Текст книги "Беш болали йигитча"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 10 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
JAJJI SINGLIM O‘LIM TO‘SHAGIDA
Sulton ukamni axtarishga berilib ketib, qarang-a, bir necha kundan buyon Zulayho bilan Robiyadan xabar ololmagan ekanman. Shu kechasi tushimga kirgandan keyin eslab, o‘zimdan-o‘zim uyalib ketdim.
Sheriklarim yotoqxonamiz starostasi yetakchiligida shahardan tashqariga baliq ovlashga otlanishdi.
Singillarimni ko‘rgani boraman degan edim, qolish uchun menga ruxsat berishdi. Cho‘ntagimda hemirim bo‘lmasa ham tramvayga chiqib bir yo‘la oltita bilet olgan boladek kekkayib o‘tirib oldim, umuman bu shaharga kelganimdan buyon hali qo‘lim pul ko‘rgani yo‘q. Tramvay, trolleybuslarda ko‘pincha, haqqi keyinroq berish sharti bilan nasiyaga yuraman. Bilet sotadigan xotinlar sezib qolishmasin deb ko‘pincha oynadan tashqariga tikilib xuddi birovni qidirayotgandek ko‘zimni o‘sha tomondan olmayman. Ba’zan pattachi xotin tepamga kelib:
– Hoy bola, bilet olmaysanmi, – deb qoladi. Hozir deymanda, hadeb cho‘ntaklarimni kavlashtiraveraman, kavlashtiraveraman. Cho‘ntak qurg‘urdan ham naq o‘n ikkitasi bor menda, hammasini kavlab bo‘lgunimcha pattachi qo‘l siltab ketib qoladi.
Bugun ham yo‘l kirani nasiya qilib qizlar detdomiga arang yetib keldim. Qorovul singlingni o‘zim chaqirib beraman deb, meni darvozadan nariga o‘tkazmadi. O‘zi ichkariga kirib ketdi-yu, xiyol o‘tmay o‘zimizning detdomdan kelgan qoracha yuzli, qosh-ko‘zi ham qopqora, Dilbar degan qizni yetaklab chiqdi.
– Zulayho qani? – dedim yuragim bir narsani sezgandek qo‘rqib.
– Kasalxonada, – dedi qiz ma’yus tortib.
Bechora singillarim-ey, kasalxonaga tushib qolganlariga haftadan oshib ketibdi, jajji singlimga qizamiqqa o‘xshash bir narsa chiqqanmish, kecha o‘zimizning detdomdan kelgan qizlar ko‘rgani borishibdi. Robiya bir o‘ziga kelib, bir o‘zidan ketib yotganmish. Zulayho hech narsa demay ho‘ng-ho‘ng yig‘lab beribdi…
– Kasalxona yaqinmi? – dedim betoqat bo‘lib, – Shu ko‘chada, o‘zim boshlab boraman, – dedi Dilbar.
Shoshilib yo‘lga tushdik yo tavba, yo tavba deyman o‘zimga-o‘zim. Bitta ukamning bedarak yo‘qolib ketgani kammikan, endi bunisi ham bormidi menga! Bordi-yu… yo‘q-yo‘q, otam urushdan qaytguncha hammamiz sog‘salomat bo‘lishimiz kerak…
– Dilbar, – deyman miyamdagi yomon xayollardan qutulish uchun.
– Nima deysiz? – deydi oldimda deyarli chopqillab borayotgan qizcha.
– Bu yer yaxshimi yoki o‘zimizning detdom yaxshimidi?
– Bu yer yaxshi.
– Ovqati-chi?
– Bu yerda to‘rt mahal berishadi. Keyin tomoshalarga ham olib borishadi, armiyadan kelganlar bilan uchrashuvlar ham bo‘lib turadi, – maqtashda davom etdi Dilbar.
Dilbar o‘zi juda yaxshi qiz, Zulayho ham uni jonidan ortiq ko‘radi. Robiya ham unga o‘rganib qolgan, kichkina opam deb chaqiradi uni.
– Dilbar, – deyman yana.
– Nima deysiz?
– Sen juda aqlli qizsan.
– Aqlli bo‘lsam nima qipti?
– Katta bo‘lsang… – dedim-u, u yog‘ini jo‘rttaga aytmadim.
– Katta bo‘lsam nima bo‘lardi?
– Seni Sultonga kelin qilamiz, – deb kulib yubordim. Dilbar, o‘ling iloyim dedi-yu, chopqillab ketdi. Men quvlashga tushdim.
Xayriyat, ishim o‘ngidan keldi, bugun yakshanba bo‘lgani uchun bemorlar oldiga kirish bemalol ekan, qizil rangga bo‘yalgan qiyshiq darvozaning qanotlarini lang ochib qo‘yishipti. Hovlidagi gulzor atrofida kasallar-u, kasal ko‘rgani kelganlar aralash-quralash o‘tirishibdi.
– Aka! – degan ovoz eshitilib qoldi bir mahal. Sapchib tushib atrofga alangladim. Zulayho! Ha, ha, Zulayhoning o‘zi, Robiyani bag‘riga bosib biz tomonga jadal yurib kelyapti. Boshiga oq doka ro‘mol o‘rab, uzun xalat kiyib olganidanmi, katta xotinlarning nusxi urib qolibdi unga. Yo tavba, yo tavba, xuddi opamning o‘zginasi-ya! Opajonim o‘lmagandek menga qarab yugurib kelayotgandek..
Bir-birimizga yaqinlashgach, Zulayho aftini g‘alati qilib bujmaytirdi-yu, yutinib yuzini yerga tikdi, piqillab yig‘lab yubordi.
– Qo‘y, xafa bo‘lma, – dedim tuzukroq gap topolmay.
– Hecham kelmaysiz.
– Men eshitmabman.
– Robiya bir o‘limdan qoldi.
– Endi tuzukmi?
– Kechasi issig‘i tushib, ko‘zini ochdi, – Zulayho yutinib, kafti bilan ko‘z yoshlarini sidirib oldi, kechasi bilan sizni chaqirib, katta aka tez keling, deb shunaqangi yig‘gladiki…
– Qani, menga ber-chi, – jajji singlimni qo‘limga olib, ishonsangiz, qo‘rqib ketdim. Bugun erta uch yoshga to‘lay deb turgan singlim ozib ketganidan olti oylik chaqaloqcha bo‘lib qopti. Yuzlari sap-sariq, bo‘yni olmaning savag‘idek ingichka, peshanalari tirishib yotibdi.
O‘rindiqlardan biriga Zulayho, Dilbar uchovimiz yonma-yon o‘tirib xo‘rsinishib anchagacha jim qoldik Dilbar oyog‘ining uchi bilan yer chizib, aftidan haligi aytgan gapim esiga tushib ketyapti shekilli, har zamonda manga zimdan bir boqadi-yu, o‘zicha g‘alati qilib jilmayib qo‘yadi. Zulayho nariroqda to‘p-to‘p bo‘lib olib, qovunmi, uzummi yeb o‘tirgan sog‘-u bemorlarga qarab har zamonda bir yutinib qo‘yadi.
– Sulton tinchmi? – so‘radi singlim.
– Tinch, – dedim uning yo‘qolib qolganini yashirish uchun o‘zimni ataylab beparvoroq tutishga harakat qilib.
– Usmon-chi! Yana ozib ketgandir?
– Yo‘q, bu yil tuzuk.
– Omon yig‘lamayaptimikin?
– Haliyam O‘ris xolam qaytib keladi, meni olib ketadi deb ishonib yuripti.
– Aka, – dedi Zulayho negadir yolvorgandek bir ohangda.
– Nima deysan?
– Yeydigan biror narsa olib kelsangiz-chi.
– Nima yeging kelyapti o‘zi?
– Mayli, nima bo‘lsayam… hammaga olib kelisha-di, biram ko‘z-ko‘zlab yeyishadiki… Robiya ertalab qovun deb xarxasha qildi, hozirgina shaftoli berasan deyayotgandi… Ana o‘ziyam uyg‘ondi.
Robiya allaqachon uyg‘onib, menga termulib yotgan ekan. Yuziga tikilishim bilan:
– Akam, katta akam, – deb bemalol pichirlagandek bo‘ldi.
Erkalab yuzlaridan, terlab turgan peshanasidan o‘pib, tizzamga o‘tqazmoqchi bo‘luvdim, nimjon qo‘lchalari bilan bo‘ynimdan mahkam achomlab oldi:
– Katta aka, uzum olib keldingizmi?
– Hozir olib kelaman, – Robiyani tizzamga o‘tqazib, o‘zimga qaratdimda, – uzum yeging kelyaptimi?
– Shaftoliyam olib keling, shaftolidan shuncha olib keling, – Robiya nozik barmoqchalarini yozib ko‘rsatdi.
– Xo‘p, shuncha olib kelaman, – deb ikki qo‘limning barmoklarini tengdan yozib ko‘rsatgan edim, Robiya xuddi to‘yib shaftoli yegandek o‘zida yo‘q sevinib ketdi, ko‘zlarini g‘alati suzib opasiga maqtanib ham qo‘ydi.
Shartta o‘rnimdan turdim-u, Dilbar bilan Zulayhoga kasal singlimni qoldirib ana shu kasal singlimni xursand qilish, o‘ksigan ko‘ngliga malham qo‘yish uchun biron narsa olib kelish umidida ko‘chaga qarab yugurdim.
CHAYQOV BOZORIDA TUFLI SOTMOQCHI BO‘LGANIM
Ko‘chaga chiqqanimdan keyingina cho‘ntagimda sariq chaqam ham yo‘qligini eslab qoldim.
Endi nima qildim?
Qovun yoki shaftolini bozor timlari tagiga qo‘yib, Orifjon kelib ukalariga olib ketsin deb kutib o‘tirishmagandir. Tanish-bilishim bo‘lsa ekan, otam kelganda beraman deb qarzga pul ko‘tarib olsam. Bu odamlari hamisha shoshib yuradigan poyoni yo‘q begona shaharda na tanish-u, na qarindosh bor… Yoki kiyimboshimni sotsammikin? Ha, xuddi shunday qilaman. Kun issiq, ko‘ylaksiz yursa ham bo‘laveradi. Faqat jajji singlim o‘ksimay uzum-u qovunlarni yeb darmonga kirib ketsa bo‘lgani. Yoo‘g‘-e… ko‘ylakni sotsam, ichimda mayka yo‘q, qipyalang‘och bo‘lib qolaman-ku, shimni ham sotib bo‘lmaydi, bitta tursikda ko‘chalarda yurish uyat. Tuflimni sotganim ma’qul. Umuman, menga tuflining keragi ham yo‘q, qishloqda yurganimizda yoz kirishi bilan yalang oyoq bo‘lib olardim… yozda ham tufli kiyib yurishni shu yerda ko‘rib turibman.
Eski-tuskilar sotiladigan chayqov bozorini mo‘ljalga olib yugurib qoldim. Xayriyat, bozor avjida ekan, lekin odam shunaqa ko‘p, shunaqangi tiqilinchki, na oldinga yurib bo‘ladi, na orqaga! Tuflimni yechib, ustidagi changchungini kuylagimning o‘ngiriga artdim-da, bog‘ichlarini bog‘lab yelkamga tashlab oldim. Xaridor yaxshi ko‘rsin deb ataylab kengroq joyga chiqib, tufli osilgan yelkamni ko‘taribroq turibman…
Bozor guvillaydi, minglab odamlar bir-biriga nimanidir tushuntiradi, tushuntirolmasdan xunob bo‘lib, qo‘l siltashadi, birov qo‘njli etik olyapti, boshqasi sog‘i uzun botinkaning tagini ag‘darib ko‘ryapti. Robiyadan sal katta qizcha, kichkinagina maxsicha olib berasan deb dadasiga xarxasha qilib turibdi. Men tengi bir bola ichiga muz, solingan ayronni shopirib:
– Obi hayot bu.
Tanga rohat bu, – deb tinmay javrab turibdi, kun issiq, tomoqlarim qaqrab ketgan, sekin yoniga borib:
– Bir stakan ayroningdan ber, – deya iltimos qildim.
– Avval pulini cho‘z, – dedi bola kaftini ochib. Pul axtargan kishi bo‘lib, cho‘ntagimni bir oz kavlashtirib turdim-da:
– Pulini urushdan keyin berarman, – deb qo‘ydim.
– Ayronniyam urushdan keyin icharsan, – deb bola yana javrashga tushdi.
– Bergmasang berma, o‘sha achigan ayroningga o‘lib turganim yo‘q, – dedim-u, yana xaridor kutishga tushdim.
Qiziq, nega tuflimga xaridor kelmayapti ekan? Yoki yaxshi ko‘rinmayaptimikin? Tuflimni qo‘limga olib boshim uzra ko‘tarib turdim, oradan o‘n minut, yigirma minut, boringki, yarim soat o‘tib ketdi ham-ki, hech kim kelmayapti.
– Amaki, sizga tufli kerakmi? – dedim eski-tuski tuflilarni ko‘rib yurgan bir odamning yengidan tortib, – Tufling eski-ku, – dedi amaki tuflimni qo‘liga ham olmay.
– O‘zi eski-ku, lekin yangidan yaxshi, – dedim shoshilib, – mana tagcharmlarini ko‘ring, mana, taraklaydi!
– O‘g‘irlab kelganing yo‘qmi?
– O‘zimniki, xudo ursin agar… puliga kasalxonadagi singlimga qovun olib bormoqchiman.
– Menga kattarog‘i kerak jiyan.
– O‘zi kichkina-yu, lekin ichi keng, mana ko‘ring, amaki.
– Bo‘lmaydi, jiyan.
Qarasam xaridor ketib qoladiganga o‘xshaydi, mahkam etagiga tarmashib oldim:
– Yo‘qol, shipana! – shunday deb xaridor bir siltanib etagini tortib olib nari ketdi. Olmasang olma, senga tushib qolgan tuflim yo‘q, deb yana ko‘zimni to‘rt qilib xaridor kuta boshladim. Bir-ikki marta haligi ayronchi bolaga o‘xshatib:
– Kimga tufli, tagi charm, usti xrom, – deb javrab ham ko‘rdim, bo‘lmadi, hech bo‘lmadi.
Kun og‘ib ketdi, bozor ham tugadi hisob, katta yalanglikda yolg‘iz o‘zim qoldim. Oyog‘im tolib, tomog‘im qaqrab ketyapti, tuflini oyog‘imga kiyib sekin-asta yurib tashqariga chiqa boshladim.
Nima qilsam bo‘larkin? O‘g‘irlik qilsammikin, tilanchilik qilsammikin, yo‘q, unisiyam, bunisiyam bo‘lmaydi!
Bir chol buva yelkasida og‘ir yuk, qo‘lida kattakon chamadon, oyoqlari qaltirab inqillagancha bozor tomondan chiqib kelyapti. Miyamga ajoyib bir fikr keldiyu, yugurib borib chamadoniga yopishdim:
– Bobojon, keling olib borib beraman.
– Qo‘lingni ol, – entikib dedi bobo.
– Yo‘q demang, jon buvajon, kirasiga ko‘p so‘ramayman.
– O‘zim kiraga olib ketyapman, qo‘lingni ol! – deb chol buva chuqur-chuqur nafas ola boshladi.
Turgan joyimda xuddi ajina chalib ketgandek so‘rrayib turib qoldim… Hu narida soch qo‘ygan bir yigit skameykada oyog‘ini chalishtirib o‘tirib gazeta o‘qiyapti. Yaxshi odamga o‘xshaydi, kiyimlari ham bashang, oyog‘idagi tuflisi shunaqangi yiltirayaptiki, ko‘zni qamashtiray deydi.
Yoniga qo‘rqa-pisa borib:
– Amaki, menga ozgina pul berib turing, – deya iltimos qildim.
– Pulni nima qiladilar?
– Kerak-da.
– Xo‘sh, qancha so‘raydilar?
– Mayli, qancha bo‘lsayam, – dedim ishim sal yurisha boshlaganidan o‘zimda yo‘q sevinib.
– Ming so‘m yetadimi?
– Yo‘g‘-e, ko‘p-ku, – dedim negadir o‘ng‘aysizlanib.
– Besh yuz so‘m bersam-chi?
– Mayli, keyin qaytarib beraman, otam kelgandan keyin albatta beraman, – deb qo‘limni cho‘zish uchun.
– Yaqinimga kelma! – deb jerkib berdi, – pul yo‘q menda.
– Jon amaki!
– Yo‘qol deyapman!
Yo‘q, yo‘q, ketmayman, hecham ketmayman, shunday bashang kiyingan tuflisi yiltirab turgan amakida mumkin emas. Bor! Hu ana, chap cho‘ntagi qappayib turibdi… Undan qanday bo‘lmasin pul olishim kerak.
– Amaki, afandi aytib beraymi? – dedim to‘satdan jonlanib.
– Afandi, qanaqa afandi?
– Kuldiradigan afandi.
– Qani, nariroqda turib ayt-chi, – deb yigit gazetani taxlab tizzasiga qo‘ydi.
– Afandi bir kuni, – dedim fikridan qaytib qolmasin deb shoshilib. Tasodifni qarangki, shu paytda bironta ham afandini eslay olmasam bo‘ladimi? Xayriyat, mana bittasi esimga kelib qoldi, – afandi bir kuni ko‘chada keta turib oyna topib olibdi, bunday qarasa o‘zining surati ko‘rinibdi, iya, kechirasiz, oyna siznikimidi, deb joyiga qo‘yib yo‘lida ketaveribdi.
– Shumi? – dedi tuflisi yiltiroq amaki aftini allaqanday bujmaytirib.
– Boshqasini aytaymi? – dedim shosha-pisha.
– Ayt-chi?
– Afandi boqqa o‘g‘irlikka kirib qo‘lga tushib qolibdi, bog‘bon nega ruxsatsiz kirding desa, afandi nega o‘zing xotiningga kavush olib bermading deb baqiribdi. Bog‘bon ne, men bog‘dan kelsam, sen tog‘dan kelasan-a, desa, afandi, mana shunaqa, gapni kavlasang gap chiqaveradi, dermish…
Tuflisi yiltiroq amaki kulmadi, loaqal jilmayib ham qo‘ymadi. Atrofga alanglab o‘rnidan turayotgan edi, to‘xtang, boshqasini aytaman deb, ha, yo‘q, deyishini ham kutmay tez-tez ayta boshladim:
– Afandi bir kuni jinoyat qilib qo‘lga tushgan ekan, podsho osilsin deb buyruq beribdi, osish oldidan afandidan oxirgi iltimosingiz bormi, bajo keltiramiz, deb so‘rashibdi. Afandi oxirgi iltimosim shuki, meni qornimdan osinglar debdi. Nega endi qorningizdan osamiz deb so‘rashsa, afandi tomog‘imning tagida qitig‘im bor, deb javob beribdi.
– Bor-yo‘g‘i shumi? – deb tuflisi yiltiroq amaki yo‘lyo‘lakay gazetani taxlab jo‘nab keta boshladi.
– Pul bermaysizmi? – dedim orqasidan ergashib.
– Qanaqa pul? – ko‘zlarini olaytirib so‘radi tuflisi yiltiroq amaki.
– O‘zingiz aytuvdingiz-ku, pul beraman deb.
– Ha aytgandek ma ol, – tuflisi yiltiroq amaki oldimga besh tiyinlik sariq chaqa tashladi… Besh tiyin! Bitta qovun kamida o‘n sum turadi, bunaqa siyqa chaqadan yana ikki yuzta to‘plashim kerak.. Cho‘ntagi to‘la pul-u menga qilgan sadaqasini qarang! Sening sadaqangga zor emasman, bildingmi, o‘lib qolsam ham olmayman… Ichichimdan bir xo‘rsinish keldi-yu, yo‘q, o‘zimnig qo‘lga oldim, yig‘lamadim. Yerdagi chaqani olib jon-jahdim bilan tuflisi yiltiroq amakining orqasidan otdim, mo‘ljalga ham olganim yo‘q edi-yu, tasodifni qarang, tanga pildirab borib qulog‘ining orqasiga tegsa bo‘ladimi!
– Shpanani ushla! – deb tuflisi yiltiroq amaki meni quvlab qoldi.
«MENI QAMAMANG, JON AMAKI!»
Tuflisi yiltiroqning ta’qibidan qutulgach, meva-cheva bozoriga qarab yo‘l oldim. Nima bo‘lganda ham, qovunmi yoki bir-ikki bosh uzummi olib borishim kerak bechora singillarim akam qachon keladi deb, kasalxonaning qizil darvozasi oldida ko‘zlarini mo‘ltillatib mung‘ayib o‘tirishgandir. Olib boraman, o‘lsam-o‘lamanki, lekin, albatta olib boraman… Nima, bitta qovun o‘g‘irlagani bilan odam o‘g‘ri bo‘lib qolarmidi. O‘zimga bo‘lsa-ku hecham qilmasdim-a, lekin kasal singlimga juda achinib ketyapman… Qovunni qo‘liga olishi bilan:
– Bu menga? – deb so‘raydi quvonchdan ko‘zlari chaqnab.
– Ha senga, – deyman erkalab. Keyin uzumni ham uzataman.
– Buyam menga? – deydi jajji singlim. Bemor Robiyaning sevinganini ko‘rib Zulayho ham quvonadi, yolg‘iz emasligidan, dunyoda mendek mehribon akajoni borligidan o‘zida yo‘q shodlanib ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib ketadi.
Bozorga qovun-tarvuz, har xil ho‘l mevalar tiqilib ketgan, kechki bozor bo‘lgani uchunmi, savdo ham avjida. Xaridorlar talashib-tortishib o‘tirmasdan duch kelgan narsani ko‘tarib ketishyapti.
Qovun-tarvuz bozorida nima qilishni, ishni nimadan boshlashni bilmay garang bo‘lib yurgan edim.
– Ushla, o‘g‘rini ushla! – degan shovqin ko‘tarilib qoldi. Bunday qarasam men tengi-men tengi ikkita bola bittadan qovunni bag‘riga bosib qochib boryapti. Egasi, keksagina bir ayol qovunni tashlab ketgani ko‘zi qiymay turgan joyida depsinib:
– Ushlanglar, hoy musulmonlar, ushlasalaring-chi!
– deb qichqiryapti. Ayol, nihoyat, uzun ko‘ylagining etagini ko‘tarib, bolalarning ortidan o‘zi yugurdi… Qovunlar egasiz qoldi, bir uyum qovun husnini ko‘zko‘zlab turibdi. Bittasini olaymi olmaymi? Oldim!!! oldim-u, qiziq xuddi cho‘g‘ni changallab olgandek qovunni tashlab yubordim. Tavba, nega qochyapman endi? Axir qovunni olganim yo‘q-ku!
Un bozori orqasiga o‘tib nafasimni rostlab oldim. Qiziq, nega qaltirayapman ekan? Ie, yig‘lagim ham kelyapti, ana yig‘lab ham yubordim. Yo‘q, yo‘q, nima bo‘lganda ham yig‘lamasligim kerak… Nima bo‘pti, otam qaytib kelsa, eson-omon uyimizga borib olsak gadoylarga sadaqa qilib gunohimni yuvib yuborarman…
Bozor to‘la uzum-u shaftolilar, qip-qizarib pishgan naqsh olmalar, gaynoli-yu olxo‘rilar…
– Xolajon, uzumingizdan bir bosh bering, – iltimos qildim paranji yopinib chimmatini qo‘liga ushlab o‘tirgan ayoldan. Ayol bir menga, bir chelakdagi uzumiga ko‘z tashlab olgach, bir shingil uzatdi. Shingilda bor-yo‘g‘i uch dona uzum bor! Uch dona!! Yana tagin qanaqasi deng, ezilgani! Boshimga uramanmi uni.
– Menga bir bosh kerak bildingizmi? – dedim negadir achchig‘im chiqib. Ezilgan uzumlarni oldiga tashladim.
– Obbo, noz-u firoqlarini qarang, – deb ayol chelakni yaqinrog‘iga tortib sherigiga bir narsa deb shivirlab qo‘ydi, sherigi shosha-pisha cho‘ntagini pay-paslab orqao‘ngiga qarab oldi. Nariroqda bir chol buva bilan mendan ko‘ra sal kattaroq yigitcha ham biri savatda, boshqasi chelakda oq xusayni sotib o‘tirishibdi… Hozir cholnikidan olib qochaman, quvol-maydi, quvganda ham inqillab uzoqqa borolmaydi, degan fikr o‘tdi boshimdan. Yigitcha uzum tortish bilan ovora bo‘lib turganda chol buva og‘zidan nosni tuflash uchun joy axtarib qoldi. Payt keldi! Chelakka tashladim o‘zimni. Lip etib chelakni ilib oldim-u, o‘ziyam uzumi tugab yengilgina bo‘lib qolgan ekan, duch kelgan tomonga qarab qocha boshladim. Qopqop sabzi-piyozlarning ustidan sakrab o‘tyapman, to‘saman deb quloch yoygan kishilarning qo‘ltig‘idan chiqib ketyapman. Hali qovun olib qochgan bolani hech kim quvmagandi, meni bo‘lsa butun bozor ahli quvlab kelayotganga o‘xshaydi.
– Ushla!
– Kissavurni tut! – deyishib katta-yu kichik birdan yugurib kelishyapti… Qayoqqa qochdim, qayoqqa! Qayoqqa qarasam ham odamlar chatanog‘ini kerib, qulochini yozib yo‘limni to‘sib turganga o‘xshaydi. Orqaga qaytib quvlab kelayotgan haligi yigitchani yelkam bilan urib yiqitib o‘tdim…
Charchadim, nafasim qisyapti, chelakni tashlasammikan? Yo‘q-yo‘q, tashlamayman!
– Churrrr! – deb hushtak chaldi militsioner. Ovoz qayoqdan keldi ekan deb yonboshiga o‘girilishimni bilaman, boshimga qattiq bir narsa tegib munkib ketdim. Ustimga bir yo‘la besh-olti kishi yopirilgandek bo‘ldi, yelkamga tepki, boshim aralash musht yom g‘iri tushyapti.
– Churrr! – yana hushtak eshitildi, – qoch hammang, och bolani urib bo‘ladimi, insofsizlar, qoch deyapman!
Tepkilash to‘xtadi, musht yomg‘iri ham tindi. Baquvvat bir qo‘l bo‘ynimdan changallab oyoqqa turg‘izdi. Turg‘izgan novcha, oriq, cho‘ziq yuzli militsioner ekan.
– Padarla’nati, uzum kerak ekan, o‘zimdan so‘ramaysanmi? – dedi chol buva nosqovog‘idan kaftiga nos ag‘darib, – o‘zim berardim-ku.
Chol buva bir bosh ezilgan uzumni qo‘limga tutqazib, chelagini olib jo‘nayotgan edi, militsioner:
– To‘xtang, aktga qo‘l qo‘yasiz! – deb xuddi yosh bolani jerkkandek jerkib berdi.
Militsioner chelakni o‘zimga ko‘tartirib xuddi burgut quyon bolani changallagandek yelkamdan mahkam changallagancha idorasiga sudradi. Derazasiga temir panjara qadalgan tor, pastak xonaga olib kirib bitta qog‘ozga allanarsalarni yozib, chol buva bilan haligi tozi itdek chopag‘on yigitchaga ham qo‘l qo‘ydirib oldi.
Chol buva chiqib keta turib: «Bola paqirni qo‘yib yubora qoling, militsioner o‘g‘lim, – deb iltimos qildi, – endi qilmaydi».
– Gap uzumda emas, – dedi qovog‘ini solib militsioner. – Hukumat mana shunaqa tentirab yurgan qarovsiz bolalarni yig‘ish haqida qaror chiqargan…
Hali ko‘rmagan ekanman, bu yerda yana ikkita bola o‘tirgan ekan. Biri yalang oyoq, kalta ishtoni dabdala bo‘lib ketgan, afti-boshiga xuddi tug‘ilganidan buyon suv tegmaganga o‘xshaydi: boshiga, dadasiniki bo‘lsa kerak soyaboni uzun chipor shapkani bostirib kiyib olibdi. Boshqasi bo‘lsa yerda o‘tirgancha tizzasini quchoqlab uxlab qopti; o‘zbek yoki o‘risligini ham bilib bo‘lmaydi, haddan tashqari o‘sib ketgan sap-sariq sochi xuddi makka sutaning popugiga o‘xshab yuziga yopirilib tushibdi.
– Oting nima? – so‘radi militsioner.
– Orifjon.
– Laqabing ham bormi?
– Bor. Besh bolali.
– Familiyang?
– Mirzayev.
– Kimning shaykasidasan?
– Shayka?! – dedim hayron bo‘lib, – qanaqa shayka?
– Gapni ko‘paytirma, – urishib berdi militsioner, – sheriklaringni ayt.
– Qanaqa sheriklarim?
– Zafar, – deb chaqirdi militsioner. Burchakdagi chipor shapkali bola dik etib o‘rnidan turdi, – buni taniysanmi?
– Yo‘q, – dedi Zafar yuzimga astoydil tikilib.
– Kimning shaykasidanliginiyam bilmaysanmi?
– Bilaman, – men tomon bir odim tashlab dedi Zafar, – bu bola Zag‘chaning shaykasidan. Hammalari pastkash bular, meva o‘g‘irlashdan nariga o‘tishmaydi. Cho‘ntakka tushgani qo‘rqishadi, mushtlashishni ham bilishmaydi… Xoinlar! Bizni sotganlar ham shular… Sizlar hali shoshmay turinglar.
Militsioner bir menga, bir Zafarga qarab o‘zicha kulimsirab qo‘ydi, kulimsiraganda uning yuzi juda ham yoqimli, o‘zi ham mehribondek tuyularkan. O‘rnidan turib deraza peshtaxtasidagi chelakdan sopi yo‘q krujkaga suv qo‘yib ichdi:
– Ichasanmi?
– Mayli, – dedim qo‘rqa-pisa.
Men qultillatib suv ichayotganimda militsioner o‘rniga o‘tirib yana bir narsalarni yoza boshladi:
– Ota-onang bormi?
– Yo‘q, – dedim labimni kaftimning orqasi bilan artib, – otam frontda, ikkinchi Ukraina frontida.
– Onang-chi?
– Vafot qilgan.
– Yolg‘izmisan?
– Beshta ukam bor… Amaki, siz Sulton Mirzayev degan bolani ko‘rmadingizmi?
– Ko‘rganim yo‘q.
– Yo‘qolib qoldi. O‘n besh kuncha bo‘ldi. Amaki, jon amaki, meni qo‘yib yuboring. Yana bitta singlim kasalxonada, meni kutib o‘tirgandir.
– Sheriklaringni aytgin.
– Sheriklarim yo‘q, xudo ursin agar. Mayli, uyingizga borib ishlaringizni qilib beray, o‘tin yorishmi, qozontovoq yuvishmi mayli, nima bo‘lsayam qilaveraman.
– Yolg‘iz o‘zing o‘g‘rilik qilarmiding?
– Ha.
– Nimalar o‘g‘irlarding?
– Mana shu uzumni oldim xolos… Qorong‘i tushib qolyapti, javob bera qoling, adashib qolaman. Musofirman. Xo‘p desangiz, afandi aytib berardim.
– Uhu, afandi aytishni ham bilasanmi?
– Bilaman, juda qiziqlaridan bilaman.
– Qani, bitta eshitaylik-chi? – deb militsioner yozishdan to‘xtab, menga tikilib qoldi, – qani boshla-chi?
– Hozir, hozir… suvingizdan yana bitta ichsam maylimi? – dedim hovliqib.
– Icha qol, – ruxsat berdi militsioner. Suvni ichgach latifaning eng qizig‘idan aytib, militsionerni xaxolatib kuldirish uchun nechtaki latifa bilsam hammasini birmabir eslab chiqdim.
– Bilmas ekansan-ku, – xafsalasi pir bo‘lgandek – dedi militsioner.
– Hozir, mana, – dedim avvalgidan ham shoshib. – Bir kuni mulla Nasriddinning qo‘shnisi ertalab uyingizdan gupillagan ovoz eshitildi, tinchlikmi deb so‘rabdi. Nasriddin to‘nim yiqilib ketdi debdi. Qo‘shnisi to‘n ham gupillab ovoz chiqaradimi, desa, Nasriddin ichida o‘zim ham bor edim, der emish…
– Xa-xa-xa! – deb militsioner nazarimda yolg‘ondakam kulgandek bo‘ldi, – obbo sen-ey, yaxshi bola ekansan-ku!
– Endi qo‘yvorasizmi?
– Yo‘q, yana bitta aytgin, keyin qo‘yvoraman.
– Bir kuni afandidan yilingiz nima deb so‘rash-sa, ho‘kiz deb javob beribdi. Ie, odamning yili ham ho‘kiz bo‘ladimi deyishsa, afandi xotinlarniki sigir, erkaklarniki ho‘kiz bo‘ladi-da dermish.
– Voy, sen balo ekansan-ku! – bu gal militsioner chinakam kulib yubordi, – obbo sen-ey!
– Yana bitta aytib beraymi? – dedim maqtovdan erib ketib.
– Qani, qani? – o‘tirgan stoliki yaqinrog‘imga surib, dedi militsioner.
– Afandi bozorga keta turib uni olaman, buni olaman deyaveribdi. Xotini xudo xohlasa deb gapiring, desa afandi xohlasa ham olaman, xohlamasa ham olaman debdi. Bozorga borib pulini o‘g‘irlatib qo‘yibdi. Qaytib kelib eshigini taqillatgan ekan, xotini, kim u, deb so‘rabdi. Afandi xudo xohlasa ering bo‘laman dermish.
Qiziq, bu gal militsioner mutlaqo kulmadi, aksincha to‘satdan qovog‘i solinib ketdi. Xo‘mraygancha yonimga kelib, dadamning ketmonicha keladigan kafti bilan iyagimdan ko‘tarib:
– Kimning shaykasidansan? – deb so‘radi.
Tavba, mening o‘zim kimman-u, yana birovning shaykasidan ham bo‘larkanmanmi! To‘xta, to‘xta, deb o‘yladim. Ko‘rshermatning shaykasida edim, deb, yolg‘on gapirib qutulib qo‘ya qolsam-chi?
– Ochiq aytsam qo‘yib yuborasizmi? – dedim.
– Qo‘yib yuboraman.
– Ko‘rshermatning shaykasidanman. Militsioner chaqqon bir harakat bilan o‘rniga o‘ti-rib, qo‘liga ruchka oldi:
– Ko‘rshermat dedingmi?
– Ha.
– Familiyasi?
– Bilmayman.
– Shaykada yana kimlar bor edi?
– Islom qo‘rboshi.
– Buning familiyasini bilmaysanmi?
– Bilmayman.
– Yana kimlar bor?
– Yana?
– Laqabchi.
– Yana?
– Boshqasini bilmayman.
– Shaykalaringni nomi nima edi?
– Niqob kiygan qaroqchilar.
– Nima ish bilan shug‘ullanardilaring?
– Yoymachi chollarning xurjunini olib qochardik.
– Yana?
– Chelakdagi suyuq oshlarni o‘g‘irlardik.
– Barakalla, uka, mana endi o‘zingga kelding, – militsioner xursand bo‘lib ketganidan yelkamga shapatilab qo‘ydi, – militsiya rostgo‘y, aybiga ochiq iqror bo‘lgan bolalarni yaxshi ko‘radi… Ke endi, mana bu yerga qo‘lingni qo‘yib yubor, barakalla! Mana bu boshqa gap, akasi.
Militsioner men qo‘l qo‘ygan daftarni temir sandiqqa qulflab, kalitini qo‘lida o‘ynatgancha tashqariga chiqib ketdi-yu, xiyol o‘tmay yana kirib keldi.Usti berk qizil mashina olib kelgan ekan, burchakda shundoqqina yerda uxlab qolgan haligi ikki yuvuqsiz bolani ko‘tarib mashinaga chiqara boshladi. Men ham chol buva berib ketgan bir bosh uzumni olib sekin tashqariga chiqayotgan edim:
– Yo‘l bo‘lsin, yigitcha? – juda ham mehribon bir ohangda so‘radi militsioner.
– Piyoda ketaveraman, – dedim qutulganimga shukr qilib.
– Yo‘g‘-e, jonlarini koyitmay mashinaga marhamat qilsinlar! – shunday deb militsioner ikki qo‘li bilan biqinimdan xuddi changak bilan qisgandek qisib, mashinaga itqitib yubordi.
Meni qamamang, jon amaki! – deb dodlab yubordim, – axir singillarim kutib o‘tirishibdi, uzumni o‘shalarga oluvdim..
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?