Текст книги "Беш болали йигитча"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 13 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
OMONGA BERILGAN KATTA MUKOFOT
Kattakon bir qishloq ichidan o‘tib boryapmiz. Yetimning qorni besh bo‘lur, biri hamisha bo‘sh bo‘lur, deganlaridek qornimiz bo‘sh, ichidan chuldiragan, g‘uldiragan yoqimli, yoqimsiz ovozlar ham eshitilib boryapti.
Kutilmaganda qulog‘imga surnay bilan dumbiraning omuxta ovozi, childirmaning yoqimli baka-bumi eshitilib qoldi. Yaqin o‘rtada to‘y bo‘layotganga o‘xshaydi… Qishlog‘imizda bitta-yarimta to‘y bo‘ladigan bo‘lsa ukalarimdan birortasini orqamga ko‘tarib borardim, sho‘rva ichib, palov yeb kelardik. Bakovullar bolalardan sen qayerliksan deb surishtirib o‘tirmasdan, hammasini qator o‘tqizib dasta-dasta nonlar ulashardi… Ehtimol, bu yerda ham odat shunaqadir, ikkitadan non olganimizda ham, o‘n ikkita olgan bo‘lamiz… Shu yo‘sin o‘y surib ketayotgan edik chap tomondagi eshikdan Usmon tengi bir bola kattakon qora echkini minib chiqib qoldi. Bizga ko‘zi tushgach, o‘zi ham, echkisi ham orqaga tisarila boshladi.
– Hoy bola, to‘y qayerda bo‘lyapti? – so‘radim boladan.
– Temir yo‘lning naryog‘ida.
– O‘g‘il to‘yimi yoki qiz to‘yimi?
– Armiyadan geroy bo‘lib kelgan, o‘shanga to‘y qilishyapti, – deb bola echkisining ustidan tushib soqolini tortqilab uyiga olib kirib keta boshladi. Borish fikri ukalarimga ham ma’qul bo‘ldi, aksincha, xursand bo‘lib ketishdi, ammo to‘yxonaga yetay deganimizda, andek bo‘lmasa, ishning pachavasi chiqayozdi.
To‘yxona yonidagi yalanglikda yosh bolalar shunaqangi ko‘p ekanki, nima balo, bu qishloqda katta odamlarning o‘rniga ham nuqul yosh bolalar yasharmikan, deb o‘yladim ichimda. Yana tag‘in qanaqa bolalar deng, borib turgan bezori, tegajoq!
– Lo‘lilar keldi!
– Lo‘li bolalar keldi, – deyishib, dik-dik sakrashib to‘yxona eshigi oldida bizni har tomondan qurshab olishdi. Biz to‘yxonaga qarab intilamiz, ular bo‘lsa ko‘ksimizdan itarib, o‘zlari o‘ynayotgan maydon tomonga qarab surgashadi. Qo‘l ushlashib atrofimizga davra qurib olishdi. Biz bo‘lsak qo‘rqqanimizdan shiraga qo‘ngan pashshadek g‘uj bo‘lib olganmiz.
– Hoy lo‘li qiz, – deb haligi do‘ppi kiygan bir bola Dilbarning ko‘ylagidan tortdi, – rom ochishni, bilasanmi?
– Bilmayman, – zarda bilan dedi Dilbar.
– Nimani bilasan?
– Boshingga tayoq bilan urishni bilaman, – javob qaytardi Dilbar.
– Tilini zaharligini qaranglar, – deb yangi do‘ppili endi Zulayhoning etagidan torta boshladi. – hoy qiz, o‘yinga tushib ber.
– O‘yinga tushishni bilmayman.
– Voy nimani bilasanlar bo‘lmasa.
– Tilingni sug‘urib olishni bilamiz!
Begona bolalar xaxolab kulishib yuborishdi-yu, biror hunar ko‘rsatmasalaring davradan chiqarmaymiz deb turib olishdi. Yorib chiqib ketaylik desak davraning chekkarog‘ida armiyaga chaqirsa ham bo‘laveradigan katta-katta yigitlar turishibdi…
– Afandi aytib beraymi? – deb baqirdim.
– Qanaqa afandi, – chuvillashdi begona bolalar.
– Kuldiradigan.
– Qani, boshla-chi!
– Orqaga tisarilibroq turinglar, ukalarim qo‘rqib ketyapti. Qizig‘idan aytsam, non olib chiqib berasizlarmi?
– Avval eshitaylik-chi.
– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, – deb hammalariga bir-bir ko‘z tashlab chiqdim, – bitta afandi bor ekan. Undan yilingiz nima deb so‘rashsa, ajdarho deb javob beribdi. Ie, odamning yili ham ajdarho bo‘ladimi deyishsa, afandi ellik yil oldin ilon edi, katta bo‘lib ajdarho bo‘ldi-da, dermish.
Bolalar gurr etib kulib yuborisharmikan, desam, qayoqda, miq etishmasa bo‘ladimi, hatto bittasi shuyam afandi bo‘ldi-yu, deb aftini bujmaytirib qo‘ydi. Qani, sal qiziqrog‘idan aytay-chi deb, boshqasini boshladim:
– Afandi mast bo‘lib olib, ko‘chalarda men sherman, deb to‘polon qilib yurgan ekan, bu gap podshoning qulog‘iga yetib boribdi. Podsho g‘azablanib afandini tutib kelishga buyruq beribdi. Keltirishgach, podsho bu mamlakatning sheri men bo‘laman, bir mamlakatda ikkita sherning bo‘lishi mumkin emas, afandini dorga osinglar, deb buyruq berib yuboribdi. Qo‘rqib ketgan afandi shartta o‘rnidan turib, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib:
– Kechirasiz, taqsir, men sherning urg‘ochisi bo‘laman, – dermish.
Tavba, bu bolalar qanaqa o‘zi, yo hammasiyam ovsarmi, yana kulishmadi-ya! Bo‘zrayib aftimga tikilib turishavergandi, uchinchi, to‘rtinchisiniyam aytdim, kulisharmikan deb ketidan o‘zim xaxolab kulib ham berdim.
– Yo‘q, bo‘lmaydi, o‘yinga tushib berasan! – Har tomondan chuvillashdi begona bolalar. Tamom, deb o‘yladim, palov ham, issiqqina sho‘rva ham, yangi yopilgan non ham yo‘q endi… Hafsalam pir bo‘lib nima qilishimni bilmay turgan edim, Omon ukam meni turtib, «aka, she’r o‘qib beraymi?» deb shivirladi. Aytgandek.
– She’r o‘qib bersak non berasizlarmi? – murojaat qildim begona bolalarga. Javoblarini ham kutmay, ukamni yonginamizda turgan tunkaning ustiga chiqarib, qattiq o‘qi deb shivirladim qulog‘iga. Omon osmonga qarab ko‘zlarini pirpiratib, bir oz jim turdi-da, keyin she’r ohangida boshini silkitib, qo‘llari bilan g‘alati-g‘alati ishoralar qilib o‘qiy boshladi:
Pashsha quv-quv etadi,
Marg‘ilonga yetadi.
Marg‘ilonning qizlari,
Achchiq olma ekibdi.
Achchiq olma pishibdi,
Tol ko‘chaga tushibdi
Tol ko‘changiz tor ekan,
Unda bazzoz bor ekan,
Ul bazzozning qizlari,
Shol ko‘ylakka zor ekan…
– Fu, – deb qo‘ydi shundoqqina Omonning oyog‘i ostida turgan o‘zi tengi bo‘g‘irsoqdek bir qizcha, – shuyam she’r bo‘pti-yu, buni hamma biladi.
Qizchaning fu-fulashi Omonning achchig‘ini chiqardi. Achchig‘i chiqqanda ukaginamning bo‘yin tomirlari shishib, ko‘zlari olayib ketadi. Hozir ham shunaqa bo‘ldi. U endi o‘ch oladi, o‘ch olmaguncha qo‘ymaydi u. Qizcha tomonga xiyol egilib, bir yutinib oldi-da, ikki qo‘lini biqiniga tirab:
Qo‘limda daftar,
Osmonda kaptar,
Mana bu qizni qaranglar,
Cho‘chqadan ham battar!
deb she’r o‘qib yubordi Omon.
Bu gal to‘planganlar ora-sira chapak chalib qo‘yishdi, bo‘g‘irsoq qizchaning yonida turgan o‘rtog‘i qiqirlab kulib, chapakni ham qattiqroq urgan edi, Omon o‘sha qizchaga qarab:
Hilo-hiloli,
O‘n besh kiloli,
Mana bu qizni qaranglar,
Biram chiroyli!
deb she’r o‘qidi. Ukaginamning she’ridan ham harakatlari, qoshlarini kerib, yelkalarini uchirib, ko‘zlarini goh suzib, goh olaytirib yuborishlari bolalarni o‘ziga rom qilib oldi, qarsak ustiga qarsak yangrab ketdi.
– Hoy lo‘licha, tag‘in bitta o‘qib ber! – qichqirdi haligi Zulayhoning ko‘ylagidan tortqilagan yangi do‘ppili bola. Ukaginam qichqirgan bolaning ko‘zlariga tikilib, odatiga ko‘ra bir yutinib oldi-yu, o‘sha tomonga bo‘ynini cho‘zib, she’r o‘qiy ketdi:
Chaqma-chaqar,
Olov yoqar,
Tomga chiqib,
Bitini boqar.
– Yashavor! – Yana o‘qi, lo‘li bola.
Sim-sim samovar qaynaydi
Zinger ipini chaynaydi,
Qurib ketgur Ahmadjon,
Qizlar bilan o‘ynaydi!
– Voy, otiniyam to‘g‘ri aytdi!
– Yana o‘qi!
– Manavi bolaniyam bir bopla, ikkita non beramiz!
Lola chaman gul,
Atir-upa sur.
Oying kelguncha,
Uyni poylab tur.
«Mana bu bolani bopla» deb topshiriq bergan bolaning o‘zini chimdib oldi shoir ukam.
Tashqarida bo‘layotgan qiyqirig‘-u qarsaklar, lo‘li bolalar she’r o‘qiyapti degan ovozlar to‘yxonadagi kapkatta odamlarni ham qiziqtirib qo‘ydi shekilli, ular ham to‘p-to‘p bo‘lib chiqib, bo‘yinlarini cho‘zib, o‘rtaga tiqila boshlashdi. Dadamga o‘xshagan novchadan kelgan, lekin o‘taketgan darajada oriq, burni negov qovoqdeq quloqlari supradek keladigan cho‘ziq yuzli bir amaki:
– Bolakay, yana bitta o‘qisang, mana shu pulni beraman, – deb bitta qizil o‘n so‘mlik ko‘rsatdi. Omon shosha-pisha ovoz chiqqan tomonga o‘girilib:
Jo‘ra-Jo‘ra-Juravoy,
Mashinasi gruzovoy,
Toqqa chiqsa o‘tini yo‘q,
Uyga kelsa xotini yo‘q.
deb she’r o‘qidi. Bu gal «boplading, lo‘li bola»ni kattalar aytishdi, qarsakning zo‘rini ham o‘shalar chaldi. Shu paytda kutilmagan bir voqea yuz berdi. Katta odamlar davrasidan ko‘ksida qahramonlik yulduzi yal-yal yonib turgan, boshida chustnusxa do‘ppi, oyog‘ida uzun xrom etik o‘rta bo‘y, dumaloq yuzli bir yigit chiqib keldi-da, qora to‘nka ustida shu to‘nkaning bir butog‘idek bo‘rtib turgan Omon ukamni dast ko‘tarib, peshanasidan o‘pdi:
– Oting nima?
– Omon.
– Yana she’ringdan bormi?
– Juda ko‘p hali.
– Qani, baland ovoz bilan o‘qi bo‘lmasa.
– Non berasizmi?
– Beraman, go‘sht ham beraman, boshla.
Baka-baka-bang,
Dor o‘ynang,
Dordan yiqilib,
Yig‘lab o‘tirmang.
– Yana bilasanmi?
– Bilaman.
– Qani, mana bu dasturxonchi xolangga bag‘ishlab ham bitta o‘qib ber-chi.
Xalcha xolam o‘tirdi
Nonga asal botirdi.
Yoniga mushuk kelganda,
Kesak bilan qotirdi.
– Barakalla azamat, o‘qiyver!
– Lola bilan do‘st bo‘ldim,
Sharob ichdim mast bo‘ldim.
Lola soldi maylisga,
Toza qoldim nomusga.
Chumchuq donimni yeb ketdi,
Ertaga beraman deb ketdi.
Poyezd yo‘liga chiqqanda,
Kuzda kelaman deb ketdi…
Askar amaki haddan tashqari xursand bo‘lib ketdi shekilli, hamma yog‘i kir ukaginamni bag‘riga bosib, o‘n besh kundan buyon suv tegmagan yuzlaridan o‘pib, ichkariga, to‘yxonaga olib kirib ketdi. Mana bu bulbuligo‘yoni qaranglar, deb boshqalarga ham she’rlar o‘qitib berdi.
Chuchvara qaynaydiyo,
Akamga bermaydiyo,
Bermasa bermasino,
Uyimga kirmasino.
Pakana poyezd kelyapti,
Ichida akam kelyapti,
Bizga boqib kelyapti,
Nishon taqib kelyapti.
Askar amaki g‘alati odam ekan, she’r o‘qish tugagandan keyin ham ukajonimni qo‘yib yubormay anchagacha bag‘riga bosib turdi, keyin shu holicha, bag‘riga bosgancha omborxonaga olib kirib ketdi. Xiyol o‘tmay, Omonjon to‘y boladek yasanib chiqdi: egnida beqasam to‘n, belida shohi belbog‘, boshida gilam do‘ppi.
– Qani mehmonlar, omborxonaga yuringlar, – bizni ham taklif qildi askar amaki, – sizlarni o‘zim bir mehmon qilay.
QAROQCHIGA DUCH KELDIK
– Aka, – deydi Usmon ukam.
– Nima deysan? – deb qo‘yaman.
– Endi dam olaylik.
– Yana birpas yuraylik.
– Oyog‘im chalishib ketyapti.
– Omon chopqillab ketyapti-ku.
– Erkatoyingizning yuki yo‘q-da.
– Hu anavi daraxtzorga yetaylik mayli, dam olsak olarmiz. Usmon ukamga qarab, unga achinib ketdim, chindan ham unga qiyin, yelkasida og‘ir yuk ko‘tarib kelyapti, faqat Usmongina emas, boshqalari ham charchashdi. To‘yxonadan chiqqanimizdan buyon to‘xtamaymiz. Anavi kuni sigir boqqan bolalar bilan mushtlashganimizda qo‘rqqanimizdan ko‘p yo‘l bosgan edik. Bugun haddan, tashqari xursand bo‘lib ketganimizdan ko‘p yurib yubordik.
Daraxtzorga yetib kelgach, bir kechani shu yerda o‘tkazishga qaror qildik. Olmazor urushdan oldin xo‘b obod bo‘lgan bo‘lsa kerak hozir qarovsizlikdan xarobazorlikka aylanibdi, shoxlari qurib, tanlariga qurt tushib ketibdi. Poyezd yo‘lining narigi yog‘i poyoni yo‘q cho‘l, sarg‘ayib yotibdi. Olis-olislarda to‘p-to‘p uylar ko‘zga tashlanadi… Baxtimizga daraxtzorning o‘rtasidan katta anhor o‘tarkan, suvi chuchuk qaynatmasdan ham ichsa bo‘ladigan, qurigan shox-shabbalar to‘lib yotibdi, istagancha o‘t ham yoqish mumkin.
Ukalarim olma g‘azanak teramiz deb keng maydonga tarqab ketishdi. Ular qaytguncha kapani tikib, kastryulda suv ham qaynatib qo‘ydim.
– Aziz mehmonlar, qani dasturxonga marhamat.
Yumshoqqina ajriq ustiga davra qurdik. Hamma-ham shuncha yo‘l bosib kelganimizga qaramay xur tetik ko‘rinamiz. To‘yxonada ikki qiyiq non-u, meva-cheva tugib berishdi, rahmat, ming rahmat o‘sha geroy amakiga! O‘sha bo‘lmaganda, kim biladi, begona bolalar bizni ne ko‘yga solishgan bo‘lardi.
– Obbo Omon-ey, – deb erkaladim ukamni, – yana to‘yga duch kelib qolsak she’rlaringdan o‘qib berasanmi?
– Ovqatdan ko‘p berishadimi? – ko‘zlarini chaqnatib so‘radi ukam.
– Bo‘lmasam-chi.
– Unda o‘yinga ham tushib beraman.
– Voy, sen o‘yinni ham bilasanmi?
– Bilaman, – hozir o‘ynavoradigandek qo‘llarini yozib o‘rnidan turdi Omon, – chaling bo‘lmasa.
– Nimani chalaman?
– Qarsak chalasiz-da, hammalaring chalinglar.
– Aka, rostdan ham bir o‘yin qilaylik – deb yolvordi Zulayho. Nazarimda shu paytda o‘yin-kulgi qilishga hammamizda ham moyillik borga o‘xshaydi, o‘yinni qumsaydigan kayfiyat detdomdan chiqqanimizdan buyon hech birimizda bo‘lmagandi. Har kuni tashvish, har kuni ko‘z yoshi-yu qovoq-dimog‘, jonga ham tegib ketdi o‘zi.
Navbati bilan hammamiz o‘ynaydigan bo‘ldik. Jajji singlim Robiyadan boshladik u hozir biram shirin bo‘lgan, tillari ham biram burro, lekin ozib, kichkina bo‘lib qolgan u, xoh ko‘ring, xoh ko‘rmang, qizlar o‘ynaydigan yelim qo‘g‘irchoqning o‘zginasi deysiz. Robiya qarsak chalishimiz bilan qo‘llarini yozib bir oz jim turdi-da, keyin chopqillab borib Zulayhoning bag‘riga yiqildi, uyalib ketdi shekilli, boshini berkitib oldi.
– Navbatdagi nomerimizda Omon Mirzayev! – deb tantanali e’lon qildim yana.
Bu ukam o‘zi boshqacha! She’r desangiz she’r, o‘yin desangiz o‘yin, ertakka ustaligini aytmaysizmi!.. Muqomlari biram chiroyli, yelkasini uchirishlarini qarang, buni albatta o‘qitaman, artistlikka o‘qitaman! Usmonjon bo‘lsa, yo‘q, u o‘ynay olmadi. Uyalaman deb eshilib-buralib o‘rtada tik turaverdi… Yo‘q, bu o‘sha qornini yerga berib, patnisning ustida daftarini yozib olib rasmini chizavergani ma’qul ekan… Zulayho, qo‘llari uzun emasmi, laylakka o‘xshab lapanglab hammamizni rosa kuldirdi.
– Navbatdagi nomerimizda Dilbarxonim, – deb e’lon qildim. Dilbar otilib o‘rnidan turdi-yu, bir menga, bir Zulayhoga qarab:
– Davrani kengroq olsalaring o‘ynayman, – deb qo‘ydi.
Davrani kengroq oldik.
– Omon ham men bilan o‘ynasa o‘ynayman. Xo‘p ana, Omonni ham turgizib qo‘ydik.
– Vaxay bolaga chalasizlar, – oxirgi talabi shu bo‘ldi Dilbarxonimning.
Zulayho kastryulning qopqog‘ini childirma qilib chala boshladi, biz ohangga moslab qarsak urishga tushdik. Quvonch-u shodliklarimiz xayqiriqqa aylanib, yer-u ko‘kni qoplab ketgandek bo‘ldi. Daraxtlar tepasidagi qushchalar xam bizga jo‘r bo‘layotganga o‘xshaydi, poyezdlar ham sho‘x-sho‘x qichqirib o‘ta boshladi… Dilbar o‘yinchi ekan, ha-ha, chinakam o‘yinchi ekan u! Ovozlari ham qaymoqdekkina, qo‘llarining harakati, ozg‘in gavdasining yengil aylanishi, ko‘zlarini suzib, qoshlarini goh kerib, goh chimirib so‘z ma’nolarini ta’kidlashi,.. qasam ich desangiz qasam ichib aytamanki, ilgari bunaqangi o‘yinchini hech ko‘rmagandim.
Ot belida o‘zangi,
Vahay bola.
Otam bo‘ldi belangi,
Vahay bola.
Otam bo‘lsa belangi,
Vahay bola.
Onam bo‘ladi Xangi,
Vahay bola.
Bo‘yinturuq omochman,
Vahay bola.
Ko‘lga qumg‘on humochman,
Vahay bola.
O‘yinga tortmapg meni,
Vahay bola.
Yo‘nilmagan yog‘ochman,
Vahay bola.
Bo‘z to‘qisang arqonman,
Vahay bola.
Asli o‘zim qo‘rqoqman,
Vahay bola.
Yurak degan narsa yo‘q,
Vahay bola.
Xudo urgan chatoqman,
Vahay bola.
Qiziq, juda qiziq bo‘lyapti, qo‘llarim qarsakda, lablarimda vahay-vahay, xayollarim qayoqlarga uchib ketayotganini o‘zim ham sezmayman… Dilbarning otasi ham, onasi ham yo‘q. Otasini eslay olmas emish, opasi beshga to‘lganda vafot qilgan ekan, ammasi qiz qilib olibdi, ammasi ham o‘lib ketibdi… Urush boshlanguncha rosa uyma-uy tentirabdi: shirmoypazning nonini sotibdi, oshpaz xotinning cho‘risi bo‘libdi, tappi dumalatarkan, uy supurarkan, qo‘lchalari tolib kir yuvarkan… Bir kuni samovarga suvsiz o‘t qalab, teshib qo‘yibdi, oshpaz, bechora Dilbarni urib, ko‘zini chiqaribdi, sochlarini yulib olibdi. Uning uyidan qochib choyxonalarda yotib yurgan ekan, Mariya Pavlovnaga duch kelib qolibdi. Bechora Dilbar… uning bu dunyoda bironta ham yaqin kishisi yo‘q emish, uni olib ketaman, biz bilan birga turadi. Otam kelguncha kolxozda ishlaymiz. Keyin o‘qishga beramiz uni, u artistlikka o‘qiydi, men o‘qituvchi bo‘laman…
O‘yin, qarsak qiyqiriqlarimiz avjiga chiqib boryapti, daraxtlar-u giyohlargacha bizga jo‘r bo‘layotganga o‘xshaydi, cho‘l-biyobonlar-u poyonsiz olmazorlarning egasi go‘yo bizning o‘zimiz, hayqirib o‘tayotgan poyezdlar ham bizniki, biz yetim ham emasmiz, yo‘q-yo‘q biz sho‘x . bolalarmiz, biz shod, xursandmiz…
Otam ketgan urushga,
Vahay bola,
Dushmanni ko‘p qirishga,
Vahay bola.
Boshi uzun, ko‘zi ko‘r,
Vahay bola.
Gitlerni o‘ldirishga,
Vahay bola.
Gitler ekan badqovoq,
Vahay bola.
Afti xunuk karquloq,
Vahay bola.
Bosh deb olib yurgani,
Vahay bola.
Kalla emas to‘rqovoq
Vahay bola.
Dilbar to‘satdan o‘ynashdan to‘xtab, olmazor tomonga tikilib qoldi:
– Birov kelyapti!
Rost, sezmay qolibmiz, shundoqqina peshanamizga kelib qolibdi-ku! Kim bo‘ldi ekan, ko‘chadagi devonalarga o‘xshab soch-soqoli o‘sib ketgan, kir, isqirt… Yonida pichog‘i ham borga o‘xshaydi, yelkasida miltiq. Qorovulmikan? Yo‘q, qorovullar bunaqa isqirt bo‘lmaydi. O‘g‘ri bo‘lsa-ya! Yo‘g‘-e, bu atrofda odam bolasi yo‘q-ku, kimni tunardi u. Qochoq bo‘lsa-ya, ha-ha, voyenkomatdan qochib yurgan odam bu!
– Nega to‘xtab qoldilaring? – dedi isqirt tepamizga kelib, – davom etaveringlar… Ancha bo‘ldi o‘yin tomosha qilmaganimga… Changalzorda yotuvdim, qulog‘imga patefonning ovozi eshitilgandek bo‘ldi, bunday qarasam, sizlar ekansizlar… Hoy qizcha, nega turib qolding, o‘yna deyapman.
– O‘ynamayman! – boshini egib oldi Dilbar.
– Majbur qilsam-chi, – dedi Isqirt.
– Bari bir, o‘ynamayman.
– O‘ho‘, Xudoyorxonning qiziga o‘xshab dimog‘ing juda baland-ku, – deb bizga yaqinlashib kela boshladi Isqirt. Hammamiz o‘rnimizdan turib, bo‘riga duch kelgan qo‘zichoqlarga o‘xshab g‘uj bo‘lib oldik.
– Tugundagi nima? – to‘satdan ko‘zlari chaqnab ketdi Isqirtning.
– Non, – shosha-pisha javob qaytardi Omon – hammasini menga berishgan.
– O‘ho‘, qayerda berishdi?
– To‘yda, geroy amaki berdi.
– Qani, bu yoqqa olib kel-chi.
Kallavaram ukam-ey, bir qiyiq nonki shundayligicha Isqirtga uzatmoqchi. Tugunni shartta qo‘lidan olib bag‘rimga bosdim.
– Bu yoqqa olib kel deyapman, – o‘shqirdi Isqirt.
– Yo‘q, yo‘q, bermayman, och bo‘ridek tishini takillatib turibdi, bersam hammasini yeb qo‘yadi u. Isqirt biz tomonga yana bir odim tashladi.
– Amaki, bu ukalarimniki… biz uzoq ellarga ketyapmiz… Tilanchilik qilib ketyapmiz…
– Ber deyapman!
– Jon amaki, ukalarimga rahm qiling!
Isqirt yutindi, ko‘zi ham bo‘rinikiga o‘xshab kulrang ekan, chaqnab turibdi… Tugunchaga yopishuvdi, siltanib tortib oldim, ukalarim dodlab yuborishdi.
– Yaxshilikcha ber, ochman!
– Biz ham ochmiz, bermayman!
– Bermaysanmi?
– Yo‘q.
Gurzidek keladigan kattakon mushti bilan miyamga tushirganini bilaman, osmon gir aylanib ketgandek bo‘ldi, ukalarimning chinqirganini ham elas-elas eslayman, keyin o‘zimdan ketib qolibman… Qancha yotganimni bilmayman, bir mahal ko‘zimni ochsam atrofimda ukalarim yig‘lashib turibdi, qorong‘i tushib qolibdi.
– Aka, akajon, – ko‘ksimga boshini qo‘ydi Omoy, – turing, bizni qo‘rqitmang… Men judayam qo‘rqib ketyapman…
– Nonni olib ketdimi, – sekin boshimni ko‘tarib so‘radim.
– Xudoyo teshib chiqsin, – qarg‘andi Zulayho.
Endi bu yerda tunab bo‘lmaydi, qosh qorayguncha ho‘ ro‘paradagi qishloqqa borib biron rahmdil kishidan joy so‘rashga qaror qilib, ko‘ch-ko‘lonimizni ko‘tarib yo‘lga tushdik.
– Otam kelsin, seni shunday boplaydiki, – deb javrab boryapti Omon, – hamma nonlarimizni qaytarib olamiz hali…
TEMIR YO‘L QOROVULINIIG UYIDA SHIFO TOPGANIMIZ
Kichik bir stantsiya yaqiniga kelganda hammamiz adoyi tamom bo‘ldik. Zulayhoning isitmasi ko‘tarilib ketdi. Robiya bo‘lsa kechadan buyon tinmay hiqillab, bir o‘ziga kelib, bir o‘zidan ketib turibdi. Bugun kechasi qobil-mo‘min ukam Usmonning oyog‘idagi yarasi zo‘riqib, shishi tizzasigacha ko‘tarilib ketdi. O‘zimning ham oyoqlarim haddan tashqari shishib, barmoqlarim orasi yiringlab ketgan. Kechadan buyon boshim lo‘qillab og‘rib, burnimdan to‘xtamay suv kelib turibdi… Avvalgi kuni kechasi yomg‘irda qoluvdik o‘shanda hammamiz adoyi-tamom bo‘lgan ekanmiz. Oramizda faqat Dilbargina sog‘, ammo uning ham ruhi shunaqangi tushib ketganki, go‘yo biz hammamiz o‘lib qolyapmiz-u, bitta o‘zi kimsasiz dashtlarda qolib ketayotgandek.
Suvi qurib qolgan ariqning ichiga ikki adyolni to‘shab, ukalarimni qator yotqizdim, stantsiya yonida quduq bor ekan, kastryulni to‘ldirib kelib, suv qaynatib berdim. Ukalarim non ham yeyishmadi, suv ham ichishmadi, ko‘zlarida shunaqangi bir qo‘rquv, ta’riflab bo‘lmaydigan g‘amginlik borki, qaragani botina olmayman. Orqamni kuzning iliq oftobiga berib, tizzamni quchoqlab anchagacha o‘y surib o‘tirdim… Qiziq, nimani o‘ylasam o‘yimning oxiri otamga borib taqalyapti… Hammaning otasi otpuskaga kelib bolalarini ko‘rib ketadi, bizning otamiz bo‘lsa biron marta ham kelmadi… Yoki, o‘sha detkoloniyada yuraverganim ma’qulmidi… Ustim but, qornim to‘q ediku… Ukalarim ham birovning qo‘lida bo‘lsa-da, rasmli kitoblarni tomosha qilib, oxurga o‘xshagan uzun tog‘oralarda cho‘milib, mazza qilib yurishgan edi-ku! Hammasiga Shermat bilan Islom sababchi bo‘ldi, o‘shalar ukalaring har yoqqa tarqab ketadi, keyin ming yilda ham topisha olmaysizlar deb qo‘rqitishmaganda bunaqa qilmagan bo‘larmidim… Zulayho bilan Robiya-chi? Nega ularni bezovta qildim ekan-a? Men ahmoq singillarimni sog‘ingan ekanman, ko‘rishib orqamga qaytib ketavermaymanmi! Ota-onamning chirog‘ini yoqmoqchi ekanman, o‘zim borib yoqaversam bo‘lmasmidi!
Qizlar detdomi yaxshi edi, mehribon odamlar ko‘p edi, har xil uchrashuvlar, ko‘ngilni ko‘taradigan gaplar bo‘lardi… Bir kuni ularni ko‘rgani borganimda katta uchrashuvning ustidan chiqib qolibman, qizlar oppoq kiyinishib, sochlariga lenta, bo‘ynilariga alvon galstuklar taqib saf-saf bo‘lib turishibdi. O‘rtada kallasi katta bir shoir she’r o‘qiyapti: Sizlar yetim emassizlar, otadek rahmdil xalq, onadek mexribon Vatan yumshoq qo‘llari bilan boshingizni silab, parvarishlab voyaga yetkazyapti. Hur qizlardek oppoq kiyingansiz, qorningiz ochsa – oshxona, o‘qisangiz – darsxona, zeriksangiz – kino-tomosha, yo‘q, ona-qizlarim, sizlar yetim emassizlar, degan gaplarni aytyapti.
Ketidan, aniq esimda, ozg‘ingina bir xotin ham so‘zga chiqib gapiruvdi; shu detdomda tarbiyalangan ekan, hozir katta bir rayonning gapi o‘tadigan rahbarlaridan ekan…
To‘g‘ri, o‘shanda singillarim yetim emasdi, mehribon odamlar qurshovida edi!.. Mana endi yetim bo‘ldi ular! Men yetim qilib qo‘ydim ularni, ariq ichida chalajon bo‘lib yotishibdi endi!
Endi nima qildim?
Hoy, hayqirib o‘tayotgan poyezdlar, menga maslahat bering!
Hoy, osmonda sayr qilib beparvo uchib yurgan qushlar, ayting, Orifjon nima qilsin endi!
Yo‘q, stansiyaga borib shartta militsiyaga uchrashaman. Mayli, bizni ushlasin, joy-joyimizga qaytarib yuborsin, otam armiyadan qaytgach, mendan xafa bo‘lsa bo‘lar.
– Orif aka, – sekin chaqirdi Dilbar, – yig‘layapsizmi?
– Yo‘q.
– Ko‘zingizdan yosh oqayapti-ku.
– Men Toshkentga qaytsakmikin deb o‘ylayapman.
– Qo‘qonga yaqin qolganda-ya.
– Sen, yaqin qoldik deb o‘ylaysanmi?
– Bo‘lmasa-chi.
– Nima qilaylik bo‘lmasa?
– Stantsiyada doktor bordir.
– Bordi-yu, doktor bo‘lmasa-chi?
– Unda bitta-yarimta rahmdil odamdan yordam so‘raymiz, – maslahat berib ko‘nglimni ko‘tardi Dilbar, – endi tezroq boring, Robiya yana xirillayapti.
Stantsiya, hali aytganimdek uncha katta emas, boryo‘g‘i to‘rtta uy bor xolos. Eshigi temir yo‘lga qaragan katta bino oldida birov tayoqning uchiga bog‘langan supurgi bilan stantsiya hovlisini supurib, o‘zicha g‘ing‘illab ashula ham aytib yuribdi. Yoshi otam tengi keladi, mo‘ylovi shunaqangi uzunki, uchlari buralib-buralib borib qulog‘ining orqasiga o‘tib ketibdi. Yoniga borib sekin salom beruvdim, indamadi. Qiziq, ikkinchi salomimga ham alik olmadi. Etagidan tortdim, menga o‘girilgan edi:
– Ukam kasal, – dedim yig‘lamsirab, – yordam bering!
– Qulog‘im og‘ir, qattiqroq gapir, – dedi qorovul qulog‘ini men tomonga to‘g‘irlab. Haligi gapimni takrorlagan edim. «Poyezd ketib qoldi-ku», deb qo‘ydi.
– Ukam kasal! – shunaqangi qattiq baqirdimki, nazarimda poyezdning gudogidan ham o‘tkazib yuborgandek bo‘ldim.
– Kasal? – deb belini rostladi qorovul.
– Ha.
– Kim?
– Ukam.
– Ukam?
– Ha… Biz yetimchamiz.
– Qayoqdan kelyapsizlar?
– Toshkentdan.
– Poyezddan tashlab ketishdimi?
– Yo‘q, piyoda kelyapmiz.
– Piyoda?!
Shu bilan baqirib-chaqirish ham tamom bo‘ldi, qorovul avval oyog‘imga, keyin shaltog‘i chiqib ketgan kiyim-boshimga, oxirida aftimga tikilib, labini burib, bosh chayqab qo‘ydi.
– Ukang qani?
– Hu, narida, ariqning ichida.
– Qani, yurchi.
Dilbardan boshqa hamma ukam ariq ichida cho‘zilishib yotgan ekan, bir xillari uxlab, bir xillari shunchaki cho‘zilishib yotishar edi. Qorovul tepalariga kelib uzoq tikildi, ostki labini tishlab, yana boshini chayqab qo‘ydi. Keyin bir o‘ziga kelib, bir o‘zidan ketib yotgan jajji singlimni avaylab qo‘liga oldi. Ko‘chko‘lonimizni ko‘tarib, jimgina orqasidan ergashdik.
Stantsiyaning orqasidan pastga qarab yo‘l ketarkan, o‘sha yo‘l bo‘ylab yarim chaqirimcha yurgan edik tomiga poxol bosilgan pastak-pastak besh-olti uydan iborat qo‘rg‘onchaga duch keldik. Hovlisining atrofi qamishlar bilan o‘ralgan, ko‘cha eshigi ham qamishdan to‘qilgan bir uyga kirdik.
– Arofat! – deb chaqirdi qorovul.
Ichkaridan xamir qorib o‘tirgan bo‘lsa kerak ikki qo‘li tirsagigacha oppoq unga belangan, pak-pakana, xuddi bo‘g‘irsoqdek dum-dumaloq bir ayol pildirab chiqib keldi:
– Voy xudoyim-ey, tinchlikmi? – negadir juda past ovozda so‘radi ayol.
– Yetim bolalar… kasal bo‘lib qolibdi, – tushuntirdi qorovul. Bizni ichkariga, tagiga qalin poxol solinib, poxol ustiga gulli kigiz to‘shalgan uyga olib kirishdi. Qorovul og‘ilxonada qizil qashqa oti bor ekan, egarlab chiqib: «Sen bularga qarab tur, men cholni olib kelaman» – deb qayoqqadir jo‘nab ketdi.
Bo‘g‘irsoq xola voy xudoyimdan boshqa so‘zni bilmas ekan. Zulayho bilan Robiyani ko‘rpaga yotqizganda ham, voy xudoyimlab turdi, asal bilan sutni qo‘shib qaynatib ichkazayotganda ham voy xudoyimni og‘zidan qo‘ymadi. Bizga choy-non qo‘yganda ham, hovlidagi sholini tovuqlar o‘rtaga olib cho‘qiganda ham:
– Voy xudoyim-ey! – deb qo‘yaverdi.
Bo‘g‘irsoq xola qulog‘iga negadir, tunukadan yasalgan oybaldoq, ko‘kragiga elliktacha mis tanga taqib olibdi. Qarshimizga o‘tirib:
– Sutdan tag‘in quyib beraymi? – deb so‘radi.
– Mayli, – dedim.
– Qayerlik bo‘lasizlar?
– Qo‘qon tomondan.
– Voy xudoyim-ey…
– Yo‘ldda shamollab qoldik, kechasi bilan ustimizdan sharillab yomg‘ir quydi, – deb tushuntirdim.
– Voy xudoyimla-ey, – shunday deb bo‘g‘irsoq xola pildirab o‘rnidan turib ketdi. Tashqaridan ityaloqqa o‘xshash bir qozoncha olib kirib, yog‘ cho‘chita boshladi. Yog‘ning hidi shunaqangi badbo‘y ekanki, Omon o‘qchib-o‘qchib arang o‘tirdi. Bo‘g‘irsoq xola «hammalaring shamollagansizlar, dimoqlaring chirsillab turibdi, hozir badanlaringga bo‘rsiq yog‘i surtaman, bir uxlab tursalaring, hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketaverasizlar» deb badanimizga o‘sha sassiq yog‘dan qalin qilib surtib, boshimizgacha ko‘mir ko‘rpaga o‘rab tashladi. O‘zi bosh tomonimizga o‘tirib, tog‘oradagi xamirni supraga ag‘darib, har bittasi yelpig‘ichday-elpig‘ichday keladigan patir yasay boshladi.
– Oting nima, o‘g‘lim? – deb so‘radi. – Hammala-ring bir ota-onadanmisizlar?
– Ha.
– Voy xudoyim-ey, ota-onalaring qayerda?
– Otam urushda, opam vafot qilib ketganlar.
– Voy xudoyim-ey… Bizdan hijolat bo‘lmanglar… amakilaring juda yetimparvar odam, sizlarga o‘xshaganlarni ko‘p boshlab keladi. Chipta ololmagan, och-nahor qolgan beva-bechoralarga, xudoga shukr, qo‘llari ochiq…
– Tashqarida otning kishnagani, «tak», «dirr», degan past-baland ovozlar eshitilib qoldi. Xiyol o‘tmay qorovul chuvakkina o‘ris cholni boshlab kirdi, o‘ris cholning qo‘li, boshi tinmay qaltirab turarkan.
– Butun boshli yetimxona ochibsan-ku, – dedi u yarmini o‘rischa, yarmini o‘zbekcha qilib. Qorovul yaxshi eshitmadi shekilli:
– Yomg‘irda qolishibdi! – deb qo‘ydi.
O‘ris chol oldin uyning to‘rirog‘ida alohida o‘rinda yotgan Zulayho bilan Robiyani ko‘rdi. Galma-galdan qo‘ltiqlariga nay shisha tiqib isiqlarini o‘lchadi.
Tomirlarini ushlab bosh chayqadi. Nihoyat Robiyaning ko‘kragiga boshini qo‘yib uzoq jim qoldi-da:
– Qizimka chatoq! – deb qo‘ydi.
– Umid bormi? – o‘rischalab so‘radi qorovul. O‘ris chol javob qaytarmay chamadonchasini ochib, ikkov singlimga ham hap dori ichirdi, dumbalariga emlab ham qo‘ydi.
Robiya kutilmaganda ko‘zini ochib:
– Aka, katta aka! – deb ovoz chiqarib qoldi. Ovozini eshitib, nazarimda mendan ko‘ra ham o‘ris chol xursand bo‘lib ketdi shekilli:
– Qizimka yaxshi, – dedi o‘zbekchalab.
Navbat bizga keldi. Omon bu yerda ham rosa ish ko‘rsatdi. Qo‘ltig‘iga nay shishani qo‘ydirmadi, kap dorini ham ostona tomonga otib yubordi.
– Qo‘lingizni tishlab olaman! – deb o‘ris cholga baqira boshladi.
O‘ris chol badanimizga bo‘g‘irsoq xola surtgan yog‘ni maqtab, qorong‘i tushguncha shu yerda o‘tirdi. Qorovuldan menga ham bitta bo‘rsiq otib ber, miltig‘iga sochma o‘q beraman deb iltimos qildi. Qorovul yaxshi eshitmadi shekilli:
– Qo‘qon poyezdimi? – deb so‘radi.
– Yo‘q, bo‘rsiq, – ovozini xiyol ko‘tarib dedi o‘ris chol.
– Bo‘rimi?
– Bo‘r-siq! – hali men stantsiyada baqirgandek baqirdi chol.
– Otib beraymi! – so‘radi qorovul, – otib bersam yetimlarni tuzatasizmi?
– Tuzataman…qizimka yaxshi bo‘ladi.
– Bo‘g‘irsoq xola sho‘rva pishirib keldi. Bunaqangi g‘alati ta’mli sho‘rvani ilgari hech ichmagandik. O‘zi shiringa o‘xshaydi-yu, lekin balchiqning hidi kelib turibdi. Hammamiz ishtaha bilan ovqatlandik, Robiya ham ko‘zini ochib, tizzamda o‘tirib ancha sho‘rva ichdi. Ammo o‘ris chol qaytalab emlayotganda chinqirib yana yurak-bag‘rimni ezib yubordi…
Yarim kechasi Zulayho meni turtkilab uyg‘ota boshladi!
– Nima deysan? – dedim ko‘zimni ochgim kelmay.
– Qorovul xotinini urdi, – shivirladi singlim.
– Yo‘g‘-e!
– Shunday bo‘kirtirib urdiki…
Nima deb javob qaytarishni bilmay o‘ylanib yotib yana uxlab qolibman.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?