282 000 книг, 71 000 авторов


Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 8

Читать книгу "Беш болали йигитча"


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 09:40


Текущая страница: 8 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +
«QAROQCHILARNING XAZINASI»

Hammamizni hovliga quvib chiqib safga tizishdi, bozorda uchta bola qo‘lga tushgan ekan, ularni ham yonimizga turg‘izib qo‘yishdi. Tarbiyachilar-u, oshpaz-u, qorovullargacha – hammalari shu yerda. Mariya Pavlovna qaysi birimizni savalab yoki tepkilab qolarkan deb yuraklarini hovuchlab turibdi. Go‘yo bir soatlik motam e’lon qilingandek hamma jim, hamma sukutda, boshini egib olgan. Faqat Mariya Pavlovnagina xuddi qovog‘ari chaqib olgandek vozillab yugurib yuribdi, duch kelganni turtib, tepib, yuboryapti. Hovlida bo‘sh chelak yotgan ekan, toshga urib pachaqlab tashladi. Ustunning tagidagi oyboltani olib qulochkashlab otgan edi, nazarimda bir chaqirim naridagi maktabimizning tomiga borib tushgandek bo‘ldi.

Men Mariya Pavlovnani qobil-mo‘min, har qanday gapga ham kulimsirab qo‘yaveradigan mehribongina opa desam, voy-bo‘y… ha mayli, endi bu yog‘ini eshiting.

Mariya Pavlovna xurjun da’vo qilib kelgan yakkamdukkam soqolli yoymachi cholning yoqasidan olib:

– Seni nimangni o‘g‘irlashdi? – deb siltadi.

– Xur-xur… xur – dedi-yu, yoymachi chol gapirolmadi. O‘ris xola yoymachining ko‘kragidan itarib yuborib, yana vozillab yura boshladi. Haddan tashqari tutaqib ketgani aniq, lekin nima qilsak jahldan tushadi, hech birimiz bilmaymiz, faqat sukut qilamiz xolos…

O‘ris xolaga achinib ketdim, juda, juda achindim unga. O‘lay agar, bunaqa bo‘lishini bilganimda masxarabozlarga hecham qo‘shilmagan bo‘lardim, o‘sha dumi-yu qalpoqchasiyam boshida qolsin-e! Ishonsangiz, alamim oshganidan yugurib borib Ko‘rshermatni yulib olgim kelyapti, qani endi hamma yog‘ini tishlab-tishlab uzib olsam deyman, qo‘limni musht qilib o‘sha yoqqa o‘qtalibo‘qtalib qo‘yyapman. O‘ris xola yurishdan to‘xtab, entikib, qizarib ketgan ko‘zlarini hammaga bir-bir tikib chiqdi:

– Kimdan chiqdi bu qiliq?

Qiziq, nega hammamiz jim turibmiz, axir bu bema’ni o‘yinni kim boshlaganini bilamiz-ku? Qani, kim birinchi bo‘lib gapirarkan, bir-ikki-uch… nega hamma jim, nega?!

Sekin qo‘l ko‘tardim.

Gapir! – yer tepinib dedi O‘ris xola.

– Bu ishni Shermat… dedim-u, ko‘ziga ko‘zim tushishi bilan u yog‘ini gapirolmadim. Qo‘rqib ketdimmi yoki yuz-xotirga bordimmi, bilmayman. Ehtimol unga rahmim kelgandir, ehtimol xiyonat qilishni istamagandirman, nima bo‘lganda ham u yog‘ini aytolmay jim bo‘lib qoldim. Ko‘rshermat bo‘lsa menga baqraygancha qarab turibdi, labining bir chekkasida kulgi, yana bir chekkasida mazax borga o‘xshaydi.

Ahmoq, O‘zingdan chiqdi-ku bu gap, – dedi u to‘satdan jonlanib. – Islom, gapir kimligini!

– Besh bolali boshladi, – deb qo‘ydi Islom qo‘rboshi ham.

– To‘g‘ri, mana Orifdan chiqdi, juda pismiq bola ekan, – tasdiqladi Laqabchi.

Ie, bunisi necha puldan tushdi endi, o‘ngimmi, tushimmi bu? Nahotki ko‘zini lo‘q qilib turib yolg‘on gapiraversa.. Nega anavi bolalar jim turibdi, axir, axir… Qoravoy turgan joyida qo‘l ko‘tardi. Men ochig‘ini aytaymi?

– Ayt!

Keyin mening terimga somon tiqishsa-chi?

– Bunday qilisholmaydi.

Qoravoy Shermat bilan Islom shayka tuzib olishgan, qora matodan yuzlariga niqob, temirdan nayza, tunukadan qilich ham yasab olishgan degan edi, gapini tugatmasdanoq Shermat bilan Islom bidillashib, aksincha Orif bilan Qoravoy shayka tuzishgan deb qasam ustiga qasam icha boshlashdi. O‘ris xola qaysi tomonning gapiga ishonishni bilmay garang bo‘lib qoldi. Nihoyat, Islom bilan Shermatni o‘ngga, Qoravoy ikkovimizni chap tomonga o‘tkazib, safga murojaat qildi:

– Qani aytinglar-chi, qaysi birlarining gapi to‘g‘ri?

Hamma jim, boshini egib turibdi. Shermat bilan Islom g‘oz turib ko‘kraklarini kerib safdagilarga viqor bilan nazar tashlashyapti, ha-ha, ularning qarashi juda qo‘rqinchli, ko‘zlarida dahshat, vahima bor, ana shu ta’riflab bo‘lmaydigan dahshat, yuraklarni xanjardek tilib o‘tayotgan vahima ularning tilini gung, quloqlarini kar qilib qo‘ygandek.

Olim Chapayev qo‘lini boshi uzra ko‘targancha pildirab o‘rtaga chiqdi-yu, bir so‘z aytmay yana pildiragancha orqasiga qaytdi. Keyin turgan yerida piqillab yig‘lab yubordi.

– Ha, tag‘in nima bo‘ldi? – zardasi qaynab so‘radi O‘ris xola.

– Aytsam tilimni sug‘urib olishadi.

– Kim sug‘urib oladi?

– Ko‘rshermat. Ana, qo‘lini musht qilib turibdi, – shunday deb Olim Chapayev battar yig‘lashga tushdi. O‘ris xola jadal borib uni yerdan ko‘tarib oldi.

– Nonimizniyam oladi, – hiqillab dedi Olim Chapayev.

– Kim oladi?

– Ko‘rshermat bilan Islom qo‘rboshi oladi, har kuni uch burdadan olishadi… Qantimizning ham yarmini beramiz, bermasak kechasi chorvoqqa olib chiqib savalashadi.

– Nega ilgari aytmading?

– Aytsang tilingni sug‘urib olaman, degandi… Ana, qarang, yana qo‘lini musht qilyapti.

O‘ris xola xuddi bu gaplarning hammasidan avvaldan xabardor bir kishidek ko‘pam ajablanmadi, kulimsiragancha bosh chayqab:

– Bolalar, Olim Chapayevning gapi to‘g‘rimi? – deb so‘radi.

– To‘g‘ri!

– Hammamizdan oladi.

– Nonni to‘plab qorovulga sotadi.

– Mendan ham non oladi, ham bir mushtdan urib turadi, – deb bolalar har tomondan chug‘urlab qolishdi. O‘ris xola bu gal ham uncha taajjublanmadi, kulimsiragancha «obbo sizlar-ey» degandek boshini chayqab savol-javobni davom ettiraverdi. Hali jahli chiqib, quturgan sherdek bo‘lib ketganda tarbiyachilaru oshpazlarning yuragini olib qo‘ygan ekanmi, u bechoralar ham hamon turgan joylarida qoqilgan qoziqdek tek turishibdi. Mariya Pavlovna yoymachi cholning xurjunini kim olib qochgan bo‘lsa, aybiga ochiq iqror bo‘lsa, kechirib yuboraman degan edi, hech kimdan sado chiqmadi, bo‘yni olmaning savog‘idek ingichka, kallasi katta yebto‘ymas qo‘rqa-pisa qo‘l ko‘tardi:

– Men aytsam maylimi?

– Ayt, – buyurdi Mariya Pavlovna.

– Men bir chelak suyuq osh olib qochuvdim.

– O‘sha suyuq osh qani?

– Yarmini ichuvdim.

– Yarmi-chi?

– Bog‘ning etagida, chelak-pelagi bilan o‘rikning ustiga ilib qo‘yganman.

– Bor, darrov olib kel.. Xo‘sh, bolalar, chol buvaning xurjunini kim olganini endiyam aytmaysizlarmi?

– Islom olib qochgan! – chuvillashdi mayda bolalar. Ammo Islomning o‘zi ko‘zini chaqchaytirib, peshanasini g‘alati tirishtirib g‘iq etmay turaverdi. Mayda bolalar gilam xurjun oshxonaning tomiga berkitilganini ko‘rishgan ekan, darrov topib berishdi. Yoymachi buva duo qila-qila chiqib ketgach, Mariya Pavlovna yana tutaqib ketdi, bu gal zahrini tarbiyachilarga socha boshladi: hech qaysing ishga yaramaysan, essizgina davlatning puli, bugundan e’tiboran hammangni bo‘shataman deb, ayniqsa «Voy o‘lmasam» opani juda o‘sal qildi. Ko‘ksidan itarib o‘rtadan chiqarib yubordi. Keyin yuqori sinfda o‘qiydigan katta bolalar bilan Olim Chapayevni o‘z xonasiga olib kirib, to‘xtab qolgan savoljavobni kelgan joyidan davom ettirdi, ammo Ko‘rshermat ham, Islom qo‘rboshi ham xuddi og‘izlariga talqon solgandek miq etmay turishaverdi. Olim Chapayev yana dadillik ko‘rsatdi.

– Bularning xazinasi qayerdaligini men bilaman! – dedi u sakrab o‘rnidan turib.

– Xazinalari ham bormi? – o‘smoqchilab so‘radi direktor.

– Bor! – negadir sevinib dedi Olim Chapayev.

Nazarimda Islom bilan Shermat turgan joylarida qalqib ketgandek bo‘lishdi, ikkovining ham peshanasi yiltirab, ko‘zlari olayib qoldi. Shermat o‘zini qo‘lga olib tomog‘ini qirib yo‘talgan edi:

– Yo‘talingdan qo‘rqmayman seni, – deb Olim Chapayev xuddi kar odamga gapirayotgandek qattiq-qattiq gapira boshladi, – men Chapayevman, bildingmi! Sen – bosmachisan, bildingmi! Chapayev bosmachidan qo‘rqmay-di, bildingmi!

– Xazinalarida nima bor? – juda mehribon bir ohangda so‘radi Mariya Pavlovna.

– Qilich bor.

– Qilich? Rosmana qilichmi?

– Rosmanasidan ham zo‘r!

– Yana nima bor?

– Nayza ham bor. Non bor, nonlar achib yotibdi.

– Yana?

– Chaqmoq qand bor, mis tovoqning ichida pul ham bor… Yana, yana… papiros ham bor edi shekilli, gugurt ham bor.

Savol-javob xuddi shu yerga yetganda O‘ris xolaning toqati toq bo‘lib ketdi shekilli, o‘rtadagi uzun stolni jonjahdi bilan mushtlab, o‘rnidan turib ketdi.

Ko‘rshermat bilan Islom qo‘rboshini shu yerga qamab, ularning xazinasini tezroq qo‘lga kiritish uchun bog‘ning etagiga qarab yugurdik.

To‘nkaning o‘rnini kengaytirib, hosil bo‘lgan chuqurlikning ustini shox-shabbalar bilan yopib yerto‘laga o‘xshash bir uy qilishgan ekan, jamiki boyliklari mana shu yerda saqlanarkan, Olim Chapayev aytgan narsalardan tashqari yana to‘rtta oq choyshab, ikki juft yap-yangi botinka, bitta mis samovar ham topib oldik. O‘ljalarni qo‘lga kiritib qaytgach, Mariya Pavlovna juda g‘alati bo‘lib qoldi. Hozir kulmoqchimi, yig‘lamoqchimi, baqirib yuraklarimizni yormoqchimi bilib bo‘lmasdi. Eski divanda ikki qo‘li bilan bag‘rini changallagancha uzoq o‘tirdi. Bir mahal boshini ko‘tarib:

–Islom, qani yonimga o‘tir-chi, – dedi negadir juda mehribon bir ohangda. – Sherjon, o‘g‘lim, qani sen ham yonimga o‘tir, barakalla. Ikkovlaring ham endi qilmaymiz deb so‘z beruvdilaring-ku! Islomjon, o‘g‘lim, axir sen tuppa-tuzuk bo‘lib qoluvding-ku, yo sizlarni birov yo‘ldan urdimi?.. Jamiki bolalardan non olarmidilaring?

– O‘g‘il bolalarning o‘zidan, – yo‘tal aralash javob qaytardi Islom.

– Qancha non yig‘ardilaring?

– Bir yuz ellik burda…

– Shuncha nonni nima qilardilaring?

Islom sherigining ko‘ziga bir tikildi-yu, xuddi esini yo‘qotib qo‘ygandek angrayib qoldi. Mariya Pavlovna Islomdan endi gap ololmasligini sezib haligidek yumshoq, mexribon oxdngda Shermatni so‘roq qila boshladi.

– Bizni haydab yubormaysizmi? – to‘satdan bir qarorga kelgandek boshini ilkis ko‘tarib so‘radi Shermat.

– Sen qo‘rqoq emas eding-ku! – ta’na qilgandek dedi O‘ris xola.

– Meni aytdi demaysizmi?

– Yo‘q, o‘zim topdim deyman, – so‘z berdi direktorimiz. Shundan keyin Shermat ham, Islom ham juda dadillashib ketishdi. Darvoza yonida o‘tiradigan bir ko‘zli qorovul o‘rgatibdi bu ishlarni. Bog‘ning etagidagi yerto‘lani ham o‘shaning o‘zi qazib beribdi. Har kungi yig‘ilgan nonlarni olib o‘rniga qilich yasash uchun temir, nayza yasash uchun yo‘g‘on sim topib berarkan, papiros, pul berarkan.

– Qorovulga non bilan qanddan boshqa narsalar ham berardilaringmi?

– Berardik.

– Masalan?

– Kecha kechqurun, – deb negadir deraza orqali hovliga ko‘z tashlab oldi Shermat, – o‘n juft botinka bilan makaron, guruch olib bordik.

– Bularni qayerdan oldilaring?

– Omborxonadan.

– Kalit menda-ku.

– Mo‘ridan tushardik.

– Qizlarning ko‘ylagini hali sizlar olibmidilaring?

– Ha.

– Hammasini qorovulga berganmisizlar?

– Ha.

– Bordiy-u qorovul olganim yo‘q deb tursa-chi?

– Uyini tintuv qilish kerak – deb yo‘l ko‘rsatdi Ko‘rshermatning o‘zi, – xo‘p desangiz o‘zim boshlab boraman, tomdagi poxolning tagiga berkitgan.

– Yo‘q, o‘g‘lim, endi bu yog‘iga sizlar aralashmaysizlar, – g‘azabdan yuzlari qizarib, tishlarini g‘ijirlatib o‘rnidan turdi Mariya Pavlovna, – ochiq iqror bo‘lganlaring uchun ham rahmat… endi, bolalar sizlardan bir iltimosim bor, bu gaplarning hammasi shu yerda qolsin, ko‘chaga chiqmasin. Obro‘yimiz bir pul bo‘ladi, to‘g‘rimi? Yana avvalgidek ahil, o‘rtoq, bo‘lib yashayveringlar. Chapayev qani, Sher akang bilan qo‘l berib so‘rashib olchi, barakalla! Qoravoy, nega qarab turibsan? Islom akang bilan achomlash-maysanmi? Barakalla!.. Demak hammasini unutdik shundaymi?

– Shunday, – deb qo‘yishdi bolalar.

– Endi bunaqa bemaza ishlar bo‘lmaydi, shundaymi?

– Hecham bo‘lmaydi, boshlarini egib yig‘lavorgudek bo‘lib deyishdi Shermat bilan Islom.

Mariya Pavlovna shoshilgancha tashqariga chiqib ketdi.

O‘sha kuniyoq bir ko‘zli qorovul qamoqqa olinibdi. O‘n kundan so‘ng xloppunktning kino qo‘yadigan kattakon klubida sudi bo‘lib, sakkiz yilga qamalib ketdi u. Oradan roppa rosa uch kun o‘tgach, hiyla quyulib, kamgap-u kamsuqum bo‘lib qolgan Islom bilan hammaga birdek mehribon bo‘lib qolgan Shermat ikkovlarini ham detkoloniyaga jo‘natib yuborishdi. Militsioner amaki ularni oldiga solib olib chiqib ketayotganda Mariya Pavlovna ikkovining ham peshanasidan o‘pib, – O‘g‘illarim, meni kechiringlar! – dedi-yu yig‘lab yubordi.

TO‘XTA XOLAMNING LAZZATLI QATLAMASI

O‘qishlar tugab yozgi lagerga, tog‘ etaklaridagi soyasalqin sersuv joylarga chiqib ketish taraddudiga tushib qolgan kunlarimiz edi. Lagerimizni xlop punkt ishchilari tekinga remont qilib taxt ham qilib qo‘yishgan edi, lekin negadir o‘sha yoqqa ko‘chishimiz ketga surilgandan surilaverdi.

Direktorimiz bir kuni oblastga ketib qopti, deb eshitdik boshqa bir kuni undan ham uzoqroqqa ketgan emish degan gaplar chiqib qoldi. Ana shunday kunlarning birida Qoravoy ko‘chadan hovliqib kirib keldi.

– Besh bolali? Nima deysan?

– Bir gap aytsam, hech kimga aytmaysanmi?

– Aytmayman.

– Detdomimiz tugatilar emish. Bizning detdom o‘zi Qo‘qondagi katta detdomning qaramog‘ida ekan. Bu yerda bizning nonimiz bilan qantimizni o‘g‘irlatib yuborishganini eshitib xafa bo‘lishibdi. O‘sha katta detdomning direktori bolalarning yarmini o‘zimga olaman. Yarmini boshqa detdomlarga joylab, ahvollaridan xabar olib turaman, debdi.

Ertasiga mish-mish yana ko‘paydi, bir yuz-u yetti boladan bir yuz yetti xil gap chiqa boshladi. Bir xillar katta katta o‘g‘il bolalarni askarlikka olisharmish desa, bir xillar mayda bolalarni ham olarkan-u, razvedkachilar maktabida o‘qitisharkan, deydi. Yana bir xillari Mariya Pavlovna yetim bolalarning ovqatini o‘g‘irlatib yuborgani uchun qamalarmish desa, to‘rtinchi bir xillari esa detdomimizning o‘rnini tekislab, qizilcha ekarmish, qand zavodiga qizilcha yetishmayotgan emish, degan bema’ni gaplarni ham aytishaverdi.

Bog‘da o‘ynab yurgan edik kimdir mening nomimni aytib chaqirib qoldi.

– Tezroq kel, eshak mingan bobong keldi, – deb qo‘shimcha ham qilib qo‘ydi o‘sha ovoz.

Bobom, bobojonim!.. Oyog‘imni qo‘limga olib yugurdim, rost, rost ekan! Bobojonim eshakda, tugun ko‘targan xolajonim uning yonginasida hovli o‘rtasida qayoqqa borishini bilmay garang bo‘lib turishibdi.

– Bobojon, xolajonim!

Xolajonimni achomlab, issiq ko‘ksiga boshimni qo‘yib ho‘ngrab yig‘lab yubordim.

– Voy xolang o‘rgilsin, taylog‘imdan o‘rgilay! – deydi To‘xta xolam ham shilq-shilq yig‘lab, keyin bobojonim bilan ko‘rishdim, bechora bobojonimning oyog‘i haliyam tuzalmabdi, to‘qimning ikki yonida yengchadek shalvirab osilib turibdi.

Qo‘y, bo‘tam, yig‘lama! – engashib peshanamdan o‘pib dedi Parpi buvam.

– Bobojon, sizlarni juda sogindik.

– Ukalaring qani?

– Soy bo‘yiga ekskursiyaga ketishgan, hozir kelib qolishadi.

– Voy, ana! – deb andak bo‘lmasa To‘xta xolam qichqirib yuborayozdi, – ana, Sultonim ham kelyapti.

Yopiray, Sulton bog‘ tomondan shunaqangi tezlik bilan yugurib kelyaptiki, xuddi podadan qaytgan onasini qarshilagan buzoqchaning o‘zginasi deysiz. Sulton yig‘lamadi, ovoz ham chiqarmadi, jimgina ko‘rishib bo‘lgach, qovog‘ini solib:

– Endi keldilaringmi, – deb o‘pkalanib qo‘ydi.

– Boshqa bolalarning bobosi uch martadan keldi-ku!

– Bo‘yginangdan o‘rgilay, bobong ikkovimiz ham kasal edik – deb qo‘ydi xolajonim.

– Roziq tog‘am ham kelmadi, – dedi-yu, Sultonning ovozi g‘alati qaltirab ketdi, ko‘zlarida miltillab yosh tomchilari ko‘rindi.

– Yig‘lama, bo‘tam, yig‘lama, – yupata boshladi bobojonim, – Roziq tog‘ang uch oy oldin frontga, jang qilayotgan yigitlarga kiyim-bosh, meva-cheva olib ketgan edi, haliyam qaytgani yo‘q, obbo azamatlar-ey, rangro‘ylaring, ko‘z tegmasin, tuppa-tuzuk. Kiyimboshlaring ham yetimlarnikiga hech o‘xshamaydi… Ovqati qalay?

– Yomonmas, – yutinib qo‘ydi Sulton.

– Qorning to‘yyaptimi axir?

– Menga ikki norma berishadi.

– Seni yaxshi ko‘rib qolishibdi-da?

– Men oshxonaga suv, o‘tin tashib beryapman.

– Barakalla o‘g‘lim, mehnat qilsang ikki dunyoda kam bo‘lmaysan, avvalo diling ravshan bo‘ladi, qolaversa qorning ham to‘q bo‘ladi.

Yangi bo‘lgan qorovul amaki boqqa kirib o‘sha yerda dam olishimizga ruxsat berdi. Sulton ikkimiz Parpi buvamni bir amallab yerga oldik. Eshakni nariroqqa bog‘lab qo‘yib, endigina to‘yib-to‘yib suhbatlashamiz deb turgan edik sayoxatdan qaytgan ukalarim chopqillab kela boshlashdi. Oh, shu paytda bo‘lgan xursandchilikni ko‘rsangiz, quvonch-u shodliklarni, ko‘z yoshi-yu entikishlarni tomosha qilsangiz! Omon o‘zini qo‘yarga joy topolmay irg‘ishlagan, Bibirobiya yangi kiyimlarini ko‘z-ko‘zlab goh bobom, goh xolajonim bilan achomlashib ketgan, Usmon ukam ochko‘zlik bilan qatlamaga yopishgan, Sulton o‘rikni danagi bilan yutib tiqilib qolgan… o‘zimni aytmaysizmi, bir yo‘la yuzta narsani so‘rab, yuzta javob eshitgim keladi.

Bobojonim sovg‘a-salomni ko‘p olib kelgan ekan, ikki chelak o‘rik bilan olcha, bir qiyiq yangi yopilgan non-u, qatlama, sopol tovoqda qaymog‘-u bir xalta suzma… Ko‘z yumib ochguncha atrofimizni bolalar o‘rab olishdi. O‘rig-u olchalardan hammalariga ulashib chiqdim, yigirmata qatlamani bir burdadan arang yetkazibman deng.

– Mening oyim ham qatlamani shunaqa shirin pishirardi. – xo‘rsinib qo‘ydi Qoravoy.

– Bizning bog‘imizda ham meva, shunaqa erta pishar o‘rik bo‘lardi, – maqtanib qo‘ydi Samovarjon.

– Olchangizdan yana ozgina bering, – iltimos qildi Olim Chapayev labini chapillatib.

Otamdan bir yo‘la ikkita xat kelibdi, lekin xatlarning bittasi o‘rischa, bittasi tojikcha ekan. Shoshilib ikkovini ham o‘qib chiqdim-u, hech narsa tushunmadim. Bu yerda Obidjon degan bir tojik bola bor edi, o‘zi hech kimga qo‘shilmay kun bo‘yi yotoqxonada kitob o‘qib yotardi. Keyin G‘ozi abziy degan tatar bola ham bor, tatar bo‘lgani bilan o‘rischani suvdek ichadi u, sheriklarim ko‘z yumib ochguncha ikkovlarini oyog‘ini yerga tegizmay olib kelishdi. Avval o‘rischasini, ketidan tojikchasini tarjima qildirdik.. Bechora otam-ey. Yelkasidan o‘q yeb qalin o‘rmon, ichidagi yerto‘laga o‘xshash kasalxonada yotgan ekan. O‘q suyakka tegmay, et orasidan chiqib ketibdi, tuzalay-tuzalay deb qopti. Otam, opamning vafot qilganini, bizning detdomga kelganimizni haligacha eshitmabdi. Otajonim, bolalarni juda ehtiyot qiling, hammasini o‘qiting, tomdagi quruq bedani sotib hammalariga kiyim-bosh olib bering, ketmon bilan o‘roqning ortiqchasini yuvib omborxonaga kiritib qo‘yinglar, zanglab qolmasin, deb yozibdi.

– Otajon! – yig‘lab yubordi Omon xatni oxirigacha eshitolmay.

– Otamga boramiz! – o‘rnidan turib pildirab jo‘nab qoldi Robiya… Bir nafasda hamma narsa ostin-ustun bo‘lib ketdi. Haligi shodlig-u quvonchlardan asar ham qolmadi. Omon bu yerda qolmayman, otamning oldiga ketaman deb dodlashga, Robiya, opamni sog‘indim, topib berasiz, deb bo‘zlashga tushdi. To‘xta xolam xudoyo urushning oti o‘chsin deb qarg‘anib, Bo‘riboy tog‘am-u Anorvoy akamlarni eslab ketdi shekilli, ketma-ket xo‘rsinib nursiz ko‘zlaridan yum-yum yosh to‘ka boshladi. Usmon bu yerda yomon tushlar ko‘ryapman, karavot g‘ijillab, hech uxlay olmayapman deb bobojonimning soqollaridan silab, hech bo‘lmasa meni olib keting, tahoratingizga suv isitib beraman, eshagingizga beda o‘rib kelaman deb yolvorishga tushdi…

Biz yig‘i-sig‘iga berilganimizni ko‘rib sheriklarim ham birin-ketin jo‘nab qolishdi, bog‘ etagida hiqillashib, piqillashib, yolg‘iz o‘zimiz qolib ketdik.

– Kiyimlaring, xudoga shukr, ozodagina, o‘zing yuvib olyapsanmi? – deb so‘radi xolam Zulayhodan.

– Yo‘q, o‘zlari yuvib berishadi.

– Sochingni nega qirqtirding?

– Bu yerda shunaqa rasm ekan.

– Ha, mayli, shirinim, ishqilib omon bo‘lsalaring bo‘lgani…

– Qalay, O‘ris xolang ham omonmi?

– Mariya Pavlovna bizga juda mexribon. Omon bilan Robiyani o‘zi olib yotadi, shaharga borganda har xil o‘yinchoqlar, popukli qantlar olib kelib beryapti.

– Voy xudoyim-ey!

– Har shanba ukalarimni murchaga olib borib yuvintirib keladi.

– Xudoyo umri uzoq bo‘lsin! – negadir yig‘lamsirab dedi To‘xta xolam.

– Xolajon, mana shu yetimxonani O‘ris xolaning o‘zi ochgan, oylik olmasdan ishlarkan.

– Voy tilginangdan o‘rgilay.

– Rost, xolajon, oyligini tarbiyachilarga berarkan.

– Qarang-a, dadasi, – deb To‘xta xolam iyagini cho‘zib soqolini Omonga taratib o‘tirgan bobojonimning biqiniga sekingina turtib qo‘ydi, – o‘zi kofir bo‘lsayam musulmonning ishini qilarkan.

– Sen nima deb o‘ylovding bo‘lmasa, – dedi Parpi buvam, – men xudojo‘yligini ko‘zidan bilganman.

– Bobojon, O‘ris xolaning laqabini men bilib oldim, – deb gapga aralashdi Omon.

– Qani ayt-chi.

– Marayim polvon!

– Yo‘g‘-ey.

– Rost, o‘lay agar!

Bobojonim bilan xolajonimni darvoza oldiga kuzatib chiqib, bir-birimizni achomlashib, yopishib yig‘lashayotgan edik yana atrofimizni katta-kichik bolalar o‘rab olishdi.

– Bobojon, mana shunaqangi o‘rig‘-u olchalardan tez-tez olib kelib turing, – iltimos qildi Samovarjon.

– Qaymoqqa idish topolmasangiz, chelakda olib kelavering, – kulib dedi Qoravoy.

– Nevarangiz bir yuz-u yettita ekanligini unut-mang, – dedi yana bittasi.

Ancha olisga borib qolgan Parpi buvam eshakning boshini biz tomonga burib:

– Kelar bozor kuni, xudo xohlasa, albatta kelaman, – deb qichqirdi.

Lekin, bechora bobojonim kelar bozor kuni kelib detdomxona o‘rni huvillab yotganini ko‘rib, hang-u mang bo‘lib qolgan bo‘lsa kerak. Negaki o‘sha kuni kechqurun biz, bir yuz yetti yetimcha to‘rt boshliq rahbarligida qo‘sh otli pirgon aravalarga o‘tirib, o‘zimiz bilmagan dunyoning to‘rt tomoniga jo‘nab ketdik.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0


Популярные книги за неделю


Рекомендации