Текст книги "Беш болали йигитча"
Автор книги: Худойберди Тухтабоев
Жанр: Приключения: прочее, Приключения
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 7 (всего у книги 18 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
BIR BOR EKAN, BIR YO‘Q EKAN
Yotoqxona hovlisidagi qiziq-qiziq, o‘yinlar tugagach, Samovar, Qoravoy uchalamiz a’lo baho olganligimiz haqidagi xushxabarni tezroq Mariya Pavlovnaga yetkazib, suyunchiga biror narsa undirish umidida uning uyiga borgan edik, xonasida miltillab qora chiroq, yonib turganini ko‘rib qoldik. To‘ppa-to‘g‘ri bostirib kirishga yuragimiz betlamay, bir-birimizni itarishib asta derazadan mo‘ralay boshladik.
Bir yo‘la uch kishi ham yotsa bo‘laveradigan katta-kon temir karavotning bosh tomonida peshanasi yiltiroq qo‘g‘irchoqni bag‘riga bosib Robiya yotibdi, karavotning oyoq tomonida bo‘lsa, O‘ris xola sovg‘a qilgan yog‘och otni minib, Omon o‘tiribdi. Karavotning kungirador qubbasini mahkam ushlab, xuddi otini choptirib ketayotgandek tinmay silkinib turibdi u. O‘ris xolaning o‘zi bo‘lsa ot qashlaydigan kattakon yelim taroq, bilan sochini tarayapti. Ikkov ukam barobar javrashib ertak aytib berasiz, bo‘lmasa uxlamaymiz deb qiyin-qistovga ham olib turishibdi.
– Xo‘p mayli, ertak aytsam uxlaysizlarmi? – so‘raydi O‘ris xola.
– Uxlaymiz, – deyishadi ukalarim.
– Bir bor ekan, bir yo‘q, ekan, ilgarigi zamonda, shu o‘zimizning Qo‘qon tomonda, – deb ertak boshlab yubordi O‘ris xola, – bitta chumchuq, bo‘lgan ekan…
– Erkak bo‘lgan ekanmi yoki urg‘ochi bo‘lgan ekanmi? – shoshilib so‘radi Omon.
– Urg‘ochi bo‘lgan ekan… unaqa gap qo‘shmay turginda, adashib ketyapman… O‘sha chumchuq bir kuni go‘ng tepani titib, bitta chigit topib olibdi. Chigitni tumshug‘ida tishlab dehqonning oldiga borib:
Ek-ek mekunam,
Ekmasang mekunam,
Uyingni vayron qilaman,
Boshingni talqon qilaman.
– debdi. Dehqon qo‘rqib ketib darrov chigitni yerga ekib beribdi. Chigit unib chiqib, gurkirab o‘sib, shona qilib, ko‘sak ham tugibdi. Paxtasi ochilgach, chumchuq haligi dehqonning oldiga borib:
Ter-ter mekunam,
Termasang mekunam,
Uyingni vayron qilaman,
Boshingni talqon qilaman.
– debdi. Dehqon g‘o‘zani terib beribdi. Chumchuq g‘o‘zani olib kampirning oldiga boribdi:
Chuvi-chuvi mekunam,
Chuvimasang mekunam,
Uyingni vayron qilaman,
Boshingni talqon qilaman.
– debdi. Kampir paxtani chuvib savagich bilan savab, piltalab ham beribdi. Chumchuq piltalangan paxtani tumshug‘ida tishlab boshqa bir kampirning oldiga boribdi:
Yigir-yigir mekunam,
Yigirmasang mekunam,
Uyingni vayron qilaman,
Boshingni talqon qilaman.
– debdi. Kampir qo‘rqib ketib darrov ipni yigirib g‘ovakka o‘rab ham beribdi. Chumchuq g‘ovakni tumshug‘ida tishlab, bo‘zchining oldiga boribdi:
To‘qi-to‘qi mekunam,
To‘qimasang mekunam,
Uyingni vayron qilaman,
Boshingni talqon qilaman.
– debdi. Bo‘zchi ham qo‘rqib ketibdi-yu, ipni olib darrov bo‘z to‘qib beribdi. Chumchuq to‘qilgan bo‘zni tumshug‘gida tishlab chevarning uyiga borib, menga do‘ppi tikib berasan deb talab qilibdi:
Tik-tik mekunam,
Tikmasang mekunam,
Uyingni vayron qilaman,
Boshingni talqon qilaman,
– debdi. Chevar darrov do‘ppi tikib beribdi. Chumchuq yangi tikilgan do‘ppini boshiga kiyib, xonning saroyiga borib «Mening do‘ppim bor, xonning do‘ppisi yo‘q, mening do‘ppim bor, xonning do‘ppisi yo‘q, deb sakrab shoxdanshoxga qo‘naveribdi. Xonning achchig‘i chiqib jallodga «Chumchuqni ushla», deb buyuribdi. Ammo chumchuq pirr etib uchib ketibdi, daraxtning eng tepa shoxiga qo‘nib: «Mening do‘ppim bor, mening do‘ppim bor, xonning do‘ppisi yo‘q», deb battar jahlini chiqaribdi.
O‘shandan buyon xon chumchuqni quvarmish, chumchuq, shoxdan-shoxga qo‘nib uning jahlini chiqararmish. Omonjon, endi yotib uxlaysanmi, o‘g‘lim? – deb so‘radi oxirida Mariya Pavlovna, ammo Omon javob qaytarmadi, nega desangiz, u yog‘och otining ustida ikki qo‘li bilan karavotning qubbalaridan ushlab, peshanasini karavotning muzdek poyasiga qo‘ygancha uxlab qolgan edi. Javob o‘rniga yengilgina bir xurrak tortib qo‘ydi.
– Sen-chi, ona qizim? – yana so‘radi O‘ris xola. Ammo ona qizlaridan ham javob bo‘lmadi, aftidan u kishi ham uxlab qolganga o‘xshaydi.
Mariya Pavlovna Omonni olib Robiyaning yoniga yotqizdi-da, ustiga ko‘rpa tortib qo‘ydi. Xuddi shu paytda uch o‘rtoq, xonaga kirib bordik-da:
– Ertagingizni mazza qilib biz ham eshitib oldik, – dedik baravariga. Mariya Pavlovna bosh yuvish uchun sopol tovoqqa qatiq, suyultirib qo‘ygan ekan, yurganda hamisha shoshilib, oyog‘ining tagiga hech qaramay yuradigan Qoravoy tovoqqa turtinib ketib qatiqni to‘kib yubordi.
– Hechqisi yo‘q, – dedi Mariya Pavlovna, – yuqidagisi ham yetadi, o‘zi sochim ham uncha ko‘p emas… Bundan keyin gap poylamasdan to‘ppa-to‘g‘ri kirib kelaveringlar, xo‘pmi?
– Xo‘p.
– Menda ishlaring bormidi?
– Biz suyunchi olgani keldik.
– Suyunchi?
– Ha, suyunchi berasiz, – shoshilib dedi Samovar, – bugun Besh bolali kechirasiz, mana bu Orifingiz a’lo baho oldi.
– A’lo baho oldi?
– Ona tilidan, – qo‘shib qo‘ydi Qoravoy.
O‘ris xola chindan ham xursand bo‘lib ketdimi yoki bu yerda o‘zi odat shunaqa ekanmi, bunisini bilmaymanku, lekin har birimizning peshanamizdan alohida-alohida o‘pib, menga uchi ochilmagan rangli qalam, Samovarga ilon tutganingda kerak bo‘ladi deb po‘kak tiqinli yapaloq shisha, Qoravoyga bir yo‘la ikkita baqanusxa pero hadya qilib yubordi. Orifjonning o‘qishiga bundan keyin ham yordam bersalaring baliq, ovlaydigan qarmoq, olib beraman, deb va’da ham qilib qo‘ydi.
Mariya Pavlovnaning bosh yuvishga tayyorgarlik qilib o‘tirganini ko‘rib huzurida uzoq, qolmay, tezgina tashqariga chiqib ketdik.
YETIMLARNING TUNGI NOLISHI
Zulayho, ilgari ham aytuvdim shekilli, juda ham irimchi qiz bo‘lgan. Qayoqdagi ins-u jinslarga, dev-uparilarga shunaqangi qattiq, ishonadiki, xuddi Soy mahalladagi Otinbibi xolamning o‘zginasi deysiz. Tasodifni qarangki, xuddi o‘ziga o‘xshagan bitta Dilbar degan qiz bilan topishib olishibdi, ikkovlari yotoqxonadagi qizlarga «Kechasi tuynuk oldiga kelib dadamiz-u akamiz, xullas kimni sog‘ingan bo‘lsak o‘shaning nomini aytib nolish qilamiz. Nolamiz arsh-u a’loga xudoyi taologa borib yetsa, dadamiz-u akamiz albatta qaytib keladi, deyishibdi. Avvaliga qizlar ko‘nmabdi, keyinchalik, hammasi ham urushga ketgan dadasiy-u akasining tezroq qaytishidan umidvor emasmi, ha mayli, o‘zimizni bir sinab ko‘raylik-chi, deyishib yarim kechagacha nola qilishibdi. Kim biladi deysiz, tasodif yuz berganmi, yoki yetimlarning nolasi inobatga o‘tib xudoyi taolo Leningrad frontida jang qilayotgan askarni uchirib olib kelganmi, ishqilib Obidaxon degan qiz ertalab yuzini yuvgani chiqsa, uzun shinel kiygan dadasi yotoqxonalarning qaysi biriga kirishni bilmay garang bo‘lib turgan emish. Bir soat o‘tar-o‘tmas Sonya degan no‘g‘ay qizning ham dadasi so‘roqlab kelib qoldi…
Shundan keyin, ishonsangiz, yotoqxonalarda xudoga nola qilish shunaqangi avj olib ketdiki, asti qo‘yaverasiz. Lekin, hammasi yashirincha, navbatchi tarbiyachilar uxlagandan keyin bajariladi. Bugun nola qilish, ya’ni xudoyi taologa tuynuk orqali iltijo qilish navbati bizning yotoqxonaga ham yetib keldi. Shermat bizning yotog‘imizning tungi direktori hisoblanadi, hech kim uning gapini ikki qilolmaydi, ikki qilsa, niqobli qaroqchilar ta’zirini berib qo‘yadi. Men ham anavi kungi kaltakdan keyin yurak oldirib qolganman.
Ana shu Shermat avvaliga bolalar nola qilamiz desa ko‘nmay, kim nola qilsa burnini kesaman deb dag‘dag‘a qildi. Bugun bo‘lsa to‘satdan bolalarni nola qilishga xuddi ko‘rikka tayyorlayotgandek tayyorlay boshladi.
Kechqurun tarbiyachi Donoxon ona, ya’ni «Voy o‘lmasam» opa navbatchilik qilishi kerak edi. Odatda bu opamiz boshqa navbatchilarga o‘xshab to bolalar uxlamaguncha xonama-xona aylanib yurmasdi, yo o‘zimizga topshiriq berar, yoki gazetadan bitta-yarimta xabar o‘qib berib, tunlaring xayrli bo‘lsin deb, uyiga jo‘nab qolardi. Bugun biz nolish qilmoqchi bo‘lganimizni eshitib qolganmi yoki vaqtli ketib qolavergani uchun Mariya Pavlovnadan gap eshitganmi, ishqilib, yotoqxonamiz o‘rtasiga oyog‘i singan kursini qo‘yib bafurja o‘tirib oldi-da!
Endi nima qildik deb bir-birimizga qarab oldik.
– Uy vazifalari bajarilganmi? – suradi «Voy o‘lmasam» opa.
– Bajarilgan! – bir ovozdan takrorlashdi bolalar.
– Menga savollar bormi?
– Savol yo‘q.
– Bo‘lmasa, mashg‘ulotimizni boshlaymiz.
– Opa, bugun juda charchadik, mashg‘ulot o‘tmay qo‘ya qolaylik, – iltimos qildi Samovarjon.
– Hali vaqt juda erta, – ko‘nmay turib oldi «Voy o‘lmasam» opa.
– Biz ertalab barvaqtroq, turib hovli supurmoqchi edik, – degan gaplarni ham qilishdi bolalar.
Ammo «Voy o‘lmasam» opa bu bahonalarga ham parvo qilmadi. Bugun topishmoq aytishamiz, kim tez topsa va boshqalardan ko‘proq topsa mukofotiga olti dona rasm qalam beriladi, deb e’lon qildi-da, o‘rnidan turib:
– Boshladikmi? – deb so‘radi.
– Boshladik, – shoshilib deyishdi bolalar ham. «Voy o‘lmasam» opa uyida daftariga hammasini yozib kelgan ekan, o‘sha daftardan boshini ko‘tarmay, o‘qiyotgan joyiga ko‘rsatgich barmog‘ini qo‘yib:
Zuv-zuv boradi,
Zuv-zuv keladi,
Alham o‘qiydi,
Gilam to‘qiydi.
– bu nima? – deb so‘radi.
– Ari! – tarbiyachining gapi tugamasdan dedi Qoravoy.
– To‘g‘ri topdipg, – dedi tarbiyachi opa, – uzun terak, ichi kovak, kim aytadi?
– Qamish! – dedi mening ukam Sulton.
– To‘g‘ri. Tap-tap etadi, tagidan karvon o‘tadi?
– Oybolta, – dedi Shermat.
– Karavot, – dedi Islom.
– Elak, – baqirib yubordi Usmon.
– Topding.
Tang tang ko‘zacha
Tangidorat ko‘zacha
Kunguradorat ko‘zacha.
– kim aytadi?
– Ko‘zacha, – dedi bittasi.
– Tanga, – dedi boshqasi.
– Angishvona, – dedi uchinchisi.
E boringki, «Voy o‘lmasam» opa bizni naq, yetti huftongacha ushlab o‘tirdi-da, topishmoqning ham shunaqangi qiyinlaridan yozib kelibdiki, bir xillariga javob topguncha naq, terlab ketdik. Nihoyat, tarbiyachimiz esnab-esnab o‘rnidan turdi-da:
– Mukofotni Qoravoyga beramiz, – dedi-yu, rasm qalamlarni egasiga topshirib, xuddi orqasidan biroz quvlagandek shoshilinch chiqib ketdi.
– Besh bolali, – deb chaqirdi. Shermat, – tashqariga chiqib xabar olchi, hamma uxlaganmikan.
Tashqariga chiqib xabar olib keldim. Yo‘q, hamma uxlamabdi. O‘ris xolaning uyida ham, qorovulxonada ham miltillab chiroq yonib turibdi.
– Mayli, – dedi Islom – hozircha ovoz chiqarmasdan boshlaymiz.
– Hamma o‘z karavotiga chiqib o‘tirsin, – buyruq berdi Shermat. – Qiblaga qarab cho‘kka tushinglar.
– Har kim o‘z bilganicha nola qilaversin! – buyruq, berdi Shermat fotiha o‘qigandek ikki qo‘lini oldinga cho‘zib.
– E xudo, otajonim tezroq, kelsin, – deb yolvordi Usmon ukam.
– Opajonim ham tirilib kelsin, – pichirlab qo‘llarini boshi uzra ko‘tarib iltijo qildi Sulton.
– E xudo, Gitler tezroq, o‘lsin!
– E xudo, urushni tezroq tugat!
– Xudojon, akamni sog‘indim!
– Tezroq, keling, dadajonim! – degan past-baland ovozlar, yig‘lash-u xo‘rsinishlar eshitila boshladi. Bunday qarasam, yotoqxonamizdagi ellik uch bolaning hammasi cho‘kka tushib olib, qiblaga qarab qo‘llarini yozgancha nolish qilyapti. Birining dadasi, boshqasining akasi urushga ketgan, oyisi o‘lganlar, qarindoshlaridan judo bo‘lganlar bor. Ana shularni qumsab, sog‘inib yig‘lardi ular. Mehribon kishisining bir og‘iz shirin so‘zi, suyub erkalatishi, bag‘riga bosishi xumor qilgandi ularni. Mehrga, muhabbatga tashna qalblar faryod chekardi hozir. Bilaman, bu bolalarning biri hozir xayolan otasining tizzasida o‘tirib, yuzlarini asta silab, mo‘ylovidan beozor tortqilab erkalanyapti, boshqasi allaqachon opasi bilan topishib olgan, yuzlarini yuzlariga bosib bir-birlarining boshini mayin silab, hayajondan entikishib, iliq-iliq ko‘z yoshi to‘kishyapti, ona bag‘rining harorati mehrga tashna qalblariga malham bo‘lib quyilyapti, vujudini eritib, tanasiga huzur bag‘ishlab allalayapti… Ammo bularning hammasi xayolda… Opajoni allaqachon o‘lib ketgan, endi tirilmaydi u. Otasi bo‘lsa olis-olislarda yuribdi, akajonidan ham xat-xabar kelmaganiga ancha bo‘lib qoldi… e xudo, e xudojon, ular tezroq, kelsaydi!..
Samovarjonning jazavasi tutib ho‘ngrab yig‘layotganini eshitib qoldim, yoniga borib:
– Qo‘y, sherik, yig‘lama, – deb ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldim.
– Sherik, dadajonimni shunday sog‘indimki, – dedi Samovar hiqillab, – uch yil bo‘ldi ko‘rmaganimga…
– Oying tirik-ku.
– O‘gay.
– O‘zingning oying-chi?
– O‘lgan. Meni tug‘ayotganda o‘lgan ekan… Oyijonimni ham sog‘indim, juda-juda ham sog‘indim… Qo‘y, tegma, birpas yig‘lab olay, yig‘lasam sal ko‘nglim ravshan tortgandek bo‘ladi… Ke, sen ham o‘tir, birga yig‘laymiz.
Asta borib yana o‘zimning karavotimga o‘tirdim, bolalarning deyarli yarmi ho‘ngrab yig‘lashardi:
– Adajon, cho‘loq bo‘lsangiz ham keling!
– Oyijon, men bolalar uyidaman!
– Xudojon, jon xudo! – deb boshlarini chayqashib, duv-duv ko‘z yoshi to‘kishardi ular.
Men Ko‘rshermat hammamizni savalab nonimizni tortib olayotganidan ulardek mehri qattik, toshbag‘ir bo‘lsa kerak deb o‘ylab yurardim, yo‘q unchalik emas ekan, shunaqangi yig‘layaptiki, ishonsangiz o‘zimning ham rahmim kelib ketyapti unga. Rostini aytsam unga juda qiyin, opasining ham, otasining ham qayerdaligini bilmaydi u. Uch yasharligida bozorda yo‘qotib qo‘ygan ekan, o‘shandan buyon detdomma-detdom ko‘chib yuradi u, bezoriligi uchun yo xaydab yuborishadi yo o‘zi qochib ketadi. Shaharma-shahar tentirab, bozorma-bozor kezib ota-onasini axtargani-axtargan.
Xuddi shu paytda Usmon bilan birga birinchi sinfda uqiydigan Olim Chapayev degan bir bola bilan yonginasidagi karavotda yotadigan Usta laqabli bir bola jo‘jaxo‘rozdek tikkama-tikka bo‘lib olishib ketishdi. Olim Chapayev bu yerga to‘rt yoshligida kelgan ekan, tolning novdasini ot qilib minib, men Chapayevman deb, kun bo‘yi xonama-xona shataloq otib yurarkan, yoshi yetib birinchi sinfga o‘qishga borganda muallim familiyasini so‘rasa bilmabdi, sheriklari:
– Oti Olim, familiyasi Chapayev, – deyishibdi. Muallim yo‘qlamaga Olim Chapayev deb yozib qo‘yibdi, o‘shandan buyon uning familiyasi shunaqa bo‘p ketibdi. Hozir shu bola bilan Usta bir-birini bo‘g‘ishib olishdi:
– Nega sen baqirib nola qilyapsan? – dedi entikib Olim Chapayev.
– Men dadamni chaqiryapman, bildingmi? – undan battar qizishib dedi Usta.
– Qo‘yvor yoqamni.
– Qo‘yvormayman.
– Ho sizning dadangiz kelib, bizning dadamiz kelmas ekan-da, baqiraveraman!
– Qani, yana bir baqir-chi! – dedi Olim Chapayev o‘rtog‘ining yoqasini battar siqib. Joni qiynalib, alami oshib ketgan Usta bir siltanib o‘rtog‘ining qo‘lidan chiqdi-da:
– Bari bir sening dadang kelmaydi! – deb o‘chini olgan bo‘ldi.
– O‘zingning dadang kelmaydi!
– Dadang qo‘rqoq, urushishniyam bilmaydi.
– O‘zingning dadang qo‘rqoq, miltiq otishni ham bilmaydi!
Shermat janjallashayotganlarga yaqinlashib bir xo‘mraygan edi, ikkovi ham jim bo‘lib, to‘mshayishib o‘z o‘rinlariga o‘tirib olishdi.
Nolish yana avjiga chiqib ketdi, endi hech kim sherigiga gap qo‘shmay qo‘ydi. Hammamiz chin yurakdan, astoydil nolish qila boshladik yana.
Vaqt ham allamahal bo‘lib qolgan edi. Bir xillar nola qila-qila charchab, xuddi nomoz o‘qiyotgandek cho‘kka tushib, yana bir xillari peshanasini kaftiga qo‘ygancha uxlab qoldi. Men ham ochig‘ini aytsam, otamni juda sog‘ingan edim. O‘rnim ham shundoqqina eshikning yonginasida emasmi, qo‘limni og‘zimga quvacha qilib uni rosa chaqirdim, chaqira-chaqira uxlab qolganimni o‘zim ham sezmay qolibman… Bir mahal to‘satdan otamni ko‘rib qolsam bo‘ladimi! Dalada opamning o‘rniga traktorchilik qilayotgan emish, lekin traktori juda kichkina, bir chelak suv eltadigan samovarcha kelarmish, ana shu samovarchadek keladigan traktorni minib yer xaydayotgan emish. Bir mahal traktorcha astasekin shishib, semirib shunaqangi katta bo‘lib ketdiki, otam butunlay ko‘rinmay, xuddi bulutlar orasiga kirib ketgandek bo‘ldi.
– Otajon!! – deb baqirib yubordim, keyin o‘zimning ovozimdan o‘zim uyg‘onib ketdim. Boshqa sheriklarim ham uyg‘onib, otasini, akasini kelib qolishini kutib hovlida aylanishib yurgan ekan. Men ham chiqib kuta boshladim.
O‘sha kuni birontamizning ham otamiz kelmadi, ertasiga ham indiniga ham hech kimdan darak bo‘lmadi. Uchinchi kuni qiziq bir voqea yuz berdi-yu, hammamiz tungi qilgan nolishimizni butunlay unutib yubordik.
DUMLI MASXARABOZLAR
O‘zi shu Shermat juda g‘alati bola ekan, qiziq-qiziq narsalar o‘ylab topgani-topgan. Qiziq-qiziq narsalar o‘ylab topa olmagan kuni qarabsizki, yotoqxonada kattakon mushtlashish! Tarbiyachilar uni necha martalab tavbasiga tayantirishgan. «Xo‘p, endi qilmayman», deydi-da, bir kun o‘tar-o‘tmas undan battarrog‘ini qilaveradi.
Ertaga bozor deydigan kuni kechqurun Islom ikkovi qayoqdandir bir quchoq taxlangan eski gazeta topib kelishdi, tungi tarbiyachilar ketgach, eshikni ichidan berkitib:
– Ajoyib o‘yin topdim, kim ishtirok etadi? – deb so‘radi.
– Qanaqa o‘yin? – chuvillyashib so‘rashdi bolalar.
– Ertaga bozorda tomosha ko‘rsatamiz.
– Qanaqa tomosha axir? – deb so‘radim qiziqishim oshib.
– Sen, Besh bolali, aralashmaysan.
– Nega aralashmas ekanman?
– Sen qo‘rqoqsan.
– O‘zing qo‘rqoq.
– Teringni shilib olaman!
– Yakkama-yakka olishasanmi? – dedim achchig‘im chiqib. Shermat mening vajohatimni ko‘rib, bir oz hayiqdimi yoki janjalimiz o‘yinga xalaqit beradi deb o‘yladimi, yelkamga qo‘lini tashlab:
– Hazillashdim, Besh bolali! – deb qo‘ydi. So‘ng, qani kim mard bo‘lsa o‘rtaga chiqsin, dedi o‘tirganlarga yuzlanib. Ma’lum bo‘lishicha, yotoqxonamizzdagi bolalarning hammasi mard ekan, bitta qolmay o‘rtaga chiqib, o‘yinboshini qurshab olishdi. Boshimizga gazetadan karnayga o‘xshatib o‘rab uzunchoq qalpoq, omborxonadan eski-tuski lattalar olib chiqib orqamizga dum qiladigan bo‘ldik keyin yuzimizning to‘rt joyigami, besh joyigami oq qog‘oz yopishtirib, to‘yma-to‘y yuradigan masxarabozlarga o‘xshab olgach, bozorning qoq o‘rtasida barabanchi barabanini chalishi bilan ellik uch bola bir yo‘la o‘yinga tushib yuboradigan bo‘ldik.
– Qalay, qiziqmi? – so‘radi o‘yinboshi.
– Qiziqlikka qiziq-ku, – ikkilanib qoldi Samovar-jon, – Mariya Pavlovna bilib qolsa nima qilamiz?
– Mariya Pavlovna ertaga Qo‘qonga oziq-ovqat olgani ketadi.
– Qorovul bir yo‘la hammamizni ko‘chaga chiqaradiku? – tashvishlandi yana bitta bola.
– Bog‘ning etagida devorning pastqam joyi bor, o‘sha yerdan oshib o‘tamiz, – yo‘l ko‘rsatdi o‘yinboshi.
Birimiz dum yasashga, boshqamiz qalpoq tikishga tushib ketdik. Bir xil bolalalar dum qilishga latta topolmay bolishning jildini ham ishlatib yuborishdi, pol yuvadigan kir latta deysizmi, navbatchi bolalar yengiga taqadigan qizil parcha deysizmi, eski ko‘ylag-u kir ishton deysizmi, hamma-hammasini ishlatib yubordik. Nihoyat, yarim kechaga borib hamma narsa taxt bo‘lgan edi, Shermat havaskor masxarabozlarni o‘rtaga olib chiqib bir oz mashq ham qildirib ko‘rdi.
– Chakki emas! – o‘zida yo‘q xursand bo‘lib dedi o‘yinboshi, – endi yotib uxlanglar askarlarim. Uyquga to‘ymasanglar, o‘yinga yaxshi tusholmay meni qiynab qo‘yasizlar… Qoravoy, bugun chiroqni sen o‘chirasan!
Ertasiga choshgoh mahalida bozordagi g‘ovur eng avjiga chiqqan bir pallada don-dun sotiladigan timning yonidagi yalanglikka to‘plandik. Laqabchi o‘zi chalib yuradigan barabanini ko‘rpaning avrasiga o‘rab olib borgan ekan, asta bo‘yniga osdi.
– Hamma kelib bo‘ldimi? – so‘radi o‘yinboshi.
– Samovar kelmadi, – dedi bittasi. – Masxarabozlikni yomon ko‘rarmish.
– Hechqisi yo‘q, – qo‘l siltadi Shermat, – u xoinni kechasi mullo qilib qo‘yamiz. Qani, askarlarim, boshladik, Avvaldan kelishib olganimizdek juda tezlik bilan boshimizga karnay nusxa qalpoqchalarni kiyiq ko‘z yumib ochguncha olachipor dumlarni ham taqib, yuzimizga qog‘oz parchalarini ham yopishtirib bo‘ldik. Baraban chalinishi bilan shunaqangi bir ajoyib o‘yinni boshlab yubordikki, asti qo‘yaverasiz: birimiz gavdamizni oldinga sal egib, dumimizni likillatib o‘ynayapmiz, birimiz suzong‘ich sigirdek boshimizdagi karnaynusxa kalpoqchamiz bilan kimnidir muljalga olgandek xiyol engashib o‘ynayapmiz, Sulton nima qilishini bilmay nuqul muqom qilyapti. Usmon shaytonning bolasiga o‘xshab, turgan yerida dik-dik sakrab turibdi.
Odamlar hang-u mang bo‘lib:
– Yo parvardigori olam!
– Yo tavba!
– Nima balo, qiyomat qoyim bo‘ldimi?
– Shuncha masxarabozni hech ko‘rmagandim, – deyishib, qo‘rqqanlari ko‘kragiga tuflab, qo‘rqmaganlari bo‘ynini biz tomonga cho‘zib tikilib qolishdi. Chayqov bozori-yu go‘sht bozori, non bozori-yu meva bozoridan odamlar oqib kela boshlashdi. Barabanchi bo‘lsa zaptiga olib taka-tum qilib urib turibdi, o‘yinchilar ham yangi-yangi qiliqlar ko‘rsatishyapti…
– O‘g‘rini ushla!
– Voy, cho‘ntagimni kesib ketibdi!
– To‘xta, tirmizak! – degan ovozlar eshitilib qoldi. Bunday qarasak Ko‘rshermat odamlarni oralab xuddi daraxtning panasiga berkingandek odamlarning orqasiga berkina-berkina allakim bilan yashinto‘paloq o‘ynab yuboribdi. Islom qo‘rboshi yoymachi cholning gilam xurjunini qo‘ltig‘iga urib, qo‘y bozori tomonga o‘qdek uchib boryapti. Meni, ho‘ birda kechasi kaltaklashga ishtirok etgan Yebto‘ymas oshpaz xotinning bir chelak suyuq oshini olib qochib odamlar orasiga tushib qolgan quyon boladek qayoqqa qochishni bilmay, garang bo‘lib turibdi… To‘satdan, ha to‘satdan xunuk bir fikr boshimga keldi-yu, etlarim junjikib ketdi. Ko‘rshermat bilan Islom qo‘rboshi bizni laqillatganga o‘xshaydi, ha, ha bizni boplashgan ekan. Hammamizni o‘yinga solib, odamlarni chalg‘itib, o‘sha chalg‘igan odamlarning cho‘ntagini kesib ketishni mo‘ljallashgan ekan.
– Oq qalpoqni ur! – dedi kimdir yelkam aralash tepib. Munkib ketib peshanam bilan yerga urildim, o‘rnimdan turib duch kelgan tomonga qochmoqchi edim, shu paytda Usmonni birov quvib ketayotganini ko‘rib qoldim. Ukaginam qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqib, chinqirib dodlab boryapti. O‘qdek uchib borib, quvlab borayotgan odamning yelkasiga tirmashdim, ikkovimiz guppang bo‘lib yerga yiqildik. O‘rnimdan turib dumimni yulib tashlab, boshimdagi oq qalpoqni yerga urib ukaginamning qo‘lidan ushlagancha ko‘chaga qarab yugurdim.
Bozor ichi olatasir bo‘lib ketdi, bir xillar dumlini ushla, qalpoqlini ur, deb halloslab yugurib yuribdi, bir xillari qo‘lga tushgan dumlining qulog‘idan cho‘zib, dodlatib karnay chaldiryapti, yana bir xili uyidan olib kelgan tugunchasini bag‘riga bosib qochishini ham, quvlashini ham bilmay garang bo‘lib turibdi. Yo‘lyo‘lakay Usmonning dumini yulib tashlamoqchi bo‘lib, bir-ikki urinib edim qayoqda, pishiq lattadan qilgan ekan, uchini arang uzib oldim.
– Sulton qani? – so‘radim tashqariga chiqqach.
– Qo‘y bozoriga qochdi, – dedi ukam yig‘lamsirab.
– Ushlab olishgan bo‘lsa-ya!
–Yo‘q, devorga sapchiganini ko‘ruvdim, – dedi ukam.
– Yuraqol, tezroq ketaylik ushlashsa yomon urishadi endi.
Aka-uka yotoqxonaga qarab yugurdik kaltak yegan, dumi yulingan, qalpog‘i yirtilgan masxarabozlar birbirimizni quvlashib borardik. Yotoqxonaga qaytib kelsak qiziq, Ko‘rshermat bilan Islom qo‘rboshi go‘yo hech narsa bo‘lmagandek ustki kiyimlarini yechishib o‘rinlarida mazza qilib yotishibdi… Tavba, bu qanaqasi bo‘ldi endi?
– Sen, sen nega yotib olding? – dedim Shermatning tepasiga borib.
– Xalaqit berma, uxlayapman, – beparvogina dedi o‘yinboshi.
– Bolalarni kim qutqaradi?
– Qanaqa bolalar?
– Axir bir xillar qo‘lga tushib qoldi-ku!
– Baqirma.
– Sen o‘g‘risan! – dedim qaltirab.
– Nima?!
– Cho‘ntakkesarsan! – deyishimni bilaman Ko‘rshermat sakrab o‘rnidan turib kafti bilan og‘zimni berkitdi. Islom qo‘rboshi yelkamdan bosib ustimga ko‘rpa yopa boshladi. Xuddi shu paytda halloslagancha Mariya Pavlovna kirib kelib qoldi.
– Bu nima to‘polon! – dedi u tepamizga kelib.
– O‘zimiz shunday… – dedi Islom ustimdan ko‘rpani olib, – hazillashayotgan edik – Yolg‘on! – gapga aralashdi boshqa bolalar.
– Samarjon, sen gapir, nima voqea bo‘ldi o‘zi? Nega hammang uyasi buzilgan aridek to‘zib qolibsan?
– Meni hech narsadan xabarim yo‘q, – deb Samovar sekingina tashqariga chiqib keta boshladi. Tavba, nega endi bu o‘tirgan bolalar ochig‘ini aytib qo‘ya qolishmaydi! Nahotki, niqob kiygan qaroqchilar ularning yuragini shunchalik olib qo‘ygan bo‘lsa, yo‘q, nima bo‘lganda ham ochig‘ini aytish kerak.. yoki bu xoinlik bo‘larmikin-a? Aytaymi, aytmaymi? Aytaman, nima bo‘lsa ham aytaman! Aytmasam yanagi safar bundan battarini qilishadi. Sulton ham, Usmon ham o‘g‘ri bo‘lib ketishlari mumkin, aytaman…
– Mariya Pavlovna, – dedim nihoyat o‘zimni qo‘lga olib.
– Gapir, tezroq gapir!
– Shermat o‘g‘irlik qildi!
– Nima?! – Mariya Pavlovna bir sapchib tushgandek bo‘ldi.
– Birovning cho‘ntagini kesdi Cho‘ntagini kecdi?!
– Ha, Islom xurjun olib qochdi. Bir xil bolalarni ushlab ham olishdi.
– Qayerda?
– Bozorda.
– Voy sho‘rim… – shunday dedi-yu, Mariya Pavlovna yugurgancha tashqariga chiqib ketdi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?