Электронная библиотека » Жюль Верн » » онлайн чтение - страница 9

Текст книги "Suv ostida sakson ming kilometr"


  • Текст добавлен: 19 мая 2023, 23:30


Автор книги: Жюль Верн


Жанр: Современная зарубежная литература, Современная проза


сообщить о неприемлемом содержимом

Текущая страница: 9 (всего у книги 31 страниц) [доступный отрывок для чтения: 10 страниц]

Шрифт:
- 100% +
O‘n oltinchi bob
SUVOSTI TEKISLIGI BO‘YLAB SAYR

Bu kamera «Nautilus»ning ham qurolxonasi, ham kiyim yechadigan xonasi xizmatini o‘tar edi. Uning devorlarida ovchilar uchun o‘n ikkita skafandr osig‘liq turar edi.

Ned Lend skafandrlarga qarab, yuzini norozi qiyofada burishtirdi. Uning bu og‘ir kostumni kiyib olishga sira tobi yo‘qligi shundoq ham bilinib turar edi.

– Shuni bilingki, Ned, – dedim men jasur kanadalikka, – Krespo orolining o‘rmonlari suv ostida!

– Bunisi qiziq bo‘ldi-ku! – norozi ohangda cho‘zib gapirdi garpunchi bir parcha toza go‘sht haqidagi orzusi chippakka chiqqanini ko‘rib. – Siz, janob professor, – deb so‘radi u mendan, – shu egar-jabduqning ichiga kirmoqchimisiz?

– Albatta, azizim Ned.

– Har kimning ixtiyori, – dedi Ned Lend yelkalarini qisib, – ammo meni, bordi-yu, kuch bilan majbur qilishmasa, o‘zim uning ichiga sira ham kirmayman!

–Sizni hech kim majbur qilmaydi, mister Lend,– dedi noxushlik bilan kapitan Nemo.

– Konsel boradimi? – so‘radi Ned.

– Konsel xo‘jasi izidan suvgagina emas, balki o‘tga ham tushadi! – javob berdi Konsel.

Kapitanning topshirig‘i bilan ikki matros bizga yaxlit rezinadan qilingan bu suv o‘tmas og‘ir ust-boshni kiyib olishda yordamlashish uchun keldi. Yuqori bosim uchun mo‘ljallangan skafandrlar o‘rta asr ritsarlarining zirhli kiyimiga o‘xshardi-yu, ammo egiluvchanligi bilan farq qilardi.

Kiyim kamzulcha bilan ishton hamda tag charm o‘rniga qo‘rg‘oshin qoqilgan qalin choriqlardan iborat edi. Kamzulning matosi mis halqalarga tortilgan bo‘lib, bu ko‘krak qafasini suv bosimidan saqlash va erkin nafas olish uchun xizmat qilar edi. Barmoqlarning bemalol harakat qilishi uchun kamzulning yenglariga yumshoq qo‘lqoplar tikilgan.

Kapitan Nemo, uning matroslaridan biri, ko‘rinishidan chinakam Gerkules deysiz, aftidan, juda baquvvat ham bo‘lsa kerak, Konsel va men – hammamiz birpasda skafandrlarni kiyib oldik. Boshimizga mis shlemni ilib olishimiz qoldi, xolos.

Ammo ungacha kapitandan menga beriladigan qurolni ko‘rib olishga ruxsat etishni so‘radim.

Matroslardan biri menga ko‘rinishdan oddiy miltiqqa o‘xshagan, qo‘ndog‘i odatdagidan kattaroq, ichi bo‘sh va po‘latdan yasalgan qurolni uzatdi. Uning qo‘ndog‘i siqilgan havo uchun rezervuar vazifasini o‘tab, tepkini bosganda rezervuarning qopqog‘i surilib, miltiq og‘ziga havo kirardi. O‘qdonga yigirmatacha elektr o‘q sig‘ardi. Bu o‘qlar maxsus prujina yordamida avtomatik suratda joylanardi. Quroldan bir o‘q otilishi bilanoq o‘rniga boshqasi kelib turar edi.

– Kapitan Nemo, – dedim men, – bu juda ajoyib, buning ustiga tuzilishi ham oddiygina qurol ekan. Uni amalda sinab ko‘rmagunimcha ko‘nglim o‘rniga tushmaydi. Ammo biz qanday qilib suvostiga tushib olamiz?

– «Nautilus» hozir suv tagida, o‘n metr chuqurlikda turibdi. Biz chiqishimiz mumkin, professor.

– Biroq kemadan qanday qilib chiqamiz?

– Hozir ko‘rasiz.

Shunday dedi-yu, kapitan Nemo boshiga mis shlemni kiyib oldi. Konsel bilan men ham xuddi shunday qildik. Ha, aytganday, Ned Lend xayrlasha turib ovimizga kinoya bilan omad tiladi. Kamzulning yoqasida rezbali mis halqa bo‘lib, sharga o‘xshagan shlem unga burab mahkamlanar edi. Shlemning uchta qalin oynasidan boshni aylantirib, oldinga va yon tomonlarga qarash mumkin edi.

Rukveyrol apparatining havo jo‘mragini ochib, belimdagi tasmaga Rumkorf lampasini ildim va qo‘limga qurolni oldim. Og‘ir skafandr, ayniqsa tagiga qo‘rg‘oshin qoqilgan choriqlar meni polga mixlab qo‘yganday edi. Nazarimda bir qadam ham jilolmaydiganday edim.

Ammo, aftidan, bu xuddi shunday bo‘lishi kerakday tuyuldi keyinchalik. Meni kiyim yechadigan xonaning yonidagi kichkina kabinaga sudrab kirishdi. Hamrohlarimni ham mening ketimdan xuddi shunday itarib kirgizishdi. Kirishimiz bilan orqamizdan eshik yopilganini eshitdim va biz zim-ziyo qorong‘ilikda qoldik.

Bir necha minutdan so‘ng quloqlarimga qattiq hushtak tovushi chalindi. Oyoqlarimdan ko‘kragimgacha sovuq bir narsa chiqayotganini sezdim. Aftidan, mashina zalidagi dengiz suvini ochadigan jo‘mrakni burashganga o‘xshaydi va hozir biz turgan kabinaga suv kira boshlagandi. Suv tepagacha chiqib, kabina to‘lgach, «Nautilus» bortidagi ikkinchi eshik ochildi va nim qorong‘i yorug‘lik ko‘rindi. Birozdan keyin biz dengiz tubida yurib borardik.

Dengiz tubida sayr qilib yurganda olgan taassurotlarimni qanday tasvirlasam ekan? Hatto rassom mo‘yqalami ham chizib ko‘rsatishga ojizlik qiladigan suv stixiyasidagi ajoyib go‘zalliklarni, o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan mo‘jizalarni qay til bilan bayon etay?

Kapitan Nemo oldinda borar edi. Matros saf oxirida kelardi. Konsel bilan men mis shlemdaligimizga qaramay, go‘yo taassurotlarimizni bir-birimizga aytsa bo‘ladiganday yonma-yon borar edik. Men skafandr, qo‘rg‘oshin choriqlar, siqilgan havo to‘latilgan rezervuarlar va ichida boshim pista po‘chog‘idagi mag‘iz singari liqillab turgan mis shlemning og‘irligini ortiq his etmas edim. Barcha bu narsalar suvga cho‘kkach, ular siqib chiqargan suv miqdorichalik yengillashdi. Harakat qilishimga imkoniyat bergani uchun men fizikaning o‘z vaqtida Arximed ochgan bu qonuniga sajda qilishga ham tayyor edim.

O‘ttiz futli suv qatlami ostida bo‘lishimizga qaramay, dengiz tubiga taralayotgan yorqin yog‘du meni hayratga soldi. Quyosh nurlari shunchalik qalin suvni yorib o‘tib, uni rangsizlantirgan edi. Men mayda narsalarni ham yuzlab metr masofadan aniq ko‘rar edim. Undan u yog‘iga narsalar xiralashib, bo‘yoqlar jimirlab qorayardi va nihoyat allalqanday moviynamo rangga aylanardi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘lar edi. Atrofimni o‘rab olgan muhit o‘sha-o‘sha havoga o‘xshardi-yu, ammo yerdagi atmosferaga qaraganda zichroq, musaffolikda ham undan qolishmasdi. Boshim uzra sokin dengiz sathini ko‘rib turar edim.

Biz zich o‘rnashib olgan mayda qum ustida borar edik. U to‘lqin sohilda qoldiradigan g‘adir-budur emas, nihoyat darajada silliq qum edi. Ko‘zni qamashtiradigan bu gilam quyosh nurlariga chinakam reflektor xizmatini o‘tar edi. Qalin suv qatlamlarining har bir zarrasigacha yaltillab turishining boisi ham shunda edi. Hozir men o‘ttiz fut chuqurlikda suv sathida havo ochiq bo‘lgan kundagiday yorug‘ edi desam, ishonisharmikin?

Chorak soat davomida biz milliardlab ko‘zga ko‘rinmas darajada mayda chig‘anoqlardan iborat qum-gilam ustida bordik. «Nautilus» korpusi ortda qolib, arang ko‘rinardi; uning uzoqqa nur tarata oladigan yorqin projektori tunda bortga qaytishimizga yordam berishi kerak edi.

Biz hamon ilgarilab borardik, bepoyon qum tekislikning oxiri yo‘qday tuyular edi. Men qo‘llarim bilan suyuqlik pardasini ikki yoqqa surib qo‘yishim bilan ular o‘sha zahoti ortimdan yana zichlashib olar va suv bosimi zudlik bilan qumdagi oyoq izlarimni tekislab yo‘q qilar edi.

Nihoyat, uzoqda allaqanday shakllar elas-elas ko‘rina boshladi. Yaqinroq borganda zoofitlar bilan qoplangan suvosti qoyalari ko‘rindi. Bu yerda suyuqlik muhitigagina xos yorug‘likdan ko‘zlarim qamashib ketdi.

Ertalab soat o‘nlar chamasi edi. Suv sathiga qiya tushayotgan quyosh nurlari prizma orqali o‘tganday sinib, qoya chetlarini, poliplarni, o‘simliklarni o‘z spektrining yetti rangi bilan jilolantirar edi. Suvda binafsha, ko‘k, havorang, yashil, sariq, zarg‘aldoq va qizil bo‘lib tovlanayotgan yorqin ranglar mohir rassomning bo‘yoq taxtachasiday ko‘zni quvontirar edi.

Men o‘z tuyg‘ularim, quvonch va hayajonlarimni Konselga aytolmasligimga achinardim… Kapitan Nemo matros bilan gaplashayotgan imo-ishora tilini bilmaganimga achinardim! Shunda ham jim turolmasdim. O‘zimga o‘zim gapirib, baqirib-chaqirib allanimalar derdim va bu bilan qimmatli havo zapasini sira ayamay behuda isrof qilar edim.

Konsel ham men singari bu ajoyib manzara oldida dong qotib qolgan edi.

To‘g‘risini aytsam, bu ajoyib odam zoofitlar va molluskalarni ko‘rib, nazarimda ularni zudlik bilan tasniflay boshlagan edi.

Suv tubi ko‘plab poliplar va tikanterililar bilan qoplangan. Turli xil marjon izidlar, tanholikda yashaydigan terili marjonlar – kornulariylar, ilgari «oq marjonlar» deb atalgan o‘tkir ko‘zli marjonlar gruppasi, shampinonga5454
  Shampinon – yemishli zamburug‘ning bir turi.


[Закрыть]
o‘xshagan marjon fungiylar, og‘zining atrofini tikanaklar toj singari qoplagan aktiniylar – bularning barchasi chinakam gulzorga o‘xshar edi. Ammo ko‘k tikanaklari jimjimador, yoqali porpitlar, qumda behisob yulduzlar olamini tashkil etgan dengiz yulduzlari, shoxlab ketgan va burama nur taratadigan ofiurlar – astrofitonlar bu dengiz bog‘ining eng yaxshi bezaklari hisoblanar edilar.

Men boshmoqlarim bilan dengiz tubini qoplagan minglab molluskalar: bolg‘achalar, donatsiylar, sakrayotgan taroqchalar, troxuslar, strombuslar, dengiz quyonlari – apliziylar va bitmas-tuganmas boyliklarga serob okeanning boshqa jonivorlarini har bosib olganimda astoydil xafa bo‘lar edim.

Ammo oldinga yurishimiz kerak edi va shuning uchun ham biz ketaverdik.

Tepamizda havorang tikanakli fizaliylar guruhi va och pushti yoki shaffof shlapali, chetlariga ko‘k chiziq tortilgan meduzalar bamaylixotir suzib borardilar. Shuningdek, meduza-pelagiyani ham uchratdik. Hozir qorong‘i bo‘lganida o‘zining fosfor nurlari bilan yo‘limizni yoritgan bo‘lar edi.

Barcha bu mo‘jizalarni men chorak milcha borar-bormas masofada ketaturib yo‘l-yo‘lakay ko‘rdim. To‘xtamay ildam borayotgan kapitan Nemodan ortda qolmaslik kerak edi.

Ko‘p o‘tmay yer tusi o‘zgardi. Qumloq amerikaliklar «zanjir» deb atovchi yopishqoq loyqa qatlam bilan almashdi. Bu loyqa tosh yoki ohakli chig‘anoqlardan iborat edi. So‘ngra suv o‘tlari bilan qoplangan yalanglikdan o‘tdik. Suvosti o‘tloqlari qalin o‘simliklar bilan qoplangan bo‘lib, oyoq osti chapdast usta to‘qigan yumshoq gilam to‘shalganday edi.

Oyog‘imiz ostidagina emas, tepamizda ham o‘simliklar yoyilib yotardi. Biz usti suv o‘simliklari bilan yopilgan berk yo‘lkadan borayotganday edik. Bu yerda fukuslarning uzun tasmalari, sharsimon yoki naychaga o‘xshash laurensiyalar, yaproqlari yupqa kladosteflar, kaktuslarning yelpig‘ichiga o‘xshagan keng yaproqli rodomeniyalar bor edi.

Yashil suv o‘simliklari dengiz sathiga yaqin, qizillari o‘rta chuqurlikda, jigarrang va qoralari esa okeanning ancha chuqur qatlamlarida gulzor va bog‘larni tashkil etar ekan.

Suv o‘simliklari – tabiatning chinakam mo‘jizasi. Qariyb ikki ming a’zosi bo‘lgan bu oilaga dunyodagi eng kichik o‘simliklardan tortib eng yirigigacha taalluqlidir. Chunonchi, qirq ming donasi besh kvadrat millimetr yerga joylashadigan mikroskopik o‘simliklar bilan birga uzunligi besh yuz metrdan ortiq suv o‘simliklari ham bor.

Biz «Nautilus»dan chiqib ketganimizga bir yarim soatcha bo‘ldi. Kun peshinga yaqinlashyapti. Men buni quyosh nurlari suvda sinmay, tik tushib turganidan bildim. Ta’rifga sig‘mas zumrad bo‘yoqlar bizning gumbazimizdan yo‘qoldi. Biz bir maromda qadam tashlab borar edik va qadamlarimizning ovozi aniq eshitilib turar edi. Tiq etgan tovush ham quloq odatlanmagan darajada tez yoyilar edi. Ha, suv chindan ham tovushni havoga nisbatan yaxshi o‘tkazadi va unda tovush to‘rt marta tezroq tarqaladi.

Shu orada suvosti sezilarli darajada qiyalashib borardi. Biz yuz metr chuqurlikda bo‘lib, o‘n atmosfera bosim ostida edik. Ammo, aftidan, skafandrim shu sharoitga moslashtirilganday yuqori bosim menga sira ta’sir etmas edi.

Barmoqlarimning bo‘g‘inlari bilinar-bilinmas siqilayotganinigina sezardim, xolos. Ammo bu biroz noxush holatga ham ko‘p o‘tmay o‘rganib qoldim. Bu ust-boshga odatlanmaganimga qaramay, ikki soat yurib sira charchamagan edim. Suv o‘rab olgan bu kiyimda men odatdan tashqari oson harakat qilar edim5555
  G‘avvosning ishi juda og‘ir jismoniy mehnat bo‘lib, uzoq mashq talab etadi. J.Vern qahramonlari g‘avvos kiyimlarida istagan chuqurlikda sayohat qilishlari romanlardagina bo‘lishi mumkin.


[Закрыть]
.

Uch yuz fut chuqurlikdan ham quyosh nurining jimirlab turganini ko‘rdim, ammo u endi arang ko‘zga tashlanar edi. Kunning yorqin yog‘dusi o‘rnini qizg‘ish qorong‘ilik – kun bilan oqshom o‘rtasidagi holat egalladi. Biroq biz yo‘lni aniq ko‘rib turar edik va hozircha Rumkorf lampalarini ishga solishga hojat yo‘q edi.

Kapitan Nemo to‘satdan to‘xtadi. U yaqinlashuvimni kutib turdi va barmog‘ini oldinga cho‘zib, nim qorong‘ida aniq ko‘zga tashlanayotgan allaqanday qora narsani menga ko‘rsatdi.

«Bu Krespo orolining o‘rmoni bo‘lsa kerak», o‘yladim men va xato qilmagan edim.

O‘n yettinchi bob
SUVOSTI O‘RMONI

Shunday qilib, nihoyat o‘rmon etagiga yetib keldik. Kapitan Nemoning ko‘z ilg‘amas mulkidan eng chiroyli yeri shu bo‘lsa ham ajab emas. Bu o‘rmonni u o‘zining shaxsiy mulki deb hisoblab, dunyo paydo bo‘lgan dastlabki kunlardagi dastlabki odamlarnikiday huquq da’vo etgan edi. Sirasini aytganda, suvosti mulkiga egalik qilish huquqini undan kim ham tortib olar edi? Yana boshqa bir jasurroq kishi qo‘liga bolta olib, mudroq o‘rmonni chopishga jur’at eta olarmikin?

Krespo orolining o‘rmoni daraxtga o‘xshagan ulkan o‘simliklardan iborat edi. Uning keng maydoniga kirishimiz bilanoq, shoxlarning turish holatini ko‘rib, hayron bo‘ldim. Bunaqasini sira ko‘rmagan edim!

Suv tubiga gilamday to‘shalgan o‘t-o‘lanlar ham, daraxtlarning shoxlari ham egilmasdan, qayrilmasdan, gorizontal holatda yer bag‘irlamay, hammasi tikka – okean sathiga qarab ko‘tarilgan edi. Eng ingichka novdalar ham bir tola temir xivichday yuqoriga ko‘tarilib turar edi. Fukuslar va boshqa suv o‘simliklari ularni o‘rab olgan muhitning zichligidan dengiz sathi tomon juda tik o‘sgan edi. Bu o‘simliklarni men bir tomonga surib qo‘yganimda ham, qo‘limni olishim bilan ular yana oldingi holatiga qaytar edi.

Birozdan so‘ng men atrofimizni o‘rab olgan nim qorong‘ilikka ko‘nikkanday, o‘simliklarning bu g‘alati tikka holatiga ham o‘rganib qoldim. O‘rmon «tuprog‘i» qirrali toshlar bilan qoplangandi. Suvosti o‘simlik dunyosi nazarimda juda ko‘p va xilma-xil edi.

Men boshda o‘simlik olami bilan hayvonot dunyosini ajrata olmay qoldim: hayvonot bilan o‘simliklarni chalkashtira boshladim. Zoofitlarni suv o‘simliklari – gidrofitlar bilan chalkashtirdim yoki buning aksi bo‘ldi. Mening o‘rnimda boshqa kishi bo‘lganda ham bu masalada xato qilmasmidi? Axir, bu suvosti dunyosida hayvonot olami bilan o‘simliklar shu qadar bir-biriga chirmashib ketganki, asti qo‘yaverasiz!5656
  XVIII asrning oxiri va XIX asrning boshlarida olimlar o‘rtasidagi xato tushuncha.


[Закрыть]

Men jamiki o‘simliklar tuproqdan unib chiqqan emas, balki unga yopishibgina turganini ko‘rdim. Buning sira ajablanadigan yeri yo‘q: ildizsiz bu o‘simliklarga tuproqdan hayot kechirishlariga ozuqa emas, balki tayanch nuqtasi kerak edi, xolos. Shuning uchun ham ular toshlarda ham, qumda ham, shag‘alda ham, chig‘anoqlar ustida ham birday turaveradi. Bu o‘simliklar ularni o‘rab olgan suvda o‘sadi, nafas oladi va ozuqa topadi. Ko‘pchiligining kichkinagina yaproqlari juda g‘alati jimjimador shaklda bo‘ladi. Bu yaproqlarning ranglari ham pushti, och qizil, yashil, qo‘ng‘ir, ko‘kish-sariq va jigarranglarning uyg‘unlashuvidan iborat. Men bu yerda «Nautilus» kolleksiyasida ko‘rganlarimga yana duch keldim. Endi ularni kolleksiyadagidek qotirilgan holda emas, balki hayotligicha ko‘rdim. Bular yoyib qo‘yilgan yelpig‘ichga o‘xshash suv tovuslari, to‘q qizil seramiyalar, laminariyalar, tez o‘sadigan yosh novdalar, o‘n besh metr balandlikda gullaydigan ipsimon nereotsisteylar, poyasining yuqori qismi yo‘g‘onlashib boradigan atsetabulyariy to‘plari va gulsiz boshqa ko‘pgina dengiz o‘simliklari edi. «Juda g‘alati olam-da, – degan edi bir naturalist suvosti dunyosi haqida, – bu yerning hayvonlari gullaydi, o‘simliklari esa gulsiz!»

Kattaligi jihatidan iqlimi o‘rtacha mintaqadagi daraxtlardan qolishmaydigan o‘simliklar ostida chinakam gullarga o‘xshash butalar ustida, ilon izi jo‘yaklarda meandrinlar gullab yotgan qator zoofitlar, sarg‘ish va oqish tutqichlari bo‘lgan yulduzsimon kariofilliya – marjonlar ko‘zga tashlanar va nihoyat shunga o‘xshash yerdagi chorbog‘da baliqpashshalar kolibri5757
  Kolibri – tropik mamlakatlarda yashovchi rang-barang patli kichkina qush.


[Закрыть]
to‘dalari singari guldan gulga uchib yurar, oyoqlarimiz ostidan esa loyxo‘raklar, sariq lepisakantlar uchar, xo‘rozlar va monosentrlar gala-gala bo‘lib ko‘tarilardilar.

Kunduzi soat birga yaqin Nemo dam olishga ishora qildi. Biz poyalari gotik uslubda qurilgan ibodatxonaning nayza cho‘qqilari kabi yuqoriga qarab ko‘tarilgan alariy ostida cho‘zilishdik.

Juda huzur qilib dam oldik. Faqat gaplashib o‘tirishning iloji yo‘q edi. Chunki gapirish ham, eshitish ham mumkin emas edi. Men o‘zimning ulkan mis boshimni Konselning xuddi shunaqa boshiga yaqinlashtirdim va dilkash do‘stimning ko‘zlari hayratdan chaqnab turganini ko‘rib qanoat hosil qildim. U o‘zining g‘oyat mamnunligini bildirish uchun metall shlemi ichida boshini kulgili holatda liqillatib qo‘ydi.

To‘rt soatlik sayrdan keyin ham qornim ochmaganiga hayron edim. Oshqozonim bu qadar bardosh berayotganining sababini tushunolmasdim. Ammo g‘avvoslarda bo‘ladiganday meni ham uyqu bosa boshladi. Qalin oyna ortida ko‘zimni yumdim. Yurish natijasida yengilib kelgan mudroq ustun chiqa boshladi. Kapitan Nemo bilan barzangi matros namuna ko‘rsatganday birinchi bo‘lib qum ustida cho‘zilib, tezda uxlab qolishdi.

Qancha uxlaganimni bilmayman. Ko‘zimni ochsam, kapitan Nemo o‘rnidan turgan ekan. Homuza tortib turgandim, birdan o‘zimdan bir necha qadam narida bo‘yi rosa bir metr keladigan katta dengiz qisqichbaqasiga ko‘zim tushib qoldi; aftidan, menga hujum qilmoqchi bo‘lib, qiyshiq ko‘zlarini baqraytirib turardi. Skafandrim uning tishidan himoya eta oladigan darajada qalin bo‘lishiga qaramay, baribir qo‘rqqanimdan titrog‘imni bosolmas edim. Shu payt Konsel bilan «Nautilus» matrosi uyg‘onib qolishdi.

Kapitan Nemo dahshatli maxluqqa ishora qilishi bilan matros qisqichbaqani o‘sha zahotiyoq miltiq qo‘ndog‘i bilan urib o‘ldirdi.

Ulkan bo‘g‘inoyoqlini ko‘rgach, bu zim-ziyo chuqurlikda skafandrim ulardan himoya etolmaydigan boshqa dahshatliroq maxluqlar yashashi mumkinligini o‘yladim.

Ehtiyot bo‘lishga qaror qildim.

Bu dam olishimiz sayrimizning xotimasi deb xato o‘ylagan ekanman. Kapitan Nemo «Nautilus» tomon yurmay, yana olg‘a ketdi.

Okean tubi borgan sari chuqurlashardi, binobarin, biz qiyalab yurib, tobora dengiz qa’riga tushar edik. Yuz ellik metr chuqurlikda ikki tik qoya oralig‘idagi pastlikka yetib kelganimizda, soat uchlar chamasi edi. G‘avvoslik kostumimiz takomillashtirilgani tufayli tabiat insonning suvostiga qiladigan sayohatlariga belgilagan chuqurlikdan to‘qson metr pastroqqa tushgan edik.

Chuqurlikni belgilab beradigan biror asbobim bo‘lmasa-da, biz yuz ellik metr suvostiga tushganimizni aniqladim. Chunki men eng tiniq suvda ham quyosh nuri bundan chuqur masofaga o‘tolmasligini bilardim. Xuddi shu chuqurlikda bo‘lgan paytimizda atrof zim-ziyo edi. Ammo birdan oldinda yorqin shu’la taraldi. Kapitan Nemo o‘zining elektr fonarini yoqqan edi. Unga ergashib hamrohi ham fonarini yoqdi. Shundan so‘ng Konsel bilan men ham fonarlarimizni yoqdik; biz vklyuchatelni burdik va ichiga gaz to‘latilgan ilonsimon trubka elektr tokidan quvvat olib, yorug‘lik tarata boshladi.

Bizning to‘rtta fonarimizdan chiqqan yorug‘lik dengizni yigirma besh metr radiusida yoritdi.

Kapitan Nemo hamon qorong‘i o‘rmonning ichkarisiga kirib borardi. Daraxtlar borgan sari kamayardi. O‘simlik olami hayvonot dunyosidan ko‘ra tezroq siyraklashar edi. Biz endi dengiz o‘simliklarini deyarli uchratmasak-da, zoofitlar, bo‘g‘inoyoqlilar, molluskalar va baliqlar atrofimizda g‘ujg‘on o‘ynardi.

Elektr fonarlari dengiz jonivorlarining diqqatini jalb etsa kerak, degan fikr xayolimdan o‘tdi. Ammo ular bizga yaqinlashsalar-da, bemalol ov qilsa bo‘ladigan masofaga kelmas edilar.

Kapitan Nemo bir necha bor to‘xtab, miltiq qo‘ndog‘ini yelkasiga tiraganini ko‘rdim. Ammo mo‘ljalga olib, o‘q uzmay miltiqni tushirar edi.

Nihoyat, tushdan keyin soat to‘rtlarga yaqinlashganda biz ajoyib sayrimizda mo‘ljallagan yerga yetdik. To‘satdan oldimizda qorong‘i g‘orlar o‘yilgan ulug‘vor qoyalar uyumidan iborat ulkan granit devor paydo bo‘ldi. U deyarli tik ekan. Bu Krespo orolining etagi edi. Bu – yer edi.

Kapitan Nemo to‘xtadi. Bizga ham to‘xtash ishorasini qildi. Menda bu devordan oshib o‘tish istagi qanchalik kuchli bo‘lmasin, to‘xtashga to‘g‘ri keldi. Kapitan Nemoning mulki shu yerda tugar edi. U chegara hatlab nariga o‘tishni istamas edi.

Bu to‘siqning naryog‘ida u borishni istamaydigan boshqa dunyo boshlanadi!

Biz orqaga qaytdik. Kapitan Nemo yana kichkina otryadimizning oldiga tushib, ikkilanmay olg‘a boshladi. Nazarimda biz «Nautilus»ga boshqa yo‘l bilan qaytayotgan edik.

Bu yangi, juda tik, binobarin, g‘oyatda charchatadigan yo‘l dengiz sathiga bizni tez yaqinlashtirardi. Ammo suvning yuqori qatlamlariga biz ko‘ngilsiz oqibatlarga olib keladigan darajada tez ko‘tarilganimiz yo‘q: ma’lumki, bosimning to‘satdan o‘zgarishi odam organizmida qondan azot ajralib chiqishiga – qonning qaynashiga olib keladi.

Bu xavf katta chuqurlikdan suv sathiga tez ko‘tariladigan barcha ehtiyotsiz g‘avvoslar uchun halokatlidir.

Ko‘p o‘tmay biz yana suvning yorug‘ qatlamlariga kirdik. Quyosh shafaqda pastlab turganidan uning nurlari suvda sinib, o‘simliklar atrofida kamalak singari tovlanib, jilvalanardi.

Biz turli-tuman baliqchalar qurshovida o‘n metr chuqurlikda borar edik; ammo shu paytgacha o‘q uzsa arzigudek biror suv maxluqi ko‘zimizga chalingani yo‘q.

To‘satdan men kapitan Nemoning miltiqni yana yelkasiga tirab, suvosti butasi ostida qimirlayotgan allaqanday mavjudotni mo‘ljalga olayotganini ko‘rib qoldim. U tepkisini bosdi. Kuchsiz hushtak tovushi eshitilib, bizdan besh qadam narida allaqanday maxluq yiqildi.

Bu dengiz suvsari5858
  Dengiz suvsari Komandor oroli sohillariga yaqin zonada yashaydi.


[Закрыть]
– dengizning yagona to‘rtoyoqlisi edi. Uzunligi bir yarim metr, yelkasi to‘q qo‘ng‘ir, qorni kumushrang bu jonivorning terisi rus va xitoy bozorlarida juda ham yuqori baholanadi. Uzun tanasi silliq, oyoqlari kalta-kalta, yassi boshli, tumshug‘i pachoq, quloqlari kichkina, oyoq panjalarining orasi parda bilan chirmashgan va dumi uzun bu maxluqni men qiziqib ko‘zdan kechirdim. Keyingi paytlarda juda kamyob bo‘lib qolgan bu qimmatbaho yirtqich hayvonni baliqchilar ovlashga zo‘r berib intiladilar. U endilikda Tinch okeanning shimoliy qismlaridagina uchrab, keyinchalik tamoman yo‘q bo‘lib ketsa ham ajab emas.

Matros suvsarni yelkasiga ko‘tarib oldi va biz yana yo‘lda davom etdik.

Bir soat davomida qum tekisligi bo‘ylab bordik. Ba’zi o‘rinlarda u dengiz sathidan ikki metr yergacha ko‘tarilgan edi. Shunda men aksimizni oyna-dagiday yaqqol ko‘rdim – go‘yo tepamizda bir to‘da odamlar bizning barcha harakatlarimiz va imo-ishoralarimizni qaytarib borar… ammo boshi pastda va oyoqlari yuqorida edi.

Yana bir narsa diqqatni jalb etar edi: tepamizda ketma-ket bulutlar galasi kelib suvda erib ketganday bir zumgina yorug‘lik yuzini to‘sardi. Bu g‘alati manzaraning sababini o‘ylab, shunga amin bo‘ldimki, «bulutlar»ning bunday taassurot qoldirishi ustimizdagi to‘lqinlanayotgan suv qatlami qalinligining o‘zgarishidan bo‘lak narsa emas. Qarab turib to‘lqinlar qirrasidagi ko‘pik mavjlarini ko‘rdim. Suv shu qadar shaffof ediki, men hatto suv ustida lip-lip o‘tayotgan katta dengiz qushlarining soyalarini ham aniq ko‘rib turardim.

Xuddi ana shu payt ovchiga ko‘rish sira nasib etmagan ajoyib o‘q uzishning shohidi bo‘ldim. Qanotlarini keng yoyib parvoz qilib kelayotgan allaqanday katta bir qush suvga yaqinlashar edi. U aniq ko‘rinib turardi. Qush dengiz sathidan bir necha metr yuqorida uchayotganda, matros qurolini yelkasiga tirab, unga qarab o‘q uzdi. Qush dengizga shu qadar zarb bilan quladiki, suv qarshiligini kesib, deyarli merganning qo‘liga kelib tushdi. Bu dengiz qushlari gruppasining ajoyib namunasi yirik albatros5959
  Albatros – yirik dengiz qushi.


[Закрыть]
edi.

Ikki soat davomida biz goh qum tekisligi, goh suv o‘simliklari bilan qoplanib, yurishni mushkullashtiradigan yaylovdan bordik. Ochig‘ini aytsam, bizdan yarim milyacha naridagi allaqanday xira yog‘duga ko‘zim tushganda, holdan toyayozgan edim. Bu «Nautilus» projektori edi. Ko‘pi bilan yigirma minutdan so‘ng biz kema bortiga yetishimiz mumkin edi. U yerda ko‘kragimni to‘ldirib nafas olish umidida edim, chunki rezervuardan shlem orqali o‘tayotgan siqiq havoda endi yetarli kislorod yo‘qday tuyulardi menga. Ammo kemaga qaytishimizni biroz kechiktirgan bir uchrashuvni hisobga olmagan ekanman. Men kapitan Nemo ortidan yigirma metrcha masofada borar edim. Birdan u qayrilib, tez men tomon yurdi. Temir qo‘li bilan meni yerga ag‘dardi. Matros Konselni ham xuddi shunday qildi.

Boshda nogahoniy bu hujumning sababini bilolmay qoldim. Ammo kapitanning o‘zi ham yonimga cho‘zilib, qimirlamay yotganini ko‘rib tinchlandim.

Men suv o‘simliklari butalari ostida nima bo‘lganini bilmay yotganimda, birdan ustimizdan allaqanday yo‘g‘on narsalar yiltirab o‘tayotganiga ko‘zim tushib qoldi. Yuragim to‘xtab qolganday bo‘ldi. Bu bahaybat narsalar bir juft akula ekan. Bu dahshatli maxluqlarning dumi juda katta, bir urganda odamni tars ikkiga yorib tashlaydigan, chakaklari temirday va xira ko‘zlari shisha singari edi.

Konsel klassifikatsiyalash bilan bandmidi, bilmadim, ammo o‘zim haqimda shuni ayta olamanki, ularning kumushrang qorni va katta-katta o‘tkir tishlariga tabiiyotshunos olim emas, balki o‘lja sifatida qarardim.

Yaxshiyam baxtimizga bu dahshatli yirtqichlarning ko‘zlari juda xira ko‘radi. Ular naq boshimiz ustidan hech narsani ko‘rmay suzib o‘tishdi. Baxtimiz chopib o‘rmon ichkarisida sher bilan uchrashuvdan ham dahshatliroq xavfdan qutuldik.

Yarim soatdan so‘ng biz projektori yo‘limizni yoritib turgan «Nautilus»ga yetib oldik. Tashqaridagi eshik ochiq qolgan edi. Biz kabinaga kirishimiz bilan kapitan Nemo uni zarb bilan urib yopdi. Shundan so‘ng u tugmani bosdi. Men kema ichidagi nasoslar shovqinini eshitdim va atrofimdagi suv sathi pasayayotganini sezdim. Bir necha minut ichida kabina suvdan tamoman xoli bo‘ldi. Shundan so‘ng ichki eshik ochilib, biz kiyim yechadigan yerga o‘tdik.

Ustimdagi skafandrni yechib olishgach, qattiq charchoq, uyqu bosish va darmonsizlikdan gandiraklab, bu ajoyib suvosti ekskursiyasidan juda mamnun holda xonamga kirib bordim.


Страницы книги >> Предыдущая | 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 | Следующая
  • 0 Оценок: 0

Правообладателям!

Данное произведение размещено по согласованию с ООО "ЛитРес" (20% исходного текста). Если размещение книги нарушает чьи-либо права, то сообщите об этом.

Читателям!

Оплатили, но не знаете что делать дальше?


Популярные книги за неделю


Рекомендации