Читать книгу "Дюймчахон. Сандиқ-самолёт. Йўлдош ўртоқ"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
SANDIQ-SAMOLYOT
Qadim zamonda bir savdogar bo‘lgan ekan, u shu qadar boy ekanki, butun boshli ko‘chaga va hatto muyulishga ham kumush tangalarni toshdek terib chiqishi mumkin ekan; biroq u bunday qilmas, pullarini boshqacha sarflashni yaxshi ko‘rar, ya’ni agar bir tanga sarflasa, uni o‘n tanga qilib undirib olar ekan. Ana shunaqangi savdogar ekan u! Qo‘qqisdan u o‘lib qolibdi.
Uning barcha pullari o‘g‘liga qolibdi, o‘g‘li esa shod-xurram yashay boshlabdi: u har kecha maskaradga borar, kredit qog‘ozlaridan varrak yasab uchirar, hovuz atrofiga tosh o‘rniga tilla yotqizib chiqar ekan. Tabiiyki, tezda bu pullar g‘alvirdan to‘kilgan suvdek tugab, kattakon merosdan bolapaqirning qo‘lida atigi to‘rtta qora chaqa, egnida eski kamzul va bitta tufli qolibdi, xolos. Endilikda do‘stlari ham uni tanib tanimaslikka olishar, hatto ko‘chada ham u bilan birga yurishga uyalishar ekan; faqat bittagina saxiy do‘sti bo‘lib, u bolakayga: “Lash-lushlaringni solib qo‘yarsan”, deya bitta sandiq beribdi. Bu juda yaxshi ekan-ku, biroq endilikda bolaning hech qanaqangi lash-lushi qolmagan ekan, shuning uchun ham sandiqning ichiga uning o‘zi kirib olibdi.
Bu sandiq oddiy sandiqlardan emas ekan. Uning qulfini bossa, sandiq havoga ko‘tarilar ekan. Savdogarning o‘g‘li ham xuddi shunday qilibdi. Qulfni shundoq bosgan ekan, sandiq tomning mo‘risigacha ko‘tarilibdi, so‘ng esa bulutlarga qarab parvoz qilibdi, faqat uchayotganda sandiqning osti titrab turar ekan! Shuning uchun ham savdogarning o‘g‘li qattiq qo‘rqib ketibdi, agar sandiq parchalanib ketadigan bo‘lsa, bolakay chirpirak bo‘lib yerga qulab tushar ekan-da! Yo‘g‘-e, xudo saqlasin! Shunday qilib u Turkiyaga uchib boribdi, sandig‘ini o‘rmon ichidagi xazonlar orasiga ko‘mib qo‘yibdi-da, o‘zi shaharga ravona bo‘libdi, bu yerda u hech qanday o‘ng‘aysizlik sezmas, chunki Turkiyada barcha kishilar kamzul va tufli kiyib yurar ekan-da. Ko‘chada u chaqaloq ko‘tarib olgan bir enagaga duch kelib, undan so‘rabdi:
– Menga qara, hoy turk enaga! Shaharning qoq o‘rtasidagi bu qanday hashamatli saroy bo‘ldi o‘zi, derazasi buncha baland?
– Unda malika yashaydi! – deb javob qilibdi enaga. – U o‘z qaylig‘i tufayli baxtsiz bo‘ladi deb bashorat qilingan; shuning uchun ham uning huzuriga qirol bilan qirolichadan boshqa hech kim chiqa olmaydi.
– Rahmat, – debdi savdogarning o‘g‘li va o‘rmonga qaytib borib, sandig‘iga o‘tiribdi-da, to‘ppa-to‘g‘ri saroy tomiga uchib kelib, derazadan malikaning huzuriga kiribdi.
Malika divanda shunaqangi chiroyli uxlab yotgan ekanki, bola uni o‘pib olishdan o‘zini tiya olmabdi. Malika uyg‘onib qolib, juda qo‘rqib ketibdi, lekin savdogarning o‘g‘li, men sening huzuringga osmondan uchib kelgan turk tangrisi bo‘laman, degan ekan, bu malikaga juda yoqib qolibdi.
Ular yonma-yon o‘tirishibdi, bola malikani ta’riflab ertaklar ayta boshlabdi: sening ko‘zlaring xayoliy parilar cho‘milib turgan bir juft qora dengiz, oppoq peshonang esa qorli tog‘ cho‘qqilaridagi ajoyib suratlar osib qo‘yilgan koshonalarga o‘xshaydi, debdi u; oxirida odamlarga jajjigina yoqimtoy chaqaloqlarni olib keladigan laylak haqida hikoya qilibdi.
Ha, bular judayam ajoyib ertaklar ekan! So‘ng u malikaga uylanmoqchi bo‘libdi, malika ham darhol rozilik beribdi.
– Faqat siz bu yerga shanba kuni kelishingiz kerak! – debdi malika. – O‘sha kuni mening huzurimga qirol bilan qirolicha choy ichgani kelishadi. Ular mening turk tangrisiga turmushga chiqishimni eshitib rosa xursand bo‘lishadi, faqat siz ularga qiziqroq ertaklar aytib berishga harakat qiling, chunki mening ota-onam ertaklarni juda yaxshi ko‘rishadi. Onam jiddiy, ibratli ertaklarni sevsa, otam quvnoq, kulgili ertaklarni yoqtiradi.

– Men ham ertaklardan boshqa hech qanaqangi to‘y sovg‘asi olib kelmayman, – debdi savdogarning o‘g‘li. Shu tariqa ular ajralishibdi; xayrlashuv oldidan malika unga boshdan-oyoq tilla tangalar bilan bezatilgan bir qilich sovg‘a qilibdi, bolaga ham xuddi shu narsa yetmay turgan ekan.
U shu zahoti uchib borib o‘ziga yap-yangi kamzul sotib olibdi, so‘ng esa ertak to‘qish uchun o‘rmonga parvoz qilibdi; bola shanbagacha ertak to‘qishi kerak, bu esa u qadar oson ish emas ekan-da.
Mana, nihoyat, ertak ham tayyor bo‘libdi, shu orada shanba kuni ham yetib kelibdi. Qirol, qirolicha va barcha saroy a’yonlari malikaning huzuriga to‘planishibdi. Choy tayyorlashga amr etib qo‘yilgan ekan, savdogarning o‘g‘lini dabdaba bilan kutib olishibdi.
– Qani, bizga birorta ertak aytib ber-chi! – debdi qirolicha. – Faqat jiddiyroq, ibratli ertaklardan bo‘lsin.
– Kulgiliroq bo‘lsa ham mayli, – deya qo‘shib qo‘yibdi qirol.
– Bo‘pti, – deya ertagini boshlabdi savdogarning o‘g‘li. – Unda yaxshilab quloq soling! Bor ekan-da, yo‘q ekan, oliy tabaqadan bo‘lgani bilan faxrlanadigan oltingugurtli bir quti gugurt bo‘lgan ekan: uning ajdodi, ya’ni barcha qarindosh-urug‘lari o‘rmondagi eng katta, eng keksa qarag‘aydan kelib chiqqan ekan. Endilikda bu gugurtlar tokchada chaqmoqtosh bilan eski temir qozon o‘rtasida yotgancha qo‘shnilariga o‘z bolaliklari haqida hikoyalar aytishar ekan.
– Ha, biz yosh va yam-yashil bo‘lganimizda judayam zo‘r yashar edik (biz o‘shanda chindan ham yam-yashil edik-da!), – der ekan ular. – Har kuni ertalab va kechqurun billur choy, ya’ni shabnam ichar edik, kunlarimiz juda yorug‘, ravshan bo‘lib, boshimizdan quyosh nur sochib turar, qushlar qo‘shiqlar aytib berishar edi. Biz boy xonadonga mansub ekanimizni juda yaxshi bilar edik: yirik bargli daraxtlar faqat yozdagina kiyinishar, bizning esa qishda ham kiyishga yetadigan yam-yashil liboslarimiz bor edi. Biroq daraxt kesuvchilar kelishi bilanoq katta inqilob boshlandi! Natijada bizning oilamiz ham butun jahonga tumtaraqay bo‘lib ketdi. Oila boshlig‘i bo‘lmish daraxtimizning tanasi ajoyib bir kemada grot-machtalik22
Grot-machta – yelkanli kemada: o‘rtadagi eng baland machta.
[Закрыть] o‘rnini egalladi, endilikda agar istasa butun dunyo bo‘ylab sayohat qilishi mumkin; shoxlarimiz ham har tomonga tarqab ketdi, bizning chekimizga esa shamdondagi shamlarni yoqib turish xizmati tushdi. Shuning uchun ham biz aslzodalar oshxonaga tushib qoldik.
– Mening taqdirim esa butunlay boshqacha bo‘lgan! – deya gap boshlabdi gugurt yonida turgan qozon. – Dunyoga kelgan kunimdanoq meni tinmay tozalashadi, qirtib-artib olovga qo‘yishadi. Faqat tirikchilik uchun kuyib-pishaman, rostini aytganda, men bu xonadonda birinchi o‘rinda turaman. Agar ixtiyor qilsam, ovqatdan so‘ng tozalanib olib, yon-verimdagi o‘rtoqlarim bilan shirin suhbatlar quraman. Har zamonda hovliga chiqib turadigan chelakni aytmaganda, bizning hammamiz uy bekalari hisoblanamiz; har xil yangiliklarni ham masalliq tashiydigan savatdan bilib olamiz, biroq u hokimiyat va xalqqa juda keskin munosabat bildiradi! Uning gaplarini eshitib yaqinda eski xurmacha qo‘rqqanidan tokchadan qulab tushib, parcha-parcha bo‘lib ketdi. Ha, sizga aytsam, savatning bir oz yengiltakligi bor!
– Rosa ezmalanding-da! – debdi qo‘qqisdan chaqmoqtosh va kremniyga33
Ilgarilari chaqmoqtoshni kremniy metaliga urib uchqun chiqarishgan va shu tariqa olov yoqishdan.
[Закрыть] shunaqangi urilibdiki, uchqunlar chaqnab ketibdi. – Yaxshisi, bir o‘tirish tashkil qilmaymizmi?
– To‘g‘ri, oramizda kimning hammadan ko‘ra ko‘proq aslzoda ekani haqida gaplasha qolaylik! – deyishibdi gugurt cho‘plari.
– E, yo‘q, men o‘z-o‘zim haqida gapirishni yoqtirmayman, – debdi sopol kosa. – Shunchaki suhbatlashib o‘tira qolaylik. Men barchamiz, har birimiz uchun tanish va tushunarli bo‘lgan hayot haqida biror narsani aytib bera qolay. Xullas, eshiting: ona dengiz qirg‘og‘ida, qora qayinlar soyasida…
– Boshlanishi zo‘r ekan! – deyishibdi likopchalar. – Mana endi xuddi ta’bimizdagiday voqeani eshitadigan bo‘ldik.
– Mening yoshligim o‘sha yerda, ahil bir oilada o‘tgan. U yerda mebellarni artishar, pol yuvishar, deraza pardalarini har ikki haftada almashtirib turishardi.
– Judayam qiziqarli hikoya qilyapsiz! – debdi pol cho‘tkasi. – Bu hikoyamizdan ayol kishining hidi kelib, orastalik sezilib turibdi.
– To‘p-to‘g‘ri! – debdi chelak va hatto mamnun bo‘lganidan polga suv sachratgancha sakrab ketibdi.
Sopol kosa o‘z hikoyasini davom ettiribdi, bu hikoyaning oxiri ham xuddi boshi kabi juda qiziq ekan.
Likopchalar zavqlanganlaridan chaqara-chuqur qilib silkinishibdi, pol cho‘tkasi esa tuproq to‘ldirilgan quti ichidan bir bo‘lak yam-yashil petrushkani uzib olib sopol kosaga taqib qo‘yibdi; bu boshqalarning g‘ashiga tegishini u yaxshi bilar ekan, lekin shu zahoti: “Agar men bugun sopol kosaga petrushkadan toj kiydirgan bo‘lsam, ertaga u menga toj kiydiradi!” – deb o‘ylabdi u.
– Endi biz o‘ynab beramiz! – degancha otashkuraklar raqsga tushib ketibdi. Yo tavba, ular goh u oyoqlarini, goh bu oyoqlarini shu qadar baland ko‘tarishar ekanki! Bir burchakda turgan eski kursining jildi bu tomoshaga chiday olmay yorilib ketibdi!
– Bizga ham toj kiydirishadimi? – deb so‘ragan ekan otashkuraklar, ularga ham shu zahoti toj kiydirib qo‘yishibdi.

So‘ng samovarning navbati kelibdi; u qo‘shiq aytib berishi kerak ekan. Lekin samovar, mening ichim qaynab tursagina qo‘shiq ayta olaman, deb bahona qilibdi, u qo‘shiq aytishni istamaganidan shunchaki o‘zini katta olib, xuddi ibodat qilayotgandek stol ustida g‘o‘dayib turaveribdi.
Deraza tokchasida xizmatkor qiz xat yozadigan eski bir g‘oz pati yotgan ekan; uning siyohdonga chuqur-chuqur botirib olishlaridan bo‘lak arzigulik xotirasi bo‘lmasa-da, xuddi ana shu ishi bilan ham faxrlanar ekan!
– Na iloj, samovar qo‘shiq aytishni istamasa, aytmay qo‘ya qolsin! – debdi u. – Deraza ortidagi katakda bir bulbul bor, o‘sha kuylay qolsin! Masalan, u o‘qiganlar toifasidan emas, lekin ushbu kecha bu haqda indamay qo‘ya qolaylik.
– Menimcha, allaqanday bir kelgindi qushni eshitish o‘taketgan beodoblik bo‘ladi! – debdi oshxona qo‘shiqchisi, samovarning o‘gay ukasi bo‘lmish kattakon mis choynak. – Shu ham axir vatanparvarlik bo‘ldimi? Qani, masalliq tashiydigan savat o‘z fikrini aytsin-chi!
– Men sirayam chiday olmayapman! – debdi savat. – Ichimdagini aytsam, ishonmaysiz! Kechani ham shunaqa o‘tkazadimi? Nahotki xonadonimizga rahnamolik qiladigan bir kishi topa olmasak? Shunday qilsak har bir kishi o‘z o‘rnini bilgan, men esa hammaga rahbarlik qilgan bo‘lur edim. Ana shundagina ishimiz yurishib ketardi.
– Kelinglar, bir shovqin-suron qilaylik! – deya qichqiribdi hammalari.
Shu payt qo‘qqisdan eshik ochilib, xizmatkor qiz kirib kelgan ekan, hamma tosh qotib, dami ichiga tushib ketibdi; lekin bu yerda aslzoda bo‘lishni, hamma ishni qoyillatib qo‘yishni orzu qilmaydigan bironta ham idish yo‘q ekan. “Agar barchasiga men boshchilik qilganimda, zo‘r vaqtichog‘lik bo‘lur edi”, deb o‘ylar ekan ularning har biri.
Xizmatkor qiz gugurt chaqib, shamlarni yoqibdi. Yo tavba, ular chirsillagancha naqadar ajoyib yonar ekan!
“Mana endi bu yerda bizning eng mo‘tabar zotlar ekanimizni hamma ko‘rib qo‘yadigan bo‘ldi, – deb o‘ylashibdi ular. – Qanchalik ravshan, mo‘l-ko‘l shu’lalar sochmoqdamiz!”
Shu tariqa ular yonib tamom bo‘lishibdi.
– Ajoyib ertak ekan! – debdi qirolicha. – Xuddi mening o‘zim oshxonada gugurtlar bilan birga o‘tirgandek bo‘ldim! Sen bizning qizimizga uylanishga loyiq yigit ekansan.
– Albatta-da! – debdi qirol. – To‘y dushanba kuni bo‘ladi. – Endilikda ular bolani sensiray boshlashibdi. Chunki u qirol oilasining a’zosi bo‘lishi kerak ekan-da.
Xullas, to‘y kunini e’lon qilishibdi, kechqurun shaharning hamma chiroqlarini yoqishibdi, xalq boshidan zog‘ora va teshikkulchalar sochishibdi. Ko‘cha bolalari ularni tutib olish uchun sakrashibdi, “ura” deb qichqirishibdi, barmoqlarini og‘izlariga tiqib hushtaklar chalishibdi, xullas, ajoyib bir tantana bo‘libdi.
“Men ham biror narsa o‘ylab topishim kerak!” – deb xayol qilibdi savdogarning o‘g‘li, u raketa, mushak va shunga o‘xshash narsalar sotib olib, ularning hammasini sandiqqa solgancha havoga ko‘tarilibdi.
Paq, puq! Vash-vishsh! Butun atrofni ana shunday sadolar tutib ketibdi!
Turklar shu qadar sakrashibdiki, tuflilari oyoqlaridan uchib chiqib, boshlaridan oshib ketibdi, ular haliga qadar bunaqangi mushakbozlikni ko‘rishmagan ekanda. Ana shundagina ular malikaga naq turk tangrisining o‘zi uylanayotganini anglab yetishibdi.
O‘z sandig‘iga minib o‘rmonga qaytgan savdogarning o‘g‘li: “Men haqimda nimalar deb gapirayotganlarini bilishim uchun shaharga borishim kerak”, – deb o‘ylabdi. Unga esa buni bilish qiyin emas ekan.
Shaharda esa rosa shov-shuv bo‘lib yotgan ekan! U kimga qaramasin, barcha ko‘rgan-bilganlarini o‘zicha to‘qib-bichar, lekin hamma bir ovozdan ilgarilari bunday zo‘r tomosha sirayam bo‘lmaganini ma’qullar ekan.
– Men naq turk tangrisining o‘zini ko‘rdim, – debdi odamlardan biri, – ko‘zlari naq yulduzga o‘xshaydi, soqolini xuddi dengiz ko‘pigi deysiz!
– U olovli chakmonda uchib yurardi, – debdi boshqa birov, – choklaridan yoqimtoy farishtachalar mo‘ralab turardi.
Ha, unga ko‘pdan-ko‘p ana shunaqangi qiziqarli voqealarni aytib berishibdi, ertasi kuni esa to‘y bo‘lishi kerak ekan.
U tag‘in o‘z sandig‘iga kirib o‘tirish uchun o‘rmonga qaytibdi, biroq sandiq yo‘q emish! U yonib ketibdi! Savdogarning o‘g‘li mushak otayotganda sandiqning ichiga uchqun tushib qolgan ekan, sandiq tutab-tutab, oxiri lov etib yonib ketibdi, undan faqat bir hovuch kul qolibdi, xolos. Shunday qilib, savdogarning o‘g‘li o‘z qallig‘ining huzuriga qayta uchib bora olmabdi.
Malika esa tomda kun bo‘yi uni kutib o‘tiribdi, to hozirgacha uni kutayotgan emish. Savdogarning o‘g‘li esa ertaklar so‘zlagancha jahonni kezib yurgan emish, ammo uning bu ertaklari gugurtlar haqida to‘qigan birinchi ertagi kabi qiziqarli emas ekan.

YO‘LDOSH O‘RTOQ
Bechora Iogannesning boshiga og‘ir musibat tushibdi: uning otasi kasal bo‘lib, o‘lim to‘shagida yotgan ekan. Ular o‘z kulbalarida yolg‘iz yashar ekanlar; tunning allamahali bo‘lib, stol ustidagi chiroq o‘chib qolibdi.
– Sen mening mehribon farzandim eding, Iogannes! – debdi bemor ota. – Xudo sendan o‘z marhamatini ayamaydi!
Ota o‘g‘liga jiddiy va mehribon ko‘zlari bilan tikilibdi-da, chuqur bir xo‘rsingancha xuddi uxlab qolgandek olamdan o‘tibdi. Iogannes rosa yig‘labdi. Uning na onasi, na singillari, na og‘a-inilari bor, dunyoda yakka-yu yolg‘iz qolgan ekan-da! Sho‘rlik Iogannes! U marhumning karavoti oldida uzoq vaqt tiz cho‘kib o‘tiribdi va achchiq-achchiq ko‘z yoshlarini to‘kkancha otasining qo‘llaridan o‘pibdi, so‘ng ko‘zlari o‘z-o‘zidan yumilib, qattiq to‘shakka bosh qo‘ygancha uxlab qolibdi.
U ajoyib bir tush ko‘ribdi.
Tushida quyosh va oy unga ta’zim qilib turar, otasi avvalgidek sog‘ va bardam emish; hatto u jilmayib ham qo‘yibdi, u juda xursand bo‘lganida ana shunday jilmayar ekan; boshiga tilla toj qo‘ndirib olgan, sochlari uzun, go‘zal bir qiz Iogannesga qo‘llarini cho‘zibdi, otasi esa: “Qaragin, naqadar ajoyib qaylig‘ing bor! U dunyodagi eng yaxshi qiz!” debdi.
Shu payt Iogannes uyg‘onib ketib, ajoyib tushi g‘oyib bo‘libdi. Otasi o‘lgan, jasadi sovub yotar, yigitning esa endilikda hech kimi yo‘q ekan. Sho‘rlik Iogannes!
Oradan bir hafta o‘tgach marhumni dafn etishibdi; Iogannes tobut ortidan boribdi. Endilikda u o‘zining mehribon otajonini hech qachon ko‘rolmaydi! Iogannes tobut ustiga tuproqning taraqlab tushishini eshitib, uning tobora yer ostiga ko‘milib borayotganini ko‘rib turibdi; mana, tobutning ko‘zga tashlanib turgan so‘nggi qirrasiga bir hovuch tuproq tushishi bilan u batamom yer ostida qolib ketibdi. Iogannesning bu musibatdan yuragi to‘xtab qolgudek bo‘libdi. Qabr ustida duolar o‘qilibdi; duoning taskinbaxsh ohangi uni yig‘lagudek o‘rtab yuboribdi, u chindan ham yig‘lagan ekan, yuragi ancha yengil tortibdi. Quyosh yam-yashil daraxtlar tepasidan iliq shu’lalar sochar, go‘yo u: “Qayg‘urma, Iogannes! Moviy osmonning go‘zalligiga bir boq, u yerda otang sening haqingga duo qilib turadi!” deyayotgandek ekan.
– Men hamisha mehribon bo‘lib qolaman! – debdi Iogannes. – Shunda men ham osmonga, otamning huzriga uchib ketaman! Biz qayta ko‘rishsak, zo‘r shodiyona bo‘ladi! Unga shunchalik ko‘p narsalarni aytib beramanki! U menga osmon go‘zalliklarini ko‘rsatadi, xuddi yerda bo‘lgani kabi tag‘in saboqlar beradi. Rosa xursandchilik bo‘ladi!
U bularning hammasini xuddi jonlidek tasavvur qilibdiki, hatto ko‘z yosh aralash jilmayib ham qo‘yibdi. Kashtanlarning shoxida turgan qushcha-lar bor ovozda chirqillashar, qo‘shiqlar kuylashar, garchi azada ishtirok etayotgan bo‘lsalar-da, juda xursand ekanlar, chunki ular marhum endilikda osmonda ekanini, undan o‘zlarinikidan ham chiroyli va uzun qanotlar o‘sib chiqishini, yerda ezgu hayot kechirgani uchun ham baxtiyor bo‘lishini bilishar ekan-da. Iogannes qushchalarning yam-yashil daraxtlardan pirillab ko‘tarilib, uzoq-uzoqlarga uchib ketganlarini ko‘rib, o‘zi ham ularning ortidan dunyo kezib chiqishni istab qolibdi. Biroq avval u otasining qabri uchun yog‘och xoch yasabdi, kechqurun bu xochni o‘rnatish uchun qabr boshiga kelsa, qabrga tekis qilib qumlar sepilganini, gullar qo‘yilganini ko‘ribdi, bularning hammasini yigitning oliyjanob otasini judayam sevadigan begona kishilar qilishgan ekan.
Ertasi kuni tong saharlab Iogannes o‘zining bor boyligini kichkina bir tugunchaga tugibdi-da, otasidan qolgan meros – 50 taler pul va ikkita mayda kumush tangasini beliga bog‘lab, yo‘lga chog‘lanibdi. Lekin avval otasining qabriga borib duo o‘qibdi va:
– Alvido, mehribon otajonim! Sen osmonlarda meni duo qilib turishing uchun men hamisha mehribon bo‘lishga harakat qilaman! – debdi.
Iogannes o‘tib borayotgan dalada turli-tuman toza, chiroyli gullar o‘sib yotar, ular quyoshdan taft olgancha, shamolda boshlarini tebratib: “Xush kelibsan! Bizning maskanimiz judayam ajoyib joy, to‘g‘rimi?” deb so‘rashayotgandek ekan. Iogannes o‘zi chaqaloqligida cho‘qintirilgan, yakshanba kunlari keksa otasi bilan duolar o‘qish uchun borgan eski cherkovni yana bir bora ko‘rish uchun ortga o‘girilib qarabdi. Qo‘ng‘iroqxonaning eng tepasida, dumaloq derazalardan birida u qizil cho‘qqi qalpoq kiyib olgan, kaftini quyoshga soyabon qilib turgan cherkov ajinasini ko‘rib qolibdi. Iogannes unga xayr degandek bosh silkigan ekan, mittigina ajina ham unga javoban qizil qalpoqchasini silkib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha yigitga bir necha havoyi bo‘salar yo‘llabdi, bu bilan u Iogannes o‘z yuragidan naqadar chuqur joy olganini va unga qizg‘in oq yo‘l tilayotganini ifoda etayotgan ekan.
Iogannes bu keng va go‘zal dunyoda o‘zini qanaqangi ajoyibotlar kutib turganini xayol qilgan holda notanish tomonlarga ilgarilab boraveribdi. Qarshisidan begona shaharlar, notanish qiyofalar chiqibdi, shu tariqa u o‘z ona vatanidan olis joylarga borib qolibdi.
Birinchi kechani u dalada, pichan g‘aramida tunab o‘tkazibdi, chunki ko‘rpa-to‘shak so‘raydigan joyi yo‘q ekan. “Hechqisi yo‘q, – deb o‘ylabdi u, – hatto qirol ham uxlagani bunaqangi yaxshi joyni topolmaydi!” Dala, daryo, pichan g‘aramlari va moviy osmon uning uchun g‘aroyib boshpana bo‘libdi. Qizil va oq gulchalar o‘sib yotgan yam-yashil o‘tloq uning gilami, marjongul va na’matak butalari – gulchambari, bosh eggancha xayrli tong va xayrli tun tilagan kabi qamishlar o‘sib yotgan tiniq, toza daryo uning cho‘miladigan joyi bo‘libdi. Yuksak moviy gumbaz ostida ulkan tun chirog‘i – oy porlab turar, bu chiroqqa chiroqpo‘shning ham keragi yo‘q ekan! Iogannes butunlay xotirjam uxlashi mumkin ekan. U shundoq ham qilibdi, faqat quyosh yoyilib ketgandagina uyg‘onibdi, qushlar:
– Salom! Salom! Haliyam turmadingmi? – deya kuylashmoqda ekan.
Yakshanba kuni bo‘lib, tushki qo‘ng‘iroq yangrabdi; odamlar ruhoniyning va’zini tinglash uchun cherkovga yo‘l olishibdi, Iogannes ham ularga ergashibdi, u ham duolar o‘qib, ilohiy o‘gitlarni eshitibdi, o‘zi cho‘qintirilgan va otasi bilan duolar o‘qigan qadrdon cherkoviga kirib qolgandek bo‘libdi.
Bu cherkov qabristonida baland o‘t-o‘lanlar bosib yotgan ko‘plab qabrlar bor ekan. Iogannes endilikda qarovsiz qolgan, bir kun kelib shu holga tushadigan otasining qabri haqida o‘ylab ketibdi. U yerga o‘tirgancha qabrlarni o‘tlardan tozalar, qiyshayib qolgan xochlarni to‘g‘rilar, shamol uchirib ketgan gulchambarlarni o‘z o‘rniga qo‘yar ekan: “Ehtimol, kimdir men qilolmagan ishni qilib, otamning qabrini ham ana shunday tartibga solib qo‘yar”, deb o‘ylabdi.
Qabriston darvozasi oldida hassaga tayangancha keksa bir tilanchi turgan ekan; Iogannes unga o‘zining kumush tangalarini berib, baxtiyor va mamnun holda dunyo kezishda davom etibdi.
Kechqurunga borib momaqaldiroq gumburlab qolibdi; Iogannes birorta boshpana topish uchun rosa shoshilibdi, lekin ko‘p o‘tmay atrof qop-qorong‘i bo‘lib qolibdi; nihoyat u yo‘l ustida qaqqayib turgan kichkina bir ibodatxonaga yetib boribdi, baxtiga uning eshigi ochiq ekan, havo ochilib ketishini kutish uchun ichkari kiribdi.
– Shu yerda, bir burchakda o‘tira qolaman, – debdi Iogannes, – o‘lguday charchadim, birpas dam olvolay.
U o‘tirib, qo‘l qovushtirgancha kechki ibodatini qilibdi, tashqarida chaqmoq chaqnab, momaqaldiroq gumburlab yotganda u qanday qilib mudroq bosgani va uxlab qolganini o‘zi ham sezmabdi.
Iogannes jimjit yarim kechada uyg‘onib ketibdi; jala tingan, derazadan oy nuri tushib turar ekan. Ibodatxona o‘rtasida ichiga jasad solingan, hali dafn etishga ulgurishmagan bir ochiq tobut qo‘yilgan ekan. Iogannes sirayam qo‘rqmabdi, chunki uning vijdoni pok bo‘lib, u marhumlarning, tirik yovuz kishilardan farqli o‘laroq, hech kimga yomonlik qilmasliklarini yaxshi bilar ekan. Xuddi ana shunday yovuz kishilardan ikkitasi dafn etish uchun ibodatxonaga qo‘yilgan marhum yonida turgan emish. Ular sho‘rlik marhumni tahqirlash – uning jasadini tabutdan olib tashqariga chiqarib tashlash niyatida ekanlar.
– Nega bunday qilmoqchisiz? – deb so‘rabdi Iogannes. – Bu judayam qabih va gunoh ish-ku, axir. Yaxshisi, uni tinch qo‘yinglar!
– Bekor gap! – deyishibdi yovuz kishilar. – U bizni aldadi. Pulimizni olib, qaytarmasdan o‘lib ketdi. Endilikda undan sariq chaqa ham undira olmaymiz; shuning uchun ham undan o‘ch olmoqchimiz, jasadi ko‘chada itning o‘ligi kabi xor bo‘lsin!
– Menda atigi 50 taler bor, – debdi Iogannes, – menga qolgan bor meros shu, agar bu marhumni tinch qo‘yishga so‘z bersangiz, sizga shu boyligimni jon-jon deb berishim mumkin. Mening pulsiz ham kunim o‘tadi, ikkita baquvvat qo‘lim bor, xudo ham meni yolg‘iz qo‘ymaydi.
– Yaxshi, – deyishibdi yovuz kishilar, – agarda sen uning qarzini to‘lasang, ko‘ngling tinch bo‘lsin, unga hech qanday yomonlik qilmaymiz!
Shu tariqa ular Iogannesning pulini olib, uning saxiyligidan kulishibdi va o‘z yo‘llarida davom etishibdi. Iogannes esa marhumni tobutga yaxshilab yotqizib, qo‘llarini ko‘ksiga qovushtiribdi-da, u bilan vidolashib, ko‘ngli taskin topgach, qalin o‘rmonga kirib boribdi.
Oy shu’lasi tushib turgan daraxtlar orasida mitti-mitti, chiroyli elflar44
Elf – qadimgi Skandinaviya mifologiyasida ruh, pari kabi afsonaviy maxluq.
[Закрыть] o‘ynoqlab yurishgan ekan; ular Iogannesdan sirayam cho‘chimabdilar, chunki ular Iogannesning oliyjanob, begunoh inson ekanini yaxshi bilar ekanlar-da, zero, faqat yomon odamlargina elflarni ko‘ra olmas ekanlar. Ayrim elflar jimjiloqdek kichkina bo‘lib, ularning uzun malla sochlariga tilla taroqchalar qadab qo‘yilgan, boshqalari juft-juft bo‘lib yaproq va maysalar ustiga qo‘ngan kattakon shabnam tomchilarini dumalatib yurishar ekan; ba’zan bu tomchilar va ularga qo‘shilib elflar ham to‘ppa-to‘g‘ri qalin o‘tlar orasiga dumalab ketar, shunda boshqa mittichalar o‘rtasida kulgi va shovqin-suron ko‘tarilar ekan. Naqadar maroqli tomosha! Ular qo‘shiq aytishgan ekan, Iogannesning bolaligida aytgan eng yaxshi qo‘shiqlari yodiga tushibdi. Boshiga kumush toj qo‘ndirib olgan kattakon olachipor o‘rgimchaklar butadan butaga osma ko‘prik tortishar, butun boshli saroylar to‘qishar, mabodo ularga bir tomchi shabnam tomib qolsa, u oy yog‘dusida xuddi shaffof billurdek yaltirar ekan. Bu hol to quyosh chiqquncha davom etibdi. Quyosh ko‘ringach, mitti elflar gullarning kosasiga chiqib olishibdi, shamol esa ularning ko‘prik va saroylarini yulqib olibdi-da, xuddi oddiygina o‘rgimchak ini kabi havoga uchirib ketibdi.
Iogannes o‘rmondan chiqqan ham ekanki, ortdan jarangdor erkakcha ovoz yangrabdi:
– Yo‘l bo‘lsin, hoy o‘rtoq?
– Boshim oqqan tomonga ketyapman! – debdi Iogannes. – Mening otam ham, onam ham yo‘q, chin yetimman, biroq xudo meni yolg‘iz qo‘ymaydi!
– Men ham bu dunyoda boshim oqqan tomonga ketyapman, – debdi notanish kishi, – kel, o‘rtoq bo‘la qolaylik!
– Bo‘pti! – debdi Iogannes va ular birgalikda yo‘lda davom etishibdi.
Ko‘p o‘tmay bir-birlarini juda yoqtirib qolishibdi, chunki ikkovlari ham xushmuomala kishilar ekanlar-da. Biroq Iogannes bu notanish kishining o‘zidan ko‘ra aqlliroq ekanini anglabdi, u butun dunyoni kezib chiqqan, hamma narsa haqida hikoya qilib bera olar ekan.
Ular kattakon daraxt soyasida ovqatlangani o‘tirishganda quyosh ancha tikkaga kelib qolgan ekan. Xuddi shu payt ularning yoniga qari-churi, munkillagan, dastasi ilgakli hassa tutgan bir kampir kelib qolibdi; u yelkasiga bir bog‘ o‘tin ko‘tarib olgan, baland qilib bog‘langan peshbandida esa uch bog‘lam qirqquloq va tolning xipchinlari do‘ppayib turar ekan. U Iogannes va uning o‘rtog‘iga yondoshib kelganida qo‘qqisdan qoqilib ketib, yiqilib tushibdi va dodlab yuboribdi; sho‘rlikning oyog‘i sinib qolgan ekan.
Iogannes o‘rtog‘iga, darhol bu kampirni uyiga eltish kerak debdi, biroq notanish kishi xaltasini ochib, bitta banka chiqaribdi-da, kampirga, mening shunaqangi malhamim borki, u seni darhol tuzatib qo‘yadi, xuddi hech narsa bo‘lmagandek uyingga ketaverasan, debdi. Biroq buning uchun kampir unga peshbandidagi uch bog‘lam xipchinni sovg‘a qilishi kerak ekan.
– Yaxshigina to‘lov! – deya kampir boshini g‘alati tebratib qo‘yibdi. U o‘z xipchinlaridan ajralishni istamas, biroq singan oyoq bilan yotaverish ham yoqimsiz ekan, shuning uchun u xipchinlarini haligi kishiga beribdi, haligi kishi esa uning oyog‘iga malham surgan ekan, ko‘z ochib yumguncha fursat o‘tmay kampir o‘rnidan sakrab turibdi va avvalgidan ham yaxshiroq yo‘rg‘alab ketibdi. Ana shunday shifobaxsh ekan bu malham. Lekin bunaqasini dorixonalardan topib bo‘psan!
– Senga bu xipchinlarning nima keragi bor? – deb so‘rabdi Iogannes o‘rtog‘idan.
– Og‘irlik qilmaydi, – debdi u. – Bular menga juda yoqib qoldi; men ana shunaqangi g‘alati odamman!
Ular yana ancha yo‘l bosishibdi.
– Qara, qanday burkanib kelmoqda! – debdi Iogannes barmog‘i bilan oldindagi bulutga ishora qilib. – Naqadar qo‘rqinchli bulutlar!
– Yo‘q, – debdi o‘rtog‘i, – u bulut emas, tog‘lar, g‘aroyib, osmono‘par tog‘lar, ularga chiqsang, bulutlardan ham balandga, haqiqiy kenglikka ko‘tarilasan. Oh, u joy naqadar ajoyib! Ertaga biz o‘sha yerda bo‘lamiz.
Biroq bu tog‘lar yaqin ko‘rinsa-da, anchagina olis ekan. Iogannes bilan o‘rtog‘i osmonga tutashib ketgan qop-qorong‘i o‘rmonga va har biri shahardek keladigan bahaybat toshlarga yetguncha kun bo‘yi yo‘l bosishibdi; ha, toqqa chiqish hazilakam ish emas ekan, shuning uchun ham Iogannes bilan o‘rtog‘i tunash va ertalabga kuch yig‘ish uchun bir karvonsaroyga kirishibdi.
Pastdagi kattakon pivoxonada ko‘plab kishilar yig‘ilgan bo‘lib, qo‘g‘irchoq tomoshasi qo‘yilayotgan, qo‘g‘irchoqlarning xo‘jayini xonaning o‘rtasida kichkina tomosha ko‘rsatayotgan ekan, odamlar maza qilib ko‘rish uchun uning atrofini yarim doira qilib qurshab olgan, hammadan oldinda, eng yaxshi joyda bahaybat buldogi bilan keksa, xo‘ppasemiz qassob o‘tirib olgan ekan. Voy-bo‘, bu buldog naqadar jahldor! U ham xo‘jayinining yoniga o‘tirib olib, ko‘zlarini chaqchaytirgancha tomosha qilmoqda ekan.
Tomosha juda zo‘r o‘tibdi: baxmal taxtda qirol bilan qirolicha o‘tirar, ularning boshlarida tilla toj, egnilarida etagi uzun libos bo‘lib, boy bo‘lganliklari uchun ham ana shunday hashamdor kiyinishgan ekan. Barcha kirish joylarida ko‘zlari shishadan qilingan, mo‘ylovlari uzun, judayam g‘aroyib yog‘och qo‘g‘irchoqlar turar, ular xonani shamollatish uchun eshiklarni lang ochib qo‘yishgan ekan. Xullas, ajoyib, qayg‘u-g‘amdan xoli bir tomosha bo‘libdi; ana, qirolicha o‘rnidan turib bir necha qadam tashlagan ham ekanki, xudo bilsin, buldogga nimadir bo‘lib, xo‘jayini tutib qololmay, to‘ppa-to‘g‘ri sahnaga sakrab chiqibdi-da, qirolichaning belidan xap etib tishlab olibdi. Naqadar dahshat!
Sho‘rlik qo‘g‘irchoqboz bechora qirolicha uchun qayg‘urib, qattiq qo‘rqib ketibdi; bu qirolicha qo‘g‘irchoqlarning ichida eng go‘zali bo‘lib, qo‘qqisdan irkit buldog uning boshini uzib olgan ekan-da! Biroq odamlar tarqagach, Iogannesning o‘rtog‘i qirolichani tuzataman debdi va bankachadan huv o‘sha kampirning singan oyog‘iga surgan malhamini olib, qo‘g‘irchoqqa ham surgan ekan, u yana darhol asl holiga qaytib, buning ustiga hamma a’zolarini qimirlatgancha o‘zi yuradigan bo‘lib qolibdi, endilikda iplarni tortib turishning ham hojati qolmabdi; demak, unga jon kirgan bo‘lib, faqatgina gapira olmas ekan. Xo‘jayin bundan juda mamnun bo‘libdi: chunki endilikda qirolichani boshqarishning hojati yo‘q, boshqa qo‘g‘irchoqlardan farqli o‘laroq, uning o‘zi raqsga tusha olar ekan!
Tunda, barcha uxlagani yotganda qo‘qqisdan kimdir shu qadar chuqur, shu qadar uzun xo‘rsinibdiki, hammma bu nima ekanini, unga nima qilganini ko‘rish uchun uyg‘onib ketibdi, qo‘g‘irchoqlar xo‘jayini esa o‘zining kichkina teatridan xabar olgani boribdi, chunki xo‘rsinishlar o‘sha tomondan kelmoqda ekan. Barcha yog‘och qo‘g‘irchoqlar, qirol ham, uning tanqorovullari ham aralash-quralash bo‘lib yotar, chuqur-chuqur hansirar va shisha ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketgan: ular ham o‘zlariga qirolicha kabi malham surtishlarini istar, chunki ana o‘shanda ularning ham o‘zlari harakatlana olishar ekan. Tiz cho‘kib olgan qirolicha: “Mana buni oling, faqat evaziga mening erimga va a’yonlarimga malham suring!” deyayotgandek o‘zining tilla tojini oldinga cho‘zib turar ekan. Sho‘rlik xo‘jayin ko‘z yoshlarini tiya olmabdi, qo‘g‘irchoqlariga shunchalik rahmi kelibdiki, Iogannesning o‘rtog‘i yoniga borib, agar to‘rt-beshta eng yaxshi qo‘g‘irchoqlarimga malham sursangiz, kechagi tomoshadan tushgan hamma pulimni beraman deb va’da qilibdi. Iogannesning o‘rtog‘i xo‘jayinga, pulingni olmayman, biroq evaziga yoningda osib yurgan kattakon qilichingni berasan, degan talabni qo‘yibdi; qilichni olgach, u oltita qo‘g‘irchoqqa malham surgan ekan, ular shu zahotiyoq ajoyib bir tarzda raqsga tushib ketishibdi, ularga boqib barcha tirik kishilar: haqiqiy qizlar, izvoshchi oshpaz ayol bilan, xizmatkor oqsoch bilan, hamma mehmonlar, hatto kosov otashkurak bilan ilk sakrashdayoq o‘zlarining naynov bo‘ylarini ko‘z-ko‘z etib o‘yinga tushib ketishibdi. Ha, juda quvnoq bir kecha bo‘libdi!