Текст книги "Беш болали йигитча"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 18 (всего у книги 18 страниц)
«OSTONASI TILLODAN UY SENIKI»
Roziq tog‘am bilan O‘ris xolaning nikoh to‘ylarida rosa mazza qilib o‘ynab-kulib olibmiz.
Roziq tog‘amning tengqurlari biri oyoqsiz, biri qo‘lsiz, boshqasi kontuziyaga uchrab boshi likonglaydigan bo‘lib qolgani uchun o‘yinga tushish ham, ashula aytish ham o‘zimizga qolib ketibdi. Hayitkalla childirmachi, Qoraborot dutorchi, Akram o‘yinchi-yu, men kuyovnavkarlar nomidan yor-yor aytadigan laparchi bo‘lib ketibman.
Kuyovnavkarlar kirgan uyga tortinishib, yelkamizni qisib, uyatdan sholg‘omdek qizarishib kirganimiz elas-elas esimda. Keyin Soy mahallalik chapaqay Xo‘janazar amaki: «Endi sizlar ham kap-katta yigit bo‘lib qoldilaring, mana shu piyoladagini dam olmasdan simirib yuboringlar-chi», deb musallas uzatgani ham salpal esimda… Keyin, hali aytganimdek, birimiz o‘yinchiyu, birimiz laparchi bo‘lib ketibmiz.
Men ayollar o‘tirgan uyga kirib ko‘ziga surma, qoshiga o‘sma qo‘yib, egniga burma ko‘ylag-u, boshiga durra o‘rab o‘zbek qizlariga o‘xshab noz-u istisno bilan o‘tirgan O‘ris xolaga: «Nega erga tegyapsiz, nega bizni yetim qilib tashlab ketyapsiz» deb rosa yig‘labman. Qizlar childirma chalib o‘yin qilayotgan ayvonga borib:
–Uzun-uzun arg‘amchini tortishaylik,
yor-yor, tortishaylik.
Tagobingning qizi bilan aytishaylik,
yor-yor, aytishaylik.
deb lapar boshlab, yigitlar davrasida o‘tirgan Hayitvoy, Akram, Qoraborotlarni menga jo‘r bo‘lasanlar, deb yonimga chaqirib olibman.
Qizlar :
– Atlas ko‘ylak etagiga tut qoqaylik,
yor-yor, tut qoqaylik,
Kuyov bola yuragiga o‘t yoqaylik,
yor-yor, o‘t yoqaylik.
deb javob qaytarishibdi. Biz ham o‘zimizni yo‘qotmay, qizlarnikidan qolishmaydigan ohangda laparimizni davom ettiribmiz.
Biz:
– Kuyov bola kuyib yongan yor ishqida,
yor-yor, yor ishqida.
Kuyib-kuyib ado bo‘lgan yor ishqida,
yor-yor, yor ishqida.
Atlas ko‘ylak yarashadi kelinchakka,
yor-yor, kelinchakka.
Kelin atlas surganda qochmang aka,
yor-yor, qochmang aka.
Tog‘da toycha kishnaydiyo, ot bo‘ldim deb,
yor-yor, ot bo‘ldim deb.
Uyda kelin, yig‘laydiyo, yot bo‘ldim deb,
yor-yor, yot bo‘ldim deb.
Qizlar:
– Yig‘lama qiz, yig‘lamayo, baxt seniki,
yor-yor, baxt seniki!
Ostonasi tillodan uy seniki,
yor-yor, uy seniki.
– deb rosa yor-yor aytibmiz. E, boringki, qo‘limizdan yetaklab ko‘chaga olib chiqib qo‘ygunlaricha bo‘ynimizni cho‘zib, tomog‘imizni qirib lapar aytaveribmiz. Men ko‘chadan yana qaytib kirib, kuyovlik sarposida uyalib o‘tirgan Roziq tog‘amni mahkam quchoqlab olibman. Otam qani, otajonimni topib berasiz deb shunaqangi yig‘labmanki, shunaqangi yig‘labmanki, hammani jonidan bezor qilib yuboribman…
Omon ukam she’r aytib, o‘yinga tushib oxirida menga to‘n bilan do‘ppi kiygizasizlar deb o‘rtani olib borayotgan Xo‘janazar amakining qo‘llarini tishlab olibdi, bularniyam sezmabman.
Oxiri meni Dilbar bilan Zulayho ikki qo‘ltig‘imdan olib sudrab uyga olib kirib ketishibdi.
Ertalab bu gaplarni eshitgach, uyalganimdan, ishonsangiz, dodlab yuborayozdim.
– Rost, Orif aka, – deb so‘zida davom etdi Dilbar, – rais opamlarning oldiga ham bordingiz. Opajon, bu yil paxta mo‘l bo‘ladi, mukofotiga bitta o‘ynab olsam maylimi, deb so‘radingiz.
– To‘yda Rahbar opam ham bormidi?
– Ichkarida Mariya Pavlovnaning oldida o‘tiruvdi-ku.
– Mening ustimdan rosa kulishgandir?
– Rais opa chakkangizga bitta o‘n so‘mlik qistirib: «Opaginang o‘rgilsin, bo‘lar ish bo‘pti, endi to‘yguningcha o‘ynab ol» dedilar. Keyin…
– Nima keyin?
– Keyin meniyam o‘yinga tortdingiz.
– Yo‘g‘-e!
– Rost, tortdingiz. Men bilan o‘ynamasang singlim emassan, dedingiz.
Xullas, hali aytganimdek, uyalganimdan o‘zimni qo‘ygani joy topolmay qoldim. O‘sha kuni ishgayam chiqmadim, sheriklarimga ro‘para bo‘lgani yuzim chidamadi. Otam o‘zining eng so‘nggi xatida tokning tagini albatta chopinglar, bo‘lmasa navdasi surmaydi deb tayinlagan edi. Kun bo‘yi tok chopish bilan mashg‘ul bo‘ldim.
Kechqurun kolxozimizning qorovuli Umurzoq tog‘a meni chaqirib kelib qoldi, qo‘rqa-pisa oldiga chiquvdim:
– Qani, tezroq orqamga mingash-chi! – deb qistalang qildi.
– Tinchlikmi o‘zi! – dedim qurqib.
– Rais chaqirtiryapti.
Idoraga borguncha yuragimni hovuchlab bordim. Hoy-nahoy kechagi bema’ni qiliqlarim uchun tanbeh berishsa kerak. Hammasini bo‘ynimga olaman, tavba qilaman, tamom-vassalom.
Raisning xonasida Roziq tog‘am, O‘ris xola, Rahbar opam uchovlari o‘tirishibdi… Qiziq, chillali kelinkuyovlar uyda o‘tirmay nega endi bu yerga kelishdi ekan? Demak, meni muhokama qilishmoqchi! Uchovlari o‘rtaga olishmoqchi meni…
– Xo‘sh, Orifjon, ahvollar qalay? – so‘radi raisimiz.
Boshimni egib oldim.
– Lekin laparga juda usta ekansan. Yana indamadim.
– O‘yinlaring ham chakki emas, – gapga qo‘shildi Mariya Pavlovna.
Aybimga ochiq iqror bo‘lishim kerak edi. Sekin boshimni ko‘tarib Rahbar opamga tik boqdim… Raisimiz, negadir, kulimsirab turibdi… Tavba, yo tavba! Qarshimda xuddi opam turganga o‘xshaydi, Qoshiko‘zining qoraligi, kulcha yuz, bug‘doy rangligi, o‘rta bo‘y, xushbichimligi, ko‘zlarining charaqlab, yupqa lablarining g‘alati burilishi… Opam, opajonim. Tomog‘imga bir narsa tiqilgandek bo‘ldi, ko‘zimga yosh keldi.
–Orifjon, seni bir maslahatlik ish bilan chaqirtirdim, –o‘rnidan turib gapira boshladi Rahbar opa, – xabaring bor, kolxozimizda buxgalter yo‘q hisobi…
–Qori tog‘a-chi? – deb so‘radim.
–Qori tog‘ang yangi harfga tushunmay bizni ko‘p qiynayapti… Qo‘qonda hisobchilar tayyorlaydigan olti oylik kurs ochilibdi. Shunga Roziq tog‘angni jo‘natsak nima deysan?
–Juda yaxshi ish bo‘lardi, – dedim shosha-pisha.
–O‘rniga seni brigadir qilib tayinlamoqchimiz.
–Meni?!
–Ha, seni. Mana, Roziq tog‘ang, Mariya Pavlovna uchovimiz maslahatlashdik. Sendan boshqasi eplay olmaydi deyishyapti. Sen bolalarning boshini qovushtirishga ustasan. Bu yoqda Parpi buvang, bu yoqda mana men ishqilib seni yolg‘izlab qo‘ymaymiz… Bunday olib qaraganda sen endi kichkina bola ham emassan.
Dilim ravshan tortib qalbimga shodlik, quvonch hislari quyilgandek bo‘ldi. Shu bilan birga nimadandir qo‘rqib, entikib ham ketdim.
–Nahotki, to‘yda bir marta o‘ynaganim uchun shunaqangi qattiq jazolasalaring, – dedim hazilga olib, –Bu jazo emas, – Mariya Pavlovnaga qarab ko‘zini qisib qo‘ydi rais opa, – to‘yni qizitganing uchun mukofot… Endi ikkinchi masala shundan iboratki… Yaqinda urush tugar ekan. G‘alaba bilan tugar ekan, kolxoz hayoti yana avvalgi iziga tushib olarkan. Ana o‘shanda bizga ko‘plab o‘qituvchilar, doktorlar, agronom-u quruvchilar kerak bo‘larkan. Shuning uchun Qo‘qon shahridagi bilim yurtlarining tayyorlov kurslariga yigirmata yigit-qiz jo‘natishimiz kerak ekan.
Bolalarni tayyorlash Mariya Pavlovna ikkovkmizga topshirildi. Yigirmata yigit-qizni ko‘ndirguncha naq uch kun ovora bo‘ldik. Avvaliga bizni aldab-suldab detdomga tashlab kelisharkan deb hech kim rozilik bermadi. Keyin Zulayho, Hayitvoy, Akramlar pedagogika bilim yurtiga yozilganini ko‘rib, meditsina bilim yurtiga, temir yo‘l maktabiga, neftchilik texnikumiga boradiganlar shunaqangi ko‘payib ketdiki, janjal chiqib ketishiga oz qoldi.
Dilbarning ham o‘qishini, muallimami yoki meditsina hamshirasi bo‘lib qaytishini juda-juda ham istar edim. Ammo bu qaysar qiz avval Zulayho o‘qib kelsin, ungacha men sizga, ukalarimga qarashib turaman deb ko‘nmadi. Mariya Pavlovna ham yolvorib ko‘rdi bo‘lmadi.
Zulayhoni ota-onasi bor tenqurlari ichida o‘ksib qolmasin deb yaxshi kiyintirishga harakat qildim. Yangi kiyim-bosh olib berishga pulimiz yo‘q edi, To‘xta xolamda ham hech narsa qolmagan ekan. Oyimning yap-yangi kiyimlari qolgan edi. Ana o‘shalarni mashinachiga eltib berib singlimga moslab berishni iltimos qildim.
Tuni bilan To‘xta xolam ikkovimiz uxlamay sut qorib patir yopdik, danak chaqib mag‘iz qovurdik, suzma, qaymoq tayyorladik. Ertalab fotiha berish uchun Parpi buvam ham chiqdi. Hammamiz dadajonimni armiyaga kuzatgan, oyijonimning o‘ligini chiqargan kattakon yorug‘ uyimizga to‘plandik.
–Ilohi omin! – Parpi buvam qo‘l ko‘tardi-yu, negadir ovozi qaltirab u yog‘ini aytolmay piq-piq yig‘lay boshladi, uzoq yig‘ladi, – ha mayli, ishqilib o‘lim bo‘lmasin! Yetimparvar hukumatimizning muruvvatidan foydalanib odam bo‘lib qaytgin…
Buvajonim qaltirab turgan qo‘llari bilan belbog‘ini yechib qatidan hamyon olib Zulayhoga uzatdi.
– O‘limlikka asrab yurgandim. Bozor-o‘chardami, dala tuzdami dumalab qolsam o‘ligim ko‘chada qolmasin deb asrab yurgandim… Ma, hamyonni ol, kissangga solib qo‘ygin. Ota-onam yo‘q deb ko‘ngillaring o‘ksib yurmasin… Xudoga shukur, mana Orif akang ham katta yigit bo‘lib qoldi, endi hech kimdan kam emassizlar… O‘qishga ketayotganlar allaqachon jamuljam bo‘lib g‘ildiragi katta ikkita qo‘qon aravaga o‘ntadan o‘tirib bizni betoqat kutishayotgan ekan. Mariya Pavlovna ularni texnikumlarga joylab qaytishi kerak edi. Bizga ko‘zi tushishi bilan, kechikkanimizga xavotirlandi shekilli, «tinchlikmi» – deb so‘radi-yu, javobimizni ham kutmay singlimni oyog‘idan olib aravaga chiqara boshladi. Oxiri o‘zi ham chiqib joylashib o‘tirdi-da:
– Jo‘nadikmi? – deya murojaat qildi aravakashga, – Mariya Pavlovna, – deb narigi aravada o‘tirgan Hayitvoy shartta o‘rnidan turib ketdi, – mening bitta iltimosim bor, yo‘q demang. Beshbolali xayrlashuvga bitta afandi aytib bersin.
O‘ris xola yelkasini qisib hayron bo‘lib turgan edi, boshqa bolalar ham aytsin, qizig‘idan aytsin deb talab qila boshlashdi.
– Tezroq bo‘l, bo‘lmasa! – buyurdi oxirida O‘ris xola;
– Afandi Qo‘qondagi Xonim madrasasida o‘n besh yil o‘qibdi-yu, – deb gap boshlovdim Hayitvoy:
– Madrasadami yoki pedbilim yurtidami? – deb luqma tashladi.
– O‘n besh yil o‘qibdi-yu, lekin kallasiga hech narsa kirmabdi, – deya kelgan joyidan davom ettirmoqchi bo‘luvdim, bu gal Akram o‘rnidan turib ketdi:
– Hayitvoyga o‘xshab kalla o‘rniga qovoq ko‘tarib borgan bo‘lsa kerak-da!
Latifamni davom ettirmoqchi bo‘luvdim, vaqtni qizg‘anganidan igna ustida turgandek betoqat bo‘layotgan Mariya Pavlovna:
– Qani, haydang! – deb buyruq berdi aravakashga.
Aravalar jo‘nashi bilan kuzatgani kelgan xotinxalajlar, chol-kampirlar-u bizga o‘xshash bola-chaqalar birdan arava ortidan ergashib, har biri o‘z yaqiniga oxirgi maslahatlarini bera boshladi.
– Odiljon, bora solib xat jo‘natgin, taylog‘im!
– Muqimjon, bolaginam, yotish oldidan kindigingga yog‘ surtib olishni unutma, bo‘lmasa ishtoningni ho‘l qilib qo‘yasan!
– Pulingni belbog‘ingga tugib, ichingdan boylab olgin!
– Qaytishingda ukangga sumak olishni unutma, xo‘pmi?
– Esingdan chiqmasin, ko‘chaga chiqqanlaringda qo‘l ushlashib yuringlar.
– Zulayho, Sulton bilan Usmondan xabar olib tur! – deb qichqirdim oxirida men ham.
TAMOM
Правообладателям!
Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.