Электронная библиотека » Жюль Верн » » онлайн чтение - страница 3

Текст книги "Suv ostida sakson ming kilometr"


  • Текст добавлен: 19 мая 2023, 23:30


Автор книги: Жюль Верн


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 3 (всего у книги 31 страниц) [доступный отрывок для чтения: 9 страниц]

Шрифт:
- 100% +
Beshinchi bob
KO‘R-KO‘RONA QUVISH

«Avraam Linkoln» suza boshlagan dastlabki kunlarda hech qanday voqea ro‘y bermadi. Faqat bir kuni Ned Lend hayratomuz san’atini namoyish qilishiga juda qulay fursat kelib qoldi. Garpunchi ana o‘shanda unga bemalol ishonaverish mumkinligini amalda ko‘rsatdi.

Falklend orollariga yaqinlashganda «Avraam Linkoln» Amerika kit ovlovchi kemasi «Monroe»ni uchratdi. Uning komandasi narval haqida hech narsa eshitmagan edi. Ammo «Monroe»ning kapitani «Avraam Linkoln»da mashhur Ned Lend borligini eshitib, quvib kelinayotgan kitni ovlashda yordam berishini so‘radi. Ned Lendning qanday ishlashini ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lgan kapitan Faragut garpunchiga «Monroe»ga o‘tishga ruxsat berdi.

Kanadalikning omadi keldi. Bitta kit o‘rniga u ikkitasini garpunladi. Birinchisini yuragiga garpun sanchib, o‘sha zahotiyoq o‘ldirdi, ikkinchisini esa bir necha minut ta’qibdan keyin saranjomladi.

Vaqti soati kelib bahaybat maxluq Ned Lendning garpuniga duchor bo‘lsa, undan tirik qutulishi amrimahol!

Kema juda katta tezlik bilan Amerikaning janubi sharqiy sohillari bo‘ylab suzar edi. 3-iyulda biz Magellan bo‘g‘ozining kiraverishidagi Dev buruniga yetib keldik.

Biroq kapitan Faragut bu ilon izi bo‘g‘ozni chetlab o‘tib, Gorn buruni tomon yo‘l oldi.

Ekipaj uning bu ishini yakdillik bilan ma’qulladi.

Darhaqiqat, narvalni bu tor bo‘g‘ozda uchratish ehtimoldan uzoq edi. Ko‘p matroslar bahaybat maxluq «Magellan bo‘g‘ozidan o‘tishga semizlik qilib qoladi» degan fikrda edilar.

6-iyul kuni tushdan keyin soat uchga yaqin «Avraam Linkoln» Amerika qit’asi tugaydigan joyda tashlandiq bo‘lib qolgan va gollandiyalik dengizchilar o‘zlarining jonajon shaharlari sharafiga Gorn buruni deb atashgan o‘sha yolg‘iz orolcha, o‘sha qoyani aylanib o‘tdi. Kema shimoli g‘arb tomonga yo‘l oldi va uning vinti Tinch okean suvlarini ko‘pirtira boshladi.

– Ko‘z-quloq bo‘lib tur! Ko‘z-quloq bo‘lib tur! – deyishardi «Avraam Linkoln» matroslari.

Ular chindan ham ko‘z-quloq bo‘lib turishar edi. Ikki ming dollar mukofotning daragini eshitib, qiziqib qolgan odamlar okean sathidan sira ko‘z uzmas edilar. Ko‘zlar va durbinlar kecha-yu kunduz bir sekund ham tinim bilmas edi.

Niktaloplarning – kechasi ham kunduzdagidek aniq ko‘ra bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan kishilarning mukofotni olishga hamma qatori ko‘radiganlarga nisbatan ikki baravar ko‘proq imkoniyatlari bor edi.

Garchand mukofot meni qiziqtirmasa-da, kun bo‘yi dengizdan ko‘z uzmay, qarab turar edim. Sutkasiga uch-to‘rt soatgina uxlab, naridan beri ovqatlanib olib, qolgan vaqtimni qimir etmay palubada o‘tkazar edim.

Goh kemaning old tomonidagi panjaradan engashib, goh kema quyrug‘iga kelib, ko‘zim ilg‘agan joygacha eshkak vallaridan har tomonga sachrayotgan bir xildagi ko‘piklarga suqlanib boqar edim.

Ko‘pincha ufqda kitning qorasi ko‘zga chalinib qolar, shunday paytlarda butun ekipaj bilan birga men ham juda qattiq hayajonlanardim! Bunday kezlarda bir zumdayoq butun ekipaj kema sahniga yugurib chiqar edi. Hamma ham entika-entika ko‘zini katta ochib, kitning har bir harakatini diqqat bilan kuzatar edi. Men ham qarardim, ko‘z oldim xiralashguncha kuzatardim.

Bunday paytlarda tepsa tebranmas Konsel menga bamaylixotir murojaat qilar edi:

– Xo‘jam, ko‘zlarini yirmay qarasalar yaxshiroq ko‘rardilar.

Biroq har gal ham hayajonimiz bekor ketar edi. «Avraam Linkoln» taxmin qilingan dushmanga yaqinlashib, uning oddiy kashalot yoki kitligini ko‘rib, yana yo‘lida davom etar, komanda esa gunohsiz jonivor boshiga la’natlar yog‘dirar edi.

Havo hamisha yaxshi bo‘lib turdi. Janubiy yarim sharda iyul shimoldagi yanvarga to‘g‘ri kelib, odatda bunday kezlarda ayni yog‘ingarchilik bo‘lishiga qaramay, safarimiz juda yaxshi sharoitda davom etdi. Dengiz sokin, atrof yaqqol ko‘rinar edi.

Ned Lend o‘sha ishonchsizligida qattiq turib olgan edi. Buni namoyish qilish uchun qorovullikdan bo‘shagan soatlarda kit ko‘rinmasa dengizga ataylab qaramas edi.

Shunisi alam qilar edi. Chunki uning g‘oyat o‘tkir ko‘zlari ekspeditsiyaga juda katta foyda keltirishi mumkin edi-da.

Ammo qaysar kanadalik yigirma to‘rt soatdan o‘n olti soatini kayutada o‘tkazishni ma’qul ko‘rardi.

Men uning beparvoligini yuz marta yuziga soldim.

– Bekordan bekorga ko‘zni toliqtirishning nima keragi bor, professor, – deb javob berar edi u menga. – Avvalo, hech qanaqa narvalning o‘zi yo‘q, bordi-yu, biror jonivor mavjud bo‘lganda ham u bilan to‘qnashuvga bizda qanday asos bor? Axir biz uni ko‘r-ko‘rona, tavakkal qilib quvyapmiz. Allaqanday kema, darhaqiqat, bu tutqich bermas hayvonni Tinch okeanda uchratdi ham deylik. Ammo shundan buyon oradan qariyb ikki oy o‘tdi. O‘sha narvalning xarakteriga qaraganda, u bir joyda uzoq muddat qaqqayib turishni yoqtirmaydi. Siz o‘zingiz uni juda tez harakat qiladi, deb aytyapsiz. O‘ylaymanki, hech narsani maqsadsiz yaratmagan tabiat, shamol tezligida, harakat qiladigan o‘sha mavjudotni tabiatan juda vazmin qilib ham yaratmagan bo‘lsa kerak desam, fikrimga qo‘shilarsiz. Binobarin, bordi-yu, bu hayvon mavjud bo‘lganda ham, u bu yerdan ancha uzoqda!

Bu fikrni bir nima deb rad etish qiyin edi. Biz darhaqiqat ko‘r-ko‘rona suzar edik. Ammo boshqa nima ham qila olardik. Ned Lend – haq: bizning bahaybat maxluq bilan uchrashuvimizga deyarli umid yo‘q edi. Shunga qaramay, ekspeditsiyaning baribir muvaffaqiyatli tugashiga hech kim shubhalanmasdi.

20-iyulda biz Kozerog tropigini uzunlikning 105-gradusida ikkinchi marta kesib o‘tdik, o‘sha oyning 27-sida uzunlikning 110-gradusida ekvatordan o‘tdik. O‘sha kunning o‘zidayoq, kema janubga, Tinch okeanning markaziy havzasi tomon yo‘l oldi. Kapitan narvalni quruqliklar va orollardan uzoqda, suvi chuqur zonalarda qidirish kerak, degan qat’iy fikrda edi. Botsmanimizning fikricha, bahaybat maxluq «aftidan dengiz uni qanoatlantiradigan darajada chuqur bo‘lmaganidan» bu yerlarga kelmagan.

Shunday qilib, kema Paumotu, Markiz, Sandvichev orollari yonidan o‘tdi-da, Rak tropigini uzunlikning 132-gradusida kesib, Xitoy dengizi tomon yo‘l oldi.

Mana, nihoyat biz bahaybat maxluq so‘nggi marta uchragan joyga yetib keldik! Hammaning yuragi shu qadar tez gupullab urardiki, bu ahvolda yurak kasalligining kemada keng tarqalishi hech gap emas edi. Miyadan ketmaydigan bu fikrdan butun ekipaj vasvasaga tushib qolgan edi. Odamlar uxlashmas, ovqat ham yemas edilar, kuniga yigirma martadan ko‘z aldanib qattiq hayajonlanish, lekin har gal kutilgan umid chipakka chiqqanda, ekipajdagilarning asablari buzilar, buning oqibati yaxshi bo‘lmasligi aniq edi.

Darhaqiqat, tez orada buning ta’siri sezila boshladi. Har bir kuni yuz yilday tuyulgan uch oy davomida esa «Avraam Linkoln» Tinch okean shimoliy qismining hamma tomonini kezib chiqdi. Kema ko‘zga chalingan kitlar ortidan quvar, galsdangalsga1919
  Gals – kemaning shamol yo‘nalishiga tomon yurishi.


[Закрыть]
burilar, to‘satdan to‘xtar, mashinani boshqarishni xatarda qoldiradigan darajada bug‘ni goh oshirib, goh kamaytirib borardi. Yaponiya sohillaridan tortib Amerika qit’asigacha biron nuqtani ham e’tiboridan chetda qoldirmadi. Ammo bu juda katta masofada hech narsa, ha, hech narsa uchramadi, loaqal o‘sha ulkan narvalgami yoki suvosti orolchasigami, halokatga uchragan kema sinig‘igami, harakatlanuvchi suvosti qoyagami yoki boshqa biror baloga bo‘lsa ham o‘xshaydigan narsaga duch kelinmadi. Ha, hech narsaga!

Ola-g‘ovur boshlandi. Umidsizlik ishonchsizlikka yo‘l ochib berdi. Ekipajni og‘ir bir his qiynay boshladi. Buning o‘ndan uch qismi xijolat bo‘lsa, o‘ndan yettisi alam edi.

Har bir kishi bu bo‘lmag‘ur safsataga ishonib, ahmoq bo‘lganidan uyalar edi. Ammo alam hissi uyalishdan battarroq qiynardi. Buning isboti uchun bir yil davomida asta-sekin yig‘ilgan dalillar bir kuni o‘rtaga to‘kib solindi. Endi har bir kishi behuda sarflangan vaqtni qoplash yo‘lini axtarardi.

Odamzodning aqliga xos o‘zgaruvchanlik bilan kishilar o‘zlarini har tomonga urib ko‘rar edilar. Sayohatning eng qizg‘in tarafdorlari uning ashaddiy dushmanlariga aylandilar. Ishonchsizlik to‘l-qini butun kemani – tryumlardan tortib kayutkampaniyalargacha zabt etdi. Agar kapitan Faragut nimagadir o‘jarlik bilan qattiq turib olmaganida, «Avraam Linkoln» o‘sha zahoti tumshug‘ini janub tomonga burib olgan bo‘lur edi.

Biroq bu befoyda izlashlar to‘xtovsiz davom etaverishi mumkin emas edi. «Avraam Linkoln»ga ta’na qilish o‘rinsiz edi. Kema topshiriqni bajarish uchun nimaiki undan lozim bo‘lsa, hammasini qildi. Amerika kema komandasi hech qachon shunchalik g‘ayrat va shijoat ko‘rsatmagandi. Ekspeditsiyaning muvaffaqiyatsizligi uchun deyarli unda ayb yo‘q edi. Aftidan, qaytishdan bo‘lak chora qolmaganga o‘xshaydi…

Kapitan Faragutga kema ekipaji tomonidan tegishli bayonot berildi. U rad etdi.

Matroslar o‘z noroziliklarini yashirmas edilar va kemada intizom bo‘shashdi. Men kemada g‘alayon bo‘ldi, deyolmayman. Ammo kapitan Faragut uzoq davom etmagan qarshilikdan so‘ng, o‘z vaqtida Kolumb qilganiday ekipajdan uch kun sabr qilishni so‘rashdan bo‘lak iloji qolmadi. Agar shu uch kun mobaynida bahaybat maxluq topilmasa, rulni boshqaruvchi kishi shturvalni aylantiradi va «Avraam Linkoln» orqasiga qaytadi.

Bu va’da 2-noyabrda berilgan edi. Shundan keyin komanda kayfiyati bir zumda ko‘tarilib ketdi. Odamlar yana diqqat bilan to‘lqinlarga qaray boshladilar. Durbinlar va kuzatuv trubalari yana ishga tushdi. Bu bahaybat narvalga qilinayotgan so‘nggi chaqiriq edi.

Shu zaylda ikki kun o‘tdi. «Avraam Linkoln» sekin yurib borar edi. Mabodo narval yaqin orada bo‘lsa, degan umidda komanda uni jalb etish uchun ming xil narsa o‘ylardi.

Kema ortidan to‘da-to‘da bo‘lib kelayotgan akulalarga parcha-parcha yog‘ tashlanar edi. Kemadagi eshkakli qayiqlar dengizning hamma tomonlarini, suv sathining har bir kvadrat metrigacha sinchkovlik bilan ko‘rib aylanishdi.

4-noyabrning kechki paytigacha ham sir sirligicha qolaverdi.

Keyingi kuni, 6-noyabr, peshindan keyin belgilangan muddat tugadi. Soat so‘nggi bor bong urishi bilan kapitan Faragut bergan so‘ziga binoan, kemani janubi sharqqa burishi va Tinch okeanning shimoliy qismidan chiqib ketishi kerak edi.

Shu paytda kema shimoliy kenglikning 31– gradus 15-minuti va sharqiy uzunlikning 136– gradus 42-minutida edi. Yaponiya biz turgan joydan salkam ikki yuz milya masofada edi. Kech kira boshladi. Soat sakkizga zang urdi. Quyuq bulutlar bir haftalik oyning ingichka o‘rog‘ini o‘rab olishdi. Dengiz kemani bir maromda chayqab turar edi.

Shu daqiqada men shtirbortda2020
  Shtirbort – kemaning o‘ng tomoni, chekkasi.


[Закрыть]
kema panjarasiga suyanib turardim. Konsel yonimda loqaydlik bilan oldinga tikilib turar edi. Reyga2121
  Rey – kema machtasining ko‘ndalang to‘sini.


[Закрыть]
chiqib olgan matroslar qorong‘i cho‘kishi bilan tobora kichrayib borayotgan ufqni ko‘zdan kechirar edilar. Ofitserlar tungi durbinlarini okean sathiga qaratdilar. Ahyon-ahyonda oy nuri bulutlarni yorib chiqib, to‘lqinlarga kumushrang jilo berar, biroq shu zahotiyoq bulutlar yog‘duni o‘z qa’riga olib, yana hamma yoqqa qorong‘ilik cho‘kar edi.

Men Konselga qaradim. Nazarimda shu davr ichida u ham birinchi marta umum hayajoni ta’siri ostida qolganday bo‘lib ko‘rindi.

– Ha, Konsel, – so‘radim men, – ikki ming dollar ishlab olishning so‘nggi imkoniyatlaridan foydalanib qolay deyapsanmi?

– Xo‘jamning ruxsatlari bilan u kishiga shu narsani ma’lum qilmoqchimanki, men bu mukofotni olishni xayolimga ham keltirganim yo‘q, – deya javob qaytardi Konsel, – Qo‘shma Shtatlar hukumati xuddi shuningdek yuz ming dollar mukofot va’da qilganida ham davlati kamayib qolmas edi.

– To‘g‘ri aytasan, Konsel. U yog‘ini surishtirsang, buning o‘zi bir bema’nilik va men ham shu ekspeditsiyaga qo‘shilib, yengiltaklik qildim. Qancha vaqtlar bekor ketdi, asablar qanchalik buzildi! Bundan olti oy muqaddam Fransiyaga yetib olgan bo‘lur edik…

– Xo‘jamning kichkina uylariga, – gapimni ilib ketdi Konsel, – uning muzeyiga. Men kolleksiyamizning topilmalarini sinflarga ajratib o‘tirgan bo‘lardim, xo‘jam keltirgan bug‘u-to‘ng‘iz zoologiya bog‘idan o‘rin olib butun Parijning qiziquvchi kishilari diqqatini o‘ziga jalb etgan bo‘lar edi!

– Ha, xuddi shunday bo‘lar edi, Konsel. Mana endi butun bu ko‘rgiliklar yetmagandek yana bizdan kuladilar ham.

– Shubhasiz, – bamaylixotir tasdiqladi Kon-sel. – Imonim komilki, xo‘jamdan kuladilar. Bilmadim, bu yog‘i gapirib o‘tirishga arzirmikin…

– Gapir, gapiraver, Konsel.

– Menimcha xo‘jamning kulgi bo‘lishlariga o‘zlari sababchi bo‘ldilar.

– Rostdanmi?

– Odam shunchalik katta olim bo‘la turib, tavakkalchilik qilmasligi kerak…

Konsel o‘z maqtovini oxiriga yetkazgani ham yo‘q edi. Atrofda hukm surayotgan sokinlikni buzib jarangdor ovoz eshitildi.

Bu Ned Lendning ovozi edi.

Kanadalik qichqirardi:

– Ho‘-o‘y! O‘sha narsa mana bu yerda, shamol esayotgan tomonda, qarshimizda!

Oltinchi bob
SHITOB BILAN

Bu xitobni eshitgan butun ekipaj – kapitan, ofitserlar, matroslar, yungalar, hatto injener va mexaniklar o‘z mashinalarini, o‘tyoqarlar o‘txonalarini tashlab garpunchi tomon yugurishdi.

Kapitan kemani to‘xtatishni buyurdi.

Kecha qop-qorong‘i edi. Kanadalikning ko‘zi o‘tkirligini bilsam ham, shu zulmatda qanday qilib va nimani ko‘rdi ekan, deb o‘zimga-o‘zim savol berardim.

Yuragim shu qadar qattiq tepa boshladiki, hatto yorilib ketishi ham hech gap emas edi.

Biroq Ned Lend yanglishmabdi. Ko‘p o‘tmay hammamiz u qo‘li bilan ko‘rsatayotgan narsani ko‘rdik.

«Avraam Linkoln»dan ikki kabelt uzoqlikda shtirbort tomondan dengiz ichidan yoritilganday edi. Bu oddiy fosfor yog‘dusi bo‘lishi mumkin emas. Bahaybat maxluq juda ko‘p kapitanlar o‘z hisobotlarida ko‘rsatganlariday suv ostida bir necha fut chuqurlikda turib yorqin, ayni vaqtda g‘alati bir yog‘du taratar edi. Bu yog‘duning allaqanday yorqin manbayi bo‘lishi kerak. Okeanning yoritilgan qismi– tuxum shaklida bo‘lib, uning markazida juda yorqin, chekkalariga qarab yorug‘lik kamaya borardi.

– Bu yorug‘lik taratuvchi organizmlar to‘dasidan boshqa narsa emas! – deya xitob qildi ofitserlardan biri.

– Yo‘q, siz yanglishyapsiz! – deb keskin e’tiroz bildirdim men. Bular tunda yog‘du sochadigan yaltiroq qurtlar va salplar bo‘lsa, hecham shu qadar yorqin nur tarata olmasdi. Bu yorug‘likning, albatta qandaydir elektr manbayi bor… Aytganday, qarang… Qarang! Surilyapti!.. Bizga qarab kelyapti!

Kema sahnida turganlarning hammasi birdan qichqirib yubordi.

– Ji-im! – Kapitan Faragut buyurdi. – Rul chapga! Orqaga yurilsin!

Hamma o‘z joyiga otildi.

Buyruq bir zumda bajarildi va «Avraam Linkoln» yarim aylana shaklida burildi.

– Rul o‘ngga! Oldinga yurilsin! – buyurdi kapitan Faragut.

Vint yana ishlay boshladi va kema yorqin yog‘du sochayotgan manbadan tez chekina boshladi.

Men yanglishdim: kema chekinmoqchi bo‘ldi, ammo o‘ta g‘ayritabiiy maxluq undan ikki baravar tezroq yurib bosib kela boshladi.

Biz nafasimizni ichimizga yutib, churq etmay, qotib turardik. Bu qo‘rquv emas, balki ajablanish belgisi edi. Hayvon hazillashganday bizni quvib yetdi. U o‘n to‘rt uzel tezlikda yurib, o‘zining elektr nurlarini yorug‘lik chiqaruvchi chang singari taratib, kemadan o‘zib ketdi. So‘ngra u uchib borayotgan ekspress lokomotivi ortidan qoldiradigan halqa-halqa tutunga o‘xshash yog‘du taratib ikki yoki uch milya masofaga suzib ketdi. Biroq bahaybat maxluq go‘yo hamla qilish uchun orqaga tisarilgandek to‘satdan qorong‘ilik ichidan chiqib, «Avraam Linkoln» tomon dahshatli tezlik bilan otildi. Xuddi o‘shanday yigirma futlar chamasi narida to‘satdan to‘xtadi va… o‘chdi. U suvga cho‘kkani yo‘q, u holda taralayotgan yog‘du asta-sekin so‘nardi; unga yorug‘lik berayotgan manba kuchi birdan tugab qolganday to‘satdan o‘chdi.

Birpasdan keyin bahaybat maxluq yana paydo bo‘ldi. Endi u «Avraam Linkoln»ni aylanib o‘tdimi, ostidan o‘tdimi, kemaning boshqa tomonidan chiqdi.

Har daqiqada biz uchun halokatli bo‘lgan to‘qnashuv yuz berishi mumkin edi.

Meni kemaning manyovrlari hayratga solardi. U bahaybat maxluq bilan jang boshlash o‘rniga chap berar, undan qochar edi. Bahaybat maxluqni quvish uchun yuborilgan kema o‘zi quvg‘in holatiga tushib qoldi.

Men bu mulohazamni kapitan Faragutga aytdim. Uning odatdagi vazmin chehrasida hozir o‘ta hayratlanish alomatlari ko‘rinardi.

– Bilasizmi, professor, – deya javob qaytardi u menga, – men qanaqa ulkan yirtqich bilan to‘qnashayotganimni bilmayman va binobarin, bu zulmatda o‘z kemamni tavakkal qilib, xavf ostida qoldirmoqchi emasman. Bu noma’lum maxluqqa qanday hujum qilish kerak, qaysi yo‘l bilan himoyaga o‘tish kerak? Yaxshisi, tong otguncha sabr qilaylik, ana o‘shanda o‘rnimiz almashinadi.

– Kapitan, bu mavjudotning tabiati haliyam sizni shubhalantiryaptimi?

– Yo‘q, professor. Bu juda ulkan narval bo‘lsa kerak, ammo elektr narval.

– Ehtimol, – deya davom ettirdim men, – unga yaqinlashish gimnot2222
  Gimnot – elektr ugol (ilonbaliq).


[Закрыть]
yoki suzar minaga yaqinlashishday xavfli.

– Bo‘lishi mumkin, – fikrimga qo‘shildi kapitan. – Agar u buning ustiga elektr bilan zaryadlangan bo‘lsa, unda chindan ham dunyodagi eng xavfli hayvon bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham ehtiyot bo‘lishga qaror qildim.

Kema ekipaji tun bo‘yi mijja qoqmadi. Hech kim kema sahnidan jilmadi. «Avraam Linkoln» tezlikda narvalga bas kelolmasligiga qanoat hosil qilgach, yurishini sekinlatdi.

Narval ham o‘z navbatida kemaga taqlid qilib, to‘lqinda sekin chayqalib turardi, aftidan, jang maydonini tashlab ketgisi yo‘q edi.

Ammo negadir yarim kechada u g‘oyib bo‘ldi yoki aniqroq qilib aytganda – juda ulkan yaltiroq qurtga o‘xshab o‘chdi. Qochayotganmikin? Bunday bo‘lishini orzu qilishdan ko‘ra unga yo‘l qo‘ymaslik kerak edi. Ammo oradan bir soat o‘tgach, kichkina teshikdan kuchli bosim bilan o‘tayotgan suv tovushiga o‘xshagan quloqni bitiruvchi ovoz eshitildi.

Kapitan Faragut, Ned Lend va men shu payt kema sahnida edik. Biz atrofimizni o‘rab olgan tun zulmati qa’riga tikilganimizcha turardik.

– Ned Lend, – so‘radi kapitan, – kitlarning ovoz chiqarishini ko‘p eshitganmisiz?

– Ko‘p eshitganman, kapitan, ammo hozirgacha bir ko‘rinishi ikki ming dollar keltirgan kitni uchratmagan edim.

– Siz chindan ham mukofotga sazovor bo‘ldingiz. Biroq ayting-chi, hozir eshitayotganingiz kitlarning burun kataklaridan chiqadigan ovozga o‘xshaydimi?

– Ovozi o‘xshaydi-yu, ammo haddan tashqari kuchli. Qarshimizda qandaydir kitsimon hayvon turganiga shubha yo‘q va ruxsatingiz bilan, kapitan, ertaga ertalab uning qulog‘iga aytadigan ikki og‘iz so‘zim bor, – deb qo‘shib qo‘ydi garpunchi.

– Agar u sizni eshitishni istasa, Ned, – deb luqma tashladim men, – ammo negadir bunga unchalik ishongim kelmayapti.

– Agar men unga garpunimning to‘rt baravar bo‘yicha keladigan masofada yaqinlasha olsam, – deya e’tiroz bildirdi kanadalik, – kimligimni ko‘rsatib qo‘yaman.

– Gapingiz to‘g‘ri-yu, ammo buning uchun sizga eshkakli qayiq berishga to‘g‘ri kelar? – so‘radi kapitan.

– Albatta.

– Eshkakchilarning hayotini xavf ostida qoldirib-a?

– Ha, mening hayotimdek, – deya loqaydlik bilan javob qaytardi garpunchi.

Kechasi soat ikkiga yaqinlashganda elektr shu’la shamol esayotgan tomonda, «Avraam Linkoln»dan besh milya narida yana paydo bo‘ldi. Oradagi shuncha masofa, shamol va dengiz shovqiniga qaramay maxluq dumini shaloplatayotgani va harsillab nafas olayotgani aniq eshitilib turardi. Narval nafas olish uchun suv sathiga chiqqanida, uning o‘pkasiga havo shu qadar kuch bilan o‘tar ediki, ikki ming kuchli mashina silindrlariga bug‘ kiryapti, deb o‘ylardi kishi.

– Obbo! Butun boshli otliq askarlar polkining kuchiga teng keladigan kit, chakana kitlarga o‘xshamaydi.

Tun ehtiyot bo‘lib kutish va jangga hozirlik ko‘rish bilan o‘tdi. Kit ovlaydigan qurol-yarog‘lar kema yonlariga qator tizib qo‘yildi. Kapitanning ikkinchi o‘rinbosari bir milyaga garpun ota oladigan garpun to‘plari, eng katta maxluqlarni ham portlaydigan o‘q otib o‘ldiradigan kalta beshotar miltiqlarni shaylab qo‘yishni buyurdi. Ned Lend garpunini charxlab olganidan xursand edi.

Soat oltida tong otdi. Kun g‘ira-shira yorishi bilanoq narval atrofidagi elektr yog‘du yo‘qoldi.

Soat yettida kun chiqdi. Ammo eng yaxshi durbinlar ham yorib o‘tolmaydigan qalin tuman atrofni ko‘rishni mushkullashtirgan edi. Odamlar qanchalik ranjib, g‘azablanganliklarini bir ko‘z oldingizga keltiring.

Men bizanning2323
  Bizan – kema ortidagi kichik machta.


[Закрыть]
birinchi to‘siniga chiqib oldim. Bir necha ofitserlar undan ham balandga ko‘tarildilar.

Soat sakkizda tuman to‘lqinlar ustidan suzib o‘tdi va asta-sekin parcha-parcha bo‘lib yuqoriga ko‘tarila boshladi.

Avvalgiday to‘satdan Ned Lendning ovozi eshitilib qoldi.

– O‘sha narsa – shamol esayotgan tomonda, kemaning quyruq tomonida! – deb qichqirdi garpunchi.

Hamma o‘sha tomonga qaradi.

Darhaqiqat, kemadan bir yarim milya narida uzun qora tanasining taxminan bir metrchasi suvdan chiqib turar edi. Tez harakat qilayotganidan bo‘lsa kerak, uning dum tomonida dengiz pishqirib to‘lqinlanardi. Menga ma’lum bo‘lgan birorta hayvon suvni shu qadar katta kuch bilan urmas edi. Orqasidan kattagina joyda ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq ko‘pik qoldirar edi.

Kema bahaybat maxluq tomon yurdi. Men ko‘zimni uzmay va nafasimni ichimga yutib unga tikilib turardim. «Xanaan» va «Gelvitsiya» o‘z raportlarida narvalning hajmini ancha kattalashtirib ko‘rsatgan ekanlar. Men uning uzunligini bor-yo‘g‘i ikki yuz ellik fut chamaladim. Uning yo‘g‘onligini aytish qiyin edi, ammo har uchala tomonga ham mutanosibday taassurot qoldirdi menda.

Men maxluqni kuzatayotganimda uning burun kataklaridan ikki o‘rim suv otilib, qirq metr balandlikka ko‘tarildi. Bundan uning qanday qilib nafas olishi to‘g‘risida ma’lum tasavvurga ega bo‘ldim.

Bu sirli mavjudot umurtqalilar to‘dasi, sutemizuvchilar sinfi, bir qorinlilar sinfchasi, kitsimonlar guruhiga kiradi, degan xulosaga keldim. Oilasiga kelganda… bunisini hali men bilmas edim.

Kitsimonlar guruhi kitlar, kashalotlar va delfinlar oilasini o‘z ichiga oladi. Narvallar ham shu so‘nggisiga kiradi. Bu har bir oila yana ko‘plab oilachalarga, oilachalar nasllarga, nasllar turlarga bo‘linadi. Turlar, nasllar, oilachalar va oilalar – bular haqida hozircha mulohaza yuritishim qiyin, ammo Ned Lendning san’ati va kapitan Faragutning tajribaliligi tufayli yaqin orada bu ma’lumotlarni ham olishimga sira shubhalanmas edim.

Komanda boshliqning buyruqlarini sabrsizlik bilan kutar edi. Kapitan bahaybat maxluqni diqqat bilan ko‘zdan kechirgach, kema injenerini chaqirishni buyurdi. U ham tezda yetib keldi.

– Bug‘ga yaxshilab o‘t qalanganmi? – so‘radi kapitan.

– Xuddi shunday, kapitan, – javob berdi injener.

– Yaxshi. O‘txonaga yana ko‘mir tashlang! Bu buyruq uch marta «ura» sadosi bilan qarshi olindi.

Jang soati keldi.

Bir necha minutdan keyin kemaning ikkala mo‘risidan buruqsib qop-qora tutun ko‘tarildi va kema asta zirillay boshladi.

«Avraam Linkoln»ning qudratli vinti kemani to‘ppa-to‘g‘ri bahaybat maxluq tomon surib ketdi. Maxluq kemaning o‘ziga yarim kabeltgina yaqinlashuviga yo‘l qo‘yib berdi. Shundan so‘ng suvga cho‘kmay, bizning kemamiz bilan oldingi oraliqni saqlab, sekin orqaga suza boshladi.

Ta’qib chorakam bir soat davom etdi, ammo shu vaqt ichida «Avraam Linkoln» unga bir fut ham yaqinlasholmadi. Bu tezlik bilan maxluqni quvib yetib bo‘lmasligi aniq edi.

Kapitan Faragut jahl bilan qalin soqolini tortqilar edi.

– Ned Lend! – qichqirdi u. Kanadalik unga yaqinlashdi.

– Qani, janob kit ovlovchi, – unga murojaat qildi kapitan, – sizga eshkakli qayiq kerakmi?

– Yo‘q, – deb javob berdi garpunchi. – Bu dog‘ulini o‘zi qo‘lga tushmaguncha olib bo‘lmaydi.

– Xo‘sh, nima qilish kerak?

– Iloji bo‘lsa, bug‘ bosimini oshirish kerak. Ruxsatingiz bilan, men kema tumshug‘iga o‘rnashib olaman va biz unga yetarli darajada yaqinlashgan zahoti garpun tashlayman.

– Juda soz, Ned, – dedi kapitan va so‘zlashuv trubasidan buyruq berdi:

– Bug‘ni oshiring!

Ned Lend o‘z o‘rniga qarab ketdi. O‘txonalarga yana ko‘mir qalandi va vint minutiga qirq uch marta aylana boshladi. Suvga tashlangan lag2424
  Lag – kemaning bosib o‘tgan yo‘lini yoki tezligini aniqlaydigan asbob.


[Закрыть]
kemaning soatiga o‘n sakkiz yarim milya tezlikda suzayotganini ko‘rsatdi.

Ammo la’nati maxluq ham soatiga o‘n sakkiz yarim milya tezlikda suza boshladi.

Bir soat davomida kema shu tezlikda suzsa-da, lekin bu bilan u bir santimetr ham yutmadi. Bu Amerika flotining eng tezyurar kemasi uchun uyat edi.

Butun komanda qutura boshladi. G‘azablangan matroslar bahaybat maxluqni so‘kishardi. Biroq u bu gaplardan hazar qilganday churq etmas edi. Kapitan Faragut tortqilayotgan soqolini endi tishlay boshladi.

Injener yana ko‘prikcha ustiga chaqirib kelindi.

– Bosimni so‘nggi nuqtasigacha yetkazdingiz-mi? – so‘radi kapitan.

– Ha, – javob berdi injener.

– Necha atmosferagacha?

– Olti yarimgacha.

– O‘nga yetkazing!

Bu haqiqiy amerikacha buyruq edi. Missisipida raqobatchisini quvib o‘tmoqchi bo‘lgan biror kompaniya paroxodining kapitani ham bundan oshirib bir nima deya olmas edi.

– Konsel, – dedim men yonimda turgan ajoyib xizmatkorimga, – bu ahvolda osmoni falakka uchib ketishimizni bilasanmi?

– Xo‘jam shuni istasalar, – javob berdi Konsel. To‘g‘risini aytsam, kapitanning bu haddan tashqari jasorati menga yoqdi.

O‘t qalovchilar o‘txonaga yana ko‘mir tashladilar. Ventilyatorlar o‘txona havosini yangilab turar edi. Bug‘ bosimi oshdi. «Avraam Linkoln» oldinga otildi. Kema ustunlari pastigacha zirillab titrar va tutun quyuni tor mo‘rilardan siqilib zo‘rg‘a chiqar edi.

Yana lag tashlandi.

– Qancha? – so‘radi kapitan.

– O‘n to‘qqiz-u, o‘ndan uch milya.

– Bosim yana ko‘tarilsin!

Injener bo‘ysunib, buyruqni bajardi. Monometr mili o‘n atmosferani ko‘rsatar edi. Aftidan, bahaybat maxluq ham «bug‘ga o‘t qalaganga» o‘xshardi. Chunki sira kuchanmay endi u ham soatiga o‘n to‘qqiz-u, o‘ndan uch milya tezlikda suzar edi…

Bu qanaqa quvish? Yo‘q, men qanchalik hayajonlanganimni so‘z bilan ta’riflay olmayman.

Hayajondan a’zoyi badanim qaltirardi.

Ned Lend qo‘lida garpuni bilan kema tumshug‘ida turar edi. Maxluq bir necha marta kemaning o‘ziga yaqinlashishiga yo‘l qo‘yib berdi.

– Yetyapmiz! Yetyapmiz! – qichqirdi kanadalik.

Biroq garpun tashlash uchun endi qo‘l uzatganda maxluq to‘satdan undan soatiga kamida o‘ttiz milya tezlikda uzoqlashdi. Bu kamlik qilganday eng so‘nggi tezlikda ketayotganimizda, u bizni masxaralaganday atrofimizni gir aylanib chiqdi. Kema ekipaji bunga qattiq qichqiriq bilangina javob bera oldi, xolos.

Kun peshindan og‘ganda ham biz bilan narval o‘rtasidagi masofa ertalab soat sakkizdagiday edi. Shundan so‘ng kapitan Faragut boshqa vositalarni ishga solishga qaror qildi.

– Hali shunaqami! – xitob qildi u. – Bu maxluq «Avraam Linkoln»dan ham tezroq suzadimi? Mayli, qani ko‘ramiz, konussimon bombadan ham o‘zib ketarmikan. Botsman! To‘pchi tumshuqdagi qurol oldiga kelsin!

Qurol bir zumda o‘qlanib, mo‘ljalga to‘g‘rilandi. O‘q uzildi, ammo u yarim milya narida turgan narvaldan bir necha fut balandlikdan o‘tib ketdi.

– Boshqa abjirroq mo‘ljalga oluvchi o‘tsin, – deya qichqirdi kapitan. – Shu la’nati maxluqni nishonga olib urganga besh yuz dollar mukofot!

Oppoq soqolli keksa to‘pchi – hozir ham uning osoyishta qarashi va sovuqqon yuzi xuddi kechagiday ko‘z oldimda turibdi – qurolga yaqinlashdi va diqqat bilan mo‘ljalga oldi. O‘qning gumburlagan ovozi tinmasdanoq qattiq «ura» ovozi yangradi.

O‘q mo‘ljalga tekkan edi. U kutilgan natijani bermay, narvalning biqinidan sirg‘anib o‘tib, ancha yerga borib tushdi.

– Uh, jin ursin! – deya xitob qildi jahli chiqqan keksa to‘pchi. – Nahotki, bu iblisning olti duymli zirhi bo‘lsa?

– La’nati! – qichqirdi kapitan Faragut. Quvish davom etardi. Kapitan menga yaqinlashib:

– Men narvalni kema titilib ketguncha quvaman, – dedi. – Juda to‘g‘ri, – deb javob berdim men. – Shunday qilish kerak!

Narval ertami-kechmi, charchoq bilmas bug‘ mashinasi bilan teng kelolmay charchaydi, deb umid qilish mumkin edi. Ammo soat ketidan soat o‘tardi-yu, lekin unda charchoq alomatlari sezilmas edi.

«Avraam Linkoln» sharafiga shuni aytish kerakki, u quvishni qattiq turib davom ettirardi. Mening hisobimcha, kema o‘sha mash’um kun, 6-noyabrda, kamida besh yuz milya suzdi. Ammo yana kech kirib, toshqin dengiz bir zumda qorong‘i pardaga o‘raldi.

Shu daqiqada men ekspeditsiyamiz tugadi, endi biz bu ajib hayvonni ko‘rolmaymiz, deb o‘ylagan edim.

Xato qilgan ekanman.

Kechqurun soat 10 dan 50 minut o‘tganda kemamizdan uch milya narida elektr yog‘du yana paydo bo‘ldi.

Narval qimirlamay turganday edi. Kun bo‘yi charchab, endi to‘lqinda chayqalib uxlardi. Bundan foydalanib qolish kerak edi. Kapitan baxtini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi.

U tegishli buyruqlarni berdi. «Avraam Linkoln» hayvonni uyg‘otib yubormaslik uchun sekin suzib bordi. Okeanda qattiq uxlab qolgan kitlarni ko‘plab uchratish mumkin. Ned Lend xuddi ana shu uxlab yotgan vaqtlarida bir nechtasini garpunlagan.

Kanadalik yana kema tumshug‘idagi o‘z o‘rnini egalladi.

Kema osoyishtalik bilan hayvon tomon ikki kabelt yaqinlashdi. Shundan so‘ng mashina to‘xtatildi va kema o‘z oqimi bilangina ilgarilar edi.

Kemadagi hamma kishilar nafaslarini ichlariga yutib olgan edilar. Kema sahni suv quyganday jimjit. Okean sathining tuxumsimon yoritilgan yeridan yuz qadamcha berida edik.

Men Ned Lendga qaradim. Shunda uning dahshatli qurolini qulochkashlab turganini ko‘rdim.

Kema harakatsiz yotgan hayvonga yanada yaqinroq bordi. Biz bilan uning orasida yigirma qadamcha qolgan edi.

Birdan Ned Lendning qo‘li kuch bilan havoda yarim aylana hosil etdi-yu, garpun uchib ketdi. Men bir narsa xuddi temirga urilganday jaranglagan tovush eshitdim.

Elektr yog‘du shu zahotiyoq o‘chdi va katta-katta ikkita suv ustuni to‘satdan kema ustiga tushib, odamlarni va boshqa duch kelgan narsani uloqtirib tashladi.

Qars etgan dahshatli ovoz eshitildi. Panjarani ushlab qolishga ham ulgurolmay, kemadan uchib ketdim.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации