Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 6

Текст книги "Беш болали йигитча"


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 09:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 6 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]

Шрифт:
- 100% +

BEGONA ELLARDA
Ikkinchi qism

OMON O‘RIS XOLAGA O‘G‘IL BO‘LMOQCHI

Detdomxona darvozasi oldida aravadan tusha boshladik.

Roziq tog‘am bilan Parpi buvam yuz-ko‘zlarimizdan o‘pishib, tez-tez xabar olib turishga va’da berib, Omon bilan Robiyaning bu yerda qolmaymiz deb chinqirib yig‘lashlariga ham qaramay ko‘zlarini chirt yumib, jo‘nab ketishdi. O‘zini yerga urib yig‘layotgan Omonni men, undan battar faryod chekayotgan Robiyani O‘ris xola ko‘tarib oldi, ichkari kirdik. Hovli juda katta, gir atrofi g‘ishtli imorat ekan. O‘ris xola bizni hovlida qoldirib o‘zi bir chekkadagi pakana uylardan biriga kirib ketdi. Ko‘z yumib ochguncha atrofimizni begona bolalar qurshab olishdi. Xuddi maymunmi, ayiqning bolasinimi yoki undan ham qiziqroq biror narsani tomosha qilayotganday angrayishib qolishdi. Bir xillari ko‘zlarini katta-katta ochib, tilini chiqarib masxara qilayotgandek bir xillari voy bechoralar-ey, deb achinayotgandek uchinchi bir xili qani, sinchiklab qaraychi qaysi birini o‘rtoqlikka tanlasam bo‘larkan deya boshdanoyog‘imizga razm solishyapti. Yana bir xillari kiyimboshimizga, bet-qo‘limizni yuvgan-yuvmaganligimizga ham razm solayotganga o‘xshaydi. Ular bo‘lsa ozoda kiyinib olishgan, kiyim-boshlarida yamoq yo‘q, betqo‘llari ham sovunlab yuvilganga o‘xshaydi. Qorinlari ham to‘q bo‘lsa kerak ko‘zlarida ovqat tashvishi sezilmayapti, yuzlari yiltirab, chehralari kulib turibdi…

Ukalarim qo‘rqib ketishdi shekilli, yig‘lashdan to‘xtab, ona tovuq atrofiga jamlangan jo‘jalardek g‘uj bo‘lib olishdi… Bu bolalar qanaqa bolalar bo‘ldi? Rahmdil, mehribon, Mahmudxonga o‘xshash oq ko‘ngilmi yoki Hayitkallaga o‘xshab mushtlashishni yaxshi ko‘radigan bolalarmi?

Ko‘zlari chaqnab, yuzlari uchib turgan men tengi bir bola yaqinimga kelib, sekin biqinimga turtdi:

– Oting nima?

– Orifjon, – dedim shosha-pisha. Keyin juda landovur, qo‘rqoq bola ekan deb o‘ylamasin dedim-u, o‘zimni dadil tutib uning ham ismi-sharifini so‘radim.

– Laqabchi, – dedi begona bola.

O‘zimni erkin tutayotganligimni, ulardan hech hayiqmay turganligimni isbotlash uchun hazil qilgim kelib qoldi-yu, so‘zini eshitgan bo‘lsam ham eshitmaganga solib:

– Taqachi dedingmi? – deb so‘radim.

– Laqabchi! – ovozini sal ko‘tarib dedi bola.

Men o‘zimni yana yaxshi eshitmaganga, eshitsa ham yaxshi anglamaganga solib:

– Chaqimchi? – deb so‘radim.

Bizni qurshab olgan bolalar yengilgina kulib olishdi. Sulton bilan Zulayho ham kulib qo‘yishdi. Shu kulgidan keyin o‘rtadagi o‘ng‘aysizlik sal ko‘tarilgandek bo‘ldi.

– La-qab-chi! – bo‘ynini cho‘zib, boshini silkitib dedi bola, – men bolalarga laqab qo‘yib beraman, senga ham qo‘yib beraymi?

– Mening o‘zi chiroyli laqabim bor.

– Qani ayt-chi, baqirib ayt, komissiya a’zolari eshitsin.

– Besh bolali yigitcha.

– Be, – dedi bola qo‘l siltab, – shu ham laqab bo‘ptiyu… laqab degani sal xunukroq bo‘ladi, seniki chiroyli ekan, bo‘lmaydi, boshqasini topamiz. Xo‘sh, senga… aftiboshing kirligi uchun… qora tunka desammi, yo‘q bo‘lmaydi, o‘zimizda tunkadan ikkitasi bor, ha mayli… hozircha laqabing Besh bolaligicha qolaversin, mana bu kim, ukangmi?

– Ukam.

– Bunga Baqaloq deb laqab qo‘ysa bo‘ladi, – deb Laqabchi Sultonning biqiniga xuddi suhbat boshida mening biqinimga turtgandek qilib sekingina turtgan edi, biqini og‘ridimi yoki Laqabchining gerdayishi, o‘zini xo‘jayindek tutishi Sultonga yoqmadimi:

– O‘zing baqaloq, – deb Laqabchining ko‘kragidan itarib yubordi, bola gandiraklab borib orqasi bilan yerga o‘tirib qoldi. Xayriyatki shu paytda ichkaridan hovliqib chiqqan O‘ris xola «Orifjon, ukalaringni olib, bu yoqqa kel» deb chaqirib qoldi. Bo‘lmasa, kim biladi deysiz, laqab qo‘yish marosimi qulochkashlab, mushtlashish, burunlarni yerga ishqash bilan tugagan bo‘larmidi. Sheriklari oldida izza bo‘lgan laqabchi dik etib o‘rnidan turdri-da, orqasini qoqib:

– Sen hali shoshmay turgin! – deb o‘dag‘ayladi, – senga oltmishta laqab qo‘yib, shunaqangi ta’ziringni berayki!

Sulton yana bo‘sh kelmay:

– Mana senga laqab! – deya mushtini ko‘rsatib qo‘ydi unga.

Nazarimda boshqa bolalar Sultonga xayrixoh bo‘lib: «Ajab qilding, boplading» degandek qarab turishardi. Shuning uchun ham ukamning bu qo‘rsligini o‘zimcha kechirgan bo‘lib, indamay qo‘ya qoldim.

Ichkarida bizni tarbiyachilar, oshpaz ayollar kutib turishgan ekan. O‘ris xola bizni ularga nom-banom tanishtirib chiqqach, o‘z navbatida ularning ham nomini, vazifasini aytib bizga tanishtira boshladi. Biz o‘sha paytda juda qattiq hayajonda edik. Yangi, o‘zimiz uchun butunlay notanish bo‘lgan olamda to‘satdan paydo bo‘lib qolganimiz uchunmi, tarbiyachi-yu oshpazlar bizga g‘alati-g‘alati qarashlar qilib oyog‘imizdan boshimizgacha sinchiklab nazar tashlayotganlari uchunmi, hozirgina tashqarida bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz voqeaning oqibatidan qo‘rqkanimizdanmi yoki o‘zimiz ham bilmagan boshqa sababdanmi biz olti aka-uka goho-goho boshimizni egib, nafasimizni ichimizga yutib entikib turardik. Ehtimol shuning uchundir semiz, baqaloq oshpazlarning ham, oriq, qotma tarbiyachilarning ham nomlarini eslab qololmadik. Faqat shu narsa esda qoldiki, bizni boshlab kelgan O‘ris xolani Mariya Pavlovna deb atashar ekan. Mariya Pavlovna bu yerda ham direktor, ham bosh tarbiyachi, ham oshpazlarning nachalnigi ekan…

Tarbiyachilardan bittasi boshlaringda yara yo‘qmi, kiyim-boshlaringda bit ko‘pmi deb so‘radi. Yana bitta tarbiyachi opa bu yerda tartib-intizom juda qattiq, tarbiyachilarning gapini ikki qilgan bola darrov haydab yuboriladi, o‘rniga boshqasi olinadi, dedi. Bu yerga kelmoqchi bo‘lganlar son mingta emish, lekin bir yo‘la hammasini qabul qilishning hech iloji yo‘q emish… Xullas yaxshi odam bo‘lib chiqish faqat o‘zimizga bog‘liq emish.

U yog‘i juda tez yurishib ketdi, hammomga tushish ham, kiyim-bosh kiyishimiz ham pand-u nasihatsiz o‘tdi. Oshxonaga olib kirib, ovqatlantirib ham qo‘yishdi. Biz ilgari hech stolda oyog‘imizni osiltirib o‘tirib ovqat yemagan edik temir qoshiqda ham ovqat ichmagandik oldin Sulton, ketidan Omon ham og‘izlarini kuydirib olishdi. O‘ris xola bu yerdagilarning hammasini yuragini olib qo‘ygan ekanmi, hammomni yoqib bergan stolining o‘ng tomoni oq, chap tomoni qora chol buva ham, omborxonadan bizga kiyim-bosh olib chiqqan manqa kampir ham oyoq uchida harakat qilishib, biron narsa buyurib qolsa, bexabar qolmay, deb O‘ris xolaning ko‘zini, og‘zini poylab ish qilishyapti.

Oshxonadan chiqsak… voy-bo‘y, hovliga bola demagani sig‘may ketibdi. Hammasining oyog‘ida qo‘njli botinka, kechagina moylatishgan bo‘lsa kerak yalt-yult qilib turibdi, egnilarida kostyum-shim, boshlarida chuchvara nusxa do‘ppi… ikki qator bo‘lib safga tizilishgan, haligi Laqabchi barabanchi ekan. Barabanini bo‘yniga osib olibdi. Uning yonida bir yo‘la ikkita surnaychi ham turibdi.

Bizni haligi tarbiyachi opalardan biri o‘rtaga olib chiqib, yuzimizni safga qaratib turg‘azib qo‘ydi. Men yana o‘ng‘aysizlana boshladim, nega desangiz, hammaning ko‘zi bizda bo‘lib qoldi. Xayriyat, O‘ris xola boshqa tarbiyachilar bilan chiqib kelishdi-yu, hammaning diqqati o‘shalarda bo‘lib qoldi.

– Hamma shu yerdami? – so‘radi tarbiyachilardan biri.

– Shu yerdamiz, – qichqirishdi bolalar.

Qiziq, direktor negadir bizning haqimizda emas, balki urushdagi ahvol haqida gapira boshladi, qizil askarlar hozir yovuz dushmanning bosqinini to‘xtatib, qarshi hujumga o‘tib zarba ustiga zarba berayotgan ekan. Ana shu zarba berayotganlar orasida bizning akalarimiz, otalarimiz ham bor ekan, ularning vazifasi dushmanni tezroq yanchib tashlash ekan.

– Xo‘sh, bizning vazifamiz-chi? – so‘radi direktor.

– A’lo o‘qish, – qichqirishdi bolalar.

– Yana?

– Intizomli bo‘lish.

– Yana?

– Voy-dod! – qichqirib yubordi bir qizcha, – ilon!!

Qizcha dodlagan joyida saf aralash-quralash bo‘lib ketdi. O‘ris xola chopqillagancha o‘sha yerga yetib bordi, nozcha, yuziga bilinar-bilinmas sepkil toshgan, peshanasi yiltiroq, qo‘ng‘ir sochli bir bola:

– Ilon yo‘q, – deb o‘zini o‘zi oqlay boshladi.

– Bor, ichiga berkitib oldi, – yig‘lab dedi qizcha.

Bola chindan ham qo‘yniga ikki qarichcha keladigan chipor ilonni berkitib olgan ekan, qo‘lga tushgach, bu chaqmaydi, o‘rgatilgan, kechasi ham qo‘ynimga solib yotaman deb yana o‘zini oqlay boshladi. Yo‘q, direktor juda qattiqqo‘l ekan, peshanasi yiltiroq bolaning qulog‘idan cho‘zib, yelkasidan itarib safdan chiqarib yubordi. Yig‘ilishdan keyin sen bilan boshqacha gaplashaman, deb dag‘dag‘a ham qilib qo‘ydi. O‘rniga qaytib yana gapira boshladi.

– Yuz kishilik ahil oilamizga bugun olti a’zo qo‘shilyapti, ularni o‘z akamiz, o‘z ukamizdek bilib, bilganimizni o‘rgatib, bilmaganimizni o‘rganishimiz kerak.

– Shunday qilamizmi? – ovozini bir parda ko‘tarib so‘radi direktor.

– Shunday qilamiz, – takrorlashdi begona bolalar.

– Bizning xonamizda uch kishilik joy bor!

– Ko‘rpamni ho‘l qilib qo‘ymasa bittasini men yonimga olaman.

– Arifmetikadan o‘zim o‘rgataman.

– Ona tilisi mening bo‘ynimga, – degan ovozlar ham eshitildi. Mana shu gaplardan keyin biz o‘zimizni sal bosib olgandek bo‘ldik. Juda yomon bolalar emas ekan, odamgarchiligi ham chakki emasga o‘xshaydi, degan fikr o‘tdi ko‘nglimdan, nazarimda ukalarim ham shu xususda o‘ylashgan bo‘lsa kerak yuzlariga qizillik yugurib, tabassum guli ochilgandek bo‘ldi.

Direktorning topshirig‘i bilan surnaychi bolalar do‘stlik marshini chala boshlashdi. Laqabchi barabanini beo‘xshov urib, ularga jo‘r bo‘lib turdi. Biz safdagi jamiki bolalar bilan qo‘l berib so‘rashib chiqdik. Xuddi shu paytda qalbimda shodlik quvonch hislari mavj urayotganini sezib qoldim. Bolalardagi samimiyatmi, surnay bilan barabanning yoqimli sadosimi, direktor bilan tarbiyachilarning iliq-iliq boqishlarimi, bilmayman, ishqilib o‘zimda yo‘q sevinib ketdim, entika-entika otimni aytib, safni aylana boshladim…

Sulton, Usmon uchovimizni ellik kishilik bir xonaga joylashtirishdi, shundoqqina eshikning yonginasiga uchta sim karavot qo‘yib berishdi. Zulayho bir-pasda o‘ziga o‘rtoq topib oldi, men shu singlim kamgap-u kamsuqumroq bo‘lgani uchun yakkalanib qoladi deb qo‘rqqan edim. Yo‘q, unaqa bo‘lmadi, tantanali tanishuv tugashi bilan qizlar uni qurshab olishdi. Xuddi yangi tushgan kelinchakni e’zozlagandek o‘rtaga olib yotoqxonalariga olib kirib ketishdi. Robiya bilan Omon vaqtincha O‘ris xola bilan yotib turadigan bo‘lishdi. O‘ris xola hu birda, bizning uyga borganda, Omonga yasatilgan yog‘och ot sovga qilib, menga butunlay o‘g‘il bo‘lganingda qilichiniyam beraman degan edi. Shu qilichni qo‘lga kiritish umidida Omon O‘ris xolaning etagiga mahkam yopishib oldi.

Kechqurun bizning yotoqxonamizga tarbiyachi opa kelib suhbat o‘tkazdi. Rayonimizdan bitta qahramon chiqib, rasmi gazetaga bosilgan ekan, o‘sha qahramon haqida so‘zlab berdi. Juda yaxshi o‘qigan ekan, umuman, yaxshi o‘qigan bolalar katta bo‘lganda yo qahramon bo‘larkan, yoki juda obro‘li odam bo‘lib yetishar ekan. O‘sha oqshom ko‘p bolalar bilan tanishib oldim. Haligi ilon o‘ynatgan bolaning oti Samar bo‘lib, detdomda uni Samovar deb chaqirishar ekan. Samovarning ota-onasi urush boshlanmasdan oldin o‘z ajali bilan o‘lib ketgan ekan, bu yerga kelganiga ikki yil bo‘libdi, umuman, bu yer yaxshi ekan. Mening yonginamda yotgan yuzlari qopqora, ko‘zlari chaqnab, yelkalari galma-gal uchib turadigan bolani Qoravoy deb chaqirishar ekan. Bizning xonamizda yana Ko‘rshermat, Islom qo‘rboshi, Yebto‘ymas degan bolalar ham bor ekan, lekin ular bilan durustroq tanisha olmadim.

QAROQCHILAR MENI QANDAY QILIB KALTAKLASHGANI

Otam, opam, ukalarim hammamiz hovlidagi katta supada qovun yeyapmiz, ukalarim qiqirlashib kulishib, bir-birlariga urug‘ otishadi.

To‘satdan yer qimirlab, supani ko‘tarib tashladi.

Sapchib o‘rnimdan turib ketdim.

Tush ko‘rayotgan ekanman… Yotoqxona o‘rtasida qora chiroq miltillab yonib turibdi, bolalar bir me’yorda pishillab o‘xlashyapti, tepamda birov turganga o‘xshaydi. Qiziq, kim bo‘ldi ekan bu?

– Tursang-chi, ahmoq! – yelkamdan tortdi sharpa.

– Kimsan o‘zi? – so‘rayman qo‘rqa-pisa.

– Tur, direktor chaqiryapti.

– Nima ishi bor ekan shu mahalda?

– O‘zidan so‘raysan.

Direktorning menga ham, ukalarimga qilgan mehribonchiligi, yaxshi muomalalari uchun yaxshi ko‘rib qolganmiz, ber desa unga jonimni ham berishga tayyorman. O‘rnimdan turib shoshilib kiyindim. Hovliga chiqqach, sharpani ovozidan tanib qoldim – Laqabchi, ha, o‘shaning o‘zginasi. Qiziq, nega endi direktorning xabarchisi yuziga niqob tutib keldi ekan… Tavba! Ehtimol meni tungi navbatchilikka qo‘yishmoqchidir… Bordi-yu, qishloqdan biron shum xabar kelib qolgan bo‘lsa-ya, ishqilib tinchlik bo‘lsin-da…

– Men seni tanib turibman – dedim niqobli bolaga.

– Xo‘sh, tanigan bo‘lsang kim ekanman?

– Laqabchisan.

– Bekor aytibsan.

– Meni qayoqqa olib boryapsan?

– Mariya Pavlovnaga.

– Boshqa yoqqa ketayotganga o‘xshaymiz-ku?

– Ishing bo‘lmasin, ezma.

Torgina yo‘lakchadan boqqa chiqdik. Bog‘ juda katta bir gektarcha keladi, ehtimol undan ham kattadir. Quchoq yetmaydigan o‘rik-yong‘oqlar tarvaqaylab o‘sib yotibdi… Atrofda tiq etgan ovoz yo‘q, hamma yoq jim jit. Har zamonda kakku qushning sayragani eshitilib qoladi. Haddan tashqari qorong‘i bo‘lgani uchunmi kakkuning ovozi xuddi boyo‘g‘lining ovozidek vahimali eshitiladi… Qiziq, juda qiziq, direktor bemahalda bog‘ning etagiga nega bordi ekan… Ha-ha, tushundim, to‘nka ko‘chirisha-yotgan bo‘lsa kerak kecha kunduzi oshpazlar o‘tin yo‘q deyishganda, Mariya Pavlovna, bolalarning kattarog‘idan olib boqqa chiqib to‘nka ko‘chiringlar, deb tayinlagandi, demak kechasi ko‘chirmoqchi bo‘lishibdi-da, yuzlariga niqob tutib, hech kimga bildirmasdan bajarishmoqchi bo‘lishibdi, qoyil! Mayli, ishlayman, astoydil ishlayman ukalarim bilan yarim och qolib hamma yog‘imizni bit talab ketganda bizga yaxshilik qilishdi, yangi kiyim-bosh, issiq o‘rin, ovqatlar… shular uchun ham ishlayman. Shoxlari har tomonga tarvaqaylab ketgan ulkan yong‘oq daraxti orqasidan yana uchta sharpa chiqib biz tomonga kela boshladi..... Negadir oyoq-qo‘lim qaltirab ketdi. Direktor turgan tomonga, bog‘ etagiga qarab qochmoqchi bo‘luvdim, meni kuzatib kelayotgan sharpa shartta yelkamdan oldi:

– To‘xta!

– Qo‘yvor! – dedim siltanib. Yo‘q, kechikdim. Sharpalar meni har tomondan o‘rab olishdi. Qo‘llarida uchiga temir qadalgan tayoq, dodlamoqchi bo‘luvdim ovozim chiqmasa bo‘ladimi. Qattiq qo‘rqib ketganimda hiqichoq tutadigan odatim bor, shu paytda ham don tiqilgan xo‘rozdek «qiyq-qiyq» qilib turaverdim.

– Xo‘sh, Besh bolali yetimcha, ahvollar qalay? – so‘radi novcha sharpa.

– Qo‘yvoringlar meni, – dedim nihoyat o‘zimni bosib olib, – bo‘lmasa hozir direktorni chaqiraman.

– Ehtimol urushga ketgan dadangni ham chaqirarsan, – mazax qildi bittasi.

– Chaqiraman.

– Bor! – buyruq berdi novcha sharpa. Tappa yerga bosishib, og‘zimga latta tiqishdi.

– Ariqning ichiga tort! – buyruq bo‘ldi yana. Oyog‘imdan sudrab suvi qurib qolgan anhorga olib tushishdi. Og‘zimdan lattani olib:

– Xo‘sh, – dedi bittasi, – yana dodlaysanmi?

– Sizlar kimsizlar o‘zi?

– Qaroqchilarmiz.

– Yolg‘on, ovozlaringni tanib turibman, – shunday deyishim bilan meni yana to‘rt tomondan qurshab olishdi-yu, haligi uchiga temir qadalgan tayoqlarni qornimga qadashdi, novcha sharpa sekin gap boshladi: bu yerda, ya’ni bolalar uyida uch xil tartib bor ekan. Birinchi tartib, direktorniki ekan, uni buzgan bola haydalarmish. Ikkinchi tartib, tarbiyachilarniki ekan, uni kim buzsa, hayfsan eshitar ekan. Uchinchi tartib, Ko‘rshermat boshliq qaroqchilarniki ekan, kimda-kim bular o‘rnatgan tartibni buzsa, terisi shilinib olinar ekan yoki mana shu suvi qurib qolgan anhorga tiriklayin ko‘milar ekan. «Keyingisi og‘irroq ekan» deb o‘yladim vahima ichida.

– Tushunarlimi? – so‘radi qaroqchilar boshlig‘i.

– Tushunarli, qani ketdik bo‘lmasa, – dedim shoshapisha.

– Qayoqqa? – nazarimda to‘rttov sharpa baravar so‘ragandek bo‘ldi.

– Kunda ko‘chirmaymizmi?

– Qanaqa kunda?!

– O‘rikning kundasini-da.

– Esing joyidami?

– Bo‘lmasa meni nega chaqirib keldilaring?

– Ahmoq! – shunday deb tayog‘i bilan yelkamga turtib yubordi qaroqchilar boshlig‘i. Keyin yana maydalab tushuntira boshladi:

– Nechta ukang bor?

– Beshta.

– Demak o‘zing bilan olti kishisizlar, shundaymi?

– Shunday.

– Har kuni necha mahal ovqat beriladi?

– Uch mahal.

– Ovqatga necha burdadan non qo‘shib beriladi?

– Ikki burdadan.

– Bir burdasini bizga berasanlar. Uch mahalgisi o‘n sakkiz burda bo‘ladi. Ukalaringni ko‘ndirolmasang, joningdan umidingni uzaver.

Eshityapsizmi, men bu betiga niqob tutib olgan tentaklarga non berarmishman! Endi qornimiz to‘yib, yuzimizga qizillik yugurganda burnimizni qonatisharmish. Sultonning o‘zi arang to‘yyapti-yu gapni qarang-a! Yo‘q… o‘lsam o‘lamanki, bitta uvog‘ini ham bermayman.

– Gapir! – yelkamga turtdi qaroqchi.

– Senga beradigan nonim yo‘q.

O‘rtaga olib savalab ketishdi. Ochig‘ini aytsam, men ham qarab turganim yo‘q, duch kelganini yo mushtlab, yo tepib yuboryapman… Oxiri bo‘lmadi, holdan toyib yiqilib qoldim. Bittasi yelkamga minib, qulog‘imdan chuzib boshimni ko‘tardi:

– Xo‘sh, endi-chi?

– Quloqni yeding! – dedim loy tupurib.

– Shartga kundingmi?

– Yo‘q, yo‘q! – deb baqirib yubordim va shu baqirganim asnosida bilmadim, bu kuch qayoqdan paydo bo‘ldi ekan, yelkamdagi qaroqchini ag‘darib, o‘rnimdan turib ketdim. Bittasi orqamga tirmashib, yana yerga yiqitdi.

– Chaqimchilik qilasanmi?

– Qilaman!

– Shartga ko‘nmaysanmi?

– Ko‘nmayman!

– Qo‘l-oyog‘ini bog‘langlar!

– Bugunga shunisi ham yetar.

– O‘ziyam joni itning jonidan ham qattiq ekan!

– Ertagacha muhlat senga, ko‘nmasang tiriklayin ko‘mib yuboramiz.

– Ko‘msang-ko‘ma qol! – dedim-u, turmoqchi bo‘lib qo‘limni yerga tiragan edim, boshim aylanib, shilq etib yiqilib tushdim…

O‘zi shu kunlarda juda darmonsizman. Opamning vafotiga ko‘p kuyganimdanmi, tez-tez boshim aylanib, ko‘zim tinib o‘zimdan ketib qoladigan bo‘lib qoldim… Hozir ham yer gir aylanyapti, yulduz to‘la osmon-u, azim daraxtlar bir-biri bilan aralash-quralash bo‘lib ketayotgandek… Yo‘q, yo‘q, senlarga non bermayman, ukalarimning haqqini himoya qilishim kerak, opajonim shunday degan, otam tayinlab ketgan!

– Bermayman! – deb entikib yana o‘rnimdan tura boshladim… Qiziq, qaroqchilar yo‘q, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishibdi.

Asta-sekin yotoqxona tomonga qarab yurdim, ariqda yuz-qulimni yuvib, kiyimimni ham chang-chungdan tozalab oldim… Nima qildim endi, bu dahshatli voqeani direktorga aytaymi yoki aytmaslik kerakmi? Xo‘sh, o‘sha qaroqchilarni menga ko‘rsat desa kimni ko‘rsataman, axir men ularni yaxshilab tanib ololganim yo‘q-ku. Keyin chaqimchilik qilding deb bu zolim qaroqchilar meni chindan ham o‘ldirib yuborishsa-chi, unda ukalarimning ahvoli nima bo‘ladi… Uch kungacha o‘rnimdan turolmay isitmalab yotdim, Mariya Pavlovna uncha-muncha do‘xtirlikdan ham xabardor ekan, kaplab ichadigan, badanga surtadigan har xil dorilar berib turdi. Ammo unga bo‘lib o‘tgan voqeani aytmadim, faqat Sulton ukamga hech kimga aytmaslik sharti bilan sal uchini chiqarib qo‘ydim.

– Shaytonlar! – dedi ukaginam menga achinganidan yig‘lagudek bo‘lib, men hali ular bilan bir gaplashib qo‘yaman.

– Qo‘y uka, ular bilan tenglashib o‘tirmaylik – dedim katta g‘alva boshlanishidan cho‘chib.

– Seni kaltaklatib men qarab turar ekanmanmi! – baqirib yubordi Sulton.

O‘RIS XOLA HAM YETIM BO‘LGAN EKAN

Ishonsangiz shu paytda juda, juda ham xursandman. Bolalarning oldida sakrab-sakrab, o‘yinga tushvoray-tushvoray deb yugurib kelyapman. Oh, hozir opajonim tirik bo‘lgandamidi! A’lo baho olganimni eshitib «Aqlligimdan o‘rgilay» deb betlarimdan o‘pgan bo‘lardi… Umrim bino bo‘lib ona tilidan birinchi marta a’lo olishim. Qishlog‘imizda uy ishlaridan bo‘shab, tuzukroq dars qilolmasdim, bu yerda dumini xoda-xoda qilib ma’rab turgan sigir ham yo‘q, hovli ham supurmaysan, jo‘xori tuyib osh solish-u, tomga sholi yoyishni ham o‘ylamaysan, o‘qiysan, o‘qiysan, tamom-vassalom!

Rostini aytsam, ilonboz Samovar yaxshi bola ekan, xuddi qishloqdagi o‘rtog‘im Mahmudxonga o‘xshab ketarkan, juda rahmdil, juda mehribon. Buning ustiga hamma fanlardan faqat a’lo olib o‘qiydi deng. Darslarni birga tayyorlaymiz, Uchi, agar ishonsangiz, muallimlardan ham ko‘p biladi, anavi chap yonimda yotadigan Qoravoyni aytmaysizmi, o‘zi qo‘ng‘izdek dumdumalog‘-u, lekin kallasi to‘la bilim ekan. Qoravoy ham men bilan o‘rtoq bo‘lib qoldi. Sinfda ham yonma-yon o‘tiramiz, kechasi hovliga chiqquday bo‘lsak ham birbirimizga sherik bo‘lib chiqamiz.

– Besh bolali, – deydi ba’zan dars qilib o‘tirganimizda, – menga qara.

– Nima deysan? – deb so‘rayman.

– Darslaringni sal yetkazib olgin, keyin senga ham gorn chalishni o‘rgatib qo‘yaman, xo‘pmi? Og‘zing katta, tomog‘ing yo‘g‘on, sendan ajoyib gornchi chiqadi…

– Gorning nimasi?

– Men chalaman-ku, o‘sha-da.

– Uni bizning qishloqda surnay deyishadi.

– Yo‘q, bu surnay emas, gorn! Bildingmi?

– Bildim.

– O‘rgataymi?

– Mayli.

Bir nafas o‘tar-o‘tmas berigi yonboshimda peshanasini jiyirib hisob ishlab o‘tirgan Samovar ham meni turtib qoladi:

– Besh bolali.

– Nima deysan?

– Kanikulda qayoqqa borasan?

– Bilmasam.

– Xo‘p desang, bizning qishloqqa ketamiz.

– U yerda nima qilamiz?

– Qishloqning etagida kattakon ko‘l bor, mazza qilib ilon ushlaymiz.

– Men ilondan qo‘rqaman.

– Qo‘rqma, ilon hech qachon birinchi bo‘lib hujum qilmaydi.

– Qani, kanikul boshlanaversin-chi, – deb qo‘yaman unga ham. Xullas mana shu ikki o‘rtog‘imning yordami bilan men bugun ona tilidan a’lo oldim… Ox, hozir opajonimmi, otammi bo‘larmidi! Ha mayli, O‘ris xolam bor-ku, suyunchining kattasini o‘shandan olarman, o‘zi a’lochilar qatoriga qo‘shilgan kuning mukofotlayman degan edi-ku. Shuning uchun ham Qoravoy bilan Samovarni ortda qoldirib yugurib ketyapman. Atrofga qorong‘i tushib qolgan, ammo mening dilim ravshan, qirqinchi chiroq yoqilgandek charog‘on! Darvoza qorovuli – bir ko‘zli – amakining hoy-hoylashiga ham qaramay eshikni sharaqlatib ochib, O‘ris xolaning uyiga qarab yugurdim… E attang, eshigida shapaloqdek qulf osig‘lik turibdi. Samovar bilan Qoravoy izma-iz yugurib kelishayotgan edi:

– Yo‘qmikan? – afsuslanib so‘radi Samovar.

– Oshxonadadur, – mening o‘rnimga javob qaytardi Qoravoy, – ukalaring ham ko‘rinmayapti-ku.

Suyunchi olgani kechki ovqatdan so‘ng chiqadigan bo‘ldik, nega desangiz kechikkan bolaga ovqat olib qo‘yishmayd. Bir yuz yetti bola stol atrofita bir vaqtda o‘tirib, bir vaqtda turishimiz kerak.

– Besh bolali, – deb yelkamga qo‘lini qo‘ydi Samovar.

– Nima deysan?

– Bir narsa so‘rasam maylimi?

– Mayli.

– Ochiq, aytasanmi?

– Ochiq aytaman.

– Mariya Pavlovna sizlarga kim bo‘ladi?

– Hech kim.

– Bolalar Mariya Pavlovna Oriflarning xolasi bo‘larkan, Oriflar ham aslida o‘ris ekan deyishyapti.

– Yolg‘on!

– Demak sening oying o‘zbekmi?

– Bo‘lmasa-chi!

– Nega bo‘lmasa, Mariya Pavlovna sizlarni bunchalik yaxshi ko‘radi? Hammaga uch oydan keyin yangi kiyimbosh berardi, sizlarga bo‘lsa kelgan kunlaringdayoq, bera qolishdi. Ko‘rpalar-u bolishlaring ham yap-yangi… Yana bitta narsa so‘rasam maylimi?

– Mayli.

– Singling Robiya bilan she’r to‘qiydigan ukang Omonni Mariya Pavlovna o‘z familiyasiga o‘tkazib olgani-chi, bunisiyam yolg‘onmi?

– Yolg‘on!

– Bolalar aytishyapti-ku?

– Aytishsa-aytishaversin, bari bir yolg‘on. O‘ris xola o‘zi ukalarimni yaxshi ko‘radi, uyimizga borganda ham ukalarimni tizzasiga olib o‘tirib yig‘lab yuborgan, Parpi buvamga dadalari kelguncha bu bolalarni onasidek tarbiya qilaman deb so‘z bergan… Undan ko‘ra, Samovarjon, sen menga bir narsani yaxshi tushuntirib bergin. Sen O‘ris xolani yaxshi bilasanmi?

– Bo‘lmasam-chi.

– Qani, ochiq, ayt-chi, Mariya Pavlovnaning asli o‘zi o‘rismi, no‘g‘aymi yoki o‘zbekmi?

– Voy, shuniyam bilmaysanmi?

– Bilmayman-da.

Samovarjonning aytishicha, O‘ris xola ham yoshligida yetimxonada katta bo‘lgan ekan, yigirmanchi yildami, yigirma beshinchi yildami, bunisi Samovarning esida yo‘q, ekan, ishqilib bosmachilar ko‘paygan paytlar ekanda, o‘sha quturgan bosmachilar O‘ris xolaning otasi bilan onasini otib ketishibdi…

– O‘shanda Mariya Pavlovna to‘rt yoshda ekan, – tushuntira boshladi Samovarjon. – Bitta o‘zbek komandir uni o‘ziga qiz qilib olibdi, lekin Mariya Pavlovna sigirdan qo‘rqar ekan, sigirning o‘zidan emas-u, shoxidan qo‘rqar ekan. Aksiga olib, komandirning uyida bir emas ikkita sigir boqilar ekan, ko‘chaga chiqsa ham, dalaga chiqsa ham hamma yoqda shoxi uzun sigirlar emish, buning ustiga biram xunuk ma’rasharkanki… Kunlardan bir kun komandirning xotinini bosmachilar qopga solib, otga o‘ngarib ketishibdi. Ertasiga qizil komandir xotinini qidirib borgan ekan, xotiniga qo‘shib uziniyam tiriklay ko‘mib yuborishibdi… O‘sha paytlarda mehribon odamlar juda ko‘p bo‘larkan, qizil komandirning o‘g‘li bilan Mariya Pavlovnani Qo‘qondagi detdomga olib borib berishib-di. O‘sha yerda o‘zbek bolalar, o‘zbek qizlar juda ko‘p ekan, Mariya Pavlovna ham bora-bora o‘zbek bo‘lib ketibdi. Keyin, eshityapsanmi, keyin komandirning o‘g‘li bilan aka-uka bo‘lishibdi, keyin er-xotin bo‘lishibdi, oxirida mana shu rayonga o‘qituvchi bo‘lib kelishgan ekan.

– Eri qayerda hozir? – deb so‘radim.

– Qahramonlarcha halok bo‘lgan…

– Hozir ham O‘ris xola sigirdan qo‘rqadimi?

– Qo‘rqadi, – davom etdi Samovarjon, – Ko‘chada ketayotganda oldidan shoxlik maxluq, chiqib qolsa tamom, darrov orqasiga qaytib boshqa ko‘chadan yuradi.

– Samovarjon, yana bitta narsa so‘rasam xafa bo‘lmaysanmi?

– Xafa bo‘lmayman.

– Qani aytchi, nega O‘ris xolaga Marayim polvon deb laqab qo‘ydilaring?

– Bundan yaxshisini topib bo‘lmadi-da.

– Eshitsa xafa bo‘lmaydimi?

– Nega xafa bo‘lar ekan, axir hammaning ham laqabi bor-ku. Ona tili o‘qituvchisiniki «Ha, demak», tarbiyachi Donoxon opaniki «Voy o‘lmasam», oshpaz xolaniki «Girgitton», seniki «Besh bolali» mana menga bo‘lsa «Samovar» deb qo‘yishgan.. Mariya Pavlovnaning o‘tin yorganini ko‘rganmisan?

– Yo‘q.

– Qopda don ko‘targanini-chi?

– Yo‘q.

– Bozordan qo‘y orqalab kelganini-chi?

– Yo‘q.

– Demak, Besh bolali, sen hech narsani bilmas ekansan. Marayim polvon chindan ham polvon, bir kuni uning o‘ziga laqabini aytib bergan edik, shunaqangi kuldiki, ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi, oxiri ha mayli, shu bilan ovunsalaring men rozi, lekin yomon o‘qisalaring, tartibni buzsalaring quloqlaringni uzib itga tashlayman, dedi.

Xullas, o‘sha oqshom, ya’ni men ona tilidan a’lo baho olgan kunim Samovarjon, Qoravoy uchalamiz kechki ovqat mahalida ham, ovqatdan so‘ng hovliga chiqib qizlarning o‘yinini tomosha qilganimizda ham nuqul Mariya Pavlovna haqida gaplashdik. Qoravoy ham gapga tushib ketdi. O‘ris xola eridan qora xat kelgan kuni o‘zidan ketib naq bo‘lmasa o‘lib qolayozibdi… Yarim kun behush yotibdi. Bolalar Mariya Pavlovna to‘satdan omonatini topshirib yuborsa, bizning ahvolimiz nima bo‘ladi deb qo‘rqqanlaridan piqillashib, bir xillari ulu tortib yig‘lashga ham tushibdi. Bir mahal Mariya Pavlovna o‘ziga kelib:

– Qizlarim, yig‘lamanglar, mana tuzalib ham qoldim, – deb hammasini bag‘riga bosib, yuzlaridan o‘pib, sochlaridan silabdi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации