Текст книги "Gulyetim"
Автор книги: Nabijon Qodirov
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 3 (всего у книги 19 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
HAMAL
Dadam o‘rtoqlari bilan tog‘ bag‘ridagi qaysidir bir qishloqqa dam olish uchun ikki kunlik sayohatga chiqmoqchi bo‘ldi. O‘zi bilan birga meniyam olib ketishga qaror qildi. Rosa xursand bo‘ldim. Chunki men tog‘ni yaqindan hech ko‘rmagandim-da. Azonda ko‘rpa-to‘shagimizni olib, yuk mashinasida yo‘lga chiqdik. Mashina yukxonasining bir chetidagi qoplarda sabzi-piyoz, har xil yeguliklar, yana bir chetida oyoqqo‘li mahkam bog‘langan qo‘chqor ham bor. Aylantirib ko‘rpachalar solingan. Hamma chordana qurib o‘tirar, safarga chiqayotganlaridan benihoya shod edilar.
– Biror ma’qul joy topilmasa, mashinada ham tunab qolaveramiz, – dedi Xo‘r-roz! – deb boshimni silagan sap-sariq odam.
– To‘g‘ri! Bir kun ming kun bo‘larmidi, – dedi yana kimdir.
– Sobitning uyiga tushamiz, – cho‘rt kesdi Komil aka degan semiz kishi.
– Men unga xabar berib qo‘yganman. Eshitsa xafa bo‘ladi.
Komil aka do‘sti Sobitni to‘lib-toshib maqtadi. U bilan bog‘liq qiziq voqealarni aytib hammamizni kuldirdi. Sobit akani ko‘rgani qiziqib qoldim. Mashina uzoq yurdi. Haydovchi ikki-uch joyda to‘xtab, radiatorga suv ham quyib oldi.
Ilonizi, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan o‘tib, tushga yaqin tog‘lar bag‘rida joylashgan so‘lim bir qishloqqa kirib keldik.
Yozning chillasi bo‘lishiga qaramay, havo salqin. Toshdan toshga urilib sharqirab oqayotgan soyning muzday suvidan ichib chanqog‘imizni qondirdik. Atrofdagi chiroyli manzarani ko‘rib hang-u mang edim. Ko‘plab katta-kichik bolalarning eshak minib yurishlari yanayam qiziqroq ko‘rindi.
Sobit akaning uyiga joylashdik.
Xonadon ikkiga bo‘lingan: ichkari va tashqari hovlidan iborat edi. Tashqi hovli mehmonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, ichkari hovlida mezbonning oilasi istiqomat qilarkan. U tashqi hovli sahnidagi ayvonli, baland so‘riga joy qilib, kelishimizni kutib turgani rost bo‘lib chiqdi. Sobit aka miqtidan kelgan, qorindor, lablari qalin, bug‘doyrang bir kishi ekan.
Yoshiga unchalik ham yarashmagan qalin qoshlari, chakkasidagi so‘galga o‘xshash qop-qora xoli uni hammadan ajratib turardi. Tezda sabzi-piyozlar archilib birinchi ovqatga harakat boshlanib ketdi. Ichkari hovli eshigidan iymanibgina mo‘ralab turgan istrasi issiq bola e’tiborimni tortdi. U qo‘li bilan imlab «bu yoqqa kel» demoqda edi. Dadamga shu atrofda bo‘lishimni aytib, notanish bola tomon yurdim. Qo‘l berib so‘rashdik.
– Oting nima? – dedi bola jilmayib.
– Davron. Seniki-chi?
– Hamal.
Biz tezda til topishib ketdik. Hamal qanchalik quvnoq bo‘lmasin, negadir ko‘zlari atrofga ma’yus boqardi.
– Mening musichalarim bor. Yur, ko‘rsataman.
U meni ichkariga boshladi. Hovlida turfa xil gullar ochilib, atrofga yoqimli ifor taratardi.
– Bu gullarni kim ekkan? – dedim qiziqib.
– Ayam ekadilar. Men ham yordam beraman. Sizlarnikidayam gul bormi?
– Biznikida gul yo‘q.
– Nega?
– Bilmadim, – dedim yelka qisib.
– Xohlasang, ketishingda ko‘chirib beraman. Uylaringga olib borib ekasan.
– Hozir yoz-ku, ko‘karib ketarmikan?
– Tuprog‘i bilan ko‘chirsak ko‘karadi, – dedi u qat’iy.
– Mana bunisi juda chiroyli ekan.
– Mayli, ana shunisidan beraman.
Hovlidan baland tog‘lar ko‘rinib turar, uning tepasida bir gala echkilar o‘tlab yurardi.
– Echkilar tog‘dan yiqilib tushmaydimi? – so‘radim hayratim oshib.
– Yiqilmaydi, o‘rganib ketishgan.
Hamal beparvo kular ekan qo‘limdan ushlab ayvon tomon yetakladi. U tokchaga ishora qilib dedi:
– Ana musichalarim…
Musichaning omonatgina inida bir juft palapon hadiksirab bizga qarab turardi.
– Polaponlaringni ota-onasi bormi?
– Jim bo‘l, dadam.
Hamal qo‘rqib o‘zini panaga oldi. Sobit aka uyidan nimanidir olib tezda chiqib ketdi.
– Hayriyat ko‘rmadi, – dedi Hamal rangi-quti o‘chib.
– Ko‘rsa nima? So‘kadimi? Biz yomon ish qilmadik-ku.
Hamal indamadi.
– Yur, yaxshisi, seni aylantirib kelaman.
Chorvoq eshikdan o‘tib pastqam paxsa devorlar osha ko‘chaga chiqib ketdik.
Echki sutidan qilingan qurtobni so‘rib tog‘ yon bag‘ridagi g‘orni tomosha qildik. Ichkariga kirishga ikkimiz ham qo‘rqdik.
– U yerda ajinalar bor, – dedi Hamal vahima qilib. – Kim kirsa, og‘zi qiyshayib qolarmish.
Ulkan odamlarni eslatadigan xarsangtoshlar, ertaklardagi qo‘rqinchli maxluqlarga o‘xshab ketadigan bahaybat tog‘ jinslari meni o‘ziga rom etdi.
Bu mo‘jizalarni ko‘rib hayratim oshgani sayin Hamal ham quvonar edi.
Ayniqsa, qandaydir o‘t oyoqlarimni ariday chimillatib chaqqanida – Chayono‘tni ko‘rmaganmisan? – deb miriqib kuldi.
Hamal ertaga Zangorko‘lga borishimizni, u yerda menga g‘alati shoxdor baliqni ko‘rsatmoqchi ekanini aytdi. Darrov rozi bo‘ldim. Qorinlarimiz ochqab manzilimizga qaytdik. Bu yerda qo‘ylar so‘yilib, sho‘rvalar pishgan. Maishat avjida edi.
– Qayerlarda yuribsizlar? Qani tezda so‘riga kelib tushlik qilib olinglar-chi, – dedi dadam bizlarga qarab. Boshqalar ham bu gapni ma’qullashdi.
Ovqat quydirib, davraning bir chetiga tortinibroq o‘tirdik.
Sho‘rvadan endigina bir-ikki qoshiq ichgan ham edikki, davraga kichikroq sandiqday keladigan radiopriyomnik ko‘tarib Sobit aka kirib keldi.
U priyomnikni bir chetda turgan xontaxta ustiga qo‘yib, tokka uladi va patnisday keladigan plastinkani joylab ovozini ko‘tardi. Hovlini Ma’murjon Uzoqovning «Jonon bo‘laman» qo‘shig‘i tutib ketdi.
Davrada o‘yin-kulgi boshlandi. Komil aka qo‘shiqqa monand yengil harakatlar bilan o‘yinga tushar, o‘tirganlar «Yasha! Do‘st!» – deyishganicha baravar qarsak chalishar edi.
Kutilmaganda Sobit aka bizning oldimizga shoshib keldi-da, ko‘zlarini olaytirib Hamalga do‘q urdi:
– Sen oqsoqol bu yerda nima qilib o‘tiribsan?! Qani, tezda yo‘qolchi!
Hamal mustar bo‘lib o‘rnidan turdi va indamay ichkari hovli tomonga o‘tib ketdi. Baland musiqa sadolari ostida aytilgan bu gapni mendan boshqa hech kim eshitmadi. Bola nega turib ketdi, hatto payqashmadiyam. Hamma o‘yin bilan ovora edi. Berilib raqsga tushayotgan Komil aka o‘ynab kelib Sobit akani o‘rtaga tortdi. Davra qizigandan qizidi. Mezbon har xil muqomlar qilib, mehmonlarga xursandchilik ulashdi. Hamalning ketib qolganidanmi, negadir ko‘nglim g‘ash edi.
Ashula tugab, o‘tirganlar bir muddat tanaffus qildilar. Har kim har tomonga tarqab ketdi. Dadam men bilan birga aylanib kelishni aytganda, Hamal bilan tog‘ga chiqib charchaganimni bahona qilib unamadim. Sho‘rvamni apil-tapil ichdim-da, Hamalning nasibasini olib, uylariga kirdim.
Ichkaridan Sobit akaning dag‘dag‘ali ovozi eshitildi.
– Sen yaramas keksa-qari, nega kattalar o‘tirgan dasturxonga kelib o‘tirding! Gapir! Sekin derazadan mo‘raladim. Sobit aka o‘g‘lini ayamay tarsakilardi.
Hamal miq etmas, Sobit aka esa tobora jazavaga tushardi.
– Hech kimga indamay, mehmon bolani qayerlarga olib ketding. Xavotir olishadi demadingmi? Gapir daydi-sayoq! Mehmonlar ketgach, seni shunday ta’ziringni berayki…
Shaxd bilan ichkariga kirdim.
– Amaki men dadamdan so‘ragandim, Hamalni urishmang, – dedim iltijoli ohangda.
Sobit aka meni ko‘rib, ancha hovuridan tushdi.
– Yaxshi, sen dadangdan ruxsat so‘rabsan, bu yaramas o‘zboshimcha-chi?
– Kechira qoling… Endi unday qilmaydi.
– Sen jiyan, yaxshisi, bu tomonlarga kirma! Bu ahmoq bola bilan o‘ynama!
Sobit aka javondan katta-kichik shishalarni olib xaltaga joyladi-da, indamay uydan chiqib ketdi. Hamal bir nuqtaga tikilib jim turar, chap qulog‘i qip-qizil, qo‘rquvdan rangi dokaday oqarib ketgan edi.
– Meni kechir, Hamal. Hammasiga men aybdorman. Xafa bo‘lma… Dadang baribir seni yaxshi ko‘radi, – dedim uni yupatmoqchi bo‘lib.
Hamal birdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Uni o‘z holiga qo‘yib, tashqariga chiqdim. Menga hech narsaning qizig‘i qolmagandi. Qani endi, vaqt tezroq o‘tsa-yu, uyimizga ketsam. So‘rida Sobit aka latifa aytarkan, tizzalarini ushlab yoqimsiz xaxolab kular, atrofdagilar olqishlab charchashmasdi. O‘yin-kulgi yarim tungacha davom etdi. «Jonon bo‘laman» qayta-qayta qo‘yilaverdi, qo‘yilaverdi.
Tong otdi. Men ertalabdan zerika boshladim. Hamal bugun menga Zangorko‘lni va undagi antiqa baliqlarni ko‘rsatmoqchi edi. Afsus…
Uni rosa kutdim. Qaytib chiqmadi. Ketayotganimizda ichkari hovli eshigidan mo‘ralab, meni imlab chaqirdi. Chopib bordim. U og‘zi mahkam qilib bog‘langan xaltani qo‘limga tutqazdi. – Dadam bilmasin, xayr, – dedi-da, tezda eshikni yopdi.
Mashina o‘rnidan jilgach, xaltani sekin ochib qaradim. Ildizlari kartoshkaga o‘xshash gul ko‘chatlari. Ishqilib, xaltani olayotganimni dadasi ko‘rib qolmadi mikan. Xayollarimni Komil akaning so‘zlari bo‘lib yubordi.
– Bechora Sobitning ham peshonasi sho‘r ekan. O‘n yillik ro‘zg‘oridan farzandsizlik tufayli ajrashib ketdi. Yana bir bolali ayolga uylanib, undan ham murodi hosil bo‘lmadi.
Shunday yaxshi odam… Bir kam dunyo ekan-da.
Gap orasida Hamal o‘sha ayolning bolasi ekanini ham qistirib o‘tdi.
Uyga qaytarkanmiz, hamma to‘lib-toshib Sobit akani maqtar, uning chindanam shinavanda inson ekanini ta’riflardi. Bu gaplar mening qulog‘imga kirmas, negadir faqat Hamalni o‘ylardim.
YAKSHANBA QUVONCHLARI
Qo‘limiz bo‘shadi deguncha, biz, bolalar ko‘chaga qarab chopamiz. Chunki biri-biridan qiziq o‘yinlar, bolalikning ajabtovur sho‘xliklari asosan ko‘chada bo‘lib o‘tadi-da. Mavsumiga qarab, eshak mindi, quloq cho‘zma, lanka, lappak va dasta o‘yinlari (zuvullab yugurish) quvlashmachoq, yana qanchadan qancha qiziqarli mashg‘ulotlar bizni kutib turadi. Ayniqsa, kechga borib o‘yinlar avjiga chiqadi. Kechki ovqati sovib qolgach, ota-onalar farzandini qidirishga tushar, qo‘lidagi kaltak bilan haybat qilib, quloqsiz bolasini koyiganicha olib ketishi oddiy holga aylangan.
Bunday o‘yinlar yakshanba kuni birmuncha kamayadi.
Ariq bo‘yidagi ajriqqa o‘tirib olib, bozordan qaytayotgan odamlarni tomosha qilamiz. Ular bizga judayam tanish bo‘lib ketgan.
Odatdagidek, birinchi bo‘lib bozordan Potma tatar (Fotima bo‘lsa kerak) qaytadi. Uning ro‘moli iyagi ostidan mahkam bog‘langan, o‘ziga-o‘zi nimalarnidir tinmay g‘udranib yuradigan novcha, ozg‘in kampir.
Potma tatar biz bolalarga mutlaqo e’tibor bermaydi. Daraxtlar tagida aylanib danak teradi va uni xaltasiga solib, yana yo‘lida davom etadi. Faqat bir martagina gapirgani yodimda. Bolalardan biri kutilmaganda unga qarata: «Achin tahiy!» deya qichqirdi. Kampir orqasiga asta o‘girilib: «Tahiy! Tahiy!» dedi-da, qadamini tezlatdi. So‘z qotgan bolaning o‘ziyam tushunmaydigan antiqa «savol-javob»ni eshitib qanchalik xursand bo‘lganimizni bilsangiz edi. Bu beozor kampirning eri va ikki azamat o‘g‘li urushga ketib, qaytib kelmagan emish.
Ana endi ertalab bozorga bir nechta katta-kichik savat va qoshiqdonlar ko‘tarib o‘tib ketgan Dehqon buvaning uzoqdan qorasi ko‘rinadi.
Uning jussasi kichik, sersoqol, olmadekkina keladigan yuzida doim tabassum, mittigina ko‘zlari esa mehrga to‘la edi. Dehqon buva sira shoshilmas, qo‘lidagi gulqaychi bilan savatbop terak novdalarini yo‘l-yo‘lakay qirqib, belbog‘iga qistirib keladi. Bu ajoyib cholni ko‘rganim hamono duch kelgan terak novdasini sindirib, uning kalta-kalta barmoqlariga tutaman. Qariya qo‘limdan novdalarni olar ekan, tabassum bilan ko‘zlarimga boqadi.
– Yashang tag‘o, barakallo tag‘o, – deydi va yana yo‘lida davom etadi.
Savatchi boboga yordamim tekkanidan o‘zimda yo‘q suyunib ketaman.
– Ana ko‘r Xalil kelyapti! – deydi kimdir.
Biz, bolalar ularni jim kuzatamiz. Ko‘r Xalil novcha, yelkalari keng, sochlari oppoq, qirq besh yoshlar atrofidagi kishi. Bukchayib qolgan qari kampir bir yarim, ikki metr keladigan tayoqning oldingi uchini, o‘g‘li Xalil aka esa ortdagi uchini ushlab oladi. Ular xotirjam gaplashib keladilar. Ko‘r Xalil onasiga xuddi yosh boladay erkalik qiladi. Har galgiday, hovuz bo‘yidagi supada o‘tirib, dam oladilar. O‘g‘il shu zahotiyoq boshini qashlashga kirishadi. Ikkala qo‘li bilan qashlayveradi, qashlayveradi. Aytishlaricha, uning boshiga urushda oskolka tekkan va ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolgan ekan. Ko‘r Xalilning esi ham joyida emas, u ba’zan onasini bo‘ralab so‘kib qoladi. Kampir o‘g‘lini aldab yupatadi. Tayoqning ikki uchidan ushlab birinketin yana yo‘lga tushadilar.
Ona-bola ortidan ma’yus qarab qolamiz. Kimdir sukunatni buzadi.
– Sattor bobo kelyapti!
G‘amginlik bir zumda tumanday tarqab, uning o‘rnini xursandchilik egallaydi. Sattor bobo attorchilik qilardi. Aksariyat biz uni faqat bozordan qaytayotganida uchratamiz. Sattor bobo oppoq soqol, ikki yuzi qip-qizil, ko‘zlari doim kulib turadigan, nuroniy bir qariya edi. U g‘ing‘illab qo‘shiq xirgoyi qilar, bolalarga ko‘zi tushsa, doim birinchi bo‘lib salom berardi. Eshagi ham kattagina va chopag‘on edi. Jonivorning ikki yonida xurjun, xurjun tepasida bir juft qo‘ltiqtayoq ham bor.
Sattor bobo urush qatnashchisi edi. O‘zining aytishicha, bir oyog‘ini fashistlarga tashlab kelgan. U bolalarga juda mehribon, biz ham uni o‘z bobomizday yaxshi ko‘rardik.
Har yakshanba eshagi xuddi o‘rgatilganday, katta tol tagiga kelib to‘xtar, Sattor bobo saxiylik bilan bolalarga qand-qurs, pista-mayiz va shunga o‘xshash har xil shirinliklar ulashardi. Hammaning yuzida xursandchilik, bunday paytlarda, ayniqsa, boboning o‘zi ham boshqacha yayrab ketardi. Chol yana yo‘lida davom etadi. Bir to‘p bolalar uning ortidan yugurib eshagini urar, qariya esa qiqir-qiqir kulardi xolos. Boboni ancha joygacha kuzatib, horib-charchab ort ga qaytamiz. Bunday odatga ko‘nikib ketgandik. Nima bo‘ldi-yu, Sattor bobo birdan ko‘rinmay qoldi. Ko‘zlarimiz uning yo‘liga qarab charchadi, toldi. Ammo bobomizdan darak bo‘lmadi. Hech kimni o‘ynagisi kelmas, negadir xomush tortib qolgan edik o‘shanda.
SATTOR BOBONING HIKOYASI
Dam olish kunlarining birida kattalar bosh bo‘lib, mahallamiz hovuzini hashar yo‘li bilan kovlashni boshlab yubordilar. Onam qatlama pishirib dasturxonga o‘radi-da, hasharchilarga berib kelishimni tayinladi. U yerda ish bir maromda borar, mehnatga yaroqsiz uch-to‘rt qariya supaga solingan ko‘rpachalarda suhbatlashib o‘tirardi. Davrada Sattor bobo ham bor. Dasturxonni berib, izimga qaytayotgandim u:
– Kel, o‘g‘lim, o‘tir, qani mana buni darrov yeb olgin-chi, – dedi qo‘limga issiqqina somsani tutqazib.
– Xo‘p bo‘ladi.
O‘tirib ularning suhbatiga quloq tutdim. Sattor bobo urush haqida hikoya qilmoqda edi.
– Xullasi kalom, urush rosa quturgan bir payt. Hamma quduqlar zaharlangan. Ichimlik suvi anqoning urug‘iga aylangan. Ochlikdan ham ko‘ra suvsizlikka chidash qiyinligini o‘shanda bilganman. Faqat o‘n chaqirimlar naridagi ovloq bir joyda zaharlanmagan quduq qolgan. O‘sha quduqdan nemislar ham, sovet soldatlari ham suv ichardik. Har ikki kunda bir marta ikkita soldat navbati bilan borib, quduqdan suv keltiramiz. Bu juda xavfli edi. Chunki minaga yo‘liqib o‘lib ketish ham hech gap emasdi-da. Navbatimiz kelib, Morozov degan o‘ris sherigim bilan idishlarni olib yo‘lga chiqdik.
Bir amallab yetib borgach, tepalikdan quduqni kuzata boshladik. Ikki nafar nemis soldati betonlarga suvlarni olib qo‘yib, yonboshlashib maishat qilishardi. Ularning qurollari bir chetda turar, o‘zlari g‘irt mast edilar.
Nemischalab «qo‘lingni ko‘tar!» – deya baqirib ularga qurol o‘qtaldik. Buni kutmagan nemis soldatlari dovdirab qoldi va ikkisi ham darrov qo‘lini ko‘tardi. Bir payt yoshi kattaroq nemis chala-chulpa ruschalab:
– Ti хorosho, ya хorosho, Gitler ploхo…
– Ti хorosho, ya хorosho, Gitler ploхo, – deya yig‘lay boshladi. Yerda sochilib yotgan oilasi, bolalarining rasmlariga ko‘zlarini javdiratib imo qilar:
– Deti xorosho, ti xorosho, Gitler ploxo.
– Ti xorosho, ya xorosho, Gitler ploxo, – deganicha tinmay yalinar, yuz-ko‘zlari bilan imo-ishoralar qilib, bizni ham ichishga undardi. Bechora nemisning yalinishlariga odamzod tugul, tosh ham erib ketardi. Bir zumda qishlog‘im, ota-onam, jiyanchalarim ko‘z oldimga keldi. Sherigimga qaradim. Uning horg‘in nigohlari, ertaga jangda o‘lib ketamizmi… Kel, insonligimizcha qolaylik, – deganday tuyuldi. Nima bo‘lsa bo‘lar, Morozov ikkimizning ham ko‘nglimiz yumshab, qurollarni bir chetga qo‘yib, ularga sherik bo‘ldik. Nemis soldatlarida anchagina spirt bor ekan.
To‘ygunimizcha ular bilan birga xursandchilik qildik. Oyoqlarimiz chalishib, og‘zimizda kuylar chalib, to‘rtalamiz rosa raqsga tushdik va quchoqlashib xayrlashdik. Yarim tunda suvlarini olib nemislar o‘z tomonlariga, biz o‘z yo‘limizga qarab ravona bo‘ldik.
MOL BOZORIDAGI HANGOMA
«Abdullajonning dadasi tog‘dan boychechak olib kelibdi!»
Mahallamiz bolalari orasida tarqalgan bu xushxabarni eshitib, bir to‘da bolalar o‘sha tomonga qarab chopdik. Bu gapga ishonsa bo‘ladi, chunki Abdullajonning dadasi Homidjon aka uzoq tog‘ yonbag‘rida joylashgan qandaydir gaz qazib olish korxonasida ishlar va har yil bahorda, biz, bolalarga boychechak olib kelardi.
Hovliga katta-kichik bolalar yig‘ilgan, qiy-chuv to‘polon avjida. Abdullajon qo‘li-qo‘liga tegmay, hammaga boychechak ulashadi. Bu ishidan o‘zining ham mamnunligi yuz-ko‘zlaridan shundoq bilinib turardi. Bolalar chug‘urlashib Abdullajonga xushomad qilishar, ba’zilari allaqachonlardagi yaxshiliklarini eslatib, do‘q ham urishar edi. Kimdir shunday tiqilinchda boychechak olganidan og‘zi qulog‘ida bo‘lsa, yana kimdir sherigi bilan kelisholmay, talashib-tortishardi.
– Shoshmanglar, hammangizga yetadi! Abla! Abla! – deyavermay, Abdullajon desalaringiz tilingizga uchuq chiqadimi!? – dedi bir chetda to‘polonni kuzatib turgan Abdullajonning onasi Surma xola achchiqlanib.
Besh-o‘ntamiz yig‘ilib o‘sha kuniyoq boychechak aytishni boshlab yubordik. Bu ishimiz kundan kun qizib, bizlarga cheksiz shodlik, quvonch baxsh etardi.
Bahorni sog‘ingan qishloq qariyalari boychechakni yuz-ko‘zlariga surtib, ko‘klamga yetkazganiga shukronalar aytishar, biz bolalarni patir-u somsa, qand-qurs, turshag-u mayizlar bilan siylashardi. Apil-tapil ovqatimni yeb, shom qorong‘isida ko‘chani mo‘ljalga olib turgandim, dadamning so‘zlari xayolimni bo‘ldi.
– Ha, qayerga shoshilyapsan?
– Ko‘chaga… bolalar bilan boychechak aytamiz.
– Darsingni qildingmi?
– Darsimni keyin qilaman. Keling endi… O‘rtoqlarim kutishyapti.
– Hech qayerga bormaysan! Uy vazifalarini bajargin-da, vaqtliroq uxla. Ertaga azonda ikkalamiz mol bozoriga boramiz.
– Nega?
– Qo‘chqoringni bozorga olib chiqamiz.
– Iye, qo‘chqorni sotamizmi?
– Ha sotamiz. Puliga usta ishlatamiz, uyimizni pol qilamiz. Yana… Senga yangi papka olib beraman.
– Ur-r-e-e!
Quvonganimdan chapak chalib yubordim.
– Men seni o‘qitib, katta odam qilmoqchi bo‘lib yuribman-u… Sen bo‘lsang… Hozir «ilik uzildi» payti o‘g‘lim, kimda bor, kimda yo‘q… Darsingni qil.
Dadam qadoq qo‘llari bilan boshimni siladi. Bu mehnatkash qo‘llarning har bir chizig‘i men uchun tanish va qadrdon. Beixtiyor erib ketdim.
– Xo‘p bo‘ladi, dadajon!
Onam tikib bergan xalta «papka» jonga tekkan, uni ko‘tarishga uyalib maktabga kitoblarimni qo‘ltig‘imga qisib borayotgandim-da. Uyimizni pol qilish shartmikan. Qishlog‘imizda ayrim o‘ziga to‘q xonadonlarni hisobga olmaganda, hammaning uyi pol qilinmagan, topgan sholi poxol, topmagan har xil xazonlarni yoyib, ustidan sholcha yoki namat (kigiz) to‘shab, binoyiday yashab yurishibdi-ku.
Ayniqsa, biz bolalar sholcha ustida yugurib, do‘mbaloq oshib, poxol changini shiftga ko‘taramiz. Ba’zan bu sho‘xligimiz yengilgina jazolanish bilan yakun topadi. Endi bizni shunday qiziqarli o‘yindan ham mahrum qilishar ekan-da.
Tong qorong‘isida turib, qo‘chqorni yetaklab otam bilan birga bozorga qarab yo‘lga tushdik. Uydan chiqib ketayotganimizda onajonim arining inini tutatib, qo‘chqorning atrofida aylantirdilar. Shunday qilinsa, xaridorlar ariday yopisharmish… Yana menga qarab: sen mahkamroq bo‘l, – deganday mushtlarini havoda silkib qo‘ydilar. Chunki dadamning mol bozoriga uncha xushi yo‘q, savdolashishni ham deyarli bilmas, har safar molni arzon sotib qo‘yib, onamning noroziligiga sababchi bo‘lardi.
Bozorga kirishimiz bilan, bir odam bizga kanaday yopishib oldi.
Uning soqollari o‘sgan, yuzlari to‘la ajin, chaqchaygan ko‘zlari esa tinmay o‘ynab turardi. Boshida gullari ko‘rinmay ketgan eski do‘ppi, egnidagi uniqib ketgan choponiga ikki-uchta eski belbog‘ ham bog‘lab olgan edi.
Bozorning xoliroq joyida to‘xtashimiz bilanoq, dadamning qo‘lini ushlab, dunyoni boshiga ko‘tarib, «bor baraka»ni boshlab yubordi. Boshqa xaridorlar ham orqavorotdan kuzatishar, bir dadamga, bir bu baqiroq odamga norozi qarab, orqaga tisarilishar edi. Aftidan, bu muttaham savdolashayotgan molga boshqa birov yaqinlasholmasdi.
Hammaning nigohi bizga qadalgan, o‘ng‘aysiz ahvolda qolgan dadam menga qarab tinimsiz siltanayotgan qo‘lini tortib olishga urinar, ammo kuchi yetmasdi.
– E, bor-e! Dallol arazlab nari ketgan bo‘ldi va tezda yana qaytib keldi.
– Hov uka, qo‘lni ber!
Dadam qo‘lini har qancha olib qochmasin, panjalari panshaxaday keladigan bu surbet odamning changalidan qutulolmadi.
– Yana o‘n so‘m qo‘shib qo‘ydim. To‘yga olyapman, o‘g‘il bola. Ko‘zingni olib qochma, uka. Ko‘pga yegizaman, sengayam savobi tegadi. Bor baraka! Bor baraka! – dedim senga!
Dadam bechoraning qo‘li og‘rib ketdimi yoki o‘ziga o‘qday qadalgan nigohlardan xijolat bo‘ldimi, past ovozda «baraka» deb yuborganini o‘ziyam bilmay qoldi. Shunday qilib, qo‘chqorni bir zumda sotib bo‘ldik. Bozorni aylanarkanmiz qo‘chqorimiz anchagina arzon ketganiga ikkimiz ham amin bo‘ldik. Eng qizig‘i, odam gavjum joyda bir badqovoq, men bilan teng ko‘rinsa-da, yelkador, baquvvat bola qo‘chqorimizni tutganicha serrayib turardi.
– Qo‘chqorni sotasanmi? – so‘radi dadam hayron bo‘lib.
– Otam sotadi, – to‘ng‘illadi bola.
– Otang qani?
U otasi tomonga ishora qildi. Boyagi baqiroq kishi yana bir sodda odamning boshini aylantirmoqda edi.
– Obbo ustakor-ey, – dedi dadam kulib.
– Shoshildingiz-da, dada.
– Shunday bo‘lishi kerak ekan, bo‘ldi. Qo‘yaver endi… Yur, shu yerdan tezroq chiqib ketaylik, – dedi hafsalasi pir bo‘lib.
Bozordan bo‘shashib chiqarkanmiz, dadam:
– Sen uyga ketaver. Men bozorga o‘tib, maydachuyda olib boraman, – dedi qo‘limga sotilgan qo‘chqorning arqonini tutqazib.
– Xo‘p bo‘ladi.
Qo‘limdagi arqonni o‘ynab ketayotgandim, o‘to‘lanlar orasida turgan qog‘oz xaltaga ko‘zim tushdi. Xaltani yerdan olib, uning ichiga nazar tashladim. Pul. Ha, xaltada anchagina pul bor edi. Darrov atrofga alangladim. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Xaltani qo‘ynimga solib, qadamimni tezlatdim. Uyga kelgach, atrofni kuzatib, qulay fursat kuta boshladim.
– Ha, Davronjon nega bezovtasan? Tinchlikmi? – dedi nimanidir sezgan onam xavotir bilan.
– Tinchlik, – dedim dovdirab. – Qornim og‘riyapti.
– Qorning nega og‘riydi. Sovug‘ing oshgandir-da… Hozir novvotchoy qilib beraman.
– Shart emas, sal-pal og‘riyapti xolos, – dedim qornimni ushlab.
O‘z yolg‘onimdan qulog‘imgacha qizarib ketganimni his qildim. Fursatni boy bermay, chorvoq tomonga o‘tdim-u, daraxt panasiga o‘tirib xaltadagi pullarni yerga ag‘dardim. Yaxshilab taxladim-da, sanay boshladim.
To‘qqiz yuz ellik so‘m ekan. Nima qilishga hayron bo‘lib pullarga termilib o‘tirgan edim, dadamning soxta tomoq qirishidan cho‘chib tushdim. Darrov orqamga qaradim. Dadam qo‘lida chiroyli papka tutganicha iljayib menga qarab turardi.
– Bu yerda nima qilyapsan! – dedi hayron bo‘lib.
– Pul sanayapman. – Pul sanayapman! Qanaqa pul!
– Puldaqa pul-da.
Dadam men tomon kela boshladi.
– Qayerdan olding shuncha pulni?!
– Topib oldim.
– Yolg‘on gapirma, o‘g‘lim. Qayerdan o‘g‘irlading rostini ayt!
Karaxt ahvolda dadamga qaradim. Beixtiyor ko‘zlarim yoshga to‘ldi.
– Seni o‘g‘ri emas, halol, pokiza inson bo‘lishingni xohlayman. Men ochimdan o‘layozganimdayam o‘g‘irlik qilmaganman. Mening hamma orzu-umidlarim sendan, axir.
Dadamning ham ko‘zlarida yosh ko‘rindi. Men uni hech qachon bunday ahvolda ko‘rmagandim.
– O‘g‘irlaganim yo‘q. Topib oldim deyapman-ku sizga. Nega ishonmaysiz, – dedim baralla yig‘lab.
– Qayerdan topib olding?
– Mol bozorining yo‘lidan, yerdan topib oldim.
Dadam shosha-pisha pullarni xaltaga soldi.
– Qani, o‘sha pulni topib olgan joyingga yur-chi.
– Baribir egasini topolmaysiz-ku.
– U yog‘i bilan ishing bo‘lmasin. Bozor tarqamasidan Qori akaga ovoza qildiramiz.
Pul topib olgan kishi «Pul kimniki!» – deb baland ovozda uch marta aytib qo‘yishi kerak ekan. Sen bunday qilmagansan, to‘g‘rimi?
Indamay dadamga ergashdim. Unga pulni qayerdan topib olganimni ko‘rsatdim. Shoshib yana mol bozoriga kirdik. Odam xiyla siyraklashib qolganini aytmasa, savdo avjida edi.
Jarchini topish uncha qiyin bo‘lmadi. Qori aka deganlari ellik yoshlar atrofidagi uzun bo‘yli, oq-sariqdan kelgan, gaplari keskir, hassasining uchini yerga tekizib-tekizib yuradigan ojiz kishi ekan.
U har yakshanba bozorga kelar, yo‘qolgan chorva mollari yoki qimmatbaho buyumlarni olomonga e’lon qilib, odamlarning hojatini chiqararkan.
– Odatda pul-molini yo‘qotgan odam ovoza qidirguvchi edi. Bu yog‘i qiziq bo‘ldi-ku, – dedi Qori aka taajjub bilan.
Dadam Qori akani qo‘lidan yetaklab, bozorni aylantirib ovoza qildirdi.
– Hey birodarlar! Bir dam meni tinglanglar! Bugun ertalab, bozordan chiqaverishda, qog‘oz paketda, ona-bola sigirga yetadiga-an pul topilgan! Kimda-kim pul yo‘qotgan bo‘lsa, bizlarga uchrashsin-ov! Suyunchisi kerakma-a-s!
Hech kim pul meniki edi, demadi. Bozordan chiqayotganimizda ertalab qo‘chqorimizni sotib olgan baqiroq kishi o‘g‘li bilan oldimizga chopib keldi va dadamga yaltoqlana boshladi.
– Shoshmang, hoy uka! Iye, o‘zimni ukam ekanku. Haligi sen topib olgan pullar meniki edi. Ha uka, o‘sha pullar meniki… Ertalab o‘g‘lim tushirib qo‘yibdi. To‘g‘rimi, o‘g‘lim!
– To‘g‘ri, pul bizniki, – dedi badqovoq bola burnini tortib.
– Pul sizniki bo‘lsa, albatta, beraman. Faqat, aytingchi pulingiz necha so‘m edi?
Baqiroq odam bir zum dovdirab, yana tilga kirdi.
– E, esimda turadimi, uka. Bitta ena-bola sigirni puli edi-da.
– Pulingiz o‘n so‘mlikmi, besh so‘mlikmidi, hech bo‘lmasa shunisi esingizdadir.
– Namuncha ezma odamsan! Pul meniki… O‘lay agar, yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam.
Baqiroq kishi to‘xtamay qasam icha boshladi.
– Sizniki bo‘lsa, mana! Oling pulingizni!
Dadam qo‘ynidan pulni olib unga tutqazdi. Yonida bezrayib turgan bola ilkis pulga chang soldi va chopganicha o‘zini bozorga urdi.
– Mor chashm ekan, – dedi dadam ularning ortidan qarab.
– Mor chashm nima degani?
– Ilon ko‘z, – degani. Bunday odamlardan yaxshilik kutib bo‘lmaydi.
– Pul bu odamniki emasdi. U sizni aldadi, dada.
– Qo‘yaver, – dedi dadam qo‘l siltab, – u qasam ichdi. Narigi dunyoda javobini o‘zi beradi. Men boshimdan soqit qildim.
Uyga ketyapmiz-u, negadir ikkalamiz ham jim edik.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?