Электронная библиотека » Жюль Верн » » онлайн чтение - страница 10

Текст книги "Suv ostida sakson ming kilometr"


  • Текст добавлен: 19 мая 2023, 23:30


Автор книги: Жюль Верн


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 10 (всего у книги 31 страниц) [доступный отрывок для чтения: 10 страниц]

Шрифт:
- 100% +
O‘n sakkizinchi bob
TINCH OKEAN OSTIDAN 16000 KILOMETR

Ertasi kuni, 18-noyabrda, men juda tetik va tiniqib uyg‘ondim. Men «Nautilus» palubasiga kapitan yordamchisi o‘zining odatdagi iborasini qaytarayotgan daqiqada chiqib qoldim. Birdan boshimga bu ibora: «Hech narsa ko‘rinmaydi» degan ma’noni anglatadi, degan fikr keldi.

Haqiqatan ham okean sathida mutlaqo hech narsa ko‘rinmas edi. Ufqda bitta ham yelkan yo‘q. Krespo orolining tog‘lari tundayoq ko‘rinmay qolganga o‘xshaydi. Dengiz barcha bo‘yoqlarni o‘zida singdirib, moviy rangdagina jilvalanar edi.

Okean tongining ajoyib manzarasini zavq bilan kuzatayotganimda, palubaga kapitan Nemo chiqdi. U go‘yo meni ko‘rmaganday astronomik kuzatuvlari bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Ishini tugatib, shturval budkasi oldiga bordi va tirsaklarini tiragancha, okeanni kuzata boshladi.

Shu orada palubaga yigirma chog‘li matros chiqdi. Bularning barchasi barvasta va baquvvat kishilar edi. Matroslar tunda tashlangan to‘rlarni yig‘ishtirib ola boshladilar. Ular turli millat kishilari edilar. Ular orasida bir necha irlandiyalik, fransuz, slavyan, bir grek, asli Krit orolidan bo‘lgan yana bir kishi bor edi. Ularning hammalari ham juda kamgap va o‘zaro allaqanday tushunib bo‘lmaydigan va men kelib chiqishini ajratolmagan bir tilda fikr almashar edilar.

Matroslar to‘rlarni palubaga tortib chiqardilar. Bu katta qop shaklidagi normandcha to‘rlarni eslatar, uning og‘zidan ichki aylanasi tomon yog‘och va zanjirlar o‘tkazilgan bo‘lib, yarim ochiq holda suvda qoldirilar edi. Qop kema quyrug‘iga po‘lat simlar bilan bog‘langan bo‘lib, yo‘lida uchragan narsani yig‘ib olar edi.

Shu kuni o‘zlarining sinchkovliklari oqibatida okean hayvonot olamining namunalaridan baliqchi baliqlar to‘rga ilingan edilar. Bu baliqlar benihoya xunukliklari, badnafsliklari va g‘alati suzishlari tufayli «dengiz alvastilari» deb atalganlar. Bu baliqlar dengiz tubida turib oldingi suzgichlari bilan bir joydan ikkinchi joyga sakraydilar. To‘rda qashqa tikanqorinlilar ham tipirchilab yotardi; osoyishta vaqtida bu baliqning qorni ichiga tortilib turar, ammo xavf-xatar yaqinlashayotganini sezgunday bo‘lsa, u o‘zini shishirib, qavat-qavat terisini yoyar, shar holatiga aylanib, dahshatli tikanlar bilan qoplagan qornini g‘animga tutar edi. Shundan so‘ng to‘rlardan «Nautilus» palubasiga bir nechta sarg‘ishroq ilonbaliq; uzun tanasi dum suzgichlari o‘rniga ingichka ip bilan tugaydigan ikkita kumush kulrang ingichka dum; tanasining pastki qismini uzun to‘g‘ri suzgich egallagan ikkita tangali to‘g‘ripat; qo‘ng‘ir qashqalari bo‘lgan sarg‘ish kulrang treska; ko‘plab turli-tuman bichoklar6060
  Bichok – baliqning bir turi.


[Закрыть]
va nihoyat juda tez harakat qilishlariga qaramay, to‘rdan qutulolmagan bir nechta yirik ajoyib tuneslarni ag‘darishdi.

To‘rlardan kamida ming qadoq baliq chiqdi. Ov juda zo‘r bo‘lmasa-da, chakki emas edi.

Har holda, to‘rlar bir necha soat mobaynida kema ortidan sudralib, yo‘lda uchragan bor narsanigina yig‘ishtirib olgan edi.

Ovlangan baliqlarning hammasini matroslar kambuzga6161
  Kambuz – kema oshxonasi


[Закрыть]
olib borishdi: ulardan bir qismi kundalik taomda yeyilishi, qolgani esa g‘amlab qo‘yilishi kerak edi.

Baliq ovi tugadi; kema hozir suvga sho‘ng‘iydi, deb o‘ylab, endi xonamga qaytmoqchi bo‘lib turgan edim, ammo to‘satdan kapitan Nemo menga yaqinlashib, so‘z boshladi:

– Okeanga qarang, professor! Qalay, sizga ham bu tirik mavjudot ba’zan qahrnok, ba’zan esa muloyim bo‘lib tuyuladimi? Kecha kechqurun u ham biz singari uyquga ketdi, bugun esa sokin tundan keyin ruhi tetiklashib, yaxshi kayfiyatda uyg‘ondi.

«Na salom bor, na xayr-xo‘sh! – o‘yladim men.–Chetdan qaraganda, bu odam men bilan ancha oldin boshlagan suhbatini davom ettirayotganday bo‘lib ko‘rinadi!»

– Qarang, – deya so‘zini davom ettirdi kapitan Nemo, – mana, u quyoshning erkalashlari bilan uyg‘onyapti, hozir o‘zining kunduzgi hayotini boshlaydi. Uning organizmida hayotiy faoliyatning uyg‘onayotganini kuzatish naqadar zavqli! Uning yuragi, qon tomirlari bor… Men olim Morining okeanda jonivorlardagi qon aylanishiga o‘xshash harakat borligi haqidagi fikriga tamomi-la qo‘shilaman.

Kapitan Nemo mendan javob kutmayotgani aniq ko‘rinib turar edi. Shuning uchun men o‘zimni uning gaplariga «juda to‘g‘ri», «haq gapni aytyapsiz», «ha albatta» degan mantiqsiz luqmalar tashlab turish ehtiyojidan xoli etdim.

Kapitan o‘ziga o‘zi so‘zlayotganday har bir gapidan keyin uzoq jim bo‘lib qolardi. Bu ovoz chiqarib fikrlashning xuddi o‘zi.

– Ha, – dedi u, – harorat almashuvi, tuz va mikroorganizmlar mavjudligi tufayli okeanda doimiy o‘zgarishlar bo‘lib turadi. Haroratning almashib turishidan turlicha suv zichligi hosil bo‘ladi, buning natijasida esa oqim va qarshi oqimlar kelib chiqadi. Qutb tomonlarda juda oz va ekvatorial zonalarda esa ko‘plab bo‘lib turadigan suvning bug‘lanishi tropik va qutb suvlarining tez-tez almashib turishiga olib keladi. Bundan tashqari, men suvning hamisha yuqoridan pastga va pastdan yuqoriga harakat qilib turishini payqadim; bu okeanning chinakam nafas olishini ifodalaydi. Quyosh nurlaridan qizigan zarra dengiz sathidan uning qa’riga tushadi, noldan yuqori ikki darajagacha sovib o‘zining me’yoridagi zichligiga erisha-di va sovub yengillashgach, yana suv sathiga ko‘tariladi. Siz bu hodisaning natijalarini qutbda ko‘rasiz va o‘shanda nega suvning faqat sathi muzlashini bilib olasiz.

Kapitan Nemo og‘zidagi gapni aytib bo‘lguncha xayolimdan: «Qutbda? Nahotki, bu jasur kishi bizni o‘sha yoqqa olib bormoqchi bo‘lsa?» degan fikr o‘tdi.

Shu orada kapitan jim bo‘lib qoldi; uning nigohi o‘zi juda sinchiklab va mehr bilan tinmay kuzatayotgan okeanga qadalgan edi.

Birpas jim turgach, yana gapira ketdi:

– Dengizda tuz juda ko‘p. Dengiz suvidagi erigan tuzlarning hammasini yig‘ganda, u to‘rt yarim million kub milya hajmni qoplar edi. Bordi-yu, professor, siz bu tuzlarni butun yer shari bo‘ylab bir tekis yoyib chiqsangiz, uning qalinligi o‘n metrdan oshgan bo‘lur edi. Ammo siz suvda tuzning bo‘lishi tabiat injiqligidan deb o‘ylamang tag‘in. Mutlaqo! Tuz dengiz suvining bug‘lanishini kamaytiradi, shamolning juda ko‘p bug‘ni olib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi va bu bilan sayyoramizdagi mo‘tadil iqlimli zonalarni yomg‘irdan saqlaydi. Bu yer yuzida stixiya ishini bir me’yorda tutish yo‘lida qilinayotgan katta va faxrli ishdir!

Kapitan Nemo yana jim bo‘lib, paluba bo‘ylab bir necha qadam yurgach, so‘zida davom etdi:

– Eng mayda tirik organizmlar, millionlab to‘dasi bir tomchiga sig‘ib ketadigan va sakkiz yuz mingi bir milligramm keladigan bakteriyalarga kelsak, ularning rolini ham kamsitib bo‘lmaydi. Ular dengiz tuzlarini yutadilar, suvda erigan qattiq jismlarni yig‘ib oladilar. Hu pastda zoofitlar, marjonlar va poliplar koloniyasini barpo etadilar va butun boshli qit’alarni vujudga keltiradilar. Ammo okean suvi tinch turmaydi. U hamisha gorizontal yo‘nalishda ham, vertikal bo‘ylab ham harakatlanib turadi va organizmlarni ozuqa bilan ta’minlaydi. Suvning doim shunaqa yuqoriga va pastga siljib, muntazam ravishda harakatda bo‘lishi dengizda abadiy hayot vujudga keltirib turadi. Ko‘pchilik odamlar uchun o‘lik, ammo son-sanoqsiz hayvonot va men uchun hayotbaxsh muhit hisoblangan okeanning barcha qismlarida juda jo‘shqin, qit’alardagiga nisbatan samaraliroq, bitmas-tuganmas, abadiy va gullab-yashnaydigan hayotni vujudga keltiradi!

Kapitan Nemo bu so‘zlarni aytayotganda uning butun qiyofasi tamoman o‘zgardi. Uning so‘zlari menda g‘oyat katta taassurot qoldirdi.

– Chinakam hayot ham shu yerda, faqat shu yerda! – deb qo‘shib qo‘ydi u. – Men suvosti shaharlari «Nautilus» singari har kuni ertalab toza havodan nafas olish uchun okean sathiga ko‘tariladigan suvosti uylari to‘dasi bo‘lishiga ishonaman, – ha, erkin, hech kimga tobe bo‘lmagan shaharlar!.. Kim biladi, balki biror zo‘ravon…

Kapitan Nemo fikrini to‘la ifoda etmadi va yanib, qo‘l siltadi.

Keyin bu qayg‘uli fikrlardan o‘zini xoli etmoqchi bo‘lganday bevosita menga murojaat qilib so‘radi:

– Janob professor, okean chuqurligi qanchaligini bilasizmi?

– Men so‘nggi o‘lchovlar vaqtida olingan raqamlarnigina bilaman, kapitan…

– Shu raqamlarni menga ayta olasizmi?

– Marhamat, esimda qolganlarining hammasini sizga aytib berishim mumkin. Adashmasam, tadqiqotlar shuni aniqladiki, Atlantik okeanning shimoliy qismlaridagi o‘rtacha chuqurlik uch ming to‘qqiz yuz metrga yetadi. O‘rtayer dengizida esa bir ming ikki yuz metr. Atlantik okeanining janubiy qismida, taxminan kenglikning o‘ttiz beshinchi gradusida chuqurlik ayniqsa yaxshi o‘lchangan. Ularning natijalari bunday: o‘n ikki ming metr, o‘n to‘rt ming to‘qson bir metr va o‘n besh ming bir yuz qirq to‘qqiz metr6262
  Hozirgi zamon fanining ma’lumotlariga ko‘ra okeanning eng chuqur yerlari 10 kilometrdan sal oshadi.


[Закрыть]
. Olimlarning ta’kidlashlaricha, dengiz tubi bab-baravar qilib tekislanganda, uning chuqurligi butun yer kurrasi bo‘ylab taxminan uch ming sakkiz yuz metrga teng bo‘lar edi.

– Juda soz, professor, – dedi kapitan Nemo.–Sizga bundan durustroq ma’lumot berish umididaman. Bordi-yu, sizni Tinch okeanning shu qismidagi chuqurlik qiziqtiradigan bo‘lsa, aytishim mumkinki, u to‘rt ming metrdan oshmaydi.

Kapitan Nemo shu so‘zlarni aytib, lyuk tomon yurdi va temir narvondan pastga tushdi. Men ham uning ketidan salonga kirdim. Parrak o‘sha zahoti harakatga kelib, lag yigirma milya tezlikni ko‘rsatdi.

Keyingi kunlar, hatto haftalarda kapitan Nemo huzurimga kamdan kam tashrif buyurdi. Men u bilan har gal oradan anchagina vaqt o‘tganda uchrashib turdim. Kapitanning yordamchisi har kuni ertalab o‘z vaqtida kuzatuv o‘tkazib, olingan natijalarni kartaga tushirib borar edi.

Konsel bilan Ned Lend har kuni soatlab men bilan birga bo‘lardilar. Konsel sherigiga suvosti sayrimizning mo‘jizalarini hikoya qilganda, garpunchi unda ishtirok etmaganiga endi astoydil achinar edi.

Ammo men uni yana okean o‘rmonlarini sayr qilish imkoniyati bo‘lib qolar, deb umidvor etar edim. Deyarli har kuni salon derazalaridagi temir to‘siqlar bir necha soatga ochilar va har gal biz suvosti dunyosining mo‘jizalaridan hayratlanar edik.

«Nautilus» endilikda yuz va yuz ellik metr oralig‘idagi chuqurlikda janubi sharq tomonga suzar edi. Ammo bir kuni chuqurlikka tushishga ishtiyoqmand kapitanning allaqanday injiqligi natijasida, u kemani dengiz tubiga qarab ikki ming metrga tushirdi. Yuz gradusli termometr noldan yuqori to‘rt-u chorak gradusni ko‘rsatar edi. Bu harorat shu chuqurlikdagi barcha kengliklarda bir xil bo‘lsa kerak.

Yigirma oltinchi noyabr, tungi soat uchda «Nautilus» Rak tropigini uzunlikning 172-gradusida kesib o‘tdi. Ertasi kuni biz 1779-yilning 14-fevralida mashhur kapitan Kuk halok bo‘lgan Sandvichev orollari yonidan o‘tdik.

Biz yer aylanasi bo‘ylab sayohatimizning boshlanishidan buyon to‘rt ming sakkiz yuz oltmish lyo6363
  Lyo – fransuzcha uzunlik o‘lchovi; kilometr lyosi 4 kilometrga teng. Fransiyada metr sistemasi qabul qilinguncha meridian gradusining 1/25 qismi, ya’ni 4445 metr lyo deb atalgan.


[Закрыть]
masofani bosib o‘tdik.

29-noyabrda ertalab palubaga chiqib, shamol esayotgan tomonda, ikki milya masofada, Gavay orollar tizmasini tashkil etuvchi mitti oroldan eng kattasi – Gavayni ko‘rdim. Men haydalgan dalalarni, sohil bo‘ylab yastanib yotgan tog‘ etaklari va tog‘ tepaliklarini, balandligi dengiz sathidan besh ming metr keladigan Muna-Rea tepaligi ostidagi vulqonlarni aniq ko‘rdim.

«Nautilus» hamon janubi sharq tomon borar edi. U 1-dekabrda ekvatorni uzunlikning 142-gradusida kesib o‘tdi, 4-dekabrda esa, hech qanday esda qoladigan voqeasiz Markiz orollari gruppasiga yetib keldik.

Men janubiy kenglikning 8-gradus 57-minutida va g‘arbiy uzunlikning 139-gradus 32-minutida joylashgan Markiz orollaridan eng yirigi Nukagivada Martin cho‘qqisini ko‘rdim. Ammo kapitan Nemo yerga yaqinlashishni xush ko‘rmasligi uchun tog‘ni qoplab olgan qalin o‘rmonlardan bo‘lak hech narsani ko‘rib bo‘lmadi.

Bu yerdagi suvga tashlangan to‘rlarga go‘shti juda mazali ko‘kish tovlanadigan oltinrang bir necha makrel va kumushrang tovlanadigan havorang yashil sarganlar ilindi. Bu baliqlar darhol dasturxonimizni bezadi.

Fransiya bayrog‘i hilpirab turgan bu ajoyib orollar bilan xayrlashgach, 4-dan 11-dekabrgacha «Nautilus» yana salkam ikki ming milya yurdi. O‘tayotganda har narsaga qiziquvchan kalmarlarning juda katta to‘dasini uchratdik. Esda qoladigan voqea faqat shu bo‘ldi. Kalmarlar boshoyoqlar sinfi va ikki jabralilar kenja sinfiga mansub. Sepiya va argonavtlar ham shularga taalluqlidir. Bu molluskalar negadir ilgarigi tabiatshunoslar diqqatini o‘ziga jalb etgan bo‘lib, ular qadimgi notiqlar tomonidan istiora tarzida foydalanishda alohida o‘rin tutishidan tashqari, zodagonlar dasturxonini bezashda yaxshigina shuhrat qozongan edi. Har holda mashhur Galendan oldin o‘tgan qadimgi yunon tabibi Ateney shunday deb ta’kidlaydi.

Kalmarlar to‘dasini «Nautilus» 9-dan 10-dekabrga o‘tar kechasi uchratdi. Bu molluskalarning bir necha millioni mo‘tadil zonalardan issiqroq yerlarga seldlar va sardinlar suzgan yo‘ldan ko‘chib o‘tardilar.

Biz ularni qalin billur oyna orqali ko‘rib turar edik; kalmarlar o‘zlarining o‘nta oyog‘ini tinmay harakatga keltirib, orqalari bilan oldinga tomon suzar edi. Tabiat kalmarlarning oyoqlarini boshlariga o‘rnatgan.

«Nautilus» qanchalik tez suzmasin, bir necha soat davomida kalmarlar qurshovida yurdi; biz to‘rlarni tashlab, ana shu molluskalardan juda ko‘pini tutib oldik.

Dengiz bizni zeriktirmas edi. U ko‘z oldimizda yangi-yangi manzaralar, ajoyib tomoshalar ko‘rsatib, ularni tinmay o‘zgartirar, ko‘rinish va joylar ham soat sayin almashar edi. U bizni ovuntiribgina qolmay, eng yashirin sirlarigacha bilib olish imkoniyatini berar edi.

11-dekabr kunduzi salonda kapitan Nemo kutubxonasidan olingan kitobni o‘qib o‘tirar edim. Ned Lend bilan Konsel oyna oldida juda yaxshi yoritilgan suvni tomosha qilib o‘tirishardi. «Nautilus» qimirlamay turardi. U rezervuarlarini to‘latib, ming metr chuqurlikda, okeanning hech narsa uchramaydigan, onda-sonda eng yirik baliqlargina suzadigan yerida turar edi.

Men Jak Masening «Oshqozon xizmatkori» degan ajoyib kitobini o‘qib, muallifning mislsiz mahorati va oqil so‘zlariga qoyil qolib o‘tirganimda, birdan Konsel chaqirib qoldi.

– Xo‘jam bir minutgina oyna oldiga kelib ketolmaydilarmi? – dedi u qandaydir g‘alati ohangda.

– Nima bo‘ldi, Konsel?

– Xo‘jamning o‘zlari kelib ko‘rsinlar! Men kitobni bir chekkaga qo‘yib, oynaga yopishib qaray boshladim.

Elektr projektor yorqin yog‘du taratayotgan suv bo‘shlig‘ida allaqanday ulkan qora narsa qimir etmay turar edi. Men bu bahaybat maxluqni yaxshilab ko‘rib olish niyatida sinchiklab tikila boshladim. To‘satdan xayolimga yashin tezligida shu fikr keldi.

– Kema bu! – deb qichqirib yubordim.

– Ha, – deb javob qaytardi kanadalik, – bu cho‘kib qolgan kema…

Ned Lend adashmagan edi. Ko‘z oldimizda cho‘kkan kema turar edi. Korpusining yaxshigina saqlanganiga qaraganda, halokat bundan bir necha soat oldin bo‘lganga o‘xshardi. Palubada bo‘yi ikki futga yetar-yetmas keladigan uchta xodaning qaqqayib turishi kema hayot-mamot uchun kurashda machtalarini qurbon etganini ko‘rsatar edi. Ammo bu ham yordam bermagan…

Bu cho‘kkan kemaning ko‘rinishi qanchalik ayanchli edi!

Ammo uning palubasidagi manzara yanada mudhishroq, unda bir necha jasad yotar edi. Men oltita jasad sanadim: to‘rt erkak – ulardan biri rul oldida turardi va lyuk tuynugidan gavdasining yarmini chiqarib, qo‘lida bola ushlab turgan ayol.

Ayol yosh edi. Projektorning yorqin yog‘dusida men hatto uning yuzini aniq ko‘ra oldim, u hali o‘lmaganday edi. So‘nggi kuchini to‘plab, bolani boshi uzra ko‘targan; bechora ushoqqina bola jajjigina qo‘lchalari bilan onasining bo‘ynini quchgancha o‘libdi…

Uch matros jasadi g‘ayritabiiy bir holda qotib qolipti – aftidan, o‘lim ularni cho‘kayotgan kema palubasida o‘zlarini o‘ragan arqonni yechishga unnayotganlarida quchganga o‘xshardi. To‘rtinchisi, rul boshqaruvchi, qaddini g‘oz tutganicha osoyishta va jiddiy holda turardi. Uning qo‘llari rulni ushlagancha qotib qolibdi.

Keksa rul boshqaruvchi, aftidan, uch machtali kema okean tubiga qarab cho‘kayotganda ham rulni qo‘yib yubormaganga o‘xshaydi…

Naqadar dahshatli manzara! Biz kema halokati manzarasidan ko‘z uzolmas edik…

Odam go‘shtining hidini sezib, katta akulalar yaqinlashayotganini ko‘rdim…

«Nautilus» cho‘kkan kema atrofidan aylanib o‘tayotganida, uning quyruq tomonidagi yozuv ko‘zga chalindi:

«Florida»
Zunderland
O‘n to‘qqizinchi bob
VANIKORO

Bu fojiali voqea xuddi shunday qator to‘qnashuvlarning birinchisi edi. Keyinchalik biz «Nautilus» oynasidan suvda cho‘kib, chirib qolgan kemalarni tez-tez uchratib turdik. Okean tubidagi ancha chuqur suv qatlamlarida to‘plar, zambarak o‘qlari, langarlar, zanjirlar va zang bosgan minglab boshqa temir narsalarni ko‘rdik.

O‘n birinchi dekabrda biz bir vaqtlar Bugenvil «Xavfli orollar guruhi» deb nom bergan Paumotu orollar tizmasiga yaqinlashdik; bu tizmadagi orollar sharq – janubi sharqdan g‘arb – shimoli g‘arb tomon janubiy kenglikning 13-gradus 3-minuti – 20-gradus 50-minutida va g‘arbiy uzunlikning 125-gradus 30-minuti – 151-gradus 30-minuti oralig‘ida ikki ming kilometrdan ortiq yerni ishg‘ol etib yotardi. Guruhning sharqiy chekkasidagi orol Dyusi, g‘arbidagisi Lazarev oroli deb atalar edi.

Bu orollar tizmasi uch yuz yetmish kvadratli maydonni ishg‘ol etgan bo‘lib, oltmishta orolcha guruhidan iboratdir. Fransiyaga qarashli Gambe orollar to‘dasi ham shu jumlaga kiradi. Bular marjon orollaridir. Poliplar sekin, ammo tinmay olib borayotgan ish bu marjonlarni suvdan ko‘tarib ertami, kechmi ularni o‘zaro bog‘laydi. Shundan so‘ng bu yangi orol qo‘shni orollar bilan qo‘shiladi hamda bir tomondan Yangi Zelandiya va Yangi Kaledoniya, boshqa yoqdan Markiz orollari oralig‘ida yangi qit’a paydo bo‘ladi.

Shu nazariya haqida kapitan Nemoga so‘z ochgandim, u menga sovuqqonlik bilan javob berdi:

– Yer yangi qit’alarga emas, balki yangi odamlarga muhtoj!

«Nautilus» yo‘li tasodifan butun tizmada diqqatga sazovor Klermon-Tonner oroli tomon tushib qolgandi. Bu tasodif menga madrepor marjonlari to‘dasini o‘rganish imkonini berdi. Bu marjonlar Tinch okeanning shu qismidagi orollarni hosil etgan edi.

Madrepor marjonlari ohak qobirg‘ali tirik to‘qimadan iborat. Marjonlarning qobirg‘a tuzilishidagi farqi mashhur ustozim Miln-Edvardsga ularni besh to‘daga bo‘lish uchun asos bo‘lgan. O‘zidan shilliq modda ajratadigan, mikroskopdagi-na ko‘rinadigan bu tirik mavjudotlarning milliard-milliardi bir to‘dani tashkil etadi. Ulardan ajralib chiqadigan ohakdan qoyalar, cho‘qqilar, orolchalar va orollar hosil bo‘ladi. Bu yerda ular dengizdan ajralgan ohak halqa yoki dengizga suvosti yoriqlari bilan qo‘shilib turadigan kichik ko‘llar vujudga keltiradilar; yangi Kaledoniya yoki butun bir orollar, chunonchi Paumot orollar tizmasi kabi qoyalarni sohildan ajratadigan to‘siqlar bunyod etadilar. Boshqa joylarda, chunonchi Mavrikiya orollarida, qirrali qoyalar etagida okean tubi juda pastda qolib ketadigan baland devorlar ko‘taradilar.

Biz Klermon-Tonner oroli sohillaridan bir necha kabelt masofada suzar edik. U yerda men jajji quruvchilarning ulkan ishlariga qarab juda qoyil qoldim.

Konsel mendan bunday devorni tiklash uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi, deb so‘rab qoldi. Men olimlarning hisoblariga ko‘ra bunday devor yuz yilda duymning sakkizdan bir qismi miqdorida ko‘tariladi6464
  Professor Aronaks adashayotgan edi, marjon qoyalar ancha tez, yiliga bir necha santimetr ko‘tarilishlari mumkin.


[Закрыть]
, deganimda u juda hayron qoldi.

– Binobarin, balandligi uch yuz metrli bu devorni tiklashga…

– Bir yuz to‘qson ikki ming yil kerak bo‘ladi, do‘stim Konsel! Bundan chiqdi, tavrot yerni ancha yoshartirgan ekan-da. Agar almisoqdan qolgan o‘rmonlarning ko‘mirga aylanishi uchun juda ko‘p muddatlar o‘tganini eslasak, unda Tavrotda aytilgan fikrlar yanada ishonchsizroq bo‘lib qolarkan!

«Nautilus» okean sathiga ko‘tarilganda, suvdan xiyol ko‘tarilib turgan, qalin o‘rmon qoplagan Klermon-Tonner orolini ikir-chikirigacha yaxshilab ko‘rib oldim. Dovul va bo‘ronlar uning ohakli tuprog‘i hosildorligini oshirgan bo‘lsa kerak. Kunlardan birida dovul qo‘shni yerdan olib kelgan qandaydir kichikkina bir urug‘ dengiz baliqlari va suv o‘simliklari qoldiqlari bilan o‘g‘itlangan orol yeriga kelib tushgan. Shundan so‘ng to‘lqinlar uning qirg‘og‘iga minglab milya naridagi palma daraxtining norjil yong‘og‘ini keltirib tashlagan. Urug‘ unib, daraxtlar paydo bo‘lgan. Daraxtlar esa bug‘lanishni kamaytirgan. Irmoqlar hosil bo‘lgan. O‘simliklar ko‘paya boshladi. Bo‘ron yaqin yerlardan uchirib kelgan yosh daraxtlardan tushgan turli-tuman hasharotlar, qurt-qumursqalar birinchi bo‘lib orolda istiqomat qila boshladilar. Shundan so‘ng toshbaqalar sohil qumloqlariga tuxum qo‘ya boshladilar. Kichik-kichik daraxtlar ustiga qushlar in qo‘yishdi. Shunday qilib, bu yerda asta-sekin hayvonot dunyosi rivojlandi. Nihoyat, ko‘kalamzor va hayvonlarning ko‘pligini ko‘rgan odamlar ham orolga ko‘chib kela boshladilar.

Mikroskop orqaligina ko‘rinadigan jonivorlarning mehnati bilan bunyodga kelgan bu orollarda ana shu tarzda hayot boshlangan.

Kechga borib Klermon-Tonner oroli ko‘zga ko‘rinmay qoldi va «Nautilus» yo‘lini tamoman o‘zgartirdi. Uzunlikning 135-gradusida Kozerog tropigiga yetgan suvosti kemasi tropik zonaning ichida g‘arb – shimoli g‘arb tomon yo‘l tutdi. Tropik quyoshning nurlari chidab bo‘lmas darajada issiq bo‘lishiga qaramay, bizni issiq bezovta qilmas edi; o‘ttiz-qirq metr chuqurlikda suv harorati o‘n-o‘n ikki darajadan oshmas edi.

O‘n beshinchi dekabrda biz Tinch okean durdonasi hisoblangan ajoyib Taiti orolining g‘arb-rog‘idan o‘tdik. Ertalab shamol esayotgan tomonda, bizdan bir necha milya narida, shu orolning baland tog‘ cho‘qqilari ko‘rindi.

Uning suvlaridan bir necha ajoyib makrel baliqlari, tunes va dengiz ilonining xili–ikki rangli pelamida tutdik.

«Nautilus» sakkiz ming bir yuz milya masofani bosib o‘tdi. «Argo» va «Dyuk-of-Portlend» ekipajlari halok bo‘lgan Tonga-Tabu ororllar tizmasi yonidan suzib o‘tayotgan kuni «Nautilus»ning lagi to‘qqiz ming yetti yuz yigirma milyani ko‘rsatar edi.

Shundan so‘ng yovvoyi odamlar «Yunion» kemasining komandasini va «Nazokatli Jozefina» komandiri kapitan Byuroni o‘ldirgan Fidji orollarini aylanib o‘tdik. Bu orollar tizmasi janubiy kenglikning 6 va 2-gradusi hamda g‘arbiy uzunlikning 174–179– gradusi oralig‘da shimoldan janubga to‘rt yuz va sharqdan g‘arbga uch yuz oltmish kilometrgacha cho‘zilib borgan edi.

U bir necha orollar, orolchalar va qoyalardan iborat bo‘lib, eng yiriklari – Viti-Levu, Vanua-Levu va Kandubondir.

Bu orollar Tasman tomonidan 1643-yili ochilgan. Xuddi o‘sha yili Torichelli barometrni ixtiro etgan, Lyudovik XIV esa Fransiya taxtiga o‘tirgan edi. XVIII asrning ikkinchi yarmida bu yerga Kuk, so‘ngra d’Antrkasto kelib ketdilar va nihoyat 1827– yili Dyumon-Dyurvil bu geografik chigallikning barchasini oydinlashtirdi.

«Nautilus» Laperuz kemalarining sirli halokatini birinchi bo‘lib aniqlagan kapitan Dillonning dahshatli sarguzashtlari bilan hammaning esida qolgan Vailea ko‘rfaziga yaqinlashdi.

Biz bu ko‘rfazning tubiga bir necha marta to‘r tashlab, ko‘plab ustritsalar ovladik. Biz ularni dasturxonga qo‘yilishi bilanoq, zo‘r ishtaha bilan yedik. Vailea ko‘rfazining ustritsalar suzadigan sayoz yerlari juda ko‘p.

Har bir ustritsa ikki milliontagacha tuxum qo‘yadi. Agar ularning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymay qirib tashlaydigan minglab dushmanlari bo‘lmaganda, ko‘rfaz ustritsalarga to‘lib ketardi.

Ned Lend o‘zining badnafsligidan pushaymon bo‘lmaganining birdan bir sababi shuki, ustritsalar juda tez hazm bo‘ladigan birdan bir taomdir. Darvoqe, katta kishining kundalik normal ovqatida uch yuz o‘n besh gramm azot moddasi bo‘lishi kerak. Buning uchun esa bu boshsiz molluskalardan ikki yuzga yaqinini yeyishi kerak bo‘ladi.

Yigirma beshinchi dekabrda «Nautilus» Yangi Gebrid tizma orollari orasidan suzib o‘tdi. Bu orollarni 1606-yilda Kviros ochgan; 1768-yilda Bugenvil bu yerlarni tadqiq etgan va 1773-yilda Kuk uni hozirgi nomi bilan atagan. Biz Arru orolining yonginasidan o‘tdik. Tushlik kuzatuv paytida men palubaga chiqib, bu orolni ko‘rdim. U tamoman o‘rmon bilan qoplangan bo‘lib, baland tog‘ cho‘qqisi bilan tugallangan edi.

Kapitan Nemoni ko‘rmaganimga ham sakkiz kuncha bo‘lgan edi. 27-dekabrda ertalab u salonga kirib, xuddi atigi besh minut oldin chiqib ketgan kishiday bosh silkib qo‘ya qoldi. Men «Nautilus» qayerda ketayotganini xaritadan qidirayotgan edim.

Kapitan stolga yaqinlashib, barmog‘ini karta ustiga qo‘yib, birgina so‘z aytdi:

– Vanikoro.

Bu so‘z uning og‘zidan o‘qday otilib chiqdi. Bu Laperuz kemalari halokatga uchragan orolchaning nomi edi.

Men o‘rnimdan irg‘ib turdim.

– «Nautilus» Vanikoroga boryaptimi?

– Ha, professor, – deb javob berdi kapitan.

– Demak, men «Bussol» va «Astrolyabiya» halokatga uchragan o‘sha mashhur orolni ko‘rarkanman-da! Vanikoroga qachon yetib boramiz?

– Yetib keldik, professor.

Men kapitan Nemo bilan palubaga chiqib, sinchiklab ufqqa tikildim. Shimoli sharq tomonda ikkita orol ko‘zga tashlanar edi. Shubhasiz, vulqon portlashi natijasida paydo bo‘lgan bu orollar taxminan qirq milya uzunlikda marjonlar bilan to‘silgan edi.

«Nautilus» torgina bo‘g‘oz orqali marjonlar to‘sig‘idan ichkariga kirgach, to‘lqinlar kelib uriladigan chiziqning naryog‘ida, chuqurligi ellik-oltmish metr keladigan gavanga o‘tib oldi. Baland palma daraxtlari ostida bizning yaqinlashuvimizni g‘oyat hayratlanib kuzatayotgan bir necha yovvoyi odamlarga ko‘zim tushdi. Ular «Nautilus»ning urchuqsimon qora korpusini ko‘rib, katta kit kelyapti, deb o‘ylagan bo‘lsalar kerak.

Kapitan Nemo Laperuz halokati haqida nimalarni bilishimni so‘radi. – Hammaga ma’lum bo‘lgan gaplarni, xolos, – deb javob berdim men.

– Juda soz. Ammo o‘sha hammaga ma’lum bo‘lgan narsadan meni xabardor qila olasizmi? – deb so‘radi kapitan Nemo kinoya aralash.

– Jonim bilan, – javob berdim men.

Shunday qilib men unga Dyumon-Dyurvil axborotining mazmunini gapirib berdim.

O‘sha voqeaning qisqa bayoni quyidagicha:

Laperuz va uning yordamchisi kapitan de Lan-gel 1785-yili Lyudovik XVI tomonidan ikkita korvet6565
  Korvet – uch machtali qadimgi urush kemasi.


[Закрыть]
– «Bussol» va «Astrolyabiya»da yer yuzini suzib chiqishga yuboriladi.

1791-yilda Fransiya hukumati Laperuz kemalarining uzoq vaqt yo‘q bo‘lib ketganidan xavotirlanib, Bruni d’Antrkasto qo‘mondonligida ikkita – «Qidiruv» va «Umid» harbiy kemalari sostavidan iborat qutqarish ekspeditsiyasini tuzdi. Bu kemalar 28-sentabrda Brestdan suzib ketdi. Ikki oydan keyin «Elbermel» kemasining kapitani Bouen hukumatga Janubiy Georgiya sohillarida halokat qoldiqlari uchraganini xabar qildi. Ammo d’Antrkasto bu gapdan xabarsiz, ochig‘ini aytgan-da, aniq biror ma’lumotsiz, Admiralteystva oroli tomon yo‘l tutgan edi. Kapitan Gunterning raportida Laperuz korvetlari shu yerda halokatga uchragan deb ko‘rsatilgan edi.

D’Antrkastoning qidirishlari zoye ketdi. «Qidiruv» va «Umid» kemalari Vanikoro yonidan to‘xtamay o‘tib ketdilar. Safar katta baxtsizlik bilan tugadi. D’Antrkastoning o‘zi, uning ikki yordamchisi va ekspeditsiyasi tarkibidagi juda ko‘p matroslar hayot bilan vidolashdilar.

Birinchi bo‘lib Laperuz kemalari halokatining chinakam izini keksa dengizchi kapitan Dilon topdi. 1824-yil 15-mayda uning kemasi «Avliyo Patrik» Yangi Dilon Gebrid orollar turkumiga kiradigan Tikopia oroli yonida to‘xtadi. O‘sha yerda mahalliy kishilardan biri unga o‘yib ishlangan, allaqanday yozuv izlari saqlanib qolgan kumush qilich dastasini sotdi. O‘sha kishi yana Dilonga bundan olti yil muqaddam Vanikoroda shu orolga yaqin qoyaga urilib, parchalanib ketgan kemalarda ilgari matros bo‘lib xizmat qilgan ikki yevropalikni ko‘rganini aytdi.

Dilon gap nom-nishonsiz yo‘qolib ketib, butun dunyoga shov-shuv bo‘lgan Laperuz kemalari haqida borayotganini payqadi. U mahalliy kishining aytishicha, halokatning juda ko‘p izlari hozirgacha saqlanib qolgan Vanikoroga borishga ahd qildi. Ammo shamol va oqimlar uning bu niyatini amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymadi.

Dilon Kalkuttaga qaytdi. U yerda o‘z kashfiyoti bilan Osiyo jamiyati va Ost-Indiya kompaniyasini qiziqtirib qo‘ydi va uning ixtiyoriga yana «Qidiruv» deb nom olgan o‘sha kemani berishdi. 1827-yilning 23-yanvarida Fransiya vakili hamrohligida Dilon Kalkuttadan suzib ketdi.

Tinch okeanning turli yerlarida bir necha marta to‘xtab, nihoyat 1827-yilning 7-iyunida «Qidiruv» hozir «Nautilus» turgan Vanu gavanida langar tashladi.

Dilon bu yerda halokatdan keyin qolgan juda ko‘p qoldiqlarni: langarlar, uskunalar, bloklar6666
  Blok – og‘ir yuklarni ko‘taradigan maxsus asboblar.


[Закрыть]
, toshotar qurol, o‘n sakkiz qadoqli to‘p o‘qi, singan astronomik asboblar va nihoyat «Meni Bazen quygan» degan yozuvli, Brest quyuv korxonasining tamg‘asi va «1785» sanasi bo‘lgan quyma qo‘ng‘iroq topdi. Endi hech qanday shubhaga o‘rin qolmagan edi.

Dilon ko‘proq dalillar to‘plash maqsadida Vanikoroda 1827-yilning oktabr oyigacha turdi. Shundan so‘ng u langar ko‘tarib, Yangi Zelandiya orqali Kalkuttaga jo‘nab ketdi. U yerdan Dilon Fransiyaga bordi. Bu yerda uni juda yaxshi kutib olishdi.

Xuddi shu vaqtda «Astrolyabiya» kemasi komandiri Dyumon-Dyurvil Laperuz kemasining yo‘qolishi munosabati bilan, Dilon topgan yangilikdan xabarsiz, halokat izini butunlay boshqa tomondan qidirishni davom ettirmoqda edi. Bir kit ovlovchi kishi ularga Yangi Kaledoniya va Luziadadagi yovvoyi odamlarda Avliyo Lyudovik medali va ordenini ko‘rganini aytdi.

Dilon Vanikorodan ketib, oradan ikki oy o‘tgach, Dyumon-Dyurvil Gobart-Tounda langar tashladi. Dilonning ishi o‘ngidan kelganini u shu yerdagina bilib qoldi. Xuddi shu yerda Kalkuttadan chiqqan «Yunion» kemasining kapitan yordamchisi Jems Gobbs degan odamdan ba’zi narsalarni bilib oldi. Bu kishi janubiy kenglikning 8-gradus 18-minuti va sharqiy uzunlikning 15-gradus va 30-minutida joylashgan orolga kelib to‘xtagach, mahalliy aholi qo‘lida uzun temir parchalari va qizil gazmol laxtaklarini ko‘rganini aytadi.

Dyumon-Dyurvil bu biri biriga qovushmaydigan poyintar-soyintar xabarlardan diqqati oshib, ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay, har holda kapitan Dilon izidan borishga qaror qildi.

1828-yil o‘ninchi fevralda «Astrolyabiya» Tikopia oroliga kelib, shu yerda turg‘un bo‘lib qolgan oq tanli matrosni kemaga lotsman qilib oldi-da, Vanikoro tomon yo‘l oldi. «Astrolyabiya» bu orolga 12-fevralda yetib kelib, uning marjon halqasidan narida to‘qqiz kun turib qoldi va Vanu gavaniga 20– fevraldagina kirdi.

Yigirma uchinchida «Astrolyabiya» matroslari orolni aylanib chiqib, halokatning uncha muhim bo‘lmagan bir necha qoldiqlarini topib kelishdi. Mahalliy kishilar baxtsizlik sodir bo‘lgan joyni ularga ko‘rsatishdan bosh tortdilar va barcha so‘roqlarga o‘zlarini tushunmaslikka olib javob bermadilar yoki bilmaymiz deb qo‘ya qoldilar. Mahalliy kishilar o‘zlarini bunday tutishlari ular halokatga yo‘liqqanlar bilan yomon munosabatda bo‘lishgan degan fikrga olib kelar edi. Chindan ham ular, aftidan, Dyumon-Dyurvilni Laperuz va uning baxtsiz hamrohlari uchun o‘ch olishga kelgan deb qo‘rqishayotganga o‘xshardi.

Внимание! Это не конец книги.

Если начало книги вам понравилось, то полную версию можно приобрести у нашего партнёра - распространителя легального контента. Поддержите автора!

Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации