Электронная библиотека » Жюль Верн » » онлайн чтение - страница 5

Текст книги "Suv ostida sakson ming kilometr"


  • Текст добавлен: 19 мая 2023, 23:30


Автор книги: Жюль Верн


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 5 (всего у книги 31 страниц) [доступный отрывок для чтения: 10 страниц]

Шрифт:
- 100% +
To‘qqizinchi bob
NED LEND G‘AZABNOK

Qancha uxlaganimni bilmayman. Ammo aftidan, juda uzoq uxlagan bo‘lsam kerak, g‘oyat tiniqib, tetik bo‘lib uyg‘ondim.

Birinchi bo‘lib men ko‘zimni ochdim. Do‘stlarim hali ham qattiq uyquda edilar.

Miyam dam oldi va yana aniq hamda bexato ishlashi mumkin degan o‘y bilan anchagina qattiq to‘shakdan turib, hammadan oldin kayutamizni sinchiklab ko‘zdan kechira boshladim.

Biz uxlab yotganimizda hech nima o‘zgarmapti. Turma turmaligicha, bandilar esa bandiligicha qolibdi. Faqat styuard qolgan ovqatlarni stol ustidan yig‘ishtirib olibdi. Shunday qilib, taqdirimizning yaqin orada o‘zgarishini ko‘rsatadigan biron belgi ko‘rinmagach, hayajon ichida, nahotki, umrbod shu katakda qamalib yotishga mahkum etilgan bo‘lsak, deb o‘zimga o‘zim savol berdim.

Bu fikr meni shu qadar gangitib qo‘yganining yana bir sababi shuki, garchand miyam kechagi dahshatlardan xoli bo‘lsa-da, ammo ko‘kragimdan nimadir bosardi. Nafas olish og‘irlashayotgan edi. Bo‘g‘iq havo o‘pkaning bemalol ishlashiga xalaqit berayotgan edi.

Kayuta anchagina katta bo‘lishiga qaramay, aftidan, bu yerning havosidagi kislorodning ko‘pini yutib yuborganga o‘xshaymiz.

Darhaqiqat, odam bir soat nafas olishi uchun yuz litr havo tarkibidagi miqdorda kislorod kerak bo‘ladi. Va bu havo nafas qaytarganimizda ichimizdan chiqadigan uglekislota bilan to‘lib, nafas olishga yaroqsiz bo‘lib qoladi.

Shunday qilib, bizning turmamizdagi, balki butun suvosti kemasidagi havoni yangilash kerakdir.

Ana shunda birinchi savol tug‘ildi: Bunday hollarda suvosti kemasining komandiri nima qiladi? U kislorodni ximiyaviy yo‘l bilan, ya’ni bertolet tuzini qizdirib olarmikin? Bunday bo‘lsa, u bu tuz zapaslarini to‘ldirish uchun yer bilan aloqa bog‘lab turishi kerak. Maxsus rezervuarlarda havoni suyultirib, so‘ng keragicha ishlatarmikin? Shunday bo‘lishi ham mumkin. Yoki ortiqcha harakatdan qochib har yigirma to‘rt soatda havo g‘amlash uchun suv sathiga ko‘tarilarmikin?

Ammo bu usullarning qay biridan foydalanayotgan bo‘lmasin, menimcha, uni zudlik bilan qo‘llash vaqti yetdi!

O‘pkamga yetarli miqdorda kislorod kirishi uchun ikki hissa tezroq nafas ola boshlagan edim hamki, birdan kayutaga tuz hidi anqib turgan sof havo oqimi otilib kirdi. Bu yod aralashgan, odamni tetiklashtiradigan dengiz havosi edi. Men og‘zimni katta ochib, jonholatda bu hayotbaxsh havo oqimidan yuta boshladim. Xuddi shu daqiqada kema sekin silkindi, unchalik qattiq bo‘lmasa-da, ammo ancha sezilarli edi.

Suvosti kemasi, temir maxluq, aftidan, toza havodan nafas olish uchun kitga o‘xshab suv sathiga ko‘tarilganga o‘xshaydi…

Shunday qilib, kemada havoni yangilab turish usuli to‘la aniqlandi.

To‘yib nafas oldim-da, ko‘zlarim bilan ventilatsiya tuynugini yoki bizga hayotbaxsh gaz kirgan yerni qidira boshladim va uni osonlik bilan topdim. Eshik ustida panjara bo‘lib, kayutaga havo oqimi ana shundan kirar edi.

Shuni endi ko‘zdan kechirib turgan edim, Ned bilan Konsel deyarli bir vaqtning o‘zida uyg‘onishdi. Ular ko‘zlarini uqalab, homuza tortib, o‘rinlaridan turishdi.

– Xo‘jam yaxshi uxlab turdilarmi? – so‘radi Kon-sel odatdagi o‘ziga xos odob bilan.

– Juda soz, azizim, – javob berdim men. – Sizchi, Ned?

– Qotib uxlabman, janob professor. Ammo bu nimasi? Nazarimda dengiz hidi kelyapti shekilli.

Men kanadalikka u uxlab yotganida sodir bo‘lgan voqeani gapirib berdim.

– Ha, – dedi u, – «narval» «Avraam Linkoln»ga yaqinlashganda, undan allaqanday g‘uvullagan ovoz chiqqanining sababi bu yoqda ekan-da.

– To‘g‘ri aytyapsiz, Ned. U «nafas olgan» ekan.

– Bilasizmi, janob professor, soat nechaligini sira bilolmayapman. Ovqat vaqti bo‘lmadimikin?

– Ovqat vaqti bo‘lmadimikin? Siz nonushtani so‘ramoqchi bo‘layotgandirsiz, Ned. Chunki biz kun bo‘yi ham kechasi bilan uxlaganimiz aniq.

– Siz bilan bahslashib o‘tirmayman, – deya javob berdi Ned Lend, – ammo styuard nimaiki olib kelsa – nonushtami, tushlikmi uni quchoq ochib kutib olardim.

– Ayniqsa unisiniyam, bunisiniyam bitta qilib olib kelsa! – qo‘shib qo‘ydi Konsel.

– To‘g‘ri aytyapsiz, – dedi kanadalik, – unisigayam, bunisigayam haqqimiz bor. Men bo‘lsam nonushtani ham, tushlikni ham birga bersa yo‘q demasdim.

– Juda soz, Ned, sabr qilamiz, – dedim men. – Bu odamlar ochlikdan sillamizni quritmasliklari aniq, bo‘lmasa kecha bizga ovqat berib o‘tirishmas edi.

– Balki, aksincha ular bizni bo‘rdoqiga boqisha-yotgandir? – e’tiroz bildirdi Ned.

– Ned, o‘ylab gapiring! Siz chindan ham odamxo‘rlar qo‘liga tushib qoldik deb o‘ylamayotgandirsiz axir?

– Bir martasi hisobga kirmaydi, – deya jiddiy turib javob berdi kanadalik. – Kim biladi, balki bu odamlar anchadan beri yangi so‘yilgan go‘sht yeyishmagandir… Mana endi uchta sog‘lom, kelishgan, miqqigina kishi – janob professor, Konsel va kamina qullari qo‘llariga tushib turibdi…

– Bas qiling, Ned! – men garpunchining so‘zini bo‘ldim. – Bu fikrlarni miyangizdan chiqarib tashlang. Xo‘jayinlarimiz bilan shunday gaplashishni xayolingizga ham keltirmang – bu bizning ahvolimizni og‘irlashtiradi, xolos.

– Nima bo‘lganda ham, – dedi Ned Lend, – men itday ochman, nonushta yoki tushlikni haligacha berishgani yo‘q.

– Azizim Ned, biz bu yerdagi tartib-qoidalarga bo‘ysunmog‘imiz kerak. Menimcha, bizning qorinlarimiz kok3030
  Kok – kema oshpazi.


[Закрыть]
soatidan ko‘ra ildamroq ishlayotganga o‘xshaydi.

– Mayli, nima ham qila olardik, qorinlarimiz milini suramiz qo‘yamiz-da, shunda hamma narsa joyida bo‘ladi, – dedi bamaylixotir Konsel.

– Sizga qoyil, Konsel! – deb xitob qildi besabr kanadalik. – Odatdagiday asablaringizni ehtiyot qilish payidasiz. Xotirjamligingizga havas qilsa arziydi! Siz arz-dod qilishdan ko‘ra ochlikdan o‘lishni afzal bilasiz.

– Nimaga arz-dod qilish kerak? Bu baribir befoyda.

– Befoyda deganingiz nimasi? Axir arz-dod qilishning o‘zi alamlaringizni ancha yengillashtiradi-ku! Ammo bu qaroqchilar – men ularni odamxo‘r deyishni man etgan janob professorga nisbatan bo‘lgan hurmatim tufayli qaroqchi deb atayapman – bu qaroqchilar meni diqqinafas bo‘lib, hatto ularni bisotimdagi so‘kinishlar bilan ham tanishtirmay shu katalakda indamay o‘tiraveradi, deb o‘ylashayotgan bo‘lishsa, juda katta xato qilishadi! Menga qarang, janob professor, ochig‘ini ayting, sizningcha ular bizni bu qafasda ko‘p saqlasharmikin?

– To‘g‘risini aytganda, Ned, bu haqda siz qanchalik bilsangiz, men ham shu.

– Har holda siz nima deb o‘ylayapsiz?

– Menimcha, biz tasodifan muhim sirni bilib oldik. Agar suvosti kemasining ekipaji ana shu sirni oshkor qilmaslikdan manfaatdor bo‘lsa va bu masala uch kishining hayotidan ko‘ra muhimroq deb qarasa, unda biz jiddiy xavf ostidamiz. Agar shunday bo‘lmasa, unda dastlabki imkoniyat tug‘ilishi bilanoq bahaybat maxluq bizni o‘zimiz singari odamlar yashayotgan yerda qoldirib ketadi.

– Yoki bizni kema komandasiga qo‘shib, – deya luqma tashladi Konsel, – shu yerda…

– To «Avraam Linkoln»dan ko‘ra tezroq suzadigan durustroq boshqa bir kema bu qaroqchilar uyasini zabt etib, – deya Konselning fikrini davom ettirdi Ned Lend, – uning butun ekipajini biz bilan birga grot-machtasining3131
  Grot-machta – yelkanli kemalarda o‘rtadagi eng baland machta.


[Закрыть]
eng baland joyiga osib qo‘ygunlaricha…

– Mulohazangiz o‘rinli, Ned, – dedim men.–Ammo menimcha, hali hech kim bu suvosti kemasi komandasi tarkibiga kirishimizni taklif qilganicha yo‘q. Shuning uchun o‘shanda nima qilishimiz kerak, deb fol ochib o‘tirishimiz noo‘rin. Yana qaytarib aytaman, sabr qilaylik, biror chora ko‘rish vaqti kelsa, sharoitga qarab o‘ylashib olarmiz; hozir hech narsa qilish kerak emas, sirasini aytganda, bunga zarurat ham yo‘q.

– Aksincha, – e’tiroz bildirdi qaysar garpunchi taslim bo‘lgisi kelmay, – albatta, bir narsa qilish kerak.

– Xo‘sh, nima qilish kerak, Ned?

– Qutulish kerak!

– Yerdagi turmadan qochishning o‘zi qancha mashaqqatli, suv ostidagidan esa sira iloji yo‘q, – dedim men.

– Xo‘sh azizim, Ned, – so‘radi Konsel, – xo‘jamning bu gapiga nima deysiz? Bilaman, amerikaliklar bahslashishga usta bo‘lishadi.

Garpunchi dovdirab jim bo‘lib qoldi. Biz turgan sharoitda qochish chindan ham mumkin emas edi. Ammo kanadalik yarim fransuz-ku, axir. Buni Ned Lend o‘z javobi bilan juda isbotlab berdi.

– Janob professor, – dedi u bir necha minut o‘ylab olgandan keyin, – siz turmadan qochmoqchi bo‘lgan kishilar buning uddasidan chiqolmasalar nima qilish kerakligini bilmaysizmi?

– Yo‘q, do‘stim.

– Axir bu juda oson-ku. Ular turmada qolish uchun qulay vaziyat vujudga keltiradilar…

– Bo‘lmasam-chi! – dedi Konsel. – Suvosti turmasining ostida yoki ustida bo‘lgandan ko‘ra ichida bo‘lgan yaxshi-da, albatta.

– Ammo oldin u yerdan turma egalari, darvozabon va qorovullarni chiqarib tashlaydilar, – deb qo‘shib qo‘ydi Ned Lend.

– Nima deyapsiz o‘zi, Ned! Nahotki, siz chindan ham kemani egallab olishni o‘ylayotgan bo‘lsangiz?

– Hazili yo‘q, jiddiy gapiryapman, – javob berdi kanadalik.

– Buning sira iloji yo‘q.

– Nega endi, professor? Qulay fursat kelsa, iloji bor. Bunday fursatdan foydalanib qolmaslikka biron asos yo‘q. Menimcha, kemada yigirmadan ortiq kishi yo‘q. Bu bir hovuch odam esa biz uchun qo‘rqinchli emas!

Garpunchi bilan bahslashib o‘tirishdan ko‘ra, uning taklifiga indamay qo‘ya qolish ma’qulroq edi. Shuning uchun men unga quyidagilarni aytish bilan kifoyalana qoldim.

– Shunday fursat bo‘lishini kutamiz, Ned, o‘shanda ko‘ramiz. Ungacha sabr qilishingizni iltimos qilaman. Bu rejani hiyla bilangina amalga oshirsa bo‘ladi, sizning qiziqqonligingiz esa bunday fursat kelishini yaqinlashtirmaydi. Bunday fursatni sabr-toqat bilan, jahl qilmay kutishga so‘z berishingiz kerak.

– So‘z beraman, janob professor, – javob berdi Ned Lend ishonchsiz ohangda. – Hatto ovqatni biz istagan tartib bilan berishmasa ham mendan biron nojo‘ya so‘z eshitmaysiz, bironta ortiqcha harakat ko‘rmaysiz.

– Shu so‘zlaringizni unutmang, Ned, – dedim men kanadalikka.

Shu bilan oradagi gap tugadi va har birimiz o‘z fikrlarimiz bilan bo‘ldik. E’tirof etishim kerakki, garpunchining shunchalik ishontirishlariga qaramay, baribir umidvor bo‘lmadim. Men Ned Lend aytgan baxtli tasodif ro‘y berishiga ishonmas edim. Hech shubhasiz, suvosti kemasi ko‘p sonli ekipajga ega, binobarin, jang qilishga to‘g‘ri kelsa, biz juda kuchli dushman bilan to‘qnashuvimiz aniq edi.

Shunisi ham borki, Ned Lendning rejasini amalga oshirish uchun, avvalo ozod bo‘lishimiz kerak, biz esa bandilarmiz. Men eshigi mahkamlangan bu temir qafasdan qanday qilib qutulishni ko‘z oldimga keltirolmas edim. Axir suvosti kemasi kapitanining biron siri bo‘lsa – bunday bo‘lishi esa ehtimoldan xoli emas – unda u bizning kemada hech qanday to‘siqsiz yurishimizga yo‘l qo‘ymasligi aniq.

U bizni nima qilishini: bizdan darhol qutulishni istaydimi yoki uzoq yillar qamab qo‘yib, so‘ngra biror inson oyog‘i tegmagan bir parcha yerga tashlab ketadimi – buni oldindan bilib bo‘lmas edi. Biz butunlay uning hukmronligida edik va bu taxminlarning hammasi nazarimda haqiqatga yaqin bo‘lib ko‘rinar edi. Shunday sharoitda ozodlikka umid bog‘lash uchun Ned Lendnikiga o‘xshagan xarakterga ega bo‘lish kerak. Ochig‘ini aytsam, Ned Lend qancha o‘ylasa, shuncha ko‘proq achchiqlanar ekan. Allaqachon la’nat so‘zlari bo‘g‘izga tiqilib turganini, imo-ishoralaridan uning tobora g‘azablanayotganini sezardim. U qafasdagi yirtqichday u yoqdan bu yoqqa irg‘ishlar, devorni tepar va mushtlar edi.

Vaqt o‘tib borardi. Ochlik o‘z kuchini ko‘rsata boshladi. Styuarddan esa hamon darak yo‘q edi. Halokatga uchraganlarga nisbatan bunday e’tiborsizlik yaxshilik alomati emas edi.

Ned Lend ochlikdan qiynalar, borgan sari tajanglashmoqda edi. O‘zini tutishga va’da bergan bo‘lishiga qaramay, komandadan biron kishi kirganda to‘satdan quturib ketishidan qo‘rqar edim.

Keyingi ikki soat davomida Ned Lendning qahri borgan sari oshdi. Kanadalik behudaga baqirib-chaqirar, temir devorlar esa miq etmay turardi. Bu kemaning biron yeridan loaqal ozgina ham shovqin eshitmadim, go‘yo odamlari o‘lganday. U bir joyda turar edi, aks holda biz parrakning aylanishidan kema korpusining zirillashini sezgan bo‘lardik. Tubsiz suv qa’riga cho‘kkan bu kema yerga ortiq sira aloqasi yo‘qday edi. Bu sukunat juda dahshatli edi.

Men bu temir qafasda yana qancha vaqt o‘tirishimizni o‘ylashdan ham cho‘chir edim.

Kema kapitani bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng menda paydo bo‘lgan umidlar ham asta-sekin so‘na boshladi. Mehribon ko‘zlari, yuz ifodasidagi ochiqlik, gavda bichimidagi oliyjanoblik – bularning hammasi xayolimdan ko‘tarilib ketdi. Endi bu g‘alati odamni aftidan u aslida qanday bo‘lsa shundayligicha – zolim va shafqatsiz tasavvur etardim. Men uni odamgarchilikdan yuqoriroqda, rahm-shafqatdan mahrum, odamlarni bir umr yomon ko‘rishga qasamyod etgan insoniyatning ashaddiy dushmani sifatida ko‘z oldimga keltirardim.

Ammo nahotki, bu odam shu tor turmada bizning ochlikdan tinka-madorimiz qurib o‘lishimizga yo‘l qo‘ysa? Bu mudhish fikr butun xayolimni qamrab oldi. Dahshatga tusha boshladim. Konsel hamon osoyishta, Ned tobora ko‘proq tutaqib borardi.

Shu payt devor ortidan temir plitalarda qadam tovushi eshitildi. Tamba g‘iychilladi. Eshik ochilib, styuard paydo bo‘ldi.

Men hayhaylashga ulgurmay, kanadalik bechoraga tashlandi va yerga yotqizib xippa tomog‘idan bo‘g‘ib oldi. Uning baquvvat qo‘llarida styuardning nafasi bo‘g‘ila boshladi.

Konsel garpunchining qo‘lidan o‘ljasini tortib olishga harakat qilar, unga endi yordamlashay deb turganimda, birdan fransuz tilida aytilgan so‘zlardan hammamiz qotib qoldik.

– Tinchlaning, Lend, siz ham janob professor! Quloq solinglar!

O‘ninchi bob
G‘ALATI ODAM

Bu kema kapitanining ovozi edi.

Ned Lend shu zahotiyoq o‘rnidan turdi. O‘layozishiga sal qolgan styuard xo‘jayinining ishorasi bilan kalovlana-kalovlana kayutadan chiqib ketdi. Xo‘jayinning hukmi shu darajada ediki, haligi odam kanadalikka nisbatan shubhasiz jo‘sh urgan qahr-g‘azabini biror ishora bilan ham bildirmadi. Men bilan Konsel buning oxiri nima bilan tugashini hayratlanib kutib turardim.

Kapitan ikki qo‘lini ko‘kragi ustida chalishtirib diqqat bilan bizga ko‘z tikdi. Gapirishga jur’at etolmayotganmikin? Yoki fransuz tilida so‘zlaganiga pushaymon bo‘layotganmikin? Ajab emas, shunday bo‘lsa.

O‘tgan bir necha sekund jimlikni hech birimiz buzishga jur’at qilolmadik.

– Janoblar, – dedi nihoyat kapitan, – men fransuzchada ham, inglizchada ham, nemischada ham, lotinchada ham birday erkin gaplasha olaman. Binobarin, birinchi uchrashuvdayoq sizlarga javob berishim mumkin edi. Ammo men sizlarni sinab ko‘rmoqchi, yana bir o‘ylab olmoqchi bo‘ldim. Har birlaringiz alohida-alohida o‘z haqingizda bir xilda gapirib berdingiz. Shundan keyin sizlar chindan ham o‘sha o‘zlaringiz hikoya qilayotgan kishilar ekanligingizga shubham qolmadi. Men endi tasodif tufayli ilmiy topshiriq bilan chet el safariga chiqqan, Parijdagi tabiiyot tarixi muzeyining professori janob Per Aronaks, uning xizmatkori va Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiy floti sostaviga kiradigan «Avraam Linkoln» kemasining garpunchisi kanadalik Ned Lend bilan uchrashganimni bilaman.

Men tasdiq ishorasini bildirib bosh egdim. Kapitan menga savol bilan murojaat qilmagan edi, binobarin javobning ham keragi yo‘q edi.

Bu odam fikrini fransuz tilida bironta so‘zni buzmay, sof talaffuzda tushuntirar edi. U so‘zlarni juda aniq va chiroyli talaffuz etar, nutqi g‘oyat ravon edi. Ammo shunga qaramay men unda vatandoshimni ko‘rolmadim.

U so‘zini davom ettirdi:

– Hech shubha yo‘qki, janoblar, sizlar meni ikkinchi marta kelishimni ancha cho‘zib yubordi, deb hisoblayapsizlar. Ammo kimligingizni bilib olgach, sizlarni nima qilishim kerakligini o‘ylab ko‘rishim lozim edi. Uzoq vaqt ikkilandim. Falakning gardishi sizni menga – butun insoniyat bilan aloqasini uzgan kishiga to‘qnashtirdi. Sizlar meni yolg‘izlikdan mahrum etdingizlar…

– Beixtiyor? – dedim men.

– Beixtiyor? – ovozini balandlatib qaytardi notanish kishi. – «Avraam Linkoln» izimdan butun dengizlar bo‘ylab beixtiyor quvib yurganmidi? Xuddi o‘sha kemaga siz ham beixtiyor tushib qolganmidingiz? To‘plaringizning o‘qlari ham kemam korpusiga beixtiyor tegdimi? Balki mister Lend ham garpunini menga beixtiyor otgandir?

Bu so‘zlaridan uning ichidan g‘ijinayotgani sezilib turardi. Uning bu barcha ta’nalariga tamomila o‘rinli javobim bor edi.

– Janob, – dedim men, – hech shubha yo‘qki, sizni deb Amerika va Yevropada qo‘zg‘algan bahs-munozaralardan bexabarsiz. Sizning suvosti kemangiz bilan to‘qnashuv natijasida yuz bergan bir necha hodisalar har ikki qit’ada jamoatchilik fikrini qo‘zg‘atganini bilmaysiz. Siri faqat sizgagina ma’lum bo‘lgan jumboqni tushuntirish uchun to‘qilgan sonsanoqsiz farazlarni birma-bir sanab o‘tirmayman. Ammo bilingki, «Avraam Linkoln» kemasi sizni Tinch okeanning eng uzoq joylarigacha quvib borar ekan, u allaqanday bahaybat dengiz maxluqi iziga tushganiga imoni komil va qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin undan dengizni xoli qilishi kerak edi.

Kapitanning yuzida tabassumga o‘xshagan holat sodir bo‘ldi. U bosiq ovoz bilan so‘zida davom etdi:

– Janob Aronaks, bordi-yu suvosti kemasiligini bilsa, bahaybat dengiz maxluqi singari quvib, o‘qqa tutmas edi, deyishga jur’at eta olasizmi?

Bu savol meni dovdiratib qo‘ydi, chunki, darhaqiqat, kapitan Faragut sira ikkilanmay shunday qilar edi. U suvosti kemasini ham ulkan narvalday yakson qilishni o‘zining burchi deb bilar edi. Binobarin, men savolga javob bermadim.

Kapitan so‘zini davom ettirdi:

– Shunday qilib, sizlarga dushman bilan muomala qilganday muomalada bo‘lishga haqqim borligini tushundingizmi?

Men endi tamomila ongli ravishda jim turaverdim. Har qanday o‘rinli dalillaringiz ham kuchli zarba bilan yakson bo‘lgandan keyin bu masalada bahslashib o‘tirishning nima hojati bor?

– Men uzoq vaqt ikkilandim, – deya so‘zini davom ettirdi kapitan. – Mening sizlarga nisbatan mehmondo‘stlik qilishim uchun zimmamda hech qanday majburiyat yo‘q edi. Agar maqsadim sizlardan qutulish bo‘lganida, yana bir marta uchrashib o‘tirishimning hojati ham yo‘q edi. Men sizlarni qaytarib kema ustiga chiqarib qo‘yib, dengizga sho‘ng‘irdim va… bir vaqtlar sizlarning bo‘lganlaringizni ham unutishim mumkin edi. Yo shunday qilishga haqqim yo‘qmidi?

– Bu madaniy odamning emas, yovvoyining ishi bo‘lar edi, – deb javob berdim men.

– Janob professor, – shu zahoti e’tiroz bildirdi kapitan, – men sizning «madaniy odamning ishi» deb nimani ko‘zda tutishingizni bilmayman. Men ma’lum sabablarga ko‘ra, jamiyat bilan aloqamni uzdim va buning tub mohiyatini mulohaza qilishga yolg‘iz o‘zimnigina haqli deb bilaman. Men o‘sha jamiyat qonunlariga bo‘ysunmayman va bundan keyin huzurimda ular haqida sira eslatmasligingizni maslahat beraman.

Bu gap juda keskin qilib aytildi. Noma’lum ki shining ko‘zlari qahr va g‘azab bilan yonardi. Mening xayolimga, «bu odamning o‘tmishida allaqanday dahshatli sir bor», degan fikr keldi. Axir u bekordan bekorga o‘zini insonlar qonunidan baland qo‘yib, odam qadami yetmaydigan joyga ketmaganku. Hatto suv sathidayoq o‘zi bilan kurashmoqchi bo‘lganlarni osonlik bilan bartaraf eta olgach, dengiz qa’rida uni quvishga kim jur’at eta olar edi. Uning suvosti monitoriga3232
  Monitor – dengiz qirg‘oqlarini mudofaa qilish yoki qirg‘oq istehkomlariga hujum etish uchun moslashtirilgan zirhli harbiy kema


[Закрыть]
qaysi kema bardosh bera olardi? Uning kemasining dahshatli tumshug‘i zarbiga chiday oladigan zirh bormi? Bu suv hukmdorining xatti-harakatlarini tergashga dunyoda hech kimning kuchi yetmaydi.

Bu g‘alati odam o‘z o‘ylari bilan bo‘lib, kayuta bo‘ylab yurayotganida, tezlik bilan shu fikrlar xayolimdan o‘tdi.

Men unga qiziqish va qo‘rquv aralash tuyg‘u bilan qarab turardim.

Uzoq jimlikdan so‘ng kapitan yana so‘zini davom ettirdi.

– Shunday qilib, men ikkilandim, – deya davom etdi u, – ammo nihoyat tabiiy rahm-shafqatni – bunga har bir tirik jon haqli – mening manfaatlarim bilan qo‘shib amalga oshiraversa ham bo‘ladi-ku, degan xulosaga keldim. Tasodif sizlarni bu yerga olib kelgan ekan, mening kemamda qolaverasizlar. Sizlar erkin yurasizlar va shunisi borki, bu juda nisbiy erkinlik evaziga sizlarning oldilaringizga birgina shart qo‘yaman. Sizlar bunga bo‘ysunamiz deb bergan va’dangiz men uchun kifoya.

– Ayting, kapitan, – men javob berdim. – Shartingizni har bir vijdonli odam qabul qilaversa bo‘ladigan deb ishonaman, albatta.

– Shubhasiz! Mana u, eshiting: ehtimol, ba’zi ko‘zda tutilmagan sharoitlarga ko‘ra, sizlarni ba’zan soatlab, balki kunlab – buni oldindan aytish qiyin – qamab qo‘yishga majbur bo‘larman. Har qanday sharoitda ham men zo‘ravonlik tomoniga o‘tishni istamayman, shuning uchun bunday hollarda so‘zsiz bo‘ysunish haqida bergan va’dalaringizga ishonch hosil qilishim kerak. Men bunday taklifni sizga aytish bilan birga ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizliklar uchun javobgarlikni sizlardan tamoman soqit etaman, chunki sizlar bilishingiz man etilgan narsani hatto ko‘rolmaysizlar ham. Shartimni qabul qilasizlarmi?

Demak, suvosti kemasida jamiyat qonunlari bilan aloqasini uzmagan kishilar ko‘rishi lozim bo‘lmagan voqealar ham ro‘y berib turar ekan-da. Kelajak menga hozirlagan barcha tasodiflarning eng noxushlaridan biri shu desam yanglishmayman.

– Qabul qilamiz, – deb javob berdim men. – Faqat… ruxsat etsangiz, bitta savolim bor edi, kapitan?

– Marhamat.

– Siz kemangizda bizni erkin yura olasiz, dedingiz, shundaymi?

– Ha, mutlaqo erkin yura olasizlar.

– Buni qanday tushunsa bo‘ladi, aytib bera olmaysizmi?

– Sizlar kemada bemalol yurishingiz, u yerda bo‘layotgan hamma narsalarni, ayrimlaridan tashqari, ko‘rishlaringiz, kuzatishlaringiz, qisqasi, xuddi men va hamrohlarim foydalanayotgan erkinlikka erishishingiz mumkin.

Biz bir-birimizni tushunmaganimiz aniq edi.

– Kechirasiz, kapitan, – dedim men, – ammo bu erkinlik mahbusga turmada yurish uchun ruxsat beriladiganday gap-ku. Biz bu bilan qanoatlanib qololmaymiz.

– Xuddi shu bilan qanoatlanib qolishlaringizga to‘g‘ri keladi.

– Nima, biz vatanimiz, oilalarimiz, yor-birodarlarimiz oldiga qaytishdan abadiy voz kechishimiz kerakmi?

– Ha. Ammo jamiyatingizda qonunlar deb atalgan va odamlar unga ko‘r-ko‘rona ergashadigan jirkanch jabr-zulm mashaqqatlaridan voz kechish siz o‘ylagancha qiyin emas.

– Menga qolsa, – xitob qildi Ned Lend, – bu yerdan qochishga intilmayman deb hech qachon va’da bermayman.

– Men sizdan buni so‘ramayman ham, Lend,loqaydlik bilan javob berdi kapitan.

– Kapitan, – deb baqirib yubordim men o‘zimni to‘xtata olmay, – hukmronligingizni suiiste’mol qilyapsiz! Bu – shafqatsizlik!

– Yo‘q, janoblar, bu – yumshoq ko‘ngillik! Sizlar jangdan keyin menga asir tushdingizlar. Men sizlarga hayot in’om etyapman, vaholanki, okeanga uloqtirib tashlashim ham mumkin edi. Sizlar menga hujum qildingizlar! Sizlar biron kimsa bilishi mumkin bo‘lmagan sirdan – mening borligim to‘g‘risidagi sirdan voqif bo‘ldingizlar! Xo‘sh, mavjudligimni hech kim bilishi lozim bo‘lmagan quruqlikka qaytsak hech qanday qarshiliksiz qo‘yib yuboradi deb o‘ylaysizlarmi? Hech qachon! Sizlarni suvosti kemamda tutib turar ekanman, sizlarning manfaatlaringizni emas, shaxsan o‘zimnikini o‘ylayapman.

Kapitan shunday ohangda gapirdiki, men uni fikridan qaytarish uchun urinish befoyda ekanligini tushundim.

– Gapning qisqasi, kapitan, sodda qilib aytganda, bizga asirlik yo o‘limdan birini tanlashni tavsiya etyapsiz, shundaymi?

– Juda to‘g‘ri.

– Do‘stlarim, – deya Konsel va Ned Lendga murojaat etdim, – masalaning bu qo‘yilishida bahslashib o‘tirishimiz noo‘rin. Ammo shuni unutmanglar, oramizda bizni shu kema xo‘jayini bilan bog‘lab turadigan hech qanday va’da yo‘q.

– Hech qanday, – tasdiqladi kapitan.

Shundan so‘ng u so‘zini yumshoqroq ohangda davom ettirdi:

– Endi yana bir-ikki og‘iz gapim bor. Men sizni bilaman, janob Aronaks. O‘rtoqlaringiz haqida bir nima deyolmayman-u, ammo shaxsan o‘zingiz men bilan yo‘liqtirgan tasodifdan xafa bo‘lmaysiz. Hamisha foydalanib yurgan kitoblarim orasida o‘zingizning dengiz tubining sirlari to‘g‘risidagi asaringizni ham topa olasiz. Men uni tez-tez o‘qib turaman. Siz o‘z kitobingizda yerda fan uchun mumkin bo‘lgan bilim darajasiga erishgansiz. Ammo ko‘p narsadan xabaringiz yo‘q, chunki kam narsa ko‘rgansiz. Sizni ishontirib aytamanki, bu yerda ketgan vaqtingizga achinmaysiz. Mo‘jizalar o‘lkasiga sayohat qilasiz. Ajablanish, dong qotib hayratlanish aqlingizning odatdagi holatiga aylanib qolishi mumkin. Ko‘zlaringiz oldida tinmay yangilanib turadigan manzaralar yaqin orada sizni zeriktirmasa kerak. Men butun dunyo bo‘ylab yangi suvosti sayohatiga chiqishga qaror qildim. Balki bu so‘nggisidir – kim biladi? Oldingi sayohatlardagi barcha kuzatuvlarimga yakun yasamoqchiman. Bu ishda siz menga yordam berasiz. Shu bugundan e’tiboran siz tamoman yangi dunyoga kirib borasiz. Siz hali biron kishi ko‘rmagan narsalarni ko‘rasiz, men hamda hamrohlarim bu hisobga kirmaydi va planetamiz sizga o‘zining so‘nggi sirlarini ochadi.

Kapitanning so‘zlari menda g‘oyat katta taassurot qoldirganligini e’tirof etmay ilojim yo‘q. U tuyg‘ularimning eng nozik torini chertdi va men bir zumgina bu mo‘jizalarni kuzatish yo‘qotgan erkimning o‘rnini bosolmasligini unutdim.

Biroq keyinchalik bu muhim masalaga yana bir karra qaytishni ko‘zlab, quyidagi javob bilan kifoyalana qoldim.

– Kapitan, insoniyat bilan aloqangizni uzgan bo‘lsangiz ham insoniy tuyg‘ulardan voz kechmagandirsiz. Biz halokatga uchraganlarga rahmdillik qilib kemangizdan joy berdingiz. Men ham, do‘stlarim ham buni sira unutmaymiz. Ochig‘ini aytsam, fan manfaatlari yo‘lida xizmat qilish shaxsan men uchun ma’lum darajada yo‘qotgan erkim evaziga mukofot bo‘la oladi.

Kapitan o‘rtamizdagi shartni mustahkamlash uchun menga qo‘lini uzatadi deb o‘ylagan edim.

Biroq u bunday qilmadi. Shunday qilmagani uchun men unga ichdan achindim.

– Yana bir savol, – dedim men bu g‘alati odam endi ketmoqchi bo‘lib turganida.

– Qulog‘im sizda, janob professor.

– Sizni nima deb chaqirishimiz kerak?

– Sizlar uchun men faqat kapitan Nemo3333
  Nemo – lotincha «hech kim» degani.


[Закрыть]
, siz va hamrohlaringiz esa men uchun faqat «Nautilus»3434
  Nautilus – lotincha kema degani.


[Закрыть]
yo‘lovchilari.

Kapitan Nemo bir nima deb qichqirdi. Kayutaga styuard kirdi. Kapitan unga o‘sha men tushunmagan tilda buyruq berdi.

Shundan so‘ng kanadalik va Konselga qarab:

– Sizlar o‘z kayutalaringizda nonushta qilasizlar, – dedi.– Marhamat qilib mana bu kishi bilan borsangiz.

– Yo‘q demayman, – dedi garpunchi.

Konsel va Ned Lend o‘zlari qariyb o‘ttiz soat biz qamalib yotgan qafasdan chiqishdi.

– Endi, professor, navbat bizga. Nonushta tayyor. Ruxsat bersangiz, sizga yo‘l ko‘rsatsam.

– Xizmatingizga hozirman, kapitan.

Men kapitan Nemo ketidan ergashdim. Biz elektr chiroqlar bilan yoritilgan oddiy kemalarnikiga o‘xshash yo‘lakka chiqdik va o‘n metrcha yurgach, yopiq eshik oldida to‘xtadik.

Kapitan Nemo eshikni lang ochib, oldin menga yo‘l berdi.

Men sipohona did bilan jihozlangan va pardozlangan ovqatxonaga kirdim. Zalning ikki tomonida qora yog‘och qadab naqshlangan baland eman ravoqlar turardi. Uning tokchalarida san’atkorona ishlangan bebaho billur, chinni, kumush idishlar yaraqlab tovlanardi. Devor koshinlarining rangi shiftdan taralayotgan juda yorqin yog‘duni yumshatardi.

Zalning o‘rtasida yasatilgan stol turardi.

Kapitan Nemo menga imo bilan joy ko‘rsatdi.

– O‘tiring, – dedi u, – ovqatlanib oling; darvoqe, o‘lguday ochsiz-a.

Men yalintirib o‘tirmadim.

Nonushtaga baliqdan tayyorlangan bir necha xil taomlar va menga noma’lum bo‘lgan allaqanday ovqatlar berishdi.

Bu taomlarning hammasi mazali, ammo tez ko‘niksa bo‘ladigan qandaydir ta’mi bor edi. Nazarimda bu masalliqlar fosforga boy edi, binobarin, ular dengizdan olingandir deb o‘yladim.

Kapitan Nemo ko‘z uzmay menga qarab turar edi. Undan hech nima so‘raganim yo‘q, ammo o‘zi men bermagan, lekin tilimning uchida turgan savollarga javob bera boshladi.

– Bu taomlarning ko‘pini siz bilmaysiz, – dedi u. – Ammo baribir sira xavotirlanmay yeyaberishingiz mumkin. Bularning hammasi foydali va to‘yimli. Men yerda yetishtiriladigan oziq-ovqatlarni anchadan buyon yemayman, ammo shunga qaramay, o‘zimni juda yaxshi his etyapman. Men yeydigan oziq-ovqatlardan tamaddi qiladigan butun ekipajim ham havas etsa arziydigan darajada sog‘lom.

– Demak, bu noz-ne’matlarning hammasi dengiz mahsulotimi?

– Ha, professor, dengiz butun ehtiyojimni qondiryapti. Ba’zan men to‘r tashlayman, ular biror marta ham bo‘sh chiqqan emas. Ba’zan men boshqalarning qadami yetolmaydigan tabiat olamiga ovga boraman va suvosti o‘rmonlarimda yashayotgan «qushlar»ni quvaman. Mening podalarim keksa cho‘pon Neptunning3535
  Neptun – qadimgi rimliklarda dengiz xudosi.


[Закрыть]
podalari singari okean kengliklarida bemalol o‘tlab yurishadi.

Mulklarim behad katta va ulardan yolg‘iz o‘zim foydalanaman.

Men kapitan Nemoga taajjublanib qarab, javob berdim:

– To‘rlar dasturxoningizga ajoyib baliq keltirayotganini bilib turibman, kapitan. Men qandayligini bilmayman-u, ammo sizning o‘z suvosti o‘rmonlaringizda «qush» ovlayotganingizni rost deb faraz qilaylik; biroq men bir narsaga hayronman. Ozgina bo‘lsa ham, dasturxoningizdagi go‘sht qayerdan kelyapti?

– Men quruqlikda yashaydigan hayvonlarning go‘shtini mutlaqo yemayman, – deya e’tiroz bildirdi kapitan Nemo.

– Bu-chi? – so‘radim men bir necha bo‘lak qovurilgan go‘sht solingan taomga ishora qilib.

– Siz quruqlikda yashaydigan jonivorning go‘shtidan deb taxmin qilgan taomingiz dengiz toshbaqasining qovurilgan go‘shti, xolos. Mana bu delfinning jigaridan tayyorlangan qaylaning ta’mi sizga cho‘chqa go‘shtidan qilingan qovurdoqday tuyulishi mumkin. Mening oshpazim – mohir pazanda. Baliq va boshqa dengiz hayvonlari go‘shtidan taom tayyorlashda unga teng keladigani yo‘q. Mana bu qisqichbaqa konservalarini istagan malayyalik dunyodagi eng zo‘r konserva deb baholashi mumkin; mana bu kremning qaymog‘i kitning yelinidan olingan, qand – Shimoliy dengizning suv o‘simliklaridan; nihoyat mana bu murabbo anemonlardan.

Men ularning hammasidan och bo‘lganim uchun emas, kapitan Nemoning gaplariga qiziqib qolganimdan tatib ko‘rdim.

– Dengiz, – deya davom etdi u, – meni to‘ydiribgina qolmay, kiyintiradi ham. Ustingizdagi kiyimning matosi ayrim dengiz chig‘anoqlarining bissuslaridan to‘qilgan. U shajaraning qirmizi rangiga bo‘yalgan, binafsharang tovlanishi O‘rtayer dengizi molluskalaridan biri apliziy shirasi yordamida olingan. Sizga ajratilgan kayutadagi stolcha ustida turgan atir ayrim o‘simliklarni qaynatish yo‘li bilan olingan. O‘rin-ko‘rpangizdagi to‘shak okeanning eng yaxshi o‘tlaridan qilingan. Siz yozadigan pero– kit mo‘ylovidan, siyoh – karakatitsa3636
  Karakatitsa – yumshoq tanli dengiz molluskasi.


[Закрыть]
bezlaridan. Hozir men nimadanki foydalanayotgan bo‘lsam, hammasi dengizdan olinyapti va bularning barchasi vaqti kelib yana dengizga qaytadi.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации