Текст книги "Gulyetim"
Автор книги: Nabijon Qodirov
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 2 (всего у книги 19 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]
SUNNAT TO‘YI
Besh yoshimda ota-onam bamaslahat menga sunnat to‘yi qilib, qo‘limni halollab qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Nikoh marosimlari, ahyonda bir bo‘ladigan xatna to‘ylarini hisobga olmaganda sunnat to‘yi qilish uchun odamlarga faqatgina bir oy, nari borsa qirq kunga ruxsat berilardi. Avgust oyida to‘ylar ko‘paygandan ko‘payadi. Oshpaz, novvoy va ashulachilarning ishlari yurishib burunlari ham birmuncha ko‘tarilib qoladi.
Qishlog‘imizda har bir ish kattalar bilan kengashib qilinadi. Qariyalar nima desa, aytganlari bo‘lishi shart. Mahallaning issiq-sovug‘iga aralashmaydigan ayrim kimsalarning marosimlariga ular bosh qo‘shishmasa, boshqalar ham o‘zlarini chetga oladilar. To‘yiga ham kirmaydilar.
Bunday kunga tushib qolishdan qo‘rqib, hech kim qariyalarning izmidan chiqishni istamaydi.
Oqsoqollar bilan maslahatlashgan dadam to‘y harakatiga jiddiy kirishdi. Uyimizda besh kun to‘y bo‘ldi desam, ishonavering. Otang oddiygina mardikor bo‘lsa-yu, besh kunlab to‘y berishga na hojat, deysizmi? Bu borada siz haqsiz. Ammo nachora, eldan chiqib bo‘lmaydi. Qishloqchilikning yozilmagan qonun-qoidalari shunday…
Birinchi kuni o‘ttiz-qirq nafar oppoq soqolli chollar «maslahat oshi»ga yig‘ildilar. Kechga yaqin oshpaz, novvoy yordamchilari bilan, qassob, choy qaynatuvchi, dasturxonchi, xabarchi, xullas, hamma xizmatchilar bu anjumanga taklif etilib, qilinadigan ishlar kelishib olindi. Oriyat o‘limdan qattiq, deganlariday, rahmatli bobomning o‘rniga Soyibjon tog‘am katta novvos yetaklab keldi.
Ikkinchi kuni novvos so‘yildi. Buqaning pufagini olib, bolalar bilan talashdik. O‘sha kuni katta tandir qurildi. Uni tobga keltirish uchun ertalabgacha o‘t yoqildi va saharda non chiqarildi. Qishloqning har bir xonadoniga ikkitadan non ulashib, to‘yga xabar qilindi.
Uchinchi kuni «Sabzi archar»ga butun qishloq ko‘chib keldi. Oltmish kilo oshga yarasha sabzi to‘g‘ralib, ishlar yakunlangach, dasturxonga shavla tortildi. Tomoshaning kattasi ana undan keyin boshlandi. Katta-kichik qishloqdoshlar ichkari-yu tashqariga to‘rt-beshtadan bo‘linib sahargacha oshiq otdilar. Oxiri mushtlashib uy-uylariga tarqaldilar. Bundan dadam ham xursand bo‘lib: – Birov mushtlashmagan to‘y to‘ymi? – deb kulib qo‘ydi.
To‘rtinchi kuni tongda xabarchi Oshiq buva butun qishloqqa jar solib, nonushtaga chaqirdi. El-yurtga ertalab sergo‘sht sho‘rva, kechki payt osh tortildi. Tushga yaqin bir guruh ilmli mullalar kelishdi. Ular tilovatlar qilib, «xatmi Qur’on» bo‘ldi. Oyog‘imda qizil etikcha, boshimda yangi do‘ppi, egnimda qiyiqchasi ichiga gazeta buklab boylangan banoras chopon. Yugurib charchamayman. G‘o‘zapoyalar ustida ikki kishidan bo‘lib osh yeyayotgan bolalar menga havas bilan qaraydi. Sevinchim ichimga sig‘may sho‘xlik qilaman. Kech soat o‘n-o‘n birlarda karnaychi-yu doirachilar tomga chiqib qishloq ahlini katta bazmga chorladi. Butun qishloq uyimizga selday oqib kelaverdi. Yerga aylantirib ko‘rpachalar solindi, o‘rtaga yig‘ilgan o‘tinlar g‘aramiga har safargiday Tug‘un tartibchi olov yoqdi. Bazm boshlandi. Pasaya boshlagan olovga tartibchining bot-bot solyarka sepib turishi biz bolalarga cheksiz quvonch bag‘ishlardi.
Davraning ikki tomoniga chorpoya qo‘yilgan. So‘ridagi ikki guruh hofizlar bir-birlariga gal bergilari kelmay aylanib qo‘shiq aytadi. Sharmsiz raqqosalar beo‘xshov muqomlar qilib o‘tirganlardan pul yig‘adi. Bir to‘p uchar bolalarning xayoli navozandalar chakkasiga qistirilgan aqchada, pul yerga tushgan hamono olib qochishga shay turishibdi. Ammo hushyor mashshoqlar ham bo‘sh kelishmaydi. To‘kilgan pulni darrov tuflisi bilan bosib oladi. O‘qday uchib kelgan ikki bolakayning boshi to‘qnashib, pul qayerga g‘oyib bo‘lganini anglolmay, hayron ortga qaytadi. Yerga ursa osmonga sapchiydigan o‘rtog‘im Omontoy daraxt uchiga chiqvolib, o‘tirgan shoxini silkib, hammani xavotirga soladi. Shox sinib yerga tushgach, kiyimlarini qoqib, qochib qoladi.
Qosim piyon raqqosalar bilan yayrab, maza qilib o‘ynaydi va har galgiday davraga xotini g‘azab bilan chiqadi-yu, hammasi tamom bo‘ladi.
Eng qizig‘i, hamma to‘ylarda bo‘lgani kabi davrani Parfi soqov bilan uning xotini Sharvon gung qizdiradi. Ularning raqsiga hamma ishqiboz. Toki bu o‘yinchilar davraga chiqmagunicha olomon ham qo‘zg‘almaydi. Ikkisi ham kar-soqov, qulog‘iga karnay chalsangiz ham eshitmaydi. Buni bilgan qitmir sozandalar o‘yin rosa avjiga chiqqan mahal chalishni taqqa to‘xtatib, o‘zlarini rosa berilib nag‘ma qilayotganday ko‘rsatadilar. Bu nayrangni sezmagan er-u xotin musiqasiz chunonam o‘ynaydiki, asti qo‘yaverasiz. Ana kulgi-yu, mana kulgi.
Tirikchilik tashvishlaridan charchagan qishloq ahli shu tariqa xursandchilik qilib, ko‘ngil yozadi. Tomosha tonggacha davom etadi.
Beshinchi kun «katta to‘y» deb hisoblansa-da, kechagi charchoq, uyqusizlik odamlarga o‘z hukmini o‘tkazgani seziladi. To‘y oshini istamaygina oshayotgan olomon tartibchining:
– Ho‘ ammasi-yu xolasi! Chibrong-a-a! – deyishi bilan biroz jonlandi. Hamma yozilgan dasturxonga pul tashlay boshladi. Tog‘am meni ko‘tarib erkalatdi. Qo‘limga pul tutqazib, uyga olib kirdi. Uyning o‘rtasiga yangi ko‘rpachalar solingan chiroyli o‘ringa meni alqab yotqizdilar. Onajonimning ko‘zida yosh. Dadam ham o‘zini zo‘rg‘a tutib turibdi. Nimalar bo‘layoganiga aqlim yetmaydi.
Oppoq soqol, yuzlaridan nur yog‘ilayotgan «chukbur» usta Sotvoldi bobo meni o‘pib, kichkina moshinacha sovg‘a qildi. Derazadan o‘rtoqlarim menga havas bilan boqishar, ko‘zlari qinidan chiqquday bo‘lib vaziyatni kuzatishardi. Kimdir isiriq tutatdi. Qur’ondan oyatlar o‘qilib, takbirlar aytildi. Usta bobo ishga kirishdi. To‘rt-besh kishi baravariga – Huydi-huydi-o-o! – dedi baland ovozda.
– Ustaning uyi kuydo-o! – dedi yana kimdir kulib. Hamma menga pul bera boshladi. Xonani qoplagan tutun ichra allaqanday g‘aroyib isni tuydim. Payg‘ambarimizning sunnatlari bajo keltirildi. Hammaning yuzida quvonch. Men xatna qilindim.
MEN TUG‘ILIB O‘SGAN GO‘SHA
Ko‘chamizning chetidan katta ariq oqib o‘tadi. Uning ikki qirg‘og‘ida o‘sgan quloch yetmas tollar mahallamizga ko‘rk-u fayz bag‘ishlaydi. Eshigimiz ro‘parasiga kelganda suv ikkiga bo‘linib, biri tegirmonga, biri shovvaga quyiladi. Ikki tomon ham nishablik bo‘lib, taxta novdan tushayotgan suv pastlikka qarab o‘qday uchadi. Uning atrofga vahima solib shovullab oqishi ajib bir manzara kasb etib, toliqqan ruhingizga orom beradi. Tegirmon sahnidagi bahaybat chinor, osmono‘par qayrag‘och-u baqateraklar hovliga o‘zgacha salobat bag‘ishlash bilan birga, uzoq o‘tmishdan so‘ylayotganday tuyuladi, go‘yo. Ulkan daraxtlarda qo‘nim topgan vaysaqi chumchuqlarning to‘poloni shom paytiga kelib rosa avjiga chiqadi.
Tim qora o‘jar qarg‘alar ham gala-gala bo‘lib uchib kelaveradilar va bir-birlari bilan muttahamlarcha joy talashib, eng katta anjumanlarini shu yerda o‘tkazadilar. Ularga qarab hayratim oshadi, beixtiyor o‘yga tolaman. Tavba, qushlar ham o‘z tilida gaplasharkan-da. Yo‘qsa, chor atrofda sang‘ib yurgan ming-minglab qarg‘alar bu majlisga qanday yig‘iladi. Tongsahardan musichalarning kukulashi-yu, to‘lib-toshib chah-chahlayotgan bulbulning xonishidan dilingiz yayraydi. Chaqmoq chaqib, momaqaldiroq yerni larzaga solgan mahal, qo‘rqib ketgan qo‘ziqorinlar ariq bo‘ylariga potirlab chiqadi. Do‘ppimni to‘ldirib-to‘ldirib ularni terarkanman, shunday xushmanzara, jannatmakon yurtda yashayotganimdan quvonaman. Qishin-yozin bu yerdan katta-kichik bolakaylarning oyog‘i uzilmaydi. «Shovva» deb atalmish bu ajib maskan hammaning sevimli oromgohiga aylanadi. Aslida, qishloq odamlarining bolaligi shu yerdan boshlanadi, desam yolg‘on bo‘lmas. Yoz bo‘yi maza qilib cho‘milamiz. Suvdan dildirab chiqib, o‘zimizni quyosh tig‘iga to‘yingan mayin tuproq bag‘riga uramiz. Qumdan tank, pushkalar yasab bir-birimizga «o‘q» chang purkaymiz. Qaqshatgich hujumdan so‘ng yuz-ko‘zlarimiz balchiq, loyga belanib, tanib bo‘lmas ahvolga tushgan, biz, «jangchi»lar yugurib borib o‘zimizni suvga otamiz va yana oppoqqina bo‘lib chiqaveramiz. Bunday maza joy yana qayda bor?!
Qishda suv birmuncha kamayib oynaday tiniqlashadi. Endi uning tubida galalashib suzib yurgan baliqlar es-hushimizni o‘g‘irlaydi. Kimdir o‘zi to‘qigan qo‘lbola to‘rda, kimdir savatda, hatto ayrimlar muzday suvga tushib qo‘li bilan baliq ushlashga kirishadi. Chetda diqqat bilan kuzatayotgan bir to‘da mitti tomoshabinlar ham tutilgan baliqlarga angrayib termiladilar, hayratlanadilar. Tegirmonning yonginasida eski, qadimiy bir kulba bor. Uni katta-yu kichik «Suhmozor» deydi. Aytishlaricha, bu ko‘hna qadamjoning tabarruk tuprog‘i odamlarni suqdan, yomon ko‘zlardan asraydi. Mabodo suqlangan bo‘lsa, dardidan forig‘ etadi. Mozorga tutash bir necha asrlik qari sadda daraxti ham, uning shoxlariga bog‘langan har xil rangdagi son-sanoqsiz latta-puttalar ham bu yerning qandaydir ilohiy, sirliligini oshirganday ko‘rinadi. Erkaklar tovuq so‘yib, palov damlasalar, har chorshanba atrof qishloqlardan kelgan xotin-xalajlar guruh-guruh bo‘lib bo‘g‘irsoq, chalpak pishirib elga, irim qilib parranda-yu darrandaga ham tarqatadilar.
Kulba ichidagi kavushga o‘xshash qora chiroqni yoqib, yerga dumalaydilar. Shifobaxsh tuproqdan olib, yuz-ko‘zlariga surtadilar. Muqaddas suralardan bilganlaricha o‘qib, chiroq atrofiga tanga sochadilar. Xonadan faqat shu yergagina xos bo‘lgan ajabtovur yoqimli is doim ufurib turadi. Ziyoratchilar ko‘payganda shu atrofda yashovchi uchar bolakaylar ham hushyorlikni oshiradilar. Mehmonlar kulbani tark etishlari bilan o‘zlarini ichkariga urib, tanga teradilar. Shunday kunlarning birida Tillovoy aka poylab turib Zokir ikkalamizni ushlab oldi. Qulog‘imizni burab, jazolay boshladi. Mojaroga bizni kuzatib turgan tegirmonchi Abdulhaq bobo qo‘shildi.
– Ha, Tillovoy, nima bo‘ldi? Tinchlikmi?
– Ko‘rmaysizmi, mana bu zumrashalar mozordan pul o‘g‘irlashyapti.
– Bolalarni qo‘yvor. Ularga qattiq tegma. Nima, sen o‘zing o‘g‘irlamaganmisan? Hammamiz ham shu yerdan pul olib katta bo‘lganmiz, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, – dedi Tillo aka o‘ng‘aysizlanib.
– Bunaqa ishlar mening ham bolaligimda bo‘lgan. Bu sen aytgan o‘g‘irlikka kirmaydi. Bolalarning oddiygina sho‘xligi xolos.
Qilgan ishimdan pushaymon bo‘lib uyga kirar ekanman, onajonimning nasihatlari yodimga tushdi. Qo‘rqqanimdan uning ko‘ziga ko‘rinmaslikka urindim. Xuddi meni hoziroq kelib tintuv qiladigandek, mozordan olgan yigirma tiyin pulimni qayerga yashirishni bilmay, betoqat bo‘laverdim. Oxiri, ko‘zimni chirt yumib, tangani tomga uloqtirdim-u, o‘zimni yengil his qildim.
ABDULHAQ BOBO
Ariqlarda suv kamayib qolsa, Abdulhaq bobo Shovva tomonni chippa to‘sib, suvtegirmonni ishga solardi. So‘ng tepalikka chiqib, antiqa sopol karnayni olib to‘rt tomonga qaratib uzoq chaladi. Tanish ovozni eshitgan olomon bug‘doyini eshakka ortib yo yelkasiga ko‘tarib tegirmonga oqib kelaveradi. Abdulhaq boboning qo‘liqo‘liga tegmay qoladi. Endi biz uni ust-boshi, do‘ppisiyu qosh-ko‘zlarigacha un gardidan go‘yo ustiga qirov qo‘nganday oppoq holda ko‘rib sira ajablanmaymiz. Abdulhaq boboning gaplari keskir, ko‘zlari katta-katta, baralla qo‘ygan soqoli o‘ziga yarashgan, barvasta, chiroyli bir kishi edi. U tashqi qiyofasidan badjahl, xiyla qo‘rsroq ko‘rinsa-da, aslida insofli, gapni bejamay aytadigan to‘g‘riso‘z odam. Bolalarni yaxshi ko‘rishini esa uning fe’l-atvoridan bilib olish qiyin emasdi.
Tegirmonning yonginasida uning kattagina bog‘i bo‘lib, oppoq chilgi shaftolilar rosa pishib yotardi. Bog‘ga o‘g‘irlikka kirgan bolalarni sezsayam ataylab o‘zini bilmaganga olardi. Qarsillab shoxlarning singanini eshitsa:
– Kim u! To‘xta! – deb baqirganicha turgan joyida tizzasiga shapatilab qo‘yardi.
Shuning o‘zi o‘g‘rilarga yetarli bo‘lar, oldi-ketiga qaramay qochib qolishardi.
Shovvada cho‘milayotgan bolalar haddidan oshib to‘polonni oshirib yuborsa, Abdulhaq bobo ularni haydab quvib qolardi. U oxirgi bola ham qochib qolmaguncha engashib atrofga alanglar, go‘yoki o‘zini shoshib kesak yoki kaltak qidirayotganga solib yolg‘on po‘pisa qilardi. Men bilan mutlaqo ishi bo‘lmas, bopladimmi, – deganday qarab ko‘zini qisib qo‘yardi, xolos. Chunki, men uning oldiga tez-tez chiqib, mayda-chuyda yumushlariga qarashib turardim-da. Ba’zan Ziyovuddin nosfurushdan nos keltirib bersam, ba’zan idish-tovoqlarini ariqda chayib, xursand qilardim. Shundanmi, bu yerda o‘zimni mezbonday tutib, cho‘milgisi kelib pana-panadan menga havas bilan mo‘ralab turgan bolalar oldida ozgina kerilib ham qo‘yardim.
Bir kuni ozg‘in, novchadan kelgan, dovdirroq bir yigit tegirmondan chiqqan ikki qop unini eshagiga yukladi. U egniga qimmatbaho chopon kiyib olgan, ammo havo birmuncha salqin bo‘lishiga qaramay, yalangoyoq edi. Yigit yangi to‘ni borligidan suyunib: ko‘rib qo‘yinglar, – deganday bir choponiga, bir odam larga qarab ko‘p aylandi. Oz-moz yomg‘ir tomchi layotgani bois, choponini namoyishkorona yechib, qop larning ustiga yopdi-da uyiga jo‘nadi.
– Ko‘rmaganni ko‘rgani qursin, – dedi navbat poylab o‘tirgan sertabassum chol sheriklariga qarab jilmayarkan. Chamasi uch soatlar o‘tgach, yigit so‘ljayib yana tegirmonga qaytib keldi va Abdulhaq boboga arz qila boshladi.
– Abdulhaq buva, ertalab sizga ikki qop bug‘doy keltirib un qildirgandim.
– Xo‘sh, – dedi bobo yigitga termilib.
– O‘sha qoplarning biri o‘zimniki, ikkinchisi qo‘sh nimniki edi. Mendan iltimos qilganligi uchun olib kelgandim.
– Xo‘sh.
– Uyga borib, qoplar ustidan choponimni olib qarasam, qo‘shnimniki joyida turibdi, mening qopim esa yo‘q. Yo alhazar, deb yoqamni ushladim. Yo‘lda eshak jonivor ariqchadan o‘tayotib, sal silkinganday bo‘luvdi. Darrov izimga qaytib, o‘sha joyni rosa qidirdim. Ammo qop topilmadi. Uyda bir chaksayam un qolmagandi-da, buva. Endi nima qilaman?
– Eshakning oldida ketdingmi, orqasidami?
– Orqasida, – dedi yigit yig‘laguday bo‘lib.
– Hech narsaga qoqinmadingmi? – dedi bobo jilmayib.
– Yo‘q.
– Kerilib burningni osmonga ko‘taravermay, sal pastgayam qarab yurgin-da, ahmoq. Abdulhaq bobo yigitni bolaxonador qilib so‘ka boshladi.
– Yo alhazar… Meni nega so‘kasiz? Ahmoq demang, – dedi yigit tegirmonchiga mo‘ltirab qararkan, iltijoli ovozda.
– Ahmoq bo‘lmasang… O‘lasanmi mana bu choponni sal arzonrog‘ini olib, oyog‘inggayam biror narsa kiysang. Yigit yerga qaradi.
– Yur! – dedi Abdulhaq bobo yigitni jerkib.
Ular uzun-qisqa bo‘lib ichkariga kirdilar. Chol yigitning qopiga un solar ekan dedi:
– Te – ber, gir – ol, mon – qo‘y, degani bo‘ladi. Xizmatimga olib qo‘yganimniyam senga oshirib qaytarib beryapman. Sal ko‘zingni ochib yurgin, bola. Bu ketishda qiynalib qolasan. Ma, mana bunga oyog‘ingga poyabzal olasan.
Abdulhaq bobo yigitning qo‘liga uch so‘m tutqazdi. U yarim qop un bilan pulni olib, og‘zi qulog‘ida xursand bo‘lganicha eshagiga minib ketdi.
Abdulhaq bobo mana shunday, hech kimga o‘xshamaydigan ajoyib odam edi.
ACHCHIQ SABOQ
Yon qo‘shnimiz Tillo aka o‘g‘liga sunnat to‘yi qildi. Yozning avji chillasi edi o‘shanda. Bolalar bilan o‘ynab zerikdim va suv ichgani uyimizga kirdim. Uyda hech kim yo‘q. Hamma to‘yda edi. Oshxonaga kirib chanqog‘imni qondirdim. Beixtiyor ko‘zim o‘choqboshida turgan gugurtga tushdi. Men qachon gugurtni ushlasam, onajonim qo‘limdan olib qo‘yardi. Hozir ayni payti. Bir-ikki dona chaqib maza qildim va nimanidir yondirib ko‘rgim kelaverdi.
Asta chorvoq tomon o‘tdim. Qo‘ylar yotadigan bostirmaning atrofi g‘o‘zapoya g‘arami bilan to‘silgan, uning tomida ham bir necha yillik o‘tin bosilgan edi. Odatda, onam olov yoqsa, avval o‘tin tagiga qog‘oz qo‘yib o‘t qalardi. Qog‘ozsiz ham yonarmikan? Yaxshisi, bir sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Gugurtni yoqib, issiqdan qurib yotgan, yupqagina g‘o‘zapoya chanog‘iga tutdim.
Shu payt to‘yxonadan qo‘sh nog‘ora, karnay-surnaylarning o‘ynoqi sadosi eshitildi.
– Ur-r-e! Yog‘och oyog‘-u, oto‘yinlar keldi!
Kunning yorug‘ligidanmi ko‘zimga olov ko‘rinmadi. Shoshib g‘o‘zapoya chanog‘iga bir-ikki tufladim-da, to‘yxonaga qarab chopdim. Tomoshaning oldiga o‘tib o‘rtoqlarim davrasiga qo‘shildim. Ko‘zboylog‘ichning og‘zidan igna chiqarishlariga mahliyo bo‘lib, maza qilib o‘tirgandim birdan olomon tarqab, hamma sarosima bilan ko‘chaga qarab yugurdi. Pojar! – dedi bolalardan biri hovliqib. Yangi tomosha topilganiga suyunib, men ham ularga ergashdim.
Ko‘chaga chiqqach, ne ko‘z bilan ko‘rayki, odamlar bizning uyga qarab chopishardi.
Darrov gugurt o‘ynaganim esimga tushdi.
Osmonga ko‘tarilgan tutun, charsillab yonayotgan alanga juda vahimali ko‘rinish olgan, qo‘ni-qo‘shni uzoq-yaqindan to‘yga kelgan mehmonlar paqirmi, tog‘orami, qo‘llariga ilingan narsani olib, o‘tni o‘chirishga shoshishardi. Xuddi qiyomat qoyim bo‘layotganday edi. Dadam alangaga qarab karaxt ahvolda turar, onam esa tinmay dodlardi. Nima qilib qo‘ydim men ovsar.
Xayriyat, olov kuchaymasdan oldinroq qo‘shnimiz Eliboy aka bostirma tagida tinmay ma’rayotgan qo‘ylarimiz eshigini ochib tashqariga haydashga ulgurib qolibdi. O‘t o‘chiruvchi mashinaning kuchli chinqirig‘ini eshitib, hammaning yuzida quvonch porladi.
Tez orada yong‘in bartaraf etildi. To‘yga kelgan mehmonlarning yangi ust-boshlariga qarab bo‘lmas, iflos va shalabbo edi. O‘t o‘chiruvchilar boshlig‘i yong‘in qayerdan chiqqanini aniqlash maqsadida surishtiruvni boshlab yubordi. Hech ikkilanmay bolalar o‘t qo‘ygan, degan to‘xtamga kelishdi. Hamma menga qaradi. Men qo‘rqqanimdan qaltiray boshladim.
– Davron biz bilan birga to‘yda edi, – dedi o‘rtoqlarimdan biri.
Bu gap kattalar tomonidan ham tasdiqlandi. Eliboy ota, yong‘indan oldin mahallamizdagi Hayit jinnini shu atrofda sang‘ib yurganini aytdi. U hozir ham shu yerda aylanib yurar, odamlarga qarab tinmay kulardi.
O‘t o‘chiruvchilar ham boshlarini ortiqcha qotirib o‘tirmay, aybni osongina o‘sha begunoh jinniga yuklab qo‘yaqolishdi.
Ko‘zlarim hech narsani ko‘rmas, faqat qulog‘imga bolalarning: «Hayit jinni o‘t qo‘yibdi! Jinni o‘t qo‘yibdi!» – degan ovozlari eshitilardi xolos.
Negadir o‘pkam to‘lib, yig‘lagim kelaverdi. O‘zimni tutolmay, o‘tirgan joyimda yuzlarimni berkitib ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘ladim.
Tanish bir qo‘l boshimni silay boshladi. Darrov payqadim. Bu dadamning qo‘llari.
– Nega yig‘laysan? Shunday bo‘lishi kerak ekan, bo‘ldi. Kelgan balo shunga ursin. Uyimiz saqlanib qolganiga quvonsang-chi, tentakvoy. Tur o‘rningdan! O‘g‘il bola yig‘lamaydi!
Ko‘z yoshlarimni artib, dadamga ergashar ekanman, uning oxirgi so‘zlari xayolimda aylana boshladi. «O‘g‘il bola yig‘lamaydi!»
MOYCHI DANG-DANG
Kuz juda seryomg‘ir keldi. Oktabr oyi bo‘lishiga qaramay havo sovib ketdi.
Qo‘ni-qo‘shnilar yoppasiga sandal, pechka qurishni boshlab yubordilar. Ikki kundan beri yog‘ayotgan yomg‘ir tobora avjiga chiqardi. Paxta terimi to‘xtab, hamma uyda o‘tirib qolgan, odamlar yomg‘ir bahona biroz hordiq chiqarmoqda edilar. Sanab chiqdim: uyimizning to‘qqiz joyidan chakka o‘tayapti. Oyijonim tomchilar tagiga chilobchin, kosa va shunga o‘xshash har xil idishlarni qo‘yib qo‘ygan. Tomchilarni sanab, bu ajoyib manzarani tomosha qilib o‘tirgandim, singlimni yelkasiga urib uxlatayotgan onam dadamga so‘z qotdi:
– Bu yil tomni suvamasangiz bo‘lmaydi, dadasi. Ahvolni qarang, oyoq uzatgani joy yo‘q.
– Qo‘limdagi ishlarni tugatib olay, albatta, suvaymiz, – dedi dadam sandal cho‘g‘ini otashkurak bilan kovlab.
– Bo‘zchi belbog‘ga yolchimabdi. O‘tgan yili ham shunday degandingiz…
Dadam indamay menga qarab jilmaydi.
– Darslaringni qilyapsanmi? O‘qishlar qalay?
– Buyam kun bo‘yi ishdan bo‘shamaydi. Dars qilish qayoqda, – gapni ilib ketdi onam. – Ko‘rib turibsizku, ikki kundirki qorong‘ida o‘tiribmiz. Chirog‘imiz yonmaydi. Moychi dang-dangdan esa darak yo‘q.
– Tur, o‘g‘lim, anavini tashqariga to‘kib kel, – dedi dadam to‘lib ketgan idishni barmog‘i bilan ko‘rsatib.
Kosani olib tashqariga chiqdim. Xayriyat, yomg‘ir ancha tinibdi.
Ko‘chadan kerosinchi Moychi dang-dangning ovozi eshitildi.
– Kero-si-i-in! Kero-si-i-in!
Chopib uyga kirdim-da, xushxabarni yetkazdim. Onamjonim moy idishni olib chopganicha ko‘chaga chiqib ketdi. Orqasidan men ham ergashdim.
Moychi dang-dang deganlari o‘zbekchani chalachulpa gapiradigan sap-sariq o‘ris kishi bo‘lib, uning asl ismini hech kim bilmasdi. Shuning uchunmi, osongina Moychi dang-dang deb qo‘yaqolishadi. U baqaloqqina, oyog‘ida qop-qora moylangan kerza etik, bir qo‘lida doim mushtuk tutib yuradigan, indamas odam. Uning soch-soqoli, hatto qoshlariyam maxorka chekaverganidan sarg‘ayib ketganday edi go‘yo.
Moychi dang-dang qishlog‘imizga haftasiga bir bor kelar, o‘zi istagan joyda otini to‘xtatib kerosin to‘la temir bochkani tosh bilan urib dangillatardi va bo‘g‘iq bir ovozda «Kero-si-i-in!», deb qo‘yardi. Biz uning o‘ziga xos harakatlarini, yuvoshgina otini tomosha qilib charchamasdik.
Har safar uning atrofini katta-kichik idish ko‘targan xotin-xalaj o‘rab olar, kerosin keltirganidan quvonishib Moychi akani alqardilar.
– Yakshi, yakshi, – derdi Moychi dang-dang sal jilmayib. Yana uning shunday odati bor ediki, bir tomchi yog‘ni ham nasiyaga bermasdi. Shundanmikan, onajonim juda zarur bo‘lgan chog‘da ham kerosinga ajratilgan pulga sira tegmasdi.
Shunday kunlarning birida «qishlog‘imizga elektr kelarmish», – degan gap tarqaldi. Bu mish-mish uzoq kuttirmadi. Tez orada simyog‘ochlar tortilib, harakatlar boshlab yuborildi. «Elektr toki xavfli ekan, simiga qo‘l tegsa, o‘ldirarmish», degan uzunquloq gaplar asta ortga chekinib, hamma uyda elektr chiroqlari nur socha boshladi. Bu mo‘jizani ko‘rib, biz bolalar rosa quvondik. Onajonim ham chirog‘imiz shishasini artish, uning singan teshigini qog‘oz bilan yamashdan qutuldi. Moychi dang-dang esa butunlay ko‘rinmay ketdi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?