Текст книги "Suv ostida sakson ming kilometr"
Автор книги: Жюль Верн
Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза
сообщить о неприемлемом содержимом
Текущая страница: 8 (всего у книги 31 страниц) [доступный отрывок для чтения: 10 страниц]
– Ffu, yaramas! – xitob qildi kanadalik.
– Oltinchisi va so‘nggisi, – dedi Konsel, – tutash jag‘lilar bo‘lib, ularning jag‘ suyaklari jag‘ oralig‘iga qimirlamaydigan bo‘lib birikkan va tanglayning ko‘tarilgan joyi bosh suyak bilan birikkan. Bu guruhda ikki oila – qattiqterililar va tirjaygantoshlilar bor. Namunasi – oybaliq.
– Qozonni faqat bulg‘ay oladigan baliq, – deb qo‘shib qo‘ydi kanadalik.
– Gaplarimga tushundingizmi, og‘ayni? – deb so‘radi dono Konsel.
– Hech baloni tushunmadim, Konsel, – deb javob berdi garpunchi. – Ammo davom ettiravering:
siz aytayotgan gaplar juda qiziqarli.
– Kemirchakli baliqlar sinfchasiga kelganda,deya vazmin davom ettirdi Konsel, – shuni aytish kerakki, u bor-yo‘g‘i uch guruhni o‘z ichiga oladi.
– Qancha oz bo‘lsa, shuncha yaxshi, – dedi Ned.
– Birinchisi, dumaloq og‘izlilar, ya’ni jag‘i bir butun aylana bo‘lib birikkan, jabralari esa ari iniday ilma-teshik bo‘lib ochiladi. Bu guruhda faqat birgina oila bor. Namunasi – ilonbaliq.
– Yomon baliq emas, – dedi Ned Lend.
– Ikkinchi guruhi – akulalar va skatlar5252
Skat – o‘zi yapaloq, dumi ingichka dengiz balig‘i.
[Закрыть] bo‘lib, bularning jabralari ham dumaloq og‘izlilarnikiga o‘xshaydi-yu, ammo pastki jag‘lari qimirlaydi.
– Qanday qilib! – hayajon bilan so‘radi Ned.
– Akula bilan skat bir guruhga kiradimi? Bilasizmi, do‘stim Konsel, agar skatlar tirik qolsin desangiz, ularni akulalar bilan bir guruhga qo‘shishni zinhor maslahat bermasdim sizga.
– Uchinchi guruhi, – deya parvo qilmay so‘zini davom ettirdi Konsel, – osyotra guruhi bo‘lib, ularning jabralari ustidagi soyabonchasi bilan bir joydan ochiladi. Bu guruhda to‘rtta oila bor. Namunasi– osyotra balig‘i.
– O‘-o‘, Konsel, sarasini pirovardida aytaman deb, asrab qo‘ygan ekansiz-da. Bo‘ldingizmi?
– Ha, Ned, bo‘ldim. Ammo shuni unutmangki, bu bilganlaringiz hech gap emas, chunki hali guruhlar guruhchalarga, oilalar oilachalarga, nasllar, turlar, xillarga5353
Jyul Vern tomonidan keltirilgan baliqlar tasnifi hozir ancha eskirib qolgan. Dumaloqog‘izlilarga mansub bo‘lgan ilonbaliqlar sinfidan mustaqil sinf sifatida ajratilgan; baliqlar sinfchalarga bo‘linadi: 1 – ko‘ndalang og‘izlilar, bularga akula va skat kiradi; 2 – ximeralar (qadimgi grek mifologiyasida – juda katta bahaybat hayvon); 3 – suyak skeletlilar – bularga osyotra baliqlari guruhi va chinakam suyaklilar guruhi; so‘nggisi, ochiq-pufaklilar, yumshoq tuklilar, qattiq tuklilar, qattiq jag‘lilar, tutash jag‘lilar va taram jabralilar kiradi; 4-sinfchaga ham suvda, ham quruqlikda nafas oladigan baliqlar kiradi. Shuningdek, Jyul Vernning baliqlar tasnifiga doir keltirgan boshqa misollari ham ancha eskirgan.
[Закрыть] bo‘linadi.
– Hu ana, Konsel, ko‘ryapsizmi, xuddi aytganingizday bir necha xillar, – dedi kanadalik yuzini oyna tomon burar ekan.
– Ha, baliqlar! – xitob qildi Konsel. – Xuddi akvarium ichida o‘tirgandaymiz-a.
– Yo‘q, – deya e’tiroz bildirdim men, – akvarium qafasday gap, bu baliqlar esa ko‘kdagi qushlar singari erkin.
– Qani, Konsel, menga mana bu baliqlarning nomini ayting-chi, – iltimos qildi Ned Lend.
– Bunisi menga taalluqli emas, – deb javob berdi Konsel.– Bu masalada xo‘jamga murojaat etasiz.
Darhaqiqat, tasniflashda suyagi yo‘q bu odam tabiatshunos emas edi va tunesni puzankadan ajrata olarmikan, bilmadim. Bu masalada u istagan baliqning nomini ikkilanmay ayta oladigan amaliyotchi kanadalikning tamomila aksi edi.
– Bu spinorog, – dedim men.
–Xitoy spinorogi, – deb qo‘shib qo‘ydi Ned Lend.
– Spinoroglar nasli, qattiqterililar oilasi, tutashjag‘lilar guruhi, – deya shivirladi Konsel. To‘g‘risini aytsam, Konsel bilan Ned Lendni qo‘shsa yaxshi bir naturalist chiqardi!
Kanadalik xato qilmagan edi. Yalpoq, terilari g‘adir-budur, juda ko‘p spinoroglar dumlaridagi to‘rt qator tikanaklarini jilpanglatib «Nautilus» atrofida o‘ynoqlab yurgan edilar.
Yelkalari kulrang va qorinlari oppoq spinoroglarning tanasiday chiroyli narsa bo‘lmasa kerak. Spinoroglarning yonida shamolda hilpirab turgan bir en matoday skatlar suzishar edi. Ularning orasida yelkasi sarg‘ishroq, qorni och pushti rang va ko‘zi ustida uch nayzasi bo‘lgan Xitoy skatini ham ko‘rdim; bu xil skat juda kam uchraydi. Laseped Xitoy skatlari borligiga umuman ishonmas, chunki bularni u faqat Yapon suratlari to‘plamidagina ko‘rgan edi.
Ikki soat davomida «Nautilus»ni butun boshli suvosti armiyasi kuzatib bordi. Rangining zeboligi va tez harakat qilishi bilan bir-birlaridan qolishmaydigan baliqlar orasida men yashil guban, yelkasida qo‘shaloq qora chiziqli sulton, tanasi ko‘k va boshi kumushrang yapon makreli, nomining o‘zi har qanday ta’rif-tavsifning o‘rnini bosadigan yaltiroq to‘q ko‘k balilqlar, suzgichlari ko‘k va yashil tovlanadigan yo‘l-yo‘l sparlar, dumining atrofi qora chiziqli sparlar, oltita «kamar» taqqanday chipor sparlar, ayrimlarining uzunligi bir metrga yetadigan loyxo‘rak baliqlar, ko‘zlari yonib turgan, og‘zi keng va uzunligi olti futli murenni ko‘rdim.
Biz hayajonimizni bosolmasdik. Ned baliqlarning otini atar, Konsel ularni o‘sha zahoti klassifikatsiyalar, men esa ularning go‘zalligi va tez harakat qilishiga mahliyo bo‘lib turar edim. Men tirik baliqlarni o‘zining tabiiy muhitida ko‘rishga hech qayerda muyassar bo‘lolmagan edim.
Ko‘z oldimizdan o‘tgan barcha xillarni, Yapon va Xitoy dengizlaridagi butun baliqlar kolleksiyasini birma-bir sanab o‘tirmayman. Nazarimda, elektr yog‘dusi ularning diqqatini jalb etib, «Nautilus» atrofiga to‘da-to‘da bo‘lib kelishar edi.
To‘satdan salon yorishdi. Temir darcha bekildi. Jozibador manzara yo‘qoldi, biroq men hamon shirin orzular og‘ushidan chiqolmagan edim. Salonda osig‘liq turgan asboblarga ko‘z tashladim, kompas mili ilgarigiday sharqi shimol – sharq yo‘nalishida turardi, manometr ellik metr chuqurlikda bo‘ladigan besh atmosfera bosimni, elektr lag esa soatiga o‘n besh milya tezlikni ko‘rsatar edi.
Men kapitan Nemoni kutar edim. Ammo u kelmadi. Xronometr kech soat beshni ko‘rsatar edi.
Ned Lend bilan Konsel kayutalariga qaytib ketishdi. Men ham xonamga qaytib ketdim. Stol ustida tushlik ovqat turar edi. Taom toshbaqa sho‘rvasi, jigari alohida pishirilgan sulton go‘shtidan qilingan juda mazali kabob, dumaloq bosh tikan ko‘zlining sulaymonbaliqnikidan xushta’mroq qovurmasidan iborat edi.
Kechqurun men kitob o‘qish bilan band bo‘ldim. Uyqu bosa boshlagach, karavotga cho‘zilib, qattiq uxlab qolibman. Bu payt «Nautilus» «Qora daryo» oqimi bo‘ylab sirg‘alib borar edi.
O‘n beshinchi bob
TAKLIFNOMA
Ertasi kuni, 9-noyabrda, o‘n ikki soatlik uyqudan so‘ng uyg‘ondim. Konsel odaticha xo‘jasi qanday uxlab turganini bilish va xizmatga hozirligini aytish uchun keldi. U go‘yo butun umri davomida uyqudan boshqasini bilmaydiganday dong qotib uxlayotgan kanadalik do‘stini yolg‘iz qoldirgan edi.
Men dilkash Konsel savollariga istar-istamas va to‘mtoq javoblar berib, bu bilan uning istagancha gapirib olishiga imkon berdim. Kechagi manzarani ko‘rayotganimizda kapitan Nemoning kelmaganiga allanechuk bo‘ldim va u bilan bugun uchrasharman, deb umid qildim.
Men bissus matosidan qilingan kostumimda edim. Bu kiyim to‘g‘risida Konsel o‘zining bir qancha mulohazalarini bildirdi. Men unga bu mato qoyalarda ayrim chig‘anoqlar ilashib turadigan ipak tolalardan tayyorlanganini aytdim. Bissusdan juda yumshoq va issiq mato olsa bo‘ladi. Shunday qilib, «Nautilus» ekipajini dengizning o‘zi kiyim-bosh bilan ta’minlar va uning paxtaga ham, qo‘y juniga ham, ipak qurtiga ham hech qanday ehtiyoji yo‘q edi.
Men kiyinib salonga chiqdim. U yerda hech kim yo‘q edi.
Oyna ostiga to‘plangan qimmatbaho narsalarni diqqat bilan ko‘zdan kechira boshladim.
Eng noyob dengiz o‘simliklari bilan to‘latilgan, quritilganiga qaramay, juda ajoyib va yorqin bo‘yoqlari saqlanib qolgan gerbariylarni titkiladim.
Butun kun shu yo‘sinda o‘tdi. Kapitan Nemo ko‘rinmadi. Salondagi temir derazalar ochilmadi. Ehtimol, bu ajoyib mo‘jizalar tez me’damizga tegishidan qo‘rqishayotgandir.
«Nautilus» oldingiday sharqi shimol – sharq yo‘nalishida ellik-oltmish metr chuqurlikda soatiga o‘n ikki milya tezlik bilan borar edi.
Keyingi kun, 10-noyabr ham xuddi shunday yolg‘izlik bilan o‘tdi. Men «Nautilus» komandasidan biron kishini ham ko‘rmadim. Ned bilan Konsel deyarli kun bo‘yi men bilan birga bo‘lishdi. Kapitanning ko‘rinmayotganidan ular ham tashvishda edilar. Balki bu g‘alati odam betob bo‘lib qolgandir? Yoki bizga nisbatan qarorini o‘zgartirdimikin?
Haqiqatan ham, Konsel aytganday, bizning shikoyat qiladigan yerimiz yo‘q edi. Tamomila erkin odamlarmiz, bizga to‘ygunimizcha shirin taomlar berishadi. Xo‘jayinimiz kelishilgan shartlarga qat’iyan amal qilayotgan edi. Buning ustiga hozirgi g‘ayriodatiy holatimizdan shu qadar mamnun edikki, taqdirdan noliy olmasdik.
Shu kundan boshlab barcha voqealarni yozib bordim – bu menga endilikda ular haqida juda aniq gapirib berish imkonini bermoqda. Yana bir qiziq narsaga e’tibor bering: men kundaligimni dengiz o‘simliklaridan tayyorlangan qog‘ozga yozar edim…
O‘n birinchi noyabr erta tongda toza havo oqimining kirib kelishi biz kislorod zapaslarini to‘ldirish uchun okean sathiga chiqqanimizdan dalolat berar edi.
Men trap tomon yurdim va «Nautilus» palubasiga chiqdim.
Ertalab soat olti. Havo bulut. Dengiz kulrang, ammo sokin; uning sathi bilanar-bilinmas jimirlar edi.
Kapitan Nemo yuqoriga chiqarmikin, degan savol menga tinchlik bermas edi. Hozircha kema ustida oynaband xonasiga qamalib olgan rul boshqaruvchidan bo‘lak kishi ko‘rinmas edi.
To‘ntarib qo‘yilgan qayiq hosil etgan do‘nglikka o‘tirib, tuz hidi anqib turgan dengiz havosidan to‘yib-to‘yib nafas olar edim.
Quyosh nuri ta’sirida asta-sekin tuman ham tarqaldi. Sharq tomondan ufqqa yorqin yog‘du sochib quyosh ko‘tarildi. Dengiz uning nurlaridan charaqlab ketdi. Parquga o‘xshagan parcha-parcha bulutlar bugun shamol bo‘lishidan darak berib, juda ajoyib bo‘yoqlarda tovlanar edi.
Ammo hech qanday bo‘ronlarni ham pisand qilmaydigan «Nautilus» uchun shamolli kun nima degan gap?
Ortimdan oyoq tovushi eshitilganda, barq urib chiqayotgan quyoshni tomosha qilayotgan edim. Kimdir palubaga chiqdi.
Kapitan Nemomi deb, endi ta’zim qilishga shaylangan edim, uning yordamchisi ekan. Men uni ilgari, kapitan bilan birinchi uchrashuvda ko‘rgan edim. U meni ko‘rmaganday palubaga chiqdi. Juda o‘tkir durbinni ko‘zlariga tutib, zo‘r diqqat bilan ufqni ko‘zdan kechira boshladi. So‘ngra lyukka yaqinlashib, quyidagi so‘zlarni aytdi, – men bu so‘zlar talaffuzini aniq eslab qoldim, chunki, har gal bu vaziyatda ular qaytarilardi:
– Hautron respoc orni virch!
Men bu so‘zlarning ma’nosini bilmayman.
Yordamchi shu so‘zlarni aytib, zinadan pastga tushib ketdi. «Nautilus» hozir suvga cho‘ktiriladi deb o‘ylab, men ham tezda pastga tushdim.
Xullas, besh kun hech qanday o‘zgarishsiz shu zaylda o‘tdi. Har kuni ertalab men palubaga chiqar edim. Har kuni ertalab boyagi kishi haligi so‘zlarni aytardi. Ammo kapitan Nemo ko‘rinmas edi.
16-noyabr kuni endi uni ko‘rishdan umidimni uzib turganimda Konsel va Ned Lend bilan xonamga kirib, stolim ustida menga atalgan xatni ko‘rib qoldim.
Men shoshilgancha konvertni ochdim. Xat fransuz tilida puxta va chiroyli yozilgan edi, ammo harflar nemis alfavitining gotik harflariga o‘xshar edi.
Xatning mazmuni quyidagicha:
«Janob professor Aronaksga.
16-noyabr 1867-yil.
Kapitan Nemo professor Aronaksni ertaga ertalab Krespo oroli o‘rmonlarida bo‘ladigan ovda ishtirok etishga taklif etadi. Janob professorning hamrohlari ham bu ekskursiyaga qo‘shilish istagini bildirishsa, kapitan Nemo g‘oyat mamnun bo‘lur edi.
«Nautilus» komandiri kapitan Nemo».
– Ov! – deya qichqirib yubordi Ned.
– Ha, yana Krespo oroli o‘rmonlarida-ya! – deb qo‘shib qo‘ydi Konsel.
– Demak, bu odam ba’zan quruqlikka ham chiqib turar ekan-da? – so‘radi Ned.
– Menimcha, juda aniq aytilgan, – deb javob berdim men xatni qayta o‘qigach.
– Mayli, unday bo‘lsa taklifni darhol qabul qilish kerak, – dedi kanadalik. – Quruqlikka chiqqanimizdan keyin esa vaziyatga qarab nima qilishimiz kerakligi rejasini tuzamiz. Bularning hammasini yig‘ishtirib qo‘yib, bir parcha toza go‘shtdan jon deb tanovul qilgan bo‘lardim.
Men kapitan Nemoning qit’alar va orollarga nisbatan nafrat bilan qarashi haqidagi so‘zlari-yu, o‘rmonga, ovga taklifi o‘rtasidagi yaqqol qarama-qarshilikka e’tibor ham bermay, quyidagi javob bilangina cheklandim:
– Kelinglar, yaxshisi, avval Krespo orolining qanaqaligini bir ko‘rib olaylik.
Xaritadan qidirib shimoliy kenglikning 32-gradus 40-minuti va g‘arbiy uzunlikning 167-gradus 50– minutidan bu orolni topdim. Uni 1801-yilda kapitan Krespo ochgan edi. Eski ispan xaritalarida u Rokko de la Plata deb atalgan bo‘lib, buning tarjimasi «kumush qoya» demakdir. Bu orolcha biz chiqqan yerdan taxminan bir ming sakkiz yuz milya masofada edi; shunday qilib «Nautilus» oldingi yo‘lini biroz o‘zgartirib, janubi sharq tomon suzayotgan edi.
Men do‘stlarimga xaritadan Tinch okeanning shimoliy qismida arang ko‘rinayotgan kichkinagina nuqtachani ko‘rsatdim.
– O‘z-o‘zidan ayonki, kapitan Nemo ba’zan quruqlikka chiqqanda ham, u buning uchun odam qadami yetmagan joyni tanlar ekan.
Ned Lend indamay bosh qimirlatib qo‘ya qoldi. So‘ngra u Konsel bilan chiqib ketdi.
Vazmin va soqovga o‘xshagan styuard bergan kechki taomdan keyin biroz notinchroq uxladim.
Ertasi kuni, 17-noyabrda, uyqudan turib, «Nautilus»ning harakatsiz turganini sezdim. Apil-tapil kiyinib, salonga chiqdim va u yerda kapitan Nemoga duch keldim.
U meni ko‘rib o‘rnidan turdi, ta’zim etib, u bilan hamroh bo‘lishga roziligimni so‘radi.
Sakkiz kun ko‘rishmaganimiz haqida og‘iz ochmagani uchun bu to‘g‘rida bir narsa deyishga iymandim va lo‘nda qilib hamrohlarim va o‘zim u bilan borishga roziligimizni aytdim.
– Ruxsat eting, kapitan, – deb qo‘shib qo‘ydim men, – bitta savolim bor.
– Marhamat, professor, – dedi u. – Qo‘limdan kelsa javob beraman.
– Yer bilan aloqangizni uzgan ekansiz, kapitan, – deb so‘radim men, – Krespo orolida o‘rmoningiz borligini qanday tushunsa bo‘ladi?
– Bilasizmi, professor, – deb javob berdi kapitan, – mening o‘rmonlarim quyoshning issig‘iga ham, nuriga ham muhtoj emas. Ularda arslonlar ham, sherlar ham, qoplonlar ham, umuman to‘rt oyoqlilar yo‘q. Bu o‘rmonlarning borligini yolg‘iz o‘zimgina bilaman. Ular ham faqat men uchungina mavjud… Bular yerdagi emas, suv ostidagi o‘rmonlar.
– Suv ostidagi o‘rmonlar?! – deya qichqirib yubordim men.
– Ha, professor.
– Siz meni o‘sha yoqqa borishga taklif etyapsizmi?
– Xuddi shunday.
– Yayov-a?
– Hatto oyoqlaringizni ham ho‘llatmay.
– Ov ham qilamizmi?
– Ha, ov qilamiz.
– Miltiqdami?
– Miltiqda. Men kapitan Nemoga qaradim, undan biron mazmun uqib ololmadim.
«Bu odamning, – deb o‘yladim o‘zimcha, – jinni bo‘lganiga imonim komil; u sakkiz kun davom etgan tutqanoqdan keyin hozirgina turib kelgan, ehtimol, shu topda ham o‘ziga kelmagandir. Attang! Menga qolsa, bu odam g‘alatiroq bo‘lsa ham jinni bo‘lmasa yaxshi edi».
Mening o‘ylayotganlarimni yuzimdan ham osonlik bilan uqib olish mumkin bo‘lgandir. Kapitan Nemo indamay, orqasidan yurishga ishora qildi va men barcha ko‘ngilsiz tasodiflarga ham tik boqishga tayyor odamday uning izidan yurdim.
Biz oshxonaga bordik, u yerda nonushta tayyor turar edi.
– Janob Aronaks, – dedi kapitan, – marhamat, o‘tiring va sira tortinmay ovqatlanib oling. Men sizga suvosti sayohati va’da qildim, suvosti restorani emas. Shuning uchun ham durustroq nonushta qilib olishni taklif etyapman, chunki faqat kechga borib ovqatlanamiz.
Men maslahatga amal qilib, nonushtani zo‘r qilib oldim.
Nonushta ustiga dengiz o‘tlari solingan turli xil baliq taomlardan iborat edi. Nonushtadan so‘ng biz suv ichdik, kapitanga qarab men ham suvga «pardasimon rodomeniya» deb ataladigan suv o‘ti sharbatidan bir necha tomchi soldim.
Boshda kapitan Nemo nonushta ustida indamay o‘tirdi. So‘ngra dedi:
– Menimcha, professor, siz mendan Krespo oroliga ovga borishga taklifnoma olganingizda meni betayin deb hisobladingiz. Sizni suvosti o‘rmoniga taklif etayotganimni bilganingizda esa meni jinniga chiqarib qo‘ydingiz. Janob professor, odamlar to‘g‘risida bunaqa yengil-yelpi hukm chiqarish yaramaydi!
– Ammo, kapitan, ishoning, men…
– Marhamat qilib eshitsangiz, meni betayinlikda yoki telbalikda ayblab bo‘ladimi, yo‘qmi, keyin hukm chiqaravering.
– Qulog‘im sizda.
– O‘zingizga ham ma’lumki, professor, odam nafas olishi uchun yetarli miqdorda havo olib tushgan taqdirdagina suv ostida turishi mumkin. Suv o‘tkazmaydigan kiyim va boshlarini saqlash uchun temir shlem kiyib olgan ishchi-g‘avvoslar suvosti ishlarini olib borayotganda havoni yuqoridagi nasosga ulangan maxsus shlang orqali olib turadilar.
– Ha, bu ust-bosh skafandr deb ataladi.
– To‘g‘ri. Ammo skafandr kiygan g‘avvos erkin emas.
U nasoslar orqali havo kelib turadigan rezina shlang bilan ulangan. Bu uni yerga bog‘lab qo‘ygan haqiqiy zanjir. Agar biz shlang bilan «Nautilus»ga bog‘langanimizda edi, uzoqqa borolmasdik.
– Bundan boshqa qanaqa yo‘l bor? – so‘radim men.
– Rukveyrol-Deneyruz qurilmasidan foydalanish kerak. Bu qurilmani, janob professor, sizning ikki vatandoshingiz yaratgan va men uni shu qadar takomillashtirdimki, endilikda u bilan tamomila bo‘lak fiziologik sharoitlardagi suvosti muhitiga tushishingiz mumkin, bunda sog‘lig‘ingizga zarracha ham putur yetmaydi. Bu apparat ichiga ellik atmosfera bosimda dam berilgan qalin tunuka rezervuardan iborat. Rezervuar tasma yordamida g‘avvosning yelkasiga soldat xaltasiday taqib olinadi. Uning yuqori qismida chigirtka tukiga o‘xshash moslama bo‘lib, bu havo bosimini normal holatga yetkazadi va shundan keyingina klapan orqali chiqaradi. Rukveyrol-Deneyruzning odatdagi qurilmasida rezervuarga ulangan ikkita rezina naycha g‘avvosning og‘zi va burniga kiygizilgan maxsus maskaga olib boriladi. Bu naychalardan biri rezervuardan havo olishga, ikkinchisi karbonat angidrid chiqarishga xizmat qiladi. G‘avvos nafas olayotganda yoki chiqarayotganida naychalardan goh birini, goh boshqasini tili bilan ochib turadi. Ammo dengiz ostida suvning yuqori qatlamlari bosimiga ko‘proq bardosh bersin deb men bu maskani mis shlem bilan almashtirdim va nafas olish hamda chiqarish naychalarini shunga mosladim.
– Juda soz, kapitan. Ammo siz o‘zingiz bilan olib tushgan havo tez tugab qolishi kerak, unda kislorod miqdori o‘n besh protsentdan pastga tushgandan keyin esa nafas olish uchun yaramay qoladi-ku.
– Gapingiz to‘g‘ri, professor. Men oldin aytgan edim-ku, «Nautilus» nasoslari rezervuarga havoni juda kuchli bosim bilan siqib kiritish imkoniyatini beradi. Bunday sharoitda rezervuardagi zapas havo to‘qqiz-o‘n soat nafas olishga yetarli bo‘ladi.
– Boshqa e’tirozim yo‘q, – dedim men. – Faqat ruxsat bersangiz, bir narsani so‘rasam, siz okean qa’rida yo‘lingizni qanday yoritasiz? U yerda zulmat hukm sursa kerak, axir!
– Rumkorf apparati bilan, professor. Siqilgan havo to‘latilgan rezervuar yelkaga, bu apparat esa belga osiladi. U Bunzen elementidan iborat bo‘lib, uni men odatdagiday kaliy bixromat bilan emas, balki natriy bilan zaryadlayman. Induksion g‘altak olinayotgan tokni yig‘ib, so‘ng uni maxsus konstruksiyali fonarga yuboradi. Bu fonar ilonsimon shisha naychadan iborat bo‘lib, ichiga karbonat angidrid to‘ldirilgan. Apparat elektr toki hosil qilganda gaz yorqin oq nur taratadi. Shunday qilib, men suv ostida ham nafas olaman, ham ko‘raman.
– Kapitan Nemo, mening barcha e’tirozlarimga siz shu qadar aniq va to‘la javoblar beryapsizki, endilikda biron narsadan shubhalanishga o‘rin qolmadi. Biroq Rukveyrol va Rumkorf apparatlari bilan men o‘zimni mag‘lub hisoblasam ham, suvosti ovida bizni qurollantirishga va’da bergan miltiqlaringiz bilan sizni yengish umididaman.
– Biroq bu miltiqlar porox bilan zaryadlangan o‘t ochuvchi qurollar emas, – dedi kapitan.
– Demak, sizning qurollaringiz siqilgan havo bilan ishlar ekan-da?
– Albatta. Axir o‘zingiz o‘ylang, selitra ham, oltingugurt ham, ko‘mir ham bo‘lmagan «Nautilus»da qanday qilib porox tayyorlashim mumkin?
– To‘g‘ri-yu, ammo otishma suv ostida – havoga nisbatan bir ming sakkiz yuz ellik marta zichroq muhitda bo‘lgach, o‘q juda katta qarshilikni yorib o‘tishi kerak-ku.
– Bu qarshilik mening qurolimdan otishga to‘sqinlik qilolmaydi. Sirasini aytganda, Fultondan keyin ingliz Filipp Kols va Berley, fransuz Fursi va italyan Landi tomonidan takomillashtirilgan quroldan o‘sha sharoitda ham o‘q uzib bo‘ladi. Ammo yana qaytarib aytaman, porox bilan emas, men uni o‘z qurollarimda siqiq havo bilan almashtirdim, buning zapasi esa albatta «Nautilus»ning elektr nasoslari tufayli cheklanmagan.
– Ammo bu zapasni har gal o‘q uzgandan so‘ng yangilab turish kerak-ku.
– Nima bo‘pti, axir yelkamda Rukveyrol rezervuari turgach, qurolimni istagancha zaryadlayveraman-da. Buning uchun murvatni burasam bas. Hali o‘zingiz ko‘rasiz, professor, suvosti siqiq havo ham, o‘q ham unchalik ko‘p sarf bo‘lmaydi.
– Biroq, menimcha, nim qorong‘ida, zich suyuq muhitda uzilgan o‘q uzoq masofaga yetib borib, o‘ljani o‘ldirolmasa kerak.
– Aksincha, professor, mening qurollarimdan otilgan o‘qning barchasi o‘ldiradi. O‘ljaga o‘q sal tegib o‘tsa ham u yashin urganday qulaydi.
– Nega?
– Chunki mening qurollarimdan oddiy o‘q emas, balki avstriyalik ximik Lyonibrek kashf etgan maxsus snaryadlar otiladi. Bu – o‘rtasida qo‘rg‘oshin va po‘lat qobiqli shisha soqqalardir. Boshqacha qilib aytganda, Lyonibrek o‘qlari ichida juda yuqori quvvatli elektr zaryadi bo‘lgan kichkina leyden bankalaridan boshqa narsa emas. U ozgina turtki bilan razryadlanadi va qanchalik katta hayvon bo‘lmasin, o‘sha zahoti o‘ldiradi. Shuni ham aytishim kerakki, bu shishachalar to‘rtinchi nomerli pitradan katta emas va o‘qdonga kamida o‘nta zaryad sig‘adi.
– Yengildim, – dedim men stol ortidan turayotib. – Siz mening barcha e’tirozlarimni chilparchin qilib tashladingiz. Men uchun qo‘lga qurol olib, siz boshlagan yerga orqangizdan boraverishdan bo‘lak chora qolmadi.
Kapitan Nemo meni «Nautilus» tumshug‘iga boshlab bordi. Ned Lend va Konsel kayutasi yonidan o‘ta turib, ularni chaqirdik. Ular shu zahoti bizga qo‘shilishdi.
Biz hammamiz birga mashina zali orqasida joylashgan kameraga kirdik. Bu yerda bizlar suvosti sayohatiga chiqish uchun skafandrlar kiyishimiz kerak edi.
Правообладателям!
Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.Читателям!
Оплатили, но не знаете что делать дальше?