Читать книгу "Дюймчахон. Сандиқ-самолёт. Йўлдош ўртоқ"
Автор книги: Ганс Христиан Андерсен
Жанр: Книги для детей: прочее, Детские книги
сообщить о неприемлемом содержимом
Ertasi kuni ertalab Iogannes va uning o‘rtog‘i hamma bilan xayrlashib, osmono‘par toqqa chiqib, bepoyon qarag‘ayzorga kirib borishibdi. Ular shu qadar baland ko‘tarilishibdiki, pastdagi qo‘ng‘iroqxonalar yashil o‘tloq ustidagi qip-qizil mevachalarga o‘xshab qolibdi, ular hali o‘zlari hech qachon bo‘lmagan joylarni, uzoq-uzoqlarni tomosha qilishlari mumkin ekan. Iogannes yaratganning bu qadar go‘zal dunyosini hali hech qachon bunaqangi birvarakayiga ko‘rmagan ekan. Iliq quyosh moviy, tip-tiniq osmonda shu’la sochib turar, tog‘larda ovchi burg‘ularining ovozi yangramoqda ekan. Hammasi shu qadar ajoyib ekanki, xursand bo‘lib ketganidan Iogannesning ko‘zlariga yosh qalqibdi va bunday deb xitob qilishdan o‘zini tiya olmabdi:
– Yo tangrim! Sen shunchalik saxovatli bo‘lganing, biz uchun shunday ajoyib dunyo yaratib qo‘yganing uchun yuzlaringdan cho‘lp-cho‘lp o‘pib olgim kelayotir!
Iogannesning o‘rtog‘i ham ko‘ksiga qo‘l qovushtirib turar, quyosh nur sochib yotgan o‘rmon va shaharlarga tikilar ekan. Shu payt ularning tepasida ajoyib bir ohang yangrabdi, havoda kattakon chiroyli bir oqqush qo‘shiq kuylagancha uchib borar, hech bir qush bunaqangi qo‘shiq kuylay olmas ekan; biroq uning tovushi asta-sekin pasayib boribdi va u boshini osiltirgancha ohista yerga qo‘nibdi; Iogannes va o‘rtog‘ining oyoqlari ostida bu go‘zal qushning o‘ligi cho‘zilib qolibdi!
– Naqadar ajoyib qanotlar! – debdi Iogannesning o‘rtog‘i. – Oppoq, uzun-uzun; bu qimmat turadi. Ko‘rdingmi, mening qilich olvolganim yaxshi bo‘lgan ekan.
Va u bir qilich solishdayoq o‘lik oqqushning ikkala qanotini ham qirqib olibdi.
So‘ng ular yana uzoqdan-uzoq yo‘l bosishibdi, nihoyat, oldinda quyoshda kumushdek yaltirab turgan yuzlab minoralari bo‘lgan kattakon shahar namoyon bo‘libdi; shaharning qoq o‘rtasida tomi sof oltindan qoplangan ajoyib marmar saroy bo‘lib, unda qirol istiqomat qilar ekan.
Iogannes va o‘rtog‘i darhol shaharga kirishni xohlamay, ko‘chaga chiqishdan oldin birpas yo‘lning chang-to‘zonlaridan tozalanish va kiyimlarini tartibga keltirish uchun bir karvonsaroyga to‘xtabdilar. Karvonsaroy xo‘jayini ularga qirol oliyjanob kishi bo‘lib, odamlarga hech qachon zarar yetkazmaganini, biroq uning qizi juda yovuz ekanini aytib beribdi. Albatta u dunyodagi tanho go‘zal, lekin shu yovuz alvasti qiz tufayli qachadan-qancha shahzodalar o‘lib ketgan bo‘lsa, bu go‘zallikdan nima foyda, debdi u. Gap shunda ekanki, barchaga – shahzodaga ham, gadoga ham bu qizga uylanish uchun ruxsat berilgan, faqat buning uchun kuyov ushbu malika o‘ylab topgan uchta topishmoqqa javob berishi kerak ekan; agar kim topsa, qiz unga turmushga chiqar va qizning otasi o‘lgach, ushbu mamlakatning qiroli bo‘lib qolar, agar topa olmasa, yo dorga osilar, yoki boshi tanasidan judo etilar ekan. Ko‘rdingizmi go‘zal malikaning naqadar razilligini! Qirol, ya’ni qizning keksayib qolgan otasi bundan juda qayg‘u chekar, biroq qiziga hech bir chora topolmas ekan; oxiri u, endi kuyovlar bilan hech qanday ishim yo‘q, qizim ular bilan bilganini qilsin, debdi. Kuyov ketidan kuyov yopirilib kelar, ularga topishmoq aytishar, biroq omadlari kelmay, malikaga unashtirish o‘rniga barchasini qatl etishar, chunki ularni avvaldan ogohlantirib qo‘yishgan ekan-da!
Bundan keksa qirol shu qadar ranjir ekanki, yilda bir marta barcha askarlari bilan uzzukun tiz cho‘kkanicha, qizimga insof ato et, deya xudoga iltijo etar, biroq qiz bunga parvo ham qilmas ekan. Ichishni yaxshi ko‘radigan kampirlar sharoblarini qora rangga bo‘yashar ekan, axir ular o‘z qayg‘ularini qanday qilib boshqacha ifodalashlari mumkin?
– Razil qiz! – deb xitob qilibdi Iogannes. – Uni boplab savalash kerak. Men uning qirol otasi o‘rnida bo‘lganimda rosa adabini berib qo‘ygan bo‘lardim!
Xuddi shu payt tashqaridan odamlarning “ura!” deb qichqirgan sadolari eshitilibdi. Ko‘chadan malika o‘tib ketayotgan bo‘lib, u haqiqatan ham shu qadar chiroyli ekanki, odamlar uning yovuzligini ham unutib, “ura!” deya qichqirishmoqda ekan.
Malikani o‘n ikkita qarg‘a minib olgan go‘zal amazonkalar55
Amazonka – yunon afsonalarida jangovar ayol.
[Закрыть] qurshab borar, ular oppoq ipak libos kiyib, qo‘llarida tilla lolalar tutib olgan ekanlar. Malikaning o‘zi egar-jabduqlariga olmos va la’l-javohirlar qadalgan qordek oppoq otda borar, ko‘ylagi sof oltindan bo‘lib, qo‘lidagi qamchisi chaqmoqdek yaraqlar, boshidagi toji xuddi haqiqiy yulduzchalar qadalgandek yonib turar, yelkasiga esa yuz minglab chiroyli kapalaklarning qanotidan tikilgan kamzul tashlab olgan, biroq baribir uning o‘zi liboslaridan ming bora yaxshi ekan.
Uni ko‘rgan Iogannesning tili gapga kelmay, qizg‘aldoqdek qizarib ketibdi: bu qiz otasi o‘lgan kecha Iogannesning tushiga kirgan huv o‘sha qizga ikki tomchi suvdek o‘xshab ketar ekan-da. Ha, malika shu qadar yaxshi ekanki, Iogannes uni sevmasligi mumkin emas ekan. “U chindan ham o‘zi aytgan topishmoqlarni topa olmaganlari uchun kishilarni qatl ettiradigan darajada yovuz alvasti bo‘lishi mumkin emas, – deb o‘ylabdi Iogannes. – Unga uylanish uchun barchaga, hatto juldurvaqi gadolarga ham ruxsat berilgan ekan; men ham saroyga boraman! Boshqa ilojim yo‘q!”
Barcha uni bu niyatidan qaytarmoqchi bo‘libdi, chunki uning boshiga ham boshqalarning kuni tushishi mumkin ekan-da. Yo‘ldosh o‘rtog‘i ham Iogannesga o‘z baxtini sinab ko‘rishdan qaytishni maslahat beribdi, biroq Iogannes hammasi yaxshi bo‘ladi degan qarorga kelibdi, etigi va chakmonini tozalab, yuvinibdi, malla, chiroyli sochlarini tarab, yakka-yu yolg‘iz shaharga, keyin esa saroyga yo‘l olibdi. Darvozani taqillatgan ekan:
– Kiring! – debdi keksa qirol.
Iogannes darvozani ochgan ekan, kamzul kiygan qirol uni qarshi olibdi; uning oyog‘ida guldor tufli, boshida toj, bir qo‘lida saltanat hassasi, ikkinchi qo‘lida esa qirollik cho‘qmori ekan.
– Shoshmay tur! – debdi u va Ilganness bilan salomlashishga qo‘l cho‘zish uchun qirollik cho‘qmorini qo‘ltig‘iga qisib olibdi.
Biroq u o‘z oldida yangi kuyov turganini eshitishi bilanoq yig‘lab yuboribdi, qo‘lidan saltanat hassasi va qirollik cho‘qmori tushib ketib, ko‘z yoshlarini kamzulining etagiga artishga tushibdi. Bechora chol qirol!
– Yaxshisi, bu niyatingdan qayt! – debdi u. – Sening boshingga ham boshqalarning kuni tushadi! Yur, o‘zing bir ko‘rib qo‘y!
Shunday deya u Iogannesni malikaning bog‘iga boshlabdi. Voy… Naqadar dahshat! Har bir daraxtga bir paytlar malikaga xaridor bo‘lib kelgan, biroq uning topishmoqlarini topolmagan ikki-uchtalab shahzodaning jasadi osib qo‘yilgan emish. Salgina shamol esishi bilan suyaklar bir-biriga urilib qattiq shaqar-shuqur ovozlar chiqarar, hatto qushchalar ham qo‘rqqanidan bu bog‘ ustidan uchib o‘tolmas ekan. Odam suyaklari qo‘llarida gul tutib turar, gultuvaklarda esa tishlari sug‘urib olingan kalla suyaklari do‘ppayib turar ekan; gap yo‘q, malikaning o‘ziga munosib bir bog‘ ekan!
– Ko‘rdingmi! – debdi keksa qirol. – Sening boshingga ham ana shularning kuni tushadi! Yaxshisi, bu niyatingdan qayt! Sen uchun men judayam qattiq qayg‘uraman, hammasini yuragimga juda yaqin olaman!
Shu payt hovliga o‘z kanizaklari bilan malika kirib kelibdi, salomlashish uchun qirol bilan Iogannes unga peshvoz chiqishibdi. Malika chindan ham latofatli bo‘lib, u Iogannesga qo‘l cho‘zgan ekan, Iogannes uni avvalgidan ham qattiqroq yaxshi ko‘rib qolibdi. Yo‘q, albatta, shunday malika odamlar aytgani kabi yovuz, irkit bir alvasti bo‘lishi mumkin emas.
Ular saroy xonasiga yo‘l olishibdi, xizmatkor bolalar ularga murabbo va asalli qatlamalar olib kelishibdi, biroq keksa qirol xafa bo‘lganidan hech narsa yemabdi, darvoqe, qatlama chaynashga uning tishlari ham yaramas ekan-da.
Shunday qarorga kelishibdiki, Iogannes ertasi kuni ertalab yana saroyga keladigan, hakamlar va barcha kengash a’zolari yig‘ilib uning topishmoqlarni qanday topishini eshitishadigan bo‘libdi. Agar u birinchi topishmoqni topa olsa, yana ikki marta saroyga kelishi kerak bo‘lib, biroq haligacha hech kim topishmoqni biron marta ham topa olmagan, birinchi urinishdayoq boshlaridan judo bo‘lgan ekanlar.
Iogannes o‘z boshiga nima tushishini o‘ylab ham o‘tirmabdi; judayam shod-xurram holda nuqul latofatli malika haqida xayol qilibdi, xudo meni yolg‘iz qoldirmaydi deb o‘ylasa-da, biroq bu xudo o‘ziga qanday madad berishini Iogannesning o‘zi ham bilmas va bu haqda o‘ylashni ham istamas ekan; shu tariqa u qo‘shiq aytganicha ortga qaytibdi va o‘rtog‘i kutib o‘tirgan karvonsaroyga kirib kelibdi.
Iogannes latofatli malika haqida, u o‘zini naqadar iltifot bilan kutib olgani, ertasi kunni kutishga ham toqati yo‘qligi, tong otishi bilanoq o‘z baxtini sinab ko‘rish uchun saroyga borishi to‘g‘risida to‘xtovsiz so‘zlab beribdi.
Biroq yo‘ldosh o‘rtog‘i boshini afsus bilan sarak-sarak qilgancha debdi:
– Men seni judayam yaxshi ko‘rardim, hali juda ko‘p ajoyib kunlarni birgalikda o‘tkazishimiz mumkin edi, endi esa qo‘qqisdan sendan ayrilib qolishimga to‘g‘ri keladi! Bechora do‘stim, yig‘lagim kelyapti-yu, biroq seni xafa qilmoqchi emasman: ehtimol, bugun sen bilan birgalikda o‘tkazayotgan oxirgi kunimizdir. To‘yguncha xursandchilik qilaylik. Ertaga sen saroyga ketganingdan keyin ham yig‘lashga ulguraman.
Yangi kuyov haqidagi gap darhol butun shaharga ovoza bo‘libdi va hamma chuqur qayg‘uga botibdi. Teatrlar bekilibdi, qandolatfurushlar to‘ng‘izcha shaklidagi shirinliklar ustiga qora matolar yopib qo‘yishibdi, qirol bilan ruhoniylar esa cherkovga to‘planib, tiz cho‘kkancha xudoga iltijo qila boshlashibdi. Bu umumiy qayg‘u ekan: axir boshqa kuyovlarning boshiga tushgan kun Iogannesning ham boshiga tushishi mumkin ekan-da.
Kechqurun Iogannesning o‘rtog‘i punsh66
Punsh – shakar, suv va meva shirasi qo‘shib qaynatiladigan spirtli ichimlik.
[Закрыть] tayyorlab, Iogannesga zo‘r bir xursandchilik qilishni, malikaning sog‘ligi uchun ichishni taklif etibdi. Iogannes ikki stakan ichgan ekan, qattiq uyqu bosib kelibdi, ko‘zlari o‘z-o‘zidan yumilib ketib, dong qotib uxlab qolibdi. O‘rtog‘i uni kursidan olib to‘shakka yotqizibdi-da, tun kirishini kutib, o‘lik oqqushdan qirqib olgan ikkita qanotni yelkalariga bog‘lab, oyog‘i singan kampirdan olgan xipchinlardan eng katta bog‘lamini cho‘ntagiga solgancha derazadan chiqib, to‘ppa-to‘g‘ri saroyga uchib boribdi. Malika uxlab yotgan xona derazasining bir chekkasiga qo‘ngancha kuta boshlabdi.
Shahar sukunat og‘ushida ekan, soat tungi o‘n beshta kam o‘n ikkiga zang urganida deraza lang ochilib, uzun oq libos kiygan, yelkalariga qop-qora qanotlar bog‘lab olgan malika uchib chiqibdi. U to‘ppa-to‘g‘ri toqqa qarab yo‘l olibdi, Iogannesning o‘rtog‘i ham ko‘rinmas qiyofaga kiribdi-da, malikani xipchinlar bilan qonga bo‘yab savalagancha uning ortidan uchib boribdi. Vizz…
Parvoz ana shunday zo‘r o‘tibdi! Malikaning kamzuli shamolda xuddi yelkan kabi qappayib borar, uning orasidan oy yog‘du sochib turar ekan.
– Bu qanday chaqmoq! Bu qanday chaqmoq! – der ekan malika har xipchin tushganda; bu uning qilmishiga yarasha jazo ekan!
Nihoyat malika toqqa yetib borib taqillata boshlabdi. Momaqaldiroq gulduragandek bo‘lib tog‘ ikkiga bo‘linibdi; malika ichkari kirgan ekan, Iogannesning o‘rtog‘i ham unga ergashibdi, chunki u ko‘rinmas qiyofaga kirib olgan, hech kim uni ko‘rmas ekanda. Ular devorlari g‘alati yog‘du sochib, minglab cho‘g‘dek qip-qizil, olovli o‘rgimchaklar o‘rmalab yurgan uzundan-uzoq dahlizdan o‘tishibdi. So‘ng malika va uning ko‘rinmas hamrohi kumush va tilladan yasalgan ulkan bir xonaga kirishibdi; xonaning devorlarida kattakon qizil va havorang gullar nur taratib turar, biroq bu gullarni hech kim uza olmas, chunki ularning tanalari jirkanch zaharli ilonlardan iborat bo‘lib, gullarning o‘zi esa bu ilonlarning og‘zidan otilib turgan olovdan ekan. Shiftga yaltiroq qo‘ng‘izlar va havorang ko‘rshapalaklar qo‘nib olgan bo‘lib, ular nafis qanotlarini tinmay pirillatishar, bu judayam ajoyib bir tomosha ekan! Xonaning o‘rtasida bir taxt bo‘lib, uni oyoqlar o‘rnida to‘rtta ot ko‘tarib turar, bu otlarning egar-jabduqlari olovli o‘rgimchaklardan iborat, taxtning o‘zi xira oq shishadan yasalgan bo‘lib, undagi yostiqlar bir-birining dumidan tishlab olgan qop-qora sichqonchalardan iborat ekan. Taxt ustiga qizil o‘rgimchak tolasidan to‘qilgan, dur kabi yaltirab turgan ajoyib pashshalar yopishtirilgan qimmatbaho guldor choyshab tashlangan ekan. Taxtda keksa troll o‘tirar, uning xunuk boshiga toj qo‘ndirilgan bo‘lib, qo‘lida saltanat hassasini tutib turar ekan. U malikaning peshonasidan o‘pib, o‘z yoniga, qimmatbaho taxtga o‘tqazgan zahoti musiqa yangrab ketibdi. Kattakon qora chigirtkalar puflab chalinadigan garmon chalar, boyqush esa baraban o‘rniga nuqul o‘z qornini do‘pillatar ekan. Juda ajoyib konsert bo‘libdi! Qalpoqlariga likillab turgan mash’alachalar qadab olgan mitti gnomchalar xona bo‘ylab raqsga tushib ketishibdi. Iogannesning yo‘ldosh o‘rtog‘ini hech kim payqamabdi, u esa taxt ortidan bularning hammasini ko‘rib, eshitib turibdi!
Asta-sekin xonaga anchagina a’yonlar yig‘ilishibdi, ular o‘zlarini juda sipo va boodob tutar, agar kimning farosati bo‘lsa, bu yerda hamma ishlar toza emasligini darhol anglab yetar ekan. Bu a’yonlarning boshi ro‘vakli karamdan iborat bo‘lib, troll ularga jon kirgizgan va zarrin liboslar kiydirib qo‘ygan ekan. Biroq bunisi muhim emas, chunki bu a’yonlar faqat namoyish uchungina ekanlar-da!
O‘yin tugagach, malika trollga yangi kuyov haqida gapirib berib, u ertalab saroyga kelganida qanday topishmoq aytish lozimligini so‘rabdi.
– Quloq sol, – debdi troll, – uning xayoliga ham kelmaydigan eng oddiy bir narsani aytish kerak. Masalan, o‘z boshmoqlaringni o‘ylab ko‘r. Ikki dunyoda ham topa olmaydi! Shunda uning boshini tanasidan judo qilishga amr etasan, darvoqe, ertangi kecha menga uning ko‘zlarini olib keltirishni esdan chiqarma, men ularni yeyman!
Malika engashib, uning ko‘zlarini olib kelishni unutmayman, debdi. So‘ngra troll tog‘ni ochgan ekan, malika uyiga qarab parvoz qilibdi, Iogannesning yo‘ldosh o‘rtog‘i ham ortdan osmonga ko‘tarilib, uni xipchinlar bilan shu qadar savalab boribdiki, malika dod-voy solib, qattiq chaqmoqdan shikoyat qilgancha tezroq o‘z xonasining derazasiga yetib olish uchun jon-jahdi bilan olg‘a intilibdi. Iogannesning yo‘ldosh o‘rtog‘i qayta karvonsaroyga uchib kelibdi; Iogannes hali uxlab yotgan ekan; o‘rtog‘i ham qanotlarini yechib, to‘shakka cho‘zilibdi, bo‘lmasam-chi, axir u qattiq charchagan ekan-da!
Iogannes juda erta uyg‘onibdi; uning yo‘ldosh o‘rtog‘i ham uyg‘onib, tunda ko‘rgan g‘aroyib tushini gapirib beribdi; u Iogannesga tushida malika o‘z boshmoqlari haqida topishmoq aytganini so‘zlab, shuning uchun ham malika topishmoq aytganda, sen darhol bu boshmoqlar ekanini aytgin, debdi. U aynan bu sirni tog‘da trolldan eshitib olga ekan-da, lekin Iogannesga bu haqda so‘zlab bergisi kelmabdi.
– Nima qipti, menga qanday javob aytishning farqi yo‘q, – debdi Iogannes. – Balki chindan ham sening tushing asqotib qolar: axir men hamisha xudoning madad berishi haqida o‘ylayman-da! Biroq baribir sen bilan vidolashamiz; agar men topishmoqni topa olmasam, sen bilan qayta ko‘rishmaymiz.
Ular o‘pishib vidolashibdilar va Iogannes shahardagi saroyga ravona bo‘libdi; saroy to‘la odam emish, hakamlar o‘rdak patidan qilingan yostiqlar qo‘yilgan oromkursilarda bosh solintirib o‘tirar, chunki ular chuqur fikrlashlari kerak ekan-da! Keksa qirol oppoq dastro‘mol bilan ko‘zlarini artib turar ekan. Mana, malika ham kirib kelibdi; u kechagidan ham ochilib ketgan bo‘lib, hammaga salomlashgandek ta’zim qilibdi, Iogannesga esa qo‘l uzatib:
– Qani, salom! – debdi.
Endilikda u o‘ylab qo‘ygan topishmoqni topish kerak ekan. Yo xudo, u Iogannesga naqadar erkalanib tikilar ekan! Biroq Iogannes topishmoqqa “boshmoq” deb javob berishi bilanoq malikaning chehrasi qordek oqarib, a’zoyi badani titrab-qaqshay boshlabdi. Biroq u hech nima qila olmas, Iogannes topishmoqni boplab topgan ekan.
Obbo! Keksa qirol sevinganidan o‘mbaloq oshib yuboribdi, butun xaloyiq qirolni va topishmoqni ilk bora topa olgan Iogannesni qarsaklar chalib qutlashibdi.
Yo‘ldosh o‘rtoq ham barchasi shu qadar yaxshi tugaganidan juda mamnun ekan, Iogannes esa keyingi safarlar ham madad berishidan umid qilib, xudoga shukronalar aytibdi.
U ertaga ham saroyga borishi kerak ekan. Oqshom xuddi kechagi kabi osoyishta o‘tibdi. Iogannes uyquga ketganida o‘rtog‘i tag‘in malikaning ortidan uchib, uni avvalgidan ham qattiqroq savalab boribdi, chunki u bu safar ikki bog‘lam xipchin olvolgan ekan-da; uni hech kim ko‘rmabdi, u esa tag‘in trollning maslahatini eshitib olibdi. Malika bu safar o‘z qo‘lqoplari haqida topishmoq aytishi kerak ekan, Iogannesning o‘rtog‘i o‘z ko‘rgan tushiga ishora qilib, bu javobni ham unga aytib beribdi. Iogannes bu gal ham topishmoqni topibdi, saroyda shunaqangi shodiyona bo‘lib ketibdiki, asti qo‘yaverasiz! Xuddi kecha qirol o‘mbaloq oshganidek, bugun barcha saroy a’yonlari o‘mbaloq oshishibdi. Faqat malika gapirgisi kelmay, divanda shumshayib yotibdi. Endilikda hamma gap Iogannesning uchinchi topishmoqni topishida qolibdi; agar topa olsa go‘zal malikaga uylanar va qirol olamdan o‘tishi bilanoq butun qirollikni meros qilib olar, topa olmasa qatl etilar, troll uning chiroyli moviy ko‘zlarini yer ekan.
Shu kecha Iogannes ko‘rajak tushi uchun ibodat qilib, ertaroq to‘shakka kiribdi va tinchgina uyquga ketibdi, uning o‘rtog‘i esa yelkasiga qanotlarni bog‘lab, yoniga qilichni taqibdi-da, har uch bog‘lam xipchinni olgancha saroyga uchib ketibdi.
Zim-ziyo tun bo‘lib, shunday bo‘ron turibdiki, tomlardan cherepitsalar77
Cherepitsa – tomga yopiladigan sopol g‘ishtcha.
[Закрыть] uchib, bog‘dagi daraxtlar shamolda xuddi qamish kabi qulab tushibdi. Tinimsiz chaqmoq chaqar, uzluksiz momaqaldiroq gumburlar ekan. Butun kecha shunday davom etibdi. Mana, deraza ham ochilib, murdadek oqarib ketgan malka uchib chiqibdi; biroq u havoning avzoyidan jilmayib qo‘yibdi, unga shu ham kam ekan-da; uning oppoq kamzuli shamolda kattakon yelkan kabi qappayibdi, Iogannesning yo‘ldosh o‘rtog‘i esa uni har uch bog‘lam xipchini bilan qon bo‘yalguncha savalab boribdi, shu sababli malika bazo‘r uchib, toqqa ham zo‘rg‘a yetib olibdi.
– Momaqaldiroqda tinim yo‘q! Bo‘ron quturib yotibdi! – debdi u. – Tug‘ilganimdan beri bunaqangi buzuq havoda uydan uchib chiqmagan edim.
– Ha, rosa ta’ziringni yeganing ko‘rinib turibdi! – debdi troll.
Malika unga Iogannesning ikkinchi marta ham topishmoqni topganini aytib beribdi; agar uchinchi marta ham topsa, u yutib chiqadi, men esa qaytib bu toqqa uchib kelolmayman, jodugarlik ham qila olmayman, debdi. Ha, bu juda katta musibat ekan.
– Endi topa olmaydi! – debdi troll – Yo men shunday narsani o‘ylab topamanki, uning xayoliga ham kelmagan bo‘ladi, yoki u mendan ham zo‘rroq sehrgar! Hozir esa raqsga tushamiz!
Shunday deya u malikaning ikkala qo‘lidan tutibdi va ular boshlarida mash’alachalar likillab turgan gnomlar bilan birgalikda o‘ynay ketishibdi. Qip-qizil o‘rgimchaklar devor bo‘ylab tepadan pastga, pastdan tepaga shodon sakrashibdi, olov gullar uchqunlar sachratishibdi, boyqush barabanni gumburlata ketibdi, chirildoqlar chirillab, qora chigirtkalar garmonlarini puflay ketibdi. Ajoyib bir bazm bo‘libdi!
Miriqib raqsga tushgan malika uyiga shoshilibdi, bo‘lmasa uning saroyda yo‘qligini sezib qolishlari mumkin ekan; troll uni kuzatib qo‘yadigan bo‘libdi, ana shunda ular ko‘proq birga bo‘lar ekanlar-da.
Ular parvoz etishibdi, Iogannesning o‘rtog‘i ularni har uchala bog‘lamdagi xipchinlar bilan savalab boribdi; troll hali hech qachon bunday jalada uchmagan ekan.
Saroy oldida u malika bilan xayrlasha turib, uning qulog‘iga:
– Mening boshim haqida topishmoq ayt! – deya sekingina shivirlabdi.
Biroq Iogannesning o‘rtog‘i buni aniq-tiniq eshitibdi, malika derazadan sirg‘alib ichkariga kirgach, troll ortga burilishi bilanoq, Iogannesning o‘rtog‘i uning uzun qora soqolidan tutamlagancha qilichi bilan irkit boshini naq elkasigacha uzib olibdi! Troll g‘ing deyishga ham ulgurolmay qolibdi! Iogannesning yo‘ldosh o‘rtog‘i uning jasadini ko‘lga uloqtiribdi, boshini esa suvga pishitib olib, so‘ng ipak qiyiqchaga o‘rabdi-da, ushbu tugunchani ko‘targancha karvonsaroyga qarab parvoz qilibdi.
Ertalab Iogannesning o‘rtog‘i unga ushbu tugunchani uzatarkan, to malika topishmoq aytmaguncha uni ochmaysan, deb buyuribdi.
Kattakon saroy odamlar bilan shunchalik liq to‘libdiki, igna tashlasang yerga tushmas ekan. Kengash a’zolari oromkursilardagi yostiqlarga bosh suyab o‘tirishar, keksa qirol esa bashang yangi liboslar kiyib olgan, toji va saltanat hassasi qoyilmaqom qilib tozalangan ekan; biroq malikaning chehrasi oqarib ketgan bo‘lib, dafn marosimiga borayotgandek motamona liboslar kiyib olgan ekan.
– Qanday topishmoq aytaman? – deb so‘rabdi u Iogannesdan.
Iogannes shu zahoti tugunchani ochibdi va unda trollning irkit kallasini ko‘rib o‘zi ham qo‘rqib ketibdi. Bu dahshatdan hamma titrab ketibdi, malikaning esa tili tanglayiga yopishib, toshdek qotib qolibdi. Nihoyat u o‘rnidan turib, Iogannesga qo‘lini uzatibdi, axir u topishmoqni topgan ekan-da, malika hech kimga qiyo ham boqmasdan chuqur xo‘rsinganicha:
– Endilikda sen mening xo‘jayinimsan! Kechqurun to‘y qilamiz! – debdi.
– Mana shunisini yaxshi ko‘raman-da! – debdi qirol. – Ish degani mana shundoq bo‘ladi!
Xaloyiq “ura” deb qichqiribdi, saroy soqchilari harbiy musiqalarni chalibdi, qo‘ng‘iroqlar jaranglabdi va qandolatfurushlar to‘ng‘izchalar shaklidagi shirinliklar ustidan motam matolarini olib tashlashibdi, hamma yoqda shod-xurramlik ekan! Maydonga ichiga qovurilgan o‘rdak va tovuq solib pishirilgan uchta buqani qo‘yib qo‘yishibdi, har bir kishi borib, ulardan bir bo‘lak kesib olishi mumkin ekan; favvoralar ajoyib sharoblarga to‘ldirilibdi, kimki novvoyxonadan bir tangaga o‘rama non sotib olgan bo‘lsa, unga hatto oltita mayizli parmuda non qo‘shib berishibdi!
Kechqurun barcha shahar chiroqlari yoqilibdi, askarlar zambaraklardan o‘q uzishibdi, bolalar paqildoqlarini paqillatishibdi, saroyda esa rosa yeb-ichishibdi, qadah cho‘qishtirishib, o‘yinga tushishibdi. Aslzoda yigitlar va go‘zal qizlar bir-birlari bilan raqs qilib, bor ovozda qo‘shiqlar aytishibdiki, bu qo‘shiqlar ko‘chadan ham eshitilib turar ekan:
Bu yerda ko‘p sho‘xchan go‘zallar;
Barabanlar kuyi ostida
Raqs etgani kelishgan ular.
– Hoy go‘zal qiz, chirpirab o‘yna!
Shundayin bir raqs etingki siz,
To‘zg‘ib ketsin boshmoqlaringiz.
Biroq malika hamon alvastiligicha qolgan bo‘lib, Iogannesni mutlaqo sevmas ekan; yo‘ldosh o‘rtoq buni ham esdan chiqarmabdi, Iogannesga uchta oqqush pati va allaqanday tomchilar solingan bir pufakcha beribdi-da, malika yotadigan karavot yoniga suv to‘ldirilgan jom qo‘y, jomga patlar va tomchilarni sol, malika yotmoqchi bo‘lganda uni sekingina jomga itarib yubor va suvga uch marta pishitib ol, ana shundagina u jodudan xalos bo‘ladi va seni qattiq sevib qoladi, deb buyuribdi. Iogannes hammasini xuddi yo‘ldosh o‘rtog‘i aytganday qilibdi.
Malika jomga qulab tushib, dodlab yuboribdi va ko‘zlari yonib turgan kattakon, qop-qora mumga o‘xshash oqqush shakliga kirib, Iogannesning qo‘llariga yopishib olibdi; ikkinchi martasida u suvdan bo‘ynida ensizgina qora halqasi bor oppoq oqqushga aylanib chiqibdi; Iogannes duo o‘qigancha uni uchinchi marta suvga pishitib olgan ekan, u shu zahoti tag‘in go‘zal malikaga aylanib qolibdi. Hatto u avvalgidan ham chiroyli qiyofaga kiribdi va jodudan xalos etgani uchun jozibali ko‘zlari yoshga to‘lgancha Iogannesga rahmatlar aytibdi.
Ertalab keksa qirol barcha mulozimlari bilan ularni tabriklagani tashrif buyuribdi. Hammadan keyin qo‘lida hassa va yelkada to‘rvasi bilan Iogannesning yo‘ldosh o‘rtog‘i kirib kelibdi. Iogannes uni o‘pib, shu yerda qolishini iltimos qilibdi, chunki o‘z baxtini topgani uchun undan minnatdor ekan-da! Biroq o‘rtog‘i norozi qiyofada boshini sarak-sarak qilib, mehr va yumshoqlik bilan bunday debdi:
– Yo‘q, mening fursatim yetdi! Men faqat sening oldingdagi qarzimni uzdim. Yovuz odamlar tahqirlamoqchi bo‘lgan huv sho‘rlik marhum yodingdami? Sen uni tobutda bezovta qilmasliklari uchun bor-budingni bergan eding. O‘sha marhum men bo‘laman!
Shunday deya u darhol ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
To‘y-tantana rosa bir oy davom etibdi. Iogannes va malika bir-birlarini qattiq sevib qolishibdi, keksa qirol esa Iogannes qirollik qilgan bir davrda jajji-jajji nabiralarini o‘zining saltanat hassasi bilan ovutgancha uzoq va baxtiyor umr kechiribdi.