Электронная библиотека » Эркин Вохидов » » онлайн чтение - страница 2


  • Текст добавлен: 29 апреля 2024, 01:20


Автор книги: Эркин Вохидов


Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 2 (всего у книги 3 страниц)

Шрифт:
- 100% +
MATMUSANING HAYKALI
 
Matmusa – buyuk odam!
Matmusa zo‘r sarkordir!
Unga, tirik bo‘lsa ham
Haykal qurmoq darkordir!
 
 
Kelishdilar donolar,
Tashabbuskor ko‘p edi.
Matmusa-chi? U – kamtar,
Yo‘q demadi, хo‘p dedi.
 
 
Juda katta shahardan
Chaqirdilar ustani.
Ish boshlandi sahardan,
Ha, yashavor! Bos, qani!
 
 
Donolarda zo‘r g‘ayrat,
Donolarda kuch katta.
Lekin ulur harakat
Oson bo‘lmas albatta.
 
 
Kimnidir хarsang bosdi
Kavlaganda tagidan.
Kimdir arrada kesdi
Yog‘och deb bilagidan.
 
 
Qorishmada bir dono
Tizzadan botib qoldi.
Botsa mayli-ya, ammo
Sementda qotib qoldi.
 
 
Baribir deng ming olqish,
Zafar qayda chekmay jon?
Saraton boshlangan ish
Хullas bitdi qahraton.
 
 
Qiyqiriq, hay-hay bilan
Maydonga el sochildi.
G‘ata-g‘ut karnay bilan
Ko‘ring, haykal ochildi.
 
 
Siz bundoq ajib tasvir
Ko‘rmagansiz jahonda.
Matmusa turar mag‘rur
Yaktak, uzun ishtonda.
 
 
Хaloyiqqa ko‘rsatib
Baхt-saodat yo‘lini,
Polvon turar uzatib
Mashriqqa o‘ng qo‘lini.
 
 
Chap qo‘lida ushlagan
Taqyasini g‘ijimlab.
Yonida chaynab yugan
Eshak turar gijinglab.
 
 
Belbog‘ida osig‘liq
Nosqovog‘i yarashgan.
Hammadan ham popuklik
Ishtonbog‘i yarashgan.
 
 
Ta’rifi ado bo‘lmas,
Hamma lol-u hayratda.
Lekin beхato bo‘lmas
Zo‘r asar ham albatta.
 
 
Qo‘lda taqya – ko‘p ulug‘,
Usta uni do‘ndirgan.
Lek qo‘ldagi esda yo‘q,
Boshiga ham qo‘ndirgan.
 
 
Poyabzal juda yaхshi,
Faqat ozgina yanglish –
Bir oyog‘ida – mahsi,
Bir oyog‘ida – kalish.
 
 
Eshak ham o‘ziga хos,
Bordir andak chatog‘i:
Qulog‘i bitta, хolos,
Lekin beshta oyog‘i.
 
 
Bularga ahli donish
Qilgani yo‘q e’tibor.
Chunki asosiy yanglish –
Boshqa, ular ko‘p hushyor.
 
 
Hammaga ham jon shirin,
Aхir shafqat kerak-da.
Havo sovuq, izg‘irin,
Nega haykal yaktakda?
 
 
Shu holatda misli sham
Sovuqda tursa uch kun,
Matmusa ham, eshak ham
Harom o‘lishi mumkin.
 
 
Muhokama vaqtida
Matmusa ham bor edi.
U ishonch-u ahdida
Mahkam, ustivor edi.
 
 
Dedi qat’iy va keskin:
Qaytadan qurmoq kerak!
Haykal ustiga po‘stin,
Boshiga qalpoq kerak.
 
 
Esladi u jun paypoq,
Paхtalik shimini ham.
Dedi: qiling qalinroq
Eshak to‘qimini ham.
 
 
El – botir, elga balli,
El hujumga tashlandi.
Matmusaga haykalni
Qayta qurish boshlandi.
 
 
Ish bo‘lmadi oz muncha,
Ko‘plar bo‘ldi qahramon.
Yangi haykal bitguncha
Yoz ham keldi – saraton.
 
 
Mana, quyosh o‘t purkar,
Shiddat bilan bir yoqda.
Bir yoqda haykal turar
Pocha-po‘stin, qalpoqda.
 
 
Хalq kular bu alpozdan,
Qah-qah, mazaх bitmaydi.
Barcha der bir ovozdan:
Bunaqasi ketmaydi.
 
 
Avvalgisi asli g‘o‘r,
Хatosi bir qop edi.
Ammo o‘sha edi zo‘r,
O‘sha bizga bop edi.
 
 
Ma’qulgina Matmusa
Aqli – shayintarozi.
Der: «Ko‘pchilik ne desa
Biz emasmiz norozi».
 
 
Yana mehnat. Yuz kuncha
Ter to‘kdilar bearmon.
Yozgi haykal bitguncha
Qish keldi-ku qahraton…
 
 
Kim bilsin bu charхpalak
Aylanardi necha yil –
Qishda – yozlik bo‘z yaktak,
Yozda – qishlik shamoyil.
 
 
Lekin Matmusa bir kun
Ishni shartta qildi hal.
Dedi: to‘rt fasl uchun
Quringlar to‘rtta haykal!
 
 
Хalq unga aytdi olqish
To‘rtta haykal quramiz!
Bahor-u yoz, kuz-u qish
Almashtirib turamiz!
 
 
Bu voqea yuz bergan
Juda olis zamonda.
Endi el aqli teran
Donishqishloq tomonda.
 
 
Surishtirsa agarda
Хalq yuz foiz savodlik.
Olimlari shaharda
Qilayotir ustodlik.
 
 
Borib ko‘rdim yaqinda
Matmusa sog‘ yuripti.
Endi yoz-u qish unda
Bitta haykal turipti.
 
 
Eslab o‘tgan u ishni
Hangomalar qilishar.
Haykal – tosh,
Yoz-u qishni
Farq qilmaydi, bilishar.
 
 
Lek ehtiyot har holda
Zarar qilmas hech qachon.
Qish kelganda haykalga
Yopib qo‘yishar chopon.
 

MATMUSANING ESHAK SOTGANI

 
Matmusaning eshagi
Aynib qoldi daf’atan.
Yaqinlashib bo‘lmaydi
Na olddan, na orqadan.
 
 
Qo‘shqavat arkonni ham
Uzar bo‘ldi haromi.
Hangraganda olamni
Buzar bo‘ldi haromi.
 
 
Minib bo‘lmas ustiga,
Koptok qilib otadi.
Bo‘ldi endi. Matmusa
Eshagini sotadi.
 
 
Lekin qadimdan qolgan
Bozordagi qoida:
Nima sotsang, aybini
Aytish kerak joyida.
 
 
Hech kimsa Matmusadek
Qiyin holga qolmaydi.
Bachchag‘arning aybini
Aytsang, birov olmaydi.
 
 
Aytmasang – yana gunoh!
Matmusa ko‘p o‘yladi.
O‘ylab-o‘ylab bozorda
Shunday deya so‘yladi:
 
 
«Eshagim – arzon eshak,
Kelabersin хaridor.
O‘zi eshak bo‘lsa ham
O‘nta otning kuchi bor.
 
 
Eshagim polvon eshak,
Ko‘p хushnafas eshagim.
Aybi bo‘lsa, birgina,
Odam emas eshagim».
 
 
Bozor ahli kuladi:
Shunaqa ham bo‘larmi?
Eshak aхir eshak-da,
Eshak odam bo‘larmi?
 
 
Boshqa aybi bo‘lmasa,
Bunday ulov qayda bor?
Eshakni olib ketdi
Arzonga bir хaridor.
 
 
Qutuldim deb azobdan
Shukr aytdi Matmusa,
Pulni hamyonga solib,
Uyga qaytdi Matmusa.
 
 
Qaytdi-yu qotdi hayron
Holat – хuddi kechagi.
Og‘ilda bog‘liq turar
Pishqirgancha eshagi.
 
 
Aftodahol хaridor
Yig‘lab turar qoshida,
Qo‘li, oyog‘i mayib,
To‘rtta g‘urra boshida.
 
 
Matmusaga der: «Inson!
Imoningdan qaytdingmi?
Eshak sotding, tepadi,
Tishlaydi, deb aytdingmi?
 
 
Eshak emas, to‘ng‘iz-ku,
Bu maхluqing meni yer.
Senda boshqa gapim yo‘q,
Eshakni ol, pulni ber».
 
 
Matmusa javob aytar:
– Senga eshak sotganman.
Hushyor bo‘l, deb tayinlab
Odammas, deb aytganman.
 
 
Endi qolma yo‘lingdan,
Men bilan gap talashma,
Arzon deb bir adashding,
Boshqa sira adashma.
 
 
Do‘stlar!
Siz ham Matmusa
Hikmatin unutmanglar.
Eshaklardan hech qachon
Odamiylik kutmanglar.
 
MATMUSANING BOG‘I
 
Dono bo‘lib Matmusa
El ko‘nglini chog‘ kildi.
Donishqishloq chetidan
Qo‘riq ochib bog‘ qildi.
 
 
Bog‘ mevaga kirganda
Yig‘in bo‘ldi kattakon.
Matmusaga o‘qildi
Ming olqish-u sharaf-shon.
 
 
Qishloq uchun bog‘ning ham
Darkorligi bilindi.
Matmusaga shu kundan
Maosh tayin qilindi.
 
 
Bog‘ bor, bog‘bon bor, endi
Bir rahbar ham kerakdir.
Ish ko‘rgan bir ulug‘ zot
Tayinlandi direktor.
 
 
Bog‘ bor, bog‘bon bor, mana
Rahbarlik bor, ish katta.
Sekretarsiz, shofyorsiz
Boshliq bo‘lmas albatta.
 
 
Boshliq bo‘lmas albatta
Bir juft o‘rinbosarsiz.
To‘rtta zavga sakkizta
Yordamchi ham zararsiz.
 
 
Cho‘t qoqishga o‘n kishi,
Pul sanashga qirq odam.
Yarim qishloq – zampompom,
Yarimqishloq – pomzamzam.
 
 
Bir yil o‘tgach donolar
Bog‘ni taftish qildilar.
O‘rgandilar, hamma ish
Joyida deb bildilar.
 
 
Faqat shtat qisqartish
Zaruratga o‘хshadi.
Buyruq bo‘ldi, Matmusa
Bog‘bon ishdan bo‘shadi.
 
 
Ey siz, do‘stlar, borsangiz
Bizning Donishqishloqqa –
Qo‘nib o‘ting g‘aroyib,
Bog‘boni yo‘q u boqqa.
 
 
O‘zingiz bir hisoblang
Хodim ko‘pmi, qumursqa…
Kirib oling siz ham bir
Telefonlik yumushga.
 
1976–1991

SHAHARMI BU, QISHLOQMI BU?

(Voqeiy she’r)
 
Ko‘p ajibdur dunyo ishi,
Na so‘ngi bor, na boshi bor.
O‘n sakkiz ming olam bo‘lsa,
Barining o‘z quyoshi bor.
Har bir farzand – bir otadan,
Bir daraxtdan – har bir meva.
Lek olamda bir ko‘cha bor
Karvoni yo‘q yolg‘iz teva.
Yo u yoqmas, yo bu yoqmas,
Yo shaharmas, yo qishloqmas.
Yonboshida dorilfunun.
Muz maydoni – ulkan saroy.
Shahrimizning naq o‘zida
Bir orol bor – egasiz joy.
Shaharda ham, qishloqda ham
Hech bir son-u sanoqda yo‘q.
Hujjatlarni titkilaymiz,
Hayron bo‘lmang, hech yoqda yo‘q.
Ajab makon, hech kim boqmas,
Yo shaharmas, yo qishloqmas.
Qayerdamiz – bilolmasdan
Har og‘izga boqar bo‘ldik.
Birov aytar – qishloqdamiz,
Birov aytar – shahar bo‘ldik.
Yana birov bu gap xato,
Haqiqatda bundoq deydi:
Juft son uylar shahar bo‘lur,
Toq son uylar qishloq deydi.
Men juftmidim yo toqmidim,
Shaharmidim, qishloqmidim.
Anov qo‘shnim shaharlikdir,
Ro‘paramda turadi u.
Menga ba’zan hazil qilib
«Qishloqi» deb yuradi u.
Na u yoqda, na bu yoqda,
Hech kim bizga parvo qilmas.
Shahar bizdan yuz o‘girgan,
Kolxoz esa a’zo qilmas.
Mag‘izmidik, po‘stloqmidik,
Shaharmidik, qishloqmidik!
Ko‘cha cheti katta maydon,
Necha yilki, qo‘l urilmas.
Qishloq bo‘lib, ekilmas don,
Shahar bo‘lib, uy qurilmas.
Hamma boshliq yelka qisar,
Nega demang, negasi yo‘q.
Keng olamning egasi bor,
Bu maydonning egasi yo‘q.
Shaharmi bu, qishloqmi bu,
Yo daxlsiz qirg‘oqmi bu!
Bu atrofda bog‘cha bormi?
Bog‘cha qani – Hirotdadir!
Shahar bilan qishloq aro
Bu ish da’vo, isbotdadir.
Senda pul ko‘p desa shahar,
Qishloq aytar, senda kuch ko‘p.
O‘rta yo‘lda bola-chaqa,
Erta-yu kech xaylala-xo‘p.
Yarmi balchiq, yarmi tuproq,
Yarmi shahar, yarmi qishloq.
Bilmadik, bu ishkal ishni
Qachon qilgan qaysi xo‘ja:
Bir general nomi bilan
Bordir bunda ikki ko‘cha.
O‘n besh hovli birinchi uy,
O‘n sakkizta uchinchi son.
Manzilini topolmasdan
Shahar bo‘ylab xatlar sarson.
Asli shunday chatoqmi bu,
Shaharmi bu, qishloqmi bu?
Pochtamiz bor, qo‘shni, lekin
Qishloqsan deb qaramaydi.
Qishloq aytar, uzoq yo‘lga
Velosiped yaramaydi.
Gazet kelmas biz tomonga,
Kimsasi yo‘q oroldamiz.
Dodimizni tinglar osmon,
Robinzondek ahvoldamiz.
Eldan shuncha yiroqmi biz?
Shaharmi biz, qishloqmi biz?
Uraldan ham o‘tib ketdi
Buxorodan chiqqan olov.
Chor atrofdan bo‘y taratar
Zangor o‘tda pishgan palov.
O‘n qadamdan o‘tgan quvur
Bizning uyga kelolmaydi.
Chunkim bu joy qishloq emas,
Lekin shahar bo‘lolmaydi.
Yo asfaltmas, yo toshloqmas,
Yo shaharmas, yo qishloqmas.
Qishloq desa, na bog‘-rog‘-u
Ekin-tikin, mol-holi bor.
Xalqining na poda boqib,
Yer chopgudek ahvoli bor.
Manov qo‘shnim – fan doktori,
Chorvadorga o‘xshamaydi.
Bu ko‘shnimning vaqti bo‘lmas,
Rahbarlikdan bo‘shamaydi.
Shaharmi bu, qishloqmi bu
Arosat bir tuproqmi bu?..
Bilolmaymiz, qay mamlakat,
Qay o‘lkaning mulkidurmiz.
Qishloq borsak – masxaramiz,
Shahar kelsak – kulgidirmiz.
Do‘stlar, bizga ko‘mak bering,
Bizning ko‘cha qay yondadir!
Yoki falak azmi bilan
Manzilimiz osmondadir!
Biz sutmidik, pishloqmidik,
Shaharmidik, qishloqmidik!
 
1976

QUMURSQALAR JANGI

 
Bir tup olma uzra kecha
Juda katta jang bo‘ldi,
Boshlar ketdi necha-necha,
Necha oyoq lang bo‘ldi.
 
 
Hasharotlar urushgani
Dahshat ekan,
Qaradim.
Oxir bitta qumursqani
Ushlab olib so‘radim:
 
 
– So‘yla,
Nechun bu mojaro?
Nimadandir bu nifoq?
Qumursqalar ahli aro
Zo‘r edi-ku ittifoq?
 
 
Qumursqavoy dushmanidan
Uzib olgan oyoqni –
Tuflab,
Odam tili bilan
Tushuntirdi nifoqni.
 
 
«Asli bizlar
Bir tan, bir jon,
Bir uyadan chiqqanmiz.
Bir cho‘p topsak,
Ko‘rsak bir don,
Bir kavakka yiqqanmiz.
 
 
Shu paytgacha bir saf bo‘lib,
Ne ish qilsak teng qildik.
Bugun bir ish sabab bo‘lib,
Uch guruhga ayrildik.
 
 
Kecha bir gap topdi bizning
Tungi soqchi – tingchimiz.
Eshitdig-u hammamizning
Barbod bo‘ldi tinchimiz.
 
 
U tun bo‘yi bedor bo‘lib
Ko‘kka qarab yuribdi.
Unda sonsiz don sochilib
Yotganini ko‘ribdi.
 
 
Qumursqalar bugun tongda
Eshitib bu xabarni,
Yo‘lga chiqdik o‘sha onda
Kechiktirmay safarni.
 
 
Ahd qilganga yor deya baxt,
Tuproq oshdik,
Qum oshdik,
Nihoyat, shu katta daraxt
Tanasiga tirmashdik.
 
 
Maqsadimiz shu narvondan
Yetmoq edi osmonga…
Ammo bir yo‘l
Nogihondan
Bo‘lindi uch tomonga.
 
 
Bir saf yo‘lni o‘ngga burdi,
Boshqa yo‘lga boqmadi.
Bir saf esa chapga yurdi,
O‘ng ularga yoqmadi.
 
 
Men tanladim o‘rta shoxni,
Eng to‘g‘ri yo‘l menga shul.
Ergashtirib ming hamrohni,
Tik osmonga soldim yo‘l.
 
 
Alhol qanot qoqdi darg‘a,
G‘azab bilan bong urdi.
O‘ng-u so‘ldan ketganlarga,
Qayting, deya buyurdi.
 
 
So‘ng dedi:
«Biz qumursqalar
To‘g‘ri yo‘ldan yuramiz.
Kim shu yo‘ldan yurmasa gar,
Bitta qo‘ymay qiramiz.
 
 
Burg‘u chaldi bizning podshoh,
Jangga kirdik barobar.
Shundan daraxt bo‘ldi janggoh,
Mozor bo‘ldi sarosar».
 
 
Diqqatimni tortdi shu payt
Qanotli shoh qumursqa.
Uchib-qo‘nib, u paydar-pay
Chorlar edi urushga.
 
 
Qarab turdim bir nafas tek,
So‘zi qiziq ko‘rindi,
Yaqin borsam,
Temuchindek
Ko‘zi qisiq ko‘rindi.
 
 
Uzoq-yaqin tarixlarga
Meni xayol uchirdi.
Ko‘p dahshatni mitti darg‘a
Xotiramga tushirdi.
 
 
Chidolmadim.
Chertki solib
Yo‘qotdim bu badbaxtni.
So‘ng
Supurgi, ohak olib
Oqlab qo‘ydim daraxtni.
 
1977

BIR YOLG‘ONDAN QIRQ YOLG‘ON

 
Kaminayi kamtarin –
Falonchiyev Falonchi.
Men bir o‘zim rostgo‘yman,
Qolgan hamma – yolg‘onchi.
 
 
Yoshimni so‘rasangiz,
Yuz oylik chaqaloqman.
Qotmadan kelgan daroz,
Pakana baqaloqman.
 
 
Xush ko‘rganim muzqaymoq,
Hammomga tushib yeyman,
Ustiga murch sepib,
Sho‘r bodring qo‘shib yeyman.
 
 
Dimlab yesang – soz uzum,
Xom yemakka sholg‘omdir.
Teskarisin aytsalar,
Ishonmanglar, yolg‘ondir.
 
 
Yana bir suyganim – ov,
Amakim bilan birga
Har yakshanba chiqamiz
Baliq oviga qirga.
 
 
Qo‘shtig‘li miltiq bilan
Sazanlarni otamiz.
Tunab qolsak, laylakning
Uyasida yotamiz.
 
 
Derlar: o‘g‘lon yoshidan,
Menga haqiqat doya.
Umrimni bir boshidan
Qilay sizga hikoya.
 
 
Kelishim bo‘lganda shart
Men kamina olamga
Onamning vaqti bo‘lmay
Yalinibdi xolamga.
 
 
Xolam buvimga aytib,
Buvim yangamga aytib,
Yangam ammamga aytib,
Ammam hammaga aytib,
 
 
Hammaning vaqti bo‘lmay,
O‘rtada chiqib janjal,
Omadim kelmasa sal –
Qolar edim tug‘ilmay.
 
 
Otam sho‘rlik ayrilib
Cho‘ntakdagi boridan,
Meni sotib olibdi
Chorshanba bozoridan.
 
 
Xola, holingiz qalay?
Alam qilsin, ammavoy!
Tug‘masangiz, tug‘ilmay
Qolarmidi Jumavoy?
 
 
Bilib qo‘ysin el-u yurt,
Men dunyoga kelgan kun
O‘ttiz birinchi fevral,
Soat ikki kechqurun.
 
 
Beshikda yotganimda
Bir voqea yuz bergan.
Aytib beray,
Jumavoy
Rost aytishga so‘z bergan.
 
 
So‘rg‘ichim so‘rib yotsam,
Eshikni ochib to‘g‘ri
Men yotgan uyga kirdi
Qora barzangi o‘g‘ri.
 
 
Taxlangan ko‘rpalarni
Bir-bir olib tashladi.
Bisot sandiqni ochib,
Shoshmay tita boshladi.
 
 
Sho‘rlikning xabari yo‘q
Qarab turgan kishidan.
Men kuzatib turibman
Govrapesh tirqishidan.
 
 
Qulay fursat kelishin
Mo‘ljallayman uzoqdan.
Asta-sekin qo‘limni
Bo‘shataman qo‘lbordan.
 
 
Sandiqni titib bo‘lib
Kelgach beshik qoshiga.
Sumak bilan tushirdim
O‘g‘rining qoq boshiga.
 
 
Barzangi gurs yiqildi,
So‘ng turib qochib qoldi.
Shoshganidan eshik ham,
Sandiq ham ochiq qoldi.
 
 
– Ey, nomard, – deb
qichqirdim, –
Qochsang urib shataloq,
Eshikni yopib ket-da,
Shamollaydi chaqaloq…
 
 
Bu birinchi hikoyam,
Qurboningiz bo‘layin.
Sizni bir bor aldasam,
Til tortmasdan o‘layin.
 
 
So‘zga bering e’tibor,
«Bir bor» dedim, «ming bor»mas.
Meni aqli butunlar
Yolg‘onchiga chiqarmas.
 
 
Ichim to‘la hikoya,
Qirqtasini aytaman.
Dam olinglar, hozircha
So‘zimni to‘xtataman.
 
1991

SHUM BOLA

 
Shundoq dedi, qulluq qilib,
Gapni qo‘yib joyiga
Yangi zamon Shum bolasi
Yangi zamon Boyiga:
 
 
«Qoshingizga yana keldim,
Quloq soling, Boy ota,
Sidqidildan xizmat qilay,
Ishga oling, Boy ota.
 
 
Fazilatim ko‘pdir, yana
Aybimni ham aytganman.
Lekin endi yangi zamon,
Men yolg‘ondan qaytganman.
 
 
Chunki endi yolg‘onni hech
Aybgina deb bo‘lmaydi.
Aldaganni balo urmas,
Aldangan ham o‘lmaydi.
 
 
Shart emas Shum bola bo‘lish,
Yolg‘on bukun osondir.
Gazet to‘la, kitob to‘la,
Majlis to‘la yolg‘ondir.
 
 
Bitta yig‘in – Kotibiyat,
Bitta yig‘in – Rayosat.
Yolg‘on endi davlat ishi,
Yolg‘on endi Siyosat.
 
 
Innaykeyin demay turing,
Quloq soling, Boy ota.
Sidqidildan xizmat etay,
Ishga oling, Boy ota.
 
 
O‘n kishilik mehnat qilib,
Parcha nonga to‘yaman,
Bir aybim bor, faqat ba’zan…
Rost gapirib qo‘yaman».
 
 
Boy otaning jahli chiqdi,
Dedi, ko‘nglim zormidi?
Yolg‘oningga chidab edim,
Rost gaping ham bormidi?
 
 
Yo‘qol, seni ishga olsam
Xonavayron bo‘laman.
Yolg‘oningdan omon qoldim,
Rost gapingdan o‘laman!
 
 
G‘azab bilan hassasini
Qo‘lga oldi Boy ota.
Yangi zamon Shum bolasin
Quvib soldi Boy ota.
 
1991

BO‘RI CHAQIRGAN MAJLIS VA BEODOB OT HAQIDA LATIFA

 
Bo‘rining qorni to‘ydi,
Go‘sht ham tegdi joniga.
Echki, quyon, ot, qo‘yni
Chaqirdi u yoniga.
 
 
Dedi: hozir to‘q paytim,
Foydalanib qolinglar.
Menga dashnomlar aytib,
Tanqid qilib olinglar.
 
 
Qani, boshla, quyonboy,
Bir eshitay so‘zingni.
Botirsan-ku, biyronboy,
Ko‘rsatib qo‘y o‘zingni.
 
 
O‘rtaga chiqdi quyon,
Avaylab o‘z jonini.
O‘ltirar bo‘ri polvon
Qashlagancha qornini.
 
 
Quyon dedi: «Ming rahmat,
Menda hech shikoyat yo‘q.
Sizdek oliy marhamat
Sohibi inoyat yo‘q.
 
 
Men qulingiz na derdim,
Sizga fidodir jonim…»
Bo‘ri xursand hayqirdi:
– Barakalla, Quyonim.
 
 
Buncha shirinsan, oqil,
Chidash qiyin, ne deyman.
Hozir to‘qman, tongda kel,
Nahorga seni yeyman.
 
 
Quyon ketdi bosh egib,
Mung‘aygancha dilxasta.
So‘ng qo‘yga navbat tegib
Minbarga chiqdi asta.
 
 
Dedi: Hech vaqt hech bo‘ri
Bizdan hol so‘rgan emas.
Minbar berib, joy to‘rin
Munosib ko‘rgan emas.
 
 
Bu obro‘, bu hurmatdan
Men terimga sig‘madim.
Bunday zo‘r marhamatdan
Ta’sirlanib yig‘ladim.
 
 
Bizlar mo‘min, ma’qul el,
Rahm et, o‘zga ne deyman.
Bo‘ri dedi: indin kel,
Seni tushlikka yeyman.
 
 
Qo‘y ko‘z yosh to‘kdi ba’rab,
Isyon qilmadi lekin.
Ketarkan ma’yus qarab,
«Rahmat» deb qo‘ydi sekin.
 
 
U ketgach keldi navbat
Uzunsoqol echkiga.
Unga tegdi taklif xat
Payshanba kun kechkiga.
 
 
Nihoyat oxirgi gap
Navbati otga yetdi,
U bo‘rini mo‘ljallab
Jag‘iga chunon tepdi.
 
 
Olov sachrab ko‘zidin
Bo‘rida jon qolmadi.
Ketganicha o‘zidan
Qaytib turaolmadi.
 
 
Hamon unutmas otning
Bu ishin va der har vaqt:
– Mendek demokratning
Padariga ming la’nat!
 
 
Bema’ni majlisga men
Ikki dunyo qaytmayman.
Ot – beodob, ot o‘lsin,
Ziyofatga aytmayman.
 
 
Lekin unga tan berib,
Ichida «qoyil» dedi.
Quyon, echki va qo‘yni
Aytgan vaqtida yedi.
 
1989

UCHKEKEN BOZORIDA

 
Bir kuni qish chillasida,
Qahratonning qorida
Sayr etib yurdik uchovlon
Uchkeken bozorida.
 
 
Uchkekenni biz ko‘ribmiz,
Siz u yon qo‘ymang qadam.
Osilib o‘lmay desangiz
Narx-navoning dorida.
 
 
Bitta ko‘ylak bitta ming so‘m,
Pocha po‘stin o‘nta ming,
Uchkekenga yorin eltsin
Qasdi borlar yorida.
 
 
Uchkekenda bor xaridor
Benajot, hayron-u lol,
Zo‘r takabbur ahli chayqov
Fe’lida, atvorida.
 
 
Gar bozor shu bo‘lsa bozor –
El uchun ozor ekan.
Uchkekendan qochdik uchchov
Aql-u hushning borida.
 
1990

SEN MENGA TEGMA

 
Bir tush ko‘ribman,
Ko‘p taajjub tush.
Ta’biri, bilmam,
Xush yoki noxush.
To‘s-to‘polon, dasht,
Chor atrof ochiq.
Borliq aralash,
Olam qorishiq.
Bebosh, beega
Turfa xo‘jalik.
Har kim o‘ziga
Izlar o‘ljalik.
Goh kelar kulgi,
Goh ko‘ngil zada,
Ko‘ngli chog‘ tulki
Tovuqxonada.
Mushuklar bunda
Uxlab semirar.
Sichqonlar tunda
Bug‘doy kemirar.
Qo‘y so‘yib, yozib
To‘kin dasturxon,
Qashqirni tozi
Qilmoqda mehmon.
Qichqiraman: hay,
Bormisan, cho‘pon!
U chiqar shoshmay,
Yopinib chopon…
Der: odat shunday,
Sira g‘am chekma.
Men senga tegmay,
Sen menga tegma…
Bu qanday odat,
Bu qanday savdo!
Bu axir, ofat!
Bu axir, balo!
U so‘z demay, jim
Qo‘l cho‘zdi: qara!
Hayhot, qaradim,
Bu ne manzara!
Devpechak uchun
Baland so‘rilar,
Asal qutida
Qovoq arilar…
Kiyinib ukpar,
Cho‘p ushlab qo‘lga,
Qo‘shiq o‘rgatar
Qarg‘a bulbulga.
Men qichqiraman:
Bormisan, bog‘bon!
Bu qanday chaman,
Bu qanday bo‘ston?
U der (kamonday
Qomati egma):
Men senga tegmay,
Sen menga tegma…
Bog‘bon shunday der,
Jo‘nar qoshimdan.
Muzdek qora ter
Quyar boshimdan.
Shu payt qaydadir
Yangrar qo‘ng‘iroq.
Dilim aytadir:
Uyg‘oqsan, uyg‘oq.
Bosh ko‘tardim, voh,
Xayriyat, tushim.
Qo‘l-oyog‘im sog‘,
Joyida hushim.
Lekin bu yoqda
Chirillab hamon,
Ona tovuqday
Qaqshar telefon.
Bilaman, bugun
Kechqurun majlis.
Meni shu uchun
Chaqirar rais.
Borsam, gapirsam,
So‘zlarim nordon.
Men haqda u ham
Gap aytar yomon.
Bor menda ayblar,
Bilaman o‘zim.
Eng sozi – men kar,
Ko‘rmaydi ko‘zim.
Dedim: har qalay
Ters to‘nni kiyma.
«Men senga tegmay,
Sen menga tegma».
Netay, o‘zimga
Baloni ortib? –
Yotdim, ustimga
Ko‘rpani tortib.
Lek tinch yo‘qoldi,
Chaqdi to‘shagim.
Ichim o‘t oldi,
Yondi yuragim.
Yigit g‘ururim
Qo‘limdan tortib,
O‘rnimdan turdim,
Ko‘rpani otib.
Asab portladi,
Bo‘ldi sabr ado.
Meni chorladi
Ichki bir sado:
«Agar halolsan,
Tilingni tiyma!
Bitsin, yo‘qolsin –
«Sen menga tegma!»
 
1977

BOLALAR

 
Sizlar – ota,
Biz – bola bu kun,
Bizdan – salom, sizlardan – alik.
Ammo erish tuyilar nechun
Endi sizga bizning bolalik!
Siz ham, axir, bola bo‘lgansiz,
Ko‘zingizda porlagan hayrat.
O‘ynagansiz, sho‘xlik qilgansiz,
Qalbingizni qiynagan g‘ayrat.
Ayting,
Yo siz gohi-gohida
Qoidani buzmaganmisiz?
Tirmashib yo o‘rik shoxiga,
Ko‘k g‘o‘ralar uzmaganmisiz?
O‘zboshimcha nomini olib,
Cho‘milmaganmisiz anhorda?
Yalangoyoq, to‘g‘ri yo‘l qolib,
Yurmaganmisiz hech devorda?
Sizlar – ota,
Biz – bola bu kun,
Sizdan hay-hay, bizdan – to‘polon.
Nega sizga har narsa mumkin,
Nega bizga har ish katag‘on?
Chiqirlaydi devorda soat,
Sekundlarni qiladi hisob.
Sizga uning borligi – rohat,
Bizga uning sirligi – azob.
Magnitofon sizlarga – kerak,
Qo‘ndirmoqni istamaysiz gard.
Bizlar uni ochib ko‘rmasak,
Dilimizdan tarqamaydi dard.
Toshoynaga koptokni ursa,
Sinarmi yo sinmasmi – qiziq.
Oshpichoqni tuproqqa suqsa,
Unarmi yo unmasmi – qiziq.
Bizlar bu kun koni xatoning,
Ne ish qilsak, bari ziyondir.
Xatolarsiz lekin dunyoning
Butunligi o‘zi gumondir.
Sizlar – ota,
Biz – bola bu kun,
Bizdan – salom, sizlardan – alik,
Bizni hadeb tergaysiz nechun,
O‘zingizda yo‘qmi bolalik?
Ishonasiz gohi ertakka:
Bir marta tan berib qo‘yinglar, –
O‘xshab ketar bizning ermakka
Siz o‘ynagan ba’zi o‘yinlar…
Biz gohida shokolad uchun
Yashirmaymiz, bo‘lamiz ayyor.
Axir, siz ham shon-shuhrat uchun
Nimalarga bo‘lmaysiz tayyor?
Bizlar danak talashsak bog‘da
Xipchin olib quvasiz bizni.
Sizlar amal talashgan chog‘da
Kim turg‘izar burchakka sizni?
Sizlar – ota,
Bizlar – bolamiz,
O‘zgarishda deydilar olam.
Bir kun sizga yetib olamiz,
Bolalikka qaytasiz siz ham.
Oshno bo‘lar sizga xayolot,
Bizga esa…
Biz – oilalik....
Bolalik – bu asli kamolot,
Kamoli umr esa – bolalik.
 
1977

TANDIR HAQIDA ERTAK

 
Mo‘jaz hovli,
Pastgina devol,
Pastakkina tandiri bilan:
Yashar edi kichkina bir chol
Kichkina bir kampiri bilan.
Yashardilar kamtar va halol,
Osoyishta taqdiri bilan.
Pichoq charxlar ermak uchun chol,
Kampiri band xamiri bilan.
Nafaqa bor,
Chol-kampir mamnun,
Daraxt ham bor – bir tup olucha.
Lekin shu tor hovlidan bir kun
O‘tar bo‘ldi kattakon ko‘cha.
Ular bu gap tarqagan kundan
Mung‘ayishib so‘lib qoldilar.
Bamisoli ini buzilgan
Musichadek bo‘lib qoldilar.
O‘z boshidan kechirgan bilar,
O‘ylab ko‘ring, osonmas, axir,
Shu hovlida turgan edilar
Naq oltmish yil chol bilan kampir.
Ular bunda ko‘rdi go‘shanga,
Ikki o‘g‘il boqdilar o‘ktam.
Kuzatdilar ikkovin jangga,
Qaytgani yo‘q, ammo biri ham.
Mana,
Uy ham buzilar endi,
Tan berdilar yana taqdirga.
Faqat ular o‘rgangan edi
Parcha yerga, pastak tandirga.
Boshqarmaga qatnamadi chol,
Raysovetga yurmadi kampir.
Peshonada borini alhol
Yurt qatori ko‘rarmiz, axir.
Ne qilardik,
Ko‘pga kelgan to‘y,
Nolish bizga yarashiq ishmas,
Tegar axir bizga ham bir uy,
Ko‘cha-ko‘yga haydab qo‘yishmas.
Shunday bo‘ldi,
Berdilar uy ham,
Ko‘chirdilar ko‘rsatib hurmat.
Biram yorug‘,
Ozoda, shinam,
Hammadan ham… birinchi qavat!
Kampir cholni chimchilab kulsa,
Xush keladi cholga qilig‘i.
Bir jumrakdan sovuq suv kelsa,
Bir jo‘mrakdan kelar ilig‘i.
Oppoq vanna,
Gazxona… rohat,
Hatto po‘choq tashlashga paqir…
Hamma narsa joyida,
Faqat…
Faqat bunda yo‘q ekan tandir.
Busiz ular bir kun turolmas,
Tatimaydi bersa jahonni,
Chol qurmag‘ur og‘ziga olmas
Gaz o‘choqda pishirgan nonni.
Boshqarmaga arzga bordi chol,
Raysovetga qatnadi kampir.
«Qanday kechar tandirsiz ahvol,
Uy kerakmas bizga betandir».
Boshqarmada yelka qisdilar,
Raysovetda bo‘ldilar hayron.
Jilkontorda shartta kesdilar:
«Yo‘q, bo‘lmaydi tandirga imkon».
«Hech bir yerga qo‘ndirib bo‘lmas
Gap shu, – dedi JEKning rahbari. –
Hamma ruxsat bersa ham, ko‘nmas
O‘t uchirish tashkilotlari.
Boshda hech kim qilmagan xayol,
Proektga qo‘shmagan, axir…»
Sabablarni tushunmadi chol,
Dalillarga ko‘nmadi kampir.
Ikkovin ham tegdi tishiga
«Ammo», «Lekin», «Ha», «Albatta»lar.
Xullas kalom, tandir ishiga
Aralashdi oxir kattalar.
Boshqarmada dedilar mumkin,
JEKdagilar topdilar tadbir.
Baland uyning yonida bir kun
Chol-kampirga qurdilar tandir.
Qo‘shnilar ham qarab turmadi,
Kim g‘isht tergan,
Kimdir qorgan loy…
Tushmadi ham JEKning hurmati,
Topildi ham tandirga mos joy.
Tandir bitdi
Va o‘sha-o‘sha
Tong yorishar chog‘ida har kun
Osmon bo‘yi tomlardan osha
Ko‘kka o‘rlar ingichka tutun.
O‘sha-o‘sha, bizga beshikdan
Tanish xush bo‘y taralar har yon.
Tongda har bir ochiq eshikdan
Rizqdek kirar bir juft issiq non.
Shunday yashar –
Sokin, bezavol
Pastakkina tandiri bilan
Katta uyda kichkina bir chol
Kichkina bir kampiri bilan.
 
1977

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации