Электронная библиотека » Ю. Иргашев » » онлайн чтение - страница 7


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 08:20


Автор книги: Ю. Иргашев


Жанр: География, Наука и Образование


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 7 (всего у книги 16 страниц)

Шрифт:
- 100% +
7.4. Relyef yoshi va rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari

Relyef hosil bo‘lgandan hozirgi ko‘rinishgacha sarf etilgan vaqt relyef yoshi deb ataladi. Bunday yosh hozirgi vaqtdagi va relikt (qadimgi davrlar qoldig‘i sifatida saqlanib qolgan) relyeflarga tegishli bo‘lib, ular relyefning hozirgi tuzilishida ishtirok etadi. Hozirgi vaqtdagi relyef paydo bo‘lganidan boshlab rivojlanib kelgan va ushbu ko‘rinishga ega bo‘lgan.

Tog‘ jinslari kabi, relyef yoshi ham ikki xil – absolyut va nisbiy bo‘ladi.

Relyefning absolyut yoshi – relyefning akkumlyativ shakli uchun uni tuzuvchi tog‘ jinslarining absolyut yoshi va yillarda hisoblanadigan shakllarning o‘zaro nisbati bilan belgilanadi.

Biron – bir yer yuzasining yoshini bilish uchun, avvalo uni tashkil etuvchi tog‘ jinslarining yoshi aniqlanadi. Masalan, Ustyurt platosining yuzasi neogen davrining kontinental yotqiziqlaridan tarkib topgan va ularning yoshi paleontologik usul bilan aniqlangan. Demak, bu yuza dengiz qaytgach ko‘p asrlar o‘tgandan so‘ng, ya’ni neogen davrining oxirida paydo bo‘lgan. Shu yuzada paydo bo‘lgan relyefning hamma turdagi shakllari (masalan, uni kesib o‘tuvchi jarlar, shamol deflatsiyasi va boshqalar ta’sirida hosil bo‘lgan tepaliklar, do‘ng yerlar, barxanlar va b.) asosiy relyef yoshiga nisbatan olinadi va bunday relyef yoshi nisbiy yosh deb ataladi.

Relyefning nisbiy yoshi asosan organik qoldiqlar yoki turli yoshdagi jinslar va shakllar nisbati bo‘yicha aniqlanadi va davr, zamon, asrlarda hamda vaqtning qisqa bo‘laklarida ifodalanadi. Ustyurt platosining yuzasini shakllantiruvchi kichik va mayda relyef shakllarining aniqlangan yoshi yotqiziqlarni taqqoslash hamda relyef yoshi chegarasini belgilash usullari bilan aniqlanadi.

Relyef yoshi Markov tomonidan taklif etilgan bir nechta metodlar yordamida aniqlanadi:

1. Relyefning akkumlyativ yoshi bo‘yicha: a) relyefni tuzuvchi jinsning yoshi bo‘yicha, agar uni aniqlab bo‘lmasa, unga o‘xshash jinslar yoshi bo‘yicha aniqlanadi, bu ish fatsial solishtirish metodi bilan belgilanadi; b) yosh chegarasini aniqlash metodi bo‘yicha relyef shakli ostidagi uni ko‘mib yoki unga yondoshib yotgan jinslarning yoshini aniqlashga asoslanadi.

2. Skulptura shaklidagi relyeflar yoshi quyidagicha aniqlanadi: a) yosh chegarasini aniqlash – ushbu shakldagi relyefni tuzuvchi va uni ko‘mib yoki unga yondashib turgan jinslarning yoshini aniqlash; b) skulptura relyefi bilan bir vaqtda paydo bo‘lgan yotqiziqlarni taqqoslash metodi.

Jar rivojlanishi davomida uning yonbag‘irlari yemiriladi va yemirilgan mahsulotlar yuvilib, jar tugaydigan joylarga oqizib ketiladi va o‘sha joyda yig‘iladi. Demak, jarning yoshi geologik usul bilan aniqlangan yotqiziqlarning yoshiga to‘g‘ri keladi. Shamol ta’sirida hosil bo‘lgan eol tipidagi relyeflar yoshining pastki chegarasi, shu yotqiziqlar tagidagi qadimgi tog‘ jinslari qatlami yoshi bilan teng deb hisoblanadi. Agar tepalik ustida qo‘rg‘on tipidagi shakl barpo etilgan bo‘lsa, bu qo‘rg‘onning paydo bo‘lish vaqti relyef yoshining yuqori chegarasiga to‘g‘ri keladi.

Qoplama yotqiziqlar ostidagi jinslar ko‘p yillar davomida yemirilishdan saqlanib qoladi. Agar ushbu yotqiziqlarning yoshi aniq bo‘lsa, ularning ustidagi qoplama yotqiziqlarning yoshini aniqlash mumkin bo‘ladi. Bunday yuza va uning relyef yoshi saqlangan yosh deb ataladi.

Yer sayyorasining quruqlik qismlarida muzliklar davrida paydo bo‘lgan qadimgi relyef shakllari mavjud. Bunday relyeflar relikt, ya’ni qadimgi relyef deb ataladi. Ular qadimgi relyef paydo bo‘lgan zamonlardan hozirgi vaqtgacha saqlanib qolganligi sababli, ular relyefning qadimgi qoldiqlari deb ataladi. Bu terminni boshqa holatlarda ham ishlatish mumkin. Masalan, hozirgi davrda oqayotgan daryo suvlari qadimgi davrlarda hosil bo‘lgan vodiylar ustida harakatlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Geomorfologiyada – «yosh», «o‘rta yosh», «qadimgi» kabi tushunchalar relyefning geologik yoshini emas, balki relyefning rivojlanish bosqichini ta’riflaydi. Masalan, tez rivojlanayotgan jar yosh jar deyilsa, rivojlanishdan, o‘sishdan to‘xtagan jar qadimgi jar deb ataladi.

VIII bob. ENDOGEN JARAYONLAR VA ULAR TA’SIRIDA PAYDO BO‘LADIGAN RELYEF SHAKLLARI VA TURLARI
8.1. Yer po‘stidagi harakatlarning relyef hosil bo‘lishidagi ahamiyati

Yer po‘stidagi harakatlarning va ular ta’sirida hosil bo‘lgan jinslarning yotish shakllarini geotektonika fani o‘rganadi. Yer po‘stida tabiiy sharoitlarda, yerning ichki energiyasi ta’sirida sodir bo‘ladigan va litosfera tuzilishini o‘zgartiradigan harakatlar tektonik harakatlar deb ataladi.

Tektonik harakatlarning paydo bo‘lish vaqti (davri), Yer po‘stining tuzilishi, relyefga ta’siri va yo‘nalishiga ko‘ra xilma-xil tasniflanadi. Tektonik harakatlar paydo bo‘lgan vaqti (davri) ga ko‘ra qadimgi va hozirgi davr harakatlariga bo‘linadi. Qadimgi (paleotektonik) harakatlar uzoq davom etgan geologik etapga taalluqli bo‘lib, neogen davrigacha bo‘lgan harakatlarni o‘z ichiga oladi. Eng yangi tektonik harakatlar neotektonik harakatlar deb atalib, ularga neogendan hozirgi davrgacha bo‘lgan harakatlar kiradi; hozirgi zamonda davom etayotgan va rivojlanayotgan harakatlar hozirgi zamon harakatlari deb ataladi. Tektonik harakatlar Yer yuzasi relyefida o‘z aksini topadi.

Harakat tezligining Yer po‘sti tuzilishiga va relyefiga ta’sir etish darajasiga ko‘ra tektonik harakatlar ikkiga bo‘linadi:

1. Yer po‘stining katta qismini asta-sekin va uzoq vaqt davomida vertikal yo‘nalishda ko‘tarilishi yoki cho‘kishi natijasida dengizlar regressiyasi (chekinishi) yoki transgressiyasi (bosib borishi) sodir bo‘ladi. Bunday harakatlar epeyrogenik harakatlar deb ataladi.

2. Baland tog‘lar va tog‘ tizmalarini hamda chuqur cho‘kmalarni hosil qiladigan, Yer po‘sti va uni tashkil etuvchi tog‘ jinslari qatlamlarining murakkab deformatsiyalaydigan, shiddatli va tez sodir bo‘ladigan tektonik harakatlar orogenik harakatlar deb ataladi. Tog‘lar va kuchli burmalanishlar hosil qiluvchi tektonik harakatlar yerning tarixiy taraqqiyoti davomida uch marta sodir bo‘lganligi va yer yuzasida katta o‘zgarishlar qilganligi ma’lum. Bunday harakatlardan birinchisi kaledon sikli bo‘lib, paleozoy erasining boshlarida kembriy va silur davrlarida (bundan 435-570 mln. yil avval) paydo bo‘lgan. Bu siklga taalluqli bo‘lgan tog‘li hududlar Shotlandiya, G‘arbiy Skandinaviya, Grenlandiya, Zabaykale rayonlarida, Markaziy Osiyo va boshqa joylarda uchraydi. Gersen sikli paleozoy erasining perm va mezozoy erasining trias davri boshlarida (bundan 230-285 mln. yillar oldin) paydo bo‘lib, bu tog‘ hosil qiluvchi harakatning ikkinchi fazasi hisoblanadi. Ural, Oltoy, Tyan-shan, Donbass tog‘lari hududi shu davrda paydo bo‘lgan.

Yer taraqqiyotining uchinchi alp sikli bundan 65 mln. yil avval, kaynozoy erasining paleogen davri oxirlarida sodir bo‘lgan. Bu davrda ko‘tarilish harakatlari yerning katta-kichik maydonlarida yuzaga kelib, Alp, Кarpat, Кavkaz, Кopetdog‘, Pomir, Himalay, Кamchatka tog‘lari va Кuril orollari paydo bo‘lgan. Bular eng yosh tog‘lar hisoblanadi, Alp tog‘ining paydo bo‘lish jarayoni neogen davrining oxirlarida (bundan 2-5 mln. yil avval) bir oz susaygan bo‘lsada, bu harakatlar hozirgi kungacha davom etib kelmoqda.

Epeyrogenik va orogenik harakatlar Yer po‘stida har xil o‘lchamli geologik strukturalarni hosil qilgan. Bulardan eng kattalari va asosiylari ikkiga bo‘linadi: platforma va geosinklinal. Bu strukturalar tuzilishi va ulardagi relyefning paydo bo‘lishi, shakllari, tipi va turlari bilan birbiridan keskin farq qiladi.

Platforma – Yer po‘stining sust harakatlanadigan qismi bo‘lib, geosinklinallarning aksi hisoblanuvchi, kontinentning asosiy struktura elementi hisoblanadi. Maydoni yuz ming km2 dan bir necha million km2 gacha yetadi. Platforma tuzilishi ikki qavatdan iborat. Pastki qavat (poydevor) magmatik, metamorfik va vulqon jinslaridan tarkib topgan. Yuqori qavat (platforma qoplamasi) cho‘kindi, ba’zan vulqon jinslaridan tuzilgan.

Platforma oblastlariga quyidagilar misol bo‘la oladi: Sharqiy-Yevropa (Rossiya), G‘arbiy Sibir, Turon va Sibir platformalari. Ular juda keng va katta maydonlarni egallaydi. Platformaning yuqori qavati gorizontal yotgan cho‘kindi tog‘ jinslaridan tarkib topgan bo‘lib, qalinligi 3,0-7,0 km dan 9 km gacha, ayrim joylarda undan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Platformaning yirik strukturasi sifatida plitalar va qalqonlarga ajratiladi. Platformaning yuqori qavati bo‘lmagan qismlarida kristall massiv jinslar uchraydi. Ular yer yuzasiga chiqib tursa qalqon deb ataladi (masalan, Boltiq, Ukraina, Кanada qalqonlari va hokazo). Plitalar platformalarning eng yirik manfiy strukturasi bo‘lib, qalqon bilan fleksuralar va katta masofaga cho‘zilgan monoklinallar orqali ulanadi, odatda, ular ikki yarusli tuzilishga ega.

Platformalarda tektonik harakatlar vertikal ko‘tarilishlar sifatida kuzatilib, vulqon jarayonlari kam rivojlangan bo‘lishi yoki umuman uchramasligi mumkin, seysmik jarayonlar deyarli kuzatilmaydi.

Platforma relyefining tuzilishi va shakli Yer po‘stining chuqur strukturalari bilan bog‘liq bo‘lib, ular asosan keng past tog‘lar, balandpasttekisliklar va botiq vodiylardan iboratdir.

Geosinklinal – Yer po‘stining yirik, harakatchan uchastkalari bo‘lib, bir-biridan keskin farq qiladigan geodinamik kuchlanishlar sodir bo‘ladigan, qalin (10-20 km) yotqiziqlar to‘planadigan, magma va metamorfizm jarayonlari o‘ta shiddatli kechadigan joylardir. Ularga Yer po‘stining bir yo‘nalishida cho‘zilgan, yoysimon bukilgan yoki koshinkor tuzilgan qismi kiradi. Bunday joylarni paydo bo‘lishi va rivojlanishi chuqur uzilmalar bilan bog‘liq bo‘lib, o‘z taraqqiyotining dastlabki bosqichida kuchli bukilish (geosinklinal bosqich) yuzaga keladi. Rivojlanishning oxirgi bosqichida ko‘tarilish (orogen bosqich) va tog‘ hosil bo‘lish jarayonlari ustunlik qiladi. Shunday qilib, geosinklinal Yer po‘stining asosiy geotektonik elementlaridan biri bo‘lib, platformaning qarama-qarshi holatini (aksini) tasvirlovchi serharakat joyi hisoblanadi, odatda ular ikki yarusli tuzilishga ega bo‘lib, quyidagi xususiyatlari bilan platformadan ajralib turadi: cho‘kindi jins fatsiyalarining birin-ketin tuzilishi, burmalanish jarayonining jadalligi, magmatik harakatlarning hamda geokimyoviy jarayonlarning shiddatli kechishi; o‘ziga xos ruda konlarining paydo bo‘lishi; juda baland yoki o‘ta chuqur botiqli murakkab relyef shakllarini, tiplarini hosil bo‘lishi va hokazo.

Geosinklinal oblastlarga Alp, Кarpat, Qrim, Кavkaz, Pomir va Himolay tog‘lari; Tinch okean qirg‘oqlari va burmali-tog‘ inshootlar kiradi. Bunday oblastlar o‘zining faol tektonik harakatlari, yuqori seysmikligi va vulqon jarayonlarining jadalligi bilan ajralib turadi.

8.2 Tektonik harakatlar, ularning turlari, shakllari va relyefga ta’siri

Geosinklinal oblastlarda turli-tuman kuchli tektonik harakatlar yuzaga kelishi sababli gorizontal holda yotgan qatlamlar burmalanadi, egiladi va ayrim joylaridan uziladi. Natijada burmalanishlar va burmalarning uzilishlari sodir bo‘ladi. Shunga ko‘ra tektonik harakatlar asosan uch turga bo‘lindi:

1) tebranma harakatlar – Yer po‘stining ma’lum qismlari asta-sekin ko‘tariladi va pasayadi, natijada juda katta ko‘tarilmalar va botiqlar hosil bo‘ladi; 2) burmalovchi harakatlar – gorizontal yotgan qatlamlarni egibbukib, Yer po‘stidagi qatlamlarni burmalaydi; 3) uzilmali harakatlar – tog‘ jinslari qatlamlari va massivlari tektonik kuchlar ta’sirida uzilib, ularda yoriqlar hosil bo‘ladi, yoriqlar bo‘yicha qatlamlar bir-biriga nisbatan siljiydi.

Tebranma tektonik harakatlar. Platformalarning ayrim qismlari o‘n, yuz va ming yillar davomida ko‘tariladi hamda buning hisobiga uning ikkinchi bir qismi pasayadi yoki cho‘kadi. Geologik vaqt davomida ko‘tarilish cho‘kish (pasayish) bilan almashinib turadi yoki buning aksi bo‘lishi mumkin. Tebranma harakatlar tog‘ jinslarining birlamchi yotish sharoitini o‘zgartirmaydi, lekin hozirgi davrdagi relyef tuzilishi, shakli va elementlarini o‘rganishda katta ahamiyatga egadir. Bu harakatlar natijasida quruqlik bilan dengiz chegarasining holati o‘zgaradi, daryo suvlarining yuvish xususiyati kamayadi yoki aksincha, kuchayadi, relyef shakllari o‘zgaradi va h.k. Yer po‘stining tebranma harakatlari quyidagi uch turga bo‘linadi:

1) qadimgi geologik davrlardagi tebranma harakatlar; 2) to‘rtlamchi davr bilan bog‘liq bo‘lgan yangi tebranma harakatlar; 3) hozirgi zamondagi va rivojlanayotgan tebranma harakatlar.

Geomorfologik nuqtayi nazardan zamonaviy tebranma harakatlarni o‘rganish muhim, chunki bunday harakatlar natijasida yerning ma’lum bir qismi yuzasining balandligi o‘zgaradi. Bunday harakatlar tezligini aniq baholash uchun o‘ta aniqlikdagi geodeziya o‘lchashlari qo‘llaniladi. Zamonaviy tebranma harakatlar geosinklinal rayonlarni keng qamrab oladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, 1920-yildan 1940-yilgacha O‘zbekiston Republikasida Chinozdan Кogongacha bo‘lgan oraliqdagi maydonlar yiliga 13-15 mm, Amudaryoning o‘rta oqimi rayonlari 10 mm, Gurlan – Xo‘jayli rayoni 10,5-11,5 mm ga ko‘tarilayotganligi aniqlangan.

Zamonaviy tebranma harakatlar ta’sirida bo‘ladigan yillik ko‘tarilishlarning o‘rtacha miqdori bir necha millimetrga teng, ammo yiliga 10-20 mm dan 30 mm gacha ko‘tariladigan joylar ham uchraydi. Bunday joylar tez ko‘tarilayotgan mintaqa hisoblanadi.

Yevropa hududining ba’zi bir uchastkalarining cho‘kishi davom etmoqda; masalan, Moskva-3,7 mm/yil; Sankt-Peterburg-3,6 mm/yil; Sharqiy Кavkazoldi hududi – 5-7 mm/yil. Gollandiyaning ba’zi bir rayonlari (40-60 mm/yil), Dat bo‘g‘ozi (45-20 mm/yil), Fransiya va Bavariya (30 mm/yil) miqdorda cho‘kmoqda. Skandinaviyada esa ko‘tarilishlar (25 mm/yil) kuzatilmoqda, Stokgolm shahri oxirgi 50 yilda 190 mm ga ko‘tarilgan.

Yangi va zamonaviy tektonik harakatlarni neotektonika fani o‘rganadi. Zamonaviy tebranma harakatlarni o‘rganish nafaqat Yer po‘stining relyefini o‘rganish uchun, balki insoniyatning hozirgi davrdagi injenerlik – xo‘jalik faoliyati uchun ham katta ahamiyatga ega. Chunki, Yer yuzasining ma’lum qismlarining ko‘tarilishi va pasayishi dengiz va daryo qirg‘oqlarining jadal yemirilishiga, tog‘ yonbag‘irlarida ko‘chki, surilish, yuvilish va boshqa fizik – geologik jarayonlarning keskin rivojlanishiga olib keladi, bular esa yer relyefining murakkablashtiruvchi muhim omillardir.

Dislokatsion tektonik harakatlar. Cho‘kindi tog‘ jinslari asosan gorizontal yoki bir oz qiya holatda yotqiziladi. Bunday holat Yer po‘stining tebranma harakatida ham qariyb o‘zgarmay saqlanib qoladi. Lekin geosinklinal oblastlarda Yer po‘stining jadal harakatlanishi natijasida tog‘ jinslari qatlamlarining gorizontal holati buziladi, o‘zgarishlarga duchor bo‘ladi, ya’ni burmalanadi, ba’zan uziladi. Bunday jarayon tog‘ jinsi qatlamining dislokatsiyasi deb ataladi. Dislokatsiyalar tektonik harakatlarning ko‘rinishiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: 1) burmalanishli; 2) uzilmali dislokatsiyalar.

Burmalanishli dislokatsiyalar – burmalanishlar qatlamlarning yaxlitligi buzilmasdan bukilishi natijasida hosil bo‘ladi. Bukilmalar bukilish jarayonida yer qobig‘idagi massaning gorizontal yo‘nalishda harakatga kelishi va siljishi natijasida paydo bo‘ladi, uzilmay rivojlanadi. Bu ularning asosiy xususiyati hisoblanadi. Burmalanishli dislokatsiyalarning asosiy shakllariga monoklinal, fleksura, antiklinal va sinklinallar (8.1-rasm) misol bo‘la oladi.

Monoklinal – eng sodda burma shakli bo‘lib, qatlamlar cho‘ziqligi bo‘yicha bir xil qiyalanadi, ya’ni qatlamalar bir xil burchak ostida bir tomonga egiladi. (8.1-rasm.10)



8.1 -rasm. Burma turlari: 1– to‘liq (normal); 2– izoklinal; 3– qutisimon; 4– to‘g‘ri; 5– qiyshaygan; 6– qiyalangan; 7– yotiq; 8– ag‘darilgan; 9– fleksura; 10– monoklinal.


Fleksura – monoklinal yoki gorizontal yotgan qatlamlarning tirsakli, zinapoyasimon egilishi. Uning ko‘tarilgan va botgan ikki qanoti qiya yoki deyarli gorizontal yotgan bo‘lib, bir-biri bilan qatlamlarning vertikal enkayishi orqali birlashadi (8.1– rasm, 9).

Antiklinal – qatlamlangan cho‘kindi, effuziv, metamorfik jinslarning gumbazsimon yotish shakli. Tektonik burmalanishga uchragan qatlamlarning yuqoriga va pastga qarab bukilishidan hosil bo‘ladi. Uning markaziy qismi, ya’ni yadrosi qadimgi jinslardan, qanotlari esa yosh jinslardan tashkil topadi (8.2-a-rasm).

Sinklinal – egilgan qatlamning qavariq tomoni pastga qaragan bo‘ladi (8.2.b-rasm). Sinklinal yadrosi yosh jinslardan, qanotlari qadimgi jinslardan tashkil topgan.


8.2-rasm. To‘liq burma (a) va burma elementlari (b):

1-antiklinal; 2– sinklinal.


Burmalarning elementlariga quyidagilar kiradi: qanot – burmaning ikki tomonga ko‘tarilgan yoki pasaygan yon tomonlari; qulf – ikki qanotning o‘zaro ulangan joyi; burma o‘qi tekisligi – burma qanotlari o‘rtasidagi burchakni teng ikkiga bo‘luvchi yuza; burma o‘qi – burma o‘qi tekisligi bilan gorizontal yuza kesishgan chiziqlar.

Burmalar juda kamdan-kam hollarda bittadan uchraydi, ularning bir nechtasi bir necha kombinatsiyada tarqalgan bo‘ladi. Agar oddiy antiklinal va sinklinallar birlashib, umumiy ko‘tarilishni barpo etib, bir necha yuzlab kilometrga cho‘zilib, yirik burmalarni hosil qilsa, ular antiklinoriya deb ataladi. Agarda buning teskarisi bo‘lsa, ya’ni pasayib yirik strukturalar hosil qilsa, sinklinoriya deb ataladi.

Burmali dislokatsiya ta’sirida juda yirik, musbat va manfiy shaklli relyeflar hosil bo‘ladi (8.3-rasm).


8.3-rasm. Burmalangan hududlarda relyef shaklining ko‘rinishi.


Uzilmali dislokatsiyalar. Jadal, keskin tektonik harakatlar natijasida jins qatlamlarining yaxlitligi buzilib uziladi, yoriq hosil bo‘ladi, uzilgan qismlar bir-biriga nisbatan joy o‘zgartirib siljiydi. Qatlamlarning bir-biriga nisbatan siljishi yoriq tekisligi bo‘yicha sodir bo‘ladi. Siljish amplitudasi bir necha santimetrdan kilometrgacha bo‘lishi mumkin.

Uzilmali dislokatsiya shakllariga quyidagilar kiradi: sbros, vzbros, sdvig, nadvig, graben, gorst (8.4 -rasm).


8.4-rasm. Uzilmali dislokatsiyalar: a,b-sbros (tashlama-uzilma); d-vzbros (ko‘tarilma-uzilma); e-sdvig (siljima); f-graben; g-gorst; 1-qatlamning siljimagan qismi; 2-qatlamning siljigan qismi; P-Yer yuzasi; R-qatlamning uzilish tekisligi.


Sbros (tashlama – uzilma) – qatlarning qiyalanib, yoriq bo‘ylab uzilib, pastga siljishi. Sbrosning og‘ish burchagi 600 dan 900 gacha bo‘lishi mumkin. Sbros oddiy (bir tashlagichli, 8.4-rasm, a) va murakkab (bir necha tashlagichli, 8.4-rasm, b) bo‘lishi mumkin. Vzbros (ko‘tarilma – uzilma) – qatlamlarning tik qiya uzilish tekisligi bo‘ylab yuqoriga siljishidan (ko‘tarilishidan, 8.4-rasm, d) hosil bo‘ladi. Uzilmaning siljish yorig‘i qiya bo‘lsa, vzbrosga o‘xshash bo‘ladi. U ham oddiy va murakkab bo‘lishi mumkin.

Nadvig (surilma) – tog‘ jinsi qatlamlari yotishining murakkab shakli. Surilma yotiq va ag‘darilgan burmalar qanotlarining siqilgan va yupqalashgan joylarining yorilishi va ularning bir qismi ikkinchisining ustiga surilishidan hosil bo‘ladi. Surilma natijasida yosh yotqiziqlar yuqoridan qadimiyroq jinslar bilan qoplangan bo‘lishi mumkin.

Sdvig (siljima) – tog‘ jinsi qatlamlarini yoriqlik tekisligi yuzasi bo‘yicha gorizontal yo‘nalishda siljishidan hosil bo‘ladi (8.4-rasm,e). Qatlam qanotlarining o‘zaro siljish yo‘nalishiga qarab, o‘ng (harakat soat millari bo‘ylab) va chap (harakat soat millariga qarama-qarshi) siljimalar yuzaga keladi. Qatlamlarning biri yoriq bo‘yicha ikkinchisiga nisbatan 100-500 km gacha siljishi mumkin. Talas – Farg‘ona siljimasi o‘ng siljimaga misol bo‘ladi. U 800 km dan ortiq masofaga cho‘zilgan.

Graben – Yer po‘stining sbros, ayrim hollarda vzbroslar bilan chegaralangan hamda unga tutashgan yoki qo‘shni maydonlarga nisbatan pastga cho‘kkan qismi (8.4-rasm, f). Graben ko‘pincha, gumbaz ko‘tarilmalar tuzilishini murakkablashtirib, Yer po‘stining ayrim bloklarining jadal cho‘kishidan yoki unga tutash uchastkalarning ko‘tarilishidan hosil bo‘ladi.

Gorst – grabenning teskari shakli bo‘lib, u planda cho‘ziq yoki doirasimon ko‘rinishga ega, ko‘ndalang kesim o‘lchami o‘nlab km ga, ko‘tarilish amplitudasi bir necha ming m ga boradi. Odatda gorstlar kuchli ko‘tarilish natijasida paydo bo‘lib, vzbros bilan chegaralanadi.

Yer po‘sti qatlamlarida rivojlanayotgan dislokatsiya, yer relyefida sezilar-sezilmas siljima yoriq sifatidagi yoki aniq ko‘rinuvchi katta sbros sifatidagi ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Uzoq davom etgan tektonik harakatlar natijasida juda katta tog‘ inshootlari: Pomir, Кavkaz, Alp va boshqa tog‘ tizmalari hosil bo‘lgan. Bunday hollarda tog‘ jinslari massivining bir qismi ko‘tarilib, katta gorstlarni hosil qilsa, boshqa qismi pasayib, grabenlarni vujudga keltiradi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 | Следующая
  • 4.3 Оценок: 3


Популярные книги за неделю


Рекомендации