Текст книги "Беш болали йигитча"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 5 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
– Tezroq gapirsangiz-chi! – qistadi Otinbibi xolam.
– Mana shu hovlining tepasiga kelganda haligi qush qanotlarini bir silkitib kattakon doka rumolga aylandida, o‘zini qozonga urdi.
– Voy tovba!
– E xudoyim!
– Lo iloha illollo… – deyishib amma-buvilar dosh qozonga yopirilib kelishdi. Soy mahalladan kelgan Soqolli xola «bismillohu rahmoni rahim» deb yenglarini tirsagigacha shimarib katta kapgir bilan qozonni kovlagan edi, chindan ham atalaga pishilgan doka ro‘mol kapgirga ilashib chiqdi.
– Bibifotimai Kibiryoning mo‘tabar ro‘mollari bu! – deb to‘satdan yig‘lab yubordi Otinbibi xolam.
Xuddi shu paytda, ishonsangiz, hovlida tirik jon borki hammasi taxtadek qotib qoldi: biri ko‘zlarini olaytirib, biri yelkasini qisib, yana bittasi og‘zini ochgancha qozonga tikilib angrayib turibdi, Parpi buvam bo‘lsa yoqasini ushlab:
– Astag‘furullo, astag‘furullo! – deb qo‘yyapti.
Otinbibi xolam Bibifotimai Kibiryoning ro‘mollarini avaylab katta tog‘oraga soldi-yu, bismillo deb sekin ko‘tarib ayvonga olib bordi. Suvini tog‘oraga siqib, yopishgan xamirlarini tushirib, bir-ikki silkitgan edi, doka ro‘mol asli holiga kelib kampir buvilarning ko‘zini chaqnatib yubordi. Otinbibi xolam ho‘l ro‘molni chiroyli taxlab qo‘yniga solayotgan edi, To‘xta xolam:
– Bu yoqqa bering, – dedi jerkib.
– Nima-nima? – dedi otinbuvi xola ham xuddi o‘sha ohangda.
– Sumalakni men pishiryapman.
– Mushkulkushodni men o‘qiyapman-ku!
– Bering deyapman.
– Nari turing.
Ro‘molning bir uchi To‘xta xolamda, boshqa uchi Otinbibi xolamda, ikkovlari ikki tomonga tortishayotgan edi, Bibifotimai Kibiryoning mo‘tabar ro‘mollari osmoni falakda uchib yuraverib chirib qolgan ekanmi, shirillab yirtilib ketdi.
– Bir parchasini menga ham beringlar, – dedi soy bo‘yidan kelgan Soqolli xolam.
– Voy, aylanay, menga ham jindek tegib qolsin, – dedi past mahalladan kelgan yana bir xolam.
Mana shunaqangi gaplardan keyin desangiz, mo‘tabar ro‘moldan bir parcha olish uchun shunaqangi kattakon janjal boshlanib ketdiki, asti qo‘yaverasiz. To‘xta xolam ro‘molining bir qismini ko‘ksiga bosib hovlida qochib yuribdi. Otinbibi xolamni bo‘lsa allaqachon kigizga bosib olishgan.
– Voy, tortmang!
– Qo‘lingni ol, ochopat!
– Savobdan men ham bebaxra qolmay.
– Ho o‘l, nomozni tahoratsiz uqiysan-ku… – deyishib amma-buvilar xuddi chavandozlar uloq talashgandek ro‘mol talashyapti, birining burni qonagan, boshqasining yuzi timdalangan, bu orada doka yirtilib, parcha-parcha bo‘lib cho‘ntaklarga ham tushib turibdi… Xuddi shu paytda Qumri opam:
– Voy xudoyim, – deb yana dodlab yubordi: – yana ro‘mol tushyapti, osmondan tushyapti! Ana, ana!.. Yo parvardigor!
Katta-yu kichik barobariga yalt etib osmonga qarashdi, yo tavba, chindan ham kattakon bir ro‘mol ulkan bir qushning o‘ligidek salanglab yerga tushib kelyapti. O‘choqda yonayotgan katta olovning shu’lasida ro‘molning ostki tomoni yaltirab ko‘zlarni qamashtirib yubordi. Kiyikdek chaqqon bo‘lgan Hayitkalla bir sakrab ro‘molni havodaligidayoq ilib oldi-yu, boshi uzra pirpiratib ichkari hovliga qarab yugurdi.
– Ushlanglar uni! – buyruq berdi Otinbibi xolam.
Mana shu gapdan keyin mo‘tabar ro‘mol talashishning ikkinchi bosqichi – eng og‘ir pallasi boshlandi. Savobdan bebahra qolmaslik uchun bolalar-u, haligi childirma chalib o‘yinga tushayotgan ayollargacha aralash-quralash bo‘lib ketishdi. Kim biladi, bir parchasi menga ham tegib qolsa, konvertga solib jo‘natib yuborsam, otamni dushmanning o‘qidan omon saqlab qolishi ham mumkin-ku deb o‘ylab, men ham o‘zimni to‘daga urib Hayitkallaning qulog‘idan cho‘zg‘ilay boshladim.
Tiqilinchda past mahallalik bir kampir xolaning oyog‘ini bosib olgan ekanman:
– Nari tur, itvachcha! – deb xolajonim qulog‘imning tagiga bir tushirib qo‘ydi.
– Hu, xolajonlar, – degan ovoz eshitildi bir mahal qayoqdandir, ammo hech kim bu ovozga parvo qilmay, tort-tortni avjiga chiqaraverdi.
– Bir-birlaringni o‘ldirib qo‘ymanglar, – dedi yana haligi ovoz, – ro‘molning tagi mo‘l, kecha magazinga doka kelgan.
Hamma janjal-u, tort-tortni to‘xtatib Shokir buvaning tomiga qaradi. Tomning chekkasida Roziq tog‘gam bilan soy mahallalik chapaqay Xo‘janazar amakim qo‘llarini biqiniga tirab qarab turishibdi, ikkovi ham qotib-qotib kulib, har zamonda tizzalariga shappalab qo‘yishyapti.
– Bibifotimaning ro‘molidan yana nechta kerak? – deb so‘radi Roziq tog‘am kulishdan to‘xtab, – mana, tag‘in bittasini otpravka qilyapman, janjallashmasdan bo‘lib olinglar.
Orasiga tosh solib otilgan ro‘mol osmon-u falakka chiqqach, toshdan ayrildi-yu, bir nafas havoda muallaq turib qoldi. Keyin salanglab pastga tusha boshladi.
– Yer yutgur, Roziq, avvalgisiniyam sen otganmiding? – qaltirab so‘radi To‘xta xolam.
– Bo‘lmasam-chi, xolajon, axir bu dunyoda mendan boshqa mexriboningiz yo‘q-ku.
– Hu tiling kesilgur! Dadangga o‘xshamay o‘lgur! – deb To‘xta xolam paypaslanib tomga otish uchun kesak axtara boshladi. Bolalar-u qiz-juvonlargacha hammalari qiyqirib kulib yuborishdi, amma-buvilar sharmanda bo‘lganlari uchun hamma aybni Otinbibi xolamga to‘nkab, xuddi uyatli ish qilib qo‘ygan yosh boladek qizarishib, bo‘zarishib ichkariga kirib ketishdi.
Biz bolalar bo‘lsak yetti uxlab tushimizga ham kirmaydigan bu ajoyib tomoshaning guvohi bo‘lganimiz uchun o‘zimizda yo‘q shod, xursand edik.
– Sumalak sumalak jon sumalak! – deb irg‘ishlay boshladi Hayitkalla.
– Noni yo‘qda non sumalak! – deb jo‘r bo‘lishdi boshqa bolalar ham sakrashib.
OPAM, OPAJONIM
Yarim kechasi uyg‘onib ketdim. O‘zim uyg‘ondimmi desam, yo‘q, tashqaridan kelayotgan sharpa ovozidan uyg‘ongan ekanman… Hovlida ikki-uch odam g‘imirsib yurganga o‘xshaydi… Bu qanaqasi bo‘ldi, nahotki o‘g‘ri tushgan bo‘lsa, sigirni yetaklab chiqib ketishayotgan bo‘lsa-ya!..
Yalang oyoq, ko‘ylakchan yugurib chiqdim.
– Orifjon, zambil bormi? – so‘radi o‘g‘rilardan biri… yo‘q, o‘g‘ri emas, Usmon buva, brigadir. Opam uch kundan buyon o‘shaning yerlarini haydayotgan edi.
– Qanaqa zambil? – so‘radim sal-pal o‘zimga kelib.
– Zambildaqa zambil-da, qanaqa bo‘lardi, – dedi yana bittasi. Ie bu doktorku. Maktabga kelib hammamizni emlab ketadigan doktor-ku. U nima qilib yuribdi bu yerda? Zambilni topib berdim. Kiyinib chiqib orqalaridan ergashdim, ko‘cha eshigimiz oldida otarava turibdi. Aravada oyimning shogirdi Mukarram opam tik turibdi.
– Orifjon, ukaginam! – Mukarram opam negadir yig‘lab yubordi. Zambilni aravani ustiga chiqarib otamning katta qora po‘stiniga o‘ralgan bir narsani ehtiyotlab zambilning ustiga qo‘ya boshlashdi. Ko‘zlarim yaraqlab ochilib ketgandek bo‘ldi. Opam, opajonim-ku…
– Opajon! – qichqirib yubordim.
– Dodlama! – sekingina dedi doktor, – qo‘shnilarni uyg‘otib yuborasan.
– Opamga nima bo‘ldi?
– Ke, zambilni ko‘tarishib yubor, – past ovozda dedi doktor.
Zambilni ko‘plashib ko‘tarib yangi, derazali uyimizga olib kirdik. Doktor paypaslanib, turtina-surtina chiroq yoqdi. Shundagina ko‘zim tushib qoldi – opajonim qoniqushga bo‘yalgan, behush yotibdi…
– Opajonim!!!
– Eshikka olib chiqing! – buyurdi doktor. Mukarram opam qo‘limdan tortib hovliga olib chiqa boshladi. Hech narsa bo‘lgani yo‘q, xudo xohlasa tuzalib qoladi, deb ko‘nglimni ko‘taryapti. O‘choqqa guldiramazon qilib o‘t yoqib yuborishdi, uyga yana bitta chiroq yoqishdi… Ko‘chadan otning kishnagani eshitildi, xiyol o‘tmay kolxozimizning ona-bola raisi Xayri xolam bilan Mashrab tog‘alar hovliqqancha kirib kelishdi. To‘xta xolamni uyg‘otib chiqishdi. Parpi buvam ham chiqdi. Men xuddi behushdek hamon hovli o‘rtasida so‘rrayib turibman. Nima bo‘ldi, nima bo‘ldi ekan opajonimga? Parpi buvam ichkariga, opamning yoniga shoshilib kirib ketdi-yu, lekin negadir darrov orqasiga qaytib chiqdi:
– Orifjon, bo‘tam! – dedi ovozi qaltirab.
– Nima bo‘pti, buvajon?
– Xudo xohlasa hech gapmas, tuzalib qoladi…
– Nima bo‘pti, nima bo‘pti axir?
– Traktor bosib qopti.
– Buvajon!
– Yig‘lama bo‘tam!
Rayon markazidan katta doktorni olib kelish uchun ketma-ket ikkita otliqni jo‘natib yuborishdi. Tupuriq quriguncha yetkazib kelmasalaring boshlaringni olaman, deb dag‘dag‘a qilib qo‘ydi rais amaki, keyin qo‘lidagi qamchisini Usmon brigadirga o‘qtalib:
– Hamma ayb sizda! – deb baqirib yubordi.
– Tepamda xudo bor, Mashrab! – yig‘lamsirab dedi Usmon brigadir, – axir kecha oqshom ham jindakkina mizg‘ib ol qizim, deb xudoni zorini qildim. Yo‘q, deb turib olsa nima qilay axir… Uch kundan buyon traktorning ustidan tushmadi-da axir…
– Soqolingizni yulib olaman! – yer tepinib dedi rais.
Opajonim traktorning ustida uxlab qopti, traktor izdan chiqib ariqqa ag‘anab bosib qopti…
Mukarram opam, To‘xta xolam, doktor uchovlari ichkarida bir narsalar qilishyapti. Soyalari derazadan goh u yoqqa-goh bu yoqqa o‘tib turibdi. Doktor sovun, o‘tkir pichoq so‘ragandek bo‘ldi, ketidan tog‘orada iliq suv olib kirib ketishdi. Asta-sekin qo‘shnilarimiz chiqa boshlashdi. Hammalari allaqanday vahima ichida pichirlashib, imoishora bilan so‘zlashishyapti, ba’zan menga, ba’zan ichkarida uxlab yotgan ukalarimga g‘alati-g‘alati qilib qarab qo‘yishadi. To‘xta xolam eshikni ochib:
– Xudoga shukur, ko‘zini ochdi, – dedi-yu, yana shoshib eshikni ichidan berkitib oldi.
Ukalarim ham birin-ketin uyg‘onib biri ko‘ylakchan, boshqasi yalang oyoq uyqusirashib, ko‘zlarini ishqalashib tashqariga chiqa boshlashdi. Omon pildirab kelib oyog‘imga yopishdi, ko‘tarib oldim.
– Aka, opam menga ukacha tug‘ib beryaptimi? – shivirlab so‘radi u.
– Bilmadim.
– Aka, opamning oldiga kiraylik ukachani ko‘raylik.
– Keyin, keyin ko‘ramiz.
Omonning uyqusi chalaga o‘xshaydi, ko‘zlari yumilib boryapti, uxlatish uchun uyga olib kirdim. O‘ringa yotqizib endigina ustiga ko‘rpa tortayotgan ham edimki, Mukarram opam kirib opalaring so‘rayapti, darrov yuringlar deb qoldi.
Zulayho hech narsadan xabarsiz pishillab uxlab yotgan Robiyani, men ko‘zi ilinay deb turgan Omonni ko‘tarib oldim. Opajonimning hamma yog‘ini doka bilan o‘rab tashlashibdi. Ko‘rpada odam emas xuddi oq matodan yasalgan ulkan qo‘g‘irchoq yotganga o‘xshaydi. Yuzi, ko‘zlarigina ochiq xalos. To‘xta xolam bosh tomonida, Mukarram opam chap yonida o‘tirishipti. Doktor o‘choq oldida shishadan piyolaga dori tomizyapti. To‘xta xolam qo‘li bilan yaqinroq kelinglar deya ishora qilib qoldi. Opamning ko‘zlari yumuq, kipriklarida yosh tomchilari yiltirab turibdi, ko‘kragi temirchining damidek ko‘tarilib-tushyapti…
– Suv! – pichirladi lablari.
Opam To‘xta xolam tutgan suvni ichgach, ko‘zlarini katta-katta ochib atrofga tikilib qaradi, lablari burishib, ko‘zlaridan duv etib yosh to‘kilib ketdi.
– Orifjon, o‘g‘lim…
– Labbay, opajon?
– Ke, peshanamdan o‘p. Barakalla, ukalaringga bosh bo‘lgin.
– Unday demang, opa!
– Xo‘p degin.
– Xo‘p!
– Hammalaring o‘qinglar.
– Xo‘p!
– Dadang qaytguncha tarqab ketmanglar.
– Opajon!
– Uyimizning chirog‘i o‘chib qolmasin!
– Opa!
– Xo‘p degin!..
– Xo‘p!
– Ukalaringni hecham urishmagin!
– Xo‘p!
– Sultonjon, pahlavonim, ke, peshanamdan o‘pgin.
– Opajon!
– Yig‘lama, qani yoshingni artchi, artdingmi? Endi hecham yig‘lama, xo‘pmi?.. Akang bilan urishmagin. Zulayho, ona qizim, qani menga qarachi, kap-katta qiz bo‘p qopsan-ku…
– Opa…
– Usmonginam, rassom o‘g‘lim, beri kel, barakalla, qani bir achomlachi… Omonjon, bu senmisan, voy toylog‘im-ey! Qorning ochmi?
– Usmoningiz har kuni nonimni yeb qo‘yyapti.
– Voy shirinim-ey, endi yemaydi. Usmonjon endi nonini yemaysan-a?.. Robinisam qani? Uyg‘ot, uyg‘otinglar! Suv… suv beringlar… Xolajon, rozi bo‘ling… bolalarim sizga qoldi… Orifjon, bolaginam… chirog‘imiz o‘chib qolmasin, chiroq…
To‘xta xolam tutgan suvni opam icholmadi. Lablari yumilib qoldi, ko‘zlari ham allaqanday olayib, bir tomonga tikilgancha qotib qolgandek bo‘ldi. Doktor yugurib kelib, engashib oyijonimning ko‘ksiga qulog‘ini bosdi, shu holida, qulog‘ini bosgancha bizga qo‘li bilan tashqariga chiqinglar deya ishora qildi.
– Opajon! – qichqirib yubordi Zulayho.
To‘xta xolam qo‘limizdan yetaklab tashqariga olib chiqa boshladi. Hali tong yorishganicha yo‘q, hamma yoq qopqorongi, qo‘ni-qo‘shnilarimiz hovlining o‘rtasiga o‘t yoqishibdi, rais ham, onasi ham yo‘q, qayoqqadir ketishganga o‘xshaydi. Mahmudxon, Hayitkallalar ham chiqishibdi. Meli boqqol ham paydo bo‘lib qopti. Parpi buvam bilan bir narsalar to‘g‘risida shivirlashib gaplashishyapti.
– Opang tuzukmilar? – sekin so‘radi Mahmudxon. O‘pkam to‘lib javob qaytarolmadim. Mo‘tabar opam ukalaringni olib biznikiga yura qol, tanchaga o‘t qildim, bozillab turibdi, isinib chiqasizlar deb hammamizni bir yo‘la taklif qilib qoldi. Ko‘chaga chiqishimiz bilan To‘xta xolamning:
– Voy, xudoyim, Karomatbibidan ayrilib qoldik! – degan chinqirigi eshitildi.
– Opajon!
– Opajonim! – deb ukalarim ham chinqirishib orqalariga qaytishdi.
ENDI NIMA QILAMIZ?
Mana, opamning yigirmasini ham o‘tkazib yubordik ma’rakaga to‘plangan odamlar ham tarqalib bo‘lishdi. Mo‘tabar opam idish-tovoqlarni naridan-beri yuvgan bo‘ldi-da, u ham chiqib ketdi. Parpi buvam opamni ko‘mgan kunimiz ertasiga ikki oyog‘i shol bo‘lib yotib qolgan. To‘xta xolam ham kasal, nafasi qisyapti, ertayu kech yotgani-yotgan.
Ukalarim bilan katta uyimizda o‘tiribmiz. Otamni shu uydan kuzatgandik opam bilan ham shu uyda vidolashganmiz. Usmon do‘lananing shoxidan kesib zuvuldoq yasayapti, Sulton oshiqning chikka tomoniga qo‘rg‘oshin quyish bilan mashg‘ul – shunday qilsam og‘ir bo‘ladi, boshqalarnikini bemalol yutib olaman deb o‘ylaydi. Zulayho Usmonning ishtoniga yamoq solish bilan ovora. Usmon ukam so‘nggi kunlarda yog‘och minib o‘ynaydigan odat chiqarib olgan – har kuni ishtonining orqa tomonini yirtib keladi, urishsam: «Ishton o‘zidano‘zi uzilyapti» deb parvosiga ham keltirmaydi… O‘zim Omonning boshini tizzamga qo‘yib, ko‘ylagini qaytarib, bitini o‘ldiryapman. Shu kunlarda bizni bit bosib ketgan. Qiziq, bit ham odamning o‘ziga o‘xshagan bo‘larkan: Sultonning biti o‘ziga o‘xshab baqaloq tirsillab turgan semiz bo‘ladi. Usmonning biti nimjon, sap-sariq, barmog‘ing orasiga olib har qancha siqsang ham qoni chiqmaydi. Zulayho ikkovimizning bitimiz bo‘lsa, tavba qildim-ey, xipcha bel, cho‘ziqdan kelgan, darmonsiz bo‘ladi. Omon bilan Robiyada bitdan ko‘ra ko‘proq sirka uchraydi, lekin shu sirkalar ham ularga hech tinchlik bermaydi, ikkovi tinmay g‘ingshib, qashinganiqashingan.
– Aka, – sekin chaqirib qoldi Zulayho.
– Nima deysan?
– Munkarnakir go‘rga qayerdan kiradi?
– Bilmasam…
– Hozir opamni tiriltirib olib so‘roq qilayotgan bo‘lsa-ya!
– Qo‘y, unaqa gaplarni gapirma.
– Gunohi bo‘lsa gurzi bilan urarmish-ku?
– Yolg‘on? – Omon sakrab o‘rnidan turib ketdi, chopqillab borib Zulayhoning sochiga tirmashdi. – Opamning hecham gunohi yo‘q! Uni hech kim urmaydi! Qani urib ko‘rsin-chi!!
Shu gapni aytib ukaginam kigizga dumalab dodlashga tushdi. Uning shovqinidan yerda uxlab yotgan Robiya uyg‘onib:
– Opam! – deya ko‘zlarini javdiratib u yoq-bu yoqqa qaray boshladi.
– Opaga ertaga boramiz, – dedim jajji singlimni tizzamga olib. U opamning vafot qilganini hali bilmaydi, traktor xaydagani ketgan deb yuribdi bechora. Kechqurunlari ko‘cha eshik oldiga chiqib, yo‘lini poylaydi. Uzoqdan bitta-yarimta ayol ko‘rinib qolgudek bo‘lsa, opam kelyapti deb pildirab oldiga chopadi.
– Ertaga boramiz? – so‘radi Robiya tizzamga joylashibroq o‘tirib.
– Ha, ertaga boramiz.
– Menga qand beradi?
– Ha, qand beradi.
Robiya yana bir narsalar haqida so‘ramoqchi edi-yu, ammo uyqu zo‘r kelib, esnay-esnay yana uxlab qoldi. Omon g‘ingshishdan to‘xtab Zulayhodan boshimni boqib qo‘yasan deya talab qila boshladi. Zulayho janjaldan osongina qutulganiga shukur kilib, Omonning boshini tizzasiga oldi, sochlarining orasini bitta-bitta qarab sirkasini o‘ldira boshladi.
Men yana o‘ylanib ketdim. Nima qilsam ekan? Yoki ukalarim bilan detdomga borib qo‘ya qolsammikan? Yo‘q, biz ketib qolsaq uyimizning chirog‘i o‘chib qoladi. Opam, uyimizning chirog‘i o‘chmasin deb vasiyat qilib ketgan! Keyin biz ketib qolsak opamning qabridan kim xabar oladi… Kecha arvohi kapalak bo‘lib uchib keldi, avval Robiyaning boshiga, keyin Zulayhoning yelkasiga qo‘ndi, atrofga nazar tashlagandek bo‘ldi, uyimiz tinch, biz ham ahilgina o‘tirganimizni ko‘rib yana mozor tomonga uchib ketdi. Opa, opajonim!! Nima qilay, maslahat bering. Axir odamlar detdomga borasan deb qiyin-qistovga olishyaptiku. Roziq tog‘am ham, ona-bola raisimiz ham, hu birda bizga popukli qand bergan MTS direktori, sizning o‘rtog‘ingiz bor edi-ku, o‘sha xola ham qistab qo‘yishmayapti. Faqat Parpi buvam bilan To‘xta xolam ko‘nishmay turishib-di, biz tirik ekanmiz bolalar shu yerda bo‘ladi deyishyapti. Yoki Meli boqqolnikiga kirib, qarol bo‘lib ishlaylikmi? Yo‘q-yo‘q, unikiga kirmaymiz, hecham kirmaymiz. Sigirimizni olib qo‘ydi u. Siz opajonim, undan olgan qarzingizni dadam armiyaga ketayotgan kuni bergan edingiz, biz ham ko‘rib turuvdik endi bo‘lsa tondi, qasam ichib tondi! Ma’rakangizda, yettingizda ul-bul narsa bergan bo‘ldi-da, birovdan qarzga oluvdim, qistab keldi deb Parpi buvamni ham yum-yum yig‘latib, sigirimizni olib qo‘ydi u. Endi bo‘lsa, Sulton ikkovlaring biznikida mol boqarlik qilinglar, hech bo‘lmasa qorinlaring to‘yadiku deb qistayapti. Yo‘q, yo‘q! Opajon, unikiga hecham kirmaymiz. Sulton ham uni jinidan battar yomon ko‘radi. Sigirimizni olib chiqib ketayotgan kuni boqqolning qo‘liga yopishib, hamma yog‘ini tishlab uzib oldi. Parpi buvam «Qo‘y, Sultonboy, tuzalib ketsam sigirni o‘zim olib beraman… Opaginang qabrida tinch yotsin, qarzi bo‘lsa yotolmaydi» deb arang yupatdi. Bo‘lmasa Sulton uning boshiga tosh bilan urmoqchi edi.
Opajon, opajonim, endi nima qilay, yeydigan hech narsamiz ham qolmagan, ko‘pincha och yuribmiz… yoki Parpi buvam oyoqqa turguncha detdomga borib turaylikmi? Axir tuzalib qolsalar yana qaytib kelaveramiz-da. Ungacha ehtimol otam ham kelib qolar…
– Aka, – deb chaqirganday bo‘ldi Omon
– Nima deysan? – dedim o‘zimga kelib.
– Nega yig‘layapsiz?
– Yig‘laganim yo‘q, uka.
– Ko‘zingizda yosh bor-ku?
– O‘zim… tupurigimni surtib oldim.
– Uyqungizni qochiryapsizmi?
– Ha.
– Aka, bugun opamning oldiga bormadik-ku? Yuring bir borib kelaylik bizni kutib o‘tirgan bo‘lsa-ya!
– Kech bo‘ldi, Omonjon.
– Mayliga, boraveramiz, – Omon dik etib o‘rnidan turdi, kelib qo‘limdan tortqilay boshladi, – opam tirilgan bo‘lsa, go‘rdan chiqolmay qiynalayotgandir, yuring, quloq solaylik…
Omonni kimdir opang albatta tirilib keladi deb ishontirib qo‘yibdi. Esiga tushdi deguncha kechasi demay, kunduzi demay meni qabristonga sudraydi, olib bormasam dodlab xunob qilib yuboradi… Endi nima qildim, hozir dodlashga tushadi u.
– Aka, odamlar kelyapti! – hovliqib dedi derazaga qarab xayol surib o‘tirgan Zulayho.
Rostdan ham uzun-qisqa bo‘lishib uch-to‘rt kishi kirib kelishyapti, oldindagisi rais, Mashrab amaki. Ketidan likanglab kelayotgani – qorovul To‘ron amaki. MTS direktori, opamning o‘rtogi ham kelyapti… Ketidagisi kim bo‘ldi ekan? O‘risga o‘xshaydi-ku, ha o‘ris, sochlari ham o‘rilmagan, yelkasiga tushib turibdi… Bizni olib ketgani kelishyapti… Endi nima qildik opajon?
Mehmonlar to‘ppa-to‘g‘ri uyga kirib kelishdi.
– O‘-ho‘, jamoat jam-ku, – deb qo‘ydi rais.
Men gap nimadaligini bilganimdan ataylab indamadim. Ukalarim ham javob qaytarishmadi, hammamiz o‘rnimizdan turib, boshimizni solintirib jim turaverdik. Direktor opa oq batis qiyiqqa tugib bir narsa olib kepti, tokchaga qo‘ydi. Keyin mening orqamga berkinib olgan Omonni ko‘tarib peshanasidan o‘pa turib:
– Katta yigit bo‘p qopsan-ku, – deb qo‘ydi, – qand beraymi?
– Yemayman.
– Voy, nega?
– Biz opamning oldiga ketyapmiz, – shunday deb Omon tatalanib yerga tushdi-da, yana mening orqamga o‘tib berkinib oldi.
Mehmonlar poygakroqqa o‘tirishdi.
– Orifjon, nega tik turibsizlar, qani, o‘tiringlar-chi! – buyurdi rais amaki, – ha barakalla, mana bu boshqa gap… Ma’rakani o‘tkazib oldilaringmi?
– Ha, – deb qo‘ydim sekingina.
Mehmonlar bir-birlariga ma’noli qarab olishdi. Direktor opa sal joylashibroq o‘tirib:
– Orifjon, sizlarni olib ketgani keldik – dedi juda mehribon bir ohangda gap boshlab.
– Qayoqqa? – dedim qo‘rqib.
– Detdomga!
– Yo‘q, bormaymiz! – shartta o‘rnimdan turib ketdim. Ukalarim ham qo‘rqib ketishdi shekilli, sapchib turib ketishdi. Zulayho bilan Usmonning ikki ko‘zi o‘ris xotinda bo‘lib qoldi. U hech o‘tirolmayapti. Goh chordona qurib oladi, goh qiroat qilayotgan domla pochchaga o‘xshab cho‘kka tushib oladi, sochini kaltagina qilib kestirib olgan, qulog‘iga yetay-etay deb turibdi. Gavdasi ham juda katta – xuddi otamcha keladi deng. Omonga qarab ko‘zini qisgan edi, Omon tilini chiqarib boplab masxara qilib qo‘ydi uni.
– Nega unday deysan, o‘g‘lim? – avvalgisidan ham mehribonroq bir ohangda dedi direktor opa, – men aslida sizlarga begona emasman – xolalaring bo‘laman! Karomat bilan traktorchilikka birga o‘qiganmiz, to‘yiniyam childirma chalib, yor-yor aytib o‘zim o‘tkazganman… Orifjon, sening kindigingni men kesganman, o‘g‘lim. Opang rahmatli, seni traktorning ustida tug‘ib qo‘ygan edi… Nima qilaylik endi, shunaqa bo‘p qoldi. Axir, ukalaringni o‘ylasang-chi!
– Bir amallab boqib olaman.
– Qiynalib qolasizlar.
– Qiynalmaymiz, kolxozga ishga kiraman! – dedim yig‘lavorgudek bo‘lib, yo‘q, allaqachon yig‘lagan ekanman, ko‘z yoshlarim burnimning ustiga oqib tushayotganidan sezib qoldim.
Direktor opa uzoq gapirdi. Opajonim hukumat uchun juda foydali ayol bo‘lgani, shuning uchun ham rayon rahbarlari bizni yetimxonaga joylash haqida buyruq chiqarishganini aytib, cho‘ntagidan suv qog‘ozga yozilgan xatni olib ko‘rsatdi. Rais har zamonda yakka-yolg‘iz qo‘li bilan etigining sog‘iga shap etkazib urib, jim o‘tiraverdi. To‘ron amaki bo‘lsa hech narsadan hech narsa yo‘q, tutoqib ketib, bizni so‘kishga tushdi. «Sen ham otangga o‘xshab, qip-qizil ahmoq bo‘psan, Polvon ham foyda bilan ziyonning farqiga bormas edi. Rayon hukumati senlarga yaxshilik qilyapti-yu, sen bo‘lsang hiqillab nozi-firoq qilasan-a! Hozir remen bilan savalab qolaymi, ahmoq!» deb o‘shqirib berdi.
Rais oxiri cholning oldiga kiraylik bular bilan bari bir ish bitira olmaymiz deb, yakka-yolg‘iz qo‘li bilan fotiha o‘qib, o‘rnidan turdi.
Men ham orqalaridan ergashdim, kirsak To‘xta xolam hozirgina Parpi buvamni hovlidagi so‘riga olib chiqib yotqizgan ekan. Hol-ahvol so‘rashishdi, buvam tuzukman, kechadan buyon oz-oz yuryapman ham deb qo‘ydi. Direktor opa aslida Parpi buvam bilan eski tanish ekan, shuning uchun bo‘lsa kerak gapni juda uzoqdan boshlab yubordi, keliningizning er qilib ketganini eshitib juda xafa bo‘ldim, o‘shanda meni kelin qilmovdingiz, traktorchini kelin qilib tomorqa haydatamanmi, deb ko‘nmovdingiz, endi ajab bo‘lsin, deb hazillashdi.
– Kim bilibdi deysan, qizim, – deb qo‘ydi Parpi buvam inqillab. Direktor opa «Hozir ham kech emas, Bo‘riboy akam kelguncha erga chiqmay turaman, o‘zim sizga kelin bo‘laman» deb yana kuldi.
– Haliyam traktordamisan? – so‘radi Parpi buvam.
– Amaki, keliningiz hozir jamiki traktorchilarga boshliq bo‘lib ko‘tarilib ketganlar, – tushuntirdi kolxozimizning raisi.
Parpi buvam halidan buyon cho‘zilib yotgan edi, bir amallab turib o‘tirib oldi, orqasiga yostiq qo‘yib berishdi.
– Barakalla qizim, martabang bundan ham ulug‘ bo‘lsin, – deb gapini davom ettirdi Parpi buvam, – bo‘lmasa, otda yuradigan bo‘lib ketibsan-da, a?
– Keliningiz qo‘sh otli izvoshda yuradi – tushuntirdi To‘ron amakim.
– Izvoshda dedingmi? Barakalla, – deb xursandchilik bildirdi Parpi buvam, – menga qara qizim, o‘sha izvoshingni bir kunga berolmaysanmi, tegirmonga borib don-dun tortib kelardim… Eshakka minolmay qoldim.
Direktor opa izvoshini beradigan bo‘ldi. «Siz uchun bir kunga emas, bir haftaga ham yo‘q demayman, chunki siz juda tabarruk kishisiz, zambarakka pul berganingiz uchun hozir butun oblastda sizni gapirishyapti, jannati odam ekan deyishyapti» deb Parpi buvamni maqtashga tushdi. Parpi buvamning shu ishi tufayli rayonimizning kattalari hukumatdan maqtov qog‘ozi olishgan emish…
– O‘sha zambarakni bir kunga berib turishmasmikan? – to‘satdan jonlanib so‘radi buvam.
– Zambarak nimaga kerak bo‘lib qoldi?
– Meli boqqolni otmoqchiman, – dedi Parpi buvam. O‘tirganlar sharaqlab kulib yuborishdi, o‘ris xola ham kulib qo‘ydi. U, negadir, chiqqanimizdan buyon ikki ko‘zini mendan olmaydi. Uyga kirsam ham, eshikka chiqsam ham menga tikilgani-tikilgan, tavba, nega hadeb tikilaverar ekan?
– Orifjonlarni olib ketgani keldik ota, – to‘satdan gapni bu yoqqa burib yubordi direktor opa.
– Yetimxonagami? – Nazarimda bir cho‘chib tushgandek bo‘ldi buvam, – o‘tgan safar bo‘lmaydi deb aytuvdimku.
– Tanangizga bir o‘ylab ko‘ring ota, o‘zingiz kasal bo‘lsangiz.
– Xudoga shukur, hali tirikman, qizim!
Parpi buvam bechorani to‘rtovlari o‘rtaga olib ketishdi. Xaligi o‘ris xotin ham o‘zbekchalab gapira boshladi, Yetimxona nomi yetimxona bo‘lgani bilan aslida jannatga o‘xshagan bir joy ekan, bolalar uchun turgan-bitgani rohat ekan. Hozir o‘sha yerga boraman deganlar soni mingta emish-ku, lekin hammasini olishning hech iloji yo‘q, emish… Umuman, bizni vaqtincha olib borishar ekan, Parpi buvam oyoqqa turishi bilan qaytarib tashlab ketishar ekan. Direktor opa bizni bolalar uyiga olib bormaguncha opamning arvohi oldida qarzdor bo‘lib qolaverar emish. Opajonim direktorning tushlariga kirib «Bolalarimga qara, ularni senga tashlab keldim» deyayotgan emish mana shunaqa gaplar emish.
– Ishqilib kofir bo‘lib ketishmaydimi? – o‘pkasi to‘lib so‘radi Parpi buvam.
– Voy, otaxon, ajoyib yigit-qizlar bo‘lib yetishishadi.
– Mayli, qzim, meni ko‘p qistayverma, nabiralarim bilan bir maslahat qilib ko‘raychi, javobini ertaga olasan… Endi qizim, menga kelin bo‘lmoqchimisan?
– Gap bitta, otaxon to‘y tayyorgarligini ko‘ravering.
– Bo‘lmasa bir cho‘qim osh damlab bergin, qo‘lingni bir ko‘raylik bunaqa mo‘tabar qo‘y so‘ysam ham kelmaydi, qizim. Hoy, kampir, sabzidan olib chiq!
Mehmonlarning ishlari tig‘iz ekan, oshga to‘xtashmadi. Bitta oshga emas, kattaroq ziyofatga tushiramiz sizni, hali shoshmay tursangiz o‘g‘illaringiz kelsin, xumchadagi musallaslarini ham ichamiz, deyishib chiqib ketishdi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?