Электронная библиотека » Nabijon Qodirov » » онлайн чтение - страница 5

Текст книги "Gulyetim"


  • Текст добавлен: 19 мая 2023, 23:31


Автор книги: Nabijon Qodirov


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 5 (всего у книги 19 страниц) [доступный отрывок для чтения: 6 страниц]

Шрифт:
- 100% +
O‘QISHIMDAGI PASAYISH

Kunlar o‘tgani sayin menda o‘zgarishlar paydo bo‘la boshladi. Yotog‘imga kirgach, hadeganda uyqumni topolmay qiynalaman. Poyoni yo‘q o‘y-xayollar girdobida toliqib, tongga yaqin ko‘zim ilinganday bo‘lar, uyg‘onganimda esa vujudimda lanjlik va qattiq charchoqni his etardim.

Uyqumda alahsirab baqiradigan, ko‘zimga allaqanday alvastilar ko‘rinib, dod solganimcha o‘rnimdan turib ko‘chaga chopadigan odat chiqardim.

Qo‘rqib ketgan onajonim tutib kelib, yana o‘rnimga yotqizar, ertalab uyg‘ongach, hech nimani eslay olmasdim. Uyqusizlik natijasida qaysar va jirraki bolaga aylanib qoldim.

Ba’zan oddiy narsalarga ham fahmim yetmas, aqlim to‘xtab qolganday edi. Algebra, ximiya, fizika fanlarini ham, o‘qituvchilarini ham ko‘rgani ko‘zim qolmadi. Uy vazifalarini butunlay bajarmay qo‘ydim. Oxiri, ustozlarning ham men bilan mutlaqo ishlari bo‘lmay qoldi. Darslarni o‘zlashtira olmasam, nima qilay. Bo‘lmagurga bo‘lishma. Hamma o‘qib olim bo‘laversa, oddiy ishlarni kim qiladi? Odamlarga traktorchiyam, suvchiyam, mardikor ham kerak, to‘g‘rimi?

To‘xta! – deyman yana o‘zimga o‘zim, axir men dadamga so‘z bergandim-ku. Bu yog‘i nima bo‘ladi?

O‘z so‘zida turmaslik o‘g‘il bolaga yarashmaydi.

Darslarni o‘zlashtirolmayotganim menga juda alam qilardi, boshim qotib o‘z yog‘imga o‘zim qovurilaman. Bir kun yaxshi bo‘lsam, ertasiga mendan qaysar bola yo‘q. Nega bunday bo‘lyapti? O‘ylarimning oxiri ko‘rinmasdi. Ammo ko‘nglimning ich-ichida yorug‘lik bor, hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonchmi, umidmi – qandaydir ilinj bor. U menga kuch berib turadi. Bular yiqilganimdan keyingi asoratlar ekanligi xayolimga ham kelmas, tezda davolanishim zarurligiga bolalik aqlim yetmasdi. Soddagina onajonim bolamga jinlar ilashgan, deb Maxsum buvaga dam soldirar, Sora xolaga kinna silatish bilan ovora.

Ilohiy duolardan ruhim birmuncha yengil tortadi. Xuddi qovjirab qurib borayotgan nihol tagiga suv quyganday, jonlana boshlayman. Qalbimdagi sirli, madad beruvchi yorug‘likni chuqurroq his qilaman. U ko‘nglimning tub-tubidan doim menga taskin berar, «Sabr qil, bu hammasi vaqtincha, hali sen katta odam bo‘lasan, puling ham juda ko‘p bo‘ladi» deganday bo‘laveradi. Men o‘sha sehrli ovozga chin dildan ishonaman va sabr bilan baxtli kunlarni intiq kutaman.

KUTILMAGAN JUDOLIK

Dadamni kasallik yengdimi, hech qayerga ishga chiqmay qo‘ydi. Uning sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmasada, bizlarga bildirmaslikka urinardi. Ertalab barvaqt uyg‘ondim. O‘rnimdan turishga erinib yotgandim, beixtiyor dadamning onajonimga aytayotgan so‘zlari e’tiborimni tortdi. Ular odatdagidak dahlizdagi o‘choqboshida nonushta qilib o‘tirardilar.

– Biz, bolalar, D.D.T. degan kasofat dorini etaklarimizga solib, qo‘limiz bilan g‘o‘zalarga separdik. Kun bo‘yi bajargan bu ishimiz evaziga Omon aka degan brigadir har birimizga uch so‘mdan naqd pul berardi. Shu arzimagan choychaqani deb hammamiz jonimizni garovga qo‘yganimizni endi tushunib turibman. Yigitligimda samolyotga yo‘l ko‘rsatyapman, – deb fahrlanibman-u ustimdan zahar sochib o‘tayotganiga bu xom kallam ishlamabdi. Hammasi o‘sha nodonligimning mevasi.

O‘rnimdan turib dahlizga chiqdim. Dadam lovullab yonayotgan olovga xomush termilib o‘y surar, onajonim esa unsiz yig‘lardi. Yuz-qo‘limni yuvib, ularning oldiga kelib o‘tirdim. Onam ro‘molini tortib yuziga tushirdida, ko‘z yoshlarini yashirib tashqariga chiqib ketdi.

– Barakalla, o‘g‘lim, turdingmi? Bir ikkalamiz mazza qilib choy ichaylik, – dedi dadam o‘choqda sharaqlab qaynayotgan qumg‘onga qo‘l uzatib.

– Shoshmang, choyni o‘zim damlayman.

Dadamning qo‘lidan choyjo‘sh ushlashda ishlatiladigan buklangan eski do‘ppini oldim.

– Ehtiyot bo‘l, o‘g‘lim. Mayli, bir sening qo‘lingdan ham choy ichaylik-chi…

Choyni damlab uch marta qaytardim va ustini sochiq bilan yopib qo‘ydim.

– Ha, tuzuksan-ku, – dedi dadam jilmayib. – Endi katta yigit bo‘lib qolding, otam vafot etganlarida men sakkiz yoshli bolakay edim. Qiyinchiliklarni halol mehnatim bilan yengib o‘tdim. Odam mehnatdan qochmasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Lekin baribir o‘qish kerak. O‘qigan odam kam bo‘lmaydi.

Choyni ustma-ust qaytarib dadamga uzatdim.

– Men senga harom luqma yedirmay katta qildim. Ko‘nglim to‘q. Sen yaxshi inson bo‘lib voyaga yetasan, ammo onangni chizgan chizig‘idan chiqmagin, xo‘pmi?

– Nega unday deyapsiz, dada. Yoki biror yoqqa ketyapsizmi?

– Hech qayoqqa ketayotganim yo‘q. Shunchaki aytib qo‘ydim-da o‘g‘lim. Tez-tez choyingni ich, bolam. Yana maktabingga kech qolmagin.

Ota-bola kulishib nonushta qildik.

– Bozorga yangi bodring chiqdimikan? – dedi dadam o‘ylanib.

– Bilmadim. Nimaydi?

– Ikki-uch kundan beri biram bodring yegim kelyaptiki, asti qo‘yaverasan.

Maktabga ketayotganimda qo‘limga o‘ttiz tiyin tanga berib uzoq duo qildilar.

Uydan chiqarkanman, dadamni quchoqlab, bo‘ynilariga osilib erkalagim keldi, ammo bunga botinolmadim. Ikki yuztacha qadam tashlagach, beixtiyor ortimga qaradim. Dadam ko‘cha eshigimiz oldida turib, menga qo‘lini ko‘tardi. Men ham kulib unga qo‘l silkidim. Yo‘lda tasodifan Misha tog‘ani uchratib qoldim. U meni bag‘riga bosib ko‘rishdi. Sog‘lig‘imni so‘rab, qarshiligimga qaramay, qo‘limga bir so‘m pul tutqazarkan, so‘radi:

– Do‘xtirga bordingmi?

– Yo‘q.

– Men dadangga tayinlagan edim-ku, – dedi afsus langanday bo‘lib. – Eslatib qo‘y, seni, albatta, bir tekshirtirsin.

– Xo‘p bo‘ladi, – dedim-da, maktabga shoshildim.

Beshinchi soat adabiyot darsi edi. O‘qituvchimiz o‘tgan darsni endigina so‘ray boshlaganda, sinfimiz eshigini kimdir taqillatdi. Jalilov domla tashqariga chiqib kim bilandir gaplashdi-da, tezda yana sinfga kirdi. U ozgina o‘ylanib turdi va bolalarga qarab savol bilan murojaat qildi.

– Bolalar, Abdulla Qahhor shoir bo‘lganmi yoki yozuvchimi? Kim to‘g‘ri javob bersa, hoziroq darsdan ozod qilaman.

Bu juda jo‘n va oddiy savol edi. Hammamiz baravar qo‘l ko‘tardik. O‘qituvchimiz bolalarga bir-bir razm soldi-da, menga qaradi:

– Qani, Ergashev, sen aytgin-chi!

Men o‘rnimdan turib Abdulla Qahhor yozuvchi ekanligini aytib, adibning yozgan asarlaridan namunalar keltirdim.

– Bahoing besh! Yasha, Ergashev! Senga javob, ketishing mumkin, – dedi Jalilov ko‘zoynagi tepasidan menga qarab.

Anchadan buyon besh olmayotgandim. Juda xursand bo‘ldim. Sumkamni olib eshik tomon yurayotgandim, domlamiz:

– Ko‘chalarda sang‘imay, to‘g‘ri uyingga bor. Tushundingmi, o‘g‘lim, – dedi muloyimlik bilan.

– Xo‘p bo‘ladi, – dedim-u, tashqariga otildim.

Kayfiyatim a’lo, chunki cho‘ntagimda bir so‘m-u o‘ttiz tiyin pulim bor. Buning ustiga besh olganimni aytmaysizmi. Qo‘shiq xirgoyi qilib ko‘chaga chiqdim. Uzoqdan avtobusning qorasi ko‘rindi. Qishlog‘imizdan tuman markazigacha o‘n daqiqalik yo‘l. Mabodo bozorga yangi bodring chiqqan bo‘lsa, dadamga ikki dona olib kelsam, zo‘r bo‘lardi-da.

Kallamga kelgan bu ajoyib fikrdan quvonib, avtobusni to‘xtatdim. Baxtimni qarangki, bozorda bir dehqon yigit o‘n-o‘n beshta kichikroq bodringni gazeta ustiga bir juftdan qilib terib qo‘yibdi. Darrov narxini so‘radim. Ikki donasi bir so‘mdan ekan. Bir juftini sotib oldim-da, tezda yana avtobusga chiqdim. Atrofni bodringning yoqimli isi tutib ketdi. Yangilik bo‘lgani uchunmi, bittasini juda-juda yegim keldi. Ammo dadamni xursand qilish istagi ustun kelib, o‘zimni tiydim.

Avtobusdan tushib, uyga shoshildim. Qani endi tezroq uyga yetib borsam-u, dadajonimni quvontirsam. Mahallamizga yaqinlashganimda suvga chiqqan xotinlar menga sirli qarab o‘zaro pichirlashardi.

– Ha, bechora bolaga qiyin bo‘ldi, – deganlari qulog‘imga chalindi. Kimgadir o‘xshatishyapti shekilli. Ularga parvo qilmay, yo‘limda davom etdim.

Uyimizga yaqinlashgach, qandaydir noxushlik yuz berganini angladim. Eshigimiz oldida odam ko‘p edi. Banoras chopon kiyib olgan tog‘am, meni ko‘rdi-yu, «otang, otang» deganicha quchoqlab yig‘lay boshladi. Nima bo‘layotganini anglamay uyga qarab chopdim. Onajonim dod solib meni bag‘riga bosdi.

– Dadangdan ajrab qoldik, bolam! – deya uvvos solib yig‘layverdi. Kimdir onamni yupatishga urinar, kimdir yuzlarimga suv separdi. Ko‘zlarimga qatra yosh kelmas, gung va soqovga aylanib qolgan edim. Qo‘shni xotinlar birpasda kattagina chopon va boshimga do‘ppi kiygizib, belimni qiyiq bilan mahkam boylab qo‘ydilar. Miyam fikrlashdan to‘xtab qolganday edi. Karaxt ahvolda odamlarga tikilib tursam-da, ko‘zlarim hech kimni ko‘rmasdi.

Dadamni tuproqqa qo‘yib keldik.

Tun. Bir nuqtaga tikilib qancha o‘tirdim, eslolmayman.

– Tur, bolam, choponingni yechib, damingni ol. Ertaga barvaqt turishing kerak, – dedi onajonim xirqiroq ovozda. Boshim g‘uvullar, toliqqanimni his qildim. Choponimni yechib, shimim bilan ko‘rpaga cho‘zildim. Nimadir qattiq botganday bo‘ldi.

Cho‘ntagimga qo‘l soldim. Bir juft ko‘m-ko‘k bodring… Birdan ko‘zlarim charaqlab ochilganday bo‘ldi. Karaxtlik ortga chekinib, o‘zimga kelgandim. Ichkariga qaradim. Uyimizda yotib qolgan xotinlar berilib kitobxonlik qilishardi. Nimalar bo‘layapti o‘zi? Ayni paytdagi holatni anglab, o‘zimni boshqarolmay qoldim. Ovozimning boricha ular tomonga qarab baqirdim.

– Axir, men bu bodringlarni dadamga olib kelgandim-ku! Dadam qani?! Nahotki, endi mening dadam yo‘q! Onajonim ikkimizni kimlarga tashlab ketdingiz, dadajon! Hech qayerga ketayotganim yo‘q, degandingiz-ku! Meni aldagan ekansiz-da, dada-j-o-on! Voy dadajon-i-im!

Kutilmagan dod-u faryodimdan cho‘chib ketgan ayollar menga qarab tarashadek qotib qolishdi va bir uy xotin baravariga menga qo‘shilib o‘kirib yubordi.

Bu alamli yig‘idan uy larzaga keldi. Onajonim chopib kelib, meni bag‘riga bosdi. Ona-bola quchoqlashib, uzoq yig‘lashdik. Oxiri Oyimchaxon ena kelib, onajonim ikkimizni koyigan bo‘ldi. Allohning ishiga sabrli bo‘lishimizni aytib, tanbeh berdi. Nasihatlar qilib, ko‘nglimni ko‘tardi. Uyda yana kitobxonlik davom etdi.

Men esa ko‘rpaga boshimni o‘rab, o‘ksib-o‘ksib yig‘layverdim, yig‘layverdim.

OYIMCHAXON ENA

Dadamning katta-kichik marosimlari o‘tdi. Qo‘chqorimiz so‘yildi. Qo‘ylarimiz sotildi. Katakdagi oltita tovug‘imizdan boshqa hech vaqo qolmadi. Eng yomoni, hali otamning yigirmasi o‘tmay turib, qizamiq degan kasallik bir yashar singlimga ham chang soldi. Bu bedavo kasallikdan ko‘plab go‘daklar nobud bo‘lar, onalarning fig‘oni yer-u ko‘kka sig‘masdi. Ham eridan, ham suyukli qizalog‘idan judo bo‘lgan onajonim yig‘layverib adoyi tamom bo‘ldi…

Marosimlardan keyin hamma uy-uylariga tarqadi. Faqatgina onamning ammasi Oyimchaxon ena dadamning qirqi o‘tmay turib, bizni yolg‘iz tashlab ketgisi kelmadi. U sakson yoshlardan oshgan bo‘lsa-da, xiyla chaqqon, jussasi kichik, oq nuqtali qora ko‘ylagining bir juft tugmasini tomog‘igacha qadab yuradigan, chiroylikkina kampir edi. Oyimcha ena bolalarga mehribon, shu bilan birga, juda ko‘p ertak va dostonlarni yoddan bilardi. Men dono enani juda yaxshi ko‘rib qoldim. Onajonim ham u bilan juda chiqishar, tonggacha suhbat qurishsayam, gaplari tugamasdi.

Ularning aytishicha, dadamni jigar kasali olib ketgan emish.

Maktabdan kelib endigina tushlik qilib bo‘lgandim, Oyimchaxon ena imlab oldiga chaqirdi.

– Qaysi kitoblarni o‘qigansan, Do‘zali (Oyimchaxon ena meni erkalab Do‘zali deb chaqirardi).

– «Alyonushkaning boshidan kechirganlari»ni, – dedim biroz qimtinib.

– Mayli, Alyonushkangni ham o‘qigin-u, ammo o‘zimizning doston va ertak kitoblarimizni ko‘proq bilishing kerak, enang cho‘ri, – dedi qo‘limga uch so‘m pul tutqazarkan.

– She’riy kitoblar ham o‘qiganman, – dedim bo‘sh kelmay.



– Kam bo‘lma, enang cho‘ri. Ko‘proq o‘qigin, xo‘pmi. Zamon o‘qiganniki, bolam.

– Xo‘p bo‘ladi.

– Barakalla! Oyimchaxon ena yelkamga qoqib qo‘ydi:

– Bo‘ron buvaning uyini bilasanmi?

– Attor Bo‘ron buvani aytyapsizmi?

– Ha, ana topding qoqindiq, xuddi o‘shani aytyapman.

– Bilaman.

– O‘sha attorning uyiga borib, manavi pulning ikki so‘miga echki junidan eshilgan, bir dumaloq ip olib kelasan. Qolgan bir so‘mi o‘zingga, biror narsa olib yersan, bolam.

– Xo‘p bo‘ladi, enajon.

Ko‘chaga qarab chopdim. Ortimdan Oyimchaxon enaning muloyim ovozi eshitildi:

– Hoy, ehtiyot bo‘lgin, bolam, yo‘lda moshin ko‘p.

Bo‘rini yo‘qlasang, qulog‘i ko‘rinadi, deganlariday katta yo‘lga chiqishim bilan Bo‘ron buvani uchratib quvonib ketdim, manzilim ancha yaqin bo‘lgandida. U aravaga o‘tirganicha bizlarga yod bo‘lib ketgan «ashula»sini baralla aytib kelardi:

– O-oq yi-ip-u qizil yi-i-p-u, yog‘och ta-roq keldiyu,

Qaro sa-qich, pu-fak, shar-lar, qan-din bod-roq keldi-yu…

Uzun bo‘yli, lablari qalin, qoramag‘iz, qishin-yozin qora chopon kiyib yuradigan bu qariyani butun qishloq yaxshi taniydi. Eshagi ham o‘ziga o‘xshagan qop-qora. Aravasining atrofi novdalar bilan savat qilib o‘ralgan. Uning ichi xuddi ko‘chma do‘konning o‘zi desam, ishonavering. Cho‘zma deysizmi, lankaning tagiga qo‘rg‘oshin deysizmi, xo‘rozqand-u pashmak, surnay chaladigan shar, to‘plarning ming xili, qo‘yingki, bu sehrli chaylada anqoning urug‘idan boshqa hamma narsa topiladi. Bo‘ron buva qishloqlarni aylanib shisha yig‘adi. Ikkita shisha topsangiz, bir yumaloq bodroq yoki bitta shar olaverasiz. Darrov enam aytgan ipni sotib oldim.

– Ovora bo‘psan-da, bolam, o‘zim eshiging oldiga borardim-ku, – deb qo‘limga bitta bodroq tutqazdi va yana yo‘lida davom etdi.

Yonimda yana bir so‘m pulim bor. Bodroqni ermak qilib o‘ylana boshladim. Menimcha, Oyimchaxon ena qolgan bir so‘miga kitob sotib olgin, deyolmadi. Enamni xursand qilishni dilimga tugib, tuman markaziga boradigan avtobusga chiqdim. Kitob do‘konini aylanib «Chalpak yoqqan kun» degan o‘zbek xalq ertaklarini sotib oldim. Kechki ovqatdan keyin onam ikkovlariga «Uch og‘ayni botirlar»ni xuddi O‘ktam akaday sharillatib o‘qib bergandim Oyimcha ena xursand bo‘lganidan yig‘lab duo qildi.

– Umring o‘xshamasin, bolam, yoshligimda Jamol degan o‘rtog‘im bor edi. Ocharchilik yillarida dadamga shogird bo‘lib mahsi tikishni o‘rganardi. Kitobni xuddi senday, tutilmay qiroat qilardi. Uyi uzoq bo‘lgani sabab, uyimizda qolardi. Doim birga o‘ynardik.

Bir kuni ikkalamiz bozorga bordik. Bola bechora ochlikka chidolmay, non rastasidan bitta kulcha olib qochsa bo‘ladimi. Nonfurushlar bir bo‘lib quvib ketyapti-yu, Jamol sho‘rlik non kavshash bilan ovora. Toshbag‘irlar uni tutib olib, chunonam urdiki…

Oyimcha ena jimgina yig‘lab, ko‘z yoshlarini artdi.

– Boyaqish, uyda uch-to‘rt kun yotib olamdan o‘tdi. Vahshiylar go‘dakkinani jigarini ezib qo‘yishgan ekan. Eh, qanday zamonlar o‘tdi-ya.

Oyimchaxon ena nimcha, jun paypoq to‘qishga juda usta ekan. G‘amga botgan jiyanini chalg‘itgisi keldimi, onajonimga erinmay to‘quvchilikni o‘rgata boshladi. Besh-o‘n kun o‘tmay, onajonim ham paypoq to‘qishni binoyiday o‘rganib oldi.

– Bo‘sh o‘tirma, qizim – dedi u onamni maqtab. – Shu ishni kanda qilmasang, darding yengillashadi, ham ro‘zg‘oringga baraka kiradi.

Otamning qirqi ham o‘tdi. O‘sha kuni allamahalgacha kitobxonlik bo‘ldi. Oyimchaxon ena uzundan uzun marsiyalar aytib, mahallamiz xotinlarini yum-yum yig‘latdi.

 
Holatimdur noravo,
Men yig‘lamay kim yig‘lasin?
Dard beribdur bedavo,
Men yig‘lamay kim yig‘lasin?!
 

Marosimning ertasiga Oyimchaxon ena uyiga ketishga taraddudlana boshladi. Men unga juda o‘rganib qolganim uchun bu farishtasifat qariya uyiga ketishini sira istamasdim. Yalindim, yolbordim, foydasi bo‘lmadi. Nevara-chevaralarini sog‘ingani, tez orada yana kelishini aytib biz bilan xayrlashdi. Tugunini ko‘tarib, avtobusgacha kuzatib bordim.

– Sen hech xafa bo‘lma, Do‘zali bolam. Otasi o‘lgan gulyetim, onasi o‘lgan shum yetim, degan gaplar bor.

– Demak, men gulyetim ekanman-da, dedim o‘ylanib.

– Ha, sen gulyetimsan. Baxtingga onang bor bo‘lsin, bolam. Mard asl erlarni onalar tarbiyalaydi. Elda shunday gap yuradi. «Otasi jinnini bittasi jinni, onasi jinnini hammasi jinni». Onang aqlli ayol, u seni gulday avaylab katta qiladi. Hech qachon o‘ksinma!

Ikki ayol darrov avtobusdan tushdi-da, xuddi eski tanishlarday ko‘rishib, kampirga ko‘maklashgan bo‘ldilar.

Oyimchaxon enaning yuzida fayzmi, donishmandlikmi, qandaydir ta’riflab bo‘lmas tortim, ohanrabosi bor edi. Shundanmi, uni kim ko‘rsa, bir bag‘riga bosgisi, suhbatlashgisi kelaveradi. Institut tugul oddiy maktabni ham ko‘rmagan bu xazina kampir shuncha bilim, ma’rifatni qayerdan oldiykin? Yoki palagi toza, ilmli odamlarning farzandi o‘qimishli, ziyoli bo‘lib tug‘ilarmikin? Unday desam, mahallamizdagi Oqilxon qorining o‘g‘li g‘irt alkash-ku. Aravakash Tursun oshqovoqning o‘g‘li Shavkat aka maktabni oltin medal bilan bitirib, o‘z kuchi bilan Toshkent sharqshunoslik institutida o‘qiyapti. Bu yechilmas jumboqlar haqida ko‘p o‘ylayman.

Demak, mardikorning o‘g‘li ham yaxshi o‘qisa, bir kun, albatta, katta odam bo‘ladi. Men bunga ishonaman.

BOZORDAN NASIBA IZLAGANIM

Oyimchaxon ena ketgach, uyimiz huvullab qoldi. Ona-bola bir-birimizga suyanib kun ko‘ramiz. Kunduzi unchalik bilinmasa-da, tunlari adoqsiz xayollar iskanjasida qiynala boshladim. Onajonim ham allamahalgacha uxlolmaydi. Menga bildirmaslikka harchand urinmasin, yig‘layotganini sezib yotaman. Uni yupatishga chorasiz ekanimdan ko‘zlarim yoshga to‘ladi. Azobli o‘ylar og‘ushida charchab, uxlab qolaman.

O‘qishlar tugab, uch oylik ta’til boshlandi. Onajonim ertalabdan yarim tungacha paypoq to‘qiydi. Yoz fasli bo‘lgani uchun bu paypoqlarni hech kim sotib olmaydi. Birgina umid tomorqamizdan edi. Daraxtlar ham dadamga aza tutdimi, yolchitib meva tugmadi. Yetishmovchiliklar boshlandi. Qanday qilib pul topishni o‘ylay boshladim. O‘rtog‘im Zokir bilan xufiyona kelishib, bozorda ayron sotmoqchi bo‘ldik. Zokir qayerdandir bir bo‘lak muz topib keldi. Bor pulimizni o‘rtaga tashlab, qo‘shnimiz Sora xoladan qatiq sotib oldik.

Onamdan yashirib qo‘shquloq satil bilan cho‘michni oldim-da, Zokir bilan bozorga jo‘nadik. Ayronni tayyorlab, gazeta bilan yopilgan taxta quti ustiga qo‘yib, ishni boshlab yubordik. Zokir bunaqa ishlarga chaqqongina ekan, darrov ikkita qip-qizil olma bilan rayhon topib kelib, ayronning ichiga tashlab qo‘ydi. Xursand bo‘lib avval o‘zimiz ichib ko‘rdik. Suvni ko‘proq qo‘shib qo‘yibmiz chog‘i, ayronimiz uncha o‘xshamadi. Havo issiqligidanmi, hartugul xaridorlar bizni zeriktirib qo‘yishmadi. Ayron kamayishi bilan chopqillab borib vodoprovoddan suv keltiraman. Bir chetga o‘tib, tezda yangisini tayyorlayman. Xullas, boshlanishi chakki emas.

Birinchi kuni olti so‘m sof foyda ko‘rib, Zokir ikkalamiz uch so‘mdan bo‘lib oldik. Birinchi bor uyimizga to‘rtta non, oyijonimga pashmak qand olib keldim. Onam meni bag‘riga bosib, uzoq yig‘ladi. Yuzlarimdan o‘pib: «O‘g‘lim yigit bo‘pti, Xudoyimdan aylanay», deb Yaratganga shukrona keltirdi. Men o‘zimda yo‘q shod edim. Ikkinchi kuni mijozlarning avzoyini ko‘rib uyaldimmi, qatiqdan ko‘proq qo‘shdim.

Bu ishim Zokirga unchalik yoqmadi. Stakan chayayotgan chelagimizdagi suv ham xuddi ayronga o‘xshab oqarib qolgandi, Zokir u yoq-bu yoqqa qaradi-da, o‘sha suvni ham ayronga qo‘shib yubordi. Endi men qarshilik ko‘rsatdim. Ikkalamiz kelisholmay, tortishib qoldik. Buning ustiga oq xalat kiygan bozor sanitarlari kelib savdo qilishimizga ruxsat berishmadi. Ayronga qo‘shiladigan suv qaynatilgan bo‘lishi kerakligini o‘shanda bildim. Tekshiruvchilar manzilimizni, qaysi maktabda o‘qishimizni yozib olishdi. Biz boshqa bunday qilmaslikka so‘z berib, arang qutulib qoldik.

Shunday qilib, ishbilarmonligimiz ham tezgina nihoyasiga etdi.

Endi nima qilaman. Bozordan o‘zimbop ish istab, odamlarni kuzatib, aylanib yuraverdim. Kiraverishda ko‘zi ojiz Qori tog‘a yerga o‘tirganicha barmoqlarini qisirlatib, berilib qo‘shiq aytadi. Bu ishi uchun kimdir sariq chaqa, kimdir tanga tashlab ketadi.

Latif degan qop-qora barvasta yigit semechka sotadi. U tinmay:

– Kep qoling, Jallovotti semichkasi, – deb bozorni boshiga ko‘taradi. Bir qarasangiz, uzala tushib, tipirchilaganicha yerda yotadi. U bechora yigitning tutqanoq dardi borligini keyin bildim.

Yana Sadoqat degan jinni xotin bor. U to‘xtamay bozor aylanadi, kuladi. Xohlagan odamiga nimalarnidir tushuntirmoqchi bo‘ladi. Unga hech kim parvo qilmaydi. Quloq ham solmaydi.

Qo‘lidagi kichkina idishda atrofga suv sepadi. Suvi tugasa, yana idishini to‘ldirib keladi. Aytishlaricha, Sadoqat xola yoshligida juda chiroyli bo‘lgan. Sevgan yigiti suvga cho‘kib o‘lgach, bu ayriliqqa chidayolmay es-hushidan ayrilgan emish.

Bozorning panaroq joyida o‘n sakkiz yoshlar atrofidagi kissavursifat bola og‘zining bir chekkasiga sigaret qistirib, qarta yordamida qimorbozlik qiladi. U gazeta ustiga chaqqonlik bilan uchta qartani tashlab, qizilini topganga pul beraman – deb vaysagani-vaysagan. Qartaboz bolaning ko‘zlari ko‘k, o‘sgan sochlari bu yaqin orada suv ko‘rmagani shundoqqina bilinib turibdi. Ustidagi ko‘ylagining oldi ochiq, pastki ikki uchini tugun qilib mahkam bog‘lab olgan. Uning oldida o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlardagi o‘ziga mos ikkita malayi ham bor. Ular o‘zini xuddi notanishlarday tutib, pul tikib, go‘yoki yutadilar va boshqa sodda bolalarni avrab o‘yinga jalb qiladilar. Shu tariqa uchala shovvoz qaroqchilik bilan shug‘ullanadi. Malaylarining biri ko‘zimga tanish ko‘rinaverdi. O‘ylab-o‘ylab, oxiri topdim. Mol bozoridagi morchashm, baqiroq odamning o‘g‘li. Ha, xuddi o‘shaning o‘zi.

Olg‘ir shumtakalarning tuzog‘iga ilinib qolishdan cho‘chib, ulardan uzoqlashdim.

Ko‘chma do‘konlarni aylanib yurib, choydan bo‘shagan kattagina qutilarga ko‘zim tushdi. Choy qutilar to‘rtburchak toza yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, tagi va to‘rt tomoni silliq faner bilan qoplangan edi. Kallamga kelgan fikrdan quvonib narxini so‘radim. Sakson tiyindan ekan. Darrov ikkitasini harid qilib, uyga jo‘nadim. Qutini buzib, to‘rtburchak taxtalarini istaganimday arralab bo‘laklarga bo‘ldim va kichkina-kichkina jo‘natma (posilka) sandiqchalari yasay boshladim. Bitta choy qutisidan to‘rt dona yashikcha yasasa bo‘lar ekan. Misha tog‘aning ishlarini ko‘rib, ko‘zim pishib qolgani asqatdi.

Yakshanba kuni sandiqchalarimni ko‘tarib bozorga bordim. Omadim kelib, ularning har birini ikki yarim, uch so‘mdan pulladim. Yigirma so‘m sof foyda ko‘rganimdan xursand bo‘lib, yana ikkita choy quti sotib oldim.

Keyingi yakshanba, men o‘ylaganday yakun topmadi. Quyunday bostirib kelgan johil soliqchilar yalinganimga qaramay, sandiqchalarimni tepib majaqladi. Seni javobgarlikka tortamiz, – deb dag‘dag‘a qilishdi. Qochib qutulishdan boshqa choram qolmadi.

Nima qilishimni bilmay, bozor ichidagi choyxona oldida xomush o‘ylanib o‘tirgandim, doim qizarib yuradigan «Samar kalla» imlab oldiga chaqirdi. Samar kallani hamma taniydi. Choyxonachi Husan posonga suv tashib, ba’zi yugur-yetim ishlarini bajarib yuradigan kallasi paqirday keladigan, odamovi kishi. Uning ustida eski harbiy shinel, oyog‘ida yaqin tizzasigacha boradigan tagcharmi qalin botinka, o‘sib ketgan patak sochlarini barmoqlari bilan orqasiga tarab, sarg‘aygan eski do‘ppini bostirib kiyib yuradi. Uning oldiga chopib bordim.

– Labbay, Samar aka!

– Idishlarimni suvga to‘ldirib bersang, naq uch so‘m beraman.

Uning og‘zidan kelayotgan badbo‘y, qo‘lansa hidga chidab bo‘lmasdi.

– Pulini oldindan to‘laysizmi?

– Sen avval ishni qoyillat, shinok. Ana undan keyin olasan-da o‘sha pulingni. Men mard odamman, lafz qildimmi bajaraman, o‘g‘il bola. Ishni do‘ndirgin-da, jaraqlatib pulingni sanab olaver, – dedi menga ish buyurayotganidan rohatlanib.

– Xo‘p bo‘ladi, – dedim-da, paqirlarni olib ishga kirishdim. Xursand bo‘lib bir nechta katta mis idishlarni suvga to‘ldirdim. O‘ttiz chelakdan ortiqroq suv tashidim chog‘i. Kutilmaganda ariq bo‘yida sirg‘anib yiqilib tushdim. Bir poy tuflim ariqqa tushib oqib ketdi. Harchand urinmay, topishning iloji bo‘lmadi. Samar kalla so‘zida turmadi. Tirjayib turib qo‘limga yigirma tiyin tanga tutqazdi.

– But qilib bering, Samar amaki, – dedim yalinib.

– Senga shunisiyam yetadi. Yosh bola bo‘lsang, ko‘p pulni yo‘qotib qo‘yasan, bor!

– Lafzingizda turmaysizmi?

– Jinqarcha!

U birdan g‘azabga minib, bolaxonador so‘kindi va meni urmoqchi bo‘lib quvlashga tushdi. Meva bozorining kimsasiz bo‘sh rastasiga o‘tirib, xo‘rlanganimga alam qilib yig‘ladim. Poyabzalim yo‘q. Endi onamga nima deyman. Birdan ko‘zim rasta ostida turgan bir poy yaltiroq qora (lakirovanniy) tufliga tushdi. Sal narida ikkinchi poyi ham to‘ntarilib yotibdi. Kimdir yangisini olib, eskisini uloqtirib ketgani aniq. O‘rnimdan turib har ikkalasini qo‘limga oldim.

O‘ng poyi ozgina yirtilgan, chapi but-butun edi. Kiyib ko‘rdim. Ozgina kattaligini hisobga olmaganda kiysa bo‘laveradi. Endi nima qilsam ekan. Atrofni kuzatib o‘ylana boshladim. Menga o‘xshaganlar bozordan non yeyolmaydi shekilli. Yaxshisi, boshqa ish topaman. Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib, uyga jo‘nadim.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации