Читать книгу "Беш болали йигитча"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
AFANDILAR BRIGADASI
Bir kuni kechqurun qorovul Umurzoq tog‘a uyma-uy yurib jamiki yoshlar kolxoz choyxonasiga boraversin, kattakon majlis bo‘ladi, deb e’lon qilib qoldi. Ukalarimni ergashtirib men ham choyxonaga yugurdim… Yo‘q, biz kechga qolibmiz, allaqachon hamma yoq odamga liq to‘libdi. Men tengi, mendan sal katta, Sulton tengi, Zulayho tengi bolalar-u qizlar majlisdan keyin kino ko‘rsatadi deb o‘ylashgan bo‘lsa kerak, ukalarigacha yetaklab allaqachon yetib kelishibdi.
– Nima bo‘larkan? – so‘radim Hayitkalladan.
– Non ulashishadiganga o‘xshaydi, – tushuntirdi o‘rtog‘im.
– Bekor aytibsan, kalla! – e’tiroz bildirdi Akram bilag‘on, – urush brigadasi tuzilarkan.
– Biz ham urushga borarmikanmiz?
– Yo‘q, dalada urush bo‘ladi shekilli, – mujmalroq javob qaytardi Akram bilag‘on.
Choyxonada g‘ovur avjiga, chiqib borayotgan edi, xayriyat, ostonada kolxozimizning ona-bola raisi ko‘rinib qoldi. Mashrab tog‘a, huv birda aytganimdek, rais bo‘lgani bilan o‘zi hech narsani hal qilolmaydi, majlislarniyam Xayri xolam bilan birga o‘tkazadi. Xayri xolam o‘tir desa o‘tiradi, tur desa turadi. Odamlar ham raisdan ko‘ra ko‘proq, Xayri xolamdan qo‘rqishadi. Nega desangiz, xolam bosmachilar avj olib ketganda paranji yopinib razvedkachilik qilgan ekan. Urush tamom bo‘lgach, katta komandir xolamga ovoz chiqarmasdan otadigan to‘pponcha hadya qilgan ekan. Odamlar ana shu to‘pponchadan juda qo‘rqishadi.
– Qani, jim bo‘linglar-chi, – qo‘ng‘iroq chalib dedi rais.
Zal suv quygandek jim bo‘lib qoldi. Mashrab tog‘a boshdan-oyoq hammaga birma-bir ko‘z tashlab chiqdi:
– Shularning hammasi o‘zimizning qishloqning bolalarimi? – so‘radi oxirida.
– O‘zimizniki, – deyishdi bolalar.
– Shu vaqtgacha qayerda yotuvdilaring?
– Kesakning tagida yotuvdik, – kulib dedi Akram bilag‘on.
Mashrab tog‘a, aftidan gapni nimadan boshlashni bilmayotganga o‘xshaydi. Oldingi qatorda Roziq tog‘amga o‘xshash cho‘loqlar bilan yonma-yon o‘tirgan Xayri xolamga bir ko‘z tashlab olgach:
– Gap bunday, bolalar, – deb qattiq-qattiq gapira boshladi nihoyat, – urush avjiga chiqdi. Battol yovni mamlakatimizdan quvib chiqarganimiz bilan hali u taslim bo‘lganicha yo‘q. Urushga qop-qop don-dun, arava-arava amirkon paxta kerak… To‘g‘rimi?
– Noto‘g‘ri, – shunday deb Hayitkalla o‘rnidan turib ketdi, – zambarakning o‘qi bilan o‘ldirib bo‘lmagan dushmanni yumshoqqina paxta bilan o‘ldirib bo‘larmikan!
– Sen jim o‘tir, mahmadona! – urishib berdi rais, – don-dun, paxta yetishtiradigan otalarimiz, akalarimiz urushda. Siz bilan biz endi ularning o‘rnini bosishimiz kerak, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri! – har tomondan qichqirishdi bolalar.
– Onalarimiz-u opalarimiz ham qiynalib ketishdi. Ularga ham yordamlashishimiz kerak.
– Men sigir sog‘ishni bilmayman-ku? – deb qo‘ydi Akram bilag‘on.
– Yolg‘on! – deb sekin o‘rnidan turdi Qoraborot, – bu bola yolg‘on gapiryapti. Sigir sog‘ishniyam, ishtoniga yamoq solishniyam biladi bu.
Bolalar-u oldingi qatorda o‘tirgan kattalar ham gurillab kulib yuborishdi. Rais ham tarvuzdek dumdumaloq qornini silkitib bir oz kulib turdi-da, to‘satdan sog‘ qo‘li bilan stolni mushtlab:
– Jim! – deb baqirib yubordi.
Hamma yana jim bo‘lib qoldi. Rais tog‘a qo‘shni qishloqlarda yoshlardan iborat frontovoy brigadalar tuzilgani, bu brigadalarning a’zolari dalalarda chinakam jangchilardek qahramonlik ko‘rsatayotganligi haqida gapirib, bizning kolxoz pravleniyesi ham ana shunday brigadalar tuzishga qaror qilganligini e’lon qildi.
– Qarshilik yo‘qmi? – deb so‘radi oxirida.
– Rozimiz! – zalni boshlariga ko‘tarib qichqirishdi bolalar. Kutilmaganda mening ukam Sulton qo‘l ko‘tarib, o‘zi ham sekin o‘rnidan tura boshladi:
– Men ham kolxozga kirsam bo‘ladimi?
– Kimning o‘g‘lisan?
– Mirzapolvonning.
– Otangdan xat kelib turibdimi?
– Tatarcha xat kelyapti.
– Yaxshi, sen ham yoshlar brigadasiga a’zo bo‘lding.
– Menga ham nonushta beriladimi?
– Beriladi.
– Tushlik-chi?
– Boshqalarga bermasak ham senga berib turamiz.
O‘tir endi. Brigadaga boshida yozilib qo‘yib, keyin ish og‘irlashganda dumini xoda qilib juftakni rostlab qoladiganlarga oramizda o‘rin bo‘lmasligi kerak. Ha, hammani ham olavermaymiz. Yoshi o‘n uch bilan o‘n besh o‘rtasida bo‘lgan serg‘ayrat yigit-qizlarni ola-miz.
O‘sha kuni juda qattiq tortishuvlardan keyin yigirmatadan a’zosi bo‘lgan ikkita frontovoy brigada tuzildi. Past mahalladan tuzilgan brigadaga kolxozning eski qorovuli, bir oyog‘ini Moskva ostonalariga tashlab kelgan Turon amaki boshliq etib tayinlandi. O‘rta mahalla bolalaridan tashkil topgan bizning brigadamizga nomigagina o‘qituvchilik qilib yurgan, aslida ma’lumoti Sultonnikidan ham past bo‘lgan Roziq tog‘am boshliq etib tayinlandi. Past mahalla bolalari o‘sha zahotiyoq, bizning brigadamizga «Afandichilar» brigadasi deb laqab qo‘yibdi. Biz ham qarab turmadik, Turon amakimning musallas ichsa yig‘laydigan odati bor edi, shuni hisobga olib ularga ham «Yig‘loqilar» brigadasi deb laqab qo‘ydik.
O‘n besh gektardan yer, bir qo‘shdan ho‘kiz, navbati bilan minish sharti bilan bitta ot-arava ham berishdi.
– Otni men minaman, – dedi Hayitkalla o‘zini boshqalardan katta qilib ko‘rsatish uchun bo‘ynini cho‘zib.
– Umringda eshak minganing yo‘g‘-u, – e’tiroz bildirdi Akram bilag‘on, – senga aravakashlikni kim qo‘yibdi, otni akang minadi!
Bir oyda o‘n kunga beriladigan ot-arava rosa talash bo‘ldi-yu, ammo qo‘sh haydashni hech kim bo‘yniga olmay naq bir soat chamasi talashib-tortishib o‘tirdik. Oxiri Roziq tog‘am Parpi amakidan so‘rab ko‘raylik, rozi bo‘lsa brigadaning qo‘shchisi o‘sha bo‘lsin, yer haydash bilan hazillashib bo‘lmaydi, obi-tobiga keltirib, ag‘darib haydalmasa, yer yaxshi hosil bermaydi deb, maslahat berdi. Parpi buvam zax uyda o‘tirib, shaq-shuq, moki otib bo‘z to‘qishdan zerikib yurgan ekan, kuniga bir yarimtadan mehnat ko‘ki bersalaring, men rozi dedi.
– Ertaga, kun chiqishi bilan oqo‘rikning tagiga to‘planamiz, – dedi Roziq tog‘am oxiri bizga javob berib, – qo‘llaringda zambil-u ketmon bo‘lsin.
ISH AFANDI AYTISHDAN BOSHLANDI
Roziq tog‘am aytgan mahalda quloch yetmas tanasi qing‘ir-qiyshiq, bo‘lib o‘sgan kattakon oqo‘rik tagiga to‘plandik. Bunday qarasam, brigadamizning a’zolari hammasi ham ajoyib bolalar, azamat qizlar ekan. Zulayho, Dilbar, Sulton – bizning uydan to‘rt kishi chiqibmiz. Bu yoqda yengini shimarib, ko‘kragini kerib Hayitkalla o‘tiribdi. O‘zi nimjongina bo‘lsa ham ish buyursang g‘ing demay ishlayveradigan, shuning uchun ham dadasining kattakon ketmonini ko‘tarib chiqqan Mahmudxon, ishdan ko‘ra gapni ko‘p gapiradigan Akram bilag‘on, aka-uka Dilijon-u Qulijonlar, yelkasi keng, bilagi yo‘g‘on pahlavonnamo Qoraborot, O‘ris xolaning asrandi qizi, ketmon bilan belkurakning farqiga bormaydigan, ammo qaysi biri qo‘liga oldin tushib qolsa joni chiqquncha ishlashga shay turgan Roza bilan Zokiroshqovoq… Yo‘q, nima desangiz deyavering-ku, ammo lekin bizning a’zolarimiz chakki emasga o‘xshaydi.
– Xo‘sh, askarlar, ishni nimadan boshlaymiz? – so‘rab qoldi Roziq tog‘am.
– Afandi aytishdan, – dedi Akram.
– Esing joyidami! – xafa bo‘ldi brigadirimiz, – kuzga borib punktga paxta topshiramizmi yoki afandi aytib beramizmi?
– Afandi aytib beraveramiz.
– To‘g‘ri, avval bitta afandi aytib berasiz.
– Aytmasangiz ishlamaymiz.
– Bolalar, men ish tashlash e’lon qildim, – deb brigadamiz a’zolari har tomondan chuvillab qolishdi. Roziq tog‘am avvaliga jahli chiqqanidan lunjini shishirib, qizarib-bo‘zarib o‘tirdi-yu, keyin to‘satdan sharaqlab kulib yubordi:
– Obbo senlar-ey, ha mayli… – shunday deb brigadirimiz yana bir kulib oldi, – Mulla Nasriddin yoshligida mana bu Akramga o‘xshab sal shaytonroq ekan-u, bir domlaga shogird tushibdi. Bir kuni domlaning muridi tovoqda asal bilan to‘rtta yog‘liq patir tashlab ketibdi. Domla peshin namoziga keta turib: «bo‘tam, tovoqdagi zahar bo‘ladi, tega ko‘rmang» deb tayinlab ketibdi. Chiqib ketishi bilan Mulla Nasriddin tovoqdagi asalni haligi nonlarga qo‘shib pok-pokiza tushirib tek o‘tiraveribdi. Domla kelib: «Kosadagi zahar qani?» – deb qichqiribdi. Mulla Nasriddin: «Taqsir, behosdan siyohdoningizni sindirib qo‘yuvdim, kelguningizcha o‘lsam o‘lib qo‘ya qolay deb zaharni poqqos ichib yubordim» deb javob qaytaribdi. Roziq tog‘am latifasini tugatib, bolalar tag‘in aytib berasiz deb chuvillab qolishidan qo‘rqdi shekilli, to‘satdan, juda ham jiddiy bir ohangda gap boshlab yubordi… Kolxoz pravleniyesi bizga zo‘r ishonch bildiribdi, qo‘limizga yer, suv, xo‘kiz berib qo‘yibdi. Ana shu ishonchni oqlash uchun kechasi-yu kunduzi ishlab yuqori hosil ko‘tarishimiz kerak ekan. Buning uchun g‘aflatda qolmay, uyma-uy yurib, go‘ng chiqarishimiz zarur ekan. Har bir gektar yerga kam deganda ellik tonnadan go‘ng solmaguncha mo‘ljaldagi hosilni olish haqida o‘ylamasak ham bo‘laverar ekan.
– Fuu, – deb burnini jiyirdi Roza, – go‘ng sassiq bo‘ladi-ku, paxtaga hidi urib qolmaydimi?
– Burningga latta tiqib qo‘yamiz, qizaloq! – gapga aralashdi Hayitkalla. Rozaning tutingan akasi Zokiroshqovoq singlimni haqorat qildi deb o‘ylab, Hayitga qarab musht o‘qtaldi:
– O‘zingning burningni yerga ipqab qo‘yaman! Hayitkalla xuddi birov oyog‘ini bosib olgandek dik etib o‘rnidan turib ketdi:
– Nima deding, g‘o‘ppa semiz, yana bir takrorla!
Roziq tog‘am bir o‘shqirib bergan edi, xayriyat, ikkovlari ham jim bo‘lib qolishdi.
Brigadamizga tabelchi bo‘lmasa ham tabelchiga o‘xshab ishga chiqqanlarning ro‘yxatini olib, bajargan normalarini yozib yuradigan bir bola kerak ekan.
– Xo‘sh, bu vazifaga kimni ko‘rsatasizlar? – so‘radi brigadirimiz.
– Orifni! – chuvillashdi bolalar, – o‘zi juda halol, rostgo‘y, afandi aytishga ham usta.
– Yaxshi. Xo‘sh, oshpaz kim bo‘lsin?
– Zulayhodan ustasi yo‘q, – deyishib brigadamiz a’zolari singlimni oshpazlikka tayinlab yuborishdi. Roziq tog‘am kolxoz bitta sog‘in sigir bermoqchi, eplay olamizmi degan edi, bolalar o‘ylanib qolishdi. Ochig‘i, men ham o‘ylanib ketdim… Bordi-yu, sigirni boqishni men bo‘ynimga olsam-chi, ukalarim Usmon, Omonlar bekorchi, axir sigirni olsak bularga ermak bo‘ladi-ku, undan keyin sutidan uncha-muncha o‘zimizga ham tegib turadi-ku… fikrimni ko‘pchilikka aytgan edim, Hayitkalla bosh chayqab «bo‘lmaydi» deb qo‘ydi.
– Xo‘sh, nega bo‘lmas ekan? – shoshilib so‘radi brigadirimiz.
– Orif kechasi sigirni emib qo‘yadi, – kulib dedi Hayitkalla.
Toshkentdan qaytayotganimizda yo‘lda sigir emganimizni o‘rtoqlarimga bir necha bor so‘zlab bergan edim, shuning uchun ham Hayitkallaning bu gapi ularni kuldirib yubordi.
– Yo‘q, sigirni Orifga bersa bo‘ladi, – o‘rnidan turib dedi Akram bilag‘on, – lekin bitta sharti bor.
– Qanaqa shart? – so‘radi brigadirimiz.
– Kechasi sigirning emchagiga xalta tutib qo‘yish kerak.
Yana o‘rtada kulgi ko‘tarildi. Kulisha-kulisha sigirni faqat dalada sog‘ish sharti bilan bizga in’om qilib yuborishdi.
O‘rnimizdan turib bizga ajratilgan yerlarning chegarasini aniqlash bilan mashg‘ul bo‘ldik. Hammasi bo‘lib, hosildor yerlar ekan-u, lekin urush boshlangandan buyon ekilmay yovvoyi o‘t bosib ketibdi. Baxtimizni qarangki, laxtay-luxtay yerlarimiz orasida yarim gektarcha keladigan o‘rikzor, qachonlardir yashab olamdan o‘tib ketgan Uzoq jinni degan odamdan qolgan uzumzor bog‘ bor ekan. Bu yil mevachevani burnimizdan chiqquncha yer ekanmiz deb, o‘yladig-u, hammamiz ham o‘zimizda yo‘q, xursand bo‘lib ketdik.
Qichqirishib, bir-birimizni quvlashib qishloqqa qaytib, uyma-uy yurib ko‘chaga go‘ng chiqara boshladik. Toshkent yo‘lida boshimizdan kechgan voqealarning ipidan ignasigacha xabardor bo‘lgan Hayitkalla biron kishining ko‘cha eshigi oldiga borib, belkurakni hassa qilib, xiyol engashadi-da:
– Haq, do‘st yo oblo! Yetimlarga go‘nggingizdan ozgina sadaqa qilib yuboring, – deb hazil qiladi.
– Sigirning tappisi bo‘lsa ham mayli, – deb qo‘yadi Akram bilag‘on.
– Qo‘yning qumalog‘ini mayiz o‘rnida ko‘ramiz, – hazilni davom ettiradi Qoraborot.
Biz qiyqirishib kulgan bo‘lamiz.
O‘sha kuni naq qorong‘i tushguncha ishlab, ishonsangiz, zig‘ircha ham charchamadik.
MO‘L HOSIL UCHUN JANGGA
Ammo, bir xursandchilik ketidan bir xafachilik deganlaridek, ertasiga ertalab dilimiz xufton bo‘ldi. Biz tashqariga chiqargan go‘nglarni kechasi bilan allakimlar tashib ketibdi. Xonadonlar qaytarib olib kirib ketdimi desak, yo‘q, hammalari qasam ichishdi. Lekin oradan bir soat o‘tar-o‘tmas go‘ngni kim o‘g‘irlagani ma’lum bo‘lib qoldi. Ot bilan arava «Yig‘loqilar» brigadasida edi, go‘ngni tuni bilan uxlamay o‘shalar tashib olishibdi. Hoziroq borib qaytarib olamiz deb besh-o‘ntamiz yeng shimargan edik, Roziq tog‘am: «arzimagan go‘ngni deb janjallashib o‘tiramizmi, xali xonadonlarda go‘ng ko‘p…» deb rozilik bermadi.
Kechqurun ishdan qaytayotganimizda Akram bilag‘on bilan mening o‘rtamda taxminan bunday suhbat bo‘lib o‘tdi:
– Beshbolali, – shoshilib dedi Akram.
– Nima deysan? – deb qo‘ydim.
– Sen tabelchimisan o‘zi?
– O‘zlaring saylab qo‘ydilaring-ku!
– Brigadamiz a’zolarining mehnatiga joning achishadimi?
– Achishganda qandoq.
– Bo‘lmasa, go‘ngni o‘g‘irlatib qarab turaveramizmi?
– Roziq tog‘am ko‘nmayapti-ku axir.
– Unga bildirmasdan hal qilsak-chi?
– Qanday qilib, qani ayt-chi?
Obbo azamatlar-ey, obbo shaytonlar-ey! Men bilan brigadirga bildirmasdan allaqachon maslahatni pishitib qo‘yishdi, ya’ni kechasi go‘ngni o‘z dalamizga tashib olishga qaror qilishibdi.
– Rozimisan? – dedi Akram sal cho‘chibroq.
– Rozi bo‘lganda qandoq, – dedim xursand bo‘lib.
– Parpi! buvangni eshagini minib chiqasan, xo‘pmi?
– Xo‘p.
– Sultonniyam olib chiq, baquvvat bola, yaxshi yuk ko‘taradi. Lekin qizlar bilmasligi kerak, xo‘pmi?
– Xo‘p dedim-ku, ezma.
O‘sha kuni o‘n to‘rt bola, to‘qqiz eshak naq tong otguncha tinim bilmay ishladik. Mahallamizning eshaklari ham bizga o‘xshash sho‘x bolalar bilan ishlashni orzu qilib yurgan ekanmi yoki eshak zoti aslida kechasi yaxshi yuk ko‘tarar ekanmi, ishqilib shunaqangi unumli ishladiki, asti qo‘yaverasiz… Ammo, aslida men sizga mana shunisini, ya’ni ertasiga kechasi go‘ngtepada bo‘lib o‘tgan katta mushtlashuvni aytib bermoqchi edim. Biz, ochig‘ini aytsam, mushtlashmoqchi emas edik, yo‘q, xudo ursin agar, boshida bunaqangi niyatimiz yo‘q edi. Ertasiga tuppa-tuzuk ishlab, Esonbuva degan cholning chordevorxonasini buzib, tuprog‘ini ko‘chaga chiqardik. Kechqurun xayrxo‘shlashib uy-uyimizga tarqalib ham ketdik. To‘satdan, ha-ha to‘satdan, brigadamizning eng kichik a’zosi bo‘lmish Yunus:
– Orif aka! – deb chaqirib qoldi meni.
– Nima deysan! – dedim hovlida turib.
– Bu yoqqa chiqing!
– O‘zing kiraver.
– Yelkamda yuk bor.
Yugurib oldiga chiqdim. Ish chatoq bo‘pti. Yunus yelkasida yuki bilan tegirmonga ketayotgan ekan, «Yig‘loqilar» brigadasi a’zolari bizning go‘ngimizni yana o‘z yerlariga tashishayotganini ko‘rib qolibdi.
Oyog‘imni qo‘limga olib Akram bilag‘onlarnikiga yugurdim, Akramni yonimga olib Hayitkallani izlab ketdik. Yarim soat o‘tar-o‘tmas o‘n to‘rt bola jamuljam bo‘lib, kaltag-u tayoqlar bilan qurollanib mo‘l hosilning garovi bo‘lgan go‘ngtepamizni qo‘shni brigada a’zolaridan himoya qilish uchun dalaga qarab yugurdik. «Yig‘loqilar» rostdan ham qimmatli o‘g‘itimizga mo‘rimalaxdek yopishib, biri qopda, biri chelakda zipillashib tashib ketishayotgan ekan. Hatto poyloqchi ham tayinlab qo‘yishibdi. Past mahalla bolalari bizning mahalla bolalari bilan talashib-tortishib, ko‘pincha bizdan yengilishib yurishardi. Alam qilgandan bizga har xil laqablar ham qo‘yishgan. Biz ham qarab turmasdan biriga Abbos malla, boshqasiga Odil salla, uchinchisiga Olim chala, to‘rtinchisiga Miyon atala deb laqab qo‘yganmiz. Hozir mana shu alamzadalar bizga qarab xo‘mrayishib turibdi.
– Go‘ngni tashla! – dedim Miyon atalaning yoniga borib. Boshqasining oldiga borsam ham bo‘lardi-yu, lekin Miyon atala tabelchi edi, tabelchi tabelchi bilan gaplashgani ma’qul deb shunday qildim.
– Go‘ng kolxozniki! – dedi Miyon atala entikib.
– Tashla, deyapman!
– Tashlamayman, yetimcha, yetti kulcha!
– Kim yetimcha!
– Sen, beshbolali yetimchasan.
– Tilingni tiy.
– Toshkentdan kela turib tilanchilik qilgansan, gadoysan! Kartoshka o‘g‘irlagansan. Endi bizning go‘ngimizni tortib olmoqchimisan. Nari tur, qorningni tilib tashlayman!
Men, hali sizga aytdim-ku, xudo ursin agar, mushtlashmoqchi emas edim. Lekin o‘zingiz ham ko‘rib turibsizki, jinday past kelsam nomim qo‘rqoqqa chiqadi, tabelchilik sha’nimga dog‘ tushadi! Keyin… Keyin yil oxirigacha bu sallayu mallalar bizga kun berishmaydi. «Go‘ng o‘grilariga o‘lim!» – deb beixtiyor baqirib yubordim.
«Yig‘loqi»lar ham, aftidan, katta mushtlashishga tayyorgarlik ko‘rib chiqishganga o‘xshaydi. Nega desangiz, hammalari yeng shimarib saf tortib turishibdi.
– Mo‘l hosil uchun jangga! – deb buyruq berib Miyon atala ko‘kragimga bir tushirdi.
Bir nafas ichida hammamiz aralash-quralash bo‘lib ketdik. Goh biz zo‘r kelib yumshoqqina go‘ngtepa ustiga «Yig‘loqi»larni bosib olamiz, goh, ular kuchayib ketib bizni piypalab ketishadi. Xayriyatki oramizda Sulton bilan Qoraborot bor ekan, shu ikkovi naq beshtasini quvlab o‘z yerlariga qo‘yib keldi. Bir mahal tagimda yotgan Miyon atala:
– Orif, ke endi yarasha qolaylik, – deb qolsa bo‘ladimi.
– Endi go‘ng o‘g‘irlamaysanmi? – deb so‘radim.
– Yo‘q.
– Qasam ich bo‘lmasa.
– Qornimga atala ursin! – deb qasam ichib yubordi Miyon atala.
E boringki, goh urishib-talashib, goh o‘ynashib, kulishib o‘n kun deganda dalamizni mahalliy o‘g‘itga to‘ldirib yubordik. Kolxozimizning ona-bola raisi xursand bo‘lib, mukofotiga bir yo‘la uch kilogramm mol go‘shti berdirib yuboribdi.
UCH PAR ETIK TAQSIMOTI
Mariya Pavlovna brigadamizga har kuni keladi, tushlik mahalida ko‘pincha gazetalar o‘qib beradi, urush axborotlaridan so‘zlab beradi. Keyin Roziq tog‘am bilan iyagini-iyagiga tirashib olib biz bilmagan allanarsalar to‘grisida gaplashishga tushib ketishadi. Bugun O‘ris xola negadir xuddi to‘yga kelgandek yasan-tusanni joyiga qo‘yib, kiyimlariga xushbo‘y atir sepib kelibdi. Bir chekkaga o‘tirib yana sirli suhbat boshlashgan edi, qani bilaychi, nimalar haqida gaplashishar ekan deb qumg‘ondagi sovib qolgan choyni ko‘tarib sekin yonlariga bordim. O‘ris xola bolalarni maktabga yubormasdan ishlatishingiz yaxshi emas, tushgacha ishlab, tushdan keyin o‘qishiga borib tursin deyapti. Roziq tog‘am, meni savodsiz deb maktabdan haydaganingiz ham yetar, endi mening ishlarimga ko‘pam aralashavermang, deb qo‘yyapti.
– Aralashaman, – dedi to‘satdan jonlanib O‘ris xola, – davlatga avvalo o‘qimishli kadrlar kerak.
– Bugun davlat bizdan paxta so‘rayapti!
– Avval o‘qish, keyin paxta deyapman, – deb O‘ris xola sekin o‘rnidan tura boshladi.
– Avval paxta, keyin o‘qish deyapman! – shunday deb turtina-surtina Roziq tog‘am ham o‘rnidan tura boshladi. Ikkovlari bir-birlariga yaqinlashib, g‘alatig‘alati qarashlar qilib tikilishib qolishdi. Men hozir mushtlashib ketishsa kerak, mabodo shunday voqea yuz bersa, qaysi birining yonini olsam ekan deb qiynalib turuvdim, yo‘q, oqishlarida mehr-shafqat, o‘pka-gina va yana men tushunmaydigan allaqanday ifodalar borga o‘xshab ketdi.
– Obbo Maryamxon-ey, – kulib yubordi Roziq tog‘am, – o‘zingiz ham O‘risga o‘xshab ja cho‘rt kesar ekansizda.
– Axir o‘zim o‘risman-da, – deb Mariya Pavlovna ham xandon otib kulib qo‘ydi.
Qo‘l olishib qilichmi-to‘qmoq qilishmadi-yu, lekin yarash-yarash qilib olishdi. O‘ris xola bizning brigadamizga yana yigirmata o‘quvchi ajratib, a’zolarimizning sonini qirqqa yetkazadigan, yigirmatasi tushgacha, qolgani tushdan keyin ishlaydigan bo‘ldi. O‘qish ham to‘xtamaydi, ish ham yotib qolmaydi, mo‘l hosil uchun jang ham davom etaveradi.
– Kelishdikmi? – qo‘lini uzatib dedi O‘ris xola.
– Qo‘llaringiz biram yumshoqki! – dedi Roziq tog‘am negadir sholg‘omdek qizarib.
O‘ris xola kechgacha bizning dalamizda qolib ketdi. Asrandi o‘g‘li Zokirqovoq bilan qo‘li qavarib ketmon ushlay olmay qolgan Rozaga yordamlashib yurdi. Kechki ovqatni ichgach, hammamiz idoraga majlisga jo‘nadik. Kelsak, hu birda aytganim, kolxozning klub desa klubga, choyxona desa choyxonaga o‘xshamaydigan katta binosi odamga to‘lib ketibdi. Kattalarning aytishicha, bu bino kolxoz yangi tuzilgan yili qurilgan ekan. Bino bitgandan keyin bunday qarashsa, ichida haligi g‘ildiragi katta qo‘qon arava bo‘ladi-ku, ana o‘shandan bittasi qolib ketibdi. Buni qanday olib chiqdik endi deb rosa bosh qotirishibdi. Bittasi buzib olib chiqaylik desa, boshqasi kolxoz mulkini buzib bo‘lmaydi debdi. Oxiri klubning tomini buzib aravani tepadan tortib olishibdi.
Klubda odam ko‘p, men tengi, mendan kichik bolalar, oldingi qatorda soqolini silab savlat to‘kib o‘tirgan chollar, bolasini emizib o‘tirgan ayollar, iyagini-iyagiga tirab suhbatlashayotgan kampirlar, bo‘lar-bo‘lmasga qiqirlashib kulishayotgan qizlar, xullas, butun qishloq yoppasiga ko‘chib kelganga o‘xshaydi.
Qatorlarda taxminan mana bunday suhbatlar ham bo‘lib turibdi:
– Oynisa, eshitdingizmi, Robixonni ko‘zi yoribdi-ya!
– Voy, erining urushga ketganiga uch yil bo‘ldi-yu.
– Bolasi ichiga yopishib qolgan ekan!
– Dilbar, eringdan xat bormi?
– Uch oydan buyon dom-darak yo‘q.
– Menikiyam, negadir, yozmay qo‘ydi.
– Ha, ishqilib, omon bo‘lishsa bas.
– Bekobodlik bir yigit ikki oyoqsiz qaytibdi, eshitdingizmi?
– Eshitdim, xotini to‘shakka o‘rab chaqaloqdek ko‘tarib yurgan emish…
– Parpi buva?
– Labbay bo‘tam.
– Kechagi hafta bozorga boroldingizmi?
– Bordim, bo‘tam.
– Narx-navo qalay?
– Bir kilo bug‘doy uch yuz so‘m sotilyapti.
– Eshitdilaringmi?
– Nimani?
– Parpi buvam jo‘natgan zambarak teskari otayotgan emish.
– Kim aytdi?
– Kecha Yaypandan eshitib keldim.
– Yo tavba!
E boringki, mana shunaqangi mayda-chuyda gaplar avjga chiqib borayotgan edi, xuddi shu paytda kolxozimizning ona-bola raisi klubga kirib kelishdi. Xayri xolam pastga, mish-mishlar tarqatib o‘tirgan ayollarning yoniga o‘tirdi, Mashrab tog‘am sahnaga chiqib jiringlatib qo‘ng‘iroq chaldi. G‘ovur bosilgach:
– Umrzoq buva, odamlarning bori shumi? – deb so‘radi.
– Hozircha shu, – deb qo‘ydi qorovul.
– Mayda bolalarni nega haydab keldingiz, nima, men bular bilan lapta o‘ynaymanmi?
– Majlisdan keyin «eshak mindi» o‘ynasak ham bo‘ladi, – deb kuldi Hayitkalla.
Odamlar kulmoqchi bo‘luvdi, rais qovog‘ini solib yana qo‘ng‘iroq chaldi:
– O‘rtoqlar, yigitlarimiz urushda jon olib jon beryapti… Siz bilan biz haligacha da laga qo‘sh chiqara olganimiz yo‘q. Qattiq musobaqalashib ishlayotgan ikkita yoshlar brigadasini hisobga olmaganda boshqa brigadalarda go‘ng chiqarish ham, ariq-zovur tozalash ham chatoq… Ertadan boshlab ishga boshqacharoq kirishmasanglar hammangni yoppasiga armiyaga jo‘natib yuboraman.
– Kampirlarni hammi? – deb so‘radi Akram bilag‘on.
– Sen, tirrancha, jim o‘tir, bo‘lmasa seniyam qo‘shib jo‘nataman! – o‘shqirib dedi rais.
Oldingi qatorda chollar bilan yonma-yon o‘tirgan Parpi buvam sekin o‘rnidan turib: «Hozircha ariqzovuringni qo‘yatur, hali yer muzdan bo‘shagani yo‘q. Lekin sen bitta savolga aniq javob ber» deb qistalang qilib turib oldi.
– Xo‘sh, qanaqa savol ekan? – jahli chiqqandek bir ohangda so‘radi rais.
– To‘rt yashik kir sovun keldi deb eshituvdik, shu nima bo‘ldi?
– Sotdik.
– A? – qulog‘ini qo‘li bilan rais tomonga burib so‘radi Parpi buva.
– Sotib puliga xo‘kizlarga kunjara oldik.
– Tavba, – deb qo‘ydi Parpi buvam, – ha mayli. Uch yuz metr ko‘rpalik chit keldi deb eshitdik. Nega uni taqsimlamayapsan? Odamlarning kiyimini qara, yamoq tushaverganidan eshakning to‘qimiga o‘xshab qalin tortib ketibdi…
– Chitniyam sotdik.
– A?!
– Ha, sotib puliga tegirmon toshi oldik.
Odamlar o‘rtasida g‘ovur boshlandi. Chollar ham, bolalar ham, kampir-u bo‘y qizlargacha gapga tushib ketishdi. Rais qo‘ng‘iroq chalgan edi, g‘ovur bosilish o‘rniga, qaytaga avj ola boshladi. Xayri xolam shartta o‘rnidan turib:
– Hoy musulmonlar! – deb polni bir tepib qo‘ydi.
Odamlar Xayri xolamdan qo‘rqishar ekan, zal suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Parpi buvam ham, tavba qildim, endi qilmayman degandek boshini egib oldi.
Xayri xolam kolxozda bor-yo‘g‘i bitta traktor bor, shuning yoniga yana o‘ttiz qo‘sh ho‘kiz dalaga chiqmasa to‘rt yuz gektar yerni haydab bo‘ladimi, ho‘kiz yem yemasa omoch tortolmaydi, endi tegirmon toshi masalasiga kelsak, tegirmonsiz qishloq qishloq, bo‘ptimi, bir kap arpa yoki tariq tortib kelish uchun qo‘shni qishloqqa qatnash uyatku, qani kim shu ishlarga qarshi bo‘lsa o‘rnidan tursin, deb o‘tirganlarga bir-bir ko‘z tashlab chiqdi.
Hech kim o‘rnidan turmadi, demak, masala ravshan. Tegirmonsiz ham, ho‘kizlarni qo‘shmasdan ham ish bitirib bo‘lmas ekan.
– O‘rtoqlar, – dedi o‘zini bosib olgan rais amaki, – o‘rtoq kolxozchilar! Ruxsatingiz bilan «Qahramon» kolxozining umumiy majlisini ochiq, deb e’lon qilaman.
Qarsak shunaqangi qattiq yangradiki, naq bo‘lmasa klubning tomi osmonga uchib ketayozdi. Bunday qarasam qarsakni nuqul bolalar chalyapti. Majlisdan haydab chiqarilmaganlari uchun mening o‘rtoqlarim o‘zlarida yo‘q, xursand edi, shu xursandchilik qarsakka aylanib borardi…
Rais qo‘ng‘iroq chalib:
– Xo‘p, – deb qo‘ydi cho‘zib, – hay’at saylab o‘tirmaylik. To‘g‘rimi?
– To‘gri! – deyishdi bolalar hech narsaga tushunmay.
– Ko‘riladigan masala bitta, yoki sizlarda qo‘shimcha bormi?
– Bizda qo‘shimcha yo‘q, – dedi bizning qatorda o‘tirgan bolalardan bittasi.
– Bo‘lmasa, o‘rtoqlar, kolxozga uch par kerzi etik kelgan. Shuni taqsimlash masalasini ko‘rib chiqamiz. Qarshilar yo‘qmi? Yo‘q, bo‘lsa, doklad uchun so‘z o‘zimga… Parpi buva, nega siz hiringlab kulyapsiz, yoki men maymun o‘ynatayapmanmi? Xo‘p… o‘rtoqlar, rayon matlubot jamiyatidan uch par etik olindi. Bir parini qishi bilan yaxob suvi quyib chiqqan Usmon brigadirga bersak. Ikkinchi parini raislaring bo‘lganim uchun menga bersalaring… Xo‘sh, uchinchi parini kimga beramiz?
– Roziq tog‘amga! – deb qichqirishdi bizning brigada a’zolari.
– Turon amakiga! – deb chuvillashdi «Yig‘loqi»lar.
– Bo‘lmasa, – davom etdi rais, – ikkita yoshlar brigadasiga boshchilik qilayotgan ikkita cho‘log‘imiz bor, etikni bir poydan shu ikki cho‘loqqa bo‘lib bersak. Qarshilik yo‘qmi? Yaxshi, bo‘lmasa shu bilan kun tartibimiz tamom. «Qahramon» kolxozi a’zolarining umumiy majlisini yopiq deb e’lon qilaman.
Odamlar majlisdan qattiq ranjib chiqishdi. Tonnalab guruchlar yo‘q bo‘lib ketyapti-yu, qayoqdagi to‘ng‘izning terisidan bo‘lgan uch par etikni taqsimlash uchun bizni ovora qilib o‘tiribdi-ya, deb ichida so‘kinib borayotganlar ham, «aslidaku seni raislikdan allaqachon olib tashlash kerak edi-ya, ammo lekin katta buvingning to‘pponchasini hurmat qilamiz-da», deb oshkor gapirib borayotganlar ham bor.
Men bo‘lsam… Negadir xursandman. Kolxozga a’zo bo‘lib, kattalar qatori qo‘l ko‘tarib ovoz berganimdanmi, yoki singlimdan ham menga mehribonroq, bo‘lib borayotgan Dilbar shu paytda men bilan yonma-yon ketayotganidanmi, nimadanligini bilmayman-u, lekin juda-juda ham xursandman. Dilbar, ishonsangiz, ukalarimni ham jon-dilidan yaxshi ko‘rib qoldi. Toshkentdan qaytganimizdan keyin O‘ris xola Dilbarni o‘ziga olmoqchi edi, ko‘nmay, turib oldi, shular och bo‘lsa och, to‘q, bo‘lsa to‘q, bo‘lib yashayveraman dedi. Mana endi Dilbar ham men qatori kolxozchi, kuniga bir tovoq osh-u ikkita zog‘oraga ishlab turibdi, yarmini yeb yarmini ukalarimga beryapti.
– Dilbar, nimalarni o‘ylab ketyapsan? – so‘radim orqada kelayotgan qora qizdan.
– Har narsalarni, keyin sizniyam o‘ylayapman.
– Mening nimamni o‘ylayapsan?
– Sizga juda qiyin. To‘xta xolam, bechora Orifim bolaligidayoq chol bo‘lib qoldi deyapti… Orif aka, bugundan boshlab hecham ikki norma ishlamaysiz, xo‘pmi?
– Xo‘p.
– Orif aka.
– Nima deysan?
– Bir narsa aytsam hech kimga aytmaysizmi?
– Hech kimga aytmayman.
– Roziq tog‘am Mariya Pavlovna bilan turmush qurarmish.
– Kim aytdi?
– Xotinlardan eshitdim.