Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 17

Текст книги "Беш болали йигитча"


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 09:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 17 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +
QISHLOQDA SHAYTON ORALABDI

Bahor boshlanishi bilan shunaqangi qattiq, ocharchilik boshlanib ketdiki, vahimasining o‘ziyoq, odamlarni sulaytirib qo‘ya boshladi…

Kolxoz ombori ham To‘ti xolamni non qutisiga o‘xshab qurib qoldi.

Bizga makka bermay qo‘yishdi. Birdan-bir tirikchiligimiz shu brigadada ulashiladigan yarimtadan non-u, Zulayhoni yovg‘on ovqati, buniyam ukalarim bilan bo‘lishib ichamiz.

Ozib, darmondan ketib, rangimiz allanechuk sarg‘ayib keta boshladi. Sulton avvaliga g‘ingshib, tuzukroq ovqat topib bermasang, uyingni buzib sotib yuboraman deb, do‘q-po‘pisa qilib yurdi-yu keyin to‘satdan jim bo‘lib qoldi.

Xuddi ana shu Sulton jim bo‘lib yurgan kunlarda qishlog‘imizga ona-bola shayton oralab hammaning yuragini taka-puka qilib yubordi. Xoh ko‘ring, xoh ko‘rmang shohdor echkining o‘zginasi emish, dumi bir quloch kelarmish, ko‘zi to‘rtta emish-u to‘rtovi ham yal-yal yonib turarmish, ba’zan odamga o‘xshab gapirib ham yuborarmish, devorlardan sakrab o‘tarmish, deraza oldiga kelib o‘yinga tusharmish, qozonda ovqat bo‘lsa paqqos yeb o‘rniga suv quyib ketarmish, nazari tushsa non qutidagi nonlar ham molning tezagiga aylanib qolarmish.

Mana shunaqangi mish-mishlar ko‘payib, kechqurunlari ko‘chaga chiqqani qo‘rqib, chiqsak ham goho ishtonimizni ho‘l qilib qaytib, butunlay uyga qamalib qoldik. Bunchalik qo‘rqmas ham edig-u, lekin o‘sha ona-bola shaytonni o‘zimiz ham ikki marta ko‘rib qoldik. Bir marta hovlida, dumini dikonglatib o‘ynayotganda, bir marta og‘ilxona vayronasi o‘rnida, ko‘zlari lovillab yonib turganda ko‘rib qoldik. Hayriyatki, Parpi buvam bilan To‘xta xolamlar bor ekan, kechalari chiqib biz bilan birga yotishyapti. Bo‘lmasa kim biladi deysiz, ahvolimiz nima kechgan bo‘lardi.

Lekin Sulton bilan Usmon bo‘lsa bu vahimali gaplarga parvo ham qilishmadi, aksincha, shunaqangi mishmishlar ko‘paygandan buyon uyda o‘tirmay, yarim kechagacha allaqayerlarda sanqib yuradigan odat chiqarib qolishdi.

Mana bugun ham nomozshomdanoq ikkovlari yo‘q bo‘lib qolishgan. To‘xta xolam ozgina meva olib chiqqan ekan, to‘rttadan ulashib berib charx yigirishga tushdi. Zulayho bilan Dilbar yaxshi savalgan paxtadan pilta tayyorlab bera boshlashdi. Xolamning aytishlaricha, Bibi Fotima ham charx yigirgan ekanlar. Charx yigirish savob emish, kishi jannati bo‘larmish…

– Xola, kishi jannati bo‘lsa nima bo‘ladi? – deb so‘radi Omon ukam.

– Tilginangdan o‘rgilay, – dedi xolam, – kishi jannati bo‘lsa, jannatga tushadi-da.

– U yerga tushsa nima bo‘ladi?

– Yegani oldida, yemagani ketida bo‘ladi.

– Qo‘y go‘shtlari ham serob bo‘ladimi?

– Serob bo‘ladi, lochinim.

– Bo‘lmasa, xolajon, mengayam charx yigirishni o‘rgatasiz men ham jannati bo‘laman, – dedi Omon xolamga yaqinroq o‘tirib, – qani, menga bering-chi!

To‘xta xolam kulib, bu ish qizlarning, undan keyin ayollarning ishi, deb ukamga yana to‘rtta o‘rik uzatdi.

Bekor o‘tirib zerikkanimizdan Omon ukam yaxshi ko‘radigan «Poshshoyi vazir» degan o‘yinni boshlab yubordik. Omadni qarangki, birinchi o‘tirgandayoq Omon podsho bo‘lib oldi.

– Poshshoyim, o‘g‘ri tutdim! – dedi xiyol o‘tmay vazir bo‘lib olgan Zulayho.

– O‘g‘ri kim? – so‘radi poshshoyi a’zam.

– Dilbar opam, – javob qaytardi vaziri dono.

– Nima o‘g‘irlabdi?

– Otxonadan o‘t o‘g‘irlabdi.

– Qanday jazo beraylik, vazirim?

– Hukmingizga havola, podshoxim.

– Ot bo‘lib kishnab bersin! – farmoni oliy berdi podshoyi a’zam! Dilbar ot bo‘lib kishnash uchun endi chog‘lanayotgan edi, kimdir ko‘cha eshigimizni do‘mbira qilib chaldi-yu:

– Sultonni o‘ldirib qo‘yishdi! – deb chinqirib yubordi.

Hammamiz otilib ko‘chaga chiqdik. Qichqirgan Hayitkalla ekan.

– Karmisanlar! – entikib dedi o‘rtog‘im.

Rost, Meli boqqolning hovlisidan yosh bolaning dodlagani, allakimlarning aralash-quralash shovqini eshitilyapti. Bir-birimizni ortda qoldirib, birimiz yalang oyoq boshqamiz kovishni poyma-poy kiyib o‘sha yoqqa qarab yugurdik.

Meli boqqolning ichkari hovlisiga allaqachon odam sig‘may ketibdi. Hovlining o‘rtasidagi qari nok daraxtiga Sulton bilan Usmonni bog‘lab qo‘yishibdi. Ikkala ukamning ham egnida qora echkining po‘stagidan po‘stinga o‘xshatib qo‘pol tikilgan kiyim, hatto oyoqlarida ham qora po‘stakdan tikilgan choriq… Po‘staklarni darrov tanidim, omborxonamizning bir chekkasida uyulib yotgandi, besh-o‘n kun avval yo‘q, bo‘lib qoluvdi. Men ularni Sulton nonga almashtirib yeb yuborgan deb yursam… gap bu yoqda ekan-da…

Ikkovi ukamning ham yuzi kaltakdan dabdala bo‘lib ketibdi, Sultonning peshanasidan qon oqib turibdi.

– Ukajon! – baqirib yubordim-u, yechib yuborish uchun ularga tashlandim. Ammo boqqolning katta o‘g‘li Jamolponsod ko‘ksimga bir tepgan edi, orqam bilan yerga o‘tirib qoldim. Singillarim chinqirib ponsodga tashlanishdi. Bir nafas ichida hovli ur to‘polon bo‘lib ketdi. Ammo boqqolning armiyadan qochib yurgan Jamolponsod, Kamolponsod degan o‘g‘illari ukalarimni nariga uloqtirib Usmon bilan Sultonning yoniga hech kimni yo‘latishmadi.

– Militsiya kelguncha shundoq turadi! – deb qamchi bilan ukalarimning goh boshiga, goh qorniga har zamonda bir urib ham qo‘yishyapti.

Meli boqqol bo‘lsa xuddi jang maydonida dushmanni asir olgan qahramondek gerdayib, bo‘lib o‘tgan voqeani odamlarga gapirib beryapti… Avvalgi kuni kechqurun ko‘cha eshikni sharaqlatib ochib, uylariga ona-bola shayton kirib kelibdi. Boqqol kalima o‘girib bolalari bilan tanchaning ichiga kirib ketibdi. Bir mahal tanchadan boshlarini chiqarib yana kalima o‘gira-o‘gira oshxonaga borishsa, qozonga palov damlab qo‘yishgan ekan, palov o‘rnida yarim qozon suv turganmish.

Bugun juma oqshomi bo‘lgani uchun yana juvoz moyiga osh damlashibdi. Tasodifni qarangki, dam tovoqni endi bosishlari bilan deraza oldida ona-bola shayton yana paydo bo‘lib qo‘llarini silkitib, dumlarini dikonglatib g‘alati-g‘alati qiliqlar ko‘rsata boshlabdi. «Yo‘q, debdi boqqol, senlarga bir qozon palovni yedirib yuborgandan ko‘ra o‘lganim ming marta yaxshi», shunday deb shartta qoziqdagi miltiqni olib, og‘zini shaytonlarga to‘g‘irlab asta-sekin ustilariga bostirib kelaveribdi.

– Otmang! – deb baqirib yuboribdi bola shayton.

– Qo‘rqma! – debdi ona shayton.

Xuddi shu paytda narigi uydan Jamolponsod bilan Kamolponsodlar chiqib kelishibdi-yu, ko‘plashib shaytonlarni ushlab olishibdi.

– Meli boqqolni shayton ham alday olmabdi-ya!

– O‘zi o‘nta shaytonga dars beradi-ku!

– Bir tovoq oshingni yesa, nima, davlating kamayib qolarmidi! – degan gaplar ham bo‘lib turibdi. Lekin akauka ponsodlarning vajohatidan qo‘rqib, hech kim bandilarni ozod qilishga botina olmay turibdi. Xuddi shu paytda yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi Roziq tog‘am paydo bo‘lib qoldi. Aftidan yo‘l-yo‘lakay hamma gapni eshitganga o‘xshaydi. G‘azabidan qaltirab qisqa-qisqa nafas olyapti. Ko‘zlari chaqnab, burun kataklari kengayib: «Soldatning bolasini kim bog‘ladi?» deb so‘radi.

Meli boqqol bir narsalar deb tushuntirmoqchi bo‘luvdi, Roziq tog‘am «Kim boyladi deyapman!» deya sherdek o‘kirib yubordi.

– Bu bolalar o‘g‘irlik ustida qo‘lga tushdi, – bo‘sh kelmadi boqqol buva ham.

– Sening o‘zing o‘g‘risan!

– Nima?

– O‘g‘ri, muttaham sening o‘zingsan!

– Nima? Nima? – shunday deb boqqolning ikki o‘g‘li Roziq, tog‘amga tashlanish uchun ustiga bostirib kela boshlashdi.

– Bir kilo donni besh baravar foydasiga berasan, bu o‘g‘irlik emasmi?

– Men qishloqni boqyapman, Roziq!

– Talayapsan, pakana!

– Men bo‘lmasam hammang shishib o‘larding, insofsiz!

– Nari tur, boshingni yoraman! – Roziq, tog‘am qo‘ltiqtayog‘i bilan boqqolning ko‘kragidan nari itardi, – mana bu ikki o‘g‘ling qochoq xoin!

– Bularni hukumat yaroqsizga chiqargan, og‘zingga qarab gapir.

– Ko‘zi ko‘r deb spravka to‘g‘rilab olibdi, uyatsizlar! Yigirma to‘rt yildan buyon ko‘r bo‘lmay endi ko‘r bo‘lib qoldingmi, Jamol? Yana hukumatni pesh qiladi-ya! Orif, hiqillab yig‘layvermasdan qog‘oz olib chiq, akt yozamiz, bularni o‘zim fosh qilib tashlayman!.. Gvardiya serjanti Mirzapolvon Ahmedovning o‘g‘illarini daraxtga bog‘lab urganing uchun hukumat seni sog‘ qo‘ymaydi! Qaranglar-a, Ahmedov tizzadan qon kechib jang qilarmish-u, bu akam omborga qorovul bo‘lib olib palovxonto‘rani yeb yotarmishlar. Bu bechoralar och yuribdi-ku, Ilojini topolmaganidan shunday qilishganini bilmadingmi… Qishloqda bitta shayton bor. Bu – sensan! Seni xarbiy tribunal sud qiladi, og‘zingdan otadi!

Harbiy tribunal degan so‘zni eshitib boqqol dovdirab qoldi o‘g‘illari ham qo‘rqib ketishdi shekilli shosha-pisha Sulton bilan Usmonni yechib yuborishib, mehribonlik ko‘rsata boshlashdi. Boqqol buva, «Roziqvoy, kayfing bormi deyman, sal qizishib ketdinig… Men bu bolalarga yaxshilik qilmoqchi edim, qo‘llariga to‘rt-besh kilo don-dun berib yubormoqchi edim» deb qo‘yarda qo‘ymay Roziq tog‘amni so‘riga o‘tqazib, qo‘liga zo‘rlab bir piyola choy tutqazdi.

Ertasiga yetti uxlab tushimizga ham kirmaydigan bir voqea yuz berdi. Sulton bilan Usmon to‘satdan yo‘qolib qolishdi. Roziq, tog‘am ikkalamizning axtarib bormagan joyimiz surishtirmagan odamimiz qolmadi…

Bir haftadan keyin ularni Qo‘qondagi detdomdan topdik.

– Nega bunday qilding, ahmoq! – dedim ham alam, ham quvonchdan yig‘lagudek bo‘lib.

– Nima qildik, ketamizmi endi?

– Yo‘q, – boshini battar egib dedi Sulton, – men tosh ko‘taradigan polvon bo‘lmoqchiman… Qishloqda hech qornim to‘ymayapti…

– Sen-chi? – so‘radim xalidan beri bizdan ko‘zini olib qochayotgan Usmondan.

Ukam indamadi, boshini solintirgancha jim turaverdi.

– Gapirsang-chi, – urishib berdi Roziq tog‘am, – biz ketishimiz kerak, qorong‘i tushib qolyapti.

Usmon ukam sekin o‘rnidan turib, menga yaqinlashdi-yu, boshini ko‘ksimga qo‘yib, piq-piq yig‘lay boshladi.

– Aka!

– Nima deysan? Yig‘lama, ukajon! – dedim dilim vayron bo‘lib.

– Aka, menga shu yer yaxshi!.. Qolaman! O‘zimning ham ko‘nglim bo‘sh emasmi, yig‘lab yubordim.

Ikki ukam Qo‘qon detdomida qolib ketdi.

JANJAL AVJIGA CHIQIB BORYAPTI

O‘sha kunlari dalamizda ish haddan tashqari qizib ketgan edi. Yerimiz birdaniga yetilib berdi, qirq ketmon, bir qo‘sh ho‘kiz baravariga yopishdik. Har ketmonchiga to‘rt sotixdan norma belgilab qo‘yganmiz. Ammo kolxozimizning ona-bola raisi kelib, iloji bo‘lsa hammanglar bir paykalga qator bo‘lib, yonbosh chopinglar, ish unumli bo‘ladi. Yerni chopib bo‘lguncha dalada yotsanglar ham bo‘ladi. Agar dalada yotib oy yorug‘ida ham ishlasanglar qo‘y so‘yib beramiz, deyishdi.

Uzoq jinnining tashlandiq, uylarini supurib-sidirib, qirq o‘g‘il-qiz ko‘chib chiqdik, ukalarim ham men bilan shu yerda tunaydigan bo‘lishdi. Roziq tog‘am, Parpi buvamlar ham uylariga bormay qo‘yishgan.

Yer yaxshi yetilgan bo‘lsa, ketmoning o‘tkir-u o‘rtoqlaring soz bo‘lib, o‘yin-kulgi bilan ishlasang charchoq nimaligini bilmas ekansan. Ellam boshlanishi bilan Hayitkalla:

– Keyinda qolganing qulog‘ini kesish! – hazillashadi.

– Chala chopgan chol moxovning xotini bo‘lsin, – deydi Akram bilag‘on ham.

Qirq ketmonchimiz, qirq xil ketmon uramiz. Akram, Hayit, Mahmudxon-u aka-uka Dilijon-Qulijonlar ketmon urishning havosini yaxshi olishgan. Shoshmasdan, jonlarini koyitmasdan bir me’yorda urishadi. O‘ris xolaning asrandisi Zokirqovoq bo‘lsa, ketmon chopishni butunlay bilmas ekan, belini g‘oz tutib ketmon dastasining uchidan ushlab urganidan mo‘ljalga tushirolmaydi. Oramizda ketmonning dastasini minib olib chopayotganlar ham, safdan ortda qolmaslik uchun shoshilib, ketmon tegmagan joyga tuproq chochib ketayotganlar ham bor.

–Ketmon chopmoq olmoq-solmoq, – deb qo‘yadi sheriklarimizdan bittasi.

–Qo‘sh haydamoq bormoq, kelmoq, – deydi boshqasi.

–Xamir qilmoq jon chiqmoq – deydi uchinchisi.

Shu yo‘sin tasir-tusuriga olib ketmon urib ketamiz. Tuproq, qurib qolmasin uchun Parpi buvam orqamizdan mola bosib keladi. Mola og‘ir bo‘lsa, kesak yaxshi ezilib, yer yaxshi tekislanadi, nam ham uzoq saqlanib qoladi. Shuning uchun buvam molaning bir tomoniga Omonni chiqarib, boshqa tomoniga tosh boylab oladi. Besh kechayu kunduzda jamiki yerlarimizni chopib, chigitga tayyorlab bo‘ldik. Marza qirqib, ariq tozalab, g‘o‘zapoya tomirlarini terib yurgan edik, to‘satdan brigadamizga Meli boqqol kelib qoldi. Katta las qiyiqqa to‘ldirib bir narsa tugib kepti. «Roziqvoy, anavi kungi mayda-chuyda gaplar uchun arazlashib yurmay yarash oshi qilaylik deb keldim» – deya qiyiqni ochib yubordi. Qiyiqda guruch, sabzi-piyoz, yangi so‘yilgan qo‘y go‘shti, bilqillab turgan dumba yog‘i bor ekan.

–Bolalaring ham bekorchi bo‘lib qolganga o‘xshaydi, tokimni choptirib bermaysanmi? – so‘radi Meli boqqol negadir shu paytda o‘yga tolib qolgan Roziq tog‘amdan.

–Sizda tok yo‘q edi shekilli? – parishonxotirlik bilan so‘radi brigadirimiz.

–Parpi amakim bizga bog‘-u chorvoqlarini hadya qilib yuborganlar, – tushuntirdi boqqol buva.

Parpi buvam Meli boqqolni ko‘rganda qaltirab qoladi, ikkovlari qayerdaki duch kelishsa, o‘sha yerda daxanaki jang qilishmasa yoki pisqi-pasod gap aytishmasa ko‘ngillari joyiga tushmaydi. Parpi buvam ho‘kizlarni hashakka qo‘yib, marza qirg‘og‘iga belini suyab, barmoqlari bilan soqolini tarab o‘tirgan edi. Meli boqqol keltirgan guruchdan ozginasini kaftiga olib bir oz tikilib turdi-da, keyin bir narsa esiga kelgandek to‘satdan jonlanib:

– Boqqol, guruchni qayerdan oldingiz? – deb so‘radi.

– Keliningizga tug‘dirib kelyapman, – rangi allanechuk oqarib, bit ko‘zlari pirpirab ketdi boqqolning.

Boqqolning g‘alati bo‘lib ketganini sezgan Parpi buvam chap qo‘lini marzaga tirab sekin o‘rnidan turdi:

– Bu zormanda objuvozniki-ku!

– Yo‘g‘-e, mozori sharif ursin.

– Bu zormanda kolxozning guruchi-ku!

– Amaki, tepamda xudo bor, og‘zingizga qarab gapiring.

– Chilgi sholini kolxozdan boshqa hech joyda ekishmagan… Bu o‘g‘irlik guruch bo‘lmasin tag‘in, boqqol?

Mana shu gapdan keyin nazarimda, o‘rtada bir narsa portlab ketganday bo‘ldi, hamma o‘rnidan turib ketdi. Meli boqqol jahl bilan turayotib, o‘ngirini bosib oldi shekilli munkib ketdi. Roziq tog‘am qiyiqdagi guruchdan kaftiga olib avval g‘ijimladi, keyin negadir to‘rt-besh donasini chaynab:

– To‘g‘ri, objuvozning guruchi bu, – deb qo‘ydi. Hayitkalla bolalarning orasini yorib o‘tib:

– Roziq tog‘a, – dedi entikib, ko‘zlarini chaqnatib, – mana shu guruchdan boqqol buvamning yerto‘lasida yana tag‘in sakkiz qopi bor.

– To‘qqiz qop, – qo‘shimcha qildi qozon boshida o‘rmalashib yurgan Akram bilag‘on.

– To‘qqiz qop? – qoshlari pasti-baland bo‘lib ketdi brigadirimizning.

Brigadamizning qirq a’zosi nimqorin bo‘lib o‘tiribmiz, ketmon ko‘tarishga holimiz kelmay peshinda beriladigan suyuq atalani poylab so‘lagimizni yutyapmiz. Boqqol buvaning yerto‘lasida bo‘lsa… ehtimol, o‘g‘irlikdir, ehtimol kuzda kolxoz omboridan yo‘qolgan guruch shudir. Tekshirib ko‘rish kerak, ha-ha, albatta tekshirish kerak.

– Ketdik, askarlar! – deb Roziq tog‘am birinchi bo‘lib yo‘lga tushdi.

Hammamiz qishloq tomonga qarab yugurdik. Parpi buvam ham, o‘choq boshida o‘ynab o‘tirgan Omon-u Robiyagacha bitta qolmay xuddi birov tekinga ovqat ulashayotgandek, ertaroq borsak ko‘proq, beradigandek, bir-birimizni ortda qoldirib yugura boshladik.

Rost, hammasi rost bo‘lib chiqdi. Meli boqqolning qator tushgan uylari ostida kattakon yerto‘la bor ekan, yerto‘lada o‘n bir qop guruch, to‘qqiz qop makka, yana qanchadan qancha don-u dun, qand-qurs, mevalar, kiyimlig-u yashiklarda mushukko‘zi choylar… Boqqol buvaning bola-chaqasi, nevara-chevaralarining dod-u voyiga, boqqolnyng bitta qo‘ymay hammangni qamataman deb qilgan do‘q-u po‘pisasiga parvo qilmay, nimaiki ko‘rgan bo‘lsak hammasini ro‘yxatga oldik. Xuddi dushman bosib olgan qishloqni ozod qilgan askarlardek kerilishib, dalamizga qaytdik-u, Zulayho pishirib qo‘ygan sersut atalamizni ichgani o‘tirdik.

– Birov ot choptirib kelyapti, – dedi Mahmudxon qishloq tomonga ko‘z tashlab. Hammamiz gur etib o‘rnimizdan turib ketdik, rost, kimdir ot ustida qushdek uchib kelyapti.

– Rais, – dedi bolalardan biri.

– Ko‘rmisan, uchastkovoy-ku! – dedi boshqasi.

Uchastka militsioneri Karimov amaki naq peshanamizga kelib, otning boshini tortdi-yu, ammo ustidan tushmadi. Qizil shapkasini bostirib kiyib, o‘ng yoniga to‘pponchasini ham taqib kelibdi. Oti ham xuddi Go‘ro‘g‘lining tulporiga o‘xshaydi, o‘ynoqlab, tagidan chiqib ketay-chiqib ketay deb turibdi.

– Roziq Aliyev kim? – so‘radi uchastkovoy uzangiga oyog‘ini tirab.

– Men, – deb qo‘ydi Roziq tog‘am o‘tirgan o‘rnidan qo‘zg‘almay.

– Birovning uyini tintuv qilishga sizga kim huquq berdi?

– Mana bu qoshiq, yalab o‘tirgan qiziltumshuqlar.

– Parpi Qosimov kim? – so‘rashda davom etdi otliq.

– Men bo‘laman, o‘g‘lim, – yumshoqqina qilib javob qaytardi Parpi buvam, – Islom qo‘rboshiga o‘xshab dag‘dag‘a qilmasdan avvalo otdan tush, biz bilan ko‘rish.

Jirkanmasang, mana sersutgina atalamiz bor, birga baham ko‘raylik…

– Nega birovning uyiga bosqinchilik qildingiz?

– Men sharti ketib parti qolgan chol bosqinchilik qilishga yaraymanmi, bolam!

Uchastkovoy amaki, kolxoz idorasiga borib akt tuzamiz deb Roziq, tog‘am bilan buvajonimni oldiga solib olib ketdi.

Ana kelib qolishar, mana kelib qolishar deb kunni kech qildik, qaytishmadi. Ertasiga ham daraklari bo‘lmadi.

Qishloq vahima ichida qoldi. Biz ham qo‘rqib ketdik. Oxiri O‘ris xolamning maslaxati bilan brigadamizning qirq a’zosi hammamiz birgalashib borib voyenkomatga arz qilishga qaror qildik.

Yelkasiga uch yulduzli pogon taqqan komandir amaki hovlini bola bosib ketganini ko‘rib, hoy-nahoy ovqat so‘rab kelishgandirov deb o‘yladi shekilli, oldimizga chavatidek yupqa yopilgan bir savat non ko‘tarib chiqdi:

– Shovqin solmasdan, navbat bilan kelinglar!

– Non so‘rab kelganimiz yo‘q, lekin bersangiz bosh tortmoqchi emasmiz, aslida arz bilan kelganmiz, – deb bo‘lib o‘tgan voqeani boshdan-oyoq so‘zlab berdik. Komandir amaki savatdagi nonni yerga qo‘yib ichkari kirib ketdi-yu, yana bitta komandirni boshlab chiqdi. Keyingi chiqqan komandirning o‘rismi, o‘zbekmi ekanligini bilolmadik, nega desangiz, o‘rischa bilan o‘zbekchani qorishtirib tatarcha ohangda so‘zlarkan.

– Shuhrat ordeni taqib kelgan razvedkachi Roziq Aliyevnimi? – deb so‘radi u.

– Ha, xuddi o‘shani, – deb chuvillashdik biz.

– Zambarakka pul bergan cholni hammi?

– Ha, uniyam.

– Demak, sizlar frontovoy brigadaning a’zolari ekansizlar-da?

– Ha, shunaqamiz.

– Xo‘sh, dalada ishlar qalay ketyapti?

– Yerni chigitga tayyorlab qo‘yganmiz.

Komandir amaki hech tashvishlanmanglar, men hoziroq katta idoralarga telefon qilaman, frontovoy brigadaning ordenli komandiri Roziq Aliyev bilan uning dehqonchilik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Parpi Qosimovni bo‘shatib yuborishadi deb, ikkitamizga bittadan chavati non ulashdi.

Dalamizga qaytib kelsak, Parpi buvam bilan Roziq togam bizdan oldinroq yetib kelishib, Zulayho qaynatib bergan qora qumg‘ondan choy ichishib, Omon bilan Robiyani tizzalariga olib erkalatib o‘tirishgan ekan.

YANGI RAIS

Bir hafta davomida qishlog‘imiz uxlamadi hisob, qaynarbuloqdek biqirlab qaynab turdi. Katta-yu kichik ko‘chada, majlis ustiga majlis, gap deganni hech to‘xtatib bo‘lmayapti. Goh, quvonchli, goh qayg‘uli voqealar shunaqangi tez almashinib turibdiki, ochig‘ini aytsam, o‘zimiz ham shoshib qolganmiz.

Meli boqqol qamalgan kuni:

– Yashasin! – deb qarsak chaldik. O‘g‘illari Jamolponsod bilan Kamolponsod qochib ketganini eshitib:

– E attang! – deb bosh chayqab qo‘ydik. Ona-bola raisimiz bo‘shanglikda ayblanib ishdan olingan oqshom:

– Ajab bo‘pti! – degan gaplarni aytdik.

MTS direktori, opamning dugonasi, bizni detdomga joylashga bosh-qosh bo‘lgan Rahbar opa kolxozimizga rais bo‘lib kelgan kuni:

– Soz bo‘ldi, ko‘nglimiz tog‘ bo‘ldi! – deb bir-birimizni tabriklashib do‘ppimizni osmonga otdik.

Keyin yana hammasi o‘z iziga tushib qishlog‘imiz jimjit bo‘lib qoldi. Erkaklar latifasini, xotinlar mishmishini, bizga o‘xshash o‘g‘il bolalar «Eshak mindi»sini boshlab yuborishdi.

Yangi raisimiz bizning dalamizga ikki marta kelibketdi. Avvalgi safar kelganida Parpi buvam bilan uzoq gaplashib o‘tirdi, boqqolning ishi bir yoqlik bo‘lsin, bog‘ingizni qaytarib olib beraman, dedi. Keyingi kelganda biz, ya’ni brigadaning qirq a’zosi qo‘limizda yog‘och kurakcha, kapgir, tizzadan loy kechib juyaklarga chigit qadayotgan edik. Ishimizni kuzatib yurib to‘satdan mening qarshimda to‘xtadi-da:

– Menga qara, sen Karomatning katta o‘g‘limi-san?

– deb so‘radi.

– O‘shaman, – dedim negadir xijolat bo‘lib.

– Sen detdomda eding shekilli-ku?

– Keb qolganmiz.

– Ukalaring-chi? – so‘rashda davom etdi Rahbar opa.

– Hammamiz shu yerdamiz, – deb qo‘ydim yana.

– Dadanglardan xat bormi?

– Qishdan buyon kelgani yo‘q.

Rahbar opa boshqa hech narsa so‘ramadi-yu, o‘rik tagiga borib, Roziq tog‘am bilan bir narsalar haqida uzoq suhbatlashishdi. Men tomonga galma-galdan ko‘z tashlab qo‘yishayotganidan biz haqimizda gaplashishayotgan bo‘lsa kerak, deb ko‘nglimdan o‘tkazdim.

Biz tushgacha chigit ekishni tugallashimiz kerak edi, jadal ishlayotganimizning boisi ham shundan edi. Hatto Parpi buvam ham uch kundan buyon to‘nining bariga chigit solib: «Chuqur tashlab qo‘yding, sayoz ekyapsan…» deb shovqin solib biz bilan yonma-yon yuribdi. Tushlikka zang urilmasdan oldinoq ishni tugatib bo‘ldik. Qozonimiz katta oqo‘rikning tagida edi, borsak, yangi raisimiz hamon shu yerda ekan, brigadirimiz bilan bir narsalarni hisob-kitob qilishib daftariga yozib o‘tirgan ekan.

Tushlikni birga qildik. Rais opa Zulayhoni go‘ja oshga usta ekansan deb, maqtab qo‘ydi-yu, keyin o‘tirgan o‘rnida bizga murojaat qila boshladi:

– Qimmatli ukalarim, singillarim, rahmat sizlarga! Sizlar kolxozdagina emas, balki rayonda ham birinchi bo‘lib chigit ekishni tugalladilaring, – rais opa o‘tirib gapirishga o‘rganmagan shekilli, asta o‘rnidan turib oldi, – Parpi amaki, sizga ham, Roziqjon, sizga ham kolxoz pravleniyesi nomidan, shaxsan o‘z nomimdan ofarin aytmoqchiman… Yil oxirigacha ana shunday g‘ayrat bilan ishlasalaring, yerlaring paxtani sog‘inib yotgan yer ekan, juda katta xirmon ko‘tarishlaringga aminman. Yer ham, kolxoz ham ot-ulov ham o‘zlaringniki! Kelajakda bu yerlar gurkirab o‘sib, boy-badavlat bo‘ladimi yoki kambag‘alligicha qolib, beli bukchayib yuraveradimi, bu ham sizlarga bog‘liq. Har biringiz: bu yerlar meniki, uning kelajagi – mening kelajagim deb qarashga o‘rganishingiz kerak…

Rahbar opa xuddi ashula aytayotgandek ovozini goh balandlatib, goh pastlatib so‘zlarkan. Keyin gapirayotganda qo‘li bilan havoni kesib, o‘tirganlarning goh unisiga, goh bunisiga qattiq tikilib so‘zlarkan… Men shu paytda negadir opajonimni eslab ketdim… Ular birga katta bo‘lishgan, birga o‘qishgan, ishga ham bir kunda, bir soatda kirishgan. Kim biladi: hozir opajonim hayot bo‘lganda bu yerlarga rais bo‘larmidi. Ha, odamlar albatta, uni saylashgan bo‘lardi. O‘tgan majlisda ham qistashgan. Opam avval o‘rnimga traktorchi tayyorlay, keyin bir gap bo‘lar deb ko‘nmagandi, bu gal ko‘nardi, albatta ko‘nardi…

– Hozircha gap shu, ertadan boshlab Usmon buvaning brigadasiga yordamga o‘tasizlar. Ularga frontovoy brigada qanday bo‘lishini bir ko‘rsatib qo‘yasizlar, kelishdikmi?

– Kelishdik! – bir ovozdan takrorlashdi o‘tirganlar.

– Meni uyaltirib qo‘ymaysizlarmi?

– Uyaltirib qo‘ymaymiz.

Shundan keyin majlisning bu yog‘i suhbatga aylanib ketdi.

Hayitkalla o‘tirgan o‘rnida qo‘l ko‘tardi:

– Rais opa, bir narsa so‘rasam maylimi?

– So‘ray qol.

– Eski raisimiz, qaysi brigada chigit ekishni oldin tugatsa mukofotga qo‘y oladi degandi, shu nima bo‘ladi?

– O‘sha gap – gap, – dedi rais opa oyog‘i tolib qoldi shekilli o‘tirgani joy axtarib, – sizlarga albatta bitta qo‘y beriladi.

– Rais opa, – deyarli baqirib gapira boshladi Hayitkalla, – iloji bo‘lsa, qo‘yning urg‘ochisidan berdirsangiz.

– Nega endi qo‘yning urg‘ochisi kerak bo‘lib qoldi?

– So‘ysak emchagini mana bu Beshbolaliga berardik, chaqaloqligida opasini yaxshi emolmagan ekan, kechasi bilan g‘ingshib chiqyapti!

Bolalar-u qizlar sharaqlab kulib yuborishdi. Rais opa ham kulib, qoyil qolgandek boshini chayqab: «Sen balo ekansan-ku!» deb maqtab qo‘ydi Hayitni. Askiyada hech kimdan yengilishni istamasdim. Beixtiyor o‘rnimdan turib ketdim:

– Rais opa!

– Labbay, Orifjon?

– Iloji bo‘lsa qo‘yning qo‘chqoridan bersangiz.

– Xo‘sh, nega endi?

– So‘yishdan oldin Hayitkalla bilan bir suzishtirib olardik-da! Bu bolaning boshi qichib qolganga o‘xshaydi, kechasi bilan devolni suzib chiqyapti!

O‘rtadagi kulgi bosilmasdan Akram bilag‘on dik etib o‘rnidan turib ketdi:

– Rais opa!

– Labbay, uka?

– Iloji bo‘lsa qo‘yingizning unisiniyam, bunisiniyam bermay qo‘ya qoling.

– Xo‘sh, nega bermas ekanman?

– Bu ikki mahmadonani go‘sht o‘rniga musht bilan to‘yg‘azsammi deb turibman…

Bizga yangi raisning kamtarligidan ko‘ra ham kulganda qiyqirib jarangdor ovoz bilan hammadan baland, ham uzoq kulishi ma’qul bo‘lib qoldi. Shuning uchun ham qo‘y payrovini hech bo‘shashtirmay rosa kuldirib xursand qilib jo‘natdik. Qaytayotganda: «bitta qo‘y sizlardan o‘rgilsin, askiyachi ukalarim» deb hammamiz bilan qo‘l berib xayrlashdi.

O‘sha kuni kechqurun yana bir quvonchli voqea bo‘lib o‘tdi. Meli boqqolning yerto‘lasidan topilgan guruch chindan ham kolxoz omboridan o‘g‘irlangan guruchlar ekan, dadasi, akasi armiyaga ketgan xonadonlarga o‘n kilogrammdan taqsimlab berishdi.

Kechasi bilan uxlamay palovxo‘rlik qilib chiqdik.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.


Популярные книги за неделю


Рекомендации