Текст книги "TOM SOYERNING SARGUZASHTLARI"
Автор книги: Марк Твен
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 1 (всего у книги 2 страниц) [доступный отрывок для чтения: 1 страниц]
TOM SOYERNING SARGUZASHTLARI
Muallif: Mark Tven
Qayta gapirib berdi: Seivyer Pirotta
Mundarija:
1-bob. Devor oqlash voqeasi
2-bob. Qabristondagi arvohlar
3-bob. Orol va dafn marosimi
4-bob. Xoch ostida
5-bob. G’ordagi xavf
6-bob. Xazina!
1-BOB
DEVOR OQLASH VOQEASI
–Bu adolatdan emas!–deya to'ng'illadi Tom Soyer qo'lida cho’tkasi bilan uydan chiqayotib.
–Aksincha, bu senga maktabdan qochganing uchun saboq bo’ladi,–dedi bir chelak ohak ko’tarib olgan Polli xola.
–Va yolg’on gapirganing uchun ham,–deya qo’shimcha qildi Pollining ortidan chiqqan Tomning xolavachchasi Meri.
–Men onangga o’limidan oldin sen va ukang Sidga g'amxo'rlik qilaman deb va'da berganman,–deb hasrat qila boshladi Polli. –Sen kattalarning aytgan har bir so'ziga quloq solishing va ularga itoat qilishing kerak.
–Bundan tashqari, rost so'zlashing lozim,–deb yana gapga qo'shildi Meri.
Yozning jazirama kunlaridan biri edi. Sankt-Peterburgdagi1 barcha bolalar cho'milish uchun daryoga ketishadi. Ammo Tom bundan mustasno. Chunki u maktabdan qochganligi uchun bog' devorini oqlash bilan jazolandi. Bog'ning old eshigi Polli va Meri tomonidan zarda bilan yopilganida Tomning yuragi orqasiga tortib ketdi. Devor juda katta edi. Tom oqlash ishini cho'milish vaqti u yoqda tursin, hatto kechgacha ham tugata olmasdi. U kimdandir yordam so'rab ko'rmoqchi bo'ldi. Agar do'stlariga devor oqlagani uchun haq to'lasa, balki ular yordam berishar. Ammo Tomda bir chaqa ham yo'q edi. U nimadir bormikan deb qo'lini cho'ntaklariga tiqib ko’rdi. U yerdan bor-yo'g'i ikki-uchta marmartosh va bir necha o'ram ip topildi. Avvaliga niyati amalga oshmaydigandek tuyuldi. So'ngra miyasiga ajoyib fikr kelib qoldi. Bog' oldidan birinchi bo'lib o'tgan bola uning do’sti Ben Rojers bo'lib, u o'zini xuddi aslzodalardek tutardi. Ben tishlari orasida katta va suvli olmani chaynab:
–Hoy, Tom, cho'milishga borasanmi?–deb so'radi.
Tom qo'liga cho'tkani oldi va devorni oqlay boshladi.
–Shunday maroqli ish turganda, qaysi ahmoq cho'milishga boradi? – dedi Tom mug'ombirlik qilib.
–Sen shunda uyda qolib, devor oqlashni nazarda tutyapsanmi?–deb ajablandi Ben.
–Agar sen bu ishni chin ko'ngildan qilsang, buning qanchalik rohatbaxsh mashg’ulot ekanligini his qilasan.
Ben devorga biroz tikilib turib:
–Tom, men seni eng yaqin do'stingman, to'g'rimi?–dedi.
–Xo'sh?– deya qoshlarini chimirdi Tom.
–Kel, shu ishni men qilib ko'ray,– dedi Ben.
Tom qilayotgan ishini to'xtatmay:
–Yo'q. Bu ish sening qo'lingdan kelmaydi,– dedi qat'iyan.
–Xohlasang, senga qolgan olmamni beraman,–deb iltimos qildi Ben.
–Mayli, olaqol, faqat do'stim bo'lganing uchungina beryapman,–deya Tom maysalarning ustiga o’tirib oldi va Benning olmasini yeya boshladi. U hiylasi ish berganidan o'zida yo'q xursand edi. Mana, u mazza qilib dam olayotganida, Ben uning barcha ishlarini qilib beryapti. Biroz vaqt o'tib, Tomning yana bir do'sti Jon Miller kelib qoldi. U ham devor oqlamoqchi bo'ldi. Tom toki uning varragini qo’lga kiritmagunicha uning oqlashiga ruxsat bermadi.
Ko'p o'tmay, devorni oqlashga yordam berish uchun kelganlar soni ko'payib, uzun navbat hosil bo'ldi. Ish tugallangan payt Tomning cho'ntaklari marmartosh va o'yinchoqlarga to'lib ketdi. Hatto unga ipga bog'langan o'lik kalamush ham taqdim etishdi. Tom yozning shunday bir issiq kunida o'zi uchun saboq oldi. "Agar odamlarga nimadir sotmoqchi bo'lsangiz, unda o’sha narsaga erishishni ular uchun qiyinlashtirib qo’ying. Ana shunda hamma unga ega bo’lishni xohlab qoladi", deya xayolidan o'tkazdi Tom. U cho'milishga ruxsat olish uchun xolasining oldiga bordi. Polli devorning har bir joyi bo'yalganini ko'rib, og'zi lang ochilib qoldi va Tomga mukofot sifatida olma berdi.
Tom o'sha kuni kechqurun daryodan uyiga qaytayotganida, ko'chaning narigi tomonidagi sudya Tetcherning bog'ida bir qizni ko’rdi. U gul terayotgandi. Tomning uni birinchi bor ko’rishi edi.
–Salom,–dedi Tom.
Qiz unga umuman e'tibor bermadi. Tom uni o'ziga jalb qilish uchun o'mbaloq osha ketdi. Ammo qiz unga bir marta ham qarab qo'ymadi. Buning o’rniga tergan kapalakgullarini yelkasi uzra tashlab, uyga kirib ketdi. Tomning yuragi baraban chalgandek dukillab ura boshladi. Bu qiz u umri bino bo’lib ko'rgan eng go’zal qiz edi. U hatto maktabdagi Emmi Lorensdan ham chiroyliroq ko'rindi. Tom Emmiga sevgi maktublari yozib yurardi. Ammo bu notanish qizni ko’rishi bilan unga oshiq-u beqaror bo'lib qoldi. Tom o'zini kapalakgullar qo'yniga otdi va ularga "Sizlarni to o'lgunimcha asrayman", deya shivirladi.
Ertasi kuni tongda Tom maktabga kech qolib bordi.
–Tom Soyer!– deya o'shqirdi maktab o'qituvchisi janob Dobbin.–Nega darsga kech qolding?
Tom Polli xolasi bilan bog'liq qandaydir bahona o'ylab topmoqchi bo'ldi va birdan kecha ko'rgan notanish qizga ko'zi tushdi. U sinfxonaning qizlar o'tiradigan tomonida o'tirar va uning yonida hech kim yo'q edi. Tom qulay imkoniyat tug'ilganini sezdi.
–Men Geklberri Fin bilan suhbatlashib qolib ketdim,– deya javob berdi Tom.
Janob Dobbinning birdan yuzi qizarib ketdi.
–Nima qildim deding, Tomas Soyer?– dedi u.
Geklberri Fin ko'chalarda sang'ib yuruvchi, bir necha marta o'g'irlik bilan qo'lga olingan va hech narsadan qaytmaydigan bola edi. Barcha kattalar uni tengdoshlariga yomon misol qilib ko'rsatishardi.
–Geklberri Fin bilan gaplashish taqiqlanganligini unutib qo'ydingmi?–deb g'azablandi janob Dobbin va tayog'iga qo’l cho'zdi.–Kostyumingni yech, Tomas!
Birozdan so'ng Tom orqasi jizillab og'rigancha stulga cho’kdi. Uning do'stlari qiqirlab kulib yuborishdi, ammo Tom ularga e'tibor bermadi. Uning rejasi ish bergandi. U notanish qiz bilan yonma-yon o'tirishning uddasidan chiqdi. Qiz Tomga achinayotgandek tuyulardi.
–Salom,–dedi notanish qiz.
Tomning yuragi o'ynab ketdi. Axir, nihoyat qiz unga gapirdi! Tom uning oldiga shaftoli qo’yib: "Iltimos, o'zingni tanishtir", deb qog'ozga yozib unga ko'rsatdi.
–Mening ismim Bekki,– deb pichirladi qiz. –Men sudya Tetcherning qiziman. Biz bu yerga yaqinda ko’chib keldik.
Tom bu safar qog'ozga "Men seni sevib qoldim", deb yozdi.
–Sen juda yomon bola ekansan,– deya qiqirlab kulib qo'ydi Bekki.
Kechki ovqat paytida Tom va Bekki maysalar ustida o'tirardilar.
–Bekki, senga muzqaymoq yoqadimi?–deb so'radi Tom.
–Albatta, muzqaymoqlar jon-u dilim,–javob berdi Bekki.
Tom cho'ntaklariga qo'lini solib nimadir axtarib ko’rdi, ammo hech narsa topolmay:
–Menda hozir yetarlicha pul yo'q,–dedi uyalgan kishi bo'lib. –Ammo va'da beramanki, senga albatta bir kun muzqaymoq olib beraman. Ayni paytda esa sen uchun boshqa sovg'am bor.
Bekki unga ajablanib qaradi.
–Bekki sen biror marta bo'lsa ham unashtirilganmisan?–deb so'radi Tom.
–Unashtirilganmanmi?–de ajablanib so’radi Bekki uning gapiga tushunmay.
–Turmush qurishdan oldin shunday qilish kerak,–dedi Tom. –Ayt-chi, sen kelajakda men bilan birga bo'lishni xohlaysanmi?
–Ha! Ammo qanday qilib unashtirilamiz?
–Shunchaki, o'pishamiz.
–Yaxshi, unda men ko'zlarimni yumib turaman, sen esa kelib meni o'pasan,–dedi Bekki bolalarcha beg'uborlik bilan va ular o'zlaricha "unashtirildilar".– Endi sen mendan boshqasiga hech qachon uylanmaysan, Tom!
–Endi sen ham bayramlarda mendan boshqasini sherik qilmaysan!–dedi Tom. –Bilasanmi, Emmining qallig’i bo’lgan paytlarim…
Bekkining ko'zlari kosasidan chiqib ketgudek bo'ldi.
–Sen ilgari ham qizlar bilan unashtirilganmisan?–dedi u Tomga yeb qo'ygudek tikilib.
–Ha, lekin men Emmini ortiq yaxshi ko'rmayman,– dedi Tom shoshilib.– Endi faqat seni sevaman, Bekki!
Ammo endi juda kech edi. Bekki Tomning birorta gapini ham eshitmadi va xafa bo'lgancha yugurib ketib qoldi. Tomning o'zini oqlash uchun aytgan barcha so'zlari bo’g'zida qolib ketdi.
2-BOB
QABRISTONDAGI ARVOHLAR
Tom tushdan so'ng darsdan qochishga qaror qildi. U daryo bo'ylab tentirab yurib, qo'lida o'lik mushuk ko’tarib olgan Geklberri Finga duch kelib qoldi.
–Men buni qo'limdagi so'gallarni yo'qotish uchun ishlataman,– dedi Geklberri Fin o'zining g’alati holatini tushuntirmoqchi bo'lib.
–Qani aytchi,–dedi Tom qiziqib.–Buni qanday qilasan?
–Xullas, butun olamni qorong'ulik qoplagan mahal buni qabristonga olib borasan,–deya tushuntira boshladi Gek o'lik mushukni ko’rsatib. -Qaysidir yovuz odam ko'milgan qabr yoniga yaqin borasan. Kechasi shayton yovuz odamning ruhini do'zaxga olib ketish uchun keladi. Shayton kelgandan so'ng, mushukni uning ortidan uloqtirasan va "Shayton murdaga ergash, mushuk sen shaytonga ergash, so'gallar sen esa ularning ortidan jo'na, meni sizlar bilan boshqa ishim qolmadi!", deb aytasan. Keyin so'gallar sendan otilib chiqib ketadi va shayton bilan do'zaxga ravona bo'ldi. Bugun tunda men qabristonga bormoqchiman. Keksa Xoss Uilyamsning qabrini topaman, chunki uni juda yovuz inson bo'lganligini bilaman. Men bilan birga borishni xohlaysanmi?
Tom unga yo'q deyolmadi. Chunki unda boshqa bunaqa imkoniyat bo’lmasligi mumkin. Gekning so'gallar haqida aytgan gaplari "yetti uxlab tushiga kirmagan edi".
–Seni o'zim olib boraman,– deya va'da berdi Gek.
Vaqt to'xtab qolgandi go'yo. Tom Gekni intizor bo'lib kutib o'tirardi. Oxiri tashqaridan nimanidir hurillagan ovozi eshitildi. Bu mushuk ovoziga biroz o'xshab ketardi, ammo Tom bu ovoz egasi kimligini aniq bilolmadi. Bu Geklberri Fin edi. U Tomga signal bergandi. Tom ham unga xurillab javob qaytardi va oynadan tashqariga oshib tushdi. Ko'p o'tmay, ikki bola qabristonga yetib olishdi.
Kuchli shamol daraxtlarni silkitib, qandaydir nola chiqarardi. Bu o'z qabrlarini qidirib yurgan arvohlarning ovoziga o'xshab ketardi.
–Menimcha, bugun shayton shu yerda bo'ladi,–deb pichirladi Gek.
Tom qabristonning narigi chetida yonib turgan xira nurni ko’rdi.
–Gek!– dedi Tom xavotir bilan. –Gaping rostga o’xshaydi. Qara, shayton biz tomonga qarab kelyapti.
Ular darrov daraxt ortiga berkinib olishdi. Ikkalasi ham bir-birining yurak tovushini eshitib turardi.
–Shayton bizni ko'rib qilsa, holimizga voy!– dedi Gekl yig'lagudek bo'lib. –Tom! Duo qil! Duo!
Tom ibodat qilishni boshlab, biroz o'tib to'xtab qoldi. Shamol kimningdir bo'g'iq ovozini "yetaklab" keldi. Tom bu ovozni tanidi.
–Gek, axir bu shayton emas. Bu ovoz sohibi keksa va doim mast bo'lib yuradigan Maf Potterdir. U shamchiroq ko’tarib olgan va yonida ikkita yigit ham borga o'xshaydi.
Tom va Gek tobora yaqinlashib kelayotgan Maf va uning sheriklarini daraxt ortidan kuzatishdi. Maf va uning sheriklari Xossning qabri yonida to'xtashdi. Ular daraxt ortida ikki bola ularni kuzatishayotganini bilishmasdi. Xoss qo'lidagi shamchiroqni yerga qo'ydi.
–Men bu ikkisini yaxshi taniyman,–dedi Gek shivirlab.– Biri qari qallob hindi Jo, ikkinchisi doktor Robinson.
Maf va Jo qabrni kovlay boshladi. Ular bir zumda Xossning tobutini ochishdi.
–Jasadni tezroq chiqarib oling!–deb o'shqirdi doktor Robinson.
–Shoshqaloqlik yaramaydi doktor,-dedi Maf ko'zi suzilib.–Jo va men yana besh funtdan berishingizni xohlaymiz. To'g'rimi, Jo?
–Mafning gapi to'ppa-to'g'ri,– deb ma'qulladi Jo ham.–Agar sizga bu jasad tajribalaringiz uchun kerak bo'lsa, bizga ko'proq haq to'lashingizga to'g'ri keladi, doktor!
–Yo'q! Men senlarga keragidan ortiq to'ladim,– dedi doktor qat'iyan.
–Nimaaa?– dedi Jo doktorning yoqasidan ushlab.– Esingda bo'lsa, besh yillar ilgari seni uyinga ochlikdan non so'rab borgandim. Bog'ingga kirganim uchun meni itdek xo’rlab, qamab qo'yganding. O'sha ondan boshlab sendan qasos olish o'yi bilan yashadim. Shuning uchun hozir bizga ko'proq haq to'lashingga to'g'ri keladi, bo’lmasa seni mana shu qo'llarim bilan shu yerning o'zida bo'g'ib o'ldiraman va....
Jo gapini oxiriga yetkazmasidan doktor uni tepib yubordi.
–Hoy! Do'stimdan uzoqroq tur!– dedi Maf va qabrdan chiqib, doktorga hamla qilmoqchi bo'ldi. Ammo doktor qabr toshini uning ustiga itarib yubordi. Tosh baland ovoz bilan Mafning boshiga tushdi. O'zi mast holatda bo'lgan Maf gursillab yiqildi. Bu paytda Jo ancha o'ziga kelib qolgan va Mafning kamari ostidan pichoq chiqib turganini ko'rgan edi. U darrov pichoqqa yopishib, uni oxirigacha doktorning ko'kragiga tiqib yubordi.
Oy bulutlar orasiga sho'ng'ib ketdi. U yana paydo bo'lib butun olamni yoritganida doktor Robinson yerda qonga belanib yotardi. Maf dovdirab qolib, birdan o’tirib qoldi. Voqea shunday tez sodir bo'ldiki, u hech narsaga tushunmay qoldi. Uning qo'lida qonga bo'yalgan pichoq bor edi.
–Maf, senga me'yoridan ortiq ichma deb aytgandim,–dedi Jo ayyorlik qilib. –Qara, nima qilib qo'yganingni. Axir, sen doktor Robinsonni o’ldirib qo'yding-ku! Mayli, bo'lar ish bo'ldi. Endi bu yerdan tezroq qoramizni o'chirishimiz kerak.
Ular shoshgancha ko’zdan g'oyib bo'lishdi. Tom va Gek voqea bunday rivoj oladi deb o'ylashmagandi. Ular doktor Robinsonning jonsiz tanasiga biroz tikilib qolishdi. Ularning "tepa sochi tikka" bo'lib ketgandi. Bolalar o’rnidan turishdi va "oyoqlarini qo'lga olib" qabristondan chiqib ketishdi.
–Biz ko'rganganlarimizni sudya Tetcherga aytib berishimiz kerak,–dedi Tom hansiragancha.–Hindi Jo o'zining aybini bechora Maf Potterga ag'darib yubormoqchi.
–Biz bunday qilolmaymiz,–dedi Gek.–Bu ishni qiladigan bo'lsak, Jo bizni sog' qo'ymaydi. Biz bu voqeani hech kimga aytmaslikka qasam ichishimiz kerak!
–To'g'ri!-dedi Tom.– Men ont ichaman!
Buning o'zi yetarli emas,–dedi Gek.–Biz ontimizni qon bilan muhrlashimiz kerak!
Ular yo'l yoqasidan katta yapaloq tosh topishdi. Tom cho'ntagidan bir bo'lak bo'r chiqarib, toshga shunday deb yozdi:
"Geklberri Fin va Tom Soyer bu sirni asrashga qasam ichdilar, agar ular bu haqda kimgadir aytadigan bo'lishsa, ajal ularning iziga tushishiga rozilar".
Keyin ikkisi ham bosh barmog'iga igna tiqib, qasamni qon bilan imzolashdi va toshni hech kim topolmaydigan darajada yerga chuqur qilib ko'mib qo'yishdi.
Ertalab Tom kiyinayotganda derazadan nimadir uchib tushdi. U to'g'ri gilam ustiga gursillab tushdi. Bu Tom Bekkiga hadya qilgan billur tosh edi. Tom og'ir qadamlar bilan nonushtaga tushdi. Uning yuragiga hech narsa sig'mayotgan edi.
–Tom, senga nimadir bo'ldimi?-deb so'radi xolavachchasi Meri. –Qariya Maf Potter doktor Robinsonning o'limida ayblanib, qamoqqa olinibdi.
3-BOB
OROL VA DAFN MAROSIMI
Tom Bekki uning sovg'asini qaytarib bergani uchun qattiq xafa bo'ldi. U hindi Jo uning qilgan jinoyatidan Tom va Gek xabardor ekanligini bilib qolishidan qo'rqardi. Oxiri uydan qochib ketishga qaror qildi. U hamma uxlayotganda, yarim kechasi yo'lga chiqishni rejalashtirdi.
Tom maktabga ketayotib do'sti Jo Xarperga duch kelib qoldi. U ham g'amgin ko'rinardi.
–Oyim meni qaymoq yeganlikda aybladi,– dedi Xarper lablari osilib. –Men uzoqlarga ketishni xohlayman.
–Men ham,–deya qichqirdi Tom.– Meni hech kim yaxshi ko'rmaydi. Men endi qaroqchi yoki askar bo'laman.
–Men o'zi tarki dunyo qilmoqchi edim, ammo endi sen bilan birga ketaman,–dedi Xarper.
–Men Geklberri Findan safimizga qo'shilishini so'rayman,-dedi Tom. –Undan yaxshi hamroh topa olmaymiz.
Olamni zulmat qoplab, hamma uyquga ketgan mahal uch sherik daryo qirg'og'idagi yashirin joyda uchrashishdi. Tom o'zi bilan cho'chqaning son go'shtini olib bordi. Xarperda talaygina dudlangan go'sht bor edi. Gek qayerdandir go'sht qovurish uchun tova topib keldi. Ular eski bir sol topishdi va unga o'tirishib, orolga suzib ketdilar.
Bu orolni "Jekson oroli" deb atashar va bu yer daraxtlar bilan to'la edi. Orolda hech kimsa yashamasdi. Shuning uchun ham bu yer yashirinish uchun eng qulay joy edi.
–Biz endi bu yerda to o'lgunimizcha yashaymiz!–dedi Tom.
–To'ppa-to'g'ri!–deb ma'qulladi Xarper. –Endi hech qachon oldingi hayotimizga qaytmaymiz!
Ular kechki ovqatga go'sht qovurishdi va ishtaha bilan birga tanavvul qildilar. Qorinlari to'yganidan so'ng, yumshoq maysalar ustiga uzala tushib yotishdi. Tom yulduzlarga qaradi va o'zini juda mamnun his qildi. Uni tergaydigan Polli xolasi, yuragini o'yinchoq qiladigan Bekki va uning iziga tushishi mumkin bo'lgan hindi Jo, barcha barchasi hayolidan bir zum ko'tarildi va shirin hayollar og'ushida uyquga ketdi.
Ertalab bolalar solning joyida yo’qligini ko'rishdi. Ammo endi buning ahamiyati yo'q, chunki ularga solning boshqa keragi yo'q edi. Ular tongni baliq ovlash va cho'milish bilan o'tkazishdi. Bolalar tushlik vaqtida o'z kulbasiga qaytishganda, daryo bo'yiga bog'lab qo'yilgan kemani ko'rishdi. Kema va tevarak-atrofda odamlar bor edi. Kemaning atrofida baliqchilarning qayiqlari suzib yurardi.
–Bu yerda nimalar bo'lyapti?–deb hayron bo'ldi Tom buta orasidan ko'z tashlab. –Ular nimadir qidirishyapti.
Shu payt birdan kemada tutun paydo bo'ldi. Ketidan gumburlagan ovoz keldi va suv bo'ylab to'p o'qi otildi.
–Ular menimcha cho'kib ketgan jasadni qidirishyapti,–dedi Gek.
–To’q o'qi bilan cho'kib ketgan jasadni qanday topish mumkin?– deb qiziqib so'radi Xarper.
–O'q suvni chayqatib yuboradi va daryo tubidagi jasad suv yuzasiga chiqib keladi,–deb tushuntirdi Gek.– Men buni o'tgan yili keksa Bill Tyorner cho'kib ketganda ko'rgandim.
–Bu yil kim cho'kkan ekan-a?
–Biz!– irshayib javob berdi Tom. –Kimdir bizning solimizni ko'rib qolgan va bizni cho'kib ketgan deb o'ylagan.
Birdan Tomning qalbida quyosh porlagandek bo'ldi. Agar ular Tom va uning do'stlarini izlashayotgan bo'lsa, demak odamlar ularni yaxshi ko'rishadi. Tom Polli xolasi, Meri va Sid u haqidagi xabarni eshitishganida qay ahvolga tushishganini his qildi.
Qorong’i tushib, Gek va Xarper uxlaganidan so'ng, Tom daryoni kesib, narigi tomonga suzib o'tdi. Ko'p o'tmay u uyiga yetib oldi va mehmonxonaning tashqarisiga cho'kkalab o'tirdi. Sekin ichkariga qarab, xolasi Polli, Meri, Sid va Xarperning onasini ko’rdi. Ular qora libos kiyib olishgandi.
–O! Bechora bolalar!– deb yig'ladi Polli. –Tom juda yaxshi bola edi. To'g'ri, biroz sho'x, ammo ko'ngli toza edi. U mening suyangan tog'im edi. Men unga juda bog'lanib qolgandim....
“Suyangan tog'im!” Tom bu so'zni xolasidan hali hech qachon eshitmagandi. Uning ko'ksida g'urur tuyg'usi jo'sh urdi.
–Uchchalasining ham dafn marosimini yakshanba kuni risoladagidek o'tkazamiz,– deya ko'z yoshlarini artdi Polli.
–Tobutlar bo'sh bo'lsa ham, bu marhumlar haqqiga o'tkazilgan eng yaxshi dafn marosimi bo'ladi,– deb qo'shimcha qildi Xarperning onasi.
–Omin!–deb Meri va Sid yig'lab yuborishdi.
Polli xola chiroqni o'chirgach, Tom tezda orolga qaytib ketdi. Ertalab Tom Gek va Xarperga ular sharafiga o'tkazilayotgan dafn marosimi haqida gapirib berdi.
–Ular bizni bunchalik yaxshi ko'rishlarini bilmagan edim,–dedi Xarper. –Menimcha, biz ortga qaytishimiz kerak.
Yakshanba kuni Sankt-Peterburgdagi barcha odam cherkovga yig'ildi. Mehrob oldida uch tobut turardi. Hamma motam kiyim kiyib olgan va cherkov yig'i ovozi bilan to'lib ketgan edi. Cherkov ruhoniysi janob Spik Tom va uning do'stlari haqida nutq so'zlay boshladi. Ularning qanchalik jasur va mehribon ekanliklarini ta'riflab, bir nechta bo'lib o'tgan voqealarni gapirib berdi.
–Ha, janob, ular juda ajoyib bolalar edi,–deb hayqirdi janob Dobbin.
–Ular hamisha keksa ayollarga mehribon bo'lishganidan,–deb yig'i aralash gapirdi shahardagi eng boy ayol beva Duglas.
To'satdan cherkov galareyasi tomondan yig'i ovozi eshitildi. Oyoq tovushlari yog'och zinadan pastga tushdi. Hamma o'girilib, yo'lak bo'ylab uch bola kelayotganini ko'rishdi. Bular Tom Soyer, Jo Xarper va Geklberri Fin edi. Ular o'zlarining dafn marosimiga qatnashish uchun cherkovga yashirincha kirib olishgan edi.
–Sizlar bizni yaxshi ko'rar ekansiz,–deb yig'lab yubordi Xarper.–Biz ko'z yoshlarimizni tiyib turolmadik.
–O! Mening Xarperim o'limdan qaytib keldi,–deb chinqirib yubordi Xarperning onasi.
–Bizning Tom ham shu yerda,– dedi Meri.–Yaratganga ming qatla shukur!
–Gek ham biz bilan,–dedi Tom. –Uni unutib qo'ymang. U ham xuddi bizdek sog'-salomat.
Hamma bolalar atrofiga yig'ilishdi.
–Sizni yonimizda tirik va sog'-salomat holatda ko'rganimizdan boshimiz ko'kka yetdi,–dedi janob Dobbin.
Tom uyga qaytish va uni shaharda hamma sog'inib qolganini bilish qanchalik yoqimli ekanligini his qildi. Faqatgina bir inson uni ko'rganidan xursand emasdek tuyuldi. Bekki Tetcher oldingi o'rindiqqa o’tirib olib, Tomga qovog’ini solib qarab turardi.
4-BOB
XOCH OSTIDA
Tom Bekki bilan yarashib olishga urinardi. Bekkiga esa hech narsaning farqi yo'qdek edi.
–Men sendan o'zingni asrashingni so'rayman,–dedi Bekki maktab hovlisida Tom u bilan gaplashmoqchi bo'lganida. –Sen bilan o'sha kuni bo'lgan ish esa boshqa hech qachon qaytarilmaydi!
Yarashib olish bir necha kungacha umidsizdek tuyuldi.
Janob Dobbin stolining tortmasida doim bir kitob saqlardi. U har kuni o'quvchilari arifmetika bilan shug'ullanayotganda, bu kitobni qo'liga olardi. Maktabda hali hech kim bu kitobni ochib ko'rmagan va nima haqida ekanligini ham bilmasdi.
Bir kuni tushlik payti janob Dobbin sayr qilish uchun tashqariga chiqdi. Bekki darsga sho'ng'ib ketib, sinfda undan boshqa hech kim qolmaganini sezmay qoldi. U janob Dobbin o'sha sirli kitob turadigan tortmaning kalitini qoldirib ketganini payqadi. U tezda kitobni olib, muqovasini ochib ko’rdi.
"Voy, axir bu anatomiya kitobi-ku", deb ajablandi Bekki. U inson tanasining ichki qismlarini aks ettiruvchi ulkan rasmga hayron bo'lib qaradi. Shu payt Tom uni qidirib kelib qoldi. Bekki shoshib qolib kitobni yopaman deganda, bilmasdan inson tanasi tushirilgan varaqni ikkiga bo'lib yubordi.
–Tom! Meni nima qilishga majbur qilib qo'yganingni qara! Endi nima bo'ladi?– deb yig'lab yubordi Bekki. –Qiz bolaning oldiga ham tomdan tarasha tushganday keladimi?– deya kitobni o'z joyiga solib, tortmani qulflab qo'ydi.
Tushdan so'ng, janob Dobbin o'zining qimmatbaho kitobini ko'rish uchun tortmani ochdi. U kitobi yirtilganini ko'rib, ko'zlari qonga to'ldi.
–Kim mening kitobimni yirtdi?– deb bo'kirdi tomog'i yirtilgudek bo'lib. –Xarper! Bu sening ishingmi? Alfred! Yoki sen qildingmi bu ishni?
Tom Bekkining qo’rquvdan titrayotganini ko'rdi. U qo'lini ko'tarmoqchi bo'lar, ammo bunga jur'ati yetmayotgandi. Shu on Tom birdan o’rnidan turib:
–Bu ishni men qildim, janob!– deb yubordi.
–Qani bu yoqqa kel, Tom Soyer!– dedi janob Dobbin.
Tom Soyer uni nima kutayotganini yaxshi bilardi. Ikki soatlik savalanishdan so'ng, Tom orqasi achib maktabdan chiqib ketdi. U savalanganidan xafa emas edi. Chunki u sevgilisi Bekkini og'ir jazodan qutqarib qoldi. Bekki ham undan juda minnatdor edi.
–O, Tom!–dedi Bekki ertasi kuni ertalab. –Qanday qilib bunchalik oliyjanob insonga aylanding? Sen haqiqiy qahramonsan!
Tom Bekki bilan yana yarashib olganidan juda baxtiyor edi. Ammo bu hali hammasi emas edi. Tom xavotir ichiga tushib qolgandi. Maf Potterning sudi yaqinlashib kelayotgandi. Bechora Maf qilmagan jinoyati uchun osilishi mumkin. Bunga Tom va Gek ham sababchi bo'lardi, chunki ular haqiqatni aytishga qo'rqayotgandilar. Bolalar Mafni ko'rish uchun qamoqxonaga borishdi. Ular ozroq yegulik ham oldilar.
–Bu yaxshiligingizni hech qachon unutmayman,– dedi Maf. –Sizlar shahardagi eng yaxshi bolalarsiz.
Bu gap Tomni yanada aybdor his qilishga majbur etdi.
–Bu sirni ortiq saqlab yurish to'g'rimikin?– dedi Tom.
–Biz bo'lgan voqeani nima bo'lgan taqdirda ham sir tutishimiz kerak, bo’lmasa hindi Jo yoki uning do'stlari bizni aniq o'ldirishadi.
Sud kuni ham yetib keldi. Sankt-Peterburgdagi hamma, hatto hindi Jo Mafning taqdiri nima bo'lishiga qiziqib keldi. Mafni qora kursi oldiga olib kelishdi. Sudya Tetcher unga o'tiring degandek ishora qildi. U birin-ketin guvohlarni chaqira boshladi. Birining aytishicha, qotillik sodir bo'lgan kun Maf pichog'ini charxlayotganini ko'rgan. Yana biri qotillik kechasi Mafning qabristonga kirib ketayotganini aytdi. Keksa bir ayolning aytishicha, o'sha oqshom Mafni daryoda yuvinayotgan holatda uchratgan. Uning atrofidagi suvga qonning rangi chiqib ketgan ekan.
Guvohlar gapirayotganda, Maf dahshatga tushar, hindi Jo esa mamnun qiyofada o'tirardi. Negadir u jilmayganida yanada qo'rqinchliroq bo'lib ko'rindi. Tom ortiq aybdorlik hissi bilan jimgina kuzata olmadi. U o'rnidan turib:
–Janob sudya! Maf Potterning gunohi yo'q. Bu ishni hindi Jo qildi. Men va Geklberri Fin voqeani boshdan oyog'igacha ko'rdik.
Hindi Jo o'rnidan turib ketgach, orqa tomonda hayqiriqlar eshitildi. U olomon o'rtasidan qo'pollik bilan o'tib, o'zini derazaga urdi va qochib ketdi.
Maf Potter qutqarib qolindi, Tom esa Sankt-Peterburgning qahramoniga aylandi. Hatto mahalliy gazetalarda Tom bir kun kelib Amerika Qo'shma Shtatlariga prezident bo'lishi mumkinligi yozib chiqarildi.
Tom qilgan ishidan juda xursand edi. Ammo hindi Jo haqidagi o'ylar hali hamon uni qiynab kelmoqda edi. Odamlar uni ertalabki poezdda shahardan chiqib ketayotganini ko'rishibdi. Lekin ular yanglishishgan bo'lsa-chi? Agar tunda u Tomdan qasos olish uchun kelib qolsa-chi? Bu savollar ertalabgacha unga tinchlik bermadi.
–Boshqa iloji qolmadi, Gek,– dedi Tom. –Nimadir qilishimiz kerak.
–Masalan?–deb so'radi Gek.
–Biz xazina izlashimiz kerak.
–To'g'ri,– deb hayqirdi Gek. –Bu ish vaqt sarflashga arziydi. Ammo qayerdan izlaymiz?
–Odamlarni vahimaga soladigan joydan,– deya javob berdi Tom. –Qaroqchilar o'z xazinalarini ana shunday joylarga ko'mishadi, toki odamlar u yerdan xazina qidirishga yuraklari dov bermasliklari uchun.
–Men xuddi sen aytgandek dahshatli va vahimaga soladigan bir joyni bilaman,–dedi Gek. –Kardif tepaligidagi huvillab qolgan uy. U yer arvohlarga to'la deyishadi. Yur, Tom, xolangni belkuraklarini olib, ishga kirishamiz.
Ular o'sha qo'rqinchli uyga yo'l olishdi. Uy juda qorong'u va dahshatli edi. Har bir xonada shiftga osilgan ulkan o'rgimchak to'rlari bor edi. Taxtali pol yurganda yoqimsiz g'irchillab tovush chiqarardi.
–Tom, yur tepada nimalar borligini ko'rib tushamiz,–dedi Gek.
Ular zinadan yarmigacha ko’tarilishganda, kimningdir ovozi eshitildi.
–Arvohlar!–deb vahimaga tushdi Tom.
–Esingni yedingmi?–dedi Gek. –Axir, bular tirik odamlar-ku!
Ular qolgan zinapoyalardan yugurib chiqib, yotoqxonaga berkinib olishdi. Bu yerda ko'p yillardan beri odam yashamaganligi bilinib turar va yotoqxonaning polida katta teshik bor edi. U orqali pastdagi oshxonani bemalol kuzata bo'lar edi. Ikki erkak baland ovozda suhbatlashib kirib kelishdi. Ulardan biri pancho kiygan ispaniyalik, ikkinchisi esa hindi Jo edi. Jo hali shahardan chiqib ketmagandi. Tomning peshonasidan ter oqib tushdi.
–Bu yerda xazina borligiga ishonchingiz komilmi?–dedi ispaniyalik.
–Eshitganim shu,–deb javob berdi hindi Jo.–Aytishlaricha, Murrel to'dasi poezdni tunaganidan so'ng, barcha boyliklar shu yerga ko'milgan.
Ular polni teshib, pastdan yog'och sandiq chiqarib olishdi. Hindi Jo Gek pastda qoldirib ketgan belkurak bilan qulfni sindirdi va ispaniyalik sandiqning qopqog'ini ochdi.
–O’h-ho’! Bu yerda yetti pushtimizga yetadigan oltin bor-ku!–deb hayqirib yubordi ispaniyalik.
–To'g'ri,– dedi hindi Jo va qo'lidagi belkurakka tikildi.– Ammo belkurak bu yerda nima qilyapti? Bizdan boshqa yana kimdir xazina qidiryapti shekilli!
Jo xonaga diqqat bilan razm soldi. Tomning yuragi to'xtab qolayozdi. Agar Jo zinadan ko'tarilib, bu ikkisini shu yerdaligini payqab qolsa…
–Tezroq ketish kerak,–dedi ispan.–Qidiruvda ekanligingni umutma!
–Kel, xazinani olib, boshqa bir joyga yashirib qo'yamiz,– dedi Jo.
–Qayerga?
–Men eng xavfsiz joyni bilaman,– dedi Jo yon-atrofiga qarab olib. –Xoch ostiga!
5-BOB
XAVFLI G'OR
Tom va Gek ular nimani nazarda tutishayotganini to'liq tushunishmadi.
–Menimcha, ular xazinani kimningdir qabriga ko'mishsa kerak,– dedi Tom. –Chunki xoch faqat qabrlar ustida bo'ladi.
–Yoki qarovsiz qolgan cherkovlarda,– dedi Gek, ular Kardif tepaligidagi uydan uzoqlashib ketisharkan. –Tom, endi biz hindi Joni ketiga tushishimiz kerak. Bu sirdan boxabarligimiz uning xayoliga ham kelmaydi.
Tom uyga qaytib kelganida, xolasi ertaga bo'lib o'tadigan bog' sayli uchun tayyorlagan tortga ko'zi tushdi. Tomning butun fikr-hayoli hindi Joda bo'lib, bog' sayli haqida unutib qo'ygan edi. Bu tadbir har yili Sankt-Peterburgdagi katta yoshli bolalar uchun o'tkaziladi. U yerga janob Dobbin va o'yinlarni nazorat qiladigan o'n sakkiz yoshli bolalarsiz hech kim jo'natilmaydi.
Tong otishi bilan, quvnoq bolalarga to'la kema daryo yoqalab suzib ketdi. Kema daraxtlarga to'la va xushmanzara joyda to'xtadi. Bolalar mazza qilib ovqatlanib bo'lishgach, har xil o'yinlar o'ynashga tushishdi. Endi esa o'sha mashhur MakDugal g'origa kirishning vaqti keldi. Barcha bolalar g'orning og'zi atrofiga to'planishdi. G'or og'zi "A" shaklida bo'lib, kirgan sari qorong'ulashib ketardi.
–Diqqat, bolalar!– dedi janob Dobbin. –Bizga g'orni ko'rsatish uchun yo'lboshchi keldi.
–G'orga kirganimizda, iloji boricha menga yaqinroq yuringlar,-deb gap boshladi yo'lboshchi. –G'or ichi labirintga o'xshaydi. Bu yerda qancha-qancha bolalar, hatto kattalar ham adashib qolishgan va ulardan ko'pchiligi ortga qaytib chiqolmagan.
Yo'lboshchi hammaga sham tarqatdi. Keyin hamma uning ortidan ergashdi.
–Qo'limdan ushlab ol, Bekki,-dedi Tom. –Har holda yo'qolib qolishni istamassan.
G'orning ichi juda ko'p tor tunnellar bilan birlashib ketgandi. Sham yorug'ida devordagi har xil yozuvlar ko'zga tashlanardi. Bir nechta bola ularni o'qish uchun to'xtashdi.
–Hoy, Bekki!–dedi Tom birdan. –Devordagi yozuvga qara. Bu yerda "Tomas va Gertruda shu yerda" deb yozilibdi. Qiziq, ular kim ekan?
–Tom, eshityapsanmi?–dedi Bekki shamni teparoq ko’tarib. –Bu yerda sharshara borga o'xshaydi. Yur, borib ko'ramiz!
–Esingni yedingmi?–dedi Tom xavotirlanib. –Bu qorong'ulikda adashib qolishimiz hech gapmas.
–Devorlarga sham orqali iz qoldiramiz,–javob berdi Bekki. –Va shu belgilar orqali ortga qaytamiz.
Shovqin-suron ularni kichik bir g'orga olib bordi. Toshlar orasidagi teshikdan suv sizib chiqardi. Katta toshning yonida keyingi tunnelga o'tuvchi yo'l bor edi.
–Voy!–dedi Bekki. –Yana bir sirli yo'l. Kel, bu tunnel qayerga olib borishini ko'ramiz.
Tom uni to'xtatib qolmasidan oldin, Bekki qorong'ulik sari sho'ng'ib ketdi.
–Bekki!!!– deb baqirdi Tom.
Uning ovozi g'or devorlari bo'ylab aks-sado berdi. To'satdan, qattiq chiyillash ovozi eshitildi va qorong'ulikdan ko'rshapalaklar galasi chiqib keldi. Atrof bir lahzada mo'ynali jonzotlar bilan to'lib ketdi. Ular sarosimaga tushib, o'zini har tomonga urishardi. Ulardan biri Bekkining ustiga otildi va uning qo'lidagi shamni tushirib yubordi. Bekki vahimaga tushib, "Tom!" deb baqirib yubordi. Ular tunnel bo'ylab yugurishdi. Butunlay quturib ketgan ko'rshapalaklar ularni izma-iz ta'qib qilishdi. Tom va Bekki sharsharaga qaytish yo'lini topa olmadilar. Qanchalik urinishmasin, bitta joyga qaytib kelaverishdi.
Внимание! Это не конец книги.
Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?