Текст книги "Беш болали йигитча"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 11 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
SARSONU SARGARDON
Uchinchi qism
DETKOLONIYADA
Bir haftalardan so‘ng boshqa bezori, cho‘ntakkesar bolalarga qo‘shib meni ham shahar tashqarisidagi detkoloniyaga olib chiqib ketishdi.
Detkoloniya ellik gektarcha keladigan kattakon bog‘ning ichiga joylashgan ekan. Bu yerda menga o‘xshagan bolalar-u, bilagiga lenta taqqan komandirlar, oppoq xalat kiyib olgan ayollar-u, do‘q qilib gapiradigan qovog‘i soliq nachalniklar shunaqangi ko‘pki, xuddi shaharda hech kimni qoldirmay hammasini shu yerga haydab kelishganga o‘xshaydi.
Kelgan kunimiz hammamizni murchaga solib, sochimizni ham ustara bilan tarashlab olib, boshimizni kuydirgan kalladek sip-silliq qilib qo‘yishdi, tagi rezinkalik qo‘nji uzun qo‘pol botinka, trinkadan tikilgan rudapo kostyum-shimlar ham berishdi. Bu yerda elliktacha otryad bor ekan, har qaysi otryadning o‘z komandiri, alohida baragi bo‘larkan, o‘qishga ham, ovqatlanishga ham, ishga ham saf bo‘lib borib, saf bo‘lib qaytisharkan.
Bolalar stol-stullar, katta-kichik yashiklar yasasharkan, arqon to‘qiydigan seh qo‘njli botinkalarga qalin qog‘ozdan quticha yasaydigan seh buzilgan yashiklarni remont qiladigan seh ishga yaroqsiz bo‘lib qolganlarining taxtasini olib, mixini sug‘uradigan sex… xullas, sexlar shunaqangi ko‘pki, hisobiga yetib bo‘lmaydi.
Otryadlar otryadlar bilan, otryadning ichidagi bolalar bir-birlari bilan shaxsiy musobaqa o‘ynasharkan, ishda, o‘qishda tartib-intizomga rioya qilishda birinchilikni olgan bolalar alohida ajratilgan oshxonalarda ovqat yeyisharkan. Keyin ana shu bolalarni o‘n g‘ildirakli katta «sudabekr» mashinasiga o‘tqazib, shahargami, daryo bo‘ylarigami sayohatga olib borisharkan. Bir yil davomida hamisha birinchilikni olib kelgan bola erkinlikka chiqarilarkan, xohlasa uyiga ketishi, xohlamasa, shu yerda qolib o‘qib-ishlab yuraverishi mumkin ekan.
– Tushunarlimi? – so‘radi komandirimiz Gogo.
Gogo o‘zbekmi, o‘rismi bilib bo‘lmaydi. Nega desangiz, birpas o‘rischalab, birpas o‘zbekchalab gapiradi. Buning ustiga bilaklariga, yelka-yu yalang‘och ko‘kraklariga har xil rasmlar ham chizib tashlangan: uchib ketayotgan qush deysizmi, xanjar o‘qtalib turgan yigit deysizmi, hatto tutun chiqarib ketayotgan parovozning suratigacha bor.
– Papiros chekkanlar bir sutkaga avaxta qilinadi, tushunarlimi? – so‘radi Gogo, – Tushunarli, – bir ovozdan takrorladik yangi kelganlar.
– Sherigining narsasini o‘g‘irlaganlar uch sutka, tushunarlimi?
– Tushunarli.
– Shagom marsh! – buyruq berdi Gogo.
Ish joyimiz murchaning orqasidagi yalanglikda ekan, siniq yashiklarning mixini sug‘urib, taxtasini alohida taxlashimiz kerak ekan. Bir kubometr taxta taxlasak kunlik norma bajarilgan bo‘larkan.
Ombur-u bolg‘achalarni qo‘lga olib ishga tushib ket-dik…
– Besh bolali! – degan ovoz eshitildi bir mahal qulog‘imga. Bir sapchib tushdim-u, bu yerda mening laqabimii biladigan hech kim yo‘q edi-ku, shunday bo‘lib tuyulgandir deb yana jon-jahdim bilan mix sug‘urishda davom etdim.
– Orif! – degan tanish ovoz eshitildi yana. Boshimni shundoq ko‘tardim-u, ishonsangiz, tarrakdek qotib qoldim… Nahotki bu o‘ngim bo‘lsa…
– Shermat! – baqirib yubordim men ham.
– Bu senmi-a!
– Bu o‘zingmisan, do‘stim! – deyishib mix sug‘urayotgan bolalarni hayron qoldirib, bir-birimizni quchoqlashib ketdik. Quchoqlashib bo‘lib bir-birimiz yuzimizga tikilishib turamiz-da, obbo sen-ey, deb achomlashib ketamiz.
– O‘rtoq komandir, – Gogoga murojaat qildi Ko‘rshermat bu mening hamshaharim bo‘ladi, besh minutga ruxsat bersangiz, gaplashib olsak.
– Bir soatga ruxsat beraman, – dedi Gogo, – chekkaroqqa chiqib, iloji bo‘lsa, bir-birlaringni yalashib ham olinglar.
Nariroqqa, suvsizlikdan quriy-quriy deb turgan qari olma daraxtining tagiga o‘tdik. Shermat quchog‘idagi yangi to‘qilgan chilvir arqonni yerga qo‘yib ustiga o‘tirdi-da:
– Ke, bir chekkasiga sen ham cho‘k – deb taklif qildi.
– Bu yerga qanday qilib kelib qolding?
– Sizlarni sog‘indim, – deb kulib qo‘ydim. – Islom qo‘rboshi qani?
– Uni kechqurun ko‘rasan… Qani gapir.
– Nimani gapiray!?
– Detdomdagilar tinchmi?
– Detdomni boshqa detdomlarga qo‘shib yuborishdi.
– Mariya Pavlovna indamadimi?
– Indash ham gapmi, yig‘ladi! O‘n besh kun yelibyugurdi… Oxiri ilojini qilolmay bizni Toshkentga qo‘yib, o‘zi yig‘lab-yig‘lab qaytib ketdi.
– Hammalaring keldilaringmi?
– Yo‘q, o‘ttiztamiz xolos.
– Qolganlar-chi, Samovar qayerda? Qoravoy-chi?
– Ular Toshkentda qolishdi.
– O‘zing bu yerga qanday qilib kelib qolding?
– Uzum o‘g‘irlovdim.
– Sen-a, farishtadek bola-ya?.. Latifa aytib qutulib ketmabsan-da.
– Aytdim.
– Shundayam qo‘yvorishmadimi? Lekin Besh bolali, bu yerga kelganing yaxshi bo‘pti. – Ko‘rshermat detkoloniyani shunaqangi maqtashga tushdiki, maqtashniyam shunaqangi joyiga qo‘ydiki, asti qo‘yaverasiz. Bu yer dunyodagi hamma detdomlardan ham yaxshi emish, bolalari ham qulochkashlashib mushtlashadigan, «Bos, olg‘a bos» degan ashulani aytganda, yer-ko‘kni larzaga keltirib yuboradigan azamat bolalar emish…
Lekin Sulton bedarak yo‘qolgani, jajji singlim kasalxonada yotganini eshitib, Ko‘rshermat xomush bo‘lib qoldi. Ancha mahal yuzimga o‘ychan tikilib o‘tirdi-da.
– Yuraging tuzdek achishyaptimi, a? – deb so‘radi.
– Ha, – dedim o‘pkam to‘lib.
– Xafa bo‘lma, kechqurun Qo‘rboshi kelsin bir ilojini qilamiz… Seni bu yerdan bir amallab qochirish kerak.
– Yo‘g‘-e! – deb qo‘rqqanimdan Gogoga bir ko‘z tashlab oldim.
– Qo‘rqma, – dalda berdi do‘stim, – besh-o‘n kunga qochasan xolos. Ukalaringni jamlab qishloqqa olib borib qo‘yasan-u, yana qaytasan. Qaytmasang ham xafa bo‘lishmaydi, bu yer sal erkinroq… Qaytsang, jon deb qabul ham qilaverishadi… Bo‘lmasa ukalaring har yoqqa tarqab ketishadi. Bizda Danko degan bir bola bor, uning urush boshlanish oldidan yettita aka-ukasi bo‘lgan ekan, hozir yetti tomonga tarqab ketishibdi…
– Vaqtlaring tugadi! – churillatib hushtak chalib dedi komandirimiz Gogo, – Mirzayev, ish joyingga!
Kechqurungi uchrashuvimizda Islom bilan Shermatning menga bergan maslahati shu bo‘ldiki, bu yerdan qochish uchun jon kuydirib ishlab, o‘z otryadimda birinchi o‘ringa chiqib olishim, namunali bola deb qizil doskaga ketma-ket uch marta yozilishim, tartibga a’lo darajada rioya qilyapti deb tarbiyaviy soatda maqta-lishim kerak ekan. Ana undan keyin menga, ya’ni detkoloniyaning asiri bo‘lmish Orifhon Mirzayevga shaharga chiqib kelishim uchun ruxsat berilar emish. Men ana shu ruxsatdan foydalanib, asta quyon bo‘lib qolishim mumkin ekan.
– Qo‘lga tushib qolsam-chi? – so‘radim Shermatdan.
– Qo‘rqma dedim-ku, – yana dalda berdi do‘stim, – aslida sen bu yerda hech kimga kerak emassan, Islom ikkovimiz senga oz-ozdan pul yig‘ib beramiz, Qo‘qonga yetib olishlaring uchun yetadigan pulni amallab to‘g‘rilab beramiz. To‘g‘rimi, Islom?
– To‘g‘ri – gapga qo‘shildi Qo‘rboshi, – arqon sotib pul yig‘sa bo‘ladi, har kuni odamlar arqon so‘rab derazadan pul uzatishadi.
O‘sha kundan boshlab butunlay boshqacha bo‘lib qoldim. O‘ziyam ishni juda sog‘ingan ekanman, hatto uch normaga yetkazib mix sug‘urgan kunlarim ham bo‘ldi, tartibniyam buzmadim, o‘qishniyam joyiga qo‘yib bordim, lekin, mana oradan ikki oy o‘tib ketyapti hamki, Shermat aytgan voqealar yuz bergani yo‘q. Nomimni qizil doskaga ham yozishmayapti, tarbiyaviy soatlarda maqtashmadi ham. Tarbiyaviy soat boshlandi deguncha nuqul urush axborotlaridan gapirishgani-gapirishgan…
Keyingi paytlarda ukalarimni eslayverib, naq bo‘lmasa kasal bo‘lib qolayozdim. O‘rnimga cho‘zilib, ko‘zimni yumdim deguncha darrov tushimga opajonim kiradi:
– Nega uyni tashlab kelding, uyimizning chirog‘ini nega o‘chirding? – deb so‘raydi, cho‘chib uyg‘onib ketaman, atrofda hech kim yo‘q, faqat hamxonalarimgina pishillab uxlab yotgan bo‘lishadi. O‘ng tomonimni bosib yotaman, bu gal endi tushimga otam kiradi:
– Sulton suvga oqib ketdi, nega oqizding, nega? – deb so‘raydi. Sulton, ukaginam, deb dodlab yana uyg‘onib ketaman. Ana o‘sha hushim kirdi-chiqdi bo‘lib, nasha chekkan bangidek garang yurgan kunlarimda bizni to‘satdan kartoshka kovlashga olib boradigan bo‘lib qolishdi. Shermat ham, Islom ham hammamiz bitta mashinada ketdik. Dalaga borib, bir-ikki soat ishlagach, chasavoylar o‘zimizdan o‘zimizga qorovul tayinlab, o‘zlari allaqayerga musallas ichgani ketib qolishdi.
– Qochamiz! – shivirladi Shermat.
– Nega, sen ham ketasanmi?
– Sizlarni poyezdga chiqarib qaytaman.
Islom yuz ellik so‘m pul yiqqan ekan, darrov chiqarib berdi. Eson-omon yetib olsang, «Oyimqishloq»da qari xolam bor, oldiga borib mendan salom aytgin deb ko‘zlarini pirpiratib jindek yig‘lab ham oldi.
SHERMATNING YAXSHILIGI
Shermat ikkovimiz olmazor oralab yarim soatcha yurgach, shaharga olib boradigan sertuproq yo‘lga chiqib oldiq Jo‘xoripoya yuklab ketayotgan ho‘kiz arava ortidan ergashib shaharga peshinga yaqin kirib bordik.
Qizlar detdomiga kelib:
– Menga Zulayhoni chaqirib bering, – iltimos qildim qorovul amakidan.
– Akasimiding? – ko‘zlarini katta-katta ochib so‘radi qorovul.
– Ha, akasi bo‘laman.
– Aka bo‘lmay ket-e! – deb qorovul amaki meni urisha boshladi, – singling bechora ikki oydan buyon yo‘lingni poylayverib adoyi tamom bo‘ldi-ku!
– Praktikaga ketuvdim, – dedim nima deyishimni bilmay.
– Yana yolg‘on gapirishini qaranglar, – deb qorovul yo‘l-yo‘lakay xotinlarga o‘xshab meni qarg‘ab Zulayho bilan Robiyani ergashtirib chiqdi.
Bir soat chamasi yig‘lashdik desam, ishonavering. Gap yo‘q, so‘z yo‘q piq-piq yig‘i! Samovar bilan Qoravoy kelib hamma gapni yetkazishgan ekan, singillarim Sultonning qochib ketganini, to‘satdan mening yo‘qolib qolganimni allaqachon eshitishgan ekan. Eng yomoni, bizning detdomdan kelgan qizlardan faqat Dilbar, Zulayho, Robiya uchovlari qolishibdi. Bir xillarini yaxshi odamlar o‘ziga qiz qilib olibdi, bir qiz bilan Hakimani qarindoshlari olib ketishibdi.
– Akajon, biz ham ketaylik – hiqillab yolvordi Zulayho, – axir To‘xta xolam, Parpi buvamlar bor-ku, jon aka, yo‘q demang!
– Dilbar qani? – to‘satdan so‘radi Shermat.
– Uxlab yotuvdi, – ko‘z yoshlarini artib dedi singlim.
– Bor, uyg‘otib chiq, ketamiz! – buyruq berdi Ko‘rshermat. Dilbarni ham olib qorovul amakining ruxsati bilan «shahar aylanib keladigan bo‘ldik». Qorovul, qaytayotganlaringda menga bir so‘mlik nos olib kelinglar deb pul uzatgan edi, Shermat, pul o‘zimizda ham topiladi deya pulni olmadi.
O‘g‘il bolalarning detdomida andak bo‘lmasa ishning pachavasi chiqayozdi. Yoshini aniqlab bo‘lmaydigan direktor, o‘z odatiga ko‘ra gazetadan urush axborotlarini o‘qib, devordagi xaritadan urush bo‘lib o‘tgan shahar-u qishloqlarni belgilab o‘tirgan ekan. To mashg‘uloti tamom bo‘lmaguncha bizga qayrilib qaramadi ham, nega kelding deb so‘ramadi ham.
Nihoyat ko‘zoynagini qo‘liga olib:
– Olti oyga qolmay hammasi ozod bo‘ladi, – deb qo‘ydi, – xo‘sh, yigitlar, eshitaman?
– Ukalarimni ko‘rgani keluvdik – dedim xuddi orqamdan birov quvlab kelayotgandek shoshilib.
– Ukangni oti nima?
– Usmon, Omon Mirzayevlar.
– E, qo‘qonlik qo‘qonliklar… qani o‘tiringlar-chi.
– Yo‘q, tikka turaveramiz.
– O‘tir deyapman, – direktor shunday bir ohangda buyurdiki, Shermat ikkimiz beixtiyor o‘tirib qoldik.
– Qorin qalay?
– To‘qmiz, – dedik bir ovozdan.
– Yolg‘on, ko‘zlaringdan bilib turibman, – direktor tashqariga chiqib ketib, xiyol o‘tmay katta patnisda to‘rtta pirashka bilan guruch o‘lchaydigan piyolalarni limmo-lim qilib sut olib kelib oldimizga qo‘ydi, – qani, mana bo‘larni bir tushirib olinglar-chi… Ha, barakalla! Mana bu boshqa gap… Sheriging ham qo‘qonlikmi?
– Ha.
– Hozir qayerdasizlar?
– Temir yo‘l maktabidamiz.
– Kiyimlaring detkoloniyaniki-ku?
– Kecha almashtirib oluvdik – deb andak bo‘lmasa qo‘limdagi sutni to‘kib yuborayozdim, Shermatning ham rangi bo‘zdek oqarib ketdi.
Xullas, har kuni o‘n-o‘n ikkita bola kelaverganidan mana shu detdom torlik qilib qopti. Direktor bolalarning bir qismini yaxshi-yaxshi odamlarni tanlab o‘shalarga o‘g‘il qilib beribdi. Usmon bilan Omonni bir muallima olib ketibdi. Otam urushdan qaytguncha ularni bezovta qilishga mening haqqim yo‘q ekan. Agar juda sog‘ingan bo‘lsam, borib ko‘rib kelishim mumkin ekan. Ammo ularni yo‘ldan uradigan bo‘lsam, direktor mening ikki qulog‘imni shartta kesib olarkan.
Xayriyat, ukajonlarim borgan joy ko‘pam uzoq emas ekan, bir soatga qolar-qolmas muallima Xursanoy Qodirovaning uyini topib bordik. Ko‘cha eshikdan shundoq kirishim bilan Omonga ko‘zim tushib qoldi. Molning oxuriga o‘xshagan uzun tog‘orada cho‘milayotgan ekan, yuz-u boshlariga oppoq ko‘pik surtib olganidan yonidan o‘tganimizni sezmay qoldi u. Usmon bo‘lsa ayvondagi yog‘och so‘rida ko‘ksini yerga berib suratli kitobni tomosha qilib o‘tiribdi. Sekingina «Usmon» deyishimni bilaman, ukaginam nazarimda so‘ridan otilib ketgandek bo‘ldi. Sheriklarimni ham ko‘rib, qaysi birimizning bag‘rimizga otilishini bilmay, bir nafas dovdirab qoldi u. Xuddi shu paytda Omon ham tog‘oradan yalang‘ochligicha chiqib:
– Akajon! – deya baqirib yubordi. Hol-ahvol so‘rashib o‘tirishning mavridi emas edi, shuning uchun bu yer yaxshimi, yoki qishloqqa ketamizmi deb so‘rovdim, ketamiz deb irg‘ishlab qolishdi ukalarim. Muallimaga «qilgan yaxshiliklaringiz uchun rahmat! Otam urushdan kelsa hammasini qaytaramiz. Mendan xafa bo‘lmang, ukalarimni olib ketdim» degan mazmunda xat qoldirib, tramvay bekatiga qarab yugurdik…
Qo‘qonga bilet olish qiyin ekan, bir haftalab, o‘n kunlab navbat kutayotganlar ko‘p ekan.
Osilib ketishdan boshqa ilojimiz qolmagan edi. Ko‘rshermat, buning hech xafa bo‘ladigan joyi yo‘q. Urush boshlanishi bilan jamiki poyezdlarning zinasi-yu yo‘lakchasi yetim bolalarning ixtiyoriga berilgan deb ko‘nglimizni ko‘tardi. Qo‘qon poyezdining zinasiga o‘tqazib:
– Besh bolali, sen yana qaytib kelasanmi? – deb so‘radi mendan.
– Bilmasam, – deb qo‘ydim.
– Lekin xat yozish esingdan chiqmasin, Dilbar, sen ham yozgin!
Poyezd bir-ikki qichqirib asta-sekin qo‘zg‘ala boshladi. Ko‘rshermat biz bilan yonma-yon, yerda yugurib boryapti:
– Hech kimdan qo‘rqmanglar! Revizor kelsa, dadamiz urushda denglar, onamizni traktor bosib o‘lgan denglar, – deb o‘rgatib ham boryapti.
– Xo‘p, shunday deymiz, – deymiz biz ham chuvillashib.
– Hammanglar tengdan yig‘langlar!
– Yaxshi.
– Ma, kostyumimni ol, ukangning boshiga o‘rab ketasan, bo‘lmasa shamollab qoladi.
– Rahmat.
– Mariya Pavlovnaga salom aytinglar, – yugurib kelayotgan Shermat yana allanarsalar deb qichqirdi. Uzoqlashib ketgan edik yaxshi eshitolmadim.
Shermat qo‘llarini silkitgancha uzoqlarda qolib ketdi.
MILITSIONER AMAKINING O‘TTIZ SO‘M PULI
Bir stantsiya yurgan edik poyezd to‘xtashi bilan hamma yoqni bilagiga lenta taqqan, qizil shapka kiygan yigitlar o‘rab oldi. Tomdagi, zinadagi, yo‘laklar-u vagon ichidagi biletsiz bolalarning tirsagidan, bo‘ynidan siqib ushlab chumchuq bolani chirqillatgandek chirqillatib pastga olib tusha boshlashdi. Qayoqdan kelyapsan, qayoqqa ketyapsan deyish yo‘q.
– Bilet ko‘rsat!
– Biletim yo‘q.
– Qani, oldimga tush! – tamom-vassalom.
Bizga o‘xshagan biletsiz sayohatga chiqqanlardan o‘ttiztachasini poyezddan olib qolib, tramvayning vagoniga o‘xshash cho‘ziq xonaga qamab qo‘yishdi. Qo‘lga tushganlarning ko‘plari bezori, cho‘ntakkesar bolalar ekan. Ular baqirishib, derazalarni do‘mbira qilib urishib, chiyillatib hushtaklar chalib naq bo‘lmasa ukalarimning yuragini chiqarib yuborayozishdi.
Nihoyat so‘roq berish navbati bizga ham yetib keldi, bilagiga lenta taqqan devqomat ikki yigit bizni militsioner amakining huzuriga olib kirdi. Militsioner amaki yoshgina yigit ekan, it yoqa ko‘ylagining yiltiroq tugmalarini yechib, negadir mushtlashmoqchidek yenglarini ham tirsagigacha shimarib o‘tirgan ekan.
– Xo‘sh, grajdanchalar, – deb ukalarimga bir boshdan razm sola boshladi, – sen hoynahoy akasi bo‘lsang keraka? Oting nima?
– Orifjon.
– Familiyangchi?
– Mirzayev.
– Qayerga ketayotuvdilaring?
– O‘zi shu yerga kelayotgan edik.
– Qovunchigami?
– Ha.
– Shaharga nimaga boruvdilaring?
Militsioner amakining ko‘zini lo‘q qilib bizga qarab turishi achchig‘imni chiqarib yubordi, shuning uchun ham:
– Onamizni ko‘rsatgani olib borishuvdi, – deb qo‘ydim o‘zimni tutolmay.
– To‘xta, to‘xta, – shunday deb militsioner amaki menga battarroq tikilib qoldi, – sen tag‘in Mirza akamning o‘g‘li bo‘lmagin.
– O‘shaman-da.
– Ana xolos! Meni tanimadingmi?
– Tanimayroq turibman.
– Urushdan oldin uylaringga borib turardim-ku.
– Biznikiga mingtasi kelardi…
– To‘g‘ri, sizlarning uylaring katta dargoh edi…
– Qalay, oyilaring tuzukmikan?
Bu amaki bizni yo kimgadir adashtiryapti, yo ataylab shunday qilyapti, nima bo‘lganda ham mujmalroq javob beraverganim ma’qul, deb o‘yladim-u:
– Tuzuk deyishyapti, – dedim jo‘rttaga yig‘lamsirab.
– Yaqin o‘rtada oyoqqa turib ketarmikan?
– Qiyomatgacha tek yotadi deyishyapti…
– Xafa bo‘lma. – Militsioner amaki ko‘nglimni ko‘tardi, – palaj kasali o‘zi shunaqa uzoqqa cho‘ziladigan kasal bo‘ladi, tuzalib ketadi… Olim bu bolalarni tanidingmi?
– Yo‘q, – boshini chayqab qo‘ydi bizni olib kirgan yigit.
– Bular Mirzakamning o‘g‘il-qizlari bo‘ladi. Urushdan oldin ispolkomga rais edilar-ku, eslading-mi?.. Ajoyib kishi edi, qo‘llarida uch oy kotiba bo‘lib ishlaganman… Hozir o‘zlari frontda. Bularni temir yo‘ldan o‘tkazib qo‘y, Orifjon, yo‘lkiraga puling bormi? Yo‘q bo‘lsa, ma ol, o‘ttiz so‘m yetadimi?
– Yetadi! – sevinganimdan andek bo‘lmasa qichqirib yuborayozdim.
Shunday qilib, bizni ispolkom raisining o‘g‘il-qizlari bo‘lganimiz uchun juda avaylab temir yo‘lning narigi tomoniga o‘tkazib qo‘yishdi. Bilagiga qizil lenta taqqan yigit qaytib ketgach, ukalarim bilan rosa kulishdik ko‘zlarimizdan tirqirab yosh chiqib, qorinlarimiz og‘rib qolguncha kulishdik. O‘ziyam opam o‘lgandan buyon bunaqangi miriqib kulmagan edik. Ukalarim hali qo‘rqqanlaridan rangi-qutlari o‘chib, sovuq urgan pomidorday gezarishib, bexosdan uyga qamalib qolgan qushchalardek bir-birining pinjiga kirishib o‘tirgan edi, hozir esa juda yayrab ketishdi. Nazarimda har birining yuzida bittadan qizil gul ochilgandek ko‘zlarida butun dunyoning shodligi jamlangandek bo‘ldi.
Lekin bu, quvonch-u qiyqirib kulishlar uzoqqa cho‘zilmadi, xuddi chaqmoq chaqinidek bir lahzada yo‘q bo‘lib ketdi… Endi qayoqqa boramiz, degan tashvish chulg‘ab oldi boshimizni, vahima ichida bir-birimizga tikilib jim bo‘lib qoldik.
Nima qildik qayoqqa bordik endi? Yoki shu atrofda choyxona bo‘lsa o‘sha yerda tunab, ertaga poyezdga yana bir harakat qilib ko‘rish kerakmi? Yo‘q, choyxonani ham bilagiga lenta boylaganlar kov-kov qilib yurishgandir, poyezdga ham chiqib bo‘lmaydi, darrov ushlab yana birimizni detkolonkyaga, birimizni detdomga olib borib qo‘yishadi, ukalarimni zo‘rg‘a topib olganimda yana ajralib ketsag-a.
– Zulayho, nima qildik endi?
– Bilmadim.
– Qora qiz, sen nima deysan?
– Bu yerdan tezroq ketish kerak.
– Usmon, sening fikring qalay?
– Piyoda ketaveramiz.
– Qo‘qongacha-ya, esingni yeb qo‘yibsan.
– Nima qipti, Robiyani men ko‘tarib olaman.
Atrofga qorong‘i tushib, yo‘lovchilar ham siyraklashib qoldi. Arava-yu, ho‘kiz qo‘shilgan pirgonlar ham o‘tmay qo‘ydi.. Oxiri tavakkal qilib choyxonaga borishga qaror qildik.
Choyxona haligi melisaxonaning orqasida ekan. Torgina uyga yuzlab odamlar tiqilib olibdi, armiyadan qaytib kelayotgan askarlar ham bor, kattakon qoppga suyanib bemalol xurrak tortayotgan qaysi, nasha chekib uhu-uhu deb yo‘talayotgani qaysi, bilib bo‘lmaydi. Bitta ayol ona tovuq jo‘jalarini yoniga olgandak ozg‘in-ozg‘in to‘rtta bolasini yoniga olib stakanda choy ichiryapti, burchakda uchta qora soqolli odam urush to‘g‘risida gaplashishyapti…
Shundoqqina eshikning yonida joy bo‘shab qoldi, ukalarimni o‘tqazib militsioner amaki bergan pulga uchta non, bir hovuch pechak qand, choy olib keldim. Cho‘loq choyxonachi biz tomonga tez-tez yashirincha ko‘z tashlab qo‘yyapti. Bir gal ko‘ziga ko‘zim tushib qoldi: bizni ushlab berish niyati yo‘qqa o‘xshaydi, ko‘zlarida mehr, achinish borligi shundoqqina sezilib turibdi.
– Amaki, kechasi shu yerda yotib qolsak maylimi? – dedim yoniga borib, pulimiz bor, haqqini to‘laymiz.
– Qayerliksizlar? – menga emas ukalarimga qarab so‘radi choyxonachi.
– Qo‘qonlikmiz.
– Poyezddan olib qolishdimi?
– Ha.
– Poyezdda sanqib yurgan bolalarni yoppasiga ushlash haqida hukumatning qarori chiqqan, bu yerni ham tez-tez tekshirib turishibdi.
– Bir kechaga mayli deng, jon amaki!
– Hu narida militsiyaning idorasi bor, ruxsat olib chiqsang, taglaringga atlas ko‘rpacha solib beraman… Bor endi, menga xalaqit beryapsan.
Ukalarimning yoniga yig‘lavoray-yig‘lavoray deb qaytdim. Robiya og‘zida noni bilan Zulayhoning tizzasida uxlab qopti. Omon non chaynayapti-yu, ko‘zi uyquda, munkib-munkib ketyapti. Choyxonachi jo‘mragiga tunuka qadalgan uchta bo‘sh choynakni ko‘tarib tepamizga keldi. Xuddi mol tanlab olayotgan xaridordek hammamizga bir boshdan nazar solib chiqdi, oxiri boshini chayqab qo‘ydi:
– Qani, mening orqamdan yuringlar-chi.
– Qayoqqa? – qo‘rqqanimdan sapchib o‘rnimdan turib ketdim.
– Joy beraman. Lekin saharda jo‘nab qolasizlar, – choyxonachi negadir Usmonning burnini bir siqib qo‘ydi, – qani orqamdan yuringlar.
Choyxonaning zah qorong‘i, sichqonlarning hidi kelib turgan omborxonasida oyog‘i singan bir so‘ri bor ekan, o‘shaning ustiga eski-tuski to‘shaklarni to‘shab joy qilib berdi, bir sholchani dumalatib boshimizga yostiq qilib oldik. Choyxonachi chiroqni puflab chiqib ketgach, kun bo‘yi it quvgan soqovdek yuguraverib charchagan ekanmiz, gapirishga ham holimiz kelmay qotib uxlab qoldik.
Bir mahal birov oyog‘imdan tortib uyg‘ota boshladi, ko‘zimni ochsam tepamda choyxonachi turibdi:
– Qani endi juftakni rostlab qolinglar-chi.
Hammamiz o‘rnimizdan turgach, choyxonachi oqshomgi qizil o‘ttiz so‘mlikni o‘zimizga qaytarib berib: «biror joyda nonushta qilib olarsizlar, lekin, stantsiyadan poyezdga chiqaman deb ovora bo‘lmanglar, qo‘lga tushasizlar, kechadan buyon uch mashina bola ushlab olishdi» deb yuragimizga vahima solib qo‘ydi.
Nariroqqa borib yana maslahat qurdik. Pulimiz bitta biletga arang yetadi, qolganlarimiz nima qilamiz? Yo Toshkentga qaytganimiz ma’qulmi, unda yana har tomonga tarqab ketamiz-ku? Ehtimol, otam urushdan qaytib bizni axtarib yurgandir. To‘xta xolam bilan Parpi buvam ham yig‘lashib kutib o‘tirishgandir.
– Temir yo‘l bo‘ylab piyoda ketaveramiz, – qattiq turib oldi Zulayho.
– Ovqat-chi, yo‘lda nima yeymiz?
– Tilanchilik qilsak ham yetib olamiz, – dedi Dilbar.
– Charchadik deb yig‘lamaysizlarmi?
– Yo‘q! – baravariga qichqirishdi ukalarim.
– Dalalarda uxlashga to‘g‘ri keladi.
– Chidaymiz!
– Bo‘rilarga, quturgan itlar galasiga uchrab qolsak-chi?
– Qo‘rqmaymiz!
Bozorga tushib Islom bilan Ko‘rshermat hadya qilgan pulga pichoq, eski kastryulka, to‘rt quti gugurt, tuz bilan ozgina non xarid qilib oldig-u, qayerdasan Qo‘qonjon deb, olti yetimcha yo‘lga ravona bo‘ldik.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?