Текст книги "Қизиқувчан Матмуса 5-9-синф"
Автор книги: Эркин Вохидов
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 3 (всего у книги 3 страниц)
KUZATISH
She’rlarim, bolajonlarim,
Qora-qura polaponlarim,
Jo qilayin sizni jonimga,
Chug‘urlashib keling yonimga.
Egningizga qarayin bu kun,
Sizni yuvib-tarayin bu kun.
Otlantiray olis safarga,
Olisdagi oydin shaharga.
Yetar endi taralla etmoq,
Yetar endi ko‘cha changitmoq.
Qiling endi fikringizni jam,
Fursat yetdi quyulmoqqa ham.
Ertangizni o‘ylayin endi,
Tahsil uchun yo‘llayin endi.
Sizga berib tarbiya, ta’lim,
Til o‘rgatsin dono muallim.
She’rlarim, polaponlarim,
Chag‘ir-chug‘ur qaqajonlarim,
Ust-boshingiz tuzatarkanman,
Olis yurtga kuzatarkanman,
Sizga boqqan yoshli ko‘zim bor,
Yo‘l oldidan aytar so‘zim bor:
Sizga berdim umrimni barcha,
Har biringiz dilimdan parcha.
Ardoqladim har biringizni
Mehrim berib o‘stirdim sizni.
Goh erkalab, goh qiynab, lekin
Turg‘izoldim oyoqqa sekin.
Sal to‘pori, bir oz beboshroq,
Lek o‘sdingiz yolg‘ondan yiroq.
Ko‘mganim yo‘q sizni ziynatga,
Oshno qildim samimiyatga.
Yoqavayron, betarosh, paxmoq,
Lekin bo‘ldi yuragingiz oq.
O‘rgatoldim ozroq ilmga,
Til o‘rgatdim – ona tilimga.
Sizga xalqim urf-u odatin
Tanishtirdim, singdirdim kam-kam –
Toki qiling elning xizmatin
To‘ylarda ham, ta’ziyada ham.
Ochiq ko‘ngil va dilbar bo‘ling,
Shoh, gadoga barobar bo‘ling,
Boshingizga kelsa ham qilich,
Qaytmang, dedim, haqiqatdan hech.
She’rlarim, bolajonlarim,
Serjanjal, serto‘polonlarim,
Sizni yo‘llab hayot yo‘liga,
Qardoshimning beray qo‘liga.
Ul qardoshning ismi tarjimon,
Unga ayon oshkor-u nihon.
Fikri epchil, chaqqon qo‘llari,
Sizni boshlab kengliklar sari
O‘z tilida so‘zlatur biyron.
Bugun sizga yana bir qarab,
O‘siq paxmoq sochingiz tarab,
Yurak to‘la hayajonlarim,
Xayr deyman, jonajonlarim.
Omon borib, qayting salomat,
Lekin do‘stim oldida faqat
Uyaltirmang, bolajonlarim!
Tiyrak bo‘ling, ozoda bo‘ling,
Kamtar bo‘ling va sodda bo‘ling.
Bo‘lsangiz ham otash va olov,
Bo‘lmang ortiq sarkash va asov.
Qiynamangiz uni mendayin,
Qochib yurmang tutqich bermayin.
Siz do‘stimga quloq solingiz.
Til o‘rganib, ta’lim olingiz.
Ne istasa yo‘q demang aslo,
Faqat o‘zni unutmang, ammo
Mening she’rim bo‘lib qolingiz.
O‘zga ruhga berilib ketmang,
Moskov borib kerilib ketmang.
Yodingizda bo‘lsin bul zamin,
Kezib o‘zga so‘zlar olamin,
Chiqib o‘tkir, dono qalamdan,
Qaramangiz yerga balanddan.
Siz, tarjimon,
Ey muhtaram zot!
She’rlarimga berguvchi qanot!
Bir-bir yo‘nib tarashlaguvchi,
Olamsari yo‘l boshlaguvchi,
Baxsh etguvchi yangi bir hayot!
Mana sizga, polaponlarim,
Har biri naq bir jahonlarim,
Tanlab oling – keragi sizga,
Qay birini chertib olsangiz, –
Eti sizga, suyagi bizga.
Iltimosim, ularga faqat
Bo‘lmagaysiz ortiq beshafqat.
Soddaligin ayb etib kulmang,
Ko‘p ichida xijolat qilmang.
To‘g‘rilang-u yurish-turishin,
O‘zgartirmang turish-turmushin.
O‘z fe’liga xosligi qolsin,
O‘z eliga mosligi qolsin.
To‘g‘ri so‘zlik darsin o‘tgan dam
Unutmasin qochirimni ham.
Mag‘rur qilgan chorida xitob,
Yo‘qolmasin sharqona odob.
Bo‘lsin demam to‘nli, yaktakli,
Bo‘lsin demam, do‘ppi, telpakli,
Bu kun o‘zga vaqt, o‘zga odat,
Zamonaviy kiydiring, faqat –
Faqat bo‘lsin o‘zbek yurakli.
She’rlarim, bolajonlarim,
Qora-qura polaponlarim,
Yo‘llaringiz bo‘lsin charog‘on,
Xayr endi, sog‘ bo‘ling, omon!
1977

TUSH
(Hazil)
Kecha ko‘rdim dahshatli bir tush,
Kelolmayman o‘zimga hamon.
Bir yozuvchi roman yozarmish,
Men emishman unga qahramon.
Yozar emish meni xayolan
Yo‘q xislatlar qo‘shib borimga.
Hisoblashmas hech mantiq bilan,
Sira boqmas ixtiyorimga.
U ne desa, to‘tiqush monand
Men ham tilga jo qilarmishman.
Jarliklardan sakrab bepisand,
Tekis yo‘lda qoqilarmishman.
Nasib bo‘lmay mahbub visoli,
Chekmoq kerak chog‘i nolalar
Nutq so‘zlayman yorga, misoli,
Gazetdagi bosh maqolalar.
O‘zim hayron o‘z qilmishimga,
O‘zimbilmam, nedir matlabim.
Hozir qilib turgan ishimga
To‘g‘ri kelmas hozirgi gapim.
La’natlayman qaro iqbolim,
Chidolmayman yurak dog‘iga,
Bora-bora aylanib qoldim
Bozingarning qo‘g‘irchog‘iga.
Bu kunimdan o‘lganim afzal,
Deya qo‘lga oldim-u pichoq…
Xudo o‘zi asradi bu gal,
Bir seskanib uyg‘ondim shu choq.
Boqdim, shukr, qo‘l-oyog‘im sog‘,
Shukr, tirik odamman o‘zim.
Bir romanni o‘qib banogoh
Ilinibdi salgina ko‘zim.
1980

ARSLON O‘RGATUVCHI
(Vankuver tomoshagohida)
Panjarada
Olov halqa yonar charsillab,
Arslon uzra –
Uzun qamchi o‘ynar qarsillab.
Yoldor yirtqich
Egasiga sovuq tikilar,
Na’rasidan
Tomoshagoh larzaga kelar:
– Ojiz odam!!
Bas, boshimda qamchi o‘ynatma!
Ko‘ksimdagi
Uxlab yotgan hisni qo‘zg‘atma!
Haddan oshma!
O‘z boshingga o‘zing yetarsan,
Etlaringni
Nimta-nimta qilsam, netarsan!
Ko‘rib qo‘y,
Bu panjalarni siynangga solsam,
Shuhratparast yuragingni
Sug‘urib olsam,
Yiltiragan badaningdan
Tirqiratsam qon,
Najot bermas –
Senga qarsak chalgan olomon.
Bor!
Olovdan sakramasman!
Bo‘lma ovora!
Bilasanmi –
Men kimman-u sen kim, bechora!
Men – to‘qaylar shohi,
Tutqun bo‘lsam-da agar,
Sen-chi, – no‘noq masxaraboz,
Pastkash bozingar!
Shuhratga mast,
O‘z holini bilmagan basir!
Nomard taqdir
Meni qildi qo‘lingga asir!
Halol kuchga zavol bergan,
Hiylaga qudrat, –
Meni bandi qafas etgan
Dunyoga la’nat!
Ey, ivishiq ko‘kragini
Zavq bilan kerib,
Sher zotini masxaraboz
Qo‘liga berib,
Mard holidan
Rohat olib qilgan xandalar,
La’nat sizga,
Tomoshabin, gumroh bandalar!
Panjarada
Olov halqa yonar charsillab.
Arslon uzra
Uzun qamchi o‘ynar qarsillab.
Yoldor yirtqich
Egasiga sovuq tikilar –
O‘rgatuvchi
Asta uning yoniga kelar.
Qulog‘iga bir so‘z aytar
Egib qomatin:
– Nodon dema,
Men bilaman arslon qudratin.
Sen to‘qaylar podshosisan,
Men – bechoraman,
Hamla qilsang,
Bir lahzada tilka-poraman.
Falak ishi –
Bizning bunday turfa sheriklik,
Menga qamchi,
Senga qafas berdi tiriklik.
Sen tantisan,
Nazdingda men quv, dog‘uliman.
Asli o‘sha tiriklikning
Sendek quliman.
Menga nedir olomonning
Olqish, qarsagi,
Sening har bir o‘tli na’rang –
Menga tarsaki.
Netay, men ham egalik qul,
Boshda xo‘jam bor,
G‘azab qilsa,
Ko‘zlarimga dunyo bo‘lar tor.
Menda-ku dard, iste’dod bor,
Bor andak sehr,
Hech bo‘lmasa, hayvonotga
Shafqat-u mehr.
Tomoshagoh egasi kim
Mening qoshimda!
Ammo qamchi o‘ynatar u
Doim boshimda.
Holatimni tushun,
Isyon qilma, birodar,
Charx oldida ikkimiz ham
Asli barobar.
Garchi arslon o‘ynataman,
Garchi men – Odam,
Oy so‘ngida qand kutaman
Xo‘jamdan men ham.
Goh jonimdan o‘tsa zulm,
Na’ra tortaman,
Lekin bundan
Faqat boshga balo ortaman.
Bu so‘zlarga chidolmadi,
To‘lg‘andi arslon:
– Bo‘ldi, bas qil!
Yuragimni qon qilma, inson!
O‘t olsin bu charxi falak
Rizq-u ro‘zini!..
Arslon olov chambarakka
Otdi o‘zini.
1977

SAVAG‘ICH
Savag‘ich paxtaga
Deydi:
– Qalaysan?
Qo‘limga tushding-ku,
Shoshmay tur, seni…
Savag‘ich!
Paxtani nega savaysan?
Paxtada ne gunoh?
Savala meni!
Paxtaning tani oq,
Yumshoq badani.
Nozik-nihol ekin,
Shafqating qani?
Axir mening yurtim
Paxta vatani,
Paxtada ne gunoh?
Savala meni!
Kecha behi eding,
Quriding, so‘lding,
Qirqilding, yo‘nilding,
Savag‘ich bo‘lding.
Sen bunga paxtani
Aybdor deb bilding,
Paxtada ne gunoh?
Savala meni!
Bog‘-rog‘lar kesilsa,
Paxtadami ayb?
Yaylovlar buzilsa,
Paxtadami ayb?
Go‘daklar ezilsa,
Paxtadami ayb?
Paxtada ne gunoh?
Savala meni!
Kuni kecha edi…
Suluv kelinchak
Soyangda qurgancha
Rangin belanchak
Bola allalardi…
So‘ldi u chechak…
Paxtada ne gunoh?
Savala meni!
Qo‘sh xivich, chiyillab
G‘azabkor, xunxor,
Bechora paxtaga
Yetkurma ozor.
Suving ichgan bo‘lsa
U sendan nochor,
Paxtada ne gunoh,
Savala meni!
Garchi she’rda nomi
Oltin-u marjon,
Turupdan bekadr,
Sholg‘omdan arzon.
Dehqon shu arzonga
Yil bo‘yi sarson,
Paxtada ne gunoh?
Savala meni!
Meni ur, paxtani
Kuylagan menman.
Erta-yu kech uni
O‘ylagan menman,
Olamga maqtanib
So‘ylagan menman,
Paxtada ne gunoh?
Savala meni!
Uni madh etmoqning
Mohiri o‘zim,
Madhimga ishondim
Oxiri o‘zim,
Turg‘unlik davrining
Shoiri o‘zim,
Paxtada ne gunoh?
Savala meni!
Elim burch deganda
Paxtani bilgan,
Zarur bo‘lganida
Ko‘rpadan shilgan,
Bitta chanoq uchun
Odam otilgan,
Paxtada ne gunoh?
Savala meni!
Joni sabil bo‘lgan
Insonlar uchun,
Yetimlar ko‘ksida
Fig‘onlar uchun,
Afsus, nadomatlar,
Armonlar uchun
Paxtada ne gunoh?
Savala meni!
Ko‘rakdek og‘izni
Yumarmiz har dam,
Ochmasam chanoqdek
Dilni endi ham
Men nechuk shoirman,
Men nechuk odam?
Paxtada ne gunoh?
Savala meni!
1988

MAJLIS QILING
Vaqtingiz bo‘sh bo‘lsa ham,
Bo‘sh bo‘lmasa, majlis qiling,
Ko‘nglingiz xush bo‘lsa ham,
Xush bo‘lmasa, majlis qiling,
Ovchilar, siz otgani
Qush bo‘lmasa, majlis qiling,
Ahli bozor, sotgani
Go‘sht bo‘lmasa, majlis qiling,
Hech hisobmas, har kuni
Qo‘sh bo‘lmasa – majlis qiling.
Siz biror majlissiz o‘tgan
Kunni kun deb aytmangiz,
Torting-u homuza,
Ma’ruza uzun deb aytmangiz,
Hamma takror etsa bir gapni,
Nechun, deb aytmangiz,
Ko‘kka vovaylo qilib,
Garduni dun deb aytmangiz,
Dod demakka sizda
Tovush bo‘lmasa, majlis qiling.
Siz ham, ey taftishchilar,
Majlis sanog‘in tekshiring,
Hamqaror, kun tartib-u
Hujjat varog‘in tekshiring.
Notiq og‘zin tekshiring,
Some qulog‘in tekshiring,
Kursi teshgan nozik ul
Joyda qadog‘in tekshiring,
Gar jarohat unda
Qo‘sh-qo‘sh bo‘lmasa, majlis qiling.
Ko‘rmasin dehqon dala,
Sozanda soz, shoir qalam,
Ishchi ham dastgoh yoniga
Qo‘ymasin aslo qadam,
Ochmasin olim kitob-u
Qilmasin tajriba ham,
Kimki gap bilmas, bilar ish,
Qilsin o‘lguncha alam,
Ish bilarni urgani
Musht bo‘lmasa, majlis qiling.
Gar mabodo majlisingiz
Ertaroq bo‘lsa tamom,
Sizga lozimdir yig‘inni
Uyda ettirmoq davom,
Xonaga minbar yasang-u
Yuksaling oliymaqom,
Masala qo‘ymoqqa uyda
Bir sabab bo‘lgay mudom,
Gaz qozon yo vanna, yo –
Dush bo‘lmasa, majlis qiling.
Belni bog‘lang, bu jahonni
To‘ldiring qog‘oz bilan.
O‘zni aldang, bo‘lmaganni
Bo‘ldiring qog‘oz bilan.
Ish bilan shod etmangiz hech,
Kuldiring qog‘oz bilan.
Kim qog‘ozbozlikni suymas,
O‘ldiring qog‘oz bilan.
O‘lmasa u yoki
Behush bo‘lmasa, majlis qiling.
Siz agar topqir esangiz,
Na faqat sohib suxan –
Demangiz majlisni majlis,
Ot qo‘ying turli-tuman.
Gohi suhbat, gohi hay’at,
Davra deng, yo anjuman,
Lahzalik deng, haftalik deng,
Ne desangiz jon-u tan,
Nomi ming bo‘lgach,
Faromush bo‘lmasa, majlis qiling.
Vaqt o‘tar, soat o‘tar
Kun oy bo‘lur, oy yil bo‘lur.
Kim-u o‘tgan umriga
Qarsak chalur, qoyil bo‘lur?!
Fursat eng oliy hakamdur,
Doimo odil bo‘lur,
Barcha bir kun ul hakamning
Hukmiga doxil bo‘lur,
To‘plangiz es-hushni,
Es-hush bo‘lmasa, majlis qiling.
1982

SHARQ ERTAGI
Tun.
G‘arib kulbada
G‘amgin tebranar sham,
Ko‘zlarini yummaydi go‘dak.
– Nima deysan, qo‘zim,
Nima deysan, erkam?
– Ona, menga so‘ylab ber ertak.
Ertak, dostonlarga
Qancha boy bu olam.
Qanchalar ko‘p Sharqda afsona!
Aytgan bilan bitmas –
Ming bir kechalar kam,
Qay birini so‘ylasin ona?!
Yo Bahrom ertagi,
Yoinki «Chor darvesh» –
Ozodbaxtning qissasinimi?
Yoki Aloviddin
Va yo Xusrav Parvez,
Yo Jamila erk sasinimi?..
– Uxla, jonim erkam,
Uxla, ko‘zim nuri.
Qo‘zichog‘im, ko‘zlaringni yum.
Men ertak so‘ylayin,
Shirin tushlar ko‘rib,
Sen, dilbandim, orom ol bir zum.
Uzoq-uzoqlarda
Ko‘k dengizlar uzra
Tomchilardan o‘q qilar bulut.
Dahshat bilan kelib
Tog‘ ustiga, so‘ngra
Qoyalarga do‘q qilar bulut.
Oq soch cho‘qqilarning
Yoqasidan tutib,
Chaqmoq bilan urib o‘tadi
Tog‘lar bosh egmagach,
G‘azab bilan bulut
Qoyalarni o‘qqa tutadi.
Taslim bo‘l, der –
Qo‘lga qilich olib,
Taslim bo‘l, der ko‘tarib suron.
Bulutning ketidan
Ortiq dahshat solib,
Hushtak chalib keladi bo‘ron.
Deydi: «Men borliqni
Tilka-tilka qilay,
Qora ko‘lka solay jahonga»…
Ammo cho‘qqilar tik,
Boqar ishonch bilan
Kelajakka,
Quyoshga,
Tongga…
Bir nafas jim qoldi
Ona nedir o‘ylab.
– So‘ng ne bo‘ldi, so‘yla, onajon?
Sharq ertagin so‘ylab,
Ona ko‘z oldida
Ertangi Sharq bo‘ldi namoyon.
«Mana, quyosh chiqdi,
Olam nurga to‘lib
Bulut uzoqlarga yo‘qoldi.
Etaklari uning
Pora-pora bo‘lib
Qoyalarda chuvalib qoldi»…
Uxla, jonim erkam,
Uxla, ko‘zim nuri,
Qo‘zichog‘im, ko‘zlaringni yum,
Borliq jimjit. Go‘dak –
Shirin tushlar ko‘rib
Uyqusida qilar tabassum.
1956

KUNLAR SEKIN O‘TADI
So‘raydi mendan ukam:
Aka, kitob olib ber.
So‘zin qaytarmay men ham,
Olib berdim alifbe…
Bukun tayyorlik ko‘rar
Ukam katta bayramga,
Goh maktab vaqtin so‘rar,
Goh tayinlar ayamga:
– O‘sha kun uxlab qolib
Maktabdan kech qolmay-a,
Ertalab tura solib,
Meni uyg‘oting, aya.
Sevinch sig‘mas ichiga,
O‘quvchi bo‘lar ukam.
Uning bu sevinchiga
Sherik bo‘laman men ham.
Xitoyi qog‘oz o‘rar
Ukam kitob, daftarga.
Go‘yo hozirlik ko‘rar
Juda uzoq safarga.
U maktab orzusida
O‘tkazadi tunlarni.
Hattoki, uyqusida
Sanab chiqar kunlarni.
Zo‘r quvonch bilan ukam
Sentabrni kutadi.
Kutgan sari kunlar ham,
Qarang, sekin o‘tadi.
1956
