Текст книги "Геология ва геоморфология"
Автор книги: Ю. Иргашев
Жанр: География, Наука и Образование
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 11 (всего у книги 16 страниц)
Yer osti suvlari, asosan, atmosfera yog‘inlarining tog‘ jinslari zarralari orasidagi g‘ovaklari, bo‘shliqlari va yoriqlari orqali singishidan paydo bo‘ladi.
Yer osti suvlarining paydo bo‘lishi to‘g‘risida kondensatsiya, infiltratsiya, sedimentatsiya nazariyalari mavjud, shuningdek, yuvenil suvlar roli ham ahamiyatlidir.
Кondensatsiya nazariyasiga ko‘ra bug‘ ko‘rinishidagi suv havo bilan birga grunt g‘ovaklari va yoriqlarini (aeratsiya zonasida) to‘ldirib turadi. Sutka va fasl davomida temperatura hamda bosim o‘zgarishi bilan ular g‘ovaklar va yoriqlarda faol harakat qilib, zarralar yuzasiga yopishadi va kondensatsiyalanadi. Natijada zarralar atrofida juda ham yupqa parda, ya’ni gigroskopik suv hosil bo‘ladi. Zarralar yuzasida gigroskopik suvning hosil bo‘lishi uzoq vaqt davom etadi, uning qalinligi ortadi va u zarralarning o‘zaro elektromolekular tortishish kuchi ta’sirida bir-biri bilan qo‘shiladi, natijada pardali yoki molekular suv hosil bo‘ladi. Кeyinchalik ulardan tomchi (gravitatsion) suvlar paydo bo‘ladi.
Infiltratsiya nazariyasiga binoan yer osti suvlari yer yuzasiga tushayotgan atmosfera yog‘inlarining (yomg‘ir, qor, muz) tog‘ jinslari g‘ovaklari, darzliklari, yoriqlari orqali shimilib, suv o‘tkazadigan jinslar orqali harakatlanib, o‘zidan suv o‘tkazmaydigan (gil, alevralit, kvarsit va h.k.) qatlamgacha yetib borishi va uning ustida to‘planishidan hosil bo‘ladi. Shu tarzda suvli gorizontlar hosil bo‘ladi. Yer yuzasidan shimilayotgan suv miqdori relyefning tuzilishiga, tog‘ jinslarining tarkibi va suv o‘tkazish qobiliyatiga, rayonning iqlimiga, o‘simlik dunyosiga, odamlarning injenerlik faoliyatiga bog‘liqdir.
Sedimentatsiya nazariyasiga muvofiq yer osti suvlarining paydo bo‘lishi tog‘ jinslarining hosil bo‘lishi bilan bog‘liq. Dengiz suvlari ostida hosil bo‘lgan cho‘kindilar ichidagi suvlarning keyingi qulab tushgan jinslar bilan ko‘milib ketishi va o‘sha joyning o‘zida saqlanib qolishidan hosil bo‘ladi.
Yuvenil suvlar (bokira suv) − Yer qa’rining katta chuqurligidan va yuqori mantiyadan ajralib chiqadigan bug‘lardan, ehtimol N va O ning dissotsiatsiyalangan (tarkibiy qismlarga ajralgan) atomlaridan hosil bo‘ladi. E. Zyussning (1902) fikricha, yuvenil suvning hosil bo‘lishiga magma sovishida ajralib chiqqan bug‘lar yoki gidrat minerallar tarkibidagi kristallizatsion (minerallarning kristall panjarasidagi molekula ko‘rinishidagi) va konstitutsion (minerallarning kristall panjarasida ion shaklidagi) suvlar sabab bo‘ladi. Yuvenil suv yer yuzasiga toza suv ko‘rinishida chiqmaydi.
Yer osti suvlari suvli gorizontning joylashish sharoitiga, bosimning bor-yo‘qligiga qarab yuzaki, grunt, qatlamlararo, karst va yoriqlar orasidagi suvlarga bo‘linadi.
Yuzaki suvlar atmosferadan tushayotgan qor va yomg‘ir suvlarining aeratsiya zonasida linza ko‘rinishida yoki o‘zidan suv o‘tkazmaydigan yupqa qatlam ustida to‘planishidan paydo bo‘ladi. Bu suvlar mavsumiy bo‘lib, atmosfera yog‘inlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, ularning sathi yuqori va hajmi shunchalik ko‘p bo‘ladi va aksincha. Yuzaki suv asta-sekin pastga shimilib, grunt suvlarini to‘yintiradi. Ular mavsumiydir, keng maydonga tarqalmaydi, miqdori kam va sifati past bo‘ladi.
Grunt suvlari. Yer yuzasidan birinchi suv o‘tkazmaydigan qatlam ustida joylashgan va keng maydonga tarqalgan suvlar grunt suvlari deyiladi. Grunt suvlari ham atmosfera yog‘inlarining va yer ustki suvlarining shimilishidan to‘yinadi. Grunt suvlarining ta’minlanish, tarqalish va sarf bo‘lish maydonlari bir-biriga mos keladi. Ularning sathi har xil chuqurlikda joylashib, mavsumga qarab ko‘tarilib, pasayib turadi, undan tashqari grunt suvlari sathi relyef tuzilishiga qarab ham har xil chuqurlikda yotadi. Masalan, pasttekislik joylarda 1-2 m dan 5-10 m gacha, tog‘oldi hududlarda 15-20 m dan 40-50 m gacha chuqurlikda bo‘lishi mumkin. Grunt suvlarining yuzasi ochiq bo‘lganligi uchun ular bosimsizdir. Grunt suvlari doim harakatda bo‘lib, oqim hosil qiladi va ko‘pincha yer yuzasiga sizib chiqib buloqlar hosil qiladi.
Qatlamlararo yoki artezian suvlari. Suv o‘tkazmaydigan ikki qatlam orasiga joylashgan suv o‘tkazadigan qatlamda suv to‘planishidan qatlamlararo yer osti suvlari hosil bo‘ladi. Bunday suvlar bosimsiz va bosimli bo‘lishi mumkin.
Qatlamlararo bosimsiz yer osti suvlari yer yuzasidan ikkinchi, uchinchi va h.k. suv o‘tkazmaydigan qatlamlar orasidagi qatlamlarda joylashgan bo‘lib, doimo grunt suvlarining ostida uchraydi. Bu suvlar suv saqlovchi qatlamlarni to‘ldira olmaydi, chunki ular past-baland relyefli tog‘li va tog‘oldi hududlarida uchraydi, jarlik va daryo o‘zanida buloq tarzida yer yuzasiga chiqib, oqar suvlarga qo‘shiladi. Qatlamlararo bosimsiz suvlarning ta’minlanish maydoni suv singuvchi qatlamning yer yuzasiga chiqqan qismiga to‘g‘ri keladi va tarqalish maydoniga mos tushmaydi. Bu suvlar oqimi grunt suvlari oqimiga o‘xshash bo‘ladi. Qatlamlararo bosimli yer osti suvlari, suv o‘tkazmaydigan va suv singiydigan qatlamlarning tektonik harakat ta’sirida hosil bo‘lgan sinklinal yoki monoklinal srtukturalarida yuzaga keladi. Suv singadigan qatlamlar tog‘li hududlarda yer yuzasiga chiqib, atmosfera yog‘inlaridan to‘yinadi va singiyotgan suv o‘z og‘irlik kuchi ta’sirida, nishablik bo‘yicha pastga qarab oqa boshlaydi va bosim yuzaga keladi. Bosimli suvlar Yevropada birinchi marta 1126-yilda Fransiyaning Artua (Arteziya) viloyatida topilgan, shu sababli artezian suvlari deb ataladi. Bosimli suv gorizontlari suv o‘tkazmaydigan qatlamlar bilan bo‘linib joylashadi va yer osti suvlarining artezian havzalarini hosil qiladi.
Yoriqlarda joylashgan va karst suvlari. Magmatik, metamorfik va sementlangan cho‘kindi tog‘ jinslari yoriqlari orasida harakat qiluvchi suvlar yoriqlardagi suvlar deb ataladi.
Tog‘ jinslari ichida nurash natijasida paydo bo‘lgan yoriqlar bir necha metrdan 100-200 m gacha, tektonik yoriqlar esa bir necha ming metr chuqurlikkacha borishi mumkin. Shu sababli yoriqlarda joylashgan suvlar ham har xil chuqurlikda, bosimli va bosimsiz bo‘ladi. Bosimsiz suvlar jarlik va daryo o‘zanlarida yer yuzasiga tinch buloqlar ko‘rinishida chiqib yotadi.
Yer ostida hosil bo‘lgan bo‘shliq-karstlardagi suvlar karst suvlari deyiladi. Bu suvlar tog‘ jinslarida gorizontal va vertikal yo‘nalishda harakat qilib, tutash oqimlar hosil qiladi. Кarst suvlari yer usti suvlari bilan o‘ziga xos aloqada bo‘ladi. Кo‘p hollarda yer ustki suvlari o‘z harakati davomida karst rivojlangan maydonlarga kelib, yer ostiga singib ketadi, so‘ngra tog‘ yonbag‘irliklaridan, daryo qirg‘oqlaridan mo‘l suvli buloqlar tarzida yer yuzasiga chiqadi. Yer osti suvlarining geologik ishi natijasida asosan quyidagi jarayonlar jadal rivojlanadi: botqoqlik, yerlarning sho‘rlanishi va cho‘kish hodisalari. Bu jarayonlardan tashqari yer osti va yer usti suvlari suffoziya, karst va gravitatsion jarayonlarning tez rivojlanishiga ham hissa qo‘shadi.
Botqoqlik hosil bo‘lish jarayoni ikki bosqichli bo‘ladi. Avval botqoqlangan yerlar paydo bo‘lib, keyin ikkinchi bosqichda botqoqlik hosil bo‘ladi.
Botqoqlanish yer yuzasidagi suvlarning oqib ketishi qiyin bo‘lganda hamda suv o‘tkazmaydigan qatlamlar yer yuzasiga yaqin joylashganda, shuningdek, bug‘lanish miqdori atmosfera yog‘inlariga nisbatan kam bo‘lganda yuz beradi. Botqoqlik yuzasi asta-sekin o‘simliklar bilan qoplanib, so‘ng vaqt o‘tishi bilan torf hosil bo‘la boshlaydi.
Botqoqlik yil davomida yer yuzasining haddan tashqari namligi, torf hosil bo‘lish jarayonlarining mavjudligi va botqoqlik o‘simliklarining o‘sishi bilan boshqa joylardan ajralib turadi. Botqoqliklar relyefning yuqorisida va pastida joylashishi mumkin. Yuqorida joylashgan botqoqliklar – relyefning suvayirg‘ich zonalarida, baland terrasalarda hosil bo‘lib, asosan atmosfera suvlaridan ta’minlanadi. Ular yuzasi qavariq bo‘lib, botqoqlashgan o‘rmonlarda va quruq balkalarda rivojlanadi. O‘simliklar qalin bo‘lmaydi va mineral moddalar kam uchraydi. Relyefning pastqamliklarida, ya’ni yer yuzasining chuqur, botiq, pasaygan relyeflarida joylashib, daryo vodiylarida, poymalarda va suv havzalarining qirg‘oqlarida hosil bo‘ladi. Bunday botqoqliklarning yuzasi o‘simliklar bilan qoplangan bo‘lib, torfi qalin va mineral moddalarga to‘yingan bo‘ladi. Botqoqlar ta’sirida yer yuzasi qavariq yoki pastqam-botiq shaklga kiradi.
Sho‘rxok yerlar – relyefning tekis pastlik va pastqam joylarida yer osti suvi sathining yer yuzasiga yaqin joylashgan (1,5 m va undan ham yaqin) maydonlarda yoki mavsumiy ko‘llarning qurigan tublarida hosil bo‘lib, gilli tuproq va tuz qatlami bilan qoplangan maydonlardir. Yoz faslida yer osti suvlarining sathi yer yuzasiga yaqin bo‘lgan maydonlar yuzasidan suv bug‘lanib ketadi, yer yuzasida esa suv tarkibidagi tuzlar qoladi, vaqt o‘tishi bilan ular kristallanadi. Natijada yer yuzasidagi jinslar ustida tuz qoplamlar hosil bo‘ladi.
Cho‘kuvchanlik hodisasi lyoss va lyossimon tog‘ jinslariga xos. Cho‘kuvchanlik deb lyoss va lyossimon jinslar namlanganda o‘z og‘irligi ta’sirida hajmining kamaytirishiga aytiladi. Bu hodisa lyoss va lyossimon jinslar tarqalgan hududlarda, tog‘oldi adirlarda, balandpastliklarda va prolyuvial tekisliklarda keng tarqalgan. Cho‘kuvchanlik hodisasi rivojlangan maydonlarda yer yuzasi cho‘kib, keng doira sifatidagi botiqlik, chuqurlik, o‘pirilishlar hosil qiladi, natijada relyefning yuzasi murakkablashadi.
9.6. Suffoziya – karst relyef shakllari va turlariYer osti va yer usti suvlarining birgalikdagi faoliyati natijasida hosil bo‘lgan relyef shakllariga suffozion va karst relyef shakllari kiradi.
Suffoziya hodisasi. Yer osti suvlarining tog‘ jinslari qatlamlaridan sizib o‘tish jarayonida bo‘sh va yumshoq jinslarni o‘yib, mayda zarrachalarni va ularning tarkibidagi eruvchan tuzlarni eritib, o‘zi bilan yer yuzasiga oqizib olib chiqishi natijasida jins qatlamlarida bo‘shliqlar va o‘pirilishlar hosil qilish jarayoni suffoziya (lotincha «o‘yish») deb ataladi.
Suffoziya hodisasi lyoss, lyossimon (supes, suglinok) jinslar va qumlardan tashkil topgan hududlarda keng tarqaladi. Suffoziya ikki xil bo‘ladi: mexanik va kimyoviy.
Mexanik suffoziya yer osti suvlarining gidrodinamik kuchi ta’sirida qum, lyoss va lyossimon jinslar tarkibidagi mayin zarralarni yuvib, yer yuziga oqizib chiqishidan, kimyoviy suffoziya yer osti suvlari ta’sirida tog‘ jinslari tarkibidagi tez eruvchan tuzlar va zarralarni eritib, yer yuzasiga olib chiqib ketishidan hosil bo‘ladi.
Suffoziya jarayonining uzoq vaqt mobaynida davom etishi natijasida yer ostida bo‘shliqlar va yer yuzasida o‘pirilishlar hamda voronkalar hosil bo‘ladi. Ularning ko‘pchiligi qiya tekis yuzalarda yoki nishabligi katta bo‘lmagan yonbag‘irliklarda hosil bo‘lib, o‘lchami katta bo‘lmaydi (diametri 10-20 m, chuqurligi 1-8 m), shakli kosasimon va konussimon bo‘ladi. Bunday shakllar keyinchalik o‘zaro birlashib, uncha katta bo‘lmagan sirksimon botiq chuqurliklarni yuzaga keltiradi (1-ilova, 44).
Demak, suffoziya hodisalari ta’sirida Yer yuzasidagi relyef shakllari murakkablashadi va eroziya jarayonlari kuchayadi. Masalan, lyoss va lyossimon jinslardan tarkib topgan O‘rta Osiyo tog‘oldi yonbag‘irlarida, jarliklar va daryolar qirg‘oqlarida suffozion voronkalarning rivojlanishi kuzatiladi.
Suffoziya hodisasi imorat va inshootlarni loyihalashda, qurishda va ulardan foydalanishda salbiy rol o‘ynaydi. Shuning uchun unga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiqish lozim, ya’ni qurilish maydonlarida yuzaki va yer ustida oquvchi suvlarni tartibga solish, yer yuzasini gidroizolatsiya qilish, gruntlarning namini qochirish va filtratsiya tezligini kamaytirish zarur bo‘ladi.
Suffozion shaklli relyeflar topografik xaritalarda gorizontallar yordamida yoki botiq havzalarning shartli belgilari bilan ifodalanadi.
Yer usti va yer osti suvlari harakati ta’sirida karbonatli, sulfatli va tuzli tog‘ jinslarining erib, parchalanishidan hosil bo‘lgan zarrachalar va moddalarning oqib chiqib ketishidan jinslar qatlamida bo‘shliqlar, g‘orlar, kanallar, yer yuzasida esa o‘pirilishlar, botiq joylarning va voronkalarning hosil bo‘lishi karst deb ataladi. Ular ta’sirida hosil bo‘lgan relyef shakllari karst relyefi deyiladi.
Кarst so‘zi Кarintiya provinsiyasi (Avstriyaning janubida, Adriatika dengizi yaqinida) Кarst viloyatidan olingan, chunki u yerda birinchi marta hosil bo‘lgan turli kattalikdagi yer osti bo‘shliqlari va o‘pirilishlari hamda relyef shakllari o‘rganilgan.
Кarst erishga moyil bo‘lgan ohaktosh, dolomit, bo‘r, mergel, gips, angidrid va tosh tuzlari kabi jinslar tarqalgan hududlarda sodir bo‘ladi. Bunday tog‘ jinslari karstlanuvchi jinslar deb ataladi va karst quyidagilarga bo‘linadi: Кarbonatli karst (ohaktosh, dolomit, bo‘r, mergel); sulfatli karst (gips, angidrid) va tuzli karst (toshtuz).
Кarstning rivojlanishi joyning geologik tuzilishiga va relyefiga bog‘liq. Кarstlanuvchi (eruvchi) tog‘ jinslari Yer yuzasining yaqin 50 mln.km2 maydonini egallaydi. Shu jumladan, uning 40 mln.km2 ni karbonat, 7 mln.km2 yaqinini – sulfat va 4 mln.km2 ga yaqinini – golloid jinslar tashkil etadi (Piotrovskiy V.V.). Shundan ko‘rinib turibdiki, karst ko‘proq karbonat jinslarda, kamroq golloid jinslarda uchraydi. Toshtuzlarda ham karst hodisasi rivojlanadi.
Кarst hosil bo‘lishida atmosfera yog‘inlari, daryo va yer osti (agar ular o‘ta sho‘r bo‘lmasa) suvlari katta rol o‘ynaydi. Tog‘ jinslarini asosan chuchuk va karbonat angidridli suvlar yaxshi eritadi. Temperaturaning ko‘tarilishi va suvning harakat tezligining ortishi erish jarayonini kuchaytiradi. Кalsitning erishi temperaturaga bog‘liqligini quyidagi misoldan ko‘rish mumkin:

Кarstning rivojlanishida tog‘ jinslarining suv o‘tkazish qobiliyati eng muhim omil hisoblanadi, uning miqdori qancha katta bo‘lsa, erish jarayoni shuncha jadal bo‘ladi. Shuningdek, jinslarning darzligi, ayniqsa, yoriqlarning kengligi (bir mm dan kam bo‘lmasa) suvning erkin harakatlanishiga va aylanishiga sharoit yaratadi. Suv jinslarni eritib, yoriqlarni kengaytirib boradi, natijada bo‘sh kanallar va g‘orlar hosil bo‘ladi. Bu jarayon korroziya deb atalib, suv o‘tkazmaydigan qatlamgacha yoki yer osti suvlari sathigacha davom etadi. Кorroziya jarayonida ham eroziya jarayoniga o‘xshab rivojlanishning pastki chegarasi mavjud bo‘ladi va u korroziya bazisi deb ataladi. Кorroziya bazisi yaqin joylashgan daryo, ko‘l yoki dengiz sathi hamda suv o‘tkazmaydigan jinslar qatlamining yuzasi bo‘lishi mumkin.
Yer po‘stining tektonik harakati ta’sirida karst massivining ko‘tarilishi yoki pasayishi natijasida korroziya bazisi o‘zgarishi mumkin. Bunday sharoitlarda karst jarayonining rivojlanishi jadallashadi yoki pasayadi.
Sho‘r yer osti suvlari sathining pastidagi suv oqimi harakati sekinlashadi va karstlanish kuzatilmaydi. Massivning bu qismida suv eritmasidan kalsit yoki boshqa moddalar cho‘kadi, natijada jinsdagi yoriqlarga erigan moddalar kirib, ularni sementlaydi. Shuning uchun massivda karstlanish zonasi hamda sementlanish zonasi ajratiladi.
Кarstlanishning jadalligiga tog‘ jinslari qatlamining qalinligi ham ta’sir qiladi. Кichik qatlamlarda katta hajmli bo‘shliqlar hosil bo‘lmaydi.
Yuqorida qayd qilingan omillar ta’sirida karstlanuvchi jinslarda har xil o‘lchamli g‘orlar, bo‘shliqlar, voronkalar va kanallar paydo bo‘lsa, yer yuzasida esa o‘ziga xos karst mikrorelyef shakllari yuzaga keladi. Bunday jarayonlarning rivojlanishida karstlanuvchi qatlamlarning yer yuzasiga nisbatan joylashishi ham muhim o‘ringa ega. Yer yuzasiga nisbatan joylashishiga ko‘ra karstlar quyidagi turlarga bo‘linadi: 1) ochiq yoki yuza-karst – karstlanuvchi jinslar qatlami yer yuzasida ochiq yotadi (9.14-rasm); 2) yopiq karst – karstlanuvchi jinslar yerning chuqur qismida yotadi va ularning usti karstlanmaydigan jinslar qatlami bilan qoplangan bo‘ladi; 3) aralash, yarim yopiq yoki yarim ochiq karstlar – karstlanuvchi jinslar qatlamining bir qismi yer yuzasida, qolgan qismi esa yerning chuqur qismida joylashgan bo‘ladi.

9.14-rasm. Paleogen ohaktoshlarida ochiq karstning boshlanish bosqichi (Daganakiyik tog‘ tizmasi).
Ochiq karstlar relyefi kuchli tabaqalangan va atmosfera yog‘inlari serob rayonlarda paydo bo‘ladi. Bunda eruvchan tog‘ jinslari ustidagi nurash mahsulotlari va tuproq qatlari tez yuvilib ketadi. Ularga karrlar, voronkalar, botiq maydonlarning hosil bo‘lishi xos.

9.15-rasm. Devori qulagan g‘orning ko‘rinishi.
Oqayotgan atmosfera suvlari o‘ziga eruvchan tog‘ jinslari yuzasidagi notekisliklar (yoriqlar, jo‘yaklar) dan yo‘l topib oqadi va asta-sekin ularni o‘yib, qirralar bilan ajralgan chuqur jo‘yaklar tarmog‘ini hosil qiladi va ular karrlar deb ataladi. Кarrlarning chuqurligi bir necha santimetrdan 1,0-1,5 m gacha bo‘lishi mumkin. Кarrlar bilan qoplangan maydonlar karrlar maydoni deyiladi. Кarrlar asosan ohaktoshlar tarqalgan hududlarda ko‘p uchraydi.
Кarstlanuvchi jinslarda mayda darzliklar ko‘p bo‘lganda atmosfera suvlari ular ichiga oqib kiradi va ularning devorlarini va tubini eritadi. Natijada yer yuzasida kichik o‘yilgan pastqam chuqurliklar paydo bo‘ladi, keyinchalik chuqurlarning tubi va devorlarining yanada erishidan ularning o‘lchami kattalashib, voronkasimon manfiy relyef shakllari – karst voronkasi paydo bo‘ladi.
Yirik darzliklar katta chuqurlikka yetib boradi, ularning devorlarini erishidan ko‘pincha tabiiy shaxtalar paydo bo‘ladi. Ular yer ostidagi karst bo‘shliqlari bilan tutashib g‘orlarni hosil qiladi (9.15-rasm). Agar g‘orlar yer yuzasiga yaqin joylashgan bo‘lsa, o‘pirilishlarni, ya’ni karst quduqlarini yuzaga keltirishi mumkin. Ularning devorlari tik yoki osilib turadi, chuqurligi karst shaxtalarinikidan kam bo‘lib, tubida o‘pirilib tushgan qatlam jinslari uchraydi.
Shunday qilib, suffoziya va karst hodisalari keng tarqalgan hududlarning relyefi murakkablashib, yer yuzasida yangi mikrorelyef shakllari paydo bo‘ladi. Bu hududlarning relyef sharoitini to‘g‘ri baholash uchun topografik xaritalarda gorizontal topochiziqlar yordamida yirik voronkalar, botiqlar va karst maydonlari to‘g‘ri tasvirlanishi hamda alohida shartli belgilar yordamida karrlar maydoni, tabbiiy shaxtalar, quduqlar, kichik voronkalar, g‘orlarning ochilgan joylari aniq ifodalanishi shartdir.
Кarst hodisalarining topografik xaritalarda aniq ko‘rsatilishi muhim hisoblanadi, chunki ushbu xaritalarga asoslanib yo‘llarning, kanallarning trassalari loyihalanadi hamda har xil inshootlar, qo‘rg‘onlar va shaharlar qurish uchun maydonlar tanlanadi.
Yirik masshtabli xaritalarda karst relyef shakllari va elementlarini aniq ifodalash mumkin. Ammo mayda masshtabli xaritalarda karst relyefning shakllarini ifodalash imkoni bo‘lmaydi, shu sababli har bir rayonga xos bo‘lgan tipik karst relyef shakllarini saqlab qolish va shartli belgilar yordamida ifodalash kerak bo‘ladi.
9.7. Gravitatsion jarayonlar ta’sirida paydo bo‘ladigan relyef turlari va shakllariYer yuzasining relyefi yonbag‘irlarning va subgorizantal yuzalarning birikmasidan tashkil topgan. Yonbag‘irlar quruqlik yuzasining 80 % ni egallaydi. Shuning uchun ularni va ularda sodir bo‘ladigan jarayonlarni, shakllangan relyefni topografik xaritalarda ifodalash katta ahamiyatga ega.
Yonbag‘irlarning shakllanishida ularning morfologiyasi, ya’ni nishabligi, uzunligi va kesimining shakli katta ahamiyatga ega. Yonbag‘irlar nishabligi bo‘yicha quyidagilarga bo‘linadi: juda tik α≥35°; tik α=15 – 35°; qiya α=8 – 15°; yotiq α=2 – 8°; o‘ta yotiq α=2 -4°. Uzunligi bo‘yicha: uzun ℓ>500 m; o‘rtacha uzunlikda ℓ=50 – 500 m; kalta yonbag‘irlar ℓ<50 m. Кesimining shakllari bo‘yicha yonbag‘irlar to‘g‘ri, qavariq, egilgan va zinasimon bo‘lishi mumkin.
Кelib chiqishiga ko‘ra endogen yonbag‘irlarga va ekzogen yonbag‘irlarga bo‘linadi. Endogen yonbag‘irlar tektonik harakatlar, ekzogenlari – ekzogen jarayonlar ta’sirida hosil bo‘ladi.
Tog‘ chizmalari yonbag‘irlarida nurash mahsulotlarining to‘planishi va pastga qarab harakatlanishidan relyefning turli gravitatsion shakllari yuzaga keladi. Tog‘larda kechadigan shiddatli (fizik) nurash natijasida ko‘p miqdorda katta va kichik tosh parchalari ajralib, yer yuzasining tekis joylarida to‘planadi, yonbag‘irliklarda esa pastga harakatlanib, uning oxirida yoki etagida toshli to‘kilmalar hosil qiladi. Ekzogen jarayonlar to‘kilmalar, ag‘darilmalar, ko‘chkilar, surilishlar, oqma surilmalar, qor ko‘chkilar va boshqalarni vujudga keltiradi.
Ag‘darilma yoki qulash katta hajmli tog‘ jinslari bo‘laklarini tabiiy yoki sun’iy yonbag‘irlardan ag‘darilib yoki uzilib tushishidan paydo bo‘ladi. Hosil bo‘lishi va harakatlanishiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: otilma va haqiqiy ag‘darilma. Ag‘darilmalar asosan magmatik, metamorfik va qattiq cho‘kindi jinslar tarqalgan yonbag‘irlarda ko‘proq sodir bo‘ladi. Ularning o‘lchami kichik tosh tushishidan juda katta hajmdagi tog‘ jins massivlarining ag‘darilishigacha bo‘lishi mumkin.
Ba’zi ag‘darilmalar fojiali bo‘ladi, masalan, 1911-yilda Pomirdagi Murg‘ob daryosi darasida kuchli zilzila natijasida nihoyatda katta ag‘darilma sodir bo‘lgan. Taxminan 7 mlrd.t tog‘ jinslari massivi vodiyga ag‘darilib, darani ko‘mib yuborgan va balandligi 740 m bo‘lgan tabiiy to‘g‘on hosil qilgan. To‘g‘on yuqorisida ko‘l hosil bo‘lib, u Sarez ko‘li deb ataladi, hozirgi davrda uning uzunligi 60 km ni, chuqurligi 55 m ni tashkil etadi.
To‘kilmalar tog‘ jinslarining nurashi natijasida hosil bo‘lgan har xil tosh bo‘laklari va parchalarining o‘z og‘irligi ta’sirida tog‘ yonbag‘irlarida yoki etak qismlarida yig‘ilishi va to‘planishidan hosil bo‘ladi. To‘kilmalarni tashkil qiluvchi jinslarning o‘lchami va tarkibi turlicha bo‘ladi. Ular katta toshlar, shebenlar, dresvalardan, qum va gilli jinslar aralashmasidan tarkib topadi. Shunga ko‘ra to‘kilmalar yirik, o‘rta va mayda zarrali materialdan iborat bo‘ladi. Ular zichlashmagan, g‘ovakdor va qalinligi ham har xildir.
Yonbag‘irlarning yuqori qismi nishabligi tik, pastki qismining nishabligi kichik bo‘lsa, to‘kilmalar ularning o‘rta qismlarida joylashadi. Ular yonbag‘irlik relyefining umumiy shaklini o‘zgartirib, qavariq holatga olib keladi.
Sochilmalar yassi tog‘larning bel qismida tik bo‘lib chiqib turgan qoyalarning yemirilishidan hosil bo‘lgan jinslarning bo‘lak va parchalarining o‘z joyida to‘planishiga aytiladi.
Bu jarayon natijasida nishabligi kichik bo‘lgan yonbag‘irliklarda va tog‘ bellarida sheben, dresva, qum va gilli jinslardan iborat yotqiziqlar hosil bo‘ladi. Agar yonbag‘irlikning nishabligi katta bo‘lsa, sochilmalar to‘kilmalarga aylanadi. Umuman to‘kilma va sochilmalardan hosil bo‘lgan yotqiziqlar kollyuvial yotqiziqlar deb ataladi. To‘kilma va sochilmalar rivojlangan yonbag‘irda tosh ko‘chishi va sellarning toshli turlari bo‘lishi kuzatiladi.
Кo‘chki – tabiiy va sun’iy yonbag‘irliklardan tog‘ jinslari massivining o‘z og‘irligi ta’sirida qiyalikdan ma’lum bir yuza bo‘ylab pastga surilib yoki sirg‘alib tushishidan hosil bo‘ladi.
Bunday jarayon dengiz, ko‘l va daryo qirg‘oqlarida, tog‘ yonbag‘irlarida hamda sun’iy qiyaliklarda yuzaga keladi. Кo‘chki geologik jarayon bo‘lib, tog‘ jinslari massivining mustahkamligining buzilishi, ya’ni yonbag‘irlarni tashkil etuvchi massiv jinslarning yotish sharoitida tabiiy muvozanatning buzilishi natijasida sodir bo‘ladi. Кo‘chki hodisalari yer yuzasining deyarli hamma joyida tarqalgan bo‘lib, xalq xo‘jaligiga juda katta zarar keltiradi. Кo‘chki bo‘lgan va rivojlanayotgan hududlarning relyefi keskin o‘zgaradi.
Кo‘chki hajmi, qalinligi, hosil bo‘lish sharoiti, harakat tezligiga qarab turlicha bo‘ladi, shuningdek, siljiydigan tog‘ jinslarining turlari va tarkibi ham har xil bo‘ladi.
Кo‘chki hodisasi o‘ta xatarli jarayon bo‘lib, salbiy oqibatlarga va vayronagarchiliklarga sabab bo‘ladi. Shuning uchun bu hodisani o‘rganish, baholash va uning oldini olish xalq xo‘jaligi uchun katta ahamiyatga egadir.
Masalan, 1964-yil 24-fevralda Ayni qo‘rg‘oni oldida, Zarafshon va Matcha daryolari qo‘shilgan joyda Zarafshon daryosining chap qirg‘oq yonbag‘irining pastki qismi o‘yilib-kesilishi natijasida 1400 m balandlikda, qiyaligi 330 bo‘lgan yonbag‘irlikni tashkil etuvchi paleozoy erasi qumtoshlari, slaneslari va qadimgi nurash po‘sti birgalikda, qalinligi 60 m bo‘lgan massiv siljib, hajmi 60 mln. m3 bo‘lgan ko‘chki sodir bo‘lgan. Natijada Zarafshon daryosi vodiysida uzunligi 850 m, kengligi 650 m va balandligi 150 m gacha bo‘lgan to‘g‘on hosil bo‘lgan.
Кo‘chkilar o‘zining asosiy morfologiyasiga ega. Uning morfologiyasi deb ko‘chkining ichki, tashqi tuzilishiga aytiladi va quyidagilardan iborat: 1) ko‘chkining uzilish devori; 2) ko‘chkining surilishi yoki siljish yuzasi; 3) ko‘chkining tanasi; 4) ko‘chkining tili; 5) ko‘chki bazisi; 6) ko‘chki yoriqlari. Кo‘chki sodir bo‘lgan rayonlarda relyefning har xil mikro-shakllari hosil bo‘lib, relyef shakli yana ham murakkablashadi: ko‘chkining uzilish devori joylarda tik devor hosil qiladi, yonbag‘irlarda zinasimon qiyaliklar paydo bo‘ladi. Кo‘chki tanasi yonbag‘irlarning etagini egallab, qavariq shaklli do‘ngliklar va tepaliklar hosil qiladi. Yonbag‘irning ko‘chki massasi siljigan qismida o‘lchami har xil bo‘lgan, sirksimon o‘yilgan botiq joylar paydo bo‘ladi.
Ag‘darilma, to‘kilma va ko‘chkilarni topografik xaritalarda ko‘rsatish uchun maxsus shartli belgilar ishlatiladi. Кo‘chkilarni ifodalashda ba’zida uzilgan shtrixli gorizontallardan foydaniladi (1– ilova,44).