Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 1

Текст книги "Беш болали йигитча"


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 09:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 1 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +

Xudoyberdi To‘xtaboyev
Besh bolali yigitcha / Sarguzasht roman

ACHCHIQ HAQIQAT

Ushbu kitob qo‘lyozmasini o‘qir ekanman, yuragim bir-ikki martagina siqilgani yo‘q. Nihoyat – ajoyib, dedim oxirgi sahifani yopar ekanman, ko‘nglim yorishib. Achchiq qismat haqida hikoya qilib, iliq harorat hadya etish – har kimga ham berilmaydigan iste’doddir. Xudoyberdi To‘xtaboyev buni uddalay olgan.

Men bunday qobiliyat egasini iste’dod targ‘ibotchisi, degan bo‘lardim. O‘zidagi ezgulikni o‘zgalarga tarqatmoqchi bo‘lgan odamni g‘allakorga mengzash mumkin emasmi?

“Besh bolali yigitcha” – ajoyib asar. Urush davridagi bolalik haqida kam yozilmagan. Men buning salbiy jihatini ko‘rmayman. Yer yuzida o‘zining bolaligini yodga olmagan yozuvchilar deyarli yo‘q. Endi esa bu bilan zamon mashg‘ul – adabiyotga shunday odamlar kirib kelishdiki, ularning bolaligi, o‘smirligi urushga to‘g‘ri kelgan, aniqrog‘i, urushning og‘ir ko‘lankasi ularning bolaligi, o‘smirligi, yoshligiga soya solgan. Buni qalamda aks etgan urush davridagi bolalik xotiralari bilan izohlash mumkin.

Yana bir gap. Urush katta-kichik, hatto eng kichik yoshdagi go‘daklar uchun ham iztiroblar, kurashlar davri ediki – to‘rt yilda yigirma million inson yo‘qotilganini eslang – hozir, oradan shuncha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, dard, og‘riq bilan yodga olinadi. Dushmanga qarshi urush olib borilar va bu haqda go‘zal she’rlar va romanlar bitilgandi. Front ortidagi mehnat haqida ham kam yozilmagan. Iztiroblari, intilishlari, g‘am-kulfatlari bilan yosh bolalar ham urush zahmatini his qilgan, beixtiyor ravishda unga jalb etilgan edi. Bu go‘daklar ertaga katta odamlarga aylanadigan buyuk ishtirokchilar edilar. Bu kelajak ishtiroki edi.

Kimki Aleksandr Neverovning “Toshkent – non shahri” qissasini o‘qigan bo‘lsa, Xudoyberdi To‘xtaboyev kitobidagi talay jihatlar tanish ko‘rinadi. Bu histuyg‘ular, fikrlarning ajoyib uyg‘unligidir.

Kitobdagi kichik qahramonlarning yetimligi, muhtojligi, darbadarligi fuqarolar urushi davridagi yosh tengqurlarining azob-uqubatlarini esga soladi. Esga soladi, xolos. Va bunday yodga solish Neverov va To‘xtaboyev kitoblarining ajoyib tarzdagi tafovutini namoyon etadi. Mazkur asarlardagi zamon, davr ulardagi o‘ziga xoslikni, jamiyat ruhiyatini ochib beradi.

Bosh qahramon Orif – nafaqat besh nafar go‘dakning akasi, u qarovchisiz bolalarning, o‘z oilasining kichik yo‘lboshchisi ham. Oila shamchirog‘i o‘chib qolmasligi uchun Orifning zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklangan.

Ota-onasidan judo bo‘lgan bolalar o‘z dunyosida yashalarsa-da, urush, vayronagarchiliklarni to‘la his etadilar.

Front uchun zambarak sotib olish maqsadida borbudini sotgan qariya-chi? Adolat uchun o‘zini o‘tga, cho‘qqa urishga shay turgan bolalar uyining omadsiz direktori rus ayoli Mariya Pavlovna-chi?

Oriflar oilasi yaxshi odamlar orasida yashaydi, biroq hayot kabi haqiqat qissasi ham shafqatsiz va yaxshi odamlar hamma vaqt ham boshiga musibat tushgan bolalarga yordam qo‘llarini cho‘za olmaydilar. Ammo ular go‘daklar yonida bo‘lmasalar-da, mehribonlik ko‘rsata oladilar. Bu esa yaxshi qahramonlarning emas, balki yovuzlikka qarshi kurashib, dunyoni munavvar etuvchi yaxshilik, ezgulikning kuchidir! Adib mazkur haqiqatni tasdiqlar ekan, bolalarning Toshkentdan Qo‘qonga – qadrdon qishloqlariga kelishdagi mashaqqatli yo‘lida ezgulik yordam qilgani, yovuzlik esa xalaqit berganini yorqin aks ettiradi.

Xudoyberdi To‘xtaboyev – ajoyib iste’dod egasi. Urush yillaridagi o‘smirlar hayotini yorituvchi kitobi ham achchiq qismatdan hikoya qiluvchi ajoyib asardir.

Axir, yaxshilikning faqat shirin ta’mi borligi haqida kim aytdi?

Hayotda yaxshilik, xotirjamlik, ravon yo‘l emas, aksincha, sinovlar insonni inson darajasiga ko‘taradi. Bu sinovlar achchiq bo‘lmasa qani edi! Modomiki, davr shuni taqozo etgan ekan, nachora!

Besh bolali Orif achchiq sinovlarni boshidan kechirdi. U g‘olib bo‘ldi.

Aytish mumkinki, u zafar quchgan Orifdir!

Albert LIXANOV

«TANISHING, DO‘STINGIZ ORIFJON!»

Og‘ir urush yillari… Shu urushning kasofati tufayli butun-butun qishloqlar huvillab qolgan. Yosh-u qari – barcha urushning tashvishi bilan yashaydi, ular orasida bir oz quv, bir oz sho‘x-shaddod, bir oz latifago‘y, ammo juda ham pok Orifjon ismli bola ham bor. Urushning kulfatlari uning ham yelkasiga tushgan. Bu haqda uning o‘zi yarim hazil, yarim chin qilib shunday deydi: «Belim sal bukikroq, buni o‘zim ham tan olaman, ukalarimni ko‘taraverib, shunaqanggi bo‘lib qolganman, bo‘yim ham tengqurlarimga qaraganda sal pastroq, buni ham inkor qilmayman. Men yuqoriga qarab o‘saman deganimda ukalarim yelkamga minib olib, pastga qarab bosishavergan. Shuning uchun pakanaroq bo‘lib qolganman. Besh bolali deyishlariga ham, rostini aytsam uncha jahlim chiqmaydi. Nega desangiz, chindan ham ropparosa beshta ukam bor. Beshoviniyam o‘zim katta qilganman, oyijonim traktorchi, urush boshlanganidan buyon kechasi-yu, kunduzi dalada».

Orifjon tabiatan sho‘x bola. Og‘ir paytlarda o‘ziga-o‘zi latifa aytib, ovunib o‘tiradi. Kuni bo‘yi makka uqalaydi, sigirining tagini tozalaydi, pol artadi, o‘tin yoradi, kir yuvadi. Ba’zan o‘zi singari tengqurlarining o‘yinlariga aralashib ketishni xayol qiladi. Ammo o‘yinga berilib ketib, uydagi ishlarning qolib ketishidan qo‘rqadi.

Shu tariqa iste’dodli yozuvchi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Tuxtaboyevning «Besh bolali yigitcha» romanining qahramoni Orifjonning qiziqarli, ammo og‘ir hayot yo‘li boshlanadi. Uning xarakteridagi ba’zi bir jihatlar adibning «Sariq devni minib» romanidagi yoqimtoy Hoshimjonni esga tushiradi. Ularning sho‘xligi ham, quvligi ham, xayolparastligi ham, adolatga intilishlari ham go‘yo bir qarashda birbirlariga aynan o‘xshashdek bo‘lib tuyuladi. Ammo «Besh bolali yigitcha» romanini sinchiklab uqigan kitobxon bu xildagi o‘xshashlikning juda ham yuzaki ekanligiga ishonch hosil qiladi. Bu farq avvalo hayotiy materialning o‘zgachaligida, qahramon-larning turli sharoitlarda harakat qilishlarida, ularning bir-birlariga mutlaqo o‘xshamaydigan yorqin taqdirlarining haqqoniy yaratilganligida.

«Besh bolali yigitcha» romanidagi voqealar Orifjonning hikoyasi orqali beriladi. Uning hikoyasi bilan tanishar ekansiz, gohida beixtiyor jilmayasiz, qah-qah otib kulasiz, gohida urush yillaridagi kecha-yu kunduz tinimsiz mehnat qilgan vatanparvar odamlarning buyuk ishlariga tasanno aytasiz, gohida ko‘pchilikdan ajralib qolgan «ortiqcha» kishilarning qiliqlaridan jirkanasiz. Hech kimga sir emaski, bolalarning hayot va odamlar haqidagi tasavvurlari juda ham toza va musaffo bo‘ladi. Ular borliqni tabiiy holda qabul qiladi. Shu sababli Orifjonning odamlar haqidagi hikoyalari kishini o‘ylashga, fikrlashga undaydi.

Mana uning dadasi. Bir o‘zi «bitta traktorning ishini bemalol» bajaradigan bu odam armiyaga chaqiruv qog‘ozi kelganida kolxozdagi ishining qolib ketayotganligidan ko‘ngli o‘ksiydi. Tuni bilan urushdan qaytib kelguniga qadar yetib ortadigan o‘tin tayyorlab chiqadi. Oyisining xatti-harakatlari va qiliqlariga bir e’tibor bering. Butun umri mehnat bilan o‘tgan bu ayolning oyog‘ida doimo «kerza etik, erkaklarning paxtali shimi, egnida serpaxta fufayka, boshida quloqchin, yuzlari kir, qo‘llari moy» bo‘lib yuradi. U eriga chaqiruv qog‘ozi kelganida uni hijjalay-hijjalay o‘qib chiqadi-da, huzur qilib non chaynayotgan o‘g‘li Omonning kir boshiga yuzini bosib, o‘y surib ketadi. Uyqusizlikdan traktorning tagida qolib ketgan bu ayolning obrazi uzoq vaqt kitobxonning xotirasida saqlanib qoladi.

Adib hayotiy bo‘yoqlar va ranglardan juda ham o‘rinli foydalanadi. Shu sababli romanda yaratilgan ayrim obrazlar va kartinalar yozuvchining mahorati tobora takomillashib borayotganligini ko‘rsatib turibdi. Men bu o‘rinda urushda bir oyog‘ini yo‘qotib kelgan, general bilan qo‘l berib so‘rashganligini pesh qilib gapirib yuradigan To‘ron amakini ham, darsda afandi latifalarini aytib beradigan Roziq amakini ham, ona-bola raisni ham, har gapining birida «mozori sharif» deb turmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydigan Meli baqqolni ham, mo‘ylovining uchlari buralib-buralib borib qulog‘ining orqasiga o‘tib ketgan temir yo‘l qorovulini ham, pakana buvani ham ko‘zda tutayotirman. Har biri o‘zining xulqi, odati, qiliqlari, taqdiri bilan kitobxonning ko‘z o‘ngida ravshan gavdalanadi. Shuningdek, urush yillaridagi o‘qish kartinasi ham, bolalar uyidagi yetim bolalarning yashash tarzlari ham juda tiniq «chiziladi». Yosh kitobxon kichkintoylarning urush davridagi hayoti bilan tanishar ekan, bugungi kundagi farovon hayotning qadriga shu qadar yetgisi keladi.

Romandagi Parpi buva va O‘ris xola obrazlari ham yozuvchi tomonidan alohida mehr-muhabbat bilan chiziladi. Ikkala obraz talqinida ham Xudoyberdi To‘xtaboyev ijodiga xos eng yaxshi fazilatlar aks etgan. Qolaversa, bu obrazlar Orifjonning tasavvuri orqali beriladi. Orifjon bo‘lsa Parpi buva bilan O‘ris xolaning inson sifatidagi o‘ziga xos fazilatlari va nuqsonlarini juda ham samimiy hikoya qiladi. Aytaylik Parpi buva – chin vatanparvar. U bir paytlar qo‘lida qurol bilan jang qilgan. Oradan yillar o‘tadi. Nemis-fashist bosqinchilari Parpi buvaning nazarida «girmonning har bitta o‘qi aravaning gupchagidek keladi», «o‘sha girmon deganlari juda zo‘r bo‘lsa, Ko‘rshermatcha bo‘lar-da», deydi u. U girmonni yengish uchun frontda jang qilayotgan o‘g‘illariga zambarak sovg‘a qilmoqchi bo‘ladi. Shu maqsadda mayizi, o‘rigi, oq jo‘xorisi, sigiri, buzog‘ini sotadi. To‘plangan bir xurjun pul ham yetmaydi. Hatto yomon ko‘rgan kishisi Meli baqqoldan qarz olib bo‘lsa ham zambarak sotib olmoqchi bo‘ladi. O‘ris xola Yurtning boshiga og‘ir kun tushganda yetimxonaga tushgan bolalarning boshini silaydi.

«Besh bolali yigitcha» romaniniig asosida Orifjon ukalari va do‘stlarining hayoti turadi. Orifjon bo‘lsa hamisha to‘g‘ri yo‘ldan yuravermaydi. U ba’zan adolatni qaror toptirish uchun xatolarga ham yo‘l qo‘yadi. Ukasi Sultonni izlab ko‘pgina qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazadi. Kichik singlisi o‘lim to‘shagida yotganida unga u-bu olib kelish uchun chayqov bozorida tuflisini sotmoqchi bo‘ladi. Hatto birovlarning qovunini o‘g‘irlab bo‘lsa ham, ukasining ko‘nglini olmoqchi bo‘ladi. Bola baribir bola-da! U doimo adolat bo‘lishini istaydi va adolat qidiradi. Lekin turmush murakkab. Turmushning murakkabligini osongina anglab olish ham qiyin. Shu jihatdan romandagi «Sarsonlik-Sargardonlik» bobi o‘zining hayotiyligi, tasvirning tiniqligi bilan alohida ajralib turadi.

Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Besh bolali yigitcha» romani adibning ilgarigi asarlaridan ba’zi bir jihatlari bilan farq qiladi. Bu birinchi navbatda yozuvchi ijodida hayotiy voqealarning yana ham boyiganligi va kuchayganligida ko‘rinadi. Agar adibning avvalgi romanlarida sehrli qalpoqcha yordami bilan ezgulikni qaror toptirish yo‘lida harakat qiladigan beg‘ubor Hoshimjon bilan tanishgan bo‘lsak, bu asari orqali og‘ir urush yillarida hayotning qiyinchiliklarini kattalar bilan bab-baravar tortgan, ammo yaxshi kishilar ta’sirida tarbiya topgan, adolatparvar, ezgulikni qaror toptirish yo‘lida tinib-tinchimaydigan Orifjon va uning do‘stlari obrazlari bilan do‘stlashib qolamiz. Mana shu tariqa adib o‘z kitobxonlarini Ikkinchi jahon urushi yillari erta-yu kech tinimsiz mehnat qilib, g‘alabani tezlatishga munosib hissasini qo‘shgan xalqimizning buyuk bardoshi va mislsiz matonati bilan tanishtiradi.

Pirmat SHERMUHAMEDOV,
filologiya fanlari doktori

OPAJONIM BOR EDI…
Birinchi qism

CHAQIRIQ QOG‘OZI

Meni qishlog‘imizdagi jamiki o‘g‘il bolalar yomon ko‘rishadi, shuning uchun ham menga «besh bolali» deb laqab qo‘yishgan.

Besh bolali deyishlariga, rostini aytsam, uncha jahlim chiqmaydi. Nega desangiz, chindan ham roppa-rosa beshta ukam bor. Beshoviniyam o‘zim katta qilganman, opam traktorchi, urush boshlanganidan buyon kechasiyu kunduzi dalada. Otam bo‘lsa, bola yupatishni hech bilmaydi, ukalarim yig‘lagudek bo‘lsa, to‘nini yelkasiga tashlab sekingina guzarga jo‘nab qoladi.

Bolalar meni nega yomon ko‘rishlarini aytsam, ular men tufayli yo opasidan, yo otasidan dakki eshitadi. «Sen ahmoq, kun bo‘yi ko‘cha changitib o‘ynaysan, sen tengi Orif bo‘lsa ukalariniyam o‘ynatadi, uy ishlariniyam tinchitadi…» deb quloqlaridan cho‘zishadi. Bir kuni mahallamizdagi bolalar to‘planib: «Sen ahmoqni hozir suvga pishamiz», – deb o‘rtaga olib qolishdi.

–Mayli, – dedim parvoyimga ham keltirmay, – besho‘n kundan buyon bet-qo‘limni yuvganim yo‘q edi, bahonada cho‘milib olaman.

–Endi seni o‘yinga qo‘shmaymiz, – deyishdi, yana bolalar.

–Unda sizlarga bittayam afandi aytib bermayman, – deb yana bo‘sh kelmadim.

Aytgandek, sizga gapirib bermadim shekilli, bizning qishloqni Afandi qishloq deyishadi. Kattalr u yoqda tursin, men tengi, mendan kichkina bolalar ham birbiriga afandi aytib, bir-birini qiqirlatib kuldirishni juda, juda ham yaxshi kurishadi. Men hammasidan ham ko‘p bilaman. Soy mahalladagi o‘zim bilan birga o‘qiydigan Mahmud sallani ham, Qibla mahalladagi Olim mallaniyam og‘iz ochtirmay qo‘yaman. Mana, hozir ham tomda o‘tirib makka uqalayapman-u, qiziq-qiziq afandilarni o‘ylab, o‘zimni-o‘zim ovuntirib, o‘zimni-o‘zim kuldirib o‘tiribman… Ho‘ narida, jarlik orqasidagi yalanglikda bo‘lsa, o‘rtoqlarim ko‘zimni kuydirib varrak uchirishyapti, osmonda katta-kichik varraklar shunaqangi ko‘pki, biri shoh tashlab, boshqasi havolab, chiroyli uchyaptiki, bepoyon osmonda xuddi qush bozori bo‘layotganga o‘xshaydi.

Yoki men ham varragimni ko‘tarb, o‘sha yoqqa yugurib qolsammikin… Xo‘sh, makkani ertaga uqalasak nima bo‘libti, sigirning tagini buguncha tozalamasa ham bo‘ladi, sut bermaganidan keyin hadeb tozalayveramanmi! Poya qirqish kerak, o‘tin yorishim kerak… Ufuf, qay birini qildim endi? Yo‘q, men ham birpas o‘ynab kelaman. Shunday deb sekin o‘rnimdan turayotgan edim, ko‘chada qo‘ylarini oldiga solib haydab, varragini boshi uzra avaylab ko‘tarib borayotgan Akrom bilag‘onga ko‘zim tushib qoldi. Qarab turgan edim:

–Ha, oyimqiz, tomga chiqib oftob chuvoqda ko‘rpa qaviyapsanmi, – deb so‘radi.

–O‘zing oyimqizsan, bildingmi! – dedim achchig‘im chiqib.

–Idish-tovoq yuvishing yolg‘onmi?

–Yolg‘on!

–Kir yuvishing-chi?

–Yolg‘on!

–Sigir sog‘ishing-chi?

–Hozir boshingga kesak bilan tushiraman!

–Qo‘lingga xina-yu, qoshingga o‘sma qo‘yishing ham yolg‘onmi? – deb Akrom bilag‘on qiqirlab kulayotgan edi, doni qoqib olingan makka so‘tani otgan edim, essizgina, mo‘ljalni sal noto‘g‘ri olib qo‘ygan ekanman, qulog‘ining yonidan zuvillab o‘tib ketdi. Ikkinchisini otmoqchi bo‘luvdim, bilag‘on shataloq otib qochib qoldi, bexavotirroq joyga borib olib:

– Yig‘lama,qiz, yig‘lama. Ertaga to‘ying bo‘ladi! – deb yelkalarni uchirib, o‘yinga tushib, meni masxara qila boshladi… Mana shunaqa, menga hech kun berishmaydi. Uyda opalaridan kaltak yeb chiqib, alamini mendan olishadi. Shoshmay turishsin hali, ukalarim eson-omon katta bo‘lib, uyga qaraydigan bo‘lib qolishsin, men ham shunaqangi o‘yinqaroq bo‘lib ketayki, shunaqangi qiziq o‘yinlar topib o‘ynayki, alam qilganidan sochlarini yulib olishsin. Hozir esa hecham o‘ynay olmayman, o‘yinga berilib ketsam, uydagi ishlarim qolib ketadi. Keyin opam xafa bo‘lib qolishi mumkin. Men opamni yaxshi ko‘raman, juda, juda ham yaxshi ko‘raman, hecham xafa qilmasam, hecham yig‘latmasam deyman. Opam ham meni yaxshi ko‘radi: «Hayriyatam esim yo‘g‘ida seni tug‘ib olgan ekanman, bo‘lmasa, ahvolim nima kechardi» – deb, erkalatganierkalatgan. Ukalarim bo‘lsa, yosh, Sulton endigina o‘n ikkiga kirdi, Zulayho o‘n birga, biz hali hammamiz ham bir-birimizdan bir yoshdan farq qilamiz. Sulton fe’ldor, ko‘ngli xushlasa, eshakday ishlaydi, xushlamasa yana o‘sha eshakka o‘xshab, to‘rt oyog‘ini bir joyga tirab turaveradi. Zulayhoga o‘zim ataylab ishni kam buyuraman, qiz bolalar nimjon bo‘lishadi, nimjon bo‘lgandan keyin ularni ehtiyot qilish kerak deb o‘ylayman. Usmon ukam juda xayolparast, qozon-tovoq qilib o‘tirib ba’zan o‘choq boshida uxlab ham qolaveradi. Buning ustiga, shunaqangi ozg‘inki, xuddi tandirga olov yoqadigan kosovga o‘xshaydi. Kun bo‘yi rasm chizganichizgan, qo‘li ham ancha kelishib qolganga o‘xshaydi. Shu ukamdan hammamizning ham umidimiz katta. Zo‘r rassom bo‘ladi deb o‘ylaymiz. Shuning uchun ham unga hech ish buyurmayman. Bo‘sh vaqti ko‘p bo‘lsa, ko‘p chizadi, ko‘p chizsa, tezroq kamolga yetadi deb o‘ylayman. Endigina besh yoshga kirgan Omon ukam bo‘lsa temir qanot bo‘lgan chumchuq bolaga o‘xshab chirqillab, ovqat so‘ragani-so‘ragan. Shunaqangi mechkayki, hatto uxlaganda ham og‘zini ochib uxlaydi, deng. Jajji singlim Robiya endigina ikki yoshga kiryapti…

– Ha, besh bolali! – degan ovoz eshitildi qulog‘imga. Bir cho‘chib tushib, atrofga alanglab qarasam, pastda Hayit kalla turibdi. Eshagiga yantoq ortib, ustiga minib ham olibdi, – ja boshingni egib, nimalar haqida o‘ylayapsan, yo yangi latifa to‘qiyapsanmi?

– Ha, yangi latifa to‘qiyapman, – deb yolgon gapirdim.

– Qani ayt-chi.

– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, Hayit kalla degan bir afandi bo‘lgan ekan, – deb gap boshladim.

– Senga o‘xshab beshta bolasiyam bo‘lganmikan? – kesatib dedi Hayit kalla.

– Yo‘q, senga o‘xshab bitta urg‘ochi eshagi bor ekan.

– Xo‘sh, keyin nima bo‘libdi?

– Keyin daladan eshagiga yantoq yuklab kelayotgan ekan, to‘satdan o‘t chiqib, alanga ichida qolibdi. Sakrab eshakdan tushib, nima der emish degin?

– Xo‘sh, nima dermish?

– Eshagiga qarab: «Esing bo‘lsa o‘zingni suvga tashla!» – deb baqirarmish…

Hayit kalla afanding ham o‘zingga o‘xshagan bemaza ekan deb, eshagini yo‘rg‘alatib jo‘nab ketdi. Men negadir xafaroq bo‘lib qoldim. Nega desangiz, shu paytda kim bilan bo‘lsa ham birpas gaplashgim kelayotgan edi… Yoki jarlik orqasiga borib varrak uchirayotganlarga qo‘shilsammikan… Yo‘q, u yoqqa hecham bormayman, Akrom bilag‘onga qo‘shilib, boshqa bolalar ham: «Oyimqiz keldi» – deb meni masxara qilishadi… Undan ko‘ra shu yerda, tomda o‘zimga-o‘zim latifalar aytib, o‘zimni-o‘zim kuldirib mazza qilib o‘tiraverganim yaxshi… Bir bor ekan, bir yo‘q ekan bir afandi bo‘lgan ekan, qo‘shnisi g‘alvir so‘rab chiqsa: «G‘alvirga suv quyib qo‘yganman» debdi, «Ie, g‘alvirgayam suv quyiladimi» desa, «bergisi kelmagandan keyin har narsa quysa ham bo‘laveradi», dermish…

– Hu Mirza aka! – degan ovoz eshitilib qoldi ko‘chadan. O‘rnimdan turib qarasam, qo‘ltiqtayog‘iga suyanganicha kolxozimizning qorovuli To‘ron amaki turibdi. O‘ziga o‘xshagan cho‘loq oti bor edi, ko‘rinmaydi, piyoda kelganga o‘xshaydi.

– Nima deysiz? – dedim.

– Uqachapolvon qayerda? – so‘radi qorovul.

Uqachapolvon… kechirasiz, mening otam bo‘ladi. Otam, bechoraga ham xuddi menga o‘xshatib roppa-rosa beshta laqab qo‘yishgan.

– Otang qayerda, deyapman?

– Qirda dedim-ku!

– Oying-chi?

– Traktor xaydayapti.

– Dadangga chaqiruv qog‘ozi bor, tezda yetkazish kerak.

Qorovul chaqiruv qog‘ozini qo‘ltiqtayog‘ining uchiga ilib tomga uzatdi-da, otamga tezda yetkazishimni qayta-qayta tayinlab, o‘zi jo‘nab ketdi… O‘tirgan joyimda o‘tirib qoldim. Juda g‘alati bo‘lib ketyapman, xafamanmi, xursandmanmi, o‘zim ham bilmayman, yig‘lashim kerakmi kulishim kerakmi, ishonsangiz, bunisiniyam bilmayman. Makkani qopga solib, pastga olib tushdimda, eshakni to‘qimlab, dalaga, opamning oldiga qarab choptirib ketdim.

ESHAK MINGAN XABARCHI

Eshagimning o‘lar-qolariga ham qaramay ketma-ket xala bosib, qamchilab uchirib ketyapman. Bu xabarni tezroq opamga yetkazishim kerak otamning oldiga esa hozir borib bo‘lmaydi, juda uzoqda, qirning tagida! Armiyaga olsa nima bo‘pti? Hammaning otasini olganda, mening otamni ham olishlari aniq edi-ku! Qishlogimizda uch yuz xonadon bor, shu xonadonlardan hozir uch yuz yigit urushga ketgan. Har bir uydan bittadan. Parpi buvamning uch o‘g‘li ketgan. To‘lg‘on xolamning ikki o‘g‘li, ukasi …hammasi bo‘lib ulardan ham uch kishi urushyapti, demak bizdan ham bir kishi borib urushishi kerak-da, sal kattaroq bo‘lganimda-ku, o‘zim borardim-a, belimda qalin remen, yelkamda o‘qdon, qo‘limda miltiq, oh qanday yaxshi bo‘lardi-ya! Ana undan keyin birortasi meni mazax qilolmagan bo‘lardi… Lekin bari bir opam javob bermaydi-da, men ketib qolsam idish-tovoqlarni kim yuvadi, ukalarimga kim qaraydi? Mollar-chi, xo‘sh, eshakning tagini kim tozalaydi? «Yo‘q, men urushga bormayman, traktorchi bo‘laman» o‘shanda opam uyda qolib ukalarimga qaraydi, kirniyam o‘zi yuvadi, yamoqniyam o‘zi qiladi, to‘yib-to‘yib uxlab oladi, hozir, mana bir yil bo‘lib qolyapti, uyquga hech to‘ymaydi.

Eshagim goh yo‘rg‘alab, goh, chopqillab boryapti, o‘zim bo‘lsam har xil o‘ylar qanotida olislarga uchaman, qarang-a, dalalar juda gashtli bo‘lib ketibdi. Ariqlar bo‘yida o‘tlar ko‘karib, chuchmo‘malar gullabdi, qizchalar, ukam tengi bolalar to‘p-to‘p bo‘lib jag‘-jag‘, otquloq uzishyapti, ko‘k beda terishyapti. Kattalar ho‘kiz qo‘shib, ot qo‘shib yer haydashadi. Ayollar chopaymi-chopmaymi deb, darmonsiz ketmon urib, yer tekislashadi. Zambilda tuproq tashiyotganlar ham ko‘p.

– Cho‘, eshagim! – deb xala bosaman, eshagim yana yo‘rtib ketadi.

Xayriyat yaqinginadan traktorning tarillagan ovozi eshitilib qoldi. Demak opam shu atrofda. Hozir ko‘raman uni, hozir! Lekin bu xabarni qanday aytaman unga, xafa bo‘lib yig‘lashga tushmasmikan, opajonim hecham yig‘lamasa, ko‘zlarida hecham yosh ko‘rmasam deyman. Hu ana, traktor ham yaqqolroq ko‘rinib qoldi, o‘xho‘, ishlar kattaku! Traktorga bir yo‘la uch ayol minib olibdi. Opam rulda, qolganlari yonida – tik turib ketishyapti, mazza qilib kataysa qilishayotganga o‘xshaydi.

Ukalarim beriroqda, katta qari tutning tagida o‘ynab o‘tirishgan ekan. Robiya hali aytganimdek endigina ikkiga kiryapti. O‘shani ovuntirib o‘tirish uchun Zulayho ataylab maktabga bormaydi. Zulayho bormayaptiku, deb bahona qilib, Usmon ham o‘qishni yig‘ishtirib qo‘ygan hisob. Hozir hamma ukalarim tut tagida jamuljam bo‘lib o‘ynab o‘tirishibdi. Robinisa uxlab qolibdi, dadamning eski choponiga o‘rab qo‘yishganidan bildim. Zulayho bilan Usmon bo‘lsa, to‘ptosh o‘yiniga berilib ketishibdi. Omon ariq ichida g‘imirlab endigina nish urgan yalpizlarning uchini chimdib yuribdi. Ukalarim o‘yinga shunaqangi berilib ketishibdiki, yonginalarida eshakdan tushib, qancha mahal tikilib turdim hamki, sezishmadi. Bir mahal Usmon boshini ko‘tardi:

– Voy, akam kelibdi! – deb irg‘ishlab o‘rnidan turib ketdi. Bilmadim, negadir shu ukamning mehri menga sal boshqacharoq. Bir xil bolalarga o‘xshab yig‘laganda otam yoki opam deb yig‘lamaydi, yo‘q, akam, akajonim deb yig‘laydi. Bitta-yarimtasi xafa qilgudek bo‘lsa ham, «Hali qarab turgin, Orif akam kelsin, ta’ziringni berib qo‘yadi» deb maqtanadi. O‘ziyam yo‘rgakdan chiqibdiki, men bilan birga, mening yelkamda katta bo‘ldi desam ishonavering. Usmon darrov arz-dod qilishga tushdi:

– Aka, Zulayhoni qarang, qizil toshlarimni olib qo‘ydi!

– Hecham-da, – o‘zini oqladi Zulayho, – men ularni o‘ynab yutib oldim.

– Sen g‘irrom o‘ynaysan!

– O‘zing o‘ynashni bilmaysan-ku! – bo‘sh kelmadi Zulayho. Ovozimizni eshitib, ariq ichida piypalanib yurgan Omon ham oldimizga yugurib keldi.

– Aka, akajon, – deb u ham arz qila ketdi, – Zulayho bilan Usmoningiz nonimni yeb qo‘yishdi.

– Yo‘g‘-e, – dedim ishonqiramay.

– Rost, o‘lay agar, mana, ishonmasangiz qornimni ko‘ring, juda och! – shunday deb Omon etagini ko‘tarib palapon bo‘lgan chumchuq bolaning qornidek qip-qizarib irg‘ib chiqqan qornini ko‘rsata boshladi. Yaxshiki, cho‘ntagimda bir kaft turshak bor ekan, olib darrov ukamga uzatdim.

– Zulayho, nega uning nonini yeb qo‘yding, – deya urishgan bo‘ldim, – yana shunday qilsang, seni eshakka mindirmayman.

Omon men bergan turshakni cho‘ntagigami, bilmadim, qayerigadir berkitib yana arz-dod qila boshladi;

– Aka, Usmoningiz ham nonimni yeb qo‘yyapti, to‘g‘rimi, Usmon, yeb qo‘yding-a?

Ukaginam shunday mo‘ltirab turibdiki, rahmim kelib ketganidan, darrov cho‘ntagimni kavlashtira boshladim. Xayriyat, bir chekkasida besh-olti dona mayiz qolgan ekan olib, chang-chungdan tozalab, uzatgan edim, ukaginam shosha-pisha uni og‘ziga soldi-yu, tomog‘iga don tiqilgan xo‘rozdek ketma-ket yutinib:

– Aka, men kasalman, mana, qornimni ushlab ko‘ring, mayiz yesam tuzalib qolaman, – deb yolvora boshladi.

Endi nima qilsam ekan, cho‘ntagimda hech narsam qolmadi-ku, bir jihatdan olganda, shu ukaginamga ham qiyin, ayni yeb-ichadigan payti. Goh to‘yib, goh to‘ymay kun bo‘yi dalada, traktorning ortidan ergashib yuradi… Yerdan dast ko‘tarib oldim-da, peshanasi-dan o‘pib:

– Yur, oyijonimni oldiga boraylik – dedim, – ehtimol senga non olib qo‘ygandir.

Omon nonning daragini eshitib, tipirchilab qo‘limdan tushdi-da, hozirgina haydalgan shudgor oralab traktor tomonga yugurib ketdi, ortidan o‘zim ham jo‘nadim. Yerlarni traktor juda chuqur haydabdi, qora nam tuproqdan hovur ko‘tarilib turibdi. Chigirtkalar, har xil qurt-qumursqalar tuproq yuzasiga chiqib qolgani uchun qushlar g‘ujg‘on o‘ynab, ularni ovlash bilan ovora....

Yo‘q, men yanglishgan ekanman, opamning yonida o‘tirganlar kataysa qilgani chiqqan qizlar emas ekan, shogirdlari ekan. Bittasi eri urushga ketayotganda bo‘yniga osilib yig‘lab, hammaning dilini ezgan Qumrinisa opa, ikkinchisi eridan yaqindagina tilla soat bilan ikkita jun ro‘mol solingan posilka olgan Mukarram xola. Mukarram xolamning ham emizikli bolasi bor. O‘sha bolaga ham qarab yurgani uchun ro‘mollardan bittasini Zulayhoga hadya qilgan.

Traktor marzaga yaqin kelib to‘xtadi. Opam mashinaning rulini Mukarram xolamga berib, uning ingalab yig‘lab turgan chaqalog‘ini qo‘liga oldi-da, juda avaylab sekin-asta yerga tusha boshladi. Mashina yurib ketgach, anchagacha ortidan tikilib turdi. Xuddi shu paytda negadir chaqaloq ham jim bo‘lib qoldi.

– Bari bir to‘g‘ri haydashni uddalay olmayapti, – dedi opam xuddi uh tortgandek qilib. Men opajonimga tikilib qoldim, juda uzoq tikildim. Shu turishida u ayol kishiga hecham o‘xshamaydi, oyog‘ida juda, juda ham og‘ir kerza etik erkaklarning paxtali shimi, egnida serpaxta fufayka, boshida quloqchin, yuzlari kir, qo‘llari moy… Eh-eh, tezroq katta bo‘la qolsaydim, trakorni o‘zim boshqarib, opamni hecham ishlatmagan bo‘lardim.

Opam marzaga, qalin tuproq ustiga o‘tirib, huzur qilib esnadi-da, Omonni tizzasiga oldi. Cho‘ntagidan suvi qochib, uqalanib ketay-uqalanib ketay deb turgan zog‘ora non olib, unga uzatdi. Keyin, «bugun vaqtliroq kelibsanmi, o‘g‘lim», deb menga yuzlandi.

– O‘zim… – dedim-u, u yog‘ini aytolmay chaynalib qoldim.

– Sholini tuydingmi?

– Tuydim.

– Qatiq uvitdingmi?

– Uvitib qo‘ydim.

– Makkani nima qilding?

– Tomga yoyib, yarmini uqaladim.

– Ajoyib o‘g‘lim bor-da, kel, peshanangdan bir o‘pib qo‘yay, barakalla! Yaxshiyamki, esim yo‘qligida seni tug‘ib olgan ekanman…

Shu paytda negadir juda, juda ham g‘alati bo‘lib ketdim. Tomog‘imga iliq bir narsa tiqilgandek butun vujudim bo‘shashib ketgandek bo‘ldi, yig‘lab yubordim.

– Ie, tentak, nega yig‘laysan?.

– Ona!

– Nima gap o‘zi?

– Xafa bo‘lmaysizmi?

– Nega xafa bo‘lar ekanman!

– Yig‘lamayman, deb so‘z bering!

– Avval ayt-chi!

– Yo‘q, avval so‘z bering.

– Ha, aka so‘z berdim.

– Otamni… – dedim-u, yana yig‘lab yubordim, – urushga olib ketar ekan.

Yo‘q, opam xafa bo‘lmadi, bir qalqidi-yu, jim bo‘lib qoldi, chaqiruv qog‘ozini hijjalay-hijjalay o‘qib chiqdida, bir so‘z demay menga qaytarib berdi. So‘ngra shu paytda huzur qilib non chaynayotgan Omonning kir boshiga yuzim bosib, o‘y surib ketdi. Nimalar haqida o‘ylayotgan ekan, har qalay xursand emas, bo‘lmasa ko‘zini mendan olib qochmasdi…

Otamning oldiga, qirga jo‘naydigan bo‘ldim, hali erta, kech kirguncha bemalol borib kelsam bo‘ladi. Ochig‘i, otam ishlayotgan joy bu yerdan uncha uzoq ham emas. Uchta qishloqning odami uchta qishloqqa suv beradigan anhorni kovlashyapti. Anhor suvi yozda loyqa, bo‘tana bo‘lib qoladi. Quyqa tashlab, ariqlarni ko‘mib yuboradi, bahorda kovlashmasa, yozda katta suv haydab bo‘lmaydi.

Anhorga tezgina yetib bordim. Tabelchilar har bir kishining chekini alohida-alohida qilib o‘lchab beribdi. Ketmonchilar katta anhor ichiga tushib olib, yuqoriga qum, shag‘al otishyapti, otamning oldiga tabelchi Murodxon aka boshlab bordi. U chaqiriq qog‘ozi kelganini eshitib, baribir Polvon tog‘ani urushga olishmaydi, u hozir to‘rt-besh norma ishlayapti, otangdakadan yana uch-to‘rt kishi ketib qolsa, kolxozning ishi yotib qoladi, deb qo‘ydi. Chindan ham boshqalarga to‘rtbesh metrdan o‘lchab berilgan, otamning cheki bo‘lsa naq yigirma metrcha keladi, uniyam tugatay deb qo‘yibdi. Otam shoshmasdan, bir me’yorda to‘xtovsiz yuqoriga qum irg‘itardi. Qo‘lidagi katta ketmoning ustaga o‘zi buyurtirib olgan. Bu ketmonda boshqa odam chopolmaydi, naq supraday keladi, og‘ir, juda og‘ir. Murodxon tog‘a bir oz kuzatib turdi-da:

– Polvon tog‘a, sizga eshak mingan xabarchi kelibdi, – deb qo‘ydi.

Otam ketmon urishdan to‘xtab, sopiga ko‘ksini qo‘yib, bizga qaradi. Menga ko‘zi tushgach, nazarimda kulimsirab qo‘ygandek bo‘ldi. Peshanasi terlab ketibdi, chuqur-chuqur nafas olyapti, to‘nining etagini qayirib, beliga qistirib olgan. Negadir bir yengini chiqarib, bilagini ham yalang‘ochlab olibdi.

– Orifjonmisan? – dedi nihoyat dadam.

– Menman, ota.

– Polvon tog‘a, bu yoqqa chiqavering, – gapga aralashdi tabelchi, – muhim bir gap chiqib qoldi.

Otam, chekimdan ozginasi qoldi, bir yo‘la tugatib chiqaman deb ko‘nmadi…

Anhordan chiqqach, men olib borgan xabarni eshitib: «Qara-ya, Murodxon, shu bugun tushimda ham ayon bo‘luvdi, oq ot minib kun botar tomonga qarab ketayotgan emishman», – deb qo‘ydi. So‘ngra boshqa hech narsa demay, goh burnini, goh chakkasini qashlab kulimsiragancha uzoq jim turib qoldi.


Страницы книги >> 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.


Популярные книги за неделю


Рекомендации