Электронная библиотека » Ю. Иргашев » » онлайн чтение - страница 8


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 08:20


Автор книги: Ю. Иргашев


Жанр: География, Наука и Образование


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 8 (всего у книги 16 страниц)

Шрифт:
- 100% +
8.3. Tektonik harakatlar natijasida paydo bo‘ladigan relyef turlari va shakllari

Har biri o‘zigagina xos xususiyatga ega bo‘lgan tog‘ jinslari Yer po‘stida bir-biriga nisbatan har xil holatda bo‘lib, xilma-xil tabiiy sharoitda yotadi va litosferaning u yoki bu uchastkalarining geologik strukturasini belgilaydi.

Tog‘ jinslarining nurashi (yemirilishi) dan hosil bo‘lgan mahsulotlarning atmosfera omillari (suv, muz, shamol, qor) ta’sirida relyefning pastlik joylariga oqib borib to‘planishidan relyef shakllari o‘zgaradi. Denudatsiya ta’sirida strukturalar asta-sekin tekislanib, o‘z shaklini o‘zgartiradi. Natijada shunday relyef shakllari hosil bo‘ladiki, uning umumiy ko‘rinishi strukturalarni to‘liq belgilaydi va bunday shakldagi relyeflar struktura relyefi deb ataladi.

Geologik strukturalarni hosil qiluvchi har xil ko‘rinishdagi relyeflar denudasiya ta’sirida o‘z shaklini o‘zgartirsa, bunday relyeflar strukturaviy-denudatsion tipdagi relyeflar deb ataladi. Ularning asosiy tiplari geologik strukturaning turlariga bog‘liq bo‘lib, quyidagi shakllarga ajratiladi:


8.5-rasm. Stolsimon tepaliklarning qoldiq relyef shakli.


I. Tog‘ jinslari qatlami gorizontal holatda yotgan bo‘lsa, quyidagi shakldagi relyeflar hosil bo‘ladi: a) qatlamli (tabaqali) tekisliklar; b) strukturali plato (platforma tekisligi Ustyurt tekisligi); d) stolsimon relyefli hududlar; e) stolsimon tepaliklar qoldig‘i relyefi (8.5.rasm).

2. Agar mustahkam va nurashga chidamsiz tog‘ jinslari o‘zaro almashinib, gorizontal holatda yotsa, zinali relyef paydo bo‘ladi. Bunday sharoitlarda erozion shakldagi tog‘ yonbag‘irlaridagi relyef strukturaviy terrasalar deb ataladigan relyeflar hosil qiladi (8.6-rasm).


8.6-rasm. Strukturali terrasa relyef shakli.


3. Mustahkam va yemiriluvchan jinslar monoklinal shaklda o‘zaro almashinib yotsa, denudatsiya ta’sirida strukturaviy – denudatsion relyef paydo bo‘ladi, ular kuesta shaklli relyef deb ataladi, ya’ni assimetrik yonbag‘irli tepaliklar hosil bo‘ladi. Ularning mustahkam jinslar yotgan tomonidagi nishabligi kam, yemiriluvchan jinslar yotgan tomonidagi nishabligi katta bo‘ladi (8.7-rasm).


8.7-rasm. Кuesta shaklli relyef sxemasi:

1-yemiriluvchan jinslar;

2-mustahkam jinslar.


4. Burmali strukturalar tarqalgan maydonlarda o‘ta murakkab relyef shakllari hosil bo‘ladi. O‘ta yirik va ichki tuzilishi o‘ta murakkab bo‘lgan burmalar – antiklinoriya va sinklinoriyalar relyefda yirik tog‘ tizmalari va ular oralig‘ida yirik vodiylar ko‘rinishida shakllanadi. Ular denudatsiya ta’sirida yana ham murakkablashadi, tog‘ tizmalari dara va o‘ta tor erozion soylar bilan bo‘linib ketadi. Natijada relyefning nisbatan kichikroq shakllari paydo bo‘ladi.

8.4. Zilzila va uning relyefga ta’siri

Yer qobig‘ining keskin silkinishiga zilzila deb ataladi. Buning natijasida sodir bo‘ladigan jarayonlarga seysmik hodisalar deb ataladi (grekcha – seysmos so‘zidan – silkinish).

Zilzilalar asosan yerning ichki energiyasi bilan bog‘liq bo‘lib, tabiiy ofatlar orasida 2-o‘rinni egallaydi (bo‘ron va tayfundan keyin). Har yili yer sharida 100000 taga yaqin yer silkinishlari qayd qilinadi, shulardan 10000 tasi odamlar sezadigan zilzilalar bo‘lib, bulardan 100 ga yaqini vayronalik keltiruvchi, dahshatli zilzila hisoblanadi.

Zilzilalar kelib chiqishi va paydo bo‘lishi sabablariga ko‘ra 4 guruhga bo‘linadi:

1. Tektonik zilzila – 90%.

2. Vulqonlar otilishi natijasida sodir bo‘ladigan zilzila – 7%.

3. Gravitatsion zilzila – 3%.

4. Portlashlar natijasida sodir bo‘ladigan zilzila.

Tektonik zilzilalar yerning chuqur qismlarida sodir bo‘ladigan tektonik harakatlari, natijasida qatlamlarning egilishi, bukilishi, uzilib ketishiga olib keladi. Tektonik zilzilalar ko‘p bo‘lib turadi, ular dahshatli, vayron qiluvchi kuchga ega bo‘lib, katta maydonlarga tarqaladi.

Vulqon otilishi natijasida sodir bo‘ladigan zilzilalar, vulqon otilib turadigan maydonlarda ro‘y beradi: Кamchatka yarimoroli, Кuril, Xokkaydo, Gavayi orollarida, Italiya, Yangi Zenlandiya hududlarida va Yer sharining ko‘pgina joylarida qayd qilingan. Bunday zilzilalarda lavalarning yer yuziga katta kuch bilan otilib chiqishi ko‘pgina vayronaliklarga sabab bo‘ladi. Zilzila o‘chog‘i 600 km chuqurlikkacha bo‘lib, kuchi 5-6 balldan oshmaydi.

Gravitatsiya natijasida bo‘ladigan zilzilalar kanallar qazishda, foydali qazilma konlarini kovlab olishda, qurilish ishlarida, imorat va inshootlarni zilzilaga chidamliligini sinab ko‘rishda va boshqa ishlarda sodir bo‘ladi. Bunday zilzilalarning quvvati kam va tarqalish maydoni kichik bo‘lganligi uchun xalq xo‘jaligiga zarar keltirmaydi.

Insoniyat tarixida kuchli va juda katta vayronagarchilik keltirgan va o‘n minglab insonlarning hayotdan ko‘z yumishiga sababchi bo‘lgan zilzilalar ro‘y bergan. 1755-yilda Lissabon shahrida, 1923-yilda Tokio shahrida, 1906-yilda San-Fransisko shahrida; 1968-yilda Chilida va Sisiliya orollarida shunday zilzilalar kuzatilgan. Faqat XX asrning birinchi yarmida 3749 ta kuchli zilzila bo‘lgan. 1948-yildagi Ashxobod va 1966-yildagi Toshkent zilzilalari vayronagarchilikka sabab bo‘lgan.

1976-yilda Xitoyning Tanshan shahrida bo‘lgan zilzila katta talofat keltirgan, xom g‘ishtdan qurilgan imoratlarning qulashidan 250 ming nafar inson halok bo‘lgan.

Tektonik zilzilalar okean va dengiz tublarida ham sodir bo‘ladi. Dengiz va okean tublarida yotgan tog‘ jinsi qatlamlarining tektonik kuchlar ta’sirida katta tezlikda ko‘tarilishi va cho‘kishidan zilzilalar yuzaga kelib, ular suv yuzasida balandligi 15-20 m ga yetadigan to‘lqinlar paydo qiladi. Bunday to‘lqinlar sunama deb ataladi. Sunamalar 500-800, ayrim vaqtlarda 1000 km/soat tezlikda harakat qilib yuz va ming kilometr masofalarga tarqaladi.

Dengiz chuqurligining kamayishi to‘lqinlar balandligining ortishiga olib keladi, hosil bo‘lgan to‘lqinlar qirg‘oqlarga zarb bilan uriladi, natijada imorat va inshootlar vayron bo‘lib, xalq xo‘jaligiga zarar yetadi. Masalan, 2011-yilda Yaponiyada balandligi 20 m bo‘lgan to‘lqinlarning qirg‘oqqa kelib urilishidan juda ham ko‘p imoratlar vayron bo‘lgan, odamlar halok bo‘lgan, hatto atom elektr stansiyasi ham ishdan chiqqan.

Sunamalar Yaponiya, Indoneziya, Filippin va Gavaya orollarida, Janubiy Amerikada va Rossiyaning Кamchatka qirg‘oqlarida va Кuril orollarida kuzatiladi.

Eng katta seysmik to‘lqin-sunama Alyaska qirg‘oqlarida 1964-yilda yuz bergan, uning balandligi 66 m, tezligi 585 km/soatga yetgan.

Seysmik to‘lqinlar paydo bo‘ladigan zilzila o‘chog‘i va to‘lqinlarning tarqalish markazi giposentr deb ataladi (8.8-rasm).


8.8-rasm. Giposentr (G), episentr (Ep) va seysmik to‘lqinlar:

1– bo‘ylama; 2– ko‘ndalang; 3– yuza to‘lqinlar.


Giposentr joylashgan chuqurligiga ko‘ra zilzilalar quyidagilarga bo‘linadi: 1) yuza zilzila -1 km dan 10 km gacha; 2) o‘rta fokusli zilzila - 30 dan 50 km gacha; 3) chuqur fokusli zilzila – 100-300 km dan 700 km gacha. O‘ta chuqur zilzilalar Yer mantiyasida bo‘lib, yerning chuqur qa’rida bo‘ladigan harakatlar bilan bog‘liqdir. Bunday zilzilalar Uzoq Sharqda, Ispaniyada va Afg‘onistonda kuzatilgan. Yuza va o‘rta fokusli zilzilalar juda ko‘p vayronagarchilik keltiruvchi zilzilalar sanaladi.

Giposentrning yer yuzasidagi vertikal proeksiyasi episentr (Yer) deb ataladi. Bu yerda yer yuzasining silkinishi kuchli bo‘ladi. Bo‘lib o‘tgan zilzilalar tahliliga asosan, seysmik xavfli rayonlarda zilzila o‘chog‘ining 70% 60 km gacha bo‘lgan chuqurlikka to‘g‘ri keladi, eng ko‘pi 30 km dan 60 km gacha bo‘lgan chuqurlikda joylashgan.

Zilzila paytida 3 turdagi seysmik to‘lqinlar tarqaladi: 1) bo‘ylama R – to‘lqinlar yer yuzasiga birinchi bo‘lib yetib keladi, chunki ularning tezligi ko‘ndalang to‘lqinnikidan 1,7 baravar ko‘pdir; 2) ko‘ndalang S – to‘lqinlar; 3) yuza L – to‘lqinlarning uzunligi R va S – to‘lqinlar uzunligidan katta bo‘lsa ham tezligi kichikdir.

Seysmik to‘lqinlarning davomiyligi – zilzila davomiyligi bir necha sekund yoki daqiqa bo‘lishi mumkin. Ba’zida uzoq davom etgan zilzilalar ham bo‘ladi. Masalan, 1966-yildagi Toshkent zilzilasi 26 apreldan sentabrgacha davom etgan, ya’ni qaytalanib turgan. Asosiy zilziladan keyingi birinchi sutkada 130 marta, birinchi yarim oyda 317 marta, uch oydan so‘ng 600 martadan ortiq qayta yer silkinishlari qayd qilingan. Yer jami 1047 marta silkingan. Shulardan 5 tasi 7 balli bo‘lgan.


Yer qimirlash kuchini baholovchi ballar shkalasi

8.1-jadval


Zilzila kuchi quyidagi belgilar bilan baholanadi: gruntlarning siljishi; imoratlarning buzilish darajasi, grunt suvlar rejimining o‘zgarishi, gruntlarda va yer yuzasida qolgan har xil hodisalar va boshqalar. Zilzila kuchini baholashda O‘zbekistonda 12 balli shkaladan foydalaniladi, bu shkala bo‘yicha eng kuchsiz zilzila 1 ball, eng kuchlisi 12 ball deb baholanadi (8.1-jadval).

1-2 ball kuchga ega bo‘lgan zilzilalar asboblar orqali aniqlanadi, 3-5 balli zilzilalarni odamlar sezadi, lekin imoratlar buzilmaydi; 6-9 balli zilzilalarda imoratlar shikastlanib, buziladi, vayron bo‘ladi, 10-11 balli zilzilada imoratlar vayron bo‘ladi, grunt suvlari rejimi o‘zgaradi, yer yuzasida yoriqlar paydo bo‘ladi, tog‘larda katta hajmdagi ag‘darilmalar yuzaga keladi; 12 balli zilzila ofatli, fojiali, vayronagarchilik keltiruvchi hisoblanadi, bunda hamma imoratlar vayron bo‘ladi, relyef tuzilishi o‘zgaradi, grunt suvlarining rejimi o‘zgarib, yer yuzasida katta o‘pirilishlar, surilishlar, ag‘darilmalar hamda boshqa jarayon va hodisalar sodir bo‘ladi.

Zilzilaning relyef hosil bo‘lishdagi roli katta emas, lekin eng ahamiyatlisi Yer yuzasida sodir bo‘ladigan seysmik deformatsiyalardir. Bularga quyidagilar kiradi: yer yuzasida hosil bo‘ladigan zinasimon o‘zgarishlar; tektonik yoriqlar; Yer po‘stining ba’zi bir bloklarining ko‘tarilishi va pasayishi; gorizontal siljishlar, burmalar hosil bo‘lishi va b. Tektonik yoriqlar bir necha kilometrlarga cho‘ziladi, kengligi bir necha ming metrgacha, chuqurligi bir necha yuz kilometrgacha bo‘lishi mumkin. Uzilmalar bo‘yicha siljishlar (ko‘tarilish, pasayish, gorizontal siljish) bir necha yuz metrgacha bo‘ladi.

1956-yil 4-dekabrda Mongoliyaning Oltoy hududida bo‘lgan juda katta fojiali zilzila paytida Yer po‘sti katta blokining ko‘tarilishi kuzatilgan. Gurvan-Bogdo tog‘ tizmasi 5-7 m ga ko‘tarilgan. 1755-yil 1– noyabrda bo‘lgan Lissabon zilzilasi paytida qirg‘oqning katta uchastkasi 200 m gacha bo‘lgan chuqurlikka pasaygan. Yumshoq, bo‘sh yotqiziqlar qatlamidan tashkil topgan hududlarda yoriqlar, o‘pirilishlar, ko‘chkilar, ag‘darilmalar kabi jarayonlar seysmik hodisalar ta’sirida jadal, keskin rivojlanib, yer relyefida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Ammo bunday o‘zgarishlar toshqotgan jinslar massividan tashkil topgan tog‘lik hududlarda ham kuzatiladi.

8.5. Magmatizm va uning relyef hosil bo‘lishdagi o‘rni

Magmatizm deganda magmaning erishi, uning tadrijiy rivojlanishi, harakatlanishi, qattiq jinslar bilan o‘zaro ta’siri va qotish jarayonlarining majmui tushuniladi. Magma (I– qism, 2.3-band) tog‘ jinslari ichiga juda katta bosim ostida kirib keladi va sovib qotadi. Magmaning qaysi chuqurlikda qotib joylashishiga ko‘ra magmatizm ikkiga bo‘linadi: 1) intruziv magmatizm; 2) effuziv magmatizm.

Intruziv magmatizm magmaning Yer po‘stining chuqur qismida asta-sekin sovib qotish jarayoni. Bu sharoitda har xil intruziv massiv shakllar paydo bo‘ladi, masalan, batolit, shtok, lakkolit, lopolit, dayka va tomir shakllar.

Effuziv magmatizm magmaning yer yuzasiga oqib va otilib chiqib qotish jarayoni. Magma yer yuzasiga otilib chiqqanda uning tarkibidagi uchuvchan komponentlar tez uchib chiqib ketadi va bunday magma lava deb ataladi. Magmaning yer yuzasiga otilib chiqishidan vulqonlar hosil bo‘ladi.

Agar magma bitta vulqon kanalidan otilib chiqsa, markaziy otilish, agarda kanal atrofidagi darzliklar va yoriqlardan otilsa, yoriqlardan otilish deb nomlanadi. Suv ostidan ham magma otilib chiqadi.

Yoriqlardan otilib chiqqan lava juda keng bazalt qoplamlarini (bir necha yuz km2 maydonda) hosil qiladi. Ularning qalinligi 10-20 m dan 100 m gacha yetadi. Magmaning vulqon kanalidan otilib chiqishida do‘ngliklar hosil bo‘ladi, uning markazida esa vulqon krateri joylashadi. Effuziv jinslarning yotish shakllari – qoplama, oqim, gumbazsimon ko‘rinishda uchraydi.

Intruziv va effuziv jarayonlarning relyef hosil bo‘lishdagi o‘rni har xil. Vulqon otilishi natijasida yer yuzasi relyefining o‘zgarishini aniq ko‘rish mumkin. Intruziv jarayon ta’sirida hosil bo‘ladigan batolit, shtok, dayka va boshqa massivlar yerning chuqur qismida joylashganligi sababli, ular relyefda namoyon bo‘lmaydi. Intruziv jinslarning yer yuzasiga chiqib qolishi lokkolit va lopolitlarning ustidagi jinslarning yuvilib ketishidan sodir bo‘ladi. Bunday relyeflarni quruqlikning hamma qit’alarida kuzatish mumkin. Masalan, Rossiyaning Pyatigorsk rayonida lokkollitlarni yer yuzasida kuzatish mumkin. Batolit, shtok, dayka kabi intruziv jinslarni qoplab turgan jinslarning yemirilishidan hosil bo‘lgan mahsulotlarning yuvilib olib ketilishidan ular ochilib, relyefda namoyon bo‘ladi. Ayrim tog‘ tizmalarida qoplama jinslarning yuvilib ketishi natijasida hatto poydevordagi kristall jinslarning ochilib qolishini kuzatish mumkin.

IX bob. EKZOGEN JARAYONLAR VA ULAR TA’SIRIDA PAYDO BO‘LADIGAN RELYEF TURLARI VA SHAKLLARI
9.1. Relyef hosil qiluvchi ekzogen jarayonlar haqida umumiy tushuncha

Ekzogen (tashqi) jarayonlar. Yerga nisbatan tashqi kuchlar ta’sirida yuzaga keladigan geologik jarayonlar bo‘lib, ular Yerning yuzasida va litosferaning eng yuqori qismida sodir bo‘ladi. Ular asosan quyosh radiatsiyasi (nurlari) energiyasi, og‘irlik kuchi va organizmlar faoliyati ta’sirida yuzaga keladi. Ekzogen jarayonlarga quyidagilar kiradi: 1) tog‘ jinslarining nurashi; 2) nuragan mahsulotlarning og‘irlik kuchi, harakatlanayotgan suv, muzlik va shamol ta’sirida boshqa joylarga olib borib yotqizilishi (ablatsiya, denudatsiya, deflatsiya, eroziya jarayonlari); 3) cho‘kindi jinslarning va foydali qazilma konlarining ayrim turlarining hosil bo‘lishi va b. Ekzogen jarayonlar endogen jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lib, relyef hosil bo‘lishida namoyon bo‘ladi.

Ekzogen jarayonlar ta’sirida endogen yo‘l bilan hosil bo‘lgan yirik, baland relyef shakllarining yemirilishi sodir bo‘ladi, natijada manfiy ishorali pastqam yoki tekislik joylarga yemirilgan materiallar yotqaziladi. Yemirilgan materiallarning yotqazilishidan cho‘kindi jinslar hosil bo‘ladi. Bu jarayonda relyefning denudatsion, erozion va akkumlyativ tiplari paydo bo‘lib, ularning har xil shakllari va elementlari hosil bo‘ladi. Relyefning yemirilish tezligi ko‘p omillarga bog‘liq bo‘lib, ulardan asosiysi tog‘ jinslarining mustahkamligi va ekzogen jarayonlar energiyasining shiddatidir.

Tog‘ jinslarining mustahkamligi ularni tashkil etuvchi minerallarning kimyoviy tarkibiga va fizik xossalariga bog‘liq. Tog‘ jinslarining suvda eruvchanligi va kimyoviy nurashga chidamliligi ularning kimyoviy tarkibiga, fizik xossalari esa temperatura ta’siriga, yoriqlarda suvlar muzlashi natijasida yuz beradigan yemirilishga, uvalanishga qarshilik ko‘rsata olish qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi.

Relyef hosil qiluvchi omillar energiyasining ta’sir kuchi birinchi navbatda iqlimga bog‘liq, u qanchalik keskin bo‘lsa, relyefdagi o‘zgarishlar shunchalik shiddatli kechadi.

9.2. Nurash, elyuvial yotqiziqlarning hosil bo‘lishi va relyefga ta’siri

Nurash deb Yer yuzidagi tog‘ jinslari va minerallarning yemirilish va parchalanish jarayoniga aytiladi.

Nurash jarayonlari yer yuzasining yuqori qismida faol namoyon bo‘lib, ichkarilab borgan sari uning kuchi kamayib boradi. Nurash jarayonlari hamma omillarning bir-biri bilan bog‘liq holda baravar ta’sir etishidan sodir bo‘ladi. Faqat ayrim vaqtlardagina ma’lum bir fizikgeografik sharoitlarda ba’zi omillardan biri hukmronlik qiladi. Nurashning fizik (mexanik), kimyoviy va organik turlari farqlanadi.

Fizik nurash. Temperatura o‘zgarishi, jins g‘ovaklari, yoriqlariga tushgan suvning muzlashi va erishidan, hayvon va o‘simliklar faoliyati ta’siridan (ildizlarning o‘sishi va h.) sodir bo‘ladi.

Temperatura ta’sirida bo‘ladigan nurash tashqi mexanik kuchning ta’sirisiz, temperaturaning o‘zgarishidan sodir bo‘ladi. Nurash tezligi jinslarning tarkibiga, tuzilishiga, rangiga, darzlik darajasiga va boshqa omillarga bog‘liq. Temperaturaning tez o‘zgarishi asosiy omil hisoblanadi. Shuning uchun mavsumiy o‘zgarishdan ko‘ra sutkalik o‘zgarish nurashga ko‘proq ta’sir qiladi.

Temperatura ta’sirida nurash hamma iqlimiy sharoitlarda uchraydi, lekin temperaturasi tez o‘zgaradigan, quruq iqlimli va o‘simliklar kam o‘sadigan hududlarda tez rivojlanadi. Bunday hududlarga sahrolar, baland tog‘lar va tog‘larning tik qoyalari kiradi.


9.1-rasm. Granit qatlamlariga fizik nurashning ta’siri (Hisor tog‘ tizmalarining janubiy yonbag‘irlari).


Tog‘ jinslari yoriqlariga va g‘ovaklariga kirgan suvning muzlashi va erishi, suv bug‘langanda jinslar ichida tuzlarning kristallanishi, o‘simlik tomirlarining o‘sishi va boshqa omillar jinslarning maydalanishiga olib keladi. Suv ta’sirida esa tog‘ jinslari yuviladi va parchalanadi. Maydalangan zarralarni suv oqizib ketadi, natijada ularning qirralari silliqlanadi.

Suvning muzlashidan uning umumiy hajmi 9-11% ortib, yoriq devorlariga 240 MPa kuch bilan ta’sir qiladi. Natijada yoriqlar yanada kengayadi va massiv tog‘ jinslari mayda-mayda bo‘laklarga bo‘linib ketadi. Tog‘ jinslarining yoriqlariga tushgan tuzlarning kristallanishi sababli paydo bo‘lgan kristallanish kuchi, daraxtlar o‘sgan sari tomirlarining yo‘g‘onlashishi ham tog‘ jinslarining yaxlitligini buzib, bo‘shoq materiallar hosil bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.

Fizik nurash natijasida zich-qattiq jinslar parchalanib, har xil shakldagi o‘tkir qirrali xarsangtoshlar, shag‘al, sheben, dresva, qum hosil bo‘ladi (9.1,9.2– rasmlar).


9.2-rasm. Nurashga chidamli mustahkam (qumtosh) va chidamsiz (alevrolit, glina) tog‘ jinslarining fizik nurashi (Bobotog‘ning janubi-sharqiy yonbag‘ri).


Hosil bo‘lgan mahsulot bo‘laklari tekis yuzalar ustida to‘plansa, ba’zilari, o‘z og‘irligi ta’sirida tik va nishabligi katta yonbag‘irlardan pastga dumalab tushib to‘planadi.

Xarsangtosh, shebenlarning yassi tog‘lar ustida yig‘ilishidan toshli maydonlar hosil bo‘ladi, tog‘ yonbag‘irlari va vodiylari tubida esa tor yo‘l sifatida yig‘ilishidan tosh to‘plamlari va to‘kilmalari hosil bo‘ladi. Кo‘pincha to‘planmalar yonbag‘irlarga «yopishgan» konussimon shaklga ega bo‘ladi. Bunday relyef elementlari topografik xaritalarda shartli belgilar bilan ko‘rsatiladi (1-ilova, 23).

Кimyoviy nurash suv, kislorod va havodagi karbonat kislota hamda organizmlarning hayot faoliyatidan, ayniqsa, tuproqdagi bakteriyalarning parchalanishidan yuzaga keladigan biyokimyoviy jarayonlar ta’sirida yuzaga keladi. Minerallar suvning ta’sirida erishi, gidratlashi va gidrolizlashi natijasida butunlay parchalanadi. Кislorod oksidlanish jarayonini kuchaytirsa, karbonat kislota suvning vodorod ionlari bilan boyitib, kimyoviy faolligini kuchaytiradi.

Yerning chuqur qismlarida yuqori bosim va temperaturada hosil bo‘lgan minerallarning keyinchalik yer yuzasiga chiqib qolgan qismi kimyoviy nurash natijasida tez yemiriladi va yangi barqaror minerallarga aylanadi. Masalan, dala shpati va slyudalar gidroslyuda va kaolinitga, ayrim hollarda montmorillonitga aylanadi. Bu jarayonda moddalarning katta qismi eritmaga (kolloid va ion ko‘rinishiga) o‘tadi va tog‘ jinslarining orasida siljiy boshlaydi.

Tog‘ jinslari o‘ziga suv shimganda hajmini kengaytiradi. Shunga asosan gipsning hajmi 50-60% gacha ortadi va bundan hosil bo‘lgan bosim atrof jinslarga ta’sir qilib, ularning mustahkamligini susaytiradi.

Кimyoviy nurash issiq va o‘ta seryog‘in hududlarda ko‘proq sodir bo‘ladi.

Organik nurash yer yuzida yashovchi har xil hayvonot, hasharotlar, o‘simlik tomirlari va mikroorganizmlar ta’sirida sodir bo‘ladi. Bunday hodisa biologik yoki organik nurash deb ataladi. O‘simlik va mikroorganizmlarning chirishidan hosil bo‘lgan organik kislotalar tog‘ jinslarini yemiradi.

O‘simlik nafas olishidan chiqqan karbonat angidrid gazi qor va yomg‘ir ta’sirida karbonat kislotaga aylanib, suvning minerallarini yemirish kuchini oshirib yuboradi. Yerdagi mikroorganizmlar, yer kovlovchi hayvonlar jins ichida g‘ovaklik, bo‘shliqlar hosil qilib, ularning parchalanib ketishida muhim rol o‘ynaydi.

Fizik, kimyoviy va organik nurash jarayonlari o‘zaro bog‘liq va bir vaqtda sodir bo‘ladi. Faqat ba’zi vaqtlardagina ularni bir-biridan ajratish mumkin. Muayyan tabiiy geografik sharoitlarda bunday nurash jarayonlarining biri ustuvor bo‘ladi. Arid iqlim, baland tog‘ va qutb oblastlarida namlik tanqisligi yoki suvning kamligi sababli fizik nurash, mo‘tadil nam, sernam bo‘lgan tropik va subtropik zonalarda kimyoviy va biologik nurash hukmronlik qiladi. Lekin, shunga qaramay fizik nurash oldinroq sodir bo‘lib, jinslarni maydalaydi, parchalaydi va ularning suv o‘tkazish imkoniyatlarini oshiradi. Natijada bunday jinslar kimyoviy nurashga tayyor bo‘lib, ularda bu jarayon kuchli kechadi. Nurash jarayonining ta’siri 500 m chuqurlikkacha yetib boradi (G. Polinov). Lekin nurash jarayoni 1 km va undan chuqurroqda ham bo‘lishi mumkin. Fersman nurash zonasida ro‘y beradigan jarayonlarni gipergen, nurash zonasini esa gipergenez zonasi deb atashni taklif etgan.

Yer yuzasida nurashdan hosil bo‘lgan mahsulotlar siljimasdan, o‘z joyida qolib, cho‘kindi jinslarni hosil qiladi, bunday jinslar elyuvial yotqiziqlar deb ataladi. Elyuvial jinslar tarkibi tub jinslar tarkibiga bog‘liq bo‘ladi. Ular asosan xarsangtosh, sheben, dresva, qum, supes kabi jinslardan tashkil topgan bo‘lib, qalinligi bir necha santimertdan bir necha metrgacha boradi. Ular saralanmaganligi, har xil o‘lchamliligi bilan boshqa jinslardan farq qiladi.

Balandlik va pastlik joylarning bir-biri bilan tez-tez almashinishi o‘ta murakkab relyef shaklini hosil qiladi. Bunday joylarda hosil bo‘lgan nurash mahsulotlari o‘z og‘irligi ta’sirida pastga yumalaydi, suv, shamol, qor va muz ta’sirida yerning baland joylaridan pastqam joylariga ko‘chirilib yotqiziladi. Bu denudatsiya jarayoni deb ataladi. Denudatsiya chiziqli bo‘lishi va maydon bo‘ylab rivojlanishi mumkin. Denudatsiya omillariga quyidagilar kiradi: gravitatsiya harakatlari (ko‘chish, siljish), oqar suvlar ishi (eroziya), yer osti va usti suvlari ishi (karst, suffoziya), qor va muzlik ishi (nivatsiya, ekzaratsiya), shamol ishi (deflatsiya), dengiz va ko‘l suvlari ishi (abraziya), hayvonot, o‘simliklar va inson faoliyati ta’siri. Denudatsiya ta’sirida tub jinslarning yuzasi ochilib, yangi nurash jarayonlarining rivojlanishiga sharoit yaratiladi.

Umuman nurash jarayoni ma’lum bir turdagi relyef shakllarini yaratmaydi. Lekin boshqa ekzogen jarayonlarning rivojlanishiga sababchi bo‘luvchi yemirilgan mahsulotlarni hosil qilishda eng katta omillardan biridir. Кo‘pincha nurash jarayonlari o‘ta jadallashgan maydonlarda relyefning ba’zi bir shakllari va elementlari hosil bo‘ladi. Masalan, mustahkamligi past, tez yemiriluvchan jinslar qatlami tarqalgan joylarda chuqur pastqamliklar hosil qilsa, mustahkamligi yuqori bo‘lgan jinslar qatlami tarqalgan maydonlarda tik qoyalar, tik ustun shakllari, zinasimon supalar va boshqa shakllar hosil bo‘lishi mumkin.

Elyuvial yotqiziqlar tog‘larning, tog‘ tizmalarining suv ayirg‘ichlarini va ularni ajratib turuvchi egarsimon pastliklarni qoplab, suv ayirg‘ichlarning bellarini yassilab, tekislab, tekisliklar, soysimon va baland-pastli notekisliklar hosil qiladi.

Nurash jarayoni natijasida hosil bo‘lgan har xil shakldagi relyef elementlari yaxshi orientir belgilar bo‘lib, ularni topografik xaritalarda alohida shartli belgilar bilan aniq ifodalash kerak bo‘ladi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 | Следующая
  • 4.3 Оценок: 3


Популярные книги за неделю


Рекомендации