Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 15

Текст книги "Беш болали йигитча"


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 09:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 15 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +
PAKANA BUVA QAMOQDA

Shom qorong‘usida poyoni yo‘q, o‘rikzorga kirib bordik, o‘rikzorning qoq, o‘rtasida atrofi paxsa devor bilan o‘ralgan yakka-yu yagona qo‘rg‘oncha bor ekan, shu yerda eshaklardan tushdik.

Pakana buva ichkariga kirib ketib yarim soatlar chamasi yo‘q bo‘lib ketdi. Nihoyat, kimdandir kaltak yegandek lab-lunji gezarib chiqdi-yu, ikki tabaqali chetan eshikni ochib:

– Mehmonlar, qani ichkariga marhamat, – deya qo‘llari bilan qo‘rg‘on ichkarisiga ishora qildi.

Qo‘rg‘on ichi ichkari-tashqarili hovlilardan iborat ekan. Tashqari hovlida molxona bilan baqamti tushgan mehmonxona bo‘lib, Pakana buva bizni ana shu mehmonxonaga kiritib, o‘zi chopqillagancha yana qayoqqadir chiqib ketdi. Xiyol o‘tmay halloslab, chuqur-chuqur, nafas olib ichkaridan kattakon kigizni sudrab chiqdi. Yana bir kirib chiqqanida bir quchoq qurigan o‘rik o‘tin ham keltirib, anchadan buyon o‘t yoqilmaganidan namiqib qolgan kattakon o‘choqqa guldiramozon qilib o‘t yoqib berdi.

O‘choq, atrofiga davra qurib isinayotgan edik, Pakana buva yana yo‘q bo‘lib qoldi. Birpas kutdik, ikkipas kutdik, yo‘q. Pakana buva butunlay yo‘q, bo‘lib ketdi.

– Bechora buvam bizga atab palov pishirayotgan bo‘lsa-ya, – deb kuldi Dilbar.

– Qaynoqqina sho‘rva olib chiqsa ham mayli, – deb dugonasiga hazil qildi Zulayho, – Men-chi, bolalar, o‘rik solib pishirilgan shavlani yaxshi ko‘raman, – lablarini chapillatib qo‘ydi Usmon.

Ovqat chiqsa shoshib qolmaylik deb kigizni uyning o‘rtasiga yozib, o‘tirish uchun joy hozirlab qo‘ydik. O‘choq yonidagi tokchada qora chiroq bor ekan, o‘shani yoqqan edik, xona ancha yorishgandek bo‘ldi. Uyning ichi tutundan bo‘lsa kerak, mo‘ridek qorayib ketibdi, tokchalarini is bosib, o‘rgimchaklar in qurib olibdi.

Derazani bir qanotini ochib tashqariga mo‘ralab o‘tirdik. Shamol daraxtlarning yalang‘och shoxiga urilib hushtak chalib o‘tayapti, hovli to‘la o‘rikning xazoni, shamol sap-sariq, xazonlarni shildiratib goh u yoqqa, goh bu yoqqa haydab yuribdi. Itimiz shundoqqina ostonaga tumshug‘ini qo‘yib, biron narsa yeyayotgan bo‘lsalaring men ham benasib qolmay degandek ko‘zlarini mo‘ltiratib yotibdi… Pakana buva yoki chindan ham devmikan-a?.. Axir ertaklarda ham ko‘pincha shunaqa bo‘ladi-ku, devlar odamlarni allaqanday qo‘rg‘onlarga olib borib qamab, oldilariga molning tezagini qo‘yib ketgan paytlari ham bo‘lgan-ku…

– Katta aka, suv bering, – deb so‘rab qoldi jajji singlim.

– Hozir, – deb qo‘ydim Robiyaga.

– Eshikka chiqqim kelyapti, – oyog‘ini tipirchilatib Omon ham.

– Birpas turgin, – deb yolvordim ukamga.

– Hozir ishtonimni ho‘l qilib qo‘yaman… Qo‘rqa-pisa ukamni tashqariga olib chiqib keldim.

To‘satdan ostonada uzun bo‘yli, qomatlari kelishgan, oq ko‘ylak, oq matodan avra to‘n kiygan, peshanasini ham oq durra bilan tangib olgan qirq yoshlardagi bir ayol ko‘rindi.

– O‘tiribsizlarmi, jo‘jalarim?

Hammamiz ilkis o‘rnimizdan turib shosha-pisha salom berdik. Bilmadim, ayolga salom berish uchun o‘rnimizdan turdikmi yoki qo‘lidagi patnisda nima olib kelganini bilish uchun turdikmi, har qalay, hammamiz o‘rnimizdan turib ketdik. Keyin biz novcha xolaga salom berdikmi yoki patnisga salom berdikmi bunisini ham bilolmay qoldim.

– Nega angrayib turibsizlar, o‘tiringlar, – patnisni o‘rtaga qo‘ydi ayol. Patnisda ikkita non, ozgina o‘rik, bir choynak choy bor ekan, «issiq ovqat keyinroq chiqsa kerak» deya ko‘nglimdan o‘tkazdim:

– Chol buvam qanilar?

– Qamab qo‘ydim, – tushuntirdi novcha xola, – o‘g‘illaridan qora xat kelgandan buyon mana shunaqa sal savdoyiroq bo‘lib qolganlar… Yo‘lda ham rosa yig‘lab bergandir?

– Yo‘q, unchalik emas, – deb qo‘ydim.

– Meniyam rosa yomonlagandir?

– Yo‘q, unchalik emas.

– Ostonadagi it sizlarnikimi?

– Ha, bizniki.

– Afti buncha xunuk?

– Qorni ochda…

Novcha xolaning yuzi xuddi yog‘ochdan yo‘nilganga o‘xshaydi, jon asari sezilmayapti. Ko‘zlari ham harakatsiz, qoshlari ham qotib qolgandek, hatto gapirganda lablari ham qimirlamas ekan, tavba qildim-ey, bu ovoz qayoqdan chiqayotgan ekan?

– Kechasi itni uyga kiritmanglar, xo‘pmi?

– Xo‘p.

– Chiroqni o‘chirib yotinglar.

– Xo‘p, – dedik yana.

Tamom-vassalom. Novcha xola xuddi kafan kiygan o‘likdek, yoki undan ham ochiqroq qilib aytsam, o‘likning arvohidek sharpasiz yurib chiqib ketdi.

– O‘rtadagi nonga agon! – komanda berdi Usmon.

Ikkita zog‘arani yettiga bo‘lib (itimiz ham hamisha bir ulush yeydi), bir xo‘plamdan choy bilan yutib oldikku, issiq ovqatdan umidimizni uzib, yotish tayyorgarligini ko‘ra boshladik.

Eshakning oxuriga to‘ldirib xazon solib chiqdim, itni ichkari kiritib chiroqni o‘chirdim. Bugun ertak aytish navbati Zulayhoniki edi:

– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir yalmog‘iz kampir bo‘lgan ekan, deb gap boshladi singlim.

– Egnida oq ko‘ylag-u, boshida oq do‘ppisi ham bor ekan, – deb o‘shqirib kulib yubordi Dilbar. Kulgi sal bosilishi bilan Usmon boshini ko‘tarib:

– Patnisday ikkita zog‘orasi ham bor ekan, – deya kulgini yana boshlab yubordi. Charchaguncha kulishib oldik.

– Aka, bitta she’r to‘qidim, o‘qiymi? – so‘radi Omon ukam.

– O‘qi, tezroq o‘qi, – chuvillashdi ukalarim.

Omon o‘rnidan turib qorong‘i uyda qo‘llari bilan har xil imo-ishoralar qilib, baland ovozda she’r o‘qiy boshladi:

 
Pakana buvi yig‘laydi,
Belini mahkam bog‘laydi.
Men ham yetim bo‘ldim deb,
Yuragini dog‘laydi.
 
 
Novcha xola non berdi,
Jo‘jalarga don berdi.
Uyga qaytib kirganda,
Iyak qoqib jon berdi.
 

Yana qiqirishib kulishdik-u bechora Pakana buva haqida o‘ylab ketdik… Uni qamoqdan qanday qutqar-sak bo‘larkan, shu haqda ancha mahalgacha talashibtortishib yotdik. Oxirgi bir qarorga kelolmay dong qotib uxlab qolibmiz.

PAKANA BUVA HADYALARI

Bir mahal kimdir oyog‘imdan tortib uyg‘ota boshladi. Ko‘zimni yirtib-tirtib qarasam, tepamda qo‘lida piligi tutab turgan qora chiroq, Pakana buva turibdi:

– Tez bo‘l, chirog‘im!

– Siz… bu sizmi? – so‘radim uyqusirab.

– Tez bo‘l deyapman, yetimcha!

– Nima qilay axir?

– Ukalaringni uyg‘ot, qochamiz!

O‘lay agar, nima bo‘layotganini hech tushunmayapman, shunday bo‘lsayam ukalarimni uyg‘otdim. Bilasizk-u, Omon uyg‘onayotganida «karnay chalib» uyg‘onadi. Pakana buva shosha-pisha ukamning og‘zini kafti bilan berkitib: «xolang uyg‘onsa ikkovimizni ham qamab qo‘yadi» deb arang yupatdi uni…

Imo-ishora bilan harakat qilib, ukalarimni eshaklarga mindirib yana kechagidek Pakana buva ikkimiz piyoda jo‘nadik.

Vaqt juda erta ekan, yorug‘ yulduz endigina chiqibdi. Shamol tikib, qora bulutlar ham qayoqdadir ko‘k bo‘lib, osmon charaqlab ochilib ketibdi. Havo shunday ayozki, tishlarimiz taraklab boryapti. O‘rik maydonlarini ortda qoldirib, keng yalanglikka chiqqach:

– Buvajon, o‘zi qayoqqa ketyapmiz? – deb so‘radim.

– Qo‘qonga, sizlarni qo‘yib kelaman, – tushuntirdi, Pakana buva.

– Qo‘qonga? – ham xursand bo‘lib, ham sal-pal ishonqiramay so‘radim, – Qo‘qon juda uzoq-ku?

– O‘sha uzoq bo‘lgani uchun ham olib borib qo‘yay deyapmanda, yetimcha, – xavotir oldi shekilli orqaga qarab oldi. Pakana buva, – yaqin bo‘lganda ovora bo‘lib utirmasdim… Lekin, chirog‘im, bopladim, juda bopladim.

– Kimni?

– Kimni bo‘lardi, oppoq oyimni-da. – Oppoq oyingiz kim, buvajon?

– Buncha ezmasan, yetimcha, – deb Pakana buva bir yer tepinib oldi, – xotinimni aytayapman. Ha-ha-ha! U meni boplayman devdi, men uni bopladim! Oqshom meni qo‘ltig‘iga qo‘zi bolani qisgandek qisib, oyoqlarimni tipirchilatib, sallam tushib ketdi desam boshimga shapatilab urib omborxonaga qamab qo‘ydi… Avvaliga yetimlarim och qoldi deb eshikni childirma qilib rosa chaldim. Keyin ha mayli, sen Oqoyimni bir boplamasammi dedim-da, uxlashini poylab o‘tirdim. Chiroqni o‘chirishi bilan xurjunni to‘ldirib o‘rik, mayiz, yong‘oq oldim… Bir qiyiq guruch ham tugib oldim… Yo‘lda palovxon to‘ra qilib yeymiz… Katta xumda eritilgan yog‘ ham bor, o‘shandan ham olay dedim-u, qorong‘ida bilmasdan xumning ichiga tushib ketsam keyin chiqolmayman deb qo‘rqdim… Omborxonaning orqasida o‘zim uvada tiqib qo‘ygan kattakon teshik bor, o‘shandan chiqib kelib bunday qarasam sizlar uxlab yotibsizlar. Sen, chirog‘im, uxlaganingda gapirib uxlar ekansan… Olib chiqqan narsalarimni og‘ilxonaga, oxurning ichiga berkitdim-da, opamnikiga qarab eshakni choptirib ketdim… Borib hammasini aytib berdim. Opam, qo‘y ukaginam, yig‘lama, yetimlaringga nonni o‘zim yopib beraman deb, mana shu xurjundagi nonni tayyorlab berdi, tuxumlarniyam o‘zi pishirib berdi… Tabasharning choyxonasida boplab nonushta qilamiz.

– Robiya qizim, – jo‘rttaga tilini yarimta qilib so‘radi Pakana buva, – tuxum yeysanmi?

– Yeyman, – qo‘lini cho‘zib dedi jajji singlim.

– Voy ona qizim-ey, hozir archib beraman.

Pakana buva o‘zining eshagini to‘xtatib xurjunga qo‘l soldi, tuxum olib hammamizga ikkitadan ulashib chiqdi, keyin orqaga o‘girilib «sen Oqoyim shoshmay turgin, bir boplamasammi, ko‘rpangga tipratikon qamab qo‘yib bir qo‘rqitmasammi», deb dag‘dag‘a qilib qo‘ydi.

Kun chiqay deganda Pakana buva aytgan Tabashar qishlog‘ining kunga betgay qilib solingan, guldor shiftiga sayroqi bedanalar osib qo‘yilgan hashamatli choyxonasiga yetib keldik. Quyuq nonushta qildik-u yana yo‘lga tushdik.

Qiziq, bu Pakana buvaning o‘zi qanaqa odam, yoki xotini aytganidek jinnimikan? Jinni desak, choyxonachi amaki uni shunaqangi hurmat bilan kutib oldiki, asti qo‘yaverasiz. Taglariga qavat-qavat atlas ko‘rpachalar solib choyni ham jo‘mragi sinmagan qorni katta oq choynaklarga damlab berdi… Sog‘ desak, sog‘ odam ham shunaqa mehribon, shunaqa kamtar bo‘ladi-mi… Bunisiga ham hech ishongimiz kelmay turibdi.

– Shunday qilib desanglar, chiroqlarim, – deb tinmay so‘zlab borayapti Pakana buva, – yetimlik – bu xudoning ne’mati. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham yetim bo‘lgan ekanlar, birovlarning xizmatini qilib voyaga yetgan ekanlar… Xizmatdan bo‘yin tovlamanglar, xo‘pmi?

– Xo‘p, – deb qo‘yamiz.

– Dilozor bo‘lmanglar.

– Xo‘p, – Kattalarni hurmat-u, kichiklarni izzat qilinglar.

– Yaxshi.

– Erinchoq bo‘lmanglar, maqtanchoq ham bo‘lmanglar, yolg‘on ham gapirmanglar. Ovqat yeyishdan oldin qo‘lni albatta yuvib, bismilloh deb yenglar… Mana bu qizim yaxshi qiz ekan… Oting nima edi?

– Zulayho.

– Yusuf va Zulayho, qanday yaxshi-ya, payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning jufti haloliya… Zulayho qizim, katta bo‘lsang menga kelin bo‘lasanmi? Jiyanlarim ko‘p, oltita jiyanim bor. Mana bu qora qizni ham kelin qilaman… Oting nima edi?

– Dilbar.

– Dilbar qizim, nega sen qop-qorasan? Yoki oying o‘choqning oldida tug‘ib kuydirib qo‘yganmi-a? Yoki boshqa qozonda pishganmisan-a?.. Xo‘sh Omon botir, eshakda o‘tiraverib orqang og‘rib qolmadimi?

– Og‘ridi, – yig‘lamsirab dedi Omon.

– Yong‘oq bersam yeysanmi?

– Chaqib bersangiz yeyman.

– Hozirda, hozir chirog‘im… Senga ham beraymi, hazrati Usmon? Yo‘q chirog‘im, senga yong‘oq bermay qo‘ya qolay, maylimi? Sening burning dum-dumaloq ekan, xuddi yong‘oqqa o‘xshaydi, o‘shani surib ketaver! Ha-ha-ha!

Pakana buva shunday samimiy, shunday yurakdan kuldiki, biz ham qo‘shilib kulganimizni o‘zimiz sezmay qolibmiz.

– Buvajon, – deb chaqirdi Omon, – mana shu Usmon rasm chizishga juda usta.

– Rostdanmi? – xuddi hayron qolgandek qoshlarini kerib so‘radi Pakana buva.

– Rost, ishonmasangiz o‘zidan so‘rang.

– Rasm chizishga ustamisan, chirog‘im?

– Ustaman, – maqtanib qo‘ydi Usmon.

– Echkining soqolini ham chiza olasanmi?

– Chiza olaman.

– Hushtakning ovozini ham chiza olasanmi?

– Chiza olaman.

– Ho‘sh, qani chizchi! Vah-vah-vah! – bu gal Pakana buva shunday qattiq kuldiki, nazarimda mudrab ketayotgan eshaklarimiz cho‘chib tushgandek bo‘ldi, orqada sudralib kelayotgan kuchugimiz ham bir irillab oldi.

Kulisha-kulisha qorong‘i tushguncha yo‘l bosdik. Nimgo‘sha degan bir qishloqda Pakana buvaning qarindoshlari bor ekan, bu yerda bir kecha tunab, ertasiga azon mahali yana yo‘lga otlandik. Peshinga yaqin dam olish uchun kattakon bir chinor tagiga to‘xtagan edik, Pakana buva Omon bilan Robiyani ikki tizzasiga o‘tqazib, boshlaridan silab uzoq erkaladi. Cho‘ntaklariga mayiz, yong‘oq solib:

– Mening yo‘g‘imda yeb ketinglar, xo‘pmi? – deb tayinladi.

– Buvajon, Qo‘qongacha olib borib qo‘yaman devdingiz-ku? – deya so‘radim shoshilib.

– Yo‘q, chirog‘im, endi men qaytaman, – yana yig‘lamsiray boshladi Pakana buva, – kolxozda molboqarman, mollarimni hech kimga tayinlamay keluvdim… Bu yog‘iga endi qiynalmaysizlar, Xo‘jandga oz qoldi… Xo‘jand – Xo‘bjam degani. Xo‘bjam degani, chirog‘im, yaxshilar jamlandi degani… Bu yoqda yaxshi odamlar ko‘p, xudo xohlasa ko‘chada qolmaysizlar. Qani, chiroqlarim, endi bir achomlashib xayrlashaylikchi! Barakalla! Iya, ona qizim, nega ko‘zing yoshlanib qoldi? Sen yig‘lasang menam yig‘layman.

Uzoq xayrlashdik. Singillarimni yupataman deb, ko‘nglim qurg‘ur bo‘shroq emasmi, o‘zim ham yig‘lab yubordim.

– Qani endi, yetimchalar, jo‘nanglar-chi! – to‘satdan baqirib yubordi Pakana buva.

Yo‘lga tushib yigirma metrcha yurgan edik hamki, orqamizdan: «Hoy, to‘xtanglar!» deb chaqirib qoldi buvajonimiz. Eshagini jadal haydab kelib, havoning avzoyi buzuq, ukalaringning qulog‘ini o‘rab ketarsan deb belidagi belbog‘ini yechib uzatdi… Yana yigirma metrcha yurgan edik:

– To‘xta! – deb yana ortimizdan kela boshladi. To‘nini yechib Omonga uzatdi, ikkovimizning bo‘yimiz teng, sovqotsang kiyarsan, lekin akalaring aldasa bera ko‘rma, deb soqolini silkitib kulib qo‘ydi:

– Xayr endi, chiroqlarim, xudoning o‘zi asrasin!

– Xayr bobojon!

– Pakana buvalaringni eslab yuringlar, xo‘pmi?

– Sizni hecham unutmaymiz, bobojon!

– Hoy, to‘xtanglar, chiroqlarim! Bu eshak bilan uzoqqa borolmaysizlar, eshaklarimizni almashtirib olamiz. Ukalaringni tushir, tushir deyapman! – negadir yer tepinib, baqirib yubordi Pakana buva.

– Buvajon, axir o‘zingiz qiynalasiz, – chuvillashdi ukalarim.

– Omborxonada yetti qop o‘rigim bor, bahorga chiqib bir qopini sotsam, bunaqangi uzun quloqdan to‘rttasini beradi… Yo xotinidan qo‘rqadi deyapsizlarmi? Hechamda! Opam bilan uni shunday boplaymizki… Oqoyimning bitta ham qarindoshi yo‘q! Mening to‘qqizta jiyanim bor… Qani endi ukalaringni mindirchi, barakalla! Yig‘lama yetimcha. Meniyam yig‘lagim kelyapti, ana yig‘lavordim shekilli! Aytdim-ku men ham yetimcha bo‘lganman deb… Qani endi, jo‘nanglar-chi, jo‘na deyabman! Orqalaringga qaramay ketinglar!

Bari bir orqamizga qarab-qarab sekinlik bilan yurib boryapmiz. Xuddi qalbimiz shu yerda qolgan-u, jismimiz ketayotgandek… Shu paytda juda qiziq, voqea yuz berdi. Itimiz cho‘loqlanib bizning ortimizdan ergashdi-yu, eshagimiz qolib ketganini ko‘rib uning oldiga qarab yugurdi. O‘sha yerda bir oz vakanglab turgach, yana bizning ortimizdan kela boshladi. Ko‘p yurmay ortiga qaytib borib, cho‘loq, eshagimiz oldida turib qoldi.

Pakana buva bir yonida eshak, bir yonida it, qo‘l siltab turardi, bora-bora qo‘ziqorindek kichkina bo‘lib qoldi.

Besh kun yurdikmi, olti kun yurdikmi, bunisi aniq esimda yo‘q, har qalay izg‘irin shamol esib turgan edi, yarim tunda oyoqlarimizni arang sudrab bosib, xuddi qabrdan tirilib kelayotgandek chalajon bir holatda qadrdon qishlog‘imizga kirib bordik.

To‘xta xolam bizni ko‘rib avvaliga ishonmadi, tushimmi, o‘ngimmi deb ancha mahal angrayib turdi. Keyin to‘satdan ko‘zlarini katta-katta ochib:

– Bobolaring qani? – deya dodlab yubordi.

Ma’lum bo‘lishicha Toshkentdan bizni so‘roqlab avval militsioner, ketidan Usmon bilan Omonni o‘g‘il qilib olgan muallima kelib ketishibdi. Bundan uch kun oldin Parpi buvam bilan Roziq tog‘am bizni axtarib Toshkentga ketishgan ekan. Sultonboy masalasiga kelsak, u allaqachon bu yerga kelib olib, bir o‘zi yetti bolaning ovqatini tushirib maza qilib yurgan ekan.

– Uyg‘otaymi? – deb so‘radi To‘xta xolam.

– Yo‘q, o‘zim uyg‘otaman, – charchog‘imni ham unutib, sakrab o‘rnimdan turib ketdim, – avval alamimdan chiqqunimcha savalayman, keyin uyg‘otaman… Yo‘q, avval uyg‘otib keyin savalayman.

ONA QISHLOG‘IM
To‘rtinchi qism

UYIMIZDA KALTAK YEGANIM

Qishlog‘imiz hamon o‘sha-o‘sha, ertalab charaqlab quyosh chiqarkan, kechqurun botib hamma yoq zimiston bo‘larkan, xotinlar mish-mish to‘qirkan, bolalar oshiq talashib bir-birlari bilan mushtlasharkan.

Yangilikning eng kattasi shu bo‘ptiki, O‘ris xola bizning maktabga ham mudir, ham rus tilidan muallima bo‘lib kelibdi. O‘zimizning detdomda tarbiyalanib yurgan «Oshqovoq» laqabli Zokirni, «Vahimachi» laqabli Rozalarni boshqa detdomga topshirmay o‘zi bilan birga olib kelibdi kolxoz idorasi yonidagi tashlandiq uyni remontdan chiqarib o‘zlariga makon qilib olishibdi.

Parpi buvam qarzini uza olmagach, ichkari hovlisini, maydon-u o‘rikzorlargacha qo‘shib Meli boqqolga berib yuboribdi. Boqqolning bir ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi deb, armiyadan qochib yurgan katta o‘g‘li Jamolponsod bobomning uylariga ko‘chib kirib olibdi.

Hamisha men bilan Sultondan kaltak yeb yelkasini qisib yuradigan o‘g‘illariga Boqqol buva kattakon to‘y qilib beribdi. Ammo to‘yning oxiri azaga aylanib ketibdi – kechasi Boqqol buva mehmonlar bilan ovora bo‘lib poyloqchilikka bora olmagan ekan, kolxozning omborini o‘g‘ri urib ketibdi: choy, sovun, objuvozda oqlangan guruch, o‘n to‘rt qop makka… hammasini aravaga yuklab ketishibdi.

Roziq tog‘am bo‘lsa hamon o‘sha-o‘shaligicha qolibdi, to‘rtta odam to‘plangan joyda qiziqchilig-u latifabozlik qilgani-qilgan, hamon uyida bitta kir tushag-u bitta qora qozondan boshqa hech vaqosi yo‘q, topganini bizga o‘xshagan yetimlarga yedirib yuraveribdi.

Eng yaqin o‘rtog‘im, sirdoshim Mahmudxon sholi to‘ponidan yopilgan nonni yeyaverib, oxiri kasalga chalinib, cho‘pdek ozib ketibdi, xoh ko‘ring, xoh, ko‘rmang chumchuq qo‘riydigan poyloqchining o‘zginasi deysiz.

Hayitkalla, Akram bilag‘on, Abdukarim, Dilijon, Qoraborot singari o‘rtoqlarimni bo‘lsa, hech jin urgani yo‘q, bir-birining nonini aldab yeb, bo‘lar-bo‘lmasga mushtlashib, ertasiga yana yarashib, «Eshak mindi-yu», «Bov ustiga bov» o‘ynashib mazza qilib yurishibdi ekan.

Otam opamning vafot qilganini kimdandir eshitibdi, yig‘lamoqdan beri bo‘lib tatarcha xat yozibdi, bitta emas ketma-ket beshta jo‘natibdi. Tatarcha tojikchaga qaraganda sal osonroq bo‘lar ekan, ichidagi «bu laybul, shuayshul»ini hisobga olmasa xuddi o‘zbekchaning o‘zi deysiz. Men borguncha ukalaringni bag‘ringga bosib o‘tir, buvajoningni maslahatidan chiqma, Roziq tog‘angning etagidan mahkam ushla, deb qayta-qayta tayinlabdi.

Shuncha yo‘l bosib, shuncha mashaqqatlarni chekib, ukalarimni eson-omon olib kelganimga qishlog‘imizdagilar meni xuddi urushdan qaytgan qahramonni kutgandek kutib, hurmat-u e’zozimni ham joyiga qo‘yishar deb o‘ylagandim. Yo‘q, unaqa qilishmadi. Bir xillar, hatto tekin ovqat, tekin kiyim-bosh, mazza qilib yuraversalaring bo‘lmasmidi, deb urishib ham berishdi. Roziq tog‘am, O‘ris xola, Parpi buvam – xullas, hech biri xursand bo‘lmadi. Hatto qaytarib olib borib qo‘ymoqchi bo‘lganlar ham chiqib qoldi, xayriyatki, To‘xta xolam bor ekan, o‘sha yonimizni olib qoldi.

Pakana buva hadya qilgan eshakni bir pud bug‘doyga almashtirib, o‘sha bug‘doy yoniga uch yelpig‘ich tariq qo‘shib tortib kelgan edik, o‘n besh kunga yetar-yetmas changini chiqarib yubordik.

Soy mahallalik Hoshim amaki degan odamga yog‘och kerak ekan deb eshitib qoldik. Molxonamiz yangi qurilganda, yog‘ochlari yo‘g‘on, to‘sin o‘rniga quloch yetmas xarilar tashlangan. Ichiga kirib bunday chamalab ko‘rsam, pullasa bo‘ladigan elliktacha yog‘ochi bor ekan. Shularni sotib, puliga don-dun olsak maylimi deb, Parpi buvamga maslahat solgan edim:

– Bilganingni qilavermaysanmi, o‘zboshimcha! – deb jerkib berdi.

O‘zi shu Parpi buvamga hech tushunolmay qoldim: avvaliga men tirik ekanman, sizlarni yetimxonaga yubormayman deb, xarxasha qilgan edi. Mana endi bo‘lsa, nega ukalaringni haydab kelding, yo men yeb sen quruq qoldingmi deb jerkigani-jerkigan. Ilgarilari bo‘tam, bo‘talog‘im deb erkalatardi, endi bo‘lsa otimni «o‘zboshimcha» qo‘yib olgan…

Hoshim amaki! Meli boqqoldan ham xasisroq ekan, bizni shunaqangi aldadiki, sal bo‘lmasa yig‘lavorayozdim. Og‘ilxonani o‘zimizga buzdirdi. Buzgunimizcha har bitta yog‘ochga bir kilodan bug‘doy beraman deb turgan odam, buzib yog‘ochini taxlab bo‘lganimizdan keyin, e attang, chakki buzibsizlar, yog‘ochlaringga qurt tushgan ekan, menga bunaqasi kerak emas deb turib olsa bo‘ladimi? Ikkitasiga bir kilodan arpa berishga arang ko‘ndi.

Arpa unining hech quvvati bo‘lmas ekan, atala qilib ichsak ham, non yopib yesak ham, og‘zimizdan qari suv kelib, darrov ochqab qolaverdik. Shuning uchun ham bir haftaga yetar-yetmas buni ham sob qilib bo‘ldik. Hayriyatki, Roziq tog‘am bilan O‘ris xola voyenkomatdan qog‘oz qildirib keb berishdi, ana shu qog‘oz bilan kolxoz omboridan xaftada ikki kilo makka olib turdik. Bo‘lmasa, kim biladi deysiz, qish ichi ochlikdan shishib o‘lib ketgan bo‘larmidik.

Har kuni och yuraverishganidanmi, ukalarim ham menga teskari bo‘b qolishdi. Ayniqsa, Sulton ukamni hech eplab bo‘lmayapti. U, Toshkentdan, aka-ukalarim bu yerda ekan, To‘xta xolam bilan Parpi buvamlarning topganini bitta o‘zim yeb, yeganim oldimda, yemaganim ketimda mazza qilib yuraman deb, ataylab qochgan ekan. Biz kelgach, ulushi ozayib, lab-lunji osildi-yu, Omon bilan Usmon ukamni menga qarshi qayray boshladi.

Bir kuni kechqurun o‘choq oldida o‘y surib o‘tirgandim. Ochig‘i, ukalarimning kechki ovqatiga atala pishiraymi, qatirma qilaymi, qaysi biriga un kamroq ketadi-yu, qornimiz yaxshiroq qappayadi deb o‘ylanayotgandim. Sulton Usmon bilan Omonni ergashtirib, hovliqqancha kirib keldi-yu, yelkamdan tortib o‘rnimdan turg‘iza boshladi.

– Gapir! – dedi odatdagidek qo‘rslik bilan.

– Nimani gapiray? – dedim hamon o‘zimga kelolmay.

– Bizni qachon detdomga olib borib qo‘yasan?

– Olib bormayman! – dedim uzil-kesil qilib, – biz ketsak ota-onamizning chirog‘i o‘chib qoladi, tushunsangchi, axir!

– Chiroq kerak bo‘lsa, o‘ziga yoqaver… bizni olib borib qo‘yasan.

– Opam otang qaytguncha tarqab ketmanglar degan! – Olib borib qo‘yasanmi, yo‘qmi? – yoqamni siqa boshladi Sulton.

– Yo‘q! – negadir baqirib yubordim… Bilmadim, mana shu baqirishim yoqmadimi yoki avvaldan maslahatni pishitib qo‘yishgan ekanmi, uchov ukam meni yerga bosib, savalab ketishdi… O‘zim shu kunlarda quvvatim ketib ramahtajon bo‘lib yuruvdim, qarshilik ko‘rsatishga hech holim kelmadi. Qarangga, men shu ukam yo‘qolib qolganda begona shahar ko‘chalarida bo‘zlab bir necha kun yugurgan edim. Usmon bilan Omon-chi? Ikkovini Toshkentdan bu yerga yetkazib kelguncha, yo‘lda ne-ne mashaqqatlarni chekmagandim!.. Hammalarini bir joyga to‘plab, otam qaytguncha jamuljam qilib o‘tiray desam… meni tepkilashib yotipti-ya! Qorinlari och bo‘lgani uchun alamini mendan olishyapti.

– Voy, akamni urishyapti, – hovli tomonda Zulayhoniig qichqirgani eshitildi… O‘tgan yili sholi ekilgan yerlarning kurmagi sholidan ertaroq pishib, tagiga to‘kilib chuqur-chaqoqlarga to‘planib qolgan ekan. Kimdir uni supurib olib, oftobda obdon quritib, keliga solib tuyib yelpigan ekan, yaxshigina don chiqibdi. Zulayho bilan Dilbar ham bir haftadan buyon sholipoyalarda kurmak yig‘ib yurishibdi. Bugun ham o‘sha yoqqa ketishgandi, kelishganga o‘xshaydi.

Singillarimning ovozini eshitib, Sulton o‘zini ochiq derazaga urdi, ketidan Usmon bilan Omon ham shataloq otib qochib qolishdi.

– Aka, akajon, – yig‘lab yubordi singlim, – nega o‘zingizni kaltaklatib qarab o‘tiribsiz? Nega axir?!

– Qo‘y, yig‘lama, – yupatdim singlimni, – o‘zimiz hazillashayotgan edik.

– Hecham-da, – gapga aralashdi Dilbar, – ko‘zingizning osti ko‘karib ketipti-yu…

Hech narsa demadim, rosti, nima deyishimni ham bilmas edim.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.


Популярные книги за неделю


Рекомендации