Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 12

Текст книги "Беш болали йигитча"


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 09:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 12 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]

Шрифт:
- 100% +
«NARIGI DUNYOGA BORSANGIZ…»

Temir yo‘l yoqalab kunbotar tomon ketyapmiz, goh poyoni yo‘qdek tuyulgan tekis yo‘ldan ketamiz, goh yo‘limiz qamishzorlar orasidan o‘tib qoladi. O‘t-o‘lanlar qurib sarg‘ayib yotibdi. Nazarimda butun borliq sariq nur ichida chayqalayotgandek quyosh ham ho‘ osmon-u falakda to‘p-to‘p uchib, loqayd sayr qilib yurgan qushlaru qamishlarning popuklarigacha sarg‘ish ko‘rinadi. Ukalarimning rangi ham allanechuk sarg‘ayib ketgandek.

Qancha yo‘l bosdik bilmaymiz, oldinda yana qancha yo‘l bor, buniyam bilmaymiz. Qovoqlar osilgan, yuraklar g‘ash, qorinlar och, oyoqlar charchagan, xuddi kimnidir qabristonga kuzatib borayotgandek bitta-bitta qadam tashlab ketyapmiz.

O‘tgan kuni yo‘l bo‘yidagi bir qishloqchaga kirib Shermatning kostyumi bilan o‘zimning qo‘nji uzun botinkamni yolvora-yolvora to‘rtta non-u, bir lagan chala qurigan mayizga almashtirib chiqqanman.

Ertalab non ham, mayiz ham tamom bo‘ldi, kastryulkadagi qaynatilgan suvdan boshqa hech narsamiz qolmagan.

Robiya yelkamda, kastyumimning etagini qaytarib ichiga solib olganman uni, uxlab qolganga o‘xshaydi, tancha chekkasida yotgan mushuk boladek bir me’yorda pishillab boryapti. Omon yonma-yon ketyapti. Qiziq, yo‘lga tushganimizdan buyon u mendan nari ketmay qo‘ydi, kechalari ham yonimda, bo‘ynimdan mahkam quchoqlab yotadi.

Zulayho bilan Dilbar ko‘ch-ko‘lonimizni tayoqqa osib, tayoqning ikki uchini yelkalariga ilishib oldinda jadal ketishyapti, o‘zlaricha nimalarnidir gaplashib «qurib ketsin» deb qo‘yishyapti. Ular shunaqangi ahil, bir-biriga shunaqangi mehribon bo‘lib ketishganki, asti qo‘yaverasiz. Usmon daladan qaytayotgan cho‘pon bolaga o‘xshab tayog‘ini sudrab hammadan ortda qolib ketgan.

– Aka, – deb shimimdan torta boshladi Omon, – non deyapman.

– Non yo‘q, dedim-ku.

– Bo‘lmasa mayiz berasiz.

– Mayiz ham tamom bo‘lgan.

– O‘zlaring yeb, menga bermas ekansizlarda, a? Kechasi meni uxlatib yedilaring-ku? Bunday boshimni ko‘tarsam Usmon yeyayotgan ekan, uningizni yaxshi ko‘rasiz, a?.. Bermasangiz yurmayman.

– Qaynagan suv bor, ichasanmi?

– Ichmayman, ichim quldirab ketyapti o‘zi.

Omon o‘zini yerga tappa tashlab biron narsa bermasangiz hecham yurmayman, ko‘tarsangiz bo‘yningizni tishlab olaman, deb o‘tirib oldi. Bunaqangi paytda ukaginamni yo non, yo ertak bilan aldash mumkin. Ko‘rib turganingizdek non yo‘q, aksiga yurib ertakning ham yangisi tamom bo‘lgan, eskisiga ko‘ndirib bo‘lmaydi uni. Usmon o‘rningdan tur, tayoqlarimizni ot qilib minib kim o‘zarga chopishamiz degan edi, sen kechasi mayizimni yeb qo‘yding deb, battarroq yig‘lashga tushdi.

– O‘rningdan tursang, yangi ertagim bor, aytib beraman, – deb ko‘ndira boshladi Dilbar.

– Aldaysiz, – hiqillab dedi Omon. – Qasam iching-chi bo‘lmasa.

– Har narsa bo‘lay, – qasam ichdi Dilbar. Robiyani Zulayhoga berib, Omonni yelkamga chiqarib oldim. Yo‘lga tushdik Dilbar ertak boshladi:

– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir xasis boy bo‘lgan ekan.

– Meli boqqolga o‘xshabmi? – so‘radi Omon.

– Ha, Meli boqqolga o‘xshash… O‘sha boyning uyida bir qari ho‘kiz bo‘lgan ekan…

– Ho‘kiz uyda emas, og‘ilxonada bo‘ladi, – yana gapga aralashdi Omon.

– Gap qo‘shmay tur-da, o‘sha ho‘kiz juda qarib, o‘rnidan turolmaydigan bo‘lib qolibdi. Xasis boy bir kuni uni ko‘chaga olib chiqib, qo‘shga yaramasang, so‘yay desam go‘shting bo‘lmasa, sen tekinxo‘rni bekorga boqib yuramanmi deb, tayoq bilan urib haydab yuboribdi. Xo‘kizvoy endi qayoqqa bordim, ovqatni qayerdan topib yedim, deb xafa bo‘lib ketayotgan ekan, yo‘l chekkasida yig‘lab turgan bir qari otni ko‘rib qolibdi. Ha, Otvoy, nega yig‘layapsan, deb so‘rabdi Xo‘kizvoy. E Xo‘kizvoy, ahvolim og‘ir, debdi Otvoy, xasis boy meni rosa o‘ttiz yil ishlatdi, oxiri qarib kuchdan qolganimda arava tortolmasang, uloq chopolmasang, so‘yay desam go‘shtga yaramasang, seni boqib nima qilaman, ovqatingni o‘zing topib ye deb, kaltaklab ko‘chaga xaydadi. Xafa bo‘lma, debdi Xo‘kizvoy, yur, daryo bo‘yiga ketamiz, o‘sha yoqlarda mazza qilib yashayveramiz.

Ikkovlari yo‘lga tushishibdi. Ketishayotsa, ko‘chaning qoq o‘rtasida bir Eshak ag‘anab yotgan emish. Tur deyishsa, turolmayman dermish Eshakvoy. Nega bu ahvolga tushib qolding deyishsa, Eshakvoy yig‘lab, xasis boyning uyida rosa o‘ttiz yil tinim bilmay ishladim, oxiri qarib qoluvdim, boy bozor-o‘charga yaramasang, tegirmonga yuk ko‘tarib borolmasang, so‘yay desam go‘shting harom bo‘lsa, deb urib-urib ko‘chaga haydadi, debdi.

Xafa bo‘lma, debdi Xo‘kizvoy, yur biz bilan, daryo bo‘yiga boramiz, o‘sha yerda bir amallab kunimizni ko‘ramiz.

Oldida Xo‘kizvoy, ketidan Otvoy, uning ketidan Eshakvoy yo‘lga tushishibdi. Bir joyga borishsa, ariqning ichida bir it «ving-ving» deb yotgan emish. Xo‘kizvoy ha, nega yig‘layapsan, desa, Itvoy, xasis boynikida umrim boricha xizmat qildim, oxiri qarib qolganimda, o‘g‘rilarni quvib yuborolmasang, bo‘rilardan qo‘rqsang, sen tekinxo‘rni boshimga uramanmi deb, tayoq bilan urib ko‘chaga haydadi, debdi. Xafa bo‘lma, debdi Xo‘kizvoy, yaxshisi, biz bilan yur, daryo bo‘yiga boramiz, o‘sha yoqlarda bir amallab kunimizni ko‘rarmiz.

Oldinda Xo‘kizvoy, ketidan Otvoy, uning ketidan Eshakvoy, uning ketidan Itvoy yo‘lga ravona bo‘lishibdi. Bir joyga kelishsa ajriqning ustida yunglari to‘kilgan bir qari Mushuk o‘zini oftobga toblab yotgan emip, hadeb miyov-miyov deb yig‘lab dumini silkitarmish. Ha, Mushukvoy, nega yig‘layapsan, deb so‘rabdi Xo‘kizvoy. Qornimga emas, qadrimga yig‘layapman, debdi Mushukvoy, xasis boyning omborida rosa o‘ttiz yil poyloqchilik qildim, oxiri qarib qoluvdim boy sichqon tutolmasang, kalamushdan qo‘rqsang, bekorga ovqatni yeb yotaverasanmi, deb ko‘chaga haydab yubordi. Xafa bo‘lma, debdi Ho‘kizvoy, yaxshisi biz bilan yur, daryo bo‘yiga ketyapmiz, o‘sha yerlarda bir amallab kunimizni ko‘rarmiz.

Oldinda Xo‘kizvoy, ketidan Otvoy, uning ketidan Eshakvoy, uning ketidan Itvoy, uning ketidan Mushukvoy yana yo‘lga tushishibdi. Yo‘l yurpshibdi, yo‘l yurishsa ham mo‘l yurishibdi. Yetti kecha-yu yetti kunduz deganda atrofi paxsa devor bilan o‘ralgan kattakon bir qo‘rg‘onga yetib kelishibdi, qo‘rg‘onning ichkarisida issiqqina bir uy ham bor ekan. Shu uyga kirib, endigina yotib dam olamiz deb turishgan ekan, sherning vahimali o‘kirgani, bo‘rining uvillagani, tulkining chaqaloqdek ingalab yig‘lagani eshitilib qolibdi. Qo‘rqqanlaridan hammalari dag‘-dag‘ qaltirashayotgan ekan, Xo‘kizvoy shoshmasdan o‘rnidan turib, qo‘rqmanglar, Bitta sher bilan olishishga kuchim yetadi hali deb o‘tkir shoxini eshikka to‘g‘rilab shay bo‘lib turibdi. Sher ostonada paydo bo‘lishi bilan qorniga shunaqangi qattiq suzibdiki, bechora sherning qorni qizdirilgan childirmadek tarsillab yorilib ketibdi. Otvoy ikki oyoqlab bo‘rining og‘ziga tepibdi, Eshakvoy bor kuchini to‘plab, tulkining dumidan tishlabdi-da, aylantirnb-aylantirib derazadan tashqariga otibdi. Itvoy vovillab yuboribdi, Mushukvoy miyovlashga tushibdi. Bu shovqin-suronni eshitgan tashqaridagi yirtqich hayvonlar qo‘rqqanlaridan har tomonga tiraqaylab qochib qolishibdi.

Xasis boynikidan quvilgan hayvonlar ertalab yana yo‘lga tushishibdi. Yetti kecha-yu yetti kunduz yo‘l bosib daryo bo‘yiga eson-omon yetib olishibdi. Borishsa, ariqlarda sharaqlab suvlar oqib yotganmish, yaylovlarda gurkirab o‘tlar o‘sib yotganmish, ovlasa bo‘ladigan qushlar, sichqon-u kalamushlar galalashib yurganmish. Xo‘kizvo-yu Otvoy, Eshakvo-yu Itvoy, Mushukvoylar ana shu yerda mazza qilib yashashib, davr-u davron surishibdi… Qorinlari ham to‘q ekanmi? – so‘radi ertakning oxirida Omon.

– Ha, qorinlari ham to‘q ekan, – deb qo‘ydi Dilbar.

– Mening qornim bo‘lsa ochqab ketyapti, – deb Omon yelkamda turgancha g‘ingshiy boshladi yana. G‘ingshishiga-ku chidab ketaverar edim-a, ammo ikki qulog‘imdan baravar cho‘za boshlagan edi, yurolmay qoldim. Jindek sabr qilsa-ku, hu ro‘parada qishloqcha ko‘rinib qoldi, borib, yegulik biror narsaning ilojini qilib kelardim-a, qayoqda, yelkamdan tushirib yupatmoqchi bo‘luvdim, yerga orqasi bilan yotib olib, xuddi to‘nkarilgan qo‘ng‘izdek qo‘l-oyoqlarini baravar silkita boshladi:

– Opajon, qornim och… – deb hammamizning ko‘nglimizni ham buzib yubordi.

Yo‘q, endi uni yupatib bo‘lmaydi. Usmon ukamni yonimga olib ro‘paradagi qishloqqa kirib chiqishga qaror qildim.

Qishloqchada bor-yo‘g‘i bitta ko‘cha-yu o‘ttiztacha uy bor ekan, xolos. Uylari ham ko‘rimsiz, pakana, xuddi hazillashib qurilganga o‘xshaydi. Ko‘cha eshiklari oldiga poxolmi, o‘tinmi, duch kelgan narsalarni uyum-uyum qilib taxlab ham qo‘yishibdi. Ko‘cha boshidagi eshigi qiyshayib ketgan bir uy oldiga kelib, to‘xtab qoldik. Bugun birinchi marta tilamchilikka chiqishimiz, nima deb tilanish kerak… yo eshikni taqillatib, ozgina non so‘rab qo‘yaqolsammikin, bermasa-chi? Ko‘nglini yumshatadigan biron narsa o‘qish kerak boshqa tilanchilar ham, odatda shunaqa qilishardi… Lekin nimani o‘qiyman, nimani? Hech narsa bilmayman-ku!

Menam devona-yu Mashrab, Jahon birlan ishim bormi, shumi?! Shuyam she’r bo‘pti-yu! Bunga hech kimning qalbi erimaydi-ku!!

Ramazon aytib keldim eshigingizga, Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga desam-chi? Demayman, hecham demayman! Qurib ketsin shu tilanchilik. Mayli, ochimizdan o‘lsak o‘la qolay-lik!.. Nazarimda atrofimni bolalar o‘rab, tillarini chiqarib «tilanchi, tilanchi!» deb mazax qilayotgandek bo‘lib tuyuldi… Xo‘rligim kelib ko‘zimdan tirqirab yosh chiqib ketdi… Yo‘q, yo‘q! Kerakmas, kerakmas!!. Yugurib ketdim, qayoqqa, bilmayman…

Qishloqchadan chiqib, ajriq ustiga o‘zimni otdim, yumshoqqina o‘t ustida dumalab, boshlarimni urib uzoq yig‘ladim. Nega, bilmayman! Ehtimol, qishloqqa qaytib ota-onamning chirog‘ini yoqaman deb, bechora ukalarimni qiynab qo‘yganim uchundir, ehtimol, ukalarim har yoqqa tarqab ketishmasin deb qo‘rqib, o‘zboshimchalik qilib, ularni mehribon odamlarning muruvvatidan mahrum qilib, yarim och, yarimi yalang‘och tentiratib yurganim uchundir…

Bir mahal ko‘ksimdagi og‘ir narsa erib ketgandek yengillashib qoldim. Chalqancha yotib ko‘kimtir osmonga, uvadadek parcha-parcha bo‘lib titilib ketgan oppoq bulutlarga tikilib jim qoldim… Osmon nega bunaqangi keng, bunaqangi tubsiz ekan-a?.. Odam o‘lganda joni osmon-u falakka uchib ketadi deyishadi. Rostmikan? Ehtimol, opamning ham joni shu poyoni yo‘q bo‘shliqda muallaq yurgandir… Hu ana, qushlarga o‘xshab allanarsalar salanglab uchib yurishibdi, ehtimol, narigi dunyoga ketayotgan arvohlarning sharpasidir ular…

Yana ich-ichimdan xo‘rsinish keldi, miyamda allaqanday fikrlar aylanib, yuragim shirin to‘lqinlana boshladi, pichirlab she’r o‘qiy boshladim:

 
Narigi dunyoga borsangiz,
Opajonimni ko‘rsangiz,
Orifjondan salom deng.
Rasm chizgan o‘g‘lingiz,
Xuddi sizning o‘zingiz,
Usmonjondan salom deng.
Qoshi qaro qaldirg‘och,
Tuz totmagan qorni och,
Omonjondan salom deng.
Tili shirin jajji qiz,
Ham ota-yu onasiz Robiyadan salom deng.
Husni ham edi ko‘rkam,
Bedarak ketgan ukam,
Sultonjondan salom deng.
Sizni qumsab yig‘lagan,
Erta-yu kech bo‘zlagan,
Zulayhodan salom deng.
 

– Aka, – deb oyog‘imdan tortqilay boshladi Usmon, – Hu anavi yerda bitta kampir bizga qarab-qarab qo‘yyapti.

O‘rnimdan turib o‘tirdim. Rost, bir kampir kaftini peshanasiga soyabon qilib bizga qarab turipti… Kim bo‘ldi ekan?.. Hali qaramagan ekanmiz, atrof poyoni yo‘q sholipoyalar ekan, bir xil paykallarning Sholisini o‘rib, taram o‘rib qo‘yishibdi, bir xillari o‘rilmagan – sarg‘ayib pishgan boshoqlar, xuddi ayb ish qilib qo‘ygandek bir xilda egilib, kimgadir ta’zim qilib turishibdi.

Qo‘rqa-pisa kampirning oldiga bordik. To‘xta xolaga o‘xshab pakanagina, lekin o‘taketgan oriq ayol ekan. Qo‘lida sopi kalta o‘roq, belini ikkita doka ro‘mol bilan tang‘ib olibdi. Bir xirmonning o‘rnicha keladigan joyning sholisini mol yegandek tatalab arang o‘ribdi. «O‘roq tortishni bilmas ekan» degan fikr o‘tdi boshimdan.

– Xola, sholingizni o‘rib beraymi? – dedim, negadir shoshilib.

– Voy, tilginangdan o‘rgilay, kimning o‘g‘lisan? – dedi xola bir menga, bir Usmonga sinchiklab tikilarkan.

Xolaning mendan sal kattaroq yakka-yu yolg‘iz o‘g‘li bor ekan, o‘shani shu yil kuzda uylantirmoqchi bo‘lib, sholini ko‘proq ekishgan ekan, lekin sholi pishay-pishay deb turganda o‘g‘lini urushga olib ketib qolishibdi.

Sopi kalta o‘roqni qo‘limga olib jon-jahdim bilan ishga tushdim. Usmon ukalarimni olib kelgani ketdi.

«YOVVOYI SIGIR»LARNI EMMOQCHI BO‘LGANIMIZ

Bu kecha shundoqqina temir yo‘lning yonginasida, shoxlari qurib qolgan qari tutning tagida, yumshoqqina ajriq ustida tunadik. Kapa qurishga juda usta bo‘lib qolganmiz. Qo‘limizdagi tayoqlarni yerga qoqib, ustiga kampir xola sovg‘a qilgan ip adyolning yarmini tashlaymiz, yonlarini qurigan qamish yoki yantoq bilan to‘sib, ustimizga haligi ip adyolning qolganini to‘shaymiz, ko‘z yumib-ochguncha qarabsizki, ertaklardagi shohona qasrlarga o‘xshash qasr paydo bo‘lib, qolibdi-da!

Ba’zan, duch kelib qolsak choyxonada tunaymiz, ba’zan bitta-yarimta rahmdil xotin uyiga olib kirib ketadi, ba’zan, mana shunaqa shohona qasrlar qurishga to‘g‘ri kelib qoladi.

Kapadan sekin boshimni chiqarib atrofga qaradim. Toshkent tomondan qip-qizarib tong otib kelyapti, tepamizdagi tutda men nomini bilmaydigan allaqanday qush kar-kar deb sayrab qo‘yyapti. Qo‘qon tomondan kelayotgan passajir poyezdi ilondek cho‘zilib shakashuqiga olib o‘tib keta boshladi. Qo‘qonda bolalarni ushlamayotganga o‘xshaydi, zinalarda, tomlarning ustida to‘p-to‘p bo‘lib ketishyapti, tik turib ketayotgan bir bola:

– Lo‘lilarga salom! – deb biz tomonga eski shapkasini otib yubordi. Bitta vagonga, negadir ot ham yuklashibdi. Otlar derazadan boshini chiqarib, kalta-kalta quloqlarini chimirib ketishyapti.

– Aka, poyezd o‘tdimi! – gap qo‘shib qoldi Zulayho.

– Ha, – deb qo‘ydim, g‘alati-g‘alati o‘ylarga berilib.

– Aka, siz xafa bo‘lyapsizmi?

– Nega xafa bo‘lar ekanman.

– Hamma yuklarni siz ko‘taryapsiz… oyog‘ingizni uqalab qo‘yaymi.

– Oyog‘im og‘rigani yo‘q.

– Xo‘p deya qoling, uqalagim kelyapti.

– Ha mayli.

– Aka, siz ko‘pam xafa bo‘lavermang, qishloqqa borsak hamma ishni o‘zim qilaman, hovlilarniyam supuraman, idishlarniyam yuvaman, sigirniyam o‘zim sog‘aman.

– Sigirimiz yo‘q-ku?

– Kolxoz qarz berib turar. Dadasi armiyaga ketganlarga berarkan-ku. Keyin siz kolxozga ishga kirasiz, men ham kiraman…

– Yo‘q, sen uy ishlariga qaraysan.

– Aka, Dilbar biz bilan qolmoqchi. Yo‘q demaymiz, xo‘pmi? U sho‘rlikning bironta qarindoshi ham yo‘q, uylari ham buzilib ketgan ekan… U sizni o‘ziga aka qilib olmoqchi. Akang juda mehribon, qani endi mening ham shunaqa akajonim bo‘lsaydi, deydi. Sizlar bilan qolib kolxozga chiqib ishlayman deyapti, maylimi?

– Mayli.

– Faqat akang meni qora qiz deb chaqirmasin deyapti.

– Axir o‘zi qop-qora-ku!

– Hecham-da.

Omonning qiziq odati bor, uyqudan uyg‘onayotganida albatta bironta tansiq ovqatning nomini aytib yig‘lab uyg‘onadi. Bugun bo‘lsa, to‘satdan Usmon ikkovlari yotgan joylarida jo‘jaxo‘rozdek olishib ketishdi.

– Ahmoq, nega meni urasan, – uyqusirab Omonni bir tushirdi Usmon.

– Nega bo‘lmasa qovunimni olib qo‘yasan? – baqirib dedi Omon.

– Qovuningni olganim yo‘q.

– Olding, hozirgina qo‘limda turuvdi.

– Tush ko‘rgandirsan.

– Hecham-da, to‘lab ber hozir.

Ikkovlarini bir amallab yarashtirib, to‘yona qasrimizni yig‘ib, nonushtaga tayyorgarlik ko‘ra boshladik. Bir hovuchdan jiyda bilan oz-ozdan qaynoq suv ichib yo‘lga tushdik.

Bir oz yurgach to‘satdan soylikda o‘tlab yurgan sigirlarga ko‘zimiz tushib qoldi, qiziq, bu kimsasiz joylarga sigirlar qayoqdan kelib qoldi ekan? Yoki uyidan qochib, yovvoyilashib ketgan mollarmikan?

– Aka, bittasi sut berarkan, – dedi Zulayho, – qarang, yelini tirsillab turibdi.

Rost, targ‘il sigir yelinini arang ko‘tarib turibdi, o‘ziyam bir chelak sut beradiganga o‘xshaydi. Ushlatarmikan, ushlatsa mazza qilib sog‘ib olgan bo‘lardik-da. Fikrimni singillarimga aytgan edim, tasodifni qarangki, ular ham xuddi shu haqda o‘ylab turishgan ekan, rozi bo‘lishdi.

Targ‘ilga yaqinlashib, bir tutam qurigan o‘t uzatgan edim, dumi bilan pashshasini qo‘riy-qo‘riy sekin-asta men tomonga yura boshladi. Hovuchimdagi o‘tni yeb, yana bormi degandek kaftimni yalab ham qo‘ydi. Oldiga bir quchoq o‘tni uyib, yeliniga sekin qo‘l uzatgan edim, jonvor loaqal oyog‘ini ham qimirlatmadi, demak yovvoyi emas, sog‘sa bo‘larkan!

– Qora qiz, kastryulni olib kel! – deb qichqirdim.

Opamga o‘xshatib kastryulni ikki tizzam orasiga qo‘yib, barmoqlarimni ho‘llab, govakday-govakday keladigan yo‘g‘on emchaklarini tortqilay boshladim, avvaliga tizillab, ingichkagina sut kelib turdi-yu, keyin govmish iyib ketdi shekilli, sut povillab quyila boshladi. Ko‘z yumib ochguncha kastryulimiz limmolim to‘lib ketdi, ikkita emchagiga esa hali qo‘l ham urganim yo‘q, sutning yarmi turibdi. Shuncha sutni tashlab ketish… bordi-yu, emib olsak-chi… Qishloqda bolalar bilan mol boqib yurganimizda bir-birimizning sigirimizni emish o‘ynardik o‘shanda hammadan ko‘p men emardim.

– Usmon, emchagini emasanmi? – deb so‘radim ukamdan.

–Tepadi.

– Oyog‘idan ushlab turaman.

– Yurib ketsa-chi?

– Tezroq kel deyapman!

Qizlar kastryuldagi sutni ko‘tarib, xuddi egasi kelib qolishidan qo‘rqishgandek hovliqishib, qiyqirishib, kulishib temir yo‘l tomonga, Robiya bilan Omonning yoniga qarab yugurishdi. Usmon ikkimiz emaklab govmishning ikki biqinidan ostiga kirib qaynatilgan po‘stdumbadek yumshoqqina emchagini og‘zimizga endigina solgan edik hamki, yo‘q, men allaqachon iliqqina sutni buzoq bolaga o‘xshab lo‘q-lo‘q yutayotgan edim, Usmon burnini jiyyrib emchakni hidlab turgan edi:

– Hey o‘g‘ri! – degan begona ovoz eshitilib qoldi qulog‘imga. Sakrab o‘rnimizdan tursak ish chatoq. Ro‘paramizda men tengi, Usmon tengi keladigan to‘rtta bola turibdi.

– Nega birovning sigirini emyapsizlar? – dedi peshanasi do‘ngroq bir bola.

Echkiemarlar daydi sigirlarni emib ketadi deb eshitgan edim, shu gap esimga kelib:

– Biz, biz… echkiemarlarmiz, – dedim shosha-pisha.

– Bekor aytibsan, gapiryapsan-ku, – dedi peshanasi do‘ng men tomonga bir odim tashlab.

– Ertalab gapirib, kechqurun soqov bo‘lib qolamiz, – dedim janjal chiqishining oldini olish uchun ataylab hazilga burib.

– Nega emding! – shunday deb peshanasi do‘ng ko‘kragimdan itarib yubordi.

– Qornim och bo‘lgandan keyin emaman-da, turtma.

– Turtaveraman, – shunday deb peshanasi do‘ng chap qo‘li bilan yoqamni siqib, o‘ng qo‘li bilan qulog‘imning tagiga shunaqangi keltirib urdiki, nazarimda ko‘zlarimdan lov etib o‘t chiqib ketgandek bo‘ldi.

Yo‘q, bulardan osonlikcha qutulib bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, sal bo‘sh kelsam, avval o‘zimni, undan keyin ukalarimni majaqlab tashlashadi. Detdomdaligimda Ko‘rshermat kalla solishni o‘rgatgan edi, yuragini mo‘ljalga olib ursang, har qanday kuchli bola ham albatta yiqilib tushadi, toychoq bolani mingandek minib olib, charchaguningcha savalayverasan degan edi. Bir siltanib peshanasi do‘ngning qo‘lidan chiqdim-da, uchto‘rt odim chekinib, yugurib kelib burni aralash og‘ziga kalla urdim.

– Ih – dedi-yu peshanasi do‘ng yerga o‘tirib qoldi. O‘girilib qolganlariga kalla urmoqchi bo‘luvdim, yo‘q, bo‘lmadi: biri bo‘ynimga, biri oyog‘imga, uchinchisi belimga yopishib yerga bosa boshlashdi. Usmon dodlab bittasiga tashlangan edi, bechora ukaginamning qorniga shunaqangi tepdiki, orqasi bilan yerga yiqilib tushdi. Bu orada peshanasi do‘ng ham o‘zini o‘nglab yetib keldi-yu, ko‘plashib meni yerga bosib olishdi. Peshanasi do‘ng qornimga minib:

– Ahvoling Qalay endi? – deb yuzimga bir tarsaki tushirdi. Bunday qarasam, ikkitasi Usmonni ham minib olibdi. Yo‘q, yo‘q! – deb baqirdim-u, bilmadim bu kuch qayoqdan paydo bo‘ldi ekan, ustimdagi bolani itqib o‘rnimdan turib ketdim.

Dilbar bilan Zulayho ham halloslab kelib qolishdi, bittaga bitta bo‘lib oldik Zulayhoni men qobil-mo‘min, o‘larday nimjon deb ehtiyot qilib yurar edim, yo‘q, yanglishgan ekanman, singilginam balo ekan.O‘zi tengi bir bolaning yuziga chang solib qulog‘idan cho‘zg‘ilab, burgut quyon bolani bo‘g‘gandek bo‘g‘ib yerga yotqizib qo‘ydi. Qora qiz bo‘lsa chinakam o‘g‘il bolaning o‘zi ekan. O‘ziga o‘xshagan bitta qora bola bilan qulochkashlab mushtlashyapti, shartta qulog‘ining tagiga tarsillatib tushiradi deng! Xayriyat, Usmon ham o‘zini o‘nglab olibdi, malla sochli bolani oldiga solib chinqiratib quvib yuribdi.

Yana bir kalla solib, peshanasi do‘ngni yerga yiqitib, meni qanday mingan bo‘lsa, ana o‘shanday qilib oldim-u:

– Xo‘sh, o‘zlarining ahvollari qalay? – deb so‘radim.

– Hozir majaqlab tashlayman seni, – dedi peshanasi do‘ng chuqur-chuqur nafas olib. Keyin bir chirandi-yu meni ustidan otib yubordi. Xuddi kurash tushayotgandek bir-birimizning belimizni ushlashib oldik. Qornim ochligi bilinib qoldi, oyoqlarim dir-dir qaltirab butun vujudimdan ter quyilib kelyapti… peshanasi do‘ngning beli bo‘lsa, yog‘ochdan yasalganmi deyman, hech bukolmayapman. O‘ziyam har kuni sergo‘sht palov yesa kerak hirsdan ham kuchli ekan, qo‘llari belimni changakdek qisib kelyapti… Lekin yiqilmasligim kerak.. yiqilmayman, yiqitib bo‘psan!

– Qo‘yvor akamni! – deb qayoqdandir paydo bo‘lib qolgan Omon, yuk ko‘tarib yuradigan yo‘g‘on tayog‘imiz bor edi, ana o‘sha bilan peshanasi do‘ngning miyasiga tushirdi.

Peshanasi do‘ng o‘girilib orqasiga qarayman deb, chayqalib yuzi bilan yerga yiqildi.

Boshliqlarining yuz tuban yiqilganini ko‘rib qolganlari ham jang maydonini tashlab tum-taraqay qochib qolishdi.

– Tezroq ketaylik – entikib dedi Zulayho, – hozir qishloqdan dadalarini boshlab kelishib qolishi mumkin.

Temir yo‘l ustidan jadal yurib ketdik.Haligi men emgan sigir «xayr bolalarim» degandek dumini silkitgancha orqamizdan ma’yus tikilib qoldi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации