282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 9

Читать книгу "Беш болали йигитча"


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 09:40


Текущая страница: 9 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +
BEGONA SHAHARGA OTLANDIK

Poyezdimiz begona shaharga qarab xuddi bir narsadan quruq qolgandek qush bo‘lib uchib ketyapti. Goho: Piti-kish, piti-kish, – deb g‘alati ovozlar ham chiqarib qo‘yyapti.

O‘ttiz yetimcha rang-qutimiz o‘chib, Mariya Pavlovnaning atrofiga g‘uj bo‘lib olganmiz. O‘ris xola ham avvalgi quvnoq, hazilkash, har narsaga sharaqlab kulaveradigan O‘ris xola emas, so‘nggi kunlarda u negadir to‘satdan qarib, kampir bo‘lib qoldi. Beli bukchaygan, yuzlariga tirish tushib, ko‘zlari ich-ichiga botib ketgan. O‘zi hamisha xafa, so‘zlari pala-partish…

– Bizni tashlab ketmaysizmi? – vahima ichida so‘rashdi qizlar.

– Yo‘q, tashlab ketmayman, – esnab deydi Mariya Pavlovna.

– Unda nega olib ketyapsiz bo‘lmasa?

– O‘qish boshlanguncha o‘sha yerda turasizlar.

Biz tushgan vagon aralash vagon ekan, erkag-u xotin, bola-yu chaqa bir-biriga mingashib ketyapti, qop ko‘targan chol deysizmi, paranji yopingan kampir-u, Pirgon – ikki ot qo‘shiladigan to‘rt g‘ildirakli arava. Shinelini otning shtiga o‘xshab bo‘yniga tashlab olgan askarlar deysizmi, shishaning og‘ziga rezinka tiqib sut ichib ketayotgan chaqalog‘-u, to‘rtta tovuqning oyog‘idan bog‘lab yelkasiga tashlab olgan o‘spirin, rom ochib ketayotgan lo‘li-yu, qarta o‘ynab borayotgan qora soqolli kishilar deysizmi – hamma-hammasi aralashib ketgan. Vagonimizning berigi yog‘ida kulgi ko‘tarilsa, narigi yog‘ida yig‘i boshlanib qoladi.

Buning ustiga vagonning havosi ham shunaqangi og‘irki, shunaqangi badbo‘yki, nafas olib bo‘lmaydi. Poyezd bo‘lsa hamon yeldek uchib boryapti, tez ketayotganidan o‘zida yo‘q xursand bo‘lsa kerak har zamonda:

– Pu-pu-puuuu, – deb qichqirib ham qo‘yyapti.

Bo‘y-basti o‘xshamasa ham kallasining cho‘ziqligi, betining kattaligi otamga juda o‘xshab ketadigan bir askar amaki qo‘lida kattakon chamadon, yelkasida qopchig‘i bilan yaqinimizga kelib bir oz tikilib turdi-da, mudrab ketayotgan Mariya Pavlovnadan:

– Sizlarga sherik bo‘lsam maylimi? – deb so‘radi.

– Bemalol, – deb qo‘ydi O‘ris xola. Askar amaki chamadonining ustiga avaylabgina o‘tirib:

– Detdomchilarmisizlar? – deb so‘radi yana.

– Ha, – hammamiz uchun javob berdi Qoravoy. – Sayoxatga ketyapsizlarmi?

– Ha.

– Oralaringda a’lochilar ham bormi? Yebto‘ymas tepa xonada ketayotgan edi, uyasidan tumshug‘ini cho‘zgan chumchuq boladek bo‘ynini cho‘zib:

– Men a’lochiman! – deb qo‘ydi. Askar amaki tepaga qarab:

– O‘-ho‘, gvardiyachilar bu yoqda ekan-ku, – deb negadir kulib yubordi, – yolg‘on gapirayotganing yo‘qmi, askar bola?

– O‘lay agar, – qasam ichdi Yebto‘ymas, – har kuni tushimga a’lo baholar kiradi.

Askar amaki ham, direktor-u bolalar ham sharaqlab kulib yuborishdi. Kulgi to‘xtashi bilan:

– Bu yolg‘onchi, gapiga ishonmang, – deb gap boshladi Qoravoy, – buning tushiga faqat yomon baho kiradi… Oramizda bitta a’lochi bor, uyam bo‘lsa Samovarjon.

– Qani o‘sha a’lochi?

– Men bu yerdaman, – tepadan boshini ko‘rsatib dedi Samovar.

– O‘-ho‘, tuppa-tuzuk bola ekansan-ku, nega endi otingni Samovar qo‘yishadi.

– Amaki, bu bolaning ichida doim suv qaynab turadi, – deb gapga aralashdim men ham.

– Yo‘g‘-e.

– Rost, – dedim gap navbatini boshqa bola ilib ketmasin deya shoshib, – og‘ziga bir kap zavarka tashlab qulog‘idan silkitsangiz burnidan yetti choynak choy tushadi.

Yana hammamiz kulib yubordik Mariya Pavlovna qotib-qotib kulardi. So‘nggi kunlarda uning kulganini hech ko‘rmagandik direktorimizning qulfi-dili ochilganidan, avvalgi quvnoq O‘ris xolamizni yana topib olganimizdan biz yetimchalar o‘zimizda yo‘q sevinib ketdik.

– Obbo sen-ey, – dedi askar amaki yelkamga qoqib, – tuppa-tuzuk askiyachi ekansan-ku!

– Amaki, bu bola latifa aytishga ham usta, – deb qo‘ydi Samovar.

– Yo‘g‘-e!

– Rost, ishonmasangiz ana Mariya Pavlovnadan so‘rang, detdomga kelguncha ukalarining qornini latifa bilan to‘yg‘izgan.

– Ie, – ishonqiramay dedi askar amaki, – latifa ham qorin to‘ygazadimi?

– To‘yg‘azadi! Bir xillari-chi, amaki, odamning ko‘nglini aynitib o‘qchitib ham yuboradi… Besh bolali, qani boshla-chi.

Bolalar o‘zi g‘alati bo‘ladi, birov o‘zini sal yaqin oldimi, tamom, bor bisotlarini ko‘rsatib maqtangilari, qarshisidagi odamni hayron qoldirgilari, rahmat eshitgilari kelib qoladi, aslini olganda mening o‘zim ham shunaqaman. Shu paytda askar amaki oldida juda-juda ham maqtangim kelib qoldi.

– Qani, qulog‘im senda, – qistadi askar amaki.

– Bir bor ekan, bir yo‘q ekai, – deb xuddi Roziq tog‘amga o‘xshab bir kulib oldim, – bitta afandi bo‘lgan ekan, uni yoshligida armiyaga olib komandir qilib tayinlashibdi, okopda yotganda dushman bostirib kela boshlabdi. Afandi o‘rnidan turib askarlariga «Olg‘a!» deb komanda bermoqchi bo‘lib:

– Oyi! – deb qichqirib yuboribdi.

– He-he-he, – kuldi askar amaki, – afandi ularday qo‘rqoq ekanda, a?

– Qo‘rqoqligi haqida yana bitta aytib beraymi?

– Qani, qani?

– Afandini qo‘rqoqligi uchun oddiy askarlikka tushirib qo‘yishibdi, hujumga o‘tadigan paytda komandir «Olg‘a!» deb buyruq beribdi, bunday qarasa, afandi oldinga qarab emas, orqaga qarab chopib ketayotgan emish. «Ha, mullo Nasriddin, qayoqqa?» deb so‘rabdi komandir.

– Qishloqqa! – debdi afandi.

– Shu paytda qishloqda balo bormi? – baqiribdi komandir.

– Oyim bilan xayrlashib kelay, – dermish afandi.

– Obbo sen-ey, – dedi askar amaki yengilgina kulib olgach, – afanding ham o‘zingga o‘xshagan soddagina ekan-da, a?

Askar amaki bolalar bilan gaplashishni yaxshi ko‘radigan, gaplashganda o‘zini teng olib, xuddi o‘rtog‘i bilan gaplashayotgandek gaplashar ekan… Ketma-ket uchta tankani portlatib yuborgani uchun katta komandirlar uyiga borib o‘g‘il-qizlarini ko‘rib kelishga ruxsat beribdi. Askar amaki hozir yana urushga qaytib ketayotgan ekan. Poyezdning bitta vagonicha keladigan kattakon qora chamadonini ochib: «Yo‘q, yo‘q, xudo ursin, qornimiz judayam to‘q» deyishimizga ham qaramay hammamizga yarimtadan yog‘li patir, bir kaftdan chala qovurilgan magiz ulashib chiqdi:

– Choyni Samovarjon bersin, – deb qo‘ydi oxirida.

Askar amakining qiziq-qiziq gaplariga mahliyo bo‘lib begona shaharga yetib kelganimizni ham sezmay qolibmiz. Poyezd bir siltanib, ketma-ket uh tortib taqqa to‘xtadi, vagonning ichi ari uyasidek to‘polon, vag‘irvug‘ur bo‘lib ketdi.

– Hech kim joyidan qo‘zg‘almasin! – buyruq berdi Mariya Pavlovna.

«HAMISHA KULIB YASHANGLAR»

Poyezddan hammadan keyin tushdik. Vokzalda shunaqangi odam ko‘pki, shunaqangi ko‘pki, xuddi katta sayil bo‘layotganga o‘xshaydi: qop ko‘targan kim, bolasini yetaklab chopib borayotgan kim – bilib bo‘lmaydi. To‘p-to‘p askarlar, voy bolamlab yig‘layotgan kampirlar, e boringki, anchagacha angrayib qolibmanda.

– Orifjon, muncha angrayasan! – urishib berdi O‘ris xola. Bir-birimizni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun safga tizilib, safimizni jipsroq qilib oldik. Oldinda onaboshi bo‘lib Mariya Pavlovna boryapti. Har zamonda orqasiga o‘girilib:

– Hammalaring kelyapsizlarmi? – deya erinmasdan sanab chiqdi.

Nihoyat odamlarning orasini yorib o‘tib keng maydon orqali kichkina-kichkina poyezdlar to‘xtaydigan joyga bordik Omonni yelkamdan tushirib:

– Samovar, bu poyezdchalarning o‘txonasi qayerda, bo‘ladi? – deb so‘radim.

– Bilmasam, – yelkasini qisdi Samovar.

– Bu poyezd emas, tramvay, – bilag‘onlik qildi Yebto‘ymas, – ko‘mirni orqasidan yoqishadi.

– Hecham-da, – gapga aralashdi Qoravoy, – tramvayga ko‘mir yoqilmaydi.

– Nimaga yuradi bo‘lmasa?

– Tarasha yoqishsa kerak – mujmalroq qilib dedi Qoravoy.

Munozaramiz xuddi shu yerga yetganda o‘tirishimiz kerak bo‘lgan tramvay ham kelib qoldi. Birinchi bo‘lib chiqqani qo‘rqib, sen chiq, men chiq qilib tisarilishib turgan edik yoz bo‘lishiga qaramay oyog‘iga kigiz etik kiyib olgan yoshgina bir xotin:

– Tez-tez chiqinglar, bo‘lmasa ketib qolaman, – deb qo‘ydi. Ana shundan keyin eshik oldida yuz bergan tiqilinchni ko‘rsangiz, bir yo‘la sakkiztamiz eshikka tirmashib olibmiz, qani endi, na oldinga yurib bo‘lsa, na orqaga! Pastda qolganlarning dodlaganini aytmaysizmi!.. Haligi kigiz etik kiygan xotin qorniga rezinka xalta osib olib, bilet sotayotgan ekan. Bizdan pul ham olmadi, bilet ham bermadi. Borayotgan joyimizni so‘rab, qayerda tushib, qaysi tomonga qarab yurishimiz kerakligini tushuntirdi.

– Chapga, chapga! – deb tayinladi yana tramvaydan tushganimizdan keyin ham.

Biz so‘roqlab borayotgan idora qanaqa idoraligini bilmayman-u, lekin to‘rt qavatlimi, besh qavatlimi, ishqilib tepasiga qarasang do‘pping tushib ketadigan binoga joylashgan ekan. Bunaqangi kattakon binoni ilgari hech ko‘rmagandim, yuqorisiga narvondan chiqilsa kerak deb o‘ylasam, yo‘q, binoning ichida yuqoriga olib chiqadigan aylana zina bor ekan. Mariya Pavlovna bizni ko‘cha eshik oldida qoldirib ana shu zinadan yuqoriga ko‘tarilib ketdi… Birpas kutdik, ikkipas kutdik e boringki, bir soat vaqt o‘tib ketdi hamki, direktorimizdan darak bo‘lmayapti-da.

– Bizni tashlab qochib ketgan bo‘lsa-ya, – ko‘zlari to‘la vahima bilan dedi Yebto‘ymas. Yaqinginada bitta xotin bizning detdomimiz oldiga bolalarini tashlab qochib ketganini eslab, rosti o‘zim ham qo‘rqib ketdim.

– Yur, tepaga chiqib xabar olamiz, – taklif qildim Yebto‘ymasga, xayriyat sherigim yo‘q demadi. Birbirimizni quvalashib yuqoriga ko‘tarilayotgan edik Mariya Pavlovnaga ko‘zimiz tushib qoldi. Yo‘lakda o‘zi ozg‘in, ingichka bo‘lsa ham ovozi yo‘g‘on, do‘rillab eshitiladigan bir odam bilan san-manga borib turishgan ekan.

– O‘sha oblastdagilar kallasini yeb qo‘yibdi! – deyapti ovozi do‘rildoq amaki, – o‘zi shahardagi yetimlarni qayerga joylashni bilmay boshimiz qotib turibdi-yu… yo‘q, xalq dushmanidan chiqqan ish bu! Men ular bilan hali gaplashib qo‘yaman! Bolalaringiz qani?

– Pastda, – tushuntirdi O‘ris xola Ovozi do‘rildoq amaki xuddi orqasidan birov quvlayotgandek chopqillagancha pastga tusha boshladi, tashqariga, bolalarning oldiga chiqib hammaga bir-bir ko‘z tashlab chiqdi-da:

– Xush kelibsizlar, aziz mehmonlar! – dedi kesatgandek bir ohangda.

Ammo aziz mehmonlar javob qaytarishni o‘zlariga ep ko‘rishmadi shekilli, to‘mshayishib jim turishaverdi.

– Yo‘l urintirib qo‘yibdi-da, a? – sal kulimsirab so‘radi amaki.

Yo‘q, aziz mehmonlar bu gal ham javob qaytarishmadi.

Amaki baland imoratning orqasiga o‘tib ketdi-yu xiyol o‘tmay bir yarim tonnalik yuk mashinasiga o‘tirib chiqdi. O‘zi allaqachon shofyorning yonidagi yumshoq o‘rinni egallab olgan ekan, pastga tushsam joyimni birov olib qo‘yadi deb qo‘rqdi shekilli, qo‘li bilan mashinaga chiqinglar degandek ishora qilib qo‘ydi.

Ertalab askar amaki hammamizni kuldirib, g‘am-u tashvishlarimizii unuttirib yuborgan, ashula aytsak ham bo‘laveradigan darajada xursand qilib ketgan edi. Ovozi do‘rildoq amakining qovog‘idan qor yog‘ayotganini ko‘rib, biz yana vahimaga tushib, yuraklarimiz ezila boshladi. Mariya Pavlovna odam qurib ketgandek bizni borib-borib mana shu badqovoqning qo‘liga tashlab ketsa-ya… Unda ahvolimiz nima kechadi?

– Qoravoy, bizni karnay-surnay bilan kutib oladi devding-ku? – so‘radim sekingina.

– Karnaylar remontda bo‘lsa kerak – deb qo‘ydi Qoravoy ham istamaygina.

Mashina qing‘ir-qiyshiq ko‘chalardan yurib nihoyat darvozasi oldida quchoqqa sig‘maydigan kattakon marvartak tut o‘sib yotgan bir hovli oldiga kelib to‘xtadiyu, ovozi do‘rildoq amaki bilan Mariya Pavlovna qiz bolalarning chag‘ir-chug‘ur ovozi eshitilib turgan hovliga kirib ketishdi. Bir mahal temir darvozaning bir tabaqasi ovozsiz ochilib, ichkaridan qorni haddan tashqari katta, bilaklari semiz, yuzi ham sirlangan chelakcha keladigan bir ayol g‘ozga o‘xshab lapanglab chiqib kela boshladi. Ketidan Mariya Pavlovna ham ko‘rindi, uning qovog‘i battar solingan, yig‘lavorayyig‘lavoray deb turibdi:

Qizlar tushsin, qaltiroq ovoz bilan dedi O‘ris xola.

Robiya tizzamda uxlab qolgan edi, uyg‘onib ketdi-yu, chinqirib yig‘lashga tushdi. Uning bo‘zlaganini ko‘rib boshqa qizlar ham piq-piq yig‘lay boshlashdi. Ajralishayotganimizni, garchi bizdan sir tutishayotgan bo‘lsa ham hammamiz sezib turardik. O‘g‘il bolalar-ku tishimizni-tishimizga bosib turdik-a, ammo qizlar o‘zlarini qo‘lga olisholmadi. Ota-onalarimiz-u, mehribon kishilarimizdan judo bo‘lib bir-birimizga o‘rganishib, birbirimizga suyanishib qolgan ekanmiz, ayriliq vahimasi ikki-uch kundan buyon yuraklarimizni ezib, qalbimizni vayron qilib, dardga aylanib, yuzimizni so‘lg‘in, xayolimizni parishon qilib qo‘ygan edi. Ana o‘sha dardlar endi ko‘z yoshi to faryodga aylanib, tashqariga otilib chiqa boshladi. Hamma yoqni yig‘i-sig‘i ovozi qoplab ketdi.

– Akajon! – deb sochlarini yula boshladi Zulayxo.

– Bizni tashlab ketmanglar! – deb chaqiradi Dilbar.

– Samarjon!

– Xayr, Qoravoy!

– Orifjon aka, bizdan xabar olib turinglar! – deyishib ajralib qolayotgan to‘qqiz qiz to‘qqiz xil ohangda yig‘lar edi. Mehribon onamizdek bo‘lib qolgan Mariya Pavlovna ham o‘zini tutolmay ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kib xuddi hiqichoq tutgandek hiqillashga tushdi.

Men detdomga kelganimdan buyon bunaqangi dilsiyohlikni, yuraklarni larzaga keltiruvchi bunaqangi dod-faryodni hech ko‘rmagan edim. Goh urishibtalashib, goh chaqimchiliklar qilib bir-birimizning jig‘imizga tegishib, ba’zan qizlarning sochidan tortib, ba’zan to‘plarini olib qochib yig‘latib yurgan bo‘lsak-da, o‘zimiz ham bilmagan holda ko‘z ilg‘amas mehr iplari orqali bir-birimizga qattiq bog‘lanib qolgan ekanmiz.

Yig‘lar edik, to‘xtamay yig‘lar edik… Darvozadan egniga uzun shinel kiyib, boshiga otliq askarlarning tumshug‘i uzun shapkasini bostirib olgan bir odam oqsoqlana-oqsoqlana chiqib keldi-yu, churillatib xushtak chalib yubordi.

– Yig‘ini bas qilinglar, bo‘lmasa hammangni qamab qo‘yaman, – shunday deb haligi odam cho‘loq oyog‘i bilan yer tepingan edi, yig‘layotganlar suvi shovla bo‘lgan tegirmondek to‘satdan jim bo‘lishdi.

Qizlarni ichkariga olib kirib ketishgach, biz yana yo‘lga tushdik. Beshinchi sinfgacha o‘qiydigan o‘g‘il bolalarni yana bir detdomda qoldirishdi. Ukalarim Sulton, Usmon, Omonlar hali qizlar detdomi oldida ko‘p yig‘lab ko‘z yoshlari tugab qolgan ekanmi, bu gal yig‘lashmadi. Ko‘zlarini mo‘ltillatishib jimgina xayrlashishdi… Ammo bularning hammasi vaqtincha ekan, mashina o‘rnidan qo‘zg‘alishi bilan Omon pitillab tarbiyachining qo‘lidan chiqdi-da:

– Akajon!! – deb chinqirib orqamizdan yugurishga tushdi… Bechora ukaginam jon-jahdi bilan ko‘ksini yirtib faryod chekib yuguryapti, qani endi mashina taqqa to‘xtasa-yu, tushib bag‘rimga bosib yosh quyilib kelayotgan ko‘zlaridan o‘psam!

– Akajon, to‘xtang! – dedi-yu, toshga qoqilib, yuzi bilan yerga yiqildi ukam.

Tarbiyachi halloslagancha, yetib kelib yerdan olib bag‘riga bosdi. Omon pitillab, oyoqlari bilan tarbiyachining qorniga tepib, yuzlarini timdalab olyapti…

– Yig‘lama, – deb yuzimni o‘ziga qaratdi Qoravoy, – asta-sekin o‘rganib ketadi.

Yana bir soatlardan so‘ng Samar, Qoravoy, Yebto‘ymas – hammamiz bo‘lib olti bolani temir yo‘l qoshidagi hunar maktabiga joylashtirishdi.

Mariya Pavlovna kechga tomon qaytib keldi. Oltita yangigina yopilgan non, bitta shisha bankada liq to‘la qaymoq, ikki kilocha keladigan sharbati oqib turgan o‘rik olib kelibdi. Hunar maktabining hovlisiga chiqib, ko‘kat ustiga o‘tirdik. Direktorimizning, kunduzi ko‘p yig‘laganidan bo‘lsa kerak qovoqlari do‘mbira bo‘lib shishib ketibdi.

– Qalay, bolalar bilan tanishib oldilaringmi? – sekingina so‘radi O‘ris xola.

– Hammasi odamyovvoyiga o‘xshaydi-ku, – nordon narsa chaynab olgandek aftini jiyirib dedi Qoravoy.

– Hechqisi yo‘q, keyin oralaringdan qil o‘tmaydigan o‘rtoq ham bo‘lib ketasizlar.

– Siz shu yerda qolasizmi? – deb so‘radim.

– Qololmasam kerak lekin tez-tez xabar olib turaman… Faqat, o‘g‘illarim, sizlardan iltimosim shuki, yaxshi o‘qinglar, tirishib o‘qisalaring parovoz haydaydigan mashinist bo‘lasizlar… Masterskoyda ishlaydigan katta usta bo‘lasizlar, ishqilib meni uyaltirib qo‘ymanglar. Ahil bo‘linglar… Tarbiyachilarning gapidan chiqmanglar… Haftada bir marta qizlardan, bir marta o‘g‘il bolalardan xabar olib turinglar, xo‘pmi?

– Xo‘p.

– Oltovlaring kechasi-yu kunduzi birga bo‘linglar. Shaharga chiqsalaring ham birga chiqinglar. Samarjon, sen bularga boshliq bo‘lib qolasan.

– Yo‘q, Orifjon bo‘lsa qolsin, hammamiz uning gapidan chiqmaymiz.

– Mayli, Orifjon, bo‘larni senga ishondim bo‘lmasa.

– Yaxshi.

– Qani, turinglar-chi, bir achomlashib xayrlashaylik – Mariya Pavlovna har birimizni alohida-alohida bag‘riga bosib, peshanamizdan o‘pdi, – qani endi ko‘z yoshlarini artinglar, qo‘linglar-chi, qani, barakalla! Hamisha ana shunday kulib, xushchaqchaq bo‘lib yuringlar. Orifjon, latifalar aytib o‘rtoqlaringni kuldirib yurgin… Xayr endi, o‘g‘illarim! Mendan xafa bo‘lmanglar, xabar olib turaman…

UKAJONIM YO‘QOLIB QOLDI

Kutilmagan hodisa yuz berdi, ha-ha, hech kutilmaganda yuz berdi! Hammasi joyida, hammasi ko‘ngildagidek ketayotgan edi-ya! Direktorimiz tayinlab ketganidek haftada ukalarimizdan xabar olib turgandik. Ular ham yangi tarbiyachilarga, yangi o‘rtoqlariga tuppa-tuzuk ko‘nikishib qolishgan edi. Bilim yurtidagi ishlarimiz ham chakki emasdi. Hozircha o‘qishlar boshlanganicha yo‘q, kun bo‘yi vagonlarni remont qiladigan ustaxonalarda, temir kesib, har xil qismlar yasaydigan sexlarda aylanib yuramiz. Ikki marta parovozga tushib yaqin-yaqin stantsiyalarga sayohat ham qilib keldik… Ha-ha, hammasi joyida edi, lekin to‘satdan… Usmon bilan Omon oldimga dodlab chiqishdi.

– Kim urdi? – dedim qo‘rqib.

– Yo‘q, akajon, hech kim urmadi. Sulton akam yo‘qolib qoldi.

Bu xabarni eshitib ishonsangiz o‘zim ham dodlab yuborayozdim, ukalarimni yo‘lakda qoldirib, chol desa cholga, yosh desa yoshga o‘xshamaydigan, umuman necha yoshga kirganini hech bilib bo‘lmaydigan direktorning oldiga yugurdim. Xayriyat, yolg‘iz o‘zi ekan, gazeta o‘qib, devordagi eski, chekkalariga pashsha o‘tirib ketgan xaritani qarichlab o‘lchab o‘tirgan ekan. Menga bir qaradi-yu:

– E, qo‘qonli bola, – deb qo‘ydi.

– Ukam qani? – dedim qaltirab, – axir opam… yo‘q, otam qaytib kelsa nima deyman?

– Ukang dadangning oldiga ketgan bo‘lsa-chi?

– Hecham-da.

– Menga qara, qo‘qonli bola, – deb direktor nihoyat xaritadan boshini ko‘tarib menga yuzlandi, – ukang yolg‘iz qochgani yo‘q, Sasha Petrichenko degan bir bola bilan qochgan, ikkovi urushga ketamiz deb maslahat qilishayotganini o‘rtoqlari eshitgan ekan… Axtaryapmiz, uch kundan buyon bormagan joyimiz qolmadi… Dadalaring frontdami?

– Ha.

– Ukangda adresi bormidi?

– Ha.

– Menga qara, qo‘qonli bola, hadeb hiqillab mening ko‘nglimni buzma, ukang uzoqqa bormaydi… qorning qalay? Qani mening orqamdan yur.

Direktor derazadan mo‘ralashib turgan ukalarimni ham olib hammamizni oshxonaga boshladi. Burni terlab pirashka pishirayotgan semiz xotindan so‘ramasdan bir dasta pirashka olib bittadan ukalarimga, qolganini menga uzatib:

– Ukangni topamiz, – deb aldab-suldab ko‘chaga chiqarib yubordi.

Yotoqxonaga borib sheriklarimga bo‘lgan voqeani aytgan edim: «Sen ahmoq ekansan, direktorning bola axtarishga vaqti bormi, bolalar qancha ko‘p ketib qolsa, ularga shuncha yaxshi, – o‘zlari mazza qilib perashkalarni yeb yurishaveradi. Militsiyaga borish kerak doktorlardan surishtirish kerak» deb maslaxat berishdi.

Militsiyaxonaga qarab yuguryapman. «Shu, ukajon, Sultonjon, seni endi hecham urishmayman» deb xuddi jinniga o‘xshab javrab boryapman. To‘satdan uchratib qolsam-a, degan umidda yurishdan to‘xtab atrofga alangjalang ko‘z tashlab olaman, militsiya idorasiga borib, eshigining tepasiga qiyshiq xarflar bilan «Navbatchi» deb yozib qo‘yilgan xonaga kirdim. Hech kim yo‘qqa o‘xshaydi; yo‘q, bor ekan, militsioner amaki otning kallasidek-kallasidek ikki mushtini bir-birining ustiga ustma-ust qo‘yib hosil bo‘lgan tepalikka peshanasini tirab oftobshuvoqda yotgan mushuk boladek yengil-engil xurrak tortyapti. Qizil shapkasini stol ustiga qo‘yib qo‘yipti, boshida taqir sochi yo‘q, chekkalaridagi undamunda uchraydigan sochlari ham jo‘ja bolaning patidek oppoq.

Kelganimni bildirish uchun tomog‘imni qirib yo‘talib qo‘ydim… Yo‘q, uyqusi xuddi Sultonning uyqusiga o‘xshab qattiq ekan, hech narsa sezmadi.

– Amaki? – dedim nihoyat yaqiniga borib.

– Gapingni aytaver, – degan javob qaytdi.

– Men ukamni yo‘qotib qo‘ydim.

– Men akamni yo‘qotib qo‘yganman.

– Xudo ursin agar, – dedim gapimga ishontirish uchun.

– Meniyam non ursin agar, – deb yana xurrak tortib qo‘ydi militsioner amaki. Nega u boshini ko‘tarmaydi? Yoki meni esi yo‘q, yosh bola deb o‘ylayaptimikan?

– Amaki, dedim yana ham yaqinroq borib, – men eslik bolaman.

– Meni esa esim yo‘g‘roq.

– Amaki!

– Nima deysan?

– Mening otam frontda jang qilyapti, bildingizmi!

– Mening o‘g‘illarim ham jang qilyapti, bildingmi!

– Amaki, jon amaki! – deb yer tepinib ukalarim idishtovoq yuvmaganda qanday baqirsam ana shunday baqirib yubordim.

– Ovozingni qara-ya, nemisning miltig‘idek varanglab chiqadi-ya, – shunday deb militsioner amaki boshini ko‘tarib haligi otning kallasidek keladigan katta mushtlari bilan ko‘zlarini ishqaladi, keyin kafti bilan burnini shunaqangi qattiq ezg‘iladiki, nazarimda yalpoq qilib yuborgandek bo‘ldi, – uch kundan buyon mijja qoqqanim yo‘q, bo‘tam. Xo‘sh, nima deysan o‘zi?

– Aytdim-ku.

– Nima deding? – qisilib borayotgan ko‘zlarini kattaroq ochib so‘radi amaki.

– Ukam yo‘qolib qoldi.

– Qo‘lidan ushlab olmagan ekansan-da.

– Detdomdan qochib ketibdi.

– Ahmoq ekan, – militsioner amaki og‘zini katta ochib esnadi-yu, ikki qo‘lini stolga tirab yana ko‘zlarini yumib oldi, – tekin ovqat, tekin kiyim-bosh, haftada kino… esi yo‘q ekan, borib shunday degin.

– Kimga?

– Ukangga.

– Aytdim-ku yo‘qolib qoldi deb!

– Borib aytgin, amakim xafa bo‘lyapti… – militsioner amaki gapining u yog‘gini aytolmadi, kallasi shilq etib stolga tushdi-yu, jim bo‘ldi-qo‘ydi… Birpas turdim, ikkipas turdim, yo‘q, uyg‘onadiganga o‘xshamaydi. Eshikni sindirib yuborgudek tarsillatib yopdim-u, ko‘chaga chiqib ketdim.

Endi qayoqqa bordim, kimdan so‘rasam bo‘larkin? Rostanam urushga ketdimikan-a? Yo‘q, u urushga bormaydi, ovqat axtarib ko‘chaga chiqqan-u, o‘g‘irlik qilib qo‘lga tushgan, qamalgan… Nega endi bu militsioner amaki menga yordam berishni istamayapti, axir bu yerda xurrak otib uxlash uchun o‘tirmagandir… Hozir kirib o‘ziniyam bir boplayki! Qarang-a, men bu yoqda ukajonimni axtarib ko‘chama-ko‘cha bo‘zlab yurarmishman-u, u kishi mazza qilib uyquni urib utiraverarmishlar.

Yana orqamga qaytib, navbatchi amakining huzuriga kirdim-u, peshanasiga turtib uyg‘otdim:

– Men nima qilay endi?

– Uxlab ol, bo‘tam, – dedi amaki ko‘zini yarim ochib.

– Kelinoyimga borib nima dey?

– Qaysi kelinoyingga?

– Aytdim-ku, o‘g‘lingizdan qora xat keldi deb…

– A?! – bir sapchib tushdi amaki, – nima deding, qaysi o‘g‘limdan?

– Kattasidan, – dedim yig‘lamsirab.

– Mirpo‘latdanmi?

– Ha, – deb qarang to‘satdan yig‘lab yuborsam bo‘ladimi.

– Nega halidan buyon chuldirab akam deysan, ukam deysan, – shovqin soldi militsioner amaki.

– Kelinoyim yotig‘i bilan aytgin devdila… kichigidan kelgan qora xatni iloji bo‘lsa, aytmay qo‘ya qol dedilar.

– Kichigidan? Mirkarimdan ham kelganmi?

– Ha, qahramonlarcha halok bo‘ptilar.

– Pahlavonim! – deb kap-katta odam xuddi kampirlarga o‘xshab ulu tortib yig‘lab yuborsa bo‘ladimi, – aytdim-a, kecha bir uyga borib kelay deb. Topib olganlari men, nima balo, qari cholning orqasidan oy ko‘rishganmi… Po‘latim, pahlavonim…

Militsioner amaki yo‘l-yo‘lakay javrab, xuddi mast odamdek gandiraklagancha boshqa bir xonaga kirib ketdi…

«Mana endi, amakijon, postda o‘tirganda hecham uxlamaydigan bo‘lasiz», dedim-da, sekin tashqariga chiqib vokzal yaqinidagi yotoqxonamizga jo‘nab qoldim.

O‘sha kuni qimmatli do‘stim Qoravoyning aqlli maslahati bilan besh kishidan iborat qidiruv gruppasi tuzdik Samovarjon boshqalarga qaraganda aqlli, ham topqirroq bo‘lgani uchun gruppaning boshlig‘i, Yebto‘ymas uning o‘rinbosari bo‘ladi. Kechasi bilan uxlamasdan ikki yuztacha e’lon yozib ertasiga shaharning katta ko‘chalariga, xiyobonlaridagi simyog‘ochlarga tirmashtirib tashladik.

Hamma ish bitgach, Samovar to‘satdan peshanasiga shappalab:

– Ishni chatoq qilibmiz, – deb uh tortdi.

– Mana, eshitinglar:

«E’lon, e’lon, e’lon!

Qo‘qon tomondan kelgan Sulton Mirzayev degan bola yo‘qolib qoldi, yoshi o‘n ikkida, yuzi qorachadan kelgan, kallasi katta, yelkasi keng, pahlavonnamo bola. Kimdakim bolani topsa yoki daragini eshitsa, zudlik bilan xabar berishini iltimos qilamiz.

Qidiruv gruppasi».

– Buning nimasi chatoq? – hayron bo‘ldi Yebto‘ymas.

– Qidiruv gruppasining adresi ko‘rsatilmagan-ku. Sulton topilsa xabarni kimga aytishadi…

– E-e, – deb qolgan to‘rttovimiz ham peshanamizga shappatilab qo‘ydik.

Bedarak yo‘qolgan ukamni bir haftacha axtardik. Hammamiz yetaklashib bir necha marta shahar militsiyasiga ham borib keldik kasalxonalarni surishtirdik o‘likxonaga borib, o‘lgan bolalarning ro‘yxatini bir boshdan ko‘zdan kechirdik.

Na tirigini topdik na o‘ligini!

Menga qolsa, ukajonimni oyoqlarim qavarib ketguncha ham axtarishga tayyor edim-ku, ammo yana bir falokat yuz berdi-yu… ha mayli, qolganini keyin aytib berarman.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации