Текст книги "Gulyetim"
Автор книги: Nabijon Qodirov
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 1 (всего у книги 19 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
Nabijon Qodirov
Gulyetim. Sarguzasht qissa
SERQIRRA IJODKOR TUHFASI
«Bir kam dunyo…» degan eski gap bandalarning noqis taskini bo‘lib tuyiladi menga. Chunki Xudoyim beraman desa, yarim-yorti qilib o‘tirmay, qo‘shqo‘llab berishi tayin. Ayniqsa, bu xulosam Nabijon Qodirov kabi ijodkorlarni ko‘rganda yanada qat’iylashadi. Nabijon akaga Yaratganning tortiqlari o‘zi kutganidan ham ortiq darajada, desam mubolag‘aga yo‘ymang. Men u kishini yaqindan bilganim uchun ham ishonch bilan aytyapman.
Nabijon Qodirov, avvalo, tuproqdan mo‘jiza yaratgan qo‘ligul usta-kulol. 1999-yili «Uzkinoxronika» tomonidan uning ijodiga bag‘ishlab «Rishton mo‘jizasi» nomli hujjatli film yaratilgan. O‘zbekiston badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston xalq ustasi, qolaversa, qalami ravon dramaturg. Bir qancha sahna asarlari Farg‘ona, Jizzax, qo‘shni Qozog‘istonning Sayram viloyat teatrlarida namoyish etilgan, xususan, Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan «Uch kunlik dunyo» spektakli O‘zbekiston televideniyasining oltin fondida saqlanadi. Uning ssenariysi asosida suratga olingan «Armonli dunyo» kinofilmi ham zamonamizning xontaxta «ijod namunalari»dan keskin farqlanadi – ancha baland.
Yana ijodkorning «Do‘ppi kiygan bolalar», «Eng yaxshi sovg‘a» nomli bolalar uchun she’riy to‘plamlari chop etildi va adabiy jamoatchilik tomonidan yaxshi baholandi. Muhimi, bolalar tiliga chippa yopishadigan she’rlar allaqachon chinakam muxlislarini topdi. «To‘polonchi mittivoy» ham tez kunlarda o‘z o‘quvchilari qo‘liga yetib borsa, ajabmas.
Nabijon aka qo‘liga dutor olib xonish boshlasa, uncha-muncha san’atkorni ortda qoldirishi aniq. Buni nafaqat men, balki qo‘shiqchilik san’ati-yu adabiyotni nozik his qiladigan do‘stlarimiz ham tasdiqlaydi. Xullas, Nabijon Qodirov havas qilsa arzigulik shinavanda ijodkor. Lekin hozir e’tiboringizni yuqorida sanab o‘tilgan iste’dod qirralaridan ko‘ra yorqinroq yana bir yangi sifat – adibning «Gulyetim» nomli qissasiga qaratmoqchimiz.
Bugungi kunda o‘qisang – ko‘ngling yorishadigan, o‘tgan fursatlaringni mazmun bilan ziynatlaydigan, kitob javoningga arzigulik mahzan bo‘lib qo‘shiladigan nodir asarlar talay. O‘zimizning yozuvchi-shoirlardan tortib jahon adabiyotining manaman degan namoyandalarining (asliyatdan tarjima qilingan) ijod namunalari ko‘p va xo‘b nashr etilyapti. Bir paytlar o‘qirmanlar kitob kutib, qidirib qolgan bo‘lsa, ayni zamon ziyolilar kitob saralashga aksar vaqtini sarflayapti. Ana shunday muhitda Nabijon Qodirovga qissa yozishga yo‘l bo‘lsin, uni o‘qishga hafsala qayda-yu, fursat qani, degan fikrda qo‘lyozmani varaqladim. Lekin ishtibohlarim puch bo‘lib chiqdi – qissa g‘oyatda maroq bilan o‘qiladi. Nabijon akada chinakam yozuvchi nigohi bor!
Voqealar osmondan olinmagan – bolalik, o‘smirlik xotiralari yurakdan o‘tkazib yozilgan. Asardagi Ona, Dada, Soyibjon tog‘a, Saidxon novvoy kabi obrazlar ko‘nglingizdagi unutilayozgan insoniy tuyg‘ular ko‘zidan mudroqni quvadi. Qobil, Kelin, Otash, Zulumbuva kabi murakkab taqdirli kishilar dunyoqarashi tafakkuringizga, g‘arazlari qalbingizga yuqib qolishidan ehtiyotlanasiz. Qissada tulki bilan tozilar tillashgan, o‘gri bilan qozilar birlashgan eski davrning talato‘plarini bor holicha ko‘rasiz.
«Har yili paxta terimidan oldin g‘o‘za barglarini to‘kish uchun dalalarga allaqanday sassiq dori sepilganda oq bayroq ko‘tarib samolyotga yo‘l ko‘rsatib turgan» va shu tariqa zaharlanib erta kunda hayotdan ko‘z yumgan ota fojiasi yuragingizni larzaga soladi. Ertasiga rahmi kelib kasal qo‘yni sotib olgan, bozori kasod ekan deb bir qancha keraksiz narsalarni uyga ko‘tarib keladigan va shuning uchun odamlar «afandi» degan laqab qo‘ygan poycho‘kir dadasidan ayrilgan bosh qahramonni – Davronni tirikchilik tashvishlari erta ulg‘aytiradi. Shunday lafzi halol dada o‘rniga «morchashm»(ilonko‘z) muttaham kimsa unga o‘gay ota bo‘lib keladi. Ismi Qobil-u, qilmishi noqobil – «230 raqamidagi uchni ustalik bilan sakkizga aylantirishdan toymaydigan va shu kabi yo‘llar bilan yulg‘ichlik qiladigan, tirikchilik deb har qanday pastkashlikka qo‘l uradigan o‘gay otaning johilligi-yu, undan oshib tushgan Otash ismli o‘g‘lining qilmishlari o‘spirin Davron qalbida bitmas chandiqlar qoldiradi…
Qissada yana bir personaj borki, uning ta’rif-tavsifiga ko‘p o‘rin ajratilmagan bo‘lsa-da, fojiaviy qismati bilan o‘quvchi ko‘z o‘ngida yaqqol gavdalanadi. Bu Zulum buva obrazidir. «Uzunquloq gaplarga qaraganda, yoshligida kolxozga rais bo‘lgan, qora ot minib yuradigan qahri qattiq bu odamdan hamma qo‘rqib yashagan». U oxir-oqibat tashlandiq xonadonda xor-u zorlikda jon berib, jasadi mushuklarga talanadi. Shu kabi manzaralarni o‘qish mobaynida yozuvchi oshirib yubormadimikan, degan xayolga ham borasiz. Lekin, ming afsuski, qissadagi voqealarning aksariyati hayotiy asosga ega. Mirzo Bobur bejiz: «Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidir!» deya ta’kidlamagan.
Asardagi bir epizodni aynan keltirib o‘tsak. Bu holat ko‘nglida ozgina shafqati bor kishini befarq qoldirmasligi shubhasiz:
« – Ana, ko‘r Xalil kelyapti! – deydi kimdir.
Biz bolalar ularni jim kuzatamiz. Ko‘r Xalil – novcha, yelkalari keng, sochlari oppoq, qirq besh yoshlar atro fidagi kishi. Bukchayib qolgan qari kampir bir yarim, ikki metr keladigan tayoqning oldingi uchini, o‘g‘li Xalil aka esa ortdagi uchini ushlab oladi. Ular xotirjam gaplashib keladilar. Ko‘r Xalil onasiga xuddi yosh boladay erkalik qiladi. Har galgiday, hovuz bo‘yidagi supada o‘tirib, dam oladilar. O‘g‘il shu zahotiyoq boshini qashlashga kirishadi. Ikkala qo‘li bilan qashlayveradi, qashlayveradi. Aytishlaricha, uning boshiga urushda oskolka tekkan va ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolgan ekan. Ko‘r Xalilning esi ham joyida emas, u ba’zan onasini bo‘ralab so‘kib qoladi. Kampir o‘g‘lini aldab yupatadi. Tayoqning ikki uchidan ushlab birin-ketin yana yo‘lga tushadilar…»
Qissada shu kabi manzaralar aniq-tiniq chizib berilgan. Biz ularning hammasini bir boshdan bayon qilmoqchi emasmiz. Faqat yana bir jihatga to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Asarda maktab muhiti, o‘qituvchilar qismati – daryodilligi, el orasidagi martabasi-yu, ro‘zg‘ordagi ayanchli ahvoli ro‘yirost tasvirlangan:
«Bir payt meva bozori oldida xomush turgan geografiya o‘qituvchimiz Qambarov domlaga ko‘zim tushdi. U meni ko‘rib, biroz o‘ng‘aysizlandi.
– Ha, Ergashev, nima qilib yuribsan? – dedi menga mehribonlik bilan qarab.
Ahvolni tushuntirdim. Qambarov nimadir demoqchi bo‘lar, ammo aytolmayotganini sezib, dedim:
– Domla, menga biror yumushingiz bo‘lsa, tortinmay aytavering.
Qambarov xijolatdanmi, qizarganday bo‘ldi.
– Ozgina behi olib kelgandim, – dedi u gunohkor bir ohangda. – Shuni qanday qilib sotsak bo‘larkin?
– Sotishib berardim-u… – deya o‘ylanib qoldim.
– Qo‘rqma. Men atrofni kuzatib, qarab turaman, sen shu behini sotishib bergin, o‘g‘lim. Uyda tishga bosgulik hech vaqo qolmadi, – dedi u oshkora yalinib.
Domlamizning uchta farzandi institutda o‘qir, ularni ta’minlashga qiynalayotganligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Birgina maoshning o‘zi bu katta oilaga urvoq ham bo‘lmasdi. Qambarovning uyidagi katta bog‘da o‘rik, olma, behi va shunga o‘xshash har xil mevalar doim pishib yotardi.
Ammo pedagogning bozorda nimadir sotib o‘tirishi mumkin emas, birov ko‘rib qolsa, unga gap tegishi, hatto jazolanishi ham haqiqat edi. Usti o‘rab qo‘yilgan kattagina tunuka qutidagi sap-sariq, sarxil behilarni velosipeddan olib birpasda sotib bo‘ldim…».
Qissaning ikkinchi faslida «O‘tkir Hoshimov, Said Ahmad, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov va boshqa yozuvchilarning asarlari qo‘lma-qo‘l o‘qilib, tanaffuslarda muhokama qilinadigan va bu kitoblar qizlar bilan sevgi to‘g‘risida gaplashish uchun yaxshigina bahona bo‘ladigan» maktab yillari tasvirlangan. Lekin tafsilotlar ta’lim maskani doirasida cheklanib qolmagan. O‘smir dunyoqarashining shakllanishi, bir qishloq ichida bashariyat evrilishlarining ifodasi, shaytoniy va rahmoniy tuyg‘ular kurashi baholi qudrat qalamga olingan.
Voqealar Oybek, Mirtemir, G‘afur G‘ulomday zabardast shoir-u yozuvchilarga taqlidan do‘ppi kiyib yuradigan shoirtabiat Davron hamda yon-atrofga «Alanga» laqabi bilan tanilgan Otash tegrasida kechadi. Otasi yoqqan sudxo‘rlik va xasislik olovida umri kulga aylangan Otashning taqdiri kitobxonni chuqur o‘yga toldiradi.
Davron yaxshi ko‘rgan qiziga muhabbatini izhor etishning antiqa yo‘lini topadi: «Rona nem ines namaves!» («Anor, men seni sevaman!»). Usta kulolga shogird tushadi va ming yillik an’analardan ilhomlanib, yangiliklar yaratishga intiladi. Xullas, har bir kuni ijod bilan o‘tadi.
Ayoz bo‘lishiga qaramay, ertalab boshini shampunlab yuvgan va sochini yaxshi quritmay, yalangbosh maktabga jo‘nagan Javlon «stilyaga»ning alaloqibat meningit bo‘lib juvonmarg ketgani haqidagi sahifalarni o‘qiganda «g‘o‘r yoshlik» jumlasini xalqimiz qanchalar topib aytganligini anglaysiz, navrasta o‘smirga achinasiz.
Yupin kiyinganlar bilan til uchida gaplashadigan va oxir-oqibat kajfe’lligi sabab infarkt bo‘lgan Odilxon taqsir kabi kalondimog‘lar-u, ularning zohiri «ajab so‘finamo, nihoni nafs itiga mubtalo» Oqilxon kabi zurriyotlari qismati ham bor holicha bayon qilingan. Soxta talaffuz, yasama mulozamatni joyiga qo‘yadigan bunday toifaning hamisha har joyda hozir-u nozirligidan ijirg‘anasiz. Mana shunday sirti yaltiroqlarga qarshi o‘laroq, Hoji bobo kabi chinakam ziyolilar surati-yu siyrati qissada o‘zgacha mehr bilan chiziladiki, go‘zal tuyg‘ular, ixlosmandlik beixtiyor ruhiyatingizga ko‘chib o‘tadi.
Maxtumqulini sel bo‘lib tinglaydigan, Buxoro madrasasida tahsil olgan, sakson yoshni qoralagan, asl ismi Muhammadamin bo‘lgan Hoji bobo va Soliha ayaning ro‘zg‘or tutimi, mehr-oqibati borlig‘ingizni nurlantiradi.
Taassufki, shunday oila boshiga tushgan judoliklarni, Zafar va Zarif ismli farzandlarning «din – afyun» deydiganlar toifasidan bo‘lib chiqishini, onasining ma’rakasida maishatbozlik qilishini o‘qib, bu hayotning biz anglamagan sir-sinotlari ko‘pligidan hayron qolasiz. Shu nuqtada yozuvchi voqealarni o‘z istagiga bo‘ysundirmagani, aksincha, o‘zi real hayotiylik ortidan ergashganini his qilasiz. Ya’ni, biz odatda «olma tagiga olma tushadi» qabilida mo‘min bandaning nasllari solih farzandlar bo‘lib kamol topishiga ko‘nikkanmiz. Muallif ham ko‘plar ko‘nikkan shu sujetni to‘qib qo‘ysa, hech kim e’tiroz bildirmasdi. Lekin asar, Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, qog‘ozdan yasalgan gulga o‘xshab iforsiz bo‘lib qolardi.
Qissadagi Soyibjon tog‘aning ko‘rgiliklari, Dilbar kelinoyi va Samintoy xotinining hiyla-nayranglarini mutolaa qilib, hushyor tortasiz. Mahalladoshlar «shaytonning urg‘ochisi» deya ta’riflagan bunday ayollarni la’natlamaganlar, Mirzo Bobur aytganidek, sazovori la’nat bo‘lsin degisi keladi. Asarda:
Yilonni asrading necha yil oni,
Ulug‘ bo‘lg‘an sari o‘sdi ziyoni, –
kabi hikmatlardan o‘rinli foydalanilgan. Navoiy shohbaytlari qissa fazilatini yanada oshirgan. Ayniqsa, So‘fi Olloyorning fano dashti-yu, baqo bo‘stoni haqidagi baytlari hikoyalarga uzukka ko‘zdek yarashgan.
Muxtasar so‘zboshida asardagi barcha qahramonlarning fazilatlari haqida gapirib berishning imkoni yo‘q. Lekin qissani o‘qigan muhtaram kitobxon o‘zining yon-atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga, kishilar taqdiriga teranroq qaray boshlashi aniq.
Fikrlarim avvalida muallifning yozuvchilik nigohi haqida to‘xtalgandim. Endi bu yog‘iga yozish mahoratini charxlash zarur, nazarimda. Adabiyot ixlosmandlarini yaxshi asar bilan qutlaymiz.
Muhtaram kitobxon, Nabijon Qodirovning «Gulyetim» qissasini, albatta, o‘qib chiqishni tavsiya etamiz. Sizga maroqli mutolaa, adibga g‘ayrat-shijoat yor bo‘lsin!
Azizbek Anvar,O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi
KIRISH
Burgut bolasini parvozga o‘rgatayotganida, uni osmon-u falakka olib chiqib, tashlab yuborarkan. Uquvsizlik qilsa, palaponini bir cho‘qib, changallaganicha yanada yuqoriroqqa ko‘tarilarkan. Diqqat bilan atrofni kuzatayotgan musicha jigargo‘shasi uchirma bo‘lgunicha daraxtdan tushirmay, unga saboq berayotganday tuyiladi. Hali uchishni bilmaydigan, ammo o‘jarlik qilib yerga tushib olgan no‘noqvoyni poyloqchi mushuk tutib ketganini ham ko‘rganmiz.
Keyingi paytda ayrim tengdoshlaringiz «o‘zim bilaman» qabilida ish tutib, ko‘pni ko‘rgan bobo-yu buvilaridan uzoqlashib borayotganday tuyilmayaptimi sizga? Otalar bilan bolalar orasidagi nomutanosiblik ilgari ham bo‘lgan. Kattalar nazoratidan chetda qolish qanday oqibatlarga olib keladi? Qissa ana shular va yetim bolakayning boshidan kechirganlari haqida.
Uyimizning to‘rida non saqlanadigan kichkinagina sandiqcha bo‘lardi. Biz bolalar nonning yoqimli hidi doim ufurib turadigan qadrdon bu qutichaga xohlagan paytimizda intilaverardik. Uni kim to‘ldiradi, u nimaning evaziga keladi – bizga buning qizig‘i yo‘q. Asosiysi, sandiqchada non bo‘lsa bas. Ko‘chadagi o‘yinlar rosa qizigan mahal kutilmaganda qornimiz surnay chalib qolar, chopqillagancha uyga kirib bir bo‘lak nonni sindirib olardik-da, kavshangancha yana sho‘xlikni avjiga chiqarardik. Non yopilgan kunlar sandiqchamizning qopqog‘i yopilmay qolsa, ba’zan bo‘shab huvullab qolardi.
«Oyijon, non! Sandiqchada nega non yo‘q?». Ana endi ko‘ravering xarxashani. Bir tishlab, tashlab ketilgan qattiq nonlarimizni u yer-bu yerdan topib talashamiz va qitirlatib chaynashga tushamiz. Darrov qo‘shnidan ikkita nonni qarzga olib, to‘polonni bosdi-bosdi qiladigan rahmatli onam: «Nonni uvol qilmanglar. Otangiz tinimsiz ishlab, ming mehnat, mashaqqat bilan un topib keladi. Men uni sizlarga yopib beraman xolos. Ro‘zg‘or – g‘or. Ha demay uni tebratish sizlarning ham zimmangizga tushadi. Yigit degan azamat o‘z aravasini o‘zi torta olishi kerak. Sandiqcham bo‘shab qolmasin desangiz, ko‘chaga chopib shataloq otavermay, kitob o‘qinglar, hunar o‘rganinglar», derdilar.
O‘ylanib qolardim. Chindan ham otamning orqasiga un yuklangan velosipedni yetaklab kelayotganini ko‘p bora ko‘rganman. Katta bo‘lsam, onam aytgan o‘sha ro‘zg‘or – g‘orni boshqara olamanmi? Kitob o‘qib, hunar o‘rgansam, pul topishim osonroq bo‘larmikin? Buning uchun yana nimalarni bilishim kerak?..
Ulg‘ayib, kitobga oshno tutinganimdan so‘ng masala oydinlashdi. Ko‘plab donishmand bobolarimizning kelgusi avlodlarga qarata aytgan pand-nasihat, hikmat-u rivoyatlarning asl negizi, bosh shiori bitta: «ILM OL, HUNAR O‘RGAN», degan da’vatdan iborat ekan. Bundan keyin ham o‘gitlar o‘z kuchini yo‘qotmasligi tayin.
Dunyoning tosh-tarozisi bor. Hamma ham o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lavermaydi. Oliygohga kirolmasak, xuddi «Hammasi tamom bo‘ldi» degandek, qosh-qovoq qilib, bundan fojia yasashimiz shartmikan? Kasb-hunar qilib ham bitta ro‘zg‘orni «gulday» qilib tebratayotganlar ko‘pku. Yoki diplom olganimiz hamono davlatmand, ziyoli insonga aylanib qolamizmi? Kimningdir ko‘magida institutga adashib kirib qolgan qanchadan qancha noshud, biror ishni qoyillata olmagan, yozgan xati g‘ij-g‘ij xato, ma’naviy qashshoq «oliy ma’lumotli»larni ham bilamizku! Undan ko‘ra aqlimizni, kallamizni qizil diplomga aylantirganimiz yaxshi emasmi?!
Maqsadimiz jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lishmi? Shunday ekan, qaysi kasb egasi bo‘lishimizdan qat’iy nazar, mustaqil o‘qib, o‘rganaversak, barkamollik sari intilaversak, hayotda o‘z o‘rnimizni topib boraveramiz. Iste’dodsiz odamning o‘zi bo‘lmaydi. Alloh har bir insonni qaysidir bir ishga qiziqishini oshirib, qobiliyatli qilib yaratadi. Oddiy havas bilan o‘sha qiziqishni ajrata olsak bas. O‘shandagina ko‘zlagan maqsadimizga erishamiz.
Kimdir dehqon, yana kimdir o‘qituvchi, sotuvchi, boshqa birov biznesmen…
Dunyoning eng katta boy, milliarderlarining tarjimayi holini o‘qisangiz, ularning institut tugul, o‘rta maktabni ham yolchitib o‘qiy olmaganiga guvoh bo‘lasiz. Demak, g‘amga botib tashvishlanishga hech qanday asos yo‘q. Bu bilan «O‘qimasa ham bo‘laverar ekan-da», degan tushuncha paydo bo‘lmasligi lozim. «Dadil bo‘ling, hech qachon tushkunlikka tushmang!» demoqchiman xolos.
Dunyoda bizning aqlimiz yetavermaydigan sir-sinoatlar juda ko‘p. Hayot yo‘lingiz ravon bo‘lishini, qaysi ishga qo‘l ursangiz ham baraka topishni istaysizmi? Unda ota-bobolaringizni rozi qilib, duosini olib qolishga ulgurib qoling.
Biz dunyoga ma’rifat ulashgan olim-u ulamo, allomalarning avlodimiz. G‘ayratli, mehnatsevar, o‘qimishli, aqlli va hushyor farzand – ota-ona, el-ulus, qolaversa, Vatanning baxti. Ana shunday odamgina yaxshini yomondan, halolni haromdan ajrata oladi. Yurtiga nafi tegadi.
Muallif
O‘zlarining mehrga yo‘g‘rilgan tanbeh-u dashnomlari bilan ko‘zimni ochgan, katta hayot ummonida suzishni o‘rgatgan onaizorim Zaynabxon Salohiddin qori qizlarining muborak ruhlariga bag‘ishlayman.
BIRINCHI QISM
DUNYONI ANGLASH
1960-yilning o‘rtalari.
Judayam sho‘x, o‘t-olov bolakayman. G‘ayratim tanamga sig‘may, yog‘och otimni minib doim yugurib yuraman. Onajonim non yopganda tandir atrofida aylanib, mittigina qo‘shaloq kulchamni pishishini sabrsizlik bilan kutganim yodimda. Hamma qishloq bolalari kabi chumolining iniga suv quyganman. Ninachining dumiga cho‘p suqib uchirganman. Arining qanotini qirqayotganimda chaqib olgani ham esimda. Qushlarni tutib olib, ipga boylab o‘ynayman. Polaponlariga rahmim kelib non ivitib bersam, noz qilib yeyishmaydi. Chigirtkani mo‘ylovini qirqib qo‘yib yuboraman. Kuchukni ko‘rsam, quvlab vangillataman.
Xullas, tekkanga tegib, tegmaganga kesak otaman. Biror ermak topolmay qolsam, tovuqlarning dodini beraman. Jo‘jalarini olib qochganimda ona tovuq ortimdan quvib, bir necha bor tepkilab cho‘qigan. Iniga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lganimda arilarga talanib, tanib bo‘lmas darajada yuzlarim shishib ketgani ham bor gap. Bir kuni qaldirg‘ochni uyga qamab tutib oldim-da, asta ko‘chani mo‘ljalga olib turgandim, onajonim ko‘rib qoldi.
– Qani, darrov qo‘yib yuborgin-chi, – dedi po‘pisa qilib.
– Nega qo‘yib yuboraman. Axir, men uni zo‘rg‘a tutdim-ku, – deya e’tiroz bildirdim.
– Qushlarga, har xil hasharotlarga ozor berish gunoh!
– Gunoh nima?
– Mumkin emas, yomon bo‘ladi degani. Kim birovga yomonlik qilsa oxiratda, albatta, javob beradi.
– Qayerda javob beradi?
– Narigi dunyoda! Qaldirg‘ochga ozor berganlarni qo‘li qaltiroq bo‘lib qoladi!
Qo‘rqqanimdan darrov qushni qo‘yib yubordim.
Shundan keyin jonivorlarni qiynamaydigan bo‘ldim, hatto pashshaniyam o‘ldirishga qo‘rqib qoldim. Endi bor e’tiborimni esimni taniganimdan buyon devorda osig‘liq turadigan radio deb atalmish eski qutichaga qaratdim. Erta tongda uning ovozini eshitib uyg‘onaman. Kech kirib, hamma uyquga ketganidayam u charchamay gapiraveradi, gapiraveradi. Bu nima o‘zi? Ichida mitti odamchalar bormikin?
Paytini poylab, radioning ichini ochdim. Piyoladay keladigan aylana, qora qog‘oz-u dumaloqqina magnitdan boshqa hech vaqo yo‘q. Bu oddiygina temir ichiga odam qanday sig‘adi, u yog‘iga aqlim yetmadi. Indamay yana joyiga ilib qo‘ydim. Har kuni yoqimli kuy-qo‘shiq, dutor, tanbur navolarini eshitib uxlab qolaman. «Tonggi konsert»da uyg‘onaman. Ba’zan atrofimda hech kim bo‘lmasa, o‘yinga tushib ko‘nglimni xushlayman.
Saharda bolalar uchun beriladigan eshittirishni qoldirmay tinglayman. Unda o‘qilgan g‘azallar butun vujudimni sehrlab oladi.
Bu mitti mo‘jizaga juda o‘rganib qoldim. Ayniqsa, kechki ovqatdan so‘ng beriladigan ertaklarni bitta qoldirmay eshitadigan, o‘ziga xos musiqasi yangrashi bilan uning oldiga o‘rnashib o‘tirib oladigan bo‘ldim. Bora-bora radio mening eng yaqin, qadrdon o‘rtog‘imga aylanib qoldi.
ONAM
Onam og‘ir-bosiq, turmushning bor-u yo‘g‘iga sabr qiladigan va har bir kunini Allohdan deb, shukr bilan yashaydigan ayollar sirasiga kiradi. U novchadan kelgan, qosh-ko‘zlari qop-qora, uzun sochlari o‘ziga yarashgan, kamtar-kamsuqum, fe’l-atvoriga yarasha juda kelishgan ayol edi. Eshitishimcha, onamning otalari Saloh qori iymon-e’tiqodli, o‘z davrining o‘qimishli, ziyoli kishilaridan bo‘lgan.
Onajonim adabiyot-san’atni yaxshi ko‘rar, ayollar davrasida qo‘shiq aytib, davralarni qizdirardi. U ayollardagi hayo, ibo, nomus degan tushunchalarni juda qadrlardi. Zarurat yuzasidan biror yoqqa bormoqchi bo‘lsa, albatta, chimmatini boshiga tashlab, ustidan o‘zining yengil, ko‘k choponini yopinib olardi. Men «Yoriltosh», «Zumrad va Qimmat» ertaklarini, topishmog‘-u rivoyatlarni ham birinchi bo‘lib onamdan eshitganman. Maktabga borayotganimda she’r yodlatgan ham onam. Esimda, birinchi yoki ikkinchi sinfda o‘qirdim. Hali pulning sanog‘iga ham unchalik bormasdim. Onajonim qiyiqchaning uchiga tanga pullarni tugib, mahallamiz novvoyxonasiga non olib kelish uchun jo‘natdi. Mendan uch-to‘rt yosh katta qo‘shnimiz Qo‘zivoy aka bilan qo‘limizdagi tangalarni o‘ynab, tandirdagi nonning pishishini poylab o‘tirdik.
Qo‘zivoy aka: «Nechta non olasan? Qani pulingni bir sanab ko‘ray-chi», – dedi. Tangalarni unga berdim. U o‘zicha sanagan bo‘ldi-da, tezda yana qo‘limga qaytarib berdi. Nonni olib ikkimiz ham uy-uylarimizga kirib ketdik. Chorsini yechib, onajonim taajjublandi:
– O‘ntaga pul bergandim, olib kelgan noning sakkizta-ku.
– Bilmayman, bor pulni novvoyga uzatdim, u shuncha non berdi, – dedim.
– Pulni qiyiqcha chetiga bog‘lab bergandim. Tugunni o‘zing yechdingmi?
– Ha, aytmoqchi, qo‘shnimiz Qo‘zivoy aka «bir sanab ko‘ray-chi», degandi…
– Obbo, Qo‘zisi tushmagur-ey, yigirma tiyinini urib qo‘yibdi-da. To‘g‘risini aytganing uchun, mana senga o‘ttiz tiyin beraman. Boshingga qilich kelsayam, rost gapir, hech qachon yolg‘on gapirma.
– Xo‘p bo‘ladi.
Onajonimning yana bir odati – uyimizning baland tokchalariga ataylab menga ko‘rinadigan qilib pul qo‘yib qo‘yardi. Bu pullar kuzatuvda ekanini men «palapon» qaydan bilay. Bolaligimga borib, tirmashib tokchaga chiqdim. Besh-o‘nta qog‘oz pul ichidan bittasini olib, qolganini joyiga qo‘yib qo‘ydim.
– Pul kamayib qolibdi, mabodo sen olmadingmi, Davronjon? – dedi onam jilmayib. Qilgan ishimdan uyalib yerga qaradim.
– Ha, men olgandim.
– Aytsang berardim-ku, so‘ramay olingan narsa o‘g‘irlik hisoblanadi. Narigi dunyoda buning qattiq azobi bor. O‘g‘irlik qilmaganman, – desang, o‘z tanang tilga kirib, hammasini aytib beradi. Oyog‘ing: «men bilan yurib bording-ku», qo‘llaring: «men bilan ushlab o‘g‘irlik qilding-ku», ko‘zlaring: «men bilan ko‘rib bording-ku», – deydi. Faqatgina qoshing: «yolg‘on, u o‘g‘irlik qilmagan», – deb sening yoningni olarkan. Shuning uchun odamlar yoqtirgan biror kishisini ko‘rganda, do‘st deganday qoshini uchirib qo‘yarkan.
Onamning dalada ishlagan davrlarini yaxshi eslayman, juda epchil terimchi edi. Og‘iroyoq bo‘lishiga qaramay, tergan paxtalarini shiyponga o‘zi ko‘tarib chiqardi. Kech kirgach, bir choyshab o‘tni boshiga qo‘yib uyga qaytardi. Mendan keyingi tug‘ilajak ukalarim yorug‘ dunyo yuzini ko‘rmaganining sababi ham shu. Tushlikka qaymoq sho‘rva qilinardi. Oddiygina sopol kosayam yetishmas, terimchilarning idish bo‘shashini kutib o‘tirishdan boshqa choralari yo‘q edi. Men ishchilar tushlikka chiqqunlarigacha, oshpaz Salomat xolaning ko‘zini shamg‘alat qilib, bitta kosani olib yashirib qo‘yardim.
Ish og‘irligiga qaramay, hech kim nolimas, aksincha hamma xursand, o‘tayotgan kunidan rozi bo‘lib yashardi. Chunki ularning ko‘rgan kunlari, qiyinchiliklari oldida hozirgisi holva edi.
Volidam aytgan allalar qulog‘imda doim jaranglab turadi. Ko‘zlarimni yumib, dunyoni endigina anglayotgan paytlarimni eslasam kifoya.
Uning mungli qo‘shig‘i o‘zining barcha sehr-u jozibasi bilan jonlanib, uzoq-uzoqlardan eshitilaveradi. Dardli ovoz, qadrdon ohang, butun vujudimni qamrab oladi.
O‘ylanib qolaman. Mendagi atrof-muhitga, odamlarga, kindik qonim to‘kilgan muqaddas tuproq – ota makonga bo‘lgan cheksiz MEHR shu oddiygina ona allasidan yaralmadimikan? Ona suti bilan barcha insoniy fazilatlar, adabiyot-san’atga oshuftalik qon-qonimga singib ketgan bo‘lsa, ne ajab.
Ikkimiz yolg‘iz qolganimizda, onajonim qayta-qayta takrorlardi:
– Bolam bu dunyoning yaratguvchisi – Egasi bor. Atrofga sinchiklab razm solsang, uning borligiga iymon keltirasan. U yakka-yu yagona, ulug‘ va buyuk zotdir. Vaqti soati kelib, hammamiz yana Uning huzuriga qaytamiz. Odamlarga foydasi tegadigan, yaxshi inson bo‘lgin. Birovning haqidan qo‘rq. Hech kimga yomonlik qilma. Alloh hammasini ko‘rib turadi. O‘ng yelkangdagi farishta yaxshi amallaringni, chap tomondagisi yomon ishlaringni yozib boradi. Onajonimning aytgan so‘zlari murg‘akligimdan yuragimga muhrlanib qolgan. U um rim davomida menga sodiq va beminnat hamroh, hayot yo‘limni yoritguvchi mayoq bo‘lib xizmat qilaveradi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?