko‘rinishi bilan aniqlanadi (5.3-rasm, a). Agar o‘rganilayotgan maydon tekislikdan iborat bo‘lsa, u vaqtda xaritada faqat yer yuzida yotgan yosh qatlamgina ko‘rsatiladi. Maydon jarliklar yoki daryo vodiylari bilan kesilgan bo‘lsa, ularning devori va tubidagi ochilmalarda qadimgi qatlamlarning yer yuzasiga chiqib qolganini ko‘ramiz. Ochilmalarning yuqori qismida asosan yosh, pastki qismida esa qadimiy qatlamlar joylashgan bo‘ladi (5.3-rasm, b). Qatlamlar qalinligi kam bo‘lib, ularning yer yuzasiga chiqqan qismi ko‘p bo‘lsa, xaritada ularni tasvirlaydigan ranglar ham xilma-xil bo‘ladi.
Qatlamlarning yer yuzasiga chiqib qolgan qismi ularning qalinligini to‘laligicha ifodalay olmaydi. Tik yonbag‘irliklarda ko‘rinib turgan qatlam qalinligi haqiqiy qalinlikka yaqin bo‘lsa, qiya yonbag‘irliklarda haqiqiysidan anchagina ko‘p ko‘rinishi mumkin (5.4– rasm).
5.3-rasm. Qatlamlarning gorizontal yotishini tasvirlaydigan geologik xarita:
a) – geologik xarita; b) – AV va VG chiziqlari bo‘yicha kesma; 1 – ohaktosh; 2 – gil tuproq; 3 – qum; 4 – mergel.
5.4-rasm. Gorizontal holatda yotgan jinslarning yer yuziga chiqqan qismi kengligining relyefga bog‘liqligi.
Monoklinal yotgan jinslarni tasvirlash. Yer yuzasiga nisbatan bir tomonga ma’lum bir burchak ostida qiya holda yotgan qatlamlar monoklinal qatlamlar deb ataladi. Geologik xaritalarda bunday qatlamlar uzunchoq (yo‘l-yo‘l) ko‘rinishda tasvirlanadi. Relyefning pastki tomoniga qarab qatlamlar yoshi kamayib boradi (5.5– rasm). a)
5.5-rasm. Qatlamlarning monoklinal yotishini tasvirlaydigan geologik xarita:
a) geologik xarita; b) AB chiziq bo‘yicha kesma; 1 – shag‘al aralashgan qum; 2 – qum; 3 – lyoss; 4 – alevrolit; 5 – qumtosh; 6 – gips; 7 – gil tuproq; 8 – ohaktosh; 9 – bo‘r.
Qiya holda yotgan qatlamlar chegarasi bilan gorizontal chiziqlar nisbati har xil bo‘lib, u qatlamlarning yotish burchagi va relyefning xarakteriga bog‘liq. Yer yuzasining past-balandlikdan iborat joylarida qatlamlar yer betiga chiqib, 100 dan 800 gacha burchak ostida qiya bo‘lib joylashsa, juda ham murakkab ko‘rinishdagi relyef hosil bo‘ladi.
Qiya holda joylashgan qatlamlar normal yoki to‘nkarilgan ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Normal holatdagisida yosh qatlamlar qadimgilarining ustida stratigrafik mos holda joylashgan, to‘nkarilganlarida esa buning aksi bo‘ladi (5.6-rasm).
Geologik xaritalarda qatlamlarning yotish elementlarini shartli belgilar yordamida tasvirlash usuli 5.7– rasmda ko‘rsatilgan.
5.6-rasm. Normal (a) va to‘nkarilgan (b) holda yotgan qatlamlar.
5.7-rasm. Qatlamlarning yotish elementlarini shartli belgilar yordamida tasvirlash (sonlar yotish burchagi qiymatini ko‘rsatadi): a) gorizontal yotish; b) normal qiya holda yotish; d) to‘nkarilib qiya holda yotish; e) vertikal yotish.
Burmalar hosil qilib yotgan jinslarni tasvirlash. Burmali strukturalar hosil bo‘lishi geosinklinal oblastlar uchun ahamiyatlidir. Qatlamlarning burma (bukilma) holda yotishi xaritalarda turli qalinlikdagi chiziqlar bilan tasvirlanadi (5.8-rasm). Burmalarda quyidagi: qanot, qulf, sharnir, burma o‘qi tekisligi, burma o‘qi, burma burchagi va boshqa elementlar bo‘ladi (5.9-rasm). Burma elementlari ta’rifi 6.2– bandda berilgan.
5.8-rasm. Qatlamlarning burmalar hosil qilib yotishini tasvirlaydigan geologik xarita.
5.9-rasm. Burma elementlari:
1 – 2, 3 – 4, 5 – 6 va 7 – 8 burma qulfi; 2 – 3; 4 – 5 va 6 – 7 burma qanotlari; α – burma burchagi.
Burma o‘qi tekisligiga nisbatan qanotlar bir xil burchak ostida yotsa simmetrik (5.10– rasm, a), har xil burchak ostida yotsa, asimmetrik (5.10– rasm, b) burmalar paydo bo‘ladi. Burmalar qulf shakliga qarab tik, yotiq va sandiqsimon turlarga bo‘linadi (5.11-rasm). Agar qanotlar tik bo‘lib, ular orasidagi burchak 90° dan kichik bo‘lsa, tik burmalar (5.11– rasm, a), burchak 90° dan katta bo‘lsa yotiq burmalar (5.11– rasm, b), keng va tekisroq gumbazli bo‘lsa sandiqsimon (5.11– rasm, d) burmalar hosil bo‘ladi.
5.10-rasm. Simmetrik (a) va asimmetrik (b) burmalar.
5.11-rasm. Burmalarning qulf shakliga qarab bo‘linishi (kesmada): a – tik; b – yotiq; d – sandiqsimon burma.
Burmalar o‘z shakliga ko‘ra antiklinal va sinklinal turlarga bo‘linadi. Antiklinal va sinklinal burmalar doimo bir-biriga tutashgan bo‘lib, ko‘rinishidan dengiz to‘lqiniga o‘xshaydi va uzluksiz tuzilgan bo‘ladi. Antiklinalning o‘zagi (yadro) nisbatan qadimiy jinslardan, qanotlari esa yosh jinslardan, sinklinalda esa yadro yosh, qanotlar qadimiy jinslardan tashkil topadi.
Masalan, 5.8-rasmdagi xaritada sinklinal yadrosida paleogen davri ohaktoshlari uchrasa, uning qanotlarida quyi va yuqori bo‘r davrlarining qumtoshlari uchraydi. Antiklinal yadrosi esa qadimiy – quyi yura yoshiga oid qumtoshlaridan tuzilgan (q. 5.8– rasm, b).
Qatlamlarning uzilib yotish holatlarini xaritada tasvirlash. Yerning ichki kuchlari ta’sirida vertikal (radial) va gorizontal harakatlar tufayli yaxlit qatlamlar va burmalar uziladi, ularda yoriqlar paydo bo‘ladi. Ba’zan yoriqlar juda chuqur va keng bo‘ladi. Burmalar va qatlamlarning ana shunday o‘zgarishi uzilmali dislokatsiya deyiladi. Uzilmali dislokatsiyalar qatlamlarning yer yuziga chiqib qolgan qismini geologik xaritalarda tasvirlashni murakkablashtiradi. Uzilmali dislokatsiyalarga tashlama-uzilma (sbros), ko‘tarilma-uzilma (vzbros), surilma (nadvig), siljima (sdvig), graben, gorst va boshqalar kiradi.
Xaritalarda uzilmali dislokatsiyalar qizil rangli chiziq bilan tasvirlanib, qatlamlarning siljish amplitudasi va turi ko‘rsatiladi (5.12– rasm). Uzilma qanotlarining siljish yo‘nalishini aniqlash uchun yer yuzasidagi uzilma chizig‘i bo‘ylab siljigan qatlamlar yoshi bir-biriga solishtirib ko‘riladi. Pastga qarab siljigan (cho‘kkan) qatlam ustida doimo yosh jinslar, yuqoriga ko‘tarilgan qismida esa qadimiy jinslar uchraydi.
5.12-rasm. Tashlama-uzilma va uning siljish amplitudasini xaritada tasvirlash uchun shartli belgilar (qizil rangda chiziladi):
1 – ishonchli tektonik chegara; 2 – taxminiy tektonik chegara; 3 – uzilma yoki teskari uzilma (chiziqdagi sonlar siljish amplitudasini va qiyaligini ko‘rsatadi); 4 – siljima.
5.13– rasmda qalin chiziq bilan uzilma va strelka bilan uning yo‘nalishi ko‘rsatilgan. AB chiziq orqali chizilgan kesmaning chap tomonida qanotning uzilma bo‘yicha pastga cho‘kkanini va yoshroq toshko‘mir davri yotqiziqlardan tuzilganligini, o‘ng tomonida esa yuqoriga ko‘tarilgan yoshi kattaroq, qadimiy, quyi va o‘rta toshko‘mir davri yotqiziqlarini ko‘rish mumkin.
5.13-rasm. Tashlama-uzilma qanotlarning nisbiy siljishini ularni hosil qilgan jinslar yoshiga qarab aniqlash (S.E.Mamin va b. bo‘yicha)
5.3. Qatlamlarni geologik kesmada ifodalash
Geologik xaritalarda tasvirlangan tog‘ jinslari va qatlamlarning yotish holatlari, tabaqalanishi, litologik tarkibining chuqurlik bo‘ylab o‘zgarishi hamda qurilish maydonining yuza sathi haqida to‘laroq tasavvurga ega bo‘lish maqsadida geologik kesmalar chiziladi.
Geologik kesmalar joylarning geologik tuzilishini to‘la xarakterlaydigan qilib tuziladi. Buning uchun maydonda qatlamlarning gorizontal va monoklinal holatda yotgan qismlari hamda burmalar, uzilmalar va otqindi jinslar tarqalgan joylari ajratiladi. Кesma chizig‘i yo‘nalishi qatlamlarning cho‘ziqlik chizig‘iga, yotish chizig‘iga va daryo vodiylariga ko‘ndalang qilib tanlanadi. Shunda qatlamlarning yotish holati va qalinligi kesmalarda aniq ko‘rinadi.
Tanlangan yo‘nalish bo‘yicha kesma tuzish uchun dastlab bu yo‘nalishdagi ikki nuqta geologik xaritada to‘g‘ri chiziq bilan tutashtiriladi (5.14-rasm, a). Chiziq uzunligi tuziladigan kesma uzunligiga mos kelishi kerak. Bu chiziq kesma chizig‘i deb ataladi va uning har ikkala uchi shartli harflar (A-B) yoki raqamlar (1-1) bilan belgilanadi (5.3, 5.5, 5.8 va 5.14-rasmlarga qarang).
Geologik kesma tuzishdan oldin millimetrovka qog‘ozga kesmaning topografik asosi chizib chiqiladi. Uning gorizontal va vertikal masshtablari xarita masshtabiga mos kelishi zarur. Agar yer yuzasi relyefining o‘zgarish amplitudasi katta bo‘lsa, u holda vertikal masshtab gorizontal masshtabga nisbatan ancha yirik qilib olinadi. Qatlamlar burmalar hosil qilgan bo‘lsa, ularning vertikal masshtabini o‘zgartirib bo‘lmaydi, chunki kesmada tasvirlanayotgan burmaning shakli butunlay o‘zgarib ketishi mumkin. Bunday hollarda gorizontal va vertikal masshtablar bir xil bo‘ladi.
Chizilgan geologik kesmaning tepasiga uning nomi, masshtabi, tuzilgan yili, ostiga esa shartli belgilar, kesma tuzuvchining familiyasi va boshqa kerakli ma’lumotlar yoziladi.
Кesmani tuzish uchun xaritada belgilangan kesma chizig‘i ustiga millimetrovka qog‘ozi qo‘yiladi. Qog‘ozga kesma chizig‘i bilan gorizontal chiziqlar kesishgan nuqtalar tushiriladi. Bu nuqtalarning absolyut balandliklari aniqlanib, nuqta yoniga yozib qo‘yiladi. So‘ngra qabul qilingan vertikal masshtab bo‘yicha kesma chizig‘iga parallel chiziqlar o‘tkaziladi. Кesma chizig‘ining gorizontallar bilan kesishgan joyidan parallel chiziqlarga perpendikular chiziqlar chiqarilib, ularning o‘zaro kesishgan nuqtalari vertikal masshtab bo‘yicha belgilanadi. Shundan so‘ng nuqtalar o‘zaro tutashtirilib, berilgan yo‘nalishdagi kesmaning topografik asosi, ya’ni yer yuzasining relyefi chiziladi (5.14– rasm, b).
5.14-rasm. Geologik kesma tuzish usuli:
a – geologik xarita; b – topografik asos; d – geologik kesma; 1– hozirgi zamon allyuvial yotqiziqlari; 2 – yuqori to‘rtlamchi allyuvial yotqiziqlari; 3 – o‘rta to‘rtlamchi prolyuvial yotqiziqlari; 4 – quyi to‘rtlamchi allyuvial yotqiziqlari; 5 – yuqori neogen davri yotqiziqlari; 6 – shag‘al; 7 – qum; 8 – qumoq tuproq; 9 – zichlashgan qumoq tuproq; 10 – alevrolit; 11 – burg‘ qudug‘i.
Кesma chizig‘i bilan stratigrafik bo‘linmalarning kesishishidan hosil bo‘lgan chegaralar nuqtalar bilan belgilab chiqiladi va kesmaning topografik asosiga tushiriladi. Agar maydonda to‘rtlamchi davr yotqiziqlari va to‘rtlamchi davrgacha hosil bo‘lgan yotqiziqlar uchrasa, ularning qalinligi burg‘ quduqlari yordamida aniqlanadi. So‘ngra jins qatlamlari vertikal masshtab bo‘yicha kesmaga tushiriladi. Bir xil genetik turga va yoshga mansub bo‘lgan jinslar chegarasi o‘zaro tutashtiriladi. Tubjoy jinslarning va uzilmalarning yotish holatlari aniq o‘lchovlar yordamida kesmada ko‘rsatiladi.
Кesmada tasvirlanadigan to‘rtlamchi davr yotqiziqlarining genetik turiga va yoshiga qarab rang tanlanadi, jinslar esa litologik tarkibi bo‘yicha shartli belgilarda aks ettiriladi (5.14– rasm, d).
Maydonda tarqalgan qatlamlar burmalangan bo‘lsa, ularni kesmalarda tasvirlash uchun dastlab burma asosida joylashgan qatlamlar ko‘rsatilib, so‘ngra boshqa qatlamlar chiziladi. Antiklinal va sinklinal burmalarning o‘qlari yuzasini, uzilmalarning yotish holatlarini ko‘rsatish orqali kesmaga aniqlik kiritiladi.
Geologik kesmalarda dastavval uzilmalarning yotish holatlari ko‘rsatilib, so‘ngra qatlamlarning yotishi ularga moslab tushiriladi (5.13-rasmga qarang).
5.4. Geologik xaritalarni o‘qishGeologik xaritalarni quyidagi tartibda o‘qish tavsiya etiladi:
1. Xaritaning nomi, masshtabi va qabul qilingan shartli belgilar bilan tanishish.
2. Relyef turlarini ajratish va tavsiflash. Xaritada tog‘li (juda ham baland tog‘li – absolyut balandligi 2000 m dan yuqori; o‘rtacha balandlikdagi tog‘li – absolyut balandligi 700-2000 m; past tog‘li – absolyut balandligi 700 m dan kam), tekislik va past-baland ko‘rinishdagi relyeflarni ajratish lozim. Ayniqsa, relyefining yirik tektonik, erozion va akkumulyativ shakllariga e’tibor berish kerak. Xaritada daryoning vodiylari, keng supa (terrasa) lari va deltalari belgilanadi.
3. Xaritada relyefning tuzilishini ko‘rsatuvchi gorizontal chiziqlarning joylashishi, tog‘ jinslarining yotish holati va stratigrafik chegaralariga e’tibor berish. Ilgari aytib o‘tilganidek, to‘rtlamchi davrgacha paydo bo‘lgan jinslar gorizontal holatda yotgan bo‘lsa, qatlamlar orasidagi chegaralar gorizontal chiziqlarga parallel, monoklinal holatda yoki burmalar hosil qilib yotgan bo‘lsa, bir necha gorizontal chiziqlar bilan kesilgan bo‘ladi. Agar qatlamlarning birlamchi yotish holatlari uzilmalar, burmalanishlar ta’sirida o‘zgargan bo‘lsa u holda maydonda ko‘p uchraydigan yirik burmalarning cho‘ziqligini va qatlamlarning yotish elementlarini aniqlash kerak. Ayniqsa, magmatik tog‘ jinslarining yer yuzasiga chiqqan qismlariga va qatlamlarning yoriq bo‘ylab siljishiga e’tibor berish lozim. Shuningdek, geologik strukturalar bilan relyefning o‘zaro bog‘liqligini ham hisobga olish zarur.
4. O‘rganilayotgan maydon yer qobig‘ining geosinklinal yoki platforma qismiga taalluqli ekanligini aniqlash. Geosinklinal qism yer qobig‘ining kuchli burmalanishi va mayda bo‘laklarga (qismlarga) bo‘linishi, cho‘kindi jinslar qalinligining kattaligi, magmatik va metamorfik jinslarning keng tarqalganligi va juda baland tog‘li relyeflarning mavjudligi bilan ajralib turadi. Platforma qismida esa yer yuzasining relyefi tekis, burma va uzilmalar kam rivojlangan, cho‘kindi jinslarning qalinligi kichik va magmatik jinslar kam tarqalgan bo‘ladi.
5. Tog‘ jinslarining litologik tarkibini, yotish holatini, yoshini hisobga olgan holda maydonni tegishli rayonlarga ajratish.
6. Maydonning geologik sharoitlarini tahlil qilish asosida hamda quriladigan inshootlarning turi va maqsadiga qarab joylar ajratish va loyihalanadigan inshootlarning joylashish chegaralarini taxminiy ko‘rsatish.
Maydonning geologik tuzilishiga tushuntirish sharhi yozish. Maydonning geologik xaritasini har tomonlama o‘rganish va tahlil qilish hamda tanlangan yo‘nalishdagi geologik kesmani tuzish asosida tushuntirish sharhi bayon qilinadi. Tushuntirish sharhi quyidagi tartibda yoziladi:
1. Кirish. Bajariladigan ishning maqsadi va vazifasi, xaritaning nomi va masshtabi ko‘rsatiladi.
2. Geomorfologiya. Relyefining xususiyatlari, yer yuzasining eng yuqori va eng past joylari, notekisliklari ko‘rsatiladi. Daryo vodiylari batafsil yoritiladi, terrasa (supalar) soni, ularning kengligi, bir-biriga nisbatan balandligiga izoh beriladi.
3. Rayonning litologik va stratigrafik tavsifi. Rayonda tarqalgan cho‘kindi, magmatik va metamorfik jinslarga qisqacha tavsif beriladi va ularning litologik tarkibi, yotish holatlari, qalinligi va yoshi to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltiriladi.
4. Tektonik sharoitlari. Rayonning tektonik tuzilishi qadimda sodir bo‘lgan tektonik harakatlar natijasi orqali ifodalanadi. Yer qobig‘ining yuqoriga asta-sekin ko‘tarilishini yoki pastga cho‘kishini, egilishini va bukilishini, qatlamlarning burmalar hosil qilib siqilishini, yoriq va uzilmalar paydo bo‘lishini va ular orqali qatlamlarning bir-biriga nisbatan surilishini yuzaga keltiruvchi hamda bukilma va uzilmalarni vujudga keltiruvchi tebranma harakatlarga tavsif beriladi.
Qatlamlarning birlamchi yotish holati o‘zgargan yoki uzilmalar va yoriqlar bilan bo‘lingan bo‘lsa, u holda nisbatan yirik burmalar elementlari va cho‘ziqlik chegaralari aniqlanadi. Ayniqsa, qatlamlarning yoriqlar bo‘yicha siljishiga, sbros, vzbros, graben, gorst ko‘rinishidagi burmalarga, magmatik va metamorfik jinslarning yer yuzasiga chiqqan qismlariga e’tibor beriladi. Tekshirilayotgan maydon yer qobig‘ining geosinklinal yoki platforma turiga mansubligi aniqlanadi.
5. Rayonning geologik rivojlanish tarixi. Tuzilgan stratigrafik kolonka yordamida tog‘ jinslarining paydo bo‘lishi va geologik strukturalarning rivojlanishiga ta’rif beriladi. Yer qobig‘ini ustki qismining – dengiz, quruqlik, tekislik va tog‘larning uzoq geologik vaqt davomida o‘zgarishi haqida ma’lumotlar beriladi. Arxey, proterazoy, paleozoy, mezozoy va kaynozoy eralariga oid o‘zgarishlarga, tektonik harakatlarga hamda hozirgi relyefni yaratuvchi jarayonlarga ta’rif beriladi.
6. Xulosa. Geologik xaritani tahlil qilish asosida o‘rganilayotgan maydonning dastlabki geologik ta’rifi beriladi. Ayniqsa, bunday xaritalarda to‘rtlamchi davr yotqiziqlarining yo‘qligini hisobga olgan holda hamma e’tibor tubjoy va darzlangan tubjoy jinslarga qaratiladi. Bunday jinslar mustahkam, yaxlit bo‘lishiga qaramay nuragan, yoriqlar bilan bo‘lingan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun nuragan jinslar qalinligini, rayonning tektonikasini va seysmik jihatdan faolligini o‘rganish lozim. Poydevor zaminidagi jinslarning yotish holatini, jinslarning bir yoki turli tarkibli ekanligini, yoriqlar bilan bo‘lingan zonalarini geologik kesmalar yordamida baholash mumkin.
Asosiy e’tiborni maydonda rivojlanishi mumkin bo‘lgan karst, surilish yoki o‘pirilish va sel hodisalariga hamda geologik jarayonlarga qaratish lozim.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?