Электронная библиотека » Худойберди Тухтабоев » » онлайн чтение - страница 14

Текст книги "Беш болали йигитча"


  • Текст добавлен: 30 апреля 2024, 09:40


Автор книги: Худойберди Тухтабоев


Жанр: Приключения: прочее, Приключения


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 14 (всего у книги 18 страниц)

Шрифт:
- 100% +
«XUDOYI TAOLO YUBORGAN CHO‘LOQ MAXLUQLAR»

Robiya bmlan Zulayho tuzalib, darmonga kirguncha shu yerda qolib ketdik. Yegan ovqatimiz malol kelmasin deb garchi oyog‘imning ishish butunlay qaytmagan, barmoqlarim orasidagi mayda yarachalar bitmagan bo‘lsa-da, uy ishlariga qarashib turdim. Hovlilariga hovli bo‘lgandan buyon supurgi tegmakan ekan, Usmon ikkovimiz naq bir kun ovora bo‘ldik. Molxonalarida go‘ng uyulib, sigir bilan buzoq aylanolmay qolibdi, tovuqxonalariga qadam bosib bo‘lmaydi, ot boylangan bostirmaning tagida nushxo‘rd bilan go‘ng aralashib yotibdi… O‘zim ham mana shunaqangi ishlarni sog‘inib qolgan ekanman, uch kun deganda hamma yoqni yog‘ tomsa yalaguday qilib tozalab, tomorqalaridagi makka poyalarini yig‘ishtirishga o‘tdim.

Men o‘rib turaverdim, Usmon bilan Dilbar tashib turishaverdi. Ishga shunday berilib ketibmanki, qorovul tepamizga kelganini ham sezmay qolibmiz, bir narsa deb gapirgan ekan, buni ham eshitmabmiz. Bir mahal yelkamdan tortib o‘ziga qaratdi:

– Horma deyapman!

– Bor bo‘ling.

– O‘roq tortishga usta ekansan, menga o‘g‘il bo‘p qo‘ya qolmaysanmi?

Shu yo‘sin bir-birimizga jinday baqirishib oldik. O‘sha kuni kechqurun qorovul erib ketdi shekilli, ukalarim darmonga kirishi bilan, Qo‘qon poyezdiga o‘tqazib qo‘yishga so‘z ham berib yubordi. Lekin ertasiga uyga qaytmadi u, indinisiga ham qaytmadi. Biz makka poyani o‘rib bo‘lib ko‘l bo‘yida kartoshkalari bor ekan, o‘shani kovlayotgan edik, Robiyani ko‘tarib Zulayho borib qoldi, qovog‘i soliq, lab-lunji osilgan.

– Bo‘g‘irsoq xola ketinglar deyapti.

– Yo‘g‘-e, – dedim qo‘rqib.

– Narsalarimizni tashqariga olib chiqib tashladi, – dedi singlim yig‘lamsirab.

Yugurib kelsak, rostdan ham ish chatoq. Bo‘g‘irsoq xola xuddi chayon chaqib olgan odamdek voy xudoyimlab hovlida vozillab yuribdi, duch kelgan narsani urib sindirib, tinmay javrab ham yuribdi:

– Nega qarab turibsanlar, – deb baqirdi menga, – jo‘nanglar endi.

– Qayoqqa jo‘naymiz, – dedim jo‘rttaga o‘zimni go‘llikka solib.

– Qayoqdan kelgan bo‘lsang o‘sha yoqqa jo‘na.

– Axir, xolajon, yo‘l kiramiz yo‘q-ku?

– Yo‘l kirang yo‘q ekan, nega detdomingda jimgina yuravermading… qaysi biringni boqaman, yo‘qol!

– Xolajon!

– Xola dema meni. Senlarni deb kardan ikki marta kaltak yeb oldim… Yetim boqsang og‘zi-buning qonga to‘ladi deb shuni aytishadi-da…

– Amakim qayoqqa ketdilar.

– Ochiq mozorga.

– Mozorlaring qayerda?

– Yo‘qol! – butunlay tutoqib ketdi Bo‘g‘irsoq xola. Demak qarori qat’iy. Shuni yotiqchasiga aytsa ham bo‘lardi-ku, juda o‘ligimizni tashlab olmas edik-ku! O‘ziyam bugun-erta jo‘naymiz deb turuvdik…

Stantsiyaga chiqib, qorovul amakini surishtirgan edik, yo‘l qurilishiga ketgan, o‘n kunsiz kelmaydi deyishdi. Bo‘g‘irsoq xola shuning uchun kuchayib ketgan ekan-da! Qorovul amaki bo‘lganda-ku, mo‘ylovini sal qimirlatib qo‘ysa, voy xudoyimdan boshqasiga yaramay qolardi-ya…

Lekin nima bo‘lganda ham Bo‘g‘irsoq xola ja unaqa insofsizlardan emas ekan, buni biz tugunchamizni yechib ko‘rganda sezib qoldik: yettita sutga yo‘g‘rilgan patir, yarim xalta chala qurigan qurut, bitta pishirilgan o‘rdak solib beribdi. Rahmat xolajon, ming marta rahmat sizga. Badanimizga surib qo‘ygan badbo‘y yog‘ingiz uchun, har kuni ikki mahallab pishirib bergan sutlaringiz uchun, oyoqlarimizning yarasiga bosgan malhamlaringiz uchun – hamma-hammasi uchun mingdan ming rahmat sizga. Xayr, yaxshi qoling.

– Xo‘sh, ukajonlar, – deb so‘radim, – endi qayoqqa yurdik, Toshkentgami, qishloqqami?

– Qishloqqa, – bir ovozdan qichqirishdi ukalarim.

– Katta Tagob qishlog‘iga qarab shagom marsh! – deb komanda berdim.

Uch soat yurdikki, to‘rt soat yurdikmi, bunisi aniq esimda yo‘q, keng dalada, yovvoyi jiydalar ostida o‘rdak go‘shti yeb o‘tirgan edik, Omon:

– Bo‘ri! – deb qichqirib yubordi.Hammamiz o‘rnimizdan turib tayoqqa yopishdik.

– Qani? – dedim o‘zimni bosib.

– Ho‘ ana, biz tomonga bostirib kelayapti.

– Voy, u eshak-ku! – dedi Zulayho ko‘kragiga tuflab.

– Hechamda, – bo‘sh kelmadi Omon, – qara, quloqlarini chimirib turishini!

Bo‘rimi, eshakmi har qalay biz tomonga jadal yurib kela boshladi. Yaqinlashgach, bunday sinchiklab qarasak, junlari o‘sib ketgan, ko‘k eshak ekan. Oldimizga kelib to‘xtaganida yana sinchiklab qaragan edik, bechora eshakning oldingi oyog‘i cho‘loq, ustini oppoq yag‘ir ham qoplab ketgan ekan.

– Aka, bu o‘zimizning eshak-ku! – irg‘ishlab dedi Omon.

– Hechamda, bu yovvoyi eshak, – bilag‘onlik qilib dedi Usmon. Eshakni har tomonidan qurshab olib, har kim o‘z mulohazasini bayon qila boshladi. Omon, negadir birikki bor junidan tortib ham ko‘rdi.Bechora eshak bo‘lsa, angrayib, goh nima qilsalaring qilaveringlar, endi ixtiyorim sizlarda degandek boshini solintirib, jim turaverdi. Zulayho bilan Dilbar «har kuni kechasi sizlar uxlaganda ey xudo, mushkulimizni oson qil, yo‘limizni yaqin qil» deb yolvorardik, bu eshakni bizga xudoning o‘zi yubordi, deb tushuntira boshlashdi.

– Rost, deb o‘yladim o‘zimcha, xudo yuborgan bo‘lsa bordir.

– Aka, ustiga minib ko‘raymi? – hovliqib so‘radi Omon.

– Ukamni eshakning beliga mindirgan edim, hayriyat cho‘changlamadi, shataloq ham otmadi, uzun quloqlarini bir chimirdi-yu, boshini egganicha tumshug‘ini yerga tirab, jim turaverdi.

– Bordi-yu, egasi bo‘lsa-chi? – so‘radi Usmon.

– Bu atrofda qishloq yo‘q-ku, – shunaqa deb o‘z so‘zlarida qattiq turib olishdi qizlar.

– Eshakning ustiga adyolimizni to‘rt buklab tashlab, navbati bilan hammamiz minib ko‘rdik, keyin ikkitadan bo‘lib mindik, eng oxirida uchtadan minib sinovdan o‘tkazdik. U yoq-bu yoqqa yurgazib ham ko‘rdik, faqat yurganda oqsoqlanib bechoraning tumshug‘i yerga tegay-tegay deb borarkan, boshqa aybi yo‘q.

– Zulayho, xudodan eshak so‘raganingda bir yo‘la to‘qimi bilan yurganini ham qo‘shib so‘ramagan ekansan-da, – deb hazillashtim singlimga.

– Eshagini bergan xudo to‘qimini ham beradi, – shak keltirmang degandek jerkib berdi Zulayho.

Tasodifni qarangki, o‘sha eshak topib olgan kunimiz ertasiga bir cho‘loq it ham topib oldik. Egasi tashlab ketgan xaroba uyda tunagan edik. Ertalab yo‘lga otlanayotganimizda junlari xurpayib ketgan, erkag-u urg‘ochiligini ham bilib bo‘lmaydigan qovog‘i soliq, orqa oyog‘i cho‘loq bir it ergashdi. Men urib haydamoqchi bo‘luvdim, Zulayho:

– Qo‘ying, urmang! – deb yolvordi, – ehtimol, buniyam xudo yuborgandir.

Shundayqilib ham eshak, ham itlik bo‘lib oldik, lekin xudoyi taoloning bizga atab yuborgan maxluqlari xuddi bir-birini masxara qilayotgandek biri oldingi oyog‘i bilan oqsab, tumshug‘ini yerga urib olay-urib olay deb yursa, boshqasi orqa oyog‘i bilan oqsab, orqasi bilan yerga o‘tirib qolay-o‘tirib qolay deb surgalib yurarkan. «Shunisiga ham shukur» deb yo‘lda davom etaverdik.

ESHAK BOZORI QAYDADIR

Bugun-erta qishlog‘imizga kirib boramiz-u oftobda toblab yotgan Parpi buvamni «vah!» deb qo‘rqitib yuboramiz, deb o‘ylab chuchvarani xom sanab yurgan ekanmiz, buni biz eshak aravada ketayotgan chol-u kampirlar bilan suhbat qilganimizdan keyingina bilib qoldik. O‘sha kuni bozor edi shekilli, ko‘cha to‘la odam, birovi qop ko‘tarib birovi qo‘y xaydab stantsiya tomonga oshiqyapti. Chol bilan kampir bo‘lsa aravalariga olti qop piyoz yuklab olishibdi.

– Buvajon, aravangizning shotisidan ushlab ketsak maylimi? – deb so‘radik.

– Toliqib qoldinglarmi? – savolimizga savol bilan javob qaytardi chol buva.

– Bu stantsiyaning nomi nima? – so‘rashda davom etdim men.

– Veliko deyiladi.

– Qo‘qonga hali uzoqmi?

– Qo‘qongami? Hozir… Qo‘qonga, onasi, sen bilmaysanmi, oltita dedingmi? Ha, olti stantsiya bor hali…

Mana shu gapdan keyin hammamizning qadamimiz o‘z-o‘zidan susayib, asta-sekin bir-birimizdan ortda qolib keta boshladik, charchog‘imiz o‘n chandon kuchayib ketgandek bo‘ldi, hatto sho‘ring qurg‘ur eshagimiz ham «e-ha!» deya hangrab yubordi, kuchugimiz bir vakanglab oldi.

Olti stantsiya… Har birining orasi o‘ttiz chaqrimdan bo‘lgandayam bir yuz sakson chaqirim-a, aytishga oson! Bu yoqda kuz oxirlab, kechalari oq qirov tushib, atrof sovib, tuni bilan tishlarimiz taraklab chiqayapti. Sal kunda sovuq shamollar esib, gupillatib qor yog‘a boshlaydi… Bordi-yu eshakni sotib puliga bilet olsakchi, bilet bilan poyezdga chiqsa ushlamaydi-ku? Shu haqda uch kundan buyon maslahat qilamiz, aslida ukalarim rozi-yu men sal ko‘nmayroq turibman. Eshakni sotishga sotib qo‘ysag-u, bilet ololmasak, unda yana avvalgidek piyoda qolamiz. Ko‘ch-ko‘lonimizni nimaga ortamiz, Omon bilan Robiyani kim ko‘taradi. Endi ularni avvalgidek ko‘tarib ketishga kuch-u madorimiz ham qolmagan, sovuq urgan poyadek qiltillashib, rahmatjon bo‘lib qolganmiz.

Ho‘, buvajon! – deb qichqirdim uzoqlashib ketgan eshak arvaning ortidan, – bu atrofda eshak bozori bormi?

– Mol bozoriga borib so‘ra, – javob qaytdi aravadan.

– Mol bozori stantsiyadan bir chaqirimcha narida, bedazorga o‘xshagan kenga maydonda ekan. Bu yerda qo‘ylarning bo‘yniga arqon boylamasdan gala-gala xaydab kelib sotisharkan, mollar ham yog‘ochdan omonatgina qurilgan qo‘ralarga qamab sotilarkan. Ot bozori-yu, ishonsangiz tuya bozorigacha bor ekan bu yerda. Bitta tuya mast bo‘lsa kerak, oyog‘i-yu bo‘yniga boylangan zanjirni uzishga harakat qilib tinmay bo‘kirib turibdi…

– Eshagimizni bozorga solishdan oldin ukalarim u bilan xayrlashib olishdi.Kuchugimiz ham «xayr, ey cho‘loq do‘stim» degandek osmonga karab bir ulib qo‘ydi.

– Eshak bozori hoh ishoning hoh ishonmang, ot bozoridan kattaroq ekan, o‘ziyam, bu atrofning odamlari ot o‘rniga nuqul eshak minisharmikan, shunaqangi savdolashishyaptiki, asta qo‘yaverasiz. Har bittasi nortuyadek-nortuyadek keladigan bel ingichka, oyog‘i yo‘g‘on eshaklar; beli kalta, kallasi uzun,yoldor eshaklar; minishga yaqindagina o‘rgatilib, ustiga kechagina to‘qim qo‘yilgan xushbichim xo‘tikchalar… bir xillarini shunaqangi yasatishibdiki, bay-bay-bay, xuddi sotgani emas, ko‘z-ko‘z qilagni olib chiqishayotgandek. No‘xtasiga har xil yiltiroq pistonlar qadab, peshanasiga ko‘zmunchoq osib, ustiga hoshiyali gilam to‘qimalar urib chiqqanlar ham bor, otga o‘xshatib egarlab, og‘ziga kumush yugan solib chiqqanlar undan ko‘p.

Bizning eshak bo‘lsa, ochig‘ini aytsam, ko‘rimsizgina ekan, buning ustiga to‘rt oyog‘ini bir joyga to‘plab, negadir dag‘-dag‘ qaltirab ham turibdi.

– Tumshug‘ini sal ko‘tar, – deb shivirladim Usmon ukamga.

– Ko‘tarib turaverib yelkam og‘rib ketdi, – yig‘lamsirab dedi ukam.

– Dumini qimirlatib qo‘y bo‘lmasa.

– Ichiga tortib olyapti-yu… Aka, ustiga ko‘ylagimni yopib qo‘yaymi? Odamlar yag‘irini ko‘rib, burnini jiyirb ketishyapti.

– Yopsang yopa qol, – dedim-u xaridor kutib atrofga qaray boshladim. Xaridorlarning aksariyati beliga ikkitadan belbog‘ bog‘lab olgan qora soqolli chollar, boshiga mazzangilarning lakkasidan o‘rab olgan, munkillab qolgan, tishi yo‘qligidan gapirganda xushtak chalib gapiradigan kampirlar… Yoshlar kim, borlari ham armiyadan cho‘loq bo‘lib kelgan qo‘ltiqtayoqli askarlar… «Talashib-tortishib» o‘tirmay, aytganiga berib yuboraveraman, – deb ko‘nglimdan o‘tkazdim, – olti yuz so‘m so‘rasayam beraveraman, uch yuziga bilet olsak, qolganiga ukalarimga kiyim-bosh olib beraman. Parpi buvam bilan To‘xta xolamga sovg‘a ham olamiz…»

Ho‘, ana, yelkasiga xurjun osgan, oppoq soqolli chol buva bir eshakning u yoq-bu yog‘iga o‘tib ko‘rib sal sho‘xroq ekan, menga yuvoshrog‘i kerak edi, orqasiga qaytdi. O‘shanga ko‘rsatsam-chi?

– Assalomu alaykum, bobojon! – dedim juda odobli yigitchalarga o‘xshab qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib.

– Vaalaykum assalom, bo‘talog‘im, – deb sallali bobo gilam xurjunini bu yelkasidan narigi yelkasiga o‘tkazib oldi.

– Sizga yuvoshgina eshak kerakmi?

– Inshoollo, bo‘talog‘im.

– Bizda shunaqasi bor, yuring, bir ko‘ring!

– Qani-qani, bo‘talog‘im.

Sallali bobo yaqiniga borsam tepib oladi deb qo‘rqdi shekilli, sal beriroqda to‘xtab negadir o‘ng qo‘lini qoshining ustiga soyabon qilib eshagimizga uzoq, tikildi.

– Bay-bay-bay! – dedi keyin zavqi kelib, – bu eshakmi yoki Hazrat Alining tulporimi?

– Eshak, – dedim payqab qolmasin deb shoshilib, – o‘zi juda yuvosh, tepishniyam bilmaydi.

– Bay-bay-bay, – sal orqasiga tisarildi sallali bobo, – tepish uchun oyog‘ini ko‘tarolmasa kerak-da, bo‘talog‘im?

– Tishlamaydiyam, – deb maqtadim yana.

– Og‘zida tishi bo‘lsa tishlaydi-da, bo‘talog‘im.

– Tishi bo‘lmasayam xashakni yaxshi yeydi, – deb bo‘sh kelmay turib oldim, – o‘zi juda yosh, mana, tishlarini ko‘ring endi chiqyapti.

– Bay-bay-bay! Bu jonivor o‘likmi, tirikmi o‘zi?

– Tirik, bobojon, xudo ursin agar tirik! Mana, yurgizib ko‘ring! Usmon, orqasidan itar!

– Yo‘g‘-e, bo‘talog‘im, bu bir oy oldin o‘lib ketgan eshagimning arvohiga o‘xshaydi-ku!

– Yo‘q, bobojon, bu eshak boshqa eshak… Ola qoling, arzonginaga beramiz.

– Eshagingni olsam, kira haqqini kim to‘laydi?

– Qanaqa kira haqqi? – dedim xayron bo‘lib.

– Axir, bo‘talog‘im, bu jonivoring uyimga yetolmaydi, aravaga yuklab ketishga to‘g‘ri keladi.

– Bemalol yetadi, xudo ursin agar, Usmon, sen aytgin, – dedim yig‘lavorguday bo‘lib.

Usmon ukam eshakning qo‘ltig‘i tagidan lip etib chiqib, nima deyishini bilmay, sallali boboga qarab lablarini g‘alati burib iljayib qo‘ydi.

– Mayli, bobojon, sizga olti yuz so‘mga beraman, – deb yolvordim, – ola qoling!

– Yo‘q, bo‘talog‘im, menga minadigani kerak.

– Minsa bo‘ladi, Usmon, sen aytgin.

– To‘g‘ri, – gapimni tasdiqladi ukam, – uch kishi minsa ham bo‘ladi.

Sallali bobo, yelkasi charchab qoldi shekilli, xurjunini u yelkasidan bu yog‘iga yana almashtirib oldi-da, oppoq, soqolini silkitib, kula-kula nari ketdi… Olmasa olmas, deb ko‘nglimizdan o‘tkazdik ukam ikkovimiz, boshqa serpulrog‘iga sotarmiz…

Xaridorning serpuliyam kelmadi, kampuliyam kelmadi, baqiroq, dallollarga o‘xshab eshagimni maqtab birpas baqirib ham ko‘rdim, buniyam nafi tegmadi.

Faqat bizning eshagimizgina emas, boshqa gijinglagan otdeklari ham qolib ketdi. Avvaliga xafa bo‘ldim-u, keyin to‘satdan ajoyib bir fikr boshimga kelishi bilan quvonchimni ichimga sig‘dirolmay andak bo‘lmasa o‘shqirib yuborayozdim. Bu fikrim, eshakning bo‘ynini yuqoriga ko‘taraverib qo‘llari tolib ketgan Usmonga ham, akamiz eshakni yaxshi pullab kelsa, bizga no‘xatsho‘rak olib beradi deb, no‘xatsho‘rak sotayotgan ayolning qarshisida so‘lagini yutib, labini chapillatib o‘tirgan ukalarimga ham juda ma’qul bo‘lib tushdi.

Ko‘ch-ko‘lonimizni eshagimizga ortib, cho‘loq kuchugimizni ortimizdan ergashtirib, vokzalga qarab yugurdik. Ukalarimni beriroqda qoldirib eshagimni yetaklab to‘ppa-to‘g‘ri vokzalga kirib, bilet sotadigan xonaning eshikchasini taqillatdim, eshikcha giyq etib ochilib ichkarida keksagina bir ayolning boshi ko‘rindi:

– Xizmat, yigitcha? – juda yoqimli, xuddi erkalayotganday bir ohangda so‘radi ayol.

– Qo‘qonga bilet bormi? – dedim shoshilib.

– Bugunga yo‘q.

– Ertagalikka-chi?

– Topiladi.

– Menga to‘rtta bilet kerak.

– Qani, yigitcha, avval pulini uzating-chi.

– Xolajon, menda pul yo‘q, – yig‘lamsirab davom etdim u yog‘iga, – biletning puliga eshagimni ola qoling, o‘g‘illaringizga berarsiz.

– Nima?! – qoshlari kerilib ketdi kassir xolaning.

– Yo‘q, demang, xolajon! O‘zi eshak bo‘lsayam, juda aqlli, mana ko‘ring! Quloqlarini chimirib turishini.

Kassir xola eshikchadan boshini chiqarib eshakka ko‘z tashladi-yu, shunaqangi qattiq kulib yubordiki, eshagim cho‘chib, andak bo‘lmasa Usmonning qo‘lidan chiqib ketayozdi. Kassir xolaning tutqanog‘i tutib qoldi shekilli, boshini ichkariga tortib olgandan keyin ham kulaverdi. Ikki qo‘lini stolga urib voy, voy o‘lmasam, deb kuladi deng. Oxiri o‘zini bosib, o‘ttiz yildan buyon kassir bo‘lib ishlab bunaqasini hech ko‘rmagan edim dedi-yu, yana kulib yubordi. Bu gal og‘zini katta ochib, osmonga qarab kula boshladi.

– Menga qarang, yigitcha, mabodo siz afandi emasmisiz? – dedi nihoyat o‘ziga kelib.

– Xo‘p desangiz afandiyam aytib beraman, jon xolajon! Qiziqlaridan aytaman.

– Ukaginam-ey, axir bu bilet davlatniki-ku.

– Davlatniki bo‘lsa nima qipti, eshakni ham davlatga o‘tkazib yuboraverasiz-da…

Xuddi shu paytda militsionerlarning hushtagiga o‘xshash xushtakning churillagan ovozi eshitilib qol-di. Bir sakrab tushib, orqamga o‘girilgan edim, hayriyat, militsioner emas, bilagiga qizil boylagan temir yo‘l navbatchisi ekan.

– Eshakni kim olib kirdi? – dag‘dag‘a qilib so‘radi navbatchi.

– Men, – dedim tizzalarim dag‘-dag‘ qaltirab.

– Nega olib kirding, tentak?

– Biletga almashtirmoqchiman.

– Biletga, qanaqa biletga?!

– Qo‘qonga boradigan.

– Tort eshagingni!

– Tortmayman!

– Hayda deyapman!

– Haydamayman, ukalarim qiynalib ketdi, bildingizmi! Oyoqlarimiz shishib ketdi, mana ko‘ring!

Navbatchining tarafini olib boshqa odamlar ham eshagimizning orqasidan itar-itar qilishib bizni tashqariga olib chiqib tashlashdi.

PAKANA BUVA YIG‘LAYDI

Toshkentdan chiqqanimizda kunbotar tomonga qarab yuruvdik, oftob orqamizni qizdirib qolardi. Endi bo‘lsa, mana uch kundan buyon kunchiqdi tomonga qarab ketyapmiz. Endi oftobning ham tafti yo‘q, o‘zi ham nursizlanib sovuq urgan pomidordek gezarib qolgan.

To‘xtamay shamol esyapti. Bu yerlarda shamol shunaqangi qattiq esarkanki, xuddi och qolgan bo‘ridek uvillab yuboradi deng. Dov-daraxtlarning sarg‘aygan xazonini yerga urib, yerdagi cho‘p-u xaslarni pirpirak qilib osmonga olib chiqib, chiyillatib hushtaklar chalib esarkan. Hozir ayniqsa kuchayib ketdi. Chang-u to‘zondan endi haligi gezarib turgan quyoshni ham ko‘rib bo‘lmay qoldi, o‘zimizni ham ba’zan uch-to‘rt metrga surgab ketyapti. Qadrdon eshagimizga ikki ukamni mindirib, yelkalarini choyshab bilan o‘rab, boshqalarimiz inidan qochgan asalarilar podshosini o‘rtaga olib qochgandek, eshakni o‘rtaga olib birimiz ayilidan, birimiz no‘xtasidan, boshqamiz to‘qimidan ushlab g‘uj bo‘lib ketyapmiz.

Havo ham sovigandan-sovib boryapti, ayoz yuzlarimizni chimdib-chimdib olyapti… Bir-birimizga gap qo‘shmaymiz, nimani ham gaplashardik. Ko‘ngilda vahimadan boshqa hech narsa yo‘q… Qish yaqinlashib qolganga o‘xshaydi, ust-boshimiz yupun, to‘r ko‘ylag-u astarsiz kostyum… To‘satdan muzlab qolsag-a, unda nima bo‘ladi? Biz mana shundan qo‘rqib, mana shundan vahimaga tushib boryapmiz.

– Aka, orqada birov kelyapti, – deb turtdi meni Zulayho.

O‘girilib qarasam… rost, eshak mingan chol kelayotgan ekan, lekin cholmi, bolami… bola desam boshida kattakon sallasi, iyagida qop-qora soqoli bor, chol desam bo‘yi shunaqangi kichkinaki, eshakning tizginini ushlab kelayotgan qo‘llari ham shunaqangi kaltaki, xuddi Omon ukamning o‘zginasi deysiz… Yana o‘girilib sinchiklabroq qaradim… Tovba, jinmi, alvastimi bo‘lsa-ya! Shunaqa shamol esgan kunlari devlar ham yo‘lga chiqadi deb ko‘p eshitganman. Yo‘ldan adashgan devga duch kelib qolgan bo‘lsag-a!

– Aka, yaqinlashib qoldi, – shivirladi Zulayho.

– Ishing bo‘lmasin, – dedim orqamga o‘girilgani qo‘rqib.

Chol yonma-yon kelib qoldi. Eshagi ham devdek keladigan, quloqlari uzun, oyoqlari yo‘g‘on ko‘k eshak ekan… Yonimizdan o‘ta turib:

– Chiroqlarim, bu qattiq shamolda qayoqqa ketyapsizlar? – deb so‘radi.

Ovozi odamnikiga o‘xshaydi. Qo‘rqa-pisa yonboshimga o‘girilib:

– Assalomu alaykum, – deb odob bilan salom berdim.

– Vaalaykum, mullo bo‘ling, – deb eshagining tizginini tortdi Pakana buva, – oting nima, chirog‘im?

– Orifjon.

– Yaxshi nom ekan, chirog‘im, qayoqqa ketyapsizlar?

– Qo‘qonga.

– A?! – dedi Pakana buva biz tomonga bo‘ynini cho‘zib, – nima deding, chirog‘im?

– Qo‘qonga dedim, buvajon.

– Yo‘g‘-e, chirog‘im.

– Rost, buvajon, biz yetimlarmiz.

– Yetimlarmiz?

– H..

– Bay-bay! Qayoqdan kelyapsizlar?

– Toshkentdan.

– Toshkentdan? Bay-bay-bay! – deb to‘satdan yoqasini ushlab, sallali boshini silkitib, o‘zini-o‘zi bo‘g‘a boshladi Pakana buva. Keyin mana bular kimlar bo‘ladi dedi. Ukalarim degan edim, birma-bir hammalarining ismini so‘rab chiqdi. Men Pakana buvaning rahmini keltirish, maboda ko‘ngli yumshab qolsa, bir kechaga uyidan joy so‘rash umidida ataylab o‘zimni juda g‘arib, juda qiynalgan qilib ko‘rsata boshladim.

– Ukalarim kasal! – dedim yig‘lamsirab.

– Voy bechoralar-e! – dedi Pakana buva menga o‘xshab yig‘lamsirab.

– Oyoqlarimiz shishib ketgan…

– Ey xudoyim!

– Qornimiz ham och!

– Yo parvardigor!

– Yurishga darmonimiz ham yo‘q.

– Chirog‘im, chiroqlarim, – deb Pakana buva biror yeri qattiq og‘riyotgandek ko‘zlarini chirt yumib, lablarini tishlab, sallali boshini silkita boshladi. Bir mahal xuddi eshon pochchalar qiroat qilgandek:

– Bugun bozorga o‘xshaydir, Yetimlar zor-zor qaqshaydir.

Alarning holiga boqsang, Ota-onasi yo‘qqa o‘xshydir. deb she’r o‘qidi-yu, to‘satdan piq-piq yiglay boshladi… Ana xolos, deb ukalarim bilan ko‘z urishtirib oldik, Omon yig‘lagudek bo‘lsa, yig‘lamasang non beramiz deb aldab yupatsak bo‘lardi, Pakana buvani nima deb yupatsak bo‘larkin?

– Men ham bolaligimda yetim bo‘lganman, – dedi Pakana buva chuqur xo‘rsinib, – Miroqilxojining molxonasida katta bo‘lganman. Ishlayverib mana shunaqa pakana bo‘lib qolganman…

– Mayli, buvajon, yig‘lamang! – deb qo‘ydim nima deyishimni bilmay.

– Nega molni sug‘ormading deb shunaqangi urardiki, menga rahmi kelib mollar bo‘kirib yuborardi.

– Voy xudoyim-ey! – dedi kaltakdan qo‘rqadigan Zulayho.

– Ovqat o‘rniga nuqul yuvindi berardi, – yig‘lashda davom etdi Pakana buva, – bir marta yuvindi talashib itlar bilan urishib ham qolganman…

– Buvajon-ey! – deb xo‘rsindi Dilbar.

– Biror martayam yangi kiyim olib bermagan, – bu gal ho‘ngrab yig‘lab yubordi Pakana buva, – xotinining eski lozimidan ko‘ylak tiktirib berardi.

– Juda xasis ekan, – deb qo‘ydim.

– Gadoy kelsa, tashqarisidan joy berardi-yu, ertalab o‘rnidan turguncha xaltadagi nonini o‘g‘irlab…

Pakana buvani hech to‘xtatib bo‘lmadi. Yetimligini tugatib, endi besh yil avval olamdan o‘tib ketgan jannatmakon xotinini eslab yig‘lay boshladi. Hozirgi xotini xudoning g‘azabi ekan, Pakana buvaga hech kun bermas emish, o‘g‘li Davlatshohdan qora xat kelganiga uch oy bo‘libdi, aza ochib yurtga maraka beraylik desa, xotini ko‘nmasmish.

Pakana buva nihoyat yig‘lashdan to‘xtab «ey parvardigori olam» deb bir xo‘rsindi-yu, eshakni to‘xtatib ustidan tusha boshladi.

– Oting nimaydi? – deb so‘radi Usmondan.

– Usmon.

– Hazrati Usmon-u zunnurayn, qanday yaxshi ism-a!..

– Eshak minishni bilasanmi? Qani, uzangiga oyog‘ingni qo‘y-chi, barakalla, chirog‘im.

Pakana buva piyoda ketayotgan ukalarimni eshagiga mindirdi, ustma-ust ikkita gulli chopon kiyib olgan ekan, bittasini yechib o‘zimizning eshakda pildirab ketishayotgan Omon bilan Robiyaning yelkasiga yopdi.

– Qani, jo‘nadik endi, chiroqlarim, – dedi oxirida.

– Qayoqqa boramiz, bobojon? – sal tashvishlanibroq so‘radim.

– Qayoqqa bo‘lardi, – jerkib berdi Pakana buva, – bugun biznikida tunaysizlar, ertalab xudo yana bir yo‘lga boshlar…

Pakana buva ikkimiz piyoda jo‘nadik. Buvajonimiz endi qiziq-qiziq gaplardan gapira boshladi. O‘sha Miroqilxoji juda xasis bo‘lgan ekan, sandiq to‘la tillasi bo‘lsa ham qotgan nonni suyak kemirgandek kemirib o‘tirarkan. Qarollar ko‘pincha boyning xaltasidagi qotgan nonini olib o‘rniga suyak solib qo‘yisharkan… Pakana buva hozirgi xotini har qancha zug‘um qilsa ham, bari bir undan qo‘rqmas ekan. O‘tgan yili yozda yostig‘ining tagiga ilon yashirib qo‘yib rosa yuragini yoribdi, yaqinginada xotini uxlab yotgan uyga suv boylab yuborgan ekan, bechora xotini ertalabgacha o‘rdak bo‘lib suzib chiqibdi.

– Oting nimaydi? – deb so‘radi Pakana buva mudrab ketayotgan Omondan.

– Omon, – deb qo‘ydi ukam.

– Menga o‘g‘il bo‘lasanmi?

– Yo‘q.

– Voy, nega?

– O‘zingiz mendan kichkinasiz-ku! – dedi ukam. Pakana buva tizzalariga urib, xaxolab uzoq kuldi, biz ham qo‘shildik.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Это произведение, предположительно, находится в статусе 'public domain'. Если это не так и размещение материала нарушает чьи-либо права, то сообщите нам об этом.


Популярные книги за неделю


Рекомендации