Электронная библиотека » Ю. Иргашев » » онлайн чтение - страница 13


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 08:20


Автор книги: Ю. Иргашев


Жанр: География, Наука и Образование


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 13 (всего у книги 16 страниц)

Шрифт:
- 100% +
9.11. Biogen, texnogen jarayonlar va ularning relyefga ta’siri

Hayvonot va o‘simliklar faoliyati natijasida hosil bo‘lgan relyef shakllari. Yerning boy va xilma-xil organizmlar dunyosiga egaligi uning eng muhim xususiyatlaridan biri.

Yer qa’rining eng yuqori qatlamlarida juda ko‘p mikroorganizmlar va yerni kovlovchi hayvonlar yashaydi; o‘simliklarning murakkab tomir sistemalari rivojlangan; litosferaning yuzasida – quruqlikda va dengiz tublarida ham juda ko‘p hayvonlar yashaydi, o‘simliklar o‘sadi; dengiz, ko‘l va daryo suvlari xilma-xil organizmlarga boy; atmosferada mikroorganizmlar va o‘simlik urug‘lari 10-15 km balandliklarda ham uchraydi. Organizm va organik moddalarning eng ko‘p yig‘ilishi quruqlikda, gidrosferada va atmosfera bilan litosferaning chegara zonasida kuzatiladi, aynan ana shu yerlarda ekzogen jarayonlar ham rivojlanadi, bunday jarayonlar biogen jarayonlar deb ataladi.

O‘simliklar dunyosi (mikroskopik suv o‘tlaridan tortib, to juda katta daraxtlargacha) tog‘ jinslariga kuchli va xilma-xil ta’sir ko‘rsatadi:

– o‘simliklar tomiri tuproq va tub jinslar ichiga kirib, ularni yemiradi, parchalaydi, hosil bo‘lgan materiallar boshqa ekzogen jarayonlarning rivojlanishiga olib keladi;

– kuchli shamol katta-katta daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib yiqitadi, natijada maydoni 10 m2 gacha, chuqurligi 0,5-3,0 m gacha bo‘lgan xandaq hosil bo‘ladi. Bu jarayon keng maydonlarga tarqalib, relyef yuzasi juda ko‘p miqdordagi chuqurlik va do‘ngliklar bilan qoplanadi va natijada u o‘z shaklini o‘zgartiradi, murakkablashadi;

– o‘simliklar akkumulyativ relyeflar shaklining yuzaga kelishida ham juda katta rol o‘ynaydi. O‘simlik moddalarining yig‘ilishidan ko‘mir qatlamlari hosil bo‘lib, ular botqoqlashgan pastqam joylarni, ko‘l va dengiz, cho‘kmalarini to‘ldiradi. Bunga o‘xshash jarayon hozir ham torf qatlamlarining paydo bo‘lishida kuzatiladi. Torf massasi, o‘simliklar bilan qoplangan ko‘l cho‘kmalarini to‘ldirib, allyuvial tipdagi tekisliklarni hosil qiladi. Torflar rivojlangan va botqoqlashgan maydonlardagi relyef shakllari fitogen relyef deyiladi, ularga torf do‘ngliklari, torf jo‘yaklari va botqoqlik maydonlaridagi katta va kichik do‘ngliklar kiradi.

Hayvonlarning relyef hosil qilishdagi roli juda ham xilma-xildir. Yer kovlovchi hayvonlar jins qatlamlari orasida bo‘shliqlar, kanallar va katta-katta kovaklar hosil qilishadi, keyinchalik esa yer yuzasi cho‘kib, chuqurliklar, ariqchalar paydo bo‘ladi. Кovlovchi hayvonlar yer yuzasiga chiqarib tashlagan jinslardan balandligi 0,5 m dan 1-2 m gacha bo‘lgan do‘ngliklar yuzaga keladi. Yer yuzasida yuruvchi hayvonlarning harakatidan jinslar yemiriladi va hatto qattiq tub jinslarda ham so‘qmoqchalar paydo bo‘lib, ular yonbag‘irliklarda xilma-xil murakkab gorizontal chiziqlar hosil qiladi; hayvonlar botqoqlashgan maydonlarni bosib, murakkab so‘qmoqchalar sistemasini yuzaga keltiradi; so‘qmoqchalar orasidagi tekis yuzalar saqlanib qolib, do‘nglik va baland egatlar, jo‘yaklar paydo bo‘ladi.

Chuqur dengiz tublaridan ko‘tarilib chiqqan koral riflari va rif orollari relyefning musbat shakllarini paydo bo‘lishiga olib keladi. Ular quruqlikda baland ohaktosh qoyalariga o‘xshab ko‘tarilib turadi va h.k.

Topografik xaritalarda riflar, do‘nglik, tepalik va so‘qmoqlar maxsus shartli belgilar yordamida ko‘rsatiladi.

Insoniyat faoliyatining relyefga ta’siri. Insoniyatning injenerlikxo‘jalik faoliyati muhitga ta’sir qilib, geologik va relyef hosil qiluvchi jarayonlarning rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Hozirgi zamonda insoniyatning tabiatga ta’siri planetar masshtabga aylandi. Insonning injenerlik-xo‘jalik faoliyati ta’sirida rivojlanadigan jarayonlar texnogen jarayonlar deb ataladi.

Insoniyat injenerlik-xo‘jalik faoliyatini quyidagi yo‘nalishlarga bo‘lish mumkin: 1) qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lgan; 2) qazilma boylik konlarini ishlatish bilan bog‘liq bo‘lgan; 3) har xil injenerlik inshootlarini qurish bilan bog‘liq bo‘lgan.

Insoniyatning qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyati yangi yerlarni o‘zlashtirish, shudgorlash, yer yuzasini tekislash, yonbag‘irlarda sun’iy terrasalar (sholi ekish uchun va hokazo) hosil qilish va boshqalar bilan ifodalanadi. Bunday faoliyatlar natijasida yerning termik rejimi va nam almashinish sharoiti o‘zgaradi, nurash, eroziya kuchayadi. O‘rmonlarni kesish, mollarni boqish, yonbag‘irlarni haydab shudgorlash natijasida jarliklar rivojlanishiga, shamol ta’sirining kuchayishiga olib keladi.

Qazilma boylik konlarini ishlatish juda katta hajmdagi jinslarni qazish, ko‘chirish, siljitish, madan, toshko‘mir, neft, gaz, qurilish materiallarini qazib olish bilan bog‘liqdir. Qazilma boyliklarni ochiq usulda qazib olish natijasida yer yuzasida juda katta va chuqur kar’erlar va tashlandiq jinslardan tepaliklar hosil bo‘ladi. Yerning chuqur qatlamlarida yotgan qazilma boyliklar, jumladan neft, gaz va yer osti suvlarini chiqarib olish natijasida Yer qa’rining chuqur qatlamlarida tunellar, sun’iy va juda katta hajmdagi g‘or va bo‘shliqlar paydo bo‘ladi, natijada Yer yuzasida cho‘kishlar, o‘pirilishlar rivojlanib, kotlovan va cho‘kmalar hosil bo‘ladi.

Inson qo‘li bilan bo‘nyod etgan injenerlik inshootlari yer yuzasi relyefini murakkablashtiradi. Bunday inshootlarga yo‘l, yo‘l qoplamalari, tunellar, kar’erlar, ko‘priklar, imorat va sanoat binolari, irrigatsiya va gidrotexnik inshootlar, yodgorliklar va boshqalar kiradi.

X bob. QURUQLIK VA DUNYO OKEAN TUBLARINING MORFOLOGIK TAVSIFI
10.1. Quruqlikning tog‘li o‘lkalari morfologiyasi

Quruqlik yuzasining 27% ga yaqinining absolyut balandligi 1000 m dan katta bo‘lib, uning 40 mln.km2 yuzasini tabaqalangan tog‘lar tashkil qiladi. Demak, dengiz sathidan ancha katta balandlikka ko‘tarilgan (200 m dan baland) hududlar, ularni o‘rab turgan maydonlar bilan birgalikda tog‘li o‘lkalar deb ataladi. Alohida, yakka ajralib turuvchi balandliklar tog‘ deb ataladi.

Paydo bo‘lishiga ko‘ra tog‘lar va tog‘li o‘lkalar asosan 3 ta genetik tipga bo‘linadi: 1) tektonik; 2) vulqon va 3) erozion.

Tektonik tog‘lar Yer po‘stining murakkab tektonik buzilishlari va tektonik harakatlari natijasida hosil bo‘ladi. Ular Yer po‘stida eng ko‘p tarqalgan bo‘lib, juda murakkab tuzilishga va murakkab relyefga egadir.

Vulqon tog‘lari vulqon otilishidan paydo bo‘ladi. Tektonik tog‘larga nisbatan ular keng tarqalmagan, alohida-alohida ko‘rinishda uchraydi va o‘zining poydevorlari bilan birgalashib, keng vulqon maydonlarini hosil qiladi. Vulqon tog‘lari nisbatan oddiy (platformalarda) yoki murakkab (tog‘li o‘lkalarda) bo‘lib, tektonik poydevorlar ustida yuzaga kelgan relyef shakllaridan tuzilgan bo‘ladi. Vulqon tog‘lari absolyut va nisbiy balandliklari bo‘yicha tektonik tog‘lardan farq qilmaydi, lekin ular baland ko‘tarilgan tektonik poydevorlar ustida joylashganligi uchun tog‘li o‘lkalarning eng baland cho‘qqilarini hosil qiladi (Кavkazda El’brus va Кazbek cho‘qqilari, Janubiy va Shimoliy Amerikadagi And va Кordiler cho‘qqilari va b.).

Gorizontal yotgan tog‘ jinsi qatlamlaridan tashkil topgan Yer yuzasining chuqur tabaqalanishidan va eroziya bazisidan juda katta balandlikka ko‘tarilgan tog‘lar erozion tog‘lar deb ataladi. Bunday tog‘lar dengiz sathidan baland ko‘tarilgan qadimgi akkumulyativ tekisliklar o‘rnida hosil bo‘ladi. Bunday maydonlarda Yer po‘stining uzoq vaqt davom etgan egilishidan hamda cho‘kindi tog‘ jins qatlamlarining yotqizilishidan, shuningdek, ular bir necha marta ko‘tarishlarga uchraganligi sababli, ularning yuzasi erozion tabaqalanishlarga duchor bo‘lgan. Erozion tog‘larning yuqori qismi yassi, yonbag‘irlari tik bo‘ladi.

Tog‘lar yuzasining tabaqalanish sur’ati turli-tuman omillarga bog‘liq bo‘lib, ularga asosan tog‘ jinslarining mineralogik va litologik tuzilishi, mustahkamligi, darzlanganligi, yoriqlar bilan bo‘linganligi, nuraganlik darajasi va boshqalar mansub.

Tog‘lar tektonik tuzilishiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi:

1) burmalangan tog‘lar; 2) qoplama – burmalangan tog‘lar; 3) palaxsa tog‘lar; 4) burmalangan-palaxsa tog‘lar.

Burmalangan tog‘lar – antiklinal va sinklinal burmalarning o‘zaro tutashgan sistemasidan iborat. Tog‘lar rivojlanishining boshlang‘ich bosqichida ularning relyefi burmalarning ichki tuzilishiga mos keladi: ya’ni antiklinallar tog‘ tizmalarini, sinklinallar tog‘lar oralig‘idagi cho‘kmalar – vodiylarni hosil qiladi. Rivojlanishning oxirgi bosqichida antiklinallar gumbazi jadal yemirilishi va buzilishi natijasida qayta shakllangan relyeflar paydo bo‘ladi. Bunday sharoitda chuqur vodiylar ko‘tarilib, antiklinallarga, tog‘ tizmalari esa cho‘kib, sinklinallarga aylanadi. Bunday tog‘ tizmalarining cho‘qqisi egilgan bo‘lib, uning yonbag‘irlarida strukturali terrasalar rivojlanadi.

Qoplama–burmalangan tog‘lar kuchli siqilgan turli tipdagi burmalarning hamda nadviglar, sbroslar va boshqalarning o‘zaro tutashishidan hosil bo‘ladi. Bunday tog‘lar, «yosh» tog‘ inshootlari bo‘lib, yer yuzasida ko‘p tarqalganligi bilan ajralib turadi, ularga Кavkaz, Pomir, Himolay, And tog‘lari va boshqa tog‘lar kiradi. Bu tipdagi tog‘lar o‘ta murakkab relyefi bilan ajralib turadi, ayniqsa, ular juda ko‘tarilgan (doimiy qorlar chegarisidan ham balandda) bo‘lsa, ularning yuqori zonasida muzliklar rivojlangan bo‘ladi.

Palaxsa tog‘lar – Yer po‘stining yuqori struktura qavatida sbroslar (tashlama-uzilmalar) rivojlanishidan hosil bo‘ladi. Bunda zinasimon tashlama-uzilma, yarimgorst, gorst strukturalari paydo bo‘lishi mumkin. Tashlama-uzilma zinalari yoriq bo‘yicha pastga siljigan qatlamlarda ko‘rinadi. Palaxsa tog‘lar Sharqiy Afrikada keng tarqalgan.

Burmalangan – palaxsa tog‘lar keng tarqalgan bo‘lib, ular qatlamlarning yoriqlar bilan buzilishidan, ular orqali siljishidan hosil bo‘ladi. Ularning ayrim qismlari, har xil balandliklarga ko‘tarilib, baland burmalangan o‘lkalarni paydo qiladi.

Tog‘lar relyefining rivojlanishi yer yuzasi relyefi rivojlanishining asosiy qonuniyatlarini o‘zida to‘liq aks ettiradi.

Tog‘larning paydo bo‘lishi ko‘pgina hollarda mavjud dastlabki relyefga hamda Yer yuzasining ko‘tarilgan maydonlarining ichki tuzilishiga bog‘liq. Tog‘li o‘lkalarning morfologik qiyofasi asosan bir qancha omillarning birgalikdagi murakkab o‘zaro ta’siri natijasidan yuzaga keladi. Bunday omillarga: tog‘ jinslarining turg‘unligi, mustahkamligi, denudatsiya jarayonlarining jadalligi va turi hamda ularning yer po‘sti harakatlari bilan o‘zaro ta’siri kiradi.

Tog‘li o‘lkalar relyefida gorizontal va vertikal tabaqalanishning rivojlanishida ma’lum bir qonuniyat kuzatiladi. Xaritalarda bunday qonuniyatlarni ifodalash xarita tuzuvchining muhim vazifalaridan biridir.

Gorizontal tabaqalanishning quyidagi tiplari ajratiladi: radial bo‘linish; patsimon bo‘linish yoki ko‘ndalang bo‘linish; panjarali bo‘linish; virgatsiyali (bir tomonga qarab) bo‘linish, kulissimon bo‘linish va h.k. Vertikal bo‘linish tog‘li o‘lkaning tektonik sharoitiga va uning erozion jarayonlar ta’sirida tabaqalanishiga bog‘liq.

Tabaqalanish tipini aniqlashda tog‘ massivlarini, vodiylar bilan birbiridan ajratilgan tog‘ tizmalarini joylashishi hisobga olinadi (10.1-rasm)

Кo‘tarilishlar va pasayishlar farqi va ko‘tarilishning umumiy balandligi tektonik sharoitga bog‘liq. Erozion o‘yilish qiymati asosiy va mahalliy eroziya bazisidan tog‘li o‘lkaning qancha balandlikka ko‘tarilganligiga bog‘liq. O‘yilish chuqurligining qiymati musbat shaklli relyeflar (cho‘qqi, tog‘ beli va h.k.) bilan vodiy tubi (talvigi) balandliklari farqi bilan aniqlanadi.


10.1-rasm. Yer yuzasining va tog‘li o‘lkalarning tabaqalanish tipi (I.S. Shukin bo‘ycha): a– radial; b-patsimon; d-panjarali; e-kulissimon; f-virgatsiyali.


Tog‘li o‘lkalarning ko‘tarilish balandligi va tabaqalanish chuqurligi ularning ko‘pgina morfologik xususiyatlarini belgilaydi. Baland, o‘rtacha bilandlikdagi va past tog‘lar ajratiladi.

Baland tog‘lar deb absolyut balandligi 2000-3000 m dan yuqori bo‘lgan va vodiy yo‘nalishiga perpendikular chiziq bo‘yicha, 2 km masofada o‘yilish chuqurligi 1000 m gacha bo‘lgan tog‘larga aytiladi. O‘rtacha tog‘larga absolyut balandligi 700-2000 m gacha va o‘yilish chuqurligi 350 m dan 1000 m gacha bo‘lgan tog‘lar kiradi. Past tog‘larga absolyut balandligi 700 – 800 m gacha (ba’zida ayrim cho‘qqilar balandligi 1000-1200 m ga yetadi) va o‘yilishi 150 m dan 450 m gacha bo‘lgan tog‘lar kiradi.

Tabaqlanish – o‘yilish tipi – erozion va muzli bo‘lishi mumkin. Erozion tipdagi o‘yilish – birinchidan, doimiy oqar suvlar (daryo, soy va jilg‘alar) faoliyati bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, (adirlarda) vaqtincha oqadigan shiddatli oqimlar faoliyati bilan bog‘liq; tog‘oldi adirlaridagi o‘yilishlar, vaqtincha oqar suv oqimlarining, nurash jarayonining hamda shamollarning birgalikda bajargan geologik ishi bilan bog‘liq.

Morfologik xususiyatlariga ko‘ra tog‘lar quyidagilarga bo‘linadi: baland tog‘lar, ularda muzliklar hamda eroziya ta’sirida hosil bo‘lgan relyef shakllari paydo bo‘ladi, o‘rtacha balandlikdagi tog‘lar, ularda muzliklar va eroziya ta’sirida burchak ko‘rinishidagi hamda yumaloq shakldagi relyeflar hosil bo‘ladi; past tog‘lar, ularda yumaloq va burchakli erozion shakldagi relyeflar vujudga keladi.

Tog‘li relyeflarni topografik xaritalarda ifodalashda ma’lum qiyinchiliklar mavjud bo‘ladi: har xil shaklli relyeflarning bir – biri bilan o‘ta murakkab kesishuvi; ko‘ndalang kesmalarda chuqurlik va tor vodiylarning almashinib turishi; baland va tik yonbag‘irliklarning mavjudligi; turli ko‘rinishidagi cho‘qqi va tog‘ qirralarining bo‘lishi; baland va tik uzilma hamda qoyalarning, muzliklarning, morenalarning va boshqa shakllarning borligi va h.k.

Ma’lum masshtabdagi topografik xaritalarda tekisliklarni tasvirlashda gorizontal chiziqlar qo‘llaniladi, qisqa masofada balandliklar va chuqurliklar farqi o‘ta katta bo‘lganda gorizontallardan foydalanib bo‘lmaydi, chunki tik yonbag‘irlarni ifodalashda gorizontal chiziqlar bir-biri bilan qo‘shilib ketadi. Shuning uchun tog‘lar relyefini va undagi muhim detallarni (terrasalarni, ko‘chkilarni, soliflyuksiya zinalarini va b.) tasvirlash uchun bir – biriga qo‘shilmaydigan gorizontal chizig‘ining kesimi tanlab olinadi. Tog‘ relyeflarida rivojlanadigan qoyali relyef shakllarini aniq va yaqqol tasvirlash topograflarning muhim vazifalaridan biridir.

Yer yuzasiga har qanday mustahkam massiv tog‘ jinslarining chiqib (ba’zaltlar, granitlar, kvarsitlar va hokazo) yotishi qoya deb ataladi. Bu jinslar yer yuzasiga har xil shaklda chiqib yotishi mumkin: qo‘y peshanasi; nurash qoldig‘i bo‘lgan qoya; dengiz qirg‘oqlarida uzun kliflar; daryo suvlarida yuvilib ketgan jinslar, daryo o‘zanidagi qoyali do‘ngliklar ko‘rinishida va h.k. Qoyalarni topografik xaritalarda ko‘rsatish uchun maxsus shartli belgilar ishlab chiqilgan. Ular gorizontallar va boshqa belgilar bilan birgalikda tog‘ relyefini yaqqol va ishonchli qilib ko‘rsatishga yordam beradi.

10.2. Quruqlikdagi tekislik o‘lkalar morfologiyasi

Balandligi 200 m gacha o‘zgarib turuvchi, geologik tuzilishi va genezisi bir xil bo‘lgan Yer yuzasining hududlari tekislik deb ataladi. Har xil gipsometrik sathli va paydo bo‘lishi turlicha bo‘lgan tekisliklar majmuasi tarqalgan keng hududlar tekislik o‘lkasi deb ataladi. Unga erozion, akkumulyativ va morena tekisliklari misol bo‘ladi. Har xil genezisli (morena, erozion, allyuvial) tekisliklarni o‘z ichiga olgan Sharqiy Yevropa va G‘arbiy Sibir tekislik o‘lkalari misol bo‘laoladi.

Tekisliklarni genezisiga ko‘ra ajratishdan tashqari, ularni dengiz sathiga nisbatan joylashishiga; yuzasining shakliga; chuqurligiga, tabaqalanish tipi va darajasiga ko‘ra ham ajratish mumkin

Tekisliklar dengiz sathiga nisbatan joylashishiga ko‘ra quyidagilarga bo‘linadi: 1) manfiy (depressiyalar, botiqlar) – dengiz sathidan pastda; 2) pasttekisliklar – dengiz sathidan 0 – 200 m yuqorida; 3) ko‘tarilgan tekisliklar, dengiz sathidan 200 – 500 m balandda; 4) tog‘dagi tekisliklar – dengiz sathidan 500 m dan baland joylashgan. Bunday bo‘linish shartli bo‘lsada, gipsometrik va fizik xaritalar tuzish uchun qabul qilingan: botiq, pastlik, tepalik va tog‘lar kabi bo‘linishlarga mos keladi.

Shakliga ko‘ra tekisliklar yuzasi gorizontal, qiyalangan, bukilgan va qavariq kabi turlarga bo‘linadi. Ularning yuzasini murakkablashtiruvchi detallarga ko‘ra yassi, zinali, to‘lqinsimon, tepali va do‘ngli turlarga bo‘linadi.

Tabaqalanish darajasiga va chuqurligiga ko‘ra tekisliklar quyidagi guruhlarga bo‘linadi: 1) tabaqalanmagan yassi yoki kuchsiz tabaqalangan, bular chegarasida – 2 km masofada nisbiy balandliklar amplitudasi 10 m dan oshmaydi; 2) mayda tabaqlangan – 2 km masofada balandliklar amplitudasi 5 m dan 25 m gacha; 3) chuqur tabaqalangan tabaqalanishning nisbiy chuqurligi 2 km da 20 m dan 200 m gacha o‘zgaradi. Tabaqalanish tiplari tekislikni murakkablashtiruvchi omillar (masalan, vodiylar, jarlar, balkalar va h.k.) shakliga ko‘ra aniqlanadi.

Paydo bo‘lishi (genezisi) ga ko‘ra tekisliklar asosan uch guruhga bo‘linadi: strukturali, akkumulyativ va skulpturali. Ular ham o‘z navbatida boshqa tiplarga bo‘linishi mumkin.

Strukturali tekisliklarga magmatik yoki cho‘kindi tog‘ jinslarining tekis holatda yotishidan hosil bo‘lgan yuzalar kiradi. Masalan, O‘rtaSibir yassi tog‘li tekisliklari qoplama cho‘kindi jinslar va qatlamlararo intruziv trapplardan tashkil topgan. Dengiz qa’ridan ko‘tarilib chiqqan va dengiz yotqiziqlaridan tarkib topgan yuzalar ko‘pincha birlamchi tekisliklar deb ataladi va ular strukturali tekisliklarning bir turidir. Shu bilan birga, birlamchi tekisliklarga ba’zida akkumulyativ tekisliklarni ham kiritish mumkin.

U yoki bu geologik omillar (daryo, muzlik va b.) ta’sirida yotqizilgan materiallardan tuzilgan maydonlar akkumulyativ tekisliklar deb ataladi. Ular allyuvial, ko‘l, tog‘oldi, tog‘lar oralig‘i, morena; eol va boshqa turdagi tekisliklarga bo‘linadi.

Allyuvial tekisliklar daryo yotqiziqlarining to‘planishi natijasida hosil bo‘ladi. Ularga katta daryolar tagida va deltalarda joylashgan allyuvial tekisliklar misol bo‘ladi. Bunday tekisliklar katta uzunlikka ega bo‘lib, umumiy nishabligi daryo yo‘nalishi bo‘yicha bo‘ladi, ko‘pincha zinasimon daryo terrasalari ham uchraydi. Ularning mikrorelyef shakllariga – o‘zanoldi ko‘tarilmalar, qadimgi o‘zan, poymalar va boshqa elementlar kiradi.

Кo‘l tekisliklari qurigan ko‘l o‘rnini cho‘kindilar bilan to‘ldirilishidan paydo bo‘ladi. Кo‘l tekisliklarining chekka qismlarida terrasalar mavjud bo‘lib, ular quriyotgan ko‘l suvlari ta’siridan paydo bo‘ladi. Bunday tekisliklarning markaziy qismlarida daryo suvi oqimi yo‘nalishida hosil bo‘lgan o‘zan vallari ko‘rinishidagi mikrorelyeflar uchraydi. Botqoqliklar mavjud bo‘lsa, o‘t bilan qoplangan do‘nglik, jo‘yak, tepa va h.k. paydo bo‘ladi.

Yer po‘stining uzoq vaqt davomida cho‘kkan joylarida o‘lchami nihoyatda katta bo‘lgan tekisliklar vujudga keladi, ular ichidan daryolar va ularning irmoqlari oqib o‘tadi. Bunday joylarda daryo vodiylari, ko‘l terrasalari, do‘ngiklar va h.k. lar uchun xos bo‘lgan relyeflar majmui uchraydi.

Tog‘oldi qiya tekisliklari yuqorida ta’riflangan tekisliklar kabi tog‘ daralaridan daryo va sel suvlari olib chiqqan ko‘pdan-ko‘p chaqiq materiallarning yoyilma konus ko‘rinishida yotqizilishidan paydo bo‘ladi. Bunday yotqiziqlar ichida loyli oqimlar va flyuviglyasial yotqiziqlar, hatto morena yotqiziqlari ham uchrashi mumkin. Tekislik yuzasi cho‘kindilarning bir tekisda yotqizilmaganligi (yoyilma konuslarining bir-biriga qo‘shilib ketishi) natijasida hosil bo‘lgan har xil notekisliklar, o‘zan oqimlari o‘yib hosil qilgan chuqurliklar, shamol ta’sirida paydo bo‘lgan qum to‘plamlari va boshqa mikrorelyef shakllari bilan murakkablashgan bo‘ladi.

Tog‘lar oralig‘idagi tekisliklar paydo bo‘lishiga va relyef shakllarini murakkablashtiruvchi omillarga ko‘ra tog‘oldi tekisliklariga o‘xshaydi. Ularning umumiy nishabligi tekisliklar markaziga yoki ular drenajlaydigan daryo o‘zaniga qarab qiyalangan bo‘ladi. Bularga Farg‘ona, Surxondaryo, Issiqko‘l va Кofirnigon vodiylari misol bo‘laoladi.

Muzlikdan hosil bo‘lgan morena tekisliklari past-balanddan iborat murakkab relyefga ega bo‘ladi. Ostidagi tekis yuza ustiga yotqizilgan ostki morena yuzasigina tekis bo‘lishi mumkin. Agar morenalar notekis yuzaga yotqizilgan bo‘lsa, shu joyning notekisligini yaqqol namoyon qiladi. Morena tekisliklari morena tepalari, jo‘yaklar, tepali qatorlar, qurumlar va do‘ngliklar hisobiga murakkablashadi. Кo‘l va botqoqlar bilan band bo‘lgan cho‘kmalar asta-sekin materiallar bilan to‘ldirilib, uncha katta bo‘lmagan ikkinchi va uchinchi tartibli tekisliklar hosil qiladi.

Organogen tekisliklarga qalin torfli botqoqlar yuzasi kiradi. Ular torflarning katta qatlamlari yig‘ilishidan hosil bo‘ladi va birlamchi tekisliklar yuzasidagi hamma notekislik, egri-bugriliklarni yopib turadi. Bunday tekisliklarning mikrorelyef shakllariga torflardan tashkil topgan va uncha baland bo‘lmagan, kichik ko‘tarma do‘nglar, o‘t bilan qoplangan do‘nglik, tepalik, do‘nglar qatori kiradi.

Ekzogen jarayonlar ta’sirida Yer sharida tekislanish yuzasi hosil bo‘ladi. Tekislanish yuzasi – denudatsiya va akkumulatsiya jarayonlari ta’sirida bir oz o‘zgargan yer yuzasi hisoblanadi. Ular Yer shari yuzasining (quruqlik + Dunyo okean qa’ri) 80% maydonida rivojlangan bo‘lib, epeyrogen harakatlar va dengiz transgressiyasi ta’sirida paydo bo‘lgan denudatsion, erozion va akkumulyativ tekisliklardir.

Tekisliklar biron-bir sathga taalluqli bo‘lgan yuzada vujudga keladi. Shu sathdan yuqorida bo‘lgan maydon denudatsiya jarayoniga uchraydi, undan pastdagi maydonlar cho‘kindi materiallar bilan to‘ladi.

Quruqliklar uchun pastki sath (bazis yuzasi) bo‘lib Dunyo okeanining sathi hisoblanadi, quruqlikning ichki qismida esa quruqliklar va dengizlarni bog‘lovchi asosiy bo‘g‘in daryoning bo‘ylama kesimidir. Bu sathlarning yuqorisi tog‘larda joylashgan bo‘lib, yuqori denudatsion sath deyiladi va «doimiy» qor va muzliklar chegarasi bilan belgilanadi. Okeanlarda pastki denudatsion sath chuqur cho‘kmalar tubi bilan belgilanadi.

Geologik tarixning uzoq davom etgan bir davrida denudatsiya va akkumulatsiya jarayonlarining birgalikdagi ta’siri natijasida quruqlik yuzasida keng va ko‘p fasiyali tekislanish yuzasi shakllanadi. Tektonik harakatlar natijasida bu yuzalar deformatsiyalanib, alohida bloklarga bo‘linadi. Cho‘kkan joylar cho‘kindilar bilan qoplanadi, ko‘tarilgan bloklar esa, ko‘p yillar davomida yer yuzasida saqlanib qoladi (qadimgi tekislanish yuzalari) va ular tarqalgan joylarda keyingi qayta yemirish jarayoni davom etadi.

Topografik xaritalarda tekisliklar relyefini ifodalashda kichik intervaldan o‘tadigan gorizontal chiziqlar ishlatiladi. Absolyut balandliklari kam o‘zgaradigan tekisliklarni tasvirlashda gorizontal chiziqlarning qo‘shimcha kesimidan foydalaniladi. Mikro va nanoshaklli relyeflar shartli belgilar yordamida tasvirlanadi. Tekisliklarga xos shakllarni va xususiyatlarni tanlash va ularni xaritada ajratib ko‘rsatish uchun kartografdan xaritalanayotgan maydonning geologik tuzilishi va geomorfologik xususiyatlari haqida chuqur bilimga ega bo‘lish talab qilinadi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 | Следующая
  • 4.3 Оценок: 3


Популярные книги за неделю


Рекомендации