Электронная библиотека » Ю. Иргашев » » онлайн чтение - страница 12


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 08:20


Автор книги: Ю. Иргашев


Жанр: География, Наука и Образование


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 12 (всего у книги 16 страниц)

Шрифт:
- 100% +
9.8. Qor va muzliklar ta’sirida paydo bo‘ladigan relyef turlari va shakllari

Qish mavsumida yer yuzasi katta yoki kichik qalinlikdagi qor bilan qoplanadi. Qorlar tekislik, adir, tog‘ yonbag‘ri, tog‘usti va boshqa joylarni egallaydi. Qor yumshoq massadan iborat bo‘lib, tog‘ jinslariga bosim bilan ta’sir etmaydi, ayrim hollardagina, relyefning o‘zgarishiga olib keladi. Bu hol qorning to‘planish sharoitiga, relyefning tuzilishiga, o‘simliklarga, shamolning kuchi va yo‘nalishiga, temperaturaga, ba’zan odamlar faoliyatiga bog‘liq bo‘ladi.

Tog‘larda va tog‘oldi adirlarida qorning relyef hosil qilish imkoniyatlari kuchli bo‘ladi. Tog‘ cho‘qqilari, yonbag‘irlari turli shakl va qiyalikda bo‘lib, chuqur vodiylar, chuqurliklar bilan kesilgan bo‘ladi. Tog‘larning cho‘qqilarida qorlar ko‘p to‘planadi, shamol ta’sirida uchirib ketiladi, muzlaydi va qattiq massaga aylanadi.

Tog‘larning tekis yonbag‘irlarida qor bir me’yorda joylashgan qatlamlar hosil qiladi, ko‘pincha ular bo‘shoq, sochiluvchan ko‘rinishda bo‘ladi. Tik yonbag‘irlarda, uzilish joylarida qor uyumlari turg‘un bo‘lmay, kuchli shamol, ovoz, o‘q otilishi, hayvonlarning sakrashi natijasida qor ko‘chkilari hosil bo‘ladi. Ulkan qor massalarining tik yonbag‘irlardan katta tezlikda pastga harakatlanishidan turli relyeflar hosil bo‘ladi. Qor ko‘chkilarining geologik ishini o‘rganish muhim ahamiyatga ega.

Qor ko‘chkilari quruq yoki ho‘l bo‘lishi mumkin. Agar qorning ustki qismi biroz muzlagan bo‘lib, uning ustiga qalin qor yog‘sa va ma’lum sabablarga ko‘ra pastga qarab siljisa, quruq ko‘chish hosil bo‘ladi. Bunday hollarda ko‘chkilar juda katta bo‘ladi. Bahor oylarida erigan qor suvining shimilib, qorning tagini ho‘llashi natijasida qor massasining turg‘unligi kamayib, pastga ag‘darilib tushishidan ho‘l ko‘chki hosil bo‘ladi.

Tog‘ning yuqori qismidan va yonbag‘ridan harakatlanayotgan qor ko‘chkilari vodiylarga va pastlik joylarga katta kuch bilan urilib zichlashadi va muzlaydi. Ular yozda ham qisman saqlanib qoladi, ba’zan ustiga keyingi yil ko‘chkilari tushib, hajmi ortib boradi. Bunday sharoitlar qorni erish chizig‘ining ustki qismida yuzaga keladi. Ushbu chiziq pastida qorlar yozda erib ketadi, yuqorisida esa ko‘payib boradi.

Muzlik ta’sirida paydo bo‘lgan relyef shakllari

Muzlik deb yerning quruqlik qismida qattiq atmosfera yog‘in (qor, do‘l) larining to‘plangan va qayta kristallangan, ma’lum shakl va o‘lchamga ega bo‘lgan, uzoq vaqt davomida mavjud bo‘lgan, doimo harakatlanib turadigan muz massasiga aytiladi. Muzliklarni glyasiologiya fani o‘rganadi.

Muzliklarning hosil bo‘lishi va ta’minlanishi quruqlikda qorning erish chizig‘idan yuqorida sodir bo‘ladi.

Yer yuzasida to‘planayotgan qor muzlik bo‘laolmaydi, uning muzga aylanishi uchun bir qator qayta o‘zgarishlar sodir bo‘lishi kerak. Qor to‘planadigan va qayta o‘zgarib, firn va gletcher muzliklariga aylanadigan joyi muzlikning ta’minlanish oblasti hisoblanadi va firn maydoni hamda firn havzasi deb ataladi. Firn maydonining o‘lchami va shakli turlicha bo‘lib, ushbu hududning relyefiga va muzliklar o‘lchamiga bog‘liq.

Muzliklar ikki zonaga bo‘linadi: akumulatsiya zonasi; ablatsiya zonasi – muzning erishga va bug‘lanishga sarfi. Muzlikning ikki asosiy tipi mavjud: 1) tog‘ muzliklari – muzlik oqimi; 2) qoplama muzliklar.

Muzliklar yer yuzasi relyefining tuzilishiga va shakliga ta’sir qilib, uni o‘zgartiradi. Tog‘ muzliklari relyefining yoki glatsial relyef shakllarining asosiy turlari quyidagilardan iborat:

1) firn va qor orolchalari – yonbag‘irliklarning uncha chuqur bo‘lmagan pastqam joylarida yig‘ilgan harakatsiz linzasimon firn va qor qoplamlari;

2) zinasimon yuzalarning muzliklari – tik yonbag‘irliklarning soya tomonining pastki qismlarida yig‘ilgan muzliklar, ular tik yonbag‘irlardan ko‘chuvchi qorlar bilan ta’minlanadi;

3) osilgan muzliklar – tik yonbag‘irlarning tub qoyatosh yonbag‘irlarining chekkalarida osilib qolgan kichik-kichik muzliklar;

4) karrali muzliklar – kreslosimon pastqamliklarni egallovchi uncha katta bo‘lmagan muzliklar;

5) vulqon konusi muzliklari;

6) tog‘larning yassi balandliklarida yotuvchi muzliklar;

7) muzliklar vodiysi;

8) muzliklar sirki (botig‘i).

Bunday relyef turlari va shakllari xaritada gorizontallar va shartli belgilar yordamida ifodalanadi (1-ilova, 67-71).

Gletcher muzliklarining harakati natijasida tog‘ jinslari o‘yiladi, uqalanadi va yemiriladi, hosil bo‘lgan tog‘ jinslarining parcha va bo‘lakchalari surilib va yig‘ilib, relyefning past qismlariga olib ketiladi. Muzlikning erishidan uning tarkibidagi va surib borilgan materiallar suv ta’sirida yotqiziladi, hosil bo‘lgan yotqiziqlar morena yotqiziqlari, ya’ni muzlik yotqiziqlari deb ataladi. Bu yotqiziqlarning litologik tarkibi har xil bo‘lib, xarsangtoshlardan, suglinok, qum, supes va boshqalardan tarkib topadi. Morena yotqiziqlari quyidagi turlarga bo‘linadi; ablatsion morena; qirg‘oq morenasi; yonbosh morena; oxirgi morenalar; ostki morenalar.

Morenalar muzlikning harakatlanishidagi ishtirokiga ko‘ra: harakatlanuvchi va qo‘zg‘almas turlarga bo‘linadi. Harakatlanuvchi morenalar o‘z navbatida muzlik massasiga nisbatan pastki, ichki, chekka, o‘rtaliq va ko‘ndalang turlarga bo‘linadi. Morena yotqiziqlari yakuniy (frontal, chekka) va asosiy (muzlik ostida yotqizilganlari) ko‘rinishga ega.

Muzliklar va morenalar har xil relyef shakllarini hosil qiladi, ularga: morena tepaliklari, morena jo‘yaklari, morena do‘ngliklari va hokazolar misol bo‘laoladi (1-ilova.78,79,80).

Nival, flyuviaglatsial jarayonlar va relyef shakllari

Nivatsiya (nevs-qor) – qor eroziyasi. Qorli zonalarda uning muzlashi va erishining almashinib turishidan qor qoplamlari ta’sirida jinslar parchalanadi, yemiriladi. Bu jarayon nival jarayoni deyilib, hosil bo‘lgan materiallar (sheben, dresva, qum va gillar) nival yotqiziqlar deb ataladi.

Muzliklarning erishidan hosil bo‘lgan suv ma’lum bir geologik ishni bajaradi. Hosil bo‘lgan suv oqimlari flyuvioglatsial oqim deb atalib, bu jarayon ta’sirida hosil bo‘lgan jinslar – flyuvioglatsial yotqiziqlar deb nomlanadi.

Bunday oqimlarni muzliklarning yuzasida, ichida va tagida ham kuzatish mumkin, ular o‘zi bilan katta miqdordagi chaqiq jinslarni muzlik oxirlarida, chekkalarida va o‘zi oqib kelgan o‘zanlarga yotqizib, har xil shakldagi relyeflarni hosil qiladi.

Tog‘lardagi muzliklarning erishidan hosil bo‘lgan suv oqimlari tog‘dagi pastqam joylarda va dara tublarida flyuvioglatsial terrasalarni hosil qiladi. Terrasa yotqiziqlari asosan morena yotqiziqlarining yuvilishidan va qayta yotqizilishidan paydo bo‘ladi.

9.9. Кo‘l, dengiz va suv omborlari suvlarining geologik ishi va relyefga ta’siri

Dengiz va okeanlar maydoni quruqlik maydonidan 2,4 baravar katta, ya’ni Yer yuzasining 71% ni tashkil etib, dengiz havzasi deb nomlanadi. Dengiz va ko‘l suvlari oqimi va to‘lqinlari ta’sirida tog‘ jinslarining yemirilishi, kimyoviy erishi, oqizib ketilishi va maydalangan zarralarning yotqazilishidan relyef hosil bo‘ladi. Dengiz va ko‘llarning qirg‘oqlarida, quruqlik, suv va atmosfera chegaralarida relyef hosil qiluvchi jarayonlar faoliyati kuchayadi.

Bunday jarayonlar sohilga yaqin, chuqurligi katta bo‘lmagan (0-200 m) shelf zonasida yuzaga keladi.

Shelf zonasi quruqlikning hamma tomonidan har xil kenglikda o‘rab turadi (9.16-rasm). Shelf dengiz va okean maydonining 7,6 % ni tashkil etadi.

Dengiz va ko‘llarda yig‘ilib, cho‘kindi hosil qiladigan materiallar quyidagi mahsulotlarning to‘planishidan hosil bo‘ladi: 1) dengiz va ko‘llar qirg‘oqlari va tubini tashkil etuvchi jinslarning suvlar ta’sirida yemirilgan mahsulotlari; 2) daryolar, muzliklar, shamollar olib kelgan mahsulotlar, 3) suv muhitining o‘zida bo‘ladigan kimyoviy va biokimyoviy jarayonlar ta’sirida hosil bo‘lgan mahsulotlar.


9.16-rasm. Okean yonbag‘rining ko‘ndalang kesimi: I-shelf zonasi; II-materik yonbag‘ri; III-okean tagi; IV-chuqur suv botig‘ining tubi.


Dengiz va ko‘llarning relyef hosil qilish jarayoni o‘ziga xos bo‘lib, bu jarayon, asosan qirg‘oq chizig‘i bo‘yicha rivojlanadi, ya’ni quruqlik, suv va atmosfera chegarasida sodir bo‘ladi. Bu jarayonlarning jadalligi faqat havzaning (dengiz, ko‘l) o‘lchamiga bog‘liqdir.

Qirg‘oqlar va ularda sodir bo‘ladigan jarayonlarni ta’riflashda quyidagi tushuncha va terminlardan foydalaniladi.

Qirg‘oq yoki sohil chizig‘i deb dengiz va ko‘l suvi sathining qirg‘oqqa tegib turgan chizig‘iga aytiladi. Ammo dengiz va ko‘l suvlari chegarasi doimo o‘zgarib turadi.

Dengiz suvi sathining ko‘tarilishi va pasayishidan suv va quruqlik chegarasi siljib turadi, unga ko‘ra qirg‘oq chizig‘i ham o‘zgaradi (9.17– rasm).

Demak, qirg‘oq chizig‘i – keng zona bo‘lib, uning ichida yuqorida ko‘rsatilgan siljishlar va o‘zgarishlar sodir bo‘lib turadi. Qirg‘oq chizig‘iga quruqlik tarafdan uning yonbag‘ri qo‘shilib turadi. Suv ana shu yonbag‘irga ta’sir qiladi, natijada relyef turlari, shakllari o‘zgaradi va yotqiziqlar hosil bo‘ladi. Qirg‘oqlarning shu qismida plyajlar hosil bo‘ladi. Qirg‘oq chizig‘iga suv havzasi tubi maydonining bir qismi tutashadi, bu joyda doimo to‘lqinlar ta’sirida suv massasi harakatlanib turadi. Bu maydon dengiz tomonga asta-sekin qiyalanib yotadi va u suv osti qirg‘oq yonbag‘ri deb ataladi. Shunday qilib, qirg‘oq chizig‘i plyaj va suv osti qirg‘oq yonbag‘irlaridan iborat qirg‘oq zonasini tashkil etadi.


9.17-rasm. Dengiz qirg‘og‘ining tuzilish sxemasi

(O.К.Leontev bo‘yicha).


Qirg‘oqda sodir bo‘ladigan jarayonlar murakkabligi va turlitumanligi bilan boshqa jarayonlardan ajralib turadi. Materik va orollar qirg‘oq chizig‘ining umumiy uzunligi 260000 km ga yaqin, agar bunga ko‘llarning sohil chiziqlari qo‘shilsa, uning uzunligi ikki baravar ortadi.

Qirg‘oqdagi jarayonlar keng tarqalgan bo‘lib, ularning rivojlanish darajasi har xil bosqichda bo‘ladi, shuning uchun ham ular turlitumandir.

Qirg‘oqlar rivojlanishning tashqi belgilariga va xususiyatlariga ko‘ra – baland va tik; past va yassi turlarga bo‘linadi. Tik to‘lqinlar qirg‘oqlarga katta kuch bilan kelib uriladi, natijada u devorlarni o‘yib, uning ostida o‘yilgan chuqurlar hosil qiladi va bu klif deb ataladi. Ochiq dengiz tomonidan kelgan to‘lqinlar qirg‘oq devoriga 0,2-0,3 MPa kuch bilan urilib, qirg‘oqni o‘yib yuva boshlaydi, ya’ni quruqlik yuzasini dengiz sathi bilan baravarlashtirishga harakat qiladi, bu jarayon abraziya (kesish, qirqish) deb ataladi.

Qattiq massiv jinslardan tashkil topgan tik qirg‘oq devorlarining ostida – klifda o‘yilgan chuqurlar paydo bo‘ladi; mustahkamligi past, bo‘sh yoki o‘ta darzli va chidamligi har xil bo‘lgan jinslardan tarkib topgan tik qirg‘oqlarda grotlar, g‘orlar, keng buxtalar hosil bo‘ladi (9.18-rasm). To‘lqinlarning yemirish faoliyati natijasida qirg‘oq astasekin chekina boshlaydi va uning o‘rnida abraziv terrasalar hosil bo‘ladi.


9.18-rasm. Tog‘ jinslari qatlamlarining yotish sharoitiga ko‘ra dengiz qirg‘oqlarining mustahkamligi: a– o‘rta; b-minimal; d– maksimal; e– terrasali dengiz qirg‘oq kesimi; 1– to‘lqinlar; 2– jinslar qatlamining yotish holati; 3– ko‘chki bo‘lishi mumkin; 4-suv osti terrasalari; 5– yer yuzasidagi terrasalar; 6– plyaj.


Yemirilishdan hosil bo‘lgan mahsulotlar yumalashi natijasida maydalanadi, ularning yiriklari abrazion terrasa ustida qolsa, maydalari – terrasa yuzasidan yuvilib, suv tagida suv osti to‘kilmalari sifatida cho‘kadi va suv ostida akkumulyativ terrasalar hosil qiladi.

Abrazion va akkumulyativ terrasalar qo‘shilib qirg‘oq platformasini hosil qiladi. Qirg‘oq platformasining paydo bo‘lishi to‘lqinlarning, qirg‘oqlarning yemirish kuchini pasaytiradi. Chunki to‘lqinlarning asosiy qismi platforma yuzasidan o‘tib, o‘z kuchini yo‘qotadi, qirg‘oqlarga kichik, past va kuchsiz to‘lqinlar yetib boradi.

Кeng qirg‘oq platformalari hosil bo‘lgandan keyin, shtormlar paytida paydo bo‘ladigan katta, baland to‘lqinlar ta’siridagina qirg‘oqlarning chekinishi davom etadi. Кeyinchalik, qirg‘oqlar rivojlanishiga boshqa omillar ta’sir qilmasa, qirg‘oqlarning yuvilib yemirilishi to‘xtaydi va qirg‘oqlarda to‘lqinlar chiqarib tashlaydigan materiallar cho‘kindisi yig‘ila boshlaydi. Qirg‘oq rivojlanishining bu bosqichi – muvozanat bosqichi deb ataladi.

Muvozanat bosqichida qirg‘oq platformasi juda keng yuzali kesimga ega bo‘lib, to‘lqin kuchini to‘liq so‘ndiradi, natijada sohil yuzasini qoplab turgan materiallar orqa-oldinga juda kam siljiydi yoki umuman siljimay, joyida qoladi. Muvozanat holatga ega qirg‘oqlar yuzasida mayda chaqiq materiallar yig‘ilib, plyajlarni hosil qiladi. Bunday sharoitda, qirg‘oqlar klifining etagida, dengizdagi chaqiq materiallar yig‘ilib, ko‘tarilishidan – qirg‘oq ko‘tarilmasi (vallar) hosil bo‘ladi.

Qirg‘oq platformasining yuzasida ko‘p miqdorda chaqiq materiallar yig‘ilsa, qirg‘oqdan birmuncha uzoqlikda – dengizda suv osti ko‘tarilmalari – barlar paydo bo‘ladi. Ular ba’zida bir-biriga qo‘shilib, suv osti ko‘tarilmalari qatorini hosil qiladi.

Qirg‘oq jarayonlari o‘z rivojlanish siklini to‘liq o‘tab, dengiz yoki ko‘llarning qirg‘oqlari turg‘un bo‘lgach, keng, barqaror qirg‘oq platformalarini hosil qilish bilan tugaydi. Agar dengiz (yoki ko‘l) sathi ko‘tarilsa yoki Yer po‘stining harakati natijasida shu uchastkadagi platforma yuzasi pasaysa, qirg‘oq jarayoni yana rivojlanib, qirg‘oq abraziyasi davom etadi, qirg‘oq dengizdan uzoqlashib, quruqlik ichkarisiga siljiydi.

Yer po‘stining ko‘tarilishi yoki dengiz (ko‘l) sathining pasayishi natijasida qirg‘oq platformasining bir qismi yoki platforma to‘liq dengiz sathidan balandda joylashadi va dengiz (yoki ko‘l) ga nisbatan ko‘tarilgan terrasalarga aylanadi. Bunday holatda, yangi qirg‘oq chizig‘i rivojlanib, oldingi platformadan pastroqda yangi qirg‘oq platformasining hosil bo‘lish jarayoni rivojlanadi.

Dengiz va ko‘l qirg‘oqlari bir-biridan xilma-xilligi bilan ajralib turadi, chunki qirg‘oq abraziyasiga ta’sir etuvchi omillar va sharoitlar ham turli-tumandir. Shuning uchun qirg‘oqlar har xil turlarga, tiplarga va shakllarga bo‘linadi. Dengiz qirg‘oqlari rivojlanish davriga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:

– qadimgi tog‘ jinslaridan tashkil topgan qadimgi yoki tub qirg‘oqlar;

– hozirgi davr yotqiziqlaridan tashkil topgan yosh yoki hozirgi davr qirg‘oqlari.

Кeng tarqalgan tub qirg‘oqlarga uning quyidagi tiplari mansub: fiordli; shxerli, dalamatinli, riasli – voronkasimon kesilgan qirg‘oqlar; tekislangan abrazion qirg‘oqlar; marshga (1,2,3-li) o‘xshash qirg‘oqlar va boshqalar (1-ilova,50,51,52,53,54,58,59).

Hozirgi davrda mavjud qirg‘oqlarga quyidagi tipdagi qirg‘oqlar mansub: limanli (ko‘rfazga o‘xshash) qirg‘oq; deltali qirg‘oq; koralli qirg‘oq; mangrli-botqoqli, balchiqli qirg‘oq; vulqon qirg‘oq, orol qirg‘oqlari va boshqalar (1-ilova,55,56,57,58,63,64).

Dengiz qirg‘oqlarining rivojlanishida tektonik, epeyorgenik harakatlar va vulkanizmlar muhim o‘ringa ega. Tektonik harakatlar natijasida abraziya jarayoniga qarshilik ko‘rsatish qobiliyati har xil bo‘lgan tog‘ jinsi qatlamlari yer yuzasiga ko‘tarilib chiqib qoladi. Natijada abraziya jarayoni ularga kuchli ta’sir qilib, har xil shaklli va xususiyatli qirg‘oq chiziqlarini hosil qiladi. Yer po‘stining asta-sekin vertikal yo‘nalishda ko‘tarilishi natijasida dengiz suvi sathi tagidan qadimgi abraziya tekisliklari ko‘tarilib, dengiz yotqiziqlari bilan qoplangan keng dengiz terrasalarini yoki tekisliklar (birlamchi tekisliklar) ni hosil qiladi.

Yer po‘stining cho‘kishidan dengiz ingressiyasi (dengiz asta-sekin quruqlikni bosib kelishi) va transgressiyasi (dengiz relyefni qayta o‘zgartirib bosib kelishi) sodir bo‘ladi. Ingressiya paytida qirg‘oqlarning o‘ta murakkab ko‘rinishlari va shakllari hosil bo‘lsa, Yer po‘stining ko‘p cho‘kishidan murakkab tuzilgan dengiz tublari paydo bo‘ladi, bunday sharoitlarda daryo vodiylarining hosil bo‘lishi suv ostida ham davom etadi.

Dengiz qirg‘oqlari yaqinida vulqonlarning otilishidan qirg‘oqlarning maxsus tiplari hosil bo‘ladi. Vulqon suv ostidan otilsa, dengiz tubini murakkablashtiradi, agar vulqonlar dengiz sathidan ko‘tarilib chiqsa, dengizning ba’zi maydonlarida keng tarqalgan vulqon orollari paydo bo‘ladi.

Qirg‘oqlarni va qirg‘oq jarayonlarini o‘rganish muhim amaliy ahamiyatga ega. Chunki qirg‘oq jarayonlarining jadal rivojlanishi dengiz sohillarida qurilgan inshootlarga katta xavf tug‘diradi. Bunday xavflarga qarshi kurashish uchun murakkab va maxsus injenerlik – tadqiqot ishlari bajariladi. Ammo bunday ishlarni olib borishdan oldin qirg‘oqlarni va ularda bo‘ladigan jarayonlarni mufassal o‘rganish va tekshirish kerak. Ba’zida kerakli ma’lumotlarni to‘liq olish uchun tadqiqot ishlari quruqlikda va dengizda baravar olib boriladi.

Suv omborlari qirg‘oqlarining qayta hosil bo‘lishi. Xalq xo‘jaligini rivojlantirish uchun daryolar to‘silib, suv ombori barpo etiladi, ya’ni sun’iy dengizlar quriladi. Suv omborlarida ham xuddi tabiiy dengiz qirg‘oqlaridagi kabi geologik jarayonlar rivojlana boshlaydi. Bunday jarayonlar dengiz abraziyasiga o‘xshasa ham undan keskin farq qiladi.

Daryo to‘silgandan keyin suv sathi ko‘tarila boshlaydi, ko‘p joylarni suv bosadi, daryo rejimi o‘zgarib, ko‘l-dengiz rejimiga aylanadi, daryo eroziyasi to‘xtab, abraziya jarayoni boshlanadi.

Suv omborlarida bo‘ladigan abraziya jarayoni yemirilish jarayonining har xilligi bilan dengiz abraziyasidan farq qiladi. Chunki suv omborini suvga to‘ldirish davomida yuvilish va yemirilish jarayoni tezlashib, sun’iy dengizning asosiy qirg‘oqlari hosil bo‘ladi, suv ombori suvga to‘lgandan keyin esa abraziya jarayoni sekinlashadi. Shuningdek, suv omboridagi suv sathining mavsumga qarab keskin o‘zgarib (pasayib-ko‘tarilib) turishi sohilning yuvilishini tezlashtiradi va yangi qirg‘oqlar paydo bo‘lishiga olib keladi.

Suv omborlari qirg‘oqlarining yuvilishi, yemirilishi, yangi qirg‘oq sohillarining shakllanishi qirg‘oqdagi tog‘ jinslarining turiga, mustahkamligiga, suvga chidamliligiga va boshqalarga bog‘liq. Shunga ko‘ra suv omborlari sohilarida tik abrazion va yotiq-nishabli kichik akkumulyativ qirg‘oqlar hosil bo‘lishi mumkin.

Topografik xaritalarda qirg‘oqlarni ifodalashda uning o‘ziga xos xususiyatlarini va elementlarini to‘g‘ri tasvirlash muhimdir. Yirik masshtabli xaritalarda gorizontallar va maxsus shartli belgilar yordamida ularni to‘liq ko‘rsatish hamda qirg‘oq tiplarini aniq ifodalash mumkin bo‘ladi. Lekin kichik masshtabli xaritalarda ularning hammasini to‘liq ko‘rsatish va ifodalash imkoni yo‘q, shuning uchun qirg‘oq elementlari va shakllari saralanib, ularning eng asosiylari va shu qirg‘oqqa xos bo‘lganlari ko‘rsatiladi.

Qirg‘oqlarni xaritada ifodalashda ularga yaqin joylashgan quruqlik va dengiz tubining tuzilishini to‘g‘ri va aniq ifodalash o‘ta muhimdir. Quruqlikda – qirg‘oqlarning rivojlanish bosqichlarini aks ettiruvchi dengiz terrasalarini, osilib turuvchi vodiylarni, qadimgi sohil ko‘tarilmalarini, dyunalarni, qirg‘oqning suv bosadigan uchastkalarini ko‘rsatish muhim. Dengizda suv osti yonbag‘irlarga va sayoz maydonlarga xos xususiyatlarni, suv bosgan terrasalarni, suv osti vodiylarini va daralarni, baland-past relyefni, barlarni, ko‘pincha quruqlikdagi tepalik va tog‘ tizmalarining davomi bo‘lgan mayda orollar qatorlarini ko‘rsatish zarur. Qirg‘oq va qirg‘oq jarayonlarini mufassal ifodalash uchun maxsus xarita va sxemalar tuziladi.

9.10. Кriogen relyef turlari va shakllari

Gruntlar mavsumiy va doimiy muzloq bo‘lishi mumkin. Gruntlarning mavsumiy muzlashi qish mavsumida manfiy temperaturaga ega bo‘lgan hududlarda sodir bo‘ladi, ko‘p yillik doimiy muzloq gruntlar esa yil bo‘yi temperaturasi 0°C dan past bo‘lgan hududlarda hosil bo‘ladi. Кo‘p yillik muzloqlar Rossiya Federatsiyasining shimoliy qismida, Sharqiy va G‘arbiy Sibirda keng tarqalgan bo‘lib, uning 20% maydonini (10 mln. km2) egallab yotadi.

Nam tog‘ jinslarining mavsumiy va doimiy muzlashi-erishi va yer osti suvlarining muzlashi bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar kriogen geologik jarayonlar deb ataladi. Кo‘p yillik doimiy muzloqlardan mavsumiy muzloqlarning farqi shundaki, ular faqat qish mavsumida gruntlarni muzlatadi, yozda esa ular to‘liq eriydi. Doimiy muzloqlar ta’sirida yaxlagan gruntlarning qalinligi bir necha detsimetrdan 400-800 m gacha o‘zgaradi. Eng katta qalinlikda muzlagan gruntlar Sibirning shimoli-sharqiy qismida kuzatiladi.

Vertikal kesimda ko‘p yillik muzloqlar qatlamsiz va qatlamli bo‘lishi mumkin, unda muzlagan va erigan qatlamlar almashinib yotadi. Suv o‘tkazuvchan jinslar erigan holatda bo‘lib, ularda yer osti suvlari harakatlanib turadi.

Tog‘ jinslarining muzlab erishi, yer ostida va ustida muzliklarning paydo bo‘lishi va erishi natijasida hosil bo‘lgan jins qatlamlaridagi o‘zgarishlar hamda mezo va mikrorelyef shakllarining hosil bo‘lishi kriogen geologik hodisalar deb ataladi. Кriogen jarayonlar: birlamchi, oddiy va murakkab bo‘ladi.

Birlamchi kriogen jarayonlarga quyidagilar kiradi: tuproq tagidagi haroratning o‘zgarishi, suv-muzning fazaviy almashinishi, gilli gruntlarda muzning paydo bo‘lishi. Oddiy kriogen jarayonlarga – namlik-suv-bug‘ning migratsiyasi (siljishi, ko‘chishi); gurunt tarkibidagi fizik-kimyoviy o‘zgarish jarayonlari kiradi.

Murakkab kriogen jarayonlarga – yer ostida turli shakllardagi muzlarning paydo bo‘lishi, kriogen ko‘pchishlar, kriogen yorilishlar, termokarstlar, soliflyuksiya va muzlarning hosil bo‘lishi kiradi.

Кriogen hodisalarga quyidagilar kiradi: muzlagan tog‘ jinsi qatlamining tuzilishi, tarqalishi, grunt ichida erigan suvlar turi, jinslarning muzlash natijasida nurashi, termoeroziya, termoabraziya, muzlagan va erigan jinslarning shamol ta’sirida uchirilishi va boshqa joylarga olib ketilishi.

Кriogen jarayon va hodisalar ta’sirida yer yuzasining relyefi keskin o‘zgaradi, relyefning yangi shakllari va elementlari paydo bo‘lib, relyef murakkablashadi. Ularning eng asosiylari quyidagilardan iborat.

Muz qatqaloqlari. Daryo suvlari o‘zanining muzlashi natijasida hajmining qisqarishi, suvlari toshib, daryo qirg‘oqlarida va muzlar ustida yaxlashi hamda yer osti suvlarining yer yuzasiga chiqishidan muz qatqaloqlari hosil bo‘lishi mumkin. Natijada yer yuzasida muz qatlamlari, muz do‘ngliklari va tepaliklari paydo bo‘ladi.

Termokarst – Yer osti muzlarining erishidan jins qatlamlarining deformatsiyaga uchrashi – relyefning cho‘kish va o‘pirilish shakllarining va bo‘shliqlarning paydo bo‘lishi. Bu jarayon ta’sirida yer yuzasida relyefning turli shakllari paydo bo‘ladi: termokarst pastqamliklari, termokarst ko‘llari (1-ilova,91) va maydonlari, turli botiqliklar.

Кriogen jarayonlar natijasida tog‘ yonbag‘irliklarida bunday jarayonlar keng rivojlanadi, bulardan eng asosiylari soliflyuksiya, qurumlar, jins massalarining siljishi va h.k.

Soliflyuksiya – yonbag‘irlik bo‘yicha erigan, suvga to‘yingan guruntlarning qiyaliklar bo‘ylab asta-sekin surilishi. Bu hodisaning rivojlanishidan yonbag‘irliklarda o‘pirilishlar, jarliklar rivojlanadi. Soliflyuksiya nishabligi 3°dan 10-15° gacha bo‘lgan yonbag‘irliklarda sodir bo‘ladi. Uning sekin va tez rivojlanishi yonbag‘irlikning nishablik darajasiga bog‘liq.

Termoeroziya – mavsumiy va doimiy muzloq gruntlar tarqalgan hududlardagi oqar suvlar ta’sirida shu gruntlarning yemirilishi va yuvilishidir. Natijada jarliklar, pastqam-chuqur soylar, tekisliklar hosil bo‘ladi.

Termoabraziya – doimiy muzlagan gruntlardan tarkib topgan dengiz qirg‘oqlarining termik ta’sirdan yemirilishi. Buning oqibatida qirg‘oqlarda gruntlar erib, o‘yilishlar, chuqurliklar hosil bo‘ladi va qirg‘oqlar o‘piriladi, bu jarayon ko‘pincha soliflyuksiya jarayoni bilan birga bo‘ladi.

Shunday qilib, mavsumiy va doimiy muzloq gruntlar paydo bo‘lishi natijasida kriogen jarayon va hodisalar rivojlanib, yer yuzasida, kriogen jarayonlarga xos bo‘lgan har xil mikrorelyef shakllari yuzaga keladi, ularni topografik xaritalarda maxsus shartli belgilar bilan to‘g‘ri va aniq ko‘rsatish hamda ifodalash zarur. Ular maydonlarning geomorfologik sharoitini baholash va tahlil qilishni yengillashtiradi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 | Следующая
  • 4.3 Оценок: 3


Популярные книги за неделю


Рекомендации