Электронная библиотека » Nabijon Qodirov » » онлайн чтение - страница 6

Текст книги "Gulyetim"


  • Текст добавлен: 19 мая 2023, 23:31


Автор книги: Nabijon Qodirov


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 6 (всего у книги 19 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]

Шрифт:
- 100% +
QO‘RQINCHLI TUN

Havoning avzoyi buzilib, yomg‘ir tomchilay boshladi. Yengil esayotgan shamol kechga borib dahshatli ko‘rinish oldi. Elektr toki uzilib, atrof zimistonga aylandi. Men ketma-ket qog‘oz yoqib turdim. Onajonim toshfonarni topib sozladi. Qotib qolgan pilikni barmog‘i bilan chimchib gugurt chaqdi. Chiroq istamaygina lipillay boshladi.

– Xayriyat, kerosini to‘la ekan, – dedi onam xursand bo‘lib. Uyimiz asta yorishdi. Devorga tushgan ulkan soyalarimizni tomosha qilib, jim o‘tiraverdim. Onam chiroq yorug‘ida yana to‘qishni boshladi.

U sira jim o‘tirmas, butun dard-u alamlarini ipga qo‘shib tugayotgandek ko‘rinardi. Tashqaridan shamolning uvullashi-yu, allanimalarning taraqlab yiqilishi eshitiladi. Sezib turibman, onamni ham qo‘rquv bosayapti. Birdan oldimizdagi deraza oynasiga nimadir kelib zarb bilan urildi. Ikkimiz ham cho‘chib o‘sha tomonga qaradik. Musicha. Uning patlari to‘zib, bizga bir lahzagina iltijo bilan qaray oldi xolos. Shu zahoti ko‘zlari yaraqlagan qora mushuk qo‘rqinchli chinqirib o‘qday uchib keldi-da, musichaga chang soldi va uni tishlab tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Onajonim ichlariga tuflab, menga darrov choy quyib uzatdi.

– Qo‘rqib ketding. Ma, darrov ichib ol.

– Oldin o‘zingiz iching, – dedim qo‘llari titrayotgan onamga qarab.

– Bechora musichani olib ketdi-ya, o‘lgur.

– O‘g‘ri mushuk ekan, ko‘zlari yonyapti, – dedim onamga dalda berganday bo‘lib.

– Kel, o‘g‘lim, yaxshisi yotib uxlaymiz.

Onam chiroqni pasaytirib, yonimga cho‘zildi. Butun vujudimiz quloqqa aylandi. Tashqaridan yosh bolaning yig‘lagan ovozi eshitildi.

– Eshityapsizmi, kimdir yig‘layapti, – dedim pichirlab.

– Ha, yig‘layapti, – so‘zimni tasdiqladi onam.

Qo‘rquv bilan yana quloq tutdik. Chindanam kimdir yig‘lamoqda edi.

– Sharif yig‘layapti.

– Ha, Sharif yig‘layapti. Yana onasi urdimikan-a, – onam dadillashib so‘zida davom etdi. – Nahotki, shunday qo‘rqinchli kechada bolasini tashqariga haydagan bo‘lsa.

Yig‘i tobora avjiga chiqardi.

– Bechora Sharif, – dedi onamning rahmi kelib.

Yon qo‘shnimiz To‘lan buva kampiri To‘xta xola qazo qilgach, uzoq tojik qishloqdan Qo‘ysin degan yoshgina ayolga uylangandi. Ayolning bir qiz, bir o‘g‘li bo‘lib, o‘g‘lining oti Sharif edi. Qo‘ysin opa negadir o‘g‘lini ko‘p urar, ba’zan uyga kiritmay jazolardi. Sharifning atrofda bor ovozda yig‘lab yurishiga birmuncha ko‘nikib ham qolgandik. Bugungisi hammasidan o‘tib tushdi.

– Tur, Davronjon! Sharifni uyga olib kelamiz. Qo‘rqib yuragi yorilmasin tag‘in, – dedi onam astoydil o‘rnidan turib.

Onalik mehri qo‘rquvdan g‘olib kelayotganini angladim. Indamay onamga ergashdim. Shamol osmonga uchiraman, deganday tobora avjiga chiqmoqda. Qiziq, yig‘i ovozi tomdan kelmoqda edi. Sharifni tomga haydab chiqarishdimikan. To‘lan buva bilan tomi miz tutash bo‘lgani uchun «Sharif! Sharif!» deb chaqirganimizcha narvondan asta yuqoriga ko‘tarildik.

Qorong‘ida hech narsa ko‘rinmadi. Atrofni paypaslab, qo‘limga ilingan kichikroq tayoqni yig‘i kelgan tomonga qarab otdim. Dupurlab birin-ketin nimadir qochdi. Qo‘rqib ketdik.

– Mushuk! Mushuk ekan-ku, – dedim o‘zimni kulgidan tiyib.

– Nahotki, mushuk Sharif bilan bir xil yig‘lasa-ya. Voy o‘lgur-ey, – dedi onam hayratlanib.

Onajonim bilan kulishib uyga kirdik. Qo‘rquv ham biroz chekinganday bo‘ldi. Kelib joyimizga yotdik. Yana adoqsiz xayollar o‘z domiga tortdi. Eh, dadajonim-a, o‘zingiz bilan yuragimning butunligi-yu, ko‘nglimning quvonchini ham olib ketdingizmi? Siz bilan birga uyimizning fayzi, farog‘ati ham ketib qoldiku. Meni katta odam qilmoqchi edingiz. Qulog‘imga dadamning ovozi eshitilganday bo‘ladi: «O‘g‘lim, o‘zingni qo‘lga ol. Shundoq bo‘lishi kerak ekan, bo‘ldi. Sabr qil, sen, albatta, katta odam bo‘lasan. Qo‘rqma, endi sen yosh bola emas, jasur va mard yigitchasan».

Ko‘zim ilingan ekanmi, bosinqirab baqirganday bo‘ldim. Qo‘rqib ketgan onam mehribonlik bilan boshimni siladi.

– Uxla, bolam, yomon narsalarni o‘ylama.

Yana uyqum qochdi. Oxiri yo‘q xayollar kelaverdi, kelaverdi. Kimdir onamni chaqirganday bo‘ldi. Butun vujudimni yana qo‘rquv egalladi. Ovoz juda past eshitilardi.

– Oynisa, ho-o Oynisa.

– Kimdir sizni chaqiryapti, – dedim onamni yengil nuqib. Onam qimirlamay quloq tutdi.

– Oyni-sa-xo-o-n.

Ovoz tanishday tuyuldi. Yarim kechada kim bo‘lishi mumkin. Onam sapchib o‘rnidan turdi-yu, shaxt bilan eshik tomon yurdi.

Orqasidan ergashdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, eshigimiz oldida ko‘zlarini chaqchaytirib shirakayf Samintoy aka turardi. Ikkimiz ham unga qarab haykalday qotib qoldik. U bir onamga, bir menga qarab ishshayganicha chaynalib, hol-ahvol so‘rashgan bo‘ldi.

– Nega keldingiz! – dedi hushini yig‘ib olgan onam vajohat bilan.

– Sizni holingizdan bir xabar olay degandim. Yaxshi o‘tiribsizlarmi? Ro‘zg‘orda kamchiliklar bo‘lsa, tortinmay aytavering. Men sizga yordam qilmoqchiman.

– Yordaming boshingdan qolsin, nomard, – dedi onam kutilmaganda sensirab. – Nega uyimga devor oshib kirding! Seni sadag‘angga zor emasman! Yonimda kap-katta, yigit o‘g‘lim bor! Ertaga mahalla oqsoqollarini chaqirib sharmandangni chiqaraman, iflos! Yo‘qol bu yerdan!

Voqea bunday tus olishini kutmagan Samintoy aka, «Iye, iye, men sizga yordam qilmoqchi edim xolos», deganicha dovdirab o‘zini qorong‘ilik qa’riga urdi.

Onamning vajohatini ko‘rib, men ham esankirab qoldim.

– Nega unday qildingiz, axir u bizga yaxshilik qilmoqchi ekan-ku, – dedim qo‘rqa-pisa onamga qarab. U indamadi.

Asta shashtidan tushib o‘ziga keldi va birmuncha muloyimlashdi.

– Katta bo‘lganingda tushunib olarsan, bolam, – dedi va meni mahkam bag‘riga bosib, to‘yib-to‘yib yig‘ladi.

Tunga vahima solib o‘kirayotgan shamol, onajonimning alamli yig‘isini bag‘riga singdirib, uzoq-uzoqlarga olib ketayotganday edi, go‘yo.

TIRIKCHILIK TOSHDAN QATTIQ

1968-yilning qishi qattiq keldi. Dalada ishlar to‘xtab, aksariyat qishloq aholisi uyga qamalib qoldi. Hamma qo‘l uchida kun ko‘rayotgan bo‘lsa-da, mahalla erkaklari qo‘y so‘yib, har kuni «memaxona» yeyish bilan ovora. Onam tinmay paypoq to‘qir, biz uchun birgina najot bozor bo‘lib qolgandi. Ba’zan bozorimiz chaqqon bo‘lib, quvonamiz, ba’zan kasodga uchrab, non puliga ham sotolmaymiz. Goho soliqchilardan qochib, xavotirda kunni kech qilamiz. Sovuqdan gezarib, xomush uyga qaytamiz.

Oyoqlarim kesak misol hech narsani sezmay qoladi. O‘t yoqib, sandalga tutaman. Issiqdan qo‘l-oyoqlarimga og‘riq kiradi. Barmoqlarimga taft o‘tmaydi. Ayniqsa, mitti jimjilog‘im qattiq qichishadi. Qashlayveraman, qashlayveraman. Shilinib qontalash bo‘lsa-da, qichishaveradi. Qashlaganim sari rohatlanaveraman. Ertasiga yengil yaraga aylanadi. Qashlay olmasdan, ignaning uchi bilan bosib, biroz taskin topaman.

Ertalabdan kechgacha tik oyoqda bozorda turaverib, barmoqlarimni sovuqqa oldirib qo‘yganimni bilmasdim. Onam bechora oyoqlarimni mehribonlik bilan silaydi. Shunday bo‘lishiga o‘zini aybdor sezib, ojiz va g‘aribligidan o‘pkasi to‘ladi, ko‘zlari yoshlanadi. Lekin nachora, yashash kerak. Uyda biror yegulik qolmagan, yakshanba kunini katta umidlar bilan kutib o‘tiribmiz. Aksiga olib ikki kundan beri yog‘ayotgan qor sira tinay demasdi. Yorib maydalangan qattiq o‘tinlarimiz ham tugab, cho‘g‘i uzoq saqlanmasa-da, g‘o‘zapoya yoqishdan boshqa ilojimiz qolmadi. Harchand urinmay, oxirgi o‘tinimiz, serbutoq tutni maydalashga kuchim yetmadi. Bu metinday qayishqoq daraxt hadeganda yorilmas, yonib bitishni istamaganday, boltani qisib qolaverdi.



Tong qorong‘isida uyg‘onib tashqariga chiqdim. Atrofga juda katta, tizza bo‘yidan baland qor yog‘ganini ko‘rib, onam ikkimizning ham kayfiyatimiz tushib ketdi. Maktablar yopilgan, sovuqdan daraxtlarning shoxi tars-tars sinib, pastga uzilib tushaverdi. Emish topolmagan bechora qushlar sovuqdan tarashadek qotib o‘lib qolaverdi. Tomimizni kurab bo‘lgach, tom bo‘yiga yetgan kuralgan qorni bosib pastga tushdik. Sandalda isinib, turshak bilan choy ichdik, so‘ng tavakkal qilib onam ikkimiz paypoqlarni olib, bozorga yo‘l oldik.

Dadamning katta etigini serpaytava qilib kiyib olganimga qaramay, qorning qalinligidan yurish og‘irlashib, etikning uzun qo‘njidan ham qor kirib azob berardi. Ahyon-ahyonda tom kurayotgan odamlarni hisobga olmaganda, ko‘chalar bo‘m-bo‘sh. Katta yo‘lga chiqqanimizdan keyin yurish birmuncha osonlashdi. Chunki ulkan traktorlar surgisi bilan qorni kurab, odamlarga yo‘l ochayotgan edi. Bozorga borgunimizcha qo‘llarim sovuqdan qizarib, ro‘molchamniyam tutolmay qoldim.

Bozorda odam siyrak, ammo katta qor uyumlari orasida harqalay oldi-sotdi ishlari davom etardi. Qorlar ustiga choyshab yoyib, paypoqlarni terib qo‘ydik. Keyin har galgiday atrofni kuzatib hushyor yuraverdim. Shunday yo‘l tutishga majburmiz. Johil soliqchilar odamlarning sotayotgan molini olib qo‘yish bilan cheklanmay, hatto katta miqdordagi jarimaga tortishlari ham hech gap emasdi. Nimadir yasab, yoki tikib sotishga mutlaqo ruxsat yo‘q. Bu tekin daromad hisoblanardi. Shundanmi, bechora hunarmandlar soliqchini ko‘rsa, xuddi azroilni ko‘rganday qo‘rqishadi. Uzoqdan onamni kuzataman, odamlar paypoq sotib olishayotganidan quvonaman. Onam atrofga alanglab, meni ko‘rgach, qo‘li bilan kel, – deganday ishora qildi. Chopib bordim.

– Ma, bolam, ikki dona issiq non olib kelgin. Ichim ozib ketdi.

Ikkalamiz maza qilib non yeyayotgandik, ro‘paramizga Sadoqat jinni kelib turib oldi. U shunday qahraton sovuqda yalangoyoq, orqalari yirtilgan kalishda yurardi.

Onam unga jun paypoq va nonning bittasini olib uzatdi. U nonni oliboq, yamlamay yuta boshladi. O‘zicha kulib, rahmat, – deganday javrandi va paypoqni oyog‘iga kiyib, kavshanganicha jo‘nab qoldi. Atrofda aylanib, kuzatishda davom etdim. Bir payt meva bozori oldida xomush turgan geografiya o‘qituvchimiz Qambarov domlaga ko‘zim tushdi. U meni ko‘rib biroz o‘ng‘aysizlandi.

– Ha, Ergashev, nima qilib yuribsan? – dedi menga mehribonlik bilan qarab.

Ahvolni tushuntirdim. Qambarov nimadir demoqchi bo‘lar, ammo aytolmayotganini sezib, dedim:

– Domla, menga biror yumushingiz bo‘lsa, tortinmay aytavering.

Qambarov xijolatdanmi, qizarganday bo‘ldi.

– Ozgina behi olib kelgandim, – dedi u gunohkor bir ohangda. – Shuni qanday qilib sotsak bo‘larkin?

– Sotishib berardim-u, – deya o‘ylanib qoldim.

– Qo‘rqma. Men atrofni kuzatib, qarab turaman, sen shu behini sotishib bergin, o‘g‘lim. Uyda tishga bosgulik hech vaqo qolmadi, – dedi u oshkora yalinib.

Domlamizning uchta farzandi institutda o‘qir, ularni ta’minlashga qiynalayotgani shundoqqina ko‘rinib turardi. Birgina maoshning o‘zi bu katta oilaga urvoq ham bo‘lmasdi. Qambarovning uyidagi katta bog‘ida o‘rik, olma, behi va shunga o‘xshash har xil mevalar doim pishib yotardi.

Ammo pedagogning bozorda nimadir sotib o‘tirishi mumkin emas, birov ko‘rib qolsa, unga gap tegishi hatto jazolanishi ham haqiqat edi. Usti o‘rab qo‘yilgan kattagina tunuka qutidagi sap-sariq, sarxil behilarni velosipeddan olib, birpasda sotib bo‘ldim.

Qambarov domlamiz xursandligidan yo‘q deyishimga qaramay, qo‘limga uch so‘m pul tutqazdi. Paypoqlar ham sotilib, yog‘, guruch, ro‘zg‘orga zarur narsalarni xarid qilib, onam ikkimiz benihoya quvondik. Uyga kelsak, men bir necha bor urinib yorolmagan qayishqoq tutni kimdir chiroyli qilib bo‘laklarga bo‘lib qo‘yibdi. U azamat kim ekan? Rosa xursand bo‘ldik. Hanuzgacha o‘sha o‘tinni kim maydalab yorib qo‘ygani aniqlanmay, sirligicha qolib ketdi.

NODIRA POSHSHO

Onamning sog‘lig‘i yaxshi emas. Belidagi og‘riqlar tufayli og‘ir ishlarga yaramaydi. Xayriyat, Oyimchaxon ena paypoq to‘qishni o‘rgatib ketdi. Shu ish bilan ovunadi. Men esa yangi ish topishga astoydil kirishdim. Qo‘shnimiz Sora xola bilan kelishib oldik. U har kuni qatiq ivitib beradigan, men esa peshma-pesh sotib keladigan bo‘ldim. Ketma-ket uch kun sotganim evaziga har to‘rtinchi kungisini menga tekinga beradigan bo‘ldi.

Qatiqni ko‘tarib tuman markazidagi ko‘p qavatli uylarning xonadonlarini birma-bir aylana boshladim. Birinchi kuni uncha o‘xshamagan bo‘lsa-da, asta-sekin ishlarim yurishib ketdi. Mijozlarim ko‘payib, hatto buyurtmayam beradigan bo‘lishdi.

Ishimni kengaytirib, Achansa xola bilan ham hamkorlik qila boshladim. Borgan sari pulim ko‘payib, hamyonim qappaydi. Bozordan topib olgan oyoq kiyimim yirtilib ketgan bo‘lsa-da, kiyib yurardim. Aksiga olib yaltiroq tuflini tikib ham bo‘lmas ekan. To‘plagan pulimga yangi poyabzal sotib oldim.

«Dom»lar orasidagi novvoyxonada Saidxon aka degan odam non yopadi. Hayotning achchiq-chuchugini tatigan, insofli, ellik besh yoshlardagi kishi. Ba’zan suhbatimiz qizib, uning oldida uzoq qolib ketaman va har safar katta ma’naviy ozuqa olaman. Shoirtabiat, juda qiziqchi odam. Meni hazillashib «Gavronbek» deb chaqiradi. Mendan muntazam qatiq sotib oladi va har kuni qo‘limga to‘rt dona issiqqina bo‘rsildoq non tutqazadi.

To‘rtta nonni ko‘tarib novvoyxonadan chiqayotgandim, yupungina kiyingan olti-yetti yoshlar atrofidagi qizaloq, qo‘lida kichkina piyola ko‘tarib menga qarab kela boshladi. Qizchaning sochlari mayda qilib o‘rilgan, boshida iroqi do‘ppi, xiyol qisiq ko‘zlari doim kulib turardi. U tushib ketgan tishlarini baralla ko‘rsatib so‘radi.

– Amakijon, qatiq boymi?

– Men amaki emas, aka, Davron aka! – dedim jilmayib.

– Davyon aka, qatig‘ingiz boymi?

– Bor.

– Meng, ozgina beyaykansiz. Pulini… ayam nafaqalayi chiqsa, beyaykanlar.

– Ayang qanilar?

– Ayam kasal. Uyda yotibdilay. Pulimiz yo‘q.

– Seni isming nima?

– Nodiya poshsho.

– Nodira poshsho, sen uylaringga kirib, birorta kattaroq kosa olib chiqqin, xo‘pmi. Men senga a-ancha qatiq quyib beraman.

– Xo‘p bo‘ladi, Davyon aka. Hoziy olib chiqaman.

Qizcha chopqillab uylardan biriga kirib ketdi va zum o‘tmay, qo‘lida kosa bilan qaytib chiqdi. Qizchaning kosasiga to‘ldirib qatiq quyib berdim.

– Havotiy olmang, pulini ettaga beyamiz ekan.

– Puli kerak emas, ma, manaviniyam onangga bergin.

Ikkita issiq nonni uning qo‘liga tutqazdim. Qizcha xursand bo‘lib uyiga kirib ketdi. Qatiqlarni sotib bo‘lib uyga qaytayotgan edim, panada sigaret chekayotgan uch nafar bolaga ko‘zim tushdi. Ularning ikkitasi men tengi, bittasi sal kattaroq ko‘rinardi.

– Ey qatiq! Ey suzma! Bu yoqqa kel! – dedi kattarog‘i do‘q urib. Ularning oldiga bordim.

– Qani puldan cho‘z! – dedi yana o‘sha bola. Sheriklari masxaromuz tirjayishib uni gijgijlashardi.

– Nega cho‘zarkanman? – dedim bo‘sh kelmay.

– O, tiling burro-ku, qishlaqi! Sheriklari yayrab kulishdi.

– Yaxshilikcha pulni cho‘z, aks holda bu tomonga kelolmaydigan qilib qo‘yaman.

– Qo‘lingdan kelmaydi, – deb yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Qayrilib asta ketayotgandim: To‘xta! – dedi menga xezlanib.

Sheriklari:

– Boss, sol! Jag‘iga sol! – deya olovga yog‘ purkashardi.

Satillarimni yerga qo‘yib to‘xtadim. Boss oldimga kelib iyagimdan ko‘tardi. Qo‘lini olib nari itardim. Kutganimday yuzimga zarba bermoqchi bo‘lib musht otdi. Chaqqonlik bilan chap berdim. Boss usma-ust zarba yo‘llab, nishonga urolmay qiynalardi. Ilojini qilolmagach, tepmoqchi bo‘lib oyog‘ini ko‘tardi. Fursatdan foydalanib, tuflisini ushlab, ilkis yuqoriga ko‘tarib yubordim. Boss tuproqqa orqasi bilan yiqilib voyvoylay boshladi.

Sheriklari esa shu zahotiyoq orqa-oldilariga qaramay, juftakni rostlab qolishdi. Bir qarasam, qayerdandir paydo bo‘lgan Nodira poshsho qo‘lidagi kaltakni silkib Bossga qarab:

– Ajab bo‘sin, ajab bo‘sin, – deganicha urgani chog‘lanardi.

– Shoshmaytur, hali men senga urishni ko‘rsatib qo‘yaman, – dedi Boss inqillab.

– Men seni urmadim-ku, oshna. Yoki urdimmi?

Boss indamadi. Men Nodira poshshoni ko‘tarib ikki yuzidan o‘pib xayrlashdim. O‘ktam aka o‘rgatgan «pryom»lar ish bergandi. Yo‘lda ketyapman-u, negadir kulgim qistardi. Shundan keyin hech kim yo‘limni to‘smay qo‘ydi. Keyinchalik Boss – Baxtiyor bilan qalin o‘rtoq bo‘lib ketdik.

ONA TARBIYASI

Tovug‘imiz kurk bo‘ldi. Yaxshi niyat bilan o‘n besh dona zotdor tovuqlar tuxumini topib bostirdim. Tez orada ko‘rinishi bir xil, o‘n ikkita sap-sariq jo‘jalar dunyoga keldi. Bolalarini ergashtirib yurgan ona tovuqni kuzatib kayfiyatim ko‘tarildi. Ularning ko‘payayotganidan quvondim.

O‘lja topgan ona tovuq g‘alati ovoz chiqarib bolalarini chaqirdi. Mustaqil yemish izlab har tomonda sang‘ib yurgan jo‘jalar chaqiriqni eshitib, darhol onasi tomon chopdilar. Ba’zan ona tovuq jo‘jalariga qarab tanbeh berganday, kuyingansimon chug‘urlab qoladi.

Bebosh jo‘jalar esa boshqa qaytarilmaydi, deganday erkalanib onasining pinjiga suqiladilar. Juda qiziq tomosha.

Shu mitti jonivorlar ham o‘z tilida nimalarnidir gaplashayotganini ko‘rib, hayratga tushaman. Tovuqlar ham biz o‘ylaganchalik aqlsiz emas ekan, degan fikrlar o‘tadi xayolimdan. Ularga bo‘lgan qiziqishim kundan kun ortib boraverdi va ularni ko‘paytirish yo‘llarini izlay boshladim. Ellikta tovug‘im bo‘lsa, kuniga bittadan tuxum bersa, deb darrov pulini hisoblashga tushaman. Shirin-shirin xayollar suraman.

Axir tovuqni bekorga yetti xazinaning biri deyishmagandir. Shunday kunlarning birida qishlog‘imiz magazinida inkubatsiya jo‘jalari sotilayotganini eshitib cho pib bordim. Chindanam odamlar talashib-tortishib chiy-chiylayotgan mitti jo‘jalarni sotib olishmoqda edi. Kimdir «Onasiz jo‘jalarni boqib bo‘lmaydi. Bu juda nozik jonivor, sal narsaga o‘lib qolaveradi», deganini eshitib, unchalik parvo qilmadim. Chunki biznikida ona tovuq bor edi-da. Besh-o‘ntasini olib, jo‘jalarimga qo‘shib qo‘ysam kifoya, katta bo‘laveradi. Qolaversa, uydagi jo‘jalarim bilan bir xil ekan. Onasi ham farqlay olmaydi.

Shunday xayollar bilan o‘ntasini sotib oldim-da, uydagi jo‘jalarimga qo‘shib qo‘ydim. Kunlar o‘taverdi. Keltirgan jo‘jalarim negadir ona tovuqqa ergashmas, chaqiriqlariga ham mutlaqo quloq solmas edi. Ba’zan patlarini hurpaytirib, xonaki jo‘jalarga qarshi o‘jarlik bilan jangga shaylanadi. Buni ko‘rgan ona tovuq shovqin ko‘tarib, quloqsiz bezorichalarni quvlab qoladi. Eshitganim rost bo‘lib chiqdi. Qanchalik harakat qilmay, olib kelgan jo‘jalarim birin-ketin o‘la boshladi. Ulardan to‘rttasigina yashab ketdi, xolos. Shunisigayam xursand bo‘ldim. Harqalay hammasi o‘lib ketmadiku. Tez kunda jo‘jalarning boshida mitti tojlar paydo bo‘lib, ulg‘aya boshladilar. Ona tovuq bolalari bilan chorvoqda sayr etsa, mening olg‘irlarim hovli sahnida o‘ynab atrofni iflos qila boshladi. Haydasam, sal nariga boradi-da, poylab turib yana kelaveradi. Besh-o‘n kun tirikchilik tashvishlari bilan band bo‘lib, tovuqlarga e’tibor berolmadim. Ishlarimni bitirib uyga kelgandim, onajonim yozg‘irib qoldi.

– Bu, olib kelgan tovuqlaringni ahvoliga bir qara, Davronjon.

– Nima qipti tovuqlarimga? – dedim hayron bo‘lib.

– Na chaqirganni tushunadi, na kisht deganni… Bularning ustiga bir qaragin, hamma yog‘i loy, balchiq. Qayerlarga kirib chiqadi, hayronman. Yana shu ahvolda tap tortmay dasturxonga bostirib kelaveradi. Tovuq ham shunchalik sur bo‘ladimi-ya. Hech bo‘naqasini ko‘rmagandim. Onamning gapidan keyin tovuqlarimga diqqat bilan razm soldim. Xonaki tovuqlar oppoq, chiroyli, shu bilan birga itoatkor va tartibli edi. Inkubatsiyadan chiqqanlari esa kir-chir, patlari to‘kilib, juda xunuk ko‘rinish olgandi. Ona tarbiyasidan mosuvo bo‘lgan bechora yetimchalarimga qarab rahmim keldi. Beixtiyor onamning o‘gitlarini esladim:

– Ko‘rgan odamingga birinchi bo‘lib salom ber. Nonni o‘ng qo‘ling bilan ushla. Tamaddi qilishdan oldin Bismillahir rohmanir rohiym desang, ovqatga baraka kiradi. Taomga kattalardan oldin qo‘l uzatma. Dasturxonga fotiha qilib, keyin o‘rningdan turgin. Tirnog‘ingni o‘stirma, makruh bo‘ladi. Cho‘ntagingga qo‘lingni solib yurma. O‘g‘rimisan, hushtak chalma. Qisqa, lo‘nda gapir. Uyatli joylaringni o‘ng qo‘ling bilan ushlama va hokazo…

Yashasin onalar!

SOVCHI KAMPIRLAR

Kunlar bir-birini quvalab o‘taverdi. Dadamdan ayrilganimizga ham hademay bir yil to‘ladi. Hamaldan olib kelgan gullarim sabab tabiatning bu ajoyib ne’matlariga mehrim oshib ketdi. Maktabimiz sahni gullarga burkandi. Qorovul Alixon bobodan iymanibgina bir-ikki tup gul so‘radim. Bobo indamay kurakni olib, men yoqtirgan gul ko‘chatlaridan ko‘chirib berarkan, dedi:

– Sen rahmatli Ergashvoyning o‘g‘limisan?

– Ha, – dedim meni taniganidan xursand bo‘lib.

– Dadang yaxshi odam edi. Boshqa bola bo‘lganda bermasdim. Olaqol, o‘g‘lim.

Sinfimizda ham gullar ko‘p bo‘lib, tikanlari ninaday uchli kaktusni juda yoqtirib qoldim. Sinf rahbarimiz Jalilov domladan so‘ragandim, o‘ylanib turib: – Mayli, birorta qulog‘ini sindirib olaver, ammo birov bilmasin, xo‘pmi, – dedi.

Hamma tanaffusga chiqib ketgach, kaktusning kichikroq bir bo‘lagini qayirib oldim-da, cho‘ntagimga soldim.

Hayit arafasida onajonim ikki so‘m bayram puli berdilar. Darrov Zokirlarnikiga chopdim. Ularning uyida atirgul, chinnigul, do‘ppigul, xullas, xilma-xil gullar juda ko‘p edi. Zokir avvaliga unamadi. Mayli, pulini beraman, o‘rtoq, – deganimdan so‘ng biroz jonlandi.

– Bir tupi yigirma tiyindan, – dedi ovozini pasaytirib.

– Bo‘ldi, kelishdik.

Zokir astoydil ishga kirishib ketdi.

– Besh tupi yetadi, – dedim xursand bo‘lib.

– O‘n tup olaver. Ikki so‘m bo‘ladi. Senga yana bir tup qo‘shib beraman, maylimi?

– Mayli!

– Ammo dadam bilmasin? – dedi Zokir atrofga olazarak qarab.

Gullarni ekib bo‘lib, tagiga suv quyayotgandim, uyimizga kirib kelayotgan ikkita kampirga ko‘zim tushdi. Kampirlarning biri Oyimchaxon ena, ikkinchisi notanish edi. Chopib, ularga peshvoz chiqdim.

– Ha-a, enang cho‘ri Do‘zali, yaxshi yuribsanmi, bolam.

Oyimchaxon ena meni bag‘riga bosib, yuzlarimdan o‘pib ko‘rishdi.

Notanish kampir esa peshonamga o‘ng qo‘lini tekkizdi-da, so‘ng labiga olib borib barmoqlarini o‘pib qo‘ydi.

Ularning yoshi teng ko‘rinsa-da, hassa tutgan notanish kampir anchagina egilib qolgandi. Go‘yo bu qariya biror narsasini yo‘qotgan-u, uni egilib izlayotganday taassurot qoldirardi kishida.

O‘sha kuni kampirlar uyimizda yotib qolishdi. Onajonim yumshoqqina ovqatlar qilib, ularning duosini oldi. Uchovlari yarim kechagacha yayrab, gaplashib chiqdilar. Kulishdilar, o‘tgan kunlarini eslab yig‘lashdilar, yana yupandilar.

Dahlizda o‘zimni dars bilan band qilib ko‘rsatsamda, fikr-u xayolim ularning suhbatida edi. Ularning gaplaridan shuni angladimki, kampirlar onamga sovchi bo‘lib kelishgandi.

Hassaga suyanib kelgan momoning ismi Badalposhsho bo‘lib, Oyimchaxon enaga mahalladosh ekan. Uning Tegirmonboshi qishlog‘ida yashovchi, (rahmatli ukasining o‘g‘li) Qobilboy degan so‘qqabosh jiyani bor ekan. U birinchi ro‘zg‘oridan ikki bolasi bilan ajrashgan, ikkinchi xotini esa kasalga chalinib vafot etgan ekan. Qobilboy aka qazo qilgan xotinidan qolgan o‘g‘ilchasi bilan yolg‘iz yasharmish.

Badalposhsho ena jiyanini og‘zidan bol tomib uzoq maqtadi. Kampirlar onamni o‘rtaga olib avrashar, o‘z nomiga munosib mo‘min-qobil shu kishi bilan turmush qurishga rozilik berishini so‘rashardi.

Onam qolgan umrini menga bag‘ishlashini aytib, bu taklifni keskin rad etdi.

Ammo kampirlar ham anoyilardan emasdi.

– Qizim, – dedi Oyimchaxon ena ranjiganday bo‘lib. Hali yoshsan, ko‘p narsalarni tushunmaysan. Eri borni gapi zo‘r, eri yo‘qni oshi sho‘r. Beva ayol to‘g‘risida odamlar nimalar deyishmaydi. Yaxshimi-yomonmi, boshingda ering bo‘lsin, qizim. Keyin pushaymon qilmagin deyman-da, ammang girgitton. Bo‘rining yesayam, yemasayam og‘zi qon.

Oyimchaxon ena onajonimga amma sifatida qattiqroq gapira boshladi.

– O‘g‘lim-chi, – dedi onam xiyla yumshaganday bo‘lib.

– Qobilvoy jiyanim o‘g‘lingizgayam otalik qiladi, u juda mehribon, bolalarni yaxshi ko‘radi. Bolaga ota kerak, qizim, – uloqni ilib ketdi Badalposhsho ena.

Bu gapdan keyin onam o‘ylanib qoldi. Bolam yolg‘iz, unga himoyachi kerak, – dedimi, nomi qora bo‘lib qolishidan qo‘rqdimi, indamay yig‘lay boshladi. Onam uchun el orasida yomonotliq bo‘lish o‘lim bilan barobar edi.

Oyimchaxon ena meni oldiga chaqirdi.

– Do‘zalijon, onangni bitta yaxshi odamga uzatmoqchimiz. Sen nima deysan, enang cho‘ri, rozimisan?

– Qobilvoyning sen tengi Otash degan o‘tbosar o‘g‘li bor. U bilan o‘rtoq bo‘lib, esh-qo‘sh mazza qilib o‘ynab yurasan, – qo‘shimcha qildi Badalposhsho ena.

Bunday bo‘lishiga men ich-ichimdan qarshi bo‘lsamda, ko‘ngli yarim onajonimni ranjitib, qaysarlik qilgim kelmadi. Qolaversa, onamning roziligi uchun taqdirning har qanday sinoviga chidashga majbur edim. Dadamni eslab, ko‘zlarim yoshga to‘ldi. Tilim kalimaga kelmay, jim turaverdim. Sukut alomati rizo deganlariday, kampirlar bir-birlariga ma’noli jilmayishib, gapni boshqa tomonga burdilar.

Ishlar tezlashib ketdi. Sovchilar bir haftadan so‘ng kelib, to‘y kunini belgilashdi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации